G‘ira-shira kun botar vaqtida ayvonda ignaning yalt-yult etgani ko‘zga tashlanadi. Buni xuddi kumushrang yonar qo‘ng‘izlarga mengzash mumkin edi. O‘tirgan uch nafar ayolning lablari sassiz qimirlaydi. Tebranma stullar bir maromda ohista g‘ijirlab, ularning tanasi bir orqaga, keyin oldinga egiladi, Uchalasi ham unda o‘zlarining besaranjom urayotgan yuragini ko‘rayotgandek qo‘liga sinchiklab qarab turibdi.
– Soat necha bo‘ldi?
– O‘nta kam besh.
– Borib tushlikga no‘xat ivitish kerak.
– Lekin… – ulardan biri qarshilik ko‘rsatdi.
– To‘g‘ri, men butkul unutibman, xayolim qursin…
Birinchi ayol so‘zning yarmida to‘xtab, qo‘lidagi kashtasini tizzasiga qo‘ydi va ovozsiz nafas olib ochiq eshikdan shinam oshxonaga mo‘raladi. U yerda, stol ustida, qachon uning barmoqlari qo‘zoqdan ozod qilishlarini kutib, bir uyum dirkillama no‘xat yotgan edi. U hayotida shu vaqtgacha mirishkorlikning bu qadar yorqin timsolini ko‘rmagandek tuyuldi.
– Agar shu ish ko‘nglingga taskin beradigan bo‘lsa, bor, tozalay qol, – dedi ikkinchi ayol.
– Yo‘q, – dedi birinchi ayol, – xohishim yo‘q, hech narsaga hushim yo‘q.
Uchinchi ayol chuqur nafas oldi. U atirgul, yashil barg, moychechak va maysazor tasvirini to‘qiyotgan edi. Igna bir paydo bo‘lib, yana ko‘rinmay ketar edi.
Ikkinchi ayol esa eng nozik va bejama gul solardi, matodan chaqqonlik bilan igna o‘tkazar, ignani hech adashmasdan ilib olar, keyin ortga qaytarar, uni yashin tezligida pastga-balandga, balandga-pastga yugurtirar edi. Ziyrak qora ko‘zlari har bir chokni aniq kuzatib borar edi. Gullar, erkak, yo‘l, quyosh, uy – uning qo‘llari bilan mo‘jizaviy miniatyura manzaralari, asl durdonalar yaralar edi.
– Ba’zida najot o‘z qo‘lingda deb o‘ylab qolasan, – dedi u.
Qolganlar bosh irg‘agan edi, stullar yana tebrandi.
– Ehtimol, – deya so‘z boshladi birinchi ayol, – insonning qalbi qo‘llaridadir? Axir hammasi, biz dunyoda nima qilsak, qo‘llarimiz bilan qilamiz-ku. Gohida qo‘llarimiz bajarishi kerak bo‘lgan ishlarning yarmini ham qilmaydi, boshimiz esa mutlaqo ishlamaydi.
Ular qo‘llarining nima bilan band ekaniga o‘zgacha diqqat ila qarashdi.
– Ha, – deya ma’qulladi uchinchi ayol, – qachon o‘z o‘tmishingni yodga olsang, o‘shanda birinchi galda qo‘llaringni, uning nimalar qilganini xotirlaysan, shundan keyingina yuzing esga keladi.
Ular xayolan nechta qopqoqlar ko‘tarilgani, nechta eshiklar ochilib yopilgani, qancha gullar terilgani, necha bor qo‘llari bilan tushliklar tayyorlanganini sanab chiqdi. O‘tmishga boqar ekan ular go‘yoki jodugarning mujassam orzusini ko‘rishdi, yana ko‘z o‘ngida shiddat bilan harakatlanuvchi qo‘l, lang ochilgan eshiklar, tez ochiluvchi jo‘mraklar, uchar supurgilar, jonli xivichlar namoyon bo‘ldi. Asosiy ovoz bu – pushti rang va yengil harakatlanayotgan nozik qo‘llarning shitirlashi edi, qolganlari esa xuddi soqov tushga o‘xshar edi.
– Tayyorlanishi zarur bo‘lgan tushlik bugun ham, ertaga ham, indinga ham bo‘lmaydi, – dedi uchinchi ayol.
– Ochib-yopish kerak bo‘lgan deraza ham bo‘lmaydi.
– Qish kirishi bilan yerto‘ladagi pechkaga tashlanishi kerak bo‘lgan ko‘mir ham bo‘lmaydi.
– Retseptlarni yirtib olish mumkin bo‘lgan gazetlar ham bo‘lmaydi.
To‘satdan uchalasi ham yig‘lab yubordi. Ularning ko‘z yoshlari yuzidan bo‘yniga o‘tib, undan qo‘llaridagi matoga toma boshladi.
– Ko‘z yoshlardan baribir yengil tortib qolmaysan, – dedi nihoyat birinchi ayol va uzun barmog‘ini oldin bir ko‘ziga keyin boshqasiga yaqinlashtirdi. U barmog‘iga qaradi – ho‘l edi.
– Nimalar qilib qo‘ydim-a, – deya xo‘rsindi o‘zidan o‘pkalanib ikkinchi ayol.
Uning dugonalari ishni yig‘ishtirdi. Ikkinchi ayol ularga o‘zining kashtasini ko‘rsatdi. Butun manzara yakunlangan, hammasi benuqson: to‘qilgan yashil maysazor ustiga to‘qilgan sariq quyosh nur sochmoqda, to‘qilgan jigarrang yo‘l ilonizi bo‘lib to‘qilgan pushti rang uyga boradi – faqat yo‘l ustida turgan erkakning yuzidagi ifoda mavhum.
– Ana shuginani tuzatish uchun hammasini sitib chiqish kerakka o‘xshaydi, – dedi ikkinchi ayol.
– Esizgina! – deya ayollar ajoyib kartinaga astoydil razm solib undan nuqson izlashdi.
Ikkinchi ayol jimitdek, yaltiroq qaychini qo‘liga olib epchillik bilan iplarni sita boshladi. Chok izidan chok, chok izidan chok sitilib ketardi. U darg‘azab bo‘lib, zo‘r berib iplarni uzardi. Erkakning yuzi tamoman yo‘q bo‘lib ketsa ham u iplarni sitishda davom etaverdi.
– Nima qilayapsan? – deyishdi dugonalari.
Ular rasmga qaramoqchi bo‘lib engashdi. Erkak yo‘qolib ketgan edi. U uni olib tashladi.
Ular yana jimgina to‘qishni davom ettirdi.
– Soat necha bo‘ldi? – dedi bittasi.
– Beshta kam besh.
– Bu naqd beshga belgilanganmidi?
– Ha.
– Ular nima bo‘lishini, qanday natija chiqishini aniq bilishmaydimi?
– Bilishmaydi.
– Unda nega biz ularni bunchalik kirishib ketmasdan burun vaqtida to‘xtatmadik?
– U oldingisidan ikki barobar kuchli. Yo‘q o‘n marta, agar ming marta bo‘lmasa.
– U birinchisi yoki keyin paydo bo‘lgan o‘n ikkisidek emas, keyin nima paydo bo‘ldi. U butunlay boshqacha. U nimalar sodir qilishini hech kim bilmaydi.
Ular atirgul va barra maysaning shirin hidi kelib turgan ayvonda o‘tirib kutishardi.
– Soat endi necha bo‘ldi?
– Bir daqiqa kam besh.
Shom qorong‘usi quyuqlashayotgan choqda ignalar xuddi metall baliqlar galasiga o‘xshab yalt – yult qilib kumushrang tusda tovlanar edi.
Uzoq – uzoqdan chivinlarning g‘ing‘illashi, keyin barabanning dupur-dupuri eshitildi. Buni eshitib ayollar boshlarini egib oldi.
– Biz hech narsani eshitmaymizmi?
– Yo‘q, deyishyapti.
– Balki, biz shunchaki axmoqdirmiz. Ehtimol, beshdan keyin oldingi ishimizni davom ettirarmiz, no‘xat ivitish, eshiklarni ochish, sho‘rvani qaynatish, idish-tovoq yuvish, nonushta tayorlash, apelsin tozalash,..
– Qandaydir axmoqona tajribadan shu qadar qo‘rqib ketdikki, endi bunga jur’at qila olarmikanmiz!
Ular bir-biriga qarab beholgina jilmayib qo‘ydi.
– Soat besh.
Bu so‘zni chaqirgan jimlikda ular asta-sekin ishini qaytadan boshlab oldi. Barmoqlar bezovta yugurardi. Yuzlar pastga qarab turardi. Ayollar talvasada to‘qishni davom ettirar edi. Ular siren, o‘t, daraxt, uy va daryoni to‘qiyotgan edi. Ular bir og‘iz ham so‘z aytmas edi, ammo ayvonda ularni nafas olishidan tanib olsa bo‘lar edi.
O‘ttiz soniya o‘tdi.
Ikkinchi ayol chuqur nafas oldi-da ishni sekinlashtirdi.
– Tushlikka baribir no‘xat ivitish kerak bo‘ladi, shekilli, – dedi u. – Men…
Lekin u boshini ko‘tarishga ham ulgurmadi. Ko‘z qiri bilan butun dunyo lovullagan olov ichida yonib borayotganini ko‘rdi. U boshini ko‘tarishdan to‘xtadi, chunki buning nimaligini bilar edi. U hech kimga qaramadi va dugonalari ham unga qaramayotgan edi, ularning barmoqlari so‘nggi daqiqalarga qadar havoda pirillab uchib yurardi; ayollar dalalar, shaxarlar, uylar, xatto ayvonda nima sodir bo‘layotganini ko‘rishni xoxlamadi. Ular faqat qaltirayotgan qo‘llaridagi naqshlarga boqib turishar edi.
Ikkinchi ayol to‘qilgan gul qanday yo‘qolganini ko‘rib qoldi. U gulni qaytarishga xarakat qildi, lekin u qaytmas bo‘lib g‘oyib bo‘lgan edi, ortidan yo‘l hamda maysalar yo‘qoldi. U xuddi sekinlashtirilgan filmda ko‘rgandek, olov to‘qilgan uyning tomiga o‘rlab uni yutib yuborganini, keyin to‘qilgan daraxtlardagi to‘qilgan yashil barglarni qovjiratayotganini, undan so‘ng esa igna yo‘li bo‘ylab to‘qilgan quyoshga intilganini tomosha qildi. Undan o‘tib olov hamon yaltirab harakatlanayotgan ignaning uchginasiga ulashdi va barmoqlar, qo‘llar bo‘ylab tanaga yetdi va to‘qimalarni astoydil hafsala bilan kuydira boshladi. Ayol u naqshlarni obdan kuydirgan choqda uning haddan ortiq qudratini aniq ko‘rdi. Biroq u yong‘in hovlidagi qayrag‘ochni, ayvondagi mebellarni va qolgan ayollarni nima qilganini ko‘ra olmadi. Chunki ayni shu fursatda olov uning yuzidagi pushti rang ipni chiyratib, ichki kiyimlarini tortqilab, nihoyat nozik qizil atirguldan to‘qilgan yuragiga yetib bordi va barra gulbarglarni, ingichka to‘qilgan gulbarglarni oldin-keyin qilib yondirib yubordi…
Abdumalik Jo‘raqul tarjimasi