Nushoba Asad Mammadli. Imtihon (hikoya)

Qaniydi, yomg‘ir yog‘sa, salqin tushsa, u ham xuddi bolalik paytlaridagidek yomg‘ir tagida oyoqyalang chopqillab yursa… Qulog‘ining ostida otasining ovozi jaranglasa:
– Ulvi, bu yoqqa kel, yomg‘irning tagida shamollab qolasan!
Xuddi shu onda Ulvi orqasiga o‘girildi. Oyog‘i sirpanib, ko‘lmakka yiqildi.
“Ulvi, qo‘rqma, tur o‘rningdan, yiqildingmi, darhol turishga harakat qil” – otasining ovozi bu gal shundoqqina yaqindan eshitdi. O‘rnidan turdi. Yuz-ko‘zlari, tizzalari loyga botgandi. Otasi uni ko‘tarib, vannaxonaga olib kirdi. Iliq suvda yuvintirdi…
Ulvining issiqda tomog‘i qaqrab ketgandi. Uyqusizlikdan ko‘zlari qizargandi. Poyezdning ichi xuddi tandirdek qizigan. Kechasi bilan uxlolmay, endigina ko‘zi ilingan ekan… Tog‘asinikida uch-to‘rt soat uxlab olishni, keyin turib yuvinib, tamaddi qilib, imtihonga borishni mo‘ljal qilgandi. Lekin bunday bo‘lmadi.
Vokzalning kutish zali gavjum. U arang bo‘sh o‘rindiq topib joylashdi. Imtihon boshlanguncha shu yerda bo‘lib turadi. Hali soat besh yarim. Shuning uchun hali suv ichishga ham bormadi. Qaytib kelgunicha joyini birov egallab olishi mumkin. Hech bo‘lmasa shu o‘rindiqda yonboshlab, bir-ikki soat mizg‘ib olishi mumkin.
Onasi u bilan Bokuga kelmadi.
– Ortiqcha xarajatning nima keragi bor? Ertaga non puli ham qolmadi. Bokuga borsang, tog‘ang besh-to‘rt manat berar, faqat tejab ishlat.
Bokuga chiptani ammasi olib berdi. U Ulvi bilan birga otasining qabrini ziyorat qilgani bordi. Ammasi mozor boshida ancha ko‘z-yosh qildi. Bir paytlar, otasining jasadini Jojuq Marjonlidan Ganjaga olib kelishganida ham ammasi dod solib yig‘lagandi. Lekin bu gal ammasi boshqacha yig‘ladi. Xuddi tirik odamning oldida diydiyo qilayotgandek edi:
–Aka, ko‘ryapsizmi? Atrofga qarang, Vatanni, yurtni sotganlar izzatda, Vatan deb yonib-kuyib yurganlar xoru zor. Sizga zaril kelganmidi? Juvonmarg bo‘lib nima topdingiz? Loaqal shu bolani o‘ylamadingizmi?
Ulvi ich-ichidan xo‘rligi kelib yig‘ladi. Kechqurun uni ammasi kuzatib qoldi.
–Jiyan oxirgi uzugimni Mudofaa vazirligiga bermaganimda, men ham sen bilan borgan bo‘lardim, endi shuni amallarsan, – deb jiyaniga yigirma manat (taxminan 120 ming so‘m – tarj) tutqazdi. Ulvi pulning yarmini onasiga tashlab ketmoqchi edi. Onasi olmadi. Ulvining ko‘ngli g‘alati bo‘lib ketdi. Axir uyda non puldi ham qolmagan…
Uch oydan beri onasi ishlayotgan kutubxonadan oylik berishgani yo‘q. Otasining nafaqasini ham berishmayapti. Shu vaqt ichida onasi qarz-havol qilib ro‘zg‘orni tebratib turgandi. Ikki kundan beri uyda kartoshka ham, non ham ham qolmadi. Sovutkichda bir stakan qatiq, uch to‘g‘ram non qolgandi, xolos. Onasi shu qatiq bilan nonni o‘g‘liga uvvalo yedirishga urindi. Ulvin “o‘rtog‘imnikidan do‘lma yedim” deb onasini aldadi. Onasi ham “ishxonada qizlar bilan ovqatlandim” deb uni aldashga tirishardi. Aslida ikki kundan beri ona-bolaning ichiga issiq kirmagandi. Ikkovi ham suv ichib ochlikni yengishdi…
Ulvi kutish zalini ko‘zdan kechirdi. Hayot ham xuddi shu vokzalga o‘xsharkan. Odamlar kelib ketaverarkan. Imtihondan oldin shu yerda tunab qolishini xayoliga ham keltirmagandi. O‘z tog‘asining uyida ham unga joy topilmadi. Tog‘asi Bokuda katta lavozimda ishlaydi. Uning Antaliyada, Italiyada muhtasham villalari, xizmatkorlari, tansoqchilari bor. Tog‘asi tez-tez televizorga ham chiqib turadi. Ulvi har gal tog‘asining so‘zlarini televizordan eshitib, xijolat chekadi. Chunki uning gapi boshqalarnikidan farqlanmaydi. Televizorda asosan maosh bilan arang kun ko‘radiganlar, olimlar, muallimlar, talabalar, qochoqlar gapirardi. Ularning uyida bir chaksa unlari yo‘q, ammo, butun hayotlarini kimlar uchun qurbon qilishga tayyor.
Ulvininig lablari quruqshab borardi. Ochlik va uyqusizlikdan ko‘z oldi qorong‘ilashdi. Besh manat pulini ishlatsa, bitta do‘ner, bir stakan choy olishi mumkin. Qolgan puli bilan bir amallab, avtobusda Ganjaga yetib oladi.
U tog‘asining o‘g‘li uni vokzalda kutib olishini, mashinasida uyga borib, mehmon qilishini kutgandi. Lekin bunday bo‘lmadi. Hechqisi yo‘q. Yaxshiyam bu dunyoda vokzallar, vokzallarda esa kutish zallari bor.
Kechagidek esida: urushdan ilgari tog‘asi perionit tufayli operatsiya stoliga yotqizilganda unga shoshilinch qon kera bo‘lib qoldi. Tohg‘asi o‘lim to‘shagida yotardi. O‘sha paytda otasi nima uchun otasi Ulvi bilan birga Bokuga, do‘stining uyiga kelgandi. O‘shanda Sog‘liqni saqlash vazirligida ishlaydigan qaynisinikiga telefon qilgan otasining rangi o‘zgardi:
–Qaysi kasalxonaga?
U taksi tutib, Ulvi bilan qaynisi yotgan kasalxonaga yetib bordi. Uning yonidagi karavotga yotib, o‘z qonini unga berdi. Tog‘asi tirik qoldi. Kasalxonadagilar tog‘asining atrofida parvona edilar. Otasi Ulvining qo‘lidan tutib, zinapoyalardan tushayotib, munkib ketdi.
Ulvi “otamga yordam bering” deb qichqirdi. Bolaning ovozini eshitib yugurib kelgan hamshiralar otasiga ukol qilishdi. “Tez yordam” mashinasida uni Ahmadlida yashaydigan do‘stinikiga jo‘natishdi. Otasi mashinada ketayotib, o‘g‘liga qarab jilmayishga urindi, ammo uddasidan chiqolmdi.
Otasining do‘sti ham xuddi u kabi oddiy ishchi edi. Bir maktabda o‘qishgandi. Yaxshi odam edi. “Do‘xtirlar otangdan juda ko‘p qon olib yuborishibdi” degandi o‘shanda. Ikki kun o‘tib, Ulvi otasi bilan Ganjaga qaytdi. Ikki oy o‘tib, ko‘ngillilar qatori urushga ketdi. Jojuq Marjonlini armanlardan ozod qilish vaqtida shahid ketdi.
Ayni damda Ulvi o‘sha tog‘asiga umid bog‘lagandi. U poyezddan tushishi bilan otasiga telefon qildi. Telefonni yangasi oldi.
-Ha, Ulvi, yaxshimisan? Onang qalay? Tog‘angmi? Tog‘ang uxlayapti. Uyimizda odam ko‘p, qarindoshlarimiz bolalarini o‘qishga olib kelgan… Sen qayerga hujjat topshirding?
-Huquqqa?
-Chakki qipsan, hozir bilim bilan o‘qishga kirib bo‘larkanmi? Otangni do‘stining uyida turibsanmi?
–Men… haligi…
-Bo‘pti, mayli omad…
Ayol shunday deb go‘shakni ilib qo‘ydi. Ulvini sovuq ter bosdi. Daf’ata o‘zini olomon orasida qanchalik yolg‘iz ekanini his etdi. Telefon-avtomat yonida Qorabog‘ urushi qatnashchisi harbiy guvohnomasini odamlarga ko‘z-ko‘z qilib, tilanib o‘tirardi.
Birdaniga otasining ham nogiron ahvolda tilanib o‘tirishini tasavvur qilib, yuragi uvushdi.
Oxirgi bor otasi urushga ketayotganida ko‘rgandi. Otasi bag‘riga bosdi. Keyin orqasiga o‘girilmasdan ketdi.
Oyog‘dan mador ketganini his qildi. Agar hozir tamaddi qilsa, imtihon boshlanguniga qadar yana qorni ochqaydi. Keyin imtihonga och-nahor kirishiga to‘g‘ri keladi. Demak, chidaydi. Imtihongacha suv ichib qornini aldasa bo‘ladi.
Ulvi yo‘lga chiqishdan avval o‘sha yerda bir piyola choy ichib, chiptani oldida, xayrlashdi. Besh-olti qadam yurmay orqasidan ammasining ovozini eshitdi:
–Bolam, to‘xtab tur,
Ulvi to‘xtadi. Ammasi uning cho‘ntagiga pul solib, yig‘ladi. Ulvining ham tomog‘iga nimadir tiqildi. Yonidan har daqiqada bir chet el mashinasi shitob bilan o‘tib ketardi. Darvozalarning aksariyati “uy sotiladi” degan jumlalar bitilgandi. Ulvi orqasiga qaradi. Ammasi oqsoqlana-oqsoqlana uyi tarafga ketib borardi. Gaz, chiroqdan mahrum shahar xuddi bu yurt uchun o‘gay hududga aylangandi.
Ulvi ham o‘zini tangrining o‘gay bandasidek his qildi.
U ketib borardi. Shamol uning ko‘zlariga qum ufurardi. Ko‘zlari achishdi. Ko‘zlari achisha-achisha otasining kulib turgan chehrasini xotirladi. Otasi urushga ketishidan avval uninng ko‘zlariga tikilib shunday degandi: “Bolam erkak ishi yig‘lamaydi. Erkak kuchli bo‘lishi kerak!”
Ulvi ayni damda kutish zalida yig‘lamoqdan beri bo‘lib turganida otasining so‘zlarini esladi.
U arang joylashib olgan chog‘ida yonida o‘tirgan semiz odam o‘rnidan turib ketdi. Uning o‘rnini ikkita chelak ko‘tirb olgan o‘rta yoshli ayol egalladi. Ayol qattiq charchagani uning horg‘in yuzlaridan ko‘rinib turardi.
-Senga yo‘l bo‘lsin, yigitcha?
-Men… boya keldim.
– Bu yerda nima qilib o‘tiribsan?
– Boradigan joyim yo‘q.
Otasining Ahmadlida turadigan do‘stini esladi. U uch yil avval Rossiyaga ko‘chib ketgandi. Ulvining javobidan keyin ayol ancha payt jim qoldi. Keyin uning ismini so‘radi.
-Meniki esa Saritel… imtihon topshirgani keldingmi?
-Ha.
-Yaxshi tayyorlandingmi?
-O‘qituvchilarim yaxshi deyishdi-ku…
-Qayerga hujjat topshirding?
–Huquqshunoslikka.
Ayol kulib qo‘ydi va “niyatingga yet” dedi.
-Meniyam ko‘rib turibsan, meva sotyapman. Uch yetimchani boqishim kerak. Erim aprel urushida shahid ketdi.
Shu gaplarni eshitgach, negadir Ulvi qadrdon odamini topgandek ichi yorishdi.
–Maosh bilan yashash qiyin bo‘lib qoldi, – xo‘rsindi ayol.
– Ishlaysizmi?
– Ha, men o‘qituvchiman. Universitetni imtiyozli diplom bilan tamomlaganman. Keyin akademiyada aspiranturada o‘qidim. – dedi u bo‘sh chelaklarga mahzun tikilib qolarkan. – Bu yurtda aqlli, or-nomusli odamlarga joy yo‘q ekan.
Saritel Ulvini so‘roqqa tutdi. Tarix, geografiya, adabiyot, ingliz tili bo‘yicha maslahatlar berdi, tushishi mumkin bo‘lgan ayrim savollarning javobini yozdirdi…

Rustam Jabborov tarjimasi