Romanslarda madh etilgan va quyida qanday yuz bergan bo‘lsa shunday bayon qilingan voqea haqida haqqoniy qissa
MUALLIFDAN
Men bu latifani birinchi marta umr bo‘yi o‘zi tug‘ilib o‘sgan ovloq qishloqdan nariga chiqmagan bir echkiboqar cho‘pondan eshitganman. Bu tabiatan quv va masxaraboz, ammo o‘qimagan omi qishloqilardan biri edi. Har doim qishloqda nikoh to‘yi yoki bola cho‘qintirish marosimi bo‘layotganda yo to‘ralar kelishi nishonlanayotganda cho‘pon albatta qiziqarli o‘yinlar, ko‘ngil-ochar tomoshalar o‘ylab topishi, odamlarni kuldirishi, romanslar kuylashi va turfa xil ertaklar aytib berishi kerak edi. Alqissa, shunday namoyishlardan birida, — bunga ham mana, o‘ttiz besh yildan ko‘proq vaqt o‘tibdi, — echkiboqar “Korrexidor1 va tegirmonchining xotini” yoki boshqacha qilib aytganda, “Tegirmonchi va korrexidorning xotini” haqida nazmiy hikoya so‘zlab, bizni ancha uyaltirib qo‘ydiki (vaholanki, bu uyalish nisbiy ma’noda edi), bugun biz bu hikoyani kitobxonga, zamon talabiga ko‘ra, birmuncha ulug‘vor va falsafiy nom bilan ya’ni “Uchburchakli shlyapa” nomida tavsiya qilamiz.
Esimda, cho‘pon bu qiziqarli hikoyasini so‘zlayotganida uni eshitib turgan qizlar (hammalarining bo‘yi yetgan edi) uyalganlaridan loladek qizarib ketgan edilar. Bu holni ko‘rgan qizlarning oyijonlari, bu hikoyaning beadab tomonlari borga o‘xshaydi, degan xulosaga kelib, bechora cho‘ponni rosa koyib berishgandi. Lekin Repela (cho‘ponning ismi shunday edi) ham bo‘sh kelmadi va:
— Bekorga xunob bo‘lyapsizlar, senoralar, — dedi. — Axir men aytayotgan voqeadagi narsalarni hatto rohiblar-u go‘dak bolalar ham bilishadi… Mana, o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, — dedi u gapida davom etib, — korrexidor bilan tegirmonchining xotini haqidagi hikoya nimaga da’vat etadi? Er bilan xotin birga yotishi kerak, bironta ham er o‘z xotinining boshqa erkak bilan yotishini aslo yoqtirmaydi! Menimcha, buning hech qanaqa beadab tomoni…
— Gapida jon bor, — deyishdi oyijonlar qizlarining kulgisini eshitib.
— Repela amakinglar haq gapiryapti, — deb gapga aralashdi kuyovning otasi, — mana sizlarga buning isboti… To‘yga tashrif buyurgan barcha keksayu yosh mehmonlarimizga ayonki, bugun oqshomda raqslar tugagach, Xuanete bilan Manolilya o‘z yotoqlarini yangilaydilar, hozirgina Gabriyela xolangiz u yerdagi o‘rin-ko‘rpayu yostiqlarni, ulardagi bezaklarni qizlarimizga ko‘z-ko‘z qildi…
— Qolaversa, — dedi kelinbolaning bobosi, — bu jamiki hayotiy lavhalar haqida bolalarimiz Muqaddas Injildan va hattoki muqaddas Annaning uzoq yillar bepusht bo‘lgani, Yusuf alayhissalomning pokdomonligi, ma’suma Yudifning hiylasi va o‘zga qator mo‘jizalar haqida so‘zlangan va’zlardan bilib olurlar. Binobarin, senoralar…
— Yo‘q, yo‘q, Repela amaki! — deb chug‘ullashdi qizlar. — Yana bir marta aytib bering! Juda qiziq ekan hikoyangiz!
— Ham qiziq, ham odob-axloq doirasida! — deb gapini davom ettirdi bobo. — Bu hikoyada hech qanday nojo‘ya, xunuk gap yo‘q; u kishini yomon yo‘lga boshlamaydi, bil’aks, qing‘ir ish qilgan odam muqarrar jazo tortajagini bildiradi.
— Ha, mayli, gapiraqol! — deya iltifot ko‘rsatishdi muhtarama onalar.
Shunda Repela amaki yana hikoyasini davom ettirdi. Endi, boyagi odmi tanqidlardan keyin, hech kim unga zarracha ham e’tiroz bildirmadi. Bu demak, bayonchining tsenzura roziligini olgani edi.
Keyinchalik men tegirmonchi va korrexidorning xotini haqida marhum Repela amakiga o‘xshagan qishloqi sho‘x yigitlar tomonidan hikoya qilingan turli xil naqllarni eshitdim… Lekin ulardagi voqealar rivoji va ayrim uslubiy jihatlar bizning cho‘ponimiz bayon qilgan hikoyadan katta farq qilardi, bu tafovut shu qadar katta ediki, agar cho‘ponimiz ushbu naqllardan birontasini o‘z qishlog‘ida so‘zlab bergudek bo‘lsa, boodob sipo qizlar albatta quloqlarini berkitib olgan, ularning onalari esa, bayonchini yumma talagan bo‘lar edilar. Sababki o‘zga muzofotlardagi to‘ng bayonchilar Repelaning mumtoz bayonida g‘oyatda ajib, kamtarona va latofatli tasvirlangan bu rivoyatni shu daraja buzib talqin qilgan edilar!
Men ko‘pdan beri bu og‘izdan-og‘izga ko‘chib yurgan sayyor rivoyatning dastlabki (qiyofasini, — hech shak-shubha yo‘qki odob va kamtarinlik doirasidan chiqmagan haqiqiy qiyofasini tiklash niyatida edim. Zotan, bu yanglig‘ qissalar dag‘al va irkit qo‘llarga tushgudek bo‘lsa, aslo yaxshilanmaydi, latiflanmaydi, aksincha, qabohatlar, xashaki illatlar ta’sirida buziladi, ifloslanadi.
Ushbu kitobning vujudga kelishi sabablari shunday…
Endi maqsadga o‘taylik… Aziz o‘quvchi, sening adolatli hukmingga umid bog‘lab, hozir men korrexidor bilan tegirmonchining xotini haqidagi qissamni boshlayman va shoyadki sen uni yorug‘ jahon yuzini ko‘rishga sazovor kitob deb e’tirof etsang.
1874 y. iyul.
I b o b
VOQEA SODIR BO‘LGAN ZAMON HAQIDA
Hozirgi paytda tugab borayotgan voqea-hodisalarga boy asr boshlanayotgan edi. Qaysi yil ekanligi aniq emas. Faqat shunisi ma’lumki, bu voqea 1804 yildan keyin va 1808 yildan oldin bo‘lgan edi.
U paytda hali Ispaniyaga Karl IV Burbon hukmronlik qilardi. Ovrupadagi Lyudovik XIV ning avlodlari bo‘lgan boshqa hukmdorlar dunyoning eskirib puturdan ketgan qit’asida 1789 yildan boshlab shiddatli qutura boshlagan bo‘ronda o‘z tojlaridan (ularning eng kattasi esa kallasidan1 ) judo bo‘lgan edi.
Vatanimizning o‘sha davrdagi ahvolida yana boshqa bir o‘ziga xos xususiyat ham bor edi. Korsikali nomi chiqmagan oddiy bir advokatning o‘g‘li, Rivoli, Ehromlar, Marengo yaqinidagi janglarda va boshqa yuzlab janglarda g‘alaba qozongan inqilob soldati2 endigina Buyuk Karlning tojini boshiga kiygan va butun Ovrupani so‘kib, qaytadan bichgan edi: u butun-butun davlatlarni yaratdi va bekor qildi, chegaralarni yo‘q qildi, yangi-yangi sulolalar kashf etdi, o‘zining jangovar otida, misoli quyundek yoki shimoldagi davlatlarning ta’biri bilan aytganda, “dajjol”dek bostirib borgan hamma yerda mamlakatlarning nomlarini, xalqlarning turmush tarzi, turar-joyi, rasm-taomili va hattoki kiyim-kechaklarini ham o‘zgartirdi.
Biroq bizning otalarimiz, xudo rahmatiga olgan bo‘lsin ularni, undan nafratlanmadilar ham, qo‘rqmadilar ham, — ular uning ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan qilmishlari haqida, go‘yo gap ritsarlik romani qahramoni haqida yoki o‘zga bir sayyoradagi voqealar haqida borayotgandek, zo‘r mamnuniyat bilan maqtov so‘zlar aytardilar, zero, uning bir kunmas bir kun o‘z yurtlariga ham bostirib kirib, xuddi Frantsiyada, Italiyada, Germaniyada va boshqa mamlakatlarda qilgan vahshiyligini takrorlashini tushlarida ham ko‘rmagan edilar. Pireney yarimorolining eng yirik qishloqlariga Madriddan haftada bir (nari borsa, ikki) marta pochta bironta “Gazeta”ning qandaydir sonini keltirardi; nufuzli shaxslar uni o‘qib, o‘zlari istiqomat qilib turgan yarim-oroldan tashqarida qanday davlat paydo bo‘lgani yo yo‘q qilingani, olti yoki sakkizta qirol va imperatorlarning lashkarlari qatnashgan yana qanday jang mag‘lubiyatga uchragani, Napoleonning ayni damda qayerda: Milandami, Bryusseldami yo Varshavadami ekanligini bilishar edi. Otalarimiz boshqa hech nima haqida bosh qotirmay, bamaylixotir, qadimgi taomillarga amal qilgan holda, och qornim-tinch qulog‘im, qabilida eskichasiga kun kechirar edilar: hanuz o‘sha-o‘sha inkvizatsiya, o‘sha-o‘sha monaxlar, o‘sha-o‘sha g‘ayriqonuniy tengsizlik, o‘sha-o‘sha imtiyozlar, maxsus huquqlar, o‘sha-o‘sha fuqaroviy yo siyosiy erkinlikning yo‘qligi; hali ham ularga hazrat yepiskoplar-u qudratli korrexidorlar (bular hukmronligining cheki-chegarasi yo‘q edi, zero ular samoviy amallarga ham, zaminiy ishlarga ham tumshuq tiqaverardilar) bir paytda xo‘jayinlik qilardilar; o‘sha-o‘sha turi ellikdan ortiq har xil soliqlar, o‘lponlar, bojlar…
Biz o‘sha davrda dunyoda qanday voqealar sodir bo‘layotgani haqida aytib o‘tdik; bundan ko‘zlangan yagona maqsad, bizni qiziqtirgan yilda (buni 1805 yil deb taxmin qila qolaylik) Ispaniyadagi xususiy va jamoa hayotining barcha sohalarida hamon eski tuzum hukm surayotganini o‘quvchiga eslatib qo‘yishdan iborat edi: Pireney tog‘lari go‘yo xitoy devoriga aylanganu Ispaniyani dunyodagi barcha yangilik va o‘zgarishlardan ixota qilib turgan edi.
II b o b
U ZAMONDA ODAMLAR QANDAY YaShAGAN EDI
Chunonchi, Andaluziyada (darvoqe, siz eshitadigan voqea Andaluziyadagi shaharlardan birida yuz bergan) obro‘-e’tiborli odamlar tong otar-otmas turib (hatto begim kunlari ham), jomega tonggi ibodatga borishar, soat to‘qqizda quymoq, qovurilgan burda non va bir finjon shokolad bilan nonushta qilishardi; tushliklari soat bir bilan ikki o‘rtasida bo‘lardi; agar ilvasin go‘shti bo‘lsa, tushlikka quyuq va suyuq taom tortilardi; agar ilvasin go‘shti bo‘lmasa, faqat suyuq ovqat bilan cheklanardilar; tushlikdan so‘ng dam olardilar, keyin sayr qilgani chiqardilar; qosh qoraya boshlagan paytda o‘z qavmlari cherkoviga kechki ibodatga borardilar; ibodatdan qaytgach, ikkinchi shokoladni (endi pechene bilan) ichardilar; izzattalab, mulozamatli kishilar korrexidornikida, cherkov kengashi oqsoqolinikida yoki shu shaharda istiqomat qiluvchi bironta mansabdor shaxsnikida bo‘ladigan o‘tirishlarga borardilar; tungi ibodatga jom chalinganda uylariga qaytardilar; ko‘cha qorovullarining “chiroqlar o‘chirilsin!” degan hayqirig‘i eshitilmasdan ko‘cha eshiklarini tanbalab olardilar-da, kechlik qilgani o‘tirardilar, kechlikda salat bilan qovurma yerdilar, keyin xobxonaga kirib, xotinlari bilan (agar bo‘lsa) oldindan grelka bilan isitib qo‘yilgan to‘shakka yotardilar…
Mamlakatimiz dunyoda bo‘layotgan marazliklar, yovuzliklar, illatlar, iflosliklarni payqamay, tinch va osuda yashagan davrlar qanday saodatli edi! Insonlar bir-birlaridan toifalari, ehtiros-u urf-odatlari bilan farq qilgan zamonlar qanday saodatli edi!.. U zamonlar, ayniqsa, shoirlar uchun pursaodat edi, zero, ular har qadamda o‘zlarining ash’orlari, intermediya-yu, komediya-yu dramalari yoki epopeyalari uchun olam-olam mavzularga duch kelardilar! Ha, yuz karra saodatli edi u zamonlar!..
Lekin biz o‘tlab ketdik, shekilli. Yetar shuncha chekinishlar, keling, endi “Uchburchakli shlyapa” voqeasiga o‘taylik.
III b o b
DO UT DES
Alqissa, o‘sha zamonlarda *** shaharchasidan sal nariroqda bir tegirmon bo‘lardi — hozir u yo‘q; u qishloqdan chorak milya narida olcha va gilos daraxtlari o‘sgan xushmanzara tepalik bilan sho‘x va asov daryoning qirg‘og‘idagi serunum poliz maydoni orasida joylashgan edi.
Bu tegirmon anchadan beri bir qator turli-tuman sabablarga ko‘ra, nomi zikr etilgan shaharchada istiqomat qiluvchi eng obro‘-e’tiborli kishilar uchun sevimli sayrgoh va hordiq maskani bo‘lib qolgan edi… Bunga birinchi sabab — u katta yo‘l yoqasiga joylashgan edi. Ikkinchi sabab — tegirmon oldiga sahniga silliq toshlar to‘shalgan, tepasi tok so‘risi bilan yopilgan kenggina shiyponcha bo‘lib, tokning serbarg novdalari yozning issiq kunlarida dam oluvchilarga huzurbaxsh soya solar, qishda esa, tok barglari to‘kilib, quyoshning yoqimli iliq taftidan bahramand qilar edi. Uchinchi sabab — tegirmonchining o‘zi nihoyatda xushtakalluf, juda farosatli, zakovatli, xullas, odamlarni o‘ziga iydiradigan kishi edi, zero, u kechki paytlari tegirmoniga tez-tez tashrif buyurib turuvchi izzat-e’tiborli zotlarning ko‘nglini ovlashni bilardi, ularni mavsumga qarab goh loviya, goh gilos va olcha, goh qovun bilan, goh jo‘xori kabobi bilan, gohida mehmonlar soyasida o‘tirgan tokning uzumi bilan mehmon qilardi, goho esa, kunlar sovigan paytlarda (endi shiyponchadamas, uyda issiq o‘choqboshida) musallas quyib berib, mehmonlar dilini xushnud qilardi; pasxa bayrami kunlari dasturxonga u yana qatlama, shirinliklar, o‘rama nonlar ham qo‘yardi.
— Nima, tegirmonchi shunaqa boymidi yoki uning mehmonlari shunaqa beandisha odamlarmidi? — deb so‘rarsiz balki.
Yo‘q, unisi hammas, bunisi hammas. Tegirmonchining daromadi faqat o‘ziga yetarli edi, xolos; uning mehmonlari esa, nihoyatda kamsuqum, nozikta’b kishilar edi. Lekin ellikdan ortiq turli xil cherkov va davlat soliqlarini to‘lashga to‘g‘ri kelgan o‘sha davrda bizning tegirmonchiga o‘xshagan idrokli dehqon, agar rexidorlar, ruhoniylar, monaxlar, munshiylar va o‘zga aslzodalarning rag‘batidan foydalanolgan bo‘lsa, hech qiynalmasdi. Mana shuning uchun ham odamlar, Lukas amaki (tegirmonchining ismi shunday edi) uyiga kelgan mansabdorlarning ko‘nglini ovlab, har yili ancha-muncha mablag‘ orttirib olyapti, deb gap qilishardi.
“Taqsirim, buzib tashlagan uyingizning eski eshigini menga berolmaysizmi?” — derdi u mehmonlarning biriga. “Janobi oliylari, — deb yuzlanardi u ikkinchi mehmonga, — aytib qo‘ysangiz, mendan jon solig‘ini sal kamaytirib olishsa”. “Hazratim, monastir bog‘idagi tutning novdalarini ipak qurtlarim uchun kesib olsam maylimi?” “Hazrati buzruk, o‘rmoningizdan ozgina o‘tin kesib olishimga ruxsat berolmaysizmi?”. “Hazrati muqaddaslari, ikki enlikkina xat yozib berolmaysizmi? Imoratimga ozgina yog‘och yetishmay turuvdi”, “Menga bepul bitta ariza yozib bersangiz, munshiy janoblari”, “Bu yil men ijara haqini to‘lolmaydiganga o‘xshayman”, “Shoyadki, sud ishni mening foydamga hal qilsa”, “Bugun men, sudya janoblari, bir odamning yuziga tarsaki tortib yubordim, lekin qamoqqa men emas, u tushsa kerak, albatta, negaki, o‘zi mening achchig‘imni chiqardi-da”, “Janobimning mana bu narsalari o‘zlariga ortiqcha emasmi?”, “Sizdan bir narsani so‘rasam bo‘ladimi?”, “Xachiringizni menga bir kunga berib turolmaysizmi?”, “Ertaga ertalab aravangiz bo‘sh bo‘ladimi?”, “Eshagingizni olib tursak maylimi?”
Bu keti uzilmaydigan iltimoslarning bariga mehmonlar doim muruvvatli va beg‘araz: “Bemalol, bajonidil” deb javob qilardilar.
Lukas amakining nima uchun hech qachon safolatga uchramasligi sababini endi tushungan bo‘lsangiz kerak.
IV b o b
XOTIN
Shaharlik zodagonlarning kechqurunlari Lukas amakining tegirmoniga kelib turishlariga yana bitta va, aytish mumkinki, eng muhim sabab bor edi. Gap shundaki, senor yepiskopdan va senor korrexidordan tortib hamma din peshvolariyu oqsuyak a’yonlar bu tegirmonda xoliq egam yaratgan dunyoda eng latofatli, eng nazokatli va eng maftunkor bir xilqatni ko‘ngillariga siqqancha tomosha qilib bahra olishlari mumkin edi.
Bu xilqatning ismi… senya Fraskita edi.
Kitobxonlarga, birinchi navbatda, shuni aytib qo‘yishim lozimki, Lukas amakining qonuniy xotini bo‘lmish senya Fraskita izzat-ehtiromga loyiq ayol edi, shu fazilati uchun ham uni tegirmonga tashrif buyurib turuvchi nufuzli mehmonlar hurmat qilishardi. Shuni ham aytib o‘tish joizki, tashrif buyurganlarning birontasi ham senya Fraskitaga oshufta nigoh bilan yoki qandaydir nopok niyat bilan qarashga jur’at etolmasdilar. Rohiblar ham, kabalero (janob)lar ham, din peshvolariyu mansabdor shaxslar ham undan zavqlanishar va kezi kelganda, bu xonimga iltifot ko‘rsatishar (erining ko‘z oldida, albatta), lekin bular parvardigor yaratgan yoki eng ma’yus tabiat odamni ham xushnud etib, dilini vasvasaga soluvchi iblis kashf etgan mo‘jizavash go‘zallikka bo‘lgan iltifotlar edi, xolos. “Qanday latifa xilqat-a!” — derdi odatda saxovatli oliy hazrat. “Ellin davriga xos chinakam haykal”, — derdi Tarix akademiyasining muhtarama a’zosi, ilmiy advokat. “Ha, bu Moma Havoning asl tasviri!” — deya luqma tashlardi monastir boshlig‘i. “Quling o‘rgilsin do‘ndiqcha!” — deb maqtardi muhorib polkovnik. “Ilon, maftunkor pari, iblis”, — deb ilova qilardi korrexidor. “Lekin, — deyishardi hammalari, to‘yib uzum va yong‘oq tanovul qilishgach, o‘zlarining me’dalariga tekkan uy sharoitlariga qaytarkanlar, — bu ayol nihoyatda sofdil, farishta, go‘dakdek ma’suma”.
Holbuki, o‘sha ma’suma go‘dakning, ya’ni senya Fraskitaning yoshi o‘ttizga yaqinlashib qolgan edi. U sarvqomat, miqti jussali edi; aytish mumkinki, uning tiqmachoqdek gavdasi viqorli andomiga sal dog‘ tushirib turardi. Bu Herkulesvash ayol ko‘proq Niobeyani (lekin befarzand Niobeyani), qadimgi Rim matronalarini eslatardi. Lekin zabardast qomatining harakatchanligi, epchilligi, tiyrakligi, nafis va latifligi hammadan ham ko‘proq kishini hayratga solardi. Uning, hurmatli akademik aytganidek, antik davr haykaliga o‘xshashi uchun mahobatli savlat yetishmasdi. U misoli qamish poyasidek egilar, shamol tegirmoni parragidek gir-gir aylanar, raqs tushganida oyoqlari yerga tegmasdi. Lekin chehrasi o‘ta harakatchan bo‘lganligi bois, u haykalga kamroq o‘xshardi. Uning yuzidagi beshta (ikkitasi bir yanog‘ida, bittasi yana bir yanog‘ida, bittasi jilva qilib turgan labining chap burchagida va, nihoyat, oxirgi eng kattasi bejirim iyagining qoq o‘rtasida bo‘lgan) jozibali kulgichi bir husniga o‘n husn qo‘shib, kishini ohanrabodek o‘ziga rom qilardi. Bu fazilatlarga yana makkora tabassum, quvlik bilan ko‘z qisishlarni va nutqini jonlantiruvchi turfa xil bosh irg‘ashlarni ilova qilsangiz, bu xilqatning tarovat va nazokat bilan yo‘g‘rilgan sog‘lom va xushchaqchaq chehrasi haqida haqqoniy tasavvurga ega bo‘lasiz.
Senya Fraskita ham, Lukas amaki ham andaluziyalik emas edilar: senya Fraskita navarralik, eri mursiyalik edi. Lukas *** shahriga kelib, o‘n besh yoshida hozirgi yepiskopning salafi bo‘lmish yepiskopga yaqin paj, yarim xizmatkor sifatida yollanadi. Lukasning sohibi uni diniy lavozimga tayyorlay boshlaydi va, ehtimol, shu sababli bo‘lsa kerak, mansab olishi uchun hamda daromadsiz qoldirmaslik uchun unga tegirmon vasiyat qiladi. Lekin hazrati buzurg qazo qilgan chog‘da, hali faqat rohib shogirdi bo‘lgan Lukas amaki o‘sha kun, o‘sha soatdayoq egnidagi rohiblik jomasini qoziqqa iladiyu soldatlikka yollanadi, sababki, uni cherkov xizmatidan yo xirmonda bug‘doy yanchishdan ko‘ra dunyo kezish, sarguzashtli hayot og‘ushiga g‘arq bo‘lish ko‘proq qiziqtirardi. 1793 yilda G‘arbiy Pireneydagi jangda shavkatli general don Ventura Karoning maxsus mulozimi sifatida jang qiladi. Keyin uzoq vaqt shimoliy viloyatlarda xizmat qiladi va, nihoyat, iste’foga chiqadi.
Estelyada u senya Fraskita bilan tanishadi. U paytda uni oddiygina — Fraskita deb atardilar. Lukas uni sevib qoladi, unga uylanadi va Andaluziyadagi o‘z tegirmoniga, ya’ni ularning tinch va saodatli hayotlari o‘tgan ana shu ham kulgi, ham yig‘i maskani bo‘lgan baytulahzonga olib keladi.
O‘z tug‘ilib o‘sgan Navarrasini tashlab, bu ovloq go‘shaga kelgan senya Fraskita andaluziyaliklarning bironta ham rasm-taomiliga ko‘nikishni xohlamaydi, shu bois u har jabhada mahalliy ayollardan mutlaqo farq qilar edi. Uning kiyim-kechaklari yerli ayollarnikiga nisbatan odmiroq, kengroq va bejirimroq edi; u tez-tez yuvinib turar va yalang‘och qo‘llari hamda ochiq bo‘ynini quyoshning haroratli bo‘sasiga, sarin shabbodaning siypalab erkalashiga qo‘yib berardi. U deyarli shaharli ayollarga o‘xshab, deyarli Goyyaning1 suratlaridagi ayollar singari, deyarli qirolicha Mariya-Luiza singari kiyinardi, lekin yubkasi ularnikiga o‘xshash yarim qadamlimas bir qadamli va shu bilan birga, chiroyli oyoqchalari ochiq ko‘rinib turadigan darajada kalta bo‘lardi; ko‘ylagining yoqasi doirali va ochiq bo‘lardi — Madrid modasiga ko‘ra, zero, u Navarradan Andaluziyaga ko‘chib kelayotganida eri Lukas bilan birga Madridda ikki oy yashab turgan edi; sochi boshiga baland qilib turmaklanganidan ochiq bo‘yni va boshi yanada jozibaliroq bo‘lib ko‘rinardi; jajjigina quloqchalariga bejirim shokilali sirg‘alar husn bag‘ishlardi, mehnat bilan dag‘allashgan, ammo pokiza qo‘llarining nozik barmoqlarida uzuklar yarqirardi. Qolaversa, Fraskitaning ovozi serjilo, xushohang cholg‘uning barcha pardalarida yangrar, uning quvnoq, yangroq kulgisi esa, pasxa bayrami kechasi ibodatga chorlovchi qo‘ng‘iroq sadosi yanglig‘ jaranglardi.
Endi Lukas amakining tasvirini chizib ko‘ramiz.
V b o b
E R
Lukas amaki kamdan-kam uchraydigan xunuk odam edi. U hamisha shunaqa bo‘lgan, hozir, yoshi qirqqa yaqinlashib qolganda-ku, inchunun. Shunga qaramay, Lukas amakiday xushtakalluf, istarasi issiq odamlar dunyoda juda kam topiladi. Lukasning pitrakligi, idroki va zukkoligiga qoyil qolgan marhum yepiskop, o‘g‘lingizni menga tarbiyaga bering, deb yigitning ota-onasidan (ular qo‘y boqib, cho‘ponlik qilardilar) so‘rab olgan edi. Hazrati buzruk jon taslim qilib ulgurmay, yigit diniy seminariyani kazarmaga almashtirdi. General Karo Lukasni alohida taqdirlab, uni o‘z pinjiga oldi va jangovar yurishlarda o‘zining ishonchli xizmatkori etib tayinladi. Lukas amaki harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgach, ilgari generalning va yepiskopning muruvvatiga qanday osonlik bilan sazovor bo‘lgan bo‘lsa, Fraskitaning qalbini ham shunday oson zabt etdi. O‘sha paytda hayotining endigina yigirmanchi bahorini qarshi olgan va Estelyadagi barcha yigitlarni (ularning ayrimlari juda badavlat edilar) hijron o‘tida yondirgan navarralik qiz bu oshiqi shaydo maymunning chaqmoq misol zarofati, ajabtovur hazil-mutoyibalari, sho‘x ko‘z qisishlari oldida, uning ham quvlik, ham nazokat bilan yo‘g‘rilgan istehzoli tabassumi oldida, na faqat o‘z mahbubasini, shuningdek, uning ota-onasini ham o‘ziga rom qila olgan bu dovyurak, gapga chechan, farosatli, mard va maftunkor mursiyalik yigit oldida o‘zini tutib turolmadi.
Lukas Fraskitaga oshiq bo‘lgan paytlarida ham, keyin biz hikoya qilayotgan yillarda ham past bo‘yli (harholda, o‘z mahbubasi yonida shunday bo‘lib ko‘rinardi), sal bukurroq, ko‘sa, burundor, shalpangquloq, afti qop-qora va cho‘tir edi. Lekin og‘zi chiroyli, tishlari bequsur edi. Bu odamning faqat tashqi qiyofasi dag‘al va beso‘naqay edi, deyish mumkin, ammo uning ichki dunyosiga xiyolgina nazar tashlagudek bo‘lsangiz, barkamol fazilatlar sohibi ekanligini ko‘rardingiz; uning bu barkamolligi tishlaridan boshlanardi. Keyin uning jarangdor, ma’nodor va yoqimli ovozi gohida keskin va hokimona ohangda, gohida esa, ayniqsa, biron nima iltimos qilayotganida, og‘zidan bol tomib shirinsuxanlik bilan yangrardi. Nutq so‘zlaganida doim oqilona gaplarni topib, ishonarli qilib gapirardi… Qolaversa, Lukas amaki jonboz, diyonatli, sadoqatli, aqli raso, har narsani bilishga intiluvchi odam bo‘lib, ko‘p narsani oldindan his qila olar, ko‘p narsani o‘z hayotiy tajribasidan bilar edi. U nodon va johil odamlarni, qay tabaqa vakili bo‘lishiga qaramay, jinidan ortiq yomon ko‘rar, boz ustiga mutoyiba, kinoya qilishga ham ustasi farang edi.
Lukas amakining ichki dunyosi va tashqi qiyofasi shunaqa edi.
VI b o b
ER-XOTINNING ISTE’DODLARI
Alqissa, senya Fraskita Lukas amakini jonidan ortiq sevar va erining unga bo‘lgan izzat-ehtiromidan o‘zini dunyodagi eng baxtiyor ayol deb hisoblardi.
Bilishimizcha, ularning hech qachon farzandi bo‘lmagan, shu bois ular butun umrlarini bir-birlariga mehrigiyo bilan g‘amxo‘rlik qilishga bag‘ishlaganlar, lekin ularning bir-birlariga mehribonligi, nazokati hech qachon g‘ashga tegmasdi, zero bu nazokatlar, boshqa befarzand er-xotinlarda bo‘lganidek, ko‘ngilga uradigan chuchmal emas edi. Bil’aks, bu er-xotinning munosabati soddadillik, xushchaqchaqlik, sho‘xlik va bir-birlariga ishonch zamirida qurilgan edi.
Nazarimda, Lukas amakidek yuvib-taralgan, yasantirib kiyintirilgan, mehr bilan yedirib-ichirilgan, uyi saranjom-sarishta tegirmonchi dunyoda topilmasa kerak. Shu bilan birga, senya Fraskitadek izzat-ikrom, mehr-muhabbat bilan ardoqlangan bironta ham tegirmonchining xotini, hattoki bironta ham malika dunyoda bo‘lmasa kerak! Qolaversa, shuncha xushbahra, g‘aroyib, foydali va mutlaqo befoyda bo‘lgan narsalarning biz hikoya qilayotgan aksar voqealar sodir bo‘layotgan tegirmondan boshqa hech bir yerda yuz berishi ham mumkin emas edi!
Bunday bo‘lishiga asosiy sabab, sohibjamol, serg‘ayrat, bilagida kuchi bor, sog‘lom navarralik ayol senya Fraskitaning pazandalikda ham, bichish-tikish, dazmol bosishda ham, supurib-sidirishda ham, xamir qorish, paypoq to‘qish, mis idishlarni qum bilan ishqalab oftobdek yaraqlatishda ham, qo‘shiq aytish, raqsga tushish, qarta o‘ynash va hokazo ro‘zg‘or ishlarida ham ustasi farangligi edi.
Buning ustiga, Lukas amakining ham ishchanlikda, abjirlikda xotinidan qolishmasligi, ularning ahil va xurram yashashlariga sabab bo‘ldi: Lukas amaki dalada ishlashni, g‘alla o‘rib, yanchishni, ov qilishni, baliq tutishni, duradgorlik hunarini yaxshi ko‘rar va ularni qiyomiga keltirib bajarardi; u, kezi kelganda, temirchilikni ham, toshtaroshlikni ham eplab ketaverardi, ro‘zg‘or ishida hamisha xotiniga ko‘maklashar, o‘qish-yozish, hisoblash — hokazo va hokazo ishlarning kiftini keltirardi. Qolaversa, taqdir unga yana o‘zga g‘ayrioddiy iste’dodlar ham ato etgan edi…
Masalan, Lukas amaki gulga astoydil mehr qo‘ygan edi (bu borada u xotinidan qolishmasdi) va shu qadar mohir, zahmatkash bog‘bon ediki, har turli chatishtirish usullarini qo‘llab, gullarning yangi-yangi navlarini kashf etardi. U tegirmon uchun suvni uch hissa ko‘paytirib beradigan to‘g‘on va nov qurib, o‘zining tug‘ma quruvchi-muhandis ekanligini isbotladi. U kuchugini raqs tushishga, to‘ti qushini o‘zi yasagan quyosh soatiga qarab, har soatda qichqirib turishga o‘rgatdi…
Bulardan tashqari, tegirmon qoshida yosuman butalari bilan ixota qilingan har turli sabzavotlar ekilgan poliz va chiroyli bog‘, yozning jazirama kunlarida Lukas amaki bilan senya Fraskita cho‘miladigan hovuz, tropik o‘simliklar uchun mo‘ljallangan issiqxona, quduq, bir juft eshak (er-xotin shu eshaklarni minib shaharga yo atrof qishloqlarga qatnardilar) tovuqxona, kaptarxona, tirik baliqlar uchun hovuzcha, ipak qurti uchun ekilgan tut ko‘chatlari, asalari uyalari, musallas saqlanadigan yerto‘la, mo‘jazgina nonvoyxona, to‘quv dastgohi, temirchilik va duradgorchilik ustaxonalari va boshqalar bo‘lib, bularning hammasi sakkiz xonalik uy va taxminan bir gektar keladigan maydonga joylashgan edi.
VII b o b
BAXTNING NEGIZI
Darhaqiqat, tegirmonchi va uning xotini bir-birlarini telbavash sevardilar, hatto senya Fraskita erini eri uni sevgandan ham ortiqroq sevardi, desak yanglishmaymiz, vaholanki, senya Fraskita qanchalik sohibjamol bo‘lsa, Lukas amaki shunchalik badbashara edi. Bu gapni aytishimdan maqsad, senya Fraskita Lukas amakini rashk qilardi, agar eri tegirmon uchun don keltirgani shaharga yo qo‘shni qishloqlarga ketib, bir oz hayallab qolgudek bo‘lsa, azza-bazza uning qayoqlarda yurganini surishtira boshlardi. Lekin Lukas amaki boshqacha edi. U xotinini tegirmonga tashrif buyurgan senorlar tomonidan e’zoz-ehtirom qilinishini ko‘rib huzur qilardi: tegirmonchi xotinining boshqalarga ham xuddi o‘ziga yoqqanday yoqishidan faxrlanar va quvonardi. Holbuki, u ba’zi mehmonlarning unga ich-ichlaridan hasad qilishlarini, Fraskitaga dunyoviy hirs bilan boqishlarini va uning o‘z eriga salgina bevafolik qilishi uchun butun boyliklarini baxshida qilishga ham tayyor ekanliklarini juda yaxshi tushunardi. Shunday bo‘lsa ham, Lukas amaki ish bilan band bo‘lib, xotinini kun bo‘yi yolg‘iz qoldirgan paytlarida ham undan aslo xavotir olmas, hech qachon, men yo‘g‘imda nima qilding, kimlar keldi… — deb surishtirmas edi.
To‘g‘ri, Lukas amakining sevgisi senya Fraskitaning muhabbatichalik kuchli emas edi, degan gap emas bu, albatta. Sodda qilib aytganda, tegirmonchi xotinining ezgu fazilatlariga, senya Fraskita uning sadoqatiga ishongandan ko‘ra ko‘proq ishonardi. Lukas amaki juda sezgir odam edi, xotinining o‘zga erkaklar oldida o‘zini qanday tutishini va o‘z erini qanday benazir mehr bilan sevishini bilardi. Eng muhimi shu ediki, Lukas amaki xuddi Shekspir qahramonlari singari barqaror hissiyotli, gumonsirash nimaligini bilmaydigan, ishonuvchi yo jondan kechuvchi, sevuvchi yo o‘ldiruvchi, eng oliy saodatdan asta-sekinlik bilan zalolat botqog‘iga g‘arq bo‘lishni bilmaydigan mard odam edi.
Qisqasi, bu oyog‘iga arqondan to‘qilgan kafsh, boshiga movut qalpoq kiygan Otello edi, — oxiri fojia bilan tugashi mumkin bo‘lgan pesaning birinchi pardasida u aynan shunday qiyofada namoyon bo‘ladi…
Lekin kitobxon, quvnoq yayrab turgan kuyga bunday qayg‘uli ohangni olib kirishning, beg‘ubor charog‘on osmonda vahimali chaqmoq shu’lasini yoqishning, ushbu binoyidek manzaraga hayajonli chizg‘ilar berishning nima hojati bor, deb so‘rashi mumkin.
Buning sababini hozir bilib olasiz.
VIII b o b
UChBURChAKLI ShLYaPA KIYGAN ODAM
Oktyabr oyi edi. Kunduzgi soat ikkilar payti.
Jome qo‘ng‘irog‘i odamlarni ibodatga chorlardi. Bu, demak, shahardagi barcha kazo-kazolar tushlik qilib bo‘lishgan.
Bunday paytda ahli din mehrob qarshisiga yo‘l olar, ahli fuqaro, xususan, ertalabdan xizmatda bo‘lgan (masalan, hokimiyat xodimlari)lar tushlikdan so‘ng bir oz mizg‘ib olish uchun o‘z xobxonalari sari ravona bo‘lishardi.
Mana shuning uchun ham jazirama issiq pallada oliy nasab senor korrexidorning bir o‘zi faqat algvasil kuzatuvida sayr qilgani bemavrid yo‘lga chiqqani ajablanarli hol edi. Bu odamning korrexidor ekanligiga shubha yo‘q edi, zero boshiga qozonday keladigan kattakon uchburchakli shlyapa, egniga to‘q-qizil rangli bejirim plash kiyganligi bois uni na kunduzi yorug‘da, na kechasi qorong‘ida hech bir kimsaga o‘xshatib bo‘lmasdi. Qolaversa, uning tashqi qiyofasidagi yaqqol ko‘zga tashlanuvchi faqat o‘zigagina xos xususiyatlar ham uni boshqalardan doim farq qilib turardi…
Senor korrexidorning g‘ayrioddiy tashqi qiyofasi masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, odamlarning aytishicha, uning qomati sal bukchaygan ekan… harholda, Lukas amakinikiga nisbatan ko‘proq bukchaygan, deyishadi… uni deyarli bukri deyish mumkin ekan. Boz ustiga, past bo‘yli, ramaqijon, rangi zahil, oyoqlari taqa misol qiyshiq, yurganida ikki tomonga chayqalib yurarkan (bu o‘rinda “u ikki oyog‘iga oqsaydi” degan tuturuqsiz iborani qo‘llash mumkin). Lekin naql qilishlaricha, uning yirik-yirik qora ko‘zlaridan g‘azab va nafrat, riyosatparastlik va shahvatparastlik uchqunlari chaqnab turar, yuz tuzilishi binoyidek bo‘lsa ham, lekin ham oldingi, ham jag‘ tishlari to‘kilib ketganligidan afti burishgan ekan. Ammo yuzining nozik bichimliligi uning yuksak ezgu fazilat sohibi ekanligidan emas, balki, aksincha, mug‘ambirlik va yovuz niyat makoni ekanligidan dalolat berarkan, korrexidordagi oqsuyaklik bilan shahvatparastlik omuxta bo‘lgan viqor uning uzoq yoshlik yillarida, oyoqlari qiyshiq, qaddi bukur bo‘lishiga qaramay, ayollar ko‘nglini ko‘p ovlaganligidan dalolat berib turardi.
Don Euxenio de Suniga-i-Ponse de Leon (janob korrexidorning ismi shunday edi) Madridda zodagon oilasida tug‘ilgan edi. Yoshi ellik beshlarga borib qolgan bo‘lib, bundan to‘rt yilini biz tilga olgan shaharda korrexidorlik lavozimida o‘tkazgandi. U mazkur shaharga kelgan yiliyoq shu yerli mashhura bir senoraga uylanib olgan edi — bu senora haqida biz mavridi kelganda gapiramiz.
Don Euxenioning halpillagan to‘q-qizil plashi uning oq rangli paypog‘i bilan tilla to‘qali qora boshmog‘idan boshqa hammayog‘ini berkitib turardi. Biroq ochiq dalada havoning tafti zo‘raydi-yu, u egnidagi plashini yechishga majbur bo‘ldi. Endi biz uning egniga batisdan tikilgan serhasham burma hoshiya yoqali ko‘ylak, yashil novda gulli g‘urrak rangli kamzul, qora shoyidan tikilgan kalta ishton kiyganini ko‘ramiz; u qo‘liga popukli durbosh aso ushlab, belidagi kamariga bandi o‘yma naqshli kumushdan bo‘lgan kalta nayza qilich, poxol rangli yumshoq yupqa teridan tikilgan bir juft qo‘lqop qistirgan edi — odatda, bu qo‘lqop hech mahal kiyilmas, faqat yuksak martaba ramzi sifatida xizmat qilardi.
Korrexidordan yigirma qadamcha orqada uni kuzatib kelayotgan algvasilning ismi Gardunya1 bo‘lib, ismi jismiga monand edi. Bu ozg‘in, pitrak, ko‘zlari bejo, jirkanch basharali, bo‘yni uzun, qo‘llari qamchin misol odam ayni paytda ham jinoyatchilarni iskab qidiruvchi iskovich itga, ham shu jinoyatchilarni bog‘lovchi arqonga, ham ular osiladigan dorga o‘xshab ketardi.
Gardunyaga nazari tushgan eng avvalgi korrexidor, bir qarashdayoq: “sendan haqiqiy algvasil chiqadi”, deb bashorat qilgan ekan. Mana, shundan beri u hozir to‘rtinchi korrexidorning qo‘lida algvasil bo‘lib xizmat qilyapti.
Gardunya qirq sakkiz yoshda edi; u ham boshiga uchburchakli shlyapa (lekin xo‘jayininikiga nisbatan ancha chog‘roq), egniga qora plash, oyog‘iga qora paypoq kiygan — umuman, boshdan-oyoq qora libosda edi, qo‘lidagi mansab tayoqchasining popugi yo‘q edi, qilich-nayza o‘rniga u sixga o‘xshash bir nima taqib olgan edi.
Bog‘lardagi tasqarani eslatuvchi bu boshdan-oyoq qora kiyingan odam to‘ti misol ola chipor kiyingan xo‘jayinining soyasiga o‘xshab ketardi.
IX b o b
XIX, JONIVOR!
Korrexidor bilan uning malayi o‘tgan yerlarda dehqonlar darhol ishlarini tashlab, ikki bukilib ta’zim qilardilar, — lekin hurmat yuzasidan emas, qo‘rqqanlaridan shunday qilardilar, keyin, ular o‘tib ketishgach, o‘zaro pichirlashardilar:
— Bugun senor korrexidor senya Fraskita huzuriga barvaqtroq yo‘l olibdimi-a?
— Ha, barvaqtroq… yana yolg‘iz o‘zi! — deb qo‘shilishardi korrexidorning bunday ziyoratga jamoa bo‘lib chiqishini ko‘rishga odatlangan boshqa dehqonlar.
— Menga qara, Manuel: nega senor korrexidor bugun navarralik juvonning oldiga yolg‘iz o‘zi ketyaptiykin-a? — dedi erining orqasiga eshakka mingashib olgan dehqon ayol eriga yuzlanib.
Shunday deb turib, u erining biqiniga ma’nodor barmoq niqtab qo‘ydi.
— Bemaza gapni qo‘y, Xosefa! — dedi oqko‘ngil dehqon. — Senya Fraskita sen o‘ylagan ayollardan emas, u hech mahal…
— Menam hech narsa deyotganim yo‘q… Lekin korrexidor navarralik xonimga oshiqu shaydo bo‘lib qolganga o‘xshaydi… Aytishlaricha, tegirmonga ziyoratga boruvchi aslzodalar ichida faqat shu madridlik xotinbozning niyati buzuqmish…
— Uning xotinboz ekanligini sen qayoqdan bilding? — deb surishtirdi eri.
— O‘zim-ku, bilmayman… Illo ko‘ngling to‘q bo‘lsin! Agar u menga biron qochiriq gap aytgudek bo‘lsa, korrexidor-porrexidorligiga qarab o‘tirmay, boplab tanobini tortib qo‘ygan bo‘lardim.
Bu gapni aytgan ayol xuddi maymundek tasqara edi.
— Qo‘y bu gaplarni, jonginam! — dedi Manuel. — Lukas amaki unaqa odamlardan emas, u hech qachon yo‘l qo‘ymaydi… Sen uning jahli chiqqan paytida ko‘rmabsan!
— Mabodo Lukas amakining o‘zi mone’lik qilmasa-chi? — deb so‘radi Xosefa xola, mug‘ambirona ko‘z qisib.
— Lukas amaki diyonatli odam, — dedi er, — diyonat kishisi hech qachon bunday bema’nilik qilmaydi.
— Ha, bo‘lsa bordir… Hovalasi xudoga! Agar senya Fraskitaning o‘rnida men bo‘lganimda…
— Xix, jonivor! — dedi er eshagiga, gapni boshqa mavzuga burish maqsadida.
Eshak yo‘rg‘a chiqarib pildirab ketdi-yu, biz er-xotinning yana nima haqda gapirishganini eshitolmay qoldik.
X b o b
TOK SO‘RISI USTIDA
Dehqonlar senor korrexidorga ta’zim qilishib, o‘zaro pichirlashayotgan paytda senya Fraskita bir qo‘liga chelak, bir qo‘liga supurgi olvolib, shiyponchaning sahnini supurar va bu yerdagi besh-oltita stulni tokning soyasi tushib turgan yerga terib qo‘yar, Lukas amaki esa, so‘rining tepasiga chiqib olib, g‘arq pishgan uzum boshlarini uzib, savatga solar edi.
— Ha, ha, Fraskita! — derdi Lukas amaki tepadan turib. — Senor Korrexidor senga xushtor bo‘lib qolgan, uning niyati buzuq ko‘rinadi…
— Men buni senga qachondan beri aytaman, — dedi shimolda o‘sgan xonim. — Qo‘y, parvo qilma! Hoy, Lukas, ehtiyot bo‘l, tag‘in yiqilib tushma!
— Qo‘rqma. Men mahkam joylashib olganman… Yana sen unga shuniychun yoqasanki…
— Bas qil! — deb erining so‘zini bo‘ldi senya Fraskita. — Kimga yoqish, kimga yoqmasligimni o‘zim yaxshi bilaman! Hali xudo xohlasa, nima uchun senga yoqmasligim sababini ham bilib olaman!
— Ana xolos! Shuniyam bilmasmiding? Axir, sen g‘irt badbasharasan-ku… — dedi Lukas amaki.
— Hey, og‘zingga qarab gapir! Agar jahlim chiqsa, oldingga chiqib, seni yerga uloqtirishga kuchim yetadi…
— Agar chiqsang, bu yerdan tusholmaysan — seni shu yerning o‘zida yeb qo‘yaman.
— Topgan gapingni qara-yu! Agar xushtorlarim kelib qolib, ikkalamizni tepada turganimizni ko‘rishsa, so‘ri boshida nima qilib yuribdi bu maymunlar deyishmaydimi?
— Gaping to‘g‘ri. Sen chindanam maymunsan, faqat eng dilbar maymunsan, men ham o‘z bukrim bilan maymunga o‘xshab ketaman.
— Bukring menga judayam yoqadi…
— Unda, korrexidorning bukrini yanayam ko‘proq yoqtirsang kerak, uning bukri menikidan kattaroq…
— Ha, bo‘pti, bo‘pti, senor don Lukas! Rashk qilish ham evi bilan-da!
— Kim? Men rashk qilarkanmanmi? O‘sha qari firibgarga-ya? Aksincha, uning senga xushtor bo‘lganidan xursandman.
— Nimaga endi?
— Nimagaki, uning xushtorlik qilishi o‘zi gunoh. Mana shu gunohi — mening qasosim. Axir, sen uni hech qachon sevmaysan-ku! Hozircha sening haqiqiy korrexidoring menman!
— Ol-a! O‘rgildim sendaqa shuhratparastdan! Sen uni sevib qolganimni bir tasavvur qilib ko‘r… Dunyoda nimalar bo‘lmaydi…
— Bundan men unchalik kuyunmayman…
— Nega?
— Negaki, unda sen meniki bo‘lmaysan; hamonki mening tasavvurimdagi ayol bo‘lmas ekansan, unda jinlar seni qay ko‘yga solsalar ham menga bari bir!
— Xo‘p, mayli, agar shunday bo‘lsa, sen nima qilgan bo‘larding?
— Menmi? Qayoqdan bilay?.. Axir, men ham o‘shanda hozirgi Lukas bo‘lmay, butunlay boshqa odam bo‘lib qolardim-da. Men buni hatto tasavvur ham qilolmayapman…
— Nimaga endi boshqa odam bo‘lib qolarkansan? — deb surishtirishda davom etdi senya Fraskita; u endi supurgini tashlab, ikki qo‘lini beliga qo‘ygancha, boshini ko‘tarib, eriga qarab turardi.
Lukas amaki go‘yo bironta teran fikr kovlab chiqarmoqchi bo‘lganday, ensasini qashladi va oxir-oqibat, mutlaqo jiddiy, dono gaplarni gapira ketdi:
— Shuning uchun boshqa odam bo‘lib qolamanki… hozir men senga xuddi o‘zimga ishonganday ishonaman. Men umrbod shu ishonch bilan tirikman. Binobarin, senga ishonmay qo‘yish — men uchun o‘lim bilan barobar. Unda men mutlaqo boshqacha yashagan bo‘lardim. Nazarimda, go‘yo boshqatdan dunyoga kelganday, mutlaqo boshqa qalb bilan tug‘ilganday bo‘lardim! Bilmayman, o‘shanda sen bilan qanday munosabatda bo‘lardim… Balki qah-qah urib kulib, orqamga o‘girilib ketaverarmidim… Ehtimol, seni tanimaganga olarmidim o‘zimni… Yo balki… E, nima bo‘ldi o‘zi menga? Nima keragi bor shu diqqinafas gaplarni? Menga desa, dunyodagi jamiki korrexidorlar oshiq bo‘lmaydimi senga! Axir, sen mening Fraskitamsan-ku!
— Senikiman, maymunim, seniki! — dedi navarralik juvon qotib-qotib kularkan. — Men — sening Fraskitangman, sen — mening aziz Lukasimsan, mening haqiqiy tasqaramsan. Lekin sendan yaxshiroq, sendan aqlliroq odam yo‘q men uchun dunyoda, seni men shunaqa sevamanki… Qani, pastga tushib ko‘rgin, bilasan qanaqa sevishimni! Biqiningga niqtayverib, hammayog‘ingni chimchilayverib, momataloq qilib yuboray! Voy! Sekin! Ko‘ryapsanmi? Korrexidor kelyapti uyimizga, yana yolg‘iz o‘zi… Halitdan-a!.. U bir nimani ko‘zlab kelyapti… Boyagi gaping to‘g‘riga o‘xshaydi!..
— To‘xta — bu yerdaligimni unga aytma. U meni uxlab yotibdi, deb o‘ylab senga sevgi izhor eta boshlaydi, meni go‘sxo‘r qilmoqchi. Qani, eshitaylik-chi, nimalar derkin senga. Men uni bir mayna qilmoqchiman.
Lukas amaki shunday deb turib, o‘zi uzgan bir savat uzumni xotiniga uzatdi.
— Zo‘r tomosha bo‘ladi! — dedi Fraskita va yana xandon tashlab kuldi. — Voy yashshamagur madridlig-e! Nahotki, u menga ham hukmini o‘tkazaman, deb o‘ylasa? Mana, tashrif buyurdilar janoblari… Gardunya ham albatta soyadek izma-iz ergashib kelgan bo‘lsa kerak, u bironta pasqam joyga biqinib olgan ko‘rinadi. Voy, sulloh-e! O‘zingni panaga ol, rosa miriqib kuladigan bo‘ldik, hali ketganidan keyin!..
Sohibjamol navarralik xonim shunday deb, Andaluziya ayollarining sho‘x bir qo‘shig‘ini kuylay boshladi.
XI b o b
IZHORI IShQ
— Seni samo o‘z panohida asrasin, Fraskita!.. — dedi shiyponchaga oyoq uchida kirib kelgan korrexidor ohista ovoz bilan.
— Sizni ham, senor korrexidor! — deb loqayd kayfiyatda javob qaytardi Fraskita unga qayta-qayta ta’zim qilar ekan. — Nechuk bugun juda barvaqt kelibsiz? Tag‘in yana shunaqa jazirama issiqda! Qani, o‘tiring, janobi oliylari… Mana bu yoqqa, bu yer salqin. Nima uchun, janobi oliylari, boshqa ulfatlarni kutmay kelaverdingiz? Men, mana, hammalariga joy tayyorlab qo‘ygan edim… Bugun biz senor yepiskopniyam kutayotgan edik — u kishi mening Lukasimga, chillaki uzumingdan tatib ko‘rmoqchiman, deb so‘z bergan ekanlar. Xo‘sh, o‘zingiz yaxshimisiz, janobi oliylari? Rafiqangiz sog‘-salomatmi?
Korrexidor dovdirab qoldi. U senya Fraskita bilan yolg‘iz o‘zi suhbatlashayotgan edi, bu uning azaliy orzusi edi! Bu uchrashuv ham, bu suhbat ham unga go‘yo tush ko‘rayotganday bo‘lib tuyuldi.
— Uncha barvaqt emas… Hozir soat uch yarim bo‘ldi chog‘i… — Korrexidorning topgan javobi shu bo‘ldi, xolos.
Shu mahal to‘ti qush quloqni qomatga keltirgudek chinqirib yubordi.
— Hozir soat ikkidan chorak o‘tdi, — dedi navarralik juvon madridlik korrexidorning yuziga tik qaragancha.
Korrexidor xuddi jinoyat ustida qo‘lga tushgan odamday lol bo‘lib qoldi.
— Nima, Lukas uxlayaptimi? — deb so‘radi u nihoyat.
— Voy, bo‘lmasam-chi! — deb javob qildi senya Fraskita. — Har kuni bunaqa paytda u duch kelgan yerda, hatto tubsiz jar yoqasidayam g‘aflat bosib uxlab qolaveradi.
— Unda, yaxshi… sen uni uyg‘otma, uxlayversin!.. — dedi qari korrexidor rangi yana ham ko‘proq bo‘zarib. — Sen, azizam Fraskita, aytmoqchi bo‘lgan gapimni eshit… yaxshilab eshit… qani, beriroq kel… O‘tir! Senga aytadigan ancha-muncha gapim bor.
— Mana, keldim, o‘tirdim, — dedi tegirmonchining xotini kursi olib, uni shundoqqina korrexidorning ro‘parasiga qo‘yib o‘tirarkan.
Fraskita o‘tirgan zahoti oyoqlarini chalishtirdi, gap tinglashga tayyor bo‘lganday bo‘ynini bir oz oldinga cho‘zib, yuzini kaftiga tiradi; u lablarida tabassum bilan, navnihol, dilbar husniga husn qo‘shib turgan beshta maftunkor kulgichiga jon kiritib, boshini asta likillatgancha, janobi oliylarining dil izhorini kuta boshladi.
Bechora korrexidor bir nima demoqchi bo‘lib, og‘iz juftladi-yu, lekin qarshisidagi bu mahobatli latofatga, bu malohat va joziba ummoniga, bu oppoq badan, shukuhli tabassum, ofatijon ko‘m-ko‘k ko‘zlar sohibasiga mahliyo bo‘lgancha og‘zi ochilib qoldi; qarshisida go‘yo buyuk Rubens chizgan rasmdagi ayol o‘tirganday edi.
— Fraskita!.. — hazin ovozda g‘o‘ldiradi nihoyat korrexidor, uning hayajondan qora terga botgan, so‘lg‘in chehrasi tamomila sarosimaga tushgandi. — Fraskita!
— Ha, men Fraskitaman! — dedi Pireney qizi. — Xo‘sh, nima deysiz?
— Xohlagan narsangni ayt — bajo keltiraman… — dedi chol g‘oyatda nazokatli ohangda.
— Nima xohlashimni, — dedi tegirmonchining xotini. — Janobim yaxshi biladilar. Men Estelyada yashovchi jiyanimni shahar mahkamasiga kotib qilib ishga tayinlashingizni xohlayman… Xilvat qishloqda yashash boyaqishga qiyin bo‘lyapti.
— Senga aytuvdim-ku, Fraskita, bu mumkin emas, deb. Zero, hozir ishlab turgan kotib…
— Hozir ishlab turgan kotib — qallob, mayparast, g‘irt hayvonning o‘zi!
— Bilaman… Illo mansabdor rexidorlar ichida uning suyanchiqlari ko‘p. Yangi kotibni ishga tayinlash uchun esa, albatta shahar kengashining roziligini olishim kerak. Shunday qilmasam, baloga qolaman…
— Baloga qolaman!.. Baloga qolaman!.. Lekin mana bizlar siz janobi oliylarini deb har qanday baloga ro‘baro‘ kelishga ham tayyormiz… Nafaqat men bilan Lukas, butun uy ichimiz, hattoki mushugimizgacha jon taslim qilishga tayyor.
— Shunday qilsam meni yaxshi ko‘rib qolasanmi? — deya duduqlanib g‘o‘ldiradi korrexidor.
— Men shundog‘am yaxshi ko‘raman janobi oliylarini.
— O‘tinaman, menga bunday sertakalluf bo‘lma! Faqat “siz” deb yo ko‘ngling xohlagan boshqa odmiroq gap bilan murojaat qilaver. Demak, meni yaxshi ko‘rasan-a?
— Aytdim-ku, sizni yaxshi ko‘raman, deb.
— Lekin…
— Lekin-pekini yo‘q. Hali o‘zingiz ko‘rasiz, jiyanim biram dilbar, biram yaxshi yigitki!..
— Dilbarlikda sendan o‘tadigani yo‘q, Fraskita!..
— Sizga yoqamanmi?
— Yoqqanda qandoq!.. Senday sohibjamol dunyoda yo‘q!
— Rost, buning ajablanadigan yeri yo‘q, — dedi senya Fraskita yengini shimarib, qo‘lini tirsagigacha ochib ko‘rsatarkan; uning nilufardek oppoq qo‘li xuddi mumtoz haykaldagidek mutlaqo bequsur edi.
— Yoqamanmi, deb sekinroq so‘raysanmi… — deb gapida davom etdi korrexidor. — Men doim — kechayu kunduz, hamma yerda, hamisha faqat sen haqingda o‘ylayman!..
— Ie… Bundan chiqdi, rafiqangizni yoqtirmas ekansiz-da? — deb senya Fraskita shunday yasama ayanch bilan so‘radiki, hatto vahima kasaliga mubtalo bo‘lgan odam ham eshitsa, sharaqlab kulib yuborardi. — Essiz! Mening Lukasim xobxonangizdagi soatni tuzatayotganida xotiningizni ko‘rgan, hatto u bilan suhbatlashish baxtiga ham muyassar bo‘lgan ekan. Erim uni juda chiroyli, saxovatli va xushfe’l ayol, deb aytdi.
— Ol-a… — deb to‘ng‘illadi korrexidor, maqtov gapni yoqtirmagani ovozidan aniq sezilib turardi.
— Rost, — deb gapida davom etdi tegirmonchining xotini, — boshqa odamlarning aytishicha, u juda badfe’l, o‘lgudek rashkchi ekan, undan keyin, siz xotiningizdan xuddi azroildan qo‘rqqanday qo‘rqarmishsiz…
— Be, qayoqda… — deb e’tiroz bildirdi lavlagidek qizarib ketgan don Euxenio de Suniga-i-Ponse de Leon. — Juda oshirvorishibdi! To‘g‘ri, uning ham o‘ziga yarasha injiqlik, tantiqliklari bor… Lekin xotinimdan men hech qachon qo‘rqqan emasman! Axir men korrexidorman!..
— Lekin bari bir, ayting menga, xotiningizni sevasizmi yo yo‘qmi?
— Hozir aytaman… Men uni juda sevaman… aniqrog‘i, sevardim… to seni bilmagunimcha. Illo seni ko‘rganimdan beri, tinchim yo‘qoldi, menga nima bo‘layotganini aytolmayman, xotinim ham, senga bir balo bo‘lganga o‘xshaydi, deb sezyapti. Senga shuni aytishim kifoyaki, hozir… masalan, xotinimning yuzini silasam, o‘z yuzimni silagandek bo‘laman… Xullas, bilasanmi, men endi sevmayman xotinimni, unga nisbatan hech qanday hissiyot qolmadi menda… Lekin sening shu nafis qo‘lchangga, shu tirsakchangga, shu yanoqlaring, shu qaddi-qomatingga qo‘l tekkizishim uchun butun olamni baxshida qilgan bo‘lardim senga.
Korrexidor shunday deb turib, senya Fraskitaning oppoqqina bilagidan ushlab olishga jazm qildi; lekin ayol o‘zini yo‘qotmadi va fil xartumining kuchi bo‘lgan qo‘li bilan korrexidorning ko‘kragidan itarib yubordi, janobi oliylari stul bilan birga umbaloq oshib yiqilib tushdi.
— Yo muqaddas bibi Maryam! — dedi navarralik ayol qotib-qotib kularkan. — Aftidan, oyog‘i siniq stulga o‘tirgan ekansiz-ov…
— Nima bo‘ldi? — deb qichqirib yubordi shunda Lukas amaki o‘zining badbashara aftini tok barglari orasidan ko‘rsatib.
Korrexidor hamon yiqilgan yerida yotarkan, go‘yo bulutlar orasidan mo‘ralayotgandek tuyulgan odam basharasiga baqrayib qolgan edi.
— Nima bo‘lardi? — shosha-pisha javob qildi senya Fraskita. — Senor korrexidor stulni surmoqchi bo‘ldilar, shekilli, chayqalib ketib, yiqilib tushdilar.
— Yo Iso masih! — deb yubordi tegirmonchi. — Biron yeringiz lat yemadimi, janobi oliylari? Nima deysiz, sizni sirka bilan uqalab qo‘ysammikin-a?
— Yo‘q, yo‘q, hech nima qilgani yo‘q, — dedi korrexidor inqillab-sinqillab o‘rnidan turarkan va senya Fraskita eshitadigan qilib pichirlab qo‘ydi:
— Hali ko‘rasan mendan!
— Siz, janobi oliylari, meni bir o‘limdan asrab qoldingiz, — dedi Lukas amaki so‘ri ustida yotgan yeridan. — Buni qara-ya, xotin, men buyoqqa bachki novdalarni yulib tashlagani chiquvdim, lekin, nima bo‘ldi-yu, birdan g‘aflat bosib, pinakka ketib qolibman. Yaxshiyam, siz, janobi oliylari yiqilib tushib, uyg‘otib yubordingiz meni, bo‘lmasa, xudo ko‘rsatmasin, uyqisirab, bu nozik novdalar orasidan yiqilib tusharmidim… boshim toshga urilib yorilarmidi.
— Ha, shunaqa degin! — dedi korrexidor. — Unday bo‘lsa, Lukas, men xursandman… xursandman yiqilib tushganimdan… Lekin sen ko‘rasan hali mendan! — deya takrorladi u tegirmonchining xotiniga o‘girilib.
Korrexidor bu so‘zlarni shunday bosiq g‘azab bilan gapirdiki, uni eshitgan senya Fraskitaning ko‘ngli behuzur bo‘lib ketdi.
Avvaliga korrexidor, Lukas hamma gapimni eshitibdi-da, deb qo‘rqib ketgandi, lekin keyin bunday bo‘lmaganligini payqagach (Lukasning yasama loqaydligi bu qari tulkidan ayyorroqlarni ham laqillatishi mumkin edi), yana g‘azab otiga minib, senya Fraskitadan o‘ch olish rejasini tuza boshladi.
— Ha, bo‘pti! — deb qichqirdi tegirmonchining xotini. — Tezroq bu yoqqa tushib, janobi oliylarining kiyimini qoqib tozalashga yordam ber menga. Qara, hammayoqlari tuproq bo‘ldi.
To Lukas amaki so‘ridan tushib bo‘lguncha, senya Fraskita o‘zining peshbandi bilan korrexidorning kamzulidagi changni qoqarkan, asta qulog‘iga shivirladi:
— U hech nimani eshitmagan… O‘zi u bir uxlasa tosh qotib uxlaydi…
Senya Fraskitaning bu so‘zlari, undan ham ko‘ra, ularning sirli ohangda aytilgani ayolning korrexidor bilan hammaslak ekanligidan dalolat berar ediki, bu hol janobi oliylarining ko‘ngliga taskin berdi.
— Voy mug‘ambir-e! Voy kasofat-e! — deb g‘o‘ldiradi don Euxenio de Suniga, iyib ketganidan og‘zidan so‘lagi oqib, lekin g‘ijingan ohangda.
— Janoblari haliyam mendan xafamilar? — pichirlab so‘radi navarralik juvon.
Jaholat yaxshi samara berishiga ishonch hosil qilgan korrexidor senya Fraskitaga o‘qrayib qaradi, lekin ko‘zi uning fusunkor tabassumiga, o‘tinch va mehr uchqunlari chaqnab turgan maftunkor chiroyli ko‘zlariga tushishi bilan alhol g‘azabini shafqatga aylantirdi. U tishi qolmagan og‘zini o‘radek ochib, tamshangancha dedi:
— Buyog‘i endi senga bog‘liq, mahbubam!
Shu payt Lukas amaki ham so‘ridan tushib keldi.
XII b o b
UShR VA PRIMISIYa O‘LPONI
Korrexidor o‘z o‘rniga qaytib o‘tirgani hamono tegirmonchining xotini eriga yalt etib qaradi. Lukas zohiran odatdagidek xotirjam ko‘rinsa ham, botinan xandon tashlab yuborishdan o‘zini zo‘rg‘a tiyib turardi. Senya Fraskita don Euxenioning parishonxotirligidan foydalanib, Lukasga fazoyi bo‘sa yo‘lladi, so‘ng hatto Kleopatraning ham havasini keltiruvchi g‘oyatda nazokatli ovoz bilan dedi:
— Endi, janobi oliylari, mening uzumimdan tatib ko‘ring!
O, bu gapni aytayotgan navarralik juvon hozir judayam ochilib ketgan edi… Egniga tiqmachoqdek badanining jamiki jozibali jihatlarini aniq ko‘rsatib turuvchi tor ko‘ylak kiygan bu tarovatli, fusunkor salobatli juvon sehrlanganday baqrayib qolgan korrexidorning qarshisida g‘ujumlari feruzavash, tiniq ikki bosh uzumni yalang‘och qo‘llarida boshi uzra ko‘tarib turarkan, iltijoli nigoh bilan maftunkor tabassum qilardi.
— Uzumimizdan hali senor yepiskop tatib ko‘rmadilar… Bu chillakli nav endi pishdi…
Shu payt sahniga silliq toshlar to‘shalgan shiyponchaga shu yerli qavmlarning muhtaram yepiskopi advokat-akademik, keksayib qolgan ikki katolik ruhoniy, o‘z kotibi, yana ikki xizmatkori va ikki paji kuzatuvida qadam ranjida qildi.
Hazrati buzurg bu o‘ta kulgili va g‘oyatda ajib manzarani bir oz muhlat kuzatib turdi, so‘ng o‘sha davr din peshvolariga xos vazmin ovozda dedi:
— Beshinchi xutbada… ushr va primitsiya o‘lponlarini, xristian dini bizga saboq berganiday, muqaddas cherkovga to‘lash haqida aytilgan, vale siz, senor korrexidor, ham xo‘rdani, ham burdani urgan bandadek, ushrning o‘ziga qoniqmay, yana primitsiyani ham yutib yubormoqchi bo‘lyapsiz.
— O, senor yepiskop! — deyishdi tegirmonchi bilan uning xotini va korrexidorni qoldirib, yepiskopning duoi xayrini oldiga peshvoz borishdi.
— Bizning g‘arib kulbamizga qadam ranjida qilganingiz uchun siz, hazrati buzurgga tangrim rahnamolik qilsin! — dedi ehtirom ila Lukas amaki va birinchi bo‘lib yepiskopning qo‘lidan o‘pdi.
— Ko‘rinishingiz juda yaxshi! — dedi senya Fraskita din peshvosining ilkini Lukasdan keyin o‘parkan. — Xudo marhamatini sizdan darig‘ tutmasin va sizni o‘z panohida asrasin mening baxtimga!
— Hamonki o‘zing mendan fotiha olish o‘rniga, meni duo qilaboshlagan ekansan, bilmadim, seni qandoq duo qilsam ekan.
Shundan so‘ng hazrati buzurg ikki barmog‘ini ko‘tarib, senya Fraskitani, so‘ng qolganlarini ham duo qildi.
— Marhamat qilsinlar, hazratim, mana sizga primitsiya! — dedi korrexidor senya Fraskitaning qo‘lidan bir bosh uzumni olib, uni yepiskopga iltifot ila uzatarkan. — Men hali uni tatib ko‘rganim yo‘q…
Korrexidor bu so‘zlarni aytar ekan, tegirmonchining esni olar darajada go‘zal xotiniga gustohona o‘qrayib qarab qo‘ydi.
— Bu uzumni, masalda aytilganidek, xom deb tatimadingizmi, deyman? — deb luqma tashladi akademik.
Episkop e’tiroz bildirdi:
— Masaldagi uzum, aslida xom bo‘lmagan, senor litsentsiat, unga tulkining bo‘yi yetmagan edi, xolos.
Akademik ham, yepiskop ham korrexidorni ranjitmoqchi emas edilar, lekin ikkovlarining qochirig‘i to‘g‘ri nishonga borib tekkan edi. Don Euxenio de Suniganing rangi g‘azabdan bo‘zarib ketdi va din peshvosining qo‘lini o‘parkan dedi:
— Nima, siz meni tulki deb hisoblayapsizmi, hazrati buzurg?
— Tu dixisti, — deb javob qildi yepiskop avliyolarga xos jiddiy muloyimlik bilan. — Excusatio non petita, accusatio manifesta. Qualis vir, talis oratio. Illo: satis jam dictum, nullus ultra sit sermo. Ma’nisi bir. Bas, lotinchaga barham beraylik-da, e’tiborimizni ushbu ajoyib ne’matga qarataylik.
Shunday deb u… korrexidor uzatgan uzum boshidan… bir donagina g‘ujumni uzdi.
— Uzum g‘oyatda go‘zal! — dedi yepiskop uni yoruqqa tutib tomosha qilgach, shu zahoti o‘z kotibiga uzatarkan. — Afsuski, menga to‘g‘ri kelmaydi!
Kotib ham uzum boshini qo‘lida aylantirib ko‘rdi va maqtanmoqchi bo‘lganday tamshanib qo‘yib, uni xizmatkorga uzatdi.
Xizmatkor yepiskopning harakatiga va kotibning tamshanishiga taqlid qilarkan, berilib ketib, hatto uzumni hidlab ham ko‘rdi, lekin keyin… uni asta avaylab savatga solib qo‘ydi-da, xuddi uzr so‘rayotgandek qo‘shib qo‘ydi:
— Hazrati buzurg ro‘zalar.
Shundan keyin hamma o‘tirdi: kuzning yog‘in-sochinsiz quruq kelgani haqida gapirishdi, Avstriya bilan Napoleon o‘rtasida urush bo‘lishi mumkin, deb mulohaza yuritishdi va hammalari, imperator qo‘shinlari hech qachon Ispaniyaga bostirib kirmaydi, degan to‘xtamga kelishdi; advokat notinch, og‘ir zamonlar kelganidan zorlanib, otalari o‘tgan dorilomon davrga havas qildi. To‘ti qichqirib, soat besh bo‘lganidan darak berdi, shuncha kichik yoshli paj yepiskopning ishorasi bilan, uning kolyaskasi tomon yugurib ketdi va bir soatgina burun pechdan olingan ajoyib yovg‘on pirogni ko‘tarib keldi. Shiyponchaning o‘rtasiga mo‘jazgina stol olib kelib qo‘yishdi, pirogni bir xil bo‘laklarga bo‘lib kesishdi. Hamma bittadan bo‘lak oldi. Lekin Lukas amaki bilan senya Fraskita istiholaga borib, anchagacha tortinchoqlik qilib turishdi. Shundan so‘ng deyarli yarim soat mobaynida botayotgan quyosh nurini to‘sib turgan tokning soyasida chinakam demokratik tenglik hukm surdi…
XIII b o b
HAMMALARI BIR GO‘R
Bir yarim soatdan keyin hamtovoqlar endi shaharga qayta boshladilar.
Senor yepiskop o‘z muqarriblari bilan shaharga hammadan oldin yetib keldi (zero, u kolyaskada edi) va kelgan zahoti kechki ibodatga kirishdi. Biz uni shu ibodatgohda qoldiramiz.
Mashhur advokat (cho‘pday oriq) bilan ikki ruhoniy (biri-biridan bo‘rdoqiroq va baqaloqroq) korrexidorni homikiyat mahkamasi eshigigacha kuzatib qo‘ydilar (janobi oliylari, aytishlaricha, hali yana ishlamoqchi ekanlar), keyin o‘zlari go‘yo baxriylar singari yulduzlarga qarab yoki ko‘r odamlarday devorlarni ushlab-ushlab (zero, hammayoq zim-ziyo, hali oy chiqmagan, ko‘cha chiroqlari esa, asrimiz maorifi singari ziyoga zor edi) uylariga ravona bo‘ldilar.
— Bizlar juda o‘yinqaroq bo‘lib ketdik! — deyishardi advokat bilan ikkala ruhoniy. — Shu bemahalda kirib borsak, uydagilar nima deyishadi hali?
— Uni aytasiz… Shu zulmat tunda ko‘chada devorlarni paypaslab yurganimizni ko‘rgan kishilar nima deb o‘ylasharkin?
— Yo‘q, chek qo‘yish kerak bunga…
— Ha! Ha!.. Lekin la’nati tegirmon ohanrabodek jalb qilib turgandan keyin…
— Xotinimning joniga tegdi bu tegirmon… — dedi akademik, g‘alvaning koniga ketayotganidan cho‘chib turgani uning ovozidan sezilib turardi.
— Mening qiz jiyanim bo‘lsa, — dedi ruhoniylardan biri, — din peshvosining g‘iybatchi ayolnikiga o‘tirishga borishi gunohi azim, deydi.
— Lekin shunga qaramay, — deb gapga aralashdi ikkinchi ruhoniy, — tegirmon mutlaqo bequsur, huzurbaxsh joy…
— Sekinroq aytasizmi, axir, kimsan hazrati buzurg ham u yerga qadam ranjida qilib turadilar-ku!
— Vale, senorlar, bizning yoshimizga munosibmikan shu tashriflar! — dedi ruhoniy ota. — Kecha men yetmish besh yoshga to‘ldim.
— Tushunarli! — dedi va’zgo‘y hazrat. — Kelinglar, boshqa narsalar haqida gaplashaylik. Bugun donya Fraskita judayam ochilib ketibdimi?..
— Ha… ochilib ketibdi, chakkimas, — dedi advokat o‘zini loqayd va beparvoday qilib ko‘rsatishga urinarkan.
— Huriliqo… — dedi ruhoniy ota plashiga o‘ranar ekan.
— Kim bunga shubha qilsa, — deb ilib ketdi va’zgo‘y hazrat, — korrexidordan so‘rab ko‘rsin…
— Sho‘rlik oshiq bo‘lib qolgan u ayolga!
— Men ham shu fikrdaman! — dedi muhtaram ruhoniy ota.
— Bo‘lmasam-chi! — deb yakun yasadi suhbatga akademik. — Endi, senorlar, men bu tomonga burilaman, buyoqdan uyimga ancha yaqin. Yaxshi tush ko‘rib yotinglar.
— Xayrli tun! — deyishdi unga ruhoniy otalar.
Ular ancha yergacha sukut saqlab borishdi.
— Tegirmonchining xotini buning ham jigar-bag‘ridan urgan, — deb g‘o‘ldiradi va’zgo‘y hazrat ruhoniy otaning biqiniga tirsagi bilan turtib qo‘yarkan.
— Sekinroq aytasizmi! — deb javob qildi ruhoniy ota o‘z uyi eshigi oldida to‘xtab. — Qarang-a, bu badbaxtni! Xo‘p, azizim, xayr, ertaga ko‘rishguncha. Ishqilib, yegan uzumingiz em bo‘lsin.
— Xudo xalloq. Xayr ertagacha… Yaxshi tushlar ko‘ring!
— Sizga ham orombaxsh uyqu tilayman! — dedi ruhoniy ota o‘z eshigi ostonasida turib.
U eshikni taqillatdi.
Ko‘chada yolg‘iz o‘zi qolgan va’zgo‘y hazrat (u bo‘yidan ko‘ra eniga kengroq bo‘lganidan yurganida xuddi soqqadek dumalab ketayotganga o‘xshardi) asta-sekin o‘z uyi tomon yura boshladi. U uyiga yetib bormay, bir devor tagida to‘xtab, peshob qilarkan, o‘zining hammehrob birodari haqida o‘ylab o‘zicha g‘o‘ldiradi: “Sen ham yoqtirasan senya Fraskitani!.. Illo, — deb ilova qildi bir lahzali sukutdan keyin, — filhaqiqat, juda ketvorgan-da bachchataloq!”
XIV b o b
GARDUNYaNING MASLAHATLARI
Bu asnoda korrexidor Gardunya kuzatuvida mahkama binosining ustki qavatiga ko‘tarildi va u bilan majlislar zalida o‘z rutbasiga mos kelmaydigan bir tartibda sirlashdi.
— Men o‘z ishini puxta biladigan iskovuchman — ishonavering mening is bilishimga, — deb uqtirardi murdor altvasil. — Siz, janoblari senya Fraskitaning jigaridan urgansiz. Mana endi, bor gapni aytib berganingizdan keyin hammasi kunday ravshan bo‘ldi.
— Lekin men uncha ishonmayapman, Gardunya! — deb e’tiroz bildirdi don Euxenio og‘ir xo‘rsinib qo‘yar ekan.
— Tushunmadim, nima uchun? Keling, ochiq gaplashaylik. Janoblarining… meni kechirsinlar-u, qaddu-qomatda bittagina kamchiliklari bor… To‘g‘rimi?
— Ha, to‘g‘ri! — dedi korrexidor. — Lekin Lukasda ham nuqson bor-ku. Uning bukri menikidan kattaroq!
— O, sekinroq aytasizmi! Ancha katta! Yer bilan osmoncha farq bor! Ammo-lekin — men nima demoqchiman — sohibimning ajoyib yutuq jihatlari bor, ya’ni aytmoqchimanki, siz chiroylisiz… Lukas amaki bo‘lsa… unaqa badbashara odam dunyoda kamdan-kam topiladi.
Korrexidor mamnun jilmayib qo‘ydi.
— Qolaversa, — deb gapini davom ettirdi algvasil, — senya Fraskita o‘z jiyanini ishga joylashtirish uchun jonini jabborga berishdan ham qaytmaydi…
— Gaping to‘g‘ri. Men faqat shundan umidvorman.
— Unda, senor, ishga kirishaylik! Men sizga o‘z rejamni so‘zlab berdim. Faqat uni amalga oshirish qoldi… shu bugun tundayoq…
— Necha marta aytdim senga, maslahatingga zor emasman deb! — deya o‘dag‘aylab berdi don Euxenio o‘z xizmatkoridan maslahat so‘ragani birdan esiga tushib.
— Men bo‘lsam, sizni mendan maslahat so‘ramoqchisiz, deb o‘ylovdim… — deb g‘o‘drandi Gardunya.
— O‘chir ovozingni!
Gardunya itoatkorona ta’zim qildi.
— Demak, aytmoqchisanki, — deb gapida davom etdi senor Suniga bir oz shashtidan tushib, — shu kechasiyoq buni eplasa bo‘ladi-a? Bilasanmi, oshna, tuzgan rejang chakki emasga o‘xshaydi. Rost-da, nima hojati bor paysalga solishning? Bo‘ladigan ishning tezroq bo‘lgani yaxshi!
Gardunya sukut saqlar edi.
Korrexidor yozuv stoli oldiga borib, blankli varaqqa bir nechta so‘z yozdi va unga muhr bosdi-da, so‘ng cho‘ntagiga solib qo‘ydi.
— Jiyanini ishga tayinlash haqidagi hujjat tayyor! — derkan, bir chimdim burnaki tamakini burnining kavagiga tiqdi. — Ertaga bu masalada rexidorlar bilan gaplashaman… Qani, tasdiqlamay ko‘rishsin-chi… ko‘rsatib qo‘yaman ularga!.. Nima deysan, to‘g‘ri qilyapmanmi?
— Bo‘lmasam-chi! Judayam to‘g‘ri ish qilyapsiz! — dedi suyunib ketgan Gardunya dastpanjasini Korrexidorning tamakidoniga tiqib, tamaki olarkan. — Zo‘r bo‘ladi! Zo‘r! Janobimdan oldingi korrexidor ham bunaqa arzimagan ishlar ustida bosh qotirib o‘tirmay, bir zumda hal qilib qo‘ya qolardi. Bir kuni u…
— Bas, ko‘p javrama! — deya do‘q qildi korrexidor va qo‘lidagi qo‘lqop bilan Gardunyaning tamakidonga o‘g‘rincha uzatgan qo‘liga urib qo‘ydi. — Mendan oldingi korrexidor g‘irt ahmoq bo‘lgan; ahmoq bo‘lmasa seni algvasil etib tayinlarmidi? Bo‘ldi, ko‘p gap eshakka yuk. Boya sen Lukas amakining tegirmoni bizning shahargamas, qo‘shni qishloqqa qaraydi, deb aytding… Shu gaping aniqmi?
— Judayam aniq! Bizning okrug yeri bugun men siz, janobi oliylarini kutib turgan jarlik bilan chegaralanadi… Jin ursin! Agar men sizning o‘rningizda bo‘lganimda…
— Bas qil! — deb o‘dag‘ayladi don Euxenio. — Haddingdan oshyapsan!.. — U bir varaq qog‘oz olib, bir nimalar yozdi, so‘ng uni ikki buklab yopishtirdi-da, Gardunyaga topshirdi.
— Mana bu xatni o‘sha o‘zing aytgan qishloq alkaldiga1 olib borib berasan. O‘z og‘zing bilan unga nima qilish kerakligini tushuntir. Ko‘ryapsanmi, men sening rejangdan chetga chiqmayapman! Lekin ehtiyot bo‘l, tag‘in menga pand berib o‘tirma!
— Xotirjam bo‘ling! — dedi Gardunya. — Senor Xuan Lopesning gunoh ishlari ko‘p. Imzo chekkan xatingizni ko‘rgan zahoti hamma aytganlarimni so‘zsiz bajo keltiradi. U qirol xazinasidan ham, jamoat omboridan ham qarzga ancha-muncha g‘alla olgan. Qarzga olgan emas, o‘margan desak ham bo‘ladi. Nima, u bevamidi, yo qashshoqmidiki, olgan g‘allasini qaytarmasa, yo foizini to‘lamasa? U mayxo‘r, qimorboz, xotinboz — ayollarga kun yo‘q uning dastidan. Butun qishloqni badnom qildi yaramas… Shunday badkirdor odamga amal berib qo‘yishganiga hayronman!..
— O‘chir, dedim men senga! — deb o‘dag‘ayladi korrexidor. — Meni gapimdan adashtirib yuboryapsan!.. Maqsadga o‘taylik. — Endi u muloyimroq ohangda gapira boshladi. — Hozir soat yettidan chorak o‘tdi… Eng avval sen mening uyimga borib, bekangga aytasan: mensiz o‘zi kechlik qilib, keyin uxlayversin. Meni bu yerda yarim kechagacha ishlamoqchi bo‘lganimni, undan keyin sen birga shaharni maxfiy tarzda aylanib, badniyat bezorilarni tutmoqchi bo‘lganimizni aytasan… Xullas, nima desang de, faqat bekang mendan shubha qilmasa bo‘lgani. Anavi ikkinchi algvasilga ayt, menga uydan ovqat olib kelsin… O‘zim xotinimning ko‘ziga ko‘rinishga jur’at etolmayman — u mening fe’limni shu qadar puxta o‘rganganki, hatto nima haqda o‘ylayotganimni ham ko‘zimga qarab bilib oladi! Yana, Xuanga ayt, qovoqxonadan, imi-jimida, bir shisha oq vino olib kelsin menga. Keyin sen qishloqqa yo‘l olasan. U yerga soat sakkiz yarimda yetib borsang kerak.
— Roppa-rosa sakkizda o‘sha yerda bo‘laman! — dedi Gardunya.
— Gap qaytarma! — dedi jahl bilan Korrexidor, birdan o‘zining oliy rutbali zot ekanligi esiga tushib.
Gardunya churq etmay ta’zim qildi.
— Demak, kelishdik, — bir oz yumshab gapida davom etdi korrexidor, — rosa soat sakkizda sen qishloqda bo‘lasan. Qishloqdan tegirmongacha… taxminan yarim milya kelsa kerak…
— Chorak milya.
— O‘chir!
Algvasil yana bosh egib ta’zim qildi.
— Chorak milya… — deb gapida davom etdi korrexidor. — Bundan chiqdi, soat o‘nda… Ma’qulmi, seningcha, soat o‘n?
— Yo‘q, sal oldinroq! Soat to‘qqiz yarimda hojam tegirmon eshigini bemalol taqillatsalar bo‘ladi.
— Padar qusur! Hali sen menga aql o‘rgatadigan bo‘ldingmi?.. Taxminimiz bo‘yicha, sen…
— Men hamma yerda hoziru nozirman… Lekin eng asosiy makonim jar bo‘ladi. Voy! Unutayozibman!.. Janobim tegirmonga piyoda va fonussiz borsinlar…
— Iloyo, maslahatlaring bilan qo‘shmozor bo‘l! Nima, meni birinchi marta chiqyapti, deb o‘ylaysanmi bunaqa safarga?
— Meni kechiring, janobi oliylari… Darvoqe! Yana bitta gap! Siz shiyponchaga ochiladigan katta eshikni emas, tegirmon novi tepasidagi eshikchani taqillating…
— Ie, hali u yerdayam eshik bormi? Men bilmagan ekanman.
— Ha, senor. Nov tepasidagi eshikchadan to‘g‘ri tegirmonchining xobxonasiga kirsa bo‘ladi… Lukas amaki bu eshikdan kirmaydiyam, chiqmaydiyam. Mabodo u kutilmaganda qaytib kelgudek bo‘lsa, demoqchiman-da…
— Bo‘ldi, tushunarli… Otang temirchi o‘tganmi — muncha cho‘zding?
— Va nihoyat: janobim tong otmasdan qaytib kelishga harakat qilsinlar. Hozir soat oltida kun yorishyapti…
— Aql o‘rgatmasang turolmaysan-a? Soat beshda uyda bo‘laman… Mana, kelishib oldik, bas endi… Yo‘qol ko‘zimdan!
— Xullasi kalom, senor… omad tilayman! — dedi algvasil yondamasiga turib qo‘lini korrexidorga cho‘zarkan, ko‘zini shiftga tikib.
Korrexidor uning cho‘zgan qo‘liga bir peseta tashladi va shu lahzaning o‘zidayoq Gardunya, xuddi jin chalganday, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
XV b o b
ODMIGINA XAYRLAShUV
Kechki soat to‘qqiz edi. Lukas amaki bilan senya Fraskita uydagi va tegirmondagi ishlarini tugatishdi-da, dimlab pishirilgan go‘sht, ko‘katlar, pomidor va bizga ma’lum bo‘lgan o‘sha savatdagi uzum ila kechlik qilishib, bir necha qultumdan may ichishdi, ayni chog‘da korrexidorni eslab, qotib-qotib kulishdi. Keyin bu er-xotin o‘z turmushidan mamnun bo‘lgan odamlarday, bir-birlari bilan mehribonona ko‘z urishtirib, bir necha bor homuza tortib qo‘yib (bu ruhlari oromda ekanligidan dalolat edi), o‘zaro shunday deyishdi:
— Endi yotib uxlasak ham bo‘ladi, ertaga xudo xalloqdir.
Shu payt tegirmon darvozasi ikki marta qattiq-qattiq gursilladi. Er bilan xotin cho‘chib ketib, bir-birlariga qarashdi.
Ularning eshigi bunday bemahalda hech qachon taqillamagan edi.
— Qani, borib bilay-chi… — dedi navarralik dovyurak juvon va shiyponcha tomon yo‘naldi.
— To‘xta! Bu mening ishim! — bu gapni Lukas amaki shunday mardona viqor bilan aytdiki, senya Fraskita beixtiyor unga yo‘l bo‘shatdi. So‘ng Lukas orqasidan ergashgan xotiniga o‘girilib, qat’iy ohangda qo‘shib qo‘ydi: — Chiqma, deb aytdim senga!
Xotin istar-istamas buyruqqa itoat etib xonada qoldi.
— Kim u? — deb so‘radi Lukas amaki shiyponchaning o‘rtasiga borganida.
— Odil sud! — degan javob eshitildi darvoza ortidan.
— Qanaqa odil sud?
— Senor alkald nomi bilan, oching darvozani!
Lukas amaki, darvoza tirqishidan mo‘ralab, oy yorug‘ida — tashqarida turgan qo‘shni qishloqning o‘lgudek qo‘rs algvasilini ko‘rdi.
— Undan ko‘ra, araqxo‘r algvasilga darvozani och, demaysanmi! — deb qichqirdi Lukas amaki darvozasining zulfinini chetga surarkan.
— Nima desang ham menga baribir… — degan ovoz eshitildi tashqaridan. — Men senga alkald janoblarining o‘z qo‘llari bilan yozgan farmonlarini olib keldim!.. Salom Lukas amaki!.. — dedi u hovliga kirarkan endi ancha xushmuomalalik bilan.
— Salom, Tonyuelo! — dedi tegirmonchi. — Qani, ko‘raylikchi, qanaqa farmon ekan… Senor Xuan Lopes begunoh halol odamlarni qorong‘i kechada bezovta qilgandan ko‘ra boshqa maqbulroq vaqt topsa bo‘lardi! Hamma ayb senda bo‘lsa kerak. Hali yo‘l-yo‘lakay barcha ekinzorlarni ko‘z ostingga olib kelgandirsan! Ha, bo‘pti. Bir stakan quyib beraymi, ichasanmi?
— Yo‘q, senor tegirmonchi, vaqt tig‘iz. Siz hozirning o‘zida men bilan ketishingiz kerak! Farmonni o‘qib ko‘ring.
— Nega endi sen bilan ketarkanman? — dedi Lukas amaki qo‘lida farmon bilan xonaga kirarkan. — Hozir ko‘ramiz… Fraskita, chiroq tut!
Senya Fraskita qo‘lida ushlab turgan qandaydir bir buyumni tashlab, chiroqni oldi.
Lukas amaki xotini tashlab yuborgan buyumga yalt etib qaradi. Bu — har bir o‘qi sal kam yarim qadoq keladigan o‘zining kattakon mushketi edi.
Tegirmonchi mehr to‘la nigohini mamnunlik bilan xotiniga qaratdi va uning momiq iyagidan ushlab turib, dedi:
— Ja zo‘rsan-da!
Senya Fraskita xuddi marmar haykaldek xotirjam edi. U chiroqni balandroq ko‘tararkan, quruqqina dedi:
— O‘qi!
Farmonda shunday deyilgan edi:
“Xudoning panohidagi hukmdorimiz qirol a’lo hazratlarining nomi bilan shul yerlik tegirmonchi Lukas Fernandesga buyuraman, ushbu farmonni olgan zahoti, bir lahza ham vaqtni paysalga solmay, darhol huzurimizga yetib kelsin; shu bilan birga, uni ogohlantiramankim, ko‘riladigan masala mutlaqo maxfiy bo‘lganligi sababli, u ushbu tashrifini hammadan sir tutsin, aks holda, u, ya’ni tegirmonchi qattiq jazoga tortilgay.
Alkald: Xuan Lopes”.
Imzo o‘rniga xoch belgisi qo‘yilgandi.
— Vey, menga qara, bu nima o‘zi? — deb Lukas amaki algvasildan so‘radi. — Bu farmonning ma’nisi nima?
— Bilmayman… — deb javob qildi maktab ko‘rmagan johil algvasil. — Ehtimol, bironta jodugarlikni aniqlash yuzasidan tergovdir yo bo‘lmasa, qalbaki pul yasovchilar ishidir… Lekin sizga buning daxli yo‘q… Sizni, shunchaki, guvoh sifatida chaqirishyapti. Ochig‘i, men aniq bir narsa deyolmayman… Hamma gapni senor Xuan Lopesdan so‘rab bilib olasiz.
— Yaxshi! Mayli, unda ertalab yetib boraman! — dedi tegirmonchi.
— E, yo‘q, bunisi ketmaydi, senor… Siz hozirning o‘zida, bir daqiqaga ham kechikmay men bilan jo‘nashingiz kerak. Senor alkaldning buyrug‘i shunday.
Hamma sukutga toldi.
Senya Fraskitaning ko‘zlarida g‘azab uchqunlari chaqnardi. Lukas amaki go‘yo bir nima qidirayotganday, oyog‘i ostiga tikilib qolgan edi.
— Hech bo‘lmasa, og‘ilga kirib, eshagimni egarlab chiqishimga imkon ber… — dedi nihoyat, tegirmonchi boshini ko‘tarib.
— Eshakka balo bormi? — deb e’tiroz bildirdi tartib noziri. — Yarim milya yo‘lni piyoda bosib o‘tsa ham bo‘ladi. Tun iliq, oydin…
— Gaping to‘g‘riku-ya… Lekin mening oyoqlarim shishib ketgan…
— Unda vaqtni o‘tkazmaylik. Eshagingizni egallashga o‘zim yordamlashvoraman…
— Be, qo‘ysangchi! Nima, qochib ketadi, deb qo‘rqyapsanmi?
— Men hech nimadan qo‘rqmayman… — deb javob qildi Tonyuelo toshbag‘ir odamlarga xos sovuqqonlik bilan. — Men odil sud vakiliman.
Shunday deb u plashi ichiga yashirgan miltig‘ining qo‘ndog‘ini “gurs” etib yerga urdi.
— Menga qara, Tonyuelo, — deb gapga aralashdi tegirmonchining xotini, — hamonki sen o‘z vazifangni bajarish maqsadida og‘ilxonaga ketayotgan ekansan, iltimos, ikkinchi eshakniyam egarla.
— U kimga kerak? — deb so‘radi tegirmonchi.
— Menga. Men ham sizlar bilan boraman.
— Mumkin emas, senya Fraskita! — dedi algvasil. — Menga faqat eringizni olib ketish buyurilgan. Orqamizdan ergashib borishingizga ruxsat berolmayman. Agar shunday qilsam, kallam ketadi. Senor Xuan Lopes meni shunday deb ogohlantirgan… Qani, Lukas amaki, ketdik! — Algvasil shunday deb eshik tomon yurdi.
— Obbo, qiziq bo‘ldi-yu! — dedi tegirmonchi eshitilar-eshitilmas ovozda, ammo turgan yeridan jilmadi.
— Men ham hayronman! — dedi senya Fraskita.
— Nazarimda… hamma gapga tushunayotgandayman… — deb g‘o‘ldiradi Lukas amaki Tonyueloga eshittirmasdan.
— Xo‘p desang, men shaharga borib, hamma gapni korrexidorga aytib berardim… — deb pichirladi navarralik juvon.
— Yo‘q! — dedi Lukas amaki qat’iy ohangda. — Yo‘q!
— Bo‘lmasa, nima qilmoqchisan? — dedi xotini tajang bo‘lib.
— Ko‘zimga qara… — dedi sobiq soldat xotiniga javoban.
Er-xotin sukut saqlagan holda bir-birlarining ko‘zlariga tikildilar va ikkovlari o‘zlarini xotirjam, bir-birlariga sadoqatli va ruhan tetik kayfiyatda ko‘rdilar-da, yelka qisib qo‘yib kulib yubordilar.
Keyin Lukas amaki ikkinchi shamchiroqni yoqib, og‘il tomon borarkan, yo‘l-yo‘lakay Tonyueloga piching qildi:
— Baski, shunaqa sertakalluf ekansan, yur, yordamlashvor menga!..
Yana bir necha daqiqadan keyin Lukas amaki o‘zining xushbichim eshagini minib, algvasil kuzatuvida tegirmon hovlisidan chiqa boshladi.
Er-xotinning xayrlashuvi qisqa bo‘ldi.
— Darvozani yaxshilab berkitib ol… — dedi Lukas amaki.
— Yaxshilab o‘ranib ol, kechasi havo sovuq… — dedi senya Fraskita darvozani qulflab, zulfini surib, zanjirlarkan.
Na vidolashuv nidolari, na quchoqlashib, o‘pishib xayrlashish, na bir-birlarining jamoliga suqlanib tikilishlar bo‘ldi.
Bunga hojat ham yo‘q edi!
XVI b o b
MASh’UM QUSh
Endi Lukasni kuzataylik.
Tegirmonchi eshakka minib olgan, algvasil esa o‘zining mansab tayoqchasi bilan eshakni xalalab, orqasidan ergashib borardi, lekin ikkovlari ham churq etib og‘iz ochmasdilar. Ular chorak milya yo‘lni bosib o‘tganlarida birdan Lukasning ko‘zi uzoqdagi tepalik tomondan o‘zlari tomon o‘qdek uchib kelayotgan mahobatli bir qushga tushdi. Uning dahshatli qora sharpasi oy yog‘dusiga g‘arq bo‘lgan osmon fonida shu qadar aniq gavdalandiki, tegirmonchi beixtiyor:
— Tonyuelo, qara, anavi uchburchakli shlyapa kiygan, chillak oyoqli odam Gardunya-ku! — deb yubordi.
Lekin Tonyuelo bir nima deb javob qilishga ulgurmay, bunday uchrashuvni zinhor xohlamagan qora sharpa yo‘ldan o‘zini chetga burdi-da, ekinzor dalani tik kesib, misoli chinakam sassiqkuzandek g‘izillab yugurib ketdi va ko‘z ochib-yumguncha ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
— Men hech nima ko‘rmayapman… — dedi bir ozdan keyin Tonyuelo go‘yo hech narsa sodir bo‘lmaganday.
— Men ham, — dedi Lukas amaki.
Shu payt boya tegirmondaligida ko‘ngliga kelgan shubha Lukasning nazarida ancha aniq va sezilarli shaklda gavdalana boshladi.
“Bu sayohatim, — deb mulohaza qilardi u o‘zicha, — oshiqi shaydo korrexidorning nayrangi bo‘lishi kerak. Qari tulki bugun mening shiyponchamda xotinimga muhabbat izhor qildi. Sezishimcha, bu madridlik xotinbozning sabri chidamay qolganga o‘xshaydi. Bugun tunda u yana tegirmonga qadam ranjida qilsa kerak, shuning uchun ham meni uyimdan oldirib ketyapti. Mayli, ko‘ramiz! Fraskita yuzini shuvut qiladigan ayollardan emas. Hatto uyga o‘t qo‘yib yuborganlarida ham u darvozani ochmaydi. Boring, ana, ochdiyam deylik: agar korrexidor biron nayrang ishlatib, ichkariga, mening bebaho mahbubam oldiga kirishga muvaffaq bo‘lganidayam bari bir bu qari muttaham murodiga yetolmay quruq qaytishi aniq. Fraskita o‘zini xor qilib qo‘yadiganlardan emas… Lekin shunday bo‘lsa ham, — deb qo‘shib qo‘ydi u, — tezroq uyga qaytib borsam yaxshi bo‘lardi!”
Xuddi shu mahal Lukas bilan algvasil qishloqqa kirib kelishdi va to‘g‘ri senor alkaldning uyi tomon yo‘l olishdi.
XVII b o b
QIShLOQ OQSOQOLI
Senor Xuan Lopes uyida ham, xizmat joyida ham o‘ziga tobe bo‘lgan odamlar bilan muomala qilishda, zolim, qahhor va takabbur bo‘lib ketardi, lekin shunga qaramay, xizmat burchidan, ro‘zg‘or ishidan va kun-uzzukun o‘z xotinini mushtlab jig‘ini ezib turishdan bo‘shagan paytlarda qishloq munshiyi va cherkov ponomari bilan ulfatchilik qilib bir xumcha vinoni maydalab ishrat qilardi; o‘sha kuni oqshomda mana shunday odatiy taomillaridan biri tugay deb qolgan paytda oqsoqol (alkald) o‘z qarshisida tegirmonchi turganini ko‘rdi.
— O, Lukas amaki! — dedi u go‘yo miyasining burmalaridagi bo‘hton va yolg‘on torlarini chertib, ishga solmoqchi bo‘lganday ensasini qashilab. — Qalaysan? Qani, mushniy, Lukas amakingga qadah sun! Senya Fraskita qalay? Haliyam avvalgiday sohibjamolmi? Uni ko‘rmaganimgayam ancha bo‘ldi. Ha… Bu yil un tegirmoningda juda yaxshi tortilyapti, shundaymi, oshna? Javdar nonni bug‘doy nonidan farq qilib bo‘lmayapti! Xo‘sh, xo‘sh… Qani, o‘tir, damingni ol. Shukrki, shoshadigan yerimiz yo‘q.
— Menam shoshqaloqlikni o‘lgudek yomon ko‘raman! — deb gapga qo‘shilishdi Lukas amaki. Shu paytgacha u churq etmay turgan edi, lekin vahimali farmondan keyin bo‘layotgan bunday do‘stona munosabatni ko‘rib, uning dilidagi shubha yana orta boshlagan edi.
— Hamonki, birodarim Lukas, — deb gapirishda davom etdi alkald, — shoshadigan ishing yo‘q ekan, shu yerda yotib qolaqol, — ertalab barvaqt turganimizda ko‘riladigan ishimizni muhokama qilamiz…
— Hay, nachora… — deb Lukas amaki shunday kinoya aralash javob qildiki, uning bu mug‘ambirligi senor Xuan Lopesning ustomonligidan qolishmasdi. — Shoshilinch ish emas ekan… shu yerda yotib qolsam ham bo‘ladi.
— Ha, bu shoshilinch ish emas, undan keyin, sen uchun xavfli ham emas, — dedi alkald, o‘zi aldamoqchi bo‘lgan odam tomonidan aldanayotganini sezmay. — Ko‘ngling xotirjam bo‘lsin. Hey, Tonyuelo, anavi yashikni beriroq surib qo‘y, Lukas o‘tirsin.
— Unday bo‘lsa… qittay-qittay qilarmiz? — dedi tegirmonchi yashikka o‘tirarkan.
— Ushla, — dedi alkald unga lim-lim qadahni uzatarkan.
— Bunday olijanob odamning qo‘lidan may ichish koni savob… Janobim o‘zlari halollab bersinlar!
— Yaxshi. Sening sog‘lig‘ing uchun! — dedi senor Xuan Lopes, qadahning yarmini ichib uzatarkan.
— Sizning salomatligingiz uchun, senor alkald! — dedi Lukas amaki va qadahni ichib bo‘shatdi.
— Ey, Manuela! — deb xizmatkorini chaqirdi alkald. — Bekangga borib, Lukas amaki biznikida yotib qolarkan, deb ayt. Uning uchun chordoqqa o‘rin solib qo‘ysin.
— E, yo‘q! Hech hojati yo‘q! Men pichanxonadayam xuddi qiroldek huzur qilib uxlayveraman.
— Tortinma, bizda o‘rin-ko‘rpa serob.
— Ishonaman! Lekin bekamni bezovta qilishdan na hojat? Menda plash bor…
— Mayli, o‘zing bilasan… Manuela, bekangga ayt, hech nima kerak emas ekan, de…
— Agar ijozat bersangiz, — dedi Lukas amaki og‘zini katta ochib, paydar-pay homuza tortarkan, — hoziroq yotib uxlardim. Kecha kechasi ishim ko‘payib ketib, bir lahza ham mijja qoqmagan edim…
— Mayli! — deb lutf ko‘rsatdi alkald. — Bemalol borib uxlayver.
— Biz ham endi uyga bora qolaylik, — dedi ponomar yana qittay ichish ilinjida ko‘zachadan ko‘z uzmay. — Soat ham o‘nga yaqinlashib qolgandir.
— Chorak kam o‘n, — dedi munshiy xumchada qolgan vinoni qadahlarga quyar ekan.
— Bo‘pti, uxlaymiz, janoblar! — dedi mehmonnavoz mezbon o‘z qadahini ichib bo‘shatarkan.
— Ertagacha, senorlar, — dedi tegirmonchi ham o‘z qadahini bo‘shatib xayrlashar ekan.
— Shoshma, senga chiroq tutishadi… Tanyuelo! Lukas amakingni pichanxonaga kuzatib qo‘y.
— Yuring, Lukas amaki! — dedi Tanyuelo yo‘l boshlab.
— Xudo xohlasa, ertagacha, — dedi panomar hamma qadahlar tagida qolgan vinoni birma-bir jig‘ildoniga otib.
Shundan keyin, “De profundis”1 oyatini qo‘shiq qilib aytib, gandiraklagancha uyiga yo‘l oldi.
— Ish pishti, senor, — dedi alkald munshiyga ikkovlari yolg‘iz qolishgach, — Lukas hech nimani sezmadi. Endi bemalol uxlasak ham bo‘ladi. Korrexidorga omad tilaymiz…
XVIII b o b
BUL BOBDA KITOBXON LUKAS AMAKINING UYQUSI ZIYRAK EKANLIGIDAN XABAR TOPADI
Oradan besh daqiqa o‘tar-o‘tmas, senor alkaldning pichanxonasi darchasidan qandaydir bir odam chiqa boshladi. Bu darcha og‘ilxonaga ochilar va yerdan taxminan to‘rt gazcha balandda edi.
Og‘ilxonada, odatda o‘nga yaqin miniladigan jonivorlar: otlar, xachirlar, eshaklar turardi.
Pichanxonadan sakrab tushgan odam bu yerda egarlog‘liq turgan eshakning arqonini yechib, uni darvoza oldiga yetaklab bordi: ilgakni tushirib, zulfini surdi va darvozani tovush chiqarmay asta-sekin ochdi-da, yalang dalaga chiqdi.
Keyin eshakka minib, tovonlari bilan uning ikki biqiniga niqtagancha shahar tomonga yo‘rg‘alatib ketdi. Lekin u bironta odamga duch kelishdan qo‘rqdi shekilli, katta yo‘ldan yurmay, dala va o‘tloqlarni tik kesib bora boshladi.
Bu odam Lukas amaki bo‘lib, u o‘z tegirmoniga qaytayotgan edi.
XIX b o b
DAShTDAGI BEHUDA NIDOLAR
“Voy, tavba, hali shu notavon alkald meni laqillatmoqchi bo‘ldimi, meni-ya, kimsan, Archenada1 kindik qoni to‘kilgan odamni-ya? — deb o‘ziga-o‘zi gapirib borardi tegirmonchi. — Hali tong otsin, senor yepiskopning oldiga borib, hamma bo‘lgan mashmashani bir boshdan gapirib beraman. Buni qarang-a, shunday bemahalda, shoshilinch ravishda, tag‘in yolg‘iz o‘zimni uyimdan obchiqib ketishsa, qayoqdagi bo‘lmag‘ur qalbaki pul yasovchilar, jodugarlar haqida javrab, qulog‘imni qoqib qo‘limga berishsa-yu… oxir-oqibat, ikki qadah vino ichirib, uxlagani jo‘natishsa!.. Hammasi tushunarli to‘qqiz pulday! Gardunya oqsoqolga korrexidorning yo‘rig‘ini olib borib bergan… demak, ayni shu choqda korrexidor mening xotinimga xushomad qilayotgan bo‘lsa ajabmas… Kim bilsin, hozir yetib borganimda, u eshigimni taqillatayotgan bo‘lib chiqar! Kim bilsin, balki uni uyimning ichida uchratarman!.. Kim bilsin!.. E, nima deb vaysayapman o‘zi? Hali o‘zimning navarralik xotinimdan gumonsirayapmanmi?.. Axir, xudoning qahrini keltiryapman-ku! U bunday qilolmaydi… Mening Fraskitam bunday qilolmaydi! U yo‘l qo‘ymaydi!.. Ie, nimalar deyapman o‘zi? Bu dunyoda hamma narsa bo‘lishi mumkin, mana, masalan, u menday badbasharaga turmushga chiqmadimi?”
Bukri shunday xayollarga borib, birdan yig‘lab yubordi…
Keyin u eshagini “ishsh” deb to‘xtatdi, bir oz ko‘ngli taskin topib, ko‘zyoshlarini artdi, chuqur bir xo‘rsinib qo‘ydi-da, cho‘ntagidan tamaki xaltasini olib, undan tsigarka o‘radi, chaqmoqtoshni chaqib, pilikni o‘t oldirdi-da, tsigarkasini tutatdi.
Xuddi shu payt bu yerdan uch yuz qadamcha naridan o‘tgan katta yo‘ldan tuyoq tovushi eshitildi.
“Voy, ehtiyot bo‘lishim kerak-ku! — deb o‘yladi Lukas. — Hali meni odil sud malaylari qidirayotgan bo‘lsa-ya? Tentaklik qilib, o‘zimni sezdirib qo‘ymasam edi!”
U cho‘g‘ni yashirdi, eshakdan tushib, o‘zini uning panasiga oldi.
Lekin eshak uning bu harakatini boshqacha tushundi va huzur qilib hangrab yubordi.
— Voy, kasofat-e! — dedi Lukas amaki ikki qo‘li bilan eshagining tumshug‘idan bo‘g‘ishga harakat qilarkan.
Aksiga yurib, katta yo‘ldan ham eshakning hangragani eshitildi, — bu odob yuzasidan salomga alik olish edi.
“Bo‘ldi, qo‘lga tushdim! — deb o‘yladi tegirmonchi. — Ishi eshakka tushganning holiga voy, deb bekorga aytishmagan ekan”.
U shunday xayolga borib, eshagiga sakrab mindi-da, uni begona eshak ovozi kelgan katta yo‘ldan teskari tomonga choptirib ketdi.
Lekin qizig‘i shundaki, tegirmonchining eshagi bilan salomlashgan eshakda ketayotgan mavjudot ham Lukas amakidan badtar qo‘rqib ketgan edi. Buni sizga aytishimdan maqsad, o‘sha eshak mingan shaxs, Lukasni go‘yo bironta algvasil yoki don Euxenio pulga yollagan qandaydir badkirdor odam, deb o‘ylagan bo‘lsa kerak, eshagini yo‘ldan chetga burib, ekinzor dalani payhon qilgancha ura qochib qoldi.
Bu asnoda tegirmonchi hasratidan chang chiqarib borardi:
— Voy, muncha zim-ziyo bo‘lmasa bu tun! Shu o‘tgan bir-ikki soat ichida hamma narsa ostin-ustun bo‘lib ketdi-ya! Algvasillar qo‘shmachilik qilishdi, alkaldlar mening nomusimga dog‘ tushirmoqchi bo‘lishdi, eshaklar bemavrid hangrashdi, mening qalbim esa, dunyoda eng pokdomon ayol bo‘lgan xotinimdan shubha qila boshladi-ya! E xudo, yo tangrim! Tezroq uyimga yetib olishimga va Fraskitamning oyjamolini ko‘rishimga madad ber!
Lukas amaki ekinzorlar, daraxtzorlarni tik kesib o‘tib, soat o‘n birga yaqin eson-omon uyiga yetib oldi…
Jin ursin! Tegirmon darvozasi lang ochiq edi!
XX b o b
ShUBHALAR VA HAQIQAT
Lang ochiq edi… Lekin boya jo‘nab ketayotganida xotini darvozani ichidan qulflab, zulfinini surib, tambalaganini o‘z qulog‘i bilan eshitgan edi-ku.
Demak, darvozani faqat o‘z xotini ochgan bo‘lishi mumkin.
Lekin qanday qilib, qachon va nega ochadi? Xotinini laqillatib kirishdimikin ichkariga? Uni majbur qilishmadimikin? Balki Fraskitaning o‘zi ataylab korrexidor bilan oldindan kelishib qo‘ygandir?
Hozir u uyga kirib nimani ko‘rarkin? Nimani bilarkin? Qanday ko‘rgilikka ro‘para kelarkin? Yo Fraskita qochib ketdimikin? Balki uni o‘g‘irlashgandir? Ehtimol, u endi o‘lgandir? Yo raqibining quchog‘ida yotibdimikin?
“Korrexidor meni kechasi qaytib kelmaydi, deb o‘ylagan, — dedi ma’yus ohangda Lukas amaki. — Alkald meni zinhor uyimga qo‘yib yubormaslik haqida buyruq olgan bo‘lsa ajab emas… Fraskita buni bilarmikin? U korrexidor bilan til biriktirganmikin? Yo u firib va zo‘ravonlik qurboni bo‘ldimikin?”
Sho‘rlik er shu mash’um mulohazalar bilan shiyponchadan o‘tib uy ostonasiga yetdi.
Uyning eshigi ham ochiq edi. Eshikdan, hamma qishloq uylarida bo‘lganidek, dastavval oshxonaga kirilardi.
Oshxonada hech kim yo‘q edi. Lekin kaminda lang‘illab olov yonib turardi. Holbuki, boya tegirmonchi jo‘nab ketayotganida o‘t yoqilmagan edi, aslida o‘zi to dekabrning o‘rtalarigacha kamin yoqilmasdi!
Bu ham yetmaganidek, bu yerdagi bitta qoziqqa yonib turgan mash’ala ilingandi…
Buning sababi nimaykin? Demak, uyda kimdir bor… Nega butun uy xuddi suv quygandek sukutga tolgan?..
Xotiniga nima bo‘ldiykin?
Lukas amaki mana endi stullarning suyanchig‘iga ilingan kiyimlarni ko‘rib qoldi; bu stullar kaminga yaqin surib qo‘yilgan edi.
U bu osilgan kiyimlarga razm solib qaradi-yu, birdan jon holatda shunday hayqirib yubordiki, bu hayqiriq uning tomog‘iga tiqilib qolib, sassiz nolaga aylandi.
Tegirmonchi nafasi qaytib, hozir bo‘g‘ilib o‘lib qoladigandek his qildi o‘zini va beixtiyor qo‘llari bilan tomog‘ini ushlab oldi. Rangi murdanikidek bo‘zarib ketdi, xuddi jon taslim qilayotganday g‘ayriixtiyoriy tarzda seskanib-seskanib tushdi, lekin kosasidan otilib chiqib ketguday bo‘lgan ko‘zlarini stullarga ilingan begona kiyimlardan hech uzolmadi; u dahshat og‘ushida edi — go‘yo u qatl etilishga hukm qilingan jinoyatchi edi-yu, unga o‘limga mahkumning ro‘dapo chakmonini ko‘rsatishganday edi.
Tegirmonchi ko‘zini uzolmay tikilib qolgan kiyimlar: to‘q qizil rangli plash, uchburchakli shlyapa, bo‘zrang kamzul, qora shoyi ishton, oq paypoqlar, oltin to‘qali boshmoqlar — xullas, manfur korrexidorning mukammal ust-boshi, shuningdek, uning amaldorlik tayoqchasi, nayza-qilichi hatto qo‘lqoplari ediki, bular tegirmonchi isnodining ro‘daposi, nomusining kafani, baxtining tobutiga yopiladigan qora mato edi!
Dahshatli mushket hamon bundan bir soat burun xotini tashlab qo‘ygan yerda yotardi…
Lukas amaki xuddi sherdek tashlanib, mushketni qo‘liga oldi. Uning miliga sumbani tiqib, o‘qlanganligiga ishonch hosil qildi. Mushketning chaqmoqtoshi ham joyida edi.
Keyin Lukas amaki zina tagiga bordi. Bu zina shuncha yildan beri senya Fraskita bilan ikkovi birga yotib yurgan xobxonaga olib chiqardi.
— Ular tepada! — deb g‘o‘ldiradi u bo‘g‘iq ovoz bilan.
Tegirmonchi zinaning birinchi pillapoyasiga qadam qo‘yarkan, birov meni kuzatmayaptimikin, deb atrofiga alanglab qarab qo‘ydi.
“Hech zog‘ yo‘q, — dedi o‘ziga-o‘zi Lukas, — tangrimdan boshqa… Nahotki xudo yo‘l qo‘ysa bunga!”
Tegirmonchi endi qat’iy bir qarorga kelib, zinadan yana bir pillapoyaga ko‘tarilishga chog‘langan edi, birdan olazarak bo‘layotgan ko‘zi stolda yotgan buklog‘liq bir varaq qog‘ozga tushdi. Lukas xuddi jo‘jaga tashlangan kalxatdek stol tomonga otildi va hayajondan changak bo‘lib qolgan barmoqlari bilan qog‘ozga chang soldi.
Bu senya Fraskitaning jiyanini ishga tayinlash haqidagi hujjat bo‘lib, unga don Euxenio de Suniga-i-Ponse de Leon imzo chekkan edi.
“Mana, bitim ham tayyor! — deb o‘yladi Lukas amaki, go‘yo ich-ichidan otilib chiqayotgan faryodni bo‘g‘moqchi va ayni paytda o‘z g‘azabini qoniqtirmoqchi bo‘lganday, qog‘ozni og‘ziga tiqib. — Uning o‘z jigarini mendan ortiqroq yaxshi ko‘rishini ko‘pdan beri sezib yurardim!.. O, nega xudo bizga farzand ato etmadi-ya! Hamma balo shunda!”
Boyaqishning o‘pkasi to‘lib, ho‘ngrab yig‘lab yuborishiga bir bahya qoldi. Uning telbavash g‘azabdan nafasi qaytib ketdi va xirqiroq ovozda pichirladi:
— Yuqoriga! Yuqoriga chiqish kerak!
So‘ng u bir qo‘li bilan pillapoyalarni paypaslab, ikkinchi qo‘lidagi mushketni sudrab, korrexidor imzo chekkan qabih qog‘ozni tishlagancha, zinadan yuqoriga ko‘tarila boshladi.
U xobxonaning berk eshigiga yaqin kelib, uning tirqishi va kalit teshigidan ichkarida chiroq yonib turganini bildi.
“Ular shu yerda!” — deb takrorladi u.
Lukas bir zumga to‘xtab qoldi. G‘azabdan tutoqib ketgan edi.
Keyin u xobxona eshigi tagigacha emaklab bordi.
Ichkari suv quygandek jim-jit edi.
“Agar u yerda hech kim bo‘lmasa-chi?” — degan hadikli umid paydo bo‘ldi xayolida.
Lekin shu zahoti bechoraning qulog‘iga kimningdir yo‘talgani eshitildi.
Bu ko‘ksov korrexidorning yo‘tali edi.
Endi unda hech qanday shubha qolmagan edi. U suvga g‘arq bo‘layotgan edi, ammo jon saqlab qolishi uchun xaloskor cho‘p ham anqoning urug‘i edi unga.
Bu qorong‘i qo‘ynidagi zina boshida tegirmonchining dahshatli jilmayishi xuddi zulmat osmonda birdan chaqmoq chaqnagandek bo‘ldi.
Lekin erkak kishining qalbida ba’zan alanga olgan olov oldida dunyodagi jamiki charchoqlar nima ekan?
Shunga qaramay, Lukas amaki — uning qalbi o‘zi, yuqorida aytib o‘tganimizdek, shunaqa edi, — o‘z g‘animining yo‘talini eshitgan zahoti ko‘ngli tinchidi.
Uni oshkoralikdan ko‘ra shubha ko‘proq iztirobga solardi. Uning o‘zi Fraskitaga, sen hayotimning yakka-yu yagona quvonchisan, ammo senga bo‘lgan ishonchimni yo‘qotsam, o‘sha zahoti men mutlaqo boshqa odamga aylanaman, deb aytgan edi-ku, bugun.
Yuqorida biz Lukasni Venetsiya mavriga qiyos qilgan edik; xuddi Otelloda bo‘lganidek, xotinidan ixlosi qaytgan tegirmonchida muhabbat tuyg‘usidan zumda asar ham qolmadi, uning butun ruhiy holati chappasidan ketdi va butun dunyo uning ko‘ziga zulmatgoh bo‘ldi. Farq faqat shunda ediki, Lukas amakining tabiati Dezdemonaning telba qotilinikidan sal yuvoshroq, ammo ancha xudbin edi.
Shu paytda bunday vaziyatda juda kamdan-kam sodir bo‘ladigan hol yuz berdi: tegirmonchining yuragi shubha yoxud umiddan (endi unisining ham, bunisining ham farqi yo‘q edi) yana bir lahzagagina hayajonga tushdi.
“Balki men yanglishayotgandirman? — deb o‘yladi u. — Ehtimol, bu yo‘talgan Fraskitadir?..”
Uning ruhi shu qadar tushib ketgan ediki, hatto kamin yaqinida stullarga ilib qo‘yilgan korrexidorning kiyim-boshlarini ham, kelganida darvozaning lang ochiq bo‘lganini ham, nomusiga tajovuz qiluvchi hujjatni o‘z ko‘zi bilan o‘qiganini ham unutib qo‘ygan edi…
U g‘azab va hayajondan qalt-qalt titragancha, engashib qulf teshigidan mo‘raladi.
Bu teshikdan karavotning bosh tomonidagi tumordakkina uchburchak joy ko‘zga tashlandi. Lekin yostiqlarning bir chekkasi va u yerda yotgan korrexidorning boshi aynan shu uchburchak joyda edi!
Yana tegirmonchining aftini iblisona istehzo burishtirib yubordi.
U go‘yo yana iqbolga erishganday edi.
— Mana, endi bor haqiqat menga ayon bo‘ldi! Nima qilishni yaxshilab o‘ylab ko‘raylik! — deb pichirladi u va bamaylixotir kayfiyatda qaddini rostladi.
“Juda nozik ish… Hammasini puxta o‘ylab ko‘rish kerak. Vaqtim yetarli”, — deya mulohaza qilardi va zinadan tusmollab oyoq bosib, asta-asta tusharkan.
Lukas boshini changallagancha, oshxona o‘rtasidagi stulga o‘tirib qoldi.
U shu alfozda o‘y surib o‘tirarkan, nimadir uning oyog‘iga asta urilib, xayolini qochirib yubordi.
Bu tizzasidan sirg‘alib tushgan mushket edi. Bu tegirmonchini jangga da’vat etuvchi turtki edi.
— Yo‘q! Aytyapman-ku, senga, yo‘q! — deb pichirladi Lukas amaki mushketiga yuzlanib. — Kerak emassan menga! Hamma ularga achinadi… Meni esa dorga osishadi! Axir bu kimsan, korrexidor-a… Ispaniyada korrexidorning qotilini kechirmaydilar. “Faqat rashk da’vati bilan o‘ldirgan, keyin yechintirib, karavotiga yotqizib qo‘ygan”, deyishadi. Yana odamlar, Lukas xotinini, zino ishda shubha qilgani uchun o‘ldirgan, deyishadi… Va meni dorga osishadi. Albatta, osishadi!
Bu ham yetmagandek, umrimning oxirida, odamlar men haqimda, Lukasning irodasi zaif ekan, yengiltaklik qildi, deb gapira boshlaydilar, hamma ustimdan kula boshlaydi! Bu kunga tushishiga o‘zi sababchi, deyishadi: negaki, men bukriman, Fraskita bo‘lsa, dilbar ayol! Yo‘q, aslo bunday qilolmayman! Men o‘zim uchun qasos olishim kerak. Qasos olsam, marra meniki — unda hammadan nafratlanaman, ularni mazax qilib kulaman! O, shunday mazax qilayki, keyin hech kim meni bukri deb masxara qilolmasin, — ko‘plar hozir bukrimga havas qiladigan bo‘lishgan! Lekin meni dorga ossalar, bukrim juda kulgili ko‘rinsa kerak!
Lukas amaki shunday mulohaza qilar ekan, nima deyotganini o‘zi ham bilmasdi. Har qalay, shu mulohazalari ta’sirida u mushketni joyiga qo‘ydi va qo‘lini orqasiga bog‘lab, boshini xam qilgancha, u yoqdan-bu yoqqa tanda qo‘ya boshladi. U o‘z xotini va korrexidorni tahqirlovchi juda antiqa bir chora qidirayotganday, ko‘zini yerdan uzmasdi. Lekin buning uchun sudga arz qilmoqchi ham, ularni kechirmoqchi ham, xudoga solmoqchi ham, korrexidor bilan yakkama-yakka jang qilmoqchi ham emasdi…
Shu payt Lukasning ko‘zi birdan korrexidorning kiyimlariga tushdi-yu… turgan yerida dong qotib qoldi…
Uning chehrasida birin-ketin mamnunlik, quvonch va shodiyona alomatlari paydo bo‘la boshladi… U xuddi telba odamday kulib yubordi. Yuqoridagilar eshitmasin uchun, tovush chiqarmay, xuddi tutqanog‘i tutgan odamga o‘xshab, qornini changallagancha, qotib-qotib kuldi. Bu Mefistofelga xos chinakam zaharxanda kulgi edi.
Nihoyat, u bir oz taskin topdi va shosha-pisha yechina boshladi. U o‘z kiyimlarini korrexidorning ust-boshi osilgan stullarga ildi va uning tilla to‘qali boshmog‘idan tortib uchburchakli shlyapasigacha — hamma ust-boshini kiyib oldi, nayza-shamshirini beliga ilib, ustidan to‘q-qizil plashini kiydi, qo‘liga mansab asosini olib, katta yo‘ldan xuddi don Euxenio de Sunigaga o‘xshab, ikki tomonga chayqalib shahar tomon ketib borarkan, dam-badam miyasiga o‘tirib qolgan bir jumlani takrorlardi:
— Lekin korrexidorning xotiniyam nozandaygina!
XXI b o b
O‘ZINGIZNI HIMOYa QILING
Biz Lukas amaki bilan vaqtinchalik xayrlashaylik-da, senya Fraskitani yolg‘iz o‘zini tegirmonda qoldirganimiz paytdan to uning eri qaytib kelib, uyida shuncha g‘ayrioddiy o‘zgarishlarni ko‘rguncha yuz bergan hodisalar bilan shug‘ullanaylik…
Lukas amaki Tonyuelo kuzatuvida uyidan jo‘nab ketganiga taxminan bir soatcha vaqt bo‘ldi. To eri qaytib kelguncha yotmaslikka ahd qilib, yuqori qavatdagi xobxonada to‘r to‘qib o‘tirgan g‘amzada juvon birdan tashqarida, tegirmon novi o‘rnatilgan joyda kimningdir ayanch bilan chinqirganini eshitdi.
— Voy, cho‘kib ketaman, yordam beringlar! Fraskita!.. — deb faryod qilardi tamoman nochor ahvolga tushgan erkak ovozi.
“Voy o‘lmasam, Lukas bo‘lsa-ya!” — deb ko‘nglidan o‘tkazdi vahimaga tushgan navarralik juvon.
Gardunya aytganidek, xobxonadan tegirmon noviga ochiladigan yana bitta mo‘jazgina eshik bor edi. Senya Fraskita yordam so‘rab nola chekkan odamning ovozini tanimaganligidan, taraddudlanib o‘tirmay darrov o‘sha eshikni ochdi, ochdi-yu, korrexidorga ro‘para keldi — u shovullab oqayotgan suvdan endigina bazo‘r emaklab chiqqan, boshdan-oyoq shalabbo edi…
— Yo Iyso alayhissalom! Yo Iyso alayhissalom! — deya g‘o‘ldirardi sassiq chol. — Kunim bitdi, ajalim yetdi, deb o‘ylovdim!
— Ie! Hali bu sizmisiz? Bu qanaqasi? Qanday haddingiz sig‘di? Shu bemahalda nima bor sizga bu yerda?.. — degan savollar bilan tegirmonchining xotini korrexidorga tashlandi, uning ovozida hadikdan ko‘ra nafrat ko‘proq edi, ammo shunga qaramay, u beixtiyor orqasiga tisarildi.
— Jim bo‘l! Jim! — deya g‘o‘ldiragancha korrexidor Fraskita ketidan xonaga kirib oldi. — Hozir senga hamma gapni tushuntirib beraman… Bilasanmi, sal bo‘lmasa suvga cho‘kib ketayozdim! Suv meni xuddi bir xasdek oqizib ketdi! Ahvolimga qara — shiltam chiqdi!
— Daf bo‘ling! Daf bo‘ling uyimdan! — deb chinqirdi battar g‘azabi ortgan Fraskita. — Menga tushuntirishingizning hojati yo‘q!.. Shundoq ham hammasiga tushunib turibman. Suvga oqqaningiz bilan necha pullik ishim bor? Nima, men sizni chaqiruvdimmi? O! Qanday razolat! Hali shu niyatda erimga odam yuborgan ekansiz-da?
— Oldin eshit, jonginam…
— Hech nima eshitmayman! Hoziroq qorangizni o‘chiring, senor korrexidor!.. Daf bo‘ling, bo‘lmasa, sizni bir baloga giriftor qilib qo‘yishim mumkin!
— Nima deding?
— Eshitdingiz nima deganimni! Hozir erim uyda yo‘q, lekin o‘zim ham sizni xonadonimizni hurmat qilishga majbur eta olaman. Agar endi sizni yana o‘zim suvga itarib yuborishimni xohlamasangiz, jo‘nab qoling uyingizga!
— Qizalog‘im! Qichqirma, axir men kar emasman!.. — dedi qari xotinboz. — Bu yerga bekorga kelganim yo‘q!.. Qishloq oqsoqoli yanglishib eringni hibsga olibdi, uni ozod qilgani keldim… Lekin sen oldin kiyimlarimni quritib ber… Rosa shiltayu shalabbo bo‘ldim!
— Keting, deb aytdim men sizga!
— Jim bo‘l, tentak… hech nimaga tushunmayapsan! Qara… Mana, jiyaningni ishga tayinlash haqida farmon… Kaminga olov yoq, keyin bemalol gaplashamiz… To kiyimlarim quriguncha, men mana shu karavotda yotib turaman…
— Ha-a, gap bu yoqda deng! Nima maqsadda kelganingiz endi menga ayon! Erim Lukasni nega qo‘lga olganingiz sababini mana endi tushundim! Nega bu yerga jiyanimni ishga tayinlash haqidagi farmon bilan kelganingizni ham endi tushundim! Yo avliyo-yu anbiyolar! Qarang-a, kim deb o‘ylayapti o‘zi meni bu tasqara?
— Fraskita! Unutma, men korrexidorman-a!
— Menga desa qirol bo‘lmaysizmi! Bir go‘rsiz hammangiz! Men o‘z erimning xotini, o‘z uyimning bekasiman! Nima, hali meni korrexidordan qo‘rqadi, deb o‘ylaganmidingiz? Men hali Madridga, kerak bo‘lsa, undan ham nariga borib, korrexidor nomiga dog‘ tushirayotgan qari fosiqning tanobini tortib qo‘yishga qurbim yetadi! Undan oldin, ertagayoq men xotiningizning oldiga boraman…
— Yo‘q, yo‘q, aslo bunday qilma! — deb chinqirib yubordi korrexidor. — Sen, xotin, haddingdan oshma! Agar gaplarimga quloq solmasang, otib tashlayman!
— Otasiz? — bo‘g‘iq ovoz bilan so‘radi senya Fraskita.
— Ha, otaman… Bu qilmishim uchun menga hech nima bo‘lmaydi. Zero men shahardan yo‘lga chiqqanimda, jinoyatchilarni tutgani ketyapman, deb aytganman… Ke, qo‘y, o‘jarlik qilma… menga ko‘ngil qo‘y… axir, men seni jonimdan ortiq sevaman!
— Meni otmoqchimisiz hali? — deb takrorladi navarralik juvon ikki qo‘lini orqasiga qilib, go‘yo g‘animiga hamla qilmoqchi bo‘lganday, butun gavdasini oldinga tashlarkan.
— Agar aytganimga kirmay terslik qilsang, seni o‘ldirib, do‘q-po‘pisalaringdan ham… bu husni jamolingdan ham bira-to‘la qutulaman, — dedi yurak oldirib qo‘ygan korrexidor yonidan bir juft cho‘ntak pistoletini chiqararkan.
— Oh-ho, bir cho‘ntagingizda pistolet, ikkinchisida — jiyanimni ishga tayinlovchi farmon, deng? — dedi senya Fraskita boshini sarak-sarak qilgancha. — Hay, nachora, senor, boshqa ilojim yo‘q. Bir daqiqa sabr qilib turing, oshxonaga tushib kaminga o‘t yoqib chiqay.
Shunday deb u zina tomon yurdi va g‘izillagancha pastga tushdi.
Korrexidor Fraskitani qochib ketadi deb o‘ylab, qo‘liga shamchiroq oldi-da, orqasidan ergashdi. Lekin u juda sekin harakat qilgani sababli, endi pastga tushib, oshxona ostonasiga yetganida navarralik juvonga ro‘para keldi. U orqasiga qaytayotgan edi.
— Demak, janoblari meni otmoqchilar-a? — dedi shaddod ayol bir qadam orqaga chekinarkan. — Unday bo‘lsa, qani, o‘zingizni himoya qiling! Xizmatingizga tayyorman.
Shunday deb u qissamizda kattagina rol o‘ynayotgan o‘sha mushketni korrexidorga o‘qtaldi.
— Tashla mushketni, kasofat! Bu nima qilganing?! — deb chinqirib yubordi qo‘rqqanidan murdadek bo‘zarib ketgan korrexidor. — Men hazillashgandim… Mana, ko‘r… Pistoletlar o‘qlanmagan. Lekin farmon — haqiqiy… Mana u… Ma, ol… Uni senga beraman… U seniki… Evaziga hech nima so‘ramayman…
Butun vujudi qalt-qalt titrayotgan korrexidor qog‘ozni stolga qo‘ydi.
— Yaxshi bo‘ldi! — dedi ayol. — Ertaga ertalab erimga nonushta tayyorlash uchun o‘choqqa olov yoqqanimda binoyidek tutantiriq bo‘ladi. Menga hech nima kerak emas sizdan. Jiyanim Estelyadan bu yoqqa kelmaydi, kelganida ham, sizning mana shu maraz qog‘ozga imzo chekkan qo‘lingizni sindirgani keladi! Hoziroq daf bo‘ling uyimdan! Eshityapsizmi? Jo‘nang! Jo‘nang! Qorangizni o‘chiring! Achchig‘imni chiqarmang, bo‘lmasa yomon bo‘ladi!
Korrexidor bunga javoban hech nima demadi. Uning rangi birdan oqarib, deyarli ko‘karib ketdi, ko‘zlari ola-kula bo‘lib, a’zoi badani xuddi bezgak xuruj qilgandek dag‘-dag‘ qaltiray, tishlari takillay boshladi, keyin bu ruhiy larzaga dosh berolmay gurs etib yerga quladi.
Suvga yiqilib tushib, jiqqa ho‘l kiyimlari badaniga yelimdek yopishganida vahimaga tushgan, xobxonadagi dahanaki jang, navarralik ayol o‘qtalgan mushket ro‘parasida qo‘rqqanidan jon hovuchlab turgani — bularning bari nimjon qariyani adoyi tamom qilgan edi.
— O‘lyapman! — deb g‘o‘ldiradi u. — Gardunyani chaqir!.. Chaqir Gardunyani, u shu atrofda… jarda bo‘lishi kerak… Mening bu xonadonda o‘lishim mumkin emas!..
U boshqa hech nima deyolmadi. Ko‘zlarining oqi ko‘rinib, xuddi murdadek oyoq-qo‘lini uzatdi.
“Voy, rostdanam o‘lib qolsa-ya? — degan fikr lip etib o‘tdi senya Fraskitaning xayolidan. — Bundan badtar ko‘rgilik bo‘lishi mumkin emas. O‘lib qolsa, uni nima qilaman? Agar o‘lib qolsa, nima degan odam bo‘laman? Lukas nima deb o‘ylaydi?.. Qanday oqlayman o‘zimni, eshikni unga o‘zim ochganimdan keyin?.. Yo‘q! Yo‘q! Men buning yonida qolmasligim, erimni qidirib topishim kerak. Men nomusimni pok saqlash uchun hech nimadan qaytmayman!”
Ayol shu qarorga kelib, mushketni tashladi, g‘izillagancha og‘ilga borib, eshakni yechdi va uni bir amallab egarladi-da, darvozani ochdi, to‘ladan kelgan, barvasta juvon bo‘lsa ham, bir sakrab, eshakka mindi va uni jar tomon choptirib ketdi.
— Gardunya! Hoy, Gardunya! — deb u ancha naridan chaqira boshladi.
— Bu yoqdaman! — deb javob qildi nihoyat algvasil g‘ov orqasidan qorasini ko‘rsatib. — Sizmisiz, senya Fraskita!
— Ha, menman. Tegirmonga yugur, xo‘jayiningga yordam qil. U o‘lyapti!..
— Hazil qilyapsizmi? Ishonmayman!
— Hazilga balo bormi shu topda, Gardunya?
— O‘zingiz-chi, tasadduq? O‘zingiz qayoqqa ketyapsiz shu bemahalda?
— Menmi?.. Nari tur, galvars! Men… shaharga, tabibga ketyapman! — deb javob qildi senya Fraskita, eshagining biqiniga tovoni bilan niqtab va oyog‘ining uchi bilan Gardunyani tepib yuborib.
U jo‘nab ketdi… lekin Gardunyaga aytganidek, shaharga emas, balki qo‘shni qishloq sari yo‘l oldi…
Gardunya bu narsaga e’tibor bermadi — tegirmon tomonga o‘qday yugurib borarkan, o‘zicha shunday mulohaza qilardi:
“U tabibga ketdi!.. Boshqa nimayam kelardi qo‘lidan? Lekin bechora korrexidorga nima jin urdi? Kelib-kelib shunday paytda kasal bo‘ladimi? Suzong‘ich sigirga xudo shox ato etmaydi, deb to‘g‘ri aytishar ekan!”
XXII b o b
GARDUNYaNING G‘AYRATI JO‘Sh URMOQDA
Gardunya tegirmonga yetib kelganida, korrexidor endi hushiga kelib, o‘rnidan turishga urinayotgan edi.
Uning yonida yerda shamchiroq yonib turardi — korrexidor uni boya xobxonadan olib chiqqan edi.
— Ketdimi? — deb so‘radi don Euxenio birinchi navbatda.
— Kim?
— Anavi iblis!.. Tegirmonchining xotinini aytyapman…
— Ha, senor… U ketdi… Lekin kayfiyati yaxshi edi, deyolmayman…
— Oh, Gardunya, men o‘laman…
— Nima bo‘ldi o‘zi sizga, janobi oliylari? Azbaroyi xudo, men…
— Suvga yiqilib tushib shalabbo bo‘ldim… Sovuq qotib qaltirab ketyapman…
— Ha, tushundim! Demak, ayb suvda!
— Gardunya!.. Gapingning maza-matrasi yo‘q!
— Men hech nima gapirayotganim yo‘q, senor…
— Ha, bo‘pti… meni qutqar bu falokatdan…
— Jonim bilan… Mana ko‘rasiz, senor, zumda kiftini keltiraman hamma ishni!
Algvasil shunday deb, ko‘z ochib-yumguncha bir qo‘liga shamchiroqni ushlab ikkinchi qo‘li bilan korrexidorni qo‘ltiqlab, xobxonaga yetaklab olib chiqdi, uni qip-yalang‘och qilib yechintirib, to‘shakka yotqizdi, keyin omborxonaga g‘izillab borib, bir quchoq o‘tin olib keldi-da, oshxonadagi kaminga olov yoqib, yuqori qavatdan xo‘jayinining kiyim-boshlarini olib tushib, ularni stullarning suyanchiqlariga ilib chiqdi, fonusni yoqib, uni qoziqqa ildi, shundan keyin xobxonaga qaytib chiqdi.
— Xo‘sh, qalay his qilyapsiz o‘zingizni? — deb so‘radi u don Euxeniodan va uning yuzini yaxshiroq ko‘rish uchun shamchiroqni baland ko‘tardi.
— Juda yaxshi! Hademay terlasam kerak… Lekin ertaga seni dorga osaman, Gardunya!
— Voy, nega endi, senor?
— Tag‘in so‘raydi-ya, nega deb! Nima, o‘sha sen tuzgan ahmoqona reja bo‘yicha, men bu to‘shakda yolg‘iz o‘zim yotishim kerakmidi, yo meni bolaligimda bir marta suvga solib cho‘qintirganlari kammidi?.. Ertagayoq dorga osilasan!
— Tushuntiribroq aytsangiz-chi, axir, zoti oliylari, nima bo‘ldi o‘zi?
— Senya Fraskita meni o‘ldirmoqchi bo‘ldi. Sening maslahatingga kirib, ko‘rgan “foydam” shu bo‘ldi. Gapimga ishonaver, seni albatta dorga osaman ertaga ertalab!
— Biron ishkal chiqdimi, senor korrexidor? — dedi algvasil.
— Nima, mening bu yerda bemajol yotganimdan shunday xayolga bordingmi?
— Yo‘q, senor. Bunga sabab, senya Fraskita tabibni boshlab kelgani shaharga jo‘nab ketayotganida ko‘zimga aslo badqahr bo‘lib ko‘rinmagan edi…
— Nima deding? Yo tangrim! Sen uning shahar tomonga ketayotganini aniq bilasanmi? — deb yubordi yuragi orqasiga tortib ketgan don Euxenio.
— Harholda, uning o‘zi shunday deb aytdi menga…
— Yugur, Gardunya! Uch shaharga!.. Oh, men adoyi tamom bo‘ldim!.. Bilasanmi, nega shaharga ketgan Fraskita? Hamma bo‘lgan gapni xotinimga aytgani!.. Mening bu yerda yotganimni unga xabar qilgani!.. Voy, xudoyim-e! Sho‘rim qursin, nega ilgariroq ko‘nglimga kelmabdi-ya? Men bo‘lsam, u erini topgani qishloqqa ketgan, deb o‘ylovdim, lekin eri ishonchli qo‘lda. — Bundan ko‘nglim to‘q! Agar bu ayol shaharga ketgan bo‘lsa, unda… Gardunya, oyog‘ingni qo‘lingga olib, shaharga uch… Axir sen chaqqonoyoqsan-ku, qutqar meni sharmanda bo‘lishdan! O‘sha badbaxt ayolning uyimga kirishiga yo‘l qo‘yma!
— Agar shu amrlarini bajarsam, janobi oliylari meni dorga osmaydilarmi?
— Osishni o‘ylamayman ham. Senga yana etik ham sovg‘a qilaman: u oyog‘imga katta keldi, lekin hali yap-yangi. Men senga, nima xohlasang shuni beraman!
— Unday bo‘lsa, o‘q bo‘lib uchaman. Siz xotirjam uxlayvering, janobi oliylari. O‘sha navarralik xotinni hibsga olaman-da, yana yarim soatdan keyin huzuringizda bo‘laman. Lozim bo‘lganda, men eshakdan ham tezroq yugura olaman.
Gardunya shunday dedi-yu g‘izillagancha zinadan tushib ketdi. Kitobxon tushunib turgan bo‘lsa kerak, ayni Gardunya tegirmondan jo‘nab ketgan paytda bu yerga tegirmonchi kelgan va qulf teshigidan mo‘ralab, har xil mo‘jizalarni ko‘rgan edi.
Alqissa, mayli, korrexidor begona to‘shakda yotib terlayversin, Gardunya esa shahar tomon o‘qday uchaversin, saldan so‘ng uning ketidan Lukas amaki ham boshiga uchburchakli shlyapa, egniga to‘q-qizil rangli plash kiyib ravona bo‘laversin, vale biz oyoqni qo‘lga olib, muhtarama senya Fraskitaning ketidan qishloq sari yo‘l olamiz.
XXIII b o b
YaNA SAHRODA, LEKIN ENDI TANISh OVOZLAR
Navarralik juvon tegirmondan chiqib, qishloq sari ketayotganida, kimningdir dala o‘rtasida turib olib, chaqmoq chaqayotganini ko‘rib sal cho‘chiganday bo‘ldi.
“Voy, tag‘in bu korrexidorning ayg‘oqchisi bo‘lsa-ya! Agar yo‘limni to‘ssa nima qildim?” — deb o‘yladi u.
Shu payt birdan eshak hangrab yubordi.
“Shu biyday dalada yarim kechada eshak nima qilib yuribdi?” — deb ko‘nglidan o‘tkazdi senya Fraskita. — Axir, bu atrofda na ekinzor dala, na biron turar joy bor-ku… Chamamda, meni jinlar mazax qilmoqchi-yov! Lekin u erimning eshagi emasligi aniq… Mening Lukasim bu yerda, katta yo‘ldan chetda shu bemahalda nima qiladi? Turgan gap! Bu ayg‘oqchi!”
Shu mahal senya Fraskita mingan eshak ham, salomga alik olishni lozim topdi shekilli, hangrab yubordi.
— O‘chir ovozingni, yashshamagur! — deya o‘dag‘ayladi ayol eshagini xalacho‘p bilan haydar ekan.
Navarralik ayol ham begona odam bilan uchrashishdan qo‘rqib, eshagini yo‘ldan chetga burib, daladan choptirib ketdi.
XXIV b o b
O‘ShA ZAMON QIROLI
Senor alkald kechqurungi to‘kin mayxo‘rlikdan keyin, uyiga kirib, muhtarama rafiqasiga orqa o‘girib yotdi. Lekin oradan xiyol vaqt o‘tar-o‘tmas Tonyuelo er-xotin yotgan uyning eshigini gursillatib urib, senor Xuan Lopesga, tegirmonchining xotini senya Fraskita u bilan gaplashmoqchi ekanligini aytdi.
Biz endigina ko‘zi ilingan alkaldning nimalar deb to‘ng‘illagani, qanday so‘kingani haqida to‘xtalib o‘tirmay, voqeani to‘g‘ridan-to‘g‘ri uning mushaklarini chiniqtirish uchun mashq qilayotgan gimnastikachiga o‘xshab kerishib, senya Fraskitaning oldiga chiqqan va har homuza tortganida tegirmonchining xotinidan hol-ahvol so‘ragan paytidan boshlay qolamiz:
— O, qalay, bebaho sog‘lig‘ingiz, senya Fraskita? Qaysi shamol uchirdi? Axir, Tonyuelo sizga, tegirmondan hech qayoqqa ketmang, deb tayinlagan bo‘lsa kerak? Shumi hali hokimiyat amriga itoat etganingiz?
— Men erim Lukasni ko‘rishim kerak! — dedi navarralik ayol qat’iy ohangda. — Men uni hozirning o‘zida ko‘rishim kerak! Unga, xotining shu yerda, deb ayting!
— Kerak! Kerak! Senora, siz shaxsan qirolning o‘zi bilan gaplashayotganingizni unutib qo‘yayapsiz!
— Bu qirol-pirol degan maynavozchilikni yig‘ishtiring, senor Xuan, hazil qilishga holim yo‘q mening! Boshimdan nimalar kechganini, nima uchun erimni hibsga olganingizni o‘zingiz juda yaxshi bilasiz.
— Men hech nima bilmayman, senya Fraskita… Endi eringiz masalasiga kelsak, u aslo hibsda emas, bu yerda bamaylixotir uxlab yotibdi. Hoy, Tonyuelo! Tonyuelo, deyapman, g‘izillab pichanxonaga bor-da, Lukas amakiga ayt, darrov yetib kelsin bu yoqqa… Ana, hozir keladi… Xo‘sh, o‘zingizga nima bo‘ldi?.. Yolg‘iz uxlashga qo‘rqdingizmi?
— Uyaling-e, senor Xuan! Yaxshi bilasiz — men bunaqa hazilni yoqtirmayman! Hammasi kunday ravshan: Siz bilan senor korrexidor meni badnom qilmoqchi bo‘lgansizlar, lekin ikkovingiz ham quruqqa chopdingiz! Men — bu yerdaman va sha’nimga dog‘ tushiradigan hech nima bo‘lgani yo‘q, ammo senor korrexidor hozir tegirmonda joni chiqay-chiqay deb cho‘zilib yotibdi…
— Korrexidor-a? — deb hayqirib yubordi qishloq oqsoqoli. — Shu gapingiz rostmi, senora?
— Men yolg‘on gapirmayman. U tegirmon noviga yiqilib tushib, suvga cho‘kib ketishiga bir bahya qolibdi. Ehtimol, u zotiljam bo‘lgandir, yo boshqa biron dardga chalingandir… Buyog‘i endi uning xotiniga havola. Men bu yerga erimni olib ketgani keldim. Biz ertaga ertalaboq Madridga jo‘naymiz va hamma bo‘lgan mashmashani qirolga so‘zlab beramiz…
— Ana xolos! Jin ursin! — deb g‘o‘ldiradi senor Xuan Lopes. — Menga qara, Manuela! Sen, qizim, borib menga xachirni egarla… Senya Fraskita, men tegirmonga boraman, agar senor korrexidor biron falokatga uchragan bo‘lsa, sho‘ringiz quriydi!
— Senor, alkald, senor alkald! — deb qichqirdi shu payt xonaga jonholatda hovliqib kirib kelgan Tonyuelo. — Lukas amaki pichanxonada yo‘q, uning eshagi ham yo‘q, og‘ilxonaning darvozasi lang ochiq… Bir so‘z bilan aytganda, qushcha uchib ketibdi!..
— Nima deb valdirayapsan? — deya dag‘dag‘a qildi senor Xuan Lopes.
— Yo muqaddas bibi Maryam! Ishqilib, uyimizda biron falokat yuz bermasaydi! — dedi senya Fraskita. — Tezroq boraqolaylik, senor alkald, dam g‘animat!.. Agar erim shu paytda korrexidorni tegirmonda uchratsa, uni o‘ldirib qo‘yishi aniq…
— Siz Lukasni tegirmonga ketgan deb o‘ylaysizmi?
— Bo‘lmasa, qayoqqa borardi? Sizga yana boshqa gapni aytay… Boya men bu yoqqa kelayotganimda, yo‘lda uni uchratdim, lekin tanimadim. Voy o‘lmasam, dalada turvolib chaqmoq toshdan pilta tutatayotgan erim edi-ku! E xudo! Buni qarang-a, ba’zida hayvonlar odamlardan aqlliroq bo‘lisharkan-a! Buni aytishimdan maqsad, senor Xuan, eshaklarimiz bir-birini tanib, hangrashishdi-yu, lekin men bilan Lukas bir-birimizni tanimadik… Aksincha, bir-birimizni ayg‘oqchi deb o‘ylab, ikki tomonga tiraqaylab qochdik!..
— O‘rgildim o‘sha, Lukasingizdan! — dedi alkald. — Ha, yaxshi, ketdik, sizlarga nima chora ko‘rishni o‘sha yerda hal qilamiz. Men bilan hazillashganning holiga voy! Chunki men qirolman!.. Ey Manuela, menga mansab tayoqchamni olib kel, keyin bekangga ayt, men ketyapman! — Cho‘ri qiz “xo‘p” degandek bosh egdi.
Bu asnoda senor Xuan Lopesning xachiri egarlanib shay turganidan, senya Fraskita bilan alkald Tonyuelo kuzatuvida tegirmon sari ravona bo‘lishdi.
XXV b o b
GARDUNYaNING OMADI
Biz o‘zimizni har qanday chopqirdan ham chopqirroq deb tasavvur qilaylik-da, oldinroq bo‘lgan voqeaga nazar tashlaylik.
Gardunya shaharning hamma ko‘chalarini izg‘ib chiqib, senya Fraskitani topa olmadi va yana, o‘zi aytgan paytda tegirmonga qaytib keldi.
Ayyor algvasil yo‘l-yo‘lakay korreximentoga kirib o‘tishni ham unutmadi. Hammayoq tinch, osoyishta edi. Hamma eshiklar, xuddi kunduz kunda bo‘lganidek, lang ochiq edi. U yerda o‘zi shunaqa odat o‘rnatilgan edi: to hukumat mansabdorlari zimmalariga yuklangan muqaddas burchni ado etib, mahkamaga qaytib kelmagunlaricha eshiklar yopilmasdi. Zina maydonchasida va qabulxonada algvasillar va o‘zga xodimlar korrexidorning qaytishini kutib, tinchgina mudrab o‘tirishardi. Lekin ulardan ikki-uchtasi Gardunyaning oyoq tovushini eshitib, ko‘zlarini ochishdi va o‘zlarining bevosita rahbarlaridan:
— Senor keldimi? — deb so‘rashdi.
— Yo‘q hali! Tinchlaninglar. Men biron yangilik bormikin, deb bilgani keluvdim…
— Yangilik yo‘q.
— Senora qalay?
— U o‘zida.
— Yaqin orada bu yerdan bironta ayol o‘tmadimi?
— Kechqurundan beri bironta ham odam kelmadi.
— Gap bunday: sizlar hech kimni, u kim bo‘lmasin, nima deb gapirmasin, ichkariga qo‘ymanglar. Shu bilan birga, senorni yo senorani so‘rab kelgan har qanday odamni, hatto u payg‘ambar bo‘lsa ham, darhol qo‘lga olib, hibs etinglar.
— Chamasi, bugun kattagina hayvonga tuzoq qo‘yilgan, shekilli?
— Eng yirik hayvonga, — dedi Gardunya ma’nodor qilib.— Baski, bu ishga shaxsan korrexidor bilan ikkovimiz kirishgan ekanmiz, uning qanchalik nozikligiga tushungandirsiz!.. Xo‘p, xayr hozircha, hushyor bo‘linglar!
— Xudo yor bo‘lsin, senor Bastyan! — deyishdi hammalari baravariga.
— Omad meni tark etyapti! — deb g‘o‘ldiradi Gardunya mahkamadan chiqib ketarkan. — Hatto xotin zoti ham menga firib berib mot qilmoqda! Tegirmonchining xotini, shaharga ketyapman, deb o‘zi qishloqqa, erining oldiga juftakni rostlab qolganga o‘xshaydi… Eh, ovsar Gardunya, qayoqda qoldi sening iskovuchliging?
U shunday o‘y-xayollar bilan yana tegirmon sari yo‘l oldi.
Algvasilning avvalgi is bilishi qolmaganligidan zorlanishi to‘g‘ri edi, u hatto jar yoqasidan o‘tayotib, bu yerdagi tolzorga yashiringan to‘q-qizil plash kiygan odamni ham payqamadi.
Bu odam Lukas amaki edi: u boshdan-oyoq korrexidorning kiyimini kiyib olib, shaharga yo‘l olarkan, nuqul quyidagi o‘zi uchun an’ana bo‘lib qolgan gapni takrorlardi:
— Lekin korrexidorning xotini ham nozandaygina!
Gardunya hech nimani payqamay, Lukasning yonginasidan o‘tib ketdi, soxta korrexidor bo‘lsa, o‘zi bekingan joydan chiqib, shahar tomon yo‘l oldi…
Biz ushbu bobning boshida aytganimizdek, algvasil saldan keyin yana tegirmonga kirib bordi.
XXVI b o b
NOGAHONIY QAROR
Korrexidor Lukas amakining ko‘ziga qulf teshigidan qanday ko‘ringan bo‘lsa, hanuz shu alfozda, shu vaziyatda to‘shakda cho‘zilib yotardi.
— Men yaxshigina terladim, Gardunya! Bu meni tumov bo‘lishdan saqlab qoldi! — dedi u ostonada paydo bo‘lgan algvasilni ko‘rgani hamono. — Xo‘sh, Fraskita nima bo‘ldi? Uni topdingmi? Bu yoqqa boshlab keldingmi? Ishqilib, xotinim bilan uchrashmabdimi?
— Senor, — deb ayanchli ovozda gap boshladi Gardunya. — Tegirmonchining xotini meni ahmoq qilib laqillatib ketibdi: u shaharga emas, qishloqqa, erining oldiga jo‘navoribdi. Kechiring meni laqmaligim uchun…
— Qaytaga, yaxshi bo‘pti! Juda yaxshi bo‘pti! — dedi madridlik xotinboz va ko‘zlari g‘azabdan o‘tdek chaqnab ketdi. — Demak, hamma ish joyida! Endi Lukas amaki bilan senya Fraskita ikkovlari hali tong otmasdanoq bitta kishan bilan zanjirband etilib, inkivizatsiya qamoqxonasiga jo‘naydilar. Men ikkovini o‘sha yerda chiritib yuboraman, shu bilan ular bugun tunda bo‘lgan voqealar haqida hech kimga churq etib og‘iz ocholmaydilar. Gardunya, menga kiyimlarimni olib chiq, qurib qolgandir endi… Tezroq meni kiyintir! Mana, xushtor yana korrexidorga aylandi!..
Gardunya kiyimlarni olib chiqqani oshxonaga tushib ketdi…
XXVII b o b
QIROL NOMI BILAN
Bu asnoda senya Fraskita, senor Xuan Lopes va Tonyuelolar tegirmonga yetay deb qolgan edilar, yana bir necha daqiqadan keyin ular tegirmon darvozasi oldida to‘xtadilar.
— Oldin men kiraman! — dedi alkald. — Zero, men hukumatman! Sen, Tanyuelo, orqamdan yur, lekin siz, senya Fraskita, to chaqirmagunimizcha, shu yerda qoling.
Senor Xuan Lopes hovliga kirib, shiyponchaga o‘tdi va u yerda oy yorug‘ida bukri odamni ko‘rib qoldi, u odam egniga dag‘al matodan tikilgan kamzul va shim kiyib, ustidan belini qora belbog‘ bilan bog‘lagan, oyog‘iga yashil paypoq, boshiga duxoba qalpoq kiyib yelkasiga qora plash tashlab olgan ediki, bu kiyimlarning bari tegirmonchining kunda kiyib yuradigan odatiy libosi edi.
— Bu o‘sha! — deb chinqirib yubordi alkald. — Qirol nomi bilan! Taslim bo‘ling, Lukas!
Duxoba qalpoq kiygan odam shartta o‘zini ichkariga urmoqchi bo‘ldi.
— Taslim bo‘l! — deb baqirdi Tonyuelo ham unga tashlanib giribonidan olarkan; so‘ng tizzasi bilan uning qorniga tepib yerga yiqitdi.
Shu payt qandaydir bir vahshiy hayvon Tonyueloning ustiga tashlanib, uning belbog‘idan tortdi-da, tosh to‘shalgan sahnga uloqtirdi va ikki yuziga beayov tarsaki ura boshladi.
Bu senya Fraskita edi.
— Ablah! Tegma mening Lukasimga! — deb qichqirardi u.
Shu choq sahnaga yangi personaj eshak yetaklab chiqib keldi, lekin bu yerda bo‘layotgan to‘s-to‘polonni ko‘rib, Tonyueloni qutqarish uchun u ham jangga kirishdi…
Bu Gardunya edi: u qishloq oqsoqolini don Euxenio de Suniga deb o‘ylab, tegirmonchining xotiniga baqirdi:
— Senora, tegmang mening xo‘jayinimga!
Shunday deb u ayolni oqsoqol ustiga ag‘dardi.
Ikki o‘t orasida qolgan senya Fraskita Gardunyaning qorniga shunday zarb bilan musht tushirdiki, u chalqancha yiqilib, uzala tushib yotib qoldi.
Endi sahnada bir yo‘la to‘rt kishi bir-biriga matashgancha u yoqdan-bu yoqqa umbaloq oshib olishardi.
Senor Xuan Lopes soxta Lukasning o‘rnidan turishiga imkon bermay, oyog‘i bilan uning ko‘kragini bosib turar edi.
— Gardunya! Yordam ber! Men korrexidorman, axir! — deb chiyilladi nihoyat don Euxenio, alkaldning buqa terisidan tikilgan etigi poshnasi ostida anjirdek ezilib ketayotganini his qilib.
— Ie, axir, bu chindan ham korrexidor-ku! — deb yubordi vahimaga tushgan senor Xuan Lopes.
— Korrexidor! — deb takrorladi hamma baravariga.
Mushtlashayotganlar alhol oyoqqa turishdi.
— Hamma hibsga olinsin! — deb o‘shqirdi don Euxenio de Suniga. — Hammalari dorga osilsin!
— Senor… — deya yolbordi Xuan Lopes uning qarshisida tiz cho‘kar ekan. — Bizni afv eting, zoti oliylari, tanimay qoldik! Tanimasni siylamas, deydilar… Bunaqa jaydari kiyimda sizni qanday tanib bo‘lardi, axir?
— Kallavaram! — deb o‘dag‘ayladi unga korrexidor. — Axir, egnimga biron nima kiyishim kerakmidi? Nima, xabaring yo‘qmi butun ust-boshimni o‘g‘irlab ketishganidan? Nima, hali bilmaysanmi, Lukas boshchilik qilayotgan qaroqchilar…
— Yolg‘on! — deb baqirdi navarralik juvon.
— Menga qarang, senya Fraskita, — dedi Gardunya uni bir chetga taklif qilar ekan. — Senor korrexidor va qolgan hammaning ijozati bilan sizga shuni aytmoqchimanki… Agar bu mojaroni o‘zingiz bir amallab bartaraf qilmasangiz, janobi oliylari hammamizni Lukasga qo‘shib dorga osadi!..
— Tushuntiribroq ayting, o‘zi nima gap? — deb so‘radi senya Fraskita.
— Gap shundaki, Lukas amaki hozir korrexidorning kiyimida shahar kezib yuribdi… Xudo ko‘rsatmasin, bu libos bilan hali u korrexidorning rafiqasi — xonim-afandining huzuriga ham kirib borishi mumkin!
— Yo Iyso alayhissalom! — deb yubordi birdan tegirmonchining xotini. — Demak, erim mening nomusimga dog‘ tushgan deb o‘ylagan! Bundan chiqdi, u shaharga qasos olgani ketgan!.. Qani, ketdik, ketdik tezroq shaharga, nima qilsangiz qiling, lekin meni Lukas oldida oqlang!
— Ketdik shaharga! Men bu odamning og‘ziga kelgan har qanday balo-battar gaplar bilan xotinimning dilini ranjitishiga yo‘l qo‘ymayman, — dedi korrexidor egarlog‘liq turgan eshaklardan biri tomon yo‘nalarkan. — Mindirib qo‘ying meni, alkald.
— Ha, yaxshi, shaharga bo‘lsa, shaharga… — dedi Gardunya. — Lekin, senor korrexidor, sizning kiyimingizni kiygan Lukas amaki ishqilib xotiningiz bilan suhbatlashishdan nariga o‘tmasin-da!
— Nima deb valdirayapsan, ablah? — deya don Euxenio de Suniga o‘shqirib berdi. — Nima, seningcha, o‘sha muttahamning qo‘lidan…
— Hamma narsa keladi! — deb gapni ilib ketdi senya Fraskita.
XXVIII b o b
“Yo MUQADDAS BIBI MARYaM! HOZIR YaRIM TUN!
SOAT O‘N IKKI YaRIM! HAVO OChIQ”
Tungi qorovullar shunday deb hayqirib ko‘chama-ko‘cha kezib yurishgan paytda, eshak mingan tegirmonchining xotini va korrexidor, xachir mingan senor Xuan Lopes va ularni piyoda kuzatgan algvasillar korreximento eshigi tagiga yetib kelishdi.
Eshik taqa-taq berk edi.
Demak, hukmdorlarning ham, mahkama xodimlarining ham bugungi ishi tugagan deb o‘ylash mumkin edi.
“Ish chatoq!” — deb o‘yladi Gardunya va eshikni unga osilgan zalvar to‘qmoq bilan bir necha marta urdi.
Ular uzoq kutishdi, lekin hech kim eshikni ochmadi ham, “kim” deb so‘ramadi ham.
Senya Fraskitaning rangida qon qolmagan edi.
Korrexidor bu orada ikkala qo‘lidagi hamma tirnoqlarini kemirib bo‘ldi.
Hamma sukutda.
Algvasillar va senor Xuan Lopes navbatma-navbat mahkama eshigini gursillatib urishdi… Lekin naf bo‘lmadi! Ichkaridan sado chiqmadi! Hech kim eshikni ochmadi! Hatto “tiq” etgan tovush ham eshitilmadi!
Faqat hovlidagi favvoradan otilayotgan suvning bir ohangda shildirashi eshitilardi.
O‘tgan har bir daqiqa go‘yo yildek bo‘lib tuyuldi kutayotganlarga.
Nihoyat, soat birga yaqin ikkinchi qavatdagi bir deraza ochilib, qandaydir ayol ovozi so‘radi:
— Kim u?
— Bu enaganing ovozi… — deb pichirladi Gardunya.
— Men! — deb javob qildi don Euxenio de Suniga. — Eshikni oching!
Yana jimlik.
— Kim u “men” degan? — nihoyat so‘radi enaga.
— Nima, meni tanimayapsanmi? Men xo‘jayiningman!.. Korrexidor…
Yana jimlik.
— Yo‘lingizdan qolmang, xudo yor bo‘lsin! — dedi oqko‘ngil ayol.— Mening xo‘jayinim qaytib kelganiga bir soat bo‘ldi, hozir uxlamoqdalar. Siz ham uyingizga borib yoting. Uxlab tursangiz kayfingiz tarqalib, hushingizni yig‘ib olasiz.
Keyin deraza “qars” etib yopildi.
Senya Fraskita ikki qo‘li bilan yuzini berkitib oldi.
— Enaga! — deb bor ovozi bilan baqirdi tutoqib ketgan korrexidor. — Nima, eshitmayapsanmi? Buyuraman senga, eshikni och! Axir, taniyotgandirsan meni ovozimdan? Nima, seniyam dorga osdirishimni xohlaysanmi?
Deraza yana ochildi.
— Bu qanaqa bezorilik!.. — deb qichqirdi enaga. — Kim o‘zi u ko‘chani boshiga ko‘tarib to‘polon qilayotgan?
— Bu men — korrexidorman!
— Bas qiling maynavozchilikni! Axir, aytdim-ku sizga, senor korrexidor uyga kirib kelganida hali soat o‘n ikkiyam bo‘lgani yo‘q edi… U kishi xonim-afandining bo‘lmasiga kirib eshikni ichidan berkitib oldilar — buni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim!
— Nima, siz hali men bilan hazillashyapsizmi?.. Bo‘pti, shoshmang!.. Ko‘rsatib qo‘yaman men bilan hazillashish qanaqa bo‘lishini!..
Shu mahal eshik ochilib, ichkaridan tayoqlar bilan qurollangan bir gala xizmatkorlar, yuvindixo‘rlar otilib chiqishdi va eshik oldida turganlarni do‘pposlay ketishdi.
— Qani u! Qani o‘sha o‘zini korrexidor, degan bezori! — deb baqirishardi ular. — Qani o‘sha to‘polonchi? Qani o‘sha araqxo‘r?
Mahkama eshigi tagida shunaqangi to‘s-to‘polon boshlandiki, hech kim hech kimni tanimasdi, chunki ko‘cha zim-ziyo edi, lekin shunga qaramay, korrexidor, Gardunya, senor Xuan Lopes va Tonyuelolar nasibalariga olam-jahon tayoq yedilar.
Don Euxenio de Suniganing shu bugungi tunda ikkinchi marta tayoq bilan siylanishi edi.
Bu ur-yiqitdan o‘zini chetga olib turgan senya Fraskita umrida birinchi marta yig‘lab yubordi…
— Lukas! Lukas! — deya lablari pichirlardi uning. — Mendan gumonsirabsan-da! Boshqa ayolni og‘ushingga olishga jur’at etibsan-da! Oh, sho‘rginam qursin mening! E xudo, o‘zing bu musibatni boshimizdan soqit qil!
XXIX b o b
POST NUBILA … DIANA
— Nima to‘polon? — degan vazmin va yoqimli ovoz shovqin ko‘targan olomon boshi uzra tantanavor yangradi.
Hamma boshini ko‘tarib, balkonda boshdan-oyoq qora kiygan ayolni ko‘rdi.
— Xonim-afandi! — deyishdi xizmatkorlar va darhol kaltaklashni bas qilishdi.
— Xotinim! — dedi don Euxenio.
— Ularni o‘tkazib yuboring… Senor korrexidor ruxsat berdi… — deb qo‘shib qo‘ydi senora.
Xizmatkorlar yo‘l ochishdi, senor Suniga bilan uning hamrohlari yo‘lakka kirishdi, keyin zinadan yuqoriga ko‘tarila boshlashdi. Dunyoda o‘limga mahkum etilgan bironta ham jinoyatchi jallod kundasi oldiga o‘z uyining zinasidan chiqayotgan bu korrexidorchalik oyoqlari qaltirab va dahshatdan aft-angori gezarib ko‘tarilmagan bo‘lsa kerak. Biroq shunday bo‘lsa ham, uning xayolidagi o‘z aybi bilan boshidan kechirgan alamli va kulgili hodisalar o‘rnini asta-sekin badnom, sharmandayi-sharmisor bo‘lganligi haqidagi o‘y egallay boshladi.
“Eng avvalo, — deb fikr yuritardi u, — men Suniga-i-Ponse de Leonman… Buni unutgan odamning sho‘ri quriydi! Xotinimning holiga voy, agar mening nomimga dog‘ tushirgan bo‘lsa!”
XXX b o b
MAShHURA SENORA
Korrexidorning xotini o‘z eri va uning qishloqi mulozimlarini mahkamaning katta zalida qabul qildi.
U bir o‘zi eshik tomon ko‘z tikib turardi.
Hali ancha yosh bo‘lgan bu ulug‘sifat xonim o‘zining sipo va ayni paytda xushbichim husn-latofati bilan o‘zgalardan ajralib turardi. Uning libosi o‘sha davr didiga monand ham basavlat, ham odmi edi. U egniga nafis qora jun gazlamadan tikilgan burma kofta, kalta va tor yubka kiygan, xushqomat yelkasiga to‘r hoshiyali oq-sariq rangli shohi qiyiq ro‘mol tashlagan, marmardek oppoq qo‘llariga tirsaklarigacha yetuvchi uzun qora qo‘lqop kiygan edi. Uning Filippin orollaridan keltirilgan kattakon yelpig‘ichi bilan yelpinib turishida viqor va ulug‘vorlik zohir bo‘lib, bu — xonim-afandining bequsur axloq sohibasi ekanligidan dalolat berardi.
Bu sohibjamol ayolning qay bir jihatlari qirolichaga va ko‘p jihatlari katolik monastirining abbatisasiga o‘xshab ketardiki, uning qiyofasida atrofidagi odamlarga nisbatan ham e’zoz-ehtirom, ham tahdid aks etardi. Buning ustiga, uning shunday bemahalda bu qadar shohona yasanib kiyingani, o‘zini mag‘rurona tutishi, zalning charog‘on qilib yoritilgani — bular hammasi xonim-afandi tomonidan uyushtirilgan o‘z erining jirkanch va razil qilmishlariga zid bo‘lgan soxta tantanavorlik edi.
Nihoyat, shuni ham aytish joizki, bu senoraning ismi donya Mersedes Karrilo de Albornos-i-Espinoza de los Monteres bo‘lib, u bir paytlar ushbu shaharni zabt etgan shavkatli muhoriblar naslidan edi. Uning ota-onasi oqsuyaklarga xos g‘urur da’vati bilan qizini qari va badavlat korrexidorga turmushga chiqishga majbur qildilar va u, garchi monastirga ketish, tarkidunyo qilish ishtiyoqida yurgan bo‘lsa ham, noilojlikdan o‘zining bu xohish-istaklarini qurbon qilgan edi.
Biz tasvirlayotgan voqealar paytida uning o‘ynoqi madridlikdan ikki farzandi bor edi; yana, aytishlaricha, uchinchisiga homilador edi…
Keling, azizlar, o‘z hikoyamiz o‘zaniga o‘taylik.
XXXI b o b
QILMISh — QIDIRMISh
— Mersedes! — deb baqirdi korrexidor ko‘zi rafiqasiga tushar-tushmas. — Men alhol bilishni istayman, sen…
— Ie, Lukas amaki! Sizmidingiz? — deb erining so‘zini bo‘ldi korrexidorning xotini. — Biron kor-hol bo‘ldimi tegirmoningizda?
— Senora! Mening hazilga toqatim yo‘q! — deb javob qildi darg‘azab korrexidor. — Sizga o‘z haqimda hisobot berishdan oldin bilishim kerak: mening or-nomusimga nima bo‘ldi?
— Men buni qayoqdan bilay! Nima, or-nomusingizni saqlab qo‘ygani menga berganmidingiz?
— Ha, senora… Sizga! — dedi don Euxenio. — Erlarning or-nomusini hamisha xotinlari gard yuqtirmay asraydi!
— Unday bo‘lsa, azizim Lukas, buni o‘z xotiningizdan so‘rang… Ana, o‘zi ham shu yerda ekan.
Ostonada turib qolgan senya Fraskitaning ko‘ksidan ayanchli bir nola otilib chiqdi.
— Kiring, senora, o‘tiring… — dedi korrexidorning rafiqasi tegirmonchining xotiniga shohona salobat bilan va o‘zi keng divan tomon yo‘naldi.
Navarralik saxovatli ayol bu tahqirlangan… ehtimolki, ikki karra tahqirlangan senoraning samimiy muruvvatini darhol qadrladi, uning o‘zi ham himmat-muruvvat ko‘rsatishda bu hokima senoradan qolishmasdi. Shu bois u vujudida jo‘sh urayotgan g‘azab alangasini so‘ndira oldi va ehtirom yuzasidan sukut saqlab turaverdi. O‘zining begunohligiga, haq ekanligiga qat’iy ishongan senya Fraskita begunoh ekanligini aytishga shoshilmasdi. Hozir u o‘zi ayblashni xohlardi… O, juda xohlardi, lekin korrexidorning xotinini emas, albatta!.. U Lukas bilan hisoblashib qo‘ymoqchi edi, lekin Lukas ko‘rinmasdi.
— Senya Fraskita!.. — deb taklifini takrorladi mashhura xonim navarralik ayolning joyidan jilmaganini ko‘rib. — Aytdim-ku, sizga, — kiring, o‘tiring, deb.
Ushbu ikkinchi taklif birinchisiga nisbatan samimiyroq va xushmuomala ohangda takrorlangan edi… Chamasi, korrexidorning rafiqasi bu ayolning o‘zini farosat sohibasidek mag‘rur tutishini, boz ustiga, uning maftunkor go‘zalligini ko‘rib, o‘zi ham qarshisida turgan bu xilqatning xuddi o‘ziga o‘xshagan baxtsiz bir sho‘rlik ayol ekanligini beixtiyor his etgan bo‘lsa kerak. Uning o‘zi-ku faqat taqdir uni korrexidor bilan qovushtirgani uchun baxtsiz edi.
O‘zlarini ikkiyoqlama kundosh hisoblagan bu ikkala ayol bir-birlariga mamnunlik va muruvvat bilan nigoh tashladilar, tashladilar-u birdan xuddi endi bir-birini ko‘rish baxtiga musharraf bo‘lgan ikki opa-singilday, qalblari bir-birlariga talpinayotganini sezib, taajjub qildilar.
Beg‘ubor qorli cho‘qqilar xuddi shu tariqa bir-birlarini uzoqdan turib taniydilar va salomlashadilar.
Mana shunday totli hissiyotlar og‘ushida bo‘lgan tegirmonchining xotini zalga savlat to‘kib kirib keldi va stul chekkasiga o‘tirdi.
Senya Fraskita tegirmondan chiqayotganida, nufuzli odamlar bilan uchrashajagini o‘ylab, o‘ziga oro bergan va durustroq kiyingan edi; qora flaneldan tikilgan uzun-uzun shokilali mantilyasi1 o‘ziga juda yarashgan, shu bois u haqiqiy senoralarga o‘xshab ketgan edi.
Endi korrexidorga kelsak, aytishlaricha, bu yerdagi voqea davomida u churq etib og‘iz ochmagan. Sal oldinroq senya Fraskitaning ko‘ksidan otilib chiqqan nola, shuningdek uning zalga kirib kelishi korrexidorning dilini larzaga keltirmagan deb bo‘lmaydi. U o‘z xotinidan ham ko‘ra tegirmonchining xotinidan ko‘proq qo‘rqayotgan edi.
— Mana, Lukas amaki… — deb gapida davom etdi donya Mersedes o‘z eriga yuzlanib. — Senya Fraskita ro‘parangizda… Endi boyagi savolingizni takrorlashingiz mumkin! So‘rayvering undan or-nomusingizni!
— Mersedes! — deb chinqirib yubordi korrexidor. — Chormixga tortilgan Iyso haqqi qasamki, mening nimalarga qodir ekanligimni bilmaysan hali! Xudo haqqi, iltijo qilaman sendan, hazilni bas qil va bu yerda men yo‘g‘imda nimalar bo‘lganini ochiq so‘zlab ber!.. Qani o‘sha odam?
— Kim? Erimmi?.. Erim o‘rnidan turyapti, hozir bu yerga chiqib keladi.
— O‘rnidan turyapti! — deya chinqirib yubordi don Euxenio.
— Hayron bo‘lyapsizmi? Sizningcha har bir diyonatli odam bunday paytda o‘z uyida, xudo qovushtirgan rafiqasining yonida bo‘lmay qayerda bo‘lishi kerak?
— Mersedita, nimalar deyapsan! Biz bu yerda yolg‘iz emasmiz! Men — korrexidorman, axir!
— Menga bunaqa qichqirmang, Lukas amaki, yo‘qsa algvasillarga buyuraman — qamab qo‘yishadi sizni! — dedi xonim-afandi o‘rnidan turar ekan.
— Meni-ya? Meni qamashadimi? Shahar korrexidorini-ya?
— Odil sud vakili, qirol noibi bo‘lmish shahar korrexidori, — deb mashhura senora shunday hokimona ovoz bilan gapira boshladiki, soxta tegirmonchining nola-yu afg‘oniga endi hech kim quloq solmay qo‘ydi, — kundalik savob ishlarini bajargach, hordiq chiqargani o‘z vaqtida uyiga qaytib kelib, ertaga u yana raiyatning nomusi va hayotini, har bir xonadonning muqaddasligini, ayollarning ma’sumaligini himoya qilishga kirishadi va hech kimning — hatto korrexidor libosini kiyib olgan odamning ham — birovlarning xotini yotgan xobxonaga kirishiga yo‘l qo‘ymaydi, toki hech kim bunday ayolning ezgu fazilatini g‘aflatda qoldirib, orombaxsh uyqusini buzmasin, bequsur uyqusidan o‘zining jirkanch maqsadlari yo‘lida foydalanmasin…
— Mersedita, qayoqdan olding bu quruq safsatani? — chaynalib gapirdi og‘zida tishi qolmagan korrexidor. — Agar shularning hammasi mening uyimda yuz bergani rost bo‘lsa, unda men seni firibgar, bevafo, fohisha deb atayman!
— Kim bilan gaplashyapti o‘zi bu odam? — dedi jirkanish bilan korrexidorning rafiqasi, zaldagi odamlarga bir-bir ko‘z yugurtirib chiqarkan. — Kim o‘zi bu ahmoq odam? Kim o‘zi bu badmast? Men uning hurmatli tegirmonchimiz Lukas amaki ekanligiga ishonolmay qoldim, garchi ust-boshi o‘shaniki bo‘lsa ham!.. Gapimni eshiting, senor Xuan Lopes, — deb u kalovlanib qolgan alkaldga yuzlandi. — Mening erim, shahar korrexidori bundan ikki soatcha burun uyga o‘zining uchburchakli shlyapasi, to‘q-qizil plashida, yonida qilichi, qo‘lida durbosh asosi bilan kirib keldi… U uyga kirib, zinadan ko‘tarilganda va qabulxonadan o‘tayotganida hozir bu yerda turgan xizmatchilar va algvasillar u bilan salomlashdilar-da, hamma eshiklarni berkitishdi. Shundan keyin mening xobxonamga hech kim kirmadi, to siz kelguningizcha. Gapim to‘g‘rimi? Aytinglar…
— To‘ppa-to‘g‘ri! Hammasi xuddi siz aytgandek bo‘ldi, xonim-afandi! — deb baravariga chuldirashdi xizmatkorlar ham, algvasillar ham; zal eshigi oldida uymalashib turgan odamlarning hammasi bu g‘ayrioddiy voqeani tomosha qilib turardilar.
— Daf bo‘linglar! — deb o‘kirib berdi don Euxenio xuddi quturgan itday og‘zidan tupuk sochib. — Gardunya! Gardunya! Meni tahqirlayotgan bu ablahlarning hammasini hibsga ol! Hammasini qama! Hammasi dorga osilsin!
Lekin Gardunya qayoqqadir gum bo‘lgan edi.
— Lekin, shunga qaramay, senor… — deb gapida davom etdi donya Mersedes gap ohangini o‘zgartirib nigohini nihoyat o‘z erining yuziga qadab hamda quyushqondan chiqib ketishdan qo‘rqib, endi unga o‘z eriga yuzlanayotganday murojaat qilib: — Faraz qilaylik, siz chindan-da mening erimsiz… Faraz qilaylik, siz aslida don Euxenio de Suniga-i-Ponse de Leonning o‘zisiz…
— O‘ziman!
— Yana faraz qilaylikki, men xobxonamga korrexidor libosida kirib kelgan odamni siz deb o‘ylab, bir jihatdan xatoga yo‘l qo‘ygandirman…
— Ablahlar! — deb baqirdi qariya va qilichini sug‘urmoqchi bo‘ldi, ammo uning qo‘liga belidagi tegirmonchining belbog‘i ilindi, xolos.
Navarralik juvon butun vujudini rashk tuyg‘usi qamrab olganini oshkor qilmaslik uchun mantilyasining bir cheti bilan yuzini berkitdi.
— Ko‘nglingizga kelgan hamma narsalarni bo‘lgan deb faraz qilaylik… — deb gapida davom etdi donya Mersedes hayratomuz xotirjamlik bilan. — Lekin siz, afandim, oldin menga faqat shuni ayting-chi, meni ayblashga qanday asosingiz bor? Mening qoralovchim bo‘lishga o‘zi haqqingiz bormi? Meni sud qilishga nima haqqingiz bor? Nima, siz cherkovda va’z tingladingizmi? Yo tavba-tazarru qilgani borganmidingiz u yerga? Yo bo‘lmasa shu paytgacha kechki ibodatda turganmidingiz? Qayoqdan oldingiz o‘zi egningizdagi libosni? Bu senora bilan birgalikda hozir qayoqdan keldingiz? Tunning yarmini qayoqlarda o‘tkazdingiz?
— Menga ruxsat eting… — dedi o‘zini ortiq bosib turolmagan senya Fraskita korrexidor bilan uning xotini o‘rtasida otilib chiqarkan.
Biroq donya Mersedes uni ogohlantirib dedi:
— Senora, men sizdan izoh talab qilayotganim yo‘q… Uni menga bermang! Hozir bu yerga sizdan izoh talab qila oluvchi odam kelyapti… Nima gapingiz bo‘lsa, hammasini unga ayting!
Shu payt eshik ochilib, ostonada boshdan-oyoq korrexidorning kiyimini kiyib, beliga qilich taqqan, qo‘lqop kiygan qo‘liga durbosh aso ushlagan — xullas, shahar kengashining majlisida ishtirok etishga shaylangandek qiyofada Lukas amaki paydo bo‘ldi.
XXXII b o b
IShONCh TOG‘NI HAM JOYIDAN JILDIRADI
— Xayrli oqshom, — dedi Lukas amaki xuddi don Euxenio de Suniga singari tamshanib va uchburchakli shlyapani boshidan olib.
Keyin u ikki tomonga chayqalib yurib, korrexidorning xotini oldiga bordi-da, uning qo‘lini olib o‘pdi.
Hamma hayratda edi. Lukas amaki bilan haqiqiy korrexidor o‘rtasidagi o‘xshashlik misoli ikki tomchi suvdek edi. Ular aql bovar qilmaydigan darajada bir-birlariga o‘xshardilarki, uy xodimlari va hatto senor Xuan Lopesning o‘zi ham kulgidan o‘zlarini to‘xtata olmadilar.
Don Euxenio endi bu tahqirga chiday olmadi va Lukas amaki ustiga jon-jahdi bilan tashlandi.
Lekin senya Fraskita o‘zining baquvvat qo‘li bilan korrexidorni bir chekkaga uloqtirib yuborib, uni eriga yo‘latmadi, qolaversa janobi oliylarining o‘zi ham yana po‘stagi qoqilib sharmanda bo‘lishdan qo‘rqib, alamini ichiga yutishni lozim topdi.
Lukas amaki xotinini ko‘rgan zahoti murdadek oqarib ketdi, lekin keyin o‘zini qo‘lga olib (garchi yuragi otilib chiqib ketmasin uchun ko‘kragini changallab olgan bo‘lsa ham), yana korrexidorni jig‘iga tegish uchun dedi:
— Xudo seni o‘z panohida asrasin, Fraskita! Jiyaningga farmonimni yuborgandirsan?
Shu payt navarralik ayolni bir ko‘rsangiz edi! U mantilyasini yuzidan olib tashlab, boshini adl ko‘tardi va soxta korrexidorga xuddi ona sherdek mag‘rur nigoh tashladi (uning nigohi misoli xanjarning tig‘idek o‘tkir edi) va dedi:
— Men sendan hazar qilaman, Lukas!
Bu gapni u xuddi erining yuziga tupurgandek nafrat bilan aytdi.
Tegirmonchi o‘z xotinining ilk so‘zlarini eshitgan hamono tamomila o‘zgardi. Qalbini qattiq hayajonga soluvchi qandaydir ruhiy ko‘tarinkilik ajib bir ziyo bilan butun vujudiga shodmonlik baxsh etdi. U tegirmonda o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan va o‘ylagan narsalarini daf’atan faromush qilib, ko‘zlarida shashqator yosh bilan sidqidildan shunday dedi:
— Demak, sen haliyam mening Fraskitamsan-a?
— Yo‘q! — deb javob qildi navarralik ayol o‘z qahru g‘azabini tushovlay olmay. — Endi men sening Fraskitang emasman!.. Men… Sen o‘zingning tungi qilmishlaringni bir ko‘z oldingga keltir, shunda seni sevgan qalbni qanchalik beayov toptab, xor qilganingni tushunasan!..
Shunday deb turib u ho‘ngrab yubordi. Muz tog‘i parchalanib qulasa shu tarzda eriy boshlaydi.
Korrexidorning xotini chidab turolmadi, — u senya Fraskitaning oldiga kelib, uni chin mehr ila bag‘riga bosdi.
Senya Fraskita beixtiyor uni o‘parkan, xuddi ona mehriga zor bo‘lgan qizaloqdek, piq-piq yig‘lagancha derdi:
— Senora, senora! Men judayam baxtsizman!
— Yo‘q, sen o‘ylaganchalik emas! — derdi korrexidorning xotini ham hissiyotga berilib ketib, yum-yum yig‘larkan.
— Yo‘q, hammadan ham men baxtsizroqman! — deb zorlanardi Lukas amaki mushtlari bilan ko‘zyoshlarini qimtinibgina artarkan.
— Xo‘sh, men-chi? — nihoyat, don Euxeniodan ham sado chiqdi; u boshqalarning yig‘isini ko‘rib, ko‘ngli yumshadimi, yo suv yo‘li bilan, ya’ni oddiy qilib aytadigan bo‘lsak, ko‘zyoshlar yordamida o‘zini oqlashga urindimi, birdan o‘zini-o‘zi koyishga tushdi: Men qallobman! Jirkanch maxluqman! Axloqsiz buzuq odamman! Ajab qildinglar, xo‘b qildinglar!
So‘ng u yuzini senor Xuan Lopesning qorniga bosib hiqillab yig‘lab yubordi.
Endi alkald ham, boshqa hamma xizmatchilar ham uv tortib, ho‘ngrab yig‘lashga tushdilar. Garchi hamma gap yaxshilik bilan tugagandek tuyulsa ham, hali hech nima oydinlashmagan edi.
XXXIII b o b
XO‘Sh, O‘ZING-ChI?
Lukas birinchi bo‘lib bu ko‘zyoshlar okeani qa’ridan qalqib chiqdi.
U qulf teshigi orqali ko‘rganlarini yana eslay boshladi.
— Senorlar, kelinglar, aniqlaylik… — deb u gap boshlagan edi, korrexidorning xotini uning so‘zini bo‘ldi:
— Buning aniqlaydigan yeri yo‘q, Lukas amaki, xotiningiz — farishta!
— Yaxshi, lekin…
— “Lekin-pekin”i yo‘q… Ruxsat bering, hamma gapni o‘zi aytsin, aminmanki, u o‘zini oqlay oladi. Zero, men bu senorani birinchi marta ko‘rganimdayoq, siz aytgan bir olam gumonlarga qaramay, uning bequsur farishta ekanligini qalbim bilan his qildim.
— Yaxshi, mayli, gapirsin! — dedi Lukas amaki.
— Mening aytadigan gapim yo‘q, — deb e’tiroz bildirdi tegirmonchining xotini. — Sen gapirishing kerak!.. Axir, sen-ku… — Shunday dedi-yu tutilib qoldi: korrexidorning xotiniga bo‘lgan teran ehtirom tuyg‘usi gapini davom ettirishga yo‘l qo‘ymadi.
— Xo‘sh, o‘zing-chi? — deb so‘radi yana ishonchini yo‘qota boshlagan Lukas amaki.
— Hozir gap senya Fraskita haqida emas!.. — deb chiyilladi korrexidor; u ham rashk bilan zaharlangan shubhalariga qayta boshlagan edi. — Endi gap siz bilan mana bu senor haqida borishi kerak!.. O, Mersedita! Kim o‘ylabdi sening bunaqa…
— Xo‘sh, o‘zing-chi? — dedi Mersedes xonim eriga tikilib qararkan.
Xullas, bu er-xotin ancha vaqtgacha topib olgan faqat bitta gaplari bilan dahanaki jang qilib turdi.
— Sen-chi?
— O‘zing-chi?
— Sen!
— Yo‘q, sen.
— Tavba, qanday hadding sig‘di?
Hokazo va hokazo gaplar.
Bu “jang” hali uzoq davom etishi mumkin edi-yu, lekin korrexidorning xotini yana o‘z izzat-e’tiborini tiklab olib, don Euxenioga dedi:
— Biz hozir bu haqda gapirmaymiz? Bu ikkovimizning ishimiz — uni keyin muhokama qilamiz. Hozir eng muhimi, Lukas amakining ko‘nglini tinchitishimiz kerak; menimcha bu qiyin ish emas. Bu yerda Xuan Lopes bor, Tonyuelo ham shu yerda — ular senya Fraskitaning begunohligini ikki og‘iz so‘z bilan isbotlashlari mumkin.
— Erkaklarning menga guvohlik berishiga zor emasman, — dedi senya Fraskita. — Mening ikkita juda ishonchli guvohim bor. Ularni aldab ham, pora bilan og‘dirib ham bo‘lmaydi…
— Qayerda ular? — deb so‘radi tegirmonchi.
— Pastda, eshik oldida turishipti…
— Ayt ularga, senoraning roziligi bilan bu yoqqa chiqishsin.
— U sho‘rliklar bu yoqqa chiqa olmaydi…
— Ha-a, demak, ular ayollar!.. Ular yuz-xotirga borishmaydi, degin.
— Ular ayollar emas. Lekin ikkovlari ham ayol jinsidan…
— Ana xolos! Bundan chiqdi, qiz bolalar ekan-de?.. Ismlari… ismlari nima?
— Birining ismi Pinona, ikkinchisiniki — Liviana…
— Iya, o‘zimizning eshaklar-ku!.. Nima, endi meni mayna qilmoqchimisan, Fraskita?
— Yo‘q, gapim jiddiy. Sen senor korrexidorni xobxonamizda yotganini ko‘rganingda men tegirmondan uzoqda edim — buni faqat shu eshaklarimiz isbotlashi mumkin.
— Xudo haqqi, tushuntiribroq gapir.
— Yaxshi, eshit bo‘lmasa, Lukas… Hali mendan nohaq gumonsiraganing uchun uyalganingdan, qaniydi yer yorilsa-yu yer tagiga kirib ketsam, deysan!.. Sen qorong‘ida qishloqdan tegirmonga qaytib kelayotganingda men qishloqqa ketayotgan edim. Shunda biz sen bilan uchrashdik. Lekin sen negadir katta yo‘ldan kelmayotganding, aniqrog‘i, yo‘ldan chetga burilib to‘xtab, chaqmoq toshni toshga urib, pilta tutatayotgan eding…
— Gaping to‘g‘ri, men to‘xtovdim! Keyin-chi?
— Shu payt eshaging hangrab yubordi…
— Buyam to‘g‘ri!.. Oh, baxtimdan o‘rgilay!.. Gapir, gapiraver, har bir aytgan so‘zing menga bir yillik hayotimni qaytarib beryapti.
— Eshagingning hangrashiga yo‘l tomondan boshqa eshak hangrab jo‘r bo‘ldi.
— Ha, ha!.. Xudoga shukr-e! O‘sha hangragan ovozni hali ham eshitayotgandayman!
— Bu ikki eshak Liviana bilan Pinona edi, — ular bir-birini tanib, xuddi qadrdon dugonalardek salomlashishdi, ammo sen bilan men bir-birimizni tanimadik ham, ko‘rishmadik ham!
— Bo‘ldi, bo‘ldi, boshqa hech nima gapirma! Hech nima!..
— Biz bir-birimizni tanish u yoqda tursin, — deb gapida davom etdi senya Fraskita, — qo‘rqib ketib, ikkovimiz ikki tomonga qocha boshladik… Endi ishongandirsan mening tegirmonda bo‘lmaganligimga?.. Endi agar senor korrexidorning nima uchun bizning karavotimizda yotganini bilmoqchi bo‘lsang, egningdagi kiyimni paypaslab ko‘r, — u hali ham uncha qurimagan, nam bo‘lsa kerak… Mana shu kiyim hamma gapni mendan ko‘ra yaxshiroq tushuntirib beradi senga… Janobi oliylari ariqqa yiqilib, jiqqa ho‘l bo‘libdilar, shuning uchun Gardunya u kishini yechintirib karavotga yotqizgan! Endi jiyanimni ishga tayinlash haqidagi farmon haqida bilmoqchi bo‘lsang… Yo‘q, hozir bu haqda hech nima gapirmayman. O‘zimiz yolg‘iz qolganimizda, hamma gapni senga birma-bir hikoya qilib beraman… hozir senoraning huzurlarida bu haqda gapirishim noqulay.
— Senya Fraskita rost gapirdilar, aytganlarining hammasi rost! — dedi shosha-pisha senor Xuan Lopes; u mazkur mahkamada haqiqiy boshliq donya Mersedes ekanligini sezgan va unga tilyog‘lamalik qilmoqchi edi.
— Hammasi to‘g‘ri! Hammasi to‘g‘ri! — deb tasdiqladi Tonyuelo ham o‘zining bevosita boshlig‘i fikrini quvvatlashga urinarkan.
— Bo‘ldi… yetar, — deb xulosa qildi senya Fraskitaning izohi bundan nariga o‘tmaganidan suyunib ketgan korrexidor.
— Demak, senda ayb yo‘q! — dedi Lukas amaki haqiqat oldida bosh egarkan. — Fraskita, mening suyukli Fraskitam! Seni nohaq ayblaganim uchun kechir meni, kel, seni bir bag‘rimga bosay!
— Ho, anoying yo‘q! — dedi senya Fraskita o‘zini undan chetga olarkan. — Men oldin sening izohingni eshitmoqchiman.
— Senya Fraskita uchun ham, o‘zim uchun ham izohni men beraman… — deb gapga aralashdi donya Mersedes.
— Men buni bir soatdan beri kutyapman! — dedi korrexidor o‘zini yana mansabdor qilib ko‘rsatishga urinarkan.
— Lekin, men, — deb gapida davom etdi korrexidorning xotini eridan jirkanib, unga orqa o‘girarkan, — to bu senorlar kiyimlarini almashtirib olguncha kutib turaman… Faqat o‘shandagina, shundayam lozim topganim odamga izoh beraman.
— Yuraqoling… yuring, kiyim almashtiramiz… — deb yuzlandi tegirmonchi don Euxenioga, uni o‘ldirib qo‘ymaganidan xursand bo‘lib; lekin hamon unga mavr Otelloning darg‘azab ko‘zlari bilan o‘qrayib qarardi. — Men bo‘g‘ilib ketyapman bu kiyimingizda! U meni badbaxt qildi!..
— Chunki sen munosib emassan bunday libosga! — dedi korrexidor. — Lekin men buni kiyishni orziqib kutyapman, shunda men seni va senga qo‘shib dunyoning yarmi odamini dorga osaman, agar xotinimning izohi meni qoniqtirmasa.
Erining bu gaplarini eshitgan donya Mersedes vazifasi odamlarni himoya qilish bo‘lgan g‘amguzor farishtalargagina xos bo‘lgan mayin tabassum bilan hamma turganlarga taskin berdi.
XXXIV b o b
KORREXIDORNING XOTINI ChAKKI EMAS EKAN!
Korrexidor bilan Lukas amaki zaldan chiqib ketishgach, donya Mersedes yana divanga o‘tirib, o‘z yoniga senya Fraskitani taklif qildi, so‘ng eshik oldida turgan xizmatchilar-u, uy xodimlariga muloyim ovozda soddagina gap bilan murojaat qildi:
— Mana endi, azizlarim, bu muhtarama ayolga men bu yerda qilgan hamma yomon ishlarni oqizmay-tomizmay o‘zinglar bemalol gapirib beringlar.
“To‘rtinchi tabaqa”1 namoyandalari yaqinroq kelishdi va bir-birlarining so‘zini bo‘lib, baravar chug‘urlasha boshlashdi; lekin bu xonadonda eng ko‘p hurmatga sazovor bo‘lgan enaga hammani tinch bo‘lishga undadi va o‘zi shunday deb gap boshladi:
— Sizga ma’lum bo‘lsinkim, senya Fraskita, bugun tunda bekam bilan biz bolalar xonasida xo‘jayinning kelishini kutib o‘tirgan edik; biz vaqt tezroq o‘tsin uchun uchinchi marta duo o‘qiy boshladik, sababki, Gardunyaning gapiga qaraganda, senor korrexidor bugun tunda qandaydir yovuz niyatli odamlarni tutish bilan band ekan. Shuning uchun ikkovimiz ham yangilikni bilmay uyquga yotishni xohlamadik. Shu payt birdan sohiblarimiz yotadigan qo‘shni xonada bir nima taraqlab ketdi. Biz qo‘rqqanimizdan shamdek qotib qoldik, lekin iloj qancha, nima gap ekan deb bilgani xobxonaga kirdik. Kirib ko‘rsak… yo bibi Maryam!.. sohibimning kiyimini kiygan qandaydir bir begona odam (u sizning eringiz edi) karavot tagiga kirib yashirinmoqchi. Biz jonholatda: “O‘g‘ri, o‘g‘ri!” — deb baqirdik. Zumda algvasillar yugurib kelishib, soxta korrexidorni yashiringan yeridan tortib chiqarishdi. Shunda hammamiz, Lukas amakini tanidik. Bekam uning egnida senor korrexidorning ust-boshini ko‘rdilar-u, bu odam erimni o‘ldirgan, deb o‘ylab shunday ayanch bilan sannab yig‘lay boshladilarki, bunday musibat qattiq toshning boshiga tushsa, u ham yig‘lay boshlagan bo‘lardi… Bizlar bo‘lsak, uyni boshga ko‘targancha, “Qamash kerak! Qamash kerak bu o‘g‘rini, bu qotilni!” deb baqirardik. Odamlar eringiz haqida bundan ham beshbattar gaplarni aytishdi. U o‘zining qamoqqa tashlanishini eshitib, gap boshladi. “Men, dedi u, hozir sizlarga bir gap aytishim kerak, lekin iloji bo‘lganda uni, to o‘la-o‘lgunimcha aytmagan bo‘lardim. Senora, men o‘g‘ri ham, qotil ham emasman: mening nomusimni o‘g‘irlab, uni oyog‘osti qilgan — qatl etgan odam hozir mening uyimda xotinim bilan bir to‘shakda yotibdi”.
— Bechora Lukas! — deb xo‘rsinib qo‘ydi senya Fraskita.
— Sho‘rim qursin! — dedi pichirlab donya Mersedes.
— Bizlar ham shunday: “Bechora Lukas amaki, sho‘rlik senora!” — dedik. Negaki… ochig‘ini aytsam, senora Fraskita, xo‘jayinimizning sizga xushtor bo‘lib qolganidan xabarimiz bor edi… Garchi hech kim tasavvur qila olmagan bo‘lsa ham uning bunday…
— Enaga! — deb koyib berdi korrexidorning xotini. — Bas qil…
— Buyog‘ini men gapiraman! — dedi algvasillardan biri o‘rtaga cho‘kkan sukutdan foydalanib so‘z olarkan. — Lukas amaki bizni rosa go‘l qildi: egnidagi kiyimi ham, oyoq olishi ham xuddi senor korrexidorniki edi. Bu yerga u yaxshi niyat bilan kelmagan ekan. Xayriyat, bekam hali yotmagan ekanlar, agar senora uxlayotgan bo‘lganlarida, xudo ko‘rsatmasin, bilasizmi, yana nimalar bo‘lishi mumkin edi?..
— Be, qo‘ysang-chi! Topgan gapingni qara-yu! — deb oshpaz xotin gapga aralashdi. — Sendan o‘zi hech qachon aqlli gap chiqmagan! Gap bunday bo‘lgan edi, senya Fraskita, Lukas amaki nima maqsadda bekamning xobxonasiga kirganini aytishga majbur bo‘ldi. U yomon niyatda kelgan ekan bu yerga. Turgan gap, bekam o‘zlarini tutib turolmay, shunaqangi sharaqlatib tarsaki tortib yubordilarki, eringiz tushuntirmoqchi bo‘lgan gapning yarmi bo‘g‘zida tiqilib qoldi! Men ham uni astar-avrasini ag‘darib rosa qarg‘adim, hatto ko‘zlarini o‘yib olmoqchi ham bo‘ldim. Axir, o‘zingiz tushunasiz-ku, senya Fraskita, birovning uyiga bunday shum niyat bilan kelish…
— Sayra-ya, sayra! — dedi eshikbon oshpaz xotinning oldiga o‘tib. — Gap bunday bo‘lgan edi, senya Fraskita, eshitsangiz, hamma narsa oydinlashadi-qo‘yadi. Senora to‘g‘ri qildilar… Keyin sal hovurlaridan tushgach, Lukas amakiga rahm qildilar va senor korrexidorning o‘z martabasiga noloyiq ish tutganligini o‘ylab, eringizga taxminan shunday so‘zlar bilan yuzlanadilar: “Garchi siz, Lukas amaki, uyimga shum niyat bilan kelgan bo‘lsangiz ham, garchi men buni o‘la-o‘lgunimcha kechirmasam ham, keling, hozir kelishib, bir yo‘l tutaylik: sizning xotiningiz bilan mening erim o‘zlarini vaqtincha o‘zlari qo‘ygan tuzoqqa ilingan deb faraz qilsinlar va sizni, kiyim almashilgani sababli ulardan qasd olgan, deb o‘ylasinlar. Bu firib bizning eng zo‘r qasosimiz bo‘ladi. Keyin, lozim topilgan paytda sirni ochamiz”. Shundan keyin begoyim bilan Lukas amaki bizga janobi oliylari kelganida nima qilish kerakligini o‘rgatishdi. Mana shuning uchun ham men Sebastyan Gardunyani u dunyo-yu bu dunyo esidan chiqmaydigan qilib po‘stagini qoqdim!
Eshikbon hikoyasini tugatdi. Senora Mersedes bilan tegirmonchining xotini esa, yana anchagacha dam-badam bir-birlarini quchoqlab, o‘pib nimalarnidir pichirlashib, goh-gohda qotib-qotib kulib o‘tirishdi.
Afsus, biz ularning suhbatini eshita olmadik… Lekin kitobxon ularning nima haqda pichirlashganini hech qiynalmay tasavvur qilishi mumkin; kitobxon ayollar-ku, inchunin.
XXXV b o b
BEGOYIMNING BUYRUG‘I
Shu payt zalga korrexidor bilan Lukas amaki, har biri o‘z kiyimida, qaytib kirishdi.
— Endi bevosita menga taalluqli bo‘lgan gaplarni aniqlaymiz! — dedi shavkatli don Euxenio de Suniga.
U qo‘lidagi durbosh asoni polga ikki marta gursillatib urib, o‘z xotiniga g‘ayritavsif viqor va takabburlik bilan murojaat qildi:
— Mersedita, men izohingni kutyapman…
Bu asnoda tegirmonchining xotini o‘rnidan turdi va Lukas amakining oldiga borib, yarashish alomati sifatida, uni shunday chimchib oldiki, erining ko‘z oldi qorong‘ilashib ketdi.
Korrexidor bu so‘zsiz sahnani kuzatarkan serrayib qoldi; bunday besabab yarashuvni u tasavvur ham qila olmagandi. So‘ng tirjaygancha yana xotiniga yuzlandi:
— Senora! Faqat ikkalamizga taalluqli gaplar ham oydinlashmadi. Shub-halarimni bartaraf qiling… Men buni eringiz va korrexidor sifatida talab qilaman!
Shunday deb u yana durbosh asosini polga urdi.
Donya Mersedes don Euxenioning gapiga parvo qilmay, senya Fraskitaga yaqinlashdi:
— Ketyapsizlarmi? Mayli, boraqolinglar, hech nimadan xavotir olmanglar: bu voqeaning hech qanday natijasi bo‘lmaydi… Roza! Ularga chiroq tut… Boraqoling, Lukas amaki, xudo yor bo‘lsin!
— E yo‘q! — deb gapga aralashdi korrexidor. — Lukas bu yerdan ketmaydi! To men butun haqiqatni bilmagunimcha Lukas qamoqda bo‘ladi! Hey, algvasillar! Qirol nomi bilan!..
Lekin bironta ham xodim don Euxenioning da’vatiga parvo qilmadi. Hamma donya Mersedesdan ko‘z uzmasdi.
— Ko‘ramiz, qani tegib ko‘r-chi ularga!.. Hoziroq qo‘yib yubor ularni! — dedi xonim-afandi eriga hujum qilmoqchi bo‘lganday olg‘a yurarkan va nazokatli imo bilan hammani zaldan chiqib ketishga undar ekan.
— Axir men… Axir sen… Lekin biz… Lekin ular… — deb tamshanardi qariya xotinining etagiga yopishgancha.
Lekin hech kim janob korrexidor tomonga qayrilib ham qaramadi.
Hamma begonalar chiqib ketib, zalda ixtilofdagi er-xotin qolgach, donya Mersedes, nihoyat, erining savoliga javob berishni lozim topdi. Lekin u shunday ohangda gapirdiki, butun Rusiya malikasi gunoh ish qilgan ministrni ko‘zlaridan o‘t chaqnab, Sibirga to o‘lgunicha surgun qilganida taxminan shu tarzda farmon bergan bo‘lsa kerak.
— Sen ming yil umr kechirganingda ham, bugun tunda mening yotog‘imda nimalar bo‘lganini bilolmaysan… Agar o‘zing bu yerda bo‘lganingda, nima bo‘lganini surishtirishingga ehtiyoj qolmasdi. Sen bo‘lsang boshqa yoqlarda yuribsan. Bugundan e’tiboran, endi meni hech nima va hech kim hech qachon sening nayranglaringga chidashga majbur eta olmaydi. Men sendan jirkanaman, agar bolalarimning otasi bo‘lmaganingda, hozirning o‘zida seni balkondan uloqtirib yuborardim. Shuni qulog‘ingga quyib ol: bundan buyon sen hech qachon mening yotog‘imga kirmaysan!.. Xayrli tun, kabalero!
Don Euxenio xotinining bu gaplarini mutelik bilan tingladi, zero, u xotini bilan yolg‘iz qolganida doimo undan cho‘chib turardi.
Senora eriga aytadigan gapini gapirib bo‘lib, kabinet tomon yo‘l oldi, kabinetdan o‘tib, o‘zining xobxonasiga kirdi-da, eshikni ichidan zanjirlab oldi. Bechora korrexidor zal o‘rtasida qaqqayib turib qoldi so‘ng milklari orasidan (chunki og‘zida tishi qolmagan edi-da) o‘ta behayolik bilan g‘o‘ldirab qo‘ydi:
— O-o, men bunchalik oson qutulaman, deb o‘ylamovdim!.. Mayli, hali Gardunya boshqasini topib beradi.
XXXVI b o b
XULOSA, QISSADAN HISSA VA XOTIMA
Lukas amaki va senya Fraskita shahardan chiqib, tegirmon tomon keta boshlaganlarida, qushlar quyosh chiqishini qutlab chug‘urlasha boshlagan edilar.
Er-xotin egarlog‘liq eshaklar orqasidan yayov yurib borardi.
— Yakshanbada cherkovga borib tavba-tazarru qilasan, — derdi ayol eriga, — sen bugun kechasi qilgan ahmoqliklaring, gunohlaringdan poklanishing kerak…
— Bu gaping to‘g‘ri… — dedi tegirmonchi. — Lekin sen ham mening bir iltimosimni bajarsang: karavotimizdagi to‘shak, ko‘rpa-yostiq, choyshablarni bechorahol odamlarga berib yuborib, hammasini yangila. Men anavi zaharli ilon yotgan o‘ringa o‘lsam ham yotmayman!
— Uni menga eslatma, Lukas! — dedi senya Fraskita. — Yaxshisi, boshqa narsalar haqida gaplashaylik. Menga bir yaxshilik qilsang…
— Jonim bilan…
— Yozda meni Solan de Kabrasga cho‘milgani oborsang.
— Sabab?
— Shoyad biz ham farzand ko‘rsak.
— Yaxshi fikr! Albatta olib boraman, agar xudo o‘sha kunlarga yetkazsa.
Mana, ular tegirmonga yetib keldilar. Bu payt endi ufqdan bosh ko‘tarayotgan quyosh tog‘ cho‘qqilarini munavvar qila boshlagan edi.
……………………………………………………………………………………………………….
O‘sha kuniyoq kechqurun, yuz bergan mojarodan so‘ng hech qanday tashrif bo‘lishini kutmagan er-xotinni hayratda qoldirib, tegirmonga ancha-muncha nufuzli mehmonlar kelishdi. Ilgari hech bunaqa ko‘p mehmon kelmasdi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, ularni hazrati buzurgning o‘zi taklif qilgan ekan; mehmon bo‘lib kelgan muhtaram yepiskop, bir talay din peshvolari-yu, huquq maslahatchilari va yana bir nechta mansabdor shaxs shiyponchaga zo‘rg‘a sig‘ishdi.
Faqat korrexidor yetishmasdi.
Hamma mehmonlar joylashib o‘tirishgandan keyin, senor yepiskop shunday kalimalar ila bu yerda hozir bo‘lganlarga va’z qildi:
— Ma’lumingiz bo‘lgan hodisalarning aynan shu xonadonda sodir bo‘lganligi tufayli, e’zozli din peshvolari va kamina bu hurmatli er-xotinni jamoatchilikning nohaq ta’na-malomatlaridan himoyalash maqsadida, boyagi-boyagiday ushbu tegirmonga tashrif buyurishni kanda qilmagaymiz, zero, o‘zining manfur qilmishlari ila xushaxloq, shunday tabarruk jamoa sha’niga dog‘ tushirgan kimsagina ta’na va tahqirga loyiqdir.
Keyin yepiskop senya Fraskitaga yuzlanib, mulohazali bo‘lishni, odmiroq kiyinishni, qo‘llari va bo‘ynini ochib yurmaslikni xuddi o‘z otasidek nasihat qildi. Lukas amakiga esa, ko‘proq beg‘araz, ko‘proq ehtiyotkor bo‘lish va oliy rutbadagi odamlarni ko‘proq izzat-ehtirom qilish haqida o‘git berdi. Senor yepiskop nutqining nihoyasida hammani duo qildi va bugun hali kechlik qilmaganini, shu bois bir miriqib uzumxo‘rlik qilmoqchi ekanligini aytdi.
Episkopning bu oxirgi kalimasi hamma mehmonlarning dilidagi gap edi… Shu kuni kechqurun shiyponcha tepasidagi tokning uzumi beayov uzildi. Keyin tegirmonchi hisoblasa, mehmonlar ikki savat uzumni pok-pokiza tushirishipti.
……………………………………………………………………………………………………….
Bunday xushbahra oqshomlar salkam uch yilgacha davom etdi, keyin kutilmaganda Ispaniyaga Napoleon qo‘shini bostirib kirdi va mamlakatda mustaqillik uchun urush boshlandi.
Senor yepiskop, xatib va ruhoniy ota 1808 yilda, advokat va oqshomgi uchrashuvning boshqa qatnashchilari 1809 yildan to 1812 yilgacha bo‘lgan vaqt ichida qazo qildilar; ular butun mamlakatni bosib ketgan, hatto jomeda ibodat chog‘ida ham og‘izlaridan tamaki trubkalarini olmaydigan bosqinchi frantsuzlarning koribodlariga chidolmay o‘lib ketdilar.
Tegirmonda boshqa bir marta ham qorasini ko‘rsatmagan korrexidor frantsuz marshali tomonidan ishdan olindi (u mamlakatning ajnabiy davlat tomonidan zabt etilganiga hech chiday olmagan edi) va qamoqda jon taslim qildi.
Donya Mersedes boshqa turmush qurmadi; u o‘z o‘g‘illariga juda yaxshi tarbiya berdi, so‘ng qarigan chog‘ida monastirni oshyon qildi va o‘sha yerda buyuk zohid sifatida dovruq qozonib, bu dunyodan ko‘z yumdi.
Gardunya frantsuzlarga sotildi.
Senor Xuan Lopes partizan otryadiga qo‘mondonlik qildi va juda ko‘p frantsuzlarning yostig‘ini quritib, Basa yaqinidagi jangda o‘z algvasili bilan birgalikda halok bo‘ldi.
Va, nihoyat, Lukas amaki bilan senya Fraskita Solan de Kabrasga borgan bo‘lishlariga qaramay, qilgan behisob nazr-niyozlariga qaramay, farzand ko‘rmadilar, ammo bir-birlarini avvalgiday sevib, uzoq umr kechirdilar va mamlakatda yuz bergan bir qator tarixiy voqealarning shohidi bo‘lib, qarigan chog‘larida dorilbaqoga rixlat etdilar. Lekin u paytlarda urf bo‘lgan doira shlyapalar ham bu ikki qariyaning hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan uchburchakli shlyapani ularning xotirasidan, baribir, o‘chirib tashlay olmadilar.
Qodir Mirmuhamedov tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2002 yil, 10-son