Manuel Ferreyra. Ilk raqs kechasi (hikoya)

– Oyijon! Bugungi Ze-de-Kanda raqs kechasiga borishni juda-juda xohlayapman! Nima deysiz, ruxsat berasizmi?
– Qizim, Belinya, raqs kechasiga borish uchun hali yoshlik qilasan. Ulg‘aygin, Sonsentda bo‘ladigan barcha raqs kechasida ishtirok etasan.
– Oyijon, hamma o‘rtoqlarim borayapti-ku. Men ham bora qolay? Bir o‘zim bormayapman-ku. Qarang, mana, bo‘yimning o‘sganini. Kattaman-ku, – Belinya shunday deb oyoq uchida turib olganini ko‘rgan onasi kulgidan o‘zini tutib turolmadi. Vaqtning o‘tishini qarang. Bamisoli uchqur ot! Bolalari ko‘z o‘ngida juda tez katta bo‘lishyapti-ya. Ko‘z tegmasin, qizi xo‘p yetilgan-da, go‘zalligini aytmaysizmi: sochlari qalin, yuzi naqsh olmaday. Juda ko‘zga yaqin-da.
– Oyijon, ruxsat berasizmi?
– Yo‘q dedim-ku senga, yo‘q. Sendan xavotir olaman, qizim.
– Raqs tushganimni bir ko‘rganingizda bormi! Barcha raqslarga bemalol tusha olaman. Bayramda qanday raqs tushganim yodingizdami?
– Yodimda qizim, yodimda. Qizginam Belinya, javob bermayotganimning sababi, yengiltak yigitlar boshingni aylantirmasin deyapman-da. Sen kimsan Sento-Antaoning qizisan-a! Axir bizning qiz va ayollarimiz o‘z xulq-atvorlari bilan barchaga namuna bo‘lganlar. Men seni o‘ylayapman, jon qizim. Yoshlik – beboshlik, deydilar. Har qadamingni o‘ylab bosishing kerak.
– Oyijon, qadamimni o‘ylab bosaman. Aqlim joyida. Axir men bilan dugonam Rozinya Ana ham boradi, u juda odobli qiz, uni o‘zingiz yaxshi taniysiz-ku. Shu dugonam bilan birga borishimga ruxsat bera qoling. Uning yonidan jilmayman. So‘z beraman sizga. Juda borgim kelyapti-da.
Ona-bola yonma-yon o‘tirardi. Qiz onasining qo‘llarini silab-siypar, erkalanar, onasining bir og‘iz “xo‘p” deyishiga intizor, ko‘zlarini uning og‘zidan olmas edi.
Kulbalari yonida o‘tirgan erkaklar erinchoqlik bilan sigareta chekib, kechki salqin tushishini intizorlik bilan kutishar edi. Quyosh asta-sekin botib borardi. Pastlikka olib tushuvchi yolg‘izoyoq yo‘lda bir qancha yosh-yalang so‘zlashib borardi. Aftidan ular ham raqs kechasiga oshiqayotgan bo‘lsa, ajab emas. Bir gapirib, o‘n kular edilar. Ha, yoshlik xo‘p ajoyib davr-da!
Uzoqdan yurakni entiktiruvchi qo‘shiq eshitila boshladi. Qo‘shiqchi gitara ohangiga monand kuylardi, asta eshitilayotgan qo‘shiq ko‘ngilga xush yoqar, xayolni uzoq-uzoqlarga olib ketardi.

Sokin va Mindel tunlari… –

deya boshlanuvchi bu qo‘shiqni eshitgan ona beixtiyor o‘z yoshligini eslab ketdi. Oh, o‘sha shirin damlar… Quvonchli kunlar… Bug‘doytepa yonidagi Tarrafal qo‘rg‘onidagi va Paula sohillarida kechgan sevgi onlarini sog‘inch bilan eslay ketdi. Raqsga tushgan kechalarni eslamay bo‘lar ekanmi… Shirin o‘y-xayollar uning jismi-jonini chulg‘ab oldi.
– Oyijon, ruxsat bera qoling! – hamon yalinardi Belinya.
O‘z yoshligini eslab, shirin xotiralarga berilgan ona qizining intiq ko‘zlariga tikilib qaradi-yu, ona ekan-da, ko‘ngli iyib ketdi.
– Yig‘ini bas qil, qizim! Raqs tushgani borasan, ruxsat beraman! Lekin esingda bo‘lsin, Sonsent yigitlari raqsga taklif etsalar, xo‘p deb o‘tirma, tag‘in. Tushundingmi? Dugonangning yonidan bir qadam jilma.
Qorong‘ulik yon-atrofga o‘z chodirini yoymoqda edi, asta-sekin salqin tushmoqda edi. Osmonda yulduzlar birin-sirin ko‘zga tashlana boshladi. Oy atrofni nuri bilan yoritgan bir paytda Ze-de-Kanda raqs kechasi boshlandi.
Chog‘roq raqs zali charog‘on qilib yoritilgan edi. Yosh-yalanglar gavjum, havo dim, atrofdan turli xil hidlar dimoqqa urilardi.
Mahalliy yigitlar ham asta-sekin yig‘ila boshladilar: ular orasida ishchilar, talabalar ham bor. Musiqa yangray boshladi. Migelim ismli yigit Belinyani raqsga taklif etdi.
– Belinya, senga bu yer yoqyaptimi? – so‘radi u qizdan.
– Ha, yoqyapti, – javob berdi Belinya.
– O‘qishlaring qanday? Qaysi kasbni yoqtirasan?
– Shifokor bo‘lishni orzu qilaman.
– Belinya, senga gapiradigan gaplarim ko‘p. Eshityapsanmi, Belinya?
Raqs kechasi qizigandan-qizimoqda edi. Kimningdir baqirib gapirgan ovozi eshitilar, kimdir birovni chaqirar, tevarak-atrofdan almoyi-aljoyi hazil-huzullar quloqqa chalinardi. Ajoyib raqs kechasi bo‘layotgan edi.
Bu yerga yig‘ilganlarning barchasi yoshlar. Ular miriqib raqs tushmoqda edilar.
– Hoy, yigitlar, qizlarni xafa qilmanglar! – dedi kimdir yigitlarni tartibga chaqirib.
Engil-elpi hayot kechirishga o‘rgangan qizlar oyoqlarini bir-biriga chalishtirib, qo‘llari orasiga sigareta qistirib olgandilar. Bu hol Belinyaga erish tuyuldi. Tavba, qanday joyga kelib qoldi o‘zi!
– Qani, sho‘xrog‘idan chalinglar! – degan ovozlar eshitilardi yon-atrofdan. Raqs tushayotganlar gavdalari tebrangancha, juft-juft bo‘lib raqs tushardilar.
Belinya Migelimdan o‘zini olib qochsa-da, uning shirin so‘zlari qizni rom eta boshlagandi. Qanday qilib undan qutulsa ekan? Kuchi yetarmikan. U bilan raqs tushayotgan bu yigitning qo‘llari juda abjir, gavdasini aytmaysizmi! Lekin qiz yigitning nimasini yoqtirib qoldiykin?
– Belinya, xo‘p desang, raqs kechasidan so‘ng seni uyingga kuzatib qo‘yaman. Bu yerdagi valakisalang yigitlardan o‘zim seni himoya qilaman. Belinya, yo‘q dema, – dedi-da, Migelim qizni o‘ziga tortdi.
Qiz cho‘chib tushdi. Uyatdan qip-qizarib ketdi.
Migelim shirin so‘zlar bilan qizning ko‘nglini ovlay boshladi. Bunday so‘zlarni ilk bora eshitgan qiz o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. O‘zi bilmagan holda yigitni yoqtirib qoldi. U bilan raqs tushar ekan, bu kecha o‘zini nihoyatda baxtli his etdi.
– Belinya, senga g‘aroyib gap aytmoqchiman. Faqat raqsdan keyin aytaman.
– Hozir aytsangiz-chi.
– Yo‘q, bu sir. Yur, bu yerdan tashqariga chiqamiz, xo‘sh, nima deysan?
Qiz yigitning tuzog‘iga ilinmaslikka harchand harakat qilmasin, lekin aytilayotgan shirin so‘zlar oldida ojiz qolayotgan edi. Yigit tobora uni o‘ziga rom qilib, maftun etib qo‘ygandi.
Nihoyat, raqs kechasi tugadi.
Raqs tushib, dillarini yozgan yigitlar kaftlarini bir-biriga ishqab zavq olardilar. Musiqachilar ham raqs musiqalarini boplab chalishdi-da, o‘ziyam.
Raqs tushganlar hamon bir-birlaridan ko‘ngil uzolmay, yonma-yon turardilar. Musiqa va raqs ularni ipsiz bog‘lab qo‘ydimikan?
– Belinya, yur, yana raqs tushaylik, – iltijo bilan dedi Migelim va qizni qo‘ltiqlab oldi.
Belinya qizarib ketdi. Hamma ularga qarab turibdi. Uyat-da, axir! Tavba, Migelim nega hammaning oldida uni uyaltiradi? Ko‘rinishidan aqlli, o‘zini tutib olgan yigitga o‘xshaydi. Uning aytganiga ko‘nsam, nima qipti?
Ikkala yosh bir-biriga qarab qoldi. Yon-atrofdagilar asta-sekin tarqala boshlashdi. Tashqari salqin bo‘lgani sabab ular qo‘ltiqlashib keta boshladilar.
– Yur, Belinya, ketdik! – dedi Migelim.
Qayerga? Yo‘q, u bu yerdan hech qayoqqa bormaydi. Faqat bufetgagina chiqishi mumkin. Tavba, Migelim unga yelimdek yopishib olgani-chi! Qanaqa yigit o‘zi u?
– Senga qalbimni ochmoqchiman.
U asta qizning qo‘lidan oldi.
– Yur, Belinya, senga yomonligim yo‘q.
Yo‘q, yo‘q, bu yigit bilan ketmaydi. Shu yerda qoladi. Bu yigitdan u qo‘rqadi.
– Azizam, Belinya, senga bir gap aytmoqchiman, xolos. Yo‘q dema, yuraqol.
Bu yigitga ishonsa bo‘larmikin? Yo‘q, nima gapi bo‘lsa shu yerda aytaversin, mayli, bufetda ayta qolsin.
– Belinya, so‘zimni qaytarma.
– Yo‘q, yo‘q, siz bilan ketmayman.
– Belinya, yo‘q demagin.
Belinya istar-istamas yigitga ergashdi. Qiz avvaliga yigitdan cho‘chidi. Qayerga boshlab ketayapti, o‘zi?
Tun qorong‘usida atrofdan turli xil ovozlar quloqqa chalinardi: naq Afrika mamlakatida yangrovchi zamonaviy musiqa qalbni junbushga keltirardi. Atrof oy nuriga chulg‘angan. Migelim:
– Belinya! – dedi-yu, qizni quchog‘iga oldi. Qiz uning shirin so‘zlariga uchdi-yu… Uning qichqirig‘i zim-ziyo tun qa’rida yo‘q bo‘lib ketdi.

Rus tilidan Dilorom Azimova tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 3-son