Somerset Moem. Sarhisob (esse)

http://n.ziyouz.com/images/somerset_moem.jpgI

Bu kitob – tarjimai hol ham, yodnoma ham emas. Hayotda nimaiki boshimdan o‘tgan esa, yozgan asarlarimda foydalanganman. Bir paytlar allaqaybir kechinmalarim turtki berib, ulardan badiiy asar yaratish uchun voqealar, ishtirokchilar o‘ylab topardim, ko‘pincha o‘zimga yaqin yoki jilla qursa tanish bo‘lgan odamlarni obraz qilib olar va shular asosida o‘sha asarim qahramonini yaratardim. Hayotda ro‘y bergan hodisalar bilan o‘zim to‘qigan voqealar shunchalar aralashib ketganki, ortimga o‘girilib qarar ekanman, o‘tmish hayotimda ulardan qaysi biri bo‘lib o‘tganu qay birini to‘qiganman – aytib berishim qiyin. Ularni eslab, ajratgan taqdirimda ham, ilgari har qancha samarali foydalangan bo‘lsam-da, takror qalamga olishning hech qizig‘i yo‘q. Buning ustiga ular siyqa taassurot uyg‘otishi mumkin. Hayotim bir xilda kechmagan, vaqti-vaqti bilan qiziq holatlar ham bo‘lib turardi, ammo sarguzashtlarga u qadar ko‘p emas. Xotiram chatoq. Latifalarni eshitayotganda durustgina eslab qolgandek bo‘lamanu bitta-yarimtasiga aytib berishga chog‘lansam, asti eslay olmayman. Hattoki o‘z hazil-huzullarim yodimda turmaydi, shu sababli ularni takroran aytib berolmayman. Tushunaman, bu kamchiligim men bilan oshnachilik qilganlarga ham malol keladi.
Hech qachon xotira daftari tutganim yo‘q. Endi, ilk bor dramaturg sifatida muvaffaqiyat qozongach, shunday qilmaganimga ko‘p afsuslanyapman: o‘sha yillar ko‘pdan-ko‘p qobiliyatli, dunyo bilgich kishilar bilan tanishgandim, o‘shanday daftar tutganimda edi, xotiralarim qiziqarli yodnoma bo‘lib qolardi. O‘sha paytlar zodagonlar va zamindorlar, ayniqsa, Janubiy Afrika Respublikasida sharmanda-yu sharmisor qilgan layoqatsizliklari sabab xalq nazaridan qolganiga qaramay, buni hali sezishmas va o‘zlariga bino qo‘yib yurishardi.
O‘zim tanigan ayrim siyosiy arboblarning oilalari davrasida shunday suhbatlar bo‘lardiki, go‘yo hamon Britaniya imperiyasini boshqarish ular qo‘lida qolgandek osmondan kelishardi. Esimda, umumiy saylovlardan keyin ham ularning “Ichki ishlar vazirligini Tomga bersak”, “Dik Irlandiyani boshqarishga rozi bo‘larmikan”, degan mulohazalarini eshitganimda, to‘g‘risi, quloqlarimga ishonmagandim. Hozir Xemfri Uord xonimning romanlarini o‘qiydiganlar anqoning urug‘i bo‘lsa kerak, biroq bu asarlar har qancha zerikarli bo‘lmasin, o‘sha davr hukmron sinf vakillari hayoti haqida durustgina tasavvur bera oladi. Bu hayot deyarli barcha ijodkorlarni, ayniqsa, romannavislarni o‘ziga ohanrabodek tortar, umri davomida aqalli bir marta bo‘lsin lord bilan suhbatlashish u yoqda tursin, u bilan umuman uchrashish nasib etmagan yozuvchilar ham kiborlar jamiyatining vakillari haqida yozishni o‘zlarining muqaddas burchi deya bilardi. O‘shandagi teatr afishalarini ko‘rgan kishi faxriy nomdagi personajlarning ko‘pligidan lol qolardi. Teatr direktorlarining fikricha, bunaqa qahramonlar tomoshabinlar e’tiborini tortardi, aktyorlar shu rollarini ijro etishga talpinardi.
Biroq imtiyozli sinf namoyandalarining siyosiy rutbasi nest-nobud bo‘lgani sari tomoshabinlarning ularga bo‘lgan qiziqish-mayllari ham susayib borardi. Tomoshabin o‘zi mansub tabaqa vakillarini qiynayotgan davr muammolarini hal qila olishga qobil badavlat savdogarlar, sarmoyador ziyolilar obrazini sahnada ko‘rishga ko‘nika boshladilar, zero, agar mavzu talab qilmasa, badiiy asarga nomdor zodagonlar obrazi kiritilmasin, degan qoida sekin-sekin yozilmagan qonun kuchiga kira boshladi. O‘sha paytda quyi tabaqa vakillari hayotini tasvirlash bilan tomoshabinni hali qiziqtirib bo‘lmasdi. Ular hayoti aks etgan roman va pesalarni mensimay, kalondimog‘lik bilan kutib olishardi. Endi ko‘raylik-chi, bu sinf siyosiy kuchga aylangach, uzoq zamonlardan buyon oqsuyak zodagonlaru sarmoyador a’yonlar hayotiga havas bilan qarab kelgan omma, dunyoga kelgan bu sinf vakillari turmushi aks etgan asarlarga qiziqish bilan qararmikan?!
O‘sha vaqtlar nasl-nasabining sharofati, mashhurligi yoki jamiyatdagi mavqei tufayli o‘zlarini tarixiy shaxs rolini bajarish qismatiga noil, deya hisoblashlari mumkin bo‘lgan birtalay kishilar bilan tanishishga muyassar bo‘ldim. Ular men kutganchalik benazir fazilatlar sohibi emas ekan. Inglizlar – siyosiy jarayonlarga qiziquvchan millat, meni jamiki narsalardan ko‘ra siyosatni afzal biluvchi xonadonlariga tez-tez taklif etib turishardi. O‘sha yerda uchratganim taniqli davlat arboblaridan havas qilarli fazilatlarni – zakovat, jo‘mardlik sifatlarini izlab topolmadim. Shundan kelib chiqqan holda, o‘zimcha, mamlakatni boshqarish uchun odam judayam zakiy bo‘lishi shart emas ekan, deya xulosa chiqardim, ehtimol, bu fikrim noo‘rindir, kim biladi yana. Keyinchalik yuksak mansablarga erishgan turli siyosiy arboblar bilan tanish-bilishchilik qildim, ularga ham men kutgan aql-zakovatdan yuqtirmaganligini ko‘rib, yoqamni ushlab qolgandim. Ular oddiygina hayotiy masalalarni hal qilolmas, umuman, ularni yaxshi tushunolmasdilar, kamdan-kam hollardagina o‘tkir aql yoki boy tasavvurlaridan boxabar bo‘lib qolardim, xolos. Bir zamonlar men, ular notiqlik iqtidori, gapga chechanliklari sabab jamiyatda shu mavqeni egallaganlar, shu salohiyatlaridan minnatdor bo‘lishlari kerak, deya o‘ylardim, axir, demokratik jamiyatda inson, omadi gapni aytganda, agarda ommani mahliyo qilolmasa, hokimiyatni egallolmaydi, so‘zamollik qobiliyati esa, ma’lumki, odamning tafakkur qudratiga doimam muvofiq bo‘lavermaydi. Lekin masala bunga bog‘liq emas, shekilli, negaki men o‘rtacha aql egasi deb hisoblagan ayrim arboblar davlat ishlarini muvaffaqiyatli bajarishardi. Bundan mamlakatni idora qilish uchun odamning umumiy qobiliyatiga zarracha aloqasi bo‘lmagan o‘ziga xos xususiyatga ega iste’dodi bo‘lishi kerak, degan fikr tug‘iladi. Men juda katta boylik orttirish barobarida gullab-yashnayotgan yirik korxonalarni boshqarayotgan tadbirkor, ishbilarmon kishilar bilan yaqin edim, ana o‘shalar ham o‘zlarining kasbi-korlariga taalluqli bo‘lmagan ishlarni bajarish zarurati tug‘ilib qolsa, qo‘llaridan hemiri kelmaydigan, noshud, uquvsiz kishilarga aylanishardi-qo‘yardi.
O‘shanda ularning gurunglariga quloq solib, hafsalam pir bo‘lar, og‘izlaridan chiqayotgan betayin gap-so‘zlarga hang-mang bo‘lib o‘tirardim. Ularning suhbati, kamdan-kam hollarni aytmasa, aqlga ozuqa berolmasdi. Bunday yig‘ilishlar garchi ko‘ngildagidek bo‘lmasa ham, doimo juda yengil o‘tar, yuzaki kechardi. Jiddiy mavzularga o‘tishmas – ularni ulfatchilikda muhokama qilish odobdan emas, deya hisoblashardi. Holbuki, o‘z sohalariga oid masalalarni qo‘zg‘ash chog‘ida ehtiyotkorlik bilan odob doirasidan chiqmaslikka urinishar, shu bois o‘zlarini haddan ziyod qiziqtirgan narsalar haqida og‘iz ochishmasdi. Aytishim mumkinki, suhbat odob doirasidan chiqmagan holda beixtiyor fisq-fujur, g‘iybatga aylanar, biroq shunda ham bir marta bo‘lsin esda qolarli va keyinchalik takrorlashga arziydigan, kiftini keltirib aytilgan o‘tkir iboralar eshitishga to‘g‘ri kelardi. Ba’zida, san’atning yagona vazifasi – odamlarni jiddiy qiyofada bema’ni gaplarni vaysab o‘tirishga o‘rgatishmikan, deya o‘ylab qolasan kishi. Men uchratgan eng dilkash, gaplarini bir kun eshitmasang sog‘inib qoladigan suhbatdosh, ehtimol, Edmund Tossedir. U garchi jiddiy mutolaa qilmagan bo‘lsa ham, ko‘p o‘qigan, gap-so‘zlaridan bama’ni, ziyrak va fikrchan odamligi sezilib turardi. Nimasini aytasiz, aqli raso kishi edi. Xotirasiga qoyil qolardingiz, hazilkash, gapga chechan, quv. Suinbernni yaqindan tanir va u haqda zavq bilan hikoya qilar, hech qachon ko‘rishishi mumkin bo‘lmagan Shelli haqida ham xuddi u bilan qadrdon do‘st bo‘lgandek zo‘r hayajon-la aytib berishni xush ko‘rardi. U uzoq yillar turli-tuman atoqli odamlar bilan oshna-og‘aynichilik qilgan. Menimcha, u juda mag‘rur odam bo‘lgan, shuning uchun ularning ojizliklari, g‘alati, kurakda turmaydigan injiqliklarini kuzatishdan huzurlangan. Ishonchim komilki, bu musharraf kishilar uning hikoyalarida hayotdagidan ko‘ra maroqliroq tasvirlangan.

II

Odamlarning mashhur kishilar bilan tanishishga bunchalar intilishlari meni doimo hayratga soladi.
Mashhur odamlar bilan tanishchilik qilishingiz oshno-og‘aynilaringiz oldida sizga obro‘ keltiradi. Sizning o‘zingiz ham chakana odam emasligingizni tasdiqlaydi, xolos. Nomi chiqqan kishilar xom sut emgan bandalar bilan muomala qilishning o‘ziga xos usullarini shakllantiradilar. Ular banibasharga, ko‘pincha, ishonarli niqoblarini taqdim etishadi, biroq haqiqiy qiyofalarini zo‘r hafsala bilan yashiradilar. Ular o‘zlarini qanday ko‘rishni istayotganlariga qarab, xuddi shunday qiyofada namoyish etishga harakat qilishadi, ya’ni shunday rolga kirishadi va asta-sekin bu rolni quling o‘rgilsin qilib ijro etishni o‘rganib olishadi, lekin aktyor o‘zini o‘zi o‘ynayapti, deb tasavvur etish ayni hamoqat bo‘lurdi.
Hayotimda bir qancha odamlar bilan, haddan tashqari desam yanglishmayman, yaqin bo‘lganman, biroq odamlar bilan fe’l-atvorlaridan kelib chiqib emas, balki kasbim sabab, ijodimga foydasi tegib qolar degan maqsadda yaqinlashishga harakat qilaman. Har bitta insonga yozuvchi nigohi bilan, menga asqatib qolishi mumkin bo‘lgan “xomashyo” sifatida qarayman. Shuning uchun noma’lum kishilar mashhur odamlardan ko‘ra ko‘proq e’tiborimni jalb etadi. Ular kamdan-kam hollarda o‘zligini boy berishadi.
O‘zlarini himoya qilish yoki dunyoni lol qoldirish uchun o‘zlarini allakim qilib ko‘rsatishlari shart emas. Tor, cheklangan faoliyatlari davomida ham ularning o‘zlariga xos xususiyatlari osongina taraqqiy etishi mumkin, hammaning diqqat markazida bo‘lmaganliklari bois, nimanidir yaratishlari kerakligi xayollariga ham kelmaydi. Ular jinni-sang‘i qiliqlarini oshkora namoyish etaveradilarki, o‘zlarida biron karomat borligi haqida o‘ylab ham ko‘rmaydilar. Qolaversa, alaloqibat, biz, qalam ahli ana shunday oddiy odamlar, ularning hayoti, o‘y-xayollari, intilishlari bilan yashaymiz-ku! Qirollar, mustabidlar, yirik san’at magnatlari, bizningcha, nima karomat ko‘rsata olardi ijod ahliga?! Qanchadan-qancha yozuvchilar necha-necha zamonlar ularning hayotini qalamga olish vasvasasiga yo‘liqqan edilar, biroq bunday urinishlarning muvaffaqiyatsiz yakuni shuni ko‘rsatadiki, bunday shaxslar hech kimga o‘xshamasdi, binobarin, ular adabiy asar qahramoni bo‘lolmasdi. Ularni tirik, jonli odamlar sifatida aks ettirishning iloji yo‘q. Bunday qarasang, oddiy odamlar hayoti yozuvchi uchun bitmas-tuganmas manba: boyroq, serqatlam va mazmunliroq. Ularning kutilmagan, betakror, cheksiz-chegarasiz, hech qanday qolipga tushmagan rang-barang voqea-hodisalarga to‘la hayoti bebaho dafinadek gap. Kalonposhsholarning turmushi nihoyat darajada rangsiz, har xil nogahoniy hodisalardan yiroq va shu vajdan – zerikarli. Kichkina odam ziddiyatlar, qarama-qarshiliklar tugunidek gap. U tegirmondan butun chiqadi. U har xil voqealardan tegishlicha xulosalar chiqarib olishga shoshilmaydi, ko‘ngilchan, telba-teskari odatlar manbai, eng muhimi, yashovchan. Siz uchun asrab qo‘ygan syurprizlarining adog‘i yo‘q. Shaxsan o‘zim odam oyog‘i yetmagan olis orolda Angliya Bosh vaziridan ko‘ra oddiy baytar bilan bir oy qolishga bajonidil rozi bo‘lardim.

IV

Mazkur kitobda ilgari ham eslab o‘tishimga to‘g‘ri kelgan ko‘pgina mulohazalarim, kechinmalar uchrashi mumkin. Shuning uchun uni “Sarhisob” deb nomladim. Sudya ko‘rib chiqayotgan ishga yakun yasarkan, u maslahatchilar o‘rganib chiqqan voqealar xususida to‘xtalib o‘tadi hamda qorolovchi bilan oqlovchilarning nutqini izohlab beradi. Yangi dalillar keltirmaydi. Shunga o‘xshab, men ham butun hayotimni kitoblarim qatiga jo qilgan ekanman, aytmoqchi bo‘layotgan gaplarimning ko‘pi, tabiiyki, ulardan joy oladi. Hozir men qarashlarim va mulohazalarimga imkon qadar ozmi-ko‘pmi tartib berishim mumkin, xolos. Ehtimol, qaysidir qismlarida, ilgari nasr va dramaturgiyaning yozilmagan qoidalari taqozo etgan cheklashlar vajidan faqatgina ishora qilib o‘tilgan joylarda, u yoki bu fikrni yanayam batafsilroq, kengroq tahlil qilib berishimga to‘g‘ri kelar.
Ushbu kitob tabiatiga ko‘ra xudbinona yozilgan bo‘lishi mumkin. Unda o‘zim uchun muhim bo‘lgan narsalar xususida, yana tag‘in mening o‘zim haqimda so‘z boradi, negaki men bularni qanday qabul qilgan va ularning tabiatini qanday tushungan bo‘lsam, shunga qarab talqin etaman. Ammo bu mening tarjimai holim yoki hayotimning in’ikosi degani emas. Ko‘nglimni dasturxon qilish niyatim yo‘q, qolaversa, kitobxon bilan ham dillashmoqchi emasman. Shunday narsalar borki, ularni sir saqlashni lozim ko‘raman. Hech qaysi odam, ming qilsa ham, o‘zi, ko‘ngli, xayollari, orzulari, xohish-istaklari haqidagi bor haqiqatni aytib berolmaydi. Russo o‘zining “Tazarru”sida dunyodagi jamiki ko‘ngli nozik kishilarning izzat-nafsini tahqirlagan voqealar haqida yozadi. Odam bolasi tilga olishga uyaladigan bunday hodisalarni shunchalik ham oshkora bayon qiladiki, hayotda ro‘y berishi dargumon, hattoki aytib bo‘lmaydigan bu voqealarga kitobda takror-takror urg‘u berilganiga odam ajablanadi. Bular hayotda yuz beradigan minglab voqealar orasida unutilib ketadigan, eslab o‘tirishga arzimaydigan lavhalar edi. Hayotda shunday kishilar bo‘ladiki, o‘zlarining yaxshi amallariga ortiqcha ahamiyat bermaydilar, biroq nojo‘ya xatti-harakat qilib qo‘ysalar, qiynalib yuradilar. Aynan shu toifa odamlar o‘zlari haqida ko‘proq yozadilar. Ular maqtovga sazovor fazilatlari haqida og‘iz ochmaydilar, shu sababli ular bizga ojiz, betayin hamda odobsiz bo‘lib tuyulsa ajab emas.

V

Miyamga mahkam o‘rnashib olgan, tinchimni buzayotgan ba’zi bir fikrlardan xalos bo‘lish uchun ushbu kitobni yozayapman. Niyatim birovga aql o‘rgatish yoki bitta-yarimtani tarbiyalash emas. Murabbiylik qilishga uquvim yo‘q, shu vajdanmi biron nimaga o‘rgansamu boshqalarga o‘rgatsam, ular bilan bilimimni bo‘lishsam, degan xayolga bormayman. O‘zgalar fikrimga qo‘shiladimi-yo‘qmi – bunga ortiqcha qiziqmayman ham. Tabiiyki, men o‘zimni haq deb bilaman – aks holda bunday fikrga kelmagan bo‘lardim – ular nohaq, lekin ularning nohaqligi menga zarracha ta’sir qilmaydi. Shaxsiy fikr-mulohazalarim ko‘pchilikning fikru mulohazasiga zid ekanini sezgan taqdirimda ham tashvishlanmayman. Men ma’lum darajada g‘ayriixtiyoriy his-tuyg‘ularimga – ko‘nglimga ishonaman.
Men bamisli ulug‘vor, mo‘tabar zotdek yozishim darkor, rostdanam men o‘zim uchun shunday mo‘tabar odamman. O‘zimga qolsa, men olamdagi eng hurmatli va e’tiborga sazovor insonman. Abadiy Ruh ta’limoti haqida aytmay qo‘yaqolay, oddiygina sog‘lom aql bilan baholaganda mening bir zarrachalik ahamiyatim yo‘qligini unutmagan holda aytishim mumkinki, o‘zimning nazarimda, men dunyodagi eng sharif insonman. Holbuki, men bo‘lmasam ham dunyo qanday bo‘lsa shundayligicha qolaveradi, bor-yo‘qligim hech narsani o‘zgartirolmaydi. Bunday yozayotganimdan ayrim asarlarimni juda yomon deb hisoblashlarini taklif etayotganga o‘xshayman go‘yo; aslida esa ular men uchun juda qadrli, shuning uchun ham mulohazalarim orasida o‘qtin-o‘qtin eslatib turishimga to‘g‘ri keladi. Nazarimda, vafotidan so‘ng yozgan asarlarining holi nima kechishiga mutlaqo beparvo qarovchi jiddiy yozuvchilar kam topilsa kerak. Sen mangulikka daxldor asarlar yozib qoldirganing haqida emas (adabiy asarning boqiyligi nari borsa bir necha asrlar bilan o‘lchanadi, shunda ham bu, odatda, faqat maktab programmasidagi boqiylikdir), balki bir qancha avlodlar yozganlaringni sevib o‘qishi va sen o‘z mamlakatingning adabiyoti tarixida loaqal kamtarona iz qoldirganing haqida o‘ylashning o‘zi odamga huzur bag‘ishlaydi. Menga kelsak, men bunday imkoniyatga ham ishonchsizlik bilan qarayman. O‘z vaqtida adabiyot olamida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan ayrim yozuvchilar butunlay unutilib ketgani hali esimda. Yoshligimda Jorj Meredit bilan Tomas Xardi kitoblari uzoq davrlarga qadar o‘qiladi, deb ishonardik. Biroq bugungi yoshlar ular haqida deyarli hech narsa bilmaydi. Vaqti-vaqti bilan biron-bir munaqqid qiziqarli mavzu axtarib ular haqida maqola yozar va shunda bir qancha kitobxon kutubxonadan ularning u yoki bu romanini olib o‘qir, biroq ming qilganda ham ular yaratgan asarlardan birortasi “Gulliverning sayohatlari”, “Tristram Shondi” yoki “Tom Jons”chalik o‘qilmaydi, desam xato bo‘lmaydi.
Mazkur kitob hech qanday e’tirozga yo‘l bermaydigan qat’iy ohangda yozilgandek tuyulishi mumkin, buning sababi har gapning birida o‘rinli-o‘rinsiz “menimcha”, “bu mening shaxsiy fikrim” qabilidagi izohlar beraverish jonimga tegib ketganidan bo‘lsa kerak. Nimaiki degan bo‘lsam – mening, faqat o‘zimning shaxsiy fikrim, birovniki emas. Qolaversa, o‘zgalar fikrini aytish orqali hurmat qozonishga hali o‘rganmaganman. Kitobxon xohlasa mulohazalarimga qo‘shilar, xohlamasa qo‘shilmas, bu uning ixtiyorida. Basharti kitobni oxiriga dovur o‘qib chiqishga sabri yetsa, u faqatgina bir narsaga: bu yorug‘ olamda ishonch bilan qat’iyan tasdiqlash mumkin bo‘lgan narsalarning o‘zi anqoning urug‘i, degan fikrni ishonch ila bot-bot tasdiqlayotganimga amin bo‘ladi, xolos.

VI

Kun chiqib, kun botishi qanchalar tabiiy bo‘lsa, yozish boshidanoq men uchun shunday edi. Haligacha o‘zimning yozuvchi ekanimga ajablanib qo‘yaman; buning uchun yengib bo‘lmas mayl-rag‘batdan bo‘lak hech qanaqa sabab yo‘q, lekin bunaqa havas qayerdan paydo bo‘ldi – tushunmayman. Yuz yildan ziyod vaqt mobaynida oilamizdagi erkaklar huquqshunoslik bilan shug‘ullanib kelishgan. Agar “Biografik lug‘at”ga ishonsam, buvam Huquqshunoslar jamiyatining asoschilaridan biri bo‘lgan. Britaniya muzeyi kutubxonasi katalogida uning huquqshunoslik asoslariga bag‘ishlangan qator ilmiy ishlari qayd etilgan.
Qisqasi, men maktab ko‘rmaganman, ya’ni adabiyot sohasida ta’lim olmaganman, shunga qaramay, mustaqil ravishda o‘qib, o‘rganib yozuvchi bo‘ldim. Yaqinda yoshligimda yozgan hikoyalarimni ko‘rib chiqdim: maqsadim, menda tug‘ma moyillik bormidi, bo‘lsa qay daraja edi, qo‘limga qalam olganimda imkoniyatim qanaqa edi – shularni aniqlab olish edi. Hikoyalarning mensimaslik ohangida yozilgani bilinib turar, bu yoqimsiz tuyg‘uni faqatgina yoshga yo‘yish mumkin edi, yana odamni o‘qishdan bezdiradigan, ixlosini qaytaradigan yomon fe’l-atvorli kishiga xos jizzakilik sezilardi, ammo men hikoyada o‘z fikrimni ifodalay olgandim. Menimcha, aytilmoqchi bo‘layotgan fikrning aniq ifodaga egaligi, dialoglar tuzishdagi mahorat avvalboshdan mening iste’dodimga xos xususiyatlar bo‘lgan. O‘sha paytda yashagan dongdor dramaturg Genri Artur Jons birinchi romanimni o‘qib chiqib, allaqaysi tanishiga, yillar o‘tib, mana ko‘rasiz, bu yigitcha o‘z davrining mashhur dramaturgiga aylanadi, degan ekan. U kitobimda samimiy va aniq ifoda namunasini ko‘rgan bo‘lsa kerakki, bu sahnani his qila bilishning asosiy omillaridan biri ekanligidan shunday bashorat qilgandir. Asarlarimning tili jo‘n, iboralar o‘rniga tushmagan, siyqasi chiqqan, lug‘at boyligim cheklangan. Biroq yozmasam turolmasdim, ijod – men uchun suv bilan havodek zarurat edi, shuning uchun yozayotganlarim yaxshimi-yomonmi, bu haqda bosh qotirib o‘tirmasdim. Faqat bir necha yillardan keyingina bu juda nozik san’at ekani, unga yolg‘iz mashaqqatli mehnat tufayli erishish mumkinligini anglab yetdim. Buni xohlagan narsangni so‘z orqali ifodalash oson emasligini tanamda his qilgachgina kashf etganman.
Ikki kishi o‘rtasidagi suhbatni osongina ifodalay olardim, biroq tasvirlashga kelganda tajribasizligim, til sohasidagi uquvsizligim pand berardi. Ikkita-uchta ibora ustida bir necha soatlab qiynalib o‘tirar, shunda ham ko‘nglimdagidek yozolmasdim. Qanday bo‘lmasin yaxshi yozishni o‘rganaman deb o‘zimga-o‘zim so‘z berardimu biroq buning uddasidan chiqishning o‘zi bo‘lmasdi. Ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yardim. Yuqorida nomini tilga olib o‘tganim dramaturg singari murabbiy yonimda bo‘lganda edi, ravon, obrazli yozish uchun bunchalik qiynalmagan bo‘lardim, shunchalar ko‘p vaqt yo‘qotmas ham edim.
O‘sha kezlar jimjimador uslubda yozish urf bo‘lgan yillar edi. Aksar adiblar asarlarini shunday uslubda yozar, kitobxonlar ham mana shu yo‘l bilan yozilgan kitoblarni o‘qishdan bahra olishardi. Adabiy asarlar nafis, jimjimador iboralaru bejalgan sifatlashlardan iborat bo‘lib qolgandi. Ziyoli yoshlar Uolter Paterni qo‘ldan qo‘ymay o‘qishardi. Ko‘ngil esa bu lanj adabiyot derdi, unda jo‘shqin hayot asari sezilmas, hafsala bilan sayqal berilgan naqshinkor iboralar, nafaqat iboralar, sahifalar, hatto boblar ortida go‘yo majolsiz, qonsiz, shalviragan odamning qiyofasi ko‘rinardi. Navqiron, avji kuchga to‘lgan va hayotni zo‘r bir ishtiyoq bilan sevuvchi edim, erkinlikka, faoliyatga tashna edim, kutilmagan xavf-xatar, yangidan-yangi tuyg‘ular orzusi bilan yashardim, shuning uchun bu jonsiz, diqqinafas, faqatgina shivirlab gapirish lozim bo‘lgan xonada bo‘g‘ilardim. Biroq ko‘nglimga quloq solish xayolimga kelmasdi. Mana shu san’atning cho‘qqisi, deya ishontirmoqchi bo‘lishar va men odamlar qaynab toshgan, qiyqirgan va og‘zidan bodi kirib-shodi chiqadigan, o‘zlarini jinnilikka soladigan, razolatga botgan, ichkilikka ruju qo‘ygan zohiriy hayotdan yuz o‘girgan edim. Men “Ko‘ngildagi xayollar” bilan “Dorian Greyning portreti”ni bosh ko‘tarmay o‘qirdim. “Salomeya” sahifalarini chulg‘agan yorqin, jilvagar so‘zlarning latofatidan mast bo‘lib yurardim. So‘z boyligimning qashshoqligidan dahshatga tushib, qalam va qog‘oz ko‘targancha Britaniya muzeyi kutubxonasiga yugurar, bebaho noyob javohirlarning nomlarini, Vizantiyaning qadimiy moy bo‘yoqlari turlarini esimda saqlab qolar, keyin esa shu so‘zlar qatnashgan jimjimador yoki balandparvoz iboralar tuzishga harakat qilardim. Baxtimga, bu iboralarni qo‘llashning mavridi kelmadi, ular bugun ham eski yondaftarchamda saqlanib turibdi, bo‘lmag‘ur narsalarni yozishga chog‘langan kishi topilsa, marhamat, in’om qilib yuborishim mumkin. O‘sha paytlar eng mukammal, go‘zal namuna sifatida Bibliyaning ingliz tilidagi “erkin tarjimasi” ko‘rsatilardi. Ayniqsa, Sulaymon podshohning munojotlarini qunt bilan o‘qib chiqqandim, qoyil qoldirgan, shu bilan birga foydalanish mumkin bo‘lgan iboralar hamda chiroyli so‘zlarni o‘sha zahoti daftarchamga yozib qo‘ygandim. Jeremi Teylorning “Mo‘minning o‘limi” asarini sinchiklab o‘rgandim. Uning uslubini yanayam chuqurroq his qilish uchun katta-katta parchalarni ko‘chirib yozar, keyin esa, xuddi o‘shanday, faqat yodaki tarzda xayolan takrorlashga urinardim.
Shu mehnatlarimning ilk samarasi o‘laroq “Tabarruk ayollar yurti” deb nomlanuvchi Andalusiya haqidagi jajjigina kitobcham bosilib chiqdi. Shu kunlarda o‘sha asarning ba’zi o‘rinlarini qayta o‘qishga to‘g‘ri keldi. Endilikda Andalusiyani o‘sha paytdagidan ko‘ra yaxshiroq bilaman, qolaversa, nima haqda yozgan bo‘lsam, hozir o‘shani ko‘proq bilaman. Bu kitobchaga Amerikada haliyam talab bor ekan, shu bois uni balki qayta ko‘rib chiqish kerakdir, deya o‘yladim. Ammo buning sira iloji yo‘qligiga tez orada ishonch hosil qildim. U men butunlay unutib yuborgan yozuvchining ijod namunasi edi. Boz ustiga kitobcha haddan ziyod zerikarli bo‘lib tuyuldi. Gap matnning sifati haqida borayapti, axir, men uni qandaydir uslub jihatdan mashq sifatida yozgan bo‘lsam. Bu – ma’yus va ko‘chma ma’nolarga to‘la, zo‘rma-zo‘raki yozilgan nasr edi. Unga ravonlik, kenglik yetishmaydi. Ohangdor sifatlashlar deyarli har jumlada ishlatilgandi. Tili chuchmal, yaltiroq. U xuddi Italiyada tayyorlangan zarrin naqsh solib to‘qilgan kimxobni emas, balki Bern-Jons chizgan suvrat asosida Morris tayyorlagan dag‘al matoni eslatardi.

X

O‘zimni majburlabmikin, yo bolaligimdan rejali bo‘lganim uchunmi, xullas, keyinchalik XVIII asrning mumtoz adabiy namunalariga murojaat qildim. Svift ijodi meni o‘ziga rom etdi. Mana shu san’atkor mening uchun tom ma’noda namuna bo‘larlik yozuvchi, degan qarorga keldim-da, bir paytlar Jeremi Teylor asarlarini qanday o‘zlashtirgan bo‘lsam, xuddi shu taxlit Svift ijodiga sho‘ng‘idim.
Dastlab “Bochka haqida rivoyat”ni tanladim. Aytishlaricha, Svift keksaygan choqda shu hikoyasini qayta o‘qib: “O‘sha paytda bunchalar daho bo‘lgan ekanman-a!” deya xitob qilgan ekan. Fikrimcha, uning dahosi boshqa asarlarida ko‘proq ko‘zga tashlanadi. “Bochka haqida rivoyat” – zerikarli allegoriya bo‘lib, undagi kinoya u qadar zo‘r emas. Lekin uslubi beqiyos. Ingliz tilida bundan ham yaxshiroq yozishni tasavvurimga sig‘dirolmayman. Na balandparvoz jumlalar, na buralgan og‘ir, qavat-qavat bayon, na dabdabali obrazlar bor. Bu saviyasi baland, tabiiy vazmin holda sayqal topgan proza. Kitobxonni hayratga solish uchun g‘ayritabiiy so‘zlar topishga urinish yo‘q. Go‘yo Svift duch kelgan so‘zlar bilan qanoatlanib yozaverganga o‘xshaydi, biroq u mantiqiy fikr yuritish va o‘tkir aql egasi bo‘lgani tufayli, o‘sha tasodifan ishlatilgan so‘z hamisha eng to‘g‘ri va ayni kerakli, o‘rnida ishlatilgan so‘z ekani sezilib turadi. Ravon hamda izchil bayon, pishiq iboralar muallifning yuksak did egasi ekanidan darak beradi. Xuddi bir paytlardagidek, yirik, ta’sirchan parchalarni ko‘chirib oldim, keyin esa xotiramda qanday qolgan bo‘lsa, xuddi shunday tiklashga urinib ko‘rdim.
Men so‘zlarni o‘zgartirishga yoki ularning o‘rnini almashtirishga harakat qilib ko‘rdim. Amin bo‘ldimki, birdan-bir joiz bo‘lgan so‘zlar o‘sha Svift ishlatgan so‘zlar, yagona mumkin tartib – o‘sha adib topgan tartib ekan. Undan boshqacharoq qilib yozish asarga putur yetkazardi. Bu – benuqson nasr namunasi edi.
Har to‘kisda bir ayb bo‘ladi, deganlaridak, bunday mukammallikning bitta kamchiligi bor – u zeriktirib qo‘yishi mumkin. Obrazli qilib aytadigan bo‘lsak, Svift nasri ikki qirg‘og‘i yoqalab teraklar ekilgan xushmanzara va so‘lim yaylovdan oqib borayotgan frantsuz kanalini eslatadi. Uning maftunkor sokinligi huzur bag‘ishlaydi, ammo hissiyotni qo‘zg‘atmaydi, tasavvurni uyg‘otmaydi. Uning bag‘rida suzib-suzib, nihoyat, joningga tekkanini sezib qolasan. Svift nasrining hayratangiz musaffoligi, qisqaligi, tabiiyligi, hech qanday jazavaga solmasligidan zavqlanar ekansan, baribir vaqti kelib, agarda faqatgina mazmuni e’tiboringni jalb qilib turmasa, diqqating susayadi yoxud chalg‘iydi. Boshqatdan boshlash imkonim bo‘lganda edi, men, ehtimol, bunchalar sinchkovlik bilan Sviftni emas, Draydenni o‘rgangan bo‘lardim. Nachora, uning ijodiga yetib kelganimda, bunaqa ilmiy ishlarga bo‘lgan moyillikmi, havasmi meni tark etgandi. Drayden nasri tahsinga loyiq. U yaratgan proza Sviftnikichalik mukammal, Addisonnikiga o‘xshash nafis emas, lekin undagi allanechuk bahoriy farah, jonli tilga xos jo‘shqinlik, hayotbaxsh samimiyat maftun qiladi. Drayden juda yaxshi shoir edi, biroq uni lirik deya tilga oladigan mard topilmasdi, taajjublanarlisi shuki, uning ipakdek mayin prozasi aynan shundan – hissiyotga boy, chinakam lirika edi. Nasrda uning oldiga tushadigani yo‘q edi, shu choqqacha bunaqa jozibali tilda hech kim yozmagan, keyin ham birontasi shunday uslubda yozgan-yozmaganini bilmayman. Drayden ijod qilish uchun qulay davrda yashab o‘tdi. Holbuki, u hali butun jismiga singib borayotgan Iakov I zamoniga xos til ruhidagi musiqiylik va hashamatdorlikdan ozuqa olardi, frantsuzlardan tajriba sifatida o‘zlashtirgan turlanuvchanlik bilan topqirlik bu tilni faqatgina ko‘tarinki mavzular uchun emas, balki har qanday ongli va o‘tkinchi fikrlarni ifodalashga yaraydigan vositaga aylantira oldi. U birinchilardan bo‘lib rokoko uslubida yozgan ijodkorlardan edi. Agar yana tamsil qo‘llasak, Svift ijodini frantsuz kanaliga o‘xshatish mumkin ekan, u holda Drayden ijodi tepaliklararo sharqirab, sokin va gurkiragan shinamgina qishloqlarga oshiqayotgan va birdan sekinlashib, yoyilib oqayotgan, so‘ng o‘rmonlar bag‘riga singib ketayotgan ingliz irmoqlarini eslatardi. Uning she’riyatida hayot qulf urar, rang-barang olam, soflik, namchil xushbo‘y havolar gurkirar va bu manzumalardan ingliz tabiatining ko‘rkam tarovati ufurib turardi.
Mening o‘rganish va saboq olish yo‘lida chekkan zahmatlarim, tabiiyki, bejiz ketmadi. Oqibatda, maktabga loyiq darajada bo‘lmasa-da, ancha yaxshi yozadigan holga keldim, ta’bir joiz bo‘lsa, qalamim charxlandi. Zo‘riqib, lekin tirishqoqlik bilan yozardim. Men aniq bir shaklda iboralar tuzishga urinardimu mazmun qolib, shakl e’tiborni jalb etar va bu soxtalikni chaqirardi. So‘zlarni qay tartibda joylashtirish to‘g‘risida qayg‘urardimu XVIII asr boshlari uchun tabiiy bo‘lgan uslub XX asrga kelib notabiiy tuyulishini tushunib yetmasdim.
Svift ijodidagi hammasidan ko‘ra ko‘proq maftun etgan narsaga – benuqson taassurotlarga men erisholmadim, shu sababli vaqtinchalik bo‘lsa ham unga taqlid qila boshladim. Besh yildan keyingina yana roman yozishga o‘tirdim. Ammo bu payti kelib uslub jihatdan yangiliklar qilaman, deya vazifa qo‘ymadim. Men hech qanaqa usullar qo‘llamay, imkoni boricha quruq va bejamasdan yozishga ahd qildim. Ko‘nglimda dardlarim, kitobxonlarga aytadigan gaplarim shunchalik ko‘p ediki, so‘zlarni behuda isrof etishga yo‘l qo‘yolmasdim.
Men faqat voqealarni aks ettirmoqni istadim. Shunga bog‘liq holda, o‘z oldimga o‘ta og‘ir – umuman sifat ishlatmaslik vazifasini qo‘ydim. Menga, agar ma’noni to‘g‘ri ifoda etishga xizmat qiladigan aniq so‘z topilsa, sifatlashlarsiz ham yozish mumkindek tuyulardi.

XI

O‘sha yozmoqchi bo‘layotgan kitobim, ma’nosini ifodalash u qadar zarur bo‘lmagan barcha so‘zlar tushirib qoldirilgani tufaylimi, tasavvurimda uzundan-uzun telegrammadek tuyulardi. Imlo xatolarini ko‘rib berish uchun jo‘natishganda qayta o‘qimadim, shu bois bu urinishim qanchalar muvaffaqiyatli chiqdi, bilmayman. Mazkur kitob, yanglishmasam, shu choqqacha yozgan asarlarimga qaraganda harqalay tabiiyroq chiqqandek, ammo uning ba’zi yerlari bo‘sh-bayov yozilgan, buning ustiga grammatik xatolar ham yetarlicha bo‘lsa ehtimol.
O‘shandan buyon yana bir qancha asarlar yozdim. Garchi tajribali, mohir adiblarning (ruhan tetik, jisman zaif!) ijodini tinmay o‘qib, ulardan ta’sirlanib, o‘rganib yurishdan biroz cheklangan bo‘lsam-da, doimo imkon qadar yaxshiroq, gapirishga arzigulik darajada yozishga harakat qilardim. O‘z imkoniyatlarim chegarasini aniqlab olganim vajidan, nazarimda, shu imkoniyat doirasida mukammallikka erishishdek yagona to‘g‘ri yo‘lni tanlagandim. Mendan hech qanaqa hassos adib chiqmasligini bilardim. So‘z boyligim nochor, ta’bir joiz bo‘lsa, qashshoq edi, eng yomoni, har qancha urinmay, buni deyarli o‘zgartirolmasdim. Ko‘ngildagidek majoz topishim qiyin kechardi, xayolimga o‘ziga xos, esda qolarli tashbehlar kelavermasdi. Yuksak shoirona xayollar, tasavvurning poyonsiz dunyosi, afsuski, menga nasib etmagandek edi. Boshqa yozuvchi, shoirlardagi bunday fazilatlarini ko‘rib havasim kelar, shuningdek, ularning murakkab ijodiy yo‘liga hamda asarlarining g‘oyasini yo‘rgaklagan benazir, va shu bilan birga g‘alati, chiyratma tiliga qoyil qolardim. Taassufki, bunaqa “badiiy injular”ni inkishof etishga qurbim yetmas, qo‘limdan kelmaydigan bu urinishlar esa meni charchatib qo‘yardi. Boshqa tomondan, ziyrak kuzatuvchilik qobiliyatidan Xudo meni siqmagandi, bu yo‘lda uncha-muncha adib ham oldimga tusholmasdi, nazarimda, boshqalarning e’tiboridan chetda qolgan, soddaroq aytganda, o‘zgalar sezmagan, ko‘rmagan narsalar mening nigohlarimdan qochib qutulolmasdi. Ko‘rganlarimni aniq-ravshan bayon qilib berish qo‘limdan kelardi. Men mantiqan fikr yuritardim, nafis, g‘ayrioddiy so‘zlar topib ishlatishga alohida qobiliyatim yo‘qligini aytmasa, har holda, so‘zlarning jarangi (musiqiyligi)ni eshita olardim. Hech qachon o‘zim xohlagan darajada yaxshi yoza olmasligimga ko‘zim yetardi, biroq tug‘ma kamchiliklarimdan imkon qadar xalos bo‘lib ijod qilishdan umidimni uzmasdim. Uzoq mushohadalardan so‘ng aniqlik, soddalik va ohangdorlikka erishishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ydim. Sanab o‘tilgan bu badiiy xislatlar, men ularga bergan tartib bo‘yicha ahamiyat kasb etadi.
Yozganlarini katta qiyinchiliklar evazigagina tushunish mumkin bo‘lgan yozuvchilar zardamni qaynatardi. Har qanday fikrning behad nozik ma’nolarini mutlaqo ravshan ifodalab berish mumkinligiga ishonch hosil qilish uchun buyuk faylasuflarning kitoblarini o‘qish kifoya. Men Yum nazariyasining mag‘zini chaqish oson emasligini yaxshi tushunaman, ayrim jumlalar mazmunini har qanday savodxon odamning tushunishi esa boshqa masala, ammo falsafa bobida yetarli tayyorgarlikka ega bo‘lmasdan, asarning asosiy ma’nosini va sertarmoq mundarijasini anglash imkonsiz. Ingliz tilida Berklidek nozik yoza olish har kimning qo‘lidan kelavermaydi. Yozuvchilar ikkita sababga ko‘ra – birlari beparvolik tufayli, boshqalari atayin tushunarsiz yozadi. Ko‘pchilik odamlar fikrini qiyomiga yetkazib tushuntirib berolmaydi, buning sababi – ular aniq-ravshan yozishni o‘rganish uchun zahmat chekishga qunt qilmaganligidan. Bunaqa tushunib bo‘lmaydigan mubhamlik zamonaviy faylasuflar, olimlar va hatto munaqqidlarning asarlarida o‘qtin-o‘qtin uchrab turadi. Keyingilariga odam chindanam hayron bo‘ladi. Zohiran, bunday qaraganda, bir umr adabiyot olamining darg‘alari asarlarini o‘qib, ulardan o‘rganib yurgan kimsalar, so‘z nafosatini, nozikligini boshqalarga qaraganda chuqurroq his qilishlari lozimdek, ular fikr­larini chiroyli bo‘lmasa ham, loaqal tushunarli ifodalab berishlari kerakdek tuyuladi. Shunga qaramay, ularning asarlarida shunday g‘aliz jumlalar uchraydiki, azbaroyi ularni tushunib olish uchun bir necha marta o‘qish lozim bo‘ladi. Ba’zan muallif nima demoqchi bo‘layotganini taxmin qilishdan boshqa ilojingiz qolmaydi, negaki aytmoqchi bo‘lgan gapi qolib, butunlay boshqa narsani ifodalayotgan bo‘ladi.
Goho yozuvchi o‘zi aytadigan fikriga uncha ishonmaydi, bunga ishonchi komil emas. Yo uddasidan chiqolmaydi, yo yalqovligi tufayli fikrini ham xayolida pishitib olmagan bo‘ladi. Bunaqa chalkash fikrni aniq-tiniq ifodalash esa, turgan gapki, mumkin emas. Buning sababi – adiblarning yozishga o‘tirishdan oldin o‘ylab olish o‘rniga, yozayotganlarida o‘ylay boshlashlari bo‘lsa kerak. Qalamdan fikr tug‘iladi. Buning xavfli tomoni shuki, yozuvchi doim undan ehtiyot bo‘lishi kerak, qog‘ozga tushgan fusunkor so‘z joduga o‘xshaydi, u sehrlab qo‘yadi. Ko‘z bilan ko‘rish mumkin shaklga kirgan fikr moddiylashdimi, tamom, uning ma’nosini anglash qiyinlashadi. Biroq bunaqa mavhumlik osonlik bilan atayin qilingan noaniqlikka aylanadi. Aniq fikrlashga noqobil ayrim yozuvchilar asossiz ravishda o‘zlarining fikrlarini anchayin ma’noli deb hisoblashga moyil bo‘ladilar. Ular fikrlarim favqulodda teran va qamrovli, shuning uchun ularni duch kelgan odam tushunib ketadigan tarzda ifodalash mumkin emas, deb maqtanishni yaxshi ko‘radilar. Shunaqa yozuvchilarning butun fojiasi – o‘zlarining aniq fikrlashga noqobil ekanliklarini xayollariga ham keltirmasliklarida. Shu o‘rinda, boya aytib o‘tganimizdek, yana qog‘ozga tushgan – moddiylashgan so‘zning sehr-jodusi ta’sir o‘tkazadi. Vaholanki, yetarlicha tushunilmagan ibora, jumla aslida bag‘oyat ifodali va serma’no fikrning in’ikosi, deya odam o‘zini osongina ishontirishi mumkin. Bu esa taassurotlarini azaliy mavhumlikda qog‘ozga tushirish odatini mustahkamlashga xizmat qiladi. Ulardan yashirin ma’no izlab topadigan ovsarlar hamisha topilgan, topiladi. Ataylab tushuniksiz yozishning yana bir turi borki, bunisi avvalgisidan ham o‘tib tushadi, u go‘yo nazokatli uslubga burkangandek ko‘rinish kasb etadi. Muallif ommaning fahmi yetmasligi uchun o‘zining g‘oyasiga mavhumlik libosini kiydiradi. Shu tariqa, go‘yo bir qancha qaltis to‘siqlarni yengib o‘tolgan mumtoz kishilargina sirli boqqa kira oladi. Biroq bunaqa mavhumlik nafaqat ohangjamadan, balki kaltabinlikdan ham darak beradi. Zero, davr shamollarida ne ko‘ylarga tushmaydi u. Agar asar ma’nosiz so‘zlar bo‘tqasiga o‘xshagan bo‘lsa, Davr uni hech kim o‘qimaydigan keraksiz so‘zlar uyumiga aylantirib qo‘yadi. Giyom Apolliner izidan bormoqchi bo‘lib, hiyla-nayranglar qilgan frantsuz yozuvchilarining deyarli hammasi shunday qismatga duchor bo‘lishdi. Ba’zan bunday bo‘lishi ham mumkin: Vaqt teran va haqqoniydek tuyulgan asarlarni o‘tkir, ko‘zni qamashtiruvchi nuri bilan yoritadi, ana shunda bu g‘alati so‘z o‘yinlari zamirida jo‘n, arzongarov fikrlar yashiringani ma’lum bo‘ladi. Mallarmening she’rlari, ayrimlarini aytmasa, hozir hamma uchun tushunarli, uning bir vaqtlar ommani hayratga solgan g‘oyalari nihoyatda oddiy, siyqa ekanligini sezmaslik mumkin emas. Go‘zal iboralari bor, biroq o‘sha zamonlardan buyon hammaga ma’lum bo‘lgan shoirona fikrlar uning she’rlari uchun manba bo‘lib xizmat qilgan.

XII

Soddalik – ravshan yozishchalik ro‘yirost ko‘rinib turuvchi fazilat emas. Men hamisha shunga intilganman, chunki dabdabali, serhasham tilda yozish qo‘limdan kelmaydi, ta’bir joiz bo‘lsa, bunga noqobilman. Boshqa ijodkorlarning shunday yoza olishlariga havas qilaman, lekin yashirib nima qildim, juda tez ko‘nglimga uradi, hazm qilishga qiynalaman. Reskinni bir sahifa o‘qisam, dilim yayraydi, qoyil qolaman, yigirma betdan keyin me’damga uradi, toliqaman. Jumlalar ravon, tahsinga loyiq sifatlashlar, o‘zaro bog‘langan shoirona tashbehlar, iboralarga salmoq va salobat baxsh etuvchi ergash gaplar, bir maromda mavjlanayotgan to‘lqinlardek ulug‘vor ohang – bularning hammasi qandaydir yuksak tuyg‘ularga yo‘g‘rilgan. Shu taxlit birlashib uyg‘unlik kasb etgan so‘zlar ajib bir musiqa singari ko‘ngilni rom qiladi. Odamda aqliy emas, ko‘proq hissiy taassurot uyg‘otadi, go‘zal so‘zlar bu iboralarning ma’nosini o‘ylab, mulohaza qilish zaruriyatidan xalos qiladi. Natijada, so‘z o‘yinlariga mahliyolik mazmun haqida qayg‘urmaslikni keltirib chiqadi, bu esa o‘z-o‘zidan butunlay asarning asosiy mehvari bo‘lgan g‘oyani anglash, tushunish istagini yo‘qqa chiqaradi. Fikrsizlik nazariyasi paydo bo‘ladi. Biroq so‘zlar shafqatsiz mustabid, ular o‘zlari ifodalayotgan ma’noning quvvati bilan belgilanadi, ma’no yo‘qoldimi, tamom, so‘zlardan, umuman, adabiy matndan uzoqlashib ketasan. Fikr tarqoq holga keladi. Bunaqa usulda yozish o‘ziga munosib mavzularga ehtiyoj sezadi, hatto shuni talab qiladi, arzimagan narsalar haqida dabdabali usulda yozib bo‘lmaydi. Undan Tomas Braunchalik hech kim mahorat bilan foydalana olmagan, lekin u ham doimo shu tuzoqqa tushishdan saqlanolmagan. “Gidriotafiya” – “Xok solingan ko‘zachaning dafn etilishi” kitobining so‘nggi bobida inson qismati barokko adabiyotining dabdabali tilida bayon qilinganki, har jihatdan uslubga muvofiq – tilla uzukka olmos ko‘z qo‘ygandek. Nasrda shunday go‘zal sahifalar yaratilganki, bizning adabiyotda uning oldiga tushadigani yo‘q, biroq u ko‘zchalar qanday topilganini ham xuddi shunday dabdabali usulda beradiki, buning ta’sir kuchidan (hech bo‘lmaganda men shunday deb o‘ylayman) asar ham qolmaydi, demak, o‘quvchiga bu fojiali lavhalar ta’sir qilmaydi. Zamonaviy yozuvchi oddiygina suyuqoyoq xotinning hech bir jihati bilan e’tiborga arzimaydigan yigit to‘shagida yotgan-yotmaganini balandparvoz uslubda, buning ustiga tantanavor ohangda bayon qilib bersa, haqli ravishda ensangiz qotadi.
Serhasham uslub yaratish uchun iste’dod zarur ekan – axir, bu har kimga ham nasib etavermaydi, soddalik bo‘lsa, tug‘ma xususiyat emas. Unga erishmoq uchun temirdek intizom zarur. Bilishimcha, bizning tilimizdagina nasrning alohida turi – purple patshni yaratishga to‘g‘ri kelgan. Basharti, u haddan ziyod o‘ziga xos bo‘lmaganda edi, bunga hojat qolmasdi. Ingliz nasri tili sodda emas, aslida u hashamdor. Ammo har doim ham bunaqa bo‘lmagan. Shekspir nasridan ko‘ra shiddatliroq, cho‘rtkesar va jonliroq uslub yo‘q, lekin unutmaslik lozim, bu og‘zaki nutqqa mo‘ljallab yozilgan dialog. Biz Shekspir Kornel singari o‘z pesalariga so‘zboshini qanday yozgan bo‘lardi, bilmaymiz. Ehtimol, bu muqaddimalar Yelizavetaning nomalariga o‘xshash g‘aliz, g‘ayritabiiy chiqarmidi. Lekin undan avvalroq ijod qilgan, deylik Tomas Mor nasrini oladigan bo‘lsak, u dag‘al ham, bejamdor ham, tumtaroq ham emas. Undan ingliz tuprog‘ining hidi kelib turadi. O‘ylashimcha, qirol Iakov Bibliyasi ingliz nasriga zarar yetkazgan. Men uning go‘zalligini inkor qiladigan darajada nodon emasman. U juda ulug‘vor. Biroq Bibliya – sharqona kitob. Uning obrazliligi bizga butunlay begona. Bu mubolag‘alar, bu shirali majozlar ruhimizga to‘g‘ri kelmaydi. Menimcha, Bibliya uzoq paytgacha inglizlarning kundalik, hattoki yagona mutolaa qilinadigan kitobi bo‘lgani kasri bu. Bibliyadagi so‘z boyligi, ohangdoshlik, balandparvoz iboralar millatning qon-qoniga singib ketdi. Oddiy, toza ingliz tili har xil, bo‘lar-bo‘lmas bejama ziynatlardan tug‘ildi. O‘zining ko‘rkini yo‘qotdi. Befarosat inglizlar yahudiylarning payg‘ambarlariga o‘xshab gapiraman deb, tillari tanglayiga yopishgudek bo‘ldi. Aftidan, bunga inglizlarning tabiatidagi qandaydir o‘ziga xos alomatlar: balki aniq mushohada yuritishga noqobillik yoki chiroyli, yaltiroq so‘zlarga bolalarcha mahliyo bo‘lish yoki bunaqa jimjimador bezaklarga tug‘ma ishqibozlik va muhabbat sababdir – bilmadim. Lekin bitta narsaga ishonchim komil, o‘shandan buyon ingliz adabiy tili ortiqcha so‘zbozlik illati bilan kurashib keladi. Vaqti-vaqti bilan bamisli Drayden asarlari yoki qirolicha Anna hukmdorlik qilgan davrda yashagan adiblarning ijodidagi kabi tilning burungi qudrati qaror topgan bo‘lsa-da, ko‘p o‘tmay yana Gibbon yoki doktor Jonsonning yuzaki, dabdabali uslubi bosib ketardi. Xezlitt tadqiqotlari, Shelli maktublari, Charlz Lemning eng yaxshi asarlaridagi til evaziga ingliz nasri yana soddalikka erishsa – de Kvinsi, Meredit, Karleyl hamda Uolter Paterning kitoblari shu fazilatni yo‘qqa chiqarardi. Dabdabali uslub, tabiiyki, oddiylikka nisbatan odamni lol qoldiradi. Bu ham yetmagandek, aksar kishilar odamlarni hayratga solmaydigan uslub umuman uslub emas, deb hisoblaydilar. Shunaqalar Uolter Paterni o‘qib, tasannolar aytadilar-u, Metyu Arnold badihasini o‘qish u yoqda tursin, hatto uning o‘z fikrlarini naqadar nozik, go‘zal va tabiiy ifodalayotganini sezmaslikka harakat qiladilar.
Uslub, bu – insonning o‘zidir, degan jumla juda mashhur bo‘lib ketgan. Ushbu hikmat shunchalar ko‘p ma’noda ishlatiladiki, shundan deyarli hech nimani anglatmaydi. Gyote inson sifatida qaysi asarlarida ko‘proq namoyon bo‘ladi – nazokatli lirik she’rlaridami yoki qo‘poldan-qo‘pol asarlaridami? Xezlitt-chi? Biroq, menimcha, inson fe’li injiq bo‘lsa, u shak-shubhasiz mavhum yozadi, agar uning fe’l-atvori miyang‘i bo‘lsa, yozganlari ham injiq, jizzaki, agarda uning idroki, qabul qilish qobiliyati o‘tkir bo‘lsa va buyumlar yuzlab boshqa buyumlarni eslata olsa, u holda, o‘zini idora qilish qolib ketib, yozganlarini o‘xshatishlar va metaforalar bilan bejab tashlaydi. Yaqin orada tilga qo‘shilgan yangi so‘z boyliklari bilan sarxush yurgan XVII asr adiblarining balandparvoz uslubi bilan betayin nazariyaning qurboni bo‘lgan Gibbon va doktor Jonsonning dabdabali uslubi o‘rtasida katta farq bor. Doktor Jonson ishlatgan so‘zlarning har biri menga huzur baxsh etadi, chunki u gapning kiftini keltirib yozish bilan birga dilbar uslub sohibi va bama’ni ijodkor edi. Ko‘ra-bila turib, bunaqa dabdabali uslubda yozmaganda edi, uning oldiga tushadigan yozuvchi bo‘lmasdi. U sof, yaxshi ma’nodagi ingliz tilini qadrlay bilardi. Drayden nasrini ishning ko‘zini biladigan bironta munaqqid jiddiy ravishda maqtamagan edi. U Drayden san’atining mohiyati – teran fikrga ravshan ifoda topa bilishda, deya ta’riflagan edi. “Tarjimai hol”laridan birini esa shunday yakunlagan edi: “Kimki qo‘pol bo‘lmagan, nafis, lekin ko‘zni qamashtirmaydigan, tabiiy inglizcha hijo topishni istasa, kecha-kunduz Addison asarlarini o‘qisin”. Lekin o‘zi peroni qo‘lga olar ekan, maqsadi o‘zgarib qolardi. Dabdabali uslubni ulug‘vor deya hisoblardi. Ulug‘vorlikning birinchi belgisi, bu – tabiiylik va soddalikdan iborat ekanini anglash uchun unga ta’lim-tarbiya yetishmasdi.
Barkamol nasr tarbiya tufayli vujudga keladi. She’riyatdan nasrning farqi shuki, u tartibga keltirilgan san’atdir. She’riyat, bu – barokko. Barokko – fojiaviy, poyonsiz, sir-sinoatlar uslubi. U – tartibsiz. U teranlik bilan hurlik talab qiladi. U bamisli po‘rtana, olov, chaqmoq, ibtidosi yo‘q intiho. U teranlik, hurlik va ziyraklik! Menga hamon barokko davrining nosirlari – Bibliyaga e’timod qilgan qirol Iakov, Tomas Braun, Glenvillar – yo‘lidan adashgan shoirlar bo‘lib tuyuladi. Nasr, bu – rokoko. U nafaqat qudrat, balki did, nafaqat ilhom, balki izchillik, mantiq, faqatgina salobat emas, balki aniqlik talab qiladi. Shoir uchun shakl – baayni jilov bilan suvliq, ularsiz, agar tsirk ustasi bo‘lmasangiz, otda yurolmaysiz, lekin nosir uchun bu shassi – usiz mashinangiz yo‘q degani.
Mazmundor nasr tarbiya ko‘rgan odamning suhbatiga monand bo‘lishi kerak, deyishadi. Qachon shirin suhbat qilinadi, qachonki turmush tashvishlaridan ozod bo‘linsa! Ularning hayoti iloji boricha xavf-xatarsiz, beg‘alva, xotirjam bo‘lmog‘i, xayolini buzmasligi lozim. Ular ko‘proq dunyo mohiyatining takomiliga ahamiyat berishlari darkor. Ular xushmuomalalikni qadrlashlari, o‘zlarining tashqi qiyofalariga ahamiyat berishlari, birovlarni zeriktirib qo‘yishdan istihola qilishlari, haddan ziyod shodumon ham, haddan ziyod jiddiy ham bo‘lmasliklari, doimo me’yorni saqlashlari, zavq-shavqqa tanqidiy ko‘z bilan qarashlari kerak. Mana shu nasr uchun behad qulay, ko‘ngildagidek holat. Mana shu zamonamizning eng barkamol nosiri – Volterni dunyoga keltirdi. U bamisli o‘z-o‘zidan erishgandek tuyulayotgan kamolotga bizning yozuvchilar, ehtimol, ingliz tilining shoirona xususiyatiga ko‘ra erisha olgandirlar.
Ular ravon uslubi, g‘oyaning shakl bilan muvofiqligi, ifodaning ravshanligi bo‘yicha buyuk frantsuzlarga taqriban ijod qilganlari bois tahsinga sazovordirlar.

XIII

Men ingliz nasri haqida ancha-muncha kitoblar o‘qiganman, biroq ularning nafi tegmagan, desa ham bo‘ladi. Ularning aksari mujmal, nazariy jihatdan xom va badxohlik bilan yozilgan edi. Faulerning “Jonli ing­liz tili lug‘ati” kitobi haqida bunday deb bo‘lmaydi. U yuksak darajada foydali kitob. Odamning har qancha qalami o‘tkir bo‘lsa ham bu kitobdan ko‘p o‘rgansa bo‘ladi. Uni o‘qish maroqli. Fauler soddalikni, jiddiylik va fikrchanlikni yaxshi ko‘radi. Ohangjama qilishni yoqtirmaydi. U turg‘un birikmalar – tilning negizi, deb hisoblardi, jarangdor iboralarni qadrlardi. U mantiq, izchillikka ko‘r-ko‘rona amal qilmas va hamisha birinchi o‘rinda chandirdek qattiq grammatik to‘siqlar aro jonli tilga yo‘l berishga tayyor turardi. Ingliz tilining grammatikasi haddan ziyod og‘ir, grammatik jihatdan bexato yozish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Hatto Genri Jeymsdek ijodkorlar orasida ham kam uchraydigan, grammatik qoidalarni havas qilarli darajada biladigan savodxon yozuvchi goho beparvolikdanmi, shunday xatolarga yo‘l qo‘yar ediki, har qanday maktab muallimi o‘quvchining inshosida shunaqa xatolarni ko‘rsa, achchiqlanar edi. Grammatikani bilish kerak, g‘aliz jumlalar tuzgandan ko‘ra, orfografik xatoga yo‘l qo‘ygan ma’qul, biroq grammatika nari borsa jonli qoidaga solingan og‘zaki nutq ekanini unutmaslik lozim. Yagona mezon, bu – jonli tildir. Har qanday jiddiy, tartib bilan tuzilgan jumladan ko‘ra, men oqar suvdek ravon va tabiiy jumlani afzal ko‘raman. Ingliz va frantsuz tillarining bitta farqi, frantsuz tilida grammatik qoidalarga amal qilingan holda samimiy yozsa bo‘ladi, ingliz tilida esa bunga doim ham erishish amrimahol. Ingliz tilida yozishning qiyinligi shundaki, jonli so‘zlashuvning ovozi bosma – qog‘ozda yozilgan yozuv ustidan go‘yo hukmronlik qiladi. Men uslub muammolari haqida juda ko‘p fikr yuritganman va bunga ancha mehnatim singgan. Yozganlarim ichida tuzatishga kuchim yetmagan sahifalar kam uchraydi, ming zo‘r berganim bilan tuzatolmay qo‘l silkib qo‘yganlarim esa haddan tashqari ko‘p. Men o‘zim haqimda Jonson Pop xususida aytganidek: “U jumlalarni hech qachon loqaydlik bilan tuzatmasdan tashlab ketmaydi, tuzatmay o‘tib ketgan chog‘larida noshud bo‘lganidan shunday qiladi”, – deyolmayman. Men xohlaganimcha emas, qo‘limdan kelganicha yozaman.
Fauler esa so‘z ohangiga quloq solmaydi. U goho ohangdorlik oldida oddiylikdan voz kechsa bo‘laverishini tushunmaydi. Menimcha, biroz sun’iy yo eskirgan yoki hatto diltang so‘zni, magarki yaxshiroq jarang­layotgan bo‘lsa, jumlaga izchillik, mahzunlik bag‘ishlayotgan so‘z o‘rnida qo‘llash mumkin. Biroq izoh berish zarurga o‘xshaydi: bunaqa so‘zlarning bemalol bahridan o‘taverish mumkin, lekin zinhor-bazinhor fikrning aniq ifodasi evaziga emas. Mavhum yozishdan ko‘ra yomonroq narsa yo‘q. Ravshanlikni rad qilib bo‘lmaydi, oddiylikka esa faqat shirasiz bo‘lib qolibdi, deya e’tiroz qilish mumkin. Xuddi jingalak ulama soch taqqandan ko‘ra, kal bo‘lib yurish afzalligiday. Biroq ohangdorlikning o‘ziga yarasha xatarli jihati bor: u osongina bir xillikdan iborat bo‘lib qoladi yoki shuni kasb etadi. Jorj Mur ijodini boshlagan paytda tili qashshoq edi, xuddi uchi to‘mtoq qalamda narsa o‘raydigan qog‘ozga yozilganday tuyulardi. Shunday bo‘lsa-da, sekin-asta ohangdor ingliz tilida qoyilmaqom qilib yozadigan bo‘ldi. U bora-bora sokin, ruhsiz jumlalar yozishga o‘tdiki, shunchalar o‘ziga ma’qul kelganidan bu usuldan voz kecholmasdi. U bir xillikdan saqlanishni xayoliga keltirmadi. Uning jumlalari toshloq sohilga urilayotgan to‘lqinlar singari bir maromda edi – allalardi, afsuski, bu ohangdorlik kitobxon esidan juda tez chiqib ketardi. Ular shu darajada xushohang ediki, azbaroyi dag‘alroq, mana shu ipakdak mayin ohanglarni buzadigan allaqanday keskin, badhazm, tumtaroq nimagadir zarurat borligi sezilib qolardi. Bundan qanday saqlanish mumkin – bilmayman. Ehtimol, kitobxonlardan ko‘ra sening o‘zingda shu o‘zgarmas, bir xil ohangli jumlalarga munosabat bo‘lishi kerakdir, ana o‘shanda, sening o‘zing kitobxonlardan avvalroq joningga tegarsan, ammo o‘zing topgan sermazmun vositalar kutganingchalik samara bermayotganini vaqtida sezish juda-juda qiyin. Doktor Jonson aytganidek: “Kimdir kun kelib o‘z uslubiga zo‘r g‘ayrat va intilish bilan erishadi. Ammo oxir-oqibat kamdan-kam hollardagina yetarlicha erkin yoza oladi”. Metyu Arnold uslubi amalga oshirmoqchi bo‘layotgan maqsadlarga qanchalik muvofiq bo‘lmasin, ochig‘ini aytishim shart, u xush ko‘rgan, unga ma’qul usullar ko‘pincha mening asabimga tegardi. Uslub adibning o‘zi uchun bir umrga uzil-kesil yasab olgan quroli – har xil ishlarni bajarishga qodir inson qo‘llari emas!
Agar aniq, oddiy, xushohang yozish mumkin bo‘lsaydi, bu mukammallik kasb etardi: bu Volterga o‘xshab yozish bo‘lardi. Vaholanki, ta’sirli yozish ortidan quvish xavfli ekanini bilamiz: u Mereditning diqqinafas, zerikarli mashqlariga olib kelishi mumkin. Makoley bilan Karleyllarning har biri o‘ziga yarasha ijodkor, biroq bu faqatgina bebaho xususiyati – tabiiyligi tufaylidir. Ularning yorqin ta’sirchanligi diqqat-e’tiborni bir yerga to‘plashga xalal beradi. Ularning shu xususiyati o‘zlariga bo‘lgan ishonchni yo‘qqa chiqaradi. Agar bir odam qat’iy ravishda omoch bilan yer haydash, egat ochishni niyat qilib, qadamda temir chambarakni sudragancha uning ustidan sakrab yuraversa, uning egat ochishni niyat qilganiga ishonish mumkinmi? Yo‘q, albatta. Yaxshi uslub mashaqqatli mehnatga zo‘r berganlikning oqibati ekani sezilmasligi kerak. Nimaiki yozgan bo‘lsangiz, baxtli tasodif mahsuli bo‘lib ko‘ringani ma’qul. Frantsiyada bironta yozuvchi Kolettdan yaxshiroq yozolmasa kerak, u shunchalar yengil, o‘ynab yozgandek taassurot qoldiradiki, o‘qigan odam uning zarracha bo‘lsin qiynalganiga ishongisi kelmaydi.
Shunday tug‘ma ijrochilar bor, aksari pianinochilar bunga tinimsiz mehnat evaziga erishiladi, deydi, men yozuvchilar orasida ham shunday baxti kulib boqqanlar borligiga ishonaman. Kolettni ana shundaylar toifasiga mansub, deya tasdiqlashga moyilman. Men undan bir kuni shu to‘g‘rimi, deb so‘radim. Vo ajabo, u ba’zan ertalabdan tushgacha tinim bilmay ter to‘kkani bilan bir sahifagina yozishga muyassar bo‘larkan. Oson va yengil yozgandek taassurot qoldirishga qanday erishishi muhim emas. Men, aytaylik, shunga erishsam ham, faqatgina mashaqqatli mehnat evaziga yolg‘iz qiynalishlar orqali erishaman. Kamdan-kam hollardagina to‘g‘ri fikr, shuningdek, haqqoniy va chaynalmagan so‘z yoki ibora qog‘ozda osongina aks etib qolishi mumkin.

XIV

Qayerdadir o‘qigandim, Anatol Frans faqatgina o‘zi tan bergan XVII asrda yashab o‘tgan yozuvchilarning til boyligi va usullarini o‘zlashtirishga intilar ekan. Chindanam shundaymi, bilmayman. Uslubida oddiylik, hayotiy ohangdorliklar, ta’sirchanlik yetishmasligining sababi shundandir balki. Biroq yozuvchi ko‘nglidagini, aytish lozim bo‘lgan gaplarni aytmasa yoki yozmasa, bunday oddiylik soxta, qalbaki bo‘ladi. O‘z zamonasining uslubida yozish shart. Til yashaydi va shu bilan birga o‘zgarib boradi, o‘tmish zamondagilarga o‘xshab yozishga harakat qilish faqatgina sun’iylikka olib kelishi mumkin. Uslubning jonli bo‘lishi va zamonaviylikka erishish uchun, garchi bugun avji rasmga kirgani bilan o‘n ikki yildan keyin unutilib ketishi mumkin bo‘lgan so‘zni hech ikkilanmay ishlatganman. Asarning umumiy qiyofasi yetarli darajada jiddiy va qat’iy bo‘lsa, mahalliy yoki vaqtinchalik qiymatga ega til me’yorlaridan foydalanishga monelik qilmaydi. Men qiyshanglaydigan yozuvchidan ko‘ra, beadab yozuvchini afzal ko‘raman. Hayotning o‘zi beadab, buzuq, shu hayotni yozuvchi aks ettirishga harakat qilayotgan ekan, shunday bo‘lmog‘i tabiiy, adib oydagi yoki boshqa sayyoralardagi hayotni tasvirlashga bel bog‘lamagan-ku!
Nazarimda, biz ingliz adiblari, amerikalik hamkasblarimizdan ko‘p narsani o‘rganishimizga to‘g‘ri keladi. Zero, Amerika adabiyoti qirol Iakov Bibliyasining zararli ta’siridan uzoq bo‘lgan, shu bilan birga bizdagidek yozish uslublari madaniy hayotimizning bir qismiga aylanganidek eski darg‘alarning ijodi Amerika yozuvchilariga juda kam darajada ta’sir ko‘rsatgan. O‘zlarining uslublarini yaratayotganlarida ular balki o‘ylamasdan, ixtiyorsiz ravishda atroflarida yangragan jonli tildan namuna olishga intilgandirlar; ana shu uslubning eng go‘zal namunalarida haqqoniylik, hayotiylik va kuch-qudrat baralla namoyon bo‘ladi, uning oldida bizning madaniyatliroq bo‘lib ko‘ringan adabiyotimiz nimjon, tinkasi qurigan adabiyot bo‘lib qoldi. Qaysidir davrda reportyorlik qilgan aksar amerikalik yozuvchilarga bu soha juda katta foyda bergan. O‘zining gazetadagi faoliyati davomida ular lo‘nda, o‘tkir va ta’sirchan tilda yozish mashqini oldilar, bizda esa bunday tajribaga panja orasidan qaralardi. Ajdodlarimiz Bibliyani qanday o‘qigan bo‘lsa, hozir biz gazetani shunday o‘qiymiz. Gazeta juda arzon. Biz uchun tajriba maktabi vazifasini bajarishi lozim bo‘lgan yozuvchilar esa hamon bunga e’tiborsizlik bilan qarayaptilar. Chunki bu – to‘ppa-to‘g‘ri kushxonadan kelayotgan xomashyodek gap, agar biz yozuvchilar qon va go‘ng hidi bor, deb undan yuz o‘girsak, noma’qul buzoqning go‘shtini yegan bo‘lamiz. Nima bo‘lgan taqdirda ham bu kundalik prozadan bo‘yin tovlamaslik lozim. Ammo uslub jihatdan hamma davrdagi matbuot bir xil bo‘ladi. Xuddi barcha materiallarni bir kishi yozayotgandek, u qiyofasiz. Uning ta’siriga o‘zgacha mutolaani qarshi qo‘ya bilish kerak. Buning bitta yo‘li bor: muntazam ravishda boshqa adabiyot bilan aloqada bo‘lish shart, faqat u haddan ziyod uzoq o‘tmish adabiyoti bo‘lmasin. Ana o‘sha adabiyot siz uchun bamisli o‘z uslubingiz va ideallaringizni taqqoslash, bugungi kun yozuvchisi bo‘laturib unga intilish imkonini beradi. Shu ma’noda Xezlitt bilan kardinal Nyumen singari yozuvchilar men uchun mayoq vazifasini o‘tadi. Men ularga taqlid qilgan emasman. Xezlitt ba’zan keragidan ortiq dabdabali yozardi, ba’zan uning Viktoriya davri gotik uslubiga monand latofati siyqasi chiqqandek yoki eskirgandek taassurot uyg‘otardi. Nyumen esa ba’zan balandparvoz yozishda me’yorni unutardi. Biroq ikkovida tengsiz sahifalar bor. Vaqt asarlarining tiliga unchalik ta’sirini o‘tkazmagan – ular shu zamonda yaratilgandek edi. Xezlitt juda ishonarli, baland ruhda, g‘ayrat bilan yozardi, uning asarlaridan hayot va qudrat ufurib turardi. Jumlalarida u yaxshi bilgan maydakash, janjalkash, o‘shshaygan, badxulq inson aks etardi. (Axir, bizning botiniy menimiz o‘sha nochor, bir umr qoqilib-suqilib yuradigan odam kabi noreal emas-ku!) Nyumen, bu – nafosat, bu musiqa – goh yengil, goh zalvorli; bu tilning maftunkorligi, oliyjanobligi va xilma-xil timsolidir. Ular ikkovi mumkin qadar aniq-ravshan yozishardi. Ularning oddiyligi talabchan didlariga mos darajada oddiy emasdi. Bu jihatdan ular, nazarimda, Metyu Arnolddan orqada edilar. Ikkalasi g‘aroyib darajada mavzun jumlalar tuzishga mohir edi, ularni o‘qigan kitobxonning ko‘zi quvnardi. Ikkovi tabiatan juda nozikfahm edilar. Kimki ularning til sohasidagi fazilatlarini zamonaviy uslub bilan birga qo‘shib o‘rgansa yoki unga taqlid qilsa, undan a’loroq yozadigan odam topilmasdi.

XV

Goho-goho o‘zimga, mabodo, hayotimni boshdan-oyoq adabiyotga baxsh etganimda, yaxshiroq yozarmidim yoki yo‘qmi, deya savol beraman. Bir zamonlar, aniq eslolmayman necha yoshda ekanman, hayotga bir marta kelar ekanman, iloji boricha hayotning barcha lazzatlaridan totib ko‘rishga qaror qilgandim, faqat ijod qilishning o‘zi menga kamdek tuyulardi. Men hayotimni shunday dastur asosida yo‘lga qo‘yishim kerakki, unda ijod asosiy va eng muhim o‘rinni egallasin, deya o‘ylardim. Hayotda ko‘p narsalardan benasib edim. Bo‘yim past edi, tengdoshlarimga nisbatan chidamli bo‘lganim bilan jismonan zaif, tortinchoq va nimjon edim: men inglizlarning hayotida juda muhim o‘rin tutadigan sportga ishqiboz emasdim. Bulardan biri sabab bo‘libmi yoki tug‘ilishdan shunaqa edimmi – men mana shular bois beixtiyor odamlar bilan chiqishib ketolmasdim. Men turli davralarda har xil insonlarni ko‘nglimga yaqin olib yurgan bo‘lsam-da, umuman odam isini yoqtirmasdim. Ilk bor tanishgandanoq do‘st bo‘lib ketadiganlar toifasidan emasdim. Yillar davomida begonalar bilan muomala qilishga to‘g‘ri kelib qolganda odamoxun, dilbar shaxsdek taassurot qoldirishni o‘rgandim, biroq birinchi ko‘rishganda hech kim, hech qachon ko‘nglimga o‘tirmasdi. Yanglishmasam, hayotimda biron marta bo‘lsin, vagonda yoki kemada notanish kishilar bilan qadrdonlardek gaplashib ketmaganman. Salomatligim ko‘tarmaganligidan o‘zimga o‘xshaganlar bilan ichkilik ichib, maishat qilmaganman: ko‘pchilik singari shirakayf bo‘lib aka-uka tutinadigan darajaga yetay deb qolganimda negadir oshqozonim og‘rib qolar, ko‘nglim juda yomon behuzur bo‘la boshlardi. Bularning bari oddiy odamlar tugul, ijodkor uchun ham yaxshi odat emasdi. Amallab, muomala qilib ketishga to‘g‘ri kelardi. Men o‘zim tanlagan hayot yo‘lidan chetga chiqishni istamasdim, ehtimol, yashashning bunday qoidalari nomukammaldir, biroq men bundan ortig‘ini o‘sha paytda zimmamga ham ololmasdim, zero, tabiatimga ham to‘g‘ri kelmasdi.
Arastu tabiatda faqatgina insonga xos xususiyatlar nimalardan iborat ekanligini aniqlash maqsadida juda ko‘p tajriba o‘tkazgan, kuzatgan, xulosalar chiqargan va shunday fikrga kelgan: inson o‘simlik singari barq urib o‘sishga, mavjudot kabi his qilishga moyillikdan tashqari, u ongli xilqat, demakki, uning o‘ziga xos, yagona vazifasi – aqliy faoliyatdir. Shundan kelib chiqqan holda u odamzod mana shu uch shakldagi faoliyatning hammasini barobar emas (holbuki, mantiq shuni taqozo etadi), balki o‘sha, faqat o‘ziga taalluqlisini rivojlantirishga harakat qilmog‘i kerak, degan xulosaga keladi. Faylasuflar va axloqshunoslar vujudga bepisandlik bilan munosabatda bo‘lishgan. Ular jismoniy lazzatning o‘tkinchiligiga doim urg‘u berganlar. Biroq lazzatlanish, hattoki qisqa vaqt davom etgan taqdirda ham baribir – lazzatlanishdir. Garchi bir daqiqadan keyin badan muzdekkina ta’sirni sezmay qolishi ma’lum bo‘lsa ham, jazirama issiqda suvda cho‘milish – rohat, salqin ichimliklar ichish – rohat. Negaki, oq narsa vaqt o‘tgani bilan yanada oqroq bo‘lib qolmaydi. O‘sha paytlarda men hissiyotlarimiz baxsh etgan barcha huzur-halovatdan bahramand bo‘lish kerakligini hayotiy dasturilamalimning bir qismi deb hisoblardim. Men orzu-havas bilan yashashga, har qadamda huzur-halovat baxsh etuvchi ne’matlarning qadriga yetishga intilardim. Bunday hayot kechirish mo‘tadillikning zerikarli odatlarga aylanib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi. U toliqqan jismingizga tetiklik, quvvat bag‘ishlaydi hamda xotirjamlikka asos bo‘ladi. Ko‘pincha, odamning badani yayraganda u ruhan o‘zini yengil va masrur sezadi, bu yulduzlar tog‘ cho‘qqisidan emas, balki kir o‘raning yoqasidan qaraganda yanayam yorqinroq ko‘ringanga o‘xshaydi. Jinsiy muhabbat – dunyo lazzatlarining eng ta’sirlisidir. Men borliq hayotlarini shunga bag‘ishlagan erkaklarni ko‘rganman, hozir ular keksayib qolishgan, biroq hamon hayron qolamanki, ular hayotning qadriga yetib, uning mag‘zini chaqib, yaxshi yashaganmiz, deb hisoblashadi. Tabiatan injiq bo‘lganim uchunmi, imkoniyatim bo‘lgani holda mening bunday huzur-halovatga ortiqcha hushim yo‘q edi. Men bu sohada chegaradan chiqmasdim, chunki bu narsalar ko‘nglimni ololmasdi.
Ko‘pchilik odamlar hayot haqida yengil-elpi o‘ylashadi, o‘ylab o‘tirishmaydi ham – ular dalada esgan shamolga o‘xshaydi. Ular bolalikdan o‘zlarini qurshab olgan muhit va tirikchilik zarurati orqasida to‘g‘ri yashashga o‘rganib qolgan bo‘lishadi. Bu “dastur” ularga tashqaridan, hayot tomonidan majburan o‘tkazilgan. U boshqalar ongli ravishda o‘ylab, mulohaza qilib, o‘zlari uchun joriy etgan yashash tarzi singari to‘la-to‘kis, mukammal bo‘lishi mumkin. Lekin ijodkorning sharoiti o‘zgacha, san’atkorning yaratuvchiligi yoki u yaratgan badiiy asarlarning qiymatini ko‘klarga ko‘tarish uchun bunday deyotganim yo‘q, aslo. Oddiygina, san’at sohasining odami bo‘lganim uchun shunday deyapman. Ta’riflash uchun bundan ortiq so‘z topolmadim. Ijodkor – juda balandparvoz, buning ustiga kitobiy, hayotda kam ishlatiladigan so‘z. Usta – qoniqarsiz. Duradgor ham usta, garchi tor ma’noda oladigan bo‘lsak, u ham ijod qiladi, biroq aslini olganda, u eng iste’dodsiz, haddan ziyod no‘noq qalamkash darajasida ham erkin ijod qila olmaydi. San’atkor ma’lum paytlarda ko‘ngli tusaganini qilishi mumkin. Boshqa soha vakillarini, masalan, shifokor yoki huquqshunosni olaylik, ular o‘z faoliyati mobaynida kasblari doirasidan tashqariga xohlagan taqdirda ham chiqib ketolmaydilar. Ularni kasb-korlari qonuniyati cheklab qo‘yadi, u yoki bu qoidalarga, tartib-intizomga amal qilishga majbur bo‘ladilar. Ha, aytgancha, faqatgina jinoyatchi hech kimdan maslahat so‘ramay, ko‘ngli tusagan ishni qila oladi.
Yoshlik chog‘imdanoq o‘z oldimga qanday yashashni belgilab olganman. Ehtimol, tabiatimdagi tartib-intizomga qat’iy amal qilish mayli, balki o‘zim uchun kashf etgan haqiqatlar shunga majbur qilgandir. Bunaqa niyat nuqsonlidir – u samimiyatni barbod qilishi mumkin. Tirik odamlar bilan adabiy qahramonlar orasidagi jiddiy tafovutlardan biri shundan iboratki, tirik odamlar tashqi ta’sirga tez beriluvchan bo‘ladilar. Kimdir: “Mavhum fikr yuritadigan odam – boshqalar o‘z-o‘zidan ishonadigan narsalardan ishonish mumkin bo‘lmagan sabablarni topadigan odam”, degan edi. Shundan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, hayotda biz o‘zimizning qiliqlarimizni (amallarimizni) oqlash uchun fikrlash, muhokama qilish layoqatimizdan foydalanmoqchi bo‘lamiz. Ta’sirga qarshi bormaslik ham shu dasturga kiradi. Fikri ojizimcha, bunaqa dasturning jiddiy kamchiligi u doim ertangi kun bilan yashashga majbur qiladi. Men bunaqa kamchiligim borligini anchadan buyon bilardim va undan qutulishga doim behuda urinardim. O‘zgalar fikrini doim inobatga olganman. Men nomunosib, arzimagan maqsadlar uchun qanchadan-qancha qurbonlar berganman, chunki odamlarning qalbiga og‘riq yetkazishga botinolmaganman. Men o‘ylamasdan ish qilardim. Mening vijdonim azoblanardi. Shu sababli o‘zimning ba’zi bir ishlarimni haligacha unutolmayman. Yoshligimda men juda besabr odam edim. Esimda, kimningdir “munofiqlik, bu – aybning ezgulikka to‘lovidir” degan tanbehini eshitib, anchagacha jahlim chiqib yurgandi. Chunki men odamzod o‘z aybini berkitmasligi kerak, deb hisoblardim. Men yuksak halollikka, mardlikka, haqqoniylikka intilib yashardim. Meni insonning ojizligi emas, balki uning qo‘rqoqligi qiynardi, hech qanday imo-ishoralaru hiyla-nayranglarga toqat qilolmasdim.

Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 6-7-sonlar