Sobir Rustamxonli. Singil (hikoya)

Men bu uyning shabada tez-tez yo‘qlab tura­digan baland, salqin ayvonini ham, yong‘oq yog‘ochidan qurilgan chorxari xonalarini ham, ota-onasidan erta ajralib, urush yillarida bir-birining pinjiga tiqilib jon saqlagan aka-singilni ham ko‘rmagan edim. Bular men tu­g‘ilmasimdan avvalgi gaplar.
Esimni taniganimdan beri o‘sha, ko‘hna xirmon­joyning kungay tarafida, behi daraxtlari ora­sida do‘mpayib turgan xarobalarni ko‘rganman, xolos. Biroq negadir bu xarobaning yog‘ochlari ish­latishga yaroqli bo‘lsa-da, ularni hech kim tashib ketmagan. Uy odamlarning ko‘z o‘ngida kundan-­kun kichrayib, ko‘rimsiz tepalikka aylanib borardi.
Bu kimsasiz hovli biz, qishloq bolalarining o‘yin maydonchasiga aylangandi. Yozda bu yerda kuni­miz chillak, eshakmindi o‘yini, qishda yaxmalak otish bilan o‘tardi.
Bu uyning haqiqiy egasi bilan oradan yillar o‘tib, Bokuga o‘qishga kelganimda tanishdim. Sha­harda biror tanishimiz bo‘lmagani uchun menga bir paytlar qishlog‘imizdan bosh olib chiqib ketgan, men umrimda ko‘rmagan bir kishini qidi­rib topishimni aytishgandi. U shahar atrofidagi qasabalardan birida yashashini, o‘sha atroflarda uni tanimagan-bilmagan odam kam topiladi, de­yishgandi. Rostdan ham oldimdan chiqqan birinchi odamdan so‘rashim bilan u menga madaniyat saroyi orqasidagi mahallani ko‘rsatib yubordi.
Ikki qavatli tosh uylarning hovlisida, da­raxtlar panasida bir to‘da ayol gurunglashib o‘tirardi. Ularning yoniga borib, Surxayni qidi­rayotganimni aytdim. Ayollar orasidan muloyim yuzli bir ayol ajralib chiqdi:
– Menman Surxay!
Uning bu hazilidan dugonalari kulib yubo­rishdi. Keyinchalik Surxayni, erksinib eri­ning o‘rniga o‘zini ko‘rsatgan Mina xonimni yaxshi taniganimdan so‘ng, nima sababdan bunday dega­nini tushunib oldim.
Urush yillari va undan keyingi vaqtlarda kasb-hunar maktablariga olib kelingan, bilib-bilmay yomon bolalarga qo‘shilib, nojo‘ya yo‘llarga kirib qolgan Surxayni bu yo‘ldan Mina chiqarib olgan, songa qo‘shgandi.
Birinchi ko‘rishganimda bu ayolning yuzida aks etgan muloyim tabassum hali-hanuz esimdan chiqmaydi. Ehtimolki, Surxayni zalolat ko‘cha­si­dan olib chiqqan kuch ham uning ana shu jozibali tabassumi bo‘lgandir?
O‘sha kuni Surxay uyga kech qaytdi. Kayfiyati yaxshi edi. Keyin bilsam, haqiqiy futbol jinnisi ekan. O‘sha kuni o‘yin uni quvontiradigan natija bilan tugagan ekan.
Eshik oldida Mina unga nimadir dedi. Keyin Surxay men tarafga quchoq ochib keldi:
– Qani-­qani, jiyan, xush kepsan! Qadamingga ha­sanot.
Shu-shu u bilan tog‘a-jiyan bo‘p ketdik.
Surxay deganlari eti ustixoniga yopishgan, ozg‘in yuzlarini erta ajin bosgan, ammo mard, tutgan yeridan kesadigan, o‘ttiz uch-o‘ttiz to‘rt yoshlardagi chapani bir kishi ekan. Gapirayotganida qoshlari ko‘tarilib tushar, xuddi qaysidir rolni mahorat bilan o‘ynayotgan aktyorni esga solardi.
Qishloq, esida qolgan odamlar haqida azbaroyi sog‘inch yoki qiziqishdan emas, shunchaki meni gapirtirish uchun so‘rayotgani sezilib turardi.
– Uyimizni qanday topding?
– So‘rab-so‘roqlab kelaverdim.
– Ziyrak bola ekansan.
Kamtarinlik bilan boshimni egib, kulimsirab qo‘ydim. U shu tariqa tanigan-bilganlarini birma-bir so‘roqlab chiqdi. U qishlog‘imizning nainki odamlari, balki ko‘chalari, daraxtlari, dalalari, qir-adirlari, tog‘ etagidagi qoyalaru ungurlarni, buloqlarini birma-bir esga olar, xuddi kuni kecha qishloqdan chiqib kelganga o‘xshardi.
Mina mening fikrimni o‘qiganday izoh berdi:
– Nega hammasini bunchalar aniq esda saq­laganidan ajablaman. Kasb-hunar maktabidan qochib, ancha payt qishloqning qir-adirlaridan bekinib yurgan bu. Axiyri, kunlarning birida o‘zi qaytib keldi.
– Shirkatning raisi men tufayli odamlarni siquvga ola boshlagach, o‘zim qaytvordim. Qochib yurganimdan nima naf chiqardi?
U boshini egib, bir zum jim turdi, keyin menga yuzlandi:
– Bizning uyimiz buzilib ketgandir?
– Egasiz uy boshqa nimayam bo‘lardi? – yana gapga aralashdi Mina.
Nazarimda Mina Surxayning kechmishi, qish­log‘i, tanish-bilishlari haqida hamma narsani yaxshi bilardi.
– Uy-joy, qishloq o‘z yo‘liga. Men faqat sing­limni o‘ylab siqilaman. Nima bo‘ldi? Qayoqqa opketishdi? O‘ldimi-qoldimi, bilolmayman…
Uning singlisi borligini endi eshitishim edi. Keyingi suhbatlarimizda ham u singlisi haqida juda ko‘p gapiradigan bo‘ldi. Shu-shu Surxay bilan aka-uka kirishib ketdik.
Mening kelishim Surxay va qishlog‘imiz o‘rta­sida uzilgan rishtalarni qaytadan ulab bo­rardi.
Uni, ota-onasini tanigan keksalarning ko‘pi rahmatli bo‘lib ketgan. O‘zining aytishicha, uni qishloqdan quvib chiqarganlarning, mushtdek no­ra­sidalarni ham zo‘rlab qurilishlarga, ota-onasidan ajralganlarni yetimxonalarga jo‘nat­ganlar ham u yerni tark etgan, ularning o‘lik-tirigini biladiganlar ham qishloqda juda oz qolgandi.
Endi esa, bir paytlar u bosh olib chiqqan qishloq uning ko‘z oldida qayta jonlangan, garchi “U yerda mening kimim bor”, desa-da, qishloqqa borgisi kelayotganini yashirmasdi. Bu haqda gap ochganida, ko‘zlarida sirli bir qayg‘u zuhur etar, nigohlari so‘lg‘in bir umid bilan porlardi:
– Balki singlimning biror daragini to­par­man? Balki arxivlardan, idoralardan so‘rab-su­rishtirib ko‘rsammikin?
Suhbatlarimizning avvaliyu oxiri shu edi. Singlisini bir umr yo‘qotganiga hanuz ishona olmas, mening kelishim, qishloq bilan bog‘liq xotiralarning uyg‘onishi uning yarasini ham yangilagan edi. Uning singlisi bilan bog‘liq suh­batlarning g‘amgin in’ikosi Minaning avvalgi eridan bo‘lgan qizi Malohatning, Surxaydan tu­g‘ilgan jajji Mohirning ham yuzlariga cho‘­kardi.
Go‘yo bu uyda hech kimning ko‘ziga ko‘rinmay, singil ham yashab kelar, uning qachonlardir to­pilishiga ham umid ko‘zi bilan qarardi.
– Hozir yigirma olti yoshga kirgan bo‘lardi. Agar sog‘-salomat bo‘lsa, allaqachon bir xonadon­ning bekasi bo‘lgandir? Bolalari ham bordir? Hozirgacha turmush qurmasligi mumkin emas. Bolalikdan juda chiroyli qiz edi.
Keyin Surxay yigirma bir yildan beri xayo­lida saqlab kelayotgan besh yoshli singlisining ko‘rinishini tavsiflashga tushardi. Bu tasvirlar shu qadar oydin va jonli ediki, hammamiz uni ko‘rishimiz bilan taniy olardik, go‘yo.
Surxayning ozg‘in, sodda yuzlariga, qalin qoshlari ostidan odamning yuziga emas, xuddi yuragiga qadalgan ko‘zlariga qarab, o‘zining ay­tishicha, unga juda-juda o‘xshab ketadigan Qizil­gulning qiyofasini tasavvur qilish qiyin­mas­di. Surxayning gaplaridan so‘ng ko‘z oldimda hamisha akasining sog‘inchi, hasrati bilan yashayotgan, ko‘zlari g‘am-g‘ussa va intizorlik bi­lan to‘la, sa­ranjom-sarishta, aqlli bir juvon gavda­lanardi.
Bir kuni Surxay ko‘rgan tushini hayajon bilan gapira ketdi:
– Bir chetda seskanib turganmish. Chaqirsam, kelmasmish. Senga nima keragim bor, shuncha payt men bilan deyarli yonma-yon yashab kelding, lekin bir marta so‘roqlab bormading. Endi nima ham qilarding meni, dermish…
Chindan ham uning nazarida £izilgul shu yaqinlarda yashayotgan bo‘lishi kerak edi. Balki shu qasabada, balki Bokuning biror tumanida… Axir uni ham ertami-kechmi shu taraflarga olib kelishlari lozim edi. Yana qayerga ham olib ketishlari mumkin? Agar boshqa mamlakatga olib ketishganda ham, bari bir aqlini tanib, o‘z yurtiga kelishi kerak edi. Tug‘ilgan qishlog‘i, tumani, ota-onasining ismi esidan chiqqanda ham, Bokuni unutib yuborishi mumkinmas. Balki ismini ham o‘zgartirib yuborishgandir? Axir urush paytlari bunaqa chalkashliklar ko‘p bora yuz bergandi.
– Hozir ham qayerdadir unga duch kelib qolsam, uni taniyman. Hatto o‘n yildan keyin ham ta­niyman.
Nazarimda, u har kuni shaharga bir ilinj, umid bilan chiqardi. Ko‘zlari hamisha har to­monga nigoron kezardi. Uning uyida yashab yur­gan kezlarim menda ham £izilgulning sog‘-omon ekaniga, shu yaqinlarda yashab kelayotganiga ishongan edim. Shaharga chiqqanimda ham qiz-juvonlarga qarab, ularning yuzlaridan Surxayga o‘xshash qir­ralarni izlashga odatlangandim.
Bu orada kirish imtihonlari ham tugadi, tala­balar safidan ham joy oldim.
O‘qishga kirgan kunim Surxay o‘z va’dasiga ko‘ra bu quvonchli voqeani nishonlashga alohida hozirlik ko‘rib qo‘ygan ekan. Hamma dasturxon atrofida jam bo‘lib o‘tirganda Surxayning bir oz kayfi oshib qoldi.
– Erta qishloqqa jo‘nayman. Uch-to‘rt kun turib kelaman. Xo‘p desangiz, birga borib kelamiz.
– Bo‘pti, – dedi Surxay dangallik bilan. – Agar sen bilan bormasam, keyin borolmasligim mumkin.
…Qishloqda mening o‘qishga kirganimdan ko‘­ra ko‘proq Surxayning qaytib kelgani katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Qishloqning katta-ki­chigi “Karvon ko‘rdi”ga yig‘ilib kela boshladi. Surxay taniganlarini tanir, tanimaganlarning kimligini bizdan so‘rab olardi. U ketganidan keyin tug‘ilgan bolalarni esa, o‘z fahmi bilan tanib olishga urinardi:
– Bu falonchining o‘g‘liga o‘xshaydi. Bunisi pistonchining qizimi, deyman? Manavi bola fa­lonchilardan bo‘lsa kerak…
Bir kun ichida butun qishloq bilan qayta ta­nishib chiqdi, desayam bo‘ladi. Ertadan kechgacha qishloq ko‘chalarini kezib chiqdi. Odamlar orasida, maktab hovlisida, bekorchi yoshlar to‘planadigan yalanglikda bo‘ldi. Shu tariqa uch­-to‘rt kun o‘tdi. Faqat kechqurunlari tunagani biznikiga kelardi.
Chehrasi ancha ochilib, shahardagi jiddiy, qosh-qovoqli qiyofasidan asar ham qolmagandi. Faqat eski uylaridan og‘iz ochmadi. Uzoqdan bo‘lsa-da, o‘sha xarobaga ko‘zi tushgan bo‘lishi kerak. Iloji boricha o‘sha tomonlarga kamroq o‘tishga harakat qilardi.
Bir kuni qarasam, ko‘chada uni Avaz oqsoqol gapga solib turgan ekan.
– Xudoga shukur, ko‘rinishing yaxshi, o‘zingni ko‘rmasak ham, unisi-bunisidan eshitib turamiz. Urushni boshlaganning uyi kuysin, bolam. Ham­maning yuragida bir dog‘ qoldirib ketdi. Endi yilda bir marta bo‘lsayam kelib tur. O‘z ota yurting, uy-joyingni tuzat…
– Bunaqa ota yurtning menga nima keragi bor? Kimim bor bu yerda? Uy-joyni kimga qoldiraman? Aka-ukam, qarindoshim bo‘lmasa…
– Unaqa dema, bu qishloqning bari senga qa­rindosh.
– Shu eski xaroba sizga qolaversin. Kimga xoh­lasangiz bering. Uy-quradimi, boshqa qiladimi? Ana, bog‘imiz joyida turibdi. Yer-suvi yaxshi…
– Sen-chi? Eshitishimcha oilang, o‘g‘il-qizing bor ekan.
– Qiz menikimas, onasi bilan kelgan. Otasi o‘lgan.
– Sen katta qilyapsanmi, uyam sening bolang. O‘g‘lingning ona bir singlisi. Ular keladimi-kelmaydimi, bari bir ota-onangni chirog‘i o‘chib qolmasin bu yerda.
– Bu yerda chirog‘im allaqachon o‘chib ketgan. Uni siz o‘chirdingiz… Bo‘lmasa, kelardim ham, hovli-joy ham qilardim. Yetim, hech kimi yo‘q, dedinglar. Unga oila qurishni kim qo‘yibdi, dedinglar. Bola­likdan beshikkerti qilinganimizga qaramay, Farajning qizini qo‘shni qishloqqa uzatdinglar. Oqsoqollik ham shunaqa bo‘ladimi?
Avaz ota lablarini qimtib, jim qoldi.
– Haliyam esingda ekan-da, – dedi nihoyat jim­likni buzib. – Bizda nima ayb? Qizning otasi rahmatli otangga bergan lafzida turmadi. Sening esa yurish-turishing… O‘lik-tiriging ma’lum bo‘lmagach, olib o‘tirarmidi? Qizini uzatdi-qo‘y­di-da!
“Farajning qizi” haqida endi eshitib turi­shim edi. Bu haqda avval Surxayning o‘zi hech narsa demagan. Surxay qishloqdan o‘n uch, o‘n to‘rt yoshida chiqib ketgan bo‘lsa, Farajning qizi bilan “oldi-berdi” qilishga qachon ulgura qoldiykin? Balki orada yana bir-ikki bora qishloqqa kelib-ketgandir? Xullas, keyin ham bu to‘g‘rida og‘iz ochishni ep ko‘rmadim.
O‘sha oqshom Surxay anchagacha uyimizga qaytmadi. O‘zim axtargani chiqdim. Yo‘lni qisqartirish uchun o‘sha, eski vayrona yonidan o‘tib borardim. Tepalikdan kimningdir qorasini ko‘rdim. Har qa­lay, uni Surxay deb o‘yladim. Adashmabman. U qachon­lardir zinapoya vazifasini o‘tagan. Hafsala bilan mohir sangtarosh tomonidan silliqlab yo‘nilgan oppoq tosh ustida xayol surib o‘tirardi. Meni ko‘rishi bilan o‘rnidan turdi.
– Bari bir qishloqqa qaytib, bu yerda bir imo­rat quraman!
Bu qarorga u qay darajadagi taraddud va taxay­yul natijasida kelganini bilmasdim. Surxayning yuzida nimadir yo‘qotganini endigina anglagan odamning sarosimasi aks etardi.
…Surxay qishloqda yurganida keksalardan, yoshi katta odamlardan singlisining taqdirini so‘­roqlab yurdi. Ammo, biror umidbaxsh so‘z eshit­madi. Deyarli hamma tafsilotlar bir-biriga o‘xshab ketardi. Akasi kasb-hunar maktabiga ketganidan keyin singlisini tumandan kelib bolalar uyiga opketishgan. Keyinchalik tuman markazidagi bolalar uyi yopilib, bolalar boshqa muassasalarga tarqatib yuborilgan. Keyin hech kim qizchaning taqdiri bilan qiziqmagan…
Surxay tuman markaziga ham borib keldi. Nima ish qilganini aytmadi. Kelishi bilan Bokuga qaytishimiz kerakligini aytdi.
– Yur, ketamiz, hali seni ham borib, yotoqxonaga joylashtirib kelishim kerak.
Qaytdik. Darslar boshlandi. Surxayning uyiga tez-tez borib turardim. Bir kuni borsam, ta’bi xira tortib o‘tiribdi. So‘rashgan bo‘ldim.
Qishloqdan qaytganidan beri shunaqa bezov­talanib qoldi, deya erining o‘rniga javob berdi Mina.
O‘sha kuni Surxay meni yotoqxonaga yubormadi. Havo izg‘irin va sovuq edi. Yomg‘ir simillab tu­rardi. Gazda kabob pishirib yedik.
– Shu paytgacha ne-ne idoralarga bosh urib bormadim. Nom-nishoni yo‘q. Ishli odamman. Har doim yugur-yugurga vaqtim yo‘q. Xat yozay desam, savod haminqadar…
Shunday qilib, oyda bir-ikki marta Surxay­ning uyiga maktub yozish uchun keladigan bo‘ldim. Tuman arxiviga, harbiy komissariatga, eski bolalar uylarining o‘zimiz gumon qilgan man­zillariga… Qish bo‘yi yozgan xatlarimizning ko‘pi javobsiz qoldi. Kelgan javoblarda ham tayinli gap yo‘q edi. Axiyri xatbozlikdan ham Surxayning hafsalasi pir bo‘ldi. Ish ko‘pay­dimi, yo umidi tamom uzilishidan qo‘rqdimi, har qalay, singlisini qidirmay qo‘ydi. Men ham o‘z ishlarim bilan bo‘lib ketdim. Shu tariqa oradan besh yil ham o‘tdi-ketdi. Surxay og‘iz ochmasa-da, men Qizilgulni tez-tez yodga olar, lekin birinchi kursda yozilgan maktublarning besamar ketganini o‘ylab, umidsizlikka tushardim.
O‘sha paytlarda ilmiy-tadqiqot institutlari­dan birida ishlardim. Shanba-bozor kunlari vaqt topib, Surxayning yoniga o‘tib turardim. U ham mening kelib-ketishimga o‘rganib qolgan, shuning uchun ancha payt bormay qolsam, mendan ranjib qo‘yardi.
Bir gal Surxay frontda topishgan do‘stlarning uchrashuvi haqida qaysidir gazetada o‘qib qopti. Shu-shu yana uning yuragida so‘nayozgan umid uch­qunlari qaytadan alanga oldi. Yana u yer-bu yerlarga xat yozishga kirishdik. Ammo, bu galgi izlanishlarimizdan ham naf chiqmadi. Bu esa, Surxayning ruhiyatiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qol­madi. Ba’zan Mina uni yupatib, taskin bergan bo‘lardi:
– U paytlarda singling yosh bola edi, birov uni farzandlikka olgandir. Balki o‘z ismini, tu­g‘il­gan yerini esidan chiqarib yuborgandir? To‘rt-besh yoshli bolaning esida nimayam qolardi?
Surxay esa keskin bosh chayqardi:
– Yo‘q, singlim juda ziyrak edi. U kunlarni unutib ham bo‘lmaydi. Aqlini tanigan qizcha edi. Yetimlikda, sovuq uyimizda och-nahor javdirab tong ottirardik. Bechora o‘sha paytdanoq taqdirga tan bergandi. Biror marta yig‘laganini, shikoyat qilganini eslolmayman. Uning ko‘zlarida o‘n besh-o‘n olti yoshli qizning nigohlarini ko‘rardim. Ishonamanki, u soppa-sog‘, unga hech narsa bo‘lmagan.
Qizilgulning taqdiri meni ham tez-tez be­zovta qiladigan bo‘lib qoldi. Ishda, do‘st-tanish orasida shu haqda so‘z ochardim. Shunda og‘ay­nilarimdan biri televizordan beriladigan harbiy ko‘rsatuvga xat yozishni maslahat berdi. Ijara uyimizda televizor yo‘qligi uchun shunday ko‘rsatuv borligini bilmasdim.
Surxayga hech narsa demasam-da, ko‘rsatuvga xat yozib yubordim. Bunaqa xatlardan ko‘pini yoz­ganim uchun biror ish berishiga ko‘zim yetmasdi. Ammo bilardimki, ishdan qaytgan Surxay tele­vizorning yonidan jilmaydi. Bu xatni o‘qib eshittirishganidan albatta xabar topib, loaqal xursand bo‘ladi.
Rostdan ham ikki hafta o‘tib, maktubni o‘qib eshittirishdi. O‘sha ko‘rsatuvni Surxay ham ko‘­ribdi. Albatta, o‘z hayoti, kadarli kechmishini televizordan, oliy rutbali boshlovchining ti­lidan eshitish Surxay singari oddiy, umri zavod­ning beton devorlari orasida o‘tayotgan kamsavod odam uchun katta gap edi.
Keyin men ta’tilga chiqib ketdim. Qaytib, institutdagi ishlar bilan andarmon bo‘lib, ikki oygacha Surxayning oldiga borolmadim. Keyingi borishimda Minani birinchi marotaba ko‘rgan joyimda, xotin-xalaj davrasida uchratdim. Meni odatiy xush tabassum bilan qarshi oldi.
– Xush kelibsan. Surxayning singlisi topil­ganidan xabaring bormi?
– Nahotki, – turgan yerimda qotib qoldim. – Nega avvalroq aytmadinglar?
– Bilmadim, Surxay senga aytishi kerak edi-ku!
Mina jim qoldi. Unga savolomuz tikildim. Nazarimda bu xushxabarni u allaqanday noxush ohangda aytgandek edi.
Nimadir o‘zgarishi kerak edi. Beixtiyor ko‘z oldimda singlisining topilganidan quvo­nib, esdan og‘ayozgan Surxayni ko‘z oldimga kel­tirdim. Go‘yoki, yillab ne-ne mashaqqatlar bilan qidirilgan ulkan xazina kutilmaganda oyoq osti­dan chiqib qolgandek edi. Ich-ichimdan quvonch toshib kelardi. O‘zimni katta bir xayrli ishning boshida turgan qahramon odamdek his qilardim. Hozir Surxay chiqib, behad xurramlik ila qarshi oladi, mahkam bag‘riga bosib, minnatdorchilik bildiradi. “Jiyan, singlimni sen topib berding. Kam bo‘lma, umringdan baraka top”, deya alqaydi…
Qaytib, Minadan Qizilgulning qanday, qayer­dan topilgani, shu paytgacha qayerda yashagani, kim topib keltirgani, hamma-hammasini butun taf­siloti bilan so‘rab olgim keldi. Ammo, uyga kirgandan hammani bir boshdan savolga tutish odobdan emas. Bu paytda Mina yana xotinlar dav­rasiga qaytib, tamomila boshqa bir mavzuda bahsga kirishgandi.
Ikki qavatli uyning zinalaridan yuqorilab, tanish uy qo‘ng‘irog‘ini bosdim.
Eshikni Surxayning o‘zi ochdi.
– Ke, jiyan, daraging yo‘q? Anchadan beri yo‘q­lamay qo‘yding?
Nazarimda, u hammadan avval o‘z quvonchini men bilan baham ko‘rishi kerak edi. Yechinib, dahlizga o‘tganimda orqamdan kelib sekin pichirladi:
– Minani hovlida ko‘rdingmi? Senga hammasini aytgandir?
– Muborak bo‘lsin, singlingiz topilibdi.
– Ha, topildi, lekin…
– Nima, lekin?
– Keyin… keyin gapirib beraman, hozir yur, seni tanishtirib qo‘yay.
Surxay bilan oldinma-keyin oshxonaga kirdik. Kichkina oshxonada, idish-tovoq to‘la shkaf va xontaxta o‘rtasida arang joylashtirilgan stulda bir ayol burishibgina o‘tirardi. Meni ko‘rib qo‘zg‘aldi. Unga qararkanman, ko‘z oldim qorayib ketdi. Minaning ovozidagi yashirin kadarni ham, Surxayning loqayd, sovuq javoblarini ham endi tushungandek bo‘ldim. Qarshimda stoldan salgina balandroq, qiyshiq qo‘l-oyoqlari bilan qandaydir jonliqni eslatadigan, bukri, paxmoq sochlari orasidan faqatgina ko‘zlari, tishlarining oqi ajralib ko‘rinadigan bir mavjudot o‘tirardi. Bir qarashda kimdir uning tana a’zolarini bo‘laklab tashlagan-u, keyin yana shoshma-shosharlik bilan birlashtirib chiqqanga o‘xshardi. U mening qay ahvolga tushganimni payqamay, inson tabassumiga o‘xshamaydigan, faqat qiziqish va hadiksirashga moyil bir kulimsirash bilan qo‘l uzatdi.
Shu payt xonaga Mina kirib keldi va o‘ziga xos vazminlik, muloyimlik bilan:
– Tanishinglar, bu Qizilgul, Surxayning sing­lisi, bu esa… – deya meni unga tanishtirdi.
Qizilgul nimalarni o‘ylayotgani, nimalarni his qilayotgani sezilmaydigan nochor chehrasidagi so‘nik tabassumida bir lahzagina mamnuniyat ifodasi qalqdi. Keyin esa, yuzi nimadandir uyalgandek bir oz qizarindi. Boshini quyi solib, yana burchakka qisildi.
Biz xonaga qaytdik. Surxayga nima deyishni bilmasdim. Jim televizor tomosha qilarkanmiz, nimagadir o‘zimni aybdordek his qila boshladim. Keyin ovqat suzib kelindi. Bir qadahdan aroq ichilgachgina, Qizilgulning qanday topilganini so‘rashga jazm etdim. U Boku qasabalaridan birining nomini aytdi. Chindan ham bu qasaba Surxayning uyiga yaqin edi. To‘quvchilik kom­binatining yotoqxonalaridan biri ham shu yerda joylashgandi. Qizilgul ham o‘sha yotoqxonada yasharkan, kimdir ko‘rsatuvda o‘qilgan maktubni eshitib, qizni akasining uyiga olib kelibdi. Surxay sigareta tutatib, o‘ychan gap qotdi:
– Bechoraning boshiga ancha-muncha musibatlar tushibdi. Bolalar uyini tumandan Bokuga ko‘chirib kelishayotganda tog‘ yo‘lida mashina halokatga uchragan. Bolalarning ko‘pi halok bo‘lgan, Qi­zilgul omon qolgan. Arang oyoqqa turg‘azishibdi. Sho‘rlikning umri kasalxonada o‘tibdi. Miyasi qattiq chayqalgan ekan. Otidan boshqa hech narsani bilmaydi. Hatto meniyam eslolmadi. Tuzukroq gapirolmaydi ham.
O‘sha oqshom Surxay ko‘proq ichgani uchun fikr­larini jamlolmay qolgandi. Hamma uyquga yotga­nidan keyin ham u bilan suhbatlashib o‘tirdik. O‘shanda yana gap Qizilgulga borib taqaldi, bu gal boyaqish aka ko‘z yoshlarini tiyib turolmadi. Uning yig‘laganini faqat o‘shanda ko‘rganman.
Men nima deyishni, uni qanday yupatishni bilmasdim. Tushundimki, uning hayoti tamomila o‘zgargan, butunlay boshqa bir oqimga tushgan edi. Bolalik xotiralari tugagan edi. Yillar davomida yuragida yashab kelgan umidlar so‘nib bo‘lgandi.
– Mening singlim shunaqamidi? Endi dar­dim­ni kimga aytay, jiyan? Kimning yoqasidan tu­tay? Bechoraning ahvolini qara!
Surxay gapirayotib, tez-tez dastro‘moli bilan ko‘zlarini artib qo‘yardi.
Saharlab chiqib ketib, bir necha oy Surxayning uyiga kelolmadim. Vaqt topganimda ham, qanday­dir his meni yo‘ldan qaytarardi. Bir gal Surxay bilan stadionda uchrashib qoldik.
– Yur biznikiga.
Borishga rozi bo‘ldim. Bir oz bezovta ko‘rinardi. Nazarimda nimanidir so‘rab qolishimdan qo‘rqa­yotgandek edi. Shuning uchunmi, o‘zi gap ocha qoldi.
– Haligi… Qizilgul ketdi.
– Nimaga?
– Yotoqxonadan qizlar kelib opketishdi. Bir-ikki marta qochib ketgandi. Endi butunlay ketdi. O‘zim qaytib kelma, dedim. Men avval ham uning singlim ekaniga shubhalangan edim. Kim bilsin, shu bahona mening issiqqina, tinchgina uyimga kirib olmoqchi bo‘lgandir?
Uning yelkasidan tog‘ ag‘darilgan edi, go‘yo. Yura­gim sanchdi. Nazarimda uni birinchi marta ko‘rib turardim. Ertayu kech singlisining ismini tili­dan qo‘ymay kelgan Surxay shu emasmidi?
– To‘g‘risi, o‘zing ayt, menga o‘xshamasdi-ku!
Men bor-yo‘g‘i bir necha daqiqagina ko‘rgan o‘sha nochor qiyofani ko‘z oldimga keltirishga urin­dim. Paxmoq, chigal sochlar. Badbashara yuzlar. Yo‘q, u Surxayning singlisi edi. Hozir anig‘ini ay­tolmayman-u, lekin qizning yuzlarida Surxayga tortadigan allaqanday chizgilarni ko‘rganman. Uning Qizilgul ekanligini qalban his etganman. Ha, u Surxayning bir qorindan talashib tushgan singlisi edi.
– Uydan har kuni nimadir yo‘qoladi, nimadir sinadi. O‘zing o‘yla, kimligi, qanaqaligini no­ma’lum bir begonani uyimda qanday olib o‘tiraman?
Surxayning o‘z so‘zlariga o‘zi ham ishonmayotgani sezilib turardi. Faqat izoh etish mushkul bo‘l­gan bir his uni uzoq vaqt qidirib topgan jigar­bandidan yuz o‘girishga majbur etayotgandi.
U o‘z singlisidan uyaldi.
Surxayga nima deyishni bilolmadim. Ammo, yuragimda nimadir chirt uzilganini his etdim…
Endi Surxayning singlisi haqidagi suhbatga nuqta qo‘yilgan, go‘yo singil o‘lgan edi.

Ozarboyjon tilidan Rustam Jabborov tarjimasi