O‘rxon Kamol. Non, sovun va muhabbat (hikoya)

Qamoqxonada, G‘olib ismli yosh bir qorovulimiz bor edi. Kunning har soatida, hibsxonaning qayerida bo‘lsa bo‘lsin, qo‘lida oyna-yu, taroq, sochlarini tarardi. Soch moyidan yaltiragan sarg‘ich sochlari to‘lqinlanib turardi. Unda umuman, uyatchan bir hol — konservatoriya o‘quvchisi qiyofasi bor edi.
Bir harbiy uchuvchidan arzonga tushirgan yozgi ko‘k paltoni buzdirib, ag‘darib gavdasiga loyiq qilib tiktirgan edi. Modaga uyg‘un kelmasa-da, bu bichim uni bus-butun sevimlilashtirar, go‘zal bir konservatoriya o‘quvchisiga o‘xshatib ko‘rsatardi!
Uning men bilan do‘stligi, men uni yaqin bir kishi sifatida hurmatlashim uchun edi. Mening kitoblarim ham ikkimizni yaqinlashtirdi… men o‘zim tashvishli bir ahvolda bo‘lganim, hayotning eng ostki «dahlizlarida» yashashga majbur etilganim holda, nima uchun hamon bu qadar tirishqoqlik bilan o‘qishimni surishtirgan edi. Bunchalik o‘qishning nima keragi bor? Hali ko‘p yillar qamoqda yotishim kerak. Kunlardan bir kuni chiqsam-da, peshonamda katta bir jinoyat tamg‘asini ko‘tarib turishga to‘g‘ri keladi…
Unga, nasha chekib, oshiq o‘ynab yoki pichoqbozlik qilib yurgandan ko‘ra, kitob o‘qish ming marta foydali ekanini tushuntirganim zamon, uzoq vaqt o‘ylanib qoldi.
Shundan keyin do‘stlashib ketdik.
Aksari maydondagi navbatchiligini topshirgandan keyin kelib, yonimga o‘tirar, ko‘zlarini bir nuqtaga tikib, birmuncha vaqt shu holda qolardi. Shundan so‘ng, xudoga, ishq-muhabbatga, baxtga, jannatga, do‘zaxga, o‘limga doir savollar berardi. Boshi tuppa-tuzuk ishlardi, haqiqatan ham u bir kun menga:
— Biz ham insonmizmi? — dedi. — Rosa bir oy xuddi qamoqda turganday turib, o‘ttiz besh lira oylik olamiz. Siz bilan oramizdagi farq nima? Biz bu ishga ko‘ngilli ravishda kelganmizmi?
Uning hech kimsasi yo‘q edi. Onasi o‘n yil muqaddam sil kasali bilan o‘lgan. Otasini hech tanimasdi. Ba’zan:
«Ishq sof bo‘lsa, derdi u, kinolarda ko‘rganimiz kabi ilohiy ishqdan bahs etaman… Shunday bir sevgilim bo‘lishini istaymanki, nima demak istaganimni boqishlarimdan tushunsin. So‘z bilan emas, balki ko‘z boqishlarimizdan bir-birimizni tushunaylik. Ko‘p emas, ikki bo‘lma va bir zaldan iborat kichkina bir uyimiz bo‘lsin… Ammo fisqi-fujurli shaharlarda emas, shaharlardan, motor gurillashlaridan, radio ovozidan uzoqda, keng bir dengiz kanoridagi bir o‘rmon ichida bo‘lsin. Qish kechalarida, quturgan dengizning dahshatli to‘lqinlari gumburlashidan titraylik, bir-birimizga chirmashaylik. O‘rmondan bo‘rilarning uvlashlari eshitilsin. Bo‘ronlar yog‘ochlarni shatirlatib ag‘darsin, sevgilim esa menga: «G‘olib, qo‘rqayotirman…» desin… so‘ngra bir bolamiz bo‘lsin, sariq jingalak sochli, ko‘m-ko‘k ko‘zli, do‘mboq o‘g‘lon. Xuddi kinolardagi kabi…»
«Keyin-chi?»
«Keyin… Sevgilim o‘lsin. Uni men o‘z qo‘llarim bilan ko‘mgandan keyin, uning mozorini quchoqlab men ham o‘lsam!»
Boshqa bir kun mendan bir kitob so‘radi. Kitob ichida qiziq ishqiy aforizmlar, ilohiy ishq tasvirlari bo‘lsin, dedi. Bu xildagi kitoblarim yo‘q edi. Bir o‘rtoqdan «Choy gul taqib yuruvchi qiz» kitobini olib berdim. Ertasi kun, ko‘zlari qip-qizargan holda keldi. Tun bo‘yi uxlamabdi, kitobni zo‘r ishtiyoq bilan o‘qib chiqibdi.
«Ishonasanmi, dedi u, Margarita meni soatlarcha yig‘latdi, tong otguncha uyqimni qochirdi… Yo rabbiy, bu egri-bugri harflar ichida qanday sehr, qanday karomat bor?»
So‘ngra bir boshqa kitob so‘radi. O‘z kitoblarim orasidan to‘g‘ri kelgan birisini sug‘urib olib, uzatdim. Bu kitob «Mening universitetlarim» ekan.
«Bu yoqmadi!» deb qaytarib keltirdi.
Sababini so‘radim.
«Balki, dedi, bunda ham bir narsalar bordir-u, ammo… Bilmadim… Mening, sening, har qaysi bir insonning hayotiga o‘xshaydi!».
Izoh berishga urindim.
«To‘g‘ri, dedi, haqlisan, ammo… Har kitobda bir boshqa Margaritalar bo‘lishini istayman… So‘ngra Arman Dyuval… Bilasanmi, men bir Arman Dyuval bo‘lishni xohlayman…»
Har qanday bo‘lganda ham, olgan kitoblarining kirlanib yoki yirtilib ketmasligiga juda e’tibor berardi.
Kasalxonada yotganim kunlardan bir kuni bir xatning qora Lama nusxasini ko‘tarib keldi. Hayajonli edi. Karavotimga yondoshmasdanoq, uni uzatdi.
«Nima bu?»
«O‘qib ko‘rsang bilasan…»
Xat bo‘lmag‘ur ishq tasvirlari bilan to‘liq, oddiy tarzda yozilgan edi. Bir sevgiliga qaratib, o‘lim degan muammodan, baxtdan, abadiy ishqdan, ishqning chuqurliklaridan, nozik qanotli ishq parilaridan, xotin kishining xudoyi taolo tomonidan bir sarob tusida yaratilganidan uzundan-uzoq bahs etardi.
Bu so‘zlarni kimga yozganini so‘radim. Qulog‘ining uchlarigacha qip-qizargani holda qarshisiga boqdi. Nima deyishini kutib turdim.
«Keyin bilib qolarsan…» dedi va qiziqsinib so‘radi: «Qanday bo‘pti? Ta’sirlimi?»
Mutlaqo ma’qullashimni istagan sirli bir ko‘z boqishi bilan qarab turgani uchun, teskari javob berishim to‘g‘ri kelmas edi. Agar teskari javob qaytarsam, yana ham ta’sirliroq qilib yozib berishimni so‘rab qolishi mumkin ediki, bunga mening qurbim yetmas edi… Juda mukammal yozilganini so‘zladim. Dastavval, hazillashayotir deb hisobladi, keyin ishondi, sevinchidan sakrab ketdi.
Oradan kunlar o‘tdi. Kasalxonadan qutulib chiqib, kameramga kelgan kunim u yonimga keldi. Tim yashil ko‘zlari hasratga to‘liq holda, meni bir chekkaga tortdi. Sakkiz buklangan bir maktub chiqarib uzatdi.
Maktub g‘oyat buzuq bir imlo bilan yozilgan edi. Xotirimda zo‘rg‘a saqlanishiga ko‘ra, quyidagicha boshlanardi:
«Sevgilim,
Bahorning bu nozik kunlarida yuborgan muhabbatnomangni olib, juda sevindim. Lekin siyosiy gaplarni ko‘p gapiribsan. Men bu turli gaplarni tushunmayman. Qalb bilan qalb duch kelmishdir. Sen meni sevasan, men ham seni sevaman, demak, sening menga mayling tushgan bo‘lsa, mening ham senga maylim tushmog‘i tabiiydir…»
Maktub quyidagicha tugalardi:
«Tashqaridan menga qarovchi hech kimsam yo‘q. Gap o‘rtamizda qolsin, ko‘ylak-lozimlarimni bit bosib ketdi. Shu sababdan hech kim meni yoniga yo‘latmaydi, mendan burun jiyiradilar. Qornim ham hech to‘ymaydi. Bir kunga beriladigan ovqatni bir nafasda tamom qilaman. Yana bu yerda qirq kun jazo tortishim qoldi. Tashqarida hisoblasharmiz. Agar meni chinakam yaxshi ko‘rsang, bir kulcha sovun bilan ikkita non kirgizib yubor!»
Maktubning to‘rt burchagi sigaret bilan teshik-teshik qilib kuydirilgan edi.
«Qanday? — dedi, — ma’qul tushdimi? Biz ilohiy ishqdan bahs etdik, u esa bizga sovundan, nondan so‘z boshladi…»
Maktubni qo‘limdan olib, parcha-parcha kilib yirtib tashladi.
«Eh, — dedi, — xotinmi bular?»
Nohaq gapirganini uzoq vaqt unga tushuntirishga urindim. Non va sovunning hayotimizdagi muhim rollari haqidagi gaplarimga quloq solar, ko‘zlarini jovdiratar va ba’zan xo‘rsinib qo‘yardi.
So‘ngra ketdi.
Ertasi ertalab, yashil ko‘zlari zavq bilan to‘lgan holda yana keldi. Astagina dedi: «Bir kulcha sovun bilan ikki buxanka non kirgizib yubordim!».
Shu kundan keyin, xotin chiqquncha unga non, sovun va oz bo‘lsa-da, pul bilan yordam etganini xotinlarning qamoqxonasiga kirib-chiqib turadigan navbatchilardan eshitib turdim.
Birmuncha vaqtdan so‘ng, xotin qamoqdan ozod etildi. O‘n to‘rt yoshida zo‘rlab, qari bir cholga berilgan, o‘n beshida zino ish qilgani uchun eri qo‘yib yuborgan, sarsonlikka tushgan, bir qancha vaqt yurtdan-yurtga kezgandan keyin, sud tomonidan uch oy qamoqqa hukm etilgan yosh bir xotin ekan.
Ko‘p o‘tmasdan soqchi G‘olibning bu xotinga uylanganini eshitdik.

Turkchadan M. Davron tarjimasi