Etim Quli goh u eshikka, goh bu eshikka bosh urib yetimchilik tashvishlari ichra tomlardan yiqilib, daryolarda bo‘g‘ilib, dunyoning barcha azobu uqubatini tortib ulg‘aygan bir odam edi.
Biroq tomlardan yiqilganida biror joyi sinmagandi, daryolarga cho‘kib o‘lmagandi, uni faqat o‘sha ismsiz tashvishlar yeb-bitirgandi, masala ham shunda aslida.
Chunki yetim Quli bolaligida qaysi hastalikka yo‘liqsa, uning bu hastaligi qishloqdagi barcha bolalarga yuqardi.
Quli bolaligida qizamiq bo‘ldi, qishloqdagi qolgan bolalar ham qizamiq bo‘lishdi. Quli tamoman sog‘aydi, qizamiqdan birorta asorat ham qolmadi, biroq qishloqdagi qanchadan-qancha bolalarning yuz-ko‘zida qizamiqdan yaralar qoldi.
Quluning boshi yorildi, qishloqdagi qolgan bolalarning ham boshi yorildi. Quli tamoman sog‘aydi, u yoriqdan birorta asorat ham qolmadi, biroq qishloqdagi qanchadan-qancha bolalarning boshida o‘sha yoriqdan belgi qoldi.
Ha, xuddi shunday, Quli ulg‘ayib qaddi-basti kelishgan bir yigitga aylandi.
Qulining teng-to‘shlari yor-yor yangratib, molu qo‘zi so‘ydirib, elu xalqni yig‘ib, uylandilar: yuz-ko‘zi yaralar ham uylandi, boshi yoriqlar ham. Faqatgina yetim Quli bu kelishgan qaddi-bo‘yi, bu gul kabi nozik ko‘ngli bilan uylanolmadi.
Aniqroq aytganda yetim Quli uylanishdan qo‘rqardi. Uning qo‘rquvi shu: uylansa farzandli bo‘ladi, mabodo o‘lib qolsa, bolasi yetim qoladi…
Yillar o‘tib tengdoshlari farzandli bo‘lishdi, Quli esa o‘lmadi.
Bolalar ulg‘ayishdi, besh yosh bilan salomlashib o‘nga yetishdi, o‘n beshdan oshishdi. Quli esa o‘lmadi, ustiga-ustak pushaymon bo‘la boshladi.
Uning o‘ylardiki: “Yo xudoyim, uylansaydim, o‘g‘lim o‘n beshga kirgan bo‘lardi hozir…”
Etim Quli uylansam bolam yigirma yoshga kirardi, deb yurganida urush boshlandi.
Barcha yigit yoshidagilar urushga yo‘l olishdi.
U yana o‘ylay boshladi: “Yo xudoyim, uylansaydim, o‘g‘lim bo‘lardi, urushga ketardi albatta…”
Urushga ketgan yigitlarlan qoraxatlar kela boshladi.
Pochtalon Samad qishloqdagilarning eshigini qo‘rqa-qo‘rqa cherta boshladi, Samad eshikni chertganida qishloqliklar ham qo‘rqa boshladi.
Quli esa yana o‘y ichida edi: “Yo Xudoyim, uylansaydim, o‘g‘lim bo‘lardi, urushga borardi, endi qoraxati ham kelardi…”
Bir kun o‘ylay-o‘ylay bu qishloqda u qo‘rqadigan yagona inson pochtalon Samad ekanini angladi.
Binobarin, pochtalon Samadning bu qishloqda qo‘rqmaydigan odami bo‘lsa, u ham Quli edi, qo‘rqa-pisa taqillatmagan eshigi bo‘lsa, u ham Qulining eshigi edi.
Shu tarafdan olib qaraydigan bo‘lsak, Quli ham undan qo‘rqishga haqli edi. Hamisha pochtalon Samad uning eshigini chertganida Qulining yuragi qaltirardi, rangi-ro‘yi o‘chib, havotirga tushardi.
Etim Qulim uning nimasidan qo‘rqardi, nega qo‘rqardi, bechora hech tushuna olmasdi. Biroq yetim Quli shunday yurakdan qo‘rqardiki, bechora pochtalon Samad ham bundan qo‘rqa boshladi, uning eshigini ham qo‘rqa-qo‘rqa cherta boshladi.
Va ikkalasi ham bir-birovdan shundayin qo‘rqa-qo‘rqa, havotirga tusha-tusha alaloqibat bir-birini shunday narsaga ishontirishdiki, kimsa bunga ishontirish mushkul. Agar kunlardan bir kun bu qishloqqa bir qoraxat kelsa hamda undan ma’lum bo‘lsaydi, o‘sha qoraxat yetim Qulining urushdagi o‘g‘lidan kelgan, bunga na Quli zarra hayratlanardi, na pochtalon Samad.
Ha, bularning har ikkovi ham chin yurakdan ishonishgandi yetim Qulining o‘g‘li borligi va kamiga hozir urushda ekaniga… Ammo g‘alati joyi shundaki, ikkovi ham Qulining o‘g‘lidan maktubu xat kutishdan charchashmasdi. Qulining o‘g‘lidan faqatgina qoraxat kela olardi…
Etim Quli va pochtalon Samad bir-biridan shunday qo‘rqa-qo‘rqa, yashirina-yashirina oylarni o‘tkazishdi, yillarni yo‘lga solishdi hamda kunlardan bir kun ko‘rishdiki, urush tugagan.
Urushdan qoraxati kelmaganlarning o‘zlari bir-bir ortga qayta boshlashdi. Qulining o‘g‘li ham qaytishi kutilayotgandi.
Etim Quli butun qishloqning ko‘zi o‘ngida ulkan hasrat bilan o‘g‘lining yo‘lini poylardi, shunday bo‘lishiga qaramasdan birorta odamning aqliga kelmasdi: Quli kimning o‘g‘lini kutmoqda? Bu Qulida o‘g‘il nima qiladi?
Chunki hamma kutayotgandi, butun qishloqning ko‘zi yo‘lda edi, urushda vafot etganlar, farzandidan qoraxat kelganlar ham baribir yo‘l qarashardi.
Etim Quli ham yo‘l qarardi…
…Qaytganlar qaytishdi, kutayotganlarning bir bo‘lagi yo‘ldan ko‘zini olishdi.
Qaytmaganlar qaytishmadi, kutayotganlarning qolgani ham sekin-asta ishona boshlashdiki, qaytmaganlar endi aniq hech qachon qaytishmaydi, ular ham ko‘zini yo‘lda olishdi.
Xullas shunday qilib butun qishloqning ko‘zi yo‘ldan olindi va yetim Quliga qadaldi, chunki Qulining ko‘zi hamon yo‘lda edi.
Urushdan qaytganlar ham bunga hayron edilar, goh qishloqdagilarga, goh Quliga boqishardi. Har qanaqasiga o‘ylaganda ham bu tushunish uchun og‘irlik qilardi…
Qishloqning bunday g‘aribligi endi tabiiy ko‘rindi, urushdan qaytganlar esa bu g‘ariblikdan kulishdi.
Aslida bu kulguli emas, yig‘laydigan ahvol edi. Biroq urushdan qaytganlar ming martalab o‘t-olov ichidan omon chiqishgandi, minglab o‘lganlarni ko‘rishgandi, balki shuning uchun ham bu dunyodagi ko‘pgina achinarli narsalar ularga kulguli ko‘rinardi.
Urushundan qaytganlar Qulini ovuntirishga tushishdi, hammasi birin-ketin turli ertaklar o‘ylab topa boshlashdi, ertaklardan ma’lum bo‘lishicha, ularning hammasi yetim Qulining o‘g‘liga jang maydonlaridan duch kelishgan, u bilan birga jangga kirishishgandi, lekin bu yigitlarning o‘zlari bir-birlari bilan qarshilashishmagandi, shu tarafdan olib qaraydigan bo‘lsak Qulining o‘g‘li odam emas, go‘yoki bir qush edi, u buning yonidan unga, uning yonidan bunga uchib yurgan.
Biroq yagona savolga javob yo‘q edi: bu qushni qachon va qayerda, kim boshiga yetgan? Buni Quliga tushuntirib beradigan odam yo‘q edi.
Ha, urushdan qaytganlar yetim Quliga o‘g‘li haqda gapirishar, Quli esa o‘ksina-o‘ksina, og‘rina-og‘rina quloq solar, bir burchakka qisilib yig‘lardi, qishloqdoshlarning xayoli Qulida, pochtalon Samad esa hech kimning esiga tushmasdi.
Masala shunda ediki, yetim Qulining o‘g‘li haqida so‘z ketganida Samadning ham ahvoli o‘zgarardi, ko‘zlari yoshga to‘lib qalbiga og‘riq to‘lardi, suhbatning yarmida o‘rnidan turib Qulining gap-so‘ziga qaramay qishloqdoshlar ortidan u ham og‘rina-og‘rina uyiga ravona bo‘lardi…
Kunlardan bir kun u bechora yana shunday og‘rina-og‘rina uyiga ketganidan biroz o‘tib qishloqqa xabar tarqaldi, pochtalon Samadning ahvoli og‘ir, o‘lishi mumkin…
…Pochtalon Samad jon berayotgandi.
Bechorani taxta karovatga yotqizishgan, ayoli boshi uzra, bolalari esa oyoqlari tarafda jon hovuchlab o‘tirishardi.
Samadning ayoli ho‘ngrab yig‘lar, biroq farzandlari hali bola edi, yig‘lashmasdi. Ehtimol pochtalon Samadning ayoli uning o‘layotgani uchun emas, bolalari hali juda yosh va yig‘lay olmayotgani sababli yig‘layotgandir…
Pochtalon Samadning yonida ko‘pchilik parvona edi, uning qurigan lablari qo‘zg‘olganida, so‘nggi nafas oldidan yetim Qulini chaqirganida barchasi shoshib qolishdi: “Qani yetim Quli, qayerda yetim Quli?..”
Qulini topib, yoniga keltirishdi.
Etim Quli ichkariga kirganida pochtalon Samad tamomila harakatdan to‘xtagan, nafas olmayotgandi go‘yo, lekin hali jon bermagandi.
Ko‘zlari ochiq edi, ostonaga qadalgandi, faqat Qulini ko‘zlardi.
Hamma Qulini kutardi.
Pochtalon Samadning ayoli ham bir burchakka qisilib turar, yig‘lamasdi.
O‘rtaga shunday sukunut cho‘kkan ediki, pashsha uchsa qanot qoqishi eshitilardi.
Pashsha vizillab to‘g‘ri Samadning ko‘zi oldida o‘ynar, biroq Samadning pashshani quvmoqqa ham madori yo‘q edi. Qo‘rquvdan hatto ko‘z ochib yumolmasdi. Chunki, ko‘zini yumsa ochishga kuch topa olmasligini, ko‘zi yumiq o‘lishini, Qulini ortiq ko‘rolmasligini bilardi.
Vanihoyat Quli keldi, ichkariga kirdi, hamma katta qiziquvchanlik bilan Samad unga nima deyishini kutardi.
U sekingina tilga kirdi:
— Quli, iltimos, bu pashshani quv…
Quli pashshani quvdi.
Pochtalon Samad yana ohista,
— Quli, o‘lyapman, mendan rozi bo‘l, — dedi.
Quli boshini qo‘zg‘ab alam ichida rozilik berdi.
Samad esa yanada past ovozda so‘z boshladi:
— Quli, necha yildan beri seni aldab kelyapman, Xudoning o‘zi kechirsin meni… To‘shakning u boshini ko‘tar, o‘g‘lingning qoraxati bor.
Odamlarning ko‘zi o‘qraydi: “Qaysi bolasining qoraxati? Qanaqa qoraxat?”
Quli egilib to‘shakning uchini ko‘tardi. Barcha ko‘zlari to‘rt bo‘lib boqar, biroq to‘shakning osti bo‘m-bo‘sh edi…
Odamlar erkin nafas olishdi.
Etim Quli aylanib pochtalon Samadga “To‘shakning ostida hech narsa yo‘qku…” demoqchiydi, ulgurmadi.
Pochtalon Samad omonatini topshirgandi…
Ozarboyjon tilidan Rahmat Bobojon o‘girmasi