O’Genri. Mo‘jizaviy kulchalar (hikoya)

1-tarjima

MO‘’JIZAVIY KULChALAR

Marta Michem xonim muyulishdagi kichkina non do‘koniga egalik qilardi (xuddi o‘sha, zina bo‘ylab pastga tushib eshikni ochganingizda qo‘ng‘iroqchalari jiringlaydigan do‘kon).
Marta xonim qirqqa kirgan, bankdagi hisobida ikki ming dollar yotardi. Ikkita tishi yasama, hissiyotga beriluvchan edi. Marta xonimdek bunday imkoniyatlarga ega bo‘lgan ayollarning ko‘pchiligi erga tekkan bo‘lardi.
Do‘konga haftasiga ikki-uch bor bir mijoz tashrif buyura boshladiki, Marta xonimda unga nisbatan ozmi-ko‘pmi qiziqish uyg‘ondi. Bu o‘rta yoshlardagi ko‘zoynak taqqan, qora cho‘qqi soqoli chiroyli kuzalgan kishi edi.
U ingliz tilida nemischa talaffuz bilan gapirardi. Egnidagi eskirgan, dazmol tegmagan, yamoq tushgan kostyumi ro‘dapoga o‘xshab qolgandi. Shunday bo‘lsa-da, uning ko‘rinishi orasta, asosiysi esa xushmuomala edi.
Bu mijoz har safar ikki dona qotgan kulcha sotib olardi. Yangi kulchalarning donasi besh tsent turardi. Qotganlari esa ikki yarim tsent. U biron marta boshqa narsa sotib olmasdi.
Bir kuni Marta xonimning ko‘zi uning barmoqlaridagi qizil va jigarrang bo‘yoq izlariga tushdi. Shunda Marta xonim uni rassom va chor-nochor yashaydi deb o‘yladi. Biror yerda chordoqda yashab, qotgan kulchalar bilan qorin to‘yg‘izsa kerak. Marta xonimning do‘konidagi mazali yeguliklar haqida ham orzu qilsa kerak.
Marta xonim to‘qmoqlangan buzoq go‘shti, yog‘li shirin kulcha, murabbo va choydan iborat nonushtasiga o‘tirar ekan, ko‘pincha xo‘rsinar va bu xushmuomala rassom Marta xonim bilan mazali taomlardan tanovul qilish o‘rniga o‘zining yelvizak kirib turadigan chordog‘ida qotgan nonlarni kemirib o‘tirganini o‘ylab ezilardi. Avval aytganimizdek, Marta xonim hissiyotga beriluvchan, ko‘ngli bo‘sh ayol edi.
Bu mijozining kasbi haqidagi taxminini tekshirib ko‘rish uchun Marta xonim qachonlardir kimoshdi savdosida sotib olingan suratni orqa tarafdagi xonadan do‘konga olib chiqib peshtaxta ortidagi tokchaga o‘rnashtirib qo‘ydi.
Suratda Venetsiya tabiatining kichik sahnasi tasvirlangandi: eng ko‘zga tashlanarli yerida serhasham marmar saroy qad ko‘tarib turardi (agar surat tagidagi yozuvlar aldamayotgan bo‘lsa). Qolgan joylar gondolalar* (ularning birida bir xonim qo‘li bilan suv o‘ynab o‘tirardi), bulutlar, osmon va oqish-qoramtir bo‘yoqlar bilan to‘ldirilgandi. Hech bir rassom bunday surat yonidan bee’tibor o‘tolmasdi.
Ikki kundan so‘ng eski mijozimiz do‘konga kirdi.
– Marhamat qilib ikkita qotgan kulcha bersangiz.
Marta xonim kulchalarni qog‘ozga o‘rayotganida u shunday dedi:
– Juda ham chiroyli surat ekan, xonim.
– Rostdanmi? – dedi Marta xonim ayyorona, go‘yo ajablanganday. – Men san’atni va… («va rassomlarni» deyishga hali erta emasmi?) – munosibroq so‘z topib Marta xonim gapini tugatdi: – …va rassomchilikni sevaman. Sizga surat yoqdimi?
– Ijodkor noto‘g‘ri ishlagan, – javob berdi mijoz. – Manzara noto‘g‘ri chizilgan. Ko‘rishguncha, xonim.
U kulchalarni olib, ta’zim qildi va shoshib ko‘chaga chiqdi.
Ha, shubhaga o‘rin yo‘q, u rassom. Marta xonim suratni orqa tarafdagi xonaga qaytarib olib kirib qo‘ydi.
Ko‘zoynak ortidan nur sochib turgan ko‘zlar! Keng manglayini aytmaysizmi! Bir qarashdayoq manzarani tushunishu qotgan kulchalar bilan kun ko‘rish! Daholar, dunyo ularni tan olmasidan avval, ko‘pincha yashash uchun kurashishlariga to‘g‘ri keladi.
Agar shunday daho bankda yotgan ikki ming dollar bilan qo‘llab-quvvatlansa bormi, san’at qanday gullab-yashnardi-ya… Orzuni haqiqatga aylantirmoqchimisiz, Marta xonim?
Endilikda do‘konga kirgan mijozimiz beka bilan birpas gaplashib turish uchun peshtaxta oldida ozmi-ko‘pmi ushlanib qolardi. Aftidan, Marta xonimning ochiq ko‘ngilliligi unga yoqib qolgandi.
U hamon qotgan kulcha sotib olardi. Qotgan kulchadan boshqa narsa sotib olmasdi, na pirog, na somsa, na mazali qumoq pechene.
Marta xonimga so‘nggi paytlarda u ozib qolgandek va qandaydir g‘amgin bo‘lib tuyuldi. Marta xonim uning nochor xaridiga biron mazali narsa qo‘shgisi kelar, lekin har safar bunga jur’ati yetmasdi. Marta xonim uni xafa qilishni istamasdi. Axir, bu rassomlar juda g‘ururli bo‘ladilar.
Marta xonim peshtaxta ortida mayda xol-xol oq, havorang gulli shoyi ko‘ylakda paydo bo‘la boshladi. Do‘kon ortidagi xonada behi urug‘i qo‘shilgan qandaydir sirli aralashma tayyorladi. Ko‘pchilik bundan terini oqartirish uchun foydalanadi.
Kunlarning birida eski mijozimiz do‘konga kirib, peshtaxtaga odatdagidek besh tsentni tashladi va har doimgi qotgan kulchalarini so‘radi. Marta xonim endigina qo‘lini tokchaga uzatgan edi hamki, birdan ko‘chada sirena chinqirig‘i, g‘ildirakning g‘izillagani eshitildi va do‘kon oldidan o‘t o‘chirish mashinasi o‘tib ketdi.
Mijoz eshikka otildi, uning o‘rnida boshqasi ham shunday qilgan bo‘lardi. Xayolidan ajoyib fikr o‘tgan Marta xonim bu vaziyatdan foydalanib qoldi.
Peshtaxta tagidagi eng pastki tokchada o‘n daqiqa ilgari sut sotuvchi olib kelgan bir qadoq sariyog‘ yashirib qo‘yilgandi. Marta xonim kulchalarni pichoq bilan ikkiga bo‘ldi, har birining orasiga katta-katta sariyog‘ bo‘laklarini soldi va kulchalarning ustki va ostki qismlarini yaxshilab bir-biriga jipslashtirdi.
Mijoz eshik oldidan qaytib kelganda Marta xonim allaqachon kulchalarni qog‘ozga o‘rayotgan edi.
Qisqagina, biroq yoqimli gurungdan so‘ng u ketdi. Garchi Marta xonimning yuragi hovliqib dukurlayotgan bo‘lsa-da, jimgina tabassum qildi.
Balki, Marta xonim o‘ziga ortiqcha erk berib yuborgandir. U xafa bo‘lib qolsa-chi? Yo‘g‘-e, xafa bo‘lmasa kerag-ov! Sariyog‘ qo‘shib bergani bilan nojo‘ya ish qilgani yo‘q-ku!
O‘sha kuni Marta xonim shularning hammasi haqida o‘yladi. Marta xonimning kichkinagina ayyorligini qanday sezib qolishini ko‘z oldiga keltirdi.
Mana u mo‘yqalam va palitrasini* chetga surdi. Molbertda* benuqson manzarali surat turibdi.
U qotgan kulcha va suv bilan nonushta qilmoqchi bo‘ladi. Kulchalarni kesadi va …. oh!
Marta xonimning yuziga qizillik yugurdi. Kulchalarga sariyog‘ qo‘shgan qo‘llar haqida o‘ylarmikin? Xohlarmikin…
Eshik tepasidagi ko‘ng‘iroq g‘azab bilan jiringladi. Kimdir do‘konga gurs-gurs qadamlar bilan kirdi. Marta xonim orqa tarafdagi xonadan yugurib chiqdi. Peshtaxta oldida ikki kishi turardi. Og‘zida mundshtuk bilan qandaydir yigit – Marta xonim uni birinchi marta ko‘rib turgandi; ikkinchisi o‘zimizning rassom edi.
Bo‘g‘riqib ketgan, xo‘mraygan rassom qo‘llarini musht qilib tugdi va Marta xonimning yuziga g‘azab bilan musht o‘qtadi. Naq Marta xonimning yuziga-ya!
– Dummkopf! – bor kuchi bilan nemischalab baqirdi. Keyin: – Tausendonfer! – yoki shunga o‘xshash so‘z bilan Marta xonimga baqirdi.
Yigit uni tashqariga sudradi.
– Unga hammasini aytmagunimcha ketmayman, – qo‘pollik bilan javob qaytardi eski mijozimiz.
Uning mushtlari ostida Marta xonimning peshtaxtasi turk nog‘orasiga aylandi.
– Sizniki meni rasvo qildi! – qichqirdi u Marta xonimga ko‘zoynak orasidan g‘azab o‘tida yonayotgan ko‘m-ko‘k ko‘zlari bilan qarab. – Men hammasini, hammasini aytaman! Siz surbet qari mushuksiz!
Marta xonim behol bo‘lib non tokchalariga suyandi va mayda xol-xol oq, havorang gulli shoyi ko‘ylagini ushladi. Yigit rassomning yoqasidan oldi.
– Yuring, ketdik! Yetarlicha aljiradingiz. – U quturgan oshnasini ko‘chaga olib chiqib, Marta xonimning oldiga qaytib keldi.
– Janjal nimadan boshlanganini bilib qo‘ysangiz yomon bo‘lmasdi, xonim, – dedi u. – Bu Blyumberger. U chizmachi. Biz u bilan qurilish idoralarining birida ishlaymiz. Blyumberger uch oy bosh ko‘tarmay yangi munitsipalitet binosining loyihasi ustida ishladi. Uni konkursga tayyorlayotgandi. Kecha kechasi u chizma ustida giyoh bilan yurgizib chiqishni tamomladi. Chizma avvaliga qalam bilan chizilishi, keyin esa qalam chiziqlari qotgan non bilan o‘chirilishi sizga ma’lum bo‘lsa kerak. Qotgan non o‘chirg‘ichdan yaxshi. Blyumberger nonni sizdan sotib olardi. Bugun esa… Bilasizmi, xonim, sizning sariyog‘ingiz… u, bilasizmi… Xullas, Blyumbergerning chizmasi endi faqat buterburodga yaraydi.
Marta xonim do‘kon ortidagi xonaga kirib ketdi. U yerda xonim mayda xol-xol oq, havorang gulli shoyi ko‘ylagini yechib avvalgi jigarrang paxta ko‘ylagini kiydi. So‘ng behi urug‘i qo‘shilgan surtmasini olib, uni deraza ortidagi axlat qutisiga ag‘dardi.
 
Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 10-son.
___________
* G o n d o l a – Venetsiya qayig‘i.
* P a l i t r a — rasomlarning bo‘yoq qoradigan taxtasi
* M o l b ye r t — rassomchilik dastgohi


2-tarjima

“JODUGAR”NING NONLARI

Marta Meham xonim ko‘cha muyulishidagi kichik novvoyxona egasi edi (uchta zinapo­yadan ko‘tarilib chiqqach, eshikni ochib kirishingiz bilan kelganingizdan xabar berib qo‘ng‘iroq jaranglardi).
Qirq yoshni qoralab qolgan, ikkita yasama tishi bilan jilmaygan payti o‘zgacha bir chiroyli bo‘lib ketadigan bu mehribon dil egasi bankda ikki ming dollar miqdorida daromadga ega edi. Vaholanki, shunday qila olishi mumkin bo‘lgan boshqa oilalilarning imkoniyati Marta xonimnikiga qaraganda ancha past edi.
Haftada ikki-uch marta do‘konga kelib turadigan bir xaridor Marta xonimni juda qiziqtirib qo‘ygandi. U ko‘zoynakli, soqoli tartibli qirtishlangan o‘rta yoshlardagi kishi edi. Nemischa talaffuz bilan ingliz tilida so‘zlayotgan bu janobning kiyimlari ancha uniqib qolgan, ba’zi joylari yamalgan, yig‘irilgan va o‘ziga halpillab turgan bo‘lsada, xonimga u juda pokiza va juda yaxshi fe’l atvor egasi bo‘lib ko‘ringandi. U har doim ikkita qotgan non xarid qilardi. Chunki besh tsentlik yangi non puliga qotgan bo‘lsada, ikki non sotib olish mumkin edi va janob ana shu qotgan nondan bo‘lak hech qachon hech narsa olmasdi. Bir safar Marta xonim uning qo‘llarida qizil va jigarrang rangdagi bo‘yoq dog‘larini ko‘rib qoldi va shunda bildiki, u rassom, ammo juda kambag‘al. Uning chordoqda yashashi, u yerda bebaho suratlar chizishi, qotgan non bilan bechorahol kun kechirishi va shuningdek, Marta xonim­ning do‘konidan yeydigan boshqa yaxshiroq narsalar haqida xayol surishiga shubha yo‘q edi. Marta xonim har gal qiyma, yumshoqqina bulochka yoki choy va murabboli stolda o‘tirganda tez-tez xo‘rsinib qo‘yar, yelvizak o‘tib tu­radigan chordoqda nozik tabiatli rassom bilan o‘zining totli taomlarini baham ko‘rishni xohlab yuragi achishardi. Chunki qahramonimiz boya aytganimizdek, juda mehribon va ko‘ngilchan edida! Bir kuni u janobning haqiqatda rassom yoki yo‘qligini tekshirib ko‘rish uchun xonasidan qachonlardir arzongina narxda sotib olgan suratni olib chiqib, non rastasining orqasidagi tokchalarga qarama-qarshi qilib osib qo‘ydi. U Venetsiya manzarasi edi. Suratning old qismida, xuddi suv ustida turgan kabi, marmardan qo­yilmaqom qilib ishlangan katta uy tasvirlangan bo‘lsa, qolgan qismi suv ichida qo‘lini suvga bo­tirgan ko‘yi xayolga cho‘mgan qiz o‘tirgan qayiq, bulutlar, osmon va o‘zaro uyg‘unlashib ketgan ranglar jilosidan iborat edi.
Ikki kun o‘tgach do‘konga o‘sha xaridor kirib keldi.
– Marhamat qilib, menga ikkita qotgan non bersangiz, iltimos. Nonlarni o‘rayotganida esa suratga ko‘zi tushdi va:
– Suratingiz juda ajoyib ekan, xonim, – dedi.
– Ha, – dedi Mis Marta o‘zi­ning ayyorligidan zavqlanib, – men san’at shaydosiman va yana… suratlarning ham. (Rassomlarning ham demoqchi ediyu, suratlarning deb to‘g‘irlab qo‘ydi).
– Siz uni yaxshi surat deb o‘ylaysizmi?
– Unda manzara yo‘q. Chizish uslubi noto‘g‘ri. Yaxshi qoling, xonim.
U nonlarni oldiyu, shoshib chiqib ketdi. Ha, u aniq rassom. Endi Marta xonimning bunga aslo shubhasi yo‘q edi. Suratni xonasiga qayta kirgizib qo‘yar ekan, xayollari yana o‘sha sirli xaridor tomon tortdi. Ko‘zoynaklari ostida chaqnab turgan ko‘zlari qan­day mungli va mehribon! Keng peshonasi o‘ziga juda yarashgan. Bir qarashdayoq suratga baho bera olish va qotgan non bilan kun kechirish! Bu dahshat! Biroq ko‘p hollarda qobiliyatni yuzaga chiqarish uchun kurashish­ga to‘g‘ri keladi. Agar bankdagi ikki ming dollar, novvoyxona va mehribon yurak evaziga uni yuzaga chiqara olganida, bu faqat san’at va surat uchun bo‘lgan bo‘lardi.Biroq bularning bari xom­xayoldan o‘zga narsa emas edi.
Xaridor tez-tez non olish­ga kelganda biroz muddatga rasta yonida xonim bilan suhbatla­shishga odatlanib qolgandi. Go‘yoki u Mis Martaning shodlikka to‘la so‘zlariga tashnadek tuyulardi. Ammo xaridor tort, pirog yoki Marta xonim­ning shirin Salli Lunla­ridan birini emas, qotgan non sotib olaverardi. U Marta xonimga kundan kunga ozib, kuchsizlanib borayotgandek ko‘rinar, shuning uchun xaridorning odmigina xaridiga yeyish uchun yaxshiroq nimadir qo‘shib qo‘yishni juda xohlardi. Biroq jur’ati yet­masdi. Rassomlarning g‘ururini yaxshi bilgani uchun, agar shunday qilsa, bu unga nisbatan haqorat bo‘lgan bo‘lardi.
Bir kuni Marta xonim ko‘k nuqtali fartugini taqib olib, orqa xonada sariq meva urug‘lari va tozalash uchun ishlatiladigan mineraldan o‘zi­ning odamlar yuz terini tozalashda ishlatadigan g‘aroyib aralashmasini tayyorlayotgan edi. Odatdagidek o‘sha xaridor kelib qoldi. U rasta ustiga tangasini qo‘yib, qotgan non so‘radi. Marta xonim u tomonga borayotganda tashqaridan qattiq signal ovozi va motorning kuchli o‘t olgani tovushi eshitildi. Xaridor ko‘chaga otildi. Sotuvchi xonim esa imkoniyatdan foydalanib qolmoqchi bo‘ldi. Rasta ortidagi pastki tokchadan o‘n daqiqa oldin sut fermasi ishchisi tashlab ketgan yangi sariyog‘ni oldi. O‘tkir pichoq bilan nonlarni chuqur qilib kesib, orasiga sariyog‘ joylab, yana zichlab yopib qo‘ydi. Xaridor do‘konga qaytib kirganida u nonlarni o‘rayotgan edi. Noodatiy qisqa, ammo yoqimli suhbatdan so‘ng, u ketgach Marta xonim o‘zicha jilmayib qo‘ydi. Biroq ko‘nglida biroz hadik bor edi: Nimalar qilib qo‘ydim o‘zi? Uni yuragiga ozor berib qo‘ymadimmikan? Shunaqa bo‘lmasinda, ishqilib.
Shundan keyin biroz vaqt o‘tib, Marta xonim bolib o‘tgan voqea haqida yana eslab qoldi. Rassomning qotgan non ichida uning hiyla­sini bilib qolganini tasavvur qildi: U cho‘tka va bo‘yoqlarini pastga qo‘yadi. So‘ng rasmtaxta yonida turib chizayotgan suratining ko‘rinishi va manzarasini tahlil qilib bo‘lgach, qotgan non va suv bilan tushlik qilmoqchi bo‘ladi. Nonni kesadi. Oh! Mis Marta qizarib ketdi. U non ichi­ga sariyog‘ni joylab qo‘ygan shu qo‘llar haqida o‘ylarmikan? Ammo shu payt uning xayollarini tumandek tarqatib, eshik qo‘ng‘irog‘i qattiq jiringladi va shovqin solib kimdir kirib keldi. Marta xonim shoshib eshik tomon borganida u yerda ikki kishi turardi. Biri tamaki tutayotgan yosh janob, oldin uni hech ko‘rmagandi, ikkinchisi esa rassom – uning yuzlari qizargan, sochlari to‘zg‘igan, shlyapasi boshining orqasida edi. Ikkala qo‘li ham musht bo‘lib tugilgandi.
«Ahmoq!» deb qichqirdi u baland ovozda va yana nemischada «Tausendorfen!» yoki shunga o‘xshash nimadir dedi. Sherigi uni olib chiqishga harakat qildi. Ammo u ko‘nmadi.
­ Hech qayerga bormayman. Hali gapimni tugatmadim, – dedi u g‘azabli ohangda. Keyin baqirib yig‘lab yubordi. Marta xonim uning qizarib ketgan moviy ko‘zlariga qarashga toqat qila olmadi.
– Sen meni xonavayron qilding. Sen hamma narsaga burnini suqaveradigan qari jodugarsan. Marta xonim bir qo‘li ko‘k nuqtali fartugi­ning etagida, bir qo‘li polga tushganicha, tokchalarga holsizgina bo‘lib suyanib qoldi. Yosh janob sherigining yoqasidan oldi.
– Bas, yetar. Yur men bilan, – dedi va uni sudrab ko‘chaga olib chiqib ketib, qaytib kirdi va xonimga yuzlandi.
– Sizga aytilajak navbatdagi gaplar nima bo‘lishi mumkinligi haqida bir o‘ylab ko‘ring, xonim. Hozirgi kishi Blumberger, arxitektura chizmachisi. Biz birga ishlaymiz. U tanlov uchun uch oydan beri yangi shahar zalining rejasi ustida qattiq ishlayotgandi. Kecha yakunladi. Bilasizki, chizmachilar har doim chizmani birinchi qalamda chizishadi. Ishni tugatgach, qalam chiziqlarini qotgan nonning kichik bo‘lagi bilan o‘chirib chiqishadi. Chunki qotgan non hind o‘chirg‘ichidan samaraliroq. Blumberger bu yerdan non sotib olib yurgan. Ammo bugun sizning allaqanday sariyog‘ingiz uning barcha ishlarini barbod qildi.
Marta xonim orqa xonaga kirdi. Ko‘k nuqtali fartugini yechdi va eski mallarang ko‘ylagini kiy­di. Keyin sariq meva urug‘lari hamda mi­neral aralashmasini derazadan kul idishi ustiga to‘kib yubordi.

Ingliz tilidan Oltinoy Hayitboyeva tarjimasi

«Yoshlik» jurnali, 2019 yil, 8-son