Nodar Dumbadze. Ko‘ppak (hikoya)

Bu voqea qirq birinchi yilning avgustida boshlanib, ikki yil o‘tgach yakuniga yetgandi.
…Urushning suronli damlari edi. Otam urushda, bobom Spiridon ota bilan amal-taqal kun kechirardik. Bobom keksayib qolgani uchunmi, ro‘zg‘or tashvishlari asosan mening zimmamda edi.
O‘sha kuni u qo‘limga tutqazgan o‘n litrlik shisha idishdagi aroqni pullab, bir pud jo‘xori olib qaytish maqsadida bozorga yo‘l oldim. Ovim baroridan keldi. Uzoq xaridor kutmadim. Xaridor molimni bir pud jo‘xoriga almashgani yetmagandek, kamiga cho‘ntagimga bitta qizil o‘ttiztalik pulni ham solib qo‘ydi.
Bozordan qaytishda oshxonaga kirib, uch portsiya kotlet va limonadga buyurtma berdim. Bufetchi avval pulim borligiga ishonch hosil qilgach, buyurtmani stol ustiga keltirib qo‘ydi.
Shu payt oshxonaga uzun junlari loyga belangan, qop-qora, ozg‘in ko‘ppak kirib keldi. U avval xonani bir aylanib chiqdi, keyin menga qarab, dumini likillata boshladi. Men idishdagi kotletlardan birini uning oldiga tashladim. Kuppak kotletni bir yamlab yutdi va hech narsa bo‘lmagandek yana menga termildi.
Shu payt bufetchi kelib, ko‘ppakni hayday boshladi:
– Bor yo‘qol, itdan tarqagan!
Ko‘ppak shu zahoti tashqariga intildi. Bu paytda men ham ovqatimni yeb bitirgandim. Tashqariga chiqqanimda boyagi ko‘ppak hamon ostonada mo‘ltirab turardi. Yo‘limda davom etarkanman, ortimda boyagi ko‘ppakning jon holatda angillagani eshitildi. Bir payt qarasam, ko‘ppak o‘qdek oldinga uchib bordi-da, o‘zini ko‘prik ostiga suvga urdi.
Darrov ortimga o‘girilib qaradim. Bufetchi qo‘lida bug‘ burqsiyotgan bo‘sh qozonni changallab turardi.
– Bu nima qilganingiz? – dedim bo‘g‘ilib.
– Hechqisi yo‘q, bechora sovqotib turgan ekan, qizib olsin dedim.
– Eshshak, – deb baqirdim ovozim boricha.
Bufetchi avvaliga qotib qoldi. Keyin men tarafga halloslab chopishga tushdi. Shu zahoti yerda yotgan kattakon toshni qo‘limga oldim. Avzoyimni ko‘rib, bufetchining ham shashti so‘ndimi, indamay ortiga burildi.
Ko‘ppak ko‘prik tagida dir-dir titragancha ingrab yotardi. Uning tumshug‘i, old oyoqlari qaynoq suvda kuyib qolgandi. Ko‘zlaridan esa duvillab yosh oqar, chamasi, nima sababdan uni bu taxlit ayovsiz jazolashganini tushunolmay hayron edi. Uning ahvolini ko‘rib men ham ko‘z-yoshlarimni tutib tura olmadi. Ko‘ylagimni yechib, o‘rtasidan ikkiga bo‘ldim-da, ko‘ppakning bir ko‘zini, bir oyog‘ini avaylab bog‘ladim. Keyin uni o‘zim bilan uyga olib keldim.
– Bu nima? – so‘radi bobom savatdagi jonivorni ko‘rab.
– Ko‘ppak, – javob qaytardim.
– Shuyam ko‘ppak bo‘ptimi? – burun jiyirdi bobom. – Qayoqdan topding?
– Bufetchi ustidan qaynoq suv to‘kvordi.
– O‘g‘rining jazosi shu-da.
– Uning qorni och, – dedim ko‘ppakning boshini silab.
– Anavilarini yechib tashla.
Darhol bog‘ichlarni yechdim.
– Boplapti-ku, – dedi bobom itning kuygan joylarini ko‘zdan kechirarkan. – Bu issiqda yaralar qiyin bitadi. Borib moy opke, yaralariga suramiz. Oyog‘ini-ku, o‘zi tuzatadi. Biroq ko‘zi…
Ertasi kunidan bizning uyimizda ham it hura boshladi. Biz uni Jek, Yo‘lbars, Bo‘ynoq, Murka singari nomlar bilan chaqirib ko‘rdik. Birortasiga parvo ham qilmadi. Shunda uni oddiygina qilib Ko‘ppak deb atay qoldik.
Bir oy o‘tib, oyog‘i tuzaldi. Tumshug‘ining kuygan qismidan ham yangi tuklar o‘sib chiqdi. Shu tariqa u quvnoq, chiroyli itga aylandi. Qishloqda bunaqasi hech kimda yo‘q.
U ayollar va bolalarga tegmas, qishloqdagi hamma parrandalar orasidan o‘zimizning tovuqni ajrata olar, hatto unga qo‘riqchilik ham qilar, erkaklarni esa uyga yaqinlashtirmasdi. Ba’zan qo‘shnilarimiz “Endi sizlarnikiga chiqolmaydigan bo‘lib qoldik”, deb yozg‘irishardi. Bobom esa bunga javoban kulib qo‘ya qolardi.
U mening eng yaqin hamrohim bo‘lib qoldi. Qayerga borsam, ortimdan ergashadi.
Ko‘ppak bobom bilan ham yaxshi kelishib qoldi. Ba’zan bobom uni yoniga chaqirgancha, boshidan o‘tganlarni hikoya qila boshlaydi. Ko‘ppak ham boshini quyi solib, diqqat bilan bobomni eshitadi. Xuddi hamma gapni tushunayotgandek har zamonda bosh chayqab qo‘yadi.
Ko‘ppak tunda hovlida yotadi. Hamma itlar qatori kechasi bilan hurib chiqadi. Xo‘roz qichqirig‘i, mushukning miyovlashiga, shoqolning ulishiga javoban akillashni burchi deb biladi. Qishloqda eridan, o‘g‘lidan yoki aka-ukasidan qoraxat olib uvvos solayotgan ayollarning faryodiga ham befarq qaramaydi, tumshug‘ini ko‘tarib, shikoyatomuz uv tortib qo‘yadi.
1943 yilning 22 avgustida, yarim tunda butun qishloq itlarining biri olib-bir qo‘yib akillashidan uyg‘onib ketdim. Ayni it zoti kuyukkan bunaqa paytda kim ham itlarning g‘avg‘osiga quloq solardi. Hamma ko‘rpaga boshini burkab, yana uyquga ketdi.
Ertalab Aslan Tavberidze buloq boshida allaqanday itning g‘ajib tashlangan loshini ko‘ribdi. Itlarning iliqish mavsumida bunaqa holatlar tez-tez uchraydi. Bu holga uncha e’tibor qaratishmadi. Uni darhol ko‘mib tashladik.
Choshgohda qishloqqa bir notanish kimsa itini izlab kelib qoldi. Uni Aslanning yoniga jo‘natishdi. Men ham ortidan bordim.
– Kirill Mamaladze, Xevidanman, – dedi notanish kimsa. – Itim yo‘qolib qoldi. Bugun qanaqadir itni ko‘mgan ekansiz.
– Ha, – dedi Aslan. – Manavi yigit bilan birga ko‘mdik. Nima edi?
– Menga o‘sha joyini ko‘rsata olasizmi?
Uni haligi it ko‘milgan joyga olib bordik. Kirill itni bir ko‘rishda tanidi.
– Ha, u mening itim, – dedi u qazib olingan loshga tikilib. – Kecha u o‘g‘limni tishlab qochgan ekan. Pasterov stantsiyasiga olib borganimda, itning miyasini tekshirib ko‘rish uchun kallasini op keling degandi. Xudo ko‘rsatmasin, agar it quturgan bo‘lsa, bolaga qirqta ukol qilisharkan. Qirqta! Bechora bolamning holi nima kechadi?
Mamaladze xo‘rsingancha, qopidan bolta chiqardi. Men esa shart burilib, uyga chopdim. Bobom gaplarimni eshitib, peshonasini tirishtirdi.
– Yaxshi ish bo‘lmabdi, – dedi oyoqlari ostida cho‘zilib yotgan Ko‘ppakka qarab.
Kechqurun qo‘shnimiz Badria chiqib bobomdan miltig‘ini so‘radi.
– Nima qilasan? – so‘radi bobom.
– Itimni otib tashlayman.
– U senga nima gunoh qildi?
– Eshitmadingizmi? Kecha kimningdir ko‘ppagi bizning itlarimiz bilan g‘ajishibdi. Ha, aytgancha, boyagi odamning gapini sen ham eshitding-ku? – u shunday deya menga yuzlandi. – Bolasini qopib olgan ekan.
– Lekin u itni quturgan demadi-ku? – so‘radim undan.
– Tentak, sog‘ it o‘z xo‘jayinining bolasini qopadimi? – yelka qisdi Badria. Men indamadim.
– Unaqada senga miltig‘imni berolmayman, – bosh chayqadi bobom.
– Unda itni nima bilan o‘ldiraman?
– Qoziq bilan.
– Nimalar deyapsiz? Men bunchalik vahshiymasman.
– Unda bilganingni qil.
Badria ketgach, bobom menga Ko‘ppakni o‘tinxonaga qamashni buyurdi.
Zum o‘tmay qishloq bo‘ylab avval o‘q ovozlari, keyin itlarning jon halpidagi chayillashi, erkaklarning shovqini eshitildi. Qo‘shnimiz Badrianing uyida ham o‘q varangladi, keyin Alistrax, Makarianing uyida ham shunaqa qiyomat qo‘pti. Itlarning faryodidan qulog‘im bitayozdi. Bobom ham quloqlarini berkitgancha bir nuqtaga tikilib o‘tirardi.
Bu aql bovar qilmas it qirg‘ini bir soatcha davom etdi. Bir soat qishloqda shovqin-suron tinmadi. Bir soat o‘tinxonaga qamalgan Ko‘ppak ham eshikni timdalab, ulidi. Keyin hammasi jimib qoldi. Borliqqa o‘lik sukunat cho‘kdi.
Tong otdi. Xo‘rozlar qichqirdi. Sigirlar mo‘radi. Echkilar ma’radi. Tovuqlar qaqog‘ladi. Kontsxouli uzra quyosh charaqladi. Lekin qishloqda nimadir yetishmasdi. U allaqanday qadrdon, odatiy, ko‘z ilg‘amas jihatidan mahrum bo‘lgandi. Qishloqning tor so‘qmog‘i bo‘ylab yelkasiga boltasini osiltirib kelayotgan Aslan Tavberidze ko‘rindi. Uning izidan qolmaydigan shalpangquloq Tuzik ko‘rinmasdi. Ha, qishloqning qon-qoniga singib ketgan, endilikda yetishmayotgan bu narsa it edi. Oddiy it.
1943 yil 24 avgust tongini qishlog‘imiz itlarsiz qarshi oldi.
…Bizning Ko‘ppagimiz ham kun bo‘yi darchadan tashqari chiqmadi. Hech narsa yemadi, hurmadi. U bobomning oyoqlari ostida horg‘in cho‘zilib yotardi. Ko‘tarilib tushib turgan qornini aytmasa, uni o‘lgan deb o‘ylash ham mumkin edi.
Kechga yaqin yana Badria paydo bo‘ldi.
– Salom, Spiridon ota! – so‘rashgan bo‘ldi u. – Odamlar sizdan xafa. Kecha uyingizda o‘q otilmaganmish.
– Nega uyimda o‘q otilarkan? – o‘zini bilmaganga oldi bobom.
– Spiridon ota, bitta itni deb odamlarning ko‘nglini qoldirmang. Itingizni o‘ldiring. Bizning itlarimiz ham siznikidan yaxshiroq edi, voz kechdik-ku? Odamlardan ajralib qolmoqchimisiz?
– Yo‘q, Badria, o‘lsam tobutimning ustida hatto it ham uvillamaydigan ahvolda qolmay deyapman-da.
– Menga qarang, – dedi daf’atan Badria tutaqib. – Agar itingiz quturib, bolalarimdan birovini tishlaydigan bo‘lsa, uyingizni yer bilan yakson qilib ketaman.
Garchi olaqorong‘i bo‘lsa-da, bobomning rangi qanchalik oqarib ketganini ilg‘adim.
– Menga qara, mishiqi, – dedi u ovozi titrab. – Tilingni tiy, bo‘lmasa, quruqshagan suyaklarimni uyingning gulxanida isitishga majbur bo‘laman.
Badriya indamay uyiga ketdi. U nima deb o‘ylaganini bilmadim-u, uning o‘rnidan men bo‘lganimda, kechasi bilan mijja qoqmagan bo‘lardim. Chunki bobom shu paytgacha aytganini qilmasdan qolmagan.
…Yarim kechasi hovlimizning narigi burchagidan ikkita o‘q ovozi va itning akillashi eshitildi. O‘rnimdan sapchib turdim-u, miltiqni olib, o‘q otilgan tarafga oshiqdim. Kimdir o‘zini butalar panasiga oldi. Keyin qochib borayotgan odamning qadam tovushlari quloqqa chalindi.
Ko‘ppak chetan devor tagida yotgancha, zaifgina g‘ingshirdi. Uni asta ko‘tarib uyga kirdim. Bobom moychiroqni yoqqan, echki po‘stagi ustida o‘tirardi. U Ko‘ppakning yarasini spirt bilan artib, tamaki qo‘yib bog‘ladi
– Uncha qo‘rqinchli emas, – dedi bobom. – O‘q suyakka tegmabdi. – Keyin itga o‘girildi. – Kim seni bu ahvolga soldi, jonivor?
It boshini quyi soldi.
– Biladi, – dedi bobom. – Lekin gapirolmaydi, bechora.
Keyin u itni balkonga olib chiqishimni buyurdi. Bizning uyimiz tepalikda joylashgandi. Bobom ayni paytda balkondan xuddi qishloqni ilk bor ko‘rayotgandek ser solardi. U ancha payt jim turgach, menga o‘girildi.
– Bolam, chindan ham, bitta itni deb qishloqdoshlarni ranjitish yaramaydi. Miltiqni ol, Ko‘ppakni ham qishloqdan tashqariga olib chiq. Faqat o‘q ovozini eshitmasam bo‘ldi.
Titrab ketdim. Ammo shu paytgacha bobomning gapini ikki qilmagandim. Miltiqni yelkamga ildim. Ko‘ppakning zanjiridan yetak­ladim. Ko‘ppak najot kutgandek bobomga qarab mo‘ltiradi. Bobom esa yig‘lab yubormaslik uchun yuzini ters o‘girdi.
Biz qishloqni kesib o‘tib, katta yo‘ldan daryo qirg‘og‘iga olib tushuvchi so‘qmoqqa qayrildik. Ko‘ppak itoatkorlik bilan boshini eggancha ortimdan lo‘killab kelardi.
Daryo bo‘yiga yetganimizda, Ko‘ppakning bo‘ynidagi arqonni yechib, kattakon tosh ustiga o‘tirdim. Yuzimdan sovuq ter quyilar, yuragim gurs-gurs tepardi. Biroz tinchlangach, yelkamdagi miltiqni qo‘lga oldim. Shu paytda Ko‘ppakning ma’sum, mute nigohlari bilan to‘qnashdim. Beixtiyor ko‘zlarimni olib qochdim va miltiqdan gilzalarni chiqarib, suvga uloqtirdim.
Elkamdan tog‘ ag‘darildi go‘yo. Shu payt Ko‘ppak yugurib oldimga keldi va qo‘llarimni yaladi. Keyin esa o‘zini suvga tashlab, shataloq otgancha, atrofga suv sachrata boshladi. So‘ngra qirg‘oqqa chiqib, qum ustida yastandi. Uning oyog‘idagi yarasi qontalash bo‘lib turar, ko‘zlari yoshlangan, biroq… u kulardi. Ha, ishonavering, Ko‘ppak quvonchdan xandon otayotgandi.
– Menga qara, Ko‘ppak, – dedim unga qarab. – Endi bor! Umuman ovozingni ham chiqarmaslikka harakat qil. Odamlarni quvma, ularga tashlanma, qopma, umuman ulardan nari yur! Bo‘lmasa, ular seni o‘ldirishadi. Qishloqqa qayta ko‘rma. Bizdan rozi bo‘l, Ko‘ppakjon!
U meni tushundimi-yo‘qmi, bilmadim. Lekin men ortimga burilganimda, u hamon joyida turardi.
– Xo‘sh? – so‘radi bobom. Men indamay, miltiqni olib bobomga uzatdim. Bobom miltiq magazinini ochib ko‘rdi. Keyin menga qarab, ma’yus kulimsiradi:
– O‘g‘lim, bunaqa fe’ling bilan hayotda ko‘p qiynalasan!..
…Bir hafta o‘tib, shoqol Ekvtime Siradzening echkisini bo‘g‘izlab ketdi. Keyin kimdir Aslan Tavberidzening omboridan o‘n pud donni o‘maribdi. Yana bir kuni Berdzenishvilining sigiri hovlimizga kirib, yangi o‘tqazilgan ko‘chatlarni sindirib ketdi. Uning ketidan Nina xolaning sigiri bilan Sipito amakining novvosi izsiz yo‘qoldi…
Odamlar sarosimaga tushib qoldi. Hamma bir-biridan norozi. Hatto bir-birini bo‘ralab so‘kkanlar ham bo‘ldi.
15 oktyabr kuni rosa kuchli jala quydi. Sel daryo qirg‘og‘idagi tegirmonlarni oqizib ketdi. Faqat Goraberejoulidagi bitta tegirmon omon qoldi. Ertasi kuni bobom meni o‘sha yoqqa jo‘xori tortib kelgani jo‘natdi. Kechga yaqin tegirmondan chiqqan bir qop jo‘xori unini orqalab ketmoqchi bo‘lganimda, bo‘sag‘ada Kirill Mamaladze paydo bo‘ldi. U tegirmonchi bilan salomlashdi. Menga esa uncha e’tibor ham qilmadi.
– O‘g‘lingiz tuzalib qoldimi? – deb so‘radim Mamaladzedan.
– O‘g‘limga nima qipti? – ajablandi u.
– It tishlab oldi degandingiz-ku?
– H-a-a-a! Tuzalib ketdi. It quturmagan ekan. Doktorlar tekshirib ko‘rib aytishdi.
– Quturmagan ekan?! – turgan yerimda qotib qoldim. – Siz… Ular… Siz odam emas ekansiz! – shunday deya uning javobini kutmay, ortimga qayrildim.
Ertasiga bu haqda bobomga aytsammikin, deb kun bo‘yi o‘yladim. Keyin bu fikrimdan qaytdim. Nima foydasi bor? Qopni yerga tashladim.
18 oktyabrda bobom yotog‘idan chiqmadi.
20 oktyabrda mendan uyda qolishni iltimos qildi.
25 oktyabrda bobomning qo‘l-oyoqlari shishdi.
27 oktyabrda u meni chaqirib, qo‘limga omborning kalitini tutqazdi.
28 oktyabrda meni oldiga o‘tqazib, vasiyat qildi.
– Bolam, vaqti-soatim yetgan ko‘rinadi. Sen qo‘rqma. Men hamisha sening yoningda bo‘laman. Faqat uyimizni tashlab ketmasang, chirog‘imizni yoqib o‘tirsang, bo‘lgani. Hali urush tugaydi. Otang qaytib keladi. Aniq bilaman – u tirik. Ertaga omonatimni topshiraman. Faqat sen qo‘rqma. Hamma ishni qo‘shnilar qilishadi. Faqat uyimizda ayol kishi yo‘qligi chatoq-da! Ortimda dod solib yig‘laydiganim yo‘q.
Tongga yaqin bobomning joni uzildi. Mening mehribon bobojonim! U meni tashlab ketdi. Oyoqyalang ko‘chaga yugurdim. Sovuq etni junjiktirardi. To‘g‘ri qarshimizdagi hovlining eshigini qoqdim.
– Margalita!
Avvaliga hech kim javob bermadi. Ikki-uch chaqirganimdan so‘ng ichkaridan ayol kishining uyqusiragan ovozi keldi. Biroz o‘tib, qo‘shnimizning katta qizi Margalita ko‘zini uqalab chiqdi.
– Tinchlikmi? – so‘radi menga qarab.
– Haligi… bobom o‘lib qoldi. Uyimizda dod solib yig‘laydigan ayol kishi yo‘q. Iltimos…
Margarita indamay, ortimdan ergashdi…
Bobomni 1943 yil 4 noyabr kuni dafn qilishdi. Marosimda atrof-javonibdan odamlar yopirilib keldi. Har bir qishloqdan bittadan ayol go‘yanda kelib, rosa chuvvos ko‘tarishdi. Qo‘shni xotinlar ham chapak chalib, dod solib yig‘lashdi:
– Voy, parixatgina nabirangizni kimlarga tashlab ketdingiz, otaginam-m-m!
Balkon ham, hovli ham, hatto ko‘chamiz ham odamlarga to‘lib-tosh­gandi. Shunda kutilmagan hodisa yuz berdi. Daf’atan tumonat odam ikkiga ajralib, o‘rtada kichik yo‘lak hosil bo‘ldi. Undan junlari loyga belangan Ko‘ppak og‘ir qadamlar bilan bobomning tobuti turgan xonaga yo‘l oldi… U old oyoqlarini tobut ustiga qo‘ydi-da, shu taxlit qotib qoldi. Tobutda yuzida nim tabassum bilan yotgan bobomning yuzlariga tikilib, xuddi yosh bolaning yig‘isiga o‘xshash ohangda g‘ingshidi.
Olomon orasidan kimdir “Xudoga shukur-ey” deb yubordi. Men ham o‘zimni tutolmay yig‘ladim.
Shu payt yana bir mo‘jiza yuz berdi. Xonaga Badria kirib keldi. U itni ko‘rib rangi oqardi. Biroq tezda o‘zini qo‘lga olib, men tarafga yurdi. Hamdardlik bildirish uchun yelkamga qo‘lini bosgan paytda it unga qarab irilladi. Keyin ko‘zlari yonib, akillashga tushdi. Badria o‘zini mening orqamga oldi.
– Anavinga qarsang-chi? Men… men hol so‘ragani chiqdim, xolos.
Men Ko‘ppakni tinchlantirarkanman, bobomning gaplarini esladim: “Biladi. Faqat gapirolmaydi bechora…”
– Keting, bu yerdan, – dedim Badriaga qarab.
…O‘sha oqshom Ko‘ppakning tanish ovozi qishlog‘imiz bo‘ylab yoyildi.

Rustam Jabborov rus tilidan erkin tarjima qilgan.
“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 8-son