Nikolay Karamzin. Bechora Liza (qissa)

Moskvaliklar orasida mazkur shahar tevarak-atrofini menchalik yaxshi biladigan kishi topilmasa kerak, chunki men hech bir sabab va maqsadsiz dala-yu chakalakzorlar, tepaliklar bo‘ylab ko‘p sayr qilaman. Shu tufayli har yoz yangidan-yangi rohatbaxsh manzaralarni kashf etaman yo bo‘lmasa eski joylarda yangi go‘zalliklarni izlayman.
Lekin hammadan ham menga yoqadigan maskan – bu Cimonov monastirining gotik uslubidagi xo‘mraygan minoralari qad ko‘tarib turgan tepalik. U yerga chiqib o‘ng tomondagi pastlikda yastanib yotgan Moskvani tomosha qilish mumkin. Uzoqdan bir-biriga tutashib ketgan cherkovlar va uylar xuddi kattakon va hashamatli amfiteatrga o‘xshaydi. Ayniqsa, bu makonga quyosh kechki nurlarini sochganda ko‘ring: ko‘pdan-ko‘p oltin qubbalar va saliblar oftobda jilolanib, osmonga bo‘y cho‘zib turishadi. To‘q-zangor o‘t-o‘lan, chechaklar bilan qoplangan o‘tloqlar ortida sarg‘ish qumlar uzra kumushsimon daryo – uning suvi baliqchi qayiqlar hamda Rossiyaning boy o‘lkalaridan kelib Moskvani boqadigan yuk kemalari ostida chayqalib oqadi.
Daryoning narigi tomonidagi emanzor yonida o‘tlab yurgan podalar ko‘rinadi, podachi yigitlar bo‘lsa daraxtlar soyasida o‘tirib olib, mungli xirgoyi bilan yozning uzundan-uzun zerikarli kunlarini o‘tkazishadi. Undan nariroqdagi qadimiy qayrag‘ochlarning quyuq va yashil barglari orasidan Danilov monastirining oltin qubbalari yaraqlab ko‘rinadi, ularning ortida esa naq ufq bilan tutashib Chumchuquya tepaliklari ko‘m-ko‘k bo‘lib ko‘zga tashlanadi. Chap tomonda bepoyon bug‘doyzorlar, uch-to‘rtta uncha katta bo‘lmagan qishloqlar hamda Kolomenskoye qishlog‘idagi hashamatli saroy ko‘rinib turadi.
Erta ko‘klam bahorni qarshilash uchun, kech kuzda esa tabiat bilan yig‘lashib yurakni yozgani tez-tez bu yerga kelib turaman. Bo‘m-bo‘sh monastir, o‘t bosib ketgan qabr toshlari orasida va tashlandiq hujralar ichida shamol dahshatli uvillaydi. Bahaybat xaroba toshlariga suyanib o‘tmishning ingrashlariga quloq solsam, yuraklar orziqib titray boshlaydi. Goh-goh hujralarga ham kiraman-da, bir paytlar bunda yashagan rohiblarni ko‘z oldimga keltirib ko‘raman: achinarli manzaralar! Mana bu yerda bir qariya tiz cho‘kib, umrining oxirgi daqiqalarida Xudoga iltijo qilib, tezroq bu dunyo azoblaridan xalos qilishini so‘ramoqda. Anavi yerda yuzida qoni qolmagan yoshgina rohib bola temir panjara oldida g‘amnok turibdi. Uning osmonda erkin, muallaq uchib yurgan qushlarga tikilgan ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lgan. Cherkov ko‘ng‘iroqlarining mungli ovozi bola borgan sari so‘nib borayotgani va uning bu dunyodan bevaqt ko‘z yumishidan darak berayotgandek tuyuladi. Ba’zida men qachonlardir shu monastirda sodir bo‘lgan va uning darvozasida tasvirlangan mo‘jizani tomosha qilaman. Mana, qamal qilingan monastirda istiqomat qiluvchilar uchun osmondan baliqlar tushmoqda, bu yerda bo‘lsa Bibi Maryam siymosini ko‘rgan dushmanning quvg‘inga aylanishi tasvirlangan. Bu tasvirlar vatanimiz tarixidagi eng og‘ir vaqtlarni, ya’ni vahshiy tatarlar-u litvaliklar tomonidan rus poytaxtining tevarak-atrofi yondirilgan va aholisi qilichdan o‘tkazilgan paytlarni yodimga tushiradi. U paytlar bechora Moskva xuddi himoyasiz qolgan tul xotinday Xudodan boshqa najot kutmasdi.
Lekin Simonov monastiri atrofida meni, odatda, eng ko‘p hayajonga solgan narsa bu Lizaning, sho‘rpeshona Lizaning ayanchli taqdiri haqidagi xotiralar. O-oh! Qalbning nozik torlarini chertadigan narsalar mening ko‘nglimga qanchalar yaqin va bular haqida ko‘z yoshi qilish menga odat bo‘lib qolganini bilsangiz edi!
Monastir devorlaridan ikki yuz qadamcha narida, navqiron qayinzor oldidagi yam-yashil o‘tloq o‘rtasida bo‘m-bo‘sh, eshik-derazalari yo‘q, tomlari chirib tushgan xaroba kulba bor. O‘ttiz yilcha burun bunda Liza ismli bir go‘zal qiz onasi bilan istiqomat qilar edi.
Lizaning otasi o‘ziga to‘q dehqonlardan bo‘lgan. U mehnatni sevardi va buning evaziga havas qilsa arzigudek hayot kechirardi. Ammo dehqon vafotidan so‘ng uning xotini va qizi tezda qashshoqlashib qolishdi. Birovning ishiga saratonda qo‘li muzlaydigan mardikor yaxshi qaramasligi oqibatida ularning yerida hosil bitmay qoldi. Ona-bola arzimagan pul uchun yerlarini ijaraga berishga majbur bo‘lishdi. Buning ustiga beva marhum erini eslab, to‘xtovsiz ko‘z yoshi qilaverar (qishloqliklarning muhabbati ham qattiq bo‘ladi), oqibatda borgan sari madorsizlanib, ishga yaroqsiz bo‘lib borardi. Otasidan o‘n besh yoshligida yetim qolgan yolg‘iz farzand Liza o‘zining popukdek yoshligini-yu, beqiyos chiroyini ayamasdan ishlardi: to‘qish, bichish-tikish bilan shug‘ullanar, bahor bo‘lsa gul, yozda esa o‘rmon mevalarini terib, Moskvaga olib borib sotardi. Qiziga rahmi kelgan bechora onasi uni bag‘riga bosib: “Suyanchig‘im! Seni menga xudoning o‘zi yetkazgan ekan” – deya hamisha yaratgandan qiziga baxt tilar edi.
– Xudo ishlashim uchun menga qo‘l berib qo‘yipti. Sen meni o‘z siynang bilan boqib katta qilding. Endi bo‘lsa senga qarash mening burchim. Hadeb qayg‘urib yig‘layverma, bu bilan otam tirilib kelmaydi, – deb ovuntirardi onasini Liza.
Ammo o‘zi ham, ko‘pincha, ko‘z yoshlarini to‘xtatib qolishga ojiz edi. Axir u yaqinginada otasi hayot bo‘lganligi-yu, endi esa bu dunyoda yo‘qligini unuta olarmidi! Lekin, onasini o‘ylab, dardini ichiga yutishga harakat qilar, xotirjam va quvnoq ko‘rinishga urinardi.
– Narigi dunyoda, Lizaginam, – javob qilardi yuragi kuyishdan to‘xtamagan onasi, – ko‘z yoshlarim narigi dunyoda to‘xtaydi. U yerda g‘am-g‘ussa yuq, hamma shod-xurramlikda yurarmish, otangni u yerda uchratsam, mening ham ko‘nglim ko‘tarilar, albatta. Lekin hozircha o‘lgim yo‘q – mensiz holing ne kechadi? Seni kimga tashlab ketaman? Avval seni biror joyga qo‘ndirishim kerak! Balki tez kunlarda birorta oliyjanob kishi topilib ham qolar. Ana shundan keyingina siz aziz bolalarimga fotiha berib, so‘ngra qaro yer qa’riga xotirjam ketaverishim mumkin.
Mana, yana bahor keldi. Lizaning otasi qazo qilganiga ham ikki yil bo‘ldi. Yana o‘tloqlarni gullar qopladi. Liza marvarid gullardan terib, Moskvaga keldi. Ko‘chada istarasi issiq, bashang kiyingan bir yosh yigitni uchratib, unga gullarini tutdi-yu, o‘zi qizarib ketdi.
– Sen gullarni sotasanmi, qizcha? – jilmayib so‘radi yigit.
– Sotaman, – javob qildi qiz.
– Qancha so‘raysan?
– Besh tiyin.
– Muncha arzon. Mana senga bir rubl.
Liza oliyjanob yigitning yuziga qarashga jur’at qildi-yu, yana ham qizarib ketdi va ko‘zlarini yerga tikib, pulni olmasligini aytdi.
– Nega endi?
– Ortiqchasining keragi yo‘q.
– Mening fikrimcha, shunday go‘zal qizning qo‘llari bilan terilgan bu ajoyib marvarid gullar bir rublga arziydi. Agar sen olishni xohlamas ekansan, mana senga besh tiyin. Men sendan doimo gul olib turishni, aniqrog‘i – sen faqat men uchun gul terishingni istardim.
Liza gulni tutqazib besh tiyinni olgach, qulluq qilib yo‘lga ravona bo‘lmoqchi edi, notanish yigit uning qo‘lidan ushlab to‘xtatdi:
– Sen hozir qayerga borasan?
– Uyga.
– Uying qayerda?
Liza qayerda yashashini tushuntirdi. O‘tkinchilar ularga e’tibor berib, miyig‘larida kulimsiray boshlaganlarida, yigit qizni ortiqcha ushlab turishga botinmadi…
Uyga kelgach, Liza onasiga bo‘lgan voqeani gapirib berdi.
– Pulni olmay yaxshi qilibsan. Yomon odam bo‘lsa kerak u…
– Yo‘q, oyijon! Menimcha, unday emas. Ko‘rinishidan yaxshi, oliyjanob odamga o‘xshadi.
– Ammo, qizginam, tekin sadaqadan ko‘ra, o‘z mehnating evaziga yashaganing ma’qulroq. Hali ko‘p narsalarga aqling yetmaydi. Yomon odamlar uchun bechora qizni bebaxt qilish ham hech gap emas! Sen shaharga ketgan paytlarda yuragim taka-puka bo‘ladi, ikona oldiga sham yoqib, undan seni balo-qazolardan asrashini iltijo qilaman.
Liza ko‘zlari namlanib, onasini quchdi.
Ertasiga qiz, eng yaxshi marvarid gullardan terib, yana shaharga ravona bo‘ldi. Uning ko‘zlari beixtiyor kimnidir izlardi. Odamlar kelib undan gul sotib olmoqchi bo‘lsalar, ularga: “Sotilmaydi,” – deb javob qilar va dam u yo‘lga, dam bu yo‘lga ko‘z tikib, qaragani-qaragan edi. Quyosh botib, uyga qaytar vaqt ham bo‘ldi. Qiz gulni Moskva daryosiga uloqtirar ekan, qalbida xomushlik bilan: “Hech kimga buyurmasin!” – dedi.
Ertasiga kechki payt Liza deraza oldida ma’yus ovoz bilan mungli bir qo‘shiqni xirgoyi qilib, charx yigirib o‘tirarkan, birdan “voy” deb sakrab o‘rnidan turib ketdi. O‘sha notanish yigit deraza qarshisida turardi.
– Senga nima bo‘ldi? – qo‘rqib ketdi nariroqda turgan onasi.
– Hech nima, oyijon… – qo‘rqib javob qildi Liza, – men uni ko‘rib qoldim.
– Kimni?
– Mendan gul sotib olgan janobni.
Kampir derazaga qaradi. Yigit unga hurmat-ehtirom ila ta’zim qildiki, onada yomon fikrlarga o‘rin qolmagan edi.
– Salom, ey saxovatli ona! Ona, men chanqaganman, biroz sut topilmasmikan xonadonlaringda?
Liza onasining javobini kutmasdanoq, yerto‘la tomon chopdi. Top-toza yog‘och qopqoqcha yopilgan ozodagina xurmacha ko‘tarib keldi-da, stakan yuvib, uni ohorli oq sochiq bilan artib, sut quyib derazadan uzatar ekan, nigohini quyi qildi. Yigit sutni olib ichdi. Bu payt yoshlik tangrisi go‘zal Geba o‘z qo‘li bilan hayotbaxsh sharbat tutganda ham uning uchun bunchalik shirin tuyulmagan bo‘lardi…
Shundan so‘ng yigit qizga o‘z minnatdorchiligini bildirishi turgan gap. Lekin u minnatdorchiligini oddiy so‘zlar bilan emas, balki cheksiz muhabbatga to‘la ko‘zlari bilan ifoda qildi. Bu orada kampir o‘zining g‘ami-yu, ovunchog‘i — erining o‘limi, yakkayu-yagona qizining ajoyib fazilatlari, mehnatsevarligi, mehribonligi va hokazolar haqida gapirardi. Yigit e’tibor bilan tinglaganday tuyulsa ham, ko‘zlari-yu aql-hushi boshqa tomonda edi. Liza-chi? U uyalganidan botinmasa-da, ahyon-ahyon yigit tomon ko‘z tashlab qo‘yar edi, xolos. Lekin bu narsa chaqmoq chaqnashidek, balki undan ham tez sodir bo‘lardi.
– Bundan buyon, – so‘z boshladi yigit onaga qarab, – sening qizing mendan boshqaga o‘z ishlarini sotmasligini istardim. Shunda u shaharga ko‘p borishdan, sen esa bu yerda yolg‘iz qolishdan xalos bo‘lardinglar. Men o‘zim vaqti-vaqti bilan sizlardan xabar olib turaman.
Shunda Lizaning ko‘zlarida quvonch o‘tlari chaqnadi (buni qanchalik yashirishga harakat qilmasin), uning yanoqlari saraton quyoshidek yonardi. Qiz chap yengiga tikilgancha uni o‘ng qo‘li bilan chimdir edi. Kampir bo‘lsa jon deb taklifni qabul qilib, hech qanday yomon niyat sezmasdan, Liza to‘qigan paypog‘-u matolarining sifatini maqtay ketdi. Qorong‘i tusha boshlagach yigit ketmoqchi bo‘ldi.
– Isming nima, ey oliyjanob yigit? – so‘radi kampir.
– Ismim Erast.
– Erast, – pichirlab takrorladi Liza. – Erast! – besht-olti marta, xuddi yodlab olishga harakat qilganday qaytardi qiz.
Erast xayrlashib, jo‘nab ketdi. Liza uning ortidan tikilib qoldi, ona bo‘lsa o‘yga cho‘mgan qizining qo‘lini ushladi:
– Oh, Liza! Bunchalar kelishgan va xushfe’l ekan bu yigit! Sening qallig‘ing ham shunaqa bo‘lganda edi!
Qizning yuragi qinidan chiqib ketayozdi.
– Onajon! Onajon! Bunday bo‘lishi mumkin emas. U – boy, biz bo‘lsak… – Liza ortiq gapirolmadi.
Endi kitobxonga quyidagilarni ma’lum qilish joizdir. Xushbichim yigit Erast ancha boy dvoryan oiladan bo‘lib, aqlli, yumshoq ko‘ngil, xushfe’l edi. Lekin yengiltakligi, betayinligi ham yo‘q emasdi. Uning hayoti bekamu ko‘st bo‘lib, faqat ko‘ngil xushlashni o‘ylar va u narsani kiboriy bazmgohlardan izlar, lekin qoniqmasdi. Shu boisdan u o‘zining zerikarli hayoti va taqdiridan nolirdi. Lizaning chiroyi esa bir ko‘rishdayoq uning qalbini o‘ziga rom qildi. Erast oddiy kishilarning musaffo hayoti haqidagi kitoblarni ko‘p o‘qigan va ular ta’siri ostida xayol og‘ushiga cho‘mardi: shoirlar tasvirlagandek, tip-tiniq buloqlarda cho‘milib yurishni, atirgullar orasida sayr qilib, erkin musichalarday o‘pishib, yam-yashil o‘tloqlarda bamaylixotir yursa bo‘ladigan dunyoni orzu qilardi. Lizani ko‘rgandan so‘ng esa anchadan buyon qidirayotganini topganday bo‘ldi. “Tabiat meni o‘zining sof, quvonchga to‘la quchog‘iga chorlamoqda!” – degan fikrga bordi-da, vaqtinchalik bo‘lsa ham kiborlar jamiyatini tark etishni ixtiyor qildi.
Endi Lizaga qaytsak…
Tun. Ona odatdagidek qizini duo qilib, unga tinch uyqu tilardi. Lekin bu gal volida istagi bajo bo‘lmadi: Liza juda ham yomon uxladi. Ko‘z oldidan Erast sira ketmasdi. Tun bo‘yi u yonidan bu yoniga ag‘darilib, “oh” tortib chiqdi.
Qiz quyoshdan erta turib, Moskva daryosi bo‘yida tabiatning zangori gilami uzra marvarid zarrachalar sepayotgan oppoq tumanga tikilib qoldi. Hamma yoqda jim-jitlik hukm surmoqda. Lekin birozdan keyin boshlangan yangi kun nurlari tabiatni uyg‘otib yubordi; o‘t-o‘lanlar-u dov-daraxtlarga jon kirdi: atrof qushlarning sayrashiga to‘ldi; gullar esa hayotbaxsh quyosh nurlarini simirish maqsadida ko‘tarinki ruh ila nozik bo‘yinlarini cho‘za boshlashdi. Birgina Liza hamon qayg‘uga botgan.
Eh, Liza, Liza! Senga nimalar bo‘ldi? Avvallari xuddi shabnamning billur tomchilarida quyosh nuri jilvalangandek yuz-ko‘zingdan beg‘ubor shodlik nuri taralardi. Endi bo‘lsa ma’yussan, borliq quvonchi sen uchun yot.
Shu zamon cho‘pon yigit nayini chalib, daryo bo‘ylab podasini haydab borardi. Liza o‘sha tomon ko‘z tikib, xayolga cho‘mdi: “Oh, qani endi, o‘sha mening aql-hushimni olgan oddiy bir cho‘pon bo‘lsa-yu, yonimdan podasini haydab o‘tsa! Men unga muloyim tabassum bilan: “Salom, ey cho‘pon yigit! Suruvingni qayerga haydayapsan? Shu yerda ham yam-yashil maysalar yetarli-ku ular uchun, shu yerda ham gullar qizarib yotibdi; ulardan qallig‘ing boshiga gultoj to‘qish mumkin”, – degan bo‘lardim. U bo‘lsa menga jilmayib boqib, balki qo‘limdan ushlagan bo‘larmidi… Oh, bu shirin xayol!” Cho‘pon nayini chalganicha uzoqlashib, podasi bilan tepalik ortida g‘oyib bo‘ldi.
Shu dam Liza eshkak ovozini eshitib qoldi: daryoda qayiq ko‘rindi, unda esa Erast…
Qizning vujudi titrab ketdi, – lekin qo‘rqqanidan emas. U o‘rnidan turdi. Ketmoqchi bo‘ldi, ammo ketolmadi. Erast sakrab qirg‘oqqa tushdi-da, bir zumda Lizaning qarshisida paydo bo‘ldi. Qizning shirin orzusi qisman bo‘lsa ham ushalgan edi: yigit qizga muloyim boqib, qo‘lidan ushladi… Liza-chi?.. Liza bo‘lsa hech narsani ko‘rmas, yanoqlari yonib, yuragi qinidan chiqqudek talpinardi. Uning yuziga yigitning qizg‘ish lablari yaqinlashganda, na qo‘lini tortib olishga va na yuzini o‘girishga majoli bo‘ldi. Yigit qizni shunday shiddat bilan o‘pdiki, qizga butun olam alangalanganday bo‘lib ketdi!
– Liza, jonginam! – dedi Erast, – jonim, men seni sevaman!
Bu so‘zlar xuddi ilohiy tarona kabi qiz qalbini to‘lqinlantirib yubordi. U o‘z quloqlariga ishonmasdi va… Bas! To‘xta qalam! Faqat shuni aytish kerakki, shu damda Lizaning qo‘rquvi yo‘qoldi. Erast ham o‘zining sevilishini angladi. Sevganda ham musaffo, pok va jo‘shqin qalb uni sevardi.
Ular bir-birining pinjiga kirib o‘tirishardi. Nigohlar bo‘lsa bir-birlariga: “Men seni sevaman”, – deganday bo‘lardi…
O‘tgan ikki soat bir lahzaday tuyuldi. Liza onasi xavotir olishi mumkinligini eslab qoldi. Xayrlashish payti kelgandi.
– Eh, Erast! – dedi Liza, – hamma vaqt shunday sevarmikansan meni?
– Bir umr, Lizajonim!
– Shunga ont icha olasanmi?
– Bo‘lmasam-chi, mening Lizam, bo‘lmasam-chi!
– Yo‘q, qasamning keragi yo‘q. Men ishonaman senga, nahotki sen bechora Lizani aldaysan? Bunday bo‘lishi mumkin emas, axir.
– Mumkin emas, jonginam Liza!
– Qanday baxtliman! Meni sevishingni onajonim eshitsa, qanday xursand bo‘ladi-ya!
– Yo‘q, yo‘q, Liza! Onangga hech narsani aytishning hojati yo‘q!
– Nega endi?
– Qariyalar hamma narsadan hadiksiraydigan bo‘lishadi. Yana oying yomon fikrga borib yurmasin.
– Bunday bo‘lishi mumkin emas.
– Men sendan oyingga hech narsani aytmaslikni iltimos qilaman.
– Yaxshi, oyimdan hech narsani yashirgim kelmasa ham, seningcha bo‘la qolsin.
Ular xayrlashuv oldidan har kuni kechqurun shu yerda yoki daryo bo‘yidami, qayinzordami, bo‘lmasa Lizaning kulbasi atrofidami, albatta, uchrashib turishga kelishib olishdi. Oxirgi marta o‘pishib, Liza ketdi. Lekin ko‘zdan g‘oyib bo‘lguncha, hamon daryo bo‘yida qiz ortidan tikilib turgan Erast tomon yuz martalab qayrilib qaradi.
Liza kulbasiga u yerdan chiqib ketayotganidagidek kayfiyatda emas, balki o‘zgacha, ko‘tarinki ruhda qaytdi. Uning yuzida nozik tabassum jilva qilar, qalbida xursandchilik bor edi. “U meni sevadi”, – degan fikrdan qalbi quvonchga to‘la edi…
– Oh, oyijonim! – gap boshladi Liza endi uyg‘ongan onasiga. – Qanday go‘zal kun boshlandi-ya! Atrof shunchalar go‘zal! Hech qachon to‘rg‘aylar shunday sayramagan! Quyosh bunchalik charaqlab chiqmagan! Gullar bu qadar xushbuy bo‘lmagan!
Kampir hassaga tayangan holda Liza ta’riflayotgan ertalabki go‘zal manzaradan huzurlanmoq uchun tashqariga chiqdi. Manzara haqiqatda ham tarovatli ko‘rindi onaga: qizning shodligi tabiatga ham o‘tgandek edi.
– Oh, Liza! – dedi u, – Xudoning qudrati naqadar cheksiz! Mana men oltmishga borib qolgan bo‘lsam ham, uning karomatidan lolman; gumbazga o‘xshash musaffo osmonga-yu, har yili yangidan-yangi maysalarga, gullarga burkanadigan zaminga qarab hayratimni yashirolmayman. Parvardigor odamzotni shunchalik sevsa kerakki, uning uchun dunyoni bunchalar go‘zal qilib yaratib qo‘yibdi. Oh, Liza! Ba’zi-ba’zida baxtsizliklar, qayg‘u-alamlar bo‘lib turmaganda, bu dunyodan biror kimsaning ko‘z yumgisi kelarmidi?! Lekin hayot shunaqa ekan… Ko‘zimizdan yosh to‘kilmasa, biz iymonimizni unutib qo‘yishimiz hech gap emas.
Liza bo‘lsa o‘ylardi: “Oh, men iymonimni yo‘qotsam yo‘qotamanki, lekin sevgimni yo‘qotmasman!”.
O‘shandan keyin Liza va Erast har kech (Lizaning onasi uyquga ketgan paytlarda) daryo bo‘yida yoki bo‘lmasa qayinzorda, ko‘pincha esa, kulbadan ikki yuz qadamcha naridagi tiniq suvli, qadim paytlarda chuqur qilib qazilgan, atrofi asriy emanlar bilan o‘ralgan ko‘l yonida uchrashib turadigan bo‘lishdi.
Sokin tun. Yashil yaproqlar orasidan tushayotgan oy shu’lasida mayin shabada bilan birgalikda yigit barmoqlari qizning nozik sochlarini silardi; oydinda ahyon-ahyonda yalt etib Lizaning ko‘zlarida paydo bo‘layotgan sevinch yoshlarini Erast, qizning belidan quchgan holda, bo‘salari bilan quritib turardi. Bu holat shunday tabiiy, tuyg‘ulari shunday samimiy va beg‘ubordek ko‘rinardiki, ularga oy ham doimo kulib boqar, butalar ortiga berkinmasdi.
“Men seni sevaman, azizam!” – degan paytlaringda, – muloyim ovoz bilan Liza Erastga gapirardi, – sen meni bag‘ringga bosgan paytlarda, joduli ko‘zlaringni menga tikkan damlaringda, baxtdan es-hushimni yo‘qotib, hamma narsani unutaman, Erastdan boshqa hammasini esdan chiqaraman. Hayronman, seni tanigunga qadar men qanday tinch va quvnoq hayot kechirib yurgan ekanman? Endi bilsam, men uchun sensiz hayot yo‘q ekan. Sening ko‘zlaringsiz yorug‘ oy ham qorong‘i ko‘rinadi; endi bilsam, ovozing oldida bulbul navosi ham zerikarli; nafasingsiz mayin shabada ham yoqimsiz…”
Lizaning bunday cheksiz muhabbatidan Erast mag‘rurlanardi. Kiborlar jamiyatida bo‘ladigan har qanday aysh-ishratlari ham bu pok qalb bag‘ishlayotgan huzur bilan tenglasholmasdi. O‘zining burungi yurish-turishini jirkanib eslardi. “Men Liza bilan chin do‘st bo‘lib yashayman. Uning muhabbatiga hech qachon xiyonat qilmayman va bir umr baxtiyor yashayman!” – deb xayol surardi Erast.
Eh, nodon yigit, sen o‘zingni, o‘z qalbingni yaxshi bilarmikansan? Aql-idroking his-tuyg‘ularing ustidan hamisha hukmron bo‘la olarmikan?
Liza Erastdan onasini bot-bot ziyorat etib turishni iltimos qilardi.
– Men onamni behad yaxshi ko‘raman va hamma vaqt ko‘nglini olishga intilaman, – derdi u, – menimcha, sen undan xabar olib tursang, ancha ko‘ngli ko‘tarilgan bo‘lardi. Sen bilan suhbatlashish hamma uchun ham huzur bag‘ishlaydi, bilsang.
Kampir haqiqatdan ham Erastni ko‘rgan chog‘lari behad quvonardi va unga marhum eri Ivan to‘g‘risida, birinchi uchrashuvlari, ulkan muhabbatu osuda hayotlari haqida gapirib berishni yaxshi ko‘rardi.
– Bir-birimizni qanchalik sevganimizni bilsangiz edi! Mash’um ajal olib ketgunga qadar bir-birimizga to‘ymasdik. U qo‘limda jon berdi!
Erast kampir hikoyalarini e’tibor bilan tinglar va undan Liza tikkan va to‘qigan buyumlarni sotib olardi. Buyumlar uchun Erast o‘n baravar ortiq haq to‘lashga ham tayyor edi. Lekin kampir biror marta bo‘lsa-da ortiqcha pul olmadi. Shu tarzda bir necha hafta o‘tdi. Bir kech Erast Lizani anchagina kutib qoldi. Nihoyat u keldi, lekin ko‘zlari qizarib ketgan va ancha g‘amgin edi.
Yigit bundan qo‘rqib ketdi:
– Liza, Liza! Senga nima bo‘ldi?
– Oh, Erast! Men rosa yig‘ladim!
– Nega endi? Nima uchun?
– Senga barini aytishim kerak. Qo‘shni qishloqlik bir boy dehqon o‘g‘li menga sovchi qo‘ydi. Oyim meni o‘shanga uzatmoqchi.
– Sen bunga rozimisan?
– Shafqatsiz! Shu savolni bergani uyalmadingmi? To‘g‘ri, onajonimga achinaman: “Menga rahming kelmaydi. Tirikligimda seni kuyovga uzatsam, bu dunyodan azoblanmasdan tinchgina ko‘z yumardim”, – deydi. Onajonimning senday sevgilim borligidan xabari yo‘q!
Erast Lizani o‘pdi:
– Men uchun sening baxtingdan qimmatli narsa yo‘q. Onangga biror gap bo‘lsa, seni bu yerda tashlab qo‘ymayman. Biz doimo birga bo‘lamiz; ishonaver, xuddi jannatdagidek hayot kechiramiz.
– Lekin sen menga uylana olmaysan, – dedi xo‘rsinib Liza. – Men bir kambag‘al dehqon qiziman.
– Sen meni ranjitayapsan. Do‘sting uchun eng muhimi, bu sof muhabbatga to‘la qalb, sening mehrli va nozik qalbing. Sen yuragimning to‘ridan joy olgansan.
Qiz yigit quchog‘iga otildi – xuddi shu daqiqadan boshlab ular o‘rtasidagi poklik barbod bo‘lgan edi. Erast hayajonga tushdi, uning qoni misli ko‘rilmagan darajada jo‘sh urib ketdi. Liza har qachongidan ham go‘zal, latofatli ko‘rinardi, uning bo‘salari esa hech qachon Erastning vujudini bu qadar kuydirib alangalatmagandi. Qiz esa nima bo‘layotganini tushunmas, fahmlamasdi. Hamma yoqni kechki zulmat qoplab, bironta ham nur nopoklarni yoritmasdi. Erastni titroq bosar, Lizani ham, lekin nima uchunligini tushunmasdi. Eh Liza, Liza! Qani endi sening iffating? Qayerda qoldi sening qizlik nomusing?
Bir zumda bari barbod bo‘ldi. Liza nima bo‘layotganini yaxshi tushunmas, hissiyotlari chuvalashib ketgandi. Erastdan so‘rasa u jim, chunki javob uchun qidirib so‘z topolmasdi.
– Oh, nima bo‘ldi endi, – dedi qo‘rquv aralash sal o‘ziga kelgan Liza, – o‘lib qolaman deb o‘ylovdim, xuddi jonim chiqib ketayotganday bo‘ldi. Nima deyishni ham bilmayman. Nega jimsan, Erast? Yo Xudo, nima qilib qo‘ydik?
Shu payt chaqmoq chaqib momaqaldiroq gumburladi. Liza titrab:
– Erast, Erast! Men qo‘rqayapman. Gunohim uchun meni yashin urib o‘lmasaydim! – dedi.
Bo‘ron dahshat solib o‘kirar, qora bulutlar chelaklab jala quyardi. Go‘yo tabiat Lizaning barbod bo‘lgan nomusi haqida qayg‘urib, motam tutayotgandek edi.
Erast Lizani yupatgan bo‘lib, uni kulbagacha kuzatib qo‘ydi. Xayrlashayotganda qiz ko‘zidan yosh tirqirardi:
– Oh, Erast! Avvalgiday baxtiyor bo‘larmikanmiz bundan buyon?
– Bo‘lamiz, Liza, bo‘lamiz!
– Ilohim shunday bo‘lsin! Men senga ishonaman, chunki sevaman seni. Lekin yuragim… Yo‘q, yo‘q! Nimalar deyapman. Kechir! Erast, ko‘rishamiz-a?
Uchrashuvlari davom etib turdi. Lekin hamma narsa endi o‘zgacha edi. Endilikda Erast uchun Lizaning oddiy erkalashlari kamlik qilardi. Bo‘sa va nozik beldan quchishlar uni endi qondirmasdi. U kundan-kun ko‘p narsalar istar va nihoyat, muhabbatdan me’dasi to‘yganday edi. Unga endi hech nima kerakmasdi. Qalb sirlarini yaxshi bilgan kishilarni bunday holat ajab­lantirmaydi: hamma narsaga erishgach, muhabbat odatda inqirozga uchraydi. Erast uchun Liza avvalgidek qalbga o‘t solib, xayol og‘ushiga cho‘mdiradigan begunoh, sutday oppoq farishta emas edi. Yigit qalbida sof muhabbat haqidagi shirin xayollar o‘rnini boshqa hislar egalladi. Bu hislar uning uchun azaldan tanish va shu sababdan unga hech ham quvonch bag‘ishlamasdi.
Lizaga kelsak, u es-hushini butunlay yigitga oldirib qo‘ygan, bor vujudi bilan unga berilgan, xuddi qurbonlikka keltirilgan qo‘zichoqday itoatkor edi. Erastning hirsi qonsa, u o‘zini baxtiyor sezar, uning ko‘nglini ovlash bilan band edi…
Shunday bo‘lsa-da, Erastda ko‘zga chalingan o‘zgarishlar Lizaning e’tiboridan chetda qolmadi.
– Avvallari quvnoqroq ko‘rinarding, ikkimizning ham ko‘nglimiz to‘q va baxtiyor edik, muhabbatingdan ayrilaman deb, hech qachon tashvishlanmasdim! – derdi u shikoyatomuz.
Xayrlasha turib, ba’zan Erast: “Liza, ertaga men sen bilan uchrasha olmayman. Juda muhim ish chiqib qoldi”, – der edi. Bunday paytlarda Liza xo‘rsinardi.
Bir safar Erast birdaniga besh kun yo‘q bo‘lib ketdi. Liza bundan qattiq tashvishga tushdi. Va nihoyat u oltinchi kuni paydo bo‘ldi. Ancha xomush ko‘rinardi.
– Azizam Liza. Sen bilan vaqtincha xayrlashishga to‘g‘ri keladi. Urush davom etayotganidan xabaring bor. Men esa xizmatdaman. Mening polkim shu kunlarda yurish boshlaydi.
Lizaning rangi o‘chib, hushini yo‘qotishiga oz qoldi.
Erast uni, men seni bir umrga sevaman, umid qilamanki, urush tezda tugaydi va qaytib kelib, sen bilan hayotimning oxirigacha birga bo‘laman, deb yupatgan bo‘ldi.
Liza anchagacha lom-mim deyolmay qoldi. So‘ngra achchiq ko‘z yoshlari bilan Erastning qo‘lidan ushlab, unga mehr-muhabbat bilan tikilib, so‘radi:
– Qolishning iloji yo‘qmi?
– Bor, lekin bu sha’nimga katta dog‘ tushiradi. Qo‘rqoq deb nom chiqaraman va hamma mendan hazar qiladi.
– Unday bo‘lsa, borish kerak. Xudoning irodasi shu ekan. Lekin sen halok bo‘lishing mumkin!
– Vatan uchun halok bo‘lishdan qo‘rqmayman, jonginam Liza!
– Senga biror narsa bo‘lsa, men chidab turolmayman, o‘lib qolaman…
– Nega yomon xayollarga borish kerak endi? Men eson-omon yoningga qaytib kelishga umid qilaman, jonim.
– Ilohim, ilohim! Men ham Xudodan shuni tilab turaman. Qani endi, yozishu o‘qishni bilganimda! Sen menga hamma voqealarni yozib turarding, men bo‘lsam ko‘z yoshlarim haqida yozardim.
– Ortiq qayg‘urmagin, Liza. Sen o‘zingni men uchun, do‘sting uchun asrashing kerak. Men yo‘qligimda hech yig‘lamagin.
– Bag‘ritosh! Meni shundan ham mahrum qilmoqchimisan? Yurak-bag‘rim qurib qolgandagina yig‘lamasligim mumkin.
– Qo‘y bu gaplarni, yaxshisi biz uchrashadigan shirin damlar haqida o‘ylagin.
– Albatta, o‘ylayman. Qani endi o‘sha damlar tezroq kelsa! Erast, jonim, Lizani, bechora Lizani unutmagin. Men seni jonimdan ham ortiq sevaman!
Afsus, ularning dil izhorlarini bu yerda to‘la keltirish ancha mushkul…
Ertasi kuni oxirgi marta uchrashishlari kerak edi. Erast Lizaning onasi bilan xayrlashmoqchi edi. Mehribon, yoqimtoy boyvachchaning urushga ketishini eshitib, u yig‘idan o‘zini tutolmadi.
Erast bir oz pul berib, olasizlar, deb qattiq turib oldi:
– Men yo‘qligimda Liza o‘zi to‘qigan narsalarni birovlarga sotishini xohlamayman. Uning qo‘llari ila yaratilgan buyumlar faqat men uchun. Biz bu haqda boshda kelishganmiz.
Kampir uni duolarga ko‘mdi.
– Ilohim, eson-omon qaytib kelgin. Bu dunyodan ko‘z yumgunimcha, seni yana bir bor ko‘rish nasib qilsin menga. Balki ungacha mening Lizamga munosib qalliq topilib qolsa ham ajab emas. Bizning to‘yimizda ishtirok etishingni Xudodan tilayman! Liza farzand ko‘rsa, sen uni cho‘qintirishing kerak. Oh, o‘sha kunlarni ko‘rarmikanman?
Liza onasining yuziga qarolmasdan turardi. Shu daqiqada u nima his qilayotgani-yu, nimalar haqida o‘ylayotganini, menimcha, kitobxon yaxshi tasavvur qilsa kerak.
Lekin Erast Lizani oxirgi marta quchib, so‘nggi bora bag‘riga bosib: “Kechir meni, Liza!..” – deganida qiz nimani his qildi ekan?!
Oh, qanday dil o‘rtar manzara! Tong shu’lasi xuddi alvon dengiz kabi butun sharq osmoniga yoyilgan. Qayg‘uga botgan, rangi ohakdek Erast baland eman daraxti yonida o‘z baxti – Lizani quchoqlaganicha turardi.
Liza ho‘ngrab yig‘lar, Erastning ham ko‘zlari to‘la yosh edi. Nihoyat, Erast Lizani qo‘yib yuborib, keta boshladi. Qiz tiz cho‘kdi-da, ikki qo‘lini ko‘kka cho‘zib, nola bilan uning ketidan qarab qoldi. Yigit ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi… Bu orada quyosh ham ko‘tarildi. Sho‘rlik Liza esa hushsiz yotardi.
U hushiga kelganda butun dunyo qorong‘i ko‘rinardi ko‘ziga. Tabiat go‘zalliklari ham suyuklisi bilan birga g‘oyib bo‘lganday edi. “Oh, nega endi bu dashtu biyobonda yolg‘iz o‘zim qoldim? Nega azizim Erast ketidan uchmadim? Urushdan qo‘rqmayman, sevgilimdan ajralish urushdan dahshatliroq-ku! Men u bilan bo‘lishim kerak! Uning uchun jonimni qurbon qilishga ham tayyorman! Faqat u omon bo‘lsa bas! Tikon ham kirmasin unga! To‘xta, shoshmay tur, jonginam! Men hozir sening ortingdan uchaman!” Shunday xayol bilan bechora Liza Erast ortidan qanot chiqarib uchmoqchi edi, lekin uni: “Axir, mening onam bor-ku!” degan fikr to‘xtatdi. Chuqur xo‘rsinib, boshini quyi solganicha kulbasi tomon asta yo‘l oldi. Shu damdan boshlab yorug‘ kunlari qaro tunga aylanib ketdi. Qayg‘usini onasidan berkitishga majburligi qizni yana ham azoblardi. Vaqti-vaqti bilan o‘rmonga kirib zor-zor yig‘lab, suyuklisini eslardi. Bunaqa paytlarda daraxt tepasida o‘tirgan musicha, qizga rahmi kelganday, xasta ovoz bilan unga hamdard bo‘lardi. Faqatgina ahyon-ahyonda umidning zarrin nuri g‘urbat bosgan qiz ko‘nglini yalt etib yoritib o‘tardi: “U qaytib kelgach qanday baxtiyor bo‘laman-a! Hammasi joyida bo‘ladi!” – o‘ylardi u o‘zicha. Bunday shirin xayoldan qizning ko‘zlari porlab, yonoqlari bir dam qizarardi, shunaqa paytlardagi Lizaning jilmayishi bo‘ronli tundan so‘ng keladigan zavqli va sersaxovat may tongini eslatardi.
Shu tarzda ikki oycha o‘tdi.
Kunlardan bir kun onasining ko‘ziga surtgani atir suvi olish uchun Lizaning Moskvaga borishi zarur bo‘lib qoldi.
Katta ko‘chalarning birida qizning ko‘zi chiroyli karetaga tushdi. Unda Erast o‘tirardi. ”Oh!”, – deb qichqirib, Liza kareta tomon talpindi. Lekin kareta to‘xtamadi. Nariroqqa borib, bir hovli ichiga burildi. Erast tushib, kattakon uyning zinapoyasi tomon yurmoqchi bo‘lganda, birdan o‘zini Lizaning quchog‘ida ko‘rdi. U qog‘ozdek oqarib, bir narsa ham demay, Lizaning qo‘lidan ushlab o‘z kabinetiga olib kirdi-da, eshikni ichidan berkitdi:
– Liza, vaziyat o‘zgarib qoldi. Men uylanishga majbur bo‘ldim. Sen meni tinch qo‘yishing kerak, meni unut, o‘zing uchun ham bu yaxshi bo‘ladi. Men seni hozir ham avvalgidek sevaman va senga baxt tilayman. Mana bu yuz so‘mni olgin-da, – u pulni Lizaning cho‘ntagiga soldi, – oxirgi marta o‘pishga ruxsat ber menga… Endi uyingga borgin.
Liza es-hushini yig‘ib ulgurmay, Erast uni kabinetdan olib chiqib, xizmatkoriga buyurdi:
– Bu qizni tashqariga kuzatib qo‘y.
Shu damda mening yuragim qonga to‘lib ketgandi. Erast odam qiyofasini, shubhasiz, yo‘qotgan! Men uni la’natlashga tayyorman, lekin tilim lol, gapga kelmas bu manzaradan! “E Xudo!” deyman-u, ko‘zimdan yosh tirqiraydi.
Eh, nega endi men roman emas, qayg‘u to‘la voqeiy qissa yozayapman?
Demak, armiyaga ketayapman, deb Erast Lizani aldabdi-da? Yo‘q, u haqiqatdan ham armiyaga bordi, lekin dushman bilan jang qilishdan ko‘ra qarta o‘yiniga ko‘proq berilib, bor bisotini yutqazib qo‘ydi. Tez orada urush ham tugadi va qarzga botgan Erast Moskvaga qaytib keldi. Ahvolini o‘nglab olish uchun unga birdan-bir yo‘l qolgandi – qari, lekin boy va anchadan beri unga oshiq bo‘lib yurgan bir tul xotinga uylanish. Shunday qilib, Erast Lizani o‘ylab chin “oh” tortsa ham, boy xotin uyiga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ldi. Lekin chin “ohi” uning razilligini oqlarmidi?
Liza qanday qilib ko‘chaga chiqqanini ham bilmay qoldi. Uning shu paytdagi holatini tasvirlashga har qanday qalam ojiz. “U… u meni haydab chiqardimi? Nahotki u boshqani sevadi? Men o‘ldim!” – mana uning miyasini tirnayotgan fikrlaru hissiyotlar. Liza hushidan ketdi. O‘tkinchi bir rahmdil ayol yerda yotgan Lizaning oldiga kelib, uni hushiga keltirishga yordam berdi. Sho‘rlik ko‘zini ochib, ayol yordamida o‘rnidan turdi va unga tashakkur bildirib, yo‘lga tushdi. Lekin qayoqqa borishini bilmasdi. “Men uchun endi yashashdan ma’no yo‘q, – deb o‘ylardi u, – yashashim mumkin emas! O, qani endi falak ustimga qulasa! Qani endi men baxtiqaroni yer yutib qo‘ya qolsa! Na osmon tushadi boshimga, na yer qimirlaydi! Oh, sho‘r peshonam!” Shu qayg‘uli o‘ylar bilan Liza shahardan chiqib, bundan bir necha hafta oldin uning quvonchli damlarining tilsiz guvohlari bo‘lmish qadimiy eman daraxtlari bilan o‘ralgan chuqur ko‘l labiga qanday kelib qolganini sezmay qoldi. O‘tgan shirin damlarini eslash Lizaning qalbini larzaga keltirdi. Bir necha daqiqadan so‘ng u chuqur xayolga botdi. Atrofiga nazar solib, yo‘lda ketayotgan qo‘shni o‘smir qizga ko‘zi tushdi.
– Aylanay Anyuta, o‘rtoqjon! Shu pullarni oyimga eltib bergin. Bularni o‘g‘irlaganim yo‘q. Yana shularni aytgin: men onam oldida gunohkorman, bir ablah odamga bo‘lgan muhabbatimni undan yashirdim. Uning ismi E… Ismini bilishingning ne keragi bor? U meni tashlab ketdi. Onamdan meni kechirishlarini so‘ragin, Xudo o‘zi madadkor bo‘lsin unga. Uning qo‘llarini, mana senikini o‘pganimdek o‘pib qo‘ygin, albatta. Baxtiqaro Liza “o‘pib qo‘y” deb so‘radi degin, yana aytginki, men…
Shu zahoti Liza o‘zini suvga otdi. Anyuta dodlab qichqirdi, lekin qutqarishga ojiz edi. U qishloqqa qarab yugurdi, odamlar yig‘ilib Lizani tortib chiqarishdi, lekin uning joni allaqachon uzilgandi.
Pok qalb va go‘zal chehra sohibasi hayotiga mana shunday nuqta qo‘ydi.
Lizani ko‘lga yaqin joydagi bahaybat eman tagiga dafn etishdi. Qabr ustiga yog‘och xoch o‘rnatishdi…
Men u yerda tez-tez bo‘lib, Lizaning qabri yonida o‘yga cho‘mib uzoq-uzoq o‘ltiraman, ko‘z yoshlarim ko‘lga qo‘shilib ketadi, tepamda barglar shivirlaydi…
Lizaning onasi qizining fojiali o‘limini eshitib, dahshatdan qoni muzladi va ko‘zlari abadiy yumildi. Kulba bo‘m-bo‘sh qoldi. U yerda hamma vaqt shamol uvullaydi.
Buni eshitgan xurofotchi odamlar: “U yerda marhuma ingrayapti! U yerda baxtiqaro Liza ingrayapti!” – deb qo‘yishadi.
Erast umrining oxirigacha bebaxt bo‘lib o‘tdi. Lizaning fojiasini eshitgach, o‘zini qotil hisoblab, boshini qayerga urishni bilmay yurdi, ruhan azoblandi. Men Erast bilan uning o‘limidan bir yil avval tanishib qoldim. Bu voqeani o‘zi aytib berib, Lizaning qabrini ham ko‘rsatgan edi. Balki ular endi yarashishgandir!

Rus tilidan Qodirjon Nosirov tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 11-son