Mixail Bulgakov. Xon alangasi (hikoya)

Quyosh Oreshnev qarag‘aylari orqasiga o‘tib botayotgan mahalda, Qayg‘u Xudosi Apollon saroyning old tomonidan soya tarafga o‘tib oldi. Shu payt muzey nazoratchisi Tatyana Mixaylovnaning hujrasidan farrosh Dunka yugurgancha kelib:
– Iona Vasilich! Hoy Iona Vasilich! Yura qoling tezroq, sizni Tatyana Mixaylovna so‘rayapti, bugungi sayohat haqida nimadir tayinlamoqchi. Uning jag‘i shishib ketgan, aftidan tobi qochib qolganga o‘xshaydi! – deya, baland ovozda qichqirdi.
Yonoqlari pushti rang Dunka zudlik bilan ortga qayrilib, yeldek yugurarkan, yubkasining keng etagi qo‘ng‘iroqdek aylanib, yalang boldirlari ko‘rinib ketdi.
Munkillab qolgan keksa xizmatchi chol Iona qo‘lidagi supurgini chetga irg‘itib, yondirilgan quyuq burganlar kulining yoniga qarab tufladi-da, otxona tarafdan o‘tib Tatyana Mixaylovna tomonga yo‘l oldi.
Nazoratchi hujrasining darchasi yopiq turar, dahlizda esa allaqachon yod va kamfara yog‘ining hidi anqib ketgan edi. Iona nimqorong‘ulik ichra ohista ingranayotgan ovozni eshitdi. G‘ira-shirada krovat ustida Mumka laqabli mushukning oppoq quyonnikiga o‘xshash katta quloqlari va g‘amgin boqib turgan ko‘zlari elas-elas ko‘zga tashlandi.
– Tishingmi? – achinib, ishora bilan so‘radi Iona.
– Ti-shiim… – xo‘rsindi oppoqoyim.
– O‘… o‘… o‘… mana senga kerak bo‘lsa, – deya, hamdardlik bildirdi Iona, – qanday azob! Damo-dam Sezar ham tinmay uvlagani, uvlagan… Men uni, tentak, kuppa-kunduzi nega muncha uv tortasan? Axir hech kim o‘layotgani yo‘q-ku. O‘chir ovozingni, he, o‘z boshingni yegur, deb urishdim. Sen esa tishing og‘riyotgan tomondagi jag‘ingning ustiga tovuqning go‘ngini bos, og‘rig‘i bir pasda tinadi, qoladi.
– Iona… Iona Vasilich, – ohista so‘zladi Tatyana Mixaylovna, – bugun chorshanba, muzeyga odamlar keladigan kun. Men esa chiqolmayman. Bu azobni qarang. Endi sayohatchilarni o‘zingiz bir amallab sayr qildirasiz. Ularga hamma narsani ko‘rsating. Men sizga yordamga Dunkani hamroh qilib yuboraman.
– Ha, mayli… Har ish Xudodan. Jo‘nata qol. O‘zimiz qaraymiz, amallaymiz, asosiysi, doimgidek jomlarga ehtiyot bo‘lamiz. Har xil odam kelib ketadi-da… Kim biladi deysan, bordi-yu, qaysi birovi olib, cho‘ntagiga solib ketsa, buning hech qiyin joyi yo‘q… Shunda ularning nom-nishonini ham topolmaysan. Ammo keyin kim javob beradi? Biz, albatta. Kartinalardan qo‘rqmayman, ularni, cho‘ntakka solib, yashirib bo‘lmaydi. To‘g‘ri aytayapmanmi?
– Dunyasha siz bilan izma-iz yuradi, ortingizdan ko‘z uzmay, diqqat bilan kuzatib, ehtiyot bo‘ladi. Maboda, ular meni so‘rab qolishsa, kuzatuvchi betob bo‘lib qoldi, deb ayting.
– Xo‘p, xo‘p. Sen esa, – deya, jag‘ini ko‘rsatib, go‘ngga ishora qildi chol. – Doktorlar – ular hozir jag‘ni osongina kesib, tishni sug‘urib oladi. Bir paytlar Fedor Oreshnevskiy deganining ham jag‘ini xuddi shunday kesib, tishini sug‘urib olishuvdi, natija nima bo‘ldi, u kishi o‘lib qoldi. Bu ancha yillar ilgari bo‘lgan voqea. O‘shanda uning ham hovlisida kuchugi rosa uvlagandi.
Tatyana Mixaylovna bir ingrab, dedi:
– Boring, boraqoling, Iona Vasilich, sayohatchilarning qay birlari allaqachon kelib ham ulgurgandir…
Iona oq plakatli og‘ir chugun darchani ochib qo‘ydi, unda shunday yozuvlar bor edi:

XON QARORGOHI
MUZEY-QO‘RG‘ONChASI

Muzeyni ko‘rish chorshanba, juma va yakshanba kunlari
soat 6 dan kech 8 gacha.

Soat 6 yarimda Moskvadan shahar atrofiga qatnaydigan poyezdda sayo­hatchilarning birinchi guruhi yetib keldi. Ular yigirma kishidan iborat xushchaqchaq yoshlar edi. Sayyohlar orasida mosh rang ko‘ylak kiygan o‘smirlar hamda oq matroscha, yo‘l-yo‘l olachipor kofta kiygan boshyalang qizlar bor edi. Ular yalang oyoqlariga sandal kiyib olishgan, qay birlari urinib qolgan qora tuflilarda, yoshroqlari esa uchi to‘mtoq baland etikda edi.
Ammo, ular orasida yoshi ancha katta, qirqlarni qoralab qolgan bir odamning ham yurgani Ionani hayron qoldirdi. Agar uning “1-haqiqiy bilim yurti” degan yozuvi bor tamg‘ali qayishi bilan beliga tortib bog‘langan, tizzasini ham yopmagan och kofe rang kalta ishtoni hamda burnining ustidagi noparmonga moyil ilgichli ko‘zoynagini aytmaganda, u qip-yalang‘och edi. Uning xiyol bukchaygan yelkasini jigarrang toshma bosgan, oyoqlari esa ikki xil – o‘ng oyog‘i chapiga qaraganda yo‘g‘on bo‘lib, har ikkisida qon tomirlari bo‘rtib turibdi. Yigit-qizlar bu yalang‘och kishining poyezdda ular bilan birga kelib, qo‘rg‘oncha muzeyni tomosha qilayotganini go‘yo payqamayotgandek bo‘lsalar-da, bu holat keksa, g‘amgin Ionani hayratga solib, ajablantirdi.
Yalang‘och kimsa qizlar orasiga tushib olib, boshini qashigancha darvoza tomondan saroyga qarab kelayotgandi. Uning mo‘ylovining bir uchi buralganga o‘xshar, soqoli xuddi o‘qimishli odamlarnikidek qirtishlab olingandi. Yoshlar Ionaning atrofini o‘rab olib, qushlarga o‘xshab chug‘urlashib, tinimsiz kulayotgani cholni butunlay shoshirib, adashtirib qo‘yayozdi va u asabiylasha boshladi. Jomlar haqidagi miyasiga kelgan xayollardan tashvishlanib, qayta-qayta Dunkaga yalang‘ochni ko‘rsatib ishora qildi. Dunka esa yalang‘ochning har xil oyoqlarini ko‘rib, yonoqlari yorilib ketay deb, kulgidan o‘zini arang tutib turardi. Shu dam, bu ham yetmaganday qayoqdandir Sezar paydo bo‘lib, boshqalarni hech qanday qarshiliksiz o‘tkazib yuborib, yalang‘ochga qarab o‘zgacha irillagancha, qari ko‘ppaklarga xos qahr bilan yo‘tal aralash hura ketdi. So‘ngra ayanchli, g‘amgin tovushda uvlay boshladi.
“Tuf-ey, la’nati, – boshi gangib, darg‘azab bo‘lgan Iona chaqirilmagan mehmonga qarab xayolga toldi, – seni bu yerga qaysi shayton haydab keldi o‘zi? Sen-chi, Sezar, nega buncha uvlamasang? Mabodo kimningdir o‘limini yo‘qlayotgan bo‘lsang, shu… yalang‘och o‘la qolsin”.
Shunday qilib, Sezarning qovurg‘asiga kalitlar shodasi bilan tushirishga to‘g‘ri keldi, chunki to‘daning orqasidan izma-iz besh nafar xushxulq, yaxshi sayohatchi kelayotgan edi. Yalang‘ochni ko‘rib ularning orasidagi to‘ladan kelgan ayolning yuzi g‘azabdan qizarib ketdi. Uzun sochlari o‘rilgan o‘smir qizaloq ham u bilan birga yurardi. Yana bir chiroyli ayolning yonida novcha, soch-soqoli tarashlangan janob va tilla ko‘zoynakli, keng, yorqin rangli palto kiyib, qo‘liga hassa ushlab olgan badavlat, ajnabiy qariya ham bor edi. Sezar yalang‘ochdan so‘ng shu sayohatchilarga qarab tashlana ketdi va g‘azab ichra qari, o‘tmas ko‘zlari bilan avval ayolning yashil soyaboniga qarab, so‘ngra ajnabiy qariyaga qarab hura boshladi. Shunda keksa janobning rangi oqarib, orqaga tisarildi va hech kim tushunmaydigan ajnabiycha tilda bir nimalar deb to‘ng‘illadi.
Iona Sezarning bu qilig‘iga chidab turolmay, uni yana “siylashga” majbur bo‘ldi, bunga javoban kuchuk o‘sha zahoti hurishdan to‘xtab, g‘inshigancha ko‘zdan yo‘qoldi.

* * *

– Oyoqlaringizni poyandozga artib kiring, – dedi Iona va har gal saroyga kirayotgan chog‘idagi kabi uning yuzi jiddiy, tantanavor tus oldi. Dunkaga qarab shivirladi: “Dun, kuzatishdan chalg‘ima…” – va kiraverishdagi ayvonning oynavand eshigini og‘ir kalit bilan ochdi. Ichkarida oq marmardan ishlangan haykalchalar mehmonlarga ta’zim bajo aylab panjaradan boqib turishardi.
Ular to‘q qizil rangli gilamlar to‘shalib, oltin sim bilan tarang tortib qo‘yilgan zinapoya orqali ko‘tarila boshladilar. Yalang‘och hammadan oldinda, Ionaning yonida, yalang oyoqlari bilan momiq zina bo‘ylab mag‘rur qadam tashlab borardi.
Ustunlar orqasidagi katta, keng deraza oynasi uzra ohista tushayotgan kechki yorug‘lik yumshoq, nafis oq pardalardan ichkariga sizib turardi. Sayyohlar yuqoridagi maydonchada turib, o‘girilib, zinaning bosib o‘tilgan, o‘pirilgan joyini va oq marmar haykalchalari bo‘lgan panjarani tomosha qilishdi. Qora polotnoli portretlarni, uzilib ketay deb turgan nafis ipli o‘yma qandilni ham tomosha qilishdi. Bu payt tepadagi, go‘yo qaylargadir balandlab uchib ketayotgan amurlar – ya’ni, kamalak bilan qurollangan qanotli bola qiyofasidagi muhabbat mabudlari pushti rangga kirgan edi.
– Verochka, qara, qara, – deya shivirladi to‘ladan kelgan ona, – yaxshi davrlarda knyazlar qanday yashaganligini ko‘ryapsanmi?
Iona chetda turib, ularni kuzatmoqda edi. Uning taroshlangan, ajinli yuzida kechki sokin mag‘rurlik aks etib turardi.
Yalang‘och burnining ustidagi ko‘zoynagini to‘g‘rilab olib, atrofga tikilgancha dedi:
– Bu saroyni ham shubhasiz Rastrelli qurgan. O‘n sakkizinchi asr.
– Qanaqa Rastrelli? – dedi, sekin yo‘talgancha unga javoban Iona. – Bundan yuz ellik yil ilgari knyaz Anton Ioannovich qurgan, oxirati obod bo‘lsin, – deya og‘ir nafas oldi u. – Mana shunday, oldingi knyazning bobosining bobokaloni.
Hamma Ionaga qarab o‘girildi.
– Siz aniq bilmaysiz shekilli, – dedi unga javoban yalang‘och, – Anton Ioannovich davrida qurilgani aniq. Lekin me’mor Rastrelli emasmidi? Ikkinchidan, oxirat degan narsa yo‘q, oldingi knyazlar ham Xudoga shukurkim, endi yo‘q. Men bir narsaga hecham tushunmayapman, bu yerdagi boshqaruvchi ayolning o‘zi qani?
– Boshqaruvchi, – dedi Iona yalang‘ochga qarab nafratdan bo‘g‘ilib, – uning tishi og‘rib yotibdi, o‘layapti, balkim ertalabgacha ham bormasligi mumkin. Oxiratga keladigan bo‘lsak, siz haqsiz. Kimlar uchundir u yo‘q. Ammo, aytib qo‘yayki, jannatga ishtonsiz kirolmasligingiz tayin. Yoki noto‘g‘ri aytayapmanmi?
Yoshlar birdaniga sharaqlab kulib yuborishdi. Yalang‘och ko‘zlarini pirpiratib, labini cho‘chchaytirib oldi.
– Ammo, sizga aytsam, qarashlaringiz har holda, hozirgi davrdagiga qaraganda ancha g‘alatiroq ekan. Oxiratga ham, knyazlarga nisbatan ham… Menga negadir shunday tuyulayapti…
– Qo‘ysangiz-chi, o‘rtoq Antonov, – to‘da orasidan murosaga chorlovchi qiz bolaning ovozi yangradi.
– Semyon Ivanovich, qo‘ying endi! – degan do‘rillagan yo‘g‘on ovoz ham eshitildi.
Tomosha davom etardi. Kunbotarning so‘nggi nurlari oq tuvakdan ayvonning oynali eshiklari uzra chirmashib bo‘y cho‘zgan chirmovuqgullar to‘ri orqali ichkariga tushib turardi. Mana bu oltita o‘yma bargli oq ustunlar ustida qachonlardir bir-biriga jo‘r bo‘lgan musiqachilarning naylari yaltillab turgan. O‘sha davrda ustunlar go‘yo quvonch bilan beg‘ubor samoga ko‘tarilgan, tilla suvi yugurtirilgan yengil kursilar devor tagiga botartib tizib qo‘yilgan. Devordagi qora shamdonlar ichidagi yonib tugagan oq shamlar kechagina o‘chirilgandek edi. Tepada aylanib uchayotgan muhabbat mabudlari orasida yalang‘och ayol betizgin bulutlar uzra raqsga tushmoqda edi. Oyoq ostidagi shaxmatsimon silliq parket pol juda sirpanchiq edi. Qora hoshiyali shaxmatning ustida turgan bugungi olomon juda g‘alati ko‘rinardi. Ayniqsa, guruhdan ajralib turgan tilla ko‘zoynakli ajnabiyning ahvoli allanechuk tushunarsiz, noxush va g‘amgin edi. U ustunlar orqasiga o‘tib olib, xuddi jodulangan kabi chirmovuqgul shoxlari orasidan olis-olislarga tikilib, tomosha qilardi.
Tovushlar orasidan yalang‘ochning ovozi elas-elas quloqqa chalindi. U yaraqlab turgan parketni oyog‘i bilan aylantirib, chizib ko‘rsatib, Ionadan so‘radi:
– Parketni kim qilgan?
– Krepostnoy dehqonlar, – xushlamay javob berdi Iona, – o‘zimizning krepostnoylar.
Yalang‘och uning javobini ma’qullash o‘rniga, zaharxanda tirjaydi.
– Zo‘r ishlangan, boshqa nima ham deyish mumkin. Tekinxo‘rlarning oyog‘i uchun mana bu matohlarni yo‘nguncha xalqning yelkasi uzilgani ko‘rinib turibdi. Oneginlar… tring… bring… Ehtimol tuni bo‘yi ketini uzmay raqsga tushishgandir. Axir, qiladigan boshqa ishlari ham bo‘lmagan-da.
Shu tobda Iona: “Bu yalang‘ochning xuddi o‘lat yanglig‘ yopishib olganini qarang-a, ey, Parvardigorim, o‘zing kechir”, – deya xayolidan o‘tkazib, xo‘rsinib qo‘ydi, so‘ng boshini chayqagancha, ishida davom etdi.
Devorlar xira tortib, tilla romlar qorong‘i polotno ortida ko‘rinmay qoldi. Egniga oq mo‘ynali libos kiygan, hurpaytirilgan oppoq sochi ustidan tillaqosh taqib, surmali qoshlari va haybatli toj ostidan butun devor bo‘ylab Yekaterina II boqib turibdi. U nozik, ingizcha uchli barmoqlarini kursining tutqichi ustiga ohista qo‘yib olgan. Unga qarama-qarshi tomondagi devorda, rangli polotnoda ko‘ksiga to‘rtburchak yulduz taqib olgan yosh puchuqburun savlat to‘kib, onasiga nafrat bilan boqib turardi. Ona va o‘g‘ilning atrofida to xona shiftining naqshinkor ganchiga qadar To‘qay-Bek-O‘rda knyaginya va knyazlari o‘z qarindoshlari bilan qarab turishardi.
XVIII asr mo‘yqalam san’atiga mansub, ishtiyoq bilan chizilgan, yaltiroq, darz ketgan yoriqlari qorayib, o‘zi tovlanib turuvchi, rivoyatu afsonalar ichra vaqt o‘tishi bilan xira tortgan polotno ham bor edi. Unda qo‘lida sopiga rangli toshlar qadalgan, yarqirab turgan qilich tutgan g‘ilayko‘z, qora va vahshiy, qonxo‘r urug‘boshi, Kichik O‘rda sultoni To‘qay xon savlat to‘kib o‘tiribdi.
Ushbu devor uzra yarim ming yildan ko‘p vaqt davomida asli nasli aslzodalar, dovyurak knyazlar, xonlaru podshohlar qonidan bo‘lgan To‘qay-Beklar sulolasi jam bo‘lib, boqib turardi. Ular naslining tarixi, xotirasi xira tortgan polotnodan turli dog‘lar aro, goh jangovar zafarlar dog‘i, goho sharmandalik la’nati, goho muhabbat, goh nafrat, illat, fahsh kabi dog‘lar ichra yodga olinardi…
Bronza tagkursida bronzadan yasalgan, yashil tusga kira boshlagan ona ayol byusti turardi. Uning bosh kiyimi bronza tasma bilan iyagining tagidan boylangan, ko‘ksidagi shifri qotib qolgan cho‘zinchoq oynaga o‘xshab ketardi. O‘tkir burunli bu ayolning quruqshagan og‘zi nimagadir cho‘chchaygan. U hayoti davomida hammani hayratga solib, chegarasiz buzuq, fahsh ishlari bilan ikkita – sohibjamol go‘zal va mudhish, Messalina degan nom olib, dovrug‘ taratdi. Namchil tuman ichra shavkatli va dahshatli shaharning shimol tomonlarida bu kabi afsonalarning yoyilishiga o‘sha oq harbiycha tor shimli generalni uning birinchi muhabbati bilan bog‘langan kunlari sabab bo‘lgan edi. Uning portreti Aleksandr I bilan bir xonada, unga yonma-yon osib qo‘yilgan. Ayol undan so‘ng, uning qo‘lidan To‘qay-Bek-otaga o‘tib, so‘nggi, hozirgi knyazni tuqqan. Beva qolgach, ayniqsa, uni qip-yalang‘och holda to‘rtta kelishgan xizmatkor yigitlar hovuzda, arqon halinchakda cho‘miltirishgani va bu voqea ham shov-shuv bo‘lib, tarqab ketgani uni rosa sharmanda qildi…
Yalang‘och to‘da orasidan surib o‘tib, uning bronza bosh kiyimini tirnog‘i bilan taqqillata turib, dedi:
– Mana o‘rtoqlar, ajoyib zot. O‘n to‘qqizinchi asrning birinchi yarmida o‘tgan mashhur fohisha…
To‘la ayol uyatdan qizarib ketdi, zudlik bilan qizining qo‘lidan tutib chetga o‘tar ekan, unga qarab, dedi:
– Buning hammasini Xudo biladi… Verajon, qara, qizim, bu yoqda bobolarimizning qanday portretlari bor ekan-a…
– Nikolay Palkinning o‘ynashi, – so‘zida davom etdi yalang‘och, ko‘zoynagini to‘g‘rilar ekan, – u haqda hattoki ba’zi burjua yozuvchilari ham o‘z asarlarida yozib qoldirgan. Bu ayolning qilmishlarini aqlga sig‘dirib bo‘lmaydi. Uning atrofida ko‘ngli tusamagan, mayli bo‘lmagan birorta ham istarasi issiq yigit qolmagan… Ular ishtirokida Afina shahvoniy kechalarini uyushtirgan…
Iona labini tishlab, qiyshartirdi, xo‘rligidan xira tortgan ko‘zlariga yosh quyilib keldi va qo‘llari titray boshladi. U nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, indamadi, ikki marta chuqur xo‘rsindi xolos. Bu paytda esa sayohatchilarning barchasi katta qiziqish bilan dam ko‘p narsa biladigan yalang‘ochga, dam bronza ayolga tikilardilar. O‘ziga oro berib, bo‘yanib olgan xonim byustning atrofini aylanib chiqdi, hattoki ular orasidagi nufuzli chet ellik ham, rus tilini tushunmasa-da, yalang‘ochning orqasidan ko‘z uzmay, diqqat bilan uzoq tikilib qoldi.
Sayyohlar knyazning kabineti orqali yurib, espantonlar, palashlar, qayirma qilichlar, zirhli podshoh jangchilari, dubulg‘ali kavalergardlar, so‘nggi imperator portretlari, zambaraklar, qadimgi pilta miltiq, qilichsimon nayzalarni tomosha qilishdi. To‘qay-Beklarning katta va undan keyingi avlodlari xizmat qilgan otli kavalergardlar guruhlari aks etgan sarg‘aygan fotosuratlar, To‘qay-Beklar otxonalari, poygachi otlarning fotosuratlari, ichiga liq to‘la og‘ir kitoblar taxlangan javonlarga ko‘z yugurtirishdi.
Bor bo‘yi tekin gilamlari to‘shalgan, xontaxtalar ustiga har xil chilimlar, turli-tuman chilim naylari tizib qo‘yilgan chekish xonasidan yurib o‘tishdi. Och yashil chiroyli kimxob gilamlar bilan bezatilib, eski chiroqli qandil osilgan kichik mehmonxonani tomosha qilishdi. Hanuz palma shoxlari so‘lmagan, boylar qarorgohlarida qurilib, turli daraxt, buta va o‘simliklar bilan bezatiladigan maxsus dam olish joyigacha sayohat qilishdi. So‘ngra zarrin yaraqlab turgan oynavand shkafda havo rangda jilolanib ko‘zni quvnatuvchi sopol va chinni buyumlar terib qo‘yilgan yashil xonaga o‘tishdi. Shunda Iona idishlardan xavotirlanib, Dunkaga ko‘z qiri bilan qarab, ishora qilib qo‘ydi. Aynan shu xona devoridagi suratda oq mundir kiygan, kelishgan bir ofitser qilichiga suyanib, shukuh bilan boqib turardi. To‘ladan kelgan xonim uning boshidagi olti qirrali, yulduzli dubulg‘asiga, qo‘lqopining aylana og‘ziga, uchi tepaga qarab burab qo‘yilgan qora mo‘yloviga boqar ekan, Ionadan so‘radi:
– Bu o‘zi kim?
– Oxirgi knyaz, – xo‘rsinib javob berdi Iona, – Anton Ioannovich, ularning barchasi kavalergardlar formasini kiyishgan, Rossiya imperiyasida xizmat qilishgan.
– U hozir qayerda? Yoki vafot etganmi? – ehtirom bilan sekin so‘radi xonim.
– Nega vafot etarkan… Ular hozir chet elda. Avval boshidan chet elga jo‘nab ketishgan, – dedi yalang‘ochning yana bir qitmir gap tashlab qolishidan cho‘chib Iona.
Shu dam yalang‘och knyazning hanuz tirik ekaniga shubhalanib, og‘zini ochib, qarab turgan edi. Yoshlar to‘dasidan kimdir unga qarab gap qotdi:
– Ey, Semyon, bas, yetar, tupursang-chi hammasiga… tirik bo‘lsa ham qarib, qartayib qolgandir…
Yalang‘och churq etmay qoldi.
– Qanday qilib? Ular tirikmi? – taajjublandi yana bir xonim. – Axir bu juda ajoyib-ku!.. Uning bolalari ham bordir?
– Bolasi yo‘q, – ma’yus javob berdi Iona, – Xudo unga farzand nasib qilmagan… Ha. Ularning kenja ukasi Pavel Ioannovich esa, urushda halok bo‘lgan, nemislar bilan jang qilgan… U shu… imperatorning otliq gvardiyasi polkida xizmat qilgan. O‘zi bu yerlik emas, o‘sha paytdagi Samara guberniyasidan edi…
– Ajoyib qariya… – deya zavq bilan shivirladi kimdir.
– Uning o‘ziga bir muzey kerak, – to‘ng‘illadi yalang‘och.
Sayyohlar xon yotog‘i joylashgan shatyorning yoniga kelishdi. Tepadan tortilgan pushtirang yulduzli ipak mato devor bo‘ylab to‘lqinsimon yoyilgan. Devordagi pushtirang gilam har qanday tovushni pasaytirib, yutadi. Xuddi shu rangdagi nafis to‘rparda ortida ikki kishilik o‘ymakor krovat turibdi. Unda xuddi yaqin orada, balki shu oqshom ikki vujud uxlab, turgandek. Bunda go‘yo hamma narsa uyg‘oq, kumushrang barg shaklidagi romli ko‘zgu ham, stol ustidagi suyak jildli albom ham, rassomlar dastgohida turgan so‘nggi knyaz ayoli – yosh knyaginyaning portreti ham, pushtirang libosdagi knyaginyaning portreti ham go‘yo tiriklik ichra nafas olardi. Tarashlangan shishali chiroq, yorqin rangli romlardagi varaqlar, to‘shak uzra tashlab qo‘yilgan yostiqlar ham jonli tuyulardi… Iona shu kunga qadar sayohatchilarni qariyb uch yuzinchi marta To‘qay-Beklar yotog‘iga boshlab kelar ekan, har gal bundagi gilamlar ustida odimlayotgan begona qadamlardan, yotoq uzra to‘shakni bamaylixotir tomosha qilayotgan begona nigohlardan g‘ururi toptalar, noqulaylikdan ranj-alamda yuragi achishar, dili og‘rir edi. Sharmandalik. Ammo bugun ular orasida yalang‘ochning borligi dilini yanayam og‘ritar, kun bo‘yi ko‘nglini g‘ash qilayotgan noxushlik ta’sirida yuragi allanechuk zirqirayotganini tushunib ham bo‘lmasdi… Shuning uchun muzey tomoshasi yakuniga yetkach, Iona yengil nafas oldi. Chaqirilmagan mehmonlarni bilyardxonadan o‘tkazib, yo‘lakka, undan ikkinchi sharqiy zinapoya orqali yon tarafdagi ayvonga va nihoyat u yoqdan tashqariga chiqarib, kuzatib yubordi.
Qariya muzeyga kelganlarning bir to‘da bo‘lib zildek eshik orqali chiqib ketishganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi va Dunka ular ortidan eshikni yopib, qulflab qo‘ydi.

* * *

Qorong‘i tushdi. Yon atrofdan kechgi ovozlar tarala boshladi. Qaylardadir, Oreshnev orqasida cho‘ponlar sigirlarni haydab, nay chala boshladilar, chakalakzorlar ortidan qo‘ng‘iroqlarning yoqimli jarangi eshitilardi. Kechasi uzoqdan, qizil armiya lageridagi o‘quv mashqlaridan bir necha bor otishma ovozi keldi.
Iona belidagi kamariga osib qo‘ygan kalitlarni jaranglatib, saroyga chiquvchi shag‘al yo‘lak bo‘ylab odimlab borardi. Qariya har doim bir yo‘sinda, muzeyga sayohatchilar kelib ketishgach, ehtiyotkorlik yuzasidan saroyga qaytib kelib, yolg‘izlikda o‘ziga o‘zi gapirgancha, bu yerdagi har bir narsani diqqat bilan ko‘zdan kechirib, nazorat qilib chiqardi. Shundan so‘nggina u xotirjam dam olar va shomgacha qorovulxonasiga kiraverishdagi eshikning oldida o‘tirib, chekib, keksalarga xos turli-tuman narsalar haqida o‘y surardi.
Buning uchun bugun ham juda qulay, kechki payt yorug‘ va iliq bo‘ldi, ammo aksiga olib, Ionaning ko‘ngli negadir behuzur edi. To‘g‘rirog‘i, o‘sha yalang‘och asabini tarang qilib, jig‘iga tegib ketdi. Iona nimalarnidir g‘o‘ldirab, ayvonga chiqdi, xo‘mraygancha atrofga nazar soldi, kalitlarni shaqirlatib, ichkariga qaytib kirdi. Gilam bo‘ylab ohista qadam tashlab, zina orqali tepaga ko‘tarildi.
Raqs zaliga kiraverishda birdan to‘xtab qoldi va qo‘rqqanidan rangi oqarib ketdi.
Saroyda allaqanday qadam tovushlari eshitilib turardi. Tovush bilyardxona tomondan kelayotgandi. Bir nafasdan so‘ng palmali dam olish xonasi tomonga o‘tib so‘ndi. Shu payt go‘yo cholning yuragi birdan urishdan to‘xtab, nazarida xuddi joni chiqib ketayozgandek tuyuldi. So‘ngra uning yuragi asta-sekin yana qadamlari izidan ketma-ket, tez-tez ura boshladi. Kimdir Ionaga tomon yurib kelardi, ha, aynan shunday, bunga qariyaning hech qanday shubhasi qolmadi. Mana, og‘ir qadamlar parketni g‘ijirlatib, u turgan xonaga yaqinlashdi.
“Bular o‘g‘rilar! – cholning xayolidan o‘tdi. – Mana, o‘zim sezgan edim-a… falokat”. Ionaning butun vujudini titroq bosib, nafas olishi qiyinlashdi, qo‘rquv ichra nima qilishini bilmay atrofga alanglab boqardi. Qayoqqa qarab qochsa ekan, yoki dodu faryod solib, odamlarni chaqirsinmikin? Falokat…
Shunda nogoh katta zal eshigining oldida turgan, kulrang paltodagi bir odamga ko‘zi tushib qoldi. U bugungi sayohatchilar ichidagi tilla ko‘zoynakli chet ellikka o‘xshab ketardi. U ham bexosdan Ionani ko‘rib, qo‘rqqanidan cho‘chib, orqasiga tisarildi va shu zahoti zudlik bilan o‘zini o‘nglab oldi-da, xavotir ichra beixtiyor po‘pisa qilgan kabi Ionaga barmog‘i bilan ishora qildi
– Janob, bu nimasi, bu yerda nima qilayapsiz?  – Iona dahshat ichra unga qarab to‘ng‘illadi. Cholning oyoq, qo‘llarini titroq bosib turardi. – Bu yerda, bunaqasi mumkin emas. Ey, Xudoyim, siz o‘zi bu yerda qanday qilib qolib ketdingiz?.. – Ionaning nafasi ichiga tushib, qotib qoldi.
Chet ellik bir muddat Ionaning ko‘zlariga diqqat bilan tikilib turdi-da, so‘ng ohista uning yaqiniga kelib, rus tilida dedi:
– Iona, tinchlan, o‘zingni bosib ol! Bir nafas jim bo‘lsang-chi. Sen bunda bir o‘zingmisan?
– O‘zimman… – es-hushini yig‘ib olishga harakat qilib javob qildi Iona. – Yo, Parvardigorim, siz nega so‘rayapsiz?
Xavotir ichra unga boqib turgan chet ellik, Iona kelgan tarafdan tepaga, vestibyul tomonga nigoh tashladi. Ionaning ortida hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, o‘ng qo‘lini orqa cho‘ntagidan chiqarib, endi baland ovozda chuchuk talaffuz bilan so‘zlay boshladi:
– Iona, tanimading-a? Ajabo… agar sen meni tanimas ekansan, bunisi juda achinarli.
Uning jarangdor ovozi Ionani naq jonidan judo qilayozdi, qariya oyog‘ida tik turolmay, tizzasi bukilib, barmoqlari muzlab qoldi va qo‘lidagi kalitlarning shodasi polga tushib ketdi.
– Yo, Parvardigorim! Anton Ioannovich, hazrati oliylari! Yo, ajabo, tushimmi, o‘ngimmi? Axir bu qanday sir bo‘ldi?
Cholning ko‘ziga yosh quyilib keldi va ko‘z o‘ngida zal xira tortib, qarshisidagi odamning tilla ko‘zoynaklari jimirlab o‘ynay boshladi. Ko‘zoynak ortidan esa unga tanish bo‘lgan, yonib turuvchi g‘ilay ko‘zlar boqib turardi. Ionaning nafasi bo‘g‘ziga tiqilib qoldi, xo‘rsinib, hiqillab yig‘lar ekan, uning qo‘lqopi, galstugiga ko‘zyosh to‘kib, titrayotgan boshi knyazning dag‘al soqoliga tegib ketdi.
– Iona, tinchlan, Xudo haqqi, o‘zingni bos, – deya g‘udurladi unga rahmi kelib va xavotirdan aftini bujmaytirib, – axir kimdir eshitib qolishi mumkin…
– Yo, hazratim, yo tavba… – deya, Iona titrab, shivirlar ekan, – ha, aytgancha, qanday qilib… siz qanday qilib bu yerga kelib qoldingiz? Xovotir olmang, bu yerda mendan boshqa hech kim yo‘q, bir o‘zimman, – dedi.
– Juda soz, qani unda kalitni qo‘lingga ol, u yoqqa, kabinetga boramiz!
Knyaz qayrilib, zalvorli qadam tashlab galeriya orqali kabinetga kirdi. Jonsarak Iona, esankiragancha polda yotgan kalitni olib, uning ortidan ergashdi. Knyaz qariyaga tikila turib, boshidan kulrang parli shlyapasini yechib, stolning ustiga tashladi va unga:
– Iona, bu yerga kel, kresloga o‘tir! – dedi. So‘ngra yuzini bujmaytirgancha yonidagi boshqa kresloning suyanchig‘idan “Kresloga o‘tirish mumkin emas” degan yozuvli qog‘ozni surib, tushirib yubordi va Ionaning ro‘parasida, unga yuzma-yuz qarab o‘tirdi. Mayin teri qoplamali kreslo uzra kelib joylashgan og‘ir gavdaning bosimidan aylana stol ustida turgan chiroq mungli pirpirab qo‘ydi.
Bo‘layotgan voqealardan Ionaning boshi gangib qolgan edi. Xuddi qop ichidan chiqib, telba-teskari har tomonga tum-taraqay qochib ketgan quyonlar kabi uning es-hushi ham har yonga tarqab ketdi.
– Eh, seni qara-yu, Iona, munchalar shalvirab, munkillab qolibsan, – hayajon ichra so‘zladi knyaz. – Ammo men seni tirik ko‘rib turganimdan juda baxtiyorman. Negadir endi boshqa ko‘rolmasam kerak, deb umidimni uzgan edim. Chunki seni bu yerda allaqachon halok qilishgan deb o‘ylagandim…
Knyazning bunday e’tibori, mehribonligidan Ionaning ko‘ngli buzilib, ko‘z yoshlarini ohista artib, hiqillab yig‘lay boshladi.
– Qani, yetar, bo‘ldi, bas qil…
– Qanday… qanday qilib keldingiz, hazratim? – burnini sho‘lpillatib so‘radi Iona. – Eh, men, aljirab qolgan qari chol, nega sizni tanimadim-a? Ko‘zlarim ko‘r bo‘lib qolmaydimi axir… Ammo siz, qanday qilib qaytib keldingiz, hazrati oliylari? Ko‘zoynagingiz xuddi o‘zi, ayniqsa soqo­lingiz… Siz qanday qilib kirdingizki, men buni sezmay qoldim?
To‘qay-Bek nimchasining cho‘ntagidan bir kalitni qo‘liga olib, Ionaga ko‘rsatdi.
– Xiyobon tomondan, kichik ayvon orqali kirdim, do‘stim! Anavi yaramas, ablahlarning hammasi jo‘nab ketishganidan so‘ng men yana qaytib keldim. Ko‘zoynagimni esa (knyaz uni yechdi), ko‘zoynagimni bu yerda, chegarada taqib oldim. U oddiy oynadan qilingan.
– Yo, Parvardigorim, knyaginya, knyaginya zoti oliyalari ham kelganmi?
Knyazning yuzi bir lahzada o‘zgardi.
– Knyaginya olamdan o‘tdi, – deya javob berdi u labini qimtib, – Parijda, o‘tgan yili o‘pkasi shamollab vafot etdi. Shunday qilib, o‘z qadrdon makonini qaytib ko‘rish unga nasib qilmadi, ammo bir nafas ham uni yodidan chiqarmadi, doimo qalbida intiq bir sog‘inch bilan eslab yurdi. Menga esa, mabodo seni qayta ko‘rish nasib etsa, o‘pib qo‘yishimni qattiq tayinladi. U negadir bizning qayta uchrashuvimizga ishonar edi, doim buni Xudodan iltijo qilib so‘rardi. Mana ko‘rdingmi, Xudo nasib qildi.
Knyaz o‘rnidan turib, Ionani bag‘riga bosdi va uning ho‘l yonoqlaridan o‘pib qo‘ydi. Iona ko‘z yoshlarini tiyolmay, kitoblar turgan javonga, Aleksandr I portretiga hamda derazaning bir chetida shafaq ichra so‘nayotgan kunga qarab cho‘qindi.
– Ey, Xudo, ey Xudoyim, – titragan ovozda g‘uldurandi u, – Orejnevada uning haqqiga duo qilaman.
Shu payt qayerdadir parket g‘ichirlagandek tuyuldi. Knyaz xavotirlanib u tomonga qaradi,
– Hech kim yo‘qmi?
– Yo‘q, xavotir olmang, hazratim, bizdan boshqa hech kim yo‘q. Kimdir bo‘lishi mumkin ham emas. Chunki bu yerga mendan boshqa hech kim kela olmaydi.
– Unda gapimga quloq sol, Iona. Mening vaqtim juda oz. Qiladigan ishimiz haqida gaplashib olaylik.
Ionani yana gumonli xayollar qiynay boshladi. Nimalar bo‘layapti o‘zi? Axir, mana u, xuddi o‘zi. Tirik! Keldi. Unda… Mujiklar, mujiklar-chi!.. Maydon-chi?
– Aslida, janobi oliylari, – u yalinchoq ohangda knyazga boqdi, – endi qanday qilamiz? Qo‘rg‘on-chi? Qaytaradilarmi axir?..
Knyaz Ionaning bu so‘zlariga shunday “qah-qah” otib, sharaqlab kulib yubordiki, so‘ng og‘zining bir cheti – o‘ng tomonidan tishining oqini ko‘rsatib dedi:
– Qaytaradilarmi? Nimalar deyapsan, qadrdonim!
Knyaz cho‘ntagidan og‘ir sariq portsigarini chiqardi. Undan sigaret olib chekar ekan, ovozi titrab gapirdi:
– Yo‘q, azizim Iona, endi menga hech narsani qaytarmaydilar… Nima bo‘lgani yodingdan ko‘tarilgan chog‘i… Ha, mayli, hozir buning ahamiyati yo‘q. Sen bir narsani tushunib ol, men bu yerga yashirincha, bir pasginaga keldim. Ammo sening xavotirlanishingga aslo hojat yo‘q, bu yerda nima bo‘layotganini hech kim hech qachon bilmaydi, bilolmaydi ham. Buning uchun o‘zingni qiynama. Men (knyaz so‘nayotgan shafaq bag‘ridagi o‘rmonzorga qarab qo‘ydi) avvalo, bu yerda nimalar bo‘layotganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rish uchun keldim. Menga turli xabarlar yetdi, Moskvadan saroyning xalq mulki sifatida qo‘riqlanayotganini yozishdi… Xa-a-alq mulki… (knyaz ishshayib qaradi, bu gal uning oppoq tishlari og‘zining chap tomonidan ko‘rinib turardi). Xalqniki bo‘lsa, xalqniki-da, jin ursin. Mayli, buning ahamiyati yo‘q, saroy butun turgan bo‘lsa bas. Balkim, shunday bo‘lgani ham ma’qulroqdir… Ammo, tushunmayman, eng zarur qog‘ozlar menda qolib ketgan-ku. Ular esa menga, toki bo‘ynimga qilich tiralguncha kerak bo‘ladi. Samara, Penzaga oid nomlar to‘g‘risidagi hujjatlar, hamda Pavel Ivanovichga oid qog‘ozlar. Qani, ayt-chi, mening ish kabinetimni ham tum-taraqay qilishganmi yoki joyida turibdimi? – Knyaz xavotir ichra parda tomonga qayrilib qaradi.
Ionaning birdan boshi aylanib ketdi. Ko‘z oldida go‘yo Aleksandr Ertus paydo bo‘ldi, o‘qimishli, xuddi knyazniki kabi ko‘zoynak taqib olgan. Jiddiy va e’tiborli odam. Ilm sohibi Ertus har yakshanbada Moskvadan jo‘nab ketardi. Malla rang botinkasini g‘ichirlatib, saroy bo‘ylab kezarkan, hammaga xo‘jayinlik qilib, boshqarar, bor narsani asrab-avaylashga, ehtiyot qilishga buyurar edi. Ish kabinetida kitob, qo‘lyozma va xatlarga bo‘ynigacha sho‘ng‘ib, soatlab o‘tirar edi. Iona unga quyuq choy damlab, o‘sha joyga olib kirib berardi. Ertus dudlangan cho‘chqa go‘shtli buterbrod yeb, perosini qitirlatib yozib o‘tirardi. Ba’zan Ionadan ham uning burungi hayoti haqida so‘rab, aytganlarini jilmaygancha qog‘ozga tushirar edi.
– Kabinetingiz bus-butun turibdi, – g‘o‘ldiradi Iona, – faqat, hazratim, janobi oliylari, alam qiladigan tomoni, u tamg‘alab qo‘yilgan, tamg‘alangan.
– Kim tomonidan tamg‘alangan?
– Qo‘mitadan, Ertus Aleksandr Abramovich…
– Ertus? – tili chuchuklanib, qayta so‘radi To‘qay-Bek. – Nega aynan Ertus tomonidan, bu ish unga qolibdimi?
– U qo‘mitadan, hazratim, – aybdorona javob berdi Iona, – Moskvadan. Unga bu joyni nazorat qilish buyurilgan. Shu yerda, pastda kutubxona tashkil etiladi va unda erkaklar o‘qitiladi. Shunday qilib, u bu yerda kutubxona tashkil qilayapti.
– Ha, hali shunaqami! Kutubxonami, – knyaz tishini g‘ijirlatib iljaydi, – nima bo‘pti, juda soz! Ularga mening kitoblarim yetarli, deb umid qilaman. Afsus, afsus, bilmabman-da, bilsam edi, Parijdan ham kitob jo‘natar edim. Ammo bu yerdagi kitoblar ham yetib qolsa kerak?
– Yetadi, janobi oliylari, – dedi dovdirab, bo‘g‘iq ovozda Iona, – axir har holda kitoblar o‘zimizda-ku. – Knyazning yuziga boqar ekan, Ionaning yelkasi muzlab ketdi.
To‘qay-Bek kresloga kelib o‘tirdi, iyagi ostini tirnog‘ining uchi bilan qashib, so‘ngra iyagini mushtiga tirab oldi va ajib bir alpozda, shu g‘ilay ko‘rinishida o‘z portretiga o‘xshab qoldi. Uning ko‘zlari ma’yus tortdi.
– Yetadi, degin? Juda ajoyib. Bilishimcha, sen aytayotgan o‘sha Ertusing, ancha bilimdon, iste’dodli odamga o‘xshaydi. Ha-a, kutubxona qiladi, mening kabinetimda o‘tiradi. Ammo… sen bilasanmi, Iona, mabodo ana shu Ertus kutubxona qilsa nima bo‘ladi?
Iona ko‘zlarini katta ochib, sukut ichra unga boqib turardi.
– O‘sha Ertusingni men huv anavi daraxtga osib qo‘yaman, – deya, knyaz oppoq qo‘llari bilan deraza oynasidan tashqariga qarab ishora qildi, – anavi darvozaning yonidagi daraxtga. (Iona uning qo‘llari cho‘zilgan tomonga hasrat bilan nazar tashladi.) Yo‘q, yo‘q, huv anavi o‘ngdagi panjaraga osaman. Ha, xuddi o‘shanga! Uning basharasini bir kun yo‘lga qarab osib qo‘yaman, toki yo‘ldan o‘tayotganlar kutubxona tashkil qiluvchining ahvolini ko‘rib, bir zavqlanishsin. Ertasi kuni esa uning o‘zi ham kutubxonasini ko‘rib, maza qilib quvonishi uchun yuzini bu tomonga qaratib osaman. Iona, qasam ichib aytamanki, albatta shunday qilaman, nima bo‘lganda ham, har qanday vaziyatda ham xuddi shunday qilaman. Ishonching komil bo‘lsin, o‘sha kun albatta keladi va unga juda yaqin qoldi. Xotirjam bo‘l, Ertusni qo‘lga tushirishim uchun aloqalarim yetarli…
Iona titroq ichra behol, arang nafasini rostlab oldi.
– Uning yoniga-chi, – g‘aroyib ovozda yana so‘zida davom etdi To‘qay, – bilasanmi, kimni joylaymiz? Haligi yalang‘ochni. Antonov Semyon, Semyon Antonov, – deya, uning familiyasini yodiga tushirish uchun ko‘zlarini osmonga tikdi. – To‘g‘risini aytsam, men shu o‘rtoq Antonovni dengiz tubidan bo‘lsa ham topaman, faqat u o‘sha damgacha o‘lib-netib qolmasa yoki uni Qizil maydonda boshqalar osib qo‘yishmasa bo‘lgani. Mabodo osib ulgurishgan bo‘lsa ham, uning murdasini olib kelib, shu yerga hech bo‘lmaganda bir-ikki kun albatta osib qo‘yaman. Antonov Semyon bir marta Xon saroyida mehmonnavozlik ham qilib ulgurdi, saroy hovlisida ko‘zoynak taqib, yalang‘och holda sayr qildi ham, – deya To‘qay yutindi, uning tatarlarga xos mushaklari bo‘rtib chiqdi, – nima bo‘pti, men uni yana bir marta, yalang‘och holda bu yerga olib kelaman. Ammo u amallab qo‘llarimga tirik holda tushib qolsa bo‘lgani edi, o‘, Iona!.. men Antonov Semyonni ayab o‘tirmayman. Uning murdasi bunda nafaqat ishtonsiz, yalang‘och, balki terisi shilingan holda osilib turadi! Iona! Sen uning knyaginya oliy zotlari haqida nima deganini eshitganmisan o‘zi?
Iona achchiq xo‘rsindi, keyin nafas rostlab, yuzini teskari burdi.
– Sen sadoqatli xizmatkorsan, men hayot ekanman, sening o‘sha yalang‘och bilan qanday gaplashganingni hech ham yodimdan chiqarmayman. Nahotki, o‘sha lahzada sening miyangga nima uchun uni shu paytdayoq o‘ldirmaganim haqida fikr kelmagan bo‘lsa? Ammo, Iona, sen meni ko‘p yillardan beri yaxshi bilasan-ku axir? – deya To‘qay-Bek paltosining cho‘ntagiga qo‘l soldi va undagi yaltiroq tishli dastaning uchini chiqardi. Shu dam uning og‘zining chekkasidan oqish ko‘pik chiqib turgani aniq ko‘zga tashlanib turardi, ovozi esa ohista, lekin xirillab chiqa boshladi. – Mana, ko‘rib turganingdek, o‘ldirmadim! O‘ldirmadim, Iona, o‘zimni tiyoldim. Nima uchun shunday qilganimni esa, yolg‘iz o‘zim bilaman. Chunki o‘sha paytda uni o‘ldirishim aslo mumkin emas edi, Iona. Bu o‘ta nochorlik va tuzatib bo‘lmas xato bo‘lardi, chunki o‘sha zahotiyoq meni tutib olishardi. Ammo o‘shandan beri noiloj, hech narsa qilolmadim, shuning uchun ham bu yerga keldim. Lekin, xotirjam bo‘l, Iona, biz undan ham zo‘rini amalga oshiramiz… Undam ham yaxshirog‘ini, – knyaz o‘z-o‘zicha g‘o‘ldirab, so‘ng jim bo‘lib qoldi.
Ionaning ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushib, behuzur bo‘lib o‘tirardi. Knyazning bu gaplaridan so‘ng esa uning a’zoyi badani muzlab qoldi. Shu damda uning boshi qotib, miyasida uzuq-yuluq allanimalardan tashqari hech qanday o‘y-xayol qolmadi. Kunbotar payti xonaga qorong‘i tusha boshladi. To‘qay qo‘lini cho‘ntagiga solib, yuzini burishtirib, o‘rnidan turdi va soatiga qaradi.
– Iona, quloq sol, vaqt bo‘ldi. Shoshilishimiz kerak. Kechasi men qaytib ketaman. Endi ishimizni bajaraylik. Birinchidan, mana bunday qilamiz,  – dedi knyaz va uning qo‘lida hamyon paydo bo‘ldi, – manavilarni olib qo‘y, sadoqatli qadrdonim Iona, bu senga! Bundan ortiq berolmayman, hozir o‘zimning ham ahvolim tangroq.
– Hech ham kerak emas, olmayman, – uning qo‘lini siltab, o‘ksik ohangda g‘o‘ldiradi Iona.
– Ol! – dedi To‘qay qat’iy ohangda va uning o‘zi qo‘lidagi oq qog‘ozlarni Ionaning matroscha kurtkasining cho‘ntagiga tiqib qo‘ydi. Chol yig‘lamsirab xo‘rsindi.
– Faqat ehtiyot bo‘l, bu yerda almashtirma, qaydan olibdi, deb xiralik qilib qolishmasin. Xo‘sh, ana endi ruxsating bilan asosiy masalaga o‘tamiz. Menga poyezd kelgunicha, Iona Vasilevich, saroyda bo‘lishimga ijozat berasan. Kechasi soat ikkida Moskvaga jo‘nab ketaman. Ungacha kabinetimda ba’zi bir qog‘ozlarimni tartibga keltirib olishim kerak.
– Hazratim, kabinetingiz muhrlab qo‘yilgan, – dedi hasrat bilan Iona.
To‘qay eshikning oldiga keldi va pardani surib, bir siltab surguchlangan muhrni ipi bilan yulib oldi. Iona uning bu harakatidan hayratda qotib qoldi.
– Bema’nilik, – dedi To‘qay, – asosiysi, sen qo‘rqma! Aslo qo‘rqma, do‘stim! Men shunday bir ish qilayki, seni ishontirib aytaman, sening bezovta bo‘lishingga, hatto biror narsaga javob berishingga sira hojat qolmaydi. So‘zlarimga ishonasanmi?.. Unday bo‘lsa, kelishdik.

* * *

Yarim tun mahali. Qorovulxonada o‘tirgan Ionani uyqu eltdi. Hujrada darmoni qurib, toliqqan Tatyana Mixaylovna Mumka bilan uxlab yotishardi. Saroy tinch, jimjitlik ichra, oppoq oy nurida mudroqda edi…
Qora pardalar bilan o‘ralgan ish kabinetida, ochiq yozuv stoli ustida yonib turgan kerosin chiroq polda, kursi va qizil movut ustida to‘planib turgan qog‘ozlarni nim yashil tusda yoritib turardi. Yondagi ikki qavat pardalar osilgan katta, keng xonada ulkan shamdonlarda shamlar yonib turar, ularning nafis zarrin uchqunlari uzra javonning qatlari tovlanib, devordagi yaltirbosh Aleksandr I go‘yo jonlanib, mayin jilmayib boqib turardi.
Ish kabinetida, yozuv stoli yonida egnida oddiy, fuqarocha ko‘ylak, boshiga ofitserlar bosh kiyimini kiyib olgan bir odam o‘tiribdi. Go‘yo uning dubulg‘asining xira tortgan metall yulduzi uzra bir burgut g‘olibona charx urardi. U kishining oldida, qog‘oz uyumi ustida qalin bir daftar yotibdi. Uning ilk sahifasi boshida mayda dastxat bilan quyidagi so‘zlar yozilgan:

ALEKS. ERTUS
XON QARORGOHI TARIXI

sahifaning tagida:

1922–1923.

To‘qay mushtlarini yonoqlariga tirab, xira tortgan nigohlarini daftardan uzmay, qora rangli satrlarga tikdi. Atrofda esa jim jitlik hukm surardi. Shunda To‘qay daqiqalar soatlarni to‘xtovsiz yemirib, yaqinlashib kelayotganiga quloq tutdi. Knyaz shu alpozda yigirma daqiqa, yarim soat qimirlamay o‘tirdi.
Bir payt, kutilmaganda parda ortidan cho‘zib uvlagan g‘amg‘in faryod eshitildi. Knyaz birdan hushyor tortdi, kursini g‘ijirlatib o‘rnidan turdi.
– O‘-o‘, la’nati it, – deya to‘ng‘illadi va hashamdor bezatilgan xonaga kirib bordi. Shkafning xira tortgan ko‘zgusidan gvardiyachi og‘ir kavaler polkining yaltiroq bosh bir ofitseri knyazga peshvoz chiqib kela boshladi. Oynaga yaqin kelgach, To‘qay unga birpas tikilib turdi va rangi oqarib ketdi, so‘ng achchiq zaharxanda qilib:
– Tfu, hushingdan ayrilib qolishing hech gap emas, – deya o‘ziga o‘zi pichirlab qo‘ydi.
U boshidan dubulg‘asini yechib qo‘liga oldi, chakkasini artib, ko‘zguga boqar ekan, bir nafas o‘ylanib qoldi va birdaniga qo‘lidagi dubulg‘ani yerga shunday g‘azab bilan urdiki, zarbdan xona larzaga keldi. Shkafning oynasi ham mungli g‘ijirlab qo‘ydi. To‘qay shundan so‘ng egilib, dubulg‘ani oyog‘i bilan burchakka qarab tepib yubordi va dam ko‘zguga, dam ortga qarab yura boshladi. U yolg‘izlikda o‘ta muhim, xatarli xayollar iskanjasida butkul qarib-qartayib, shilvirab qolgan, o‘z-o‘zicha g‘o‘ldirab, labini tishlagancha:
– Bunday bo‘lishi mumkin emas. Yo‘q… yo‘q… yo‘q… –  deya so‘zlanardi.
Parket g‘ichirlab ketdi, shamlarning olovi qiyalab, pirpiray boshladi. Shkaf yuzida oqarib qalqib turgan odamlar aksi goh paydo bo‘lar, goh ko‘zdan yo‘qolardi. To‘qay tevarak bo‘ylab keskin bir aylanib, burilib olib, devorning oldiga keldi va unga razm sola boshladi. Cho‘zinchoq fotosuratda tig‘iz amfiteatrda ba’zilari tik, ba’zilari o‘tirgan holda boshlarida burguti bor odamlar abadiy muzlab, qotib qolgandi. Suratdagilarning oq qo‘lqoplarining kengaygan og‘zi, uzun qilichlarning og‘ir sopi ko‘zga tashlanib turardi. Haybatli guruhning qoq markazida ko‘rimsiz, sovuq, soqol-mo‘ylovli, polk vrachiga o‘xshash bir kishi o‘tirardi. Ammo bundagi barcha, o‘tirgan va tik turgan kavaleriya polki askarlarining hammasi temir dubulg‘a ostida qotib qolgan kichik jussali bir odamga qarab turishardi.
Kichkina odam zo‘riqqan va toliqqan oq gvardiyachi polk askarlariga xuddi ular to‘g‘risida bronzaga yozilgan bitikdagi kabi bosim o‘tkazgani sezilib turardi. Undagi har bir so‘z bosh harflar bilan yozilgan edi. To‘qay jikkakkina o‘sha odamdan ikki qator narida o‘tirgan o‘zining suratini tomosha qildi.
– Bo‘lishi mumkin emas, – dedi baland ovozda To‘qay, go‘yo ko‘plab hamsuhbatlarini guvohlikka chorlagan kabi mahobatli xonaga ko‘z yugurtirarkan, – Bu tush. – Yana o‘zi haqida shivirlab, poyma-poy gapida davom etdi: – Biri, ikkisidan biri, yoki bunisi o‘lgan… unisi-chi… u… bu… tirik… yoki men… tushunmadim…
To‘qay sochini siladi, ortiga qaytib, shkaf tomonga ketayotganida o‘z aksiga ko‘zi tusharkan, beixtiyor “Men keksayib qoldim”, deya xayolidan o‘tkazdi. Va yana quyidagi so‘zlar g‘o‘ldirab tiliga ko‘chdi:
– Meni tiriklayin, tirikligimcha qonimni toptab, badnom qilishdi, murda kabi butun borliq ichra bosib, yanchib tashlashdi. Balkim men haqiqatdan ham o‘lgandirman? Bu mening soyamdir balki? Ammo men tirikman-ku, yashayapman-ku, – deya To‘qay Aleksandr I ga savol nazari bilan qaradi, – men hamma narsani his qilayapman, sezaman. Og‘riqni ham aniq sezaman, ammo hammasidan ko‘ra qahru g‘azabni ko‘proq his qilaman.  – Shu payt To‘qayning nazarida qorong‘i zal ichra xuddi yalang‘och o‘tib ketgandek tuyuldi, nafratining sovuq titrog‘i uning a’zoyi badanidan o‘tib ketdi. – Men uni otib tashlamaganimga afsus qilaman. Ming afsus, – deya, ko‘nglidan o‘tkazib, nafrati qaynab, tili quruqshab qoldi.
U yana ortiga qaytib, so‘zsiz, sukunat ichra deraza oldiga bordi va yana orqaga qaytdi. Har dam suratni qo‘liga olib, devor tomonga burib, guruhni ko‘zdan kechirardi. Chorak soat vaqt xuddi shu tarzda o‘tdi. Shundan so‘ng To‘qay birdan turgan joyida to‘xtadi, sochini silar ekan, qo‘lini cho‘ntagiga solib, soatining vaqt o‘tayotganini tovush bilan bildiruvchi tugmachasini bosdi. Soati cho‘ntagida o‘n ikki marta sirli va ohista bong urdi, bir nafas turib boshqa ohangda chorak daqiqa va yana bir fursat to‘xtamdan so‘ng uch daqiqa.
– Ey, Parvardigorim, – deya, shoshilgancha shivirladi To‘qay. U atrofga olazarak boqar ekan, avval stol ustidan ko‘zoynagini olib ko‘ziga taqib oldi. Ammo ko‘zoynak endi knyazni o‘zgartirmadi. Uning ko‘zlari polotnodan boqib turgan Xonnikiga o‘xshab qiyshaydi va unda chorasizlikdan yetilgan, mushkul o‘y-xayollarining oqargan uchquni paydo bo‘ldi. To‘qay paltosi bilan shlyapasini kiyib oldi va ish kabinetiga qaytib kirdi. Kreslo ustida qolgan bir dasta muhrlangan pergamentli va qog‘oz hujjatlarni ehtiyot qilib qo‘liga oldi, ularni bir amallab buklab, paltosining cho‘ntagiga tiqdi. So‘ngra yozuv stoli atrofida o‘tirib, so‘nggi marta qog‘oz uyumlariga ko‘z tashladi, lunjini qiyshaytirib, qat’iyatli g‘ilay ko‘zlari bilan ishga kirishdi. Paltosining keng yengini shimarib, ishni avval Ertusning qo‘lyozmasidan boshladi. Daftarning birinchi sahifasini yana qayta boshdan o‘qir ekan, nafrat bilan tishining oqini ko‘rsatib, uni qo‘llari bilan yirta boshladi. G‘azabidan qirsillatib tirnog‘ini ham sindirdi.
– O‘, sen… qora o‘lat! – deya, knyaz bo‘g‘iq ovozda xirilladi va barmoqlarini ishqalab, ehtiyotkorlik bilan ishida davom etdi. Yana bir qancha varaqlarni yirtib, oxiri daftarning hammasini maydalab tashladi. Yozuv stoli, kresloning usti qog‘oz uyumiga to‘lib ketdi va boshqa qog‘ozlarni ham bog‘lami bilan javon ichidan chiqarib tashladi… So‘ng devor yuzidan qirolicha kanizaklarining chog‘roq portretini yulib oldi va uning romini oyog‘i bilan tepib, mayda bo‘laklarga bo‘lib sindirdi. Ularni ham yozuv stolidagi qog‘oz uyumining ustiga tashladi va burchakka, portret tagiga qarab surdi. Chiroqni olib, mehmonxonaga chiqib ketdi, u yerdan qo‘liga katta bir shamdonni tutib kirib keldi va uch joyda turgan qog‘oz uyumiga sekingina o‘t qo‘ydi. Birpasdan so‘ng qog‘ozlar bog‘lami orasidan halqa-halqa bo‘lib tutun o‘rlay boshladi. Kutilmaganda birdan lopillagan yorug‘lik ichra kabinet go‘yo quvnab, jonlanib ketdi. Oradan besh daqiqalar o‘tgach esa, tutun ichra bo‘g‘ilib qoldi.
Eshik va pardani yopib qo‘ygan To‘qay, navbatdagi xonada ishini bajarmoqda edi. Aleksandr I ning portretini yondirish uchun chirsillab olov sizib kirdi va kalbosh tutunga qarab makkorona jilmayib qo‘ydi. Stol ustiga tikka qilib pala-partish uyulgan jildlar movut uzra buruqsib yonardi. Knyaz uzoqroqda kresloda o‘tirib, biroz kuzatdi. Endi uning ko‘zlariga quturgan quvnoq o‘y-xayollar va tutun ta’sirida yosh quyilib kela boshladi. U yana o‘z-o‘zicha pichirladi:
– Hech narsa ortga qaytmaydi. Hammasi tugadi. Aldov – bir pullik narsa. Mana shunday qilib biz hammasini o‘zimiz bilan olib ketamiz. Ko‘rdingmi, qadrdon do‘stim Ertus.
…Knyaz ohista xonadan xonaga o‘tar ekan, kulrang tutun uning ortidan ergashdi. Raqs zali olovli o‘yin ichra yonmoqda edi. Ichkarida, parda ortida olovning soyasi goh yugurgilab, goh larzon urib turardi.
Pushti rang chodirda knyaz chiroqning yongichini bo‘shatib, kerosinni to‘shak ustiga quydi, birpasda uning dog‘i yoyilib, kerosin poldagi gilamga toma boshladi. To‘qay yonayotgan chiroqni olib dog‘ ustiga irg‘itdi. Dastlab hech nima yuz bermadi, olov go‘yo bir joyga yig‘ilib, so‘ndi, ammo birozdan so‘ng to‘satdan lovullab, tepaga qarab o‘rladi. To‘qay arang qochib qoldi. Lovullab yonayotgan olov bir daqiqadan so‘ng shohi pardani butkul zabt etib, birdaniga chodirni yoritib yubordi.
– Mana endi hammasi joyiga tushdi, – dedi To‘qay va o‘zi shoshila ketdi.
U hanuz palma shoxlari so‘lmagan, keng, muhtasham dam olish joyidan o‘tib, bilyardxona orqali qorong‘i yo‘lakka kirdi, so‘ng aylana zina bo‘ylab dupurlab qadam tashlab, zulmatga cho‘mgan pastki qavatga tushdi. Dam o‘tib oyning ko‘lankasi yoritib turgan sharq tomondagi ayvon eshigi oldida paydo bo‘ldi va uni ochib xiyobonga chiqib oldi. Shu payt qorovulxonadan Ionaning hayqirgan faryodini hamda Sezarning uvlashini eshitmaslik uchun yelkasini qisib, boshini ichkariga tortib oldi va hech qachon yodidan chiqmaydigan maxfiy yo‘l orqali tun zulmati ichra g‘oyib bo‘ldi…

Rus tilidan Dilorom Abdurahmon tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 10-son