Mehmonxonadagi so‘zlovchi soat go‘yo uni hech kim eshitmayotgandek tinmay kuylardi:
– Chiq, chiq…
Millar yetdi yettiga,
Yakun yasang uyquga!
Tonggi sukunat og‘ushidagi uy bo‘m-bo‘sh edi. Soat tinmay chiqillar va bo‘shliqqa uqdirishda davom etardi: “Sakkizdan to‘qqiz daqiqa o‘tdi, nonushta vaqti yetdi! Sakkizdan to‘qqiz daqiqa o‘tdi…”
Oshxonadagi o‘choq bo‘g‘iq xo‘rsindi va qaynoq qornidan sakkizta chiroyli qovurilgan non bo‘lagi, to‘rtta tuxumli quymoq, o‘n olti bo‘lak bekon, ikki finjon qahva va ikkita idishda sovuq sut chiqardi.
– Bugun Kaliforniya shtatidagi Ellendeyl shahrida ikki ming yigirma oltinchi yilning to‘rtinchi avgusti, – dedi oshxona shiftidan boshqa ovoz. U yaxshiroq esda qolishi uchun sanani uch marta qaytardi. – Bugun janob Fezerstounning tavallud topgan, Tilitaning to‘yi bo‘lgan kun. Suv, gaz, chiroq, shuningdek, sug‘urta to‘lovlarini topshirish vaqti keldi.
– Soat sakkiz-u bir, maktab-u ishning vaqtidir! Tezroq, tezroq! Sakkiz-u bir…
Ammo eshiklar taraqlamadi, rezina poshnalarning gilamlarga shipillab urilishi eshitilmadi.
Ko‘chada yomg‘ir yog‘ardi. Tashqari eshikdagi ob-havoni xabar qiluvchi quticha tinmay kuylardi: “Iliq yomg‘ir yog‘adi, yomg‘irpo‘sh kiyiladi…” Yomg‘ir sukunatga cho‘mgan uyning tomini do‘mbira qilib chalardi.
Hovlida qo‘ng‘iroq tovushi jarangladi, garaj eshigi ko‘tarilib, ichkaridagi yurishga tayyor mashina ko‘rindi… Bir daqiqa o‘tdi, ikkinchisi o‘tdi, keyin eshik joyiga tushdi.
Sakkizdan o‘ttiz daqiqa o‘tganida quymoq burishib, qovurilgan nonlar toshdek qotib qoldi. Alyumin kurakcha ularni rakovinaga tashladi. Qaynoq suv oqimi yeguliklarni temir halqum sari surib ketdi. Bu yerda hamma narsa maydalanib, erib, temir quvurlar orqali uzoqdagi dengiz tomon oqib ketdi. Ovqatdan bo‘shagan likopchalar ko‘pikli suvga sho‘ng‘ishdi va undan tozalanib, yaraqlagancha irg‘ib chiqishdi.
– To‘qqiz-u o‘n besh! – kuylardi soat. – Kerakdir uyni tozalash!
Devordagi teshikchalardan mitti robot-sichqonlar g‘ildirab chiqishdi. Po‘lat va rezinadan iborat mitti tozalovchilar barcha xonalarda g‘izillab yugura boshlashdi. Ular o‘rindiqlarga urilar, tukdor roliklarini aylantirishar, gilam tuklarini titkilashar va ko‘zga ko‘rinmas changlarni topib, so‘rib olishardi. Ko‘p vaqt o‘tmay, tozalovchilar yana makonlariga kirib ketishdi, ularning pushtirang chiroqcha- ko‘zlari o‘chdi. Uy top-toza bo‘lib qoldi.
Soat o‘n bo‘ldi. Yomg‘ir pardasi orasidan quyosh mo‘raladi. Uy vayrona va kullar orasida yolg‘iz o‘zi so‘ppayib turardi. Butun shaharda faqat shu uygina omon qolgandi. Tunda vayrona shaharning radioaktiv shu’lasi o‘nlab chaqirim masofadan ko‘rinardi.
O‘ndan o‘n besh daqiqa o‘tdi. Bog‘dagi suv sepuvchi uskunalardan zarrin favvoralar otilib, mayin tong havosini yarqiroq suv munchoqlariga to‘ldirdi. Suv derazalarga urilar, oq bo‘yog‘i qovjirab ketgan, qop-qora dud bilan qoplangan g‘arbiy devorni yuvib tushardi. G‘arbiy devor tomdan to yergacha qop-qorayib ketgan bo‘lib, faqat beshtagina oq dog‘ bor edi, xolos. Oq dog‘larning birida o‘t o‘ruvchi uskunani itarib ketayotgan erkakning shamoyili sezilib turardi. Ikkinchisida esa gul uzra engashgan ayolning surati ko‘rinadi. Qolgan uchta dog‘ o‘g‘il bola, koptok va qizchani ifodalaydi. Bolaning qo‘llari ko‘tarilgan, sal teparoqda u otgan koptok uchib ketyapti. Qizchaning ham qo‘llari ko‘tarilgan – u koptokni tutib olmoqchi…
Faqat beshta oq dog‘ – erkak, ayol, bolalar, koptok. Qolgan hamma narsani qop-qora dud qoplagan.
Suv sepuvchi uskunalardan otilayotgan mayin yomg‘ir bog‘ni shu’lalarga to‘ldirdi…
Uy shu paytgacha o‘z tinchligini judayam puxta qo‘riqlab kelardi. Yonida salgina shitirlash eshitildimi, “Kimsiz? Maxsus so‘zni ayting!” deb talab qilardi. Daydi tulkilar va ayanchli miyovlaydigan mushuklardan javob ololmaganidan keyin esa, qariqizlarga xos bo‘lgan qat’iyat bilan eshiklarni qulflar va pardalarni tushirib qo‘yardi. Xuddi mexanizmlar o‘z-o‘zini himoya qilish vasvasasiga uchragandek edi.
Uy tiq etgan tovushdan ham titrab ketardi. Derazalarga chumchuqning qanoti tegib ketsa ham pardalar shahd bilan silkinib, shatur-shutur ovoz chiqarar, o‘takasi yorilgan qushcha esa xavfli joydan uzoqroqda bo‘lishni ma’qul bilib, darrov uchib ketardi. Shuning uchun chumchuqlar uyga yaqinlashishni o‘ylashmasdi ham.
Uy go‘yo o‘n minglab katta-kichik xizmatchilar tinim bilmay ishlaydigan va jo‘r ovozda iftixor qo‘shig‘ini kuylaydigan ehromga o‘xshardi. Ammo ma’budlar g‘oyib bo‘lishgan, uzluksiz amalga oshiriluvchi marosimlardan foyda ham, ma’no ham qolmagandi.
Soat o‘n ikki bo‘ldi.
Kirish eshigi oldida yomg‘irda ivib ketgan it ingillay boshladi.
Eshik itning ovozini darrov tanidi va asta ochildi. Bir vaqtlar gavdali, kuchli bo‘lgan, hozir esa ozib-to‘zib, quruq terisi-yu suyaklari qolgan, tuklari to‘kilib bitgan it panjalarining loy izlarini qoldirgancha uyga yugurib kirdi. Yaqindagina saranjom qilingan uyni yana tozalashga to‘g‘ri kelishidan g‘azablangan tozalovchi sichqon-robotlar itning ortida g‘irillab aylana boshlashdi.
Uyga chang zarrasi kirsa ham devorning pastidagi maxsus teshikchalarning qopqog‘i ochilar va po‘lat tozalovchilar sakrab chiqishardi. Uyni ivirsituvchi qog‘oz bo‘lagi, chang zarrasi yoki tuk shu zahotiyoq tozalovchilarning baquvvat jag‘lari orasida ko‘zdan yo‘qolardi. U yerdan esa quvurlar bo‘ylab burchakdagi devor ortiga yashirilgan chiqindilarni yoquvchi uskunaning “qorni”ga tushardi…
It tepaga chopib chiqdi va uyda anchadan beri hech kim yo‘qligi, bu yerda faqatgina o‘lik sukunat hukmron ekanligini tushunguniga qadar har bir eshik oldida jon-jahdi bilan huraverdi.
It havoni hidlay-hidlay, oshxona eshigi oldiga yetib keldi va uni tirnay boshladi. Eshik ochilmagach, uning yoniga yotib oldi va boshini ko‘tarib, havoni hidlashda davom etdi. Eshik ortida pishayotgan quymoqlar va quyuq shinnining ishtahaochar hidi butun uyga taralardi.
Itning so‘lakayi oqa boshladi, ko‘zlari chaqnab ketdi. U o‘rnidan sakrab turdi, u yoqdan-bu yoqqa yugurdi, keyin o‘zining dumini tishlab oldi va jon-jahdi bilan chirillab aylana boshladi. Obdan aylangach, sillasi qurigan it yerga qulab tushdi-yu, qaytib boshini ko‘tarmadi, ko‘zini ham ochmadi. Shu yotgan ko‘yi bir soatga yaqin o‘rnidan turmadi.
– Soat ikki bo‘ldi! – e’lon qildi ovoz.
Ochlikdan jon taslim qilgan it tanasining ayniy boshlaganini bildiruvchi sezilar-sezilmas hidni payqagan son-sanoqsiz sichqonlar kovaklaridan otilib chiqishdi. Ular kuz shamolida chirpirak bo‘lib uchgan oltinrang barglardek yengil va unsizgina yopirilib kelib, eshik yonida muk tushib yotgan itni o‘rab olishdi.
Ikkidan o‘n besh daqiqa o‘tdi.
It g‘oyib bo‘ldi.
Erto‘ladagi chiqindilarni yoqadigan o‘choqda to‘satdan olov yondi va mo‘ridan havoga bir to‘p uchqunlar sachradi.
Ikkidan o‘ttiz besh daqiqa o‘tdi.
Ichki hovli devoridan qarta o‘ynaladigan stollar otilib chiqdi. O‘yin qartalari shuvullagancha uchib kelib, stol ustidagi joylarini egallashdi. Eman yog‘ochidan yasalgan peshtaxtada kokteyl va tuxumli sendvichlar paydo bo‘ldi. Sokin musiqa ovozi yangradi.
Ammo stol atrofida sukunat hukmron, qartalarni hech kim olmasdi.
Soat to‘rt bo‘lganida, qarta stollari xuddi ulkan kapalaklardek taxlandi va yana devor orasiga kirib ketishdi.
To‘rt yarim bo‘ldi.
Bolalar xonasining devorlari yorishdi.
Devorlarda namoyon bo‘lgan billur tog‘lar ustida sariq jirafalar, zangori sherlar, pushtirang ohular, binafsharang koplonlar sayr qilib yurishardi. Devorlar bo‘yoq va tasavvurga ta’sirchan shishadan yasalgandi. Yashirin kinotasmalar tishchalar bo‘ylab harakatlanib, bir g‘altakdan ikkinchisiga o‘ralar, oqibatda devor tirilganga o‘xshab tuyulardi. Bolalar xonasining pastidagi to‘shama xuddi dalada silkinayotgan o‘t-o‘lanlardek hilpirar, unda alyumin suvaraklar va temir chirildoqlar o‘rmalab yurishardi. Tiq etgan shabada yo‘q jazirama havoda hayvonlarning o‘tkir hidlari anqir, yupqa pushtirang gazlamadan yasalgan kapalaklar uchib yurishardi! Qorni to‘q sherning erinibgina o‘kirishi xuddi asalari uyasidagi g‘o‘ng‘illashdek g‘o‘ldirab eshitildi. Ohular tuyog‘ining taqillashi va sarg‘aygan o‘t-o‘lanlarga shitirlab urilayotgan iliq o‘rmon yomg‘irining shovqini eshitildi. Mana, quyosh jaziramasida kuyib ketgan o‘simliklar va issiqdan rangi o‘ngib ketgan tubsiz osmon aks etgan devorlar go‘yo erib ketgandek bo‘ldi, hayvonlar tikanli o‘tlar orasida va suv havzasida ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi.
Bolalar ko‘rsatuvi boshlandi.
Soat besh. Vannaga qaynoq shaffof suv to‘ldi.
Soat olti, yetti, sakkiz bo‘ldi. Kechki ovqat solingan idishlar g‘aroyib tarzda dasturxonga tizildi, muayyan vaqtdan keyin bari g‘oyib bo‘ldi. Keyin dam olish xonasida nimadir shiqirladi va iliq taft beruvchi olov yonib turgan kamin yonidagi temir moslama ustida tutashtirilgan sigaradan burqsib oppoq tutun ko‘tarila boshladi.
Soat to‘qqiz. Ko‘rinmas o‘tkazuvchi simlar choyshablarni isitdi, chunki bu yerning tunlari juda sovuq bo‘ladi.
To‘qqizdan besh daqiqa o‘tdi. Xona shiftidan mayin ovoz eshitildi:
– Maklellan xonim, bugun qanday she’r tinglashni istaysiz?
Uy sukunatini hech narsa buzmadi.
Nihoyat, ovoz dedi:
– O‘zingiz istak bildirmaganingiz uchun ham bironta she’r tanlashga majburman.
Sokin musiqa she’rga jo‘r bo‘ldi:
– Sara Tisdeyl. Yanglishmasam, u sizning sevimli shoirangiz…
Mayin yomg‘ir shivalar, tuproq hidin taratar,
Jarqaldirg‘och vijiri tonglarni jaranglatar.
Tungi ko‘lda baqalar xonishi avj chog‘larda
Olxo‘rilar gullaydi oq oqargan bog‘larda.
Ko‘ksi olov qushchalar g‘ov ustiga qo‘ngancha,
Chug‘urlashib to‘qiydi qo‘shiqlarini ancha.
Va hech kimsa yodiga olmagaydir urushni,
Boshdan kechdi, unutdik, eslamadik urushni.
Na bir qushcha, na bir tol to‘kmagay yosh ko‘zidan
Inson zoti agarda yo‘q bo‘lsa yer yuzidan.
Yana yangi tonglarni kutaveradi bahor
Sezmayin bu dunyoda endi bizning yo‘g‘imiz.
Tutay-tutay, kulga aylanib bo‘lgan sigaraning oxirgi tutuni hilpiradi. Unsiz devorlar yonida o‘rindiqlar bir-biriga yaqinlashtirib qo‘yilgan, hamon sokin musiqa yangrardi.
Soat o‘nda to‘s-to‘polon boshlandi.
Qattiq shamol esayotgandi. Daraxtning sinib tushgan shoxi oshxona derazasiga urilib, uni sindirib yubordi. Tokchada turgan dog‘ ketkazuvchi vosita idishi yerga uchib tushib, ichidagi suyuqlik o‘choqqa sachradi. Ko‘z ochib-yumguncha oshxonani olov qamrab oldi!
Shift ostida qattiq ovoz yangradi:
– Yong‘in!
Chiroqlar miltilladi, shiftdan suv sharillab otildi. Ammo singan shisha idish ichidagi suyuqlikni atrofiga sachratgancha tez dumalab, eshik yoniga yetib bordi va uning tagidan yo‘lakka o‘tib ketdi. Zum o‘tmay, har tomondan ovozlar yangray boshladi:
– Yong‘in! Yong‘in! Yong‘in!
Uy qutulish uchun jon-jahdi bilan urinardi. Eshiklar jips yopildi, biroq deraza oynalari issiqdan chirsillab singani tufayli shamol ichkariga kirib, olovni yanada kuchaytirdi.
Olov va tap tortmay xonadan-xonaga sachrab o‘tayotgan milliardlab jahldor uchqunlarning zo‘riga bas kelolmagan uy taslim bo‘la boshladi.
Devordan son-sanoqsiz suv kalamushlari yugurib chiqishar, olovga suv sepishar, keyin yana suv keltirish uchun g‘izillagancha ortga qaytishardi. Devorga o‘rnatilgan suv sepuvchi uskunalar ishga tushib, sun’iy yomg‘ir yog‘dira boshladi. Ammo bu vaqtda kech bo‘lgandi. Qayerdadir suv tortuvchi nasos bo‘g‘iq tovush chiqardi-yu, gursillagancha ishlashdan to‘xtadi. Yong‘inga qarshi kurashayotgan yomg‘ir to‘xtadi. Hammom va oshxonadagi idish yuvadigan moslamalarni suv bilan ta’minlovchi ulkan idish butunlay bo‘shagandi.
Olov chirsillagancha zinalar bo‘ylab tepaga ko‘tarilar va yuqoridagi xonalarni yamlash uchun kuchini oshirib borardi. Tepa xonalarga yetgan olov Pikasso va Matissning suratlarini xuddi shinavanda singari maza qilib chaynar, yog‘li qobig‘ini yalar, surat chizilgan matoni asta buragancha, yamlamay yutardi.
Mana, olov bolalarning xonasiga ham yetib keldi va tokchalarga o‘tib, pardalarni domiga torta boshladi!
Ammo shu payt taslim bo‘layozgan uyga yordam keldi.
Chordoqdagi mitti darchalardan robotlarning ko‘zsiz yuzi pastga qarab, teshik-og‘izlaridan yashil kimyoviy modda ufura boshlashdi.
Olov ortiga tisarildi: axir o‘lik ilonni ko‘rganida, fil ham ortga chekinadi-ku! Bu yerda esa birdaniga yigirmata ilon o‘rmalab, olovga qarata yashil ko‘pikli zahar sochyapti!
Ammo olov makkor edi, u alanga-tillarini tashqi devor bo‘ylab tepaga, nasoslar turgan chordoq tomon uzatdi. Portlash! Nasoslarni boshqaruvchi elektron miya joyidan uchib ketib, tom to‘sinlariga sanchilib qoldi.
Endi olov orqaga tisarildi va barcha burchaklarni aylanib, osig‘liq turgan kiyimlarning ta’mini tatib chiqdi.
Uy eman suyaklarini shaqirlatgancha titrab ketdi, uning yalang‘ochlanib qolgan skeleti issiqdan qiyshaygan, asab tomirlari – o‘tkazgich simlar yalang‘ochlanib qolgan, xuddi jarroh terisini shilib olgan-u, tomirlar va qiltomirlar yalang‘ochlanib, osilib yotgandek tuyulardi.
Hoy, kim bor?! Yong‘in! Qoching, joningizni qutqaring!
Olov ko‘zgularni xuddi qishdagi mo‘rt muzdek maydalab, sochardi. Har tomondan yangrayotgan ovozlar “Qoching! Joningizni qutqaring!” deb iltijo qilardi uy. Xuddi o‘rmonga tashlab ketilgan o‘n ikki nafar bola jon achchig‘ida biri balandroq, biri pastroq kuylaydigan qo‘shiqqa o‘xshardi. Ammo o‘tkazgich simlarning qobiqlari xuddi qovurilayotgan kashtan yong‘oqlari singari birin-ketin poqillab yorilarkan, ovozlar asta-sekin tina boshladi. Ikki, uch, to‘rt, beshta ovoz tindi.
Bolalar xonasidagi jungli changalzorini olov qamrab oldi. Zangori sherlar o‘kirar, alvonrang jirafalar zir yugurishardi. O‘zini har tomonga otayotgan qoplonlar lahza sari rangini o‘zgartirishardi. O‘n millionlab jonivorlar olovdan qutulish uchun uzoqdagi qaynayotgan daryo tomon yugurishardi…
Yana o‘nta ovoz o‘ldi. Gurillagan olov shovqini kuchayayotgan oxirgi lahzalarda sarosimaga tushgan, aralash-quralash ovozlar ichida vaqtni e’lon qilayotgan ovoz va musiqa tovushi aniq yangrar, teleboshqariluvchi o‘t o‘rish moslamasi maysazorda zir yugurar, goh ochilib, goh yopilayotgan tashqari eshik oldidagi soyabon aqldan ozgandek oldinga-orqaga sakrar, xullas, odatda tartib bilan bajariluvchi barcha ishlar bir vaqtda va o‘ta betartiblik bilan amalga oshirilardi. Olov qahridan omon qolgan oxirgi tozalovchi sichqonlar dadillik bilan kovaklaridan sakrab chiqishdi – bu dahshatli, jirkanch kulni tezroq yo‘qotish kerak! Dam olish xonasida yangrayotgan ovoz esa atrofdagi tala-to‘pga e’tibor ham bermay, barcha tasmalar yonib tugab, o‘tkazgichlar erib, barcha sxemalar sochilib ketmagunicha xotirjam ovozda she’r o‘qishini to‘xtatmadi.
Va, nihoyat, olov uyni portlatib yubordi. Tutunga ko‘milgan uy uchqunlar sochgancha yer bilan bitta bo‘ldi.
Shiftidan yonayotgan to‘sinlar sochilib tushayotgan oshxonada esa o‘choq aql bovar qilmas tezlikda nonushta tayyorlardi: yuzta tuxumdan tayyorlangan quymoq, bo‘laklab qovurilgan oltita non, ikki yuzta bekon bo‘lagi… Bularning barini olov yamlamay yutayotgani esa o‘choqni yana va yana nonushta tayyorlashga majbur qilardi!
Gumburlash ovozi yangradi. Chordoq oshxona va mehmonxonaga, mehmonxona birinchi qavatga, birinchi qavat esa yerto‘laga bosib tushdi. Qorayib, ko‘mirga aylangan muzlatgichlar, o‘rindiqlar, filmlar yozilgan g‘altaklar, o‘rin-ko‘rpalar, elektr jihozlar – bari-bari yerto‘laga sochilib ketdi.
Tutun va sukunat. Burqiragan tutun.
Sharq tarafda tong yorishib kela boshladi. Kultepa ichida bittagina devor so‘ppayib turardi. Bu devorda omon qolgan yakka-yu yagona ovoz hamon gapirishda davom etardi. Quyosh ko‘tarilib, tutun burqsiyotgan uy qoldiqlarini yoritdi hamki, ovoz hamon ta’kidlardi:
– Bugun 2026 yilning 5 avgusti. Bugun 2026 yilning 5 avgusti. Bugun…
Rus tilidan Muhabbat Yo‘ldosheva tarjimasi
“Sharq yulduzi”, 2017 yil, 6-son