– So‘nggi paytda odamlar negadir juda tund bo‘p ketayotir, – dedi pivoxona xo‘jayini. – Bu ob-havoning ta’siridan. Osmon to‘la bulut, qovog‘ini ochay demaydi. Yomg‘ir quygani-quygan. Tund bo‘lmay ilojing yo‘q. Nima ham deysan Odamzot – hom sut emgan ojiz banda-da.
U gapining tasdig‘ini kutgandek menga qaradi. Indamadim. Aytilgan fikr mening sharhu shahodatimga muhtoj emasdi. Yurakni ezadigan og‘ir sukunat cho‘kdi. Pivoxona og‘asi stakanlarni yuvish bilan mashg‘ul. Bir payt eshik ochilib, ostonada oq sochli kichkinagina ayol ko‘rindi.
– Bizning xo‘jayin bu yerda ko‘rinmadimi? – deb so‘radi u.
– Xo‘jayiningiz kim ekan?
Ayol kimligini aytdi. Mayxonachi o‘ylanib turdi-da, tuzuk-quriq biror narsani eslay olmadi, chamasi, boshini irg‘adi:
– Yo‘q, tanimas ekanman.
– Nega tanimaysiz? Barvasta, qo‘ng‘ir mo‘ylovli, davangirday odam.
– E-e, o‘zimizning Kor demaysizmi! – debi hitob qildi xo‘jayin. – Korni juda-a yaxshi taniyman-da. Lekin bir-ikki haftadan beri unga ko‘zim tushmadi.
Ayol boshini asabiy silkitdi.
– Kasalxonada edi. Operatsiya qilishdi.
– Ob-bo, – boshini chayqadi xo‘jayin. –Chatoq bo‘pti-ku!
Bu yangilik uni mutlaqo ajablantirmadi.
– Bugun xo‘jayinim birinchi marta ko‘chaga chiqdi, – deb gapida davom etdi ayol. – Mabodo, bu yerga bosh suqsa, sizdan iltimos, unga ayting, ichimlik degan narsani aslo og‘ziga ola ko‘rmasin. Operatsiyadan keyin mutlaqo ichishi mumkin emas. Do‘xtir qat’iyan man qilgan.
– Bo‘masam-chi, – deb ming‘irladi pivofurush.
– Aytasiz-a?
– Albatta, aytaman.
Eshik oldiga yetganda ayol yana ortiga burildi va tortinibroq iltimos qildi:
– Yana aytingki, tezda uyga borsin.
– Xo‘p, – deb va’da berdi xo‘jayin.
Ayol ketishi bilan xo‘jayin yana stakanlarni yuvishga kirishdi. Bo‘lgan suhbat haqida og‘iz ochmadi. O‘n daqiqacha o‘tdi. Eshik tag‘in ochilib, qo‘ng‘ir mo‘ylovli besunaqay bir odam kirib keldi.
– O‘-o‘, do‘stim Kor! Bormisan, omonmisan! – deb xushnud qarshi oldi uni xo‘jayin.
Kiprigini pirpiratgancha bir lahza turib qolgan Kor, “bir qultumgina” deyishga ham ulgurmadi. Shishaning qultillagani eshitildi. U qadahni shartta ko‘tarib, labiga olib bordi va huzur qilib sipqordi.
– Bugun birinchi marta uydan chiqishingmi, deyman?
Mijoz boshini sarak-sarak qildi.
– Sen qayerdan bilasan?
– Xotining aytdi.
– Xotinim keldimi?
– Hozirgina kelib-ketdi.
– Tinchlikmi? Nega kelgan ekan?
– Bilmasam, – dedi xo‘jayin.- Senga ichish mumkin emas, dedimi-ey. Zudlik bilan uyga borarmishsan.
Mijoz jilmaydi. Jilmayishida muloyimlik jilva qilganday bo‘ldi.
– Yana bitta quy-chi, – deb iltimos qildi u.
Ruschadan Qulman Ochilov tarjimasi.