Seneka. Vaqtingni boy berma

Lutsiliyga maktublar

Birinchi maktub

Lutsiliyga Senekadan salom!
Lutsiliy, xuddi shundoq yo‘l tutgin! O‘zingni o‘zing qo‘lga ol, avvallari sendan tortib olishgan yoki o‘g‘irlashgan, bekor o‘tgan vaqtni tejagin va yig‘ingin.Men haqiqatni yozayotganimga ishonch hosil qil: vaqtimizning bir qismini kuch bilan tortib oladilar, qolganini o‘g‘irlaydilar, yana bir qismi bekorga o‘tadi. Lekin eng uyatlisi o‘zimizning e’tiborsizligimiz tufayli yo‘qotganlarimizdir. O‘zing yaxshilab nazar solgin: umrimizning eng ko‘p qismini bema’ni ishlarga ketkazamiz, undan qolgan qismini bekorchilikka va bir umr kerak bo‘lmagan ishlarga sarflaymiz. Menga vaqtning qadriga yetadigan, umrning bir kuni qanchalar qadrli ekanligini anglaydigan, soat sayin o‘limga borayotganini tushunadigan insonni ko‘rsata olasanmi? Bizning halokatimiz ham shunda-da, o‘limga hali erta, deb qaraymiz; umrning kattagina qismi esa ortimizda qolgan, axir, qancha yillar oqib ketgan bo‘lsa, barchasi o‘limga tobe. Menga qanday yozayotgan bo‘lsang, shunday yo‘l tut, Lutsiliy, biror soatni qo‘ldan boy berma. Bugungi kunni qo‘lingda tutib qololsang, keyingi kunga shuncha kam bog‘liq bo‘lasan. Keyinga qoldirib o‘tiraversang, butun umr o‘tib ketadi. Qolgan hamma narsa begona, faqat vaqtimiz o‘zimizniki. Tabiat bizga faqat tutqich bermas oqar vaqtni ato etdi, ammo uni ham kim hohlasa tortib olaveradi. Odamlar esa nodon: arzimas, arzon va oson to‘lash mumkin bo‘lgan nimanidir qabul qilib, o‘zlari bilan hisob-kitob qilishlariga yo‘l qo‘yadilar; biz vaqtimizni ajratganlar esa bizdan minnatdor ham bo‘lmaydilar, holbuki, yaxshilikni biladiganlar ham mana shu vaqtni qaytarib berolmaydilar.
Senga yo‘l ko‘rsatishga jur’at qilganim to‘g‘risida ham savol berishing mumkin. Chin dildan tan olib aytamanki, xarajat qilganda hisob-kitobni aniqqiladiganlar kabi, men qancha sarflaganimni yaxshi bilaman. Hech narsa yo‘qotmayapman, deya olmasam ham, qancha, nima uchun va qanday qilib yo‘qotayotganimni va kambag‘alligim sababini ayta olaman. Men qashshoqlikka tushib qolishigao‘zining nuqsonlari sabab bo‘lmagan odamlar qatoriga kiraman; hamma meni kechiradi, lekin hech kim yordam bermaydi. Xo‘sh, nima bo‘pti shunga? Menimcha, kimki oziga qanoat qiladigan bo‘lsa, kambag‘al emas. Lekin sen o‘z qo‘lingdagini asragin: axir, buning ayni vaqti-ku! Ajdodlarimiz bekorga aytmaganidek, bir qatra qolganida tejamkor bo‘lishning foydasi yo‘q. Ustiga ustak, bu holda, nafaqat kam, balki eng yoqimsizi qoladi. Salomat bo‘l.

Ikkinchi maktub

Lutsiliyga Senekadan salom!
Menga yozganlaring ham, eshitganlarim ham sen to‘g‘ringda menda katta umid uyg‘otadi. Sen sayohat qilmaysan, o‘z o‘rningni o‘zgartirish bilan o‘zingga tashvish tug‘dirmaysan. Axir, bunday sang‘ishlar, aslida bemor qalbning belgisi. Menimcha, qalb xotirjamligining ilk nishonasi – bu bir joyda muqim yashash va o‘z-o‘zi bilan qolishda. Ammo bir qara: ko‘plab yozuvchilarning asarlarini, turli-tuman kitoblarni o‘qish daydishva ko‘chmanchilik, degani emasmi? Agar ko‘ngilda biror narsa qolishini hohlasang, biror buyuk aql egasi bilan uzoqroqqolishing kerak. Kim har yerda yursa, u hech yerda muqim emas. Kim hayotini sayohatda o‘tkazsa, uning mezbonlari ko‘p-u, lekin do‘stlari bo‘lmaydi. Biror ulug‘ aql sohibi ijodini puxta o‘zlashtirmasdan,shoshib va tez shug‘ullanuvchi kimsa bilan ham xuddi shu holat ro‘y beradi. Agar ovqat chaynamay yutilsa, u tanaga biror foyda keltirmaydi. Dorilarga ruju qo‘yish, tez-tez almashtirib turish sog‘liq uchun eng zararli narsa. Agar yaraga har turli dorini suraversak, uning tuzalishi dargumon. Agar daraxtni hadeb ko‘chirib o‘tqazaversak, u kuch olmaydi. Eng foydali narsa ham shoshilganda foyda bermaydi. Kitoblarning ko‘pligi e’tiborimizni chalg‘itadi, xolos. Shuning uchun qo‘lingda borini o‘qishga imkon topolmasang, o‘qiganingni uqib ol, vassalom.“Lekin, — deysan sen, — ba’zida men bu kitobni, ba’zida unisini ochib ko‘rishni istayman”. — Turli taomlardan totib ko‘raverish – to‘qlik belgisi, ularning turli-tumanligi oshqozonni buzadi. Shuning uchun doim tan olingan yozuvchilarni o‘qigin, mabodo boshqasiga chalg‘isang ham avvalgisiga qaytgin. Har kuni kambag‘allikka, o‘limga, boshqa turli balolarga qarshi tayyorgarlik ko‘rib qo‘ygin… Men o‘zim ham shunday qilaman: o‘qiganlarimdan nimanidir yodlab olaman. Bugun, Epikurda, mana nimaga duch keldim (men ba’zan begonalar orasiga qochoq bo‘lib emas, xufiya bo‘lib kirib olaman-ku): “Xurram kambag‘allik toza narsadir”, deydi u. Lekin, xurramlik bor ekan, bu qanaqa kambag‘allik bo‘ldi? Kimda oz narsa bo‘lsa, kambag‘al emas, balki kim ko‘pini hohlasa, o‘sha kambag‘aldir. Agar u boshqalarnikiga ko‘zini olaytirsa va boriga qanoat qilmay, yana olishni o‘ylasa, uning uchunxumdonida va omborida qancha mol-dunyo borligi, qancha mol boqayotgani va ular qanchaga ko‘paygani muhim bo‘larmidi? Boylikning chegarasi qanday bo‘ladi, deb so‘raysan. Kami – zarur narsalarga ega bo‘lish, ko‘pi senga yetarli bo‘lgani. Salomat bo‘l.

Uchinchi maktub

Lutsiliyga Senekadan salom!
Sen menga atab yozgan xatni do‘stingga berganingni yozibsan. Ammo keyin ogohlantiribsanki, o‘zing ham shundoqqilishing sababli, men senga daxldor hamma narsaniyam u bilan baham ko‘rmasligim kerak ekan. Bu holda, sen bitta xatingda uni do‘stim, deb tan olayapsan va yana rad etayapsan. Agar sen unga nisbatan biz saylovlarda hamma nomzodlarni “mardlar” deb ataganimiz kabi yoki biror tanishning ismini eslolmaganda “janob” deganimiz kabi, “do‘st” deb atagan bo‘lsang boshqa gap. Lekin sen kimnidir do‘st deb hisoblasang va unga o‘zingga ishongandek ishonmasang, u holda sen adashgan bo‘lasan va chin do‘stlik nimaligini bilmaysan. Hamma narsani do‘sting bilan hal etishga harakat qil, ammo avval ularni o‘zing biryoqli qilib ol. Do‘stlashgach, ishongin, do‘stlashguncha bir xulosaga kelgin. Kimki Feofrastning o‘gitiga zid tarzda, bir xulosaga kelgach sevish o‘rniga, sevib qolgach do‘stlashadigan bo‘lsa, u nimani oldin va nimani keyin qilishi lozimligini adashtiradi. Biror kimsaga do‘st bo‘lish xususida uzoqo‘ylagin, lekin do‘stlashgach uni butun qalbing ila qabul et va xuddi o‘zing bilan gashlashgan kabi u bilan qo‘rqmasdan gaplashgin. Shunday yashaginki, dushmanga ishonib bo‘lmaydigan narsani o‘zing ham tan olishingga to‘g‘ri kelmasin. Lekin, modomiki, sir saqlash uchun zarur narsalar bor ekan, unda barcha tashvishlaring va fikrlaringni do‘sting bilan o‘rtoqlash. Uni sodiq deb bilsang, u sodiq bo‘ladi. Ba’zan aldashga aldashdan qo‘rqish orqali o‘rgatadilar, shubhalanish orqali xiyonatga yo‘l beradilar. Nega men u yoki bu narsalarni do‘stim oldida aytolmasligim kerak? Nega men uning oldida xuddi o‘zim bilan o‘zim bo‘lganim kabiman, deb o‘ylamasligim kerak?
Ayrimlar faqat do‘stiga aytish lozim bo‘lgan gaplarni duch kelganga so‘ylayveradilar va kim bo‘lmasin, tinglasa bas, dardlarini aytaveradilar. Boshqalar ular haqida eng yaqinlari ham biror nima bilishidan qo‘rqadilar; ular, agar iloji bo‘lsa, o‘zlariga ham ishonmas edilar, chunki hamma narsani ichlarida saqlaydilar. Unisini ham, bunisini ham qilmaslik kerak, zero hammaga ishonuvchanlik ham, hech kimga ishonmaslik ham ayb. Ammo men shuni ham qo‘shib qo‘ygan bo‘lardim: birinchisi oliyjanobroq, ikkinchisi esa xavfsizroq. Xuddi shu kabi, doim bezovta bo‘ladiganlar ham, doim xotirjam o‘tiradiganlar ham ayblashga loyiq. Axir, mayda tashvishlarga ehtiros faol emas, balki doimiy ravishda bezovta ruhning belgisi va xuddi shunday har bir harakatni og‘ir deb hisoblash xotirjamlik emas, balki erkalik va tartibsizlik belgisi. Shuning uchun men Pomponiyda o‘qigan so‘zlarni qalbingda saqla: “Ba’zilar shu qadar zulmatga o‘ranib olganki, barcha yorug‘ narsalarniham xira ko‘radi”. Hamma narsa uyg‘un bo‘lmog‘i zarur: tinchlikni sevadigan ham harakat qilishi, faol kishi ham tinim olishi kerak. Tabiatdan ibrat olgin: u senga kun va tunni yaratganini aytadi. Salomat bo‘l.

Beshinchi maktub

Lutsiliyga Senekadan salom!
Men sening mashg‘ulotlardagi tirishqoqligingdan va hamma narsani tashlab, kundan-kun yaxshiroq bo‘lishga intilishingdan quvonaman va buni maqtayman. Bundan buyon ham shundoq tirishqoq bo‘l – bu yerda seni nafaqat maqtayman, balki senga o‘tinaman. Faqat bir narsa haqida ogohlantirib qo‘yishni istayman: o‘zingni odamlarning nazarida bo‘lishni istaydiganlar kabi tutma hamda ust-boshingda yoki turmush tarzingda biror narsa odamlar e’tiborini o‘ziga tortmasin. Betartib, soch-soqolingni o‘stirib yurish, boylikka nafratni ko‘z-ko‘z qilish,erda uxlash, umuman, soxta shuhratparastlik uchun qilinadigan har qanday qiliqdan o‘zingni chetga ol. Axir, birgina “falsafa” so‘zining o‘zi, uning tarafdorlari o‘zlarini kamtar tutishlariga qaramay, yetarlicha nafrat uyg‘otadi-ku; agar biz odamlar odatiga zid tarzdayashay boshlasak nima bo‘ladi? Mayli, bizning botinimiz har jihatdan boshqacha bo‘lsin, lekin zohirimiz boshqalardan farqqilmasin. Ust-boshimiz yaltiroq bo‘lmasa ham mayli, ammo kir-chirbo‘lmasin; tillo suvi bilan bezak berilgan kumush idishlar bizga nasib bo‘lmasa ham mayli, ammo tillo va kumushimiz yo‘qligini bechorahollik, deb hisoblamaslik kerak. Olomonga qarshi emas, olomondan yaxshiroq yashash uchun hamma ishni qilaylik, aks holda, biz o‘zimiz tuzatmoqchi bo‘lganlarni cho‘chitib qochirib yuboramiz. Hamma narsada bizga taqlid qilish lozimligidan cho‘chib, bizga hech narsada taqlid qilmay qo‘yadilar – mana nimaga erishamiz. Falsafa o‘rgatishi mumkin bo‘lgan birinchi narsa – bu kishilar orasida yashay bilish, xayrixohlik va dilkashlik; lekin odamlardan farqli jihatlarimiz bu va’dani bajarishga monelik qiladi. Biz o‘zimizga nisbatan tahsin uyg‘otishi lozim bo‘lgan narsa kulgi va g‘ijinish uyg‘otmasligi haqida tashvishlanishimiz darkor. Axir, bizda tabiat bilan uyg‘unlikda yashashdan boshqa maqsad yo‘q-ku. Lekin tanani holdan toydirish, oson bo‘lgan pokizalikdan nafratlanib nopok yurish, nafaqat arzon, balki badxo‘r va maza-matrasiz taom yeyish tabiatga ziddir. Faqat kishidagi hashamga bo‘lgan ishtiyoq bejama narsani istaydi, lekin nodonlik tufayli odam arzon va hammabop narsadan voz kechadi. Falsafa o‘rtamiyonalikni talab qiladi, bu qiyin narsa emas; o‘rtamiyonalik esa, albatta, nojoiz bo‘ladi, degani emas. Mening qalbimga mos me’yor mana bu: hayotimizdagi ezgu fazilatlar ko‘pchilikniki bilan esh bo‘lsin, kishilar unga hayron bo‘lsa ham, tan bersin. “Bu qanaqasi bo‘ldi? Biz ham hamma kabi yo‘l tutamizmi va ular bilan bizning o‘rtamizda hech qanday farq bo‘lmaydimi?”. Bo‘ladi, bo‘lganda ham juda katta farq bo‘ladi. Biz bilan yaqindan tanishganlar olomondan bizning qancha farqqilishimizni ko‘rsin. Uyimizga kirgan kishi idishlarimizni ko‘rib emas, bizni ko‘rib hayratga tushsin. Sopol idishdan kumush idish kabi foydalanadigan kishi ulug‘dir, lekin kumush idishdan sopol idishdek foydalanadigan kishi ham ulug‘likda undan kam emas.
Lekin bugun ham sen bilan kichik bir foydani baham ko‘rmoqchiman. O‘zimizning Gekaton aytadiki, qo‘rquvdan xalos bo‘lish uchun barcha xohish-istaklarimizdan voz kechganimiz bizga foydalidir. “Umid qilishdan to‘xtasang, qo‘rqishdan ham xalos bo‘lasan”, deydi u. Bir-biridan keskin farqlanuvchi bu ikki xususiyatni qanday uyg‘unlashtirish mumkin, deb so‘raysan. Lekin bu rostdan ham shundoq, Lutsiliy, ular o‘rtasida umumiy jihat yo‘qdek tuyulgani bilan, hiyla bilan anchagina bog‘liqlik bor. Qorovul bilan asirni bir zanjir tang‘ib bog‘lagandek o‘zaro zid umid va qo‘rquv birga paydo bo‘ladi: umid ortidan qo‘rquv keladi.Men bunga hayron ham bo‘lmayman: axir, bular kelajak haqida tashvishlanayotgan va o‘ziga ishonmagan qalbga xos narsalar-ku. Umid va qo‘rquvning asosiy sababi esa bizning bugungi kun bilan moslasha olmasligimiz va uzoq kelajak haqida o‘ylayverishimizda. Shundoqqilib, oldindan ko‘ra bilishdek insonga berilgan buyuk qobiliyat uning zarariga ishlaydi. Hayvonlar xavfni ko‘rishi bilan qochishga tushadi va undan qutulgach qo‘rquv hissini tuymaydi. Bizni esa kelajak ham, o‘tmish ham qiynaydi. Imkoniyatlarimizning aksariyati bizga ziyon keltiradi; masalan, xotira qo‘rquv azoblarini esga soladi, oldinni ko‘ra bilish esa kelajakdagi qo‘rquvlarni ko‘z oldimizgakeltiradi. Va hech kim faqat buguni bilangina baxtsiz bo‘lmaydi. Salomat bo‘l.

Oybek Hakimov tarjimasi