Mamlakat sharqida joylashgan N shaharchasini bilasizmi? Bilmasangiz, o‘kinmang sira, o‘kinishga arzimaydi. Bunaqa shaharlar tiqilib yotibdi, hammasi bir go‘r, gugurt qutisidek bir xil. Bittayu bitta ko‘chasi yozda bilq-bilq tuproq, qishda, ayniqsa, qishning oxirlari – fevral oyida loy, balchiq, markaziy maydonida uchta cherkov qad rostlagan, uchta pivoxona ertayu kech ochiq, kinoteatri oldidan nuqul odam arimaydigan fayzsiz shaharchani ko‘z oldingizga keltiring. U yerlarda doim diqqating oshadi… yuraging siqiladi…
Men ana shunaqa shaharchada uzoq yashadim. Lekin siz meni mutlaqo tanimaganingiz uchun, bu maskanda yashab, qanchalar qiynalganlarimni tasavvur ham qilolmaysiz. Darvoqe, gap men haqimda emas, demak, mening shikoyatlarim noo‘rin. Baxtimga, u yerdan ko‘chib ketganimga ancha bo‘lgan. Men mana shu ovloq, noobod makonda uchratib, hamon unutmagan chinakam inson haqida hikoya qilib bermoqchiman. Negaligini hozir tushunib olasiz.
U oddiygina injener edi. Ismini aytganim bilan biron nima o‘zgarib qolmaydi. Biz u bilan juda inoqlashib ketdik, nima sababdan shunday bo‘lganini hozir hatto eslolmayman. Nafsilamrini aytganda, men aslida odamlar bilan chiqishib ketolmaydiganlar toifasidanman. Shuning uchunmi, nari borsa uch-to‘rtta o‘rtog‘im bor, xolos – ular ham uylanish iblis o‘ylab topgan kashfiyot, deb hisoblaydigan ashaddiy eski bo‘ydoqlar. Ular ko‘pincha ayollar naslining tuzoqlaridan qanday hiyla-nayranglar bilan qutulib qolganlarini gapirib maqtanib yuradilar. Lekin injenerning benuqson oilasini ko‘rib havasim kelganida, ba’zan, o‘ttiz yil muqaddam bir qizni… tashlab ketib, juda katta xatoga yo‘l qo‘ymadimmi, deya o‘ylab qolaman… E, nimasini aytay, endi foydasi bormi eslashdan. O‘tdi-ketdi, qaytib kelmaydi baribir. Qolaversa, o‘zim haqimda emas, injener haqida hikoya qilib beraman, degandim shekilli.
Xullas, mening tanishim yo‘l qurilishi boshqarmasida yetakchi mutaxassislardan bo‘lib, olib borilayotgan ishlardan doim ko‘z-quloq bo‘lib turishi lozimligi uchun shu shaharchaning o‘zida istiqomat qilar edi. Tashqi ko‘rinishidan u oddiy, bo‘sh-bayov, o‘rta bo‘y, o‘ttiz beshga chiqqan, ko‘zoynakli, sochlariga oq oralagan yigit edi, o‘zining sohasini suv qilib ichib yuborganidan tashqari o‘ta bilimdon, buning ustiga kamtar va xushmuomala – nimasini aytasiz, tom ma’nodagi ziyoli kishi edi. Yanayam soddaroq aytadigan bo‘lsam – haqiqiy inson edi.
Ikkovimiz ham “ijtimoiy taomil” degan narsani yomon ko‘rardik. Biz doimo biron yerda ko‘rishib, suhbatlashib o‘tirardik va ochig‘i, (chunki men ham o‘zimga yarasha nimanidir bilar edim) bir-birimizni juda yaxshi tushunar edik. Men injener do‘stimning uyiga deyarli har kuni borardim. Yashirib nima qilaman, shoirlar vasf etguvchi “oshiyon” nimaligini o‘sha yerda his qildim. Injener, uning yoshgina mallasoch rafiqasi hamda do‘mboqqina qizchalari havas qilarlik darajada ahil va hamjihat hayot kechirishar edi. Uyda osoyishtalik, xotirjamlik, o‘zaro hurmat va yakdillik hukm surardi. To‘g‘risi, bu xonadonga kelib, yolg‘izligimni unutar edim, bir kunlik hayotim menga olam-jahon ta’sir etardi, buning o‘rnini boshqa hech narsa bosolmasdi.
Men ularning do‘sti edim, deb bemalol ayta olaman. Faqat tan olishim kerak, qadrdon do‘st deb bilishmasdi, shekilli. Chunki injener oilaviy sharoiti, turmushi haqida sira gap ochmasdi. Yolg‘on bo‘lmasin, faqat bir marta, o‘shandayam tasodifan yuz bergan voqea tufayli biroz ko‘nglini ochgan edi. Men ana o‘sha voqea haqida gapirib bermoqchiman.
Aprelning oxirlari, havo biram yoqimli, go‘zal edi. Ehtimol, mana shuning ta’sirida qulfi-dilimiz ochilib ketgan bo‘lsa ajab emas.
Men kechki payt injenerning uyida ovqatlandim. Yeb-ichib bo‘lgandan keyin ham turib ketmay dasturxon atrofida o‘tiraverdik. Odatdagidek o‘tgan-ketganni eslab, hazillashib o‘tirdik. Ko‘p o‘tmay rafiqasi stolni yig‘ishtirdi-da, qizlari bilan oshxonaga chiqib ketdi.
Injener bilan yolg‘iz qoldik. Kaminda so‘nggi o‘tinlar yonib tugamoqda edi, alanganing shu’lasi quyuqlashib borayotgan oqshom qorong‘isida odamga alohida xayoliy bir kayfiyat baxsh etardi. Biz bir necha daqiqa alanganing jilvakor o‘yiniga maftun bo‘lib tomosha qildik. Mening ko‘nglimdan o‘tmish bilan bugungi kunni bog‘lashga undovchi fikrlar kechardi, hayajonlanardim, pirovardida so‘zlar quyilib, mening ixtiyorimsiz to‘lib-toshgan yuragimdan to‘kila boshladi. Men hayotimning ma’lum damlari haqida gap ochdim; bu voqealar yigirma yashar yigitcha uchun fojia edi, qolaversa, keyingi o‘n yil davomida xotira sifatida yolg‘iz o‘sha damlarda ko‘rgan-kechirganlarim xayolimda muhrlanib qolgandi. Bir vaqtlari jismu jonimga o‘t qo‘ygan voqealar bugun azoblamasdi. Undan keyin adoqsiz hasratlarimni birov eshitayaptimi, yo‘qmi, menga farqi yo‘q edi. Men bu eski, siyqasi chiqqan, lekin o‘zim uchun hamon yoqimli qissani so‘zlab berayotgandim, chunki bu mening boshimdan o‘tgan tarix edi. Nima desam ekan, siz bunga o‘xshagan voqealarni minglab o‘qigansiz kitoblarda, son-sanoqsiz odamlarning boshiga tushgan: boy-badavlat aslzodalar oilasi… latofatli, husnda tengi yo‘q qiz… kambag‘al yigit… Yashirincha uchrashishlar… hadik va xavotir ichidagi bo‘salar… ota-onalarning taqiqlari… ayriliq… “Hech qachon!”, “Bir umr!” degan qasamlar… Oxirida esa… tamom…
“Shu tariqa hamon bo‘ydoqman, – deya hikoyamni tugatdim men, – o‘shandan buyon uylangim kelmaydi – xohlamayman, tamom-vasalom!”
So‘nggi so‘zlarni qandaydir kibr-havo va yasama harakat bilan qo‘shimcha qildim. Keyin, nafasimni rostlab: “Lekin siz bilan tanishgach esa…” deya davom ettirdim.
Men to‘xtab, biroz tin oldim. Yana u oilaviy baxtimga havas qilayapti, deb o‘ylab yurmasin… Oraga jimlik cho‘kdi. Injener olovdan ko‘z uzmay, churq etmay o‘tirardi. Oxiri lablari: “Biz bilan?” deya pichirladi.
Uning bu so‘zlari allanechuk g‘alati, juda g‘alati ohangda chiqdi. Bu savolda kutilmagan bir nima bor edi, go‘yo mana shu ikki so‘zdan iborat jumla zamirida alam va musibat yashirin edi. Men lom-mim demadim. Biz noqulay bir sukunat bag‘rida indamay o‘tirardik, daf’atan injener go‘yo uyqusiragan odam uyg‘onib ketgani kabi kerishdi-da, bir nima deb ingradi, so‘ng tamaki olib tutatdi va boshidan o‘tgan voqeani hikoya qilishga kirishdi. Avvaliga u shoshilmasdan, xuddi kerakli va ta’sirchan so‘zlar izlayotgandek to‘xtab-to‘xtab gapirayotgan bo‘lsa, bora-bora tobora ravon va ta’sirli ohangda so‘zlay boshladi: “Demak, sening nazaringda men go‘zal va baxtiyor hayot kechiryapman ekan-da?.. Ehtimol, shundaydir… Lekin baxt, deganda biz nimani tushunamiz?.. Men oilamni yaxshi ko‘raman, ishimdan ko‘nglim to‘q… odamlar bilan murosai madora qilaman, nima ham derdim, baxt… mana shudir. Faqat bir paytlar…”
U bir narsani aytgisi keldi-yu, lekin ikkilandi, xuddi aytishini ham, aytmasligini ham bilolmay, boshi qotgan odamdek o‘yga toldi, oxiri, og‘ir so‘lish oldi va uzuq-yuluq boshlangan, pirovardida to‘xtay, deb qolgan hikoya ravon bir ohangda davom etdi: “Bilasanmi, talabalik davrimda, men oshig‘u beqaror edim. Hm, oshig‘u beqaror emish, shunaqayam ahmoqona ta’rif bo‘ladimi? Odam yo sevadi, yo sevmaydi – bu tuyg‘uning mezoni, o‘lchovi yo‘q. Falsafa so‘qimayman deyman-u, baribir beixtiyor… o‘zim ham sezmay qolaman, men injenerlikka o‘qirdim, u – til va adabiyot fakultetida tahsil olardi. U mendan bor-yo‘g‘i ikki yosh kichik edi. Qayerda, qachon tanishganimizni… eslolmayman. Talabalik davrida ikki yoshning tanishib qolishidan oson ish bormi dunyoda?.. Xullas, biz bir-birimizga ko‘ngil qo‘ydik.
Uni mohitobon, sohibjamol deyolmayman. Kursdoshlarim hatto mening xushtorligimdan kulishardi. Lekin u qiz juda boshqacha edi, hech kimga o‘xshamaydigan bir fazilati bor edi. Ko‘ngilchan, qandaydir o‘ziga jalb etadigan ohanrabosi bordek… men buni tushuntirib berolmayman, hatto o‘sha paytda ham tushuntirib berolmasdim.”
U kulimsirab qo‘ydi.
“Men injenerlikka o‘qirdim… Qisqasi, uni sevib qoldim, birgina men emas, ko‘pgina talabalar mening ko‘yimga tushishgan edi, lekin u meni tanladi, holbuki, o‘sha paytda ham ko‘rinishim bir ahvol edi.
Biz tez-tez uchrashib turardik, birga sayr qilardik, to‘g‘risini aytsam, adoqsiz suhbatlarimizdan bironta jumla esimizda qolmasdi, shart ham emasdi, bu suhbatlar bir bahona edi, biz bir-birimizga to‘ymas edik… yashirib nima qildim, totli bo‘salardan boshim aylanib ketardi… Men go‘yo osmonda yurardim, u meni sevgani uchungina emas, balki mendan ko‘ra kelishganroq yoki aqlliroq boshqa yigitni emas, aynan meni sevganligidan faxrlanardim, bo‘lmasa qancha yigitlar unga oshig‘u beqaror edi.
Ikki yil shu taxlit davom etdi, oxiri ikkovimiz ham Budapeshtdan ketadigan vaqt yetdi. Keyingi o‘quv yilining boshlanishini intizor bo‘lib kutardim, kunlarni sanardim.
Bu juda g‘alati, men shu choqqacha his qilib ko‘rmagan tuyg‘u edi! Men o‘sha paytda ham xuddi hozirgidek edim, endi she’rlar yoza boshlaganimni tasavvur qil! She’r, deyishga arzimas edi aslida. Biroq unga manzur bo‘lardi, ular haqida hech kim hech narsa bilmasdi. Bundan bexabar kursdoshlarim meni logarifmlar jadvaliyu o‘zgarmas miqdorlar dunyosidan boshqa dardi yo‘q, deb hisoblashardi. Men bo‘lsam ijod qilar, she’r yozar, yoddan o‘qib yurardim… Ularni yolg‘iz ko‘nglimni rom etgan o‘sha dilbargagina berardim, u esa, bu she’rlar birinchi bo‘salar kabi, faqat ikkovimizga tegishlidir, derdi.
Biz istiqbol haqida zarracha tashvish chekmasdik hali, shuning uchun bu mavzu bizga yot-begonaligicha qolgandi. Oila qurish haqida gaplashish xayolimizga ham kelmasdi, shunday bo‘lishi tabiiy – qachon ikki yosh bir-birini sevsa, o‘zgacha bo‘lishi mumkin ham emas, to‘g‘rimi?! Avvalo men durustroq ish topishim, u esa o‘qishni tugatib olishi kerak edi. U istiqomat qilayotgan talabalar shaharchasidagi yotoqxonani yaxshi bilardim, chunki unga ko‘plab xat-xabar yuborganman.
Dorilfununni tugatgan kezlarim, men bir yerda muqim yashamaganligim tufayli xatlarimga javob yozib yuborishning iloji yo‘q edi.
Muhabbat vaqt va masofaga teskari tarzda susayib boradi, deyishadi. Ehtimol, biroq bu menga taalluqli emas, men bundan mustasnoman. Chunki mening hislarim kamayish tugul, zarracha o‘zgarmadi, balki kuchayib borardi, men ilgari uni qanday sevgan bo‘lsam, shunday sevardim, faqat bunga bir qadar ko‘nikib ketdim, shekilli. Men bu tuyg‘u bir lahza bo‘lsin yuragimni tark etganini eslolmayman. Qolaversa, unga shunchalik o‘rganib qolgan edimki, har kuni gazeta o‘qish, ovqat yeyish, yuz-qo‘lni yuvish singari hayotimning bir qismiga aylanib qolgandi. O‘ylashimcha, agar odamlar tish og‘rig‘i bilan tug‘ilganda edi, hayotlari davomida hech kim tish og‘rishi mumkinligiga ishonmagan bo‘lardi. Aksincha, agar og‘rimasa bunga biron bir kasallik belgisi sifatida qaralardi. G‘alati-a, to‘g‘rimi?”
U pashshani haydayotgandek qo‘l silkitdi.
“Yana falsafa so‘qiyapmanmi?.. Nima deyotgandim? Ha… Yillar o‘tdi, men ishga kirdim, u haqda o‘ylaganim o‘ylagan, ishonchim komilki, u ham men haqimda o‘ylardi. Keyin, esingda bo‘lsa, “oltin davr” deb nom olgan yuksalish yillari boshlandi. Menga o‘z yurtimda yaxshi ish taklif qilishdi. Ko‘nglimdan shuni unga xabar qilish fikri o‘tdi. Uni deyarli bilmasligimni ana o‘shanda anglab yetdim. Uning yuz-ko‘zini juda yaxshi eslayman – rasm chizishni bilganimda edi, rasmini fotoapparatdan ham tiniqroq, aniqroq qilib chizib bera olardim. Biroq uning turarjoyini, tug‘ilgan manzilini bilmasdim. Faqat tug‘ilgan shaharchasining nomini bilaman. Ko‘chasining nomi, qaysi uyligini ko‘rsatmay xatni yuboraverdim. Tabiiyki, javob ham, maktubim ham kelmadi. O‘zim borib qidirishga vaqtim yo‘q, bitta-yarimtasini yollashga esa pulim yo‘q edi. Men topolmasligimga ko‘zim yetib taqdirga tan berdim: o‘zi shunaqaman: kurashish zarur paytda, jon-jon deb taslim bo‘lib qo‘ya qolaman.
Ittifoqo, gazetada “Bahor ilhomlari” tanloviga yuborilgan she’rlarni o‘qib qoldim. Bunday tanlov o‘tkazish odat tusiga kirgan, eng yaxshi she’rlarni saralab gazetalarda bosishardi. Gazetani qanday o‘qishimni bilasan… sidirg‘asiga… Xullas, uchinchimi, to‘rtinchimi she’rdan keyin birdan o‘zim yozgan she’rga ko‘zim tushdi-yu, hang-mang bo‘lib qoldim. Yanglishmog‘im mumkin emas – men o‘z she’rlarimni yoddan bilaman. “Iqrornoma” degan bu she’rimni behad yaxshi ko‘rar edim…
She’rni tahririyatga kim yuborganini albatta topishim shart edi. Agar u yo‘llagan bo‘lsa, nihoyat uni topaman. Boshqa odam bo‘lsa-chi?.. Baribir nimadir oydinlashadi-ku!
Tanlov shartlariga binoan she’rlar muallifi e’lon qilinmagandi. Men tahririyatga xat yubordim, keyin o‘zim bordim, biroq bosh muharrir to tanlov natijalari ma’lum bo‘lmaguncha, shoirning ism-sharifi hamda turarjoyi oshkor qilinmaydi, deb turib oldi – aytishdan bosh tortdi. G‘olibni O‘rta Yer dengizi bo‘ylaridagi mamlakatlar bo‘ylab ikki kishilik sayohatga yo‘llanmalar kutmoqda edi. Yana besh-o‘n kunga emas, naq ikki oyga! Meni shashtimdan qaytarishi mumkin bo‘lgan yirik mukofot ekan. Lekin men ortga chekinmadim… Oxir-oqibat, muharrir mening maktubimni she’rni yuborganga berib qo‘yishga ko‘ndi. Men o‘sha zahotiyoq o‘tirib yoza boshladim. Ishq dardida o‘rtangan yurak tug‘yoni to‘g‘onni o‘pirishga qodir toshqinga o‘xshaydi. Maktub asosan dil izhori, o‘tinch, gina va yana izhori muhabbatdan iborat edi.
Xat jo‘nab ketdi. Men ikki oycha devonadek yoki telbakezik odamdek es-hushimni yig‘ishtirolmay javob kutib yashadim. Javobga intizorman, lekin negadir qo‘rqaman – yuragim bezillaydi: bekor qilayotgandirman, balki endi foydasi yo‘qdir?! Hayotim o‘zaniga tushib olgan jilg‘adek bir tekis oqyapti-yu… Ehtimol, uning turmushi ham iziga tushib ketgandir… Endi nima bo‘ladi? Hammasi ostin-ustun bo‘ladimi? Kutishga arzirmikan? Unaqada maktub jo‘natmaslik lozim edi…”
Injener do‘stim bir nimani eslashga uringandek jim bo‘lib qoldi. Tamakisini ketma-ket tortdi-da, burqsib havoga ko‘tarilayotgan tutunning yuqoriga jimjimador o‘rlashini kuzatib xayol surib qoldi. Men sabrsizlik bilan hikoyaning davomini kutardim, hatto: “Xo‘sh, o‘sha ekanmi?” deya dag‘dag‘a qilishimga oz qoldi. Lekin istihola qildim. Injener xo‘rsinib hikoyasini davom ettirdi: “Ikki oy o‘tgach, javob xati keldi. Konvertdagi tanish dastxatni ko‘rib yuragim qinidan chiqib ketay, dedi. Konvertni ochishga, ochig‘i, yuragim dov bermay bir necha soat o‘tirgan bo‘lsam kerak! Ha, bu o‘sha. O‘sha, u – o‘sha! Tahririyatga she’rni o‘sha yuborgan ekan, mening she’rlarimni tabarruk xotiralar kabi hamon ko‘z qorachig‘idek asrab, ardoqlab yurar ekan. U meni unutmabdi, hech qachon unutmasa kerak, u meni kutgan, hatto hozir ham kutayapti, meni chin ko‘ngildan sevadi. Hatto biznikiga kelmaysanmi, deb so‘rayapti?”
Bo‘pti, mayli, yetar. Men bu voqeaning nima bilan yakunlanganini bilaman-ku! Albatta, tole yor bo‘lgan, ko‘rdim-ku ularning turmushini – bir so‘z bilan aytganda baxtli oila!
“Do‘stginam, bu yog‘ini aytmasang ham bo‘ladi. Haqiqiy, chinakam ishq-muhabbat tarixi! Demak, oxir-oqibat sen o‘z yoringni topding, sevganing o‘zing bilan – yoningda. Bundan ortiq baxt bormi dunyoda, oshna?..”
Butun hikoyasi davomida bir marta ham qaramagan injener ilk bor mening ko‘zlarimga tikildi. U yana tamaki tutunini huzurlanib tortdi-da, yonib bitayotgan kaminga qaradi. Qorong‘ilik quyuqlashdi, menga uning yuz-ko‘zi arang ko‘rinardi. Men nima uchundir o‘zimni behuzur sezardim. Hozirgina jo‘shib aytgan dil so‘zlarim quyuqlashayotgan qorong‘ilik qo‘yniga singib ketgandek edi. Men yana so‘z qotishga botinolmadim, do‘stim esa lom-mim demasdi.
Shu vaziyatda birmuncha vaqt o‘tirdik. Men hozir g‘aroyib bir hodisa yuz beradigandek indamay kutardim. Nihoyat, do‘stim qaddini rostladi, o‘chay deb qolgan tamaki qoldig‘ini kaminga uloqtirdi-da, hirqiragan ovozda so‘z qotdi: “Maktub… O‘sha maktub… U kecha keldi”.
Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 8-son