Lyudmila Rublevskaya. Qon rangidagi zulmat (hikoya)

Tunni ko‘r deb kim aytgan? Uning mingta ko‘zi bo‘ladi. Yana ularning barchasi miltiqning o‘qidek, shafqatsiz.
Bu holat balki shaharga qora kuz cho‘kib, daraxtlar so‘nggi tilla yaproqlarini tashlab, qip-yalang‘och bo‘lib qolganidan va deraza taglarida tun izg‘ib yurgan bu paytda mahalliy xalq allaqachon choylarini ham ichib bo‘lishgan, qorong‘ulikda esa ko‘zga ko‘rinmay yotgan chalajon yer va tuproqqa qapishib ketgan kir yaproqlar hamda o‘t-o‘lanlarni yomg‘ir ayovsiz savalashidan tug‘ilgandir. Qisqasi, bu gotik romanlar uchun tengsiz manzara edi…
Fedor esa gotik romanlarni xush ko‘rmasdi. To‘g‘risi, bor-yo‘g‘i ikki marta – sarg‘ayib ketgan eski nashrlarda, hatto “yat”lari bilan o‘qigan… Ularni buvisining qaznoqdagi kuyalar yeb tashlagan kiyim-kechaklar saqlanadigan sandig‘idan topib olgandi. Aftidan, Fedorning qarindoshlari bularni o‘z vaqtida qora nonning chetiga ham ayirboshlash imkoniga ega bo‘lishmagan, “Otranto qasri” va “Frankenshteyn” deb atalgan salmoqli bu kitoblar go‘yo qishloq oyim qizining ko‘z yoshlari ho‘l qilgandek, undan mog‘or hidi anqib turardi.
Ha, qishloq oyim qizlarini qo‘rqitish… Qasr devorlarida yurgan xayoliy monaxlar, ritsarlarning bo‘sh sovutlari, tirik murdalar va shuvab tashlangan monax ayollar… Urush ko‘rganlar esa bunday sharpalardan ehtimol, qo‘rqishmas, zamonaviy zindonlarda o‘tirib chiqqanlar bo‘lsa… yaydoq devorlardagi zanglab ketgan kishanlarni tasavvur etisharkan, hech dahshatga tushmaydilar…
Yomg‘ir ho‘l qo‘llari bilan oynani shunday urardiki, Fedorning nazarida o‘zining ham yuzlari ho‘l bo‘lgandek tuyuldi. Hatto elektr lampochkasi-da, xuddi qadimgi gotik shamlarga o‘xshab lipillaganday bo‘ldi.
Pardani ochib tashlash kerak… Qachonlardir qorday oppoq ohorlangan ushbu hozirda tusini yo‘qotib, o‘rgimchak uyasini eslatardi. Yarim yildan ortiq vaqt uy bekasining qo‘li tegmagach, nima bo‘lardi… Uyning havosi ham buzilgan; qanchalik shamollatma, qanchalik isitma – uyga o‘xshamaydi.
Yurishi ham qiyin. Qo‘llari qaltiraydi. O‘ng qo‘lining tirnog‘i sug‘urib olingan chimchalog‘i vaqti-vaqti bilan olovday kuydiradi. Vaboning o‘zi. Hechqisi yo‘q, tanasi kuchli, vujudi bardosh beradi. Qayta tiklanadi, xuddi qarmoqdan chiqib ketgan baliq misoli o‘rniga keladi.
Ruhga kelganda… Sovet ofitseri ruhga ishonmaydi.
Shundan tungi dahshatlar paydo qilayotgan chidab bo‘lmas ziqqini bemalol asablarning buzilishi deyish mumkin.
Fedor achchiq kularkan, uning yoyiq, yirik yuz tuzilishi bir soniyaga qorayib ketdi. Aslida unga o‘xshaganlarga razm solsangiz, bundaylarning asablari tinch bo‘ladi Xuddi ularga qachonlardir o‘siq qoshlari ostidagi ko‘zlari suzilgan bir yelkador, miqti ovchi nazar solib ketgandek.
As-sablar…
Xudoga shukr, aqldan ozish emas.
Zotan, sovet ofitseriga, garchi uning iste’foga chiqishiga yarim qadam qolsa-da, Xudoni eslash mumkin emas… Burjua millatchisi va ma’rifat dushmanining nabirasi bo‘lish ham; garchi o‘zi ko‘rmagan o‘sha bobosining suyaklari, nazarida yetmish yildirki, ochko‘z Sibir tuprog‘ida chirib bitgan bo‘lsa-da. Biroq frontda nasabingga qarab pogon berishmaydi…
Shu kunlarda esa uning nasabini yetti otasigacha kavlashtirib chiqishdi…
O‘sha la’nati shaharchada poyezddan tushib, vokzaldagi bufetga nimagayam bordi! Mana endi uning qo‘lidagi har qanday choydan qonning ta’mi kelib turibdi.
Oynaga navbatdagi yomg‘ir tomchisi urilishi barobarida eshik taqilladi.
Sharpa bundan a’lo vaziyatni topolmas edi.
Bunday paytda gotik roman qahramoni qanday harakat qilishni o‘ylab, ichidan kelayotgan qaltiroqni bosgancha tinglab, quloq tutgan bo‘lardi… Fedor oqsoqlangancha borib eshikni ochdi.
Qaniydi bu sharpa bo‘lsa.
Oq-sariq soch, dumaloq yuziga sal-pal sepkil toshgan va ko‘m-ko‘k ko‘zlari katta-katta ochilgan, burni tikka, ustidagi shinelining qat-qatidan yomg‘ir o‘tib ketgan bir qiz uy egasiga xuddi qora kuzday shunchaki va ayamay tikilib turardi.
Zero, nafsilamrini aytganda, qizda qo‘rqitadigan hech narsa yo‘q edi. Aksincha, uni raqs maydonida uchratganida edi, o‘rtaga taklif etgan bo‘lardi. Bu miqti qizning qo‘liga o‘roq (yoki xotin-qizlar teng huquqligini pisanda qiluvchi bolg‘ani) ushlatib birinchi may plakatlariga suratga tushirish mumkin. Albatta, sariq sochlaridan go‘yo nola bilan oqayotgan suv va dumaloq yuzining ifodasi bundan mustasno.
Biroq shu topda Fedor bu ko‘m-ko‘k ko‘zlarni boshqa hech qachon ko‘rmaslik uchun borini berishga tayyor edi. Beixtiyor xayolidan: nahotki hali tugamagan bo‘lsa, degan fikr o‘tdi. Yo‘q, u boshqa chidamaydi… Istamaydi… Hayvoniy, sharmandalarcha qo‘rquv… Fedor uni bosdi. Buvisi aytganidek, hech kimga o‘zi ko‘targanidan og‘ir xoch berilmaydi.
Mehmon qiz sovuqqina dedi:
– O‘rtoq Sapejinskiy, kirishga izn bering.
Buni qarang, “o‘rtoq”dedimi?!.. Balki unchalik ham yomon emasdir? Biroz zarda aralash javob qildi:
– Sizga qanday e’tiroz bildiraman, o‘rtoq Rabko…
Fedor ortiga chekinarkan, o‘z-o‘zidan nigohi yomg‘ir va zulmatga singidi – yaqindagi sharpalardan qanchasi hali kezib yuribdi? Qiz uy egasining nigohini sezdi:
– Men yolg‘iz keldim.
Uy egasi o‘zining xayronligi va yengil tortganini sezdirmaslikka urindi. U ohista eshikni yoparkan, hatto, qizning yomg‘irdan jiqqa ho‘l shineliga-da, bexos teginib ketmaslikka harakat qildi… Chunki, bema’ni bir sezgi – shugina teginishning o‘zi xuddi labdor qari qurbaqa asabiy qizning ko‘nglini aynitgandek, alag‘da qilardi.
Yomg‘ir, tun va kuz tashqarida kutishar edi. O‘lim o‘zining ko‘m-ko‘k, katta-katta, komsomolcha ko‘zlari bilan tikilib turardi.
– Men yolg‘izman. Qurolsiz keldim. Va… sizning yoningizda ekanimni hech kim bilmaydi. Va…mana…
U maktab o‘quvchisining dastxati bilan yozilgan qog‘ozni uzatdi.
Fedor hech nima demay oldi.
“Men, Valentina Rabko, o‘z ixtiyorim bilan hayotdan ko‘z yummoqdaman. Mening… hech kimni aybdor qilmaslikni so‘rayman…”
Bu qanday alahlash?!! Fedor mehmon qizga shoshilib qaradi. Qiz esa uning yelkasi osha huvillab qolgan uyning bir burchagiga tikilib turardi.
– Sizga qilgan… yomonliklaridan keyin… Men…– shunday deb u go‘yo o‘zini muzdek suvga tashlamoqchi odamdek, nafas chiqardi.– Qisqasi, nima desangiz shuni qilaman.
Buni qaranglar… Fedor kulishni ham, yig‘lashni ham bilmasdi. Viloyat oyim qizlari keyingi o‘n asrda ham o‘zgarmadilar. Garchi qo‘llariga komsomol biletlari ushlatishdi, kurash sirlarini o‘rgatishdi, eng muhimi, vakolat berishdi. KGBning yosh xodimini vijdoni qiynayapti. Ajoyib. Xo‘sh, u, ya’ni Fedor ushbu kasal vijdonni davolashi kerakmi? Nima bilan? O‘zini osishga buyuradimi? Yoki o‘z qo‘li bilan bo‘g‘ib tashlaydimi?
Rostdan ham tugamasdek tuyulgan keyingi o‘n kun ichida bu haqda deyarli har daqiqada o‘ylagan.
… Mag‘lub Germaniyada o‘tgan ikki yillik xizmatdan so‘ng (Potsdamdagi harbiy qismda) u Velikiye Lukiga, artilleriya brigadasiga yo‘llanma oldi. Urushning tugaganiga ham ko‘p bo‘ldi. Uyga ketishni orzu qilardi. Dorulfununga qaytib, ilm qilishni, o‘zi sevgan raqam-formulalarga ko‘milib ketsa, qaniydi… Velikoluk shtabida polkdoshi bor ekan, janjalkash, ammo yaxshi erkak, uning yordam berishiga ishonchi tug‘ildi. Hozircha esa qoidaga xilof yordam – qadrdon uyiga kirib o‘tish uchun bir necha kunga ruxsat so‘radi. Buvisining G‘alabani qarshilab, ammo nabirasini kutmay vafot etganiga yarim yil o‘tdi. Attang, unga aytadigan gaplari bor edi, nasib bo‘lmadi… Onasi esa urush payti eski-tuski bozoridan qaysidir kamzulini yegulikka ayirboshlab, qaytarida bomba ostida qolgan.
Shunday qilib, baxtiyor, taqdirning erkasi o‘z vataniga qaytarkan, bu yerda uni hech kimsa kutmayotgan edi. Qo‘l-oyog‘i sog‘, ko‘kragida uchta medal va ordenlar, yelkasidagi pogonlarda kapitanlik yulduzchalari…
Qadrdon shaharga besh soatlar chamasi qolganda viloyat markazidagi stantsiyada poyezd turib qoldi va bu yerda kamida bir soat hayallaydi, degan gap tarqaldi. Odamlar achchiqlanib, guvulladi. Kimdir mudrashda davom etdi. Ayrimlarni esa stantsiyaning chiroqlari maftun etib, o‘sha tomonga yurishdi. U ham…
O‘sha daqiqalarni u necha martalab xayolidan o‘tkazdi. Mana, oxorlangan oppoq bosh kiyim kiygan, peshonasida esa go‘yo yopishtirib qo‘yilgandek qo‘ng‘ir jamalak sochli bufetchi ayol kulib choy uzatmoqda. Ana, u oyoqlari ingichka stol – yog‘och qo‘ziqorin yonida yolg‘iz turibdi. O‘shanday boshqa bir “qo‘ziqorin” ustida yosh oila, erkakning ustida paxtalik, ayol egnida esa o‘ngib ketgan palto va oq ro‘molcha o‘rab olgan. Junlari to‘kilib, qaysi hayvonning terisidan ekani ham noma’lum uch-quloq telpak va ayni shunday, tuksiz po‘stin kiygan, qo‘lida xalta tutib, soch-soqollari o‘sib ketgan allaqanday g‘alati chol stollar oralab yuribdi. Birovdan hech narsa so‘ramaydi, ammo xaltasiga birov quritilgan non, boshqasi qaynatilgan kartoshka solib qo‘yyapti. Qariyaning xuddi daryo toshiga o‘xshab yiltirab turgan nigohi bir daqiqaga – cho‘g‘ni bosib olgan odamda shunday bo‘ladi – joyida qotib qoldi.
Birdan qariya qandaydir o‘tkir narsaga duch kelgandek, Fedorga tikilib qoldi. Ko‘zlarining tubida telbavor bir dahshat qo‘zg‘aldi. Qariya og‘riqdan bukilgandek, egildi va xayqirdi:
– O‘sha sensan! Sen otgansan! Men seni tanidim, razil fashist! Sen!
Bundan keyingi voqealar yomon tushni eslatadi.
Jinniga ishonishdi. Unga, Fedorga esa – yo‘q.
Jinni o‘zlarining odami edi. U dahshatli otuvning tirik qolgan oxirgi guvohi bo‘lib, o‘sha voqeadan keyin boyaqishning aqli ozib qolgan. Odamlar hamon urush asoratidan qutulishmagandi. Ba’zan shahar ko‘chalarida sog‘lardan ko‘ra xassa tayangan, turli-tuman aravachalarda borayotgan kishilar ko‘pdek tuyulardi. Hamma joyda fashistlarning qolgan-qutgan yashirin josuslari, politsiyachilarini qo‘lga tushirish davom etmoqda edi. Fedorning yonida esa nemis soati, muqovasida nemischa harflar bosilgan, varaqlariga turli formula hamda raqamlar yozilgan yon daftari bor edi… Ha, yana… Meri Shellining cho‘ntak shaklidagi o‘ngib ketgan “Frankenshteyn” kitobchasi ham bo‘lgan.
Hujjatlariga ko‘ra ham u hozirda mazkur temiryo‘l stantsiyasida emas, Velikiye Lukidagi harbiy qismda bo‘lishi lozim edi.
Velikiye Lukiga qilingan qo‘ng‘iroq hammasiga yakun yasadi. Kapitan Fedor Stanislavovich Sapejinskiy xizmat joyiga yetib bordimi, degan savolga tetik bir ovozda shunday javob berishdi: hushyor boshliqlar xotirjam bo‘lsinlarki, frontoviklar ichkaridagi kalamushlardan farqli hech qachon kechikishmaydi.
Polkdosh o‘zi va’da qilgandek, hech narsadan hayiqmay (har doimgidek) safdoshlik hurmatidan hatto harbiy ustavni buzib, ishni “suvayotgan” edi…
Bunday do‘stona qahramonlik Fedor uchun hukmni anglatar edi.
Shaharliklarning o‘ziga nisbatan nafratini tushunardi. Ko‘pchilik uni o‘z otasining qotili, singlisining jallodi, yosh bolalarni o‘l­dirgan dushman sifatida “tan olishdi”… Hayotlarini vayron qilgan gunohkorning jazo topishini ko‘rishga bo‘lgan tabiiy ishtiyoq ham o‘zini ko‘rsatmoqda edi…
Ko‘kragidagi medallarni yulib olishgani negadir uning yodida saqlanib qoldi…
Bularning barchasi xato ekani, ertami-kech yuzaga chiqishini u bilardi.
Ammo ish chappasiga ketgani va endi umid yo‘qligi tez orada ma’lum bo‘la boshladi. U og‘ir-bosiq bo‘lishga harakat qildi. O‘zini ularning o‘rniga qo‘yib ko‘rdi: kerak bo‘lganda sotqinni hech ikkilanmay chakkasidan otib yubormaganmidi?! O‘sha sariq sochli yigitchaga, deyarli o‘smir bolaga ham achinish hissini tuymagan. Bola qo‘lini ko‘tarib, xo‘rsingancha nemislar tomon yalinib-yolvorib, bir nimalarni g‘uduranib borarkan, go‘yo odam qatoridan chiqqandek…
Keyin esa har kuni (yoki har kecha?) josuslarga qarshi kurashda sinovdan o‘tgan tergovchilar bilan bir necha soatga almashib, shu ayol kela boshladi. Katta yoshdagi baquvvat erkakning popugini pasaytirib qo‘yishni mana shu yaramas qiz – Valentinaga to‘la ishonib topshirib qo‘yishgani unga juda ham alam qilardi. U yaqindagina o‘qishni bitirib kelgan bo‘lib, janglarda ishtirok etolmaganidan o‘ta iztirob chekardi…
O‘rtoq Rabko o‘zining dastlabki topshirig‘ini bajarishga staxanovcha g‘ayrat bilan kirishgandi.
Fedor ana shularni qayta eslarkan, titrab ketdi.
Mana endi qarshisida istagingni bajaraman, deb turibdi.
Fedor tishlarini g‘ijirlatib, jim bo‘ldi. Keyin sovuq ohangda dedi:
– Bo‘lmasa, yechin.
Mehmonning yuzida o‘zgarish sezilmadi va kaltabaqay barmoqlarining tirnoqlari singudek bo‘lib, ho‘l shinelining tugmalarini yechdi… Shu holatda u jim turgan uy egasiga qarab, qo‘lidagini bir chekkaga qo‘ydi… Yechish navbati koftasiga yetganda biroz hayalladi:
– Faqat… Bu ishlarda uquvim yo‘q. Bunaqasi…
Fedor qizdan, o‘zidan va vaziyatdan jirkanarkan, sal bo‘lmasa, ingrab yubora yozdi.
– Bas qil! Shaytonning urg‘ochisi!
Uning baqirig‘idan qiz o‘zidan ketayozdi. Qo‘rqinchdan ko‘zlari kosasidan chiqib ketdi, go‘yo.
Nima ham qilardik, u to‘pchilarga komandir bo‘lib, zambarakning ovozini bosishga o‘rgangan.
– Tugmalaringizni qadab oling, oyim qiz.
Xuddi birinchi may plakatidagi ayolga o‘xshash qizning yonoqlari qizardi. Uyning bo‘g‘iq havosi momaqaldiroq oldidan bo‘ladigandek, quyuqlasha boshladi. Fedor tishining orasidan ijirg‘andi:
– Demak, kechirganim belgisi sifatida sen bilan nimadir ish qilishimni istayapsan? Endi nima qilay, sening nomusingga tegaymi? Yuzingni yoraymi? Biror o‘n soat tizzangga o‘tqizaymi? Yoki otib tashlaymi? Nima deysan?
Valentina chala yuvilgan taxta polga qarab yutindi.
–Ha. Ablahligingni bilish qiyin ekanmi?
U labini tishladi.
Fedor keskin davom etdi.
– O‘zimni ablahga aylantirib, seni yengil torttirmayman.
– Bunday… bilan men endi qanday yashayman?
Shunday deb tiniq ko‘m-ko‘k ko‘zlari bilan tikilib qoldi. Oyim qizning bu darajada ko‘ngilchangligini kim bilibdi, deysiz.
– Qanday yashaysiz? – Fedor kuldi. – Meni so‘roq qilgan hamkasb­laring qanday yashashmoqda? Nima sababdan leytenant Kravets yoki mayor Tuskliy betimni yorib tashlang, degan iltimos bilan yonimga kelishmadi? Uxlashyapti.
– …
– Kechalari xotirjam-da. Ular senga nima deyishdi? Sizlar barchangiz, shunchaki o‘z vazifamizni bajardik, deb o‘ylaysizlar-da, shundaymi?
– Shunday… – Valentina xuddi koftasining tugmasi aybdorday uni zarb bilan aylantira boshladi. – Bitta haqiqiy qo‘poruvchi yoki sotqinni o‘tkazib yuborgandan, o‘nta aybsiz ozor chekkani yaxshi, deyishdi ular.
– Sen bunday deb hisoblamaysan, demak? Mengacha bironta ham aybsizni qamashmaganiga ishonasan, shundaymi? Men esa adashib qo‘lga olinganlarning so‘nggisiman?
O‘rtoq Rabko tumshayib turaberdi.
– Bilmadim…
Tashqarida esa shamol quturgandan quturar, xuddi och qushlarday oynaga o‘zini urardi.
Odamlar ham shunday. O‘zlarini asrash ilinjida maftunkor g‘oyalar dunyosi tomon uchadilar va bilishmaydiki, ularning samimiy intilishlari qarshisida to‘satdan ko‘rinmas devor paydo bo‘lib, taqdirlarini chil-parchin qiladi.
Har qanday xayoliy g‘oyalar devori osti ukparlar va qon bilan to‘la. Issiq uylardagi o‘choq qarshisida faqat imtiyoz egalarigina o‘z haqiqatlariga ko‘milib, rohat-farog‘at qilishadi. O‘zlarini ko‘r-ko‘rona oynaga urayotganlarga ulardan shafqat yo‘q.
Qiz bir oyog‘idan ikkinchisiga turdi. Fedor uning charchaganini sezdi. Nima ham derdik… Gapni tugatish kerak. O‘tir, deb aytgisi kelmadi. Qizginaning omadi chopmadi – dastlabki topshirig‘i adashib qamalgan urush qahramoniga to‘g‘ri kelib qoldi.
– Sizdan menga hech narsa kerak emasligini, o‘ylaymanki, tushungan bo‘lsangiz kerak?
Valentina ho‘l sochlarini silab qo‘ydi. So‘zlari bo‘g‘zida tiqilib, nihoyat avval xayolda, so‘ng ovoz chiqarib dedi:
– O‘z…o‘zimdan qo‘rqib ketyapman. Boshqaga azob berish… Kamsitish… Shunchalik… oson bo‘lib chiqdi.
– Bu ishni hali ko‘p marotaba bajarishingizga to‘g‘ri keladi, – loqaydlik bilan dedi Fedor. – Kechirasizu, bu o‘zingiz tanlagan ish. O‘zingizda yetarli qat’iyat sezmasangiz – keting!
Qiz o‘jarlik bilan bosh chayqadi:
– Dushmanlarni ko‘rgani ko‘zim yo‘q. Fashistlarga rahm-shafqat qilmoqchi emasman.
Fedor hu naridagi bir paytlar ikona osig‘lik turadigan, xotirasida boyagiday saqlanib qolgan burchakka qaradi. Hali bola ekan, buvisi unga: “Bu – xudoyim, Fedenka. U saxiy, barchamizni asraguvchi” deb tushuntirgandi.
– Inqilob bo‘lgan yili tug‘ilganman, – Valentina uning har bir so‘zi­ni yodda saqlashga urinayotganini sezib asta gapirdi Fedor – birinchi marta jahl va mazaxsiz. – Men Ulug‘ Oktyabr bilan tengdosh ekanimdan faxrlanaman. Bizga quloqlar tomonidan qiynab o‘ldirilgan Pavlik Morozov haqida o‘n olti yoshimda, pionerlar saroyida aytib berishgan. O‘shanda barchamiz Pavlikka xos biron bir qahramonlik ko‘rsatishni orzu qilganmiz. Ertasiga har birimiz umumiy yig‘ilishda qarindosh-urug‘ yoki qo‘ni-qo‘shnilarning sovet hukumatiga qarshi biron bir harakatini, ayniqsa, uylarida ikona yoki boshqa ibodat ashyolari, sovetlarga qarshi adabiyotlar yoki qurol-yaroq saqlaganlarni fosh etishimiz kerak edi. So‘zlashga tayyorlanar ekanman, sabrim chidamay, turgan joyimda irg‘ishlardim. Navbatim yetgach, uyimizning qaznog‘ida katta sandiqlar borligi, ularning birida buvim eski-tuski kiyimlarni, ikkinchisida esa chet tillarda yozilgan allaqanday shubhali qog‘ozlarni saqlashini shosha-pisha aytdim. Bir safar o‘g‘rincha kirib ko‘rganman…
Maqtovlar eshitdim. Harbiy kiyimdagi o‘rtoq qo‘limni uzoq silkidi va pionerning chin so‘zi haqida gapirdi… Men baxtiyor edim. O‘sha kuni kechda esa uyimizda tintuv boshlandi.
Qog‘ozlar to‘la sandiqni pastga olib tushishdi. Qing‘ir-qiyshiq yozilgan bu sarg‘aygan sahifalarni bir joyga ko‘tarsangiz bo‘yim baravar bo‘lardi.
– Polyaklarning hujjatlari! – e’lon qildi tintuv o‘tkazganlardan biri o‘z ishidan qoniqib.
Buvim ilgari men payqamagan bir ovozda ushbular polyakcha emas, belarus tilida yozilib, eriga, ya’ni mening bobomga qarashli ekanini ularga tushuntirmoqchi bo‘lar, ammo behuda edi. Belarus tili ta’qiqlangani bois, lotin harflarida yozishgan, nashr etish imkoni esa bo‘lmagan. Bobom garchi, xudojo‘y bo‘lsa-da, xalq ishiga jon-fido kishilardan edi. Uni Sibirga surgun qilganlaridan so‘ng qaytib kelmadi, tuprog‘i o‘sha yoqlarda qolib ketdi. Mulklarini esa musodara qilishgach, buvim yosh qizi, mening onam bilan shaharga, kichkina bir hovliga ko‘chib kelishgan… Mazkur qog‘ozlar belaruslar uchun katta ahamiyatga ega… Hozir… bularni olib ketishsa, uning uchun ikkinchi marotaba erini olib ketgandek bo‘ladi…
Shularni aytarkan, buvim ko‘z yoshlariga ko‘mildi. Uning ahvoli mening g‘ururimga biroz suv sepdi. Chunki buvimning yig‘laganini hech qachon ko‘rmagandim.
Tintuv rahbari qog‘ozlarni varaqlarkan, bularning barchasi diniy mavzuda ekanini aytdi. Hammasi xristian sarqitlarini targ‘ib qiladi. Bobomning yer-mulki bo‘lgan, demak, ezuvchi sinf vakili. Shunday ekan, mana bu po‘panak bosgan uyumlar hech qanday ahamiyatga ega emas.
Qog‘ozlarni olib ketishdi. Ular haqida keyin ham hech bir gap eshitmadik. O‘sha voqeadan so‘ng buvim men bilan biron marta bo‘lsin gaplashmadi. U… qat’iyatli inson edi. Bir zamon keldiki, men tillar fakultetida o‘qiydigan universitetdoshim bilan suhbatlashib qoldim… U yo‘q qilib yuborilgan qog‘ozlar haqida eshitarkan, sal bo‘lmasa oppoq sochlarini yulayozdi. O‘ta qimmatli tarixiy hujjatlarni gumdon qilishganini aytdi.
Nima ish qilib qo‘yganimni ulg‘aygandagina tushundim. Biroq u payt kechirim so‘raydigan hech kim yo‘q edi.
Valentina uy egasiga angrayib qarab turardi.
– Ammo… O‘z burchingizni bajargansiz, xolos. Siz to‘g‘ri ish qilgansiz.
Fedor achchiq kulimsiradi.
– Unday taqdirda sen ham to‘g‘ri qilgansan. Fashistlar ham o‘zlarini haq bilishgan. Bizlarni odam qatorida ko‘rishmagan. Men Germaniyada ekanimda kontslager hududida bo‘ldim… Bilasanmi, meni hammadan ko‘p nima hayron qoldirdi? Tartib. Tozalik. To‘p-to‘pga bo‘lingan palto, kofta, qirqilgan sochlar, bolalar oyoq kiyimlari… Ularning egalarini o‘shanday toza krematoriyalarda qat’iy tartib bilan yoqishgan. “Ekskursiya”dan keyin to‘xtagan uyimizda bir qari nemisni etiklarimizni tozalashga majbur qildik. Uni urmadik, haqorat qilmadik, bosib olingan slavyan tuprog‘ida balki, uning o‘g‘li qilganidek, qulog‘i ostida to‘pponcha otmadik. Shunchaki toza qonli ariyning g‘ayrat qilishini tomosha etib turdik, u esa qo‘rquvdan chang-tuproq kirzani tozalayapti, tozalayapti, tozalayapti.
U hamda unga qo‘shni-byurgerlar ham o‘zlari yashaydigan ikki yuz qadam naridagi bo‘yalgan tikanli sim devor ortida nima voqealar yuz berganini bilishmagan. Insonning hayvonga aylanishi hech gap emas. Va u o‘zining haqligiga tez ishonadi. Onamni oling… Nimanidir ayirboshlash uchun bozorga borganda… Demak u nemislar orasida yashagan, nimadir ishlab topgan, sotgan… Shunday ekan, u sotqin bo‘lib chiqadimi? Qoidaga ko‘ra shunaqa-da, a?.. Xavfsizlik himoyachilarimas, insoniylikka ko‘ra-chi?
Qiz birdan o‘zgardi-qoldi. Hech bir asabiylashmasdan yerda yotgan ho‘l shinelini dast olib kiyib, etaklarini tortib qo‘ydi. Tugmalarini qadadi va tund bir alpozda qaddini ko‘tarib qo‘ydi. Fedor seskanib ketdi… U qarshisida o‘ziga azob berib lazzatlangan, jirkanchli nafrat bilan munosabatda bo‘lgan jinsi yo‘q xizmat odami – avvalgi KGB xodimasini ko‘rib turgandi…
– Tutgan yo‘lim to‘g‘ri ekan. Shubhalanib o‘tiribman-a, telba. Sen esa… davlat xavfsizlik qo‘mitasi xodimlarini fashistlar bilan qiyoslayapsan?!! Yana bu frontovik emish… Panlarning urug‘i, boshqa hech kimmas!
Shunday deb u Fedorning qo‘lidan o‘zining “vasiyatnomasi”ni tortib oldi.
– Shoshmay tur, sen noto‘g‘ri tushunding…
Javob o‘rniga eshik qarsillab yopildi.
Fedor orqa suyanchig‘i yog‘ochdan tug‘ro shaklida ishlangan kursiga holsizlanib o‘tirarkan, xuddi yosh bola kabi so‘roq paytida jarohatlangan qo‘lini ko‘kragiga bosdi. Hatto lo‘qillayotgan sinchalog‘idagi og‘riqni bosish uchun kursini tebrata boshladi. Chakaging ochilib ketdi-ya, jinni. Dardingni to‘kishga topgan odamingni qara-ya. Hasrat, ukam, yaxshilikka olib bormaydi…Shallaqini ayab o‘tiribsan. Urushda osonroq edi… O‘ylagan o‘yi o‘ziga shunday fitnakor tuyuldiki, Fedor bu alahlashdan qutilish uchun boshini saraklatdi.
Olib ketgani ertasi kelishdi. Bu safar adashishmadi. U o‘zi uchun javob berishga majbur. Uni bor bo‘y-basti bilan so‘roq qilishdi. Kapitan Sapejinskiyga Velikiye Lukini ko‘rish taqdir etmadi. Har holda oz-ko‘pi bilan ozodlikdan mahrum etilgan o‘n besh yilgacha. Tergov davrida Valentina Rabko bilan yuz ko‘rishmadi, ammo chaquvlardan keltirilgan iqtiboslardan uning ovozi eshitilib turardi.
…Minsk-Moskva poyezdida choy to‘ldirilgan qirrali stakanlardagi yakrang qoshiqchalar “til”ga kirdi. Ko‘p sonli yo‘lovchilar orasidan kimdir kuz kechalariga tikilganda yurakka g‘ulu soluvchi hasratni shunchaki haydash uchun yoki uyqusizlikni sezib uydan olib chiqqan kolbasali non, bir paytlar Ilf va Petrov tomonidan kuylangan dimlama tovuqni das­turxonga yozadi… Shuningdek, yakkash non chaynamaslik sababidan yoniga solib olgan boshqa mayda-chuydalarni ham chiqarishadi.
Kupedagi yoshi o‘tgan, baquvvat bir yo‘lovchi arpadan tayyorlangan qahva bilan kifoyalandi. Birinchidan, poyezdda tabiiy qahva yo‘q edi. Ikkinchidan, u choyni xush ko‘rmasdi. Qoshiqcha bilan qahvasini aralashtirar ekan, uning sinchalog‘i yo‘qligini payqash mumkin. Yoshiga qaraganda urush ko‘rgan erkak bo‘lganidan undagi yaradorga xos belgilar hech kimni ajablantirmaydi. Ammo u kupeda yolg‘iz edi. Deyarli oqargan sochlari kalta qirqilgan, butun jismidan sokinlik ufurib turibdi: yelkalari baquvvat, suyaklari bo‘rtib turgan yuzlari yoyiq, diqqat bilan boquvchi ko‘zlari qop-qora… Ayniqsa, yo‘g‘on tanasi ko‘zga yaqqol tashlanadi. Balki bu uning egnidagi pidjagini yechib, kupe burchagidagi yog‘och ilgakka osib qo‘ygani va tomog‘igacha yopib turgan yupqa engilda (bunday kiyim-bosh Sovet Ittifoqida hali urf bo‘lmagan edi) ekanidan bo‘lsa ajab emas. Yo‘lovchi qahvasini ichib bo‘lib, shu joyning o‘zida stol ustida turgan bir taxlam qog‘oz jildlarga mahzun ko‘z tashladi. Konferentsiyaga yaxshilab tayyorlanish imkoni bo‘lmadi. Demak, bu materiallarni hozir ko‘rib chiqishi lozim. To‘yib uxlashga yana vaqt yo‘q…
Kupe eshigi taqillaganday tuyuldi va shu zahoti g‘ildirab ochilib ketdi. Ostonada ifodasiz yalpoq yuzli, shunga o‘xshab hech narsani anglatmaydigan katta-katta, yaltiroq ko‘zli, butun yo‘g‘on tanasi qandaydir qattiq jismdan quyilganday provodnik ayol baland ovozda so‘radi:
– Choyshab olasizmi?
Kupening yagona xojasi esa go‘yo hozirgina soxta deb e’lon etilgan buyuk rassomning ilgaritdan tanish kartinasini sinchiklab tekshirayotgan san’atshunos kabi vagon bekasiga negadir jim qarab qoldi.
– Hoy kishi, vaqtimni olmang! Olmoqchi bo‘lsangiz, bir rubl ellik tiyin.
Temir ayolning so‘zlari yo‘lovchini hushiga keltirdi. U burchakda ilig‘liq pidjagidan katmonini oldi.
– Pulni, hurmatli yo‘lovchi, jamoat joylarida yoningizda ushlang. Odamlar arzimas bir narsasi yo‘qolib qolgudek bo‘lsa, darrov vagon kuzatuvchisiga tashlanishadi. Ular hamavaqt kimnidir aybdor qilishga usta…
Provodnik ayolning shang‘illagan ovozi yo‘lakdan kelar, keyingi kupeni taqillatgani ham eshitildi…
Fedor yuzini qo‘llari bilan yopdi.
Tanimadi… Yoki tanimaganga oldimi? Unga qarab bilib bo‘larmidi…
Endi ularga nimani ham aytasan? Balki o‘rtoq Rabko hozir, o‘zining chaquvidan so‘ng u qachonlardir bobosi surgun qilingan Sibirda olti yil o‘tirib kelganidan keyin qayta kechirim so‘rashni istab qolar? Yo‘q, bu ayol tavba qilmaydi. Aksincha, yoshlikdagi bir lahzalik irodasizligi tufayli vijdon azobidan qutulsa o‘lishga ham rozi bo‘lib “Mening o‘limimda hech kimni aybdor qilmasligingizni so‘rayman” degan mazmundagi tilxat bilan tergov qilinayotgan odamning uyiga borganiga haligacha afsuslansa kerak.
Balki… davlat organlarining yanglishmasligini isbotlashni bugun ham xohlab qolar?
Jirkanch sovuq qo‘rquv yuragining allaqayerida shilliqurtday g‘imirlab qo‘ydi. Ana, aftidan unda xorij buyumlari borligini payqadi. Bratislavaga so‘nggi bor qilgan safari chog‘ida vatandosh-muhojir bilan o‘sha keraksiz va ochiq-oydin suhbat bo‘lib o‘tgan edi… Keyin Sapejins­kiy o‘zi bilan borgan ilmiy guruh haqida yopiq hisobotida – nima deb o‘ylagandingiz, mabodo u shunday qilishga rozi bo‘lmaganida xorijga chiqarisharmidi – ana shu suhbatdan tashqari barcha kasbdoshlari haqida chin dildan yozib berdi. Oradan vaqt o‘tib esa o‘sha xorijlikdan unga o‘tmishni eslatadigan sovg‘a – belarus tiliga tarjima qilingan “Frankenshteyn” nomli gotik romanni olib kelishdi. Sovg‘ani minnatdorlik bilan qabul qildi. Yana tarixchi oshnasining iltimosi bilan dinshunos va qo‘zg‘olonchi bobosi haqida hamma bilganlari yozilgan esdaliklari ham bor. Juda ham oz, onda-sonda buvisidan eshitgan gaplari, bobosining qog‘ozlaridan yodida qolgan ayrim fikrlar, kitoblar nomlari… O‘sha do‘sti aytdiki, bular hozircha turib turadi, vaqti kelganda… Birovga ko‘rsatmaslikka va’da berdi…
Aybsiz parvardigor… Mana endi oddiy provodnik ayolning chaquvi bilan Lyublinga safar ham tugaydi…
Uning hamma ishlari oqibati yaxshilik bilan nihoya topdi. Lagerda jazoni maxsus texnik-byuroda o‘tashiga to‘g‘ri keldi. Ilmiy bilimlari, to‘pchilik tajribalari va albatta, omadi chopdi: uning sohasi bo‘yicha mutaxassis zarur ekan. Keyin esa Stalin vafot etgach, ellik uchinchi yildagi o‘zgarishlarda ozodlikka chiqdi. Oqlanish, universitet…
O‘rtoq Rabkoning esa “ishlari” aftidan, yurishmaganga o‘xshaydi… Hech bo‘lmaganda mayor yoki podpolkovnik darajasiga yetgandir, deb yurardi u.
Poyezd xuddi qul mehnati uchun jon kiritilgan temir Frankenshteyn kabi noliganini ham yoki qarg‘aganini ham anglash qiyin bir taqlidda o‘zining bir xil qo‘shig‘ini aytib kelmoqda. Uning mexanik harakati, temir yuragi bilan zulmatga tikilgan mashinistning ham, go‘yo o‘z-o‘zidan uchib borayotgan mana shu uy bir necha yuz odam uchun vaqtinchalik boshpana bo‘lish barobarida Xaron qayig‘i misoli oxirgisi ham bo‘lib qolishini xayollariga keltirmay, xotirjam o‘tirgan yo‘lovchilarning ham ishlari yo‘q edi.
…Poyezd Belarus vokzalining Leta sohili kabi tund to‘xtash joyiga kelarkan, mudroq qalblarni bitta-bitta tupirib tashladi. Egnida plash, qo‘lida portfel, boshidagi shlyapasini ko‘zigacha bosib kiyib olgan Fedor Sapejinskiy provodnik ayol yonidan qisilib o‘tdi… Biroq nigohi o‘z-o‘zidan boshqa tomonga sirpandi. Vo darig‘: qizil bayroqcha ushlagan kalta qo‘lining sinchalog‘ida tirnog‘ yo‘q edi.
Fedor “Pravda” gazetasiga o‘ralgan, muqovasidagi gotik harflarigacha ishqalanib ketgan kitobchani vokzalning yorug‘ qismidan naridagi axlat qutisiga tashlab yubordi.

Rus tilidan Yoqubjon Xo‘jamberdiyev tarjimasi