Najib Mahfuz. Imkoniyat (hikoya)

Huvillab yotgan bu imoratga men tez-tez kelib turardim. Bu imorat hali yap-yangi edi – hatto hali undagi bo‘yoqlarning hidi ham shundoqqina ufurib turardi. U chorburchak yerda o‘rnashgan edi. Bir necha muddatdan keyin uning peshtoqida bizning firmamiz nomi yozilgan lavha paydo bo‘lishi kerak. Boshqarmamiz bu imoratni ijaraga olayotgan ekan, bunda mening ham hissam kam bo‘lmagan desam mubolag‘a bo‘lmas. Men arxivda xizmat qiladigan, hammaning esidan chiqib ketgan bir xodim edim. Meni firma boshqaruviga yangi imorat qidirib topish maqsadida atayin maxsus tuzilgan qo‘mitaga a’zo qilib saylashdi. Boshqaruvda bo‘limlar juda ko‘payib ketgan edi – ular eski binoga sig‘ishmay qoldi. Ularni katta shaharning bir-biridan ancha olis turgan kvartallarida joylashtirishga to‘g‘ri kela boshladi. Men har kuni ertalab ishga ketayotib, ana shu kimsasiz imoratning yonidan o‘tardim. Oxirida qo‘mitaga shu uyni bir ko‘rishni taklif qildim. Nihoyat, tez orada zarur bo‘lgan rasmiyatchiliklar bajo keltirildi va uning ketidan uyning egasi bilan bitim tuzildi.
Ko‘ch-ko‘ch bilan bog‘liq bo‘lgan ovoragarchiliklar hali boshlangancha yo‘q edi, ertalablar men, odatdagidek, avvalgi yo‘ldan eski idoraga qatnashda davom etardim, lekin ichki bir g‘urur hamda “bu mulkka men ham daxldorman” degan tuyg‘u meni bu yangi uyga qayta-qayta kirib chiqishga undardi – go‘yo men uni rasman ko‘zdan o‘tkazib turmasam bo‘lmaydiganday tuyulardi. Qorovul meni tanib qolgan edi. Bu gal ham u menga ehtirom bilan eshik ochdi. Bu sodda va samimiy odam bilmaydiki, men bor-yo‘g‘i arzimaydigan mayda bir mansabdor bo‘lganim uchun hamisha o‘zimni tahqirlangan hisoblab ezilib yuraman. Bundan tashqari, ko‘p bolali katta oilaning boshlig‘i ekanimni va bu oilaning qozoniga faqat bayram kunlaridagina go‘sht tushishini aytmayoq qo‘yaqolay.
Imoratning hovlisida qayoqdan paydo bo‘lib qolgani noma’lum bir janob bilan to‘qnash keldim. Hammadan ham ko‘ra mening g‘ashimni keltirgan narsa shu bo‘ldiki, u imorat ichida xuddi xo‘jayindek baquvvat oyoqlarini gurs-gurs tashlab komil ishonch bilan odimlab yurishi bo‘ldi. Men uning avzoyidan bu yerga uy ijara qilish ishtiyoqida kelgan deb o‘yladim va men bilan salomlashishini kuta boshladim. Biroq u menga parvo ham qilgani yo‘q, aksincha, u tevarak-atrofiga takabburona nigohlar tashlab yurishda davom etaverdi. Uning nigohlari hatto meningdek bir kamsuqum mansabdorning ham g‘azabini keltirishi mumkin edi. Holbuki, men o‘zimni bu imoratning birinchi kashfiyotchisi deb hisoblar edim va hozir bu yerga davlatning vakiliday kelib yurgandim. Axir, bir necha kunlardan keyin bu davlat bu yerlarning to‘laqonli hukmdori bo‘lib qoladi-da! Shuning uchun men yaxshilab uning ta’zirini berib qo‘yishga shaylandim. Lekin uning baquvvat gavdasiga yana bir qur nazar tashlab, shunchaki yengil bir tanbeh bilan cheklanishga qaror qildim. Ammo u mendan oldin, salomlashmay, gap boshlab qoldi.
– Siz bu imoratning egalaridan emasmisiz?
– Imoratni ijaraga olgan firma qo‘mitasining a’zosi bo‘lish sharafiga noilman, – deb javob berdim g‘urur bilan.
– Juda soz ekan-da! – dedi salmoqlab u. – Men imorat ichidagi xonalarni bir ko‘rib chiqsam, degandim.
– O‘zlari kim bo‘ladilar, janob?
– Firma direktoriman, – deb javob berdi u jo‘ngina.
Uning so‘zlarini eshitib, hang-mang bo‘lib qoldim, oyoq-qo‘llarim bo‘shashib ketdi, butun vujudim bujmayib qolganday bo‘ldi, birdan kutilmaganda bu odamning gavdasidan elektr quvvati chiqib, mening nimjon tanamga urilganday bo‘ldi. Men bir amallab ming‘irladim:
– Meni kechiring, hazrati oliylari!
– Qani, meni boshla-chi… – dedi u beparvolik bilan.
Nazarimda, samo darvozalari lang ochilib ketganday bo‘ldi. Bu darvozalar orqali menga Ollohning rahm-shafqatlari va mehribonchiligi yog‘ilayotganday tuyuldi. Olloh o‘z ne’matlarini menga hazrati oliylari orqali in’om etganday edi. Men shu zahotiyoq direktorga xonalarni birma-bir ko‘rsata boshladim. Yo‘l-yo‘lakay, imoratni ko‘klarga ko‘tarib maqtadim, fazilatlariga qo‘shib, olqishladim. Mehmonning diqqat-e’tiborini kabinetlarga, zallarga, vestibyullarga qaratdim. Shuningdek, imoratning pardozi ham did bilan qilinganini, hashamati ham zo‘r ekanini uqdirdim. Keyin negadir dadilroq bo‘lib qoldim va tafsilotlarini ham bemalol gapira boshladim:
–Ishontirib aytamanki, janobi oliylari, uchinchi qavat sizning ishlashingiz uchun eng qulay qavat. Uning balandligi ham soz, ko‘cha shovqinlaridan yaxshi ihotalangan, ayni chog‘da, agar lift buzilib-netib qolsa, sizning chiqib-tushishingiz ham bemalol bo‘ladi.
Bir lahza o‘tmay, imoratning boshqa sifatlarini maqtay ketdim:
– Imoratning shimoliy qanoti jo‘g‘rofiy afzalliklarga ega – ularni nazardan soqit qilishning iloji yo‘q: uning ikki tomoni ko‘cha. uchinchi tomonida chog‘roq benzokolonka, bu qanot – kungay, havosi ham hamisha toza bo‘ladi.
Men unga eng katta xonani ko‘rsatib, dedim:
– Bu xona sizning kabinetingiz bo‘ladi. Uni yonidagi xona bilan juda oson birlashtirish mumkin. O‘rtadagi manavi devorni olib tashlasa, juda keng xona bo‘lishi mumkin. Unda har xil kengashlar va majlislarni o‘tkazish mumkin bo‘ladi. Manavi yerdan va qarshidagi devordan eshik ochilsa, bemalol kotibiyatga o‘tish ham mumkin bo‘ladi.
Sira kutilmaganda omadim kulib boqdi – juda noyob voqea. Baxtli tasodif ro‘y berdi – shaxsan direktorning o‘zlariday odam bilan tanishish baxtiga noil bo‘ldim. Shuni o‘ylar ekanman, olloh mening ko‘nglimga ilhom solayotganday edi. Shu tarzda biz imorat bo‘ylab qilgan yoqimli sayohatimizni oxiriga yetkazib hovliga qaytib chiqqanimizda, uning chehrasida mamnuniyat ifodalari zuhur etardi.
– Sen qaysi bo‘limda ishlaysan? – deb so‘radi u mendan.
–Men arxivda ishlayman, hazrati oliylari. Men kichkina odamman. O‘zim ham ko‘pdan beri sizdan…
– Keyin, keyin… – deb gapimni bo‘ldi u.
Lekin men shoshma-shosharligimdan o‘zim ham cho‘chib ketgan edim.
– Meni avf etgaysiz, hazrati oliylari. Iltimosimni boshqa vaqtda aytaman.
Direktor ko‘chaga chiqdi. Men uning ortidan ergashdim. Ko‘chaga chiqishimiz bilan gazetafurushga ro‘para keldik. Hazrati oliylari undan jurnal bilan kitob xarid qildilar. Jurnal bilan kitobning puli yigirma besh piastr bo‘ldi. Qarasam, buni to‘lash uchun direktorning yonlarida mayda pullari yo‘q ekan, yirik pulga esa gazetafurushning qaytimi yo‘q ekan. Hazrati oliylari kitob bilan jurnalni qaytarib bermoqchi bo‘ldilar, biroq men chaqqonlik bilan buning oldini olib qoldim – darhol yonimdan kerakli miqdordagi mayda pulni chiqarib, shohona vallomatlik bilan gazetafurushga uzatdim. Direktor avvaliga jinday ikkilanganday bo‘ldi, keyin bu ishga ko‘ndi, shekilli, shunday dedi:
– Imkoniyating bo‘lishi hamon pulni olgani mening kabinetimga kir.
Allanimalar deb minnatdorlik bildirganday bo‘lib, direktor ketdi, men yolg‘iz qoldim. Lekin men qalblarni hayajonga soluvchi yangi orzu-umidlar quyunida edim. Qandaydir noaniq bir baxtga muyassar bo‘lishimni kutib, huzurlanmoqdaydim. Men shunaqa holatda edimki, bironta mashina turtib-netib yuborishi hech gap emasdi. Axir, xotiralar va xayollar dengiziga butun vujudim bilan sho‘ng‘ib ketgan edim-da! Hayotim tarixida yangi, porloq bir sahifa ochilayotgani menga mutlaqo ravshan bo‘lgandi. Shu paytgacha o‘tgan hayotim mashaqqatlarga va muhtojliklarga to‘la bo‘ldi. Mana endi bosh direktorning o‘zi bilan tanishib oldim. Men unga imoratni aylanib, ko‘rib chiqishga yordam berdim, ahvolimning nochorligidan shikoyat qildim va u iltimosimni inobatga olishga va’da berdi. Farishtalar nafasi tegib muborak bo‘lgan anavi daqiqani aytmaysizmi? Men unga yigirma besh piastr berib turish baxtiga noil bo‘ldim-a! Xudo asrasin, illo-billo, men bu pulni qaytarib olishni zinhor-bazinhor xayolimga ham keltirmayman, biror kimsaga bu to‘g‘rida lom-mim deb og‘iz ham ochmayman. Men amin edim – bu xarajatim bekor ketmaydi, uning evaziga bosh direktor janobi oliylari mendan iltifotlarini ayamaydigan bo‘ladilar. Oqibatda, og‘ir daqiqalarda qarshimda har qanday eshiklar ham ochiladi. Albatta, yigirma besh piastr kichkina pul emas – puturi ketgan hamyonimdagi muvozanatni tiklab, ro‘zg‘orni yana epaqaga keltirib olgunimcha, ko‘proq tejamkorlik bilan ish yuritishimga to‘g‘ri keladi. Lekin nima bo‘pti, bularning hammasiga chidayman, har holda hazrati oliylari bilan mening o‘rtamda paydo bo‘lgan yaqinlik iplarini o‘z qo‘lim bilan uzib tashlamasam bo‘lgani!
Yangi imoratga ko‘chib o‘tishimiz ham nihoyasiga yetdi va har doimgidek bizga – arxiv xodimlariga imorat yerto‘lasidagi xonalardan joy berishdi. Men hazrati oliylari bilan meni bog‘lab turgan sirli muborak rishtalar to‘g‘risida o‘ylashdan to‘xtaganim yo‘q edi. U menga huzuriga kirib, pulni qaytarib olishni buyurgan edi. Albatta, men uning kabinetiga kirishni xayolimga ham keltirganim yo‘q, lekin u ham kotibiyatdagi biror odamdan pulni berib yuborgani yo‘q. Shunisiga shukur qilaman! Kunlar shu tarzda birin-ketin o‘tib borardi. Shu ahvolda birdan yuragimga vahima va hadik o‘rnasha boshladi – direktorning boshida son-mingta ishi bor – shu tashvishlar bilan bo‘lib, meni esidan chiqarib yuborgan bo‘lsa-ya! Men butun hayotimni tuzatib olishga yo‘l ochadigan imkoniyatimni qo‘ldan chiqarib qo‘ygan bo‘lsam-a?
Ollohdan madad va himoya tilab, bosh direktorning qabuliga yozilishga ahd qildim. Biroq uning shaxsiy kotibining kabinetiga yo‘l olganimda, uning yugurdagi yo‘limni to‘sdi – u kotibning juda band ekanini aytdi va biror iltimosingiz bo‘lsa, menga ayta bering, men unga yetkazaman, dedi.
– Men bosh direktor qabuliga kirish sharafiga noil bo‘ladigan kunni tayin qilsalar degandim, – dedim men.
Yugurdak mening ohori to‘kilib, urinib qolgan ust-boshimga bir nazar soldi-da, ichkariga kirib ketdi, bir daqiqa o‘tar-o‘tmas, qaytib chiqib, nima qilishim kerakligini aytdi.
– Iltimosingni arizalar yoziladigan maxsus qog‘ozda bayon etib, odatdagi yo‘l bilan jo‘natib yubor.
U bilan bahslashib, tortishib o‘tirishning foydasi yo‘qligini darrov tushundim – u o‘zi poyloqchilik qilib o‘tirgan eshik kabi mustahkam va bepisand edi. Men o‘zimni o‘zboshimchalikning qurboni his qilib, bo‘limimga qaytdim, lekin oldimga qo‘ygan maqsadga erishish ishtiyoqi so‘ngani yo‘q. O‘ylab-netib o‘tirmay, yordam so‘rab arxivimizning boshlig‘iga murojaat qildim. U juda yaxshi odam edi, yoshi o‘tinqirab qolgan edi, bizning boshimizga tushadigan mashaqqatlar va tahqirlarni biz bilan baravar baham ko‘rar, agar keksaligini aytmasa, oramizda hech narsasi bilan ajralib turmas edi. Men shu odamdan menga madad bo‘ladigan so‘zlarni eshitishni tiladim. Men bosh direktor bilan uchrashish niyatida ekanimni bildirdim va undan maslahat so‘radim.
– Nega buncha shu uchrashuvga ishtiyoqmand bo‘lmasang? – deb so‘radi u.
– Maoshimni oshirishini so‘rab iltimos qilmoqchiman.
– Hammamiz ham senga o‘xshab, tishimizning kirini so‘rib yuribmiz-ku!
– Axir, meni shunday qilishga uning o‘zi rag‘batlantirdi-ku!
– Rostdanmi? Qachon, qanday qilib?
Men unga yangi binodagi uchrashuvimizni gapirib berdim. Biroz o‘ylanib turib, u dedi:
– Bu gaplar shunchaki aytilgan gaplar. Ularga ko‘p ham e’tibor beravermaslik kerak. Bir aytgan-qo‘ygan-da…
Shu gapdan keyin men qizishib ketib, bunaqa tasodifdan voz kechib bo‘lmasligini qattiq isbot qilishga kirishdim. Bunaqa imkoniyat yana qaytib bo‘ladimi-yo‘qmi? Axir, bu mening hayotimdagi yakkayu yagona umidim-ku! Biroq bo‘lim boshlig‘imiz meni shahdimdan qaytarishda davom etaverdi. Boshini sarak-sarak qilib, bunaqa ishdan qaytishni maslahat berdi u. Men esa ortiq o‘zimni to‘xtatib turolmadim va uning qulog‘iga shivirlab, so‘nggi dalilimni aytdim.
– Men sizga bir sirni aytib qo‘ymoqchiman. Negaki, men bilaman – siz to‘g‘ri va halol odamsiz, og‘zingizda gap turadi, birovga aytib qo‘ymaysiz. Hazrati oliylari mendan yigirma besh piastr qarzdorlar!
Qariya ishonqiramay menga qaradi, men esa yana qizishib, gapimni tasdiqladim:
– Gapimga ishonaver, jinni-pinni bo‘lib qolganim yo‘q.
Direktorga qanaqa qilib pul berganimni hamma tafsilotlari bilan gapirib berdim.
– Avvallari ham bosh direktorni uchratganing bormidi? – deb so‘radi bo‘limimiz boshlig‘i gumonsiragan ohangda.
– Yo‘q.
– Bu odamning direktor ekanini sen qayoqdan bilaqolding?
– Uning direktor ekaniga mening zarracha shubham yo‘q.
– Sening sodda-go‘lligingdan foydalanib biror odam ustingdan kulmadimikan hazillashib?
– Bunday bo‘lishi mumkin emas. Istasangiz, men sizga uning shaklu-shamoyilini aytib beray.
Biroq u mening gapimni bo‘ldi.
– Nima foydasi bor? Men uni bir necha yil avval ko‘rgan edim. O‘shanda ham uzoqdan, birrovgina ko‘rib qolgandim, xolos.
– Har nima bo‘lganda ham, uning bosh direktor ekaniga ishonchim komil.
– Xo‘p qiziq bo‘lgan ekan-ku!
– Mening ham ahvolimni tushuning-da! – dedim men bahsimizga chek qo‘yib. – Maoshga qo‘shib berishni iltimos qilib, bosh direktorga arizani qanday yozish kerakligi to‘g‘risida biron maslahat bering.
– Xo‘p, mayli. Arizangni maxsus qog‘ozga yoz-da, bevosita boshlig‘ing sifatida menga topshir. Men uni tasdiqlab, imzo chekib beraman, keyin uni devonxona boshlig‘iga olib borasan. U ham arizangni tasdiqlab, imzo chekib beradi. So‘ngra uni Bosh inspektorga topshirasan, u ham tasdiqlab bergandan keyin, arizani bosh direktorning devonxonasiga jo‘natasan. Lekin senga bir maslahatim bor – xudo haqqi, yigirma besh piastr haqida bironta odamga og‘zingdan chiqara ko‘rma.
Men hafsala bilan arizani yozdim va uni o‘zimning bevosita boshlig‘imga tutqazdim. U menga xayrixohligini namoyish etib, darrov qo‘l qo‘yib berdi. Keyin arizani devonxona boshlig‘ining kotibiga eltdim. U arizamni stoli ustida bir uyum bo‘lib to‘planib yotgan boshqa arizalar ichiga qo‘shib qo‘ydi-da, yana o‘z ishi bilan shug‘ullanaverdi.
– Arizamni devonxona boshlig‘iga topshirishni qachon ixtiyor etasiz? – deb so‘radim men.
– Buning senga daxli yo‘q, – deb javob berdi u ko‘zlarini qog‘ozlardan olmay.
– Menga qarang, bu ariza odatdagi arizalardan emas. U boshqacha ariza. Aytmoqchimanki, men uni ayni janob bosh direktor hazrati oliylarining ko‘rsatmasi bilan yozganman.
U menga g‘alati qarash bilan qaradi-da, masxaraomuz ohangda so‘radi:
– Hazrati oliylari sening qarindoshingmi?
– Rost gapiryapman, hazillashayotganim yo‘q.
– Ariza u kishiga tegishli vaqtda topshiriladi, bu senga ma’qul bo‘lmasa, arizangni olib ketaver.
– Xudo xayringizni bersin, jahlingiz chiqmasin. Javobiga qachon kelib uchray?
– Arizang topshirilgandan keyin kelasan.
– Xudo xohlasa, arizam qachon topshirilar ekan?
– Arizang vaqti-soati bilan tegishli fursatda topshiriladi.
“Ishing bitdi, tuyog‘ingni shiqillat” degan ma’noda u menga orqasini o‘girdi, men ichimda hamma byurokratlarni changitib so‘kib, o‘z bo‘limimga qaytib ketdim. Bu byurokratlarni ishga tayinlaydigan ham so‘kishlarimdan benasib qolishgani yo‘q. Lekin, albatta, bosh direktor hazrati oliylari bundan mustasno edilar. Men o‘zimizning bo‘lim boshlig‘iga men to‘g‘rimda devonxona boshlig‘ining kotibiga bir og‘iz iltimos qilib, aytib qo‘yishini so‘raganimda, u rozi bo‘lmadi. Bu yigitning mutakabbirligini va tarbiya ko‘rmaganligini bahona qildi. Kunlar o‘tib borar. Men esa sabr-toqat bilan kutishda davom etardim.
Bir kuni ertalab bir xodimimiz bilan allaqanday qog‘ozni to‘ldirayotganimizda, u mendan shivirlab so‘rab qoldi:
– Bosh direktor sendan yigirma besh piastr qarz emish. Shu rostmi?
Yuragim orqaga tortib ketdi, darhol bu gapni unga kim aytganini so‘radim. U keyingi paytda arxivda mish-mishlar oralab qolganini, bu mish-mishlar uning ham qulog‘iga yetib kelganini aytdi. Yo Olloh, o‘zing shafqat qil! Men, dastavval, boshlig‘imizdan gumon qildim, biroq u bolalarini o‘rtaga qo‘yib, bu to‘g‘rida biror kimsaga og‘iz ochmagani to‘g‘risida qasam ichdi. Shundan keyin xotinimdan gumon qila boshladim – men bilan birga ishlaydigan xodimlarning xotinlari orasida uning dugonalari bor. Lekin xotinim ham hammasini rad etdi – bilmadim – rost gapirdimi yoki qo‘rqqanidan shunaqa dedimi? Yuragim og‘u tushgandek xavotirlikdan sanchib og‘riy boshladi va nechukdir istehzoli nigohlar hayrat bilan meni ta’qib qilayotganday tuyuldi. Shuning uchun bu ishlar yomon oqibatlarga olib kelmasidan oldin, men otimni qamchilab qolmasam bo‘lmaydi. Men devonxona boshlig‘ining kotibi huzuriga bordim. U mening salomimga alik ham olmay, ranjigan kayfiyatda barmog‘i bilan mening arizamga ishora qildi, men xursand bo‘lib, arizani oldim-da, shu zahoti bosh inspektorning kotibi huzuriga yugurdim. Men uning qo‘liga arizani tutqazib, uning muhimligini tushuntirib berishga og‘iz juftlagan edim hamki, u mendan oldin aytadiganini aytishga ulgurdi.
– Arizangni qoldirib ketaver.
Uning jahlini chiqarmaslik uchun men eshik tomon yo‘l oldim va, baribir, eshikka yetib bormay so‘radim:
– Javobiga qachon kelay?
– Kelmay qo‘ya qolsang ham bo‘laveradi.
Nochorlikdan dadillashganday bo‘ldim va yana so‘radim:
– Nechuk? Qanday qilib kelmay qo‘yaqolay? Unda arizam nima bo‘ladi?
Shunda u go‘yo mening surbetligimga Ollohni guvoh qilmoqchi bo‘lganday, ko‘zlarini shiftga tikdi, bu orada xonaga to‘plangan odamlarning ko‘pchiligi menga “xo‘p” deb ishimga borishimni maslahat bera boshladi. Qo‘rquv meni allaqachon o‘z asoratiga olgan edi. Biroq shu payt yugurdak bola yonimga keldi-da, o‘zini menga juda xayrixoh ko‘rsatib, asta qo‘ltig‘imdan olib, tashqariga boshladi va eshikdan chiqishimiz hamono bosh ispektorning devonxonasi o‘z pochtasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri bosh direktor devonxonasiga jo‘natishini tushuntirdi.
– Xat jo‘natilganini men qayoqdan bilsam bo‘ladi?
– O‘n kunlardan keyin kelib, xabar ol, – bosh inspektor idorasiga xatlarni jo‘natish bilan shug‘ullanadigan amaldor hammasini aytib beradi. U senga xatning qachon va qaysi raqam bilan jo‘natilganini ma’lum qiladi. O‘shalarga qarab, bosh direktor idorasiga yuborgan arizangning taqdirini bilib olasan.
O‘zimning ojizligimni yashirish maqsadida men jinday maqtandim:
– Xotirjam bo‘lavering, bosh direktor idorasida meni shunaqa izzat-ikrom bilan qarshi olishadiki, bunaqasi sizning huzuringizga keladiganlarning hali yetti uxlab tushiga ham kirmagan.
–Olloh sening quvvatingga quvvat qo‘shsin, ilohim! – deb duo qildi meni dastyor yigit.
Men “Bo‘shashma! Ishning xotimasi yaqinlab qoldi. Bu kunlarda tortgan azoblaring bekor ketmaydi. Ular tufayli senga jannat yo‘li ochiladi. Zulmatdan keyin hamisha yorug‘lik keladi. Ertami-kechmi mening qalbim parvardigorning ziyolaridan munavvar bo‘lg‘ay!” degan so‘zlar bilan bo‘limimga qaytdim.
Ammo istehzoli nigohlar avvalgiday shafqatsizlik bilan meni ta’qib qilardi. Endi ular avvalgiday yashirincha emas, ochiqdan-ochiq qarar edilar. Bir xizmatdoshim mendan so‘radi:
– Qachon? Qayerda? Qanday ajab sharoitda sen bosh direktorga yigirma besh piastr qarz berishni uddalagansan?
Boshqasi yana ham ezadi:
– Bosh direktor hali qarzini bergani yo‘qmi?
Bir kuni qulog‘imga shunday gap chalindi:
– Bu o‘sha bosh direktorga qarz bergan gadomi?
Men sabr-toqat berishini tilab, Ollohga iltijolar qildim – mening xudoning mehr-muhabbatiga ishonchim hali metinday mustahkam edi. Nuh payg‘ambarning ota-onalaridan eshitgan behisob tahqirlari esimga tushdi. Oradan ikki hafta o‘tgach, men bosh imperator idorasiga – xatlarni jo‘natish bilan shug‘ullanadigan amaldorning oldiga bordim. Menga arizam bosh direktorning idorasiga qachon va qaysi raqamlar bilan jo‘natilganini ma’lum qildi. Men muloyimlik bilan so‘radim:
– Bosh direktor idorasidan javobni qachon olsam bo‘larkin?
U tushunib bo‘lmaydigan darajada ensasi qotib javob berdi:
–Bu faqat parvardigorning o‘ziga ma’lum.
Har nima deganimizda ham, arizam bosh direktorning idorasiga yetib bordi-ku, demak, hademay u meni esiga oladi,qabuliga chaqirib qolishi ham mumkin yoki loaqal iltimosimni bajo keltirar. Yana orzu-xayollarning qudratli to‘lqini ustimga yopirildi: hademay meni xizmatda bir pog‘ona ko‘taradilar, maoshimga qo‘shib beriladigan haq, nihoyat, bola chaqamni bemalolroq boqishimga imkon beradi.
Men bo‘limimizga keladigan pochtani ko‘tarib arxivga qaytib kelayotgan edim, qo‘qqisdan allaqanday amaldor savolga tutdi:
– Rostdan ham sen o‘sha…
Bunaqa hazil-mazaxlar allaqachon jonimdan to‘ydirib yuborgan edi, shuning uchun unga gapini tugatishiga qaramay, o‘shqirdim:
– Uningni o‘chir, nodon.
U hang-mang bo‘lganicha, g‘o‘ldirab tindi:
– Sen rosmana jinni bo‘lib qolibsan-ku, og‘ayni.
–Ko‘zimdan yo‘qol, ablah, bo‘lmasa, oyog‘imdagi botinka bilan boshingni urib yoraman! – deb baqirib berdim unga.
Shu zahoti odamlar bizni ajratib qo‘yishdi. Ularning ichida yaxshilari ham, yomonlari ham bor edi. Bir kundan keyin meni intizom sudiga chaqirishdi. Rais menga dedi:
– Sen revizorni haqorat qilishda va unga qo‘l ko‘tarishda ayblanasan.
Men kamsuqumlik bilan javob berdim:
–Men o‘zim kambag‘algina odamman, u bo‘lsa mening ustimdan kulmoqchi bo‘ldi. Men uni quvib soldim. Bor gap shu, boshqa hech narsa bo‘lgani yo‘q.
Amaldor “men undan yuborgan maktubingga javob oldingmi-yo‘qmi?” deb so‘ramoqchi edim, xolos” deb izoh berdi, uning aynan shundoq qilmoqchi bo‘lganini birga ishlaydigan o‘rtoqlari va arxivda ishlaydigan yana ikki kishi tasdiqlab, guvohlik berdi. Oxir-pirovardida men ham uning gaplari to‘g‘ri ekaniga ishonib qoldim. Uning gaplarini noto‘g‘ri tushunganim va o‘zimni noto‘g‘ri tutganim o‘zimga ham ayon bo‘ldi.
– Mening ustimdan ko‘plar kuladi. Men u ham meni masxaralab, kulmoqchi deb o‘ylabman, – deya o‘zimni oqlamoqqa tirishdim. Shunda rais mendan so‘radi:
– Nima sababdan sening ustingdan kulishadi?
Savolni eshitib, damim ichimga tushib ketdi. Bir nechta guvoh bo‘lsa, bir-birlariga gap bermay, og‘iz ko‘pirtirib, qarz voqeasini hikoya qila ketishdi. Nihoyat, ortiq chidayolmay, o‘shqirib berdim:
– Yolg‘on! Hammasi yolg‘on! Bularning hammasini ular o‘zlari to‘qib chiqarishgan. Hammasi – bo‘hton.
Boshqalar ham baqirib-chaqira boshladi, bir-birlari bilan tortishib ketishdi. Mushtlashuv boshlanib ketishiga sal qoldi. Nihoyat, men ta’bim tirriq bo‘lib, sud zalidan chiqib ketdim. Oradan bir necha kun o‘tgach, bo‘lim boshlig‘i meni huzuriga chaqirib, ma’yus ohangda dedi:
– Sud senga ish haqingdan besh kunlik ishlagan puling miqdorida jarima solishga qaror qildi.
– Shunaqa ham adolatsizlik bo‘ladimi? – deb zorlandim men. – Axir, shundoq ham ro‘zg‘orimni zo‘rg‘a uchma-uch eplab turibman.
– Yanagi gal ko‘zingga qarab muomala qilgin.
– Xo‘p, men xato qilgan ham bo‘lay, lekin xatoni kechirish mumkin-ku? Siz nima deb o‘ylaysiz – qarz voqeasi hazrati oliylarining quloqlariga yetib bormaganmikin? Bizning boshqarmamizda hech kim bunaqa gapni unga yetkazishga jur’at qila olmaydi, – deya menga taskin berdi boshlig‘im.
Boshimga tushgan shuncha g‘amu kulfatlarga qaramay, Ollohga bo‘lgan ishonchim zarracha kamaygani yo‘q. O‘zimga o‘zim derdim: “Egamning qudrati zo‘r! Xuddi Yusuf alayhissalomni zindondan olib chiqqanday, u meni ham bu kulfatlardan forig‘ qiladi”. Bu ko‘rgiliklar boshimga yopirilgani sari mening qalbimda baxt haqidagi orzularim mustahkamlana bordi, men uning yaqinligiga astoydil ishonar edim. Men ancha kutganimdan keyin, hazrati oliylarining idoralarida pochtani qabul qilib oladigan amaldorning huzuriga arizamning oqibatini bilish uchun bordim. U menga juda qo‘rs javob berdi – nima uchun bunchalik qo‘rslik qilayotganiga aqlim yetmadi.
– Men ma’lumotlarni payshanba kuni beraman.
Bugun dushanba edi – intizom sudida ko‘radiganimni ko‘rgandan keyin ancha yuvvosh tortib qolgandim, shuning uchun lom-mim demay, uning oldidan chiqib ketdim. Ishimga qaytib borib, qo‘limdan kelgani shu bo‘ldiki, bo‘lim boshlig‘imizga dardimni aytib zorlandim. U meni arxivimiz taftishchisining oldiga olib bordi. Taftishchi idorada ishlaydigan o‘sha amaldorning qarindoshi bo‘lar ekan. U qarindoshiga qo‘ng‘iroq qilib, arizamni surishtirib berishga rozi bo‘ldi. U bir necha muddat go‘shakni qulog‘iga tutib, javobni eshitib turdi – qarindoshi nimalar deyayotgani bizga eshitilmasdi – keyin go‘shakni qo‘yib, bizga yuzlandi.
– Afsuslar bo‘lg‘aykim, iltimosing qaytarilipti.
Bu yangilik menga orqamdan berilgan qaqshatg‘ich zarbaday bo‘lib tuyuldi – u bir lahzada mening hamma orzu-umidlarimni chilparchin qilib, chippakka chiqargan edi. Men orzu-umidlarim xarobasi ostiga ko‘milgan jasadday edim. Lekin shundoq bo‘lsa-da, so‘radim:
– Bosh direktor hazrati oliylariga arizam ko‘rsatilganmikin?
– Albatta-da! Ayni bosh direktorning o‘zlari rad javobi berishni buyurganlar.
– Bo‘lishi mumkin emas! U kishi meni o‘z huzurlariga chaqiradi deb juda kutgan edim-a!
Taftishchi g‘alati nigoh bilan menga baqrayib qarab qoldi. Men boshlig‘im bilan birga bo‘limga qaytib keldim. Qaytar ekanman, to‘xtovsiz ravishda bir gapni takrorlardim:
– Ishonmayman! Ishonmayman!
– Hamma iltimoslarning ham qismati muqarrar tarzda shunaqa bo‘ladi, – deb tasalli berardi qariya.
– Axir, unga ariza yozishimni uning o‘zi buyurgan edi-ku?
– Sen biron-bir hazilkash odamning makriga uchragansan. Men senga aytib edim-ku!
– Yo‘g‘-e, undoq emas.
– Undoq bo‘lsa, esidan chiqib ketgan bo‘lsa kerak. Direktorning tashvishi ko‘p bo‘ladi…
– Endi nima qilaman?
– Nima qilarding? Xudoga tavallo qilasan-da…
Ammo mening o‘jarligim yana qo‘zib qolgandi. Men direktorning kun tartibini – qachon ishga kelish, qachon ishdan ketishini va umuman, uning hamma odatlarini sinchiklab o‘rgana boshladim. Men qat’iy ahd qildim – na birovning dag‘dag‘asidan qo‘rqaman, na idoralardagi ko‘r-ko‘rona to‘siqlarni tan olaman…

Direktorning mashinasi boshqarma binosi oldida to‘xtadi. Shveytsar va dastyorlar politsiyachi qo‘riqchilar bilan birga ikki qator bo‘lib saf tortishdi.Men binoning eshigi yonidagi kimoshdi savdosiga qatnashishga taklif qiluvchi katta e’lonning ortiga yashirinib olgan edim. Bino tomondan g‘ala-g‘ovur eshitildi va direktor o‘z a’yonlari qurshovida paydo bo‘ldi. Ular menga yaqinlashishlari hamono men “Bismillohu rahmonir rahim…” deya xitob qildim-da, direktor qarshisida tiz cho‘kib, undan xayr-ehson tilamoq uchun yashirinib turgan joyimdan sakrab chiqdim.
Kimdir qichqirdi:
– Bu – telba… Ehtiyot bo‘ling, hazrati oliylari!
Birdan hamma sarosimaga tushib qoldi. Shovqin-suron ko‘tarildi. Nima bo‘lganini men hatto anglamay ham qoldim. Oyog‘im ostidagi zamin bir tomonga qiyshayib ketganday bo‘ldi – men o‘nlab baquvvat qo‘llar changalida qoldim.
Shu voqealardan keyin men nima ham deya olardim? Mening ishim bo‘yicha jiddiy tergov olib borildi. Tergovda menga siyosiy jinoyatchi sifatida qarashdi. Bu qarashning noto‘g‘riligi tergovda ayon bo‘lib qolgandan keyin meni oylikni oshirish to‘g‘risidagi iltimosimni rad etgani uchun o‘ch olish maqsadida direktorga hujum qilishda ayblashdi.
Turmada men duradgorlik kasbini o‘rgandim. Endi sho‘rlik bolalarimni boqib katta qilish uchun duradgorlik qilib yuribman.

Ruschadan Ozod Sharafiddinov tarjimasi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2004 yil, 5-son