10 banddan iborat doston
(Muqaddima va xotimasi bilan)
— Ushla, mahkam ushla, ahmoq! — deb chinqirardi Chichikov aravakash Selifanga.
— Shopim bilan chopib tashlayman sen badbaxtni! — deya baqirardi otlarni yeldek uchirib kelayotgan mo‘ylovdor chopar. — Nima, ko‘rmisan, arvoh urgur, axir bu podsholikka tegishli foytun-ku!
MUQADDIMA
Juda alomat tush ko‘rdim… Go‘yo ruhlar saltanati, ya’ni narigi dunyomish. Men tepasida jinchiroq miltillab yonib turgan darvoza oldida turganmishman: darvozaga «O‘lik jonlar» degan lavha osilganmish. Shu payt bir hazilkash shayton kelib, o‘sha jahannam eshigini lang ochib yuborganmish-u, o‘liklar saltanatidagi arvohlar birvarakayiga g‘imirlab qolishganmish. Keyin ular do‘zax qopqasidan turnaqator tizilishib chiqaverishganmish-chiqaverishganmish…
Ichkaridan birinchi bo‘lib, egniga po‘stin kiygan Manilov bir juft davangir ayiq qo‘shilgan chenada, uning ketidan Nozdryov birovning aravasida chiqib kelishdi. Keyin Derjimorda ko‘rindi — u o‘t o‘chiruvchilar chaladigan mis karnayga minib olgan edi. Orqasidan Selifanu Petrushkayu Fetinyalar pildirab chiqishdi.
Eng oxirida bizning qahramonimiz, ya’ni Pavel Ivanovich Chichikov ko‘rindi: u haliyam o‘zining o‘sha mashhur izvoshida o‘tirardi.
Ruhlar saltanatidan chiqqan bu olomon to‘g‘ri Sovet Rusiyasi tomon yo‘l oldi. Bu payt Rusiyada shunday g‘aroyib voqealar sodir bo‘layotgan ediki, ular haqida quyidagi bandlarda bayon qilinur.
I
Chichikov Moskvaga yetib kelgani hamono izvoshni avtomobilga almashtirdi-da, shaharning gadoy topmas g‘arib ko‘chalaridan o‘qdek uchib borarkan, Gogolni boloxonador qilib rosa bo‘ralab so‘ka boshladi:
— Iloyo, o‘sha jin chalgurning ikki ko‘zi ostidan har biri pichan g‘aramiday g‘urra o‘sib chiqsin! Kasofat, obro‘yimga dog‘ tushirib, meni badnom qilganidan beri hech yerda qoramni ko‘rsatolmay qoldim. Shundan beri tinchim yo‘qolgan. Mabodo odamlar mening Chichikov ekanligimni bilib qolishsa, turgan gapki, o‘sha zahoti pattamni qo‘limga tutqazib, dumimni tugishadi! Dumimni tugishsa-ku baharnav-a, xudo ko‘rsatmasin, olib borib Lubyankaga tiqishlari ham hech gapmas. Meni shu ko‘yga solgan o‘sha Gogol, iloyo o‘zi ham, qarindosh-urug‘lari ham u dunyoyu bu dunyo ro‘shnolik ko‘rishmasin…
Chichikov shunday o‘y-xayollar bilan bundan yuz yil muqaddam o‘zi tark etgan mehmonxona darvozasiga mashinada kirib bordi.
Bu yerda deyarli hech nima o‘zgarmagan edi: devor tirqishlaridan hali ham suvaraklar mo‘ralab turishardi, hattoki ularning urug‘i endilikda yanayam qo‘paygandek tuyular, lekin ba’zi bir o‘zgarishlar ham yuz bergan edi. Masalan, «mehmonxona» degan lavha o‘rniga «palon raqamli yotoqxona» deb yozilgan alvon osilgandi, bundan tashqari, hamma yoq shunaqangi isqirt, shunaqangi rasvo ediki, bular Gogolning yetti uxlab tushiga ham kirmagan bo‘lsa kerak.
— Menga xona kerak!
— Order ko‘rsating!
Shunda farosatda benazir Pavel Ivanovichimiz bir lahza ham taraddudlanmay:
— Boshlig‘ingizni chaqiring! — dedi.
Ana xolos! Boshliq Pavel Ivanovichning eski tanishi Pimen amaki bo‘lib chiqdi. Bir vaqtlar uning «Akulka» degan qovoqxonasi bo‘lardi; mana endi u Tver xiyobonida nemischa taomlari, ichimliklari, yana fohishalari ham bo‘lgan ruscha usuldagi qahvaxona ochipti.
Mehmon bilan boshliq o‘pishib ko‘rishishdi, ikkovlari bir nimalar deb pichirlashishdi-yu bir zumda order-pordersiz ish pishdi-qo‘ydi. Pavel Ivanovich tanovul qilib olgach, g‘izillagancha ish qidirib ketdi.
II
U qaysi idoraga bormasin, boshini yon tomonga xiyol egib ta’zim qilishi va betimsol aql-zakovati bilan hammani o‘ziga rom qilib olardi.
— Anketa to‘ldiring.
Pavel Ivanovichga uzunligi bir gaz keladigan anketa tutqazishdi. Qarasa, bir-biridan ilmoqli yuzdan ortiq savol berilgan: qayerdan kelgansiz… bo‘lganmisiz, bormi… bilasizmi… qayerlarga borgansiz, hokazo va hokazo.
Lekin Pavel Ivanovich hash-pash deguncha tirillatib anketani to‘ldirib tashladi. Faqat to‘ldirib bo‘lib, uni uzayotganida, qo‘li xiyol qaltiradi.
— Mana, — deb ko‘nglidan o‘tkazdi u, — hozir o‘qib chiqishadi-yu qanaqa maxluq ekanligimni sezib qolishadi, keyin…
Vo ajab, keyin hech nima bo‘lmadi.
Birinchidan, zormanda anketani hech kim o‘qimadi, ikkinchidan, u sabil to‘g‘ri ro‘yxatchi oyimqizning qo‘liga borib tegdi; oyimqiz esa o‘z bilganicha ish tutdi: anketani muassasaga keluvchi hujjatlar ro‘yxatiga emas, jo‘natiluvchi hujjatlar ro‘yxatiga tirkab qo‘ydi-yu, shu onning o‘zida uni allaqayoqqa tiqib tashladi. Xullas, anketa nom-nishonsiz g‘oyib bo‘ldi.
Chichikov buni ko‘rib, miyig‘ida kulib qo‘ydi va bel bog‘lab xizmatga tushib ketdi.
III
Buyog‘iga endi Chichikovning ishi jadal yurishib ketdi. Birinchi navbatda u atrofiga razm solib chiqdi. Qarasa, hamma yoqda o‘ziga yaqin odamlar o‘tirishipti. Shunda Chichikov, dastavval payok beradigan idoraga ravona bo‘ldi. U yerga kirib borishi bilan qulog‘iga tanish ovoz eshitildi:
— Bilaman sizlarni, hammangiz qurumsoqsizlar: mushukni tutib tiriklayin terisini shilasizlar-da, go‘sht o‘rniga payok qilib berasizlar.
— Menga so‘k bo‘tqaga bosib qo‘yning biqinini beringlar. Nimagaki, men o‘sha payoklaringizga, ya’ni qurbaqa go‘shtiga shakar sepib bersanglar ham og‘zimga olmayman, sasigan selyodkalaring ham o‘zingizga nasib etsin!
Vo ajab — Sobakevich-ku!
Qarang-a, kelasolib to‘g‘ri payok olgani ravona bo‘lipti. Oliptiyam! Yeb bo‘lib, qo‘shimcha so‘rapti. Berishipti. Kam degan ekan, ikkinchi payokni tutkazishipti; oldiniga oddiy payok ekan — keyin zarbdorini undiripti. Buyam kam, debdi! Allaqanday bron payok berishipti. Buniyam yamlamay yutib yuborib, yana talab qilipti. Berishmagan ekan, rosa g‘alva ko‘taripti! Hammani dajjoldan olib dajjolga solipti, haqorat qilipti. Muttaham muttahamni qo‘shga qo‘shib muttaham bilan haydayapti, deb baqiripti, bor-yo‘g‘i bittagina durust odam bor — ish boshqaruvchi, aslini olganda, u ham cho‘chqaning o‘zginasi, depti.
Shundan keyin unga akademiklar payogini berishipti.
Chichikov Sobakevichning payoklar bobidagi yulg‘ichlik faoliyatini ko‘rib, zumda o‘zi ham ishga kirishib ketdi. Qarangki, bu masalada u hatto Sobakevichdan ham oshirib yubordi. O‘ziga, hech qachon bo‘lmagan xotini bilan bolasiga, sobiq aravakashi Selifan bilan sobiq malayi Petrushkaga, undan keyin, allaqachon bandalikni bajo keltirgan kampir onasiga ham payok ola boshladi. Yana qanaqasi deng — hammalari uchun akademik payok. Shunga ko‘ra, oziq-ovqatlarni uning uyiga yuk mashinasiga ortib olib boradigan bo‘lishdi.
Chichikov payok masalasini shu tarzda hal qilgach, yog‘liqroq ishga joylashish maqsadida tashkilotma-tashkilot tanda qo‘ya boshladi.
Bir kuni u avtomobilda keta turib, ko‘chada tasodifan Nozdryovni ko‘rib qoldi. Nozdryov salom-alikni chetga yig‘ishtirib qo‘yib, soati bilan tilla zanjirini pullaganini aytdi. Darhaqiqat, uning soati ham, zanjiri ham ko‘rinmasdi. Lekin Nozdryov bundan hech o‘ksimapti. Lotoreya o‘yinida omadi kelib, yarim qadoq pista moy, lampa shisha va bolalar botinkasi uchun charm kapaki yutib olipti, lekin keyingi o‘yin uni xonavayron qilipti — olti yuz millionini surib ketipti. U o‘ziga yangi ish topibdi — tashqi savdo mahkamasiga borib, chet elga bir to‘p haqiqiy Kavkaz xanjari yetkazib bermoqchi bo‘lganini aytipti. Qarang, yetkazib beriptiyam. Bu korchalonligi oqibatida aql bovar qilmaydigan darajada pul ishlab olishi muqarrar ekan, ammo o‘sha pulni qo‘liga olishiga bir bahya qolganida ablah inglizlar ishni rasvo qilishipti: xanjarlarga «Usta Saveliy Sibiryakov» degan belgi qo‘yilganini ko‘rib qolishib, hamma molni chiqitga chiqarishipti… Keyin Nozdryov qo‘yarda-qo‘ymay Chichikovni mehmonxonadagi o‘z bo‘lmasiga sudrab kirdi, «Frantsiyadan shaxsan menga yuborishgan konyak» deb, jaydari samagon bilan mehmon qildi. Va nihoyat, yolg‘onni suvday ichib, shu darajaga bordiki, menga sakkiz yuz gaz gazlama, havorang avtomobil va betkay tomoni yo‘g‘on-yo‘g‘on ustunlar bilan bezatilgan hashamatli uydan kvartiraga order berishdi, deb maqtandi.
Kuyovi Mijuyev bu gapga ishonqiramay shubha bildirgan edi, Nozdryov uni har safargidek Abram deb haqorat qilish o‘rniga, odmigina «ablah» deb so‘kdi.
Qisqasi, Nozdryov tinmay javrayverib Chichikovning joniga tegib ketdi. Chichikov bu mahmadonadan qanday qutulishni bilmay xunob edi.
Lekin, shu bilan birga, Nozdryovning gaplari uning dilida, men ham tashqi savdo bilan shug‘ullansammikin, degan fikr uyg‘otgandi.
IV
Shunday qildi ham. Yana anketa to‘ldirib, har tomonga bo‘zchining mokisidek yugurdi, o‘zini dunyoda qiyosi yo‘q odamoxun qilib ko‘rsatdi. Natijada, zotdor serjun qo‘chqorlarning ustiga po‘stin yopib chegaradan olib o‘tdi, po‘stin ostiga esa noyob va nafis qimmatbaho to‘rlarini yashirgan edi: duru marvaridlarni aravaning g‘ildiraklari va shotisi ichiga, quloq va yana allaqanday teshiklarga tiqib olib o‘tdi.
Natijada oradan xiyol vaqt o‘tar o‘tmas, uning sarmoyasi besh yuztacha quyma apelsinga yetdi.
Lekin u shunga ham qanoat qilmadi, palon-pismadon korxonani ijaraga olmoqchiman, deb tegishli yerga yana tirillatib ariza yozdi, «undoq qilodurman, bundoq qilodurman» deb og‘iz ko‘pirtirdi va bundan davlat olam-jahon foyda ko‘rishi mumkinligini ajabtovur bo‘yoqlarda tasvirlab berdi.
Bu taklifni eshitib, idora ma’murlarining og‘zi lang ochilib qoldi — darhaqiqat, juda ulkan foyda keltirishi mumkin edi bu tadbir. O‘sha korxonani ko‘rsatishni iltimos qilishdi. Marhamat. Tver xiyobonida, shundoqqina Jafokashlar monastiri ro‘parasida, ko‘chani kesib o‘tilsa bo‘lgani — u korxona Tverxiyobonidagi Bo‘mbo‘sh deb ataladi. Darhol tegishli yerdan: shunday-shunday joy bormi, deb so‘rashdi. Javob keldi: bor, u butun Moskvaga otning qashqasidek ma’lum. Juda soz.
— Unda, siz texnik smeta tuzib bering.
Chichikov smetani tuzib, qo‘yniga solib qo‘ygan edi.
Joy ijaraga berildi.
Shunda Chichikov vaqtni paysalga solmay, yana kerakli yerga o‘qday uchib bordi.
— Marhamat qilib, avans bersangiz.
— Uch nusxada vedomost tuzib keling. Vedomost hamma zaruriy imzolar va muhrlar bilan tasdiqlangan bo‘lsin.
V
Oradan ikki soat ham o‘tmay, Chichikov vedomostni butun qonun-qoidasi bilan to‘ldirib olib keldi. Unga bosilgan muhrlar xuddi osmondagi yulduzlardek g‘ij-g‘ij edi. Imzolar ham bekamu ko‘st.
— Mudir — Kir Tog‘ora, kotib — Sho‘r Tumshuq, baholash komissiyasining raisasi — Yelizaveta Chumchuq.
— Hammasi to‘g‘ri. Mana sizga order.
To‘lanadigan pulning miqdorini ko‘rib, xazinachining ko‘zi qinidan chiqib ketay dedi.
Chichikov ro‘yxatga qo‘l qo‘yib, pulni uchta izvoshga ortib olib ketdi.
Keyin u yana boshqa mahkamaga tashrif buyurdi.
— Men mol olishim kerak, qarz bering.
— Bizga molni ko‘rsating.
— Bajonidil. Vakilingizni menga qo‘shib yuboring.
— Vakil yuborilsin!
Buni qarang! Vakil ham tanish chiqib qoldi: Anqov Yemelyan.
Chichikov uni izvoshga o‘tqizib olib ketdi. Unga yo‘lda duch kelgan birinchi omborni ko‘rsatdi. Yemelyan bunday qarasa, ozuqa mollari qalashib yotipti.
— Hm… Shularning hammasi siznikimi?
— Meniki.
— O‘-o‘, — dedi Yemelyan, — unday bo‘lsa tabriklayman, Pavel Ivanovich. Sizni millionchi emas, hatto trilonchi desa ham bo‘larkan.
Shu suhbat ustiga allaqayoqdan kelib qolgan Nozdryov gapga aralashib, yana moy sepdi.
— Bu yoqqa qara, — dedi u, — darvozadan etik ortgan avtomobil kirib kelyapti, shu etiklar ham uniki.
Keyin Nozdryov qizishib ketib, Yemelyanni ko‘chaga yetaklab chiqdi.
— Anavi magazinlarni ko‘ryapsanmi? Ular ham Chichikovniki. Ko‘chaning bu tomonida nima bo‘lsa, bari shuniki. Ko‘chaning narigi betidagilar ham Pavel Ivanovichga tegishli. Tramvayni ko‘ryapsanmi? Uniki. Fonuslarni-chi?.. Hammasi uniki. Ko‘rdingmi? Bu yoqqa qara! Endi u yoqqa qara! Hamma-hammasining xo‘jayini shu odam bo‘ladi.
Shunday deb, u Yemelyanni chirpirak qilib aylantiraverdi.
Axiyri sho‘rlik vakil yolvorishga tushdi:
— Ishonaman! Ko‘ryapman… faqat meni o‘z holimga qo‘y, o‘ldirib qo‘yasan-ku.
VI
Kutilmaganda falokat sodir bo‘ldi.
Chichikovni, ilgari Gogol bashorat qilganidek, Nozdryov juvonmarg qildi, zamindor kampir Korobochka esa, uni butkul qora yerga tiqdi. Nozdryovning unga nisbatan hech qanday yomon niyati yo‘q edi, lekin poyga paytida mastlik qilib, tasodifan yog‘och qirindisi haqida og‘zidan gullab qo‘ydi, bu ham yetmagandek, Chichikovning yo‘q narsani ijaraga olganiniyam gapirdi, uni muttaham deb atab, agar ixtiyor menda bo‘lsa, otib tashlardim, dedi.
Odamlar bu gapni eshitib o‘ylanib qolishdi, keyin mish-mish bir zumda hamma yoqqa tarqaldi.
Ustiga ustak, ovsar Korobochkani aytmaysizmi! Qachon Manejda non do‘koni ochishim mumkin, deb xira pashshadek hammaning joniga tegsa bo‘ladimi? Manej davlat ixtiyoridagi bino, uni sotib olish ham, u yerda biron-bir do‘kon ochish ham mumkin emas, deb qancha tushuntirishmasin, ovsar kampir hech baloni uqmasdi.
Bu orada Chichikov haqidagi mish-mishlar tobora avj ola boshladi. Odamlar: «Bu, Chichikov degani qanaqa maxluq o‘zi, qay go‘rdan kelib qoldi?» deb hayron bo‘lishardi. Bir-biridan vahimaliroq, bir-biridan mudhishroq g‘iybat gaplar tarqaldi. Hamma vahimaga tushib qoldi. Telefonlar tinimsiz qoqildi, ketma-ket majlislar chaqirildi… Qurilish komissiyasi kuzatish komissiyasiga, kuzatish komissiyasi mahalla komissiyasiga, mahalla komissiyasi sog‘liqni saqlash xalq komissarligi — Narkomzdravga, Narkomzdrav hunarmandchilik bosh boshqarmasi — Glavkustpromga, Glavkustprom maorif xalq komissarligi — Narkomprosga, Narkompros madaniy-ma’rifiy tashkilot — Proletkultga, hokazo va hokazoga «musht ketdi» qabilida qo‘ng‘iroq qilishdi.
Darhol Nozdryovni qidirishga tushishdi. Bu g‘irt tentaklik edi, albatta. Chunki Nozdryovning yolg‘onchiligini, uning bironta ham gapiga ishonib bo‘lmasligini hamma yaxshi bilar edi. Shunga qaramasdan, Nozdryovni topib kelib so‘roq qilishdi, u ham barcha savollarga batafsil javob berdi.
— Darhaqiqat, — dedi u, — Chichikov ijaraga olgan korxonaning oti bor-u, o‘zi yo‘q. Lekin, agar uning o‘rnida bo‘lsam, men ham olgan bo‘lardim. To‘g‘ri-da, bergandan keyin nega olmaslik kerak ekan?
— Ayting-chi, — deb savol berishdi Nozdryovga, — bu Chichikov deganlari mabodo oqgvardiyachi josus emasmi?
— Ha, Chichikov josus, yaqinda uni otishga hukm qilishgan edi, lekin hayronman, nega otishmadiykin?!
— Balki Chichikov qalbaki pul yasaydigan odamdir? — deb savol berishdi.
— O, yasaganda qandoq, — dedi Nozdryov va Chichikovning qalbaki pul yasashda ustasi farang ekanligi haqida bir latifa ham so‘zlab berdi: — Bir kuni hukumat yangi pul chiqarmoqchi bo‘ladi. Chichikov buni eshitib qolib, darhol Marina Roshcha dahasidan bir kvartirani ijaraga oladiyu hash-pash deguncha o‘n sakkiz milliard so‘mlik qalbaki pul yasab tashlaydi va hukumat tayyorlagan haqiqiy puldan ikki kun oldin muomilaga chiqarib yuboradi. Buni sezib qolgan ma’murlar darhol uning kvartirasini muhrlaydilar. Lekin ustasi farang Chichikov bir kechaning o‘zida hamma qalbaki pullarni haqiqiylari bilan shunaqa aralash-quralash qilib tashlaydiki, keyin u pullarning qaysisi soxtayu qaysisi haqiqiy ekanligini xudo bilmasa, banda farq qila olmaydi.
— Chichikov chet elga qochmoqchi bo‘lib, o‘zining milliard-milliard puliga gavharlar sotib olganmish, shu to‘g‘rimi? — deb so‘rashdi.
— To‘g‘ri, — deb javob qildi Nozdryov, — bu ishda unga yordam berdim. Ochig‘ini aytganda, agar aralashmaganimda, Chichikovning o‘zi bu ishni eplay olmasdi.
Nozdryovning gaplaridan keyin odamlarning ko‘ngli g‘ash bo‘lib qoldi. Chichikovning qanday maxluq ekanligini aniqlash amri mahol ekanligini ko‘rib, hammaning tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib ketdi. Shu payt odamlar orasidan tariqdekkina aqli bo‘lgan bir kimsa topilib qoldi, topilmaganda bormi, bilmadim, bu mojaro nima bilan tugar edi! To‘g‘ri, bu «dono» odam umrida Gogolning kitobini qo‘liga olmagan, hatto uning kimligini ham bilmas edi.
Ana shu odam birdan:
— Bilasizlarmi, Chichikov kim? — dedi.
Hamma baravariga:
— Kim?! — deb so‘radi.
Dono odam sovuq ovoz bilan:
— Uchchiga chiqqan firibgar, — deb javob qildi.
VII
Shundagina hammaning miyasiga uning anketasini o‘qib ko‘rish kerak ekan, degan fikr yalt etib keldi. Qidirishga tushishdi. Yo‘q. Kelgan hujjatlar ichida ham, javonda ham yo‘q. Ro‘yxatga oluvchi oyimqizdan so‘rashdi.
— Men qayoqdan bilay? Ivan Grigorevichda bo‘lsa kerak.
Ivan Grigorevichning oldiga yugurishdi:
— Chichikovning anketasi qayerda?
— Buni menga daxli yo‘q. Kotibadan so‘ranglar.
Xullas, «bor otangga, bor onangga» qabilidagi boshi-keti yo‘q sansalorlik boshlanib ketdi.
Kutilmaganda nokerak qog‘ozlar tashlanadigan savatdan topilib qolsa bo‘ladimi o‘sha anketa!
Uni o‘qib, dong qotib qolishdi.
Ismi? Pavel. Otasining ismi? Ivanovich. Familiyasi? Chichikov. Unvoni? Gogol personaji. Inqilobdan oldin nima bilan shug‘ullangan? O‘lik jonlarni xarid qilish bilan. Majburiy harbiy xizmatga munosabati? Na u yog‘liq, na bu yog‘lik — xudo biladi. Qaysi partiya tarafdori? Xayrixoh (lekin qaysi partiyaga xayrixohligi ma’lum emas). Sudlanganmi? Javob o‘rnida ilonizi chiziq. Adresi? Hovliga kirsangiz, uchinchi qavatning o‘ng tomonida, yaxshisi, spravka byurosidagi shtab ofitserining xotini Podtochinadan so‘rang, u biladi. Shaxsiy imzosi? Siyoh qolmadi.
Anketani o‘qishdiyu hang-mang bo‘lib qolishdi.
Instruktor Bobchinskiyni chaqirib, buyurishdi:
— Sen g‘izillab Tver xiyoboniga jo‘na, Chichikov ijaraga olgan korxonaning hovlisiga kirib, u yerdagi mollarni ko‘zdan kechir, shoyad biron sir ochilsa!
Bir ozdan keyin Bobchinskiy ko‘zlari qinidan chiqib ketgudek bo‘lib, o‘pkasini qo‘ltiqlab qaytib keldi.
— Favqulodda hodisa!
— Xo‘sh?
— U yerda hech qanday korxona yo‘q. Chichikov Pushkin haykalining adresini yozibdi. U yerda turgan mollar esa, «Ara»niki* ekan.
Bu shum xabarni eshitib, hamma chinqirib yubordi:
— Yo avliyo-anbiyolar! Obbo muttaham-ey! Biz bo‘lsak unga milliard-milliard pulni berib o‘tiribmiz-a!! Bundan chiqdi, uni tezroq qo‘lga tushirishimiz kerak ekan!
So‘ng Chichikovni tutishga kirishishdi.
______________
*«Ara» — inglizcha «Amerikaning yordam beruvchi muassasisi» so‘zlarining qisqartmasi. 1921 yilda Volga bo‘yi viloyatlarida hukm surgan ochlik munosabati bilan «Ara»ning RSFSRda faoliyat ko‘rsatishiga ijozat berilgan edi.
VIII
Boshliq barmoq bilan qo‘ng‘iroq tugmasini bosdi:
— Chopar kirsin!
Eshik ochilib, ostonada Petrushka paydo bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, u allaqachon Chichikovning xizmatidan bo‘shab, mazkur idorada chopar lavozimida ishlayotgan ekan.
— Zudlik bilan mana bu paketni oling-da, darhol unda ko‘rsatilgan adresga boring…
— Xo‘p bo‘ladi, — dedi Petrushka.
U darhol paketni olib, darhol chiqib ketdi va shu zahotiyoq yo‘qotib qo‘ydi.
Garajga, Selifanga telefon qilishdi.
— Zudlik bilan mashinani olib chiqing.
— Mana, hozir.
Selifan suyaklarini qisirlatib kerishdi, motor ustiga paxmoq ishtonini yopdi, egniga kamzul kiydi, keyin mashina o‘rindig‘iga o‘tirdi-da, signalni dudullatib, motorni guvillatib qushdek uchib ketdi.
Qaysi rus kishisi yoqtirmaydi shamoldek uchishni? Selifan ham yoqtirardi, shuning uchun Lubyankaga kiraverishda yo tramvayni, yo magazinning oynasini nishonga olishiga to‘g‘ri keldi. U bir zumning o‘zida tramvayga chap berdi va ikkinchi nishonni ko‘zlab «voy, dod!» deb chinqirgancha magazinning oynasidan quyundek otilib kirib ketdi.
Bu gapni eshitib, hamma Selifanlaru Petrushkalarning rahbari bo‘lgan Tentetnikovning sabr kosasi to‘lib, fig‘oni falakka chiqdi.
— Ikkalasining ham dumi tugilsin! — deb baqirdi u.
Dumlari tugildi. Mehnat birjasiga odam yuborildi. U yerdan Petrushkaning o‘rniga Plyushkinning xizmatkori Proshkani, Selifanning o‘rniga — Grigoriy Ketsa Yetmasni yuborishdi. Bu asnoda tekshiruv ishi qizigandan qizib borardi.
— Avans ro‘yxatini ko‘rsating.
— Marhamat.
— Bu yerga Kir Tog‘orani chaqiring.
Uni chaqirtirishning imkoni bo‘lmadi. Chunki bundan ikki oy muqaddam Kir Tog‘orani partiyadan o‘chirishipti; o‘sha zahoti uning o‘zi Moskvadan qorasini o‘chiripti. Chunki uning Moskvada qiladigan ishi qolmagan ekan.
— Sho‘r Tumshuq-chi?
U qaysiyam tupkaning tagida, guberniya bo‘limig‘a instruktor bo‘lib ketipti.
Shundan keyin Yelizaveta Chumchuqni qidirib qolishdi. Unaqa odam yo‘q, deb aytishdi. To‘g‘ri, Yelizaveta ismli mashinistka bor, ammo uning familiyasi Chumchuq emas. Kichik ish yurituvchi muovinining yordamchisi bo‘lmish Chumchuq familiyali erkak bor, lekin uning ismi Yelizaveta emas!
Mashinistkani so‘roqqa tutishdi:
— Sizmi?!
— Hech ham-da! Nega endi men bo‘larkanman? Men Chumchuq emasman-ku… Yomonning kuchi yapaloqqa yetipti-da?
Shunday deb, mashinistka yig‘lashga tushdi. Uni tinch qo‘yishdi.
Hamma Chumchuq bilan mashg‘ul bo‘lgan paytda huquq homiysi Hushtakbozov imi-jimida Chichikovga, ustingdan ish qo‘zg‘ashdi, deb shipshitib qo‘ydi, shu zahoti Chichikov gumdon bo‘ldi.
Anketadagi «o‘ngga burilasan» degan joyga yuborilgan moshina quruq qaytib keldi: turgan gapki, u yerda hech qanaqa ma’lumotxona yo‘q edi. U yer tashlandiq bir oshxonaning xarobasi ekan. Borganlarning oldiga Fetinya ismli farrosh xotin chiqib, bu yerda hech kim turmaydi, deb aytipti.
To‘g‘ri, shu o‘rtada, o‘ngga emas, chapga burilgan yerda ma’lumotxona bor ekan, ammo u yerda shtab ofitseri xotini emas, allaqanday Podstyoga Sidorovna degan ayol o‘tirardi, lekin u nainki Chichikovning, hatto o‘zining ham adresini bilmas ekan.
IX
Hammaning ko‘ngli g‘ash bo‘ldi. Ish shunchalik chalkashib ketgan ediki, endi chigalning uchini Parvardigorning o‘zi topmasa, birov qidirib topolmas edi. Oti boru o‘zi yo‘q ijara qipiq bilan, nafis to‘rlar elektrlashtirish bilan, Korobochka xarid qilgan passaj brilliantlar bilan aralashib, ayqash-uyqash bo‘lib ketdi. Bu ish yuzasidan Nozdryov tumshug‘idan ilindi, xayrixohlardan bo‘lmish Anqov Yemelyan bilan partiyasiz O‘g‘ri Antoshkaning ham bu ishda qo‘li borligi aniqlandi, Sobakevichning ko‘proq payok olish maqsadida mansabdorlarga allaqanday firib ishlatgani fosh bo‘ldi. Shu desangiz, hamma xuddi oyog‘i kuygan tovuqdek zir yugurib qoldi.
Hushtakbozov yeng shimarib ishga kirishdi va bir zumda sandiq kovlovchilarni ham, soxta hujjat tayyorlab pul o‘maruvchilarni ham, hokazo va hokazolarni ham aralashtirib, bo‘tqa qilib yubordi. Bu ishda u ellik mingga yaqin odamning qo‘li borligini aniqladi. Xullas, qiyomat-qoyim boshlandi. Milliard-milliard pullarga imzo chekkanlar ham, bu pullarni endi qidira boshlaganlar ham dahshatga tushib zir yugurishar, ko‘zlari faqat bitta aniq dalilni ko‘rar edi:
— Milliardlar g‘oyib bo‘lgan!
Nihoyat, Mityay amaki degan bir odam o‘rnidan turdi.
— Gap bunday, birodarlar… — dedi u. — Nazarimda, tergov komissiyasini bu ishga jalb qilmasak bo‘lmaydiganga o‘xshaydi.
X
Xuddi shu yerga kelganda (odamning tushiga nimalar kirmaydi-ya!) bu odamlarning ro‘parasida birdan xuddi Xizrdek paydo bo‘ldim va:
— Bu ishni menga topshiringlar, — dedim.
Hang-mang bo‘lib qolishdi:
— Siz, haligi… uddalaysizmi?
— Ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin, — dedim men.
Oldiniga birpas ikkilanib turishdi. Keyin qizil siyoh bilan:
— Topshirilsin! — deb imzo chekishdi.
Shu zahoti faoliyatimni boshlab yubordim (umrimda hech qachon bunaqa shirin tushni ko‘rmaganman!).
Shu desangiz, chor yoqdan o‘ttiz besh mingta mototsiklchi yordamga yetib kelsa bo‘ladimi!
— Qanday xizmat bor bizga?
— Hech qanday xizmat yo‘q sizga, — dedim men ularga. — O‘z ishlaringiz bilan shug‘ullanaveringlar. Buni o‘zim eplayman. Yolg‘iz o‘zim.
Shundan keyin o‘pkamni havoga to‘ldirib turib bir baqirgan edim, deraza oynalari zirillab ketdi:
— Qani, opkelinglar bu yerga Lyapkin-Tyapkinni! Oyog‘ini yerga tekkizmasdan! Telefonini ulanglar!
— Hech ilojimiz yo‘q… Telefon buzuq.
— Ha-a-a! Buzuq deng! Simi uzilganmi? Unday bo‘lsa, sim bekor yotmasin, unga Lyapkin-Tyapkinni topolmagan shaxs osilsin!
Yo alhazar! Shunaqangi olag‘ovur boshlanib ketdi-ki, asti qo‘yaverasiz!
— Rahm qiling, taqsir… hech aziyat chekmasinlar… Hozir… ha-ha-ha… bir lahzada tayyor bo‘ladi. Hay, kim bor! Ustalar chaqirilsin! Sim keltiringlar! Darhol ulansin!
Bir zumda telefon ham tuzaldi, Lyapkin-Tyapkinni ham topib kelishdi.
Yana hamma yoqni boshimga ko‘tarib baqira boshladim:
— Tyapkinmisan? M-muttaham! Lyapkinman degin? Olib ketinglar bu ablahni! Ro‘yxatlar keltirilsin! Nima? Tayyor emas? Tayyorlash uchun besh daqiqa muhlat beraman! Bajarmasangiz, o‘zingizni murdalar ro‘yxatiga tirkayman! Ie, bu kim bo‘ldi? Manilovning xotini — ro‘yxat qiluvchi deng? Dumi tugilsin! Ulinka Batrishcheva — mashinistkami — ro‘yxat qiluvchi deng? Dumi tugilsin! Sobakevich? Hibsga olinsin! Voy, manavi maraz Ro‘dopoyev sizlarda xizmat qiladimi hali? Muttaham Tasallin hammi? Ushlansin!! Ularni kim ishga olgan bo‘lsa, u ham ushlansin. Hammasi qaynab turgan qozonga tashlansin! Manavi qo‘lga olinsin! Bu ham! Bu tutilsin! Buni ham tutinglar! Fetinyami? Juftagini to‘g‘rilanglar! Shoir Tryapichkin, Selifan, Petrushka — bularning bari hisob bo‘limiga ro‘para qilinsin! Nozdryovni yerto‘laga tashlanglar… Oyog‘ini yerga tekkizmay… Darhol!.. Pul vedomostiga kim imzo chekkan? Qani, olib kelinglar o‘sha la’natini! Osmonga chiqib ketgan bo‘lsa oyog‘idan, yerga kirib ketgan bo‘lsa qulog‘idan tortib olib kelinglar!!!
Xullas, jahannamiy qiyomat-qoyim boshlandi…
— Boshimizga balo bo‘ldi-ku bu shaytoni lain! Qay go‘rdan kavlab topishdiykin uni? — deb zorlanishardi arvohlar.
Men bo‘lsam:
— Qani, Chichikovni boshlab kelinglar huzurimga! Darhol! — deb baqirardim.
— H… h… hech topib bo‘lmayapti uni. U ya-ya-yashirinib olgan…
— Ah-ha, yashirinibdimi? Juda soz! Unda sizni qamaymiz uning o‘rniga.
— Rahm…
— Jim bo‘ling!
— X-xo‘p, mana, h-hozir… Bir lahza sabr qiling… Axtarishyapti, taqsir.
Darhaqiqat, Chichikovni bir zumda topib kelishdi.
U oyog‘imga yotib zor-zor yig‘ladi, sochlarini yulib, kamzulini chok qilib, shol bo‘lib qolgan onamning ko‘z yoshlariga rahmingiz kelsin, deb yalinib-yolbordi.
Men bo‘lsam:
— Onang bormi hali?!— deb baqirdim. — Onang-a?.. Xo‘sh, milliardlar qani? Xalqning sarmoyasini nima qilding? O‘g‘ri! Arralanglar bu maxluqni! Qorni to‘la brilliant bo‘lishi kerak!
Qornini yorishdi.
Qarang-a, aytganimdek ekan!
— Hammasimi?
— Hammasi,
— Bo‘yniga tosh boylab suvga cho‘ktiringlar!
Shundan keyin hammayoq chinniday ozoda va suv quygandek jimjit bo‘lib qoldi. Men telefonni olib, qo‘ng‘iroq qildim:
— Tozalandi.
— Rahmat, — deb javob qilishdi menga. — Ko‘nglingiz xohlagan narsani so‘rang. Bunday taklifdan bir sakrab tushdim. Ko‘pdan beri bir-ikkita zarur narsalarni xarid qilish niyatida yurardim, ammo hech pul jamg‘ara olmay boshim qotgan edi. Shuning uchun, hozir: «Bitta shim… bir qadoq qand… bitta yigirma beshinchi lampa», deb yuborishimga sal qoldi.
Lekin birdan, vijdonli yozuvchi ta’magir bo‘lmasligi kerak, degan fikr esimga keldiyu ruhim tushib ketdi va telefonga shunday javob qildim:
— Menga Gogolning qalin muqovali asarlar majmuasidan boshqa hech nima kerak emas. Zero, o‘zimning shunday kitobimni yaqinda chayqov bozorida sotib yuborgan edim.
Shunday deyishim bilan stolim ustiga Gogolning zarhal hoshiyali kitobi «tap» etib tushdi.
Terimga sig‘may suyunib ketdim. Chunki ko‘nglim g‘ash bo‘lgan uyqusiz tunlarimda Nikolay Vasilevich Gogol aksar payt menga tasalli berar edi. Shuning uchun, quvonganimdan, ovozimning boricha:
— Ura! — deb baqirib yubordim.
Baqirdim-u…
XOTIMA
…turgan gapki, uyg‘onib ketdim. Ko‘zimni ochsam: na Chichikov, na Nozdryov, eng muhimi, na Gogol bor…
— Ana xolos, — dedim o‘zimcha va o‘rnimdan turib kiyina boshladim. Yana ko‘z oldimda har kungi hayot namoyon bo‘ldi, qisqasi, eski hammom, eski tos.
Qodir Mirmuhamedov tarjimasi
“Sharq yulduzi” jurnali, 1992 yil, 6-son