– Men chordoqdaman, azizim! – deya baqirdi pastga qarab: – Eski kitoblar hozir ancha qimmatlashib qolgan. Shunga bir qarayotgandim… “Oxirgi so‘zlarimni eshitdimikin?”
– U yer qorong‘i, shoshma, senga fonar beraman.
– Yaxshi.
Sokin bir kun. “Kimdir butun umrimni izzat-e’tibor qidirish bilan o‘tkazayotganimni yuzimga solgandi. Kulimsiraganimni ko‘rsatuvchi oyna bo‘lganida edi o‘shanda. Va biroz yorug‘lik.”
– Bir joying lat yemasin qorong‘ida.
Tuynukdan yuqoriga bir fonar uzatildi. Fonar tutgan qo‘lning uchidagi nur tasodifiy, muhim bo‘lmagan bir burchakni yoritdi. Bu qo‘lni silab qo‘ydi. Qo‘l g‘oyib bo‘ldi. “Nima deb o‘yladi ekan?” Kulimsiradi. “Yana o‘sha xayolga bordimikin?”
“Chang bosgan va o‘rgimchaklar makoniga aylangan bu qorong‘izorga chiqmaganimga ko‘p yillar bo‘lgandi.” Yorug‘likni ko‘rgan ba’zi xasharotlar qocha boshladilar. Seskandi ammo natijani o‘ylab jasoratlandi. “Balki imi-jimida hal qilishim kerak bu ishni. Mendan biron manfaat kutmaydi. Unga yordam berish hisoblanadimi bu? Bilmayman, ba’zan aralashtirib yuboraman hammasini. Ayniqsa, boshim g‘ovlay boshlaganda. Uningdek o‘ylashni o‘rgangim kelardi. Bildirmaygina meni kuzatardi. Tortinadi. Shoshilishim kerak.” Fonarni yaqinlashtirdi: ota-onasining rasmlari. Yonida eski oyoq kiyimlari solingan xalta, bir necha siniq lampa. “Nega bir-birlarini sevishmadi? O‘lib qolishadi, deb shunaqangi qo‘rqqandimki…” Xaltani titkilay boshladi. “Yasan-tusan qilib ilk marta qatnashganim ballda kiygandim bularni. Raqs tushish bahonasida har oqshom kim bilandir tashqariga chiqardim, tavba! Qanday amallagan ekanman-a buni?” Qo‘lining changini kiyimiga artdi. Safsar tuflisiga tikildi. “Eskirib burishib ketibdi.” Chap oyog‘iga kiyib ko‘rdi: “Oyoq o‘lchamlarim sira o‘zgarmabdi.” Uyaldi. Oyog‘idan chiqara olmadi. Shunday bo‘lsayam bir-ikki odim yurib ko‘rdi. Keyin rasmlarga yaqinlashdi. Cho‘kkalab o‘tirib ularni yonma-yon qo‘ydi. Tirsagi bilan changlarini artdi. “Meni ham o‘zlarini ham anglay olmadilar. Rosa yig‘lagandim. Pastda ularga joy topa olarmikanman? Dahlizda, jovonda… nimalar deyapman, tavba. Ularni unutmadim, ularni unutmadim.” Otasi rasmga takabburona qovoq-tumshuq qilib tushgan ekan. “Yonma-yon qo‘yolmayman ularni.” Uyidagi imkonlarni tezda ko‘z o‘ngidan o‘tkazib ko‘rdi. “Yonma-yon turishni xohlashmagan: hatto qabrda ham.” Rasmlarning birini oldi. Fonarni yerga qo‘ygandi. Qaysi rasmni olganini bilolmadi. Uni teparoq bir joyga qo‘ydi. Biroz shoshqaloqlik qilgandi tizzasini taxtaga urib oldi. Turtinib muvozanatini yo‘qotdi. Yengilgina yiqildi. Turishga jasorati yetmadi. Emaklagan holda fonar tomon sudraldi. Yana bir xalta. Ag‘dardi: eski rasmlar! Maqsadidan uzoqlashayotgandi. “Menga bosim o‘tkazganlarini o‘ylamasligim kerak. Yuziga tik boqib aytgan taqdirimda ham ichimdan buni o‘ylamasligim kerak.” Tezgina rasmlarni yerga yoydi. Fonarni ustidan kezdirdi, chang ostida qolib ketgan xotiralar ustidan… “Boshqa joyga ko‘chib ketishim mumkin edi. Bularning barini yetti yot begonaga qoldirib ketishim mumkin edi.” Rasmlarni titkiladi. “Shunchalik ko‘p rasmga tushgan ekanman, ey, xudoyim! Aksari yaxshi chiqmagan ekan.” Kulimsiradi. “U paytlar uzun etaklar urf emish. Bema’ni darajada uzun. Turishlar ham kulgili. Qaysi filmga taqlid qilingan bo‘lsa? Ortimga qarab yurayotgandek qilib birdan boshimni buribman. Kimga qaragan ekanman, ajabo? O‘sha kiyim bilan yana bir rasm. Yonimda birov bor.” Rasm changga botgan edi. Chang ostida bo‘lsayam inson o‘zini taniydi. Barmog‘ini tiliga surib namladi: changlar avvaliga loy bo‘ldi, keyin… Birinchi erining kulimsiraganini ko‘rdi barmoqlarining uchida. “Ey, xudoyim! Bir vaqtlar turmushga chiqqan edim men ham… Keyin yana chiqdim. Inson taqdiriga yozilganidan qochib qutulolmas ekan. Nachora? Qayergayam qochardik? Izohlab yoki tasvirlab bo‘lmaydigan tuyg‘ular yuzidan qanchalar xafa qilgandik bir-birimizni.” Egilib yerdan bir nechta rasm oldi. “Mana bu rasmga tushishdan oldin yo‘q joydan qanchalar muammo chiqargandim, keyin indamay ketib qolgandim. Keyin nima bo‘lgandi? Keyin… Shu yerdasan-ku… Shu uyda. Demak keyin hech nima bo‘lmadi u bilan bog‘liq. Na yaxshi na yomon. Demakki hech nima. Ammo buni sezmadim, hammasi shu darajada imi-jimida bo‘ldiki… Yo‘q, fikrlaring chalkashib ketdi, jo‘nroq aytganda, so‘zlaring… Buni nima aloqasi bor? Ammo men… Undan qochayotib, nima bo‘ldi-yu boshimni birdan o‘girib rasmga tushibman. Rasmlarga doim shunday tushganmidim?” Balandroq bir joyga o‘tirdi. Boshini qo‘llari orasiga olib o‘yga toldi. “Kim bilsin, uning yuzi qanday edi? Nima bo‘lgandayam men aybdorman: rasmga tushayotib emas… Balki o‘sha mahal haqli edim. tamoman haqli edim. Undan ancha avval… Ancha avval…”
Tezroq kitoblarga yetib borishni xohladi. Moziyga tomon bu so‘ngsiz sayohatning tezroq tugashini istadi. Eski tuflisini oyog‘idan chiqarishga urindi. Keyin orqasi yopiq yumshoq shippagini qidirib topolmay qoldi. Fonar yonigacha hakalab bordi. “Shu burchakda bo‘lishi kerak kitob qutisi.” Ammo u yerda kitob qutisiga o‘xshamagan nimalarningdir qorong‘idagi sharpasi ko‘rindi. Fonarni bu g‘alati uyumga yaqinlashtirdi. Qo‘rquvdan ortga chekindi: u yerda kimdir turgandek edi. Fonarni olib bor kuchi bilan tuynukka tomon qochmoq istadi, qimirlayolmadi. Qo‘rqsa-da fonarni olib unga yaqin bordi. Butun hayoti davomida nima qilgan bo‘lsa ana shu qo‘rquv tufayli qilgandi. Aks holda allaqachon yo‘q bo‘lib ketgan bo‘lardi. Fonarni uning yuziga tutdi: “yo, tavba!” Eski sevgilisi yotardi yerda. Chang bosgan, o‘rgimchak o‘z domiga olgan, chordoqdagi boshqa narsalar kabi. Kitob qutisi va rasm chorcho‘plariga o‘rgimchak to‘rlari bilan bog‘lab tashlangan eski haykaldek turardi. O‘ng qo‘lini stolga tayagan, barmoqlari qalam tutmoqchidek pastga bukilgancha havoda qolgan. Tizzasi qaltiradi, tishlari tiqirladi, oyog‘i ostidagi to‘shama sirpanib ketdi. Sirpanayotib oyog‘iga urilgan rasm stoli ag‘darildi. Qo‘l yana havoda qoldi. O‘rgimchak to‘rlari bilan shiftga bog‘langan edi. “Bu qo‘li bilan nima qilmoqchi edi? Nimadir yozmoqchi bo‘lganmikan? Afsuski, hech qachon buni bilolmayman. Chap qo‘l yerda edi, to‘pponcha tutib turardi. Eh! O‘zini o‘ldirganmidi yoxud? Bo‘lishi mumkin emas! Bunday qilganida men bilgan bo‘lardim, hamma narsani menga aytardi. Shunga kelishgandik. Meni yolg‘iz tashlab ketmas edi.”
Keyin xotirladi. Bir kuni chordoqqa chiqqan edi eski sevgilisi. Qattiq janjaldan keyin. Ikkovlarining ham “etar, chiday olmayman” deyishdan boshqa chorasi qolmagan kuni. Batafsil eslashga urindi. “Juda u darajada katta janjal bo‘lmagandi. Biroz gap talashgandik.” Kulimsiradi: “biroz” degan so‘zni eshitsa asabiylashardi. O‘shanda uni chordoqda qoldirib ko‘chaga yugurib chiqib ketgandi. O‘lishini his qilgandi. “Yaxshi, ammo nega?” Bilmasdi: faqatgina hislarining shiddati qolgandi xotirasida. Keyin uni ko‘chada ko‘rgandi: baxtsizligiga, o‘zini nochor sezishiga, o‘limga tashna bo‘lishiga qaramay uning ko‘zidagi e’tiborni, insonning aqlu hushini o‘g‘irlovchi xususiyatini bilardi. O‘sha kuni uyga yolg‘iz qaytgandi. “Qanchalar ko‘p yolg‘iz qaytdim undan so‘ng ham. Hozir yana gapira olsa edi… “Qanchalar ko‘p” deganing nimasi? desa edi…” Qaltiragan tizzalarining ustiga cho‘kdi. Qo‘lidagi fonarni uning yuziga tutdi: ko‘zlari ochiq edi, jonli edi. Qaray olmadi, boshini qorong‘iga burdi. Keyin yana boqdi. Uni hayot-mamot masalalarida yolg‘iz qoldirmagan kuchidan foydalandi yana. “Sira buzilmabdi. Kech qolmaganimda edi bunday bo‘lmasdi balki.” Xafa bo‘ldi. “Faqat sira o‘zgarmabdi. Oxirgi marta ko‘rganimdek, ko‘zlari ham ochiq. Ammo bu ochiq ko‘zlarda boshqa bir nima bor: hammasini bilib turgani holda hayajonlana olmaslik azobi. Ko‘rinishimga boqma, ichim allaqachon o‘lgan deya qo‘rqitardi meni. Ishonmasdim. O‘lgan bo‘lsa ham shunday narsalarni topib gapirardiki… Ehtimol meni kuzatayotgandir yana.” Joyini o‘zgartirdi. “Menga e’tibor bermay qo‘yding – deb uni jig‘ibiyron qilardim. Yo‘q menga qaramayapti. Balki o‘yga tolgandir. Birdan gapga tushib ketardi. “Shuncha narsani qachon o‘ylashga ulgurasan?” deya so‘rardim undan. Qachon o‘ylashga ulgurganiga sira aqlim bovar qilmasdi. Yo‘q, haqiqatan ham o‘lmagan. Chunki men yashay olmasdim o‘lganida. Buni bilardi. Bunchalik yaqinimda ekanligingni bilmasdim ammo sen qayerda bo‘lsang ham bor bo‘l, shunda men ham yashay olaman degandim unga. Nima bo‘lsang bo‘laver, borligingni o‘zi yetadi menga degandim. Buni janjaldan ancha avval aytgandim lekin. Janjalimizning munosabatlarimizni o‘zgartirmasligini bilardi. Keyin uni bir muddat ko‘rishni istamaganim holda, uning o‘sha yerdaligini bilganim holda, chordoqqa sira chiqmaganim holda u haqda o‘ylashimni, usiz yashay olmasligimni bilardi. Keyin nega uni qidirmadim? Fursat topilmadi: har on u haqda o‘ylaganim holda nuqul bir bahona chiqib kelaverdi. Pastda yangi ovozlar, yang nag‘malar eshitgani uchun tushishni ihtiyor qilmadi, chamamda. Yo‘qsa bilardi: oramizda hech qanday yangining zarracha ahamiyati yo‘qligini. Bu haqda ko‘p gaplashgandik. Men ham uning tushishini kutgan bo‘lsam kerak. Meni xafa qilmaslik uchun tushmayapti deb o‘yladim avvaliga. So‘ngra… Xullas negadir bo‘lmadi… Chiqolmadim: kelganlar, ketganlar, turmush tashvishlari, qozon-tovoq, supir-sidir… Unga qarab turish (boladek edi, o‘zini eplashni bilmasdi), ota-onamning vafoti, nimadir qilish istagi, tugatishim kerak bo‘lgan ishlar tashvishi. Nihoyat, uning chordoqda ekanligini ham unutdim. (Uni unutmadim, albatta) Nima desam ekan, mendan ko‘ra ham baxtsiz insonlar bor edi, ular bilan ovundim. Chordoqda shuncha vaqt qolishi mumkinligini o‘ylamabman negadir. Bir yo‘lini topib ketgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandirman. Balki uyda yo‘qligimda… Ha, rostdan ham shunday o‘ylagandirman. Boshqacha o‘ylashim mumkinmi? Yashashim uchun u har on hayotda bo‘lishi kerak edi. Boshqa narsani his qilganimda allaqachon o‘lib ketgan bo‘lardim. Bundan tashqari necha marotaba chordoqqa chiqishni ko‘nglimdan o‘tkazdim. Agar o‘zini o‘ldirganini eshitganimda albatta chiqqan bo‘lardim. Oramizga sovuqlik tushganiga qarab o‘tirmasdim. Eshitganmidim yoki? Bir marta yuqorida qattiq ovoz eshitgandim, adashmasam. Shamol eshikni tarsillatib yopdi shekilli, deb o‘ylagandim. Ammo buni qanday tushunish kerak? U chordoqqa chiqqanidan bir necha kun so‘ng eshitgandim bu ovozni. Va men bir necha kun o‘zimga kelolmay bir burchakda o‘tirib qolgandim. Hech qayerga chiqolmagandim. To‘pponcha ovozi ekan, demak. Yo‘qsa yuragiga…” Titragancha egildi. “Yuragiga qarashim kerak.” Ko‘ylagining chap tomoni chirib ketibdi. Qo‘li tegishi bilan to‘kilib tushdi. Ichidan bir qancha suvarak chiqib atrofga tarqab ketdi. “Unga yaxshi qaramasdim, ko‘ylaklari tozami yo‘qmi qarab ham qo‘ymasdim; balki tikilmagan so‘kik joyidan kirib yeyishni boshlagandir suvaraklar. Yirtiqning kattalashgani shundan.” Qo‘li bilan ko‘ylakning etaklarini yo‘qladi. “Nima bo‘lgandayam ichki kiyimlarini teshib o‘tolmagandir. Terisi shundoqligicha turibdi. Tanini issiq deb bo‘lmaydi ammo yuragi joyida turgandir harholda. Ko‘ksining chap tomoniga tegdimi deb qo‘rqdim: mana shu yerda, bilaman. Boshqacha yashay olmasdim chunki. (“chunki”ni gap boshida ishlatishim kerak edi, endi bunga nima deydi deb o‘ylay boshladim.) Faqat shunchasi chiribdi. Mayli. Endi uni qanday ishontira olaman shuncha vaqt birga yashaganligimizga? Go‘yo uni unutgandek yashasam-da, aqlu xayolim undaligini? Tushunmaydi baribir, ko‘rganiga ishonadi, tushunmaydi. Boshqa birovni uchratganim tufayli uni unutganimni o‘ylaydi. Holbuki hammasi xotiramda: chordoqqa chiqqan kuni manavi ko‘ylagini kiygani ham.” Fonarini jasadning yuziga yaqinlashtirdi. O‘rgimchak to‘ri ortidan yuzi xira ko‘rinardi. Faqat islar orasidan paypaslab uning yuragini yo‘qlagan joyi qorong‘ida yaxshi ko‘rinmaydi. “Tushga o‘xshaydi bu rasm. Birgalikda sira rasmga tushmagandik. Negadir boshqa ishlar qatori unga ham fursatimiz yetmabdi. Nima sababdandir bo‘lmadi. Yugur-yugurimiz ko‘p edi, doim nimalar bilandir band bo‘lardik… Nega yugurgandik, nimadan quruq qolayotgandik? Chordoqqa chiqqan kuniga qadar doim bir nima ortidan shoshib, boshqa narsalarni qildik. Hech to‘xtamadik, takrorlamadik ham. Keyin bir necha kun burchakda qolib ketdim: na yedim, na o‘yladim. Sigaret chekdim to‘xtovsiz. Uyni yashab bo‘lmaydigan ahvolga keltirdim va nihoyat. Urushdan chiqqandek har yer ag‘dar-to‘ntar edi. Tartibli yashashni yoqtirganim holda ishonib bo‘lmaydigan darajada kir-chir va to‘zg‘ib yotgan uyda yashadim. Ehtimol, shu tarzda o‘zimni jazolagandirman. Ko‘chaga otilib chiqib, umidsiz umid bilan unga tomon bormoq uchun shunday qilishni xohlagandirman. Kim bilsin? Balki men uchun shunday yomon narsalarni o‘ylashimni istarsan deb aytyapman bularni. Ammo sening o‘lishingni, o‘zingni o‘ldirishingni aslo o‘ylamagandim. Uzoqroq yerda hech bo‘lmasa tashqaridan sokin bir hayot kechirarsan deb xayol qilgandim.”
Nurdan qochishga uringan suvarakka ko‘zi tushdi, o‘ziga keldi. Qo‘lidagi fonari bilan suvarakni qidirdi: jirkanch mahluq tepaga chiqmoqchi bo‘layotgandi islarga ilashib. Suvarakning oyoqlari ko‘ylakni parchalab tashlaydi, deb qo‘rqdi. “Oradan yillar o‘tgan, salgina tegsa ham to‘kilib tushadi, kim bilsin? Ana bo‘ynidan tepaga o‘rmalayapti. Yonog‘ida biroz timirskilandi: soqoli o‘sib ketibdi-da shunga. Zero har kuni soqol qirtishlashni yoqtirmasdi.” Yonog‘idan yuqoriga chiqib olgan qumursqa chakkaga o‘tib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. “Fonarni o‘sha yoqqa tutsammi? Yo‘q.” Qo‘rqdi. Ammo nimqorong‘uda o‘q teshib o‘tgan joyni ko‘rdi. Titrab ortga chekingan paytda o‘sha teshikdan chiqib keldi suvarak: Oyoqlari orasida nimanidir tashib ketayotgandi. Dahshat ichida fonarni teshik ichiga tutdi. Nur kalla suyagining ichki devorida akslandi. “Ey xudoyim! Qumursqalar miyani yeb tashlabdi, eng yumshoq joyini. Ehtimol suvarak so‘nggi parchani tashib ketayotgandir.” O‘zini tutib turolmadi: “Seni yolg‘iz tashlab ketdilarmi, azizim?” dedi. Pastdan, boshqa teshikning ichidan sevgilisining ovozini eshitdi:
“Nimadir dedingmi, azizam?”
Qo‘lini shoshib kitob qutisi ichiga suqdi. “Yo‘o‘” deb javob bergan bo‘ldi tezgina. “O‘zimga o‘zim gapiribyotibman.”
Turk tilidan Ma’rufjon Yo‘ldoshev tarjimasi