Mahmud Taymur. Salom poshoning xolasi (hikoya)

Kamolbek “Al Jund” qahvaxonasida do‘stlari bilan har doimgidek qahvaxo‘rlik qilib, chilim tortib o‘tirardi. Qo‘lida hozirgina sotib olingan gazeta. Kechki poytaxt gazetasining odatda ta’ziyanomalar beriladigan joyida, yo‘g‘on hoshiya ichiga olingan kattagina ta’ziyanoma bosilgandi. Unda shunday deyilgan:
“Og‘ir musibat, mudhish judolik! Aslzodalar ichida o‘z muruvvati va sharafli faoliyati bilan dong taratgan, sobiq hukumat amaldori muhtaram janobi oliylari Muhammad Salom poshoning mehribon xolalari bandalikni bajo keltirdilar. Ular o‘zlarining Sharjadagi qasrida, hatto hoziq tabiblarni ham ojiz qoldirib, uzoq davom etgan og‘ir kasallikdan so‘ng hayotdan ko‘z yumdilar. Marhuma jasadi ertaga ertalab soat to‘qqizu o‘ttizda maxsus poyezdga solib, soat roppa-rosa o‘nda vokzaldan jo‘nab ketadi. Mayit va jiyanining mavqei vajidan dafn marosimida ko‘plab taniqli shaxslar ishtirok etishi kutilmoqda”.
Kamolbek ko‘zga yaqqol tashlangan bu xabarni diqqat bilan o‘qib chiqqach, xandon otib kulib yubordi va atrofidagilarga qarab:
– Favqulodda muhim xabar, do‘stlar! – dedi.
Hamma unga hayratlanib qaradi. Kamol kulib davom etdi:
– Salom poshoning xolasi olamdan o‘tibdi.
Suhbatdoshlardan biri hayron bo‘lib so‘radi:
– Buning nimasi kulgili?
– Men uning xolasi borligidan bexabar edim.
U yana kuldi. Do‘stlaridan biri Kamolga qarab:
– Men esa bu haqida eshitganman, – dedi.
– Ajabo!
– Ajablanishga haqqing bor, chunki uning borligini hammadan yashirishardi. Salom posho o‘z xolasi haqida odamlar hech nima bilmasliklariga harakat qilar edi.
– Nimaga unday qilgan ekan?
– U shov-shuvdan qo‘rqardi. Sharja yaqinidagi kulbasida qo‘l uchida kun ko‘rayotgan faqir xolasi borligidan odamlar xabar topsa, nima bo‘lishini bilasanmi?
Hamma Rif’atbek tomon o‘girilib oldi, Kamolbek yana so‘radi:
– Bundan chiqdi, gazetada ta’kidlangan marhuma olamdan o‘tgan qasr aslida yo‘q narsa ekan-da?
– Albatta yo‘q. Salom posho xolasining tang ahvoldaligini, faqirona yashashini bilsa ham, yordam bermasdi. Men aniq bilamanki, u xolasiga oxirgi yillarda boshqaruvchi vositasida ellik qursh bergan, xolos. Salom posho u bilan qarindoshligini inkor qilgan, ammo bechora ayol, aksincha, turli yo‘llar bilan undan yordam olish uchun harakat qilib kelgan. Biroq posho bu qarindoshidan qochar va hazar qilardi. Chunki xolasi poshoning og‘ir va qora o‘tmishi bilan bog‘lovchi yagona rishta edi. O‘sha mash’um kunlarda posho o‘zining oddiy ko‘k ko‘ylagi va qo‘pol junqalpog‘ini kiyib, mol boqar, tovoq boshiga qo‘yib, dalada ishlaydigan otasiga tushlik olib borar edi.
– Qiziq. Sen bular barini qayerdan bilasan, Rif’atbek?
– Men bularni Salom posho tarbiya topgan oilaning bir a’zosidan eshitganman. Salom posho haqida qayg‘urgan oila boshlig‘i mehribon va ochiqqo‘l odam edi. U Salomni qanoti ostiga olib, o‘z o‘g‘illari qatorida Qohiradagi boshlang‘ich maktabga beradi va to shahodatnoma olgunicha o‘qish pulini ham to‘laydi. Salomning o‘rta maktabda o‘qishni davom ettirishga layoqatsizligi ma’lum bo‘lgach, valine’mati, o‘zi tanigan odamlarga yalinib-yolvorib, uni hukumat idoralaridan biriga oddiy yugurdak bo‘lib yollanishiga yordam beradi. Salom o‘z mavqeiyda yaxshi o‘rnashib, mansab pillapoyalaridan ancha yuqorilab olgach, oddiy va itoatkor o‘spirin borib-borib o‘jar va takabbur odamga aylandi. Uning omadi chopgandan-chopdi, tez orada katta lavozimlarga o‘tdi va dimog‘i battar shishib ketdi. Salomning fe’l-atvoridagi g‘arazgo‘ylik to‘liq oshsa oshdiki, kamaymadi. U o‘tmish bilan bog‘liq hamma narsani, hatto uni tarbiyalab o‘qitgan, uning omadli kelajagini ta’minlagan kishini ham unutdi. Ha, do‘stlar, Salom nonko‘r chiqib qoldi va endi noshukurligi bundan-da oshsa, ajab emas. Biz bu odamning fe’lini yaxshi bilamiz va ana shu sababdan men u haqda aytilgan yuqoridagi gaplarga ajablanmadim.
– Nahotki, ana shu bechora xolasidan boshqa uning qarindoshlari qolmagan bo‘lsa?
– U yagona tirik qolgan qarindoshi edi. Xolasidan nafratlanishi va uni tan olishdan orlanishining asosiy sababi ham ana shunda.
– Lekin u baribir xolasini tan olibdi-ku.
– Ha, o‘limidan keyingina tan oldi.
– Endi tan olishning nima keragi bor?
– U bu ishni shuhratparastligi sababli qilmoqda. Salom xolasi hayotligida arzimas narsa bergan bo‘lsa, endi u vafot etganida katta pullar sarflaydi. Bundan maqsad – umri davomida ortidan quvgan va yagona quvonchi deb bilgan soxta as’asayu dabdabaga qarab intilishdan boshqa narsa emas. Zotan bu tantanali motam va dabdabali dafn marosimi o‘zini ko‘rsatishdan boshqa yana nima ham bo‘lishi mumkin? Mamlakatning ko‘zga ko‘ringan arboblari, oqsuyak zodagonlar va hukumatning oliy mavqeli amaldorlari ushbu tantanali marosimda qatnashib, hamdardlik bildirishlari, tasalli berishlari poshoga xush yoqmaydimi?
Kamolbek kuldi:
– U aqldan ozgan! Men ana shu marosimda ishtirok etib, u yerda ro‘y beradigan qiziq voqealarni ko‘rishni juda istardim.
– Nimaga? Sen bu odamni tanimaysan-ku?
– Sen qanchalik bilsang, men ham shunday.
– U holda, janozaga borish uchun nima senga monelik qiladi?
– Men ertaga dalaga borishim kerak.
O‘tirganlardan biri maslahat berdi:
– Sen unga telegramma jo‘nat.
– Sen haqsan, xuddi shunday qilaman.
Rif’atbek:
– Men esa janozaga borib, u yerda ko‘rganlarimni senga aytib beraman – dedi.
Kamolbek qoshiqni taqillatib, xizmatchini chorladi-da, qog‘oz va qalam olib kelishni buyurdi. O‘zi esa, telegramma matnini tuzishga kirishdi. O‘ylab turib:
– Lekin bu ahmoqqa nima deb yozishni ham bilmayman, – dedi.
– Qisqaroq yozaver, do‘stim. Masalan: “Biz hammamiz Allohniki va Unga qaytajakmiz”.
– Bu yetarli emas, Rif’atbek. U meni baxil deb o‘ylab, nazarga ilmay, ustimdan kulsinmi? Shunday telegramma yozish kerakki, qiymati o‘ttiz qurshdan kam bo‘lmasin…
Keyin u Husnibekka yuzlandi:
– Sen menga mana shu odamga o‘z hamdardligimni bildirish uchun bir necha qayg‘uli va ta’sirchan so‘zlarni aytib turolmaysanmi?
Husnibek bu davraning shoiri sanalar edi. U Kamolbekka uzoq tikilib turib, so‘ng so‘radi:
– Nasrda bo‘lsinmi yo nazmdami?
– Nasrda bo‘lgani yaxshiroq, oson va tushunarli bo‘ladi, holbuki bu odam o‘zingizga ma’lum, nodon va ahmoq.
– Bo‘lmasam, yoz!
Husnibek ayta boshladi.
– Bu nima, do‘stim? Sen nazmda aytayapsan, men sendan nasrda so‘radim-ku.
– Bu hali boshlanishi. Kishi o‘z qayg‘usini izhor etmog‘i lozim. Yoz, yoz…
“Men bugun boshingizga tushgan og‘ir musibat – mehribon va munisa ayol, xonadoningiz ustuni mehribon xolangiz vafoti haqidagi xabarni nihoyat darajada g‘am-g‘ussaga botib o‘qidim. Xolangizni Xudo yarlaqasin, mening samimiy va chin dildan hamdardligimni qabul etgaysiz. Alloh sabringizni mukofotlab, umringizni uzoq qilsin. Marhumani o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin.
Mahzun va qayg‘uga botgan Kamol”.
– Barakalla, Husnibek. Biroq, bu telegramma qirq yo ellik qursh chiqsa kerag-ov.
– Hechqisi yo‘q!
O‘tirganlar orasida ilgari Salom poshoni ko‘rmagan va u haqda hech nima eshitmagan Nosirbek ham bor edi. Uning bu borada bugun eshitganlaridan ko‘ra, ko‘proq narsalarni bilgisi keldi.
– Bu johilning ko‘rinishi qanday? – Kamolbekdan so‘radi. – Yoshi nechada? Bilganicha menga gapirib ber-chi.
Kamolbek cho‘ntagidan portsigarasini chiqarib, do‘stlariga tutar ekan, dedi:
– Salom posho – barvasta, baland bo‘yli kishi. Uning yuzi bug‘doyrang, deyarli qop-qora, ko‘p ichkilik ichganidan doim qizarib yuradi. Qizargan ko‘zlari atrofidagi ko‘kish halqalar uning qartayganidan dalolat. U badbashara, yuzidagi chechakdan qolgan izlar “husniga ko‘rk” qo‘shadi. Ellik beshga borgan bo‘lsa ham hamon suyuqoyoq. Aqlli odamlar saxiy bo‘lgan o‘rinlarda baxil, ular ahmoqona deb bilgan narsalarga esa, pulni suvdek sarflaydi. Nodon va uqmagan, u faqat tashqi yaltir-yultur va yolg‘on sharafga qo‘lidan kelgan barcha imkoniyatlarni – ikkiyuzlamachilik, laganbardorlik, sotqinlik, aldov va pulni ishga solib intiladi. U o‘rta maktabda omadsizlikka yuz tutgan hamono valine’matining tavsiyasi orqali amaldor bo‘ldi. Salom laganbardorlik bilan mansabi oshib, yuqori martabalarga ko‘tarildi va harom yo‘l bilan mol-dunyo orttirdi. Yerlar sotib oldi, qasrlar qurdi va eng badavlat odamlardan biriga aylandi. Axiyri uning qalbaki ishlari ochildi va uni hukumat ishidan sharmandalarcha haydashdi. U yana laganbardorlik va pastkashlik yo‘liga o‘tib bo‘lsa ham, har tarafdan pul oqib keladigan o‘rnini saqlab qolishga intildi. Ammo poshoga hech kim yordam bera olmadi va bilishimcha, anchagina sarmoya va mashhurlik bilan o‘z arizasiga muvofiq ishdan ketdi. Kishilar bu mojaroni tez unutdilar va biroz vaqt o‘tmasdan uning ismi yana Qohirada hurmat va e’tibor bilan tilga olina boshladi. Bugun esa, u atrofdagilarga o‘z ta’sirini o‘tkaza olar darajada mashhur, muhtasham qasrida to‘kin-sochinlikda hayot kechirmoqda.

* * *

Martabali shaxslar, o‘nlab mashhur qorilar, uzun jun qalpoq kiygan so‘qir va darveshlar, isiriq tutatuvchilar, oq salla o‘rab, yashil rido kiygan turli tariqat shayxlari, barcha toifadagi xodimlar ishtiroki bilan janoza dabdabali va tantanavor o‘tdi. Oldinda to‘rt sandiq meva va shirinliklar ortilgan ikki tuya turibdi. Bu kaffora deb nomlanadi…
Salom posho janoza uchun maxsus sotib olingan qora rido va yangi qora yaltiroq poyabzal kiyib, mahzun va g‘amginroq ko‘rinishga harakat qilgan. Lekin uning ovozidan bu yasamalik aniq sezilardi. U hamsuhbatlariga mehribon marhumaning qadr-qimmati haqida so‘zlar, g‘am-anduhini vasf etar, uni e’zozlab hurmatlagani, xolasi ham o‘z o‘rnida unga onalarcha g‘amxo‘r bo‘lganidan gapirardi.
Bu vaqtda esa uning ish boshqaruvchisi do‘stlaridan birining qulog‘iga:
– Agar posho xolasi tirikligida unga mana shu dafn marosimiga ketkazgan mablag‘ining o‘ndan birini berganida, bu uni umrbod qashshoqlikdan qutqargan bo‘lar edi… Posho menga to‘rtta sandiqni eng lazzatli mevalar va shirinliklar bilan to‘ldirishni buyurdiki, xolasi ularni xayoliga ham keltirmagan. Marhuma ustiga rahmatlar yog‘ilishi va nomini abadiylashtirish maqsadida ularni bechoralarga tarqatishim lozim.

* * *

Oqshom cho‘kdi. Salom posho yashaydigan ko‘chadagi yo‘llarda chiroqlar porlay boshladi. Chiroqlar shu qadar ko‘p ediki, yo‘lovchilar o‘zlarini go‘yoki tanti bir boyvachchaning kechki shodiyonasiga kirib qolgandek his qilardilar. Chiroyli matolar bilan o‘ralgan, qimmatbaho gilamlar to‘shalgan, ko‘z qamashar darajada yoritilgan muhtasham chodir odamlar bilan to‘lgan, nomi chiqqan qorilarning Qur’on tilovati quloqqa chalindi. Salom posho sel bo‘lib o‘tirardi. Atrofdan taomlar tayyorlanayotgani va das­turxonlar tuzalayotganining shovqini kelardi. Salom posho yaqin do‘stlari va yuksak martabali kishilarga eng sara va tansiq noz-ne’matlarni tortishni buyurdi.
Posho hamdardlik bildirib kelgan mehmonlarni mulozamat bilan kutib olib dasturxon oldiga bordi va xizmatkorlariga bir ishni buyurib boshqasini to‘xtatib, nimanidir talab qilib yo rad etib, baland ovozda farmoyishlar bera boshladi.
Keyin o‘z o‘rniga qaytib, yana mehmonlarni oralab o‘tar ekan, qayg‘usini namoyish etishga tirishdi va og‘ir xo‘rsinib, marhumaning fazilatlari, uning vafoti hamda bu mash’um xabarni eshitgach, qanday g‘am-g‘ussaga botganligini gapirdi.
Qori Qur’ondan bir surani tamomlab, yuziga fotiha tortgach, mehmonlar Salom poshoga hamdardlik bildirib, tarqala boshlashdi. Chodirda posho va uning yaqin gumashtalarigina qoldi.
Posho oyoqlarini bir-biriga chalishtirib o‘tirarkan, dastro‘moli bilan terini artib, yelpina boshladi. So‘ng chuqur nafas olib:
– Uh, rosa charchadim! Marosimlar bu qadar qiyin bo‘lishini bilmagan ekanman, – dedi.
Poshoning yonida kalta mo‘ylov va siyrak soqollik, itoatkor hamtovoqlaridan bo‘lgan ko‘rimsiz bir chol qo‘llarini arta turib dedi:
– Nimasini aytasiz, albatta, charchadingiz, agar siz charchamaganingizda marosim bu qadar dabdabali va tantanavor o‘tmasdi. Yoshu qari hamma bu yerda ko‘rganlarini gapirib yuradi endi.
Posho unga javoban yanada qattiqroq uh tortib, xo‘rsindi:
– Qasam ichamanki, Abdunabi, kecha oqshomdan beri mijja qoqmadim, bir daqiqa bo‘lsa ham o‘tirib dam olishga fursatim yetmadi. Sen o‘zing ko‘rding, kechqurun qancha mehmon kelganini. Ularni yolg‘iz qoldira olarmidim?
– Albatta, yo‘q. Bu sizdek odamning qo‘lidan kelmas.
– Men bir necha bor ularni aylanib o‘tib, ta’ziyalari uchun o‘z minnatdorchiligimni bildirdim. Dasturxonning qanday tuzalgani va taomlarning qanday tortilganini o‘zim nazorat qildim. Bu borada xizmatkorlardan birontasiga ishonishim mumkinmidi?
– Yo‘q, poshom, yo‘q. Siz doim hamma narsa haqida faqat o‘zingiz qayg‘urasiz.
Abdunabi bir esnab olib, davom etdi:
– Alloh taolo, uning payg‘ambari va barcha muqaddas narsalarga qasamki, men umrim davomida bugungidek totli taomlarni yemaganman va hech qachon bunday tantanali, dabdabali marosimni ko‘rmaganman. Marhuma xolangizning ruhi poklari hozir boshingiz uzra charx urib, uning oldidagi o‘z muqaddas burchingizni ado etganingizdan minnatdor bo‘lmoqda.
Abdunabi yana esnadi, so‘ng, ketish uchun izn so‘radi. Posho uning bu laganbardorligi va maqtovlariga minnatdorchilik yuzasidan qo‘lini uzatar ekan, kissasiga pul solib qo‘ydi.
Shundan so‘ng posho bir kerishib, baland ovozda chaqirdi: – Aziz afandi! Did bilan kiyingan o‘ttiz sakkizlardagi bir kishi poshoning xos kotibi vazifasida edi. U oldiga yaqinlashganda posho bir o‘qrayib:
– Janoza marosimi menga umuman yoqmadi. Men sening bu qadar kam mablag‘ sarflaganingdan hayronman… Odam degani ham bu qadar qurumsoq bo‘ladimi? Axir pullar mening cho‘ntagimdan chiqayapti-ku…
– Men baxillik qilibmanmi?! Lekin janoza haddan tashqari dabdaba va as’asa bilan o‘tdi-ku!
– Yolg‘on!
– Marosim uch yuz metrga cho‘zildi va poytaxtning eng katta ko‘chasini to‘ldirdi. Biz hatto barcha muhim yo‘nalishlardagi tramvaylarni to‘xtatib qo‘ydik va butun harakat ancha vaqtgacha to‘xtab qoldi. Biron-bir foytun yoki avtomobilga marosimni quvib o‘tish yoki kesib o‘tishga imkon bermadik. Siz janobi oliylari darveshlarni ko‘rmadingizmi!? Biz ularni butun Qohira bo‘ylab to‘pladik. Oldinda borgan qorilarni aytmaysizmi!? Isiriq va xushbo‘y tutatqilar tutatgan bir guruh odamlarga ko‘zingiz tushgandir?! Ular bizga oz-muncha pulga tushmadi. Men ularning har biriga yangi belbog‘ sotib oldim, haydovchi – usta Abduga ularning kiyimlarini benzin bilan yuvib berish va Xalilga esa ularning turbushlarini dazmollashni buyurdim.
Xizmatkor va yaqinlaringiz borasida esa, janobi oliylari o‘zingizga ma’lumki, ularning har biriga yangi libos va oyoq kiyim xarid qildik. Ular barchaning e’tiborini tortdilar. Qasamki, ey xo‘jam, ko‘chalarning ikki tarafida odamlar hurmat va sukut bilan janoza marosimining dabdabasini kuzatib turdilar. Ular bu kimning janozasi deb so‘radilar va men baland ovozda ularga Salom poshoning xolalariniki – dedim, ular sidqidildan ta’ziya izhor qilishdi. Janobi oliylari, nahotki siz qashshoqlar meva va shirinliklardan olganlarida sizni duo qilganlarini eshitmadingiz?! Ularning ovozlari hatto qorilar tilovatini ham bosib tushdi.
Posho kotibining so‘zlarini zavqqa to‘lib, kibrlanib tingladi. Biroq, so‘ngida u xo‘mrayib oldi va Aziz afandi so‘zini kesib, yana o‘shqirdi:
– Politsiya-chi? Ahmoq, u qayerda edi? Xolamning janozasida atigi ikki otliq va to‘rt piyoda politsiyachi ishtirok etishi uyat emasmi?
– Qasam ichaman, janobi posho, menga bundan ortig‘iga ruxsat berishmadi.
– Senga ruxsat berishmadi?! Abdukarim posho onasining janozasida o‘nta chavandoz va yigirmata piyoda politsiyachiga ruxsat berishgandi-ku.
– Janobi oliylari, bilasizmi, har holda Abdukarim poshoning bugungi mavqei…
Salom posho uning gapini bo‘ldi:
– Bas, gapimga quloq sol! Avvalambor, men shuni aniq bilamanki, sen e’tiborsizsan. Qanday uyat?! Xolamning janozasida mening bugungi holatim va o‘tmishda hukumatda qilgan xizmatlarimga mutanosib ravishdagi yetarli miqdorda politsiya xodimlari bo‘lmasa?! Meni bo‘lsa, mamlakatga dong‘i ketgan odamlar taniydi! Endi ular men haqimda nima deb o‘ylashadi? Men odamlarning bu holdan ajablanishlarini oldindan sezib turibman. Buning hammasi sen tufayli!
– Siz faqat maqtovlarnigina eshitasiz.
– Sen ertagayoq o‘z xatoingni to‘g‘rilashing lozim.
– Buyuring, amringizga muntazirman.
– Gazetalar dafn marosimi haqida xabar yozishsin, tantanani batafsil yoritsinlar, ishtirok etgan mashhur kishilarning ismlari berilsin va tobutni kuzatib borgan politsiyachilar soni ko‘rsatilishi kerak.
– Janobi oliylari dafn marosimida nechta politsiyachi ishtirok etishini istar edingiz?
– Qirqta piyoda va o‘ttizta otliq.
– Xuddi shunday bo‘ladi.
– Sen gazetada dafn marosimining dabdabasi, anvoyi dasturxon, qorilarning mashhurligi kabi barcha narsalarning xabarini berishing kerak. Gazetachilarga saxiylik qil, hargiz qurumsoqlik qila ko‘rma.
– Hammasi siz istagandek bo‘ladi.
Posho qattiq esnadi, bir oz sukut saqlab, so‘ng ovozini pasaytirib gapirdi:
– Sen qo‘shiqchilarga bo‘nak berib qo‘ydingmi?
– Ha, janobi oliylari, nahotki bazm o‘tkazmoqchi bo‘lmasangiz?
– Albatta, o‘tkazaman, kim o‘tkazma debdi? Men boshqacha bo‘lib qolishni istamayman. Men doim o‘tkazib keladigan sho‘x bazmlar davom etaveradi. Motam marosimiga kelsak, sen hammasini o‘zing bilasan. Yoki bergan buyruqlarimni yana boshqatdan qaytaraymi?
– Yo‘q, shart emas, hammasi tushunarli.
– Senga bir narsani tushuntirishning o‘zi bo‘lmaydi. Dafn marosimidan uch kun o‘tib, har oqshom qorilarni bu yerda – uyda va mozorda to‘playsan… Har kecha to qirqinchi kungacha… Buning hammasi marhumaning hurmati va odamlar oldidagi vazifamiz yuzasidandir… Uqdingmi?
– Uqdim, xo‘jayin.

* * *

Oqshom payti Abdunabi poshoga Aziz afandi tomonidan gazetaga berilgan motam marosimiga oid xabarni o‘qib berar edi. Posho diqqat bilan tinglar, boshi bilan tasdiq ishorasini qilar edi.
Maqolada dafn marosimi batafsil yoritilgan, unda ishtirok etgan mashhur shaxslarning ismlari nomma-nom qayd qilingan, tilanchilarga ulashilgan sadaqayu ehsonlar, odamlarning marhumani xotirlab yig‘laganlariyu, uni duo qilib Allohdan marhamat so‘raganlari, o‘z burchini maromiga yetkazib bajargan poshoning ko‘rsatgan g‘ayrati va himmati maqtalgan edi…
Xabar “Mahobatli manzara” nomi bilan bosilgan bo‘lib, u quyidagicha boshlangan: “Gazeta bosish uchun tayyor bo‘lgan chog‘da, biz maxsus muxbirimizdan muhim bir xabar oldik va janobi oliylari Muhammad Salom posho hamda u kishini bilganlar haqqi-hurmatini e’tiborga olgan holda, mazkur xabarni gazetaga joylashtirishni lozim deb topdik”.
Shundan so‘ng “zoti shariflari” va “janobi oliylari” deb boshlanuvchi uzundan uzoq ismlar ro‘yxati berilgan, politsiyachilar va ularning soni alohida qayd etilgan edi.
– “Tobutni o‘ttizta chavandoz va qirqta piyoda politsiyachilar o‘rab olgan holda kuzatib bordilar”.
Posho mamnun bosh silkidi:
– Bu to‘g‘ri. Ular bu xizmatni so‘raganimizda rad etmadilar, agar men bundan-da ko‘proq so‘raganimda ham, hech kim menga yo‘q deya olmasdi.
Abdunabi qo‘llarini arta turib:
– Siz g‘oyat mashhur odamsiz. Nahotki, sizdek hukumatga sadoqat bilan xizmat qilgan kishiga rad javobini berishlari mumkin?
– Abdukarimning onasiga bo‘lgan janozada politsiyachilardan bor-yo‘g‘i sakkiz nafar ishtirok etgan edi, chamamda…
Abdunabi o‘qishda davom etdi. Xabarning oxirida bunday deyilgan edi:
“Posho hazratlari, Alloh ul zotning umrini uzoq qilsin, juda g‘amgin va qayg‘uga botgan holatlari barchada samimiy hamdardlik hissini uyg‘otdi”.
– Bu to‘g‘ri… Bu juda to‘g‘ri. Siz juda mahzun edingiz, xo‘jam.
– Nima ham qila olardik. Allohning irodasi.

* * *

Posho va uning hamtovog‘i gazeta o‘qib, suhbatlashib o‘tirgan chog‘larida, oyoqda arang qilpillab turgan bir qari chol qasr ostonasida o‘tirardi. U yonginasidagi qasr soqchisi bergan tamakini tutatardi.
Bu qartaygan chol uzoq yillar poshoning yerlarida ishlagan chorakorlardan biri. Uning ko‘zlari keksalikdan xira tortgan, soqollari oqargan. U qishloqcha kiyingan, boshida esa titilib ketgan salla.
Uzoq jim o‘tirgach, soqchiga murojaat qildi:
– Allohga qasamki, marhuma Sharja tomonlarda bolalarga shakarqamish sotar edi, ammo nima uchun uning sha’niga bunday ishlar qilinmoqda, tushunmadim. Nahotki, men o‘zim tushunmaydigan narsani gapiradigan va boshqalar ko‘rmayotgan narsani ko‘radigan darajada aqlimni yeb qo‘ygan bo‘lsam?
Qasr darboni unga yaqinroq kelib shivirladi:
– Aslo unday emas. Siz haqsiz, otaxon. Ammo posho shuni istaydi, poshoning istagi esa har narsadan yuqori…

Arab tilidan Sarvar Abdullayev tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 9-son


SALOM POShONING XOLASI

Poytaxt kechki gazetalarining odatda qayg‘uli xabarlar bosiladigan ustunida shunday yozilgandi:
“Og‘ir musibat, ulkan judolik! Hukumatning sobiq amaldori, foydali va ezgu ishlari bilan taniqli kishilar orasida ma’lum inson, oliyjanob Salom posho janobi oliylarining taqvodor muslima xolalari Allohning huzuriga rihlat qildilar. Marhuma Jarjadagi mulkida malakali doktorlar nazorati ostida bedavo darddan vafot etdi. Motam marosimi marhumaning tobuti ertaga ertalab soat to‘qqiz yarimda maxsus poyezdda poytaxtga keltirilgach, o‘nu nol-nolda vokzalda bo‘lib o‘tadi. Dafn marosimida ko‘plab mashhur kishilarning ishtirok etishi kutilmoqda”.
Kamolbek o‘rtoqlari bilan odatdagidek “Al-Jundi” qahvaxonasidagi stolcha atrofida to‘planib, qahva ichib, chilim chekib o‘tirardi. Gazetadagi xabar bilan tanishgach, baland ovozda kulgancha atrofidagilarga murojaat qildi:
– Favqulodda muhim e’lon, do‘stlar!
Barcha unga ajablanib qaradi. Kamol masxaraomuz qo‘shimcha qildi:
– Salom poshoning xolasi vafot etibdi.
Hamrohlardan biri hayron bo‘lib so‘radi:
– Buning nimasi kulgili?
– Umrim bino bo‘lib uning xolasi haqida biror narsa eshitmaganman. Ko‘rinib turibdiki, dunyoga kelishga ham ulgurmay, bechorani ajal o‘z quchog‘iga olibdi.
U yana kulib yubordi. Og‘aynilardan kimdir Kamolga qarab dedi:
– Men esa bu ayol haqida eshitganman.
– Qiziq!
– Hayron bo‘lishga haqqing bor.
– Nima uchun?
– Salom posho xolasi borligini ko‘pchilikdan yashirgan.
– Nega endi?
– Chunki posho janjaldan qo‘rqqan. Deyarli tilanchilik bilan kun ko‘radigan bechora xolasi borligini va u Jarji yaqinidagi xaroba kulbada yashashi haqida odamlar bilishini istamagan.
Barcha Rifatbekning so‘zlarini ajablanib tingladi.
Kamolbek esa:
– Demak, gazetalarda aytilgan hamdu sano, mulk haqidagi gaplar to‘qima ekan-da?
– Albatta-da, Salom posho xolasining nochor ahvolda, muhtojlikda yashashini bilgan, ammo bu holat uni bezovta qilmagan. Oxirgi marta posho xolasiga ish boshqaruvchisi orqali bor-yo‘g‘i ellik qurush berganini men ishonchli kishilardan eshitganman.
Salom posho xolasi bilan qarindoshligini yashiradi, bechora esa aksincha, jiyanining yordamiga ilhaq bo‘lardi. Posho esa bu ayolni nafrat va jirkanish bilan eslardi. Xola poshoning oddiy ko‘k ko‘ylak, kigiz qalpoqda podachilik qilgan kunlarini, dehqon otasiga ovqat tashigan qayg‘uli o‘tmishini unutmagan edi.
– Qiziq. Sen bularni qayerdan bilasan, Rifatbek?
– Salom poshoni tarbiyalagan oila a’zolarining biridan eshitganman. Unga g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan oila boshlig‘i juda oliyjanob, saxiy inson edi deyishadi. U Salomning tarbiyasini zimmasiga olgan, farzandlari qatori uni ham Qohiradagi boshlang‘ich maktabda o‘qitib, shahodatnomali bo‘lguncha o‘qish pulini og‘rinmay to‘lagan. Salomning ikkinchi bosqich maktabida o‘qishga layoqati yo‘qligi ayon bo‘lgach, hukumat idoralaridan biriga ishga joylashishiga yordam qilgan. Ish joyiga mustahkam o‘rnashib olgan Salom, mansab ta’limini tatib ko‘rgach, tez orada kamtar va itoatkor yigitchadan dimog‘dor, kibr-havoli, qaysar amaldorga aylandi-qoldi. Shunday bo‘lsa-da, omadi keldi. Qisqa muddatda katta lavozimlarga erishdi, takabburlik botqog‘iga chuqurroq kirdi. O‘tmishi bilan bog‘liq barcha narsalarni unutdi. Hatto uni tarbiyalagan, o‘qitgan va shunday mavqega erishishiga sababchi bo‘lgan ulug‘ insonni ham unutib qo‘ydi. Ha, do‘stlar, Salom posho yaxshilikni qadriga yetmaydigan nonko‘r bo‘lib chiqdi. U hozir ham shunday.
– Nahotki, uning shu bechora xolasidan boshqa qarindoshi bo‘lmasa?
Ayol uning hayot bo‘lgan yagona jigari edi. Ayolga nafrati va uni tan olmasligining siri ham shunda.
– Ammo, baribir, u tan olibdi-ku?
– Ha, tan oldi. Faqat boyaqishning vafotidan so‘ng.
– Bunday tan olishdan maqsad nima? Bu juda g‘alati-ku.
– U bu ishni shuhratparastligi uchun qilmoqda. Xolasi tirikligida bechoraga yordam bermadi. Vafotidan so‘ng esa uning marakasiga katta pul sarf qilmoqda. Bundan maqsad – soxta obro‘, dabdabaga erishish. Tantanali dafn marosimi o‘zini ko‘rsatish, maqtanish uchun zo‘r imkoniyat-da!
Mamlakatning eng taniqli arboblari, kiborlaru hukumat amaldorlarining bu marosimda ishtirok etishi, poshoga ta’ziya bildirib, g‘am-g‘ussasiga sherik bo‘lishi faxr emasmi, axir?
Kamolbek kuldi:
– U aqldan ozibdi! Men bu marosimda qatnashishni juda xohlardim. Ko‘raylik-chi, u yerda yana qanday qiziqarli voqealar bo‘larkin.
– Nima bo‘ldi? Sen bu odamni taniysanmi?
– Sen qanday bilsang, men ham shunday bilaman.
– Unda, marosimga borishga senga nima xalaqit beryapti?
– Men ertaga bir muhim ish bilan mulkimga ketyapman.
Bu yerda hozir bo‘lganlardan biri unga maslahat berdi:
– Yaxshisi sen unga telegramma jo‘nat.
– Haqsan do‘stim, shunday qilish kerak.
Rifatbek esa:
– Menga kelsak, marosimga albatta boraman va u yerda ko‘rganlarimni sizlarga keyin aytib beraman.
Kamolbek kaftlarini bir-biriga urishtirdi va xizmatchidan qog‘oz, ruchka, siyoh keltirishini so‘radi va telegramma yozishga kirishdi. O‘ylanib turib:
– Bu ahmoqqa nima deb yozishni ham bilmayman.
– Do‘stim qisqaroq, masalan: “Biz Allohnikimiz va unga albatta qaytajakmiz”, deb yoz.
– Rifatbek, bu juda ham qisqa. Sen posho meni juda xasis ekan deb masxaralab, ustimdan kulishini xohlayapsanmi? Shunday telegramma yozish kerakki, u o‘ttiz qurushdan kam bo‘lmasin…
So‘ng u Husnibekka murojaat qildi:
– Bu odamga ta’ziya bildirishim uchun menga bir nechta g‘amgin, ko‘ngilni ezadigan ta’sirli gaplardan aytib turolmaysanmi?
Husnibek bu davrada “shoir” hisoblanardi. U uzoq o‘ylanib turib, Kamolbekka qaradi va:
– Nasrda istaysanmi yoki she’riy bo‘lsinmi? – dedi.
– Nasrda bo‘lgani ma’qul, tushunish osonroq.
Nazmda bu tentak, notavon odamga yetib bormasligi mumkin.
– Unday bo‘lsa yoz!
Husnibek so‘z boshladi.
– Yana nima bo‘ldi, do‘stim? Axir, bu she’r-ku. Aytdim-ku, nasrda bo‘lishi kerak, deb.
– Bu muqaddimasi, xolos. Dastlabki taassurot uchun. Sen yoz, yozaver…
“Janobi oliylari! Bugun men oliyjanob, taqvodor muslima, oilangizning tayanchi bo‘lgan aziz xolangizning vafoti bois boshingizga tushgan og‘ir musibat haqidagi qayg‘uli xabarni afsuslar bilan o‘qib chiqdim. Chin yurakdan bildirgan samimiy ta’ziyamni qabul qilgaysiz. Alloh sizga sabru jamil berib, umringizni uzoq qilsin. Yaratgan Egam marhumadan o‘z marhamatini ayamasin.
Qayg‘ungizga sherik va hamdard muxlisingiz Kamol”.
– Yashang, Husnibek. Ammo, o‘ylashimcha, bu telegramma qirq yoki ellik qurushdan kam bo‘lmasa kerak.
– Hechqisi yo‘q!
Bu yerdagilarning orasida ilgari Salom poshoni ko‘rmagan va u haqda hech qanday ma’lumotga ega bo‘lmagan Nosirbek ham bor edi. Bugun eshitganlaridan so‘ng battar qiziqib qoldi:
– O‘sha notavonning ko‘rinishi qanday? – deb so‘radi u Kamolbekdan. Yoshi nechada? U haqida gapirib bersang-chi.
Kamolbek yonidan portsigar chiqarib atrofdagilarga taklif qildi va gap boshladi:
– Salom posho qorachadan kelgan, baland bo‘yli, barvasta erkak. Vinoni me’yoridan ortiq ichganidan yuzi doim qizil tusda, qizg‘ish-qoramag‘iz desa ham bo‘laveradi. Qizargan ko‘zlari ostidagi ko‘kimtir halqalar uni ichkilikka ruju qo‘yganidan darak berib turadi. Badbashara yuzidagi chechakdan qolgan izlar xunukligini yanada oshiradi. Posho yoshi ellikda bo‘lsa ham haligacha yengiltak hayot kechirish bilan ovora. Aqlli odamlar saxiy bo‘lgan paytda u xasis, odamlar o‘rinsiz deb o‘ylaganda esa u mablag‘ni behuda sovuradi. Nodon va o‘qimagan odam, soxta ulug‘vorlik va tashqi hasham uchun tabiatidagi barcha tubanliklarini va pullarini ishga soladi. Ikkinchi bosqich maktabida omadsizlikka uchragan bo‘lsa ham muruvvatpesha homiysining tinimsiz tavsiyalari bilan davlat idoralarida amaldor bo‘lib oldi. Amal pillapoyalarida yuqori lavozimlarga xushomadgo‘ylik orqali erishdi. Qing‘ir yo‘llar bilan katta boylik orttirdi. Yer sotib oldi. Qasrlar qurdi va jamiyatdagi badavlat odamlardan biriga aylandi. Nihoyat, uning kirdikorlari fosh bo‘ldi va idoradan sharmandalarcha haydaldi. Salom posho o‘z g‘ururini toptab bo‘lsa ham, har tomondan pul suvdek oqib keladigan lavozimini saqlab qolishga qattiq tirishdi. Ammo unga hech narsa yordam berolmadi va o‘zi xohlamagan holda yetarli mavqe va mashhurlikka ega bo‘lsa ham davlat xizmatini tark etdi. Bu janjalli voqeani odamlar tez esdan chiqardilar. Ma’lum vaqt o‘tgach, uning nomi Qohirada yana hurmat bilan tilga olinadigan bo‘ldi. Mana endi u boy, mashhur va nufuzli inson sifatida o‘z saroyida yashamoqda.

* * *

Marosim taniqli kishilar, o‘ndan ortiq qorilar, muazzinlar, kigiz qalpoqli darveshlar, xushbo‘y tutatqili lo‘kidon ko‘targan odamlar, yashil rido kiygan, oq sallali, turli tariqatlarning shayxlari, har xil darajadagi xizmatchilarning ishtiroki tufayli dabdaba bilan o‘tdi. Oldinda to‘rt sandiqda meva va yeguliklar ortilgan ikki tuya borardi. Bu esa marhumaning gunohlari uchun kaforat emish go‘yo…
Salom posho marosim munosabati bilan ataylab sotib olingan qora redington va qora yaltiroq oyoq kiyimda qayg‘uli va motamsaro qiyofaga kirib olgan. Ammo uning ovozidagi zo‘rma-zo‘rakilik aniq sezilib turadi. U ta’ziya bildirganlarga qadrdon xolasining fazilatlarini sanar, boshiga tushgan musibat bilan o‘rtoqlashar, marhumaga bo‘lgan muhabbati, jigarining o‘ziga bo‘lgan onalarcha mehri haqida tinmay gapirdi.
Bu paytda esa uning ish boshqaruvchisi yaqinlaridan biri bilan o‘zaro xufiyona suhbatlanmoqda edi:
– Agar posho bugun marosimga ishlatganlarining o‘ndan bir qismini marhumaga berganidami, boyaqishni bir umrga muhtojlik dahshatlaridan qutqargan bo‘lardi… Posho menga xolasining yetti uxlab tushiga kirmagan qimmatbaho meva va tansiq yeguliklar bilan to‘rt sandiqni to‘ldirishni va ularni nochor va kambag‘allarga marhuma haqqiga duo qilib, mag‘rifat so‘rashlari uchun tarqatishni buyurdi.

 

* * *

Kech tushdi. Chiroqlar Salom posho uyi joylashgan ko‘chani charog‘on qilib yubordi. Ular shu darajada ko‘p ediki, o‘tgan-ketgan yo‘lovchilarda xuddi biror isrofgar boyvachchanikida kechki ko‘ngilochar tadbir taassurot qoldirardi. Ajoyib matolar bilan qoplangan, qimmatbaho gilamlar to‘shalgan yorug‘ chodir odamlar bilan to‘la, u yerdan mashhur qorilarning tilovat ovozlari eshitilib turardi. Poshoning kayfiyati zo‘r, tantanadan behad zavqlanardi. Chodirning dasturxon bezatilgan, yemak tarqatilayotgan tomoni yanada gavjum edi. Salom eng yaqin qadrdonlar nozik amaldorlar uchun tansiq taomlar keltirishni buyurardi. U ta’ziya bildirish uchun kelgan mehmonlarni tavoze va hurmat bilan kutardi. Stollar oralab yurib xizmatkorlarga baland ovozda ish buyurib, boshqasini esa bekor qilardi.
So‘ng o‘rniga qaytib kelar, motamsaro qiyofada mehmonlar bilan uchrashar, og‘ir xo‘rsinib ularga marhumaning fazilatlari haqida so‘zlar, xolasining o‘limidan cheksiz iztirobga tushganini ko‘rsatardi.
Tilovatdan so‘ng mehmonlar poshoga ta’ziya bildirib birin-ketin tarqaldilar. Chodirda faqatgina bir o‘zi yaqinlari va xizmatkorlari bilan qoldi. Mulozamatlardan toliqib, terlagan posho oyog‘ini chog‘ishtirib o‘tirdi va dastro‘moli bilan yelpina boshladi. Chuqur nafas olib, “Oh, juda charchadim-a! Men bunday og‘ir bo‘lishini bilmagan ekanman”, dedi.
Poshoning yonida siyrak soqol va kalta mo‘ylovli irkit qariya, xushomadgo‘y malayi turardi. U qo‘llarini artib gapirdi:
– Ha,  albatta charchadingiz. Ammo ishoning, anchadan beri bunday dabdabali va ulug‘vor marosim bo‘lmagan.
Posho yanada kuchliroq xo‘rsinib, oh-vohlarkan, javob berdi:
– Ishon, ey Abdul Nabi, o‘tgan kecha mijja qoqmadim. Bugun esa bir daqiqa dam olishga ham vaqt topolmadim. Kechqurun qancha mehmon kelganini o‘zing ko‘rding. Axir, men aziz mehmonlarni tashlab ketolarmidim?
– Albatta, yo‘q. Siz unday qilmas edingiz.
– Hamdardliklari uchun minnatdorlik bildirgani bir necha marta ularning oldiga bordim. Dasturxon va taomlar qanday qo‘yilganini shaxsan o‘zim nazorat qilmasam bo‘lmasdi. Axir, men bunday nozik ishni xizmatkorlardan birortasiga ishonishim mumkinmidi?
– Yo‘q, posho, albatta yo‘q. Siz hamma narsa haqida o‘zingiz g‘amxo‘rlik qilishga o‘rgangansiz.
Abdul Nabi esnab gapini tugatdi:
– Qasam ichib aytamanki, umrim bino bo‘lib bugungidek lazzatli taomlar yemaganman. Men hech qachon bunday dabdaba bilan o‘tgan dafn marosimini ko‘rmaganman. Marhum xolangizning ruhi boshingiz uzra aylanib yuribdi, muqaddas burchingizni bajarganingiz uchun sizga minnatdorlik bildirmoqda, xo‘jayin.
Abdul Nabi yana bir bor esnab, o‘rnidan turdi va ketishga ruxsat so‘radi. Posho noodatiy marhamat bilan malayiga qo‘l uzatdi va xushomadlarning mukofoti sifatida sezdirmasdan uning cho‘ntagiga pul solib qo‘ydi. So‘ng kerishdi va baland ovozda Aziz afandini chaqirdi. Orasta kiyingan bu o‘ttiz sakkiz yoshli odam poshoning shaxsiy kotibi hisoblanardi. U yaqinlashganida posho xo‘mrayib so‘z boshladi:
– Menga marosim umuman yoqmadi. Ayniqsa, sening tadbirga sovuqqon munosabatingdan norozi bo‘ldim…
– Mening sovuqqon munosabatimdan? Axir, tadbir misli ko‘rilmagan darajada ulug‘vorlik bilan o‘tdi-ku!
– Yolg‘on!..
– Marosim qatnashchilari poytaxtning eng katta ko‘chasini band etishdi. Asosiy yo‘nalishlardagi tramvaylarni to‘xtatdik, harakatlar ancha vaqtgacha joyida turib qoldi. Avtomobillarga xalaqit berishlariga imkon bermadik. Janobi oliylari, darveshlarni-chi, nahotki ko‘rmadingiz? Biz ularni butun Qohira bo‘ylab yig‘ib keldik. Marosim oldida yurgan qorilarni-chi? Xushbo‘y tutatiqli lo‘kidon ko‘targan odamlar guruhini nahotki ko‘rmagan bo‘lsangiz? Ular bizga arzonga tushgani yo‘q. Men ularning har biri uchun yangi bog‘ich sotib oldim va haydovchi – usta Abduga ularning libosini benzinda tozalashni, Xalilga esa torbushlarini dazmollab berishni buyurdim.
Xizmatkor va yaqinlarga kelsak, o‘zingizga ma’lumki, janobi oliylari, biz ularga yangi oyoq kiyim va liboslar sotib oldik. Ular ham odamlarning e’tiborini tortdilar. O, xo‘jayin, qasam ichamanki, motam marosimining dabdabasi va shukuhidan hayratlangan odamlar ko‘chaning ikki tomonida hurmat bilan sukut saqlab, uning o‘tishini kuzatib turdilar. Dafn marosimi kimniki ekanligi bilan qiziqdilar. Va men ularga baland ovozda, Salom posho xolasining janozasi dedim. Odamlar chin ko‘ngildan achindilar. Janobi oliylari! Meva va yeguliklar olgan bechoralarning haqqingizga qilgan duolarini nahotki eshitmagan bo‘lsangiz? Ularning duolarini qorilar tilovatining ovozlari bosib ketdi.
Posho kotibini nihoyatda mamnuniyat va iftixor bilan tingladi. Ammo, baribir u yana xo‘mrayib gapini bo‘lgancha unga baqirdi:
– Mirshablar-chi? Ular qayerda edi, tentak? Axir, uyat emasmi, shunday marosimni bor-yo‘g‘i ikki nafar otliq va to‘rt piyoda mirshab qo‘riqlab borsa-ya?
– Qasam ichamanki, janob posho, menga undan ortig‘i uchun ruxsat bermadilar.
– Senga ruxsat berishmadi? Ammo ular Abdul Karim posho onasining dafn marosimi uchun o‘n nafar otliq va yigirmata piyoda mirshab bergandilar-ku.
– Janobi oliylari, o‘zingiz bilasiz-ku, Abdul Karim sobiq… edi.
Salom posho uning gapini bo‘ldi:
–  Avvalambor sening bee’tiborligingni bilaman. Qanday sharmandalik. Marosimda mening bugungi mavqeim va hukumatga qilgan xizmatlarimga yarasha yetarli miqdorda mirshablar bo‘lmasa? Axir, meni mamlakatning mashhur kishilari taniydi-ya. Men haqimda ular nimalar deyi­shadi endi? Odamlarning ajablanayotganlarini hozirdanoq sezyapman. Hammasi sen tufayli.
– Sen xatongni ertagayoq tuzatishing kerak.
– Istaganingizni buyuring.
– Gazetalar marosim to‘g‘risida batafsil xabar berishlari: unda qatnashgan barcha taniqli va mashhur shaxslarninig ismlari, mirshablarning soni va tobut ortidagi kuzatuvchilarning miqdorini ko‘rsatishlari zarur.
– Janobi oliylari marosimda qancha mirshab ishtirok etishini xohlardingiz?
– Qirq nafar piyoda va o‘ttizta otliq.
– Aytganingiz bo‘ladi.
– Sen marosimning dabdaba bilan o‘tganligi, tortilgan taomlarning g‘aroyibligi, mashhur qorilarning ishtiroki va tadbirlarga aloqador barcha ma’lumotlarni gazetaga aytishing shart. Ularga ko‘proq pul to‘la, xasislik qilma.
– Hammasi siz aytganingizdek bo‘ladi, xo‘jayin.
Tonggi gazetaning “Mahobatli marosim” sarlavhasi ostida berilgan xabarida shunday deb yozilgandi:
“Gazeta chop etishga tayyor bo‘lganida, biz maxsus muxbirimizdan ushbu xabarni oldik va barchamiz uchun ma’lum va taniqli Muhammad Salom posho janobi oliylarining munosib xizmatlarini hisobga olgan holda uni sahifaga joylashtirishni lozim deb topdik”. Xabarda marosim ishtirokchilarining batafsil ro‘yxati keltirilgan, mirshablar va ularning miqdori eslangandi. Abdul Nabi poshoga shularni o‘qib berdi:
“Tobutni o‘ttiz nafar otliq va qirqta piyoda mirshab kuzatib bordi”. Posho xursand bo‘lib hayqirdi:
– To‘g‘ri. Istagimni hech kim qaytarmadi. Bundan ko‘proq so‘raganimda ham, hech kim menga yo‘q demagan bo‘lardi.
Abdul Nabi javob berdi:
– Siz juda taniqli insonsiz. Nahotki, sizdek janobning iltimosini rad qilishlari mumkin bo‘lsa, qani edi afkor omma sizni tanisa, hukumatga sadoqat bilan qilgan xizmatlaringizni bilsa?
– Abdul Karim posho onasining marosimida mirshablarning soni bor-yo‘g‘i sakkizta edi, shekilli, mening bilishimcha… – dedi.
Abdul Nabi o‘qishda davom etdi: “Poshoni Alloh asrasin. U boshiga tushgan musibatdan juda qayg‘uli, g‘amgin ko‘rinardi va bu ko‘pchilikning samimiy hamdardligiga sabab bo‘ldi”.
– Bu ayni haqiqat… Bu to‘g‘ri gap. Rostan ham siz juda ham qayg‘uli va g‘amgin edingiz janob, – dedi Abdul Nabi.
Ertasi kuni kechqurin Abdul Nabi poshoga dafn marosimi haqidagi Aziz afandining xabarini takror o‘qib berib o‘tirar, posho esa tasdiq ma’nosida boshini qimirlatib, diqqat bilan tinglardi. Bu pallada oyoqlarida zo‘rg‘a yuradigan, munkillagan chol saroy ostonasida cho‘kkalab o‘tirar va yonida o‘tirgan saroy ish boshqaruvchisi bergan sigaretani miriqib chekardi. Soqoli oppoq, ko‘zlari nursiz, munkillagan bu ozg‘in chol poshoning mulkida uzoq yillar xizmat qilganlardan biri bo‘lib, qishloq kishisi libosida edi. Uzoq sukunatdan u kuchsiz va past ovozda ish boshqaruvchiga murojaat qildi:
– Qasam ichamanki, janob, men bu marhuma ayolni ko‘rganman. U Jarji atroflarida bolalarga shakarqamish tayoqchalarini sotib kun o‘tkazardi. Bu qadar dabdabaning ma’nosini tushunmayapman. Yoki men aqldan ozganman yoki nima deyotganimni o‘zim tushunmayotirman…
Ishboshqaruvchi cholning yoniga surilib, uning qulog‘iga shipshidi:
– Hammasi joyida. Siz haqsiz, amakijon. Ammo posho shuni istayapti-da.

Rus tilidan Yorqin Inog‘omov tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2020 yil, 8-son