Sayyid Nasrullo Valiy kuniga to‘rt marta Hammom vazir ko‘chasi orqali uyidan idoraga va idoradan uyiga qatnaydi, o‘zining yetmish to‘rt yillik umrini ana shu taxlitda o‘tkazdi, mana, u endi birinchi marta xorijga, ya’ni Hindistonga safar qilmoqda.
Shu paytgacha u mamlakat ichkarisida ham uyidan uzoqqa bormagan, loaqal avlodu ajdodlarining vatani Koshonni ham ko‘rmagan edi. Ha, umri davomida bor-yo‘g‘i uch kungina Damovandda bo‘lgan. Yo‘l azobi – go‘r azobi qanday bo‘lishini o‘shandi bilgandi, safardan yuragi yomon bo‘lib qaytgandi, o‘lganni ustiga tepgan degandek, ko‘p o‘tmay uyini o‘g‘ri urdi, safar desa O‘shanda yo‘lda juda qiynalgan va azob chekkandi, qalbi notinch qaytgandi, ustiga ustak safardan qaytgach, uyini o‘g‘ri urgandi. Shu sababli safar desa Sayyid Nasrullo Valiyning qo‘rquvdan labiga uchuq toshadi.
Sayyid Nasrullo umrini ilm-fanni o‘rganishga sarflagani uchun oila qurib yashayotganiga endigina ikki yil bo‘lgandi. Mana shu qisqa vaqt ichida bitta fazilat va ma’rifat qaymog‘i bashariyat soniga qo‘shilgan edi. Chunki Sayyid Nasrullo fors, arab, frantsuz adabiyoti, g‘arb va sharq falsafasini tadqiq etish va irfon, eski va yangi ilmlarda o‘zidan biron-bir jo‘yali asar qoldirmagan bo‘lsa-da, xalq orasida taniqli edi. U, o‘zlarini himoya qilish uchun uzundan-uzoq maqolalar yozadigan, ko‘pchilikning yodidan chiqib ketgan eski kitobdan qofiya o‘g‘irlab, almoyi-aljoyi she’rlar yozadigan yoki laganbardorlik va va tig‘yog‘lamalik ila shuhratga erishgan ulamoyu fuzalolardan ham emasdi.
Bordi-yu, kitob yozishga jazm etgudek bo‘lsa, obro‘yi to‘kilishini u yaxshi bilardi, chunki u arabcha so‘zlarni maxraji bilan shunday to‘g‘ri ishlatardiki, eshituvchida o‘zining fozilligi va ma’lumotlari haqida hech qanday shubha va ikkilanishga o‘rin qoldirmasdi. U so‘zlar va jumlalarni juda sekin va dona-dona talaffuz qilardi. Lekin mantiq, badiiyat hamda sarfu nahv jihatidan yer yuzidagi hech bir lug‘atshunos alloma undan qilcha xato topolmasdi. Chunki Sayyid Nasrullo, agar so‘z zar bo‘lsa, sukut gavhardir, zarurat bo‘lganda va yo boshqalar ishlatishi uchun so‘zni yetti marta dilda pishitib, keyin uni tilga chiqarish kerak, degan fikrni o‘ziga qoida qilib olgan edi.
Shu sababli ham u o‘ziga xos shuhratga ega edi. Bir kuni maorif vaziri Hakimboshi Pur Sayyid Nasrulloni muhim bir masala bo‘yicha xonasiga chaqirtirdi. Ne-ne iltifotlar ko‘rsatib, ne-ne ta’rifu tavsiflardan so‘ng o‘ta shirinzabonlik va tilyog‘lamalik bilan Sayyid Nasrulloga shunday taklif qildi: qadimiy va ko‘hna mamlakatimizda maorifning mo‘jizali taraqqiy etishi butun olamni hayratga solayotgani bois oriylar beshigi bo‘lgan, millionlab musulmon va forsiyzabon el-elatlar yashaydigan Hindistondek mamlakat bizning maorif sohamiz beqiyos o‘zgarishlar va maxsusan yangi ixtiro qilingan so‘zlardan yetarli ma’lumotlarga ega bo‘lmasliklari afsuslanarli holdir va o‘zining sharafli tadbirlarining dalili sifatida “Farhangiston akademiyasi” tomonidan tuzilgan va shahanshoh tomonidan ma’qullangan, asr ulamolari va fuzalolari tasdiqlagan “Yangi so‘zlar lug‘ati” kitobini, unga qo‘shib o‘zining yon va old tomondan tushgan bir dasta fotosuratini unga berdi. Keyin bu suratlarni o‘z ro‘znomalari sahifalarini bezash uchun Hindistondagi barcha muxbirlarga tarqatishni ham tayinlashni ham esdan chiqarmadi.
Sayyid Nasrullo Hakimboshi Purning xos iltifotlaridan juda ta’sirlanib ketdi. Lekin bir tomoni hayotga qiziqishi va xotin, bola-chaqasidan yiroqda bo‘lishni, ikkinchi tomondan yo‘lning uzoqligi va dengizdan suzib o‘tishni o‘ylab, qip-qizil tuksiz va yaltiroq kallasini bir silkitdi. Donolarcha kulimsiradi va yoshining ulug‘ligi va bir necha kasalliklarini sabab qilib Hakimboshi Purning taklifini rad etdi. Yana bu muhim xizmat safarini boshqa adiblar va targ‘ibotchilardan biriga yuklansa yaxshiroq bo‘lardi, deb maslahat berdi. Ammo Hakimboshi Pur janoblari maxsusan uning oliy adabiy maqomi, yoshi va shuhrati bu ish uchun boshqalardan ko‘ra unga ko‘proq imtiyoz beradi, deb turib oldi. Chunki ushbu xizmat safari idora sirlaridan hisoblanib, faqat unga o‘xshash insonlargina uni bajarishga loyiqdirlar va, nihoyat, Sayid Nasrullo istasa-istamasa yuqoridagi boshliqlarning taklifini kamoli iftixor bilan qabul qildi.
Sayyid Nasrullo Hakimboshi Purning xonasidan chiqar ekan, Damovandga qilgan qisqa safari vaqtida chekkan mashaqqatlariyu Hindiston safarining nechog‘ uzoqligini ko‘z oldiga keltirib yuragini mavhum iztirob va qo‘rquv qamrab oldi, boshi aylanib, oyog‘i ostidagi yer larzaga keldi. Idora stoli oldiga kelishi bilan qo‘ng‘iroq tugmasini bosdi va ichgani suv so‘radi. Bir oz o‘ziga kelgach, o‘yga toldi. Bir tomondan, xotini va farzandlaridan uzoqda bo‘lish va safar asnosida vujudga keladigan o‘zgarishlar va sakson to‘qqiz kilolik vazni bir oz kamayishi mumkinligini, ikkinchi tarafdan, moddiy manfaat, iftixor, davlat hisobidan qilinadigan ziyofatlar va muzokaralarni fikr tarozisiga solib ko‘rdi. Shunga qaramay, g‘ulg‘ula bosilmadi. Chunki u hamma narsadan ko‘ra ko‘proq o‘zining tinch hayoti va sog‘lig‘ini o‘ylar, allaqanday sudu ziyon deb tinch hayotini xatarga qo‘yish aqldan emas derdi. Natijada Hakimboshi Purga nisbatan dilida qandaydir bir kuchli kudurat paydo bo‘ldi. Lekin bu vazifaning shaxsan vazir tomonidan topshirilishi rasmiy burch hisoblanardi. Shuning uchun safarga otlanishdan boshqa chorasi yo‘q edi, qolaversa sharaq-sharaq pullarni ko‘z oldiga keltirganda nafsi hakalak otishini ham inkor etib bo‘lmasdi.
Sayyid Nasrullo pul jamg‘arishda pishiq-puxta bo‘lgani ustiga bu musofiratda unga safar “ob-havo” puli berilar, ish haqini ham ikki barobar olishi mumkin edi. Bundan tashqari yana bir tomoni bor edi: balki Barziya tabibga o‘xshab Hindistondan “Kalila va Dimna” qabilidagi biror kitob olib kelar va o‘z nomini mangu o‘chmas qilib qoldirar. O‘zicha pichirlab quyidagi she’rni xirgoyi qilardi:
“Bengaliyaga ketayotgan bu fors qandidan
Barcha hind to‘tilari bahramand bo‘lgaylar”
Uning miyasida ming xil xayollar charx urardi. Ko‘p o‘tmay bu yangilikdan hamma boxabar bo‘ldi va Sayyid Nasrulloning idoradagi kasbdosh do‘stlari guras-guras kelib, uni tabriklay va Allo taolodan unga muvaffaqiyatlar tilay ketishdi. Lekin Sayyid Nasrullo loqayd qiyofada ko‘zlarini pirpiratar va “Nima ham qilardim, majburman” degan ma’noda boshini qimirlatib, eshitilar-eshitilmas qilib, “aziz vatanimizga xizmat qilaman”, derdi yakkash.
Nihoyat, bir oylik fol ochishlar va munajjimlar bilan maslahatlashishdan so‘ng xosiyatli kun va soatda Sayyid Nasrullo oyna va Qur’on ostidan o‘tdi, undan bir qancha surat olgan ro‘znoma muxbirlarining olqishlari ostida kerakli rasm-rusumlarni ado etib yo‘lga tushdi, lekin undan oldin o‘z vasiyatnomasini xotiniga topshirdi.
Tehrondan Ahvozgacha yo‘l juda og‘ir o‘tdi. Ahvozda fursat topib maorif bo‘limi bilan tanishdi, o‘quvchilarni qisqa imtihondan o‘tkazdi. Aholi arab tilida yaxshi so‘zlashsa-da, ularning arabcha talaffuzlarini qattiq tanqid ostiga oldi. Keyin idoralarning raislari unga peshvoz chiqishdi va biri olib-biri qo‘yib uni o‘z uylariga taklif qila boshlashdi. Lekin u qattiq charchab, tinkasi qurigani sababli ularning taklifini qabul etolmadi. Chunki hamma joyda bir xilda takrorlanadigan nutqlar va quruq rasmiyatchiliklar ko‘ngilga zig‘ir yog‘dek uradi, tilyog‘lamaliklar uning toqatini toq qilib yuborgan. O‘zining tinch va bir maromda kechayotgan hayotida biror o‘zgarish ro‘y berishini istamagan Sayyid Nasrullo asil arabcha so‘zlar, ilmiy iboralar, falsafiy va ilohiy ta’riflar bilan Hakimboshi Purni madh etuvchi katta maqola yozishda o‘zga iloji qolmagandi.
Ammo shu kungacha bunga hech vaqti bo‘lmagandi. Undan tashqari, yo‘l mashaqqatlari va hayajonlari uning bu maqsadi amalga oshishiga to‘sqinlik qilardi. Har gal mashina notekis va xatarli joylar yo‘ldan o‘tayotganida Sayyid Nasrulloning yuragi shuv etib ketardi. Pichirlab “Oyatal kursi”ni o‘qir, keyin cho‘ntagidan buklangan ro‘molchasini chiqarib peshonasidagi terlarni artardi.
Xurramshahrda uni katta izzatu ikrom bilan kutib olishdi. Kemaga chipta va safar davomi uchun kerakli barcha narsalarni oldindan tayyorlab qo‘yishgan edi. Sayid Nasrullo tunni maorif raisining uyida hayajonli tushlar ko‘rib o‘tkazdi, ertalab sohibi xonadon bilan birgalikda daryoni tomosha qilgani bordi. Maqsadi ko‘proq dengizni tomosha qilish edi. Daryoning har ikkala sohilida saf tortgan xurmo daraxtlari, qayiqlar va uzoqda langar tashlagan bir nechta kemani taajjub va qiziqish bilan kuzatdi. Shu paytgacha u dengizni jug‘rofiya xaritasida, xurmo daraxtini esa kitoblardagina ko‘rgan edi, hozir bularning hammasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib turardi! Darhol qadimgilar o‘z kitoblarida jahongashtalik va safarlarning foydali va ajoyib tomonlarini maqtaganliklarini esladi. Dunyo ko‘ziga keng va sehrli ko‘rina boshladi. O‘zicha: “Iloji boricha juda ko‘p safar qilishi kerak!” – deb o‘ylardi. Vujudida farahbaxsh bir hisni tuydi, ammo bugun kechqurun kemaga chiqishi kerakligini eslashi bilan yuragi birdan duk-duk urib ketdi va beixtiyor holsizlandi.
Sayyid Nasrullo kema harakat qiladigan shomgacha vaqtini ziyofatda o‘tkazdi. Lekin hayajon va iztirobdan qalbi notinch edi. Go‘yo yaqin orada xavfli amal uchun jarrohlik xonasiga kirishi kerak bo‘lgan odamdek atrofdagi odamlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki o‘smoqchilab, dengiz safari qanaqa bo‘ladi, deb so‘rar edi. Shomga yaqin kemaning gudogi ma’yus va cho‘ziq sado berdi. Sayyid Nasrulloning yuragi shuv etib ketdi. Mezbonlar darhol uning yuklarini bojxonadan olib qayiqqa joylashdi. Boshqa qayiqda uni o‘rtaga o‘tqazib, kema tomon yo‘lga tushishdi. Sayyid Nasrullo “Yangi so‘zlar lug‘ati” kitobi va Hakimboshi Purning rasmlari solingan papkani qorniga mahkam bosib olgan edi. Qayiq chayqalar, dengiz to‘lqinlari oy nurida kumushdek yaraqlar va ikki sohil yoqalab, to‘q ko‘k xurmo daraxtlari saf tortgan edi. Sayyid Nasrullo bular barchasiga nafrat va shubha bilan qaramoqda edi, go‘yo qurbonlik uchun tanlangan tuyani so‘yishdan oldin bezatishayotgandek edi. Bu rasmiyatchiliklar uni aldash uchun qilinayotganini his etdi. Qayiq chayqalar, dengiz suvi qirg‘oqqa urilardi. Nazarida uning hayoti butunlay xavf ostida qolgandek edi. O‘zining ichki hayajonini yashirish uchun qayiqchi bilan sof arab tilida suhbat qurishga harakat qildi. Lekin qayiqchi uning so‘zlarini tushunmadi va Sayyid Nasrulloning g‘ashiga tegadigan buzilgan arab tilida javob qaytardi. Sayyid Nasrullo sof arab tilida suhbatlasha oladigan biron odamni kunduz chiroq yoqib topa olmasligini angladi.
Kemalar uzoqdan chiroqlar terilgan barkashlardek yaraqlardi. Bombeyga qarab yo‘l olgan kema hammasidan chiroyliroq va charog‘onroq ko‘rinardi. Dengiz uzra namkin shamol esib, o‘zi bilan eski baliqning qo‘lansa hidini olib kelardi. To‘fon hali o‘zining yangi nafasi bilan tarqatib yubormagan aralash badbo‘y hidlar. Dastlab doktorning motorli qayig‘i kemaga yaqinlashdi va keyin atrofdan boshqa qayiqlar va savdo mollari ortilgan yelkanli kemachalar yopirilib kela boshladi. Yo‘lovchilarning talashib- tortishishlari, arab hammollarning baqiriq-chaqiriqlari hamda kema motorlarining shovqini Sayyid Nasrulloning qulog‘ini batanga keltirdi. Nihoyat, odamlar bir oz selgigach, go‘yo homilador ayoldek uni ikki qo‘ltig‘idan olishdi va u ming bir tahlika bilan kema zinapoyalaridan yuqori ko‘tarila boshladi. Uning rangi o‘chgan lablarida zaif bir donolarcha tabassum paydo bo‘ldi. Buyumlari va chamadonlarini maxsus xonaga joylashtirishgandan keyin hamrohlari ta’zim va hurmat izhor qilib, u bilan xayrlashishdi.
Sayid Nasrulloning boshi aylanardi, ikkinchi toifa xonasining ensiz karavotiga cho‘kdi va “Yangi so‘zlar lug‘ati” kitobi va rasmlar solingan jildni yoniga qo‘ydi. Garchi Sayyid Nasrullo birinchi toifaga loyiq odam bo‘lsa-da, lekin tejamkorlik yuzasidan ikkinchi toifada ketishni afzal ko‘rgan edi. Agar unga man etishmaganda uchinchi toifa xonak ham teshib chiqmasdi. Xona derazasidan yo‘lovchilarning shovqin-suroni va shatakka olgan kemaning guv-guv ovozi kelardi. U o‘rnidan turdi va tashqariga qaradi: sohildagi chiroqlar uzoqdan milt-milt qilar, kema xonalari dahlizida to‘da-to‘da arab hammollar ish bilan mashg‘ul edilar. Buni ko‘rib, Sayyid Nasrullo g‘alati bo‘lib ketdi va ich-ichidan pushaymon bo‘la boshladi. Hali kema yo‘lga tushmasdan bir necha marta sohilga qaytish, o‘zini kasallikka solish yoki umuman iste’foga chiqishga qaror qildi. Lekin, afsuski g‘isht qolipdan ko‘chgan edi! Keyin o‘zicha sohilda qoldirgan xotini, bolasi va tinch hayoti bilan xayrlashib, labini tishladi. Qayrilib atrofi va yangi xonasini diqqat bilan ko‘zdan kechirdi. Temir va yog‘ochdan qurilgan mo‘jazgina oppoq xona. Ikkitasi ustma-ust qo‘yilgan prujinali karavot, qo‘lyuvg‘ich, kiyimilg‘ich va oyoq qo‘yadigan stolcha. Ko‘rinishidan puxta va ixchamgina edi. Hindiston haqida o‘qigan barcha ajoyibu g‘aroyib hikoyalar xotirasida jonlandi. Shu payt ozoda va oq kiyimli qora hind xizmatkor xonaga kirib keldi va ingliz tilida nimadir dedi, ammo Sayyid Nasrullo tushunmadi va o‘zining ma’lumoti zaifligidan xijolat bo‘ldi. Dunyoqarashining chegarasi uyining to‘rt devoridan nari emasligini, olamda boshqa tillar, odamlar va hayot ham borligini, bularni ilgari tasavvur ham qila olmaganini tushundi va beixtiyor uning barcha g‘azabu gina-kudratlari xizmatkor hindga yog‘ildi, go‘yo Sayyid Nasrulloning safar mashaqqatlariga duchor bo‘lishiga u sababchidek. Nihoyat, xizmatkor choyshab va adyol olib keldi va karavotlardan birini shay qilib qo‘ydi.
Bu paytda tashqaridagi shovqin xiyla pasaygan edi. Sayyid Nasrullo tinka-madori qurigan holda karavotga cho‘zildi, ammo karavot unga ensizmi, yotishga noqulay edi. Xizmatkor yana eshik taqillatib kirdi va imo-ishora bilan kechki ovqat tayyor ekanini tushuntirdi. O‘zi oldinda yurib zinapoyadan pastga tushdi va Sayyid Nasrulloni kema restoraniga boshlab bordi. U o‘tirgan stolda ikki nafar yo‘lovchi fors tilida gaplashib o‘tirishardi. Sayyid Nasrullo har bir ovqatning sog‘liqqa nechog‘li foyda-zararini hindcha ziravorlar solingan-solinmaganini bilish uchun diqqat bilan tatinib ko‘rmoqda edi. Qadimgi tabobatga binoan ovqatlarning issiqlik va sovuqligiga ishonganidan u kerak paytda mijozini saqlash uchun o‘zi bilan oz-moz issiqlik ziravorlari olib yurardi.
Uning stolida o‘tirgan eronliklardan biri ingliz tilida buyurtmalar berar va hind xizmatkorini “chekro” deb chaqirardi. Sayyid Nasrullo ingliz tilini biladigan odam topilganidan xursand bo‘ldi va “Chekro”ni bahona qilib, til haqidagi suhbatni boshlab yubordi: “Hindiy tili fors tilining bolasidir, bundan tashqari Doryush Kabir (Buyuk Doro), Iskandar, Sulton Mahmud va Nodirshohlar qo‘shin tortgan zamonlardan buyon Eron harbiylari fors tilini tadrijiy ravishda Hindistonda yoyganlar, men ham mana shu maqsadda Hindistonga ketayapman. “Chekro” ham, qulingizning fikricha, fors tilidagi “chokar”, ya’ni “xizmatkor” degan so‘zdir. Yoki siz aytayotgan mana shu hindiy “chatni” fors tilidagi “choshni” so‘zidan olingan bo‘lib, “ziravor” degan ma’noni bildiradi. Umuman olganda, dunyodagi barcha tillarning o‘zagi arab, fors va turk tillaridan olinganligi va bashariyatning barcha irqlari Hom, Som yoki Yofas yoki Salm, Tur va Iraj avlodlari bo‘lgan, xuddi shundayin, masalan, “samovar”ni ruscha so‘z deb o‘ylashsa ham, mening aqli qosirimga, uchta: forsiy, arabiy va turkiy so‘zdan tarkib topgan. Uning birinchi bo‘g‘ini “kasra” (e tovushi) bilan o‘qilishi kerak, ya’ni aslida “se – mo – var” bo‘lgan. Bunda “se” forscha, “mo” arabcha va “var” turkcha so‘zlardir, ya’ni “Uchta suv olib kel”deganidir. Bunday so‘zlar juda ko‘p”. Eronlik yo‘lovchilar Sayyid Nasrulloning tarixiy va lug‘aviy ma’lumotlaridan hayratga tushishdi. Sayyid Nasrullo savollar orasidan ingliz tilini biladigan yo‘lovchi ilgari Hindistonda bo‘lganini va hozirda idora ishlari bilan Bushahrga xizmat safariga ketayotganini tushundi.
Qahvani ichib bo‘lgach, Sayyid Nasrullo o‘z xonasiga qaytdi, u qattiq charchagan edi. Oynaga qarab rangi quv o‘chganini ko‘rdi. Pichirlab, “Oyatal kursi”ni o‘qigancha o‘ringa cho‘zildi va uyquga ketdi.
Atrof g‘ira-shirasida Sayyid Nasrullo kemaning yengil chayqalishini his qildi va uyqu aralash motor ovozini eshitdi. Ko‘zini ochgan edi, hayratdan dong qotib qoldi, go‘yo kemada uyg‘onishini aslo kutmagandek edi. Boshi simillab og‘rirdi. Nonushta qilib bo‘lgach, devorga qizil rangda quyidagi yozuvlar bitilgan katta varaq yopishtirilib qo‘yilganini ko‘rdi, unday edi: “B. IS. N. Co Ltd. Emergency Instructions Passengers”.
Yozuv ostidan ingliz tilida uzundan-uzun izoh berilgan va uchta erkak rasmi bor edi, biridagi kishi maxsus qutqaruv nimchasini ko‘kragiga bog‘lash bilan mashg‘ul, qolgan ikkitasidagi odam uchun ko‘krak ustiga aylantirib o‘rash bilan ovora edi.
Sayyid Nasrulloning ingliz tili ham frantsuz tilining o‘zi, faqat uning imlosi va talaffuzini buzishgan, degan fikri o‘z tasdig‘ini topdi. O‘zicha Emergency so‘zi frantsuzcha emerger so‘zidan olingan, deb o‘yladi va yozuvni “Yo‘lovchilarning suvdan chiqishlari uchun ko‘rsatma”deb tarjima qildi. Shu payt shiftda bittasining ichida ikkita qutqaruv nimchasi va boshqasida bitta qutqaruv nimchasi solingan ikkita moslama osib qo‘yilganini ko‘rdi. Badaniga titroq yugurdi va o‘zicha yevropa ilmiga ham to‘la ishonib bo‘lmaydi, degan xulosaga keldi, chunki bu kema shunchalik katta bo‘lishiga qaramasdan cho‘kishi mumkin ekan-da!
Bir muddat lug‘at kitobini qidirdi, ammo topolmadi. Ingliz tilidagi izohni o‘qimoqchi bo‘ldi, ammo unchalik ko‘p narsa tushunolmadi. Faqat bir nechta so‘zni taxminan tushungandek bo‘ldi. Lekin bu e’lon g‘arq bo‘lishning oldini olish uchun ekanligi haqidagi shubha uni tark etmadi.
Shoshib kiyimlarini kiydi va palubaga chiqdi. Ikki nafar hind haligacha mo‘ri yonida uxlab yotar, yana bir hind matrosi zangori libosda yugurardi. Ko‘z ilg‘agan joygacha hammayoq suv bo‘lib, to‘lqin ustiga to‘lqin urilardi. Faqat uzoqdan sohilning rangsiz ko‘lkasi ko‘rinib turardi. Kemaning atrofiga diqqat bilan qaradi, birinchi darajali panjarasiga ustiga “Voleru” deb yozilgan oq kamarlar bog‘lab qo‘yilgandi. Ovqatlar rasmi ustida ham shunday yozuvga ko‘zi tushdi. Bundan, demak, kemaning nomi “Voleru” ekan, degan xulosaga keldi. Sariyga o‘ranib olgan, qulog‘i va burniga sariq halqalar osib olgan bir hind ayoli kelib uning yonidan o‘tib ketdi.
Ming xil dahshatli fikrlar Sayyid Nasrulloning miyasida g‘ujg‘on o‘ynardi. Ikki yil oldin ro‘znomada Atlantika bahri muhitida bitta katta kema g‘arq bo‘lganini o‘qimaganmidi? Bir qancha vaqt ilgari Qizil dengizda yonib ketgan bir frantsuz kemasining rasmini ro‘znomada ko‘rmaganmidi? Agar ikki milliard taxmindan bittasi rost chiqqanda ham! Inson jonini xatarga qo‘yishiga arziydimi, yana nima uchun deng!
Kun sayin rangiga rang kirib, doim o‘zi uchun o‘lib-tirilayotgan Hakimboshi Pur esiga tushdi. O‘zi besavod va aldoqchi bo‘lganidan xonasidan qaytib chiqayotgan qoralamalar sarfu nahviy va lug‘aviy xatolarga to‘la emasmi? Undan keyin, dastlab yahudiy bo‘lgani, keyin nasroniylik tasdiqnomasini olish uchun amerika maktabga kirgani va hozirda esa katta amaldorlarning oyog‘ini o‘pish bilan ovoraligini hamma biladi. Karlaylning noto‘g‘ri tarjimasini yahudiy kuyovidan olib, suhbatlar uyushtirar, islomga qarshi kitoblar topar, boshqa tarafdan esa yangilash va dinsizlik haqida jar solardi. Ro‘znomalarda ismini Aflotun, Suqrot, Abu Ali ibn Sino, Firdavsiy, Sa’diy, Hofiz va boshqa ismlar qatoriga qo‘yib maqolalar chop ettirardi! – Endi u hayotini, keyinchalik qornini oldinga chiqarib, mening rasmimni Hindistondagi ro‘znomalarda chop etishdi, deb maqtanadigan mana shunday odam uchun xatarga qo‘yishi kerakmi? Sayyid Nasrullodek hurmatli va e’tiborli bir shaxsni o‘zining ahmaqona amalparastligiga vosita qilib olishi va u na forscha, na arabcha bo‘lgan bema’ni va kulgili so‘zlarni Hindistonga tuhfa qilib olib borishi kerakmi? Koshki u yerda biror narsaga aqli yetadigan bitta-yarimta odam topilsa! Unda nima bo‘ladi? Nega bu ishni aynan unga topshirdi? Vaholonki, kelgusida uning tarafdori va siyosatchisi bo‘lishni niyat qilib, xufiya mutolaa bahonasida Yevropada millat puli hisobiga yallo qilib yurgan va bir-birini qo‘llab-quvvatlaydigan boshqa yoshlar va fidoyilari bor edi-ku! Yoki, masalan, “Avliyo Georgiy va uning bashariyat olamidagi ta’limoti” haqida kitob yozish va uni davlat hisobiga nashr ettirish uchun har oyda ularning har biriga ikki-uch ming tuman pul yuborib turardi-ku. Nima, Sayyid Nasrulloning shoxi bormidi? Uyining bir burchagida xotini va bolasining yonida tinchgina o‘tirib, mana bunday tuturiqsiz asarlarni yoki ularning tarjimasini chop ettirolmasmidi? Hozir ig‘vogar va daydi odamlar kabi suvga ham, o‘tga ham parvo qilmasdan, Hakimboshi Purning bir guruh tarafdorlarining isqirt narsalarini Hindistonga olib borib, o‘zini va xalqini sharmanda qilsinmi? Maorifni chetga olib chiqishning boshqa obro‘liroq yo‘li yo‘qmidi? Sayyid Nasrullo to‘satdan inon-ixtiyorini hissiyotlar qo‘liga topshirib qo‘yganini tushundi. Chunki hayot tajribalari davomida non va osh mana shu jo‘jaxo‘rozlarning avomni chalg‘ituvchi siyosiy o‘yinlari va puch tomoshalarida qo‘lga kirishini uchratgan edi. Xalqni aldaydilar va o‘z kissalarini pulga to‘ldiradilar. Xo‘sh, uning o‘zini porloq kelajak g‘oyalarini yaratish uchun maddohlik qilishga majbur etishmaganmidi? U ham san’atini ko‘rsatish va notiqlik qilish, hamda shuningdek boshqalardan tariqcha kam emasligini tushuntirib qo‘yish uchun rozi bo‘lgandi! Haqiqatan ham tesha tegmagan mavzuni tanlagan edi: Ona vatanni yuzini qiblaga qilib yotgan bemorga o‘xshatgan, Rizoxon huqna shishasi va qon olish idishi bilan uning tepasida turardi va oxirgi uni qutqargandi! (Dili xira bo‘lishiga qaramay, istehzoli jilmaydi). Anavi boshqalar mana shunday vazmin va yoqimli lafzu iboralar bilan nutq so‘zlay olishlari amri mahol edi. U ulamoyu fuzalo borki, barchasini katta qilgan va yaxshi tanirdi. Yevropaga borganlar, yangilar va eskilarning hammasi bir go‘r edi, faqat ularning unvonlari farq qilardi. Ilgarilari Najafga borib, Hujjatul islom bo‘lar edilar, hozir esa Yevropaga borib, fan doktori bo‘lib qaytishmoqda. Ishlari xalqni aldash, o‘ylari vazirning qursog‘iga nima kirib, nimalar chiqqanida! Hammalarining fikru zikri uch qavatli uy, mashina va xorijga xizmat safariga chiqish. Garchi Sayyid Nasrullo xorijga safar qilmagan bo‘lsa-da, ammo Eronga kelgan juda ko‘p yevropalik odamlar va olimlar bilan hamsuhbat bo‘lgan edi. Masalan, bir eronlik tabibning orzusi boshliq, deputat va vazir bo‘lish edi. Vaholonki, doktor Tuluzan butun umrini mutolaa bilan o‘tkazgandi. Uning o‘zi nima uchun boshqalardan orqada qolgan? Ilm va mutolaa ahli bo‘lgani uchun! Minbarda va’z aytayotganida uning og‘zidan chiqayotgan so‘zlarni qanday ishtiyoq bilan tinglashgani va keyin unga qanchalik iliq tabriklar aytishgani esiga tushdi! U shohning e’tiboriga sazovor bo‘lgandi! Ammo keyingi safar yana nutq so‘zlashga majbur qilishdi! U bosh tortdi va hozir balki ana shu aybi uchun uni mana shu xavfli xizmat safariga yuborishgandir! Boshini sarak-sarak qilib pichirlab dedi: “Kimga tovus kerak bo‘lsa, Hindiston zahmatini cheksin”.
Sayyid Nasrullo tushlik qilib bo‘lib, restorandan tashqariga chiqqanida dahlizda ingliz tilini biladigan eronlikni uchratdi, avvalo u bilan tanishdi va havoning issiqligidan shikoyat qildi. Keyin undan: “Siz yolg‘izmisiz? – deb so‘radi.
– Ha.
– Agar Isfahon gazi yeyishni istasangiz, kaminaning xonasiga tashrif buyuring.
Uni o‘z xonasiga boshladi. Keyin gaz qutisini bazo‘r chamadondan oldi! Gaz qutisini uning oldiga qo‘yib, juda sekin suhbat boshladi: “ Garchi inson butun aziz umrini til, ilm-fanni o‘rganishga sarflasa-da, yana kam. Afsuski, bizning qisqa umrimiz xotirjamlik bilan barcha vaqtimizni mutolaaga bag‘ishlashimizga kifoyat qilmaydi. Hayotdagi kichikkina bir o‘zgarish yangi bir tushunarsiz narsalarga duch kelishimiz uchun yetarli bo‘ladi va har bir kichik narsaga ibrat ko‘zi bilan qarab, tadqiq etsak, o‘ylaganimizning rostligi ma’lum bo‘ladi… Agar bitta qurigan bargni mikroskop ostiga qo‘ysak, o‘z qonunlari va usullariga ega bo‘lgan yangi dunyo ko‘z oldimizda namoyon bo‘lishini ko‘ramiz. Yerda yotgan ozgina xashak yillab cho‘ziladigan falsafiy bahslar, tafakkur va chuqur izlanishlarga mavzu bo‘lishi mumkin. Oriflar aytishgandek:
Har zarraning dilini yorgin,
Ichidagi oftobni ko‘rgin!
Bugungi nazariy ilm bizga shuni isbot qiladiki, qadimgilar eng kichik zarra deb ataganlari va boshqa bo‘linishi mumkin emas deb o‘ylaganlari butun bir tizimdan iborat ekan. Agar osmonga nazar solsak, falaklar gardishi va ularning o‘zgarmas qonunlari bizni faqat hayratga soladiki, umrimiz oxirida vijdonan iqror bo‘lishdan o‘zga choramiz qolmagandi:
Bilimim shu joyga kelib yetdikim,
Hech ne bilmasligimni endi tushundim!
Bizning atrofimiz noma’lum narsalar va sirlarga to‘lib-toshgan. Menga Germes Tris Majistning fikri yoqadi. U aytadi: “Buzuq dunyodagi hamma narsa ilmlar dunyosida ham bor”. Gapni cho‘zishdan maqsad shuki, butun jahonda shunchalik ko‘p qavmlar, xalqlar, elatlar va tillar mavjudki, ularning qanaqaligi haqida bahs yuritib, sir-asrorlarini anglab olishimizga umrimiz yetmasligi aniq! Mening afsuslanadigan narsam – yoshlik davrimda ingliz tilini o‘rganishdan g‘aflatda qolganim. Hozir so‘zlar va jumlalarni juda qiyinchilik bilan bir-biridan ajrataman. Anglo-sakson tilining asosan o‘zagi lotin tillaridan farq qilgani uchun bo‘lsa kerak, inglizcha so‘zlar va jumlalarning ma’nosini yaxshi tushunmayman. Masalan, devordagi ogohlantiruvchi yozuv (zaruriy qo‘llanmani ko‘rsatdi) sarlavhasini taxmin qilib tushundim, go‘yo bu qo‘llanmani yozishdan maqsad yo‘lovchilarni cho‘kishdan qutqarish bo‘lsa kerak.
Yangi kelgan odam og‘zida gaz bilan donishmandonalarni taajjub bilan eshitdi va Sayyid Nasrulloning maqsadini tushunmagan bo‘lsa-da, uning so‘zlarini tasdiqladi:
– Albatta. Albatta. Xuddi shunday, o‘zingiz aytganingizdek.
Rostdan ham kemaning g‘arq bo‘lish xavfi bormi?
– Hech qachon! Bu nima deganingiz? Faqat ehtiyotkorlik yuzasidan yozishgan. Yevropacha fikrlashning belgisi. Lekin har doim ham shunday hodisa yuz berishi mumkin.
– Ha, maqsad shuki, hodisa man etilmagan, balki yuz berishi mumkin.
– Albatta.
– Ammo kutilmagan hodisadan ehtiyot bo‘lish yo‘lini topishgan.
– Albatta.
– Agar malol kelmasa, ushbu ogohnomani, menga qisqartirib, tarjima qilib bera olasizmi?
– Kamoli iftixor bilan!
Ingliz tilini biladigan kishi o‘rnidan turdi, e’lonni o‘qib, qutqaruv nimchalaridan foydalanish haqida mufassal yozilgan yo‘riqnomani Sayyid Nasrulloga tarjima qilib berdi. E’londa yo‘lovchilar nimchadan qanday foydalanishni bilishi uchun oldin uni sinab ko‘rish lozimligi ta’kidlab o‘tilgandi.
Sayid Nasrullo diqqat bilan eshitdi, peshonasidagi terni artdi va so‘radi: agar kemaga o‘t tushsa yoki boshqa sababli g‘arq bo‘lsa, albatta, mumkin va mahol emas, to‘g‘rimi? Masalan, o‘tgan yili bir frantsuz kemasi Qizil dengizda o‘t ichida qoldi. Esimda, bir lotin ro‘znomasida o‘qigandim, bir katta kema Atlantika okeanida g‘arq bo‘lgan va yo‘lovchilar to o‘ladigan damlarigacha aysh-ishrat qilgan ekanlar.
– Lotincha ro‘znomada?
– Ha, men frantsuz tilini lotin tili deb atayman. Kechirasiz, agar mening savollarim sizni charchatsa, uzr so‘rayman. Bu faqat olloh taolo menga ato etgan tabiiy qiziquvchanligimdan. Chunki men o‘zimni doimo talaba deb bilaman va har bir fursatdan foydalanib, ma’lumotlarimni boyitishni xohlayman. Maqsadim shuki, kema cho‘kayotgan paytda suzish ilmidan bebahra odam nima qiladi?
– O‘zingiz aytganingizdek, kemaning ikki tarafida katta-katta qayiqlar bor va ularni darhol suvga tushirishadi. Qutqaruvchi kema kelguncha avval bolalarni, keyin ayollarni, keyin erkaklarni qayiqlarga chiqarishadi.
– Lekin xavfli baliqlar bor, ular darhol zarar yetkazar?
– Ha, hamma narsa bo‘lishi mumkin. Masalan, agar, xudo saqlasin, simsiz telegraf apparati yonib ketsa va kema sohildan uzoqda bo‘lsa. Faraz qilaylik: yo‘lovchilarni qutqaruv qayiqlariga o‘tqazilgan taqdirda ham agar qutqaruv kemasi juda kech kelsa va ozuqa zaxiralari bo‘lmasa, halok bo‘lishlari mumkin. Hayotda hamma narsa bo‘lishi mumkin!
Sayid Nasrullo mutafakkirona boshini qimirlatdi va o‘zicha pichirladi: “Hayotda hamma narsa bo‘lishi mumkin!” Keyin so‘radi:
– Kemaning ikki tarafida katta qayiqlar bor, dedingizmi?
– Ha, nahotki ko‘rmadingiz? Keling, ko‘rsataman.
– Katta rahmat. Ayting-chi, bu kema boshqa katta portlarda ham to‘xtaydimi?
– Bu tezyurar marshrut bo‘lgani uchun faqat Bushahr, Karachi va Bombeyda langar tashlaydi, bugun kechqurun bir-ikki soat Bushahrda to‘xtaydi.
Sayid Nasrullo fikrga cho‘mib, rahmat, sizni ancha qiynab qo‘ydim, dedi va keyin jim qoldi. Inglizcha biladigan kishi xayrlashib, chiqib ketdi. Sayyid Nasrullo ro‘molchasini olib, yonayotgan peshonasini artdi. Keyin o‘rnidan turib, ehtiyotkorlik bilan kema sahniga chiqdi. Diqqat bilan qarab kemaning ikki tarafida ilgari u payqamagan ikkita katta qora qayiq osib qo‘yilganini ko‘rdi. Qayiqlarga “Oksford” deb yozib qo‘yilgandi. Kemaning nomini qutqaruv nimchalarida ham uchratdi va bir necha marta “Voleru, Voleru?” deb takrorladi. Go‘yo bu nom unga tanishdek edi. O‘zicha balki yunon yoki aysor xudolaridan biridir, deb o‘yladimikin? Keyin o‘kirib, jo‘sh urayotgan, baqirib kemaga hamla qilayotgan, keyin bir-birining ustiga chiqib uzoqlashayotgan dengiz to‘lqinlariga tikildi. Dengizning yashil iflos suvi qorayib ketgandi. Uning nazarida dengiz to‘lqinlari jonli suyuqlik yoki hassos sudraluvchi jism bo‘lib tuyuldi. Ular kuchli dard va g‘azabdan asabiy titroq bilan g‘ujanak bo‘lar, go‘yo bekordan-bekorga dard chekayotgan va azoblangan va yuzlab mana shunday kemalar va yo‘lovchilarni barcha fazilat va ma’rifatlariga qarab o‘tirmasdan bir lahzada o‘zida cho‘ktirib yuborishga tayyor jismdek edi ular! Qo‘rquv va tabiatning so‘qir quvvatiga nisbatan nafrat aralash bir nav his tug‘ildi unda. Bundan tashqari mana shu suv ostida uning qoniga tashna xavfli hayvonlar va baliqlar bor edi. Xurramshahrda ayollar va bolalar kir yuvish uchun daryo sohiliga borishganda ularni akula tortib ketib ikkiga bo‘lib tashlaganini bir necha marta eshitmaganmidi? Oyog‘i ostida kemaning yengil titraganini his qildi. Motor guv-guv qilar va ko‘z yetgancha suv bo‘lib, o‘zini orqaga tashlar va kemaga hamla qilardi. Kema suvni yorib borar va jarohatlardan oqayotgan qondek uning orqasidan ko‘pik parchalari cho‘zilib qolardi. Inlari qayerdaligi noma’lum bir juft jajji qushcha kema ortidan uchib kelardi. Bularning hammasi uning nazarida ajoyib va g‘aroyib edi. Xo‘sh, kemaning pastki qavatida joylashgan boshqa kishilar kimlar edi? Lekin yo‘lovchilardan hech biri iztirobda emasdi. Ammo bu Sayyid Nasrulloning xotirjamligi uchun yetarli emasdi, chunki bashar avlodining iftixori bo‘lgan uning vujudi bilan boshqalar o‘rtasida osmon bilan yercha farq bor edi!
Sayyid Nasrullo Koshon aholisini besabab qo‘rqoq deyishlariga ishonadi. Gerodot qadimgi eronliklarsuv va dengizdan qo‘rqishardi, deb yozmaganmidi, bundan tashqari Hofiz Sheroziy ham dengizdan qo‘rqmaganmidi? Bir kitobda Akbarshoh Hofizni Hindistonga taklif qilgani, lekin Hofiz dengiz va kemaga nigohi tushiboq, kapalagi uchgan, manzarasidan qo‘rqib, darhol safardan bosh tortgani haqida o‘qigani esiga tushdi. Hofiz bu haqda shunday degandi:
Qorong‘u kecha va girdob shunday dahshatliki,
Sohildagi beg‘amlar bizning holimizni qayerdan bilsinlar?
Burni va quloqlariga tilla halqalar osib olgan hind ayoli unga e’tibor ham qilmasdan bemalol uning yonidan o‘tib ketdi. Kemaning barcha yo‘lovchilari Sayyid Nasrulloning nazarida dahshatli, kasal va ayyor tuyulib ketdi. Go‘yo ular til biriktirib olganlar va uni g‘aflatda qoldirib, ustalik bilan uning jonini olishmoqchi! Sayyid Nasrulloning boshi aylanib ketdi, miyasi qattiq charchagan edi. Asta o‘z xonasiga ketdi. Kiyimini yechib, o‘zini o‘ringa tashladi. Miyasida minglab qo‘rqinchli fikrlar g‘ujg‘on o‘ynardi. Kemaning bir xilda titrashini his qilardi va go‘yo bu hislari odatdagidan aniqroq va o‘tkirroq bo‘lib borardi. Titroq endi uning yuragi ovozi bilan hamohang bo‘lib qolgandi, sekin-asta kipriklari og‘irlashib, uyquga ketdi.
Tushida bir guruh arab kema palubasida qutqaruv nimchalari kiyishar va “Voleru!”deb baqirishar, qutqaruv nimchalari kiyib olgan ikkinchi bir guruh esa dengiz ichidan ularga “Voleru!..”deb javob qaytarardi. Uning o‘zi ham har doim uyida kiyib yuradigan bushahr choponi ustidan qutqaruv nimchasi kiyib, bolalarini opichib olgandi. Endi dengizga sakrayman deganda xotini choponining etagidan ushlab qoldi. – Dahshatdan cho‘chib uyg‘onib ketdi. A’zoyi-badanini sovuq ter bosgan, boshi og‘riqdan tars yorilay der, og‘zi bemaza edi. Ko‘zi kema xonasiga tushganda motorning temir ovozini eshitdi va yana ko‘zini yumdi, go‘yo bu jahannamdan qochib ketmasa bo‘lmaydigan edi. Beixtiyor uyini esladi: xonasidagi ustiga qizil kashta matoli o‘rindiq, har ikki yonida issiq va yumshoq yostiqchalar va h.k. Endi tili chiqqan o‘g‘ilchasining so‘zlarni maxraji bilan to‘g‘ri talaffuz qilishi, xotini likopchaga maydalab solgan anor bo‘laklari, idora stoli, bu jildlarning hammasi armonli dunyodek undan uzoqlashib ketgandi! Qaytishda quruqlik orqali va yaxshi poyezga chiqaman deb o‘ziga so‘z berdi. Ich-ichidan uni mana shu baloga duchor qilgan, o‘zi esa qizil bo‘yni va soxta tabassum bilan stol ortida o‘tirib, fikri-zikri qizlar va bolalarni yo‘ldan urish, shu orqali oliy maqomdagi rahbarlar uchun ish yaratib berish bo‘lgan Hakimboshi Purga la’natlar o‘qidi. O‘zining bir guruh o‘g‘ri, yolg‘onchi va ko‘rnamaklariga foydali ishlarni berar va ularga turli unvonlar to‘qirdi. Bema’ni va kulgili so‘zlarni ichidan to‘qib chiqarar, odamlarga zo‘rlab huqna qilishsin deb ularni Til Akademiyasiga a’zo qilib qo‘yardi! Vaholonki, butun dunyoda so‘zdan xalq va yozuvchilar foydalangandan keyin lug‘atlar kiritib, tilga tatbiq etishadi, u esa lug‘at ilmida benazir odam. Uning o‘zi mana shu bolalarcha bema’ni, didsiz so‘zlarning hammoliga aylanib qolgandi. Balki ataylab uni rogatkaning toshiga aylantirgandirlar? Chunki uning qo‘lidan ishbilarmonlik kelmasdi va Venera yulduzidan diplomi bor yoshlarga guvohnoma berishga qarshi chiqqan edi. Shu paytgacha bunga e’tibor bermagandi, chunki tinch va osoyishta yashar va shaxsan loyqa suvda baliq ovlardi. Ammo hozir uning hayotini arzimas va puch narsalarni deb xatarga qo‘yishgandi. O‘rnidan turib o‘tirdi, go‘yo fikrlari o‘zgargandek bo‘ldi. Ich kiyimining tugmasi uzilgani esiga tushdi. Chalg‘ish uchun uni qadash bilan shug‘ullandi. Agar xotinim shu yerda bo‘lganda, mendek fozil va olim odamga mana shu ayollar ishini qilish yarashmagan bo‘lardi, deb o‘yladi.
Shu payt kema gudok chalib, to‘xtadi. Yo‘lovchilar o‘rtasida shovqin-suron boshlandi. Sayyid Nasrulloning yuragi shuv etdi va biror noxush voqea sodir bo‘ldi, deb o‘yladi. Lekin tezda Bushahrga yetib kelishgani ma’lum bo‘ldi. Shoshib kiyimini kiydi va kema ayvoniga chiqdi. Bandargoh ko‘rinmasdi. Faqat uzoqdan zaif bir chiroq nur sochib turardi. Bir-ikkita motorli qayiq ko‘zga tashlanar, bir nechta yelkanli kema yuk ortish bilan mashg‘ul edi. Hammollarning baqiriq-chaqiriqlari uning tushini yodiga soldi. Nazarida uyg‘oqligida dahshatli tush ko‘rayotgandek bo‘ldi. Dengiz sohili shu qadar uzoq va qorong‘i ediki, quruqlikka qaytishni to‘lamasa bo‘lardi. Soatiga qaradi, kechki ovqat vaqti bo‘lgandi. Biror foydali ma’lumot olarman deb restoranga bordi. Stolda o‘tirgan hamma va hatto ingliz tili biladigan kishi hamda barcha xizmatchilar uning nazarida jim va qovoqlari soliq ko‘rindi. Go‘yo mash’um bir xabarni undan yashirmoqchi edilar, yuragi bir noxushlikni sezib, kechki ovqat ham og‘ziga yoqmadi, umuman ishtahasi yo‘q edi, faqat oshqozoniga jabr bo‘lmasin deb bitta banan bilan sho‘rvani ichdi. Ingliz tili biladigan kishi imo-ishoralar qilib u bilan xayrlashdi-da, go‘yo qayoqqadir shoshayotgandek edi. Sayyid Nasrullo umidsizlikka tushib, o‘yga tolgancha xonasiga qarab ketdi. Tashqaridagi shoqin-suronni eshitmaslik uchun eshikni yopib, pardani tortdi. Garchi havo dim, issiq bo‘lsa-da, elektr parrakni yoqishni ma’qul topmadi. Ruchka va qog‘oz olib, o‘zining falsafiy nutqi haqida ba’zi narsalarni qoralab qo‘ymoqchi bo‘ldi. Ammo xayoli parishon edi. Qog‘ozga yozgan mavhum fikrlari o‘ziga yoqmadi. Yozganlarini diqqat bilan o‘qidi: “Vatan, bu, ya’ni men. Maqsadim – faqat o‘sha qon olish bankasini qo‘yib, millatning qonini so‘rgan shon-shavkatli yo‘lboshchini maqtash. Majburiy ta’limdan maqsad – xalqni savodli qilish emas, balki faqat butun xalq uning va oxir natijada Hakimboshi Purning ta’rifini ro‘znomalarda o‘qiy olsinlar, ro‘znomalar tilida fikrlasinlar va gapirsinlar, fors tilining asl namunasi bo‘lgan mahalliy tillar unutilsin, ya’ni na arablar va na mo‘g‘ullar qilolmagan ishni qilish, na xoshoyorsho tili va na mashhadiy Hasan tiliga oid bo‘lgan soxta so‘zlarni ularga majburan singdirish manmanlikdir, hammasi turgan-bitgani manmanlik. Manfaatlarini vatanning muqaddas manfaatlari qilib ko‘rsatadi. U o‘zi qayerdan chiqqan va qanday salohiyatga egaki, Vatan manfaatlarini mendan yaxshiroq anglay olsa…” Yana o‘qishda davom etdi: o‘zidan, jinni bo‘lib qolmadimmi, deb so‘radi. Zaharxandali kulgi. U shu paytgacha bunday gaplarni na o‘ylagandi va na tilga oldi: noma’lum bir tashqi kuch yuragiga g‘ulg‘ula solganmidi yoki safar uning ruhiyatini o‘zgartirganmidi? Balki, yomon uxlaganidandir. Qisqasi, qog‘ozni yirtib tashladi.
Bu paytda shatakchi kemaning bir zayldagi ovozi tingan edi. Kema harakatga tushgan edi, Sayid Nasrullo o‘rnidan turib, kiyindi va kema sahniga chiqdi. Yo‘lovchilarni ko‘rib ko‘ngli taskin topdi. Chunki uni kemada yolg‘iz qoldirishgan, deb o‘ylagandi. Qora bulutlar to‘dasi qo‘rqinchli bir tusda osmonda aylanar, port mayog‘i uzoqdan miltillab ko‘rinardi. Dengiz suvi qora rangga kirgan, osmon ochiq bo‘lgan boshqa tomonda esa Sayid Nasrullo Katta Ayiq va Kichik Ayiq yulduzlarini ko‘rdi. Oy osmon chetida pastga inib-tushgandek tuyular, pastda kumushrang daryo suvi yaraqlar va kema tomon oqardi, havo dim edi.
Sayyid Nasrulloning yuragi siqildi. Iztirobi kamaydi. Bir nav osoyishtalik paydo bo‘ldi unda. Go‘yo birinchi marta tabiat bilan yarashib olgandek. O‘tgan butun hayoti nazarida uzoq, mavhum va azob beruvchi tush bo‘lib tuyuldi. Unda bolalik davri hissiyotlari uyg‘ondi va ular yolg‘izlik va judolik hislari bilan qorishib ketdi. Natijada o‘ziga nisbatan bir nav dardli tarahhum his qildi. Og‘ir qadamlar bilan yana o‘z xonasiga qaytdi. Qog‘oz va ruchkani olib, bir oz fikrga cho‘mdi va keyin yozdi: “Hindiston mamlakati forsiy adabiyotning beshigi bo‘lgan. Ma’rifat tojdor otasining diqqat-e’tibori soyasida kun sayin taraqqiy etib borayotgan bugungi zamonda…”
Miyasiga boshqa hech gap kelmadi. Keyin oyning dengiz suvidagi ta’rif va tavsifini badiiy libosga o‘rashga harakat qildi. Yana qo‘liga ruchkani oldi va yozdi: “Timqora suv momaqaldiroqdek o‘kirib, kemani jangga chaqiradi. Oy osmonning bir chetidan betaraf guvohdek o‘zining kumush sovutini to‘lqinlar ustiga yoyib tabassum qiladi”. Bu ham o‘ziga yoqmadi, go‘yo noma’lum kuch uning barcha ma’naviy va falsafiy ma’lumotlarini tashqariga uloqtirgan bo‘ldi.
Keyin xotiniga maktub yozmoqchi bo‘ldi. Boshi og‘rirdi, nogahon ko‘zi shiftdagi qutqaruv nimchasiga ko‘rdi, o‘rnidan turib, eshikni yopdi. Shisha va yog‘och to‘siq, parda va derazani ham zichlab yopdi. Butunlay berkinib olganiga ishonch hosil qilgach, qutqaruv nimchalaridan birini joyidan olib, og‘irligini chamalab ko‘rdi. Go‘yo to‘rt bo‘lak yengil yog‘och bo‘lagidan uzunchoq kub shaklida yasalgan bo‘lib, qopga o‘xshash kulrang qalin matoga qoplangan edi. Bir-biriga latta bilan bog‘lab qo‘yilgan paxtali to‘rtta cho‘p orasidan ehtiyotkorona boshini chiqardi. Cho‘plarning ikkitasi ko‘krak ustiga va boshqa ikkitasi safarxaltaga o‘xshab, orqa kuragiga joylashdi. Ko‘rsatmada berilgan rasm oldiga borib turdi va undagi yozuvga binoan bog‘ichni qattiq tortdi. Qutqaruv nimchasi tanasiga chippa yopishdi. Keyin oyna oldiga borib, o‘z qiyofasiga razm soldi.
Rangining o‘chganidan o‘zi qo‘rqib ketdi. O‘lim soatini kutib qamoqda oylab ochlik va uyqusizlikdan azob chekkan mahbusga o‘xshab qolgandi. Ko‘rgan tushini esladi, agar dengizga tushib ketsa, qanday dahshatli ahvolda qolishini tasavvur qilib, badanini titroq bosdi va tizzalari bo‘shashib ketdi, tishlarining takirlagan ovozi eshitilib turardi. Tomirini ushlab, yurak urishini tekshirdi, beixtiyor bir necha marta pichirlab “Voleru… Voleru” dedi. Ovozi xirillardi. Boshining qattiq og‘rig‘i tobora kuchayib borardi. Ichida xotini va bolalari bilan vidolashdi, ko‘zlariga yosh qalqdi va loaqal o‘z yuzini ko‘rmaslik uchun yuzini burdi. Qutqaruv nimchasini yechmoqchi bo‘ldi, ammo xavfli vaziyat tug‘ilganda uni bog‘lash oson ish emasligini esladi va har ehtimolga qarshi uni yechmasdan uxlaganim ma’qul deb o‘yladi. A’zoyi badanidan sovuq ter oqardi va haqiqatan ham kasal ekanini his qildi. Ikki xapdori aspirin ichdi va “Oyatal kursi”ni o‘qigancha o‘ringa borib yonboshladi. Bezovtalanib yuragini tobora tez urishini eshitib turardi.
Ko‘zi batamom uyquga ketmay, yomon tush ko‘ra boshladi – kemaga o‘t tushganmish, u palubadagi minbarda turardi, lekin egnida qulog‘i va burniga tilla halqa osib olgan hind ayolining sariysiga o‘xshash ayollar kiyimini kiyib olganmish. Qutqaruv nimchasidan foydalanish haqida hayajonli nutq so‘zlardi. Chalinayotgan signallar va qo‘ng‘iroqlar orasida ovozini doimo yanada balandroq ko‘tarishga majbur bo‘lar, vaqti-vaqti bilan qo‘lini portfeliga tiqib qandaydir rasmlarni olar va odamlar ustidan sochardi. Yo‘lovchilar umidsizlikdan o‘zlarini dengizga otar, lekin ko‘zlari g‘azabli chaqnab turgan ulkan baliqlar ularni qoq o‘rtalaridan ikkiga bo‘lib tashlar, suvning yuzi nimtalariga to‘lib ketgandi. Birdan bolalari oq rangda “Oksford”deb yozilgan qora qayiqda o‘tirishganini va ingliz tili biladigan eronlik kishi eshkak eshib, ularni noma’lum tomonga olib ketayotganini ko‘rdi.
Olov shu’lasi unga yaqinlashgani hamon o‘zini suvga tashladi. Shu payt bir qo‘rqinchli katta baliq olovli ko‘zlari bilan unga tashlanib, ko‘kragini go‘yo to‘rt bo‘lak g‘ishtdek o‘zining to‘rtta o‘tmas tishi orasiga olib qattiq siqdi va u hushidan ketdi.
Ertalab xizmatkor hindu xonaga kirib, gardaniga qutqaruv nimchasi bog‘langan Sayyid Nasrullo xonasida o‘lib yotardi.
Ikki oydan so‘ng Hammom Vazir ko‘chasida Sayyid Nasrulloning qo‘li bilan portfelni qorniga bosib olgan va ikkinchi qo‘li bilan Hindiston tomonni ko‘rsatib turgan holatdagi haykali atrofida katta jamoa to‘planib turardi. Oyog‘i ostida ko‘rshapalak – talvasa holatidagi jaholat iblisining alomati yotardi. Hakimboshi Pur g‘amgin va motamzada qiyofada minbarda turib, ushbu marhumning qilgan xizmatlari haqida mufassal nutq so‘zlardi. Nutq mobaynida takror va takror o‘sha mudhish va unitilmas fojia, dunyoning sakkizinchi sayyorasi, zamona faylasufi va ilm dengizidan judolik haqida to‘xtaldi, so‘ngra Vatan navnihollari va yoshlariga xitob qilib, so‘ziga shunday yakun yasadi: “Sizlar doimo Vatan yo‘lida benazir fidoiylik va qahramonlik ko‘rsatib, oqibatda shahidlik sharbatini tatigan bu daho vatanparvarning ishlari, so‘zlari va o‘gitlarini o‘zingiz uchun ibrat qilib olishingiz kerak va bu zukko adib, fozil insonning haykali yoki loaqal rasmiga qarab turib, shunday fidoyi insonlar borligidan faxrlanish har bir fuqaro uchun ham qarz, ham farzdir. Yana har doim vatanga hamda ma’rifatga xizmat qilish yo‘lida tinmay harakat qilish… (tomog‘iga bir narsa tiqilgandek bo‘ldi).
Uch daqiqa jimlikdan so‘ng: “Maxsusan, Hammom Vazir ko‘chasini “Vatanparast” deb atashni Akademiya majlisida o‘rtaga tashlayman va toza fors tili va ajdodlarimning yurtiga bo‘lgan qiziqishim tufayli marhum Sayid Nasrulloni “Piruz yazdon” deb atab, unga “Vatanparast” laqabini beraman”.
Adashmanglar, bu marhum o‘lgan emas, balki vatan yo‘lida qilgan fidoiyligi va qahramonligi orqali vatanning, butun xalqining yuragida buyuk maqomni egalladiki, shayxul-urafo aytadi:
Vafotimizdan so‘ng bizning tuprog‘imni yerdan qidirmang,
Bizning mozorimiz orif odamlarning siynalaridadir.
So‘zimning yakunida u abadiy jannatmakonning qatlgohi bo‘lmish “Voleru” yo‘lovchi kemasini kompaniyadan sotib olish va uni maorif muzeyida saqlash uchun siz saxovatpeshalardan iona to‘plashingizni iltimos qilaman.
Keyin qo‘lidagi portfelga qo‘lini tiqib, Sayid Nasrulloning harakat oldidan olingan oxirgi bir nechta rasmini oldi va yig‘ilganlar ustidan sochdi. Odamlar uning rasmlarini bir-birlarining qo‘lidan yulib olishib, qalblari ustiga bosishdi. Keyin ko‘zlarida yosh, qalblarida o‘t bilan navrasnihollar asta tarqashdi.
Mirodil Obidov tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 2-son