Mario Vargas Losa. Yosh romannavisga maktub

GIJJA HAQIDA HIKOYaT

Qimmatli do‘stim!
Xatingizni o‘qib chiqdim, ochig‘ini aytsam, juda-juda hayajonlandim, negaki, unda men mamlakatni mustabid Odriya1 boshqarayotgan davrdagi, nursiz va diqqinafas Limada o‘tgan o‘n to‘rt-o‘n besh yashar paytlarimni ko‘rgandek bo‘ldim. O‘sha kezlari Sizga o‘xshab men ham kun kelib yozuvchi bo‘laman, deya orzu qilar, biroq buning uchun nimalar qilish lozim, kimlardan maslahat so‘ragan ma’qul – bilolmay, yuragimning teran qatlamlarida tug‘ilib, muttasil meni turli voqea-hodisalar o‘ylab topish hamda shular asosida Folkner, Xeminguey, Malro, Dos-Passos, Kamyu, Sartrlar yaratgan ijod namunalari kabi minglab kitobxonlar e’tiborini qozonuvchi asarlar yozishga undayotgan moyillik, havas-ishtiyoqni qay yo‘sin ro‘yobga chiqarishga aqlim yetmay, ruhan qiynalib yurardim.
Bir necha bor shu mashhur adiblardan biriga maktub yo‘llab, yozuvchi bo‘lish uchun nimalar qilish kerak, deya maslahat so‘ramoqchi ham bo‘lganman. Biroq, har safar tortinchoqligim tufaylimikan, ehtimol, inson qalbida mavjud bo‘lgan har qanday faoliyat ko‘rsatish ishtiyoqini hali ibtidosidayoq daf qilishga qodir umidsizlik sabablimikan, xullas, nima bo‘lgan taqdirda ham, yozib yuborishga jur’at qilmagan edim. Ularning birontasi ham javob qaytarishni lozim topmasliklari oldindan ma’lum bo‘la turib, xat yozishingdan nima foyda – lekin aslini olganda, mana shu narsa, shuningdek, jamiyat uchun adabiyot beqadr, keraksiz va umuman, ortiqcha dahmaza, deya salkam rasman taqiqlab qo‘yilgan mashg‘ulot sifatida qaralishi bu kabi mamlakatlarda, ayniqsa, yosh iste’dodlarning o‘sishiga to‘sqinlik qiladi. Modomiki, Siz tortinmay xat yozibsizmi, demak, men hozirgina tilga olgan har qanday faoliyatni to‘xtatib qo‘yuvchi qo‘rquv yuragingizda tug‘ilgan orzu-umidlarga raxna sololmayotgan ekan, deya xulosa chiqarsam to‘g‘ri bo‘lar. Agar siz chindanam shunaqa qaltis ishga qo‘l urib, bu faoliyatingiz evaziga behad g‘aroyib samaralarga erishishni kutar ekansiz – garchi maktubingizda bu haqda bir og‘iz so‘z yuritmagan bo‘lsangiz ham – bunga ishonchim komil – boshlanishi chakki emas. Sizga faqatgina ortiqcha xomxayollarga berilmaslikni, ya’ni muvaffaqiyat qozonishga judayam ishonib qolmaslikni maslahat bergan bo‘lardim, xolos. Meni to‘g‘ri tushuning, Siz bunga – maqsadingizga to‘la-to‘kis erishishingiz mumkin. Nega erishmas ekansiz! Biroq voqealarning Siz kutgandan ko‘ra butunlay boshqacha kechishiga, keskin ravishda o‘zgarib borishiga ham doimo tayyor turishingiz kerak bo‘ladi. Har holda, qat’iyan, sabot ko‘rsatib yoza boshlayotgan va yozganlarini e’lon qilayotgan qalamkash borki, tez orada mukofotlarga, kitobxonlar hurmatiga sazovor bo‘lish, asarining millionlab nusxalarda chop etilishi, xalq orasida obro‘-e’tibor qozonish, degan narsalar qandaydir alohida, mutlaqo mantiqqa zid qonunlar izmu ixtiyorida hamda hayratlanarli va aql bovar qilmaydigan sarkashlik bilan aynan bunga munosib talantlarni chetlab o‘tib, eng noloyiq kishilarga nasib etajagining guvohi bo‘ladi. Boshqacha qilib aytganda, agarda muvaffaqiyat Siz uchun yagona rag‘batlantiruvchi kuch vazifasini o‘tar bo‘lsa, u holda, orzular har doim ro‘yobga chiqavermasligi mumkinligiga ruhan hozirlik ko‘rib qo‘yish lozim bo‘ladi, qolaversa, umuman olganda, adabiyotni shuhratning yolg‘on-yashiq jilosi va haqiqatan ijodning ayrim yozuvchilarga keltirgan moddiy boyliklari bilan adashtirib yurish yaramaydi. Bular butunlay boshqa-boshqa narsalardir.
Shu o‘rinda asosiy mezon, chunonchi: adabiy iste’dodi bor odam uchun, aynan o‘zini namoyon etish imkonini qo‘lga kiritish ehtimoli bo‘lgan har qanday ardoqli mukofotlardan yuksakroq va azizroq tursa kerak. Mening bitta narsaga ishonchim komil, garchi adabiy iste’dodning boshqa ko‘pdan-ko‘p jihatlari menga qorong‘i va noma’lum ekaniga qaramay, yozuvchi o‘zi tanlagan bu soha – adabiy mashg‘ulot – ilgari sinab ko‘rishga ulgurgan yoki kelgusida shug‘ullanish mumkin barcha faoliyat turlaridan afzalroq ekanini ich-ichidan his qiladi, zero, uning uchun yozish ijod tufayli erishiladigan har qanaqa mukofotlardan (u ijtimoiy yoki siyosiy qiymatga ega bo‘ladimi yoinki undan moddiy manfaat ko‘radimi, bulardan qat’i nazar), qo‘lga kiritish mumkin bo‘lgan har qanday hayot tarzidan a’loroq ekanini anglaydi.
Bu masalaning nozik tomoni, u mutlaqo iste’dodlilarga taalluqli. Mabodo iste’doddan asar bo‘lmas ekan, u holda Sizni qiziqtirgan – yozuvchi bo‘lish uchun nimalar qilish kerak, degan mavzuni davom ettirishdan foyda yo‘q.
Iste’dod, bu, tabiiyki, qandaydir aql bovar qilmas, mavhum va o‘ta noyob hodisadir. Shunga qaramay, o‘ziga-o‘zi mahliyo bo‘lish vasvasasi hattoki ba’zan qariyb diniy manmanlikka borib yetadigan har xil cho‘pchaklarni miyadan chiqarib tashlab, aql-mulohaza kuchi bilan tushuntirsa bo‘ladi. Xayolparast kishilar iste’dodlarni shunday ta’riflaganlar: ular yozuvchilarni xos odamlar, xudoga yaqin kishilar yoki ilohiy kuchlarning nazari tushgan va shu bilan birga inson ruhini yuksaltirguvchi ilohiy so‘zni in’ikos ettirish taqdir etilgan xilqat, deb qarashgan – o‘shanda unga Nafosat olami bilan birikmoq saodati in’om etilur va shu tariqa u mangulikka doxil bo‘lur.
Endilikda adabiyot yoki san’at sohasidagi iste’dod haqida bunaqa tushunchalar bilan mulohaza yuritishga hech kim botinolmaydi. Holbuki, hozirgi zamonda urf bo‘lgan tushunchalar unchalar ham yuksak va taqdir haqidagi tasavvurimizga unchalik mos kelmasa-da, bu ta’limotni judayam yuzaki yoki mavhum, deb bo‘lmaydi, negaki, gap qayerdan paydo bo‘lgani noma’lum allaqanday qiziqish haqida ketayapti – u ayolmi, erkakmi, farqi yo‘q, o‘sha insonning, ittifoqo, bir kuni – dilida uyg‘ongan moyillikni, hatto aytish mumkinki, nimadir shunga murojaat qilishga undagan va u birdan faqatgina shu yo‘l bilan, aytaylik, badiiy asar yozish orqali o‘zligini namoyish etish hamda yuragida yig‘ilib, tinchlik bermayotgan gaplarni to‘kib solish mumkinligini sezgan onlaridanoq – butun hayotini shunga baxsh etishga majbur ekanini anglashi va pirovardida, o‘ziga inoyat qilingan allaqanday burchni tabiat ato etgandan ko‘ra a’loroq, yuksakroq bajarishga intilishi va shu tariqa umri bekor o‘tmayotganligiga ishonch hosil qilishidir.
Inson bolasining taqdiri ona qornidayoq bitilgan bo‘ladi, degan aqidalar nahotki rost bo‘lsa; tasodifan yoinki injiq ilohiyotning hukmi bilan hali tug‘ilmagan bolaga buncha iste’dod yoki umrni besamar o‘tkazish buyurilgani, biron ishga nisbatan moyillik yoki nafrat o‘lchab berilganiga men ishonmayman. Biroq endilikda men hali olis yoshligimda e’tiqod qo‘ygan – frantsuz ekzistentsialistlari, xususan, Sartr volyuntarizmi bayon etgan – har bir odamning o‘zi xohlagan narsani tanlashi iste’dod va har bir konkret shaxsning kelajagi shu tariqa o‘lchanadi, degan ta’limotiga ham ishonmayman. Garchi talant taqdir tomonidan berilib, bo‘lg‘usi yozuvchining irsiyatiga jo qilingan narsa ekaniga ishonmasam-da, garchi temir intizom va iroda ba’zan benazir ijodkorlarni yaratishiga qodir, deb hisoblasam-da, oxir-oqibat, adabiy iste’dod hech qachon faqatgina odamning erkin tanlash ixtiyoriga bog‘liq emas, degan qat’iy xulosaga keldim. To‘g‘ri, tanlash ixtiyorining o‘rni bor, lekin u faqat keyingi – ikkinchi bosqichda ahamiyat kasb etadi. Dastlab, shaxsiy, ya’ni tug‘ma yoki bolaligida yo o‘smirligida shakllangan moyillik paydo bo‘lishi kerak, ana undan so‘ng ongli ravishda tanlash shu moyillikni mustahkamlashi – yangidan yaratishi emas, mustahkamlashi kerak.
Men bir narsaga shubha qilaman, agar yanglishmayotgan bo‘lsam (nazarimda, yanglishayotgandekman), inson kimligidan qat’i nazar, modomiki, juda erta – hali bolaligi yoki o‘smirligidayoq o‘zi yashayotgan muhitdagi odamlar, voqealar, hodisalar hamda o‘zgacha hayotni xayolan yaratishga havasmand bo‘lar ekan, mana shu qiziqishni, ta’bir joiz bo‘lsa, adabiy talantning ilk alomatlari sifatida izohlash mumkin. O‘z-o‘zidan ma’lumki, tasavvur kuchi yordamida haqiqiy hayot, real olamdan xayolot olamiga qochishga urinish bilan yozuvchilik o‘rtasida o‘tib bo‘lmas tubsiz jarlik mavjud, zero, bu jarlikni oddiy odamlar yengib o‘tolmaydi. Yozuvchi, degan nomga musharraf bo‘lish hamda so‘zlar orqali yangi olam yaratish kamdan-kam odamga nasib etadi – o‘zlarining havas-mayllariga iroda kuchini qo‘sha olganlargina bunga erisha oladilar. Mana shuni Sartr tanlash deb atagan bo‘lsa bordir. Boshqacha qilib aytganda, inson qandaydir fursat ichida yozuvchi bo‘lishga ahd qildi. O‘zini shu rutbada ko‘rishni tanladi. Yoki o‘ziga shu taqdirni tanladi. Shu tariqa u yangi hayot va yangicha dunyo o‘ylab topish uchun (bosh miyaning bizga pinhon qismlarida) xizmat qilgan moyillikni endi yozma ravishda, so‘zlar orqali ifodalash yo‘liga o‘tadi. Aytgancha, Siz ayni paytda yangi reallikni yaratishgagina emas, balki qog‘ozga tushirishga tayyor yo tayyor emasligingizni uzil-kesil hal qilish shart bo‘lgan jo‘shqin, shu bilan birga mas’uliyatli davrni boshdan kechirayotgan bo‘lsangiz kerak. Basharti, Siz bunga tayyor ekaningizni tasdiqlasangiz, tabiiyki, bu Sizning shu yo‘lda jiddiy qadam tashlay olishingizdan darak beradi, biroq u o‘z holicha hech nimaga kafolat berolmaydi. Holbuki, yozuvchi bo‘lishga qat’iy qaror qilishning o‘zi ham, o‘z niyatlarini amalga oshirishga umrni bag‘ishlash maqsadi ham – yozuvchi bo‘la boshlaganingizning ifodasidir.
Yoshlikdanoq xayoliy odamlar hamda hodisalarni o‘ylab topishga intilish qayerdan paydo bo‘ladi? Nazarimda, bu isyonkorlikning bir ko‘rinishidan boshqa narsa emas. Basharti, kimki chindanam o‘zi yashayotgan voqelikdan ajralib turadigan hayotni o‘ylab topishga, shuni xayolida “yaratishga” butunlay berilar ekan, u bu orqali o‘zini qurshab olgan real olamdan yuragida pinhon tutgan noroziligini, o‘z tasavvuri va xayollarida yaratgan olam bilan mavjud hayotni isloh etish istaklarini izhor etayotganiga zarracha shubha qilmayman. Bil’aks, ayting-chi, mavjud real voqelikdan va o‘zining hayotidan mamnun odamga hayotda bo‘lmagan, bo‘lmasligi ham muqarrar yolg‘ondakam va bir lahzalik sarob-hayotni yaratishga vaqtini sarflashning nima keragi bor?
Nachora, boshqacha hayot va o‘zga taqdirlarni yaratish orqali mavjud voqelikka qarshi norzilik bildirgan odam, tabiiyki, ming xil sabablarga ko‘ra shunday ish tutgan bo‘ladi. Bu sabablar esa yaxshi niyatda yoki aksincha, oliyjanob maqsadlarga yoki qoraxayollarga bog‘liq holatda murakkab va shu bilan birga juda jo‘n tarzda amalga oshirilishi ham mumkin. Real voqelikka qilingan azaliy da’vo xarakteri (ishonchim komilki, ijod qilish xohishi va asar yaratish tagzaminida hamisha da’vo yotadi) hech qanday ahamiyatga ega emas. O‘z holicha, da’vo qanchalar keskinligi bilan, da’vo insonning shu taxlit hayot kechirishiga (Don Kixot singari shamol tegirmoni bilan olishishiga monand), qaysiki, mohiyatan konkret va ob’ektiv dunyoni noreal va xayoliy olamga tenglashtirishdan iborat bo‘lgan g‘ayrat-ishtiyoqni alangalatishga nechog‘lik qodir ekanligi bilan muhim.
Buning ustiga xomxayol va amalga oshirib bo‘lmaydigan bu vazifa, aytish mumkinki, noxolis – haqqoniy tarzda emas, balki obrazlar vositasida bajariladi, biroq shunday bo‘lsa ham uning real voqelikka, ya’ni tirik odamlarga ta’sir qilmay iloji yo‘q.
Ta’bir joiz bo‘lsa, voqelik bilan bu taxlit raqobat (adabiyot va adabiy iste’dodning pinhoniy mohiyati mana shu bo‘ladi)ning mavjudligi, o‘z navbatida, uning u yoki bu davr haqida birdan-bir keng ko‘lamli tasavvur uyg‘otishga yordam berishi olishi dalilidir. Bunday to‘qimalardan foydalanib, aks ettirilgan hayot – ayniqsa, mohirlik bilan o‘ylab topilgan – aslini olganda hech qachon uni yozgan mualliflar, shu bilan birga, uni o‘qigan va uning qadriga yeta olgan o‘quvchilar boshdan kechirgan hayotning in’ikosi bo‘lmaydi, mutlaqo, bu boshdan-oyoq hamda to‘la-to‘kis to‘qilgan hayotdir – bunaqa yashashning sirayam iloji yo‘qligi oqibatida yozuvchi loaqal tasavvurida va faqatgina o‘zining ta’biga muvofiq yaratilgan hayotda yashab ko‘rishga qaror qilgan. Badiiy to‘qima – yolg‘on, lekin uning zamirida tengsiz haqiqatlar yashiringan bo‘ladi; bu hech qachon sodir bo‘lmagan, biroq shunga qaramay, barcha zamonlarda yashagan odamlar uni orzu qiladi va shu sababli uni o‘ylab chiqarishga majbur bo‘lishadi. Bu tarixiy haqiqat emas, to‘g‘rirog‘i, aslida bo‘lmagan, ammo-lekin aynan bo‘lishi mumkin emasligi uchun ham so‘zlar bilan tasavvur qilib yaratishga va chinakam hayot qondirolmaydigan talablarni qondirishga, odamlar yon-veridagi mavjud bo‘shliqni o‘zlari o‘ylab topgan jonli, tirik sharpalar bilan to‘ldirib egallashga urinayotgan tarixiy voqelikning soxta ko‘rinishi yoki aksidir.
Bunaqa isyonkorlik, turgan gapki, nihoyatda shartli. Aksar qalamkashlar tiynatlarida shunday tuyg‘u mavjud ekanligini xayollariga ham keltirmaydilar, agarda, yozuvchilikka, xayolparastlik va uydirma to‘qib chiqarishga bo‘lgan ishtiyoqlari qanchalar jiddiy oqibatlarga olib borishi mumkinligini aniq bilganlarida edi, tang qolishgan va oddiy hayotda qurshab turgan olamning asos-negizlarini barbod qiluvchi buzg‘unchilar o‘zlari ekanliklaridan kayflari uchib ketgan bo‘lardi. Ikkinchi tomondan, ularning isyonkorligi unchalik ham tahlikali xususiyat kasb etmaydi, ayting-chi, to‘qib chiqarilgan xayoliy olam real hayotga qanaqasiga zarar yetkazishi mumkin? Bunaqa raqobatning nimasi xavfli? Sirtdan qaraganda hech ziyoni yo‘q. Axir, gap o‘yin xususida ketayapti, yo noto‘g‘rimi? Basharti, o‘ziga ajratib berilgan chegaradan chiqib, real hayotga qorishib ketmasa, o‘yin, odatda, hech qanaqa xavf tug‘dirmaydi. Aytaylik, bitta-yarimtasi – masalan, Don Kixot yoki Bovari xonimga o‘xshaganlar – to‘qima va hayot o‘rtasidagi tafovutni sarkashlarcha rad etib, shuningdek, jon-jahdi bilan hayotini adabiy asardagina uchraydigan tarzda qurmoqchi bo‘lar ekan, buning oxiri, odatda, xayrsiz tugaydi. Bunday holatda jazo tariqasida odam umidsizlikka beriladi, hayotdan ko‘ngli sovib ketadi.
Shunga qaramay, adabiy o‘yinni beziyon deb ham bo‘lmaydi. Adabiyot, aslida, odamning hayotdan ich-ichidan qoniqmasligi mahsuli, biroq badiiy to‘qima ham o‘z navbatida, ko‘ngilda xavotir va qoniqmaslik tuyg‘usini uyg‘otadi. Kitob o‘qiyotganida o‘sha buyuk asarlarda tasvirlangan, masalan, hozirgina men eslatib o‘tgan Servantes bilan Floberning romanlaridagi hayotni boshidan kechirgandek bo‘lgan odam, real hayotga qaytgach, uning g‘arib va nochor, illatlar koni ekanligini yanayam kuchliroq his qiladi, axir, u buyuk to‘qimalarga qaraganda real hayot, jonli voqelik behisob darajada nursiz, chakana ekanligini ko‘rdi-da! Haqiqiy adabiyot uyg‘otgan real hayotdan norozilik, ayrim hollarda, mavjud tuzum, boshqaruv tartiblari yoki ta’limotlar va maslaklarga qarshi noroziliklarga aylanib ketishi mumkin.
Mana shu sababli ispan mustabidlari romanlarga nisbatan o‘ta ishonchsizlik bilan qaragan hamda nazorat va taqiqni kuchaytirgan. Bu ham yetmagandek, Amerika qit’asidagi Ispaniya mustamlakalarida o‘sha asarlarni o‘qish uch yuz yilgacha man qilindi. Go‘yoki bu bema’ni, kurakda turmaydigan uydirmalar hindularda xudoni unutishga olib kelarmish, holbuki, teokratiya hukmron jamiyatning asosiy vazifalaridan biri bunday badxohlikka yo‘l qo‘ymaslik, kerak bo‘lsa, uni ildizi bilan quritishdan iboratdir. Nafaqat inkvizitsiya, balki fuqarolarining hayotini nazorat qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan har qanday hukumat va tuzum adabiyotga xuddi shunday ishonchsizlik bilan qaraydi, bir dam bo‘lsin, nazardan qochirmaydi va tsenzura yordamida uni tiyib turadi. Aytish lozimki, ular ham, boshqalar ham haq, chunki har qancha beziyon-bezarar tuyulgani bilan bu mashg‘ulot, ya’ni voqea va hodisalarni to‘qib chiqarish o‘z erkini namoyish etishning usuli hamda shu erkni bo‘g‘ishga qasd qilgan dunyoviy kishilarmi yoki ruhoniylarmi – farqi yo‘q, o‘shalarga qarshi bosh ko‘tarishning alomatidir. Mana shuning uchun hokimiyat – u qanday ko‘rinishda bo‘lmasin – fashizmmi, kommunizmmi, islom fundamentalizmi bo‘ladimi, Afrika yoki Lotin Amerikasidagi harbiy tuzummi – hamisha adabiyotni tsenzuraning shafqatsiz taqiqlari yordamida nazoratga olishni birlamchi va salkam asosiy vazifasi deb biladi.
Biroq, qarangki, shu umumiy mulohazalar tufayli biz Sizni qiziqtirgan asosiy masalalardan chetga chiqib ketdik, maktubingizga qaytadigan bo‘lsak, Siz qalbingizda allanechuk mayl-rag‘bat sezdingiz, keyin esa sabot va irodangiz kuchini namoyish etib, o‘zingizni adabiyotga baxsh etishga qaror qildingiz. Xo‘p, undan keyin-chi?
Sizning adabiyotni taqdiringizga aylantirishdek azmu qaroringiz, avvalambor, unga sadoqat bilan xizmat qilishga tayyor bo‘lishingizni va mohiyatan uning quliga aylanishingizni taqozo etadi. Fikrimni yanada aniqroq tushuntirishim uchun tamsil qo‘llasak, xafa bo‘lmassiz, Siz, aytaylik, ma’lum darajada semirib ketishdan nihoyatda qo‘rqib bejirim qomatini saqlab qolishni orzu qilganligi vajidan uzun gijja tasmasini yutishga rozi bo‘lgan XIX asrning mashhur xonimlariga o‘xshab ketasiz. Ichaklarini, ichki a’zolarini o‘sha parazit egallab olgan odamni qachondir ko‘rish nasib etganmi sizga? Men ko‘rganman va Sizni ishontirib aytamanki, o‘sha xonimlar qahramon ayollar, go‘zallik jafokashlari deya atalishga loyiqdirlar. Oltmishinchi yillarning boshlarida Parijda Xose Mariya degan asli ispaniyalik yosh rassom va kinochi do‘stim bo‘lardi. U ana shu kasallikka chalingan edi. Gap shundaki, odam organizmiga o‘rnashib olgan gijja bamisli uning uzviy bir qismiga aylanadi, uning hisobidan ovqatlanadi, o‘sib, quvvatga kiradi, xojaga aylangan va dorilamon yashayotgan gijjani odam tanasidan haydab chiqarishning o‘zi bo‘lmaydi. Xose Mariya ichiga o‘rnashib olgan parazitni to‘la ta’minlash uchun tinimsiz yeb-ichgan (birinchi navbatda sut) taqdirda ham ozib-to‘zib borardi, agar shunday qilmasa, bechoraning tortayotgan azoblariga chidab bo‘lmasdi. Biroq har qancha yemasin va ichmasin, unga nafi tegmas va nafsi orom olmas, huzur bag‘ishlamas edi. Kunlarning birida Monparnasdagi ixchamgina restoranda suhbatlashib o‘tirganimizda Xose Mariya o‘z dardu hasratini dasturxon qildi va men hayratdan qotib qoldim. U: “Biz sen bilan ko‘pincha birga bo‘lamiz. Kinoga, ko‘rgazmalarga birga boramiz, kitob do‘konlarini aylanamiz, siyosat, adabiyot, kino, umumiy tanishlarimiz haqida soatlab tortishamiz. Bularning bari senga huzur bag‘ishlaydi, menga esa – mutlaqo. Men nima qilsam, o‘sha gijjam uchun qilaman. Nima bo‘lgan taqdirda ham, endi o‘zim uchun emas, ichimga kirib o‘rnashib olgan, meni go‘yoki quliga aylantirgan gijja uchun yashayotganga o‘xshayman, boshqa ilojim yo‘q, uni boqishim shart, shunga majburman”, – degandi.
O‘sha-o‘sha yozuvchining hayotini do‘stim Xose Mariyaning hayotiga qiyoslayveraman. Adabiyot – ko‘ngil hushi emas, sport ham, bekorchilikdan vaqtni go‘zal o‘yinlar bilan o‘tkazish ham emas. Bu “mashg‘ulot” odamdan o‘z hayotini to‘la-to‘kis, butunligicha baxsh etishni hamda o‘zini fido etishi mumkin bo‘lgan barcha faoliyat turlaridan voz kechishni talab qiladi, boshqa hech bir nima xalal bermasligi shart bo‘lgan birinchi o‘rindagi narsa, u o‘zini ko‘ngilli ravishda tanlagan kishilarni – baxtiyor jafokashlarni qulga aylantiradigan fidoyilikni talab etadigan faoliyat. Adabiyot bilan doimo shug‘ullanish shart, u inson yozish bilan shug‘ullanib o‘tiradigan soatlardangina iborat emas, u umrbod hayotingni band etadi; u boshqa hamma ishlarni o‘ziga bo‘ysundiradi, chunki adabiy faoliyat odamzodning ichiga kirib olgan bahaybat gijja singari yozuvchining hayotini nest-nobud qiladi. Flober: “Adabiyot – hayot tarzi”, – degan edi. Boshqacha qilib aytganda, kimki shunchalar go‘zal va cheksiz shuhrat keltiruvchi sohani tanlagan bo‘lsa, u yashash uchun yozmaydi, balki yozish uchun yashaydi.
Ammo, ma’lum bo‘lishicha, yozuvchilik iste’dodini gijjaga qiyoslash yangilik emas ekan. Men buni yaqinginada, yozuvchilik qismatini nozik tahlil qilaturib, Tomas Vulf (Folknerning ustozi, “Zamon va daryolar haqida”, “Uyingga qaramasang bo‘lmaydi”, “Farishta” kabi o‘ta kuchli romanlar muallifi) o‘zini xuddi ichiga chuvalchang kirib qolgandek tasvirlaganini o‘qib qolganimda bildim: “…bolalikdan meros xayrli, mavhum va beqaror, esda qolmaydigan tushlar tugadi. Qurt yuragimni batamom qamrab oldi, u bo‘g‘im-bo‘g‘im bo‘lib, halqasimon shaklda o‘ralib, mening shuurim, ruhim hamda xotiralarim sharbatini so‘rgancha, o‘sha yerda yotibdi – o‘z qalbim alangasi o‘zimni yondirayotganini, meni o‘zimning kecha-yu kunduz och qolayotgan nafsim kemirayotganini sezaman, men shiddatli va hayotimni elburutdan mahv qila boshlagan, qondirib bo‘lmaydigan tashnaligim tutquniga aylangandekman. Boshqacha qilib aytganda, bunday buyon miyam, yuragim yoki xotiramning qaysidir hujayralari abadulabad kechasi-yu kunduzi, uxlayotganimda ham, bedorligimda ham yonib-o‘rtanib turajagini; qurtmi, o‘sha chuvalchangmi tamshanganda jismi-jonim yona boshlashi va hech qanday dori-darmon – non yoki suv, do‘stlik, sayru sayohat, sport, ayol muhabbati, boylik yoki mansab, obro‘-e’tibor – jonimga oro kirolmasligini, toki ajal oxir bir kuni tim qora, zim-ziyo choyshabini ustimga yopgunga qadar bu dardimdan forig‘ bo‘lolmasligimni tushunib yetdim. Nihoyat, men yozuvchi bo‘lib yetishganimni, binobarin, ijod yo‘lini tanlaganimni angladim”.
Menimcha, kimki o‘zini dinga bag‘ishlagandek, butun umri, kuch-quvvatini adabiyotga baxsh etishga qat’iy qaror qila olsagina, haqiqiy yozuvchi bo‘la olishi va nomini ko‘klarga ko‘targulik asarlar yozishi mukin. Yana bir tushunib bo‘lmaydigan narsa borki, u “talant” deb ataladi. Daho bo‘lib tug‘ilmaydilar, garchi shoir yoki bastakorlar orasida yoshligida birdan, kutilmaganda bunga erishganlar uchrab tursa-da (Rembo bilan Motsart fikrimning yorqin dalili bo‘la oladi), nosirlar orasida bunaqasini kunduzi chiroq yoqib ham topolmaysiz – yo‘q, negaki, bunday darajaga uzoq yillik tartib-intizom va mashaqqatli mehnat orqali erishiladi. Tezpishar romannavislar bo‘lishi mumkin emas. Barcha buyuklar, jamiki ajoyib romannavislar dastlab shogird bo‘lishgan, ularning iste’dodi tirishqoqliklari evaziga yillar davomida sekin-asta rivojlanib, yuksalib borgan.
Xullas kalom, endigina adabiyot olamiga kirib kelayotgan boshlovchi qalamkashlar, hali yoshligidayoq daho ekanligi ma’lum bo‘lgan Rembodan farq qiluvchi, ya’niki o‘z iste’dodini misqollab yuksaltirgan adiblardan, ularning tinimsiz izlanishlari, sabr-sinoatlaridan o‘rnak olishlari lozim.
Mabodo adabiy talantning kamolotga qanday qilib erishmog‘i mavzusiga qiziqsangiz, Sizga Floberning ko‘lamdor, ayniqsa, sevgilisi Luiza Kolaga 1950–1954 yillar oralig‘ida yozgan maktublarini topib o‘qishni tavsiya qilaman. Aynan shu yillari Flober o‘zining birinchi asari – “Bovari xonim”ni yozayotgan edi. Endigina ijod qila boshlaganimda, bu yozishmalar o‘zimga ham ozmuncha yordam bermagan. Garchi Flober tabiatan o‘ta badbin, mazkur maktublari bashariyat sha’niga yozg‘irishlar bilan to‘la esa-da, uning adabiyotga bo‘lgan muhabbati chek-chegarasiz va ibratomuz edi. Shuning uchun u beqiyos layoqati tufayli o‘zining yuksak burchiga salibchilar kabi sodiq qoldi, umrini unga bag‘ishladi, zero, o‘ziga bo‘lgan talabi bag‘oyat cheksiz ediki, hayron qolmasdan ilojing yo‘q. Shu bois ham dastlab namoyon bo‘lgan mavjud ijodiy imkoniyatlardan (bular uning ilk yozganlaridagi dabdababozlik va o‘sha zamondagi nomi chiqqan romantizm darg‘alariga ko‘r-ko‘rona taqlid qilishlarida ko‘zga tashlanardi) ko‘ra a’loroq natijalarga erishdi va “Bovari xonim” hamda “Hissiyotning tarbiyalanishi”dek romanlar yozishga muvaffaq bo‘ldi – ularni haqli ravishda yangi zamon romanlari desa arziydi.
Mazkur xatingizning mavzusiga taalluqli yana bitta kitobni Sizga tavsiya etishni o‘zimga ep ko‘rgan bo‘lardim. Bu tamomila boshqa, amerikalik Uilyam Berrouz degan yozuvchining asari. Men uning “Janki” romanini nazarda tutayapman. Aslida, Berrouzni romannavis sifatida tilga olmoqchi emasman, qolaversa, uning kitoblariga ortiqcha ixlosim yo‘q; uning tajriba sifatida yozgan psixologik romanlarini o‘qib zerikib ketaman. Bironta asarini oxirigacha o‘qib tugatmaganman, shekilli. Lekin uning nima uchun va qanday sabablarga binoan giyohvandlik ko‘chasiga kirib qolgani (shak-shubhasiz, buni tug‘ma moyilligidan, deyish ham mumkin) – o‘zining kamchiligi va ojizligi ixtiyoriy ravishda uni baxtiyor qulga aylantirib qo‘ygani, ya’ni bu yo‘lni ixtiyoriy tanlagani haqidagi ilk asari – “Janki” bundan mustasno; nazarimda bu, adabiy ijodning ishonchli va to‘g‘ri tasviri – yozuvchining o‘z ijodiga tamomila qaramligi, ayni choqda bu ijod ijodkor hayotining har bir daqiqasida qay tariqa uning hisobidan o‘zini-o‘zi ta’min etayotgani tasvirlangan avtobiografik, hujjatli asardir.
Ammo, aziz birodar, mazkur xat epistolyar janri uchun maqsadga muvofiq belgilangan o‘lchov me’yoridan oshib ketdi, holbuki, uning birlamchi afzal jihati aynan qisqaligida namoyon bo‘lishi lozim, shunday ekan, Siz bilan xayrlashishga to‘g‘ri keladi. Omon bo‘ling!

KATOBLEPAS

Aziz do‘stim!
Keyingi kunlarda ishim juda ko‘payib, bosh qashishga ham ulgurmay, Sizga vaqtida javob yozolmadim, uzr, biroq shunday bo‘lsa-da, shu davr ichida menga yo‘llagan xatingiz fikru zikrimdan ozgina bo‘lsin, nari ketmadi. Buning sababi yolg‘iz Sizning tashabbuskor ishtiyoqingiz emas, balki har xil baxtsizliklar, qiyinchiliklaru ko‘ngilsizliklardan osonroq xalos bo‘lishda adabiyotdan ko‘ra yaxshiroq yordamchi kuch yo‘q, degan fikringizni qo‘llab-quvvatlashimdir va bunga ishongan holda qo‘shimcha qilamanki, Sizning: “Romanlar asosidagi voqea-hodisalar qayerdan olinadi?” hamda “Roman mualliflari o‘z kitoblari uchun mavzuni qanday qilib to‘qib chiqaradilar?” degan savollaringiz meni ham – endigina adabiyotga kirib kelgan onlarimdan buyon – garchi shu choqqacha ozmuncha kitoblarim chiqmagan bo‘lsa-da, hali-hanuz hayajonga solishidir.
Bu savollaringizga javob berishga tayyorman, biroq mening javob tariqasidagi fikr-mulohazalarimni aynan, so‘zma-so‘z qabul qilish kerak emas, aks holda ularning ma’nosi butunlay o‘zgarib, buzilib ketadi.
Har qanday hikoya asosida – uni yozayotgan insonning boshidan o‘tgan voqealar, hayotda ko‘rgan-kechirganlari yotadi, ya’ni har bir to‘qib chiqarilgan voqelik hayotiy tajribadan oziqlanadi. Biroq bu, roman, shubhasiz, muallifning oshkor bo‘lmagan biografiyasidan iborat ekan, degan fikrni bildirmaydi, holbuki, har qanday badiiy asardan, hattoki, mutlaqo jilovlanmagan xayolotning samarasi bo‘lgan asardan ham ularni yaratgan odamning tajribasi bilan chambarchas bog‘liq tayanch nuqtani, ko‘nglida saqlangan pinhoniy manbasini izlab topsa bo‘ladi. Baralla aytishim mumkinki, ushbu qoida beistisnodir, shu sababdan, adabiyot olamida boshdan-oyoq, qip-qizil to‘qimadan iborat asar bo‘lmaydi. Har qanday to‘qima – bo‘lib o‘tgan voqealarning muallif xotirasida o‘rnashib olgan personajlar, holatlar asosida xayolan bino qilingan me’morchilik inshootidir; ana shular uning ijodiy tasavvuriga turtki beradi, tasavvur bu urug‘lardan shunchalar rang-barang holda mazmundor olam yaratadiki, ba’zan bu yo‘lda unga birlamchi asos va yo‘l ko‘rsatuvchi sifatida ma’lum darajada xizmat qilgan avtobiografik material, shuningdek, qip-qizil uydirma bilan uning teskarisi – borib turgan real voqelik o‘rtasidagi pinhoniy uyg‘unlikni deyarli (ba’zida “deyarli”siz ham) ajratib ko‘rsatib bo‘lmay qoladi.
Bir zamonlar adabiy yig‘inlarning birida so‘zga chiqqanimda, bu hodisot tartiban bir hisobdan teskari striptizga o‘xshashligini tushuntirib bermoqchi bo‘lgandim. Roman yaratishni, chindanam, tomoshabin ko‘z o‘ngida kiyimlarini yechib yalang‘och badanini namoyish etishni hunar qilib olgan ayolning ishiga qiyoslasa bo‘ladi. Romannavis bularning hammasini g‘ayritartibda amalga oshiradi. Roman yaratar ekan, u bamisli o‘zi tasavvur qilgan yangi-yangi liboslar, rangdor, pishiq gazlamalar bilan avvalboshdan yalang‘och bo‘lgan badanini birin-sirin yopib boradi. Mazkur jarayon shunchalar murakkab va nozikki, gohida muallifning o‘zi ham tayyor bo‘lgan mahsulotidagi – bu unda odamlar hamda voqea-hodisalarni o‘ylab topish layoqati naqadar rivojlanganini ko‘rsatadi – o‘sha hayot in’om etgan, so‘ngra tasavvuri rivojlantirgan, xotiralarida yashiringan timsollar bilan odamlarning qiyofalarini, muallifning azmu ixtiyoriga qanot baxsh etgan hamda mana shu asarni yozib tashlashga yordam bergan omillarni ajratib ko‘rsatishni eplay olmaydi.
Endi suhbatimizni roman mavzusi bilan davom ettirsak. Nazarimda, yozuvchi yozayotgan asari uchun materialni bamisli katoblepas – avliyo Antoniy ko‘zlariga ko‘rinadigan (Floberning “Avliyo Antoniyning yo‘ldan ozishi” asarida), keyinchalik Borxes “G‘aroyib hayvonot dunyosi darsligi”da qayta tiklagan afsonaviy maxluq singari o‘z ko‘nglidan – ichidan topadi. Katoblepas – panjalaridan boshlab o‘zini-o‘zi yeb bitiradigan g‘ayritabiiy jonzot. Yozuvchi ham tom ma’noda emas, albatta, asariga voqealar topish uchun material izlab, o‘zining hayotiy tajribalarini “eya boshlaydi”. U xotiralari in’om etgan materialardan odamlar, alohida hodisalar va manzaralar yaratish uchun nafaqat bir manba sifatidagina foydalanadi, balki bu jarayonni – romanni barpo qilishdek nihoyatda og‘ir va uzoq davom etadigan jarayonni – nihoyasiga yetkazishda suv bilan havodek zarur, uningsiz uddalash mumkin bo‘lmagan omil – irodasiga kuch-quvvat baxsh etuvchi manbani ham izlab topadi.
Roman mavzulari haqidagi mulohazalarimni biroz chuqurlashtirishga harakat qilaman. Muallif mavzuni emas, balki mavzu muallifni tanlaydi. Yozuvchi xayoliga nima kelsa, o‘sha narsalar haqida yozadi. Mavzu tanlashda uning erki ancha-muncha cheklangan, hatto aytish mumkinki, uning xohish-ixtiyori umuman inobatga olinmasligi ham mumkin. Nima bo‘lgan taqdirda ham, yozuvchining erkinligi, ya’ni mas’uliyati adabiy shakl tanlash oldida hech narsa emas. Bu xususda fikrim quyidagicha: yozuvchiga mavzuni hayot – uzr, bu so‘z juda balandparvoz ekanligini o‘zim ham yaxshi bilaman – beradi: umri davomida bo‘lib o‘tgan muayyan voqealar hayotiy tajribalar sifatida uning shuuri va xayollarida xotira bo‘lib qoladi, keyinchalik boshidan o‘tgan bu kechmishlar uni ta’qib qiladi, ba’zan yashashga xalal beradi, yozuvchi pirovardida ulardan qutulish istagiga tushadi, buning uchun har turli to‘qimalarni hikoyalarga aylantirib yuboradi. Hayotiy tajriba tufayli tug‘ilgan mavzular qanday qilib yozuvchi ko‘nglidan joy olishiga alohida misollar keltirish shart emas – bunga har qanday xotira guvoh bo‘la oladi, manavi voqea, manavi personaj, yuz bergan anavi vaziyat, o‘sha ishqiy sarguzashtlar meni tinch qo‘ymadi, xuddi yuragimning chuqur qatlamlaridan da’vat kelayotgandek men ularga butun vujudim bilan mubtalo bo‘lgan edim, oxiri o‘sha chaqiriq ovozini o‘chirish maqsadida shularning barini qog‘ozga tushirishimga to‘g‘ri keldi, degan dil so‘zlarini eshitib qolish shundan. Turgan gapki, shunaqa paytda xayolimga birinchi bo‘lib Prustning nomi keladi. Uni chinakam yozuvchi-katoblepas, desa bo‘ladi, nima dedingiz! O‘zining hayoti haqida shunaqa mahobatli va ulug‘vor badiiy asar yozib, oilasi, do‘stlari, qurshab turgan tabiat manzaralari, o‘zaro munosabatlar, did-madaniyatlar, ular haqida ochiqchasiga gapirishi mumkin emasligidan qat’i nazar, huzur-halovatlar hamda tushkunliklar, shu bilan birga, inson qalbining sirli va nozik faoliyati: orttirish, tanlash, ajratish, dafn etish, tag‘in kovlab olish, birlashtirish, o‘tmish davrdan xotira bo‘lib qolgan qiyofa-obrazlarni qaytadan izlab topish, umumlashtirish va takror saralash, sayqal berish yo buzib aks ettirishlarni “Yo‘qotilgan vaqtni izlab” roman-dostonlarining yaratuvchisidan ko‘ra ko‘proq yana kim o‘z xotiralari xarobalarida arxeologlarga xos sinchkovlik bilan tadqiqot o‘tkazib, buning oqibatida katoblepasga o‘xshab shunchalik fidoyilik va sabot-matonat ko‘rsatgancha o‘zini-o‘zi mahv etgan ekan? Biograflar (masalan, Peynter) Prust roman-dostonlarida tasvirlangan dabdabali ifodalar ortida yashiringan real voqealar va personajlar ro‘yxatini ipidan-ignasigacha tuzib chiqishga erishganlar va bu bilan muallif hayotdan olgan materiallari asosida bu maftunkor asarning qanday yaratilganligini ishonarli tarzda tadqiq etib berganlar. Aslini olganda esa, tadqiqotchilar tomonidan atroflicha o‘rganib chiqilgan avtobiografik detallarning tafsiri butunlay boshqa xulosalarni beradi: Prustning ijodiy dahosi bu taxlit o‘z-o‘zini tahlil qilib, o‘tmishi qa’riga sho‘ng‘ish orqali hayotida ro‘y bergan haddan tashqari oddiy hodisalarni bamisli go‘zal va rang-barang gilamdek tasvirlashga qodirligini, inson tiynatini mukammal ifoda etish orqali nurafshon, esda qolarli manzaralar yaratishda beqiyos ekanligini ko‘rsatadi.
Mana shu narsa avvalgilaridan ko‘ra ahamiyatliroq xulosa chiqarishga undaydi. Garchi yozuvchining hayotida ro‘y bergan yoki u ko‘rgan va kuzatgan voqea-hodisalar oqibatida hosil bo‘lgan hayotiy tajribalar to‘qimaning asosiy g‘oyasini tashkil etsa ham, real hayot hech qachon yagona tayanch bo‘la olmaydi. Ular o‘rtasidagi tafovut juda katta, hatto, aytish mumkin, behad ulkan, chunki oradagi jarayonda – qachonki, mavzu so‘z orqali o‘z ifodasini topib maxsus tartib berilgan hikoyaga aylanayotganda – avtobiografik material o‘zgarmasdan qolmaydi, u xotiradagi boshqa borlari bilan – yo to‘qilgan, yo qayta ishlangan materiallar hisobiga boyiydi, ba’zan esa sayozlashadi ham. Bu jarayonda mavzu, tabiiyki, roman badiiy jihatdan yuksak darajada yaratilgan bo‘lsagina, strukturaga aylanadi, buning hisobiga to‘qima to‘la-to‘kis mustaqillik kasb etadi – badiiy matn bundan bu yog‘iga mustaqil hayot kechirishi uchun aynan shunday bo‘lishi kerak. Badiiy ijod jarayonida muallifning xotiralari yetkazib berayotgan material o‘zgarishga uchrab, so‘zlardan to‘qilgan ob’ektiv olamga, ya’ni romanga aylanadi. Shakl esa to‘qimani konkretlashtirishga xizmat qiladi, ana shunda, agar badiiy ijodni to‘g‘ri tushunishimga inonsangiz (takror aytaman, bunga o‘zimning ishonchim unchalik komil emas), romannavis to‘la-to‘kis erkin bo‘ladi, binobarin, shuning ta’sirida, roman saviyasi qanday chiqishini belgilaydi. Ehtimol, Siz yuqorida aytilgan mulohazalardan kelib chiqib, yozuvchi to‘qir ekan, o‘zi topgan mavzular uchun javobgar emas, chunki ularni hayot zo‘rlab o‘tkazadi, deyishingiz mumkin. Biroq u keyingi – adabiy asarga aylantirish faoliyatiga mas’ul, shu bois, oxir-oqibat yozganlarining muvaffaqiyatli chiqishiga ham javobgar. Axir, mohiyat e’tibori bilan qaraganda, iste’dod va iste’dodsizlikni asarida namoyon etayotgan ayni uning o‘zidir. Ha, albatta, men aynan mana shunday, deb o‘ylayman.
Nima uchun yozuvchining hayotida son-sanoqsiz voqealar yuz beradi-yu, bir xillari – bunaqalari judayam kam – ijodiy tasavvur uchun nihoyatda samarali ta’sir etadi, boshqalari esa – bu avvalgilariga nisbatan ancha-muncha ko‘p uchraydi – uning ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgani bilan ilhom uyg‘otish tugul, zarracha ta’sir qilmaydi? Men bunga aniq javob berolmayman. Ochig‘i, taxmin qilaman, xolos. Aftidan, yozuvchining ijodida asqotadigan, uni har xil voqealar o‘ylab topishga undaydigan shaxslar, qiziq-qiziq voqealar, keskin vaziyatlar va ziddiyatlar ayni real hayotga, u yashayotgan muhitga to‘g‘ri kelmaydigan hodisalar jumlasiga kiradi – bu esa, eslasangiz, avvalgi xatimda aytib o‘tganimdek, yozuvchi bo‘lishga intilishning asosi, insonni mavjud muhitga qarshi chiqishga undovchi yashirin kuch, eng muhimi, bu muhitni uydirma bilan almashtirishning ramziy ko‘rinishidir.
Son-sanoqsiz misollar orasidagi shu fikrni tasdiqlash uchun namuna sifatida unchalik dong taratmagan, ammo haddan tashqari sermahsul ijodkor – XVIII asrda yashab o‘tgan frantsuz yozuvchi Retif de la Bretonni tilga olishni istardim. Uni iste’dodli deb bilganim tufayli emas, aslida, u o‘rtamiyona ijodkor, balki muallif o‘z noroziligini bayon qilish uchun kitoblarida real voqelikni butunlay boshqacha, ya’niki isyonkor qalbining da’vatlariga binoan tasvirlash orqali mavjud olamga isyonini aniq namoyish eta olgani uchun tanladim.
Retif de la Bretonn qalamiga mansub eng mashhur asar – “Janob Nikola” avtobiografik romanidir. XVIII asr Frantsiyasida hukm surgan hayot tarzi, urf-odatlar, kundalik hayotda uchraydigan udumlar, bayramlar, hunarmandchilik, oddiy xalqning kiyinishi, xurofotu e’tiqodi har bir narsaning tagiga yetmaguncha qo‘ymaydigan jamiyatshunos – o‘ziga xos odat-qiliqlari bilan boshqalardan ajralib turadigan insonlar toifasining injiq kollektsioneri – tomonidan aks ettirilgandek taassurot qoldiradiki, tadqiqotchilar, muarrixlar yoki jamiyatshunoslar tinib-tinchimas Retif yaratgan bu manbadan bekamu ko‘st foydalanishadi. Ijtimoiy-tarixiy voqea-hodisalar uning romanlari tarkibiga kirgach, batafsil, mayda-chuyda detallariga qadar tasvirlanadi, shu bilan birga, ular keskin o‘zgarishga uchraydi, shu vajdan ular haqida baayni to‘qimadek gapiraverish kerak. Real hayotga juda o‘xshash bepoyon va go‘zal olamda erkaklar hurliqo ayollarni noziknihol xipcha beli, latofati, nazokati, bokiraligi uchun yaxshi ko‘rib qolmaydilar, yo‘q, ularni, asosan, ayollar oyoqlari xushbichimligi o‘ziga mahliyo etadi. Retif de la Bretonn borib turgan fetishparast edi, shu bois zamondoshlari orasida ekstsentrik, juda g‘alati inson sifatida nom qozongan, tushuniksiz fe’lli, ta’bir joiz bo‘lsa, real muhitga nisbatan “dissident” holatida bo‘lgan. Ijodni harakatga keltiruvchi bunaqa shakkoklik bois hayot bizga Retif timsolida va uning shaxsiga monandlikda tuzatilgan yoki o‘zgartirilgan tarzda ko‘rinish beradi. Retif qayta yaratgan muhitda ayoldagi jamiki go‘zalliklarning bosh belgisi, erkaklar hirsini qo‘zg‘atadigan lazzat ob’ekti – nozik oyoqlar va tabiiyki, ularni yanayam chiroyli ko‘rsatadigan narsa – paypoqlar hamda boshmoqlardir, deya hisoblash odatiy va tabiiy hol sanaladi.
Nihoyat, adabiyotda kutilmagan oqibatlarga olib boradigan xususiyatlar: aniqlik yoki haqqoniylik haqida gaplashib olish uchun qulay fursat keldi, shekilli. Haqqoniy yozuvchi bo‘lish nima degani? Badiiy to‘qima o‘zining mazmun-e’tiboricha yolg‘on ekanligini hech kim inkor qilolmaydi, bu – bor-yo‘g‘i yasama reallik. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, har qanday roman – haqiqatni da’vo qiluvchi (o‘zini haqiqat qilib ko‘rsatuvchi yolg‘on) yolg‘ondir, uning ishonchliligi yozuvchining tsirkdagi ko‘zboyloqchilar kabi o‘z mashqini qanchalar muvaffaqiyatli bajarishiga bog‘liq. Modomiki shunday ekan, bu janrga, hattoki eng ishonarli romanga nisbatan ham uning ishonchliligi haqida gapirishga haqimiz bormikan, axir, ming qilganda ham, u yolg‘on, soxta, xomxayol bo‘lsa? Ha, haqimiz bor, biroq muammoni boshqacha qo‘yishimiz kerak bo‘ladi: hayot talabiga quloq soladigan va bu talablarni sezgirlik ila amalga oshiradigan, basharti boshdan kechirilmagan, ruhiyati, ongu shuuridan o‘rin olmagan bo‘lsa, yozishdan saqlanadigan va yozmasa turolmaydigan ijodkorlarni haqqoniy yozuvchi deyish mumkin. Boshqacha aytganda, romannavisning haqqoniyligi o‘z yuragiga quloq solib, iloji boricha unga xizmat qilishidir.
Muallif o‘zini bezovta qilgan, hayajonga solgan narsalar haqida yozmay, befarqlik bilan, biron manfaatni ko‘zlab mavzular yoki syujetlar tanlasa va go‘yoki ular yordamida muqarrar muvaffaqiyatga erishaman, deya xayol qilsa, bunday yozuvchi haqqoniy bo‘lolmaydi, umuman olganda, bunday yozuvchidan biron nima kutish ham amrimahol (ba’zan shunaqalarning yozganlari ham o‘ta mashhur asarlar ro‘yxatidan o‘rin oladi, o‘zingizga ma’lum, bu ro‘yxatda hech narsaga arzimaydigan, uch pulga qimmat romanlar juda ko‘p). Yuragingizda dard bo‘lmas ekan, ich-ichingizda jo‘sh urgan ilhom sababgina qo‘lingiz qalamga bormas ekan, dilga tinchlik bermay qo‘ygan, uyqumizni buzgan tuyg‘ular biz, romannavislarni hayotni yangitdan yaratuvchi isyonkorlarga aylantirmas ekan, real voqelikni tubdan o‘zgartirishga qodir ijodkor bo‘lish mumkin emas. Menimcha, bizni bezovta qilayotgan, ilhom baxsh etayotgan maslak, nekbin va ozod xayollardan yuz o‘girmay, yuragimizda biz bilan birga yashagan, qon-qonimizga singib ketgan, ba’zan nedanligini bilmasak-da, ana o‘shanday to‘lqinlarda “afzalroq”, ishonchliroq va qudratliroq yozish mumkindek tuyuladi. Zero, zarurat bor ekan, maftunkor, biroq nihoyatda mashaqqatli va tushkunlik urug‘lari sochilgan, iztiroblar to‘la yo‘lga tushish – roman yozishni boshlash kerak.
Ruhiyatidagi dardu alamlaridan voz kechishga urinadigan, o‘zlarini u yoki bu mavzularga uradigan va bu yumushi jozibador tuyuladigan yozuvchilar haddan ziyod yanglishadilar. Adabiyotda hech bir mavzu o‘z holicha yaxshi ham, yomon ham bo‘lolmaydi. Har qanday mavzu yaxshiyam bo‘lishi mumkin, yomon ham, yana takror aytamanki, bu narsa mavzuga bog‘liq emas, balki mutlaq mavzuning nimaga aylanishiga bog‘liq. Negaki, forma moddiylashib, ya’ni ifoda uslubi evaziga aynan romanga aylangan olgan shakl asarni o‘ziga xos yoki siyqasi chiqqan, salmoqli yoki sayoz, murakkab yoki jo‘n holatga keltiradi; shakl voqeaga jon baxsh etadi, uning mazmundor, haqqoniy bo‘lishini ta’minlaydi, shuningdek, aksincha, qahramonlarni ruhsiz va o‘xshovsiz qo‘g‘irchoq qilib qo‘yadi. Bu, nazarimda, adabiyotdagi istisnosiz qoidalardan biri bo‘lsa kerak. Mavzular o‘z holicha romanda hech nimani belgilamaydi, ular yozuvchi mahorati bilan yaxshi ham bo‘lishi mumkin, yomon ham, maroqli bo‘lishi mumkin yoki zerikarli.
O‘ylashimcha, yosh do‘stim, suhbatimizni shu nuqtada to‘xtatsak bo‘lar. Salomat bo‘ling!

Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 1-son