Charli Bartl o‘z turmush tarzida gohida ro‘y berib turadigan og‘ir vaziyatlardan ham yengilgina, ularni yuragiga yaqin olmasdan chiqib keta olardi. Zero, Parijning musaffo osmoni lojuvard tusga kirib, sarin shabadalarning ifori yangi musallas hidini eslatadigan kunlarda Charlining Ryu Bred ko‘chasidagi boloxonali uylardan birida joylashgan ustaxonasi ko‘ziga u qadar ham faqirona va xarob ko‘rinmasdi-da.
Ana shunday safoli kunlarda bu barno yigit ko‘chaga chiqib, o‘zi yashaydigan daha bo‘ylab kezar, turli do‘konlardan ertalabki xaridlari bilan band bo‘lgan sho‘x-shaddod qizlarga boqib huzurlanardi. Ularning ertalabki liboslaridagi pala-partishlik hamda rang-baranglik, bu olifta satanglar oqshomlari keng ko‘chalar bo‘ylab o‘zlarini ko‘z-ko‘zlashib, sollanib yurganlarida kiyib oladigan o‘ta dabdabali va bejirim kiyimlaridan mutlaqo farq qilardi. Bu ofatijon oyimqizlar ertalab saharmardondan ko‘kat va sabzavotlar sotiladigan mo‘jaz do‘konchalar oldida to‘planishib, qiy-chuv qilgancha turli xil ziravorlar, sabzavotu oshko‘kilarni tanlashga tushib ketishar, o‘zlarini kiroyi uy bekalari qilib ko‘rsatish ilinjida narx-navo borasida sotuvchilar bilan talashib-tortishardilar. Ulardan ayrimlari o‘z suratlarini Charliga chizdirishgan, va shuning asnosida dahalaridagi har xil mish-mishu g‘iybatlardan so‘zlab, musavvirni ham xabardor etib turardilar.
Parijning ertalabki jonbaxsh g‘ala-g‘ovuridan olgan taassurotlari hali tarqab ulgurmagan yosh musavvir ustaxonasiga qaytdi-da, o‘zi hozirgina guvohi bo‘lgan shahar ko‘chalarining quyosh nuridan yanada muzayyanlik kasb etib, hayot nafasi barq urib turgan rang-barangligini matoga muhrlamoqqa kirishdi. Bunday lahzalarda u o‘zining san’at sohasida noyob bir durdona asar yarata olish salohiyatiga egaligini anglar va bunga qayta-qayta iqror bo‘lardi.
Samoni qo‘rg‘oshin tusdagi rutubatli bulutlar bosib, hech qachon tugamaydigandek tuyulguvchi hazin yomg‘irlar tinimsiz silqigan kezlari esa Charlining palitrasidagi bo‘yoqlar ham tundlashib, kayfiyati ham shunga yarasha bo‘lardi. Bunday kunlarda u o‘z studiyasidagi nochor ahvoldan siqilar va so‘nggi bir oy davomida tunlarni tongga ulab yaratgan kartinasiga ijirg‘anganday nazar tashlab, bu tasvirlarning hammasi bir pulga qimmatligini his qilar, o‘zining haddan ziyod qashshoq va nochor ahvolidan dilgir bo‘lib, xo‘rligi kelib ketardi.
Xuddi shunday mahzun kunlarning birida Charli trubkasini tishlari orasiga qistirib, xayoli parishon, xomush bir alpozda mo‘yqalami ostidan endigina chiqqan so‘nggi ijod namunasiga tikilib o‘tirardi. U biroz muddat og‘zidan quyuq tamaki tutunlarini burqsitib asariga o‘ychan tikilib qoldi-da, keyin matoga ko‘chgan barcha tasvirlarni butkul sidirib tashlash niyatida qo‘liga moybo‘yoq surtadigan kurakchasi – mastixinini oldi. Lekin, xuddi shu payt, kutilmaganda ijodxona eshigini kimdir taqillatdi.
– Kiring, – dedi baland ovozda musavvir, ajablangan ko‘yi ortiga o‘girilib.
Xona eshigi ohista ochilib, undan jussasi kichik bo‘lsa-da, miqtigina, boshi kal, sal beso‘naqayroq qirg‘iy burunli, lekin oppoq soqollari o‘ziga yarashib turgan cholning nuroniy chehrasi ko‘rindi. Uning egnidagi kostyumi biroz unniqqan, sohibiga anchagina xizmat qilib qo‘yganligi shundoq bilinib tursa-da, qo‘lidagi uzugi, bo‘yinbog‘iga qadalgan olmos ko‘zli to‘g‘nag‘ichi hamda nimchasining cho‘ntagidan osilib turgan qimmatbaho soatining qalin tilla zanjiri bu janob zinhor qashshoqlar toifasidan emasligini ko‘rsatib turardi.
– O, mse[1] Leir,– deya xursand bo‘lib jilmaydi rassom. – Marhamat, ichkariga kiring. Sizni ko‘rganimdan bag‘oyat mamnunman.
– Bilamanki, bunday ob-havoda siz mo‘yqalamingizni qo‘lga olmaysiz. Shu boisdan tashrifim bilan sizga ko‘pam xalal bermasam kerak, – dedi mehmon tavoze bilan.
U shunday deya molbert[2]da turgan xomaki chizgilarga tikilib qoldi. Rassom esa uning yuzlariga sin solib qarab turardi, biroq cholning yuz ifodasidan hech nimani anglab bo‘lmasdi.
– Xo‘sh, bunga nima deysiz?.. …Yoqmadimi? – deya so‘radi Charli, yuzaga kelgan sukutga ortiq sabri chidamay.
– O, azizim, bilasizmi, siz kabi bugungi avlod yoshlari nihoyatda besabr. Nima, sizningcha bir parcha mato, ozgina bo‘yoq va yana bitta mo‘yqalam sotib oliboq, birpasda durdona asar yaratib qolarmidi kishi. Eh, yoshlar… yoshlar… sizda na sabru qanoat bor, na quntu ishtiyoq… Ana, o‘tmishdagi ulug‘ san’atkorlarni, buyuk musavvirlarni olib qarang, ularning birortasi ham ijod borasida shoshilishmagan. Ishonmasangiz Vazari[3]ning kitoblarini qo‘lingizga oling-da, bi-ii-r o‘qib chiqing. Shunda o‘sha buyuk daholarning san’at yo‘lida qanchalar zahmatu mashaqqatu riyozat chekkanliklarini bilib olasiz.
Charli Bartl cholning bu gaplaridan biroz asabiylashib, halidan buyon qo‘lida tutib turgan kurakchasini bir chetga otib yubordi.
– Ey, bunday rassom bo‘lgandan ko‘ra, ko‘cha supuradigan farrosh bo‘lganim ming karra a’loroq edi! – deya xitob qildi u alamzadalik bilan. – Men yashamayapman axir… bilasizmi, shunchaki kun ko‘ryapman, umrimni behuda yelga sovuryapman, xolos! Shu kunga qadar birorta ham asarimni sota olganim yo‘q! Modomiki, qo‘limdan hech ish kelmas ekan, mening chizganlarimga bunchalik hayratlanib tikilishingizdan nima naf?
Chol bamaylixotir xona burchagidagi oromkursiga cho‘kdi, nimchasining cho‘ntagidan oxirigacha chekib tugatilmagan sigarani chiqarib, uning ko‘mirga o‘xshab qotib qolgan qatronli, badbo‘y uchlarini g‘ijimlab yumshatdi-da, lablariga qistirib, gugurt chaqdi. Uning sigarani shoshilmasdan ichiga tortib, burama tutunlar chiqarishdan qanchalar huzurlanayotganligi ro‘yi rost bilinib turardi. Bu odam o‘z umri davomida ne-ne musavvirlar bilan oshno tutinmadi, deysiz. Ammo unga tanish rassomlarning deyarli birortasining ham hayotda omadi chopmagandi, u bilgan mo‘yqalam sohiblarining deyarli hammasi ham san’at yo‘liga kirgan chog‘larida qanday omadsiz bo‘lsalar, umr shomiga yetganlarida ham shunday notavon bo‘lib qolaverishgan. Shu bilan birga janob Leir musavvirlik kasbini tanlagan kishi, agar u o‘ta omadli inson bo‘lgan taqdirda ham, hayotda juda ko‘p mashaqqatli va og‘ir sinovlarga ro‘baro‘ kelishi muqarrarligini yaxshi bilardi. Hatto daholarning ham vaqti kelsa och qolib, bir burda nonga zor kunlari bo‘lgan, ularning aksariyatiga shon-shuhrat va martaba deganlari, bu fidoyi jonlar qalbini alamu iztiroblar, armonu omadsizlikning dog‘i yeb bitirgandan so‘nggina nasib etgan, natijada ularga o‘zlari erishgan rutbayu shuhratning gashti ham tatimagan. Lekin shunday bo‘lsa-da, chol rassomlarni juda yoqtirar va ular bilan bo‘ladigan dilkash suhbatlardan olam-olam zavq olardi. Qolaversa, bunday bo‘lishi tabiiy ham edi, negaki, u o‘zi ega bo‘lgan molu davlatga, aytish kerakki, endilikda ko‘pchilikning havasini keltiradigan behisob boyliklariga, aynan mana shu rassomlarning ko‘magida musharraf bo‘lgandi. Janob Leir ishbilarmon korchalon bo‘lib, u asosan tasviriy san’at asarlari savdosi bilan shug‘ullanardi.
U boshqalardan ancha ilgari, impressionist[4] rassomlarning asarlari vaqti kelib yaxshigina foyda keltirishi mumkinligini payqagandi va imkon topdi deguncha, ularning kartinalarini sotib olaverdi, shu bilan bu toifadagi rassomlarning necha-nechasini, qashshoqlik va nochorlik changalidan qutqarib qoldi. Keyinchalik, butun bashariyat ahliga Mane[5] ham Mone[6] ham, va hatto Sisley[7] ham buyuk musavvirlar ekanligi ayon bo‘lganida, janob Leir bir paytlar arzimas narxda xarid qilgan asarlarni katta pulga sotib, eng boy odamlardan biriga aylandi-qoldi.
Uning yakkayu yagona qizi bo‘lib, u nyu-yorklik tijoratchiga turmushga chiqqandi, darvoqe, janob Leirning kuyovi ham aynan tasviriy asarlar savdosi bilan shug‘ullanardi. Leirning o‘zi esa xotini o‘lib, tul qolgach: “Endi qolgan umrimni tinchgina, huzur-halovatda yashasam ham bo‘laverar”, – degan qarorga keldi. U ba’zan ortiga qarab, o‘zi bir paytlar asarlarini arzon-garov sotib olgan musavvirlar shunchaki tijoratdagi mijozlari emas, balki eng yaqin do‘stlari bo‘lganligini o‘ylab, taskin topardi. So‘nggi paytlarda u hali hayot bo‘lgan keksa musavvirlarning ustaxonalariga borib, ular bilan suhbatlashishdan ham o‘zgacha rohat tuyardi. Shu ishqibozligi tufayli keksa tadbirkor o‘zi yashaydigan uyning yuqori qavatiga Charli Bartl degan yoshgina bir rassom ko‘chib kelganini eshitgach, tabiiyki, u bilan tanishish imkoniyatini qo‘ldan chiqarmadi.
Navqiron rassom cholning Monmartr[8]da yashab, qashshoqlikda kun kechirgan musavvirlar, aktyorlar va shoirlar hayotida yuz bergan alomat voqealar, qiziqarli kechmishlar haqidagi xotiralarini jon-qulog‘i bilan tinglardi. Uni sobiq tujjorning san’at ahliga bo‘lgan o‘zgacha mehr-muruvvati, samimiy xayrixohligi tamoman mahliyo qilib qo‘ygandi. Janob Leirning unga munosabati shu qadar samimiy va begidir ediki, natijada ko‘p o‘tmay Charli unga o‘zining ko‘nglida bor dardu hasratlarini aytib beradigan, orzu-o‘ylari, shon-shuhratga erishish borasidagi rejalari bilan o‘rtoqlashadigan bo‘lib qoldi. Chol ham hayotda deyarli yolg‘iz yashardi, shu sababli u ham tez orada yosh rassomga juda bog‘lanib, u bilan apoq-chapoq bo‘lib ketdi. Chol endilikda o‘zining oldi-sotdi ishlaridan batamom qutulib, faoliyatiga yakun yasagandi; endi do‘stlarini ham korchalonlik nazari bilan emas, balki aynan ko‘nglining amriga ko‘ra tanlashi mumkin edi. Biroq, shunday bo‘lsa-da, uni ba’zan navqiron do‘sti mo‘yqalamidan chiqqan ishlarning xiyla o‘rtamiyonaligi, iste’dod yolqinlaridan bebahraligi tashvishlantirar va hatto ranjitardi ham.
– Ha-a… nazarimda bugungi kun sizga biroz noxushroq boshlanganga o‘xshaydi, – dedi chol, otalarcha mehribonlik ila jilmayib.
– Bilasizmi, men ham siz kabi yashashni va butun umr aynan siz qilgan ish bilan shug‘ullanishni istardim… Agar shunday bo‘lganda edi, hozirgidek ijara uchun pulni qayerdan topsam ekan, deb boshimni qotirib o‘tirmasdim. Mana, pulni to‘lash muddati ham keldi, cho‘ntagimda esa hemiri yo‘q, – dedi unga javoban rassom istehzoli kulib.
– Bugungi kunda tasviriy san’at asarlari bilan savdo qilish – halol kishining ishi bo‘lmay qoldi, – dedi janob Leir o‘ta jiddiy ohangda. – Bu ishlar bizning davrimizda tamoman boshqacha edi! To‘g‘ri, bizning ham o‘zimizga yarasha xasisligimiz bor edi. Lekin halol o‘ynar edik, zinhor firibgarlik, ko‘zbo‘yamachilik qilmaganmiz. Endi, bugun-chi… hamma ishlar imi-jimida, boz ustiga o‘ta g‘irromlik bilan amalga oshiriladi. Duch kelgan joyda, deyarli har qadamingda pand yeb qolishing hech gap emas.
– Qaysi pulingga kun ko‘rishingni ham bilmaysan kishi, – deya diydiyosini davom ettirardi yosh rassom. – Ertaga men xonam ijarasi uchun naqd uch yuz frankni qurtdek sanashim kerak, menda esa shuncha pul tugul, bir santim ham yo‘q. Hatto non olgani ham sariq chaqam qolmadi. Manavi chizgan kartinalarimning ham birovga keragi yo‘q.
Janob Leir navqiron do‘stiga achinish bilan qarab qo‘ydi-yu, biroq lom-mim demadi. Charli bo‘lsa kamin ustidagi tokchaga, chiroyli gardishga solingan xushro‘ygina qiz portretiga qaragancha, so‘zida davom etardi:
– Ertalab Rozadan maktub keldi. Uning ota-onasi Roza mendan voz kechishini talab qilishayotgan ekan. Ularning fikricha, mening qachondir o‘z kunimni ko‘rish uchun pul topa olishimga ishonish – mutlaqo bema’nilik, to‘g‘rirog‘i, ahmoqlik emish.
– Xo‘sh, qallig‘ingiz nima deyapti, ota-onasining gapiga ko‘nibdimi?
– Yo‘q, ko‘nmagan, albatta, – dedi qat’iy ishonch bilan Charli. – U menga sodiq. Ammo bu – bizlar tag‘in kutishimiz,bir umr kutishimiz lozim degani emasmi? Bu ahvolda, guldek yoshlik yillarimiz ham o‘tib ketadi, chog‘i. Ochig‘ini aytsam, nima qilishni ham bilmay qoldim.
Rassom yigit chuqur xo‘rsindi-da, yana mahzun o‘y-xayollariga berildi.Chol esa hamon unga ajib bir samimiyat va achinish bilan, indamay tikilib turardi. Lekin biroz o‘tgach, kutilmaganda shunday savol berdi:
– Xo‘sh, Rozaning otasi qizini sizga berish uchun qanday shart qo‘ygan o‘zi?
– Bilasizmi, Rozaning bank hisob raqamida besh ming frankcha puli bor. Shuning uchun ham qizning otasi toki mening ham o‘z shaxsiy hisobimda aynan shuncha miqdordagi pulim bo‘lmaguncha, yoki yillik daromadlarim ikki yuz ellik frankka yetmagunicha, bizning nikohimizga rozilik bermasligini ma’lum qilgan. Eng yomoni shuki, uning bu gaplarida jon bor. Men ham qiz otasining fikri jo‘yali va haqligiga aminman. Axir Roza meni deb bor-budidan ayrilishini va o‘zim kabi qashshoq bo‘lib qolishini istamayman-ku.
– Bilmadim, xabaringiz bormi-yo‘qmi, – deya gap boshladi janob Leir biroz sukutdan so‘ng, – mening kuyovim Nyu-Yorkda antikvar buyumlar va tasviriy san’at asarlari savdosi bilan shug‘ullanadi. Mening o‘zim, nafaqaga chiqqanimdan so‘ng, bu yog‘iga sirayam kartinalar oldi-sottisi bilan shug‘ullanmayman, degan qarorga kelgandim. Ammo, siz – navqiron do‘stim, menga judayam ma’qulsiz, sizga ayricha mehrim bor, shu vajdan, sizga yordam bermoqchiman. Qani, menga asarlaringizni ko‘rsating-chi. Men ularni kuyovim Rudolfga jo‘nataman; kim biladi deysiz, balki Rudolf ularni Amerikada sotishga muvaffaq bo‘lar.
– O, mse, siz bag‘oyat saxovatpesha va mehribonsiz! – hayqirib yubordi Charli.
Chol oromkursiga joylashibroq o‘tirib oldi, yosh rassom esa birma-bir ishlarini molbert ustiga keltirib qo‘ya boshladi. Ularning soni o‘n-o‘n besh chog‘li edi. Janob Leir ularning har biriga o‘ta jiddiy bir tarzda, ziyraklik bilan tikilardi. U go‘yo yana, ma’lum muddatga bo‘lsa-da, tasviriy san’at asarlari bilan savdo qiladigan va hech qachon ko‘nglida kechayotgan his-tuyg‘ularini sirtiga chiqarmaydigan tujjorga aylangandek edi. Shu topda uning mubham yuz-ko‘ziga qarab, hech kim bu cholning u yoki bu suratga nisbatan aniq fikrini uqib, bilib ololmasdi.
– Balki, shuning o‘zi yetar, – dedi Charli eng so‘nggi asarini namoyish qilar ekan. – Siz nima deb o‘ylaysiz, mening kartinalarim amerikaliklarga ma’qul kelarmikan? Bundan uylanish uchun yetarli pul topa olarmikinman?
– Hov, anavi yerdagi nima? – so‘radi chol, xona burchagida yuzi devorga qaratib qo‘yilgan, biroq negadir Charli unga ko‘rsatishni lozim topmagan kartinaga ishora qilib.
Rassom indamay asarni olib keldi-da, molbert ustiga o‘rnatdi. Janob Leir unga ko‘zi tushar-tushmas, nimadandir seskangandek qalqib tushdi, keyin uning chehrasidagi mubhamlik bir zumda g‘oyib bo‘ldi.
– O‘h-ho‘-o‘, bu Vatto[9]ning ishi-ku! – deya hayqirdi u. – Bu kartina sizga qayerdan kelib qoldi? Buni qarang-a, uyingizga kimsan Vattoning asarini bekitib olib, tag‘in o‘zingizni nochor va qashshoq ko‘rsatib, hayotdan nolib o‘tiribsiz-a! Men bu kartinani uylanishingiz uchun kerak bo‘ladigan puldan ikki baravar qimmatiga sotib berishni o‘z bo‘ynimga olaman.
– Yo‘q, iltimos, shoshilmang, mse…Siz bu ishga yana birqur sinchkovlik ila qarang, – deya kulimsiradi Charli.
Chol o‘rnidan turdi, molbert yoniga keldi-da, guyo kartina matosini nigohlari bilan teshib yuborgudek tikilib qoldi. Uning qaroqlarini ajib bir zavq, hayrat va maftunlik hislari porlatib yubordi.
Tasvir tushirilgan matoda ajoyib ko‘l va uning sohilida biri-biridan bashang kiyingan kishilar guruhi, xususan, yuksak did va joziba bilan kiyingan xonimlarning o‘z davrasiga xuddi uzukka ko‘z qo‘ygandek munosib, yorqin kiyimlardagi xushbichim va barno yigitlar bilan noz-karashma ila suhbat qilishayotgani aks ettirilgandi. Suratga boqqan kishi beixtiyor: “Kim bilsin, bu masrur izdihom ishtirokchilari ehtimol Rasin[10]ning she’rlari haqida, yo bo‘lmasam Madam de Sevine[11]ning maktublari borasida qizg‘in suhbat qilishayotganmikan?” – deya o‘ylashi mumkin edi.
Lojuvard ko‘lning oynadek sokin sathida samoni ohista kezib yurgan pag‘a-pag‘a oppoq bulutlarning aksi ko‘rinib turibdi. Dov-daraxtlarning qizg‘ish-qo‘ng‘ir shox-butoqlari esa kuz yaqinlashib qolganidan darak beradi. Hali batamom sarg‘ayib ulgurmagan o‘rmon chetida bahaybat emanlar hamda qayrag‘ochlar to‘pi ko‘zga tashlanadi. Kartinadagi qizg‘ish va yashil ranglar jilosi nihoyatda jonli bo‘lib, ularning yorqinligi va bo‘yoqdorligi har qanday tomoshabinni o‘ziga rom qilib qo‘yardi.
– Vattoning imzosi qo‘yilgan, mana shunday benazir asarlarini ko‘rish menga uncha ko‘p ham nasib etmagan, – dedi chol.
– Sizning bu so‘zlaringiz meni juda mamnun qildi, janob, – deya kulimsirab qo‘ydi Charli. – Axir bu…bu – bor-yo‘g‘i ko‘chirma nusxa, xolos. Uning asl nusxasi men Angliyada tanishib qolganim – bir keksa ingliz xonimning shaxsiy kollektsiyasida bo‘lgan. Angliyada nihoyatda seryomg‘ir kechgan o‘tgan yilgi yoz mavsumida men o‘sha asilzoda xonimnikida mehmon bo‘ldim. Shunda surat egasining ruxsati bilan Vattoning ushbu asaridan ko‘chirma qilgandim. Menimcha, ishim yomon chiqmagan shekilli.
– E, ha, hali bu ko‘chirma nusxa deng? – qichqirib yuborayozdi. – Demak, ko‘chirma nusxa? Unda asarning asl nusxasi hozir qayerda? Balki uni sotishga rozi bo‘lishar?
– Haliyam eski odatlaringizni tashlamabsiz-da, mse, – ochiqchasiga kulib yubordi rassom. – Afsuski, men shu asardan ko‘chirma olganimdan so‘ng oradan bir oy o‘tib, kampirning uyida yong‘in sodir bo‘lgan va uning butun kollektsiyasi yonib kul bo‘lgan.
Janob Leir chuqur xo‘rsindi-da, bir muddat xayol surib qoldi, keyin kutilmaganda, shosha-pisha Charliga sinovchan nazar tashladi.
– Yanglishmasam, hali siz ijara haqi uchun uch yuz frank zarurligini aytgandingiz, – dedi. – Demak, men mana shu ko‘chirma nusxangizni o‘sha narxda sotib olaman.
– Ie, nimalar deyapsiz, mse! Boshqa qiladigan ishingiz yo‘qmi? Uni sizga tekinga beraman. Axir siz hamisha menga mehr ko‘rsatib, g‘amxo‘rlik qilib kelgansiz…
– Eh, azizim, haliyam yosh bolalarning gapini gapirasiz-a! Yaxshisi siz qog‘oz-qalam oling-da, ushbu asar uchun mendan pul olganingiz to‘g‘risida tilxat yozib bering, – dedi chol qaysarlik bilan. U shu gaplarni aytaturib, yon cho‘ntagidan uchta yaxlit yuz franklik qog‘oz pulni chiqardi-da, stol ustiga qo‘ydi.
Charli bir lahza ikkilanib turdi, keyin bu pullar ayni paytda o‘ziga suv bilan havodek zarurligini o‘yladi. Axiri, nailoj degandek yelkasini qisdi va stol yoniga o‘tirib, tilxat yozishga kirishdi. U tilxatni yozar ekan, xayoliga bir xavotir oraladi:
– Mse Leir, ayting-chi, ishqilib siz mening bu ko‘chirma nusxam bilan biror firibgarlikni rejalashtirmayapsizmi? Yo‘qsa, ushbu asarni asl nusxa sifatida taqdim etmaslikka so‘z bermaguningizcha uni sizga sotolmayman, – dedi tajribali savdogarlardek.
Janob Leir istehzoli kuldi:
– Modomiki, shundan tashvish tortayotgan bo‘lsangiz, marhamat, unda Vattoning imzosiga bo‘yoq chaplang-da, ustidan o‘z ismi sharifingizni yozib qo‘ya qoling.
Charli u aytgandek qildi.
– Tag‘in siz Charli menga ishonmas ekan, degan xayolga borib yurmang, – dedi u qariyaga tilxatni tutqazar ekan, – shunchaki, bu ishimiz ayrim irodasi bo‘sh, to‘g‘rirog‘i, insofsiz savdogarlarning nafsini hakalak ottirib yubormasin, deyman-da.
Janob Leir qah-qah otib kulib yubordi, keyin Charli yozgan tilxatni cho‘ntagiga joylab, molbertdan Vatto asarining ko‘chirma nusxasini oldi.
– Men bu asaringizni hozirning o‘zidayoq olib ketaman, qolganlari uchun esa xizmatkor ayolni yuboraman, – dedi chol; keyin, eshik oldida to‘xtab, qo‘shib qo‘ydi: – Ishlaringiz menga juda yoqdi. Men bu haqda kuyovim Rudolfni xabardor qilaman. Imonim komilki, mening fikrimga u bee’tibor qaramaydi. Bas, shunday ekan, oradan muayyan fursat, aytaylik, biror oy o‘tgach, men sizning ustaxonangizga kelib, azizim, endi siz bemalol uylanishingiz mumkin, buning uchun imkoniyatingiz bor, deydigan bo‘lsam, zinhor hayron bo‘lib yurmang.
Qariya pastki qavatdagi uyiga tushib, ko‘chirma nusxani o‘z qo‘llari bilan pochta jo‘natmasiga xos tarzda o‘rab, o‘sha kuning o‘zidayoq Nyu-Yorkka, kuyoviga jo‘natib yubordi. Jo‘natmaga ilova qilingan muxtasargina xatida, u maktubni oluvchiga, sotib berish uchun kartina yuborayotganini hamda sotilajak kartina bahosidan o‘zi necha foiz ulush olishini ma’lum qildi. Qorong‘i tushib qolgani bois, chol har kungi odatiga ko‘ra, kechki ovqat oldidan bir qadah o‘tkirgina ichimlik ichib olgani tamaddixonaga kirdi. Keyin, nimadandir xursand bo‘lib, hingir-hingir kulganicha, yana bir noma yozdi, uni ham tezkor pochta bilan o‘sha kuniyoq jo‘natib yubordi. Ushbu maktubning mazmuni quyidagicha edi:
“Nyu-York shahri bojxonasi boshlig‘iga.
Muhtaram ser!
Yaqin kunlar ichida aynan Sizning bojxonangiz orqali mashhur rassom Vattoning asl nusxadagi asarini Charlz Bartl tomonidan amalga oshirilgan ko‘chirma niqobi ostida olib o‘tishga urinish yuz berishi mumkinligi haqida Siz zoti muhtaramlarini ogohlantirmoqchiman.
Agar asardagi Bartlning ismi sharifini sidirib tashlasangiz, uning ostida asl muallif, ya’ni buyuk frantsuz musavvirining haqiqiy imzosini ko‘rishingiz mumkin. Ushbu mudhish jinoyatning oldini olish uchun o‘zingiz lozim topgan har qanday chorani qo‘llashga haqlisiz.
Kamoli hurmat ila
xizmatingizga doim kamarbasta –
Sofdil odam”.
Ushbu maktubni oluvchidek mas’ul lavozimda ishlaydigan kishilarni bu kabi xatlar tabiiyki bee’tibor qoldirmaydi. Ular bunday ogohlantirishdan so‘ng o‘z ishlarida yuz chandon sergak tortib, quloqlari ding, ko‘zlari durbin bo‘lib ketadilar. Shu sababli ham Rudolf Kyun o‘ziga yuborilgan kartinani olish uchun bojxona idorasiga kelganida hamma unga shubhalanib qarayotganini sezdi. U bojxonachilarni o‘ziga kelgan kartina zinhor asl nusxa emasligi, bor-yo‘g‘i undan olingan ko‘chirma ekanligiga ishontirishga qanchalar urinmasin, bari behuda ketdi. U hatto janob Leir har ehtimolga qarshi xatga ilova qilib yuborgan Charli Bartlning tilxatini ham o‘z fikriga dalil sifatida ko‘rsatdi. Bojxonachilar hatto uni eshitishni ham istashmadi, boz ustiga ochiqchasiga uning ustidan kulishib, mazax qilishdi. Zero, ular bunday holga ilk bor duch kelmayotgandilar, antikvar buyumlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi ayrim ucharlarning davlat bojini to‘lashdan qochib, o‘ylab topadigan turli hiyla-nayranglarini ko‘raverib, ularning ko‘zlari pishib ketgandi.
– O‘ylaymanki, men sizga bir sirni ochsam, hayratdan yoqa tutib qolasiz, janob, – dedi bojxonachi Rudolfga xuddi “biz ham anoyilardan emasmiz” degan ohangda. Keyin esa: – Bizga kelib tushgan ma’lumotlarga ko‘ra bu kartinada shaxsan Antuan Vattoning imzosi qo‘yilgan, – dedi istehzoli jilmayib.
– Nimalar deyapsiz… janob… agar chindan ham siz aytgandek bo‘lib chiqsa, men yoqamni tutibgina qolmasdan, hatto hayratdan tilimni yo‘qotsam kerak, deb o‘ylayman, – Rudolf Kyun ushbu so‘zlarni ayni bojxonachining ohangida, o‘zgacha kinoya va alamzadalik bilan aytdi.
Bojxonachi lom-mim demasdan surat burchagidagi “Charlz Bartl” degan imzoni mittigina pichoqcha bilan ohista qirtishlay boshladi, oradan uncha ko‘p o‘tmay, uning ostidan mashhur frantsuz rassomining familiyasi ko‘rindi.
– Xo‘sh, endi bunga nima deysiz? – g‘olibona ovozda so‘radi bojxona xodimi.
Rudolf Kyunning ko‘zlarida g‘alati uchqun porladi. Ammo uddaburon tijoratchi garchand, ayni lahzalarda qaynotasining ayyorona hiylasini anglab yetgan bo‘lsa-da, o‘z hissiyotlarini bojxonachilariga oshkor qilishni istamadi; aksincha o‘zini ushbu voqeadan hangu mang qolgandek yoxud noqulay ahvolga tushgandek tutib, qo‘llarini ikki tomonga yoydi.
Keyin esa juda katta miqdordagi davlat bojini, shuningdek, bojxona xodimlarini aldashga uringanligi uchun sezilarli miqdorda jarima pulini to‘lab, suratni o‘zi bilan olib ketdi. Kartinani uyiga olib borganida Rudolf Kyun nihoyatda xursandligidan beixtiyor rafiqasining yuzlaridan o‘pa ketdi. Ilgari erining hecham bunday odati yo‘qligini bilgan ayoli angraygancha unga kulib qarab turardi.
– Reychel, azizam, bilasanmi… otang hecham o‘zgarmabdi, u haliyam Yevropadagi eng uchar savdorgarlardan biri! – dedi Rudolf hayajondan hayqirib, keyin xotinining belidan mahkam quchdi.
Xotini undan nega otasi haqda bunday deyayotganini so‘radi, biroq omadli tujjor unga javob qilishni lozim topmay, boshini masrur liqillatgancha, kulimsirab qo‘ya qoldi.
Avvaldan kutilganidek, bu yangilik nyu-yorklik gazetachilarga tezda ma’lum bo‘ldi. Va voqea yuz bergan kunning ertasigayoq, ommaviy axborot vositalari sahifalari ushbu shov-shuvli hodisaning turlicha talqinlari va unga bag‘ishlangan maqolalar sarlavhasi bilan to‘lib ketdi. Ularning aksariyatida antikvar buyumlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi hammaga yaxshi tanish bo‘lgan Rudolf Kyun mashhur frantsuz musavviri Vattoning mo‘yqalamiga mansub durdona kartinalardan birini “ko‘chirma nusxa” niqobi ostida bojxonadan o‘tkazayotganida sharmandalarcha qo‘lga tushgani haqida yozilgandi. Ushbu hodisa ko‘pgina maqolalarda “ayyor olibsotarning puxta ishlangan firibgarligini fosh etishga muvaffaq bo‘lgan bojxona xizmati xodimlarining navbatdagi va eng salmoqli yutuqlaridan biri” sifatida taqdim etilgandi.
Gazetalarning ko‘targan shov-shuvlari natijasida birpasda kartinaga xaridor ham topila qoldi. Bu janob eski musavvirlarning kartinalarini sotib olishga mukkasidan ketgan bir millioner bo‘lib, u ro‘znomalar sahifasida ushbu voqea to‘g‘risida o‘qishi bilanoq, Rudolf Kyunning do‘koniga qarab shoshgandi. Xaridorga kartinani ko‘rsatishganida, u momaqaldiroqdek ovozi bilan xoxolab yubordi.
– E-e-ey, jasoratingizga qoyilman-ey! – dedi u kulgisidan nafasi tiqilguday bo‘lib. – Shunday asarni “ko‘chirma nusxa” deb o‘tkazishga qanday jur’at qildingiz-a?! E-e-e… ofarin… qoyil sizga-ey…
– Men bojxonachilarga ushbu ishni amalga oshirgan rassomning shaxsan o‘z qo‘li bilan bitilgan tilxatini ham ko‘rsatdim, – deya yelka qisib, kulimsiragancha e’tiroz bildirdi Rudolf Kyun. – Shunday ekan, bu asl nusxa emas, balki asarning ko‘chirma nusxasi, xolos. Buni Parijdagi egasi ham ko‘chirma sifatida xarid qilgan.
Shunda millioner xaridor xuddi “biz ham ul-bul narsaning farqiga boramiz” degandek, ayyorona jilmayib, Rudolfga tikildi.
– Bilasizmi, men uchun Sem tog‘am[12] bojxonasining o‘ziyoq eng ishonchli kafolat hisoblanadi. Kartinangizga ellik ming dollar beraman.
– Oltmish ming, – deya savdoga aniqlik kiritdi sovuqqonlik bilan tujjor Kyun.
– Ha, siz aytgandek “ko‘chirma nusxa“ uchun bu yomon narx emas, – istehzoli jilmaydi millioner. – Lekin, mayli… baribir uni sotib olaman.
Kartina uni bojxonadan “ko‘chirma nusxa” niqobi ostida olib o‘tishga uringanligi uchun Rudolf Kyun jarima to‘lagani to‘g‘risidagi hisob qog‘ozi, shuningdek, undan davlat boji undirilgani haqidagi guvohnoma bilan birga sotildi. Bas, shunday ekan, bu kabi ishonchli dalillar bo‘lgach, mazkur asarning chindan ham Vattoning qalamiga mansub umrboqiy san’at durdonasi ekanligiga hech kim shubha bildira olmasdi.
Oradan bir-ikki hafta o‘tgach, janob Leir, chindan ham yosh rassomni yo‘qlab, uning uyiga tashrif buyurdi. U xona o‘rtasiga borib, indamasdan, u yerdagi stol ustiga naqd ellikta yuz funtlik pulni qo‘ydi.
– O-o… jin ursin… tag‘in nimalar qilib yuribsiz, mse? Bu pullar qayerdan keldi?.. Nega ularni bu yerga sochib tashlayapsiz? – hayqirdi Charli. Ammo uning pullarga ko‘zi tushishi bilanoq, hayajondan ko‘z oldi qorong‘ilashib ketgandek bo‘ldi.
– Bu yerda roppa-rosa besh ming funt pul turibdi, – dedi qariya. – Men yirik qog‘oz pullarni siz ham bir ko‘ring, ko‘zingiz quvonsin, xursand bo‘ling, degan niyat bilan ataylab, maydalattirdim.
– Bu nima deganingiz, mse?.. Gapingizni tushunmadim?
– Hozir tushunib olasiz. Sababi oddiy… Bu pullarni men sizning kartinangiz uchun oldim. Ana, endi siz bemalol uylanishingiz mumkin. Agar xohlasangiz, albatta.
Charli hang-mang bo‘lgancha qariyaga tikilib qoldi. Ishqilib, chol uning ustidan kulmayotganmikin? Biroq mse Leir har doimgidek navqiron do‘stiga ochiq chehra bilan, mehr-la boqib turardi. Keyin u yosh rassomning naqadar hayratga tushayotganligidan ayricha zavq tuyib, o‘z ishidan mamnun holda qo‘llarini bir-biriga ishqab qo‘ydi. Nihoyat, chol bo‘lgan voqealarning hammasini bir boshdan, oqizmay-tomizmay Charliga so‘zlab berdi.
Charli, kaliforniyalik allaqanday puldor boyvachcha uning asarlaridan hayratga tushib, azbaroyi yoqtirib qolganidan bittasini ham qoldirmay sotib olganini eshitganida, hoynahoy tush ko‘rayotgan bo‘lsam kerak, degan xayolga ham bordi.Charlining miyasida paydo bo‘lgan ezgu niyatlardan yana biri: asarlarimga muxlis bo‘lib qolgan o‘sha g‘aroyib saxovatpeshaga, vallomat puldorga albatta, minnatdorlik xati bitishim kerak, degan o‘y bo‘ldi. Biroq, mse Leirning aytishicha, buning iloji yo‘q ekan. Sababi kartinalarni xarid qilgan millioner o‘z manzilini sir saqlashni ma’qul ko‘rganmish. Qolaversa, amerikalik millionerlar aynan shunaqa g‘aroyib ishlari bilan ham mashhur emishlar.
– Qadrdonim… aziz do‘stim, siz fursatni boy bermay, bu pullarni oling-da, zudlik bilan bankka topshiring, – deya buyruq ohangida o‘z so‘zlarini tugatdi qariya. – Ha-ya, darvoqe… Yana… bir xonimga shoshilinch telegramma yuborishingiz kerakligini ham unutmang…
Leir shu so‘zlarni aytar ekan, stol ustiga terib chiqilgan pullarni birma-bir yig‘ishtirib, yosh rassomning cho‘ntaklariga solib qo‘ydi. Shundan so‘ng ular ikkovlashib uydan chiqdilar.
Charli ko‘cha bo‘ylab borar ekan, xuddi esdan og‘ib qolgan odamdek kalovlanardi. Chol uni ko‘z qiri bilan kuzatib qolar ekan, rassom do‘sti chindan ham bank tomonga qarab ketayotganligiga ishonch hosil qildi, shundan so‘ng yana o‘z uyiga ko‘tarildi.
U shkaf eshigini ohistagina ochib, u yerdan Charli Bartl chizgan kartinalarni oldi. Chol ularni birma-bir bejirim bezak bilan ishlangan yog‘och gardishlaridan chiqarib, lovullab yonayotgan kamin ichiga uloqtirdi. Yosh musavvir do‘stining asarlari olovga tushgach, qanday burishib, tirishib borayotganligini, “qisir-qisir, visir-visir” ovoz chiqarib yonayotganligini ko‘rib, miyig‘ida kulib qo‘ydi. Keyin chol qo‘liga bolta olib, kartinalarning yog‘och gardishlarini avaylab qismlarga ajratdi-da, xuddi o‘tin sarjinlaridek kamin yoniga taxlab qo‘ydi.
– Bu taxtachalar ham endi kaminni isitish uchun asqotadi, – deya o‘ziga o‘zi kulib qo‘ydi u va xonani tartibga keltirish uchun xizmatkor ayolni chaqirdi.
Janob Leir shu topda yog‘och gardishlarni o‘tin qilib yoqish orqali ham bir necha santimni iqtisod qilganligini o‘ylab, o‘zidan mamnun bo‘lib qo‘llarini artdi. Ammo u bundan bir necha daqiqa avval o‘z ixtiyori bilan naqd besh ming funt pulning bahridan o‘tganini mutlaqo esidan chiqarib yuborgandi.
Rus tilidan Muhiddin Omon tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 2-son
___________________
[1] Mse – janob (fr.). (Bu va bundan keyingi izohlar tarjimonga tegishli).
[2] Molbert – rassomlarning rasm chizishda qo‘llanadigan maxsus dastgohi.
[3] Djordjo Vazari (uni ba’zan Aretino ham deyishadi, 1511–1574 yillarda Florentsiyada yashagan) – italyan rassomi, arxitektori va yozuvchisi. Asosan, italiyalik mashhur rassomlar hayotiga oid biografik asarlari bilan dong taratgan.
[4] Impressionizm (fr. impressionnisme, impression – taassurot so‘zidan olingan) – tasviriy san’atning o‘ziga xos yo‘nalishi. Mazkur yo‘nalish Frantsiyada XIX asrning oxiri va XX asr boshlarida paydo bo‘lib, keyin butun dunyoga tarqalgan. Impressionizmning asosiy maqsadi inson ongidagi borliqqa nisbatan munosabat va taassurotlarning qanchalar o‘zgaruvchan ekanligi, oniyligini ifodalashdan iboratdir.
[5] Eduard Mané – 1832–1883 yillarda Parijda yashab o‘tgan mashhur frantsuz musavviri, o‘ymakor naqqoshi. E.Mane tasviriy san’atdagi impressionizm yo‘nalishining asoschilaridan biri sanaladi.
[6] Oskar Klod Mone (1840–1926) – atoqli frantsuz rassomi. K.Mone ham impressionizm oqimi yetakchilaridan.
[7] Alfred Sisley (1839–1899 yillarda yashagan, Parijda tavallud topib, More-syur-Luen shahrida vafot etgan) – asli kelib chiqishi ingliz bo‘lgan atoqli frantsuz rassomi, asosan, rangtasvir hamda peyzaj janrlarida ijod qilgan, impressionizm oqimi vakili.
[8] Monmártr – Parij shimolidagi balandligi 130 metrli tepalik, qadimgi Rim manzilgohidir.1860 yildan u Parij shahri tarkibiga kiritilib, shu nom ostida shaharning 18 ta munitsipal okrugini qamrab olgan. Shuningdek, Monmartr tepaligi Parijning eng baland nuqtasi sanaladi.
[9] Jan Antuán Vatto (1684–1721 yillarda yashagan) – XVIII asr boshlaridagi Frantsiyadagi eng yirik musavvirlardan biri.
[10] Jan Batist Rasín – 1639–1699 yillarda yashab o‘tgan taniqli frantsuz dramaturgi. Frantsiyaning XVII asrdagi uch buyuk dramaturgi deb e’tirof etilguvchilar (Kornel, Moler va Rasin)dan biri. “Andromaxa”, “Britanik” kabi olamga mashhur tragediyalar muallifi.
[11] Madam de Seviné – 1626–1696 yillar oralig‘ida yashab ijod qilgan frantsuz adibasi. U maktublar janrida samarali qalam tebratgan.
[12] Sem tog‘a – aksariyat hollarda, asosan, badiiy adabiyotda Amerika Qo‘shma Shtatlariga nisbatan ishlatiladigan ibora.