Mario Vargas Losa. Mutolaa va adabiyot vasfi (Nobel ma’ruzasi)

Besh yasharligimda xat tanidim – Boliviyaning Kochabamba shahridagi de Lasal maktabida tahsil olgan akam Yustinian menga ilk ustoz bo‘ldi. Bu hayotimda tub burilish yasagan hodisa edi. Bugun, oradan yetmish yil o‘tib ham, meni jodulagan o‘sha voqelikni – kitob sahifalaridagi siymolar zamon va makon to‘siqlari osha hayotimga bostirib kirib, uni ostin-ustun qilib yuborganini aniq-tiniq eslayman. Kapitan Nemo bilan hamnafas suv ostida yigirma ming lyo yo‘l bosdim, d’Artanyan, Atos, Portos va Aramis bilan yelkama-elka turib, ustomon Rishele soyai davlatida qirolichaga qarshi fitna to‘rini to‘qigan g‘alamislarning dodini berdim, o‘zimni Jan Valjan chog‘lab, ramaqijon Marius bilan Parijning pana-pastqam kulbalariga bosh suqdim.
Mutolaa orzularimni hayotga, hayotimni orzularga aylantirdi: muazzam adabiyot koinoti bir qarich bolakay qo‘lini uzatsa yetgudek masofaga pastladi. Onamning aytishicha, “qalamimga mansub” ilk qoralamalar o‘qigan kitoblarimning shundoqqina davomi edi, negaki, qahramonlardan ajralishga ko‘nglim bo‘lmagan yoki asarlarning xotimasi ko‘p-da ma’qul kelmagandi. O‘zim anglab-anglamay, shu ish bilan butun umr mashg‘ul bo‘ldim: ulg‘ayib, sochimga qirov qo‘nganida ham, bolaligimni zavqu shavqqa limmo-lim to‘ldirgan hikoyalarni qog‘ozga tushirishdan charchamadim.
Amado Nervo va Pablo Neruda she’rlarini ko‘zida shashqator yosh bilan o‘qigan shoirtabiat onam, mashqlarimdan boshi osmonga yetgan, burundor va tepakal Pedro tog‘am, so‘z san’atiga butun qalb va vujudni baxsh etish zarurligini qulog‘imga quygan Lucho amakim (holbuki, u mahallar adabiyot saltanati o‘z fuqarolariga ko‘p-da saxovat ko‘rsatavermasdi) bugun yonimda bo‘lganlaridami!.. Umr yo‘limda shubha-gumonning qo‘li baland kelgan lahzalarda jonimga ora kirib, ko‘nglimni ko‘targan xayrixoh insonlar ko‘p uchradi. Ularning daldasi, jindek omad va, albatta, o‘lgudek qaysar fe’l-atvorim sabab bo‘lib, hayotimni mo‘jiz adabiyotga, uning quvonchu shodliklariga bag‘ishladim; umrimni aql bovar qilmas voqeani hayot haqiqatiga, hayot haqiqatini aql bovar qilmas voqeaga, ko‘rimsizlikni go‘zallikka aylantira oladigan, alg‘ov-dalg‘ovlarga barham beradigan, o‘tkinchi lahzaga umrboqiylik baxsh etadigan, o‘limni-da yengish qudratiga ega, zaminiy kulfatlardan qochib boshpana topiladigan parallel olamni yaratishga sarf etdim.
Yozish jo‘n ish emas. Tasavvurdagi voqelik so‘zga aylanib, o‘y-xayollar qog‘ozga tushganida, g‘oya va obrazlar xira tortgandek tuyuladi. Xo‘sh, ularga qanday qilib masih nafasini berish mumkin? Tole kulganini qarangki, ulgi olish, etagidan tutish uchun so‘z san’atkorlari, murabbiylar hamisha yonimda bo‘ldi. Flober talant tarbiyasida temir intizom va cho‘ng iroda muhimligini qulog‘imga quydi. Folkner syujetni boyitish va pishiq-puxta qilishda shakl (uslub va struktura) muhim o‘rin tutishini o‘rgatdi. Martorel, Servantes, Dikkens, Balzak, Tolstoy, Konrad, Tomas Mann roman ko‘lami va qamrovi syujet chizig‘ini maromiga yetkazish va uslubga sayqal berishdan kam ahamiyat kasb etmasligini uqtirdi. Sartr so‘z qudratli kuch ekani, roman, pesa yoki hikoya muayyan davrda tarixni o‘zgartirishga qodir ekaniga ishontirdi. Kamyu va Oruell axloqiy qadriyatlardan mahrum adabiyot hayvoniy istaklarga yo‘l ochib berishidan ogoh etdi. Malro esa epos va qahramonlik motivlari bugun ham argonavtlar, “Odisseya” va “Iliada” davridagi kabi ahamiyatli ekanini eslatdi.
Ozmi-ko‘pmi, menga ustozlik qilgan adiblarning barini sanab chiqish lozim bo‘lganidami, hisobdan adashib, kulgiga qolishim aniq edi. Hisobi yo‘q ularning. Ustoz adiblar nainki ijodiy mahorat sirlaridan voqif etishdi, insonning tubsiz ichki olamini taftish qilish, jasoratiga tan berib, shafqatsizligidan nafratlanishga ham o‘rgatishdi. Ular nadimlarim bo‘lib qolishdi, kitoblarini o‘qib, eng tushkun pallada ham umidsizlikka yon bermaslik lozimligini angladim, birgina o‘qish va ijod etish ne’mati uchun tiriklikni ko‘zimizga to‘tiyo qilsak arziydi, degan to‘xtamga keldim.
Vaqti-vaqti bilan o‘ylanib qolardim: qashshoqlik, savodsizlik va adolatsizlik avj olgan, o‘quvchilar siyrak, barakasiz, madaniyat esa bir siqimgina odamlarga xos bo‘lgan mening mamlakatimda yozuvchilikka havas qo‘yish tuyaning hammomni orzu qilganiga o‘xshab qolmasmikin?.. Biroq bu ishtibohli o‘y meni ijod yo‘lidan qaytara olmadi, fikru yodimni ro‘zg‘or tebratish tashvishi band etgan paytlarda ham yozishdan to‘xtamadim. Endi o‘ylasam, o‘shanda to‘g‘ri yo‘l tutgan ekanman. Adabiyot nash’u namo topishi uchun jamiyat yuksak madaniyatga ega bo‘lmog‘i lozim edi, erkinlik, farovonlik va adolatdan mosuvo jamiyatda u yo‘qlikka yuz tutishi turgan gap edi. Adabiyot tufayli, adabiyot uyg‘otgan tafakkur, intilish va istaklar tufayli, xayolot saltanatiga safar chog‘i ko‘ngilda bosh ko‘targan kechinmalar tufayli, bugungi tsivilizatsiya odamiylashdi, najot topdi. Adabiyot ahli o‘ylab topgan badiiy to‘qima qumga singigan suvdek izsiz ketmadi, bil’aks, toshga aylangan yuraklarni mumdek eritib tashladi. Yaxshi kitoblar bo‘lmaganida edi, insoniyatning bugungi holiga maymunlar yig‘lagan bo‘lardi, mustaqil fikrdan mahrum labbaygo‘ylar urchirdi, dilijamlik yo‘qolardi, mute kayfiyat keng yoyilib, o‘z-o‘zini taftish etish hissi – taraqqiyotning bosh omili shu, axir! – yo‘qolardi. Mutolaa, xuddi yozuvchilik kabi hayot kemtikliklariga qarshi isyondir. Hayotdan topa olmaganlarimizga tasavvur kuchi orqali erishishga harakat qilamiz, inson mavjudligining asosi bo‘lmish hayot istaklarimizga javob bera olmayotgani, u boshqacha bo‘lishi lozimligi haqida o‘zimiz anglamagan sur’atda fikr yuritamiz. Benavoliklardan zada bo‘lgan paytlar taxayyulimizning qushdek erkin parvoz etishiga qo‘yib beramiz – muvaqqat bo‘lsa-da, o‘zimiz orzulagan hayotda yashab ko‘rish ko‘ngilga taskin bag‘ishlaydi.
Ozod o‘y-xayol bo‘lmaganida edi, biz uchun erkinlikning qadri qanchalar muhim ekanini to‘la tushunib yetmasdik, mustabid shaxs, mafkura yoki din uni oyoqosti qilib, dunyomizni do‘zaxga aylantirgan taqdirda ham, buni tuzuk-quruq idrok etolmasdik. Adabiyot go‘zallik va baxtga yo‘g‘rilgan orzularni uyg‘otib qolmay, har qanday shaklu shamoyildagi zulm-istibdod tug‘diradigan xatardan ogoh etadi. Bunga shubha qilganlar savolimizga javob bersinlar-chi: yetti yoshdan yetmish yoshgacha ra’iyatning yurish-turishini nazoratga olmoqchi bo‘lgan hukmdorlar nimadan bunchalik qo‘rqadi, nega qattol tsenzura tartibini joriy etadi, nega mustaqil ijodkorlarning bosgan har bir qadamini cho‘tga soladi? Chunki ular insonning kitob sahifalari bo‘ylab xayolan erkin kezishi xatarli ekanini yaxshi biladilar, o‘quvchi kitoblarda tarannum etilgan hurlik ne’mati hamda amaldagi jaholat-tahlika muhitini muqoyasa qilganida, badiiy to‘qima isyonga undashi mumkinligidan qo‘rqadilar. Yozuvchi asarlari orqali – o‘zi xohlaydimi-yo‘qmi, anglaydimi-anglamaydimi, bundan qat’i nazar – norozilik keltirib chiqaradi, u dunyoning bir kam ekanini, xayolotdagi hayot o‘ngimizdagi hayotdan farovonroq ekanini ko‘rsatadi. Bu qarash fuqarolarning ongi va zehniga o‘rnashsa bormi, tamom, ularni aldash-avrash qiyinlashadi, panjara ortida yashashni ko‘z-ko‘z qilayotgan mirshablar va sitamgarlarning yolg‘oniga laqqa tushmaydi.
Chin adabiyot xalqlar o‘rtasida ishonch ko‘priklarini bunyod etadi, til, e’tiqod, odat, an’ana va tutumlardagi ixtiloflarni yo‘qqa chiqarib, shodlik, g‘am-tashvish, hayrat tuyg‘ulari orqali bizlarni yakdilu yaktan qiladi. Ulkan oq nahang kapitan Axavni suv tubiga tortib ketganida, o‘quvchining yuragida – u Tokioda yashaydimi, Limadami, yo Timbuktudami, bundan qat’i nazar – qo‘rquv hissi bosh ko‘taradi. Emma Bovari zahar ichganida, Anna Karenina o‘zini poyezd tagiga tashlaganida, Jyulen Sorel jallod kundasiga bosh qo‘yganida, Borxesning “Janub”i qahramoni, shaharlik Xuan Dalmann ovloq qishloq qovoqxonasidan chiqib, qonsiragan talonchiga duch kelganida, Komala (“Pedro Paramo” romani voqealari kechgan qishloq) aholisi bitta qolmay qirilib bitganida, o‘quvchi – Buddaga ishonadimi, Konfutsiygami, Iso Masihgami, Allohgami, yo o‘zini dahriy deb biladimi, bo‘yinbog‘ taqib, pidjak kiyadimi, yo burnus, kimono, ponchoga burkanib yuradimi, bulardan qat’i nazar – bir xil insoniy iztirobni boshdan kechiradi. Adabiyot rang-barang qarashlar zamirida yakdil birodarlik rishtalarini o‘rnatadi, jaholat, kaltabinlik, turli mafkura, til va dinlar ta’sirida yuzaga kelgan chegaralarni supurib tashlaydi.
Har bir zamonning o‘z mudhish jinoyatlari bo‘ladi. Bizning davrimiz mutaassib manqurtlar, xudkush terrorchilar davri, olis o‘tmishdan daydib kelib qolgan bu nusxalar inson qonini to‘kish orqali jannatga tushishiga, boplab qasos olishiga, adolatsizlikka barham berishiga, eng to‘g‘ri e’tiqodni qaror toptirishiga ko‘r-ko‘rona ishonadi. Har kuni dunyoning turli burjlarida behisob insonlar o‘zini haqiqat bayroqdori deb bilgan kimsalar qo‘lida o‘lim topmoqda. Mustabid imperiyalar birin-ketin qulaganida, holokost, genotsid, tajovuzlar va qirg‘inbarot urushlar o‘tmishga aylandi, endi ona sayyoramizda tinchlik, hurfikrlilik va inson huquqlariga hurmat muhiti hukm suradi, olam guliston bo‘ladi, deya shirin orzularga berilgandik. Lekin chuchvarani xom sanagan ekanmiz. Mutaassiblik ta’sirida jaholatning yangi-yangi shaklu ko‘rinishlari yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorindek bodrab chiqdi, ommaviy qirg‘in quroli shu qadar tez yoyildiki, bir to‘da aqldan ozgan so‘zbotirlar kun kelib yadro halokatini keltirib chiqarishi mumkin, bu tahdid tufayli insoniyat oromini yo‘qotdi. Biz ularning rejalarini yo‘qqa chiqarishimiz, ularga qarshi turishimiz va albatta g‘alaba qozonishimiz lozim. Sodir etayotgan jinoyatlari Yer sayyorasini zir titratib, qalblarimizni tahlikaga to‘ldirayotgan bo‘lsa-da, hartugul, ular ko‘pchilik emas. Sivilizatsiyalarning uzoq tarixi davomida qo‘lga kiritgan ardoqli ne’matimiz, bor-yo‘g‘imiz – ozodligimizni tortib olmoqchi bo‘layotgan g‘animga ters qarashga haqqimiz yo‘q. Liberal demokratiyani himoya qilish uchun jonimizni berishimiz kerak: garchi mukammal tartibot bo‘lmasa-da, u siyosiy plyuralizm, totuvlik, bag‘rikenglik, inson huquqlari, tanqidga toqat, qonun ustuvorligi, erkin saylovlar, hokimiyatning almashib turishi, alhosil, bizlarni yovvoyilikdan qutqarib, adabiyot yaratgan ko‘rkam, benuqson hayotga yetaklamoqda, ushalmas orzularimizni birin-ketin ro‘yobga chiqarmoqda. Qo‘li qonga bo‘yalgan mutaassiblarga qarshi kurashish bilan ardoqli orzularimizni, ularni ro‘yobga chiqarish imkonini asrab qolaylik!
Yoshligimda, boshqa tengdosh-davradosh yozuvchi hamkasblarim qatori, marksizm tarafdori bo‘lganman, faqat sotsializmgina vatanimda, Lotin Amerikasida va “uchinchi dunyo”da avj olgan zulm va bedodlikka chek qo‘yishiga chippa-chin ishonganman. Davlatning istagi har narsadan ustun sanalgan, jamoaviylikka asoslangan tuzumdan ko‘nglim qolib, liberal demokratga aylanishim – o‘zimni shu toifaga mansub deb bilaman, harqalay, shunday bo‘lishga harakat qilaman – uzoq va mashaqqatli kechdi. Kubada inqilobchilarning davlat tepasiga kelishi (dastlab sho‘rolarning egizagi bo‘lgan ushbu boshqaruv tizimini zo‘r mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatlaganman), tikanak simto‘siqlar osha tutqungohlardan qochishga muvaffaq bo‘lgan dissidentlar bilan suhbatlar, “Varshava shartnomasi” mamlakatlarining Chexoslovakiyaga bostirib kirishi kabi voqealar, shuningdek, Raymon Aron, Jan-Fransua Revel, Isayya Berlin, Karl Popper singari mutafakkirlar ta’sirida asta-sekin demok­ratik madaniyat va ochiq jamiyat tarafdoriga aylandim. Mulohazasizlik, balki kaltabinlik tufayli, G‘arb ziyolilarining ko‘zi sho‘ro sotsializmi ohanjamalaridan, yanada yomoni, Xitoy “madaniy inqilobi” yaltir-yulturlaridan qamashib turgan bir paytda, uzoqni ko‘ra bilgan mazkur muallim zotlar jasorat namunasini ko‘rsatishdi.
Bolaligimdan Parijda yashashni orzu qilganman, frantsuz adabiyotiga oshufta havaskor sifatida o‘sha yerda istiqomat qilsam, Balzak, Stendal, Bodler nafas olgan havodan men ham to‘yib nafas olsam, chinakam yozuvchi bo‘laman, Peruda qolsam, o‘rtamiyona qalamkashlikdan nariga o‘tolmayman, deb o‘ylardim. Chindan ham, qimmatli saboqlari, masalan, adabiyot faqat ilhom samarasi emas, intizom, mehnat va qat’iyat mevasi ekanini anglatgani uchun Frantsiya va frantsuz madaniyatidan o‘zimni qarzdor his etaman. Sartr va Kamyu hali o‘lmagan, ijod bilan nafas olgan davrda yashadim; Ionesko, Bekket, Batay va Choran, Brext dramaturgiyasi va Ingmar Bergman filmlari, Jan Vilarning Milliy xalq teatri va Jan-Lui Barroning “Odeon”i, “yangi to‘lqin” va “yangi roman”, Andre Malroning ommani mahliyo qilgan chiqishlari va o‘sha davr Yevropasining eng shov-shuvli tomoshasi – momaqaldiroqdek guldirab, yashindek chaqnagan general de Gollning matbuot anjumani va ma’ruzalari ko‘zimni ochdi.
Hammasidan ham, menga Lotin Amerikasini qaytadan kashf etishga yordam bergani uchun Frantsiyadan minnatdorman. Peru tarix, jug‘rofiya, umumiy ijtimoiy-siyosiy muammolar, uyg‘un hayot tarzi va og‘zaki hamda yozma munosabatlar asosi bo‘lgan betakror til vositasida birlashgan ulkan hamjamiyatning ajralmas bir qismi ekanini anglab yetdim. O‘sha yillari mazkur hamjamiyat bag‘rida mislsiz qudratli adabiyot dunyoga keldi. Farang zaminida Borxes, Oktavio Pas, Kortasar, Garsia Markes, Fuentes, Kabrera Infante, Rulfo, Onetti, Karpenter, Edvards, Donoso va boshqa adiblar kitoblarini o‘qib tushirdim. Ularning asarlari ispanzabon adabiyotiga yangi nafas olib kirdi, so‘z ustalarining xizmatlari tufayli Yevropa va kurrai arzning boshqa mintaqalari Lotin Amerikasi faqat davlat to‘ntarishlari, havoyi mustabidlar, sersoqol partizanlar, marakas cholg‘usi, mambo va cha-cha-cha raqslari vatani bo‘lib qolmay, rosmana adabiyot tilida yaratilgan badiiy g‘oya, shakl va obrazlar beshigi ekaniga ham ishonch hosil qildi.
O‘sha davrdan hozirga qadar Lotin Amerikasi goh turtinib, goh curtinib, anchagina yo‘lni bosib qo‘ydi. Lekin Sesar Valexo o‘z she’rida yozganidek, “hay, hermanos, muchí simo que hacer” (“birodarlar, hali qiladigan ishlarimiz ko‘p”). Boliviya va Nikaraguaning demokratiya da’vosidagi qo‘g‘irchoq hukumatlarini hisobga olmaganda, mintaqamizda yakkahukmdorlik tuzumlari barmoq bilan sanarli qoldi, darvoqe, Kuba va Venesuela ham o‘tmish diktaturalariga o‘zini voris deb biladi. Qit’aning boshqa mamlakatlarida demokratik tartib-qoidalar xalq dastagi bilan takomilga yetmoqda, Braziliya, Chili, Urugvay, Peru, Kolumbiya, Dominikana Respublikasi, Meksika, butun Markaziy Amerikadagi o‘ngu so‘l siyosiy kuchlar qonun ustuvorligi, fikr hurligi, saylov va hokimiyatning almashib turishi tamoyillari yo‘lida bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilmoqda, bu tarixda misli ko‘rilmagan hodisa. Rost yo‘l ham shu! Agar Lotin Amerikasi shu yo‘ldan og‘ishmay olg‘a yursa, zulukdek jamiyat qonini so‘rayotgan korruptsiyaga qarshi beayov kurashsa, tashqi dunyo bilan hamkorlikni jonlantirsa, hali-zamon “kelajak qit’asi”dan bugungi kun qit’asiga aylanadi.
Evropada, umuman, boshqa yerlarda ham o‘zimni hech qachon begona his etmaganman. Parij, London, Barselona, Madrid, Berlin, Vashington, Nyu-York, Braziliya, Dominikana Respublikasi – qayerda bo‘lmay, o‘z uyimdagidek bemalol umrguzaronlik qildim. Xotirjam yashash, ishlash, yangiliklar kashf etish, orzularga berilish, do‘stu yor orttirish, ma’naviy bisotimni boyitish uchun hamisha fayzli boshpana topildi. O‘zim istab-istamay dunyo fuqarosiga aylanib qolganim bilan, asl naslimni unutmadim, vatanim bilan robitani uzmadim – garchi endi kitoblarimdagi voqealar ona yurtimdan olisda kechayotgan bo‘lsa-da, Peru xotiralari hali ham menga tuganmas ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi. Kindik qonim to‘kilgan zamindan olisda kechgan yillar davomida vatan tuyg‘usi kuchaysa kuchaydiki, zaiflashmadi, tiyrak nigoh va ardoqli sog‘inchga doya bo‘lgan jonbaxsh xotiralar oqni qoradan, yaxshini yomondan ajratishga yordam beradi. Vatan ishqi majburlab uyg‘otilmaydi: muhabbatning boshqa ko‘rinishlari kabi u har bir insonning fitratida bo‘ladi, u oshiq-ma’shuq, ota-ona va farzandlar hamda do‘stlar ko‘nglini visol mujdasi bilan xushnud etadi.
Peru umrbod qalbim to‘rida yashaydi. Men o‘sha zaminda tug‘ilib o‘sdim, aqlimni tanidim, hayot yo‘lim, a’molimni belgilab bergan bolalik va yoshlik yillarimni o‘tkazdim, ilk muhabbatning shirin og‘riqlarini boshdan kechirdim, nafratlandim, xursand bo‘ldim, iztirob chekdim, bosh-keti yo‘q xayollarga berildim. Hali-hanuz Peruda ro‘y berayotgan voqealardan boshqa joylarga qaraganda ko‘proq hayajonlanaman, ko‘proq ta’sirlanaman, ko‘proq g‘amga botaman. Bu mening izmu ixtiyorim bilan kechadigan holat emas – tabiiy yo‘sinda shunday kechadi. Perudagi so‘nggi diktatura davrida demokratik mamlakatlarni mustabid tuzumga qarshi diplomatik va iqtisodiy jazo choralarini qo‘llashga da’vat etganimda, ayrim yurtdoshlarim meni xoinlikda ayblashdi, fuqarolikdan mahrum etilishimga ham bir bahya qoldi. Aslida, men Pinochet, Kastro, Afg‘onistondagi toliblar, Erondagi imomlar hokimiyati, JARdagi ayirmachilik siyosati yoki bugun Myanma deb atalayotgan Birmadagi harbiy zobitlar yakkahukmronligi – mustabidlikning har qanday shakllariga qarshi murosasiz bo‘lganman. Xudo ko‘rsatmasin, ertaga Peruda yana bir davlat to‘ntarishi ro‘y berib, endigina kuch olayotgan demokratiya niholi kesib tashlansa, yana shunday murosasiz yo‘l tutaman. Har narsani o‘z qarichi bilan o‘lchashga odatlangan badgumonlar mening bu xatti-harakatimni alamzada odamning his-hayajonga berilib, o‘ylamay-netmay aytgan gapi, deb iddao qilishdi. Yo‘q, men mustabidlik har qanday mamlakat uchun katta musibat; zo‘ravonlik va korruptsiyaning doyasi, degan qat’iy e’tiqoddan kelib chiqib shunday yo‘l tutdim, bu illat millatlar kelajagini xavf ostida qoldiradi, yillar davomida bitmaydigan og‘ir jarohatlar yetkazadi, demokratiya yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lib, avloddan avlodga o‘tadigan zararli odatlarning urchishiga olib keladi. Shuning uchun ham mustabidlik tuzumlariga qarshi barcha vositalarni, jumladan, iqtisodiy jazo choralarini qo‘llagan holda kurashish tarafdoriman. Achinarlisi, demokratik mamlakatlar hukumatlari Kubadagi “Oq kiyimli xonimlar”, Venesueladagi muxolifat, Aun San Su Chji yoki Lyu Syaobo kabi o‘z davlatida yakkahukmronlikka qarshi kurashayotgan kuchlarni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga zolimlar bilan qadah urishtirmoqda. Dovyurak insonlar faqat o‘zlarining emas, bizning hurligimiz uchun ham kurashayotganlarini esdan chiqarmaylik.
Vatandoshim Xose Mariya Argedas peruliklar tanasida turli el-elatlarning qoni oqadi, degandi. Topib aytilgan gap. Biz shunday xalqmiz, o‘zi istaydimi-yo‘qmi, har bir perulikning yuragida to‘rt ulus e’tiqodi – turli an’analar va diniy qarashlar qo‘nim topgan. Men o‘zimni ko‘hna Nask va Parakas madaniyatining vorisi deb his etaman. Ispan madaniyatiga qadar mavjud bo‘lgan ushbu tamaddun egalari oddiy qush patidan kiyim-kechak tikkan, hozirda dunyoning eng nomdor muzeylarida saqlanayotgan mochikano va ink kulolchiligi namunalarini yaratgan. Machu-Pikchu, Chimu, Chan-Chan, Kuelap kabi ko‘hna madaniyat o‘choqlarini, Sipan, El-Bruxo, El-Mol, La-Luna singari benazir me’moriy obidalarni bunyod etgan. Ayni chog‘da, o‘zimni Peruga qilich va nayza bilan Gretsiya, Rim madaniyati, yahudiy-nasroniy an’analari, Uyg‘onish nafasi, Servantes, Kevedo, Gongora kabi ijodkorlar, keyinroq And xalqlari andak sayqal bergan Kastiliya tilini olib kelgan ispan suvoriylarining avlodi deb bilaman. Afrika qit’asi ham Peruning rango-rang madaniyatini o‘ziga xos tarovati, musiqasi, ijodiyoti bilan yanada boyitdi. Tarix qatlamlariga chuqurroq kirib borilsa, Peru Borxesning “Alef”i kabi mo‘jaz miniatyuraga jo bo‘lgan hayhotdek mamlakat ekaniga amin bo‘lish mumkin. Hayratangiz sharaf sohibi bo‘lgan mamlakat xilma-xil madaniyat va qarashlarni o‘z bag‘rida tarbiyalagan.
Amerikaning bosib olinishi, boshqa barcha istilochilik yurishlari kabi qonli kurash va shafqatsiz qirg‘in sifatida tarixga kirdi va albatta buni aslo oqlab bo‘lmaydi. Lekin biz ko‘pincha ushbu talonchilik yurishlari va qirg‘inbarotlarning bosh aybdori o‘z ota-bobolarimiz – Amerikaga kemada suzib kelgan va hududga xos hayot tarzini qabul qilgan ispanlar (ularning Ispaniyada qolgan yurtdoshlari emas!) ekanini unutib qo‘yamiz. Demak, adolat yuzasidan tanqid nayzasini, avvalo, o‘zimizga qaratishimiz lozim. Ikki yuz yil muqaddam mustamlaka hududlar Ispaniyadan mustaqil bo‘lgach, hokimiyat tepasiga kelgan arboblar mavjud adolatsizlikka chek qo‘ymadi, hindularni ozod qilmadi, aksincha, o‘zga sayyoradan kelgan istilochilar kabi ularni quldek ishlataverdi, ayrim mamlakatlarda esa tubjoy xalqlari butunlay yo qisman qirib tashlandi. Haqiqatga tik boqib aytganda, ikki yuz yil davomida hindularni ozod etish bizning, ha, faqat bizning zimmamizdagi majburiyat bo‘lib kelmoqda. Bu hozirgacha butun Lotin Amerikasi xalqlari bo‘ynidagi tavqi la’nat bo‘lib qolmoqda – sharmandalikdan har birimiz uyalishimiz kerak!
Ispaniya – Peru kabi yuragimdan joy olgan mamlakat, bu yurt oldidagi qarzlarimni uzishga umrim yetmasa kerak. Yer kurrasida Ispaniya mamlakati bo‘lmaganida edi, men hech qachon ushbu minbarga ko‘tarila olmagan, adib sifatida tanilmagan bo‘lardim, ko‘plab qalamkash hamkasblarim kabi quyosh nuri yetib bormaydigan qorong‘u makonlarda qolib ketardim. U yerlarda taqdir kulib boqmagan talay ijodkorlar sarosar kezadi, ularning asarlari chop etilmaydi, o‘qilmaydi, ularga mukofotlar berilmaydi, ojizgina taskin shuki, shoyad, kun kelib, avlodlar ularning iqtidorini kashf etsa! Barcha kitoblarim Ispaniyada dunyo yuzini ko‘rdi, kamtarona mehnatlarim shu yurtda e’tirof etildi, Karlos Barral, Karmen Balsels va boshqa ko‘pdan-ko‘p do‘stlar qo‘lyozmalarim o‘z o‘quvchisini topishi uchun kuyib-pishib yordam berishdi. Vatanimda fuqarolikdan mosuvo bo‘layozgan paytim, Ispaniya menga ikkinchi fuqarolik hadya qildi. Ispan pasportiga ega perulik ekanimni hamisha tabiiy qabul qilganman. Negaki, faqat kaminaga bo‘lgan munosabatdan kelib chiqib emas, balki tarix, til, madaniyat kabi muhim omillarga tayanib, Ispaniya va Peruni bitta tanganing ikkita tomoni, deb hisoblaganman.
Ispan zaminida uzoq yillar umrguzaronlik qildim, lekin hammasidan ham, Barselonada 1970-yillar boshida kechgan besh yillik hayotimni yodga olganda, yuragim entikib ketadi. Franko diktaturasi otdan tushsa-da, egardan tushmagandi – hali ham ra’iyatga qurol o‘qtalib turardi, lekin jon talvasasida so‘nggi nafasini olayotgan qoqsuyak bemor holiga tushgan hokimiyat jamiyatni, xususan, madaniy sohani avvalgidek nazorat qila olmasdi. Mustabid hokimiyat ko‘targan baland devorda darz va yoriqlar paydo bo‘lgan, sergak ma’murlarning esa ularni yamashga qurbi yetmasdi, yoriqlar oralab ilgari taqiqlangan yangi g‘oyalar, kitoblar, falsafiy oqim va ta’limotlar, adabiy qarashlar kirib keldi. Boshqa biror shahar Barselona kabi erkinlik nasimidan ko‘p va xo‘b bahramand bo‘lmadi, boshqa biror shaharda Barselona kabi ijodiy-g‘oyaviy yuksalish ro‘y bermadi. Barselona Ispaniyaning madaniy poytaxtiga aylandi: hurlik havosini ehtiyojmand odamlar to‘p-to‘p bo‘lib kela boshladi. Bu go‘sha ma’lum ma’noda Lotin Amerikasi uchun ham madaniy markaz vazifasini o‘tadi: Lotin Amerikasi mamlakatlarida yetishib chiqqan talay rassomlar, yozuvchilar, noshirlar, san’atkorlar yo shu yerdan qo‘nim topgan, yo tez-tez kelib turardi, nafsilamri, bizning davrimizda yozuvchi, shoir, rassom, bastakor bo‘lishni niyat qilgan odam Barselonada yashashi shart edi. Bu shahar unutilmas birodarlik, do‘stlik munosabatlari, yangi asarlar, sermahsul ijod davri sifatida umrim kitobini yorug‘ sahifalar bilan boyitdi. Xuddi Parij kabi Barselona mashhur Bobil minorasini esga solar, umuminsoniy, kosmopolit shaharga aylangandi, Fuqarolar urushidan keyingi davrda ilk marotaba ispan va lotin amerikasi yozuvchilari o‘rtasida qardoshlik munosabatlari tiklandi, ildizi bir ekanini tushunib yetgan qalam ahli umumiy g‘oyalar ro‘yobi yo‘lida birlashdi, Ispaniyada diktatura hokimiyati so‘nggi kunlarini boshdan kechirar, yangi demokratik jamiyatda madaniyat asosiy o‘rin tutishi ma’lum bo‘lib qolgandi.
Garchi barcha umidlar oqlanmagan bo‘lsa-da, Ispaniyaning diktaturadan demokratiyaga o‘tishi bizning davrimiz uchun ibratomuz jihatlarga ega, negaki, bu evrilish sog‘lom tafakkur va idrokning g‘alabasiga yo‘l ochdi, magik realizm yo‘nalishi romanlarida bo‘lgani kabi mo‘jiza ro‘y berib, bir-birini ko‘rarga ko‘zi, otishga o‘qi yo‘q bo‘lgan siyosiy muxoliflar umum manfaati yo‘lida nizo va adovatlarni chetga surib, bir yoqadan bosh chiqardi. Ispaniyaning mustabidlikdan voz kechib ozodlikka, qoloqlikdan voz kechib ilg‘orlikka, “uchinchi dunyo” mamlakatlariga xos qashshoqlik va notenglikdan voz kechib “o‘rta tabaqa jamiyati” yo‘liga o‘tishi, Yevropaga integratsiyasi, demokratik tartibotni qisqa fursatda amalga tatbiq etishi mamlakatni jahon bilan hamqadam qildi. Ushbu o‘zgarishlarni yaqindan, ba’zida ichkaridan turib, cheksiz hayajon bilan kuzatdim.
Millatchilik zamonaviy dunyoning, jumladan, Ispaniyaning sog‘lom vujudiga ilashgan dardi bedavo, bu illat go‘zal ertakni fojiaga aylantirmasin, degan umid va ilinjdaman. Hududiy (ba’zida diniy) tarafkashlik, kaltafahm va kaltabin g‘oyalarga – millatchilikning har qanday xurujiga aslo toqat qilib bo‘lmaydi. Etnik va irqiy xurofotlardan oziqlanuvchi millatchilik o‘sib kelayotgan intellektual avlodni nobud qiladi. Xavotirli jihati, tasodifiy voqelik – insonning kindik qoni to‘kilgan joy omilini bayroq qiladi, palid qarashlarini yuksak axloqiy qadriyatlar bilan xaspo‘shlashga urinadi. Diniy mutaassiblik bilan birga, millatchilik insoniyat tarixidagi eng dahshatli qirg‘inlarga sabab bo‘lgan, bu o‘rinda jahon urushlari va Yaqin Sharqdagi bugungi taloto‘plarni eslash kifoya. Aynan millatchilik tufayli Lotin Amerikasi Bolqon kabi urush maydoniga aylandi, luzumsiz urushlar va nizolarda begunoh insonlar qoni to‘kildi, maktab, kutubxona va shifoxona qurish o‘rniga, behisob mablag‘lar qurol-aslaha sotib olishga sarflandi.
So‘qir millatchilik, “kelgindi”ni sig‘dirmaslik illatlari bilan vatanparvarlik tuyg‘usini chalkashtirmaslik kerak, zotan, ota-bobolarimiz yashagan, kindik qonimiz to‘kilgan, nurli orzu-xayollarimizni allalab kamolga yetkazgan, quvonchu shodliklarimizga shohid bo‘lgan, bizni kimsasizlik azobidan qutqargan zaminga muhabbat zulmatdagi nur kabi yo‘limizni yoritadi. Vatan bayroq, madhiya, yengilmas qahramonlar haqidagi otashin qasidalardangina iborat emas, vatan bu ko‘nglimizga sog‘inch nomi bilan muhrlangan qadrdon maskanlar, tug‘ishgandan-da yaqin insonlar, Yerning qaysi puchmog‘ida yashamaylik, kun kelib qaytganimizda malomatsiz o‘z bag‘riga oladigan ma’vodir.
Peru deganda, ko‘z oldimga Arekipa – kindik qonim to‘kilgan, lekin taqdir taqozosi bilan tark etgan ona shahrim keladi, chinakam arekipenos (arekipalik) bo‘lgan jigarlarim ovorai jahon bo‘lib, darbadar kezgan davrlarida ham Oq shaharni unutmaganlar – onam, buvam va buvim, xolalarim aytib bergan sog‘inchli hikoyalar bilan bu shaharning nurli siymosi ongu shuurimga muhrlandi. Peru deganda, ko‘z oldimga Pyura – cho‘lning qoq o‘rtasida bino bo‘lgan, sahroyi daraxtlari, mehnatkash pak-pakana eshaklari (pyuraliklar g‘iring demay xizmat qiladigan bu jonivorlarni “ikkinchi oyog‘imiz” deb erkalab qo‘yishardi) bilan yodda qolgan joylar keladi, shu yerda chaqaloqlarni laylak olib kelmasligi, balki cherkov gunohi azim deb baholagan er-xotinlik munosabatlaridan dunyoga kelishini bildim. Peru bu – San-Migel maktabi va ilk bor bir parchagina pesam sahnalashtirilgan “Varete” teatri. Peru bu – Limaning Miraflores dahasidagi Diyego Ferre va Kolumb ko‘chalari kesishgan chorraha, uni “baxt keltiruvchi daha” deb atagandik, shu yerda kalta ishtonli bolakaydan shim kiygan o‘spiringa aylandim, birinchi marta sigareta chekdim, raqsga tushishni o‘rgandim, sevgi dardiga yo‘liqdim, izhori dil qildim. Peru bu – “La Crónica” gazetasining tunu kun qirqquloq qozondek qaynagan tahririyati, shu yerda o‘n olti yoshimda qo‘lda qalam bilan ish boshladim, adabiyot kabi bu sehrli olamni ham butun umr tark etolmadim, jurnalistlik to‘kisroq yashash, dunyoni to‘laroq anglash, turfa mamlakat, turli tabaqadagi odamlar – erkak-ayol, do‘st-dushman, yaxshi-yomon bilan ko‘rishishga imkon berdi. Peru bu – Leonsio Prado nomidagi harbiy akademiya. Xonanishin bo‘lib yashab ko‘p narsadan g‘ofil ekanman, akademiyada o‘qib, Peru mo‘jazgina qal’a emas, ko‘hna va ulkan mamlakat ekanini bilib oldim, tengsizlik hukm surgan jamiyatda tez orada qudratli bo‘ron va dovullar yuz berishini savqi tabiiy bilan angladim. Peru bu – “Kaxide” yashirin tashkiloti, San-Markos universitetining bir guruh “shakkok” talabasi o‘zimizcha jahon inqilobiga hozirlik ko‘rgandik. Peru bu – Ozodlik harakatida ishtirok etgan qadrdonlarim; qo‘poruvchilik harakatlari, ta’qib-tazyiqlar va siyosiy qotilliklar sharoitida uch yil davomida demokratiya va erkinlik madaniyatiga ko‘ksimizni qalqon qilgandik.
Peru bu – Patrisiya, ohudek hech kimga tutqich bermagan xolavachcham, qirq besh yil muqaddam boshimga baxt qushi qo‘nib, unga uylandim. U hozirgacha mening injiqliklarim, savdoyi fe’lim, quyushqonga sig‘maydigan odatlarimga toqat qilib kelmoqda, ijod uchun badastir sharoit yaratib, issiq-sovug‘imdan xabardor bo‘lib turibdi. Shu mushfiq xilqat bo‘lmaganida, turmushning shiddatli dovullarida yo‘q bo‘lib ketishim ham mumkin edi, hayotimizga nur olib kirgan farzandlarimiz Alvaro, Gonsalo, Morgana va olti nabiram dunyoga kelmagan bo‘lardi. Qo‘lidan hamma ish keladi va hamma ishni qoyilmaqom bajaradi. Patrisiya uydagi muammolarni hal qiladi, xo‘jalik ishini yuritadi, boshboshdoqlikka chek qo‘yib, tartib o‘rnatadi, jurnalistlar va xira muxlislarni quvib soladi, vaqtimni himoya qiladi, uchrashuv va safarlar uyushtirishga bosh-qosh, safarxaltamni hozirlaydi, shu qadar olihimmatki, ahyon-ahyonda “Mario, qo‘lingdan yozishdan boshqa ish kelmaydi!” deb “xushomad” ham qilib qo‘yadi.
Adabiyot mavzusiga qaytsak. Bolaligim chinakam poshsholikda o‘tgan, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Kochabambadagi uch ayvonli hovlimizda katta xonadon muhitida o‘sib ulg‘aydim. Amakivachchalarim va do‘stlarim bilan goh Tarzan bo‘lardik, goh o‘zimizni Salgari qahramonlari qiyofasida tasavvur qilardik. Pyura prefekturasidagi uylar cherdagida ko‘rshapalaklar in qurgandi, falak toqida yulduzlar nur sochadi, kun bo‘yi issiqdan aziyat chekkan zamin harsillab nafas oladi, shu mahal ko‘rshapalaklarning uchishi bizga sirli-cinoatli bo‘lib tuyulardi. U mahallar yozish men uchun anchayin o‘yin edi, qoralamalarimni tinglagan yaqinlarim ko‘nglimni ko‘tarishar, meni – nabira va yetim jiyanchani (menga otang o‘lgan, deb aytishgandi) qarsaklar bilan siylashardi. Otam bo‘ydor, ko‘rkam kishi bo‘lgan, harbiy dengiz formasida tushgan surati stolim ustida turardi: har tun uyquga ketishdan oldin suratni qo‘limga olib duo qilar, so‘ng uni o‘pib qo‘yardim. Pyurada kechgan tonglarning birida – o‘shanda ichimga kirib olgan dilxiralik hali-hanuz meni tark etmagandek – onam suratdagi kishi asli tirik ekanini aytib qoldi. Otam bilan yashagani Limaga jo‘nab ketishimiz kerak ekan. O‘shanda o‘n bir yoshda edim, shu voqeadan keyin hamma narsa o‘zgardi-qoldi. Bolalikka xos ma’sumlik qaygadir g‘oyib bo‘ldi, bola idrokimga yolg‘izlik, hukmfarmolik, kattalar hayoti va hadik tushunchalari bostirib keldi. Xayriyat, kitoblar, yaxshi kitoblar jonimga ora kirdi, faqat go‘zalliklardan iborat olamdan boshpana topdim, oxiri ko‘rinmaydigan sarguzashtlarga andarmon bo‘lib, yana erkinlik va baxt tuyg‘usiga oshno tutindim. Bu vaqtda kishibilmas yoza boshlagandim – biror ayb ishga qo‘l urgandek, taqiqlangan mevani tanovul qilgandek sezardim o‘zimni. Adabiyot men uchun ortiq o‘yin bo‘lmay qoldi. U noxush vaziyatlarga qarshi norozilik, isyon, ko‘ngilsizliklarni aritish, hayot mazmunini qidirish vositasiga aylandi. O‘sha paytlardan hozirga qadar dilgir bo‘lsam, sarosimaga tushsam, ko‘nglimni ruhsizlik chulg‘asa, boshim bilan yozuv-chizuvga sho‘ng‘iyman, zim-ziyo jinko‘chada ketayotgan odam birdan yorug‘likka chiqqandek, halokatga uchragan kemaning ochiq dengizda qolib ketgan yo‘lovchisi daf’atan qayiqqa duch kelib qolganidek, adabiyot menga najot qo‘lini cho‘zadi.
Yozish igna bilan quduq qazishdek mashaqqatli ish, gohida oyoq-qo‘lim falaj bo‘lib, yuragim urishdan, miyam ishlashdan to‘xtaganga o‘xshaydi (boshqa yozuvchilarda ham shunday bo‘lsa kerak), lekin bu kabi qiyinchiliklarga qaramay, dunyodagi hech bir mashg‘ulot asar ustida oylab, yillab ter to‘kish asnosida orttirilgan zavqni berolmaydi, dengiz tubiga sho‘ng‘igan chapdast g‘avvosdek adabiyot saltanati oralab so‘z yombilarini qidirasiz, bedor tunlar, jiddi jahd o‘z samarasini beradi, marvaridning sochilib ketgan donalari tizilib, yaxlit asar dunyoga keladi. “Yozuvchilik bu – hayot tarzi”, degan Flober qanchalar haq edi. Bu shunday hayot tarziki, gohida xomxayollarga berilasiz, gohida quvonchdan o‘zingizni yo‘qotasiz, gohida ko‘nglingiz tizginsiz fikrlardan olovlanadi, asov ot ketidan quvlagan shinavanda ovchi singari tutqich bermas obrazlar ortidan tushasiz, ishtaha ovqat mahali kelganidek, ijod sururi ko‘zingizni ko‘r, qulog‘ingizni kar qilganini-da sezmaysiz. Roman ustida ishlash asnosida voqealar sur’atidan dastlab andak boshingiz aylangandek bo‘ladi, asar qog‘ozga ko‘cha boshlagach, sarkash personajlar sizga bo‘ysunmay qo‘yadi, o‘zi bilgancha harakatlanadi, o‘ylaydi, his etadi, hatto o‘ziga hurmat-e’tibor talab qila boshlaydi, endi ularni biror ishga majburlab bo‘psiz, erkidan mahrum etishni esa xayolingizga ham keltirmang, faqatgina jonini olish orqaligina personajlarni yana o‘z izmingizga sola bilasiz, ammo voqealar tabiiy maromini bu tarzda o‘zgartirish bilan o‘quvchi ishonchini qozonib bo‘lmaydi – hatto hozir ham qo‘limga qalam olganimda, o‘sha ilk mashqlar chog‘i his qilgan hayajonli kechinmalardan qutulolmayman. Bu kechinmalar shu qadar inja, shu qadar sohirki, ularni sevikli dildor bilan kunlab, haftalab, oylab o‘tkazilgan visol lazzatigagina muqoyasa qilish mumkin.
Adabiyot haqida gapira turib, romanga ko‘proq ahamiyat qaratdim-u, uning yana bir muhim shakli – dramaturgiyaga xiyla e’tiborsizlik qildim. Bu, albatta, borib turgan adolatsizlik. Drama – mening birinchi muhabbatim. O‘smir paytim Limadagi Segura teatrida Artur Millerning “Gumashtaning o‘limi” spektaklini tomosha qildim, qarashlarimni ag‘dar-to‘ntar qilgan ushbu tomosha ta’sirida muk tushib inklar haqida pesa qoraladim. O‘tgan asrning 50-yillari Limada teatr harakati keng yoyilganidami, men romannavis emas, dramaturg sifatida tanilgan bo‘lardim. Ammo sahna san’ati xos doirada qolgani sababli, ko‘proq hikoya shakllari ustida izlandim. Teatrga muhabbatim so‘nib qolgani ham yo‘q: romanlarning quyuq soyasida pinakka ketgan bu tuyg‘u biror spektakl ko‘rib, mutaassir bo‘lgan mahalim yana bosh ko‘tarib, oromimni o‘g‘irlardi. 1970-yillar oxirida yuz bilan yuzlashgan qariya qarindoshim Mamae momo haqidagi xotiralar menga tinchlik bermadi. Umrining so‘nggi yillari yaqinlari bilan aloqani tamomila uzib, uzlatga chekingan, xotirot va xayolot olamidan panoh topgan ayol taqdirini qalamga olgim keldi. O‘shandayoq, bu voqeani faqat teatr uchun yozish lozimligi, voqealar silsilasini sahnadagina yorqin va ta’sirchan tarzda ifodalash mumkinligini his etdim. Ushbu pesani havaskor qalamkashga xos hayajon va jur’atsizlik bilan bitdim, bosh rolni Norma Aleandro ijro etgan asarni sahnada ko‘rganimda esa, yelkamdan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldi, shu-shu, roman va hikoyalar orasidagi tanaffuslarda mazkur janrga bot-bot murojaat qildim. Ochig‘ini aytay, yetmish yoshimda o‘zim ham sahnaga aktyor sifatida hayajondan turtinib-curtinib chiqishim yetti uxlab tushimga kirmagandi. Bu qaltis sarguzashtmonand holat butun umr turfa taqdirlarni qalamga olgan yozuvchi – kaminaga ilk bor badiiy to‘qima mahsuli bo‘lgan personaj hayotini tomoshabin qarshisida yashab ko‘rish imkonini berdi. Ushbu bokira taassurotlarni (hayajon va qo‘rquvdan esxonam chiqib ketganini ham qistirib o‘tmasam bo‘lmas) bayon etishga meni ko‘ndirgani uchun do‘stlarim – rejissyor Xuan Olle va aktrisa Aytan Sanches Gixondan benihoya minnatdorman.
Adabiyot – hayotning yolg‘ondakam tasviri, lekin u borliq mazmunini anglashda ko‘makka keladi, inson tug‘ilib, adashib-uloqib, axiyri o‘lim topadigan uch-keti yo‘q turmush so‘qmoqlarida sarbon yanglig‘ yo‘l ko‘rsatadi. Real voqelikdagi omadsizlik va dilsiyohliklarni unutishga yordam beradi, adabiyot ko‘magida tiriklikning qator jumboqlari yashirilgan maxfiy yozuvni qisman bo‘lsa-da, o‘qish mumkin, zotan, odamzod tabiatan qat’iyatdan ko‘ra shubha-gumonga moyil, aql yoki tajribaning ustunligi, shaxsiy va jamoaviy vazifalar, ko‘ngil amri, moziyning ma’nisi va ma’nisizligi, tafakkurning o‘zgarib turishi kabi masalalar ko‘pincha bizni boshi berk ko‘chaga olib kirib qo‘yadi.
Meni quyidagi holat chandon hayratimni oshiradi: hali aqlsiz mavjudotlardan u qadar farq qilmaydigan ajdodlarimiz (muloqot vositasi sanalgan til endigina paydo bo‘lgan paytlar, axir) mavhum bir alfozda – g‘orlarda, gulxan atrofida o‘tirgancha, momoqaldiroq va chaqmoq kabi tabiat tahdidlari, vahshiy jonivorlarning xuruji sharoitida, hikoyalar o‘ylab topib, bir-biriga aytib berishni o‘rgangan. Bu insoniyat tarixidagi muhim pallalardan biri edi, negaki, roviyning sirli ovozi va ajabtovur hikoyalariga maftun bo‘lgan ibtidoiy odamlar keyinroq tsivilizatsiya yaratdi, qabilalardan individlar ajralib chiqdi, olis tadrijiy taraqqiyot mustaqil fikrli kishilarni tarbiyaladi, fan, san’at, qonun, erkinlik g‘oyalari yuzaga keldi, insonni, tabiat va koinotni tadqiq etishda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan natijalarga erishildi, odamzod yulduzlarga uchishni ko‘zlab qoldi. Tilsimlarga boy olamning tahdidlaridan yurak oldirib qo‘ygan, tiriklikning bor ma’no-mazmunini betizgin nafs mayllarini qondirish va jonini ofatlardan saqlash deb bilgan ibtidoiy tinglovchilarga ilk ertaklar, masallar, asotir, afsonalar, hoynahoy, jaziramada yoqqan laylakqordek kuchli ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa kerak. Odamlar roviyning hikoyalaridan ilhomlanib, orzu-xayollarga beriladigan, o‘y-fikrlari bilan o‘zaro o‘rtoqlashadigan bo‘ldi: yashab qolish uchun muttasil kurashishga odatlangan, tanglayi turmush tashvishlari bilan ko‘tarilgan odamzodning hayot tarzi o‘zgaradi. Atrof-muhitdagi jumboqlarni yechish, sinoatlarning tagiga yetish shahdida mavjud qoliplar favqulodda jasorat bilan buzib tashlandi.
Uzluksiz takomillashuv jarayonida yozuv paydo bo‘ldi, og‘zaki hikoyalarni yozib qo‘yish, demakki, ularni mangulikka muhrlash imkoni tug‘ilishi bilan adabiyot yuzaga keldi. Yangi avlod qulog‘iga quyib olmagunicha, adabiyotni shunchaki ko‘ngilochar mashg‘ulot, faqat aqlni peshlovchi, zehnni ochuvchi, shijoatni oshiruvchi faoliyat turi sifatida tushunish xato ekanini takrorlashdan charchamaymiz. Adabiyot tsivilizatsiyani saqlab qolish uchun kerak, u insoniyatning eng yaxshi fazilatlarini tarannum etish orqali bashar zotini qutqaradi. Taraqqiyot g‘ildiragi orqaga aylanib, insonlar yana ibtidoyi hayot tarziga qaytib ketmasligi uchun kerak u. Odamlar voqelikka haddan ziyod chuqur kirib borib, mo‘tadil yo‘ldan toyib ketmasligi uchun kerak u. Inson o‘zi yaratgan aqlli mashinalarga qul va xizmatkor bo‘lib qolmasligi uchun kerak u. Bu dunyo adabiyotsiz ideallardan mosuvo, jonsiz temirtan mashinalar olamiga aylanadi, insonni inson qiluvchi, odamiylikning javhari bo‘lgan fazilatlar unutiladi.
Tafakkur va tasavvur mevasi bo‘lgan adabiyot g‘orlardan osmono‘par binolarga qadar, so‘yildan ommaviy qirg‘in quroliga qadar, qabilaviy hayotdan globallashuv davriga qadar insoniyatga muallimlik qildi, g‘aflat uyqusiga ketishdan, qirg‘in va halokatlardan saqladi. Boshqa biror san’at turi “yolg‘on hayot” – adabiyotchalik xayolimizni o‘g‘irlamaydi, ongu shuurimizda inqilob yasamaydi. Zotan, adabiyot bizga real hayot bera olmaydigan qizg‘in sarguzashtlar, otashin tuyg‘ularni tuhfa etadi. Adabiyot – yolg‘on, lekin ongu shuurimizga u qadagan umid urug‘lari nish urib, niholga aylanib, mevaga kirib, haqiqatga do‘nadi. Sehrgar adabiyot insonlarga mo‘l-ko‘l umid va ishonch ulashadi, ushalmas niyatlarni ushaltiradi, zo‘ravonlikni kamaytirib, birodarkushlik urushlarining payini qirqadi, odamzodda o‘zidan qoniqmaslik va isyonkorlik ruhini uyg‘otadi, bu esa hamma zamonlarda ham taraqqiyot omili bo‘lib kelgan. Ha, zo‘ravonlikni kamaytiradi, lekin uni ildizi bilan quritib tashlay olmaydi. Chunki, yaxshimi yo yomonmi, insoniyat tarixi tugallanmagan tarixdir. Demak, biz orzu qilish, o‘qish, yozishdan bir soniya ham to‘xtamasligimiz kerak, zero, foniyni boqiyga aylantiruvchi, asov vaqt ustidan hukm yuritishga imkon beruvchi eng samarali yo‘l – shu!

Stokholm, 2010 yil 7 dekabr

Rus tilidan Sobirjon Yoqubov tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 3-son