Uv-uvuuu-uv! Men sho‘rlikka bir razm solinglar, o‘lyapman, axir. Tashqarida o‘kirayotgan bo‘ron bamisoli janozamni o‘qiyapti, men ham bo‘ronga qo‘shilib uv tortyapman. Sho‘rginam qursin, sho‘rginam… Xalq Xo‘jaligi Markaziy Kengashining oddiy ishchilar oshxonasida isqirt qalpoqli bir ablah oshpaz ustimga qaynoq suv to‘kib, chap biqinimni pishirdi-qo‘ydi. Voy la’nati-ey, yana proletariy! Voy jonim-ey, biram og‘riyaptiki!.. Suyaklarimgacha sirqiratib yubordi. Endi yotib uv tortyapman. Faqat uv tortganing bilan darding yengillashsa qani ediya…
Nima, men uning arpasini xom o‘ribmanmi? Tovba! O‘sha axlatxonasini ozgina titkilaganim bilan Xalq Xo‘jaligi Kengashining jami ozuqasini yamlab yuborarmidim? Ochofat maxluq! Siz fursat topib uning afti-angoriga bir razm solinga: basharasi moy surilgandek yalt-yult qiladi. Qip-qizil o‘g‘ri. Eh odamlar, odamlar…
«Qalpoq» meni peshinda qaynoq suv bilan mehmon qilgandi, hozir esa qorong‘i tushgan, Prechistenka o‘t o‘chirish komandasi qarorgohidan qovurilgan piyoz hidi kelayotganiga qaraganda, oradan yana to‘rt soatlar chamasi o‘tgan. O‘zingizga yaxshi ma’lumki, o‘t o‘chiruvchilar bo‘tqa iste’mol qilishadi. Ular uchun bo‘tqa qo‘ziqorinday mazali taom. Lekin o‘sha prechistenkalik itlarning hikoya qilishlaricha, Neglinniydagi «Bar» restoranida go‘yoki kundalik taom sifatida portsiyasi 3 so‘m 75 tiyin turadigan qo‘ziqorinu pikan qaylasi iste’mol qilisharmish. Bu, albatta, shinavandalarning ishi, kalish yalagandek bir gap… Uvuu-uv…
Biqinim zirqirab og‘riyapti, yaqin istiqbolimni ham mutlaqo aniq sezib turibman: kuygan joylarim yaraga aylanadi. Qanday davolanaman endi? Yoz bo‘lsa ekanki, zing‘illab Sokolnikiga borsang, u yerda ajoyib, juda yaxshi bir shifobaxsh o‘t o‘sadi, undan tashqari, tekin kolbasa bo‘laklarini terib yesa bo‘ladi. Hurmatli grajdanlar yog‘li qog‘ozlarni tashlab ketishadi, ularni maza qilib yalash mumkin. U yerda anavi oy nurida o‘ltirib, «Azizim Aida»ni kuylaydigan qandaydir lo‘ttibozning yurakni ezuvchi nolasini hisobga olmasa, hammasi joyida bo‘lardi… Hozirchi, qayerga ham borasan?.. Sizning hech etik bilan orqangizga tepishganmi? Tepishgan. Qovurg‘angizga g‘isht bilan tushirishganmi? Yetarlicha tushirishgan. Hammasiga chidaganman.
Allaqachon taqdirga ham tan berganman. Agar hozir yig‘layotgan bo‘lsam, faqatgina jonim og‘riganidan, sovuqdan yig‘layapman, lekin ruhim hali tetik. Itlarning ruhiyati barqaror bo‘ladi. Mana, butun tanamning sog‘ joyi qolmagan, yara-chaqa, hammasi mehribon odamlarning sharofati. Lekin asosiysi qaynoq suv bilan pishirishganidan keyin yuz berdi: biqinimning junlari to‘kilib, shir yalang‘och bo‘lib qoldim. Endi o‘pkamni shamollatib qo‘yishim ham hech gapmas, undan ham oldin, qadrli grajdanlar, ochimdan o‘laman. O‘pkasi shamollagan it zinapoya tagidagi qalin qilib to‘shalgan burchakda jim yotishi kerak. Xo‘sh, u holda menday bo‘ydoq va oshqozoni pakillab yotgan kuchuk o‘rniga kim qorin to‘yg‘azish uchun axlatxonama-axlatxona chopadi? O‘pkam butunlay ishdan chiqqan taqdirda ham qornim bilan emaklab, obdon holdan toyib yurganimda istagan odam tayoq bilan bir urib surobimni to‘g‘rilaydi-qo‘yadi. Ko‘cha supuruvchilar esa meni oyog‘imdan ushlab, axlat ortilgan aravaga uloqtirishadi.
Ko‘cha supuruvchilar proletarlar ichidagi eng berahm, battol odamlardir. Ular eng past tabaqaga mansub. Oshpazlarning har xili uchraydi. Masalan, prechistenkalik marhum Vlas. U ozmunchamizning hayotimizni saqlab qoldimi? Har qanday bemor uchun eng muhimi – bir burdagina nimadir yeb olish. Qari itlarning gapiga qaraganda, o‘sha Vlas deganlari ba’zida suyakka qo‘shib yaxshi g‘ajilmagan go‘sht ham tashlab turarkan. Joying jannatda bo‘lgur asil inson bo‘lganda, man-man degan graf Tolstoylarning xonadonida xizmat qilgan, anavilarga o‘xshab mo‘tadil ovqatlanish kengashida emas… Ularning ovqatlanish tarmog‘ida ko‘rsatayotgan karomatlariga itning ham aqli bovar qilmaydi. Anavi ablahlar bo‘lsa, tuzlangan sassiq go‘shtdan karam sho‘rva pishirishadi, hech narsadan bexabar haligi sho‘rliklar esa yugura kelib yeb-ichib mazza qilib ketishadi.
Anovi mashinkachi to‘qqizinchi razryad bo‘yicha to‘rt yarim so‘lkavoy oladi, to‘g‘ri, uning o‘ynashi momiqqina paypoq sovg‘a qilib turadi. Lekin bitta momiq paypoq uchun qanday xo‘rliklarga chidashi kerak, chunki o‘ynashi undan oddiygina usulni emas, frantsuzcha muhabbat qoidalarini talab qiladi. Gap o‘rtamizda qolsin, o‘lguday bemaza bo‘lishadi o‘sha frantsuzlar. Lunjlari to‘la ovqatu, ustidan qizil vino ichganlariga nima deysiz.
Ha… Yugurib-elib keladi sho‘rlik mashinkachi… Axir, uning 4,5 so‘lkavoyiga «Bar»ga kirishning iloji yo‘q. Hatto kinematografga ham yetmaydi. Kinematograf esa ayollar hayotida yakkayu yagona ovunchoq. Aftini bujmaytirib, ko‘zlarini yumib-ochib turgan bo‘lsa ham, gupillatib hammasini yeb oladi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: ikki xil ovqat uchun 40 tiyin to‘lash kerak. Vaholanki, bu ovqatlar 15 tiyinga ham arzimaydi. Chunki qolgan 25 tiyinni zavxoz cho‘ntagiga uradi. Mashinkachiga shunaqa hashamatli stol kerak deysizmi? Uning o‘ng o‘pkasining yuqori qismi dardga chalingan. Yana frantsuzcha muhabbat tufayli xotinlarga taalluqli kasal ham orttirgan. Ishxonasida undan balo-battarlar uchun pul ushlab qolishadi, oshxonada esa yuvindi bilan qornini to‘yg‘azvorishadi, ana u, ana u… o‘ynashi sovg‘a qilgan paypoqchalarda yugurib ketyapti. Oyoqlari muzday, qorniga sovuq shamol kirib ketyapti, chunki ko‘ylagi mening junimga o‘xshagan, ishtoni ham ipildiriqqina, quruq to‘rlaru lentalardan tikilgan. O‘ynashining nigohi uchun. Issiq, paxmoq ishton kiyib ko‘rsinchi qani… Namuncha qo‘pol kiyinasan, deb shunaqangi baqirib beradiki! Jonimga tegdi mening matryonam paxmoq ishtonlari bilan… Endi mening davrim keldi. Endi rais bo‘ldim, qancha o‘g‘irlasam, hammasini ayol tanasiga, nozik bo‘yinlarga, Abrau-Dyurso*ga baxshida etaman. Chunki yoshligimda orzularimga yetolmay, och-nahor armon bilan o‘tganman, narigi dunyosiga esa ishonmayman.
Achinaman unga, juda achinaman! Lekin undan ham ko‘proq o‘zimga rahmim keladi. Xudbinligim tufayli aytayotganim yo‘q bu gaplarni, biz haqiqatan ham u bilan bir xil sharoitda yashamayapmiz. U hech bo‘lmasa, uyiga kirib isinadiku! Menchi, men qayoqqa boraman? Uuuu-!.».
– Kuch-kuch-kuch! Sharik, hoy, Sharik, namuncha g‘amnok uv tortmasang sen sho‘rlik? Kim seni xafa qildi? Eh…
Jodugar bo‘ron darvozalarni taraqlatib, bechora xonimning quloqlarini yalab o‘tdi. Yubkasini ko‘tarib, och sarg‘ish paypoqli tizzalarini, yaxshi yuvilmagan ich kiyimining to‘rlarini ko‘rsatib, uning so‘nggi so‘zlarini yutib, itni esa nariga surib tashladi.
«Voy xudoyim-ey. Bu qanaqa havo bo‘ldia?.. Voy… Qornim hamon burayapti. O‘sha go‘shtning asorati bu, sasigan go‘shtning… Qachon bularning oxiri bo‘larkina?»
Xonim boshini eggancha, bo‘ronga qarshi hujumga o‘tdi, darvozadan chiqib, ko‘chada izg‘irin bilan olisha-olisha, qorda toyg‘ana-toyg‘ana ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
It esa darvozaxonada yarador biqinidan azob chekkan holda muzday devorga suyangancha yolg‘iz o‘zi qoldi. Hamda bu yerdan endi aslo qo‘zg‘almaslikka, shu yerda o‘limini kutishga qat’iy qaror qildi. Tushkunlik uni shu ko‘yga solgandi. Qalbida shunchalar armon, shunchalar dard-alam, yolg‘izlik va dahshat bor ediki, hatto ko‘zlarida mayda yosh tomchilari paydo bo‘lib, pastga oqib tushar va shu zahoti qurib qolardi. Kuygan biqinida junlari suv, qor tekkani tufayli sumalak bo‘lib qotib qolgan, ular orasidan esa terining kuygani, katta-katta qizg‘ish dog‘lar yaqqol ko‘zga tashlanardi. Bu oshpaz deganlari namuncha befahm, befarosat, toshbag‘ir bo‘lmasa?! Xonim uni «Sharik» deb chaqirdimi? Qanaqasiga u Sharik bo‘lsin, axir? Sharik deganlari xo‘ppa semiz, to‘yib ovqat yegan, yum-yumaloq, tentak, suli bo‘tqasini tanovul qiluvchi, zodagon itlarning farzandi deganiku, axir! U esa junlari yulingan, tanasi shilingan, kuygan, oriq, ko‘cha-ko‘yda sang‘ib yuradigan, sayoq it bo‘lsa… Ha, mayli, shirinsuxanligi uchun ham rahmat.
Ko‘chaning narigi tomonidagi chiroqlari charaqlab yonib turgan magazinning eshigi sharaqlab ochilib, ostonada bir grajdanin ko‘rindi. «Ha-ha, o‘rtoq emas, grajdanin, to‘g‘rirog‘i – janob. Janob deyilsa, haqiqatga yaqinroq va aniqroq bo‘ladi. Paltosiga qarab, shunday deyapti deb o‘ylayapsizmi? Xato qilasiz! Hozir proletarlarning ko‘pchiligi palto kiyadi. To‘g‘ri, yoqasi bunikiday emas, albatta, bunaqasi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas, lekin uzoqdan adashtirish mumkin. Ammo ko‘zlar… Bu shunday narsaki, uzoqdan ham, yaqindan ham o‘zgarmaydi, adashtira olmaysan. Xuddi barometrga o‘xshaydi ular. Ko‘zga qarab, odamning qalbida nimalar kechayotganini bilish mumkin, hammasini payqasa bo‘ladi: kimning qalbi Sahroyi Kabir singari bo‘m-bo‘sh, kimdir hech nimadan hech nima yo‘q etigi bilan qovurg‘angga nuqib qoladi, ba’zi birovlar esa o‘zlaridan-o‘zlari «pirr» etgan narsadan qo‘rqib yurishadi. Mana shu oxirgi landovurning «xap» etib boldiridan tishlab olish juda maroqli bo‘ladida. Qo‘rqasanmi, ol oladiganingni! Qo‘rqsang, demak, narxing shu… r-r-r-vov-vov…
Janob dadil qadamlar bilan simyog‘och bo‘yi baravar bo‘ron ko‘tarilayotgan ko‘chani kesib o‘tib, darvozaxona tomon yo‘naldi. Ha-ha, hammasi ko‘rinib turibdi. Bu janob sasigan go‘sht yemaydi, mabodo, biron joyda shunday go‘sht taklif qilingan taqdirda ham shunaqangi janjal ko‘targan bo‘lardiki… Keyin esa gazetaga yozardi: meni, Filipp Filippovichni, zaharlamoqchi bo‘lishdi.
Mana, u tobora yaqinlashib kelyapti. Bu to‘yib ovqat yeydi, o‘g‘irlik qilmaydi, hech kimni tepmaydi, lekin o‘zi ham hech kimdan qo‘rqmaydi. Nima uchun qo‘rqmaydi? Chunki hamisha to‘q. U aqliy mehnat odami, yumshoq, oppoq, frantsuz ritsarlari kabi cho‘qqi soqol va mo‘ylov qo‘ygan janob. Sigarasi ham bor. Ammo undan yoqimsiz kasalxona va sigareta hidi anqib turibdi.
Nima jin urib, u Markaziy Xo‘jalik kooperativida adashib yurgan ekan? Mana, u yonginamda… Nima qidiryapti o‘zi?.. – Uuuu… Shu ipirisqi do‘konchadan nima xarid qilishi mumkin? Nahotki, ovchilik bozori unga kamlik qilgan bo‘lsa? Nima-nima? Kolbasa. Janob, siz bu kolbasaning nimadan tayyorlanganligini bilganingizda edi, do‘konchaning yaqiniga ham yo‘lamagan bo‘lardingiz. Uni menga berganingiz ma’qul».
It so‘nggi kuchini to‘pladida, darvozaxonadan yo‘lakka qarab sudralib ketdi. O‘q ovoziday guvillab avjiga chiqayotgan bo‘ron «Yosharish mumkinmi?» degan plakatning katta-katta harflarini uchirib yurardi.
«Albatta, mumkin. Mana, meni hid yoshartirdi, oyoqqa turg‘azdi, ikki kundan beri hech vaqo tushmagan oshqozonim borligini yodimga soldi, kasalxona hidini ham yutib yuborayotgan antiqa hid, pishirilgan ot go‘shti, sarimsoq va murchning jannatbaxsh hidi… Sezib turibman, yo‘q, aniq bilaman, po‘stinining o‘ng cho‘ntagida kolbasa bor. Mana u, shundoq burnim ustida. O, hazratim! Menga bir nazar sol. Men o‘lyapman, axir! Qismatimiz qursin, qullar qismati!»
It ko‘zlaridan shashqator yosh oqizgancha kaltakesakka o‘xshab qorni bilan emaklab ketdi. Oshpazning nimalar qilganini bir ko‘ringa! Lekin siz bir tishlam ham bermaysiz. Boyvachcha odamlar tabiatini juda yaxshi bilaman, axir! Lekin, aslida, sizga nima keragi bor sasigan ot go‘shtining? Bunaqa zaharni Mosselpromdan boshqa hech qayerdan topa olmaysiz. Siz esa bugun ertalab nonushta qilgansiz, erkaklik pushtingiz tufayli siz jahonshumul ahamiyatga molik odamsiz. Uuuu… bu yorug‘ jahonda nimalar bo‘lyapti o‘zi? Ko‘rinib turibdi, hali o‘lishimga ancha bor, ruhan taslim bo‘lish esa – g‘irt gunoh. Qo‘lini yalash kerak, boshqa iloj yo‘q.
Turgan-bitgani jumboqdan iborat janob esa itga engashdi, ko‘zlarini yaltillatgancha, o‘ng cho‘ntagidan uzungina oq o‘ram oldi. Jigarrang qo‘lqopchalarini yechmagan holda qog‘oz o‘ramni ochdi, uni shu zahoti shamol uchirib ketdi, so‘ngra Krakov kolbasasidan bir bo‘lak sindirdi. Nahotki, shu bo‘lak it uchun bo‘lsa? «O, marhamatli janob! Uuu!»
– Husht-husht, – hushtak chaldi janob, keyin jiddiy ovozda qo‘shimcha qildi: – Olaqol! Sharik, Sharik!
«Yana Sharik! Peshonamga shu nom yozilgan ekan, shekilli… E, mayli, nima desangiz deyavering, bunday marhamatingiz uchun nima deb atasangiz ham roziman».
It bir zumdayoq kolbasaning po‘stini artdida, inqillay-sinqillay bir yamlashdayoq yeb tashladi. Qor aralash bir bo‘lak kolbasa tomog‘iga tiqilishiga sal qoldi, chunki ochko‘zlik qilib, ipini ham yutib yuborayozgandi. «Qo‘llaringizni qayta-qayta yalashga, hatto ishtoningizni ham o‘pishga tayyorman, xaloskorim!»
– Hozircha yetadi.
Janob xuddi harbiy odamlarga o‘xshab qisqa-qisqa gapirardi. U Sharik ustiga engashib, sinovchan nigohda itning ko‘zlariga tikildi, kutilmaganda mehribonlik bilan Sharikning qornini silab qo‘ydi.
– Hmm, – dedi u sirli ohangda, – bo‘yunturug‘i yo‘q, juda soz, menga aynan sen kerak edingda, oshna. Qani, men bilan yurchi, – u barmoqlarini qarsillatdi. – Fit-fit!
«Siz bilan?! E, siz bilan dunyoning narigi chekkasiga ham boraveraman. Oyog‘ingizdagi charm botinkangiz bilan tepsangiz ham miq etgan nomard».
Chiroqlar butun Prechistenkani sutday nurafshon etgan. Biqini uzluksiz og‘rishiga qaramay, Sharik po‘stin kiygan olijanob bu kishini yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqib, undan bir qadam ham orqada qolmaslikka intilar va hatto og‘riqni ham unutayozguday edi. U qanday bo‘lmasin, o‘z mehri va vafodorligini izhor etishni istardi. Va buni Prechistenkadan to Obuxov jinko‘chasigacha bo‘lgan oraliqda yetti marta izhor etdi, botinkasini o‘pdi, Murda jinko‘chasi muyulishiga yetganda, o‘ziga yo‘l ochayotib, shunday dahshatli uv tortdiki, yo‘lovchi bir xonim qo‘rqqanidan o‘tirib qoldi, o‘ziga nisbatan yanayam rahm-shafqat uyg‘otish maqsadida bir-ikki bor zorlanib uv tortib qo‘ydi.
Kutilmaganda suv quvuri ostidan badbashara bir daydi mushuk chiqib keldi, bo‘ron avjiga olayotganiga qaramay, u Krakov kolbasasining hidini sezib qolgandi, chamasi.
Darvozaxonadan yarador itlarni yig‘ib yuradigan bu dumbul boyvachcha manavi qaroqchini ham o‘zi bilan birga olib ketishi, keyin Mosselprom mahsulotini o‘rtasidan arra qilishga to‘g‘ri kelishi haqidagi fikrdan Sharikning ko‘zlarida o‘t chaqnab ketayozdi. Shuning uchun tishlarini g‘ijirlatib, mushukka qarab shunday irilladiki, u sho‘rlik, teshik shlangaga o‘xshab pishillagancha quvur ichidan chopqillab ikkinchi qavatga chiqib ketdi.
«Fr-r-r… Vov! Yo‘qol! Mosselpromning Prechistenkada izg‘ib yuradigan har bir daydining qornini to‘yg‘azishga vaqti yo‘q».
Derazasidan valtorna*ning yoqimli ovozi eshitilayotgan o‘t o‘chirish komandasi yoniga yetganlarida, janob itning sadoqatini yana bir bo‘lakcha kolbasa bilan taqdirladi, lekin bu bo‘lakcha avvalgisidan kichikroq, besh tiyinlik chaqani eslatardi.
«Eh, g‘aroyib odam ekan! Meni o‘ziga og‘dirib olmoqchi… Xavotirlanmang! Shundoq ham hech qayoqqa jilmayman. Qayerga desangiz, o‘sha yoqqa ergashib ketaveraman!.».
– Fit-fit-fit! Bu yoqqa yur!
«Obuxovgami? Ma’zur tutasiz. Bu jinko‘cha bizga juda yaxshi tanish.
– Fit-fit! – Bu yoqqami? Bajoni… E, yo‘q, ma’zur tuting. Yo‘q. U yoqda shveytsar bor. Bunaqasi olamda yo‘q. Ko‘cha supuruvchi farroshlar ham uning oldida ip esholmaydi. Juda xudo urgan zot. Indamasang, boshingga minib, qorningni chavaqlashdan ham toymaydi».
– Nega qo‘rqasan, axir? Yuraver.
– Salomatmisiz, Filipp Filippovich.
– Salom, Fyodor.
«Mana buni shaxs desa bo‘ladi. Voy xudoyim-ey, baxtiqaro qismatim meni kimga ro‘para qildi? Ko‘chada yurgan itlarni bunday hashamatli o‘rtoqlik uyiga olib kirishga qodir juda hurmatli, gapi hammaga o‘tadigan qanaqa shaxs ekan o‘zi bu?
Qaranga, anavi ablahning qimir etgani holi yo‘q. Ko‘zlariga e’tibor bering, o‘zi indamagani bilan, ko‘zlari yeb tashlaguday tikilyapti, shunga qaramay, har doimgiga nisbatan ancha sipo, ancha bosiq. Go‘yo shunday bo‘lishi kerakday. Hurmat qilar ekan, juda hurmat qilar ekan bu janobni! Eh-ha! Men bo‘lsam u bilan birgaman, izma-iz ketyapman. Nima, tegib ketdimmi? Eplasang, uzib ol. O‘sha qadoq bosgan proletar oyog‘idan bi-ir g‘ajisang! Avlodimizga ko‘rsatgan hamma hunarlari uchun. Basharamni kaltak bilan necha marta bejaganding, a?»
– Yur, yura qol.
«Albatta, albatta, siz hech xavotir olmang, faqat yo‘lakni ko‘rsatsangiz bas, u yog‘ini bizga qo‘yib beravering. Biqinimning lo‘qillashiga qaramay, orqangizdan bir qadam ham qolmayman».
Janob zinadan pastga qarata:
– Fyodor, menga xat kelmadimi? – deya savol berdi.
Pastdan iltifot ila javob berishdi.
– Yo‘q-yo‘q, Filipp Filippovich, – dedi (keyin sekin, sirli tovushda), – uchinchi kvartiraga bir necha o‘rtoq joylashtirildi.
Itlarga mehribon hurmatli janob zinada keskin orqasiga o‘girilib, pastga engashdida, dahshatga tushib so‘radi:
– Xo‘sh-sh?
Uning ko‘zlari ola-kula bo‘lib, mo‘ylovlari tikkayib ketdi.
Shveytsar pastdan og‘ziga kaftini tutib, bosh irg‘agan holda tasdiqladi:
– Xuddi shunday, bir emas, to‘rt kishi.
– Yo tavba! Uyimizda nimalar bo‘lishini endi tasavvur qilish mumkin. O‘zlari nima qilishyapti?
– Hech nima.
– Sizdan so‘rayapman, Fyodor Pavlovich?
– G‘isht va parda olib kelgani ketishdi. Uyni ikkiga bo‘lib, devor qurishmoqchi.
– E, jin ursin, bu qanaqasi, axir!
– Hamma kvartiralarga odam qo‘yisharkan, Filipp Filippovich, siznikidan tashqari. Hozir majlis bo‘ldi, yangi shirkat saylashdi, eskilarining esa dumini tugishdi!
– Nimalar bo‘lyapti o‘zi, tavba… Fit-fit.
«Ketyapman, mana, yonginangizdaman. Biqinim qurg‘ur zirqirab, sira tinchlik bermayaptida. Ijozat eting, botinkangizni yana bir yalab qo‘yay.
Shveytsarning zar uqali bosh kiyimining gardishi ko‘rinmay ketdi. Marmar yotqizilgan maydonchada quvurdan chiqayotgan issiqlik «gup» etib dimog‘imga urildi. Yana bir marta burilib, mana, manzilimizga ham yetib keldik».
II
Go‘sht hidini bir chaqirim naridan bilib olsa bo‘ladigan joyda o‘qishni ataylab o‘rganishning sira hojati yo‘q. Binobarin, agar siz Moskvada yashasangiz, kallangizda salgina aql degan narsa mavjud ekan, xohlasangiz – xohlamasangiz savodxon bo‘lib ketasiz, buning uchun qandaydir kurslarda o‘qish hecham shart emas. Moskvadagi qirq ming kuchukdan allaqanday mutlaqo telbasigina harfma-harf «kolbasa» so‘zini o‘qiy olmaydi.
Sharik o‘qishni rang ajratishdan boshlagan. U to‘rt oylikligida butun Moskva bo‘ylab ko‘kimtir-havorang «MSPO» – go‘sht savdosi, deb nomlangan nomlavhalar osib chiqishdi.
Takror aytamanki, buning sira hojati yo‘q edi, chunki go‘sht bor joy shundoq ham sezilib turadi.
Bir marta Sharikning dimog‘iga motorning benzin hidi o‘rnashib qolib, yanglish yuz berdi; ko‘kimtir rangga ishonib borib, go‘sht do‘koni o‘rniga, Myasnitskiy ko‘chasidagi aka-uka Gaubiznerlarning elektr xo‘jalik mollari magaziniga kirib ketibdi. U yerda eshilgan sim zarbini totib ko‘rgach, izvoshchilarning qamchisi undan yumshoqroq ekanligiga amin bo‘ldi. Mana shu kunni Sharikning aqli kirgan kun deb hisoblash kerak. Yo‘lakchada og‘riqdan dumini butlari orasiga qisgancha, ko‘kimtir-havorang har doim ham xom go‘sht ma’nosini anglatavermasligini uqib yetdi. Og‘riqdan uv tortar ekan, hamma go‘sht do‘konlarida chapdan birinchi bo‘lib chanani eslatuvchi tilla yoki mallarang belgi turishini esladi.
Bu yog‘i yanayam muvaffaqiyatliroq bo‘ldi. «A» harfini Moxovoy muyulishidagi – «Glavribanda o‘rgandi, keyin «B» harfini. «Riba» so‘zining dum tomonidan pisib kelish uning uchun qulayroq edi, chunki bosh tomonida militsioner turar edi.
Moskvaning xilvat burchaklarida to‘rtburchak koshinlar bilan bezatilgan joylar har doim «S-i-r» degan so‘zni bildirar edi. So‘z oldidagi samovarning qora jo‘mragiga o‘xshagan belgi esa tog‘-tog‘ uyulib yotgan golland pishlog‘i, itlarni ko‘rsa vahshiylashib ketuvchi prikazchiklar, qipiq sepilgan taxta pol, sassiq hid hamda do‘konning sobiq xo‘jayini Chichkin nomini bildirar edi.
Agar garmondan «Azizim Aida»ga qaraganda sal tuzukroq kuy eshitilib, dimoqqa esa sosiska hidi urilar ekan, oq matoga qora harflar bilan yozilgan so‘zlar silliqqina «Beada..». deb boshlansa, bu «Beadab so‘zlar ishlatilmasin, choychaqa berilmasin» degani edi. Bu yer ari uyasiday doimo gavjum, shovqin-suronli, kamdan-kam bo‘lsada, odamlar o‘rtasida janjal, bir-birovining basharasiga musht solishlar zohir bo‘lib turardi; kuchuklarni esa qog‘oz sochiq bilan urish, etik bilan tepkilash odat tusiga kirgandi.
Oynadan qorayib ketgan eski go‘shtlar, mandarinlar ko‘rinib turgan bo‘lsa, bu… gau-gau… gastronomiyani anglatardi. Agar ichiga yomon suyuqlik to‘ldirilgan qoramtir shishalar ko‘rinayotgan bo‘lsa, bu maa-ay degani edi. Aka-uka Yeliseevlarning sobiq do‘koni.
Itni o‘rta qavatdagi hashamatli uyiga boshlab kelgan notanish janob qo‘ng‘iroqni bosdi. It darhol katta, pushtirang va to‘lqinsimon oyna bilan qoplangan eshikning yon tomoniga osib qo‘yilgan va ustiga zarhal harflar bilan yozilgan qora taxtachaga nigoh tashladi. Birinchi uchta harfni u darrov tanidi. «Pe-er-o-Pro». Keyingisi esa qanaqadir qorni ikki tomonga tarvaqaylab ketgan notanish allambalo edi. «Nahotki proletar, – o‘yladi it hayrat bilan, – bunday bo‘lishi mumkin emas». U tumshug‘ini tepaga ko‘tarib, janobning po‘stinini yana bir bor hidlab ko‘rdi va qat’iy ishonch hosil qildi: «Yo‘q, aslo! Proletar hidi kelmayapti. Biron bir aqlli so‘zdirda, qanday ma’no anglatishini xudo bilsin».
Pushtirang oyna orqasida kutilmaganda chiroq nuri charaqladi, u eshikka osilgan taxtachani yanada aniqroq ko‘rsatdi. Eshik ohista ochilib, ostonada oppoq fartuk va jiyak taqqan xushbichim yuzli yoshgina ayol ko‘rindi. Itning vujudiga jannatiy iliqlik yugurib, dimog‘iga ayolning ko‘ylagidan kelayotgan anbar hidi «gup» etib urildi.
«Voy-bo‘… judayam zo‘rku», – xayolidan o‘tkazdi u.
– Marhamat qilsinlar, janob Sharik, – kinoyaomuz taklif qildi janob va Sharik dumini likillatgancha ichkariga kirdi.
Dahliz hashamatli buyumlar bilan liq to‘la edi. O‘zining kuygan, ozib-to‘zib ketgan aksini ko‘rsatgan odam bo‘yi baravar oyna, devorga tirab qo‘yilgan vahimali kiyik shoxi, son-sanoqsiz po‘stinlar va oyoq kiyimlar, shipga osilgan lola qandil darrov Sharikning xotirasiga o‘rnashib qoldi.
– Qayerdan topdingiz bunaqasini, Filipp Fillippovich? – so‘radi ayol jilmayib, tulki po‘stidan tikilgan ko‘kimtir hoshiyali qorato‘riq po‘stinini yechishga yordamlashar ekan. – Voy, xudo! Namuncha isqirt!
– Bekorlarni aytibsan, nimasi isqirt? – dedi janob qat’iyat bilan gapni cho‘rt kesib.
Po‘stinini yechgach, ingliz movutidan tikilgan qop-qora kostyum hamda qorni ustida xiragina yaltirab turgan tilla zanjiri ko‘rindi.
– Shoshmachi, qimirlama, fit… Tek tursangchi, tentak. Hm!.. Bu isqirt em… jim tur deyapman, axir, shayton… Hm! Aa! Kuyibdi. Qaysi ablah seni shu ko‘yga soldia? Jim tursangchi, e!..
«Katorgachi-oshpaz, oshpaz», – unsiz nola qildi it va sekingina uv tortib qo‘ydi.
– Zina, uni darhol tekshirish xonasiga olib kiring, keyin menga xalat bering, – buyurdi u.
Ayol hushtak chalib, barmoqlarini qirsillatdi va itni orqasidan yurishga undadi, u bir oz ikkilanib turgach, ayol ketidan ergashdi. Ular ikkalasi xira yoritilgan tor yo‘lak bo‘ylab ketishdi. Laklangan yaltiroq eshik yonidan o‘tib, yo‘lak oxirida chapga burilishdida, qop-qorong‘i hujraga kirishdi. Hujra shu zahoti itga yoqmadi, chunki unda nafasni bo‘g‘ib qo‘yadigan bir hid bor edi. Qorong‘iliq «shiq» etib, charog‘on kunga aylandi, hammayoq charaqlab, jilolanib, oqarib ketdi.
«E, yo‘q… – xayolan nola qildi it, – ma’zur tutasiz, lekin men osonlikcha qo‘lga tushadiganlardan emasman. Tushunib turibman. E, ularni kolbasalari bilan qo‘shib jin ursin! Meni itlar kasalxonasiga olib kelishibdi, shekilli. Hozir kana-kunjut moyini ichirishadi, pichoqlari bilan kuygan biqinimni kesib tashlashadi, o‘ziku tegmasa ham zirqirayapti».
– Hoy, to‘xta, qayoqqa? – qichqirdi Zina deganlari.
It esa g‘ujanak bo‘lib, bor kuchini to‘pladida, sog‘ biqini bilan eshikka shunday zarb bilan urildiki, butun uy qisirlab ketdi.
Orqasiga qaytib, bir joyda gir kapalak aylana turib, yonidagi oq chelakni ag‘darib yubordi. Chelak ichidagi dumaloq-dumaloq paxta o‘ramlari sochilib ketdi. Itning ko‘z oldida oppoq devorlar, yaltiroq asboblar, ayol kishining oppoq etagi, burishib ketgan yuzi – hamma-hammasi chaplashib, gir aylana boshladi.
– Qayoqqa, hoy, jundor maxluq?! – baqirardi Zina qizishib. – Voy, la’nati-ey!
«Orqa yo‘lak qayerda ekana?.». – o‘ylardi it. U ikkinchi eshik bo‘lsa kerak, deb tavakkaliga o‘zini oynaga urdi. Chil-chil tsingan oyna parchalari har tomonga sochildi, ayni vaqtda sariq allambalo suyuqlik solingan bir bankacha ham uchib ketib, chilparchin bo‘ldi, shu zahoti suyuqlik polga to‘kilib, hammayoqni qo‘lansa hid tutdi. Asosiy eshik ochildi.
– To‘xta, hayvon! – qichqirardi xalatining bir yengini kiyishga ulgurmagan janob itning orqa oyog‘idan ushlab olishga intilarkan. – Zina, bo‘ynidan ushla bu go‘rso‘xtani!
– Voy-bo‘, it bo‘lmay o‘l!
Eshik kattaroq ochilib, oq xalat kiygan yana bir erkak kirib keldi. U kira solib it emas, oyna siniqlarini bosib, shkaf tomonga otildi. Uni ochgan edi, xonani ko‘ngilni aynituvchi allanechuk hid bosdi. Notanish shaxs itning ustiga qorni bilan o‘zini tashlagan edi, jonholatda erkakning botinkasidan sal yuqorirog‘iga tishlarini botirib oldi. Haligi kimsa «voy» dediyu, lekin o‘zini yo‘qotmadi. Ko‘ngilni aynituvchi hid itning boshini aylantirib, yuragini hapriqtirib yubordi, oyoqlari bo‘shashib, gavdasi qiyshaygancha qayoqqadir qulay boshladi.
«Rahmat, hammasi tugadi, – o‘ylardi u naq shisha siniqlari ustiga ag‘darilar ekan. – Xayr, Moskva! Endi hech qachon Chichkinni ham, proletarlarni ham, Krakov kolbasasini ham ko‘rish menga nasib etmaydi. Itlarga xos sabr-toqatim uchun jannatga ravona qilishsa kerak. Eh azizlar, qaysi gunohlarim uchun?»
U oyoq-qo‘llarini butkul uzatib, hushidan ketdi.
U qayta tirilganida boshi yengilgina aylanar, qornida sal-pal og‘riq paydo bo‘lgan, lekin biqini umuman yo‘qday jimib qolgan edi. It o‘ng ko‘zini picha ochib, ko‘z qiri bilan biqini va qorni ko‘ndalangiga bint bilan qisib bog‘langanini ko‘rdi. «Baribir, o‘z aytganlarini qilishibdida, bachchag‘arlar, – o‘yladi u ko‘ngilg‘ashlik bilan. – Lekin boplashibdi, tan olish kerak».
– Sevilyadan Grenadaga qadar… Sokin shom pallasida, – deya kuyladi uning tepasida parishon va yoqimsiz ovoz.
It hayrat ichida ikkala ko‘zini butkul ochib, o‘zidan ikki qadam naridagi oq o‘rindiq ustida shimi va ishtonining pochalari qayrilgan oyoqni ko‘rdi. Oyoqning to‘pig‘i atrofi qonab ketgan va uning qotgan joylariga yod surkalgan edi.
«Galvarslar! – o‘yladi it. – Hoynahoy, bu mening ishim. Endi nima bo‘larkin?.. Boplab ta’zirimni berishsa kerak..».
– Yangrar serenadalar, yangrar qilichlar jarangi!.. Hoy, daydi, sen nega doktorning oyog‘ini tishlab olding? A? Oynani nimaga sindirding? A?
– Uu-uv! – mahzun uv tortdi it.
– Ha, mayli, o‘zingga kelgan bo‘lsang, yotaver, tentakvoy. Bundan buyon ham ta’kidlayveraman. Ular zo‘ravonlik yordam beradi, deb chuchvarani xom sanashadi. Yo‘q, yo‘q-q, oqmi, qizilmi, hatto jigarrangmi, u yordam berolmaydi! Zo‘ravonlik asab tarmog‘ini butkul falaj qilib qo‘yadi. Zina! Men manavi tentakka bir so‘m qirq tiyinlik Krakov kolbasasidan sotib oldim. Iltimos, ko‘ngli tusashi bilan uni ovqatlantirib qo‘ygin.
Oyna siniqlarining qisirlab supurilayotgani va ayol kishining istehzoli ovozi eshitildi:
– «Krakov kolbasasi» emish! Tovba, axir, unga go‘sht do‘konidan ikki tangalik qolgan-qutgan suyaklarni olib kelsangiz ham teshib chiqmasdi. Krakov kolbasasini yaxshisi o‘zim yeyman.
– Qani, yeb ko‘rchi. O‘zim yeyman emish! U inson oshqozoni uchun g‘irt zaharku! Kap-katta qizku, gapini qaranglar, yosh bolaga o‘xshab, har baloni og‘ziga tiqish payida. Yeb bo‘psan! Esingda tursin: agar qorning og‘rib qolsa, men ham, doktor Bormental ham sen bilan adi-badi aytishib o‘tirmaymiz. «Boshqa birov seni o‘ziga tenglashtirayapti, deb aytuvchi hamma bilan..».
Mayin va qisqa-qisqa qo‘ng‘iroq jiringi eshitilar, qayerdandir odamlarning g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir tovushlari kelardi. Telefon jiringladi. Zina g‘oyib bo‘ldi. Filipp Filippovich papiros qoldig‘ini chelakka tashlab, xalatining tugmalarini taqdi, oyna oldiga kelib, paxmoq mo‘ylovini burab qo‘ydi va itni chaqirdi:
– Fit-fit! Hechqisi yo‘q, hechqisi yo‘q. Qani ketdik.
It zo‘rg‘a oyoqqa qalqidi, biroz gandiraklab, titrab turgach, o‘zini qo‘lga olib, Filipp Fillippovichning polda sudralayotgan etaklari ortidan ergashdi. U yana o‘sha tor yo‘lakdan o‘tdi, lekin bu safar yo‘lak yop-yorug‘ ekanligini payqadi. Laklangan eshik ochilib, Filipp Fillippovich bilan ichkariga kirgan itning xonadagi o‘ta ozodalik va orastalikdan ko‘zlari qamashdi. Bu yerda hammayoq charog‘onlik og‘ushida: shipning osti ham, yon devorlari ham, stol usti va shkaf oynalari ham nurga cho‘mgan, charaqlar edi. Bu charog‘onlik xonadagi hamma narsani aniq ko‘rish imkonini berardi. Lekin ularning ichida eng maroqlisi devordagi yasama shoxda o‘tirgan boyqush edi.
– Yota tur, – buyurdi Filipp Filippovich.
Qarshidagi o‘ymakor eshik ochilib, ostonada oyog‘i tishlangan kishi ko‘rindi. Yorug‘da Sharik uning yosh, cho‘qqi soqolli, kelishgan odam ekanligini payqadi. U bir varaq qog‘oz uzatib, ming‘irladi:
– Yana o‘shanisi…
Shu zahoti yana ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Filipp Filippovich esa xalatining etaklarini ko‘tarib, katta yozuv stoli ortiga o‘tirdi va o‘ta jiddiy hamda salobatli kishiga aylandi. «Yo‘q, bu kasalxona emas, men boshqa joyga tushib qolganga o‘xshayman, – xayolidan o‘tkazdi it og‘ir charm divan yonidagi guldor gilam ustiga cho‘zilar ekan. – Anavi boyqush masalasida esa hali aniqlik kiritamiz..». Eshik ochilib, itni hayratga solgan g‘alati bir kimsa kirdiki, u beixtiyor akillab yubordi, lekin ovozi juda so‘nik eshitildi.
– Jim bo‘l! Ob-bo, sizni tanib bo‘lmaydiku, azizim, – kirgan odam qimtinib, ehtirom bilan Filipp Filippovichga ta’zim qildi.
– He-he! Siz sehrgar, payg‘ambarsifat odamsiz, professor, – dedi u sarosima ichida.
– Ishtoningizni yeching, azizim, – buyruq berdi Filipp Filippovich va o‘rnidan turdi.
«Yo tovba, – xayolidan o‘tkazdi it, – bu yog‘i g‘aroyib bo‘ldiku!»
Bu g‘aroyib kimsaning ko‘m-ko‘k sochlari orqasiga tashlangan bo‘lib, uchlari zanglagan, tamaki rangida, yuzlarini ajin bosgan, lekin yonoqlari go‘daknikiday qip-qizil edi. Chap oyog‘i bukilmas, shuning uchun gilam ustida sudralib yurar, o‘ng oyog‘ini esa, aksincha, yosh boladay sakrab-sakrab bosardi. Ajoyib kostyumining oldiga ko‘zday keladigan qimmatbaho tosh qadalgan edi.
Azbaroyi qiziqib qolganidan it ko‘ngli aynayotganini ham unutdi.
– Vov-vov, – yengilgina akillab qo‘ydi u.
– Ha-ha… Biz yolg‘izmi, professor? Bunga aql bovar qilmaydi, – dedi kelgindi Parol Donner, – 25 yil mobaynida bunaqasini ko‘rmaganman, – shimining tugmasini yecha boshladi, – ishonasizmi, professor, har kecha yalang‘och qizlar gala-gala kelishadi. Men chinakamiga maftunman. Siz payg‘ambarsiz.
– Hm, – deb qo‘ydi Filipp Filippovich mehmonining ko‘z qorachig‘iga tikilar ekan.
U esa, nihoyat, tugmalarni bo‘shatgach, yo‘l-yo‘l shimini yechdi. Shimining tagidagi ishtoni juda antiqa edi. U och jigarrang tusda bo‘lib, tizzalariga qora ipak bilan mushuk rasmi tushirilgan, atir hidi anqib turardi.
Mushukni ko‘rgan it chidab turolmay vovullab yubordi, haligi kimsa qo‘rqqanidan sakrab tushdi.
– Voy!
– Hozir ta’ziringni beraman! Qo‘rqmang, u tishlamaydi. «Nega endi tishlamas ekanman?», – hayron bo‘ldi it. Kelgindining cho‘ntagidan gilam ustiga sochlari to‘zigan chiroyli ayolning surati aks ettirilgan jajji konvert tushdi. Bechora sapchib ketdi, engashib konvertni yerdan olarkan, yuziga qizillik yugurdi.
– Lekin ehtiyot bo‘ling, – ogohlantirdi Filipp Filippovich xo‘mrayib, barmog‘ini siltab po‘pisa qilarkan, – baribir, ehtiyot bo‘ling, suiiste’mol qilmang!
– Yo‘q, men suiist… – g‘o‘ldiradi u endi ishtonini yecharkan. – Men, muhtaram professor, faqat tajriba tariqasida.
– Xo‘sh, qalay? Natija yaxshimi? – so‘radi Filipp Filippovich.
Haligi kimsa ishtiyoq bilan qo‘l siltadi.
– Xudo ursin, professor, 25 yil mobaynida bunaqasini ko‘rmaganman. So‘nggi marta 1899 yili Parijda ryu de la Peda bo‘lgan edi.
– Nega endi ko‘karib ketdingiz? – kelgindining yuzi g‘amgin tus oldi.
– La’nati «Jirkost»*. Bu ishyoqmaslarning, professor, bo‘yoq o‘rniga nima berganlarini siz hatto tasavvur ham qilolmaysiz. Yo‘q, siz bir qaranga, – ming‘irladi u ko‘zlari bilan oynak izlarkan. – Tumshug‘ini yorish kerak ularning! – qo‘shimcha qildi u quturib. – Endi nima qilsam ekana, professor? – so‘radi u yig‘laguday ahvolda.
– Hm, sochingizni ustarada qirdiring.
– Professor, – xitob qildi kelgindi shikoyatomuz ohangda, – axir yana oq soch o‘sib chiqadiku. Bundan tashqari, ishxonada kam ko‘rinishim mumkin bo‘lmay qoladi, o‘zi shundoq ham uch kundan beri ishga bormayapman. Eh, professor, sochni ham yoshartirishning biror yo‘lini topganingizda edi!..
– Ha, endi, birdan emas, birdan emasda, azizim, – to‘ng‘illadi Filipp Filippovich.
U engashib, chaqnoq ko‘zlari bilan bemorining yalang‘och qornini nazaridan o‘tkazdi.
– Nimayam derdim, juda yaxshi, hammasi joyida. Ochig‘ini aytsam, men bunaqa natijani kutmagan edim. «Qonlar serob, qo‘shiqlar mo‘l..». Kiyining, azizim!
«Menchi, hamon o‘sha jonon visolini!.». – chiyillagan ovozda qo‘shiqni davom ettirdi u va sevinchi ichiga sig‘may kiyina boshladi. O‘zini epaqaga keltirib bo‘lgach, irg‘ishlagancha atrofga atir hidini anqitib, Filipp Filippovichga bir bog‘lam pul uzatdi va uning ikkala qo‘lini minnatdorlik bilan mayin qisa boshladi.
– Yana ikki haftalardan keyin kelarsiz, – dedi Filipp Filippovich, – lekin, baribir, iltimos qilaman: ehtiyot bo‘ling.
– Professor! – xitob qildi ovoz ostonadan azbaroyi ishtiyoq bilan, – mutlaqo xotirjam bo‘lavering, – u shirinsuxan hiringlab, ko‘zdan yo‘qoldi.
Xona bo‘ylab uzuq-yuluq qo‘ng‘iroq jiringi yangradi, yarqiroq eshik ochilib, ostonada yana o‘sha oyog‘i tishlangan kimsa ko‘rindi, u Filipp Filippovichga bir varaq qog‘oz uzatar ekan:
– Yoshi noto‘g‘ri ko‘rsatilgan. Chamasi, 54–55 larda, yurak urishi sustroq.
U tashqariga otlandi va lahza o‘tmay laylak uyasiday shlyapasini bir tomonga qiyshaytirib kiygan, maxsi pochasiday qurishib-burishib ketgan bo‘yniga yaltiroq zanjir osgan ayol paydo bo‘ldi. Uning yonoqlariga sun’iy qizil bo‘yoqlar chaplangan, ko‘z ostlari esa xalta bo‘lib osilib yotardi. U qattiq hayajonda edi.
– Yoshingiz nechada, xonim? – so‘radi Filipp Filippovich o‘ta qat’iy ohangda.
Xonim qo‘rqib ketdi va rangining bo‘zargani hatto sun’iy bo‘yoqlar ostidan ham sezildi.
– Professor, men… ont ichaman, buning qanchalar fojia ekanligini bilganingizda edi…
– Men yoshingizni so‘radim, xonim? – yanayam qat’iyatliroq ovozda takrorladi Filipp Filippovich.
– Chin so‘zim… Hm… Qirq beshda…
– Xonim, marhamat qilib behuda vaqtimni olmang, meni kutishyapti, yolg‘iz siz emassiz qabulimga kelgan, – baqirib berdi Filipp Filippovich.
Ayolning ko‘kragi tez-tez ko‘tarilib tushardi.
– Fan mash’ali sifatida yolg‘iz sizgagina aytaman, professor! Lekin qasam ichishim mumkin, bu shunaqangi dahshatki…
– Yoshingiz nechada?! – g‘azab bilan baqirdi Filipp Filippovich tovushi chiyillab va uning ko‘zoynaklari yaraqlab ketdi.
– Ellik birda! – qo‘rquvdan diydirab javob berdi xonim.
– Ha, balli, endi ishtoningizni yeching, xonim, – yengil nafas olib dedi Filipp Filippovich qo‘li bilan jallod kundasiga o‘xshagan baland supachaga ishora qilib.
– Ont ichaman, professor, – g‘o‘ldirardi ayol titroq qo‘llari bilan belidagi allaqanday tugmachalarni yechar ekan, – o‘sha Morits… Ha-ha… men sizga xudoday ishonganim uchun aytyapman…
– Sevilyadan Grenadaga qadar… – parishonxotirlik bilan kuylay boshladi Filipp Filippovich marmar obhovuchda qo‘l yuvar ekan. Suvning shovqini eshitildi.
– Xudo haqqi! – derdi azbaroyi qizarib ketganidan hatto yuzidagi sun’iy bo‘yoqlari ham sezilmay qolgan ayol. – Bilaman, juda yaxshi bilaman, bu hayotimdagi so‘nggi muhabbat, so‘nggi baxt. U shunday razil odamki! Oh, professor! U qimorboz, buni butun Moskva biladi. U chiroylilari u yoqda tursin, bironta tasqara tannozni ham yonidan behuda o‘tkazmaydi. Shunaqangi yoshki… – xonim tinmay gapirar va ayni vaqtda shitirlayotgan yubkasi ostidan gul solingan to‘rga o‘ralgan allanimalarni olib tashlardi. It tamomila karaxtlanib, miyasida hamma narsa ayqash-uyqash bo‘lib ketdi.
«E, hammasini jin ursin, – xayolidan o‘tkazdi u parishonxotirlik bilan boshini oyoqlari ustiga qo‘yib, uyatdan mudray boshlar ekan. – Gap nimadaligini tushunishga urinib ham o‘tirmayman – baribir, tushunolmayman».
U allanimaning jarangidan uyg‘onib ketdi va Filipp Filippovichning tog‘orachaga qandaydir yaltiroq naychalar tashlayotganini ko‘rdi.
Qizarib ketgan ayol qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygancha, Filipp Filippovichga umid bilan termular edi. Filipp Filippovich esa qovog‘ini uygancha ish stoliga borib o‘tirdida, allanimalarni yozishga kirishdi.
– Men sizga, xonim, maymunning tuxumdonini ko‘chirib o‘tkazaman, – dedi u ayolga qat’iyat bilan tikilarkan.
– Oh, professor, nahotki maymunnikini?
– Ha, – ikkilanmay javob berdi Filipp Filippovich.
– Operatsiya qachon? – bo‘shashibgina so‘radi ayol rangi bo‘zarib.
– Sevilyadan Grenadaga qadar… Hm… dushanba kuni. Ertalab kelib klinikaga yotasiz, assistentim sizni operatsiyaga tayyorlaydi.
– E, klinikaga yotishni istamayman, operatsiyani o‘zlaringizda o‘tkazish mumkin emasmi, professor?
– Bilasizmi, xonim, men operatsiyani boshqa iloji bo‘lmagan hollardagina uyda o‘tkazaman. Keyin u juda qimmatga tushadi – 50 chervon.
– Men roziman, professor!
Yana suvning shovullagani eshitildi, rang-barang patlar taqilgan shlyapa bir silkindiyu, keyin tarvuzday silliq, qandaydir top-toza bosh paydo bo‘lib, Filipp Filippovichni quchoqlab oldi.
It mudrab yotar, biqinida og‘riq to‘xtagani va xonaning issiqligi tufayli maza qilib uxlab, hatto qisqagina shirin tush ko‘rishga ham ulgurdi, go‘yo anavi boyqushning dumidan bir siqim patini yulib olgan emish… keyin boshi ustida hayajonli ovoz bamisoli akillaganday bo‘ldi.
– Men Moskvada haddan ziyod taniqli odamman, professor! Endi nima qilishim keraka?
– Janoblar! – qichqirdi Filipp Filippovich achchig‘lanib. – Bu qanaqasi, axir?! Odam o‘zini tuta bilishi kerak. Yoshi nechada?
– O‘n to‘rtda, professor! Agar bu gap tarqalib ketsa, mening tamom bo‘lganim! Tushunyapsizmi?.. Yaqinda men chet el komandirovkasiga jo‘nashim kerak edi…
– Azizim, axir, men yurist emasman… Yana ikki yil sabr qiling, keyin uylanasiz-qo‘yasiz.
– Men uylanganman, professor.
– Eh janoblar, janoblar!
Eshik uzluksiz ochilib-yopilar, har xil yuzli odamlar kelib-ketar, shkafdagi asbob-uskunalar sharaqlar, Filipp Filippovich esa qo‘li-qo‘liga tegmay ishlardi.
«Juda rasvo uy ekan, – o‘ylardi it, – lekin menga juda maza. Unga nimaga kerak bo‘ldim ekana? Nahotki shu yerda yashagani qoldiradi? Xo‘p g‘aroyib odam ekan! Salgina imo qilsa – bas, shunaqangi zo‘r itlarga ega bo‘lishi mumkin. Balki, men ham chiroylidirman. Omad deganlari shu bo‘lsa kerakda. Lekin anavi boyqush judayam isqirtga o‘xshaydi… betamiz».
Kech kirib, eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlashdan to‘xtagan chog‘da it butunlay uyg‘ondi va xuddi shu mahal eshikda maxsus qabulga kelganlar paydo bo‘lishdi. Ular to‘rt kishi edilar. Hammasi yosh va kamtarona kiyingan.
– Bularga nima kerak ekan? – hayron bo‘lib o‘yladi it.
Filipp Filippovich esa ularni yanayam noxushroq kayfiyatda qabul qildi. U yozuv stoli yonida o‘z dushmanlari bilan yuzma-yuz turgan qo‘mondonga o‘xshar edi. Qirg‘iynikisimon burun kataklari tobora kengayib borayotganday edi. Mehmonlar gilam ustini toptab, kuymalanishardi.
– Biz huzuringizga, professor, – gap boshladi sochlari savatday hurpaygan kimsa, – bir masala bilan keldik…
– Janoblar, shunday havoda kovushsiz yurib chakki qilasizlar, – uning gapini bo‘ldi Filipp Filippovich. – Birinchidan, shamollab qolasizlar, ikkinchidan, oyog‘ingiz ostidagi eron gilami, sizlar esa uni loy oyog‘ingiz bilan iflos qildingizlar.
Paxmoqsoch jim bo‘ldi va to‘rttovi hayratdan og‘iz ochganlaricha Filipp Filippovichga tikilishdi. Bu sukut bir lahzagina davom etdi. Filipp Filippovichning stol ustidagi o‘ymakorlik usulida bezak berilgan yog‘och idishni barmoqlari bilan tiqirlatayotganigina mazkur jimlikni buzardi.
– Birinchidan, biz janoblar emasmiz, – gap boshladi nihoyat, yuzlari shaftoliga o‘xshagan eng yosh kimsa.
– Birinchidan, marhamat qilib javob bersangiz, siz erkakmisiz yoki ayolmi?
To‘rttalasi yana o‘zlarini yo‘qotib, og‘izlarini ochgancha jim qolishdi. Bu safar birinchi bo‘lib paxmoq soch o‘ziga keldi.
– Buning nima ahamiyati bor, o‘rtoq? – so‘radi u mag‘rurlik bilan.
– Men ayolman, – tan oldi charm kurtka kiygan, shaftolisimon yuzli o‘spirin yuzlari lovullab.
Ketma-ket boshiga papaxa kiygan malla yuzli yigit ham negadir qizarib ketdi.
– Unday bo‘lsa, siz bosh kiyimingizni olmasligingiz mumkin, sizlardan esa muhtaram janoblar, bosh kiyimlaringizni yechib gaplashishlaringizni iltimos qilaman, – dedi Filipp Filippovich salobat bilan.
– Men muhtaram janob emasman, – dedi malla keskin ohangda, boshidagi qalpog‘ini qo‘liga olarkan.
– Biz huzuringizga bir masalada… – gap boshladi savatsoch.
– Avvalambor, biz deganingiz – kimlar o‘zi?
– Biz – mana shu uyning yangi xo‘jalik boshqarmasi, – g‘azabini zo‘rg‘a bosib dedi paxmoqsoch. – Men Shvonderman, anavi – Vyazemskaya, bular o‘rtoq Pestruxin va Jarovkinlar. Xullas, biz…
– Fedor Pavlovich Sablinning uyiga hali sizlarni joylashtirishganmidi?
– Bizni, – javob berdi Shvonder.
– Yo parvardigor, Kabluxovlar uyi adoyitamom bo‘libdida! – xitob qildi Filipp Filippovich achinib, qo‘llarini bir-biriga ishqalarkan.
– Nima, siz ustimizdan kulyapsizmi, professor? – dedi Shvonder achchig‘lanib.
– Kulishga balo bormi? Men butkul sarosimadaman. Xo‘sh, endi bug‘ bilan isitish ishlari nima bo‘ladi?
– Siz masxara qilyapsizmi bizni, professor Preobrajenskiy?
– Nima ish bilan kelganingizni tezroq ayta qoling, tushlikka borishim kerak.
– Biz, uy xo‘jaligi boshqarmasi, – nafrat bilan gap boshladi Shvonder, – sizning huzuringizga uyimizdagi kvartiralarda aholini zichlashtirish masalasi ko‘rilgan umumiy majlis qaroriga binoan tashrif buyurdik.
– Kimlarni zichlashtirish? – qichqirdi Filipp Filippovich, – iltimos, fikringizni aniqroq ifodalang!
– Kvartiralarni zichlashtirish masalasini aytyapman.
– Bas! Tushunarli! Mening kvartiram shu yilning 12 avgustida qabul qilingan qarorga binoan har qanday zichlashtirish va ko‘chirishlardan istisno etilganligi sizlarga ma’lummi?
– Ha, ma’lum, – javob berdi Shvonder, – lekin bizning umumiy majlisimiz, siz yolg‘iz o‘zingiz haddan tashqari katta kvartirani band qilgansiz degan xulosaga keldi. Mutlaqo katta kvartirani. Bir o‘zingiz yettita xonada yashaysiz.
– Ha, men bir o‘zim yettita xonada yashab, ishlayman va sakkizinchi xonam bo‘lishini ham istardim. U menga kutubxona uchun kerak.
To‘rttovlon taxtaday qotib qolishdi.
– Sakkizinchi xona! He-he-he, – g‘o‘ldiradi qalpoqsiz malla, – ammo juda bopladingiz.
– Aql bovar qilmaydi! – xitob qildi ayol bo‘lib chiqqan o‘spirin.
– Mening qabulxonam – e’tiborga oling – ayni vaqtda kutubxona, oshxona vazifasini ham o‘taydi. Keyin mening ish kabinetim, kasallarni ko‘rish xonasi, operatsiya xonasi, yotoqxona, xizmatkor xonasi. Xullas, ko‘rib turibsizki, shundoq ham yetmayapti. Ha, darvoqe, buning ahamiyati yo‘q. Mening uyim har qanday zichlashtirishlardan istisno, gap tamom. Endi tushlikka borsam bo‘ladimi?
– Kechirasiz, – dedi miqti qo‘ng‘izga o‘xshagan to‘rtinchi kimsa.
– Kechirasiz, – uning gapini bo‘ldi Shvonder, – biz aynan mana shu bemorlarni ko‘rish hamda ovqatlanish xonalari yuzasidan gaplashgani keldik. Umumiy majlis sizdan ovqatlanish xonangizdan o‘z xohishingiz bilan mehnat intizomi tariqasida voz kechishingizni so‘raydi, Moskvada oshxona hech kimda yo‘q.
– Hatto Aysedora Dunkanda ham yo‘q oshxona, – jarangdor tovushda qichqirdi ayol.
Filipp Filippovichga nimadir bo‘ldi, natijada uning yuzlari bo‘zarib, bo‘g‘riqib ketdi va tovush chiqarmay voqeaning davomini kuta boshladi.
– Shuningdek, ko‘rish xonasidan ham, – davom etdi Shvonder, – ko‘rish xonasi bilan ish kabinetingizni birlashtirish mumkin.
– A-ha, – g‘alati tovush chiqardi Filipp Filippovich, – qayerda ovqatlanishim kerak unda?
– Yotoqxonada, – baravariga javob berishdi to‘rttovlon.
Filipp Filippovichning bo‘g‘riqqan yuzi endi kulrang tus oldi.
– Yotoqxonada ovqatlanish, – gap boshladi u picha bo‘g‘iq ovozda, – ko‘rish xonasida kitob o‘qish, qabulxonada kiyinish, xizmatkorning xonasida operatsiya qilish, oshxonada esa kasallarni ko‘rish… Balki, Aysedora Dunkan aynan shunday qilayotgandir, balki, u kabinetida ovqatlanib, vannada quyonchalarni so‘yayotgandir. Bo‘lishi mumkin. Lekin men Aysedora Dunkan emasman, – birdan hayqirib yubordi u va qizargan yuzlari sariq tusga kirdi. – Men oshxonada taom tanovul qilaman, operatsiyani esa operatsiya xonasida o‘tkazaman! Umumiy majlisingizga shu gaplarimni yetkazing, endi esa marhamat qilib o‘z ishlaringizga qaytsangiz, menga esa, odatdagi barcha odamlar singari ovqatlanish xonasida, ta’kidlab aytaman, qabulxonada yoki bolalar xonasida emas, ovqatlanish xonasida taom iste’mol qilishimga ijozat bersangiz.
– U holda, professor, qarshilik bildirganingizni nazarga olib, ustingizdan yuqori tashkilotlarga shikoyat yozishimizga to‘g‘ri keladi, – dedi hayajonga tushgan Shvonder.
– A-ha, – po‘ng‘illadi Filipp Filippovich, – shunaqa deng? – Uning ovozi shubhali bir mayinlik kasb etdi, – bir daqiqa sabr qilishingizni iltimos qilaman.
«Obbo azamat-ey, – xayolidan o‘tkazdi it zavq bilan, – xuddi o‘zima. Hozir boplaydi ularni, shunaqangi ta’zirini beradiki!.. Nimani mo‘ljallaganini bilmaymanu, lekin yaxshilab qopadi hozir. Bopla, azamat! Anavi yo‘g‘onoyoqni etigining yuqorisidan g‘archillatib uzib olsang… r-r-r..».
Filipp Filippovich shahd bilan telefon trubkasini ko‘tarib, unga shunday dedi:
– Iltimos… ha… minnatdorman… Marhamat qilib, Petr Aleksandrovichni chaqirsangiz. Professor Preobrajenskiy.
Petr Aleksandrovich? Joyingizda ekanligingizdan juda xursandman, rahmat, sog‘lig‘im ham joyida. Petr Aleksandrovich, sizni operatsiya qilish qoldiriladi. Nima? Yo‘q, butunlay qoldiriladi. Boshqa operatsiyalar ham. Nimaga deysizmi? Men Moskvada, nafaqat Moskvada, butunlay Rossiyada ish faoliyatimga yakun yasayapman. Hozir huzurimga to‘rt kishi tashrif buyurishdi, ulardan biri erkakcha kiyinib olgan ayol, ikkitasi esa to‘pponcha bilan qurollangan, kvartiraning bir qismini tortib olish maqsadida zo‘ravonlik qilishyapti.
– Ma’zur tutasiz, professor, – gap boshladi Shvonder rangi quv o‘chib.
– Kechirasiz, ularning gaplarini takrorlashga imkoniyatim yo‘q. Men bema’nilik ishqibozi emasman. Bemorlarni ko‘rish xonasidan voz kechishimni taklif qilganlarini aytib o‘tishimning o‘zi kifoya, sizni operatsiya xonasida emas, ilgari quyon so‘yiladigan joyda operatsiya qilishimga to‘g‘ri keladi. Bunday sharoitda men nafaqat ishlay olmayman, bunga haqqim ham yo‘q, deb hisoblayman. Shuning uchun o‘z faoliyatimni to‘xtatib, Sochiga jo‘nayapman, uyimni qulflab, uning kalitini Shvonderga qoldirishim mumkin. O‘zi operatsiya qilaversin.
To‘rttovlon qotib qolishdi. Etiklariga yopishgan qor eriy boshlagandi.
– Nimayam qilardik… bu mening o‘zim uchun ham ko‘ngilsiz, albatta. Qanaqasiga? E, yo‘q, Pyotr Aleksandrovich! Yo‘q. Ortiq bunday ishlashga rozi emasman. Sabr-toqatim tugadi. Bu voqea avgust oyidan buyon ikkinchi bor takrorlanishi. Qanday? Hm… Qaydam. O‘zingiz bilasiz. Lekin bir shartim bor: kim tomonidan, qachon, qaerda berilishidan qat’i nazar, u shunday qog‘oz bo‘lsinki, na Shvonder, na boshqasi hatto mening eshigimga ham yaqinlasha olmasin. Po‘lat qalqon kabi shunday zo‘r va haqiqiy qog‘oz bo‘lsinki, ular hatto mening nomimni ham tillariga olmasinlar. Men ular uchun o‘lganman.
Ha-ha. Marhamat. Kimga? E-ha… Mana bu boshqa gap. Yaxshi. Hozir dastakni beraman. Marhamat qilsinlar, – Filipp Filippovich zaharxanda bilan Shvonderga murojaat qildi, – hozir siz bilan gaplashishadi.
– Professor, – dedi Shvonder, oqarib-bo‘zarib, – siz gaplarimizni buzib talqin etdingiz.
– Avval o‘ylab, keyin so‘ylashni maslahat berardim, yaxshi yigit.
Shvonder sarosima ichida trubkani qo‘liga oldi.
– Eshitaman. Ha… Uy xo‘jaligi raisi… Biz qonun bo‘yicha ish tutyapmiz. Professor shundoq ham alohida imtiyozlarga ega. Bilamiz, uning ishlaridan… xabardormiz. Beshta xonani uning ixtiyorida qoldirmoqchi edik… Unday bo‘lsa, mayli… yaxshi…
Lavlagiday qizarib ketgan Shvonder trubkani joyiga osib, orqasiga o‘girildi.
«Voy azamat-ey! Juda bopladikua?! – xayolidan o‘tkazdi it zavqlanib. – Qandaydir so‘z sehrini biladi chog‘i… Endi meni xohlaganingizcha uravering, baribir, hech qayoqqa jilmayman».
Uchovlon og‘izlarini ochgancha rosa izza bo‘lgan Shvonderga tikilishardi.
– Bu g‘irt sharmandalik, – ming‘irladi u jur’atsizgina.
– Agar hozir bahslashishning mavridi bo‘lganda, men Petr Aleksandrovichga isbotlab bergan bo‘lardim, – dedi ayol qizishib hayajon ichida.
– Ma’zur tutasiz, siz bahslashishni hozir boshlamoqchimisiz? – muloyimlik bilan so‘radi Filipp Filippovich.
Ayolning ko‘zlarida o‘t chaqnaganday bo‘ldi.
– Kinoyangizni tushunib turibman, professor, biz hozir ketamiz… Faqat, men, uy xo‘jaligida madaniyat ishlari bo‘limining mudiri sifatida…
– Mudirasi, – uning gapiga tuzatish kiritdi Filipp Filippovich.
– Sizga bir taklifim bor, – ayol qo‘ynidan yaltiroq va qor tekkani tufayli namiqqan jurnallarni chiqardi, – mana bu bir necha jurnalni Germaniya bolalariga yordam tariqasida sotib olsangiz. Donasi ellik tiyindan.
– Yo‘q, olmayman, – qisqa javob berdi Filipp Filippovich jurnallarga ko‘z qirini tashlab.
Ularning yuzlarida o‘ta hayratlanish ifodasi aks etdi. Ayol esa cho‘g‘day qizarib ketdi.
– Nima uchun rad etyapsiz?
– Istamayman.
– Germaniya bolalariga rahmingiz kelmaydimi?
– Rahmim keladi.
– Pulingizni qizg‘anyapsizmi?
– Yo‘q.
– Bo‘lmasa nima uchun?
– Istamayman.
Jim bo‘lib qolishdi.
– Bilasizmi, professor, – yana gap boshladi ayol og‘ir xo‘rsinib, – agar siz Yevropada nom chiqargan fan yulduzi bo‘lmaganingizda va ayrim shaxslar mutlaqo asossiz yoningizni olmaganida (malla soch uning kurtkasiga turtib qo‘ydi, lekin ayol unga e’tibor ham bermadi), sizni qamoqqa olish kerak edi. Biz ularni ham hali tekshiramiz.
– Nima uchun endi? – astoydil qiziqib so‘radi Filipp Filippovich.
– Siz proletariatdan nafratlanasiz! – dedi ayol mag‘rurlik bilan.
– Ha, men proletariatni yomon ko‘raman, – dedi Filipp Filippovich ma’yuslik bilan va tugmachani bosgan edi, qayerdandir qo‘ng‘iroq jiringladi. Yo‘lak eshigi ochildi.
– Zina, – qichqirdi Filipp Filippovich, – ovqatni suzaver. Endi menga ijozat berarsizlar, janoblar?
To‘rttovlon indamay ish kabinetini tark etishib, qabulxona va yo‘lakdan o‘tishdida, tashqariga otlanishdi. Ularning ketidan ko‘cha eshikning og‘ir yopilgani eshitildi.
It oyoqlarida turib, Filipp Filippovichga bamisoli ta’zim qilayotganday boshini quyi egdi.
III
Oshxonaning o‘rtasida qorday oppoq dasturxon yozilgan katta, og‘ir stol, unga ikki kishilik ovqatlanish anjomlari, shuningdek, tsilindrga o‘xshatib burab qo‘yilgan sochiq va har xil rangdagi aroq to‘ldirilgan uchta shisha terib qo‘yilgan edi.
Sal nariroqda eman daraxtidan o‘ymakorlik usulida ishlangan va ichidagi oynasi hamda kumush idishlari yaltirab, tovlanib turgan javon, uning yoniga esa kichkinagina marmar stol qo‘yilgan, usti turli noz-ne’matlar bilan liq to‘la edi. Chiroyli gullari qora hoshiya bilan o‘ralgan nozik likopchalarda yupqa kesilgan syomga balig‘i, dimiqtirilgan ilonbaliq, og‘ir taxta idishlarda esa ustida suv tomchilari dirkillab turgan pishloq, kichkinagina, ichi qor bilan to‘latilgan kumush bochkachaga esa ikra solingandi. Bulardan tashqari, katta stolga bir nechta nozik qadah ham terilgandi.
Zina ichida bir nima biqirlab qaynab turgan, qopqog‘i berk kumush idish ko‘tarib kirdi. Ovqatdan shunaqangi xushbo‘y hid chiqayotgan ediki, itning og‘zi bir daqiqadayoq so‘lakka to‘ldi. «Semiramida bog‘lari», – xayolidan o‘tkazdi u dumini xuddi qamchinday qilib parket polga urar ekan.
– Bu yoqqa qo‘ying, – buyurdi Filipp Filippovich.
– Doktor Bormental, xudo xayringizni bersin, ikrani o‘z holiga qo‘ya tursangizchi! Sizga yana bir maslahatim: ingliz arog‘i emas, oddiy rus arog‘idan quying.
Oyog‘i tishlangan kelishgan kimsa – endi xalatsiz, hashamatli qora kostyum kiyib olgan edi – keng yelkalarini qisarkan, mayin jilmayib, qadahlarga shaffof suyuqlikdan quydi.
– Yangi hukumatnikimi? – qiziqsindi u.
– Xudo asrasin, azizim, – javob berdi uy egasi. – Spirt bu. Darya Petrovnaning o‘zi ajoyib aroq tayyorlaydi.
– Unchalik emasdir, Filipp Filippovich, aytishlaricha, yangi hukumatniki ham tuzukkina emish, 30 daraja.
– Aroq 30 emas, 40 daraja bo‘lishi kerak, bu bir, ikkinchidan esa, xudo biladi, uning ichiga yana nima balolarni qo‘shib yuborishadi ekan. Ularning xayoliga nimalar kelishini ayta olasizmi?
– Ulardan hamma narsani kutsa bo‘ladi, – ishonch bilan dedi oyog‘i tishlangan kimsa.
– Men ham xuddi shunday fikrdaman, – qo‘shimcha qildi Filipp Filippovich jajji qadahni bir yutishda bo‘shatib. – Hm… Doktor Bormental, o‘tinaman sizdan, manavini bir tatib ko‘ringa, hoziroq… agar aytsangizki, bu… butun umrga ashaddiy dushmaningiz bo‘lib qolaman. Sevilyadan Grenadaga qadar…
U shu so‘zlarni aytarkan, kumush vilkada qora nonga o‘xshagan allanimani olib, og‘ziga soldi. Tishlangan kimsa ham aynan shunday qildi. Filipp Filippovichning chehrasi yorishdi.
– Yomonmi, a, yomonmi? – chaynab turib so‘roqqa tutar edi u. – Siz javob bering, hurmatli doktor.
– Benihoya zo‘r, – chin dildan javob berdi tishlangan.
– Sekinroq ham aytasizmi… E’tibor beringa, Ivan Arnoldovich, aroqni sovuq gazak va sho‘rva bilan faqat bolsheviklar tomonidan so‘yib tugatilmagan boylargina tanovul qilishadi. O‘zini jindek bo‘lsada e’zozlaydigan kishi issiq ovqatli gazak iste’mol qiladi. Bu esa Moskvadagi gazaklarning eng birinchisi. Bir vaqtlar uni slavyan bozorida qoyilmaqom qilib tayyorlashar edi. Ma, bu senga.
– Itni oshxonada ovqatlantirganingiz nimasi, – ayol kishining jarangdor ovozi eshitildi, – keyin uni bu yerdan kaltak yordamida ham chiqarolmaysiz.
– Hechqisi yo‘q, qorni ochib ketdi sho‘rlikning, – Filipp Filippovich gazakni vilkasining uchiga qo‘ndirib itga uzatdi, u esa fokus ko‘rsatayotganday ustalik bilan uni ilib oldi, vilkani esa uy egasi sharaqlatib, qo‘l yuvadigan idishga uloqtirdi.
Likopchadan pishirilgan qisqichbaqaning hidi gupillab dimoqqa urar, issiq bug‘ ko‘tarilardi. Dasturxon soyasida o‘tirgan it o‘qdori omborxonasini qo‘riqlayotgan soqchiga o‘xshardi. Sochiqning bir uchini yoqasiga qistirib olgan Filipp Filippovich qoshig‘ini ma’noli silkitib qo‘ydi. – Jumladan, ovqat mahalida nimalar xususida gaplashishni ham. Ha. Agar ovqat hazm qilish tarmoqlaringiz yaxshi ishlab turishini xohlasangiz, ovqat ustida bolshevizm va tibbiyot haqida gaplasha ko‘rmang. Ovqat oldidan sovet gazetalarini o‘qishdan esa sizni xudoning o‘zi asrasin!..
– Ha, lekin boshqachalari yo‘qku!
– Yo‘q bo‘lsa, yana ham yaxshi, hech qanaqasini o‘qimang. Bilasizmi, men klinikada 30 nafar bemor ustida kuzatish ishlari olib bordim. Natija qanday bo‘ldi, deb o‘ylarsiz? Gazeta o‘qimaydigan bemorlar o‘zlarini juda zo‘r his qilishadi. «Pravda» gazetasini o‘qishga maxsus majbur qilganlarim esa oza boshlaganini payqadim.
– Hm… – qiziqish bilan ming‘irladi tishlangan kimsa vino va issiq sho‘rva ta’sirida qizarib.
– Bu ham holva. Tizza refleksi susayib, ishtahalarini yo‘qotib, hatto ruhiy tushkunlikka mubtalo bo‘lishdi.
– Yo, tavba…
– Ha. Darvoqe, menga nima bo‘ldi, tibbiyot haqida o‘zim gap ochganim nimasi?
Filipp Filippovich gavdasini o‘rindiq suyanchig‘iga tashlagancha qo‘ng‘iroq tugmasini bosdi, gilosrang parda ortidan Zina paydo bo‘ldi. Itga osyotr balig‘ining semiz, rangsizroq joyidan tegdi, lekin bu unga yoqinqiramadi, undan keyin esa qoni silqib turgan bir bo‘lak rostbif uzatishdi. Uni ham yeb bo‘lgach, it ovqat haqida boshqa o‘ylashni ham istamayotganini, uyqu elitayotganini his etdi. «Qizig‘a, – o‘ylardi it tobora og‘irlashib borayotgan qovoqlarini zo‘rg‘a ko‘tarib, – hech qanday ovqatni ko‘rgim ham yo‘q. Ovqatdan keyin chekish esa tentaklikdan boshqa narsa emas». It boshini oldingi oyoqlari ustiga qo‘ygancha mudrab yotar, xonani yoqimsiz ko‘kimtir tutun o‘ragan edi.
– «Sen-Julen» – juda yaxshi vino, lekin hozir uni topib bo‘lmaydi, – uyqu aralash itning qulog‘iga chalindi.
Qayerdandir yuqoridan, yon tomondan g‘ala-g‘ovur eshitildi. Filipp Filippovich qo‘ng‘iroq tugmasini bosdi va yana Zina paydo bo‘ldi.
– Zinusha, nimalar bo‘lyapti o‘zi?
– Yana umumiy majlis qilishyapti, Filipp Filippovich, – javob berdi Zina.
– Yana! – xitob qildi Filipp Filippovich jig‘ibiyron bo‘lib. – Demak, Kalabuxovlar uyi adoyi-tamom bo‘libdi, deyavering. Ko‘chib ketish kerak, lekin… qayoqqayam borasan. Hammasi suvdan qil sug‘urgandek kechadi. Avval har kecha qo‘shiqbozlik qilishadi, so‘ngra hojatxona quvurlari muzlab qoladi, undan keyin esa bug‘ bilan isitish qozoni yorilib ketadi va hokazo. Xullas, Kalabuxovlar uyi gumdon bo‘ldi, deyavering.
– Namuncha kuyunmasangiz, Filipp Filippovich, – dedi Zina jilmayganicha bir talay likopchalarni yig‘ishtirib olib ketarkan.
– Kuyunmay bo‘ladimi, axir?! – qichqirdi Filipp Filippovich fig‘on bo‘lib. – Bu ilgari qanaqangi uy bo‘lganligini tushunsangizchi!
– Siz masalaga haddan ziyod tushkunlik ruhida yondoshayapsiz, Filipp Filippovich, – e’tiroz bildirdi oyog‘i tishlangan chiroyli erkak, – ular hozir juda o‘zgarib ketishgan.
– Azizim, siz meni bilasiza! To‘g‘rimi? Men kuzatish va tahlilga, faktlarga ishonadigan odamman. Men asossiz farazlarga qarshiman. Buni nafaqat Rossiyada, balki butun Yevropada ham yaxshi bilishadi. Men bir narsani gapirayotgan ekanman, demak, tagida qandaydir dasturim bor, men shunga asoslanib xulosa chiqaraman. Mana, sizga yana bir fakt: uyimizdagi kiyim osiladigan ilgich va kalish qo‘yiladigan moslama…
– Qoziq…
«E kalish ham gapmi, gap kalishda emas, – xayolidan o‘tkazdi it, – lekin o‘zi olamshumul shaxs ekan».
– Kalish qo‘yiladigan moslamani olaylik. Men 1903 yildan buyon yashayman shu uyda. 1917 yilning mart oyigacha biror marta – qizil qalam bilan tagiga chizib yana ta’kidlayman – biror marta biror kimsaning oyoq kiyimi yo‘qolgan emas. Tashqari eshik qulflanmasligiga qaramay, bir juft kalish g‘oyib bo‘lgan emas. Ahamiyat beringa, bu yerda 12 ta xonadon bor, ulardan tashqari mening qabulimga keladigan odamlar… 1917 yilning martida esa, kunlarning birida hamma kalishlar, shu jumladan, mening ham 2 juft kalishim, 3 ta hassa, palto va shveytsarning samovari suvga tushganday yo‘q bo‘ldi-qoldi. Shu bo‘ldiyu, oyoq kiyimlari qo‘yiladigan moslama hayot faoliyatiga yakun yasadi. Azizim! Men uylarni isitish haqida gapirmay ham qo‘ya qolay. Mayli, sotsial revolyutsiya sodir bo‘lgan ekan, isitmay qo‘ya qolishsin. Lekin mening boshqa savolim bor. Nima uchun hamma loy kalishlari bilan marmar zinalarni toptaydi? Nima uchun kalishlarimizni qulflab yurishimiz, buning ustiga o‘g‘irlab ketishmasin deb, soqchi ham qo‘yishimiz kerak? Nima uchun kiraverishda zinaga solingan gilamni olib tashlashdi? Yo Marks zinaga gilam solishni ta’qiqlab qo‘yganmi? Karl Marksning biron kitobida Prechistenkadagi Kalabuxovlar uyining 2-pod’ezdini taxtalar bilan qoqib tashlab, ichkariga orqa eshikdan aylanib kirilsin, degan joyi bormi? Kimga kerak bu? Nimaga kerak? Nima uchun proletariy kalishini pastga yechib kirmaydi, marmar zinalarni bulg‘aydi?
– Filipp Filippovich, axir unda kalishning o‘zi yo‘qku, – deya g‘o‘ldiradi oyog‘i tishlangan kimsa.
– Hechamda, – momaqaldiroqday guldiradi Filipp Filippovich unga javoban va stakanga vino quydi. – Men tushlikdan keyin may ichishni tan olmayman. U ichki a’zolarga og‘ir ta’sir ko‘rsatib, jigarni ishdan chiqaradi. Hechamda! Endi uning kalishi bor… Mening kalishlarim unda! 1917 yilning bahorida yo‘qolgan aynan o‘sha kalishlar! Xo‘sh, ularni kim o‘marib ketgan deb o‘ylaysiz? Menmi? Yo‘q! Boyvachcha Sablinmi? – Filipp Filippovich barmog‘i bilan shipga ishora qildi. – Tasavvur qilish ham kulgili. Qand zavodining xo‘jayini Polozovmi? – Filipp Filippovich chap tomonni ko‘rsatdi. – Aslo! Bu – mana shu ashulachilarning ishi. Ha… Ostonada yechib kirsalar ham mayli edi, farosatlari shunga ham yetmaydi. (Filipp Filippovich qizarib-bo‘zara boshladi.) Maydonchadagi gullarning nima gunohi bor edi? Ularni nimaga yo‘q qilishdi? Xudo hali xotiradan qisganicha yo‘q, nima uchun 20 yildan beri 2 martagina o‘chgan elektr chiroq endilikda muntazam har soatda o‘chadi? Doktor Bormental, statistika – bu dahshatli narsa. Siz mening so‘nggi ishlarim bilan yaxshi tanishsiz, shuning uchun bu narsalar boshqalarga nisbatan sizga ko‘proq tanish bo‘lishi kerak.
– Vayronagarchilik, Filipp Filippovich.
– Yo‘q, – mutlaqo ishonch bilan e’tiroz bildirdi Filipp Filippovich. – Yo‘q! Siz, hurmatli Ivan Arnoldovich, o‘zingiz birinchi bo‘lib shu so‘zlarni ishlatishdan voz kechasiz! Bu – ko‘zbo‘yamachilik, tutun, sarob bu! – Filipp Filippovich kalta barmoqlarini keng yozib yubordi, oqibatda ularning toshbaqaga o‘xshagan ikki soyasi dasturxon ustida titray boshladi. – Vayronagarchilik dedingiz, xo‘sh, nima bu o‘zi? Egri hassa tutgan kampirmi? Yo tayog‘i bilan barcha oynalarni sindirib, hamma chiroqlarni o‘chirib ketayotgan yalmog‘izmi? Siz nimani nazarda tutyapsiz o‘zi? – g‘azab bilan so‘radi Filipp Filippovich, oyog‘i osmondan qilib bufetga osib qo‘yilgan o‘rdakcha yonida turarkan. U o‘z savoliga o‘zi javob berdi. – Agar men operatsiya qilish o‘rniga, uyimda xor bilan qo‘shiq ayta boshlasam, mana buni vayronagarchilik desa bo‘ladi. Agar men hojatxonaga kirsamu, ma’zur tutasiz, unitazga emas, yoniga o‘tirsam, Zina va Darya Petrovna ham aynan shunday qilsalar, mana, buni vayronagarchilik deyish mumkin. Binobarin, vayronagarchilik hojatxonada emas, kallalarda yuz beradi. Shuning uchun yo‘g‘on ovozli bu ashulabozlar «vayronagarchilik yo‘qolsin!», deb qichqirganlarida, mening kulgim qistaydi. (Filipp Filippovichning yuzi shunday burishib ketdiki, oyog‘i tishlangan kimsaning hayratdan og‘zi ochilib qoldi). O‘lay agar, judayam kulgili… Demak, ular o‘zlarining bo‘yinlarini mo‘ljallab urishga da’vat qilishyapti, shunday emasmi? Urib-urib, miyalaridan har xil xomxayollarni chiqarib tashlashsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri og‘ilxonalarni tozalash, ya’ni o‘z vazifalarini bajarish bilan shug‘ullanishsa, hammasi joy-joyiga tushardi-qo‘yardi. Ikki xudoga sig‘inib bo‘lmaganidek, bir vaqtning o‘zida ham tramvay yo‘lini supurish, ham qandaydir ispan yalangoyoqlarining taqdirini hal etish mumkin emas. Bu hech kimning qo‘lidan kelmaydi, doktor, ayniqsa, yevropaliklar taraqqiyotidan 200 yil orqada qolib ketgan va hanuzgacha o‘z ishtonining tugmasini aytarli ishonch bilan qaday olmaydigan odamlar uchun bu mumkin bo‘lmagan ish.
Filipp Filippovich to‘yimli ovqatdan kuch yig‘ib, yanada keskinroq, yanada g‘azabliroq ovozda hayqirar, burun kataklari goh kengayib, goh torayar, boshi esa kumushrang tusda jilolanardi. Shu turishda u qadimgi payg‘ambarlarga o‘xshab ketardi.
Uning ovozi pinakka ketgan itning qulog‘iga yer ostidan kelayotgan bo‘g‘iq guldurakday eshitilardi. U tushida sariq ko‘zlari ma’nosiz tikilgan boyqushni, goh isqirt kiyimli oshpazni, goh Filipp Filippovichninig elektr chirog‘ida yoritilgan chehrasini va chapani mo‘ylovini, goho esa chanalarni ko‘rardi. Itning oshqozonida esa, ayni shu choqda burdalangan bir bo‘lak rostbif hazm bo‘lmoqda edi.
«Agar mitinglarda so‘zlasa, rosa pul ishlashi mumkin, – mudroq ichida orzu qilardi it. – O‘ta tadbirkor ekan. Binobarin, chamasi shundoq ham puli oshib-toshib yotgan bo‘lsa kerak».
– Gorodovoy! – qichqirardi Filipp Filippovich o‘zini bosolmay.
– Gorodovoy! – «Uv-v-v!.. – itning miyasida qandaydir pufaklar yorila boshlagandi». – Gorodovoy! O‘sha va faqat o‘sha. Ko‘kragiga nishon taqadimi yoki boshiga qizil kepka kiyadimi, buning mutlaqo ahamiyati yo‘q! Gorodovoyni har bir odam bilan yonma-yon qo‘yib, o‘sha Gorodovoyni grajdanlarimizdagi ashulaga ishtiyoqni so‘ndirishga majbur qilish kerak. Mana, siz vayronagarchilik deyapsiz. Men sizga aytamanki, doktor, o‘sha qo‘shiqchilarni qo‘shiq aytishdan to‘xtatish kerak, shundagina bizning uyda va har qanday boshqa uylarda ham ahvol o‘z-o‘zidan yaxshilanadi. Kontsertni to‘xtatishlari bilanoq vayronagarchilik ham barham topadi.
– Aksilinqilobiy gaplarni aytyapsiz, Filipp Filippovich, – dedi oyog‘i tishlangan kimsa hazilga aylantirib, – birov eshitib qolishidan xudo asrasin.
– Hecham qo‘rqinchli joyi yo‘q, – qizishib e’tiroz bildirdi Filipp Filippovich, – qanaqa aksilinqilobiy so‘zlar bo‘lsin?! Darvoqe, bu men mutlaqo hazm qila olmaydigan so‘z. Aksilinqilob degani nima o‘zi, uning zamirida qanday ma’no yotadi? Xudo biladi! Shuning uchun yana ta’kidlab aytamanki, mening so‘zlarimda hech qanday aksilinqilobiy ma’no yo‘q. Ularda sog‘lom mazmun va hayotiy tajriba bor.
Filipp Filippovich yoqasiga qistirib olgan sochiqni olib g‘ijimlagancha yarmi ichilgan qadah yoniga qo‘ydi. Oyog‘i tishlangan kimsa darhol o‘rnidan turib, minnatdorchilik bildirdi: «Mersi».
– Shoshmang, doktor! – to‘xtatdi uni Filipp Filippovich shimining cho‘ntagidan hamyonini chiqarar ekan. U ko‘zlarini suzgancha bir qancha oq qog‘ozlarni sanab hamsuhbatiga uzatdi: – Bugun sizga, Ivan Arnoldovich, 40 so‘m berishim kerak. Marhamat.
Itdan jabr ko‘rgan kimsa muloyimlik bilan minnatdorchilik bildirib, qizarganicha pulni kostyumining ko‘krak cho‘ntagiga solib qo‘ydi.
– Bugun kechqurun sizga kerak bo‘lmaymanmi, Filipp Filippovich? – nazokat bilan so‘radi u.
– Yo‘q, azizim, minnatdorman, bugun ishlamaymiz. Birinchidan, quyonimiz o‘lib qoldi, ikkinchidan, bugun Bolshoy teatrda «Aida»… Ancha bo‘ldi eshitmaganimga. Juda yoqadi menga. Esingizdami? Duet… Tari-ra-ram…
– Hammasiga qanday ulgurasiza, Filipp Filippovich? – hurmat bilan so‘radi shifokor.
– Odam hech qayoqqa shoshilmasa, hamma narsaga ulguradi. Agar men ham majlisdan-majlisga sakrab, o‘z vazifamni bajarish o‘rniga ertadan kechgacha bulbulga o‘xshab sayrab yurganimda hech qayerga ulgurmagan bo‘lar edim, albatta, – Filipp Filippovichning cho‘ntagidagi soat mayin musiqiy tovush chiqardi, – to‘qqiz bo‘libdi. Ikkinchi qismiga yetib boraman… Men mehnat taqsimoti tarafdoriman: Bolshoy teatrda kuylashsin, men esa operatsiya qilaman. Qanday yaxshi bu! Hech qanday vayronagarchilik ham yuz bermaydi. Gap shunday, Ivan Arnoldovich, yaxshilab kuzatib yuring, bizga to‘g‘ri keladigan biron-bir murda uchrab qolsa, darhol huzurimga keltirarsiz.
– Xotirjam bo‘ling, Filipp Filippovich, patolog-anatom og‘aynilarim va’da berishgan.
– Yaxshi. Ungacha biz manovi ko‘cha supurgisini kuzatib yuramiz. Biqini ham tuzalib ketsin.
«Mening tashvishimni qilyapti, – xayolidan o‘tkazdi it, – judayam ajoyib odam ekan. Kimligini endi bildim. U itlar ertagidagi donishmand, mo‘jizakor va saxiy sehrgar. Ko‘rganlarimning hammasi tush bo‘lishi mumkin emasku, axir? (Tushida cho‘chib tushgandi) Shundoq ko‘zimni ochsamu, hammasi – ipak bilan o‘ralgan chiroqlar, manavi yoqimli issiq uy, bu to‘qlik… hammasi sarob bo‘lib chiqsa… Yana o‘sha darvozaxona, izg‘irin sovuq, qor bo‘roni, muzlagan asfalt yo‘llar, och-nahor izg‘ishlar, yovuz odamlar… Yana o‘sha oshxona, isqirt oshpaz… Voy, xudoyim-ey, menga qanchalik qiyin bo‘ladi!»
Lekin unday bo‘lib chiqmadi, aksincha, darvozaxona ham tush bilan birga erib ketdi. Va boshqa qaytib ko‘z oldida balqimadi.
Vayronagarchilik deganlari unchalik qo‘rqinchli narsa bo‘lmasa kerak. Ko‘rimsizgina garmonchilar kuniga ikki marta oyna tagiga kelib, kuyib-pishib qo‘shiq aytishar, ulardan chiqqan issiqlik to‘lqinlari xonalar bo‘ylab taralardi. Itga omad kulib boqqanligi mutlaqo ravshan edi. Uning ko‘zlari kuniga ikki mahal prechistenkalik donishmandga nisbatan minnatdorchilik yoshlari bilan to‘lar, bundan tashqari, mehmonxonadagi qo‘shoyna va shkaflar oralig‘idagi qabulxonada peshonasi yarqiragan itning aksi ko‘rinar edi.
«Men chiroyliman. Ehtimol, qandaydir noma’lum aslzoda itlar naslidandirman, – o‘ylardi u oynadagi o‘zining qahvarang aksiga tikilib. – Hoynahoy, buvim rahmatlik «vodolaz» itlari bilan don olishgan bo‘lsa, ajab emas. Shuning uchun bo‘lsa kerak, tumshug‘imda oq xolim ham bor. Qayoqdan paydo bo‘lishi mumkin u? Filipp Filippovich juda nozikta’b odam, ko‘chada duch kelgan sayoq itni ergashtirib kelavermaydi».
Bir hafta davomida Sharik shunaqangi to‘yib ovqatlandiki, bunaqasini daydib yurgan chog‘larida bir yarim oy mobaynida ham ko‘rmagan. Albatta, bu faqat miqdori, Filipp Filippovich bergan ovqatlarning sifati haqida esa gapirmasa ham bo‘lardi. Har kuni Darya Petrovnaning Smolensk bozoridan 18 tiyinlik mayda-chuyda go‘sht bo‘laklari xarid qilib kelishini e’tibordan soqit qilingan taqdirda ham, har kech soat 7 da mehmonxonada bo‘ladigan kechki ovqatni eslatib o‘tish kifoya. Zinaning e’tirozlariga qaramay, Sharik ham bu yerda hoziru nozir bo‘lardi. Bunday ovqatlanish paytlarida Filipp Filippovich Sharik uchun tamomila xudoga aylanar, u orqa oyoqlarida turib, kostyumining etagini yalar edi. It Filipp Filippovichning qanday qo‘ng‘iroq chalishini ham bilib oldi. Qo‘ng‘iroq ikki marta to‘la ovozda qisqa-qisqa jiringlashi bilan vovullaganicha yo‘lakka otilib chiqardi. Uning yoqasi qo‘ng‘ir tulki terisidan tikilgan po‘stinini doimo qor uchqunlari qoplagan, tamaki, mandarin, atir, benzin, limon va yana allambalolarning hidi gupillab turgan bo‘lardi, ovozi esa tovush kuchaytiradigan karnayday butun uy bo‘ylab yangrardi.
– Sen, to‘ng‘iz, nega boyqushni burdalab tashlading? U senga xalaqit berdimi? Sendan so‘rayapman? Professor Mechnikovni ham chil-chil sindiribsan.
– Buni bir marta bo‘lsayam rosa savalab, adabini berib qo‘yish kerak, Filipp Filippovich, – derdi Zina achchig‘lanib, – yo‘qsa, u juda haddidan oshib ketyapti. Mana, kalishingizni qay ahvolga solganiga o‘zingiz bir qaranga?..
– Hech bir jonzotni savalash mumkin emas, – derdi Filipp Filippovich hayajon bilan, – bu doimo yodingizda bo‘lsin. Insonga va hayvonga faqat ishontirish yo‘li bilan ta’sir o‘tkazish mumkin. Bugun go‘sht berdingizmi unga?
– Voy xudoyim-ey! Filipp Filippovich, buningiz yorilib ketmasa go‘rga edi, jag‘i tinmaydi…
– Mayli, osh bo‘lsin, yeyaversin… Hoy, bezori, boyqush senga xalaqit berdimi, a?
– Uu! – g‘ingshirdi it qorni bilan Filipp Filippovichning oldiga emaklab kelar ekan.
Uni bo‘yinturug‘idan tortqilaganlaricha qabulxona orqali ish kabinetiga olib o‘tishdi. It yurmay tixirlik qilar, gilamga oyoqlari bilan yopishar, irillar va xuddi tsirkdagiday orqasi bilan polda surgalar edi. Kabinetning o‘rtasida ko‘zlari shishadan qilingan, qorni yorilib, ichidagi naftalin hidi anqib turgan rang-barang latta-luttalar sochilib ketgan boyqush, stol ustida esa tirnab yirtilgan portret yotardi.
– O‘z ko‘zingiz bilan ko‘rishingiz uchun ataylab yig‘ishtirmadim, Filipp Filippovich, – hisobot berardi Zina fig‘on bo‘lib, – ablah, stol ustiga chiqib ketsa bo‘ladimi! Dumiga yopishib bir tishladi! Ko‘z ochib-yumgunimcha dabdalasini chiqardi. Tumshug‘ini boyqushga ishqalang, Filipp Filippovich, buyumlarni ishdan chiqarish qanaqa bo‘lishini bilib qo‘ysin.
Keyin angillash boshlanardi. Tumshug‘ini boyqushga ishqalash uchun uni tortqilashar, u esa bor kuchi bilan qarshilik ko‘rsatar, ko‘zlaridan duv-duv yosh oqarkan: «Qancha ursangiz ham, mayli, faqat uydan haydamasangiz bas», deya o‘ylardi.
– Qushni shu bugunoq ustaga jo‘natish kerak. Keyin… mana, senga 3 so‘m, 16 tiyin tramvayga, Myurining oldiga borib zanjirli yaxshi bo‘yinbog‘ xarid qilib kel.
Ertasiga itning bo‘yniga xiyla qalin yaltiroq halqa solishdi. U oynaga qaradiyu, kayfiyati buzilib ketdi, dumini gajak qilgancha vannaxonaga qochib kirdi. U qanday bo‘lmasin, halqadan qutulish chorasini izlardi. Sandiqqa ishqalasinmikin, yashikkami? Lekin sal o‘tmay, u o‘zining g‘irt tentakligini angladi. Zina uni zanjiridan yetaklab, Obuxov muyulishiga sayrga olib chiqdi. Sharik asirga o‘xshab zanjirband ko‘chaga chiqqanidan uyalib, yerga kirguday bo‘lib borardi. Biroq Prechistenka ko‘chasidan Xristos maqbarasiga yetib borgunlaricha halqa hayotda nima ekanligini a’lo darajada anglab yetdi. Ko‘chadagi daydi itlarning ko‘zlarida quturgan hasad o‘ti ko‘rinar, o‘limtik muyulishida esa bitta dumi kesilgan laycha it unga «laganbardor» va «boy yalog‘i» deb akilladi. Tramvay yo‘lini kesib o‘tayotganlarida, militsioner avval halqaga, keyin itga mamnunlik va hurmat bilan qarab qo‘ydi. Uyga qaytib kelganlarida esa hech kutilmagan voqea yuz berdi: Fyodor – shveytsar o‘z qo‘li bilan eshikni ochib, Sharikni ichkariga kiritarkan, Zinaga qarab dedi:
– Filipp Filippovich rosa zo‘r it topibdiku. Yana semizligini aytmaysizmi!..
– Olti kishining ovqatini ko‘rdim demaydiku, semiz bo‘masinmi yana, – dedi yuzlari sovuqdan qizargan va chiroyi yanayam ochilgan Zina.
«Bo‘yinturuq deganlari portfelday bir gap ekan», – o‘yladi it istehzo aralash va orqasini likillatgancha boyvachchalarday zinadan yuqoriga ko‘tarildi.
Shu xonadonga kelganidan beri Sharik uchun faqat bitta xonaga kirish butunlay taqiqlangan edi. U xonada devorlarga oltin buyumlar osilgan, xona bekasi Darya Petrovnaning ham qulog‘ida brilliantga o‘xshagan 22 toshli zirak yaltirar, uning sochlari savatga o‘xshatib turmaklangan bo‘lib, yuzlari yog‘day yaltillab ko‘rinardi. Bo‘yinbog‘ bahonasida bugun birinchi marta it bu jannatga tashrif buyurdi. Gaz plitasida nimadir qaynar, vaqirlar, duxovkada nimalardir xushbo‘y hid taratib pishar edi.
– Yo‘qol! – baqirib berdi Darya Petrovna. – Hoziroq yo‘qol ko‘zimdan, daydi ochofat! San yetmay turuvding o‘zi! Naq teringni shilaman bo‘lmasa…
– Nima bo‘ldi? Xo‘sh, nega akillayapsan? – himoyasizlik bilan ko‘zlarini suzdi it. – Nahotki halqamni ko‘rmayotgan bo‘lsang? – u eshik tirqishidan tumshug‘ini tiqib, yoni bilan ichkariga o‘tishga urinardi.
Sharikning inson qalbini zabt eta oladigan qandaydir xususiyati bor edi. Ikki kundan keyin u ko‘mir solingan savat yonida Darya Petrovnani kuzatgancha yonboshlab yotardi. Darya Petrovna o‘tkir ingichka pichog‘i yordamida oldin himoyasiz bulduruqning boshi va qanotlarini, keyin esa ustalik bilan go‘shtini suyaklaridan ajratib olar, tovuqlarning ichidan allanimalarni chiqarib tashlar, yana nimalarnidir qiymakashda maydalar edi. Sharik esa bu paytda maza qilib, bulduruqning boshini g‘ajish bilan band edi. Darya Petrovna sutga ivitilgan non bo‘laklarini olib, maydalangan go‘shtga aralashtirdida, ustidan qaymoq quydi, keyin tuz sepib, bo‘g‘irsoq yasashga kirishdi. Plita ustidagi olov xuddi katta yong‘in bo‘layotganday vishillab yonar, tovadagi yog‘ pishillab qaynar, po‘rsillab yorilar, hammayoq do‘zaxga aylanganday edi.
Kechqurun jahannamiy hovur bir oz susayar, yarim qilib tutilgan parda tepasidagi bir parcha ma’vodan yolg‘iz yulduz miltirab ko‘rinar edi. Oshxonaning poli nam edi, idish-tovoqlar xira va sirli tarzda jilolanar, stol ustida o‘t o‘chiruvchilar furajkasi turardi. Sharik iliqqina plita ustida darvozani qo‘riqlayotgan sherday yonboshlab yotar, quloqlarini ding qilganicha, enlik charm belbog‘ bilan belini sirib bog‘lagan qora mo‘ylovli kishining Zina va Darya Petrovnaning xonasida Darya Petrovnani quchoqlayotganini kuzatardi. Eshik qiya ochiq bo‘lib, Sharikka ularning har bir xatti-harakati aniq ko‘rinardi. Darya Petrovnaning pudra surilgan oppoq burnini aytmasa yuzi uyat va ehtiros bilan yonar edi.
– Devga o‘xshab buncha yopishasan, – ming‘irladi Darya Petrovna g‘ira-shira qorong‘ulikda, – qo‘yvor! Hozir Zina kelib qoladi. Nima balo, yo seni ham yoshartirishdimi, a?..
– E, bizga buning hojati yo‘q, – xirillagan tovushda javob berdi mo‘ylov o‘zini zo‘rg‘a tutib, – namuncha olov bo‘lmasangiza?!
Kechqurunlari Bolshoy teatrda «Aida» bo‘lmasa va Butun Rossiya jarrohlari jamiyatining majlisi o‘tkazilmasa, tabobat payg‘ambari og‘ir darpardalar tushirilib, yulduzlarni to‘sgan ish kabinetida chuqur kursiga o‘tirgancha xayolga cho‘mardi. Tepada chiroq yo‘q, stol ustidagina ko‘k chiroq yonib turardi. Sharik gilam ustida soyada yotib, atrofdagi dahshatli narsalarga hayrat bilan boqardi. Qandaydir xira va yoqimsiz suyuqlikli shisha idishda odamning miyasi solingan edi. Qo‘liga sariq rezina qo‘lqop kiyib olgan payg‘ambar esa barmoqlari bilan uning ilang-bilang joylarini ushlab ko‘rar, ba’zan kichkina yaltiroq pichoqcha bilan qurollanib, sariq rangli qattiqqina miyalarni ohista kesib ko‘rardi.
– Nilning muqaddas sohillariga, – ming‘irlab qo‘shiq aytardi u pastki labini tishlarkan, Bolshoy teatrning naqadar charog‘on va yaltiroq ekanligini eslab.
Quvurlar qizib, ulardan chiqayotgan issiqlik tepaga ko‘tarilar, so‘ngra xona bo‘ylab yoyilar edi. Itning junlari orasida esa Filipp Filippovich o‘zi shaxsan tozalaganiga qaramay qolib ketgan, lekin kuni bitib qolgan bittagina burga g‘imirlay boshladi. Gilamlar xonadondagi ovozlarni bo‘g‘ar edi. Uzoqdan ko‘cha eshigining ochilib yopilgani eshitildi.
«Zina kinematografga ketdi, – o‘ylardi it, – demak, u kelishi bilan ovqatlanamiz. Bugun, taxminimcha, yosh mol go‘shtini tanovul qilsak kerak».
O‘sha dahshatli kunning tongotaridayoq itning dilini noxush hislar chulg‘adi. Bir yomonlikni sezganday ko‘ngli g‘ash tortib, yarim kosa bo‘tqa va kechagi qo‘y go‘shtining suyaklaridan iborat nonushtani ishtahasiz kavshadi. So‘ng erinchoqlik bilan qabulxonaga o‘tdi va oynadagi o‘z aksiga qarab, uv tortib qo‘ydi. Zina uni ko‘chaga olib chiqib aylantirib kelgach, kuni odatdagiday osoyishta o‘ta boshladi. Seshanba bo‘lgani uchun hech kim yo‘q, chunki seshanba kunlari bemorlar qabul qilinmas eli. Payg‘ambar o‘z ish kabinetida o‘tirar va allaqanday turfa suratlari bor kitobni varaqlardi. Tushlik vaqti yaqinlashayotgan edi. Itning ruhini bugun ovqat izidan kurka go‘shti berilishi haqidagi fikr ancha ko‘tardi. Kurka pishirilayotganini oshxonaga borib, o‘zi aniq ko‘rib kelgan edi. Yo‘lakdan o‘tib ketayotib, Filipp Filippovichning xonasida telefon kutilmaganda yoqimsiz jiringlaganini eshitdi. Filipp Filippovich dastakni ko‘tarib, qulog‘iga tutarkan, birdan hayajonga tushdi:
– Juda soz, – titrab chiqdi uning ovozi, – hoziroq olib keling, hoziroq!
U tipirchilab qoldi, qo‘ng‘iroq tugmachasini bosdi, eshikda paydo bo‘lgan Zinaga ovqatni tezlashtirishni buyurdi.
– Tushlikka! Tushlikka! Tushlikka!
Mehmonxonadan tarelkalarning shaqirlashi, oshxonadan esa Darya Petrovnaning: «Kurka hali tayyor emas», deb to‘ng‘illagani eshitildi. Itning ko‘ngliga yana g‘ulg‘ula tushdi.
«Uydagi shovqin-suronni sira jinim yoqtirmaydida», – o‘ylardi u. Xayolidan shu fikr o‘tdiyu, shu zahoti g‘ala-g‘ovur yana kuchaydi. Bunga xonaga bir vaqtlar doktor Bormental deb atalmish oyog‘i tishlangan kimsaning tashrif buyurishi sababchi bo‘ldi. U o‘zidan qo‘lansa hid taratayotgan katta jomadon ko‘tarib kirdi va yechinmasdanoq to‘g‘ri ko‘rish xonasiga ravona bo‘ldi. Filipp Filippovich esa, o‘z odatiga xilof tarzda, oxirigacha ichib ulgurmagan qahvasini qoldirib, Bormentalning istiqboliga yugurib chiqdi.
– Qachon o‘ldi? – baqirdi u.
– Uch soat avval, – javob berdi Bormental qor bosgan qalpog‘ini ham yechmay, jomadonni ocharkan.
«Kim o‘ldi ekana? – qovoq-lunji osilib o‘yladi it oyoq tagida o‘ralasharkan. – Yugurib-elishlarigayam toqatim yo‘q».
– Oyoq ostida o‘ralashma! Tezroq, tezroq, tezroq! – qichqirdi Filipp Filippovich, keyin ketma-ket barcha qo‘ng‘iroqlarni bosib chiqdi, har qalay itga shunday tuyuldi. – Zina! Telefon yonida Darya Petrovna o‘tirsin, yozib olsin. Hech kim qabul qilinmasin! O‘zing menga keraksan! Doktor Bormental, qimirlasangizchi, axir, o‘tinaman, tezroq, tezroq!
«Yoqmayapti bu ishlar menga, yoqmayapti», – o‘ylardi it xafa bo‘lib, xonadan-xonaga sanqib yurar ekan. Hamma olatasir shovqin ko‘rish xonasida bo‘layotgandi. Kutilmaganda Zina kafanga o‘xshagan oq xalat kiyib oldi va ko‘rish xonasidan oshxonaga, u yerdan yana orqasiga zir yugura boshladi.
«Borib, ovqatlanib olsammikan? Jin ursin hammasini», – degan qarorga keldi it va qo‘qqisdan g‘alati vaziyatga duch keldi. Ko‘rish xonasidan:
– Sharikka hech nima berilmasin, – degan buyruq jarangladi.
– Voy, uni nazorat qilib bo‘larkanmi?..
– Qamab qo‘yilsin!
Sharikni aldab, vannaxonaga qamab qo‘yishdi.
«Qanday surbetlik, – o‘ylardi Sharik qorong‘i vannaxonada o‘tirarkan, – g‘irt bema’nilik..».
O‘n besh daqiqa chamasi u g‘alati bir kayfiyatda o‘tirdi, goh jahli chiqar, goh og‘ir ruhiy tushkunlikka tushardi. Vaziyat o‘ta zerikarli, mavhum edi.
«Mayli, hurmatli Filipp Filippovich, ertaga ko‘rasiz kelishingizni! Ikki juft sotib oldingizmi, ertaga yana bir juftini yangilaysiz. Itlarni boshqa qamamasligingiz uchun».
Lekin kutilmaganda uning g‘azabnok fikri chekindi. Qorong‘u osmon nurga chulg‘anganday, uning xayolida yoshligining eng ajoyib, eng musaffo xotiralari jonlanib, qalbi chiroq yonganday yorishdi: Preobrajenskiy zastavasidagi keng hovli, shisha bo‘laklarida jilolangan quyosh nuri, tsingan g‘isht bo‘laklari, ozod daydi itlar…
«Yo‘q, men endi bu yerdan hech qanday ozodlikka keta olmayman, – burnini tortib o‘ylardi it, – o‘z-o‘zini aldashga nima hojat? Men endi tarbiya ko‘rgan, ziyoli itman, men shunday hayotni ko‘rdimki, endi erkinlik haqida o‘ylashim ham noo‘rin. Xo‘sh, ozodlik deganlari nima o‘zi? Tutun, sarob, sharpa… Baxtiqaro demokratlarning alahsirashi bu!»
Vannaxonadagi nimqorong‘ilik o‘rnini zimiston qopladi, it uv tortgancha o‘zini eshikka urdi, oldingi oyoqlari bilan tirnay boshladi.
– U-uvu! – bochka ichidan chiqqanday bo‘g‘iq ovoz butun uyni tutdi.
«Boyqushini yana burdalayman», – o‘yladi holdan toygan it g‘azab bilan. Holsizlanib, yana picha yotdi, o‘rnidan turganda esa, junlari hurpayib ketdi, unga qorong‘ulikdan jirkanch vahshiy ko‘zlar qarab turganday tuyuldi.
Azob-uqubati ayni avjiga chiqqanida eshik ochilib, yorug‘lik tushdi. It bir silkinib, oshxonaga o‘tib ketmoqchi bo‘lgan edi, lekin Zina uning halqasiga mahkam yopishganicha kuch bilan ko‘rish xonasi tomon sudradi. Itni sovuq titroq bosib, badanidan ter chiqib ketdi. «Nimaga kerak bo‘lib qoldim o‘zi ularga? – o‘yladi u shubha ichida, – biqinim tuzalib ketgan bo‘lsa. Hech nimaga tushunib bo‘lmaydi».
Uni parket polda sudraganlaricha ko‘rish xonasiga olib kelishdi. Bu yerdagi g‘ayritabiiy charog‘onlik kishini hayratga solardi. Tepada katta oq shar bamisoli lovullab yonar, uning o‘tkir nuridan itning ko‘zlari qamashib ketdi. Stol yonida hamma yog‘i oppoq yog‘du bilan chulg‘angan odam turar, mavhum hididangina uning Filipp Filippovich ekanligini anglash mumkin edi. U tishlari orasidan Nilning muqaddas sohillari haqidagi qo‘shig‘ini xirgoyi qilardi. U boshdan-oyoq oppoq kiyimda edi. Boshidagi oq qalpog‘i ruhoniylarning bosh kiyimini eslatar, xalat ustidan rezina etak tutib olgan, qo‘llariga esa qora qo‘lqop kiygan edi.
Oyog‘i tishlangan kimsa ham shu yerda edi. Katta stol kengaytirilgan, uning yonboshiga yaltiroq oyoqli kichik to‘rtburchak stol ham taqab qo‘yilgan edi.
Itning ko‘ziga oyog‘i tishlangan kimsa bugun hammadan ham yomon ko‘rinib ketdi, ayniqsa, itga uning bugungi ko‘z qarashi yoqmadi. Uning ko‘zlarida shubhali va yasama ifodalar jilolanardi. Doimo tik va mardona boquvchi bu ko‘zlar endi itning nigohi bilan to‘qnash kelmaslikka intilar, ularning tub-tubida jinoyat bo‘lmagan taqdirda ham qandaydir yomonlik alomatini eslatuvchi ifoda yotardi. It unga xo‘mrayib, og‘ir qarash qildi va burchakka o‘tib ketdi.
– Zina, halqa, – past ovozda dedi Filipp Filippovich, – faqat cho‘chitib yuborma uni.
Zinaning ko‘zlari ham oyog‘i tishlangan kimsaniki kabi qabihona tusga kirdi. U itga yaqin kelib, yasama mehribonlik bilan yelkasini silab qo‘ydi. It esa unga iztirob va nafrat aralash tikildi.
«Nimayam derdim… Sizlar uch kishisizlar. Istaganingizni qilishingiz mumkin. Faqat… uyat sizlarga… Nima qilmoqchi ekanligingizni bilganimdayam bir navi edi..».
Zina uni halqadan ozod qildi. It bosh silkitib, pishqirib qo‘ydi. Shu payt uning oldida dabdurustdan oyog‘i tishlangan kimsa paydo bo‘ldi, undan qo‘lansa hid anqirdi.
«Fu, namuncha sassiq… Nega buncha qo‘rqib qaltiramasam..»., – o‘yladi it va orqaga tislandi.
– Tezroq, doktor! – dedi Filipp Filippovich sabrsizlik bilan.
Havoga o‘tkir chuchuk hid taraldi.
Oyog‘i tishlangan kimsa bezovta va ablahona nigohini itdan uzmay, orqasiga yashirgan o‘ng qo‘lini oldinga uzatib, itning burniga ho‘l paxta bo‘lagini tekkizdi. Sharikning boshi yengil aylanib, muvozanatini yo‘qota boshladi, lekin yana orqaga tislanishga ulgurdi. Oyog‘i tishlangan kimsa esa uning ortidan sakrab, tumshug‘ini paxta bo‘lagi bilan butunlay yopib qo‘ydi. Itning nafasi tiqilib qoldi, lekin u yana bir marta qo‘ldan chiqib ketishga muvaffaq bo‘ldi. «Badkor..». – hidlatishdi, shu zahoti ko‘rish xonasining o‘rtasida katta hovuz paydo bo‘ldi. Unda narigi dunyolik juda quvnoq, antiqa qizil tusli itlar qayiqda sayr qilib yurardilar. Oyoqlari suyaksizday shilq etib bukildi.
– Stolga yotqizing! – Filipp Filippovichning quvnoq ovozi guldirab, qizg‘ish oqimlar qa’riga singib ketdi.
Qo‘rquv g‘oyib bo‘lib, o‘rnini sevinch egalladi. So‘nib borayotgan itning oyog‘i tishlangan kimsaga nisbatan ham bir lahza mehri tovlandi. Keyin hamma narsa ostin-ustun bo‘lib, qornida muzday, ammo yoqimli qo‘lni his qildi. Keyin yo‘qlik qa’riga ravona bo‘ldi.
IV
Uzun va eni tor operatsiya stolida Sharik cho‘zilib yotar, uning himoyasiz boshi yelim yostiq ustida likillab turardi. Qornining junlari qirilgan, Doktor Bormental endi og‘ir nafas olgancha mashinkada oshig‘ich bilan uning kallasini qirtishlayotgandi. Filipp Filippovich kaftlarini stol chetiga tiragan ko‘yi ko‘zlarini ko‘zoynak hoshiyasidek yaltiratgancha hamkasabasining ishini kuzatar va hayajon bilan so‘zlardi.
– Ivan Arnoldovich, eng muhimi – men turk egariga kirgan daqiqani boy bermaslik. O‘tinaman, doktor, miya o‘simtasini menga uzatingu, darhol tikishni boshlang. Agar qon keta boshlasa, uni to‘xtatish uchun vaqt yo‘qotamiz, ham ayrilamiz. Darvoqe, uning yashab ketishi shundoq ham dargumon, lekin, bilasizmi, – u nigohini suzib, itning yarim yumuq ko‘zlariga tikilgancha gapida davom etdi: – ancha o‘rganib qolgan ekanman unga, yuragim achishyapti.
U Sharikka xatarli jasorati oldidan oq fotiha berayotganday qo‘llarini yuqoriga ko‘tardi. U qora qo‘lqopiga zarracha ham gard qo‘ndirmaslikka urinardi. Juni olingan itning oppoq terisi ko‘rinib qoldi. Bormental soch olish mashinkasini chetga otib, ustara bilan qurollandi. U itning himoyasiz kichkinagina boshiga sovun surib, ustara yordamida qira boshladi. Ustara tagidan qirsillagan ovoz chiqar, ba’zi joylari esa qonab ketdi. Qirib bo‘lgach, benzinda ho‘llangan latta bilan boshini artdi, keyin uning yalang‘och qornini to‘g‘rilab, chuqur nafas olarkan, «Tayyor», dedi.
Zina chag‘anoq jo‘mragini buradi va Bormental qo‘l yuvishga tutindi. Zina uning qo‘liga shishadagi spirtdan ham quyib yubordi.
– Men ketsam maylimi, Filipp Filippovich? – so‘radi Zina itning top-toza qilib qirilgan boshiga qo‘rquv bilan ko‘z qirini tashlab qo‘yarkan.
– Mayli.
Zina g‘oyib bo‘ldi. Bormental ishini davom ettirdi. U yengil doka bo‘laklari bilan Sharikning boshini o‘rab chiqdi va yostiq ustida shu choqqacha hech kim ko‘rmagan manzara, oppoq qilib qirilgan it kallasi va soqoldor g‘alati bashara namoyon bo‘ldi.
Shu payt payg‘ambar harakatga keldi. U qaddini rostlab, itning boshiga termildi va dedi:
– Yo Parvardigor! Madad ber. Pichoq.
Bormental bir uyum asboblar yotgan stol ustidan qorindor jajji pichoqni olib, payg‘ambarga uzatdi, shu zahoti o‘zi ham payg‘ambarnikiga o‘xshagan qora qo‘lqop kiyib oldi.
– Uxlayaptimi? – so‘radi Filipp Filippovich.
– Uxlayapti.
Filipp Filippovich tishlarini qattiq tishlab oldi, ko‘zlarida o‘tkir jilo paydo bo‘ldi va Sharikning qornini ustalik bilan uzunasiga kesib chiqdi. Kesilgan teri ochilib, undan atrofga qon sachradi, Bormental yirtqich hayvonday shiddat bilan doka bo‘laklarini olib, qon chiqayotgan joyga bosdida, kichkina qaychiga o‘xshash asbob yordamida yaraning chekkalarini tutashtirgan edi, qon to‘xtadi. Bormentalning peshonasini ter tomchilari qopladi. Filipp Filippovich yana kesdi va ikkalasi Sharikning tanasini qandaydir qisqichlar, qaychilar bilan yora boshladilar. Issiq qonga belangan sariq pushti to‘qimalar ko‘rindi. Filipp Filippovich pichoq yordamida yana allanima qildida, keyin: «Qaychi!» – deb baqirdi.
Oyog‘i tishlangan kimsa qo‘lidagi asbobni yaltillatib ko‘z ochib yumguncha uzatdi. Filipp Filippovich qaychisini Sharikning yorilgan joyiga ichkariroq suqdi, bir necha urinishdan so‘ng, uning moyagini bir parcha qandaydir qonli bo‘laklarga qo‘shib uzib oldi. Hayajon va harakatining zo‘rligidan jiqqa ho‘l bo‘lib ketgan Bormental o‘zini boshqa moyak solingan idishga otdi. Zudlik bilan uning ichidan boshqa shilliq moyakni oldi. Professor va uning assistentining qo‘li-qo‘liga tegmas, ular qisqichga qistirilgan egri nina va yana allaqanday nozik asboblar yordamida Sharikning moyagi o‘rniga shishadagi o‘zga moyakni tika boshlashdi.
Payg‘ambar bir bo‘lak dokani jarohatga bosdida, chetga o‘tdi va buyruq ohangida:
– Tezroq terini tiking, doktor! – dedi, so‘ngra o‘girilib, devordagi soatga qaradi.
– 14 minutda bajardik, – dedi Bormental egri nina yordamida shalviragan terini tikar ekan. So‘ngra shoshilayotgan qotillar singari ikkalasi ham hayajonga tushishdi.
– Pichoq! – qiyqirdi Filipp Filippovich.
Pichoq uning qo‘lida bamisoli o‘z-o‘zidan paydo bo‘ldi. So‘ngra Filipp Filippovichning yuzi dahshatli tus oldi. U tilla va sadaf tishlarini g‘ijirlatgancha Sharikning peshonasini bir zarb bilan aylana shaklida kesib chiqdi. Junlari tozalab qirilgan bosh terisini esa piyoz po‘stlog‘iday sidirib tashladi. Kalla suyaklari ko‘rindi. Filipp Filippovich yana baqirdi:
– Trepan!
Bormental unga yaltiroq parmdastani uzatdi. Filipp Filippovich Sharikning kalla suyagi bo‘ylab aylana holida o‘zaro qisqa masofada tuynuklar hosil qila boshladi. Har bir tuynukni parmalash uchun 5 sekunddan ziyod vaqt ketkazmadi. Keyin esa antiqa shakldagi arracha olib, uchini birinchi tuynukka tiqdida, ayollarning tirnoq egoviday arralashga kirishdi. Kalla suyagi ohista qirsillar va xiqillardi. Oradan yana uch daqiqa o‘tar-o‘tmas Sharikning bosh miya qopqog‘i ochildi.
Shunda uning ko‘kimtir tomirchalar va qizg‘ish dog‘lar bilan qoplangan miya gumbazi ko‘rindi. Filipp Filippovich qaychisi bilan ustki qatlamni kesib, ichki qismini ochdi, qo‘qqisdan ingichka qon fontani otilib, professorning ko‘zlariga kirib ketishiga oz qoldi, qalpog‘iga sachradi. Qisqich pintset tutgan Bormental arslonday oldinga tashlanib, qon otilgan joyni siqib qo‘ydi. Undan bamisoli chelaklab ter quyar va go‘shtdor yuzlari qizarib-bo‘zarib ketgan edi. Uning ko‘zlari dam professorning qo‘llari, dam asboblar turgan stolga qadalardi.
Filipp Filippovich esa chinakamiga dahshatli qiyofaga kirgandi. U pishillab burnidan nafas olar, ochiq og‘zidan milklari ko‘rinib turardi. U miyaning ustki qatlamini shilib, yarim sharni bir chetga surgancha qo‘lini qayoqqadir ichkariga yo‘naltirdi. Shu payt Bormentalning rangi oqarib ketdi, u Sharikning ko‘kragiga qo‘lini qo‘yarkan, bo‘g‘iq ovozda:
– Tomir urishi keskin pasayyapti… – dedi.
Filipp Filippovich unga vahshiyona nigoh tashlab, pishqirib qo‘ydida, yana ichkariroqqa intildi. Bormental qandaydir ampulani qarsillatib sindirdi, shipritsni doriga to‘latib, sovuqqonlik bilan Sharikning yuragi yaqiniga sanchdi.
– Turk egariga yaqinlashyapman, – pishqirdi Filipp Filippovich va qonga bo‘yalgan qo‘lqoplari bilan Sharikning sarg‘ish-kulrang miyasini kosasidan surib qo‘ydi.
Keyin Sharikning «basharasiga» ko‘z qirini tashlagan edi, Bormental shu zahoti yana bitta ampulani sindirib, shpritsni to‘latdi.
– Yurakkami? – jur’atsizgina so‘radi u.
– So‘rashga balo bormi? – baqirib berdi professor jaholatga kirib, – baribir, u besh marta o‘lib bo‘ldi! Tezroq qimirlang! – Uning yuzi ayni damda jazavasi tutgan qaroqchi qiyofasini eslatardi.
Doktor ignani yengil harakat bilan itning yuragiga sanchdi:
– Zo‘rg‘a nafas olyapti, hayoti qil ustida, – pichirladi u.
– Yashaydi yoki yashamaydi deb fol ochishga vaqt yo‘q, – pishillab javob qildi Filipp Filippovich, – egarga yetdim. Baribir, o‘ladi… Eh… jin urgur… Nilning muqaddas sohillariga… O‘simtani bering.
Bormental unga ipga bog‘langan oq shilliq tuguncha solingan shishani uzatdi. «Xudo haqqi, bunga teng keladigani butun Yevropada ham topilmaydi», – xayolidan o‘tkazdi u. Professor bir qo‘li bilan hilvillab turgan tugunchani olib, ikkinchi qo‘lidagi qaychi yordamida arralangan yarimsharlarning ichkarisida joylashgan xuddi shunday narsani qirqib oldi. Sharikning tugunchasini likopchaga uloqtirdi, yangisini esa ipi bilan birga uning o‘rniga joyladi, kaltaligiga qaramay, hozir qandaydir sehr tufayli ingichka va chaqqon bo‘lib ketgan barmoqlari yordamida qahrabo ip bilan o‘sha joyni yaxshilab o‘radi. Shundan keyin kalla ichidan qandaydir egov va qisqichchalarni chiqarib tashladida, miyani yana o‘z kosasiga solib, orqaga tislandi va endi bir oz xotirjamlik bilan so‘radi:
– O‘ldi chog‘i?
– Jinday puls bor, – javob berdi Bormental.
– Yana adrenalin bering.
Professor miyaning har bir qatlamini ehtiyotlik bilan joy-joyiga qo‘ydi, arralangan miya qopqog‘ini yopib, skalpni tushirdida:
– Tezroq tiking! – deya hayqirdi.
Bormental uchta nina sindirib, besh daqiqa ichida ishni tugatdi.
Mana endi Sharikning aylanasiga o‘ralgan yarador kallasiyu jonsiz tanasi qonga belangan holda uzala tushib yotardi. Filipp Fillippovich qonga to‘ygan vahshiy ko‘rshapalakday o‘zini chetga otdi, bir qo‘lidagi qo‘lqopini yechib tashladi, uning ichidan ter aralash oq pudra to‘kildi, ikkinchi qo‘lqopini yirtib polga uloqtirdida, devordagi qo‘ng‘iroq tugmasini bosdi. Zina qonga belangan Sharikni ko‘rmaslik uchun yuzini teskari burgancha kirib keldi. Payg‘ambar qonga belangan bosh kiyimini yechib tashladi:
– Papiros bering, Zinochka, tezroq! Keyin toza ust-bosh va vannani tayyorlang!
U engagini stolga tirab, ikkita barmog‘i bilan itning o‘ng qovog‘ini ko‘tarib ko‘rdi, muqarrar ravishda o‘layotgan ko‘zlariga tikilgancha achinib gapirdi:
– Voy, jin olgur-ey. O‘lmabdi. Lekin baribir o‘ladi. Eh doktor Bormental, juda rahmim kelyapti unga, ayyor bo‘lsayam, yoqimtoy it edi.
V
Doktor Bormentalning kundalik daftaridan
Oddiy yozuv varag‘iday kattalikdagi yupqa daftar. Dastlabki ikki sahifasi juda ozoda, chiroyli, tartib bilan yozilgan, bu yog‘i esa shoshilinch va hayajonda yozilgan bo‘lsa kerak, juda ko‘p tuzatishlar kiritilgan, dog‘-dug‘ bilan qoplangan.
22 dekabr, 1924 yil. Dushanba.
Kasallik tarixi
Ikki yoshlar chamasidagi laboratoriya iti. Erkak. Nasli – ko‘ppak. Laqabi Sharik. Juni siyrak, to‘p-to‘p, qoramtir, kuygan joylari bor. Dumi sariyog‘ rangida. O‘ng biqinida kuygan terisi mutlaqo tuzalib ketgan chandiq bor. Bu yerga keltirilguniga qadar yomon ovqatlangan. Professornikida bir hafta yashaganidan so‘ng semirib ketdi. Vazni 8 kg (undov belgi.) Yurak, o‘pka, oshqozon, temperatura…
23 dekabr. Kechqurun soat 8.30 da Yevropada birinchi marta professor Preobrajenskiy usulida antiqa operatsiya o‘tkazildi.
Xloroformli narkoz yordamida Sharikning moyagi olib tashlanib, o‘rniga operatsiyadan 4 soatu 4 minut oldin vafot etgan 28 yoshli erkakning moyagi quyruq o‘simtasi va pusht arqonchasi bilan birga ko‘chirib o‘tkazildi. Operatsiyaga qadar bu narsalar professor Preobrajenskiy usuli bo‘yicha sterilizatsiya qilingan suyuqlik ichida saqlangan o‘simtasi – o‘sha odamning gipofiziga almashtirilgan.
Yurakka 8 kubik xloroform, 1 shprits kamfara va 2 shprits adrenalin dorilari yuborildi. Operatsiyaga ko‘rsatma: gipofiz va moyakning o‘zga organizmga ko‘chirilgach, mo‘tadil ishlab ketishi bilan bog‘liq qurama operatsiya o‘tkazish va uning keyinchalik odam organizmini yoshartirishga ta’sirini aniqlash bo‘yicha professor Preobrajenskiy tajribasini amalga joriy qilish.
Operatsiyani professor Filipp Filippovich Preobrajenskiy amalga oshirdi. Doktor I. A. Bormental assistentlik qildi.
Operatsiyadan keyingi kecha: yurak urushining qayta-qayta keskin kamayishi. O‘lim jarayonining muqarrarligi. Preobrajenskiy usulida juda ko‘p miqdorda kamfara yuborildi.
24 dekabr. Ertalab ahvoli yaxshilandi. Nafas olishi ikki bor tezlashdi, harorati 42 daraja. Teri ostiga kamfara, kofein yuborildi.
25 dekabr. Ahvol yana yomonlashdi, tomir urishi sezilar-sezilmas, tanasining so‘ng qismlari sovub bormoqda; ko‘z qorachiqlari beta’sir.
Yurakka adrenalin, Preobrajenskiy usulida kamfara va qon tomiriga fiziologik suyuqlik yuborildi.
26 dekabr. Ahvol bir oz tuzuk. Tomir urishi 180, nafas olishi 92, harorati 41. Kamfara, klizma yordamida ovqatlantirish.
27 dekabr. Yurak urushi 152, nafas olishi 50, harorati 39,8, ko‘z qorachig‘larida jonlanish. Teri ostiga kamfara yuborildi.
28 dekabr. Ancha yaxshi. Kun yarmida qo‘qqis rosa terladi, harorati 37,0. Operatsion jarohatlari o‘zgarishsiz. Yaralar boshqatdan bog‘landi. Ishtaha uyg‘ondi. Suyuq ovqat berildi.
29 dekabr. Kutilmaganda peshona va gavda biqinlaridan jun to‘kilayotgani aniqlandi. Tanosil kasalliklari kafedrasining professori Vasiliy Vasilevich Bundarev va namunali Moskva veterinar institutining direktori maslahatga chaqirildi. Ular bunday holat ilmiy adabiyotda hali qayd etilmaganligini aytishdi. Diagnoz noma’lumligicha qoldi. Harorati mo‘tadil.
(Qalamda yozilgan.)
Kechqurun ilk bor vovullab qo‘ydi (8 dan 15 minut o‘tganda). Ovozi past, ohangi ham keskin o‘zgarganligi e’tiborga molik edi. Uning tovushi itning vovullashiga o‘xshamas, nola qilganday «a-o, a-o» holida eshitilardi.
30 dekabr. Endi jun to‘kilishi faqat peshona va biqinda emas, balki butun badanga yoyildi. Taroziga tortib ko‘rilganda, kutilmagan natija olindi. Uning og‘irligi suyaklarning uzayishi hisobiga 30 kiloga yetgandi. Lekin hali o‘rnidan turganicha yo‘q.
31 dekabr. Ishtahasi karnay.
(Daftarga dog‘ tushgan. Dog‘ ketidan shoshilinch yozilgan).
Kunduzi soat 12 dan 12 minut o‘tganda it «Qi-lab» degan aniq tovush chiqardi.
(Daftarda uzilish bo‘lib, keyingi satrlar hayajondan xato yozilgan bo‘lsa kerak).
1 dekabr. (Chizib tashlanib, tuzatilgan.)
1 yanvar, 1925 yil. Ertalab suratga tushirildi. «Qi-lab» deb endi aniq, baland tovushda, hatto qandaydir sevinch bilan akillayapti. Kunduzi soat 3 da birdan (yirik harflar bilan) kulib yubordi, Zina shaytonlab qolayozdi. Kechqurun esa ketma-ket 8 marta «qilab-qshob» so‘zini takrorladi. (Qalamda qing‘ir-qiyshiq qilib yozilgan) Professor «qilab-qshob» so‘zining ma’nosini aniqladi. Bu «Baliq boshqarmasi» degani ekan. Juda g‘aroy…
2 yanvar. Kulib turgan paytida yorug‘ chiroq nuri ostida suratga olindi. O‘rnidan turdi va yarim soatcha bemalol orqa oyoqlarida yurdi. Bo‘yi deyarli menikiday.
(Daftar orasidan qo‘shimcha varaq chiqdi).
Rus fani og‘ir judolikka uchray dedi.
Professor Preobrajenskiyning kasallik tarixi.
Soat 1 dan 13 minut o‘tganda professor Preobrajenskiyning tobi qochib, hushidan ketib qoldi. U yiqilayotib, boshini stulning oyog‘iga urib oldi. Valerian tinturasi berildi. It (agar uni it deb atash o‘rinli bo‘lsa, albatta) men va Zina oldida professor Preobrajenskiyning onasini so‘kdi.
(Daftarda yozish to‘xtagan).
6 yanvar. (Goh qalam, goh ko‘k siyoh bilan yozilgan.)
Bugun dumi batamom tushib ketganidan so‘ng u aniq qilib «pivoxona» so‘zini talaffuz etdi. Fonograf ishlab turibdi. Nimalar bo‘layotganini xudoning o‘zi biladi.
Sarosimadaman.
Professor hech kimni qabul qilmay qo‘ydi. Kunduzi soat 5 dan boshlab ko‘rish xonasidan o‘sha mavjudotning u yoqdan-bu yoqqa yurgan oyoq tovushlari, qo‘pol so‘kinishi va: «Yana bir juft», degani eshitildi.
7 yanvar. U juda ko‘p so‘zlarni talaffuz eta boshladi: «Izvoshchi», «Joy yo‘q», «Kechki gazeta», «Eng yaxshi sovg‘alar – bolalarga» va rus tilida mavjud bo‘lgan jamiki so‘kinish so‘zlarini bilarkan.
Uning ko‘rinishi juda g‘alati edi, faqat boshi, engagi va ko‘kragidagina junlari qolgandi, xolos. Qolgan joylar tap-taqir, terisi qurishib, bujmayib ketgandi. Jinsiy ma’noda u endi balog‘atga yetayotgan erkakka o‘xshardi. Kallasi ancha yiriklashgan, peshonasi do‘ng va tor edi.
Yo rabbim, ishqilib, aqldan ozmasam bo‘ldi.
Filipp Filippovich hali ham o‘zini yomon his qilyapti. Asosiy kuzatishlarni men olib boryapman. (Fonograf, fotosuratlar).
Shaharda turli mish-mishlar tarqaldi.
Operatsiya oqibatlari son-sanoqsiz. Bugun kun bo‘yi muyulish qandaydir ishyoqmaslar va kampirlar bilan to‘la bo‘ldi. Bekorchilar hozir ham deraza tagida turishibdi. Tonggi gazetalarda g‘alati bir xabar bosildi: «Marsdan Obuxov muyulishiga tushib qolgan odam haqidagi gaplar asossiz bo‘lib, uni Suzarevkalik chayqovchilar tarqatgani ma’lum bo‘ldi. Ular, albatta, jazolanadilar». Tovba, Marsdan kelgani nimasi? Axir, bu dahshatku!
«Oqshom» gazetasida esa undan ham antiqaroq xabar. Go‘yo tug‘iliboq skripka chaladigan bola paydo bo‘lganmish. Xabarga – men va skripka, tagida esa «Onaning qornini yorib, bolasini olgan professor» Preobrajenskiyning surati ilova qilingandi. Bu hech qanday ta’rifga ham sig‘masdi. U «militsioner» degan yangi so‘z kashf etdi.
Darya Petrovna meni sevib qolgan va Filipp Filippovichning albomidan bitta suratimni o‘g‘irlab qo‘ygan ekan. U barcha reportyorlarni haydab yuborgach, qaysidir birovi oshxonaga kirishga muvaffaq bo‘lgan va hokazo.
Qabul paytida nimalar yuz bermayapti, deysiz! Bugun 82 ta qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Telefon o‘chirib qo‘yilgan. Befarzand ayollar tamomila aqldan ozib, uzluksiz kelishyapti…
Uy xo‘jaligi a’zolarining hammasi Shvonder boshchiligida yana tashrif buyurishdi. Nima maqsadda kelishganini o‘zlari ham bilishmaydi.
8 yanvar. Kechasi diagnoz qo‘yildi. Filipp Filippovich chinakam olim sifatida o‘z xatosini tan oldi. Gipofizning almashtirilishi yoshartirmaydi, balki butunlay odamga aylantiradi. (Tagiga 3 marta chizib qo‘yilgan). Bu xato uning ajoyib va g‘aroyib kashfiyotiga zarracha ham putur yetkazmaydi.
Haligi mavjudot bugun birinchi marta xonalarni aylanib chiqdi, yo‘lakda elektr chirog‘iga tikilib, rosa kuldi. Keyin Filipp Filippovich va mening kuzatuvimda kabinetga kirdi. U orqa oyoqlarida bemalol turarkan, qaddi-qomati xunuk va chuvakkina erkak kishiday taassurot qoldirardi.
Kabinetda ham kulib yubordi. Kulgusi yoqimsiz va sun’iy edi. Keyin u peshonasini qashigancha, atrofni ko‘zdan kechirdi va «burjuylar» degan yana bir yangi so‘zni aniq talaffuz etdi. So‘kindi. U ketma-ket va uzluksiz so‘kinar, bu, aftidan, g‘irt bema’nilik edi. U ma’lum ma’noda fonografik xarakterga ega: mavjudot ilgari qayerdadir o‘zi anglab yetmagan holda jami yomon so‘zlarni eshitgan va miyasiga quyib olgan, endi esa ularni fontanday qayt qilmoqda, degan fikr uyg‘onardi. Darvoqe, men psixiatr emasman, yana kim biladi deysiz…
Uning so‘kinishlari Filipp Filippovichga juda yomon ta’sir ko‘rsatardi. U ba’zida go‘yo sabr kosasi to‘lib-toshganday, sovuqqonlik bilan olib borayotgan kuzatishlarini ham to‘xtatib qo‘yardi. Shunday so‘kinish mahalida oxiri u chiday olmadi va asabiylik bilan:
– Bas qilinsin! – deya baqirdi.
Lekin uning bu baqirishi hech qanday naf bermadi.
Kabinetda aylanib yurgan Sharikni birgalashib ko‘rish xonasiga olib kirdik.
Keyin biz Filipp Filippovich bilan o‘tirib vaziyatni muhokama qildik. Shuni tan olishim joizki, men bu donishmand va o‘ziga haddan ortiq ishongan odamni birinchi marta bunday, o‘zini yo‘qotgan holatda ko‘rishim edi. Odatiga ko‘ra qo‘shiq xirgoyi qilar ekan: «Xo‘sh, endi nima qilamiz?» – deb so‘radi va o‘zi javob qaytardi: «Moskvashveya», menimcha… Sevilyadan Grenadaga qadar… Ha-ha, azizim, «Moskvashveya». Men hech narsaga tushunmadim. U izoh berdi:
– Iltimos, Ivan Arnoldovich, unga kostyum, ko‘ylak va ichki kiyim sotib olsangiz.
9 yanvar. Uning til boyligi (o‘rta hisobda) har 5 minutda yangi so‘z bilan boyib bormoqda. Bugun ertalabdan esa iboralar ishlata boshladi. Ular ongining qayeridadir muzlab, qotib yotganu, endi erib, birin-sirin yuzaga chiqayotganga o‘xshardi. Talaffuz etilgan har bir so‘z keyin amalda qo‘llanilaverar edi. Kechadan beri fonograf: «Tikilmasangchi!», «Ablah», «Zinadan tush», «Ko‘rsatib qo‘yaman senga», «Primus», «Amerikani tan olish» kabi so‘zlarni qayd etdi.
10 yanvar. Kiyintirildi. Ichki ko‘ylakni quvnoqlik bilan kulib-kulib kiydi, ishton kiyishdan esa, butkul bosh tortdi, xirillagan ovozda e’tiroz bildirarkan: «Navbatga tur-e, qanjiqdan tarqagan, tur navbatga!» – dedi. Xullas, chala-yarim kiyindi. Paypoq oyog‘iga katta keldi.
(Daftarda, chamasi, it oyog‘ining inson oyog‘iga aylanishini ifodalovchi qandaydir chizmalar.)
Tovon suyaklarining orqa qismi ancha uzayib, barmoqlari cho‘zildi, tirnoqlari paydo bo‘ldi.
Hojatxonaga borish takroran o‘rgatildi. Xizmatkor butkul jonidan to‘ygan. Lekin bu mavjudotning uquvli ekanligini ham ta’kidlab o‘tish kerak. Xullas, ishlar chakki emas.
11 yanvar. Ishton kiyishga butunlay ko‘nikdi. Uzun, olifta iborani talaffuz etdi: «Akang qarag‘ay, nosingdan bir chekay!»
Boshidagi juni siyrak, mayin, xuddi sochga o‘xshaydi, lekin ba’zi joylarida sarg‘ish dog‘lar qorayib ko‘rinardi. Bugun quloqlaridagi so‘nggi junlari ham to‘kilib tushdi. Ishtahasi karnay. Dudlangan baliqni, ayniqsa, ishtiyoq bilan yeydi.
Kunduz soat 5 da muhim voqea: maxluq birinchi marta uni o‘ragan hodisalarga bevosita aloqador so‘z ishlatdi. Professor unga: «Ovqat qoldiqlarini polga tashlama», – deya tanbeh berganida, «Ovozingni o‘chir, isqirt!» – deb javob berdi.
Filipp Filippovich hayratdan angrayib qoldi, keyin o‘zini qo‘lga olib dedi:
– Meni yoki doktorni yana bir marta haqorat qilsang, ko‘radiganingni ko‘rasan.
Men bu paytda Sharikni suratga tushirayotgandim. U professorning gapini tushunganiga imonim komil, chunki birpasda qovoq-lunji osilib ketdi. Professorga xo‘mraygancha ensasi qotib, yer ostidan qaradi, lekin e’tiroz bildirmadi.
Ura, u gapga tushunyapti!
12 yanvar. Qo‘lini cho‘ntagiga solib yurishni o‘rgandi. So‘kinishni tashlashga undayapmiz. «Voy, olma»ni hushtak chalib kuylayapti. Gapga aralashib turadi.
Men bir necha farazni oldinga surishdan o‘zimni to‘xtatolmayapman: yoshartirishni qo‘ya turaylik. Bu yerda boshqa, muhimroq masala bor: professor Preobrajenskiyning tajribasi inson miyasining yangi bir sirini kashf etdi. Endi miya o‘simtasi – gipofiz bajaradigan vazifa ravshanlashdi. Gipofiz – inson qiyofasini belgilaydi. Unga tegishli gormonlarni inson qiyofasining gormonlari deb atasa ham bo‘ladi. Fanda yangi yo‘l, yangi qirra ochilmoqda: Faustning sehrli shishachalarisiz ham sun’iy odam dunyoga keltirildi. Jarroh tig‘i yangi bir insonni bunyod etdi. Professor Preobrajenskiy, siz – dahosiz! (Siyoh dog‘i).
Darvoqe, mavzudan chalg‘idim… Shunday qilib, u gapga aralashadigan bo‘lib qoldi. Fikrimcha, yaxshi o‘rnashib olgan gipofiz it miyasidagi gapirish markazini ishga tushirib yuborgan, oqibatda so‘zlar selday quyilib kela boshladi. Bu yangitdan bunyod etilgan miya emas, aksincha, tiriltirilgan, yangi xususiyatlar kasb etgan miyadir. O, axir, bu evolyutsiya nazariyasining ajoyib tasdig‘iku! O, axir, bu oddiy itdan buyuk kimyogar Mendeleevgacha bosib o‘tilgan buyuk yo‘l zanjiriku! Yana o‘zimning farazim: Sharikning miyasi oldingi hayoti davomida son-sanoqsiz tushunchalarni yig‘ib olgan. U ishlata boshlagan so‘zlar birinchi navbatda – ko‘cha so‘zlar, it ularni ko‘chada eshitgan va miyasiga yashirib qo‘yavergan. Ko‘chadan o‘tib ketaturib, yo‘limda uchragan itlarga pinhoniy dahshat hissi bilan tikilaman. Ularning miyalariga nimalar yashiringanini xudo biladi. Sharik o‘qiy oladi. (3 ta undov belgisi). Ha-ha! Men buni «baliq boshqarmasi» so‘zi tufayli angladim. Oxiridan boshiga qarata o‘qiydi. Bu jumboqning yechimini ham bilaman: gap itning ko‘rish hujayralarida zohir bo‘ladigan tanaffusda.
Moskvada inson aqli bovar qilmaydigan ishlar bo‘lmoqda. Suxarevkalik yettita savdogar, bolsheviklar oxir zamonni boshlayapti, degan shov-shuv tarqatganliklari uchun qamoqda o‘tirishibdi. Darya Petrovna esa bo‘lajak qiyomat-qoyimning aniq kunini ham aytar edi. 1925 yilning 28 noyabri – jafokash ruhoniy, avliyo Stefan kunida yeru jahon osmonu falak o‘qi bilan tutashib ketar emish. Qandaydir ko‘zbo‘yamachilar esa hatto lektsiyalar ham o‘qib yurishganmish. Xullas, o‘sha gipofiz tufayli shunaqangi qovoqxona bunyod etdikki, uyni tark etib, juftakni rostlasa ham bo‘laveradi. Men Preobrajenskiyning taklifiga binoan uning xonadoniga butkul ko‘chib keldim. Sharik ikkalamiz qabulxonada yota boshladik. Ko‘rish xonasi esa qabulxonaga aylantirildi. Shvonder haq bo‘lib chiqdi. U tantana qilmoqda. Javonlarda bitta ham shisha idish qolmagan, chunki u rosa sakragan. Bu odatini zo‘rg‘a tark ettirdik…
Filipp Filippovich juda o‘zgarib ketdi. Men unga o‘z gipotezalarim, Sharikni oliy darajadagi shaxs qilib tarbiyalashimiz kerakligi haqida gapirib berganimda, u kinoyali iljayib: «Siz shunday deb o‘ylaysizmi?», deb javob berdi. Uning bu javobida qandaydir mudhish bir ohang bor edi. Nahotki, yanglishgan bo‘lsam? Qariya nimadir o‘ylab topganga o‘xshaydi. Men kasallik tarixi bilan ovora bo‘lgan ayni chog‘da, u gipofizi Sharikka ko‘chirib o‘tkazilgan odamning tarixini o‘rganishga kirishgan edi.
(Daftar orasiga qo‘shimcha varaq qo‘yilgan).
Klim Grigorevich Chugunkin, yoshi 25 da, bo‘ydoq. Partiyasiz, xayrixohlardan, 3 marta sudlangan va oqlangan: birinchi marta dalillar yetishmasligi sababli, ikkinchi marta o‘zining kelib chiqishi saqlab qolgan, uchinchi marta esa 15 yilga shartli surgun qilingan. O‘g‘irlik uchun, kasbi – qovoqxonalarda balalayka chalish.
Past bo‘yli, gavdasi buzuq va qo‘pol. Jigari shishib ketgan (alkogol). O‘limining sababi: Preobrajenskiy zastavasidagi «Stop-signal» pivoxonasida yuragiga pichoq urishgan.
Qariya qimirlamay o‘tirib, Klimovning kasallik tarixini o‘rganar edi. Nima bo‘layotganiga sira aqlim yetmay qoldi. U o‘zicha: Chugunkinning o‘ligini patolog-anatomlar xonasida sinchiklab o‘rganish xayolimga kelmaganini qaranga, deya ming‘irlab qo‘yardi, bu bilan nima demoqchi – tushunish qiyin edi. Kimning gipofizi ekanligining nima farqi bor?
17 yanvar. Bir necha kun yoza olmadim. Inflyuyensa bilan og‘rib qoldim. Shu bir necha kun ichida tashqi qiyofasi tamomila shakllanib bo‘ldi:
a) gavda tuzilishi mukammal odamnikiday;
b) og‘irligi 3 pudlar atrofida;
v) bo‘yi kalta;
g) boshi kichkina;
d) cheka boshladi;
e) o‘zi mustaqil kiyinadi;
z) ravon gapira boshladi.
Mana buni gipofiz desa bo‘ladi (Siyoh dog‘i).
Shu bilan kasallik tarixini tugataman. Qarshimizda yangi organizm, uni boshidan kuzatib borish kerak.
Ilova: nutq stenogrammalari, fonograf yozuvlari va fotosuratlar. Imzo: professor Preobrajenskiyning assistenti Doktor Bormental.
VI
Qish kechasi edi. Yanvarning oxirlari. Hali tushlik vaqti ham, qabul payti ham bo‘lmagan. Qabulxona eshigining kesakisida oq qog‘oz osilib turar, unga Filipp Filippovichning qo‘li bilan «Uyda pista chaqishni man qilaman», deb yozilgan bo‘lib, tagiga F. Preobrajenskiyning imzosi chekilgandi.
Imzodan pastroqda esa yirik-yirik harflarda Bormentalning qo‘li bilan:
«Kunduzi soat 5 dan ertalab soat 7 gacha muzika asboblarini chalish man etiladi», deb yozilgan.
Xat Zinaning qo‘li bilan davom ettirilgan: «Qaytganingizda Filipp Filippovichga ayting, uning qayerga ketganini bilmayman. Fedorning aytishicha, Shvonder bilan yurganmish».
Preobrajenskiy qo‘li bilan:
«Oynachini 100 yil kutishim kerakmi?»
Darya Petrovnaning qo‘li bilan (bosma harflarda):
«Zina magazinga ketdi, oynachini ham boshlab keladi».
Ipak abajur tagida yonib turgan lampa mehmonxonaga oqshomga xos alohida fayz bag‘ishlagan. Bufetdan kelayotgan chiroq nuri ikkiga bo‘lingan, oynalarning esa u raxidan bu raxigacha qiyshiq shaklda xoch yopishtirilgan edi. Filipp Filippovich stol ustida mukka tushgancha katta ochilgan gazetani o‘qimoqda, uning yuzi yashin urganday gezarib, tishlari orasidan uzuq-yuluq va cho‘ltoq so‘zlar chiqardi. U gazetadagi xabarni o‘qiyotgandi:
«Bu uning nikohsiz tug‘ilgan haromzoda (chirigan burjua jamiyatida shunday deyilardi) o‘g‘li ekanligiga hech qanday shubha yo‘q. Soxta burjua olimlari mana qanday vaqtichog‘liq qilishadi. To odil sudning adolatparvar qilichi tepasida qizil nur taratib chaqnamagunicha yettita xonani har kim ham egallab o‘tiraveradi».
«Shv…r».
Qo‘shni xonadan o‘jarlik bilan, mohirona chalinayotgan balalayka ovozi eshitilar, «Oy nur sochar» qo‘shig‘ining sho‘x ohanglari gazetadagi xabar so‘zlariga qo‘shilib sassiq bo‘tqa kabi Filipp Filippovichning miyasida nafrat uyg‘otmoqda edi. O‘qib bo‘lgach, yelkasi osha qattiq tupurdida, o‘zi sezmagan holda tishlarini qisirlatib kuylay boshladi:
– O-oy nu-ur sochar… O-oy nu-ur sochar… O-oy nu-ur sochar… Tuf-ey, la’nati kuy, kanaday yopishib olganichi!
Qo‘ng‘iroq tugmasini bosdi. Pardalar orasidan Zinaning yuzi ko‘rindi.
– Unga ayting, soat 5 bo‘ldi, bas qilsin, o‘zini ham bu yerga chaqiring, iltimos.
Filipp Filippovich stol yonidagi kresloda o‘tirar edi. Chap qo‘lining barmoqlari orasida oxirigacha chekib ulgurmagan jigarrang papiros qoldig‘i bor edi. Parda yonida past bo‘yli, ko‘rinishi yoqimsiz kimsa oyoqlarini chalishtirgancha kesakiga suyanib turardi. Sochlari xuddi to‘p-to‘p o‘sgan butalarga o‘xshab notekis, yuzlarini esa soqolni eslatuvchi tuk bosib ketgandi. Peshonasi hayratda qolarli darajada tor edi, qalam bilan chizib qo‘yilganday va bir-biridan uzoq joylashgan qoshlari ustidanoq soch boshlanar edi.
Egnidagi chap qo‘ltig‘i so‘kilgan kostyumiga xashak yopishgan, yo‘l-yo‘l shimining o‘ng tizzasi yirtilib ketgan, chap tizzasi esa ko‘kimtir bo‘yoq bilan bejalgandi. U bo‘yniga soxta yoqut to‘g‘nog‘ich qadalgan ko‘m-ko‘k galstuk taqib olgandi. Galstuk shunaqangi to‘q-zaharli rangda ediki, Filipp Filippovich charchoq ko‘zlarini yumsa ham, goh devorda, goh shipda lovullab yonayotgan ko‘m-ko‘k chambarakli mayoqni ko‘rayotganday bo‘lardi. Ko‘zlarini ocharkan, yana qisishga majbur bo‘lar, chunki yerda oq getra kiyilgan oyoqdagi laklangan boshmoqlar chiroq nurida yaltirab jilolanardi.
«Xuddi anovi kalish kiyib yurganlarday», – noxushlik bilan xayolidan o‘tkazdi Filipp Filippovich, xo‘rsinib, burnini tortdi, o‘chib qolgan sigarasi ustida imirsilay boshladi. Eshik yonida turgan odam nursiz ko‘zlarini professorga qadagancha papiros chekar, kulini bot-bot ko‘ylagining ko‘kragiga to‘kib qo‘yardi. Devordagi yog‘och burulduq yoniga osib qo‘yilgan soat 5 marta bong urdi. Filipp Filippovich gap boshlaganida, soatning ichidan hali ham allaqanday nido chiqayotganday edi.
– Oshxonadagi so‘rida uxlamang, deb, ikki marta iltimos qilgandim chog‘i, ayniqsa, kunduz kuni?
Eshik oldidagi odam tomog‘iga danak tiqilganday qalqib, yo‘taldi va:
– Oshxonaning havosi juda yoqimlida! – deb javob berdi.
Uning ovozi juda g‘alati: bo‘g‘iq, ayni paytda, xuddi ingichka bochkadan chiqayotganday jarangdor edi. Filipp Filippovich bosh chayqagancha so‘radi:
– Bu tasqarani qayerdan topdingiz? Galstugingizni aytyapman?
U avval barmoqlariga, keyin egilib galstugiga mehr bilan qiyo boqdi:
– Nimasi tasqara ekan? Zo‘r galstuk. Darya Petrovna sovg‘a qildi.
– Darya Petrovna xuddi botinkangizga o‘xshagan qabih narsa sovg‘a qilibdi. Bu nima masxarabozlik? Qayerdan kelib qoldi? Men nimani iltimos qilgandim? Yax-shi-i, odmi tufli sotib olinglar, devdimku?! Nahotki buni doktor Bormental tanlagan bo‘lsa?
– Men undan laklanganini olishni iltimos qildim. Nima, mening odamlardan kamlik joyim bormi? Kuznetskiyga borib ko‘ring – hamma laklangan tuflida yuribdi.
Filipp Filippovich boshini sarak-sarak qilganicha, davom etdi:
– Oshxonada uxlashga chek qo‘yilsin. Tushunarlimi? Bu qanday surbetlik o‘zi? Xalaqit berasizku. U yerda ayollar bor, axir.
Kiraverishda turgan kimsaning rangi qorayib, lablari cho‘chchaydi.
– Nima? Shular ayollarmi? Hm-m. Voy, xonimlar-ey… Bor-yo‘g‘i xizmatkorku, dimog‘laridan ot hurkadi… bamisoli komissarlarday. Bilaman, bular bari chaqma-chaqar Zinkaning ishi.
– Zinani Zinka degani nima haqingiz bor? Ikkinchi eshitmay! Tushunarlimi?
Jimjitlik.
– Sizdan so‘rayapman, tushunarlimi?
– Tushunarli.
– Anavi bo‘yinturuqni esa yo‘qoting bo‘yningizdan. Siz… sen… siz… oynaga bir qarang o‘zingizga, kimlarga o‘xshaysiz…
Xm… Papiros qoldiqlarini polga tashlamang, deb yuz marta aytdim. So‘kkaningizni ham boshqa eshitmay. Tupurmang!
Mana – tupuk uchun maxsus idish. Hojatxonaga ham batartib boring. Zinaga bo‘lar-bo‘lmas gaplarni gapirmang! Burchak-burchakda poylab yurishingiz haqida shikoyat qildi. O‘zingizga qarang. Qabulga kelgan bemorga kim «It biladimi?» deb savol berdi? Bu yer sizga qovoqxonami?
– Jaa bizni tergab, siqaverarkansizda, otaxon, – birdan yig‘lamsirab dedi eshik yonidagi kimsa.
Filipp Filippovich qizarib, ko‘zoynaklari charaqlab ketdi.
– Bu nima deganingiz? Kim sizga otaxon? Bu so‘zni boshqa eshitmay. Meni o‘z ismim bilan atab chaqiring!
Haligi kimsaning yuzidagi ifoda dag‘allashdi:
– E, namuncha-e… Tupurma. Chekma. U yoqqa borma… Nima bu o‘zi? Xuddi tramvayga o‘xshaydiya! Tinch yashagani qo‘yasizmi-yo‘qmi o‘zi? Keyin, otaxon desam nima bo‘pti. Sizdan meni operatsiya qilishingizni so‘raganmidim? – akillardi u achchig‘lanib. – Jaa qiziqa! Bechora hayvonni tutib, boshini nimtalab tashlab, yana jirkanishganiga o‘laymi… Ehtimol, men operatsiyaga rozilik bermagan bo‘lardim, – u ko‘zlarini shipga tikib, bir narsani eslaganday bo‘ldi, – shuningdek, qarindosh-urug‘larim ham. Hozir, balki, mening da’vo qilishga ham haqim bor.
Filipp Filippovichning ko‘zlari dum-dumaloq bo‘lib qoldi, chekib o‘tirgan sigarasi ham qo‘lidan tushib ketdi. «Obbo yaramas-ey», – xayolidan o‘tkazdi u.
– Siz operatsiya yo‘li bilan itdan odamga aylanganingiz uchun norozilik bildiryapsiz, shundaymi? – so‘radi u ko‘zlarini suzib. – Balki, siz yana axlatxonama-axlatxona izg‘ib yurishni istarsiz? Darvozaxonada muzlab yotishni afzal ko‘rayotgandirsiz, ehtimol… Agar shundayligini bilganimda…
– Axlatxona, axlatxona, deb namuncha yuzimga solavermasangiz. Men o‘zimning bir burda nonimni topib, yeb yuruvdim. Agar o‘sha pichoq ostidan tirik chiqmaganimda nima bo‘lardi? Bunisiga nima deysiz, o‘rtoq?
– Filipp Filippovich! – darg‘azab holda xitob qildi Filipp Filippovich. – O‘rtoq emasman men sizga! Qanday jaholat! – «Dahshat, dahshat», – o‘ylardi u.
– Ha, endi albattada… He… – dedi u kinoya bilan tantanavor ravishda og‘irligini bir oyog‘idan ikkinchisiga tashlarkan, – tushunamiz, o‘lib qolibmizmi tushunmay. Qanaqasiga biz bedavolar «o‘rtoq» bo‘lamiz. Yo‘l bo‘lsin bizlarga. Universitetlarda o‘qimagan, ichida vannalari bor 15 xonali uylarda yashamagan bo‘lsak… Biroq… bunaqa narsalarga chek qo‘yiladigan vaqt bo‘p qopti endi. Hozir hamma o‘z haq-huquqini biladi…
Filipp Filippovich uning so‘zlarini rangi dokaday oqarib tinglardi. U esa o‘zini ko‘rsatmoqchi bo‘lganday, gapini birdan to‘xtatib, qo‘lidagi ezg‘ilangan papiros qoldig‘ini namoyishkorona ko‘targancha kuldon tomonga tantanali odimlab o‘tdi. U tarvaqaylab yurardi. «Mana, ko‘rib qo‘y», – deganday, kuldon ichida papiros qoldig‘ini ancha ezg‘iladi. Orqasiga qaytayotib, birdan tishlarini g‘ijirlatib, tumshug‘ini qo‘ltig‘ining orasiga urdi.
– Burgani barmoqlar bilan tuting. Barmoqlar bilan! – g‘azab bilan qichqirdi Filipp Filippovich. – Men tushunolmay qoldim, qayerdan topyapsiz ularni o‘zi?
– E, nima, men ularni urchitibmanmi? – xafa bo‘ldi kimsa, – burgalar meni yaxshi ko‘rishsa kerakda, – shu choq u barmoqlarini yengining astariga tiqib kavlarkan, yirtig‘idan bir siqim sarg‘ayib ketgan paxtani havoga chiqarib tashladi. Filipp Filippovich shipdagi chiroqlar marjoniga tikilgancha, barmoqlari bilan stolni cherta boshladi. U esa tutgan burgasini o‘ldirib ko‘ngli joyiga tushgach, stulga o‘tirdi va panjalarini osiltirgancha, qo‘lini tirsagidan bukib oldi. Ko‘zlarini olaytirib parketga tikildi. U o‘zining boshmoqlarini tomosha qilar, bu ish unga zavq bag‘ishlayotgani ko‘rinib turardi. Filipp Filippovich ham yaltirab turgan tumshug‘i to‘mtoq boshmoqlarga tikilgancha, yana tilga kirdi:
– Xo‘sh, yana nima demoqchi edingiz menga?
– Hm… Oddiy bir gap. Menga hujjat kerak, Filipp Filippovich.
Filipp Filippovichning qovog‘i ucha boshladi.
– Hm… Jin ursin! Xo‘jayin! Chindanam… Hhm… balki mumkindir, yo‘lini toparmiz… – dedi u jur’atsiz va iztirobli ohangda.
– Afv eting bizni, – qat’iyat bilan javob berdi kimsa, – hujjatsiz yurish… bu qanaqasi? Yo‘-o‘q, ma’zur tutasiz! O‘zingizga yaxshi ma’lum, har bir odamga hujjatsiz yashash qat’iyan man etiladi. Birinchidan, uy boshqarmasi…
– Uy boshqarmasining nima aloqasi bor!
– Nima aloqasi bor, deganingiz nimasi? Ko‘rishib qolganimizda so‘rashyapti, hurmatli o‘rtoq, qachon propiskaga o‘tasan, deyishyapti.
– Obbo, xudo urdi! – tushkunlik bilan gapirdi Filipp Filippovich. – So‘rashyapti deng! Siz ularga nimalar deb javob berishingizni tasavvur qilaman. Axir, men sizga zinada sanqib yurishni man etgan edimku!
– Nima, men surgundamanmi? – xafa bo‘ldi u va o‘zining haq ekanligiga komil ishonch hissi hatto galstugidagi yoqut to‘g‘nog‘ichda jilolanganday bo‘ldi. – Sanqib yurish deganingiz nimasi? Gaplaringiz jaa kishini ranjitadi. Hamma odamlarga o‘xshab men ham yuramanda.
Shu gapni ayta turib u laklangan boshmog‘i bilan parket polni tepib qo‘ydi.
Filipp Filippovich ko‘zlarini ro‘parasidagi noma’lum bir nuqtaga tikkancha sukutga botdi.
«Baribir o‘zingni tut», – o‘yladi u va bufetga yaqinlashib, bir stakan suvni bir ko‘tarishda sipqordi.
– Juda soz, – osoyishta gap boshladi u, – gap so‘zlarda emas. Xo‘sh, o‘sha uy xo‘jaligidagi bilimdon tanishingiz nimalar deyapti o‘zi?
– Nimayam derdi… Siz bekorga uni bilimdon deb kalaka qilyapsiz. U kishilar huquqini himoya qilyapti.
– Qiziqishimga ijozat eting, kimlarning huquqini?
– Kimlarning huquqini bo‘lardi, mehnatkash xalqnikinida!
Filipp Filippovichning ko‘zlari olayib ketdi.
– Siz qachondan beri mehnatkash bo‘lib qoldingiz?
– Lekin axborotingiz uchun, NEPchi ham emasman.
– Xayr, mayli. Shunday qilib, aytingchi, sizning inqilobiy haq-huquqlaringizni himoya qilishda unga nima kerak o‘zi?
– Ma’lumku bu, meni propiskaga o‘tkazish kerak, vassalom. Ular, Moskvada propiskasiz yashaydigan odamni qayerda ko‘rgansan, deyishyapti. Bu – birinchidan. Eng asosiysi esa hisobga olish kartochkasi. Men dezertir (qochoq) bo‘lishni istamayman. Yana haligi uyushma, mehnat birjasi…
– So‘rashga ijozat bering, nimani asos qilib propiskaga yozdiraman? Manavi dasturxongami yoki o‘z pasportimgami? Yuzaga kelgan vaziyat bilan hisoblashish kerakda, axir! Xo‘sh, sizni propiskaga o‘tkazish va o‘sha uy xo‘jaligingizning planidagi boshqa ishlarning hammasini amalga oshirish uchun nima qilish mumkin? Axir, sizning na ismingiz, na familiyangiz bor.
– E, yo‘q, bu adolatdan emas. Ismni xotirjamlik bilan o‘zim tanlashim mumkin. Gazetada e’lon berilsa – vassalom.
– Qanday ism tanlamoqchi ekanligingizni bilsak bo‘ladimi?
Kimsa galstugini to‘g‘rilab, javob qaytardi:
– Poligraf Poligrafovich.
– Bas qiling masxarabozlikni. Men siz bilan jiddiy gaplashyapman, – dedi Filipp Filippovich xo‘mrayib.
Haligi kimsaning lablari zaharxandalik bilan cho‘chchayib, mo‘ylovi bir tomonga qiyshayib ketdi.
– Tushunolmay qoldim sizni… – dedi u quvnoq va ma’noli ohangda, – ismni onadan olishim mumkinmas! Tupurish mumkinmas. Sizdan esa faqat «ahmoq, tentak», degan so‘zlarnigina eshitaman. Chamasi, resefeserda faqat professorlargagina so‘kinish huquqi berilgan ekanda? – Filipp Filippovichning miyasiga qon quyildi, suv quyayotib, stakanni tushirib yubordi, boshqasidan icharkan, o‘ylardi: «Yana bir ozdan keyin u meni o‘qita boshlaydi va mutlaqo haq bo‘lib chiqadi. O‘zimni ushlab turolmayapman».
U stulda o‘tirgancha yoniga o‘girildi, gavdasi bilan keragidan ortiq darajada bukilib, qat’iy ohangda gapirdi:
– Afv etasiz. Asablarim chatoq. Ismingiz menga haqiqatan ham g‘alati tuyildi. Qiziq, qayerdan kavlab topdingiz uni?
– Uy xo‘jaligining raisi maslahat berdi. Kalendardan qidirdik, qaysi biri to‘g‘ri keladi, deyishdi. Men tanladim.
– Hech qaysi kalendarda bunaqasi bo‘lishi mumkin emas!
– Qiziq gaplarni gapirasiz, – istehzoli tirjaydi u, – ko‘rish xonangizda osig‘lik turibdiku.
Filipp Filippovich o‘rnidan turmay, qo‘ng‘iroq tugmasiga cho‘zildi va jiringlagan ovozga Zina kirib keldi.
– Ko‘rish xonasidagi kalendarni olib kiring.
Zum o‘tmay Zina kalendarni ko‘tarib, qaytib kirdi. Filipp Filippovich so‘radi:
– Qayerda?
– 4 mart kuni nishonlanadi.
– Ko‘rsatingchi… Hm-m… Tavba… Zina, pechkaga tashlang buni. Hoziroq.
Zina qo‘rquv to‘la ko‘zlarini olaytirgancha kalendarni olib chiqib ketdi. U kimsa esa boshini sarak-sarak qilib qo‘ydi.
– Familiyangizni bilsak bo‘ladimi?
– Familiyammi?.. Ajdodlarimdan meros familiyani tanladim.
– Nima? Meros? Qani-qani?
– Sharikov.
Kabinetdagi stol yonida charm tujurka kiygan Shvonder turardi. Doktor Bormental esa kursida o‘tirar, uning sovuqdan qizarib ketgan (u endigina ko‘chadan kirgan edi) yuzi yonida o‘tirgan Filipp Filippovichga o‘xshab sarosimali edi.
– Qanday yozish kerak? – so‘radi u toqatsizlanib.
– Ha… bu – murakkab ish emas, – tilga kirdi Shvonder. Yozing, grajdanin professor, guvohnoma berildi ushbu xususdakim, Sharikov Poligraf Poligrafovich… hm… mening xonadonimda… haliginday… tug‘ilgan.
Bormental hech nima uqmaganday o‘rnida qimirlab qo‘ydi. Filipp Filippovichning mo‘ylovi ucha boshladi.
– Hm… jin ursin! Bundan bema’niroq narsani tasavvur ham qilish qiyin. Axir, u tug‘ilgan emas… Nima desam ekan… bir so‘z bilan aytganda…
– Bu sizning ishingiz, – zaharxandali xotirjamlik bilan dedi Shvonder, – tug‘ilganmi-yo‘qmi… Umuman olganda, tajribani siz o‘tkazgansiz, professor! Grajdanin Sharikovni ham siz bunyodga keltirgansiz!
– Oppa-osonlik bilan, – shang‘illadi Sharikov kitob javonning orqasidan.
U oynada aks etayotgan galstugiga mahliyo bo‘lib tikilardi.
– Men sizdan gapga aralashmasligingizni iltimos qilardim, – dedi Filipp Filippovich achchig‘lanib. – Bekorga oppa-osonlik bilan, deyapsiz. Mutlaqo oson bo‘lgan emas bu ish!
– Nega endi aralashmas ekanman, – to‘ng‘illadi Sharikov xafaqonlik bilan.
Shvonder shu zahoti uni qo‘llab-quvvatladi:
– Kechirgaysiz, professor, grajdanin Sharikov mutlaqo haq. O‘z taqdiri hal etilayotgan muhokamada ishtirok etishga uning haqi bor. Ayniqsa, gap nozik masala – hujjatlar xususida borayotgan paytda. Hujjat – bu dunyoda eng muhim narsa.
Shu choq telefonning quloqni qomatga keltirguday qattiq jiringlashi gapni bo‘lib qo‘ydi. Filipp Filippovich trubkani ko‘tarib:
– Eshitaman, – dediyu, shu zahoti qip-qizarib, baqirib berdi:
– Bunday bo‘lar-bo‘lmas gaplar bilan meni bezovta qilmasligingizni so‘rayman! Sizga baribir emasmi?! – Trubkani kuch bilan sharaqlatib, joyiga qo‘ydi.
Shvonder mamnuniyat bilan tirjaydi. Filipp Filippovich jahldan bo‘g‘ilib, qichqirdi:
– Xullas, bas qilish kerak buni.
U yon daftarchadan bir varaq yirtib olib, unga allanimalarni yozdi, keyin ensasi qotgancha ovoz chiqarib o‘qib berdi: «Guvohlik beraman ushbu haqdakim..».
Qanday bema’nilik… Hm. «Ushbuni ko‘rsatuvchi shaxs laboratoriyada, bosh miyada operatsiya o‘tkazish yo‘li bilan vujudga keltirilgan bo‘lib, hujjatga muhtojdir». E, jin ursin! Bunday ahmoqona hujjat berilishiga men umuman qarshiman. Imzo: «professor Preobrajenskiy».
– Gaplaringiz juda g‘alati, professor, – dedi Shvonder xafa bo‘lib, – nega endi hujjatlarni ahmoqona deysiz? Men hujjati yo‘q va buning ustiga, militsiyada harbiy hisobda turmagan odamning uyimizda istiqomat qilishiga yo‘l qo‘yolmayman. Birdan imperializm yirtqichlariga qarshi urush boshlanib qolsachi?
– Men hech qanaqangi urushga bormayman, – xo‘mraygancha gap qistirdi Sharikov shkaf orqasidan.
Shvonder dovdirab qoldi, lekin tezda o‘zini qo‘lga olib, nazokat bilan Sharikovga yuzlandi:
– Siz, Sharikov, mutlaqo ongsiz odamning gapini gapiryapsiz. Harbiy hisobda turishingiz shart.
– Hisobgaku turaman, urushni esa yelkamning chuquri ko‘rsin! – ijirg‘anib javob berdi u bantini to‘g‘rilar ekan.
Shvonder battar dovdirab qoldi. Preobrajenskiy Bormental bilan xusumat va iztirob aralash ko‘z urushtirib oldi. Uning nigohi: «Xo‘sh, qissadan hissa nimadan iborat?», deb so‘rayotganday edi.
– Men operatsiya vaqtida og‘ir jarohatlanganman, – uvilladi Sharikov xo‘mrayganicha.
U qo‘li bilan boshiga ishora qildi. Uning peshonasida operatsiya paydo qilgan ko‘ndalang chandiq bor edi.
– Nima, siz yakkaxon anarxistmisiz? – so‘radi Shvonder qoshlarini chimirib.
– Menga oq bilet berilishi kerak, – dedi Sharikov unga javoban.
– Ha, yaxshi, hozircha bu ikkinchi darajali masala, – dedi hayratga tushgan Shvonder, – asosiysi, biz professorning guvohnomasini militsiyaga topshiramiz va ular sizga hujjat berishadi.
– Ayta olmaysizmi… – nogoh uning gapini bo‘ldi Filipp Filippovich, chamasi qandaydir ichki o‘ylardan siqilib, – sizlarda, ya’ni shu uyda biron bo‘sh xona topiladimi? Men sotib olardim.
Shvonderning jigarrang ko‘zlarida sarg‘imtir uchqunlar paydo bo‘ldi.
– Afsuslar bo‘lsinki, professor, birontayam bo‘shi yo‘q. Yaqin orada bo‘lmaydi ham.
Filipp Filippovich lablarini qattiq qisgancha, indamadi. Quloqni qomatga keltirguday ovoz chiqarib, yana telefon jarangladi. Filipp Filippovich trubkani oldiyu, indamasdan jaholat bilan uloqtirib yubordi. Trubka havoda likillagancha osilib qoldi. Hamma cho‘chib tushdi. «Asablari tamom bo‘ldi qariyaning», – o‘yladi Bormental, Shvonder esa ko‘zlari yaltiragancha ta’zim qildi va xonadan chiqib keldi.
Sharikov ham boshmog‘ining rantini g‘ijirlatib, uning ketidan tashqariga yo‘l oldi.
Professor Bormental bilan yolg‘iz qoldi.
Birmuncha sukunatdan keyin Filipp Filippovich boshini yengil irg‘ab, gap boshladi:
– O‘lay agar, bu – dahshat! O‘zingiz ko‘rdingizku! Ont ichib aytamanki, azizim Ivan Arnoldovich, so‘nggi o‘n to‘rt yil mobaynida ham shu ikki hafta ichidagichalik azob tortgan emasman. Meni aytdi dersiz – bunaqa nusxani yetti olamni chiroq yoqib qidirsangiz ham topolmaysiz!..
Olisdan oynaning qars etib tsingani va ayol kishining chinqirgan ovozi eshitildiyu, shu zahotiyoq tindi. Qayerdandir to‘satdan paydo bo‘lgan ins-jinsga o‘xshash kimdir ko‘rish xonasi tomon o‘tar ekan, gumburlab yo‘lak devoriga urildi. Ko‘rish xonasida ham u allanimani taraqlatib tushirib yubordi va yashin tezligida orqasiga qaytdi. Eshiklarning taraqlab ochilib-yopilgani va oshxonadan Darya Petrovnaning «voy» deb qichqirgani eshitildi, keyin Sharikov uv tortib yubordi.
– Yo Xudo, yana nimadir yuz berdi! – baqirdi Filipp Filippovich eshikka otilarkan.
– Mushuk bo‘lsa kerak, – fahmladi Bormental va izma-iz yugurib ketdi.
Ular yo‘lak orqali chopib, kiraverishdagi xonaga o‘tishdi, keyin vanna va hojatxona tomonga burilishdi. Oshxonada Zina Filipp Filippovichning istiqboliga otilib chiqdi.
– Uyda mushuk bo‘lmasin, deb necha marta tayinlovdim! – jazavaga tushib qichqirdi Filipp Filippovich. – Qani u? Ivan Arnoldovich, xudo haqi, qabulxonadagi bemorlarni tinchlantiring.
– Vannada, la’nati vannada o‘tiribdi, – o‘pkasi to‘lib dedi Zina.
Filipp Filippovich butun gavdasi bilan vannaxonaning eshigiga tashlandi, lekin u ochilmadi.
– Oching, hoziroq oching deyapman!
Javob o‘rniga eshik ortidan nimaningdir devordan-devorga sakragani, tog‘oralarning taraq-turug‘i va Sharikovning talvasa ichida:
– Joyidayoq o‘ldiraman! – deya qiyqirgani eshitildi.
Suv trubalardan sharillab polga oqib tusha boshladi.
Filipp Filippovich gavdasini tashlab, eshikni buza boshladi.
Oshxona ostonasida hammomdan chiqqanday qip-qizil yuzlari dahshatdan burishib ketgan Darya Petrovna paydo bo‘ldi. Shu payt vannaxonaning balandda joylashgan va oshxonaga qaragan oynasi ilon izi shaklida darz ketdi va ikkita oyna bo‘lakchasi yerga tushdi. Undan keyin esa bo‘ynida ko‘k lentasi bor, yo‘lbars halqa taqilgan gorodovoyday katta mushuk ko‘rindi. U to‘ppa-to‘g‘ri stolda turgan lagan ustiga sakradi. Lagan ikkiga bo‘lindi. Mushuk yerga, so‘ngra uch oyoqda aylangancha o‘ng oyog‘ini xuddi raqsga tushayotgandek qattiq siltadida, yashirin yo‘lakka olib chiquvchi kichkina tirqishga kirib ketdi. Tirqish kengayib, mushuk o‘rnida ro‘mol o‘ragan kampir paydo bo‘ldi. Oq no‘xat gulli yubka kiygan bu kampir zum o‘tmay oshxonaga kirib keldi. Kampir bosh va ko‘rsatkich barmoqlari bilan og‘zining chetlarini artarkan, bir oz shishgan va tikonday o‘tkir ko‘zlari bilan oshxonani nazaridan o‘tkazdi va shoyon-diqqat bilan xitob qildi:
– Yo xudoyo, tavba!
Rangi oqarib ketgan Filipp Filippovich oshxonani kesib o‘tib, kampirdan vajohat bilan so‘radi:
– Sizga nima kerak?
– Gapiradigan itni tomosha qilish qiziqda, – dedi kampir gunohkorona va cho‘qinib qo‘ydi.
Filipp Filippovichning rangi beshbattar gezardi, kampirga juda yaqin borib, bo‘g‘iq ovozda pichirladi:
– Hoziroq oshxonadan tuyog‘ingizni shiqillating!
Kampir orqasi bilan eshik tomonga yurarkan, xafa bo‘lib dedi:
– Namuncha qo‘pol bo‘lmasangiz, janob professor.
– Daf bo‘ling deyapman! – takrorladi Filipp Filippovich va uning ko‘zlari xuddi boyqushlarnikiday dum-dumaloq bo‘lib qoldi. Kampirning orqasidan orqa yo‘lak eshigini taraqlatib yopdi. – Darya Petrovna, axir, sizdan iltimos qilgan edimku, – dedi Filipp Filippovich yig‘lamsirab.
– Filipp Filippovich, – dedi Darya Petrovna xijolat bilan yalang‘och qo‘llarini musht qilib tugarkan, – nima qilay, axir? Kechgacha odamlar oqimi to‘xtamayapti!
Vannaxonadan suvning bo‘g‘iq va vahimali shovullashi kelar, lekin boshqa ovoz eshitilmay qolgandi. Doktor Bormental kirdi.
– Ivan Arnoldovich, o‘tinib so‘rayman… hm… Qabulda nechta odam bor?
– O‘n bitta, – javob berdi Bormental.
– Hammasiga javob berib yuboring, bugun qabul qila olmayman.
Filipp Filippovich barmog‘i bilan eshikni taqillatib, baqirdi:
– Marhamat qilib, hoziroq chiqing! Nega qamalib oldingiz?
– Gu-gu! – ayanchli va tusmol javob berdi Sharikovning ovozi.
– Nima jin urdi sizni o‘zi!.. Eshitmayapman, suvni to‘xtating!
– Gau! Gau!..
– Suvni to‘xtating deyapman! U nimalar qilyapti – hech narsaga tushunmayapman, – qichqirdi Filipp Filippovich g‘azabdan o‘zini yo‘qotib.
Zina va Darya Petrovna oshxona eshigini ochib, mo‘ralab turishardi.
Filipp Filippovich mushti bilan yana eshikni gumburlatib urdi.
– Mana u! – qiyqirdi Darya Petrovna oshxonadan.
Filipp Filippovich ichkariga yugurdi. Tepadagi tsingan derazachadan Poligraf Poligrafovichning basharasi ko‘rindi.
Uning yuzlari burishib ketgan, ko‘zlari jiqqa yosh, burnining usti uzunasiga timdalangan bo‘lib, iliq qondan olovday qizarib turardi.
– Aqldan ozdingizmi? Nimaga chiqmayapsiz? – so‘radi Filipp Filippovich.
Sharikov ayanchli ahvolda qo‘rquv bilan u yoq-bu yoqqa qarab oldida, javob berdi:
– Qulflanib qoldim.
– Qulfni oching. Nima balo, siz sira qulf ko‘rmaganmi-siz?
– Ochilmayapti, la’nati! – javob berdi Poligraf dahshatga tushib.
– Voy, sho‘rim! U elektr saqlagichni o‘chirib qo‘yibdi! – qichqirdi Zina qo‘llarini sonlariga urib.
– O‘sha yerda kichkina tugmacha bor, – Filipp Filippovich suv shovqinidan balandroq baqirishga tirishardi, – o‘shani pastga tushiring. Pastga bosing! Pastga.
Sharikov ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi va bir daqiqa o‘tar-o‘tmas yana ko‘rindi.
– Tugmacha tugul it ham ko‘rinmayapti, – dahshat ichida akilladi u derazadan.
– Lampa chiroqni yoqing, axir. U esini yebdi!
– La’nati mushuk lampani chil-chil qildi, men u ablahni oyog‘idan torta boshlagandim, kran sug‘irilib chiqdi. Endi qorong‘ida topa olmayapman.
Turganlarning uchovi ham qo‘llarini bir-biriga urgancha taxtaday qotib qolishdi.
Oradan bir necha fursat o‘tgach, Bormental, Zina va Darya Petrovna o‘ram holida eshik tagiga qo‘yilgan ho‘l gilam ustida yonma-yon o‘tirishar va orqalari bilan bosgancha eshik tirqishini berkitishga urinishardi. Shveytsar Fedor esa Darya Petrovnaning yoniq nikoh shamlarini ushlagancha yog‘och zinalardan yuqoriga, vanna derazasiga ko‘tarildi. Uning katta kulrang ishtoni havoda bir «lip» etdiyu, deraza ichida g‘oyib bo‘ldi.
– Gu… gu… gu… – nimalardir deb qichqirardi Sharikov suvning sharillashi fonida.
Fedorning ovozi eshitildi:
– Filipp Filippovich, baribir, ochish kerak, oqib keta qolsin, oshxonadan so‘rib olamiz.
– Ochavering! – jahl bilan qichqirdi Fnlipp Filippovich.
Uchovlon gilam ustidan turishi bilan vannaxona eshigi ochilib, suv to‘lqini yo‘lakka otildi. Bu yerda u uch oqimga – to‘g‘ridagi hojatxona, o‘ngdagi oshxona va chapdagi dahliz tomonga bo‘lindi. Zina suvni shaloplatganicha sakrab-sakrab borib, dahliz eshigini berkitib qo‘ydi. To‘pig‘igacha suvga botgan Fedor chiqib keldi, u nimagadir iljayardi. Ust-boshi shalabbo edi.
– Zo‘rg‘a to‘xtatdim, bosimi katta ekan, – izoh berdi u.
– Anavi qani? – so‘radi Filipp Filippovich va la’natlar o‘qib, bir oyog‘ini ko‘tardi.
– Chiqqani qo‘rqyapman, – tushuntirdi Fedor ahmoqona tirjayib.
– Urasizmi, otaxon? – Sharikovning yig‘lamsiragan ovozi eshitildi vannaxonadan.
– Galvars! – qisqa javob qildi Filipp Filippovich.
Zina va Darya Petrovna ko‘ylaklarini tizzadan yuqori ko‘tarib, yalangoyoq, Sharikov va shveysar ham yalangoyoq holda oshxona polidagi suvni lattaga shimdirib, axlat chelak va rakovinaga siqishardi. O‘z holiga tashlab qo‘yilgan plita guvillab qizib yotardi. Suv eshikdan shovqin solib zinaga qarab oqar, u yerdan esa, zinalar ulangan joydagi tirqishlar orqali to‘g‘ri yerto‘laga tusha boshlagandi.
Bormental parket ustidagi ko‘lmakda oyoq uchida turgancha, yarim ochiq eshik orqali muzokara olib borardi.
– Bugun qabul qilmaymiz. Professorning toblari qochib qoldi. Marhamat qilib, eshikdan nariroq tursangiz, suv trubasi yorilib ketgan…
– Qachon qabul bo‘ladi? – taslim bo‘lmasdi eshik ortidagi ovoz. – Mening bir lahzalik ishim bor edi, xolos.
– Ilojim yo‘q, – javob berdi Bormental poshnasida turarkan, – professor yotibdilar, buning ustiga truba yorilgan. Ertaga keling, Zina! Azizim! Bu yerni artinglar, yo‘qsa, suv katta zinapoyaga oqib tushadi.
– Latta bilan eplab bo‘lmayapti.
– Hozir krujkada chirpib olamiz, – dedi Fedor, – hozir…
Eshik qo‘ng‘irog‘i uzluksiz jiringladi. Bormentalning oyoq osti butkul ho‘l bo‘lib ketgandi.
– Operatsiya qachonligini aytsangiz, – o‘jarlik bilan derdi ovoz va eshik tirqishidan ichkariga kirishga intilardi.
– Truba yorilgan…
– Men kalishda kiraman.
Eshik ortidan odamlar qorasi ko‘rinardi.
– Mumkin emas, ertaga kelinglar…
– Men bugunga yozilganman.
– Ertaga, ertaga. Suv trubasi yorilib ketdi.
Fedor doktorning oyog‘i tagida kuymalashib yurarkan, ko‘lmak bo‘lib qolgan suvni krujka bilan chirpib olardi. Sharikov esa yangi usul o‘ylab topdi. U ulkan lattani uzun qilib o‘rab yerga soldi, keyin qorni bilan suvga yotgancha, lattani surib, suvni orqaga – hojatxona tomonga haydadi.
– Miyang achib ketgur, suvni kvartira bo‘ylab u yoqdan-bu yoqqa haydaguncha, rakovinaga to‘ksang bo‘lmaydimi? – dedi Darya Petrovna achchig‘lanib.
– Rakovinaga emish, – dedi Sharikov loyqa suvni qo‘llari bilan qaytararkan, – katta zinapoyaga qarab oqadi hozir.
Yo‘lakdan g‘ijirlagancha skameyka yurib kela boshladi, unda yo‘l-yo‘l ko‘k paypoq kiygan Filipp Filippovich muvozanat saqlagan holda oyoqlarini kerib o‘tirardi.
– Ivan Arnoldovich, javob berishni bas qiling. Yotoqxonaga kiring, men sizga boshqa poyabzal beraman.
– Hechqisi yo‘q, Filipp Filippovich, arzimagan ish.
– Kalish kiyib oling.
– Hechqisi yo‘q, baribir, oyoqlarim ho‘l.
– Voy xudoyim-ey! – ko‘ngli buzildi Filipp Filippovichning.
– Qanday zararkunanda hayvon! – kutilmaganda ovoz berdi Sharikov sho‘rva ichadigan tovog‘ini ko‘targancha, tizzalab oshxonadan chiqib kelarkan.
Bormental eshikni yopdi va o‘zini tutolmay, kulib yubordi. Filipp Filippovichning esa burun kataklari kengayib, ko‘zoynagi yaltirab ketdi.
– Nima haqda gapirayotganingizni bilsak bo‘ladimi? – tepadan turib so‘radi u.
– Mushukni aytamanda! Shunaqangi yaramaski… – dedi Sharikov ko‘zlarini olazarak qilib.
– Bilasizmi, Sharikov, – dedi Filipp Filippovich nafasini rostlab, – men hech qachon sizday beburd mavjudotni ko‘rgan emasman.
Bormental qiqirlab qo‘ydi.
– Siz o‘taketgan surbetsiz, – davom etardi Filipp Filippovich. – Qanday haddingiz sig‘di bunday degani? Qilg‘ilikni qilib qo‘yib, yana gapirasiza… yo‘q! Buni nima deb atash mumkin – xudo biladi!
– Sharikov, marhamat qilib aytingchi, – gapga aralashdi Bormental, – qachongacha mushuklar ketidan quvasiz? Uyalmaysizmi?! Axir, bu g‘irt noma’qulchilikku?! Yovvoyilik bu!..
– Qanaqasiga yovvoyi bo‘larkanman, – qovog‘ini uyib to‘ng‘illadi Sharikov, – hecham yovvoyi emasman. Uni kvartiraga kiritib bo‘lmaydi. Kirdi deguncha nimanidir o‘g‘irlash payiga tushadi. Daryaning qiymasini yeb qo‘yibdi. Men uning adabini berib qo‘ymoqchi edim.
– Avvalo, o‘zingizning adabingizni berish kerak, – javob berdi Filipp Filippovich, – oynaga borib, aft-basharangizga bir qarang.
– Ko‘zimni o‘yib olishiga sal qoldi, – dedi Sharikov xo‘mraygancha, iflos va ho‘l qo‘lini ko‘ziga tekkizib.
Namdan qorayib ketgan parket biroz selgigach, barcha oynalar bug‘ qatlami bilan qoplandi va eshik qo‘ng‘irog‘i ham tinchib qoldi. Filipp Filippovich qizil sahtiyon tufli kiygancha kiraverishdagi xonada turar edi.
– Mana bu sizga, Fedor.
– G‘oyat minnatdorman.
– Hoziroq kiyimlaringizni almashtiring. Ha, aytgancha, Darya Petrovnaning oldiga kirib, aroq ichib oling.
– G‘oyat minnatdorman, – Fedor iymanib turib gapirdi: – Yana… haligi… Filipp Filippovich, kechirasiz, aytgani ham istihola qiladi odam, 7-kvartiraning oynasi uchun… Grajdanin Sharikov tosh otgan…
– Mushukni mo‘ljalga olibmi? – qovog‘idan qor yog‘ib dedi Filipp Filippovich.
– Qaniydi shunday bo‘lsa, uy egasiga otgan. U sudga beraman, deyapti.
– Obbo, jin urgur!
– Sharikov ularning oshpazini quchoqlab olgan ekan, uy egasi esa buni haydagan. Shu ikki orada urishib qolishibdi…
– Xudo haqi, bunday narsalarni menga darhol xabar qiling! Qancha kerak?
– Bir yarimta.
Filipp Filippovich uchta ellik tiyinlik yaltiroq tanga chiqarib, Fedorga tutqazdi.
– Bunday yaramas uchun yana bir yarim so‘lkavoy to‘lash, – eshik tomondan bo‘g‘iq ovoz eshitildi, – axir, uning o‘zi…
Filipp Filippovich o‘girilib, lablarini qimtigancha indamay Sharikovni itarib qabulxonaga kirgizdida, kalit bilan ustidan qulflab qo‘ydi. Sharikov shu zahotiyoq mushti bilan gumburlata boshladi.
– Bas qiling! – xitob qildi Filipp Filippovich kasalvand ovozda.
– Ha, chindanam, umrim bino bo‘lib bunchalik surbetni ko‘rgan emasman, – ma’nodor qilib dedi Fedor.
Er tagidan chiqqanday, Bormental paydo bo‘ldi.
– Filipp Filippovich, o‘tinaman, hayajonlanmang.
Serharakat eskulap qabulxona eshigini zarb bilan ochib kirdi va ichkaridan uning ovozi eshitildi:
– Bu nimasi? Qovoqxonada emassiz, axir!
– Shunaqa… – qo‘shib qo‘yda cho‘rtkesar Fedor, – bu shunaqa… Ammo quloq chakkasiga yaxshilab bir…
– O, nimalar deyapsiz, Fedor, – ma’yus g‘o‘ldiradi Filipp Filippovich.
– Kechirasizu, lekin sizga jonim achiyapti, Filipp Filippovich.
VII
– Yo‘q, yo‘q, yo‘q! – qat’iy dedi Bormental, – marhamat qilib, yoqangizga qistirib oling!
– E, tovba… – g‘o‘ldiradi Sharikov ensasi qotib.
– Minnatdorman, doktor, – yumshoqqina dedi Filipp Filippovich, – hadeb tanbeh beraverish jonimga tegib ketdi.
– Taqib olmaguningizcha ovqat yeyishingizga ruxsat bermayman. Zina, Sharikovning mayonezini olib keting.
– Olib ketingiz nimasi? – ko‘ngli buzildi Sharikovning, – hozir taqib olaman. – Chap qo‘li bilan ovqatini Zinadan yashirib, o‘ng qo‘li bilan salfetkani old yoqasiga qistirib, sartaroshxonadagi mijozlarga o‘xshab qoldi.
– Marhamat qilib, vilkada yeng, – qo‘shimcha qildi Bormental.
Sharikov chuqur xo‘rsinib, quyuq qayla ichidan osetr bo‘laklarini tuta boshladi.
– Men yana aroq ichsam bo‘ladimi? – dedi u savol ohangida.
– Balki, yetar shu ichganingiz? – dedi Bormental, – so‘nggi paytlarda aroqqa ruju qo‘yyapsiz.
– Nima, qizg‘anyapsizmi? – so‘radi Sharikov unga yer ostidan tikilarkan.
– Bo‘lmag‘ur gapni gapiryapsiz… – aralashdi badjahl Filipp Filippovich, lekin Bormental uning gapini bo‘ldi.
– Siz hayajonlanmang, Filipp Filippovich, men o‘zim. Siz, Sharikov, bema’ni gapni gapiryapsiz, lekin afsuslanarli joyi shundaki, siz bu gaplarni o‘ta mas’uliyatsizlik bilan uzil-kesil gapiryapsiz. Aroqni sizdan qizg‘anayotganim yo‘q, buning ustiga u meniki ham emas, Filipp Filippovichniki. Avvalambor, u – zararli, undan keyin esa siz aroqsiz ham o‘zingizni tuta bilmaysiz.
Bormental qo‘li bilan qulflab tashlangan bufetga ishora qildi.
– Zinusha, iltimos, menga yana baliq bering, – dedi professor.
Sharikov bu borada aroq solingan grafinga qo‘l cho‘zdi, Bormentalga ko‘z qirini tashlab, o‘zining qadahini to‘latib oldi.
– Boshqalarga ham taklif qilish kerak, – dedi Bormental, – qoidasi esa bunday: avval Filipp Filippovichga, keyin menga, oxirida esa o‘zingizga.
Sharikov istehzo aralash iljayarkan, boshqa qadahlarni ham to‘latdi.
– Sizlarda hamma narsa paraddagiga o‘xshaydi, – gap qistirdi u, – salfetkani u yoqqa, galstukni bu yoqqa, «kechirgaysiz», «marhamat – mersi»… chinakamiga emas bular… Xuddi podsholik tuzumidagiday tartib o‘rnatib, o‘z-o‘zingizni qiynaysiz.
– Chinakamiga emas, deganingiz nimasi, bilsak bo‘ladimi?
Sharikov Filipp Filippovichning bu savolini javobsiz qoldirdi, qadah ko‘tarib dedi:
– Xullas, hamma ishlaringiz…
– Sizning ham, – birmuncha kinoya aralash dedi Bormental.
Sharikov bir ko‘tarishda qadahni tomog‘iga quyib yubordi, aftini burishtirib, bir bo‘lak nonni burniga yaqinlashtirdi, hidladi va og‘ziga solib yutib yubordi. Illo ko‘zlari yosh bilan to‘ldi.
– Odat, – to‘satdan, o‘z-o‘ziga gapirganday dedi Filipp Filippovich.
Bormental hayratga tushdi.
– Ma’zur tutasiz…
– Odat! – qaytardi Filipp Filippovich va boshini nadomat bilan chayqagancha qo‘shimcha qildi: – Bu yerda biz bir nima qilishga ojizmiz – Klim.
Bormental favqulodda qiziqish va sinchkovlik bilan Filipp Filippovichning ko‘zlariga tikildi.
– Siz shunday deb o‘ylaysizmi, Filipp Filippovich?
– O‘ylashning hojati yo‘q, bunga ishonchim komil.
– Nahotki… – deya so‘z boshlagan Bormental Sharikovga qarab to‘xtab qoldi.
U esa shubhali tarzda qovog‘ini uyib olgandi.
– Spater… – dedi Filipp Filippovich ovozini pasaytirib.
– Gut, – javob qildi assistent.
Zina kurka tovuq olib kirdi. Bormental Filipp Filippovichga qizil vinodan quyib berdi, Sharikovga ham taklif qildi.
– Yo‘q, vino, ichmayman, yaxshisi, yana bitta aroq ichaman.
Uning yuzlari yaltirab, peshonasini ter bosdi, o‘zi ham ancha xushchaqchaq bo‘lib qoldi, Filipp Filippovich ham vinodan keyin bir muncha quvnoq va mehribonroq qiyofaga kirdi. Uning ko‘zlari nurlanib, Sharikovning oq salfetkalar orasidagi qaymoqqa tushgan pashshaday qop-qora boshiga xayrixohlik bilan qarab o‘tirardi.
Bormental esa ichkilikdan so‘ng o‘zida ijodga moyillik his qildi.
– Xo‘-o‘sh, bugungi oqshomni qanday o‘tkazamiz? – so‘radi u Sharikovdan.
U ko‘zlarini pirpiratib dedi:
– Eng yaxshisi, tsirkka boramiz.
– Har kuni tsirkka borish, menimcha, zerikarli, – muloyimlik bilan ta’kidladi Filipp Filippovich. – Sizlarning o‘rningizda bo‘lsam, hech qursa bir marta teatrga borardim.
– Teatrga men bormayman, – javob berdi Sharikov yoqimsiz ohangda va og‘zini chaparasta qilib.
– Dasturxon ustida hiqichoq tutishi boshqalarning ishtahasini bo‘g‘adi, – dedi Bormental beixtiyor. – Afv etasiz meni… Lekin nima uchun sizga teatr yoqmaydi?
Sharikov bo‘sh qadah ichiga durbinga qaraganday nigoh tashladi, o‘ylanib, lablarini qimtidi.
– E, masxarabozlik… Gaplashaverishadi, gaplashaverishadi… Turgan-bitgani kontrrevolyutsiya.
Filipp Filippovich stulning yoy shaklidagi suyanchig‘iga suyanganicha, shunday xoxolab kuldiki, og‘zidagi zich tilla tishlarining hammasi charaqlab ko‘rindi. Bormental boshini chayqab qo‘ydi.
– Siz biron kitob o‘qisangiz bo‘larmidi, – taklif qildi u, – yo‘qsa, bilasizmi…
– Shundoq ham o‘qiyapman, o‘qiyapman, – javob berdi Sharikov va yovvoyilarcha epchillik bilan o‘ziga aroq quyib oldi.
– Zina, – chaqirdi Filipp Filippovich xavotir aralash, – aroqni olib qo‘ying. Boshqa kerak emas. Xo‘sh, nima o‘qiyapsiz?
Uning xayolida odamsiz orol, palma va hayvon terisi yopingan kishi namoyon bo‘ldi. «Robinzonni berish kerak..».
– Haligi… nimaydi… Engels bilan… E, jin urgur, oti nimaydi… Kautskiyning yozishmalarini o‘qiyapman.
Bormental oq go‘sht bo‘lagini sanchqiga ilgancha, og‘ziga olib borayotib, qo‘li havoda muallaq osilib qoldi, Filipp Filippovichning esa vinosi chayqalib to‘kilib ketay dedi. Sharikov fursatdan foydalanib, aroqni yutib yubordi.
Filipp Filippovich tirsaklarini stolga tiragancha Sharikovning ko‘zlariga tikilib so‘radi:
– Xo‘sh, bilsak bo‘ladimi, o‘qigan kitobingiz yuzasidan qanday mulohazadasiz?
Sharikov yelkasini qisdi:
– Men qarshiman.
– Kimga? Engelsgami, Kautskiygami?
– Ikkalasining ham fikriga qarshiman.
– Xudo haqi, bu juda g‘aroyib. Kim nima desa deyaversin… Xo‘sh, siz o‘zingiz nimani taklif qilgan bo‘lardingiz?
– E, taklif qilishgayam arzimaydi… Yozaverishadi, yozaverishadi… kongress… qandaydir nemislar… Odamning boshi g‘ovlab ketadi. Hammasini olib, bo‘lashish kerak, vassalom.
– Men ham shunday deb o‘ylagandim, – xitob qildi Filipp Filippovich, dasturxonga kafti bilan bir tushirib, – xuddi shunday deb o‘ylagandim.
– Siz buning yo‘llarini ham bilasizmi? – qiziqib so‘radi Bormental.
– Qanaqa yo‘l, – dedi Sharikov oxirgi qadahdan so‘ng aljiray boshlarkan, – buning hech qiyin joyi yo‘q. O‘zingiz o‘ylab ko‘ringa, kimdir yettita xonada yashaydi, ishtonlari ham 40 juftdan ortiqroq, kimdir esa axlatxonalardan bir burda non izlaydi.
– Yettita xona deganingizda, siz, albatta, menga shama qilyapsiz! Shundaymi? – so‘radi Filipp Filippovich mag‘rurlik bilan ko‘zlarini qisib.
Sharikov shumshayib, jim qoldi.
– Nimayam derdim, yaxshi, men ham bo‘lashishga qarshi emasman. Doktor, kecha nechta odamni qaytardingiz?
– O‘ttiz to‘qqizta, – javob berdi Bormental.
– Hm… demak, 390 so‘m… Uchta erkakka, xonimlarni – Zina va Darya Petrovnani hisobga qo‘shmaymiz, – Sharikov sizdan – 130 so‘m. Marhamat qilib, cho‘zib qo‘ying.
– Ie, bu yog‘i qiziq bo‘ldiku, – dedi Sharikov qo‘rqib-pisib, – nega endi, nima uchun?
– Kran va mushuk uchun, – dedi Filipp Filippovich baqirguday bo‘lib, kinoya aralash, xotirjam kayfiyati qo‘qqis o‘zgara boshlar ekan.
– Filipp Filippovich! – xitob qildi Bormental xavotirga tushib.
– Shoshmay turing. Kecha qilgan ishingiz uchun! Bezorilik qilib, kechagi qabulni yo‘qqa chiqardingiz. Bunga chidab bo‘lmaydi, axir! Tavba, xuddi ibtidoiy odamga o‘xshab, xonadon bo‘ylab sakrasa, kranni uzib olsa… Palasuxer xonimning mushugini kim o‘ldirdi? Kim?..
– Siz, Sharikov, uch kun burun bir xonimni zinada tishlab olibsiz, – qo‘shimcha qildi Bormental.
– Siz qayerda yashayotganingizni…
– O‘zi basharamga qarab, bir tushirdi, nima, mening basharam toshdanmi? – chiyilladi Sharikov.
– Chunki siz uning ko‘kragidan chimchilab olgansiz, – baqirib yubordi Bormental qadahini bo‘shatib, – siz…
– Siz taraqqiyotning eng quyi zinasida turibsiz, – baqirdi Filipp Filippovich hamkasabasining ovozini bosib, – siz endi shakllanayotgan, hali aqli zaif mavjudotsiz, qilayotgan ishlaringizning hayvonnikidan farqi yo‘q hali, lekin shunga qaramay, qarshingizda ikkita universitet ta’limini ko‘rgan odam o‘tirganini hisobga olmay, nimalarnidir bo‘lish haqida mutlaqo chidab bo‘lmaydigan surbetlik bilan samoviy miqyoslardagi pand-nasihatlar berishni o‘zingizga ep bilasiz. Maslahatlaringizning ahmoqonaligi ham samoviy miqyoslarda. Ayni damda tish poroshogini yeb qo‘yishdan ham sira toyinmaysiz…
– Uch kun burun, – tasdiqladi Bormental.
– Xullas, gap shu, yodingizda bo‘lsin, – chaqmoqday gumburlardi Filipp Filippovich, – ha, aytgancha, burningizdagi rux malhamini nima uchun artib tashladingiz? Bundan buyon nafasingizni yutib, sizga nima deyishsa, shuni tinglaysiz. Sotsial jamiyatning, bir oz bo‘lsada, muvofiq a’zosi bo‘lishga intilishingiz, o‘rganishingiz kerak. Bu kitobni sizga qaysi nobakor berdi?
– Siz uchun hamma yaramas, – ikki tomonlama hamladan cho‘chib javob qildi Sharikov.
– Fahmlab turibman, kim berganini, – xitob qildi Filipp Filippovich azbaroyi g‘azablanganidan cho‘g‘day qizarib.
– Nima bo‘pti, xo‘sh, Shvonder berdi, nima qipti. U yaramas emas… Men o‘sishim, rivojlanishim uchun…
– Ko‘rib turibman, Kautskiydan keyin qanday rivojlanayotganingizni, – qichqirdi Filipp Filippovich gezarib. U g‘azab bilan devordagi qo‘ng‘iroq tugmasini bosdi. – Bugungi voqea aniq ko‘rsatdi buni. Zina!
– Zina! – qichqirdi Bormeital.
– Zina! – baqirardi qo‘rqib ketgan Sharikov.
Rangi oqargan Zina kirdi.
– Zina, qabulxonada… Qabulxonadami o‘zi?
– Qabulxonada, – itoatkorlik bilan javob berdi Sharikov, – kuporosga o‘xshagan, ko‘m-ko‘k.
– Yashil kitob…
– Hozir yonadi endi, – xitob qildi Sharikov nadomat bilan, – davlatniki, kutubxonaniki, axir!
– Yozishma, deb ataladi, nimaydi… Engelsning… oting qurg‘ur… anovi bilan… Pechkaga tiqing!..
Zina uchib ketdi.
– O‘sha Shvonderni men, xudo haqqi, birinchi duch kelgan daraxtga osardim! – xitob qildi Filipp Filippovich, kurkaning qanotini jon-jahdi bilan tishlar ekan. – Uyda xuddi chipqonga o‘xshab, yaramaslikda tengi yo‘q bir odam o‘tiribdi. Gazetaga har xil bema’ni tuhmatnomalar yozgani kamlik qilganday…
Sharikov professorga darg‘azab va istehzoli nigoh tashladi. Filipp Filippovich ham o‘z navbatida unga olayib qaradida, jim bo‘lib qoldi.
«Eh, bu uyda, chamasi, hech qanday yaxshilik bo‘ladiganga o‘xshamaydi», – kutilmaganda payg‘ambarona bashorat qildi xayolida Bormental.
Zina dumaloq patnisda o‘ng tomoni malla, chap tomoni qip-qizil g‘o‘lasimon non va kofeynik olib kirdi.
– Men buni yemayman, – po‘pisa aralash noxushlik bilan e’lon qildi Sharikov.
– Sizga hech kim taklif qilgani yo‘q. O‘zingizni tuta biling. Doktor, marhamat.
Tushlik osoyishtalik bilan o‘tdi.
Sharikov cho‘ntagidan g‘ijimlanib ketgan papirosini chiqarib, tutatdi. Kofesini ichib bo‘lgan Filipp Filippovich soatga qaradi va repetirni bosgan edi, nozik kuy taralib, 8 dan 15 minut o‘tganini bildirdi. Filipp Filippovich odatiga ko‘ra stulning yoysimon suyanchig‘iga suyalgancha, gazetalarni qo‘liga oldi.
– Doktor, iltimos, u bilan tsirkka borib kelsangiz. Faqat, xudo haqi, avval yaxshilab programmani ko‘zdan kechiring, mushuk bo‘lmasin.
– Qanday qilib, shunday yaramas maxluqni parkka qo‘yishadia? – dedi Sharikov qo‘rslik bilan boshini laqillatar ekan.
– U yerga kimlarni ham qo‘ymaydi, deysiz, – dedi Filipp Filippovich ma’noli qilib, – Xo‘sh, nima ekan ularda?
– Salomonskiyda, – o‘qiy boshladi Bormental, – qandaydir to‘rtta… Yussems va o‘lik nuqta odami.
– Yussemsi nimasi? – shubha bilan so‘radi Filipp Filippovich.
– Xudo biladi. Birinchi uchratishim bu so‘zni.
– Hm… unday bo‘lsa, Nikitinlarnikiga bora qolinglar. Hammasi oydin bo‘lgani tuzuk.
– Nikitinlar… Nikitinlar… hm… fillar va inson chaqqonligi imkoniyatlari.
– Xo‘sh-sh. Fillar borasida siz nima deysiz, qadrli Sharikov? – ishonchsizlik bilan so‘radi Filipp Filippovich Sharikovga yuzlanib.
U xafa bo‘ldi.
– Nima, shuniyam tushunmaydi, deb o‘ylaysizmi? Mushuk – boshqa gap. Fillar esa – foydali hayvonlar, – javob berdi Sharikov.
– Xo‘sh-sh, juda soz! Foydali ekanmi, demak, borib ko‘rib keling ularni. Ivan Arnoldovichning gaplariga quloq solish kerak. Bufetda hech qanday gapga aralashmang! Ivan Arnoldovich, iltimos, Sharikovga pivo taklif qila ko‘rmang.
O‘n minutlar o‘tgach, Ivan Arnoldovich bilan egniga yoqasi ko‘tarilgan movut palto, o‘rdak burniga o‘xshagan kepka kiygan Sharikov tsirkka jo‘nab ketishdi. Kvartira jimjit bo‘lib qoldi. Filipp Filippovich ish kabinetiga kirdi.
U yashil qalpoqli chiroqni yoqdi, chiroq nurlari yoritgan hayhotday xona juda fayzli ko‘rinib ketdi, xonada u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi. Chekib tugatmagan sigarasining uchida ancha vaqtgacha ko‘kish rang yallig‘lanib turdi. U qo‘llarini shimining cho‘ntagiga solib, peshonasini tirishtirgancha qandaydir og‘ir o‘ylar iztirobida allanimalar deb g‘o‘ldirar, tilini tanglayiga urib-urib qo‘yar, tishlari orasidan: «Nilning muqaddas sohillariga», deb xirgoyi qilardi. Keyin sigarani kuldonga tashlab, quruq oynadan iborat shkaf yoniga bordi, tepadagi 3 ta o‘ta yorug‘ chiroqni yoqib xonani yanayam charaqlatib yubordi. Shkafning uchinchi oynavand qatoridan ingichka bankani olib, qovog‘ini osiltirgancha chiroqqa tutib ko‘ra boshladi. Tiniq va og‘ir suyuqlik ichida Sharikovning miyasidan olingan kichkina oq tugunchak cho‘kmasdan suzib yurardi. Yelkalarini qisib, lablarini burib, kinoyali kulgancha, uyidagi osoyishta hayotni ostin-ustun qilib yuborgan g‘alati voqealar sababini mana shu cho‘kmayotgan, kichkinagina oq tugunchadan izlayotganday unga sinchkovlik bilan tikilib turardi.
Mazkur ulkan alloma buni ko‘rgan ham bo‘lishi ehtimoldan sira uzoq emas. Har holda miya o‘simtasiga obdan tikilgach, bankani olib shkafga yashirdi, shkaf eshigini kalit bilan qulflab, kalitni kamzulining cho‘ntagiga soldi va qo‘llarini kostyumining cho‘ntagiga yashirib, yelkasini qisgancha, o‘zini charm divanga tashladi. U ikkinchi sigarani olib, uzoq tutatib o‘tirdi, og‘zidagi qismini tamomila chaynab tashladi. Nihoyat, o‘zini mutlaq yolg‘iz his etgach, oqsoch Faustga o‘xshab xitob qildi:
– Xudo haqi, shungacha borsam ajabmas.
Uning bu xitobiga hech kim javob bermadi. Uyda barcha tovushlar bosilgan edi. Ma’lumki, Obuxov chorrahasida soat 11 dan keyin qatnov to‘xtaydi. Ahyon-ahyonda kechikkan yo‘lovchining oyoq tovushlari eshitilib qolar, ular parda ortida bir-ikki to‘qillab, yana tinardi.
Kabinetda Filipp Filippovichning cho‘ntagidagi repetir nozik ohang taratib jiringladi. Professor doktor Bormental va Sharikovning tsirkdan qaytishini betoqatlik bilan kutardi.
VIII
Filipp Filippovichning qanday qarorga kelgani noma’lum. Lekin keyingi hafta mobaynida u boshqa hech qanday ish bilan shug‘ullanmadi, ehtimol, shuning uchun bo‘lsa kerak, uydagi hayot yana har xil voqealar bilan boyib ketdi.
Suv va mushuk voqeasidan keyin chamasi 6 kunlar o‘tgach, uy xo‘jaligi boshqarmasidan Sharikovning oldiga pirovardida ayol bo‘lib chiqqan o‘spirin kelib, unga hujjatlarini topshirib ketdi. U hujjatlarni darhol cho‘ntagiga yashirib, doktor Bormentalni chaqirdi.
– Bormental!
– E, yo‘q, siz meni ism-sharifimni aytib chaqiring, – javob qildi Bormental rangi o‘zgarib.
Qayd etib o‘tish kerakki, shu o‘tgan 6 kun ichida jarroh o‘z tarbiyalanuvchisi bilan kamida 8 marta urishdi. Shuning uchunmi, Obuxov xonalarida ob-havo diqqinafas edi.
– U holda meni ham ism-sharifim bilan chaqiring, – mutlaqo asosli javob berdi Sharikov.
– Yo‘q! – eshikdan Filipp Filippovichning guldirak ovozi yangradi. – Mening uyimda sizni bunaqa ism-sharif bilan atashga ijozat bermayman. Agar sizni familiyangiz bilan Sharikov deyishlarini istasangiz, men ham, doktor Bormental ham sizni «janob Sharikov» deb chaqiramiz.
– Men janob emasman. Janoblarning hammasi Parijda! – akilladi Sharikov.
– Shvonderning ishi, – qichqirardi Filipp Filippovich. – Xayr, mayli, u yaramas bilan o‘zim hisob-kitob qilaman. Tirik ekanman, mening uyimga janoblardan bo‘lak hech kim qadam bosmaydi. Aks holda, bu yerdan yo siz, yo men chiqib ketishimiz kerak, to‘g‘rirog‘i – siz. Bugunoq gazetaga e’lon berib, inoning, sizga xona topib beraman.
– Eh-ha, men bu yerdan osongina chiqib ketadigan ahmoq ekanmanmi?! – dedi Sharikov dona-dona qilib.
– Nima?! – so‘radi Filipp Filippovich va uning yuzi shunaqangi vajohatli tusga kirdiki, qo‘rqib ketgan Bormental uning oldiga uchib keldi, hayajon va ehtiyotkorlik bilan qo‘ltig‘idan oldi.
– Bilasizmi, siz surbetlik qilmang, – Sharikov orqaga chekindi, cho‘ntagidan qizil, sariq va oq rangdagi 3 ta qog‘oz chiqarib, barmog‘i bilan ularni nuqib ko‘rsatarkan:
– Mana. Turar-joy shirkatining a’zosiman, shuning uchun menga mas’ul ijarachi Preobrajenskiyga tegishli 5-uydan 16 arshin joy ajratilishi kerak, – Sharikov o‘ylab turib: – Bormental muruvvat qilsinlar, – qayd etdi.
Filipp Filippovich lablarini tishlagancha, ehtiyotsizlik bilan nido qildi:
– O‘lay agar, oxir-oqibat o‘sha Shvonderini otib tashlayman!
Sharikov bu so‘zlarni diqqat bilan tinglab, dastur sifatida ilib olgani uning ko‘zlaridan ko‘rinib turardi.
– Filipp Filippovich, vorsichtig – ogohlantiruvchi ohangda dedi Bormental.
– Yo‘q… bilasizmi?.. Bu shunaqangi ablahlikki!.. – qichqirdi Filipp Filippovich ruschasiga. – Bilib qo‘ying, Sharikov… janob, o‘zingizga surbetlarcha yana bitta qiliq ko‘rsatishga erk bersangiz, sizni tushlikdan va umuman, mening uyimda ovqatlanishdan mahrum etaman. 16 arshin juda antiqa, lekin men sizni tasqara qog‘oz asosida boqish kafilini olgan emasman, axir!..
Sharikov qo‘rqib ketdi va og‘zini ochgancha:
– Men ovqatsiz qololmayman, – po‘ng‘illadi u, – qayerda qorin to‘ydiraman unda?
– Shunday ekan, o‘zingizni tutib oling, – dedi ikkala eskulap bir ovozdan.
Sharikov ancha tinchib qoldi va o‘sha kuni o‘zidan bo‘lak hech kimga zarar keltirmadi. Bormentalning bir necha fursat yo‘qligidan foydalanib, uning ustarasida yonog‘ini shunday kesib oldiki, natijada Filipp Filippovich bilan Bormental uning yarasini tikishga majbur bo‘ldilar. U esa ko‘zyoshlarini oqizgancha uzoq uv tortdi.
Navbatdagi oqshom professorning ish kabinetida ikki kishi – Filipp Filippovichning o‘zi va unga sodiq doktor Bormental yashil chiroq nuri ostida o‘tirishar edi. Uydagilar uyquga yotishgan. Filipp Filippovich o‘zining ko‘k xalati va qizil tuflisida edi, Bormental esa ko‘ylagi ustidan ko‘k tasma taqib olgan edi. Ikki vrach o‘rtasidagi dumaloq stoldagi qalin albom yonida bir shisha konyak, yupqa kesilgan limon va sigara qutisi turardi. Olimlar xonani tutunga to‘latib, bo‘lib o‘tgan so‘nggi voqealarni qiziqqonlik bilan muhokama qilishardi: bugun kechki payt Sharikov Filipp Filippovichning kabinetidagi press-pape tagidan 2 chervon olib, uydan g‘oyib bo‘ldi va yarim kechada g‘irt mast holda qaytdi. Bu kamlik qilgandek, u bilan birga qandaydir 2 ta noma’lum nusxa tashrif buyurib, kiraverishdagi zinada Sharikovning uyida yotib qolishga xohish bildirib, shovqin solishdi. Ichki kiyim ustidan kuzgi paltosini tashlagan Fyodor ko‘rinib, telefon orqali qirq beshinchi militsiya bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilganidan so‘nggina ular g‘oyib bo‘lishdi. Ular ketgach, kiraverishdagi toshoyna oldida turadigan malaxit kuldon, Filipp Filippovichning qunduz qalpog‘i va yozuvli hassasi ham qayoqqadir yo‘q bo‘ldi. Hassaga: «Qadrli va hurmatli Filipp Filippovichga minnatdor ordinatordan», deya zarhal harflarda yozilgan, keyin rim raqami XXV kelardi.
– Ular kimlar? – hujum qilardi Filipp Filippovich Sharikovga dag‘dag‘a bilan mushtlarini tugib.
U esa gandiraklab, po‘stinlarga yopishib, haligi shaxslarni tanimasligi, lekin ular itvachcha emas, yaxshi odamlar ekanligi haqida g‘o‘ldirar edi.
– Hayratlanarli joyi shundaki, ularning ikkalasi ham g‘irt mast ediku… Qanday eplashdi ekan? – hayron bo‘lardi Filipp Filippovich hamisha yubiley xotirasi osig‘liq turadigan ustunga tikilib.
– Ustasi farang bular, – izoh berdi Fedor uxlagani cho‘ntagida bir so‘m bilan qaytar ekan.
Ikki chervonni olganini Sharikov butunlay rad etar, uyda bir o‘zi yashamasligini ro‘kach qilib, tushunarsiz yana allanimalar deya ming‘illadi.
– Eh-ha, ikki chervonni, balki, doktor Bormental o‘margandir? – so‘radi Filipp Filippovich past, lekin dahshatli ovoz bilan.
Sharikov chayqalib, butunlay karaxt ko‘zlarini arang ocharkan, taxminini aytdi:
– Ehtimol, Zinka olgandir…
– Nima-nima?.. – baqirdi ostonada arvohday paydo bo‘lgan Zina, koftasining ochiq ko‘kragini qo‘llari bilan yashirib. – U nimalar deb…
Filipp Filippovichning bo‘yniga qizil rang quyildi.
– Qizishma, Zinushka, – o‘tinch ohangda nola qildi professor qiz tomonga qo‘lini cho‘zgancha, – hayajonlanma, biz hammasini to‘g‘rilaymiz.
Zina shu zahotiyoq lablarini cho‘chchaytirib, yig‘lab yubordi, qo‘llari ko‘ksi ustida irg‘ishlay boshladi.
– Zina, uyat emasmi? Kim shunday deb o‘ylashi mumkin? Ffu, qanday sharmandalik! – dedi Bormental parishonlik bilan.
– Obbo, Zina-ey! Tentak ekansan! Xudo haqi, kechir, – gap boshladi Filipp Filippovich.
Shu payt Zinaning yig‘isi o‘z-o‘zidan to‘xtab, hamma jim bo‘lib qoldi. Sharikovning mazasi qochgandi. U boshi bilan devorga urilib, «i» bilan «e» oralig‘idagi «e-e-e»ga o‘xshash g‘alati ovoz chiqardi. Uning yuzi dokaday oqarib, tomiri tortishgan jag‘lari takillay boshladi.
– Ko‘rish xonasidagi chelakni bering bu yaramasga!
Hamma Sharikov bilan ovora yugurgilab qoldi. Joyiga yotqizishayotganda u Bormentalning qo‘lida chayqalgancha, nozik bir qo‘shiq kuylayotganday hamma haqorat so‘zlarini ayta boshladi. Uning tili zo‘rg‘a aylanardi.
Bu voqealarning hammasi kechasi soat birda bo‘lib o‘tdi. Hozir esa soat 3 bo‘lib qolgan edi. Lekin xonadagi ikki kishi konyak va limon ta’sirida o‘zlarini ancha tetik his qilishardi. Ular shunaqangi ko‘p chekishgan ediki, tutun havoda qatlam-qatlam bo‘lib turib qolgan, zichligidan hatto suzmas edi.
Rangi oqarinqiragan, qat’iy nigohli Bormental beli ninachinikiday ingichka qadahni ko‘tardi.
– Filipp Filippovich, – dedi u hayajon bilan, – men yarim och student, sizning oldingizga kelganim va siz meni kafedraga, o‘z bag‘ringizga joylashtirganingizni hech qachon unutmayman. Ishoning, Filipp Filippovich, siz menga nafaqat professor va ustozsiz, undan ham ulug‘roqsiz! Mening sizga nisbatan hurmatim hadsiz-hududsiz! Ruxsat eting, sizni bir o‘pay, qadrli Filipp Filippovich!
– Ha, azizim, – g‘o‘ldiradi professor o‘zini yo‘qotib va o‘rnidan turdi.
Bormental uni quchoqlab, tamaki hidi gurkirab turgan paxmoq soqolidan o‘pib qo‘ydi.
– Xudo haqi, Filipp Fili…
– Shunday to‘lqinlantirib yubordingizki… Rahmat sizga, – derdi Filipp Filippovich, – azizim, men ba’zan operatsiya mahalida sizga baqirib yuboraman. Qariyalarga xos bu qiziqqonligim uchun afv etasiz. Aslini olganda, men shunday yolg‘izmanki… Sevilyadan Grenadaga qadar…
– Filipp Filippovich, uyat emasmi sizga? Qanday tilingiz bordi? – chin dildan xitob qildi otashin Bormental. – Agar meni xafa bo‘lmasin, desangiz, ikkinchi bunday gapni gapirmang…
– Rahmat sizga… Nilning muqaddas sohillariga… Rahmat… Men ham sizni iste’dodli shifokor sifatida yaxshi ko‘rib qolganman.
– Filipp Filippovich, xo‘p deng! – yonib gapirdi Bormental va o‘rnidan sakrab turib, yo‘lak eshigini zichroq yopib qo‘ydi. Joyiga kelib o‘tirarkan, shivirlab, davom etdi: – axir, yagona yo‘l shu. Men sizga aql o‘rgatishga jur’at qilolmayman, albatta, lekin… Filipp Filippovich, o‘zingizga bir qaranga, mutlaqo tinkangiz qurigan, ortiq bunday ishlash mumkin emas!
– Ha, aslo mumkin emas, – chuqur xo‘rsinib dedi Filipp Filippovich.
– Ana, ko‘rdingizmi… bu aqlga sig‘maydigan narsa, – pichirlardi Bormental, – o‘tgan safar mendan xavotir olayotganingizni, mening kelajagim haqida qayg‘urayotganingizni aytgandingiz, bu bilan meni qanchalik to‘lqinlantirib yuborganingizni bilsangiz edi… Lekin men ham yosh bola emasmanku, men ham buning qanday dahshatli oqibatlarga olib kelishini yaxshi tushunaman. Lekin yuz foiz imonim komilki, buning boshqa yo‘li yo‘q!
Filipp Filippovich o‘rnidan turib, qo‘llarini unga silkitgancha xitob qildi.
Siz meni yo‘ldan urmang, og‘iz ochmang bu haqda, – professor sigareta tutunlarini tebratib, xonada u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi, – eshitishni ham istamayman. Agar bilib qolishsa, nima bo‘lishini tushunasizmi? Biz siz bilan, garchi bir bor sudlangan bo‘lishimizga qaramay, o‘z «kelib chiqishimizga» tayana olmaymiz. Axir siz ularga ma’qul keladigan tarjimayi holga ega emassizda, azizim?
– E, qayoqda deysiz! Otam Vilnodagi sudda tergovchi bo‘lganlar, – tushkun ovozda dedi Bormental qolgan konyagini ham ko‘tarib.
– Ana ko‘rdingizmi! Axir, bu – juda bema’ni meros! Bundan battarrog‘ini tasavvur ham qilib bo‘lmaydi. Ha, aytgancha, ma’zur tutasiz, meniki yanayam rasvo. Otam oliy martabali pop bo‘lganlar. Mersi. Sevilyadan Grenadaga qadar… sokin kechalar qo‘ynida… E, ming la’nat!
– Filipp Filippovich, siz jahonga mashhur allomasiz, meni kechirasizu, lekin nahotki qandaydir bir itvachchani deb, sizga tegishlari mumkin? Ishonmayman.
– Shuning uchun ham qilmayman bu ishni, – dedi Filipp Filippovich to‘xtab, o‘ychan holda oynavand shkafga boqarkan.
– Nimaga endi?
– Chunki siz dunyoga mashhur alloma emassizku.
– E-ha, bizga yo‘l bo‘lsin…
– Ana, ko‘rdingizmi, hamkasbini jar yoqasida qoldirib, mashhurligi tufayli jonini saqlab qoladigan odam, kechirasizu… Men Moskvada ta’lim olgan talabaman, Sharikov emasman.
Filipp Filippovich g‘urur bilan yelkalarini ko‘tardi va shu holatda qadimiy frantsuz qiroliga o‘xshab ketdi.
– Filipp Filippovich, eh… – alam bilan xitob qildi Bormental, – bu qanaqasi? Demak, siz bu bezorining odam bo‘lishini poylar ekansizda?..
Filipp Filippovich qo‘l harakati bilan uni to‘xtatib, o‘ziga konyak quyib ichdi, limonni shimdida, gap qotdi:
– Ivan Arnoldovich, siz nima deysiz, men inson miyasi fiziologiyasi va anatomiyasi borasida biron tushunchaga egamanmi o‘zi, yo‘qmi? Sizning fikringiz qanday?
– Filipp Filippovich, nima haqda so‘rayapsiz o‘zi? – hayrat bilan dedi Bormental qo‘llarini yozib.
– Xo‘p, yaxshi. Ortiqcha kamtarliksiz aytaman, men Moskvada eng so‘nggi odam emasligimni bilaman.
– Men esa sizning nafaqat Moskvada, balki Londonda, Oksfordda ham birinchi ekanligingizni yaxshi bilaman, – qizishib uning gapini bo‘ldi Bormental.
– Ha, yaxshi, shunday bo‘la qolsin. Demak, gap shu, bo‘lajak professor Bormental, bu ish hech kimning qo‘lidan kelmaydi. Tamom, boshqa so‘ramang bu haqda. Preobrajenskiy aytdi, deyavering hammaga. Klim! – birdan tantanavor xitob qildi Filipp Filippovich… – Klim, – takrorladi u va shkaf unga javob qilganday jangillab ketdi. – Bilasizmi, Bormental, siz men yaratgan maktabning birinchi o‘quvchisisiz, bundan tashqari, haqiqiy do‘stim ekanligingizga ham bugun amin bo‘ldim. Men sizga, do‘stim sifatida, kichkina bir sirni ochmoqchiman va buning uchun ustimdan kulmasligingizni ham yaxshi bilaman. Qari eshak Preobrajenskiy bu operatsiyada uchinchi kurs talabasining ahvoliga tushib qoldi. To‘g‘ri, kashfiyot yuzaga keldi, lekin… – Filipp Filippovich alam bilan deraza pardalari tomonga ishora qildi, u Moskvani nazarda tutgan bo‘lsa kerak, – bu kashfiyotning qay darajada ekanligini o‘zingiz bilasiz va yodingizda bo‘lsin, Ivan Arnoldovich, bu kashfiyotning birdan-bir natijasi sifatida, biz hammamiz mana bu yerimizga kelgan, – Preobrajenskiy qo‘li bilan egri va palajga moyil bo‘yniga shappati urdi, – Sharikovni orttirdik. Xotirjam bo‘lavering! Agar hozir kimdir meni yotqizib, ichimni yorib tashlaganda, men unga, xudo haqi, yana 5 chervon ham bergan bo‘lardim, – davom etdi Filipp Filippovich ichki bir ehtiros bilan, – Sevilyadan Grenadaga qadar… E, jin ursin meni! Axir, besh yil o‘tirib, miya o‘simtasini kovlashtiribmana! Xabaringiz bor, aql bovar qilmas ishni amalga oshirganman o‘shanda. Mana endi savol tug‘iladi: Nima uchun? Ajoyib kunlarning birida… Yuvoshgina kuchukni ko‘zi tushsa odamning sochlari tikka bo‘lib ketadigan shunaqangi yaramas bir maxluqqa aylantirish uchun…
– Bu bir favqulodda hodisa!
– Fikringizga butkul qo‘shilaman. Mana, doktor, agarda tadqiqotchi tabiatni paypaslab, u bilan yonma-yon bormasa masalani tezlatib, pardani ko‘tarsa, marhamat, Sharikovni qabul qilib ol, o‘z pishirgan bo‘tqangni o‘zing ye!
– Filipp Filippovich, agar Spinozaning miyasi bo‘lgandachi?
– Ha, – hayqirdi Filipp Filippovich. – Ha! Sho‘rlik it pichoq ostida o‘lib ketmasa, albatta! Operatsiyaning qanchalik murakkabligini o‘zingiz ko‘rdingiz. Qisqasi, men Filipp Preobrajenskiy, bundan keyinroq biron ish qilgan emasman. Spinozaning yoki unga o‘xshagan biron donishmandning gipofizini ko‘chirib o‘tkazib, oddiy itdan juda yuksak sevimli kimsani yaratish mumkin. Lekin, nima keragi bor, degan savol tug‘iladi. Marhamat qilib, menga tushuntirib bering; har qanday ayol istagan vaqtida tug‘a oladigan sharoitda sun’iy Spinozani bunyod qilishning nima hojati bor? Xolmogordagi shunday buyuk farzandni Lomonosova xonim tug‘diku, axir! Doktor, bu borada insoniyatning o‘zi qayg‘uradi va evolyutsiya taraqqiyoti har yili o‘jarlik bilan omma orasidan turli marazlarni ajratib chiqarar ekan, yer yuzini bezovchi o‘nlab daholarni ham dunyoga keltiradi. Nima uchun Sharikovning kasallik tarixiga oid fikrlaringizni qoralaganimni, doktor, endi tushungan bo‘lsangiz kerak. Sizni sarson qilayotgan bu kashfiyotim, – jin ursin bunaqasini, – sariq chaqaga ham arzimaydi. Ha-ha, Ivan Arnoldovich, bahslashmang, men allaqachon tushunib yetdim. Men hech qachon shamolga gapirmasligimni yaxshi bilasiz. Nazariy jihatdan bu juda qiziq. Xayr, mayli! Fiziologlar hayratga tushishadi. Moskvada vasvasa ko‘tariladi. Lekin amaldachi?.. Qarshingizdagi nusxa kim o‘zi? – Preobrajenskiy barmog‘i bilan Sharikov uxlab yotgan ko‘rish xonasi tomon ishora qildi.
– Favqulodda muttaham.
– Lekin… kim u? Klim, Klim, – qiyqirdi professor, – Klim Chugunov (Bormentalning og‘zi ochilib qoldi) – mana shunday; ikki marta sudlangan, aroqxo‘r, hamma narsani teng bo‘lish tarafdori, qalpoq, ikki chervon yo‘qoldi, (yubiley hassasi yodiga tushib Filipp Filippovichning yuziga qon tepdi) – ablah va to‘ng‘iz… Hassamniku topaman, albatta… Xullas, gipofiz – u yoki bu insonning haqiqiy basharasini aks ettiruvchi yopiq kamera! U yoki bu insonning! Sevilyadan Grenadaga qadar… – hayqirardi Filipp Filippovich g‘azabkor ko‘zlarini o‘ynatib, – umuminsoniy emas. Bu o‘zi o‘sha miyaning mitti bir shakli. Menga endi, ming la’nat, uning mutlaqo keragi yo‘q. Men umuman boshqa narsalar to‘g‘risida, inson zotini yanada takomillashtirish, yevgenika haqida qayg‘urgan edim. Ittifoqo, insonni yashartirish masalasiga duch kelib qoldim. Nahotki, siz meni, bularni faqat pul uchun qiladi, deb o‘ylasangiz? Har holda men olimmanku, axir!
– Siz buyuk olimsiz! Shunday! – xitob qildi Bormental konyak icha turib. Uning ko‘zlariga qon quyilgandi.
– Bundan ikki yil muqaddam birinchi marta gipofiz tarkibidan jinsiy gormon olishga muvaffaq bo‘lganimdan keyin kichkinagina tajriba o‘tkazmoqchi edim, xolos. Buning o‘rniga nima bo‘lganini ko‘ryapsizku! Yo tovba! Gipofiz tarkibida shuncha gormon… E, xudo!.. Doktor, qarshimda – umidsizlik jari, ont ichaman, o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim.
Bormental kutilmaganda yenglarini shimarib, ko‘zlarini olaytirgancha dedi:
– Unday bo‘lsa, qadrli ustoz, siz istamasangiz, men o‘zim javobgarlikni zimmamga olgan holda unga margimush yediraman! Otam tergovchi o‘tgan bo‘lsa, men nima qilay endi?! Qolaversa, bu shaxsan o‘zingiz dunyoga keltirgan eksperimental mavjudotku, axir!
Filipp Filippovichning ko‘zlaridagi cho‘g‘ so‘nib, shalpaygancha o‘zini kursiga tashladi.
– Yo‘q, bunday qilishingizga yo‘l qo‘ymayman, aziz bolakayim. Men 60 yoshga kirdim, maslahat berishga haqim bor deb o‘ylayman. Kimga qarshi bo‘lishidan qat’i nazar, hech qachon jinoyatga qo‘l urmang. Umringizning oxirigacha qo‘llaringiz tozaligicha qolsin.
– Ma’zur tutasiz, Filipp Filippovich, anavi Shvonder uni yana yaxshilab o‘qitib-o‘rgatsa nima bo‘ladi? Yo tangri, oxir-oqibat manavi Sharikovning qanday nusxaga aylanishi mumkinligini endi anglayapman!
– Aha! Tushundingizmi endi?! Men esa operatsiyadan 10 kun o‘tganidan keyinoq tushungan edim. Gap shundaki, Shvonder – o‘taketgan ahmoq odam. U Sharikovning mendan ko‘ra o‘ziga ko‘proq xavf tug‘dirishi mumkinligini tushunib yetmayapti. Hozir u zo‘r berib Sharikovni menga qarshi gij-gijlayapti, ayni paytda mabodo kimdir uni Shvonderning o‘ziga qarshi qayrasa, undan nom-nishon ham qolmasligini uqishga aqli kaltalik qilyapti.
– Bo‘lmasamchi! Mushuklarni qanaqa zing‘illatdi. It yuragini ko‘tarib yurgan odama…
– Yo‘q, yo‘-o‘q… – cho‘zib javob berdi Filipp Filippovich, – siz doktor, juda katta xato qilyapsiz. Xudo haqi, itga tuhmat qilmang. Mushuklar vaqtinchalik gap… Bu intizom, qolaversa, ikki-uch haftalik narsa, xolos. Ishonavering. Yana biron oy o‘tgach, u mushuklarga ahamiyat bermay qo‘yadi.
– Nima uchun hozir emas?
– Ivan Arnoldovich, bu juda oddiy… Nimani so‘rayapsiz o‘zi? Axir gipofiz havoda osilib qolmaydiku! It miyasiga o‘rnashib, singib ketadi, shunga imkon berish kerak, vassalom. Hozir Sharikovda itdan qolgan-qutgan qiliqlar namoyon bo‘lyapti, tushunyapsizmi, mushuklar esa u qilayotgan ishlar ichida eng yaxshisi! Tasavvur qiling, butun fojia shundaki, uning ko‘ksida itniki emas, allaqachon inson yuragi urib turibdi. Boz ustiga tabiatdagi barcha mavjudotlar yuragi ichida eng iflosi va eng yaramasi.
Sabr kosasi to‘lib-toshgan Bormental ozg‘in va kuchli qo‘llarini musht qilib tuggancha, yelkasini qisdida, qat’iyat bilan dedi:
– Tamom. Men uni o‘ldiraman!
– Men man etaman! – e’tirozga o‘rin qoldirmaydigan ohangda javob berdi Filipp Filippovich.
– Ma’zur tutasiz, axir…
Filipp Filippovich birdan hushyor tortib, barmog‘ini ko‘tardi.
– To‘xtangchi, oyoq tovushlari kelyapti…
Ikkalasi quloq solishdi, lekin yo‘lakda jimlik hukm surardi.
– Menga shunday tuyildi chog‘i, – dedi Filipp Filippovich va qizishib nemis tilida gapira boshladi. Uning gaplari orasida ruscha «jinoyatchi» so‘zi bir necha bor takrorlandi.
– Bir minut, – qo‘qqisdan ziyrak tortib, eshik tomon qadam qo‘ydi Bormental.
Qadam tovushlari aniq eshitilar va tobora ular o‘tirgan xona tomon yaqinlashib kelar edi. Bundan tashqari, gangur-gungur ovozi ham quloqqa chalinardi. Bormental eshikni ochdiyu hayratdan qotib qoldi. Butunlay es-hushini yo‘qotayozgan Filipp Filippovich kursida o‘tirgancha dokaday bo‘zardi. Yo‘lakning to‘rtburchak shaklida yorishgan yerida birgina ichko‘ylakda yuzlari yonib, jangovar tarzda Darya Petrovna turardi. Bo‘liq tananing, qo‘rquvdan bo‘lsa kerak, butunlay yalang‘och ko‘ringanligi professorning ham, shogirdining ham ko‘zlarini qamashtirib yubordi. Darya Petrovna zabardast qo‘llarida nimanidir sudrab kelar, u «nimadir» esa qarshilik ko‘rsatgancha, orqasi bilan polga o‘tirib olgan, uning kalta, qora jun bilan qoplangan oyoqlari esa, parketda chalishib-chatishar edi, «Nimadir» – albatta, hali kayfi tarqamagan, o‘zini yo‘qotib qo‘ygan, birgina ko‘ylakdagi Sharikov edi.
Basavlat va yalang‘och Darya Petrovna bir qop kartoshkani tashlaganday, Sharikovni yerga otib, quyidagilarni aytdi:
– Tungi mehmonimiz Poligraf Poligrafovichning ahvolini ko‘rib qo‘ying, janob professor! Menku, mayliya, turmush ko‘rgan ayolman, Zinachi, axir, u bokira qiz bolaku! Yaxshiyam uyg‘onib qoldim.
Gapini tugatgach, Darya Petrovnani uyat hissi qamrab oldi, u qichqirib yubordida, qo‘llari bilan ko‘kragini berkitgancha yugurib ketdi.
– Darya Petrovna, xudo haqi, kechiring, – o‘ziga kelib, uning orqasidan qichqirdi Filipp Filippovich.
Bormental yenglarini shimarib, Sharikov tomon yurdi. Uning ko‘zlariga nigohi tushgan Filipp Filippovich qo‘rqib ketdi.
– Nima qilmoqchisiz, doktor! Man qilaman…
Bormental o‘ng qo‘li bilan Sharikovning yoqasidan olib, shunday siltadiki, uning ko‘ylagi old tomonidan tarsillab yirtilib ketdi.
Filipp Filippovich o‘zini ular o‘rtasiga otib, nimjongina Sharikovni jarrohning chayir qo‘llari iskanjasidan chiqarib olishga harakat qilardi.
– Urushga haqingiz yo‘q! – qichqirdi bo‘g‘ilayozgan Sharikov o‘tirgan yerida kayfi tarqay boshlar ekan.
– Doktor! – ayuhannos solardi Filipp Filippovich.
Bormental biroz o‘ziga kelib, Sharikovni qo‘yib yubordi va u shu zahoti hiqillashga tushdi.
– Xo‘p, mayli, – pishilladi Bormental, – ertalabgacha kutaylikchi. Benefisni kayfi tarqagandan keyin ko‘rsataman.
Shu zahoti u Sharikovni qo‘ltig‘idan olib, uyquga yotqizgani qabulxonaga sudrab ketdi. Sharikov qarshilik ko‘rsatishga urinib ko‘rdi, lekin oyog‘ida turolmaydigan darajada edi.
Filipp Filippovich oyoqlarini kerib, qo‘llarini yuqori ko‘targancha, ayanchli nigohini dahliz shipidagi chiroqlarga qadarkan:
– Voy-vo-ey!.. – deya nolidi.
IX
Doktor Bormentalning Sharikovga va’da qilgan benefisi ertasiga ertalab amalga oshmadi, chunki Poligraf Poligrafovich uydan g‘oyib bo‘lgan edi. Bormentalning g‘azabi qaynab ketdi, ko‘cha eshigining kalitini yashirib qo‘ymaganligi uchun o‘zini o‘zi eshak deb haqoratladi, buni aslo kechirish mumkin emasligini aytib, baqirdi va o‘zi ko‘targan to‘polonga, iloyo avtobusning tagida qolsin, degan tilak bilan yakun yasadi. Filipp Filippovich barmoqlari bilan sochlarini silagancha kabinetida o‘tirardi:
– Tasavvur qilyapman… Ko‘chada nimalar yuz berishini tasavvur qilyapman… Sevilyadan Grenadaga qadar…
– U uy xo‘jaligi boshqarmasida bo‘lishi ham mumkin, – derdi Bormental achchig‘lanib va qayoqqadir chopqillab ketardi.
Uy boshqarmasida Bormental Shvonder bilan shunaqangi urishib qoldiki, oqibatda rais baqir-chaqir qilganicha, professorning boqimandalariga qorovul emasligini, kechagina Preobrajenskiyning o‘sha boqimandasi, uy xo‘jaligi kooperatividan darsliklar olish uchun 7 so‘m olib, qaytib bermaganini aytib, Xamovnicheskiy rayon xalq sudiga ariza yozishga o‘tirdi.
Uch so‘m ishlashga muvaffaq bo‘lgan Fedor uyning barcha burchaklarini taftish qilib chiqdi. Lekin Shvonderning izlari hech yerda ko‘rinmasdi.
Faqat bir narsa – Sharikovning erta tongda kepkasi, issiq sharfi va paltosini kiyib, bufetdan bir shisha vino, Bormentalning qo‘lqoplari va barcha hujjatlarini olib ketgani ma’lum bo‘ldi. Darya Petrovna va Zina cheksiz xursandliklarini yashirib o‘tirmay, Sharikovning boshqa qaytib kelmasligiga umid bildirishdi. Bir kun avval Sharikov Darya Petrovnadan ham uch so‘m ellik tiyin olgan ekan.
– Ajab bo‘lgan, – bo‘g‘ilib dedi Filipp Filippovich mushtlarini silkigancha.
Telefon kun bo‘yi jiringlashdan to‘xtamadi, ertasiga ham kechgacha jiringladi. Shifokor ikki kun ichida aql bovar qilmaydigan darajada behisob kasallarni qabul qildi. Uchinchi kuni esa kabinetda Sharikovni Moskva girdobidan qidirib topish uchun militsiyaga xabar yetkazish masalasi ko‘rildi.
«Militsiya» so‘zi ishlatilishi bilanoq Obuxov muyulishining tinchini yuk mashinasining chiyillashi buzdi, uyning oynalari zirillab ketdi. Bir ozdan keyin eshik qo‘ng‘irog‘ining keskin jiringlagani eshitildi va kutilmagan bir tavoze bilan Poligraf Poligrafovich kirdi. U indamasdan bosh kiyimini oldi, paltosini yechib, shoxga ildi. Uning ko‘rinishi butunlay boshqacha edi. Uning egnida yelkalari osilib turgan charm kurtka, eskirib qolgan charm ishton, oyog‘ida esa qo‘nji tizzagacha chiqadigan baland poshnali ingliz etigi bor edi. Butun yo‘lakni mushuk isi bosib ketdi. Preobrajenskiy va Bormental xuddi gaplashib olganday qo‘llarini ko‘ksiga chalishtirgancha, ostonada Poligraf Poligrafovichning gap boshlashini kutib turishardi. Poligraf noqulaylikni yumshatish uchunmi, dag‘al sochlarini silab, yo‘talib qo‘ydida, atrofga razm soldi. Bu bilan o‘z hayajonini yashirishga urinayotgani ko‘rinib turardi.
– Men, Filipp Filippovich, – deya gap boshladi u nihoyat, – xizmatga kirdim.
Ikkala shifokor ham tomoqlaridan noaniq quruq tovush chiqarib, qimirlab qo‘yishdi. Preobrajenskiy birinchi bo‘lib o‘ziga keldi va qo‘lini cho‘zgancha dedi:
– Qog‘ozni bering.
Qog‘ozga quyidagilar yozilgan edi: «Ushbu guvohnoma egasi Poligraf Sharikov haqiqatan Moskomxozda shaharni daydi hayvonlardan (mushuk va boshqalar) tozalash bo‘limchasining mudiridir».
– Xo‘-o‘sh, – dedi Filipp Filippovich og‘ir tin olib, – kim sizni ishga joyladi. E-ha, darvoqe, o‘zim ham fahmlayapman.
– Hada, Shvonder, albatta, – javob berdi Sharikov.
– So‘ragani ijozat bering: nega sizdan qo‘lansa hid kelyapti?
Sharikov xavotirlanib, kurtkasini hidlab qo‘ydi.
– Ha… endi… hidi bo‘ladida… kasbimiz shu bo‘lgandan keyin… Kecha rosa mushuklarni bo‘g‘ib o‘ldirdik.
Filipp Filippovich seskanib ketdi va Bormentalga nigoh tashladi, assistentning ko‘zlari Sharikovga tikka qaratilgan miltiqning ikki niliga o‘xshardi. U hech qanday gap-so‘zsiz Sharikovga yaqinlashdida, yengil va qat’iy harakat bilan uning bo‘g‘zidan oldi.
– Qorovul! – chiyilladi Sharikov bo‘zarib.
– Doktor!
– Xavotirlanmang, Filipp Filippovich, quyushqondan chiqadigan hech nima qilmayman, – dedi Bormental qat’iy va sovuqqonlik bilan, keyin shu zahoti: – Zina, Darya Petrovna! – deb qichqirdi.
Ular kiraverishda paydo bo‘lishdi.
– Qani, takrorlang, – dedi Bormental Sharikovning bo‘g‘zini picha qisibroq, – meni kechiringlar…
– Xo‘p, yaxshi, takrorlayman, – dedi chiyillagan ovozda bu kutilmagan hamladan butkul o‘zini yo‘qotib qo‘ygan Sharikov va ko‘kragiga havo to‘ldirib, bir silkindida, yana «qorovul» deb qichqirmoqchi bo‘ldiyu, lekin ovozi chiqmadi, egilgan boshi esa tobora po‘stinining ichiga kirib borardi.
– Doktor, o‘tinaman sizdan…
Sharikov taslim bo‘lganini bildirib, mayli, takrorlayman, deganday boshini saraklatdi.
– Kechiring meni, hurmatli Darya Petrovna va Zinaida!..
– Prokofeva, – pichirladi Zina qo‘rqa-pisa.
– Uf, Prokofeva… – derdi xirillab qolgan Sharikov nafasi qisib, – o‘zimga erk berib…
– Kechasi mast holda ablahona xatti-harakatlar qilganim uchun…
– Boshqa hech qachon bunday qilmayman…
– Bunday qilm…
– Qo‘yvoring, qo‘yvora qoling uni, Ivan Arnoldovich, – yalinishga tushishdi ikkala ayol baravariga, – bo‘g‘ib qo‘ymang yana.
Bormental Sharikovni qo‘yib yuborib, so‘radi:
– Yuk mashinasi sizni kutyaptimi?
– Yo‘q, – ehtirom bilan javob berdi Poligraf, – u meni olib keldi, xolos.
– Zina, mashinani jo‘natib yuboring. Endi gapimga quloq soling: siz yana Filipp Filippovichning uyiga qaytib keldingiz, shundaymi?
– Boshqa qayerga boraman, axir? – qo‘rqa-pisa javob berdi Sharikov ko‘zlari olazarak bo‘lib.
– Juda soza! Endi otdan ham, egardan ham tushib yurasiz. Aks holda har bir bema’ni xatti-harakatingiz uchun men bilan ish yuritishingizga to‘g‘ri keladi. Tushunarlimi?
– Tushunarli, – javob berdi Sharikov.
Filipp Filippovich Sharikovga zug‘um o‘tkazilgan vaqt davomida sukut saqladi. U ostonada bechorahol, qisinib, tirnog‘ini tishlagancha parketga tikilib turardi. Birdan nigohini ko‘tarib, Sharikovga qaradi va bo‘g‘iq ovozda beixtiyor so‘radi:
– O‘sha… o‘ldirilgan mushuklarni keyin nima qilasizlar?..
– Paltoga ishlatiladi, – javob berdi Sharikov, – ulardan ishchi kreditlari uchun oqsil olinadi.
Shundan so‘ng kvartira jimjit bo‘lib qoldi va bu sokinlik ikki kun davom etdi. Poligraf Poligrafovich ertalab yuk mashinasiga o‘tirib ketar, kechqurun paydo bo‘lar va Filipp Filippovich bilan Bormental davrasida indamaygina ovqatlanar edi.
Bormental va Sharikov bitta xonada – qabulxonada yotishlariga qaramay, bir-birlari bilan gaplashmas edilar. Bu holdan Bormental birinchi bo‘lib zerikdi.
Oradan ikki kunlar chamasi o‘tgach, kvartirada ko‘zlari bo‘yalgan, och sariq paypoqli ozg‘ingina xonim paydo bo‘ldi. Kvartiraning hashamatliligidan u o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Uning egnida eskigina paltosi bor edi. U Sharikovning orqasidan ergasharkan, kiraverishda professor bilan to‘qnash kelib qoldi.
U dovdirab to‘xtab qoldida, ko‘zlarini qisgancha so‘radi:
– O‘zingizni tanishtirsangiz?
– Men unga uylanyapman, bu – bizning mashinistkamiz, bugundan boshlab men bilan yashaydi. Bormentalni esa qabulxonadan ko‘chirishga to‘g‘ri keladi. Uning o‘z uyi bor, – qovoq-lunjini osiltirib, o‘ta noxush javob berdi Sharikov.
Filipp Filippovich ko‘zlarini pirpiratgancha o‘ylanib qoldi, qip-qizarib ketgan xonimga qarab, iltifot bilan taklif qildi:
– Men bilan bir minutga xonamga kirsangiz.
– Men ham u bilan kiraman, – tez va shubhali iltijo qildi Sharikov.
Shu payt xuddi yer ostidan chiqqanday Bormental paydo bo‘ldi.
– Kechirasiz, – dedi u, – professor xonim bilan gaplashib olsinlar, biz esa shu yerda o‘tira turamiz.
– Men istamayman, – dedi Sharikov jahl bilan uyatdan yerga kirguday ahvolga tushgan xonim va Filipp Filippovichning orqasidan ergashishga urinib.
– Yo‘q, kechirasiz, – Bormental Sharikovning kaftidan ushlagancha, ko‘rish xonasi tomon yetakladi.
Besh minutlar chamasi kabinetdan hech qanday tovush chiqmadi. Keyin esa xonimning yig‘isi eshitildi.
Filipp Filippovich stol yonida turar, xonim esa kir bo‘lib ketgan jimjimador ro‘molchasini ushlagancha ko‘zyosh qilardi.
– Yaramas, menga jangda yarador bo‘lganman, dedi, – ho‘ngrardi xonim.
– Yolg‘on, – qat’iyat bilan dedi Filipp Filippovich. U boshini saraklatib, gapini davom ettirdi: – Mening sizga chindan ham rahmim kelyapti, lekin amali deb birinchi uchragan odam bilan ketaverish yaxshi emas. Agar bilsangiz, bu – nodonlik, qizim. Bilasizmi?.. – u yozuv stolining tortmasini ochib, uchta 3 talik chervon oldi.
– Umrim zahar yutayotganday o‘tyapti, – yig‘lardi xonim, – oshxonada har kuni quritilgan sho‘r go‘sht… dag‘dag‘a qiladi… qizil komandirman… hashamatli kvartirada men bilan yashaysan… har kuni ananas bilan boqaman, deydi… tabiatan juda mehribon, faqat mushuklarni ko‘rgani ko‘zi yo‘q emish. U esdalik uchun uzugimni olib qo‘ydi.
– Bay-bay-bay, tabiatan mehribon emish. Sevilyadan Grenadaga qadar…– g‘o‘ldiradi Filipp Filippovich, – sabr qilish kerak. Siz hali juda yosh ekansiz.
– Nahotki mana shu darvozaxonada?..
– Pulni oling. Qarz berishayotganda olish kerak.
Keyin eshiklar tantanali ochilib, Bormental Filipp Filippovichning taklifiga binoan Sharikovni boshlab kirdi. Uning ko‘zlari atrofga olazarak boqar, boshidagi tuklari esa, cho‘tkaday tik turib ketgandi.
– Ablah, – dedi xonim yig‘idan bo‘yalib ketgan ko‘zlari va olachipor upa sepilgan burnini yaltillatib.
– Peshonangizdagi yara qayoqdan paydo bo‘lgan? Marhamat qilib, buni xonimga izohlab bersangiz, – sekin so‘radi Filipp Filippovich.
Sharikov tavakkal qildi:
– Men Kolchakka qarshi jangda yaralanganman, – akilladi u.
Xonim ho‘ngragancha o‘rnidan turib, eshikka yo‘naldi.
– Bas qiling! – uning ketidan qichqirdi Filipp Filippovich. – Ketmay turing, uzukni beringchi, – dedi u Sharikovga murojaat qilib.
U itoatkorlik bilan zumrad ko‘zli qubbasimon uzukni barmog‘idan yechib berdi.
– Xo‘p, yaxshi, – dedi u kutilmaganda g‘azabga kirib, – shoshmay tur hali. Ertagayoq ko‘rsatib qo‘yaman senga… Shtatingni qisqartirib…
– Qo‘rqmang undan, – qichqirdi Bormental qizning orqasidan. – Unaqa ablahlik qilishga men yo‘l qo‘ymayman! – jarroh o‘girilib Sharikovga shunday qattiq tikildiki, u qo‘rqib orqasiga tisarilarkan, boshini shkafga urib oldi.
– Familiyasi nima? – so‘radi undan Bormental. – Familiyasi?! – o‘kirdi birdan yovvoyilarcha dahshatli qiyofaga kirgan Bormental.
– Vasnetsova, – javob berdi Sharikov ko‘zlari bilan biron yerga qochishni mo‘ljallab.
– Har kuni, – dedi Bormental Sharikov kurtkasining qaytarma yoqasidan olib, – shaxsan o‘zim tekshirib turaman. Agarda siz… mabodo grajdanka Vasnetsovaning qisqartirilganini bilib qolsam… o‘z qo‘lim bilan shu yerdayoq otib tashlayman. Ehtiyot bo‘ling, Sharikov – rus tilida aytyapman!
Sharikov Bormentalning burniga ko‘z uzmay tikilardi.
– Bularda revolverlar ham topiladi… – ming‘irladi u o‘ta jur’atsizlik bilan va qo‘qqisdan eshikka sho‘ng‘idi.
– Ehtiyot bo‘ling, – orqasidan Bormentalning qichqirig‘i eshitildi.
Kechasi bilan va ertasiga yarim kun davomida momaqaldiroq oldidan paydo bo‘ladigan bulutday uyni sukunat qamradi. Hamma jim edi. Ertasiga ertalab yomon bir hisdan ko‘ngli g‘alati bo‘lgan Poligraf Poligrafovich, xo‘mrayganicha o‘z yuk mashinasida xizmatga jo‘nagach, professor Preobrajenskiy odatdan tashqari vaqtda qabulga kelgan baland bo‘yli, harbiy kiyim kiygan barvasta odamni qabul qildi. U professorning huzuriga kirishga uzoq uringan va nihoyat ruxsat olgandi. U xonaga kirib, poshnalarini ohista bir-biriga urib qo‘ydi.
– Yana og‘riq paydo bo‘ldimi? – so‘radi yuzlari so‘lib qolgan Filipp Filippovich. – Qani, o‘tiring, marhamat.
– Mersi. Yo‘q, professor, – javob berdi mehmon bosh kiyimini stol chekkasiga qo‘yar ekan, – sizdan juda minnatdorman. Hm… Men boshqa bir ish bilan kelgan edim… Filipp Filippovich, sizga hurmatim juda baland, shuning uchun… haligi… ogohlantirib qo‘ymoqchi edim… O‘taketgan bema’nilik. U o‘zi muttaham… – U portfelini titkilab, qandaydir qog‘oz oldi: – Yaxshiyam bevosita menga xabar qilishdi.
Filipp Filippovich ko‘zoynagi ustidan burniga pensne qo‘ndirib, o‘qishga kirishdi. U g‘o‘ldirab nimalarnidir uzoq o‘qidi, yuzi esa har lahzada o‘zgarib turdi. “…shuningdek, uy boshqarmasining raisi o‘rtoq Shvonderni o‘ldirmoqchi bo‘lganligidan ma’lumki, o‘q otadigan quroli bor. Bundan tashqari, aksilinqilobiy gaplarni gapiradi, hatto Engelsni o‘zining sotsial xizmatkori Zinaida Prokofevna Buninaga pechkaga tashlab yuborishni buyurdi. Uning assistenti, menshevikligi kunday ravshan Bormental Ivan Arnoldovich propiskasiz, yashirincha uning uyida yashaydi. Tozalash bo‘limchasining mudiri P. P. Sharikovning imzosini tasdiqlayman. Uy boshqarmasi raisi Shvonder, sekretar Pestruxin».
– Buni o‘zimda olib qolishga ijozat berasizmi? – so‘radi Filipp Filippovich yuzi qizil dog‘lar bilan qoplanib. – Yoki… ma’zur tutasiz, balki, bu sizga ishni qonuniy rasmiylashtirishingiz uchun kerakdir?
– Afv etasiz, professor, – u xafa bo‘lib, burun kataklarini kerdi, – siz haqiqatan ham bizlardan juda hazar qilasiz. Men… – u xo‘roz kurkasiga o‘xshab hurpaya boshladi.
– Kechiring, kechiring meni, azizim, – g‘o‘ldiradi Filipp Filippovich, – xudo haqi, sizni xafa qilmoqchi emas edim. Azizim, xafa bo‘lmang, u meni shunday jonimdan to‘ydirib yubordiki…
– Ha… tushunaman, – dedi haligi kimsa o‘ziga kelib, – qanday rasvo odama! Uning turqini bir ko‘rib qo‘ysak, yomon bo‘lmasdi. Moskvada siz haqingizda qandaydir afsonalar yuribdi.
Filipp Filippovich g‘amginlik bilan qo‘l siltab qo‘ydi. Harbiy kiyimdagi odam professorning bukchayib qolganini, so‘nggi vaqtlarda esa hatto sochlari ham oqarib ketganini payqadi.
* * *
Jinoyat odatdagiday obdan yetilib, toshday ag‘darildi. Poligraf Poligrafovich kechqurun yuragi alag‘da bo‘lib, o‘zining yuk mashinasida qaytib keldi. Filipp Filippovich uni ko‘rish xonasiga taklif etdi. Hayron bo‘lgan Sharikov mavhum bir dahshat hissi bilan eshik tirqishidan avval Bormentalning, so‘ngra Filipp Filippovichning yuziga qaradi. Assistentning atrofida tutun buluti suzib yurar, papiros tutgan va akusherlik stolining yaltiroq tutqichiga tiralgan qo‘li sezilar-sezilmas qaltirardi.
Filipp Filippovich yovuz bir xotirjamlik bilan gapirdi:
– Hoziroq narsalaringizni – shim, palto, xullas, nima kerak bo‘lsa, hammasini olingda, uydan daf bo‘ling.
– Qanaqasiga? – chinakamiga hayron bo‘ldi Sharikov.
– Yo‘qoling uydan – bugunoq, – dona-dona qilib dedi Filipp Filippovich ko‘zlarini suzgancha tirnoqlariga tikilib.
Poligraf Poligrafovichning vujudiga bamisoli shayton yashiringanday, aftidan, uni azroil ezib, achchiq qismat yelkasiga minib olganday edi.
U qutulib bo‘lmas bir tuzoq to‘riga o‘zini o‘zi otdi va jaholatga kirib, uzuq-yuluq akilladi.
– E-e, bu nima degan gap o‘zia! Nima, don sizlarning ham tanobingizni tortib qo‘yadiganlarni topolmaydi, deb o‘ylaysizmi? Men shu yerda, 16 arshinda yashashim kerak, yashayman ham.
– Uydan daf bo‘ling deyapman, – bo‘g‘ilib pichirladi Filipp Filippovich.
Sharikov o‘z o‘limini o‘zi sotib oldi. U chap qo‘lini ko‘tarib, Filipp Filippovichga tishlab tashlangan va dimog‘ni yorgudek qo‘lansa mushuk isi anqib turgan yarasini ko‘rsatdi. Keyin esa o‘ng qo‘li bilan cho‘ntagidan shubhali Bormentalni nishonga olishni mo‘ljallab, to‘pponcha chiqardi. Bormentalning papirosi uchgan yulduzday pastga tushib ketdi, bir necha lahzadan so‘ng Filipp Filippovich dahshat ichida siniq oynalar ustidan sakrab, shkaf yonidan kushetka tomon chopardi. Kushetkada inqillab-sinqillab tozalash bo‘limining mudiri cho‘zilib yotar, uning ko‘ksiga o‘tirib olgan jarroh Bormental, kichkinagina oq yostiqcha yordamida uni bo‘g‘ayotgandi. So‘ngra u oshxona ostonasida paydo bo‘lib, xavotirli qiyofada Zina va Darya Petrovnaga qarata:
– Professor sizlardan uydan hech yoqqa chiqmasligingizni iltimos qildi, – dedi.
– Yaxshi, – qo‘rqa-pisa javob qilishdi Zina va Darya Petrovna.
– Kechirasizlar, orqa eshikni ham qulflab, kalitni olib ketsam, – dedi Bormental, eshik soyasiga yashiringancha yuzini ham qo‘llari bilan berkitdi. – Bu vaqtincha, sizlarga ishonmaganimizdan emas… Lekin kimdir kelishi, ochib qo‘yishingiz mumkin. Bizga esa xalaqit berish mumkin emas – bandmiz.
Yana bir necha daqiqadan so‘ng yuzlari qorayib ketgan doktor Bormental kiraverish xonasiga chiqdi va eshik qo‘ng‘irog‘i yoniga: «Bugun professorning betobligi tufayli hech kimni qabul qilolmaymiz. Qo‘ng‘iroq chalib, bezovta qilmasliklaringizni so‘raymiz», deb yozilgan qog‘ozni osib qo‘ydi.
Yaltiroq o‘tkir pichoq bilan qo‘ng‘iroq simini kesib tashladida, oynaga qarab, tirnalgan va qonga bo‘yalgan yuzini hamda shilingan titroq qo‘llarini ko‘rdi.
Bormental orqa yo‘lakni, old eshikni va yo‘lak bilan kiraverish xonasi o‘rtasidagi eshikni qulflab qo‘ydi va uning qadam tovushlari ko‘rish xonasiga yetgach, eshitilmay qoldi.
Uyni sukunat qamrab oldi va u hamma burchaklarga yoyildi.
Avval g‘ira-shira shom kirdi, keyin qorong‘ilik bostirib kela boshladi, oxiri hammayoqni zulmat qopladi. To‘g‘ri, keyinchalik qo‘shni hovlida yashovchi qo‘shnilar ko‘rish xonasining ko‘chaga qaragan oynasida hamma chiroqlar yonib turganini, hatto Preobrajenskiyning oq qalpog‘ini ham ko‘rishganini gapirib berishdi. Buni aniqlash mushkul, albatta. Ha, Zina ham, hammasi tugagandan so‘ng professor va assistenti ko‘rish xonasidan chiqqanlaridan keyin kabinetda kamin yonida ivirsiyotgan Bormental uni juda qo‘rqitib yuborgani haqida vaysab yuborgandi. Go‘yo Ivan Arnoldovich kabinetda kamin yonida cho‘kkalagancha, professor mijozlarining kasallik tarixi yoziladigan ko‘k daftarni yoqish bilan ovora edi. Uning yuzlari murdaday ko‘karib ketgan va hamma yog‘i o‘lguday timdalangandi. Filipp Filippovich ham o‘sha kuni sira o‘ziga o‘xshamay qolgandi. Yana… haligi… kim biladi deysiz, Prechistenkadagi uyda turadigan bu bokira qiz, balki, yolg‘on gapirgandir.
Lekin bir narsaga imon keltirish mumkin: o‘sha kuni uy to‘la-to‘kis va mudhish bir sokinlik og‘ushiga cho‘mgan edi.
POVEST TUGADI
Epilog
Obuxov muyulishidagi professor Preobrajenskiy uyining ko‘rish xonasida bo‘lib o‘tgan to‘s-to‘polondan keyin roppa-rosa o‘n kecha o‘tgach, eshik qo‘ng‘irog‘i keskin jiringladi.
– Jinoyat-qidiruv militsiyasi va tergovchi. Marhamat qilib eshikni ochsangiz.
Do‘pir-do‘pir qadam tovushlari eshitilib, ichkariga kirishdi va shkaf oynalari yangitdan solingan qabulxonada bir talay odam paydo bo‘ldi. Ikkitasi militsiya kiyimida, yana birovi qora paltoda, portfel ko‘targan, rangi gezargan ichiqora Shvonder, o‘spirin – ayol, shveytsar Fyodor, Darya Petrovna va chala-yarim kiyingan, galstuk taqilmagan bo‘ynini uyalib berkitishga urinayotgan Bormental turardi. Filipp Filippovich eshik orqali ichkariga o‘tdi. U hammaga tanish ko‘k xalatini kiyib chiqdi va hamma uning so‘nggi hafta ichida yaxshigina to‘lishganiga ishonch hosil qildi.
Ilgarigi o‘sha harakatchan va amirona qiyofadagi Filipp Filippovich savlat to‘kib kechki mehmonlar huzuriga chiqdi va xalatda ekanligi uchun uzr so‘radi.
– Siqilmang, professor, – dedi grajdan kiyimidagi kishi juda iymanib, keyin u tusmollab gap boshladi: – Judayam xunuk ish… Bizda uyingizda tintuv o‘tkazish va natijasiga qarab, hisobga olish haqida order bor.
Filipp Filippovich ko‘zlarini qisgancha so‘radi:
– Ma’zur tuting, qanday aybnoma yuzasidan va kimni?
U kishi chakagini qashigancha portfelidan qog‘oz chiqarib o‘qiy boshladi:
– Preobrajenskiy, Bormental, Zinaida Bunina va Darya Ivanova, tozalash bo‘limchasining mudiri Poligraf Poligrafovich Sharikovni o‘ldirganlikda ayblanasizlar.
Zinaning ho‘ngrashi gapning oxirini yutib ketdi. Xonadagilar g‘imirlab qolishdi.
– Hech narsaga tushunmayapman, – javob berdi Filipp Filippovich qirollardek viqor bilan yelka uchirib, – qanaqa Sharikov? E-ha, afv etasizlar, men operatsiya qilgan itni aytyapsizlar chog‘i?
– Kechirasiz, professor, itni emas, u odamga aylanib ulgurgan edi. Mana, gap qayerda…
– Siz uning gapirishini nazarda tutyapsizmi? – so‘radi Filipp Filippovich. – Gapirgan bilan odam bo‘lib qolmaydi, albatta. Darvoqe, buning ahamiyati yo‘q. Sharik hozir ham bor va uni hech kim o‘ldirgani yo‘q.
– Professor, – gap boshladi qattiq hayratga tushgan qora odamcha qoshlarini chimirib, – bo‘lmasa, uni bizga ko‘rsatishingiz zarur. Yo‘qolib qolganiga o‘n kun bo‘ldi, bizdagi ma’lumotlar esa, ma’zur tutasiz, juda xunuk…
– Doktor Bormental, iltimos, Sharikni tergovchiga ko‘rsatsangiz, – buyurdi Filipp Filippovich, orderni qo‘liga olarkan.
Doktor Bormental miyig‘ida iljaygancha chiqib ketdi.
U qaytib kirib, hushtak chalgan edi, kabinet eshigidan juda antiqa bir it chiqib keldi. Tanasining ba’zi joylari dog‘-dug‘ga o‘xshab taqir, ba’zi joylarida esa jun o‘smoqda edi. U xuddi o‘rgatilgan tsirk o‘yinchisiday ikki oyoqlab yurib keldi, keyin to‘rttala oyog‘ida turib, atrofni ko‘zdan kechirdi. Qabulxonaga qabriston jimligi cho‘kdi. Peshonasida qip-qizil jarohat izi bor, mudhish qiyofali it yana orqa oyoqlariga ko‘tarilib, so‘ngra tirjaygancha kursiga o‘tirdi.
Ikkinchi militsioner qo‘qqisdan beso‘naqay harakat qilib cho‘qindida, o‘zini orqaga tashlab, Zinaning ikkala oyog‘ini baravariga bosib oldi.
Qora kiyimli odam og‘zini ochgancha labi labiga tegmay gapirdi:
– Bu qanaqasi, axir?.. U tozalash bo‘limida ishlar ediku?..
– Sharikni u yerga men tayinlamaganman, – javob berdi Filipp Filippovich, – agar yanglishmasam, unga janob Shvonder tavsiyanoma bergan.
– Hech narsaga tushunolmayapman, – dedi qora odam esankirab va birinchi militsionerga murojaat qildi:
– Bu o‘shami?
– O‘sha, – unsiz javob berdi militsioner, – g‘irt o‘sha.
– Xuddi o‘zi, – Fyodorning ovozi eshitildi, – faqat yana junlari o‘sib ketibdi yaramasning.
– U gapirardiku, axir… kxm… kxm…
– Hozir ham gapiradi, faqat borgan sari kamgap, kamsuqum bo‘lib qolyapti, vaqt g‘animatda gaplashib olinglar, yaqinda butunlay gapirmay qo‘yadi.
– Nega endi? – so‘radi qora odam.
Filipp Filippovich yelkasini qisdi.
– Fan hali hayvonni odamga aylantirish usullarini bilmaydi. Mana men bunga urinib ko‘rgan edim, ko‘rib turibsizki, omadim kelmadi. Tilga kirdiyu, darhol ibtidoiy holiga qayta boshladi. Atavizm.
– Beparda so‘zlar ishlatilmasin, – vovulladi it va o‘rnidan turdi.
Qo‘qqis rangi oqarib ketgan qora odam portfelini tushirib yubordida, yonboshiga yiqilayotgan militsioner uni yonidan, Fyodor esa orqasidan ushlab qolishdi. Hammayoq g‘ala-g‘ovur bo‘lib ketdi. Shovqin-suron ichida uchta ibora aniq yangradi:
Filipp Filippovich: – Valeryanka. U hushidan ketdi.
Doktor Bormental: – Agar Shvonder yana bir marta professor Preobrajenskiyning uyiga kelsa, uni o‘z qo‘lim bilan zinadan uloqtirib yuboraman.
Shvonder: – Shu so‘zlarni protokolga kiritishingizni so‘rayman.
* * *
Aylanma quvurlardan yoqimli issiq taralardi. Darpardalar bittagina yulduz miltillab turgan qorong‘i kechani xonadan yashirib turardi. Tabobat payg‘ambari itlarning salobatli homiysi kursida o‘tirar, it Sharik esa charm divan yonidagi gilam ustida mudrab yotardi. Mart oyining tumanlari dastidan ertalablari Sharikning boshi tikilgan joyidan aylanasiga og‘rir, lekin uyning issiqqinaligi tufayli kechga borib biroz qo‘yib yuborar edi. Hozir ham og‘riq tobora pasayib bormoqda va Sharikning miyasidan bir tekis va iliq fikrlar o‘tmoqda edi.
«Shunday omadim yurishdiki, shunday yurishdiki, – o‘ylardi u mudroq ichida, – ta’riflashga ham ojizman. Bu uyga mustahkam o‘rnashib oldim. Kelib chiqishim shubhali ekanligiga endi to‘la ishonch hosil qildim. Joying jannatda bo‘lgur buvim suyuqoyoq o‘tgan, shekilli. Vujudimda «vodolaz» qoni bo‘lsa ham ajab emas. To‘g‘ri, butun boshimni negadir parpasha qilib tashlashdi, lekin bu to‘ygacha bitib ketadi. Bunaqa narsalarga biz e’tibor bermasligimiz kerak».
Qayerdandir shishalarning jaranglagan ovozi eshitilardi.
Oyog‘i tishlangan kimsa ko‘rish xonasidagi shkafni tartibga keltirayotgandi.
Oq sochli payg‘ambar esa o‘tirgan joyida qo‘shiq kuylardi:
– Nilning muqaddas sohillariga…
It dahshatli ishlarning guvohi bo‘lardi. Basavlat odam sirg‘anchiq qalqon kiygan qo‘lini idishga tiqib, u yerdan miyani olardi, aytganini qiladigan, qaysar bu odam hali ham nimagadir muvaffaq bo‘lish ilinjida miyani kesar, diqqat bilan kuzatar, ko‘zlarini qisgancha qo‘shiq xirgoyi qilar edi:
– Nilning muqaddas sohillariga…
Hojiakbar Shayxov va Gulchehra Nishonova tarjimasi
«Yoshlik» jurnali, 2019 yil, 11-12-son