To‘laganning oilasi tush ko‘rishga ixtisoslashgan. Yetmishdagi otasidan boshlab, yetti yoshli bolasigacha har kuni tush ko‘rib chiqadi. “Bugun nima tush ko‘rding?” deb so‘rash bu uyda odatga aylangan. Hatto kelgan mehmondan ham ko‘rgan tushini so‘rash unutilmaydi.
Ushbu “dastur”ga sodiq bo‘lgan oila a’zolari bugun yana tush ko‘rib chiqishibdi. Birinchi bo‘lib so‘zni ota boshladi:
– Tushimda, chanqab kelgan ekanmanmi, chirog‘im, choy qo‘yib yubor, desam, mana bu kelining so‘zimni eshitmaganlikka olib, kuvidan uch kosa muzday ayron suzib berdi. Uchala kosani birin-ketin simirib yuboribman.
– Uch kosa ayronni bekor ichibsiz-da, endi uch kungacha bo‘ron turib, sovuq bo‘larkan!–dedi kampir bosh chayqab.— Ichmasangiz bo‘masmidi-ya?!
– Nima qilay, kelining bergandan keyin ichdim-da?!
– Hushyor bo‘lish kerak edi, tushda ayol dushman bo‘lishini aytgandim-ku!
– Bu qoqvoshlarga bersang ham yoqmaysan, bermasang ham!– to‘ng‘illadi tashqaridan kelini Siqsima. Ichkaridagilar uning pichingini eshitmaganlikka olishdi.
– Sen bugun tush ko‘rmadingmi? — dedi chol kampiriga o‘grilib.
– Ko‘rdim, bir emas ikkita tush ko‘rdim! – dedi kampir kerilib.
– Buvi, ko‘zingiz ko‘r bo‘lsa, tushni qanday ko‘rdingiz? — gapga aralashdi yetti yoshli nevarasi Serik.
– Gapirma sen! — dedi kampir jahli chiqib. — Qayoqda u? Yo‘qol, ko‘zimga ko‘rinma!
– Yo‘qolmasam ham ko‘rinmayman, – dedi Serik o‘tirgan joyidan qimirlamasdan.
– Nima qilasan bola bilan tenglashib, undan ko‘ra tushingni gapirsang-chi, –dedi chol betoqat bo‘lib.
– Tushimda uyga kirsam, manov kelin to‘shagida shir yalang‘och o‘tirganmish. Qarog‘im, otang kirib qoladi, bo‘ksangni yop debman…
– Yo barakallo, Xudo beribdi unda, kelinni yalang‘och ko‘rgan bo‘lsang, yaqinda nevaralik bo‘larkanmiz-da! – dedi chol mamnuniyat bilan.
Kampir “ikkinchi tushim”… deganda yana tashqaridan kelinning kanop yirtilganiday noxush ovozi eshitildi:
– Bugun hammalaringning tushlaringga kirib chiqibmanmi deyman?! O‘ziyam ko‘rinmagan joyim qolmabdi. Niyatlaringni sezib turibman, ikki so‘zning birini “bola”ga taqayapsanlar! Xomtama bo‘lmalaring. Oson ekanmi bola tug‘ish?! Jon berib, jon olib, ikki bolani tug‘dimmi? Tug‘dim! Yetadi, boshqa tug‘mayman, dedimmi, tug‘mayman! Bola kerak bo‘lsa, siz ena, o‘zingiz tug‘ing! Ana, cholingiz yoningda qayqayib o‘tiribdi. Xuddi o‘zlaring o‘n-o‘n beshtani tug‘ib, qoyillatib qo‘yganday og‘iz ko‘pirtirasizlar!
Kelin tushmagur og‘ziga kelganni qaytarmay, shu alpozda rosa bobilladi.
Kampir tili tanglayiga yopishib, qarshi hujumga o‘tolmadi.
Chol og‘ziga qum tiqilganday, butunlay soqovga aylandi.
To‘lagandan ham sado chiqmadi.
Anchadan keyin kampir o‘ziga kelib:
– Chirog‘im, birovning tushiga bunaqa jahl qilinmaydi, — dedi muloyimlik bilan. – Bugun o‘zi chap tomoning bilan turganday, fe’ling buzuqroq ko‘rinayapti, birorta yomon tush-mush ko‘rmovdingmi, ishqilib?
– Nima deb o‘ylovdilaring?! – dedi Siqsima xonaga katta choynakni ko‘tarib kirib, xontaxtaning chekkasiga do‘qillatib qo‘yar ekan. – Sizlar tush ko‘rganda men ko‘rolmaymanmi?! Ko‘rdim!
– Gapni ko‘rgan tushingdan boshlamaysanmi, allaqachon eshitib, ta’birini chaqib, nima bo‘lishini aytib berardik, aylanay!
– Bo‘pti, aytsam aytayin. Tushimda xuddi mana shu o‘ngimizdagiday ezmalashib o‘tirgan ekanmiz. Bir payt qop-qora quyun paydo bo‘li, hamma yoqni ostin-ustin qilib, vayronini chiqarib tashladi!
– Astag‘firulloh! Astag‘firulloh! — dedi chol qaltirab.
– Subhon ollo, subhonollo! Devonaga yetti tanga atash kerak, yetti tanga…— dedi kampir kapalagi uchib.
– Ishqilib o‘zimiz omon qopmizmi? — dedi To‘lagan.
– Omon qolishga qopmizu ikki boshli ajdaho uchib kelib, otamning belidan o‘rab, bo‘g‘a boshlabdi!..
– Aytma, u yog‘ini aytma!..— dedi kampir titrab.
– Bo‘g‘ib, keyin yuta boshlabdi!..
Chol rangi bo‘zday oqarib, devorga holsiz suyanib qoldi.
– Bo‘ldi, o‘chir, u yog‘ini aytma! — deb bo‘kirdi To‘lagan, lekin Siqsima erining gapiga e’tibor qilmasdan davom etdi:
– Otam boyaqish oyoqlarini bir-ikki silkitib, ajdahoning ichiga butunlay kirib ketdi.
– Men shunda qayda ekanman? — so‘radi kampir qalt-qalt titrab.
– Qo‘rqqanimdan dodlab, ko‘chaga otilib chiqsam, sizni bir qop-qora, bahaybat tuya kursillatib chaynab yotgan ekan!
– Sho‘rim qursin-a, nima deydi bu?! — dedi kampir tizzalariga shapatilab urib.
– Shunda siz “To‘lagan, bo‘tam, o‘ladigan bo‘lde-e-em!” deb chinqira boshlabsiz. Chinqiriqni eshitib, To‘lagan yugurib keluvdi, tuya uni oldingi oyog‘i bilan bir urib, mukkasidan yiqitib, ustiga chiqdi-da, cho‘k tushib yotib oldi.
– O‘zing-chi, o‘zing nima qilayotgan ekansan?! — dedi To‘lagan alam bilan.
– O‘zim shularni maza qilib tomosha qilayotgan ekanman.
– Tiling kesilgurning “maza qilib” deyishini qara! — dedi kampir fig‘oni chiqib.—Ha baloga yo‘liqqur, shunaqayam bexosiyat tush ko‘rasanmi?! Hay, chol, endi nima qilamiz,?!
– Xosiyatsiz odamning tushiyam bexosiyat bo‘larkan, – dedi chol iyagini qashib.
– O‘zlaring ko‘rgan tushlaring juda xosiyatlimidi?! — to‘ng‘illadi Siqsima.
– Bosh-ko‘zdan sadaqa, darrov chiqib, devonaga yetti tanga berib keling, chol!
– Qaydam… Bu kofiringning tushiga jonliq so‘yib, qon chiqarilmasa, yetti tanga bilan qutulmasak kerag-ov.
– Hey, sen, bugundan boshlab bunday tush ko‘rishni bas qil! — dedi To‘lagan bo‘g‘ilgiday bo‘lib.
– Bas qilmayman!
– Bas qilasan! Bugundan boshlab, vo‘pshim, tush ko‘rmaysan!
– Ko‘raman!
– Ko‘rmaysan!
– Ko‘raman!
Qozoqchadan Mehmon Islomqulov tarjimasi