Lasha Tabukashvili. Xayolot dardida (ikki qismdan iborat pesa)

Eslatma

Rezoning poyma-poy gaplaridan ajablanmaslik kerak. U ba’zi-ba’zida, go‘yo bu dunyoning odami emasdek, xayolot olamiga cho‘mib ketadi.
Tarjimon

QATNAShUVChILAR:

Rezo Mxeidze – talaba, filolog.
Niniko – arxitektura kulliyotining talabasi.
Elene – Rezoning buvisi.
Badri – talaba, Rezoning do‘sti.
Gela – talaba, Rezoning do‘sti.
Lena – Rezoning qo‘shnisi.
Kirile – Lenaning eri.
Ona – arvoh

BIRINChI QISM

1

Stol, stul va divan bilan jihozlangan xona. Bir chekkadagi tumbochkada magnitofon turibdi, uning steriokarnay (kolonka)lari devorga osib qo‘yilgan. Derazadan moviy nur yog‘iladi – yangi kun boshlanmoqda.
Divanda mukka tushib, R ye z o uxlab yotibdi. Jimlik. Telefon jiringlaydi. R ye z o e’tibor bermaydi. Telefonning ovozi tinadi. Zum o‘tmay qayta jiringlaydi. R ye z o yostiqni olib, telefonga qarab otadi. Apparat yerga tushib, bir necha qismga bo‘linadi. Yana jimlik hokim bo‘ladi. R ye z o o‘rnidan turib, apparat qismlariga ma’yus nazar tashlaydi, so‘ng yerga o‘tiradi.
R ye z o (qo‘llariga urib). Mana senga, mana senga! Yaramaslar… (Telefon qismlariga qarab) Sen esa tong sahardan sayrama! (Apparatni yig‘ib, quloq solib ko‘radi. Hech qanday tovush eshitilmaydi). Xafa bo‘ldingmi? (Apparatni bir-ikki siltab, go‘shakni qulog‘iga tutib ko‘radi). Xafa bo‘lsang bo‘laqol, jin ursin seni, yalinmayman. (Apparatni joyiga qo‘yib, taxtaga borib cho‘ziladi).

Telefon jiringlaydi.

(O‘rnidan sapchib turib, go‘shakni qulog‘iga tutadi). Labbay… Qanaqa Luiza? Luiza yo‘q bu yerda… (Go‘shakni joyiga qo‘yadi).

Telefon qaytadan jiringlaydi.

Eshitaman… Hoy, og‘ayni, men Luizangni tanimasam, uning qayerda yashashini qayoqdan bilay… Bilmayman, chunki bilmayman… Bilmaganimdan keyin bilmayman-da! Yo‘q, quloq solsang-chi! Gapimga tushunasanmi-yo‘qmi? Yo‘q, tushunishni istamayapsan! (Go‘shakni qo‘yadi.)

Telefon yana jiringlaydi.

(Go‘shakni qulog‘iga tutib). Luiza yo‘q! Luiza bu yerda yashamaydi!
Bundan keyin ham hech qachon bu yerda yashamaydi Luiza!.. Qanaqa qishloq? Qishloqning nima aloqasi bor?.. Qishloqdan kelganmisan?.. Qo‘ng‘iroq qilganing uchun, balli, azamat, deyman. Qishloqlaringizda bu yil hosil qalay, hosil? Yaxshimi?.. Omadlaringizni bersin. (Go‘shakni joyiga qo‘yadi).

Tag‘in qo‘ng‘iroq. Rezo chiqib ketadi. Suvning sharillagani eshitiladi. Telefon uzoq jiringlaydi. Og‘zida tish cho‘tka, yelkasiga sochiq tashlab olgan Rezo shoshib kiradi va telefonga bir nafas qarab turib, chiqib ketadi. Telefonning ovozi tinadi.

R ye z o (qaytib kirib, telefon raqamlarini teradi). Badri? Salom. Ha, bu – men… Hozir sen qo‘ng‘iroq qilgan edingmi?.. Kechirasan, senmisan, deb o‘ylabman… G‘alati bir odam hech tinchlik bermayapti. Telefonga yaqinlashgani yuragim dov bermay qoldi. Tong-ertadan jiring-jiring qilib asabimga tegyapti… Og‘ayni, meni kechir-u, lekin bugun imkoniyatim yo‘q – nogiron bo‘lib qoldim… Gela gapirib bermadimi? Men uning uyini ta’mirlab berdim! U menga yordamlashib turdi, lekin narvondan yiqilib tushgan men bo‘ldim. To‘piq suyagi lat yegan ham – men!..Ha, shunaqa!.. Ha… Ha… Yaxshi, xo‘p, ertaga biznikida. Albatta, bunaqa oyoq bilan qayoqqa ham boraman! Ertagacha. (Go‘shakni qo‘yadi).

E l ye n e kiradi, Rezoni quchib o‘padi.

E l ye n e. Og‘rityaptimi?
R ye z o. Bo‘lmagan gap!
E l ye n e. Og‘ritmayaptimi?
R ye z o. Yo‘q.
E l ye n e. Birontasi bilan mushtlashib qoldingmi? Rostini ayt menga.
R ye z o. Xonim! Siz men bilan g‘ayritabiiy uslubda gaplashmoqdasiz.
E l ye n e. Maynabozchilik qilmang, bolaginam!..Yaxshisi, ijozat bering, kompressingizni yangilab qo‘yay.
R ye z o. Hojati yo‘q. Iltimos, marhamat qilib, meni tinch qo‘ying. Bo‘lmasa hozir yechib olib, derazadan otaman. (Kiyina boshlaydi).
E l ye n e. Juda ozib ketding, bolam… (Og‘ir tin oladi). Xo‘p, yaxshisi, men boraqolay.
R ye z o. Yomg‘ir yog‘yapti-ku! Qayoqqa bormoqchisiz?
E l ye n e. Cherkovga.
R ye z o. Cherkovda nima qilasiz?
E l ye n e. Ota-onang xotirasiga sham qo‘yib kelmoqchiman.
R ye z o (parishonxotir) Shunaqa deng… Darvoqe, men sizga nimadir demoqchi edim. Lekin…Ha, esladim! Kecha pastdagi qo‘shnimiz, tikuvchi Lena kirib, rosa shovqin ko‘tardi. Biznikidan oqqan suv ularnikiga tushayotganmish! Siz uyda yo‘q edingiz. Men uni bazo‘r…
E l ye n e (bo‘shashib). So‘nggi paytlarda menga nima bo‘layotganini o‘zim ham bilolmayapman… Jo‘mrakni burashni unutib, chiqib ketgan bo‘lsam kerak…
R ye z o. Men esa, unga shunaqa ko‘ringanmikan, deb o‘ylabman. Bizning polimiz quruq edi-ku.
E l ye n e. Ularning shipidan suv ketibdimi? Pastga tushib ko‘rmadingmi?
R ye z o. Tushib nima qilaman, buvijon!.. Xayolim ana u alvastini tinchitishda bo‘ldi. Lenani ko‘rsam, jinim qo‘zg‘aydi…
E l ye n e. U bilan janjallashib o‘tirma. Umuman hech kim bilan janjallashish kerak emas. Hamma bilan tinch-totuv yashash kerak.Senga nima olib kelay?
R ye z o. Sigaret.
E l ye n e. Yana nima?
R ye z o. Boshqa hamma narsa bor. Ovqat kavshagim kelyati.
E l ye n e. Ovqat yegim kelyapti, demoqchi edingmi?
R ye z o. Tushundingiz-ku.
E l ye n e. Nonushtang stol ustida turibdi. Men ketdim. Aqlli yigit bo‘lib o‘tir.
R ye z o. Xo‘p. Albatta aqlli yigit bo‘lib o‘tiraman.

E l ye n e chiqib ketadi. Rezo magnitofonni yoqadi. Eshikning qo‘ng‘irog‘i jiringlaydi. Rezo oqsoqlanib chiqib ketadi va sochi uzun qiz, Ninikoni boshlab kiradi.

N i n i k o. Kechirasiz.
R ye z o. Hechqisi yo‘q, o‘tavering.
N i n i k o. Rahmat. A… Ha aytganday… Hurmatli Yelene uydami?
R ye z o. Hurmatli Yelene uyda yo‘q. Chiqib ketgan edilar, muhtaram mehmon.
N i n i k o. Afsus!
R ye z o. Nega? Kutib tursak, tezda kelib qoladi.
N i n i k o. Yo‘q, kuta olmayman, yaxshisi, keyin kelarman.
R ye z o. Yo‘g‘-e… Hurmatli Yelene bir necha daqiqa ichida qaytishi kerak. Balki bundan ham tezroq kelib qolsa, ajabmas.
N i n i k o. Rostdanmi?
R ye z o. Yolg‘on.
N i n i k o (shubha bilan Rezoga, so‘ng soatga qaraydi). Undoq bo‘lsa, ozgina kutib turaman.
R ye z o . Ruxsat eting. (Ninikoning plash yechishiga yordamlashadi).
N i n i k o. Rahmat.
R ye z o. Tashqarida yomg‘ir. Namgarchilik. Jalada qolibsiz-da.
N i n i k o. Yomg‘ir kutilmaganda birdan yog‘a boshladi. Avval oftob chiqib turgan edi, keyin…
R ye z o. Hayot! Kuz!
Niniko. Ha, kuz.
R ye z o. (chiqib ketib, meva solingan idish ko‘tarib kiradi). Saxiy tabiatning tortig‘i, marhamat.
N i n i k o. Ovora bo‘lmang, rahmat.
R ye z o. Nega ovora bo‘lmas ekanman. Ta’mini ko‘ring.
N i n i k o. Hech narsa yegim yo‘q, rahmat
R ye z o. Hazillashyapsizmi? Sezib turibman, judayam yegingiz kelyapti. Olmadan oling. Oling, qizlarga o‘xshab noz qilmang.
N i n i k o (xijolat bo‘lib, olmani qo‘liga oladi). Rahmat.
R ye z o. Osh bo‘lsin.

S u k u t.

Xo‘sh, mazasi yaxshi ekanmi?
N i n i k o. Ha… Ishonchingiz komilmi ularning…
R ye z o. Ha , ishonchim komil. (Unga qo‘lini uzatib) Rezo!
N i n i k o. Nima dedingiz?
R ye z o. Rezo – mening ismim. Bu ismni gapirish emas, faqat alohida izzat-hurmatlab talaffuz qilish lozim.
N i n i k o. Shundaymi?.. Meniki Niniko.
R ye z o. G‘oyat mamnunman.

S u k u t.

Men sizni qayerdadir ko‘rganman. (Unga tikilib qoladi.) Keling, yaxshisi, tanishishning bunaqa ahmoqona uslubidan voz kechaylik. Biron yerda o‘qiysizmi?
N i n i k o. Ha…
R ye z o. Qayerda?
N i n i k o. Nima edi?
R ye z o. O‘qiyapsiz – juda soz! Porloq kelajagimizni savodli mutaxassislar sifatida birgalikda quramiz. Qayerda o‘qiyapsiz?
N i n i k o. Me’morchilik institutida.
R ye z o. Nafis mutaxassislik. A’lochi bo‘lsangiz kerak?
N i n i k o (kulib). Juda unaqamas…
R ye z o. Yashash joyingiz-chi? Institutdan uzoqdami? Yaqinmi? Tezroq gapiring-da…
N i n i k o. Vakda turamiz.
R ye z o. Ana xolo-os! Telefonlaringiz raqamlari yigirma ikkidan boshlanadi. Hozirgidek esimda! U yerda bir do‘stim yashardi!
N i n i k o. Nima uchun, yashardi, deyapsiz? Unga bir nima bo‘lganmi?
R ye z o (ko‘zlarini ola-kula qilib). Ha, ertami, kechmi, hamma, afsuski, turmushga chiqadi… uylanadi. Keyin-chi?
N i n i k o. Nima keyin?
R ye z o. Telefoningizning raqami.
N i n i k o (soatga qarab olib). Ortiq kuta olmayman.
R ye z o. Buvim biror daqiqada kelib qoladi. Balki bundan ham tezroq.
N i n i k o. Qanaqa buvi?
R ye z o. Buvidaka buvi-da. Mana bunaqa… (Qo‘llarini yozib ko‘rsatadi.) Mening buvim, men sizga aytsam…O‘ta hurmatli ..
N i n i k o.Sizning buvingiz?
R ye z o. Boshidan boshlayman. Mening buvim bor. Hurmatli inson. Tezda keladi.
N i n i k o. Yoshi nechada? Menga, qirq yoshdan oshmagan ayol, deyishgan edi.
R ye z o (kuladi). Voy, yengiltak odamlar-a! Boshqa nima ham deyin? Agar buvim qirq yoshdan oshmagan bo‘lsa – unda men necha yoshdaman?
N i n i k o. Yigirma ikki.
R ye z o. Yigirma ikki oymi?
N i n i k o (kuladi). Yo‘g‘-e, yigirma ikki yil… To‘g‘rimi?
R ye z o. Yigirma bir. Bu – mening yoshim, buvimniki emas… Buvim yaqinda yetmish yoshga to‘ladi.
N i n i k o. Qiziq…
R ye z o (unga tikilib qaraydi). Siz shunaqa deb o‘ylaysizmi?
N i n i k o. Taajjub…
R ye z o. Yomg‘ir va siz – mana bu taajjub…Men, siz, yomg‘ir… Biz va yomg‘ir… Axir siz rostdan ham yomg‘irdan chiqib keldingiz!
N i n i k o (hayron bo‘lib unga qarab qoladi). Nima bo‘pti?
R ye z o. Shunday irim bor. Agar oldingga biron notanish odam yomg‘irdan chiqib kelsa – bu hamisha bir nimani anglatadi, deyishadi.
N i n i k o. Siz irimlarga ishonasizmi?
R ye z o. Men yomg‘irga ishonaman.

S u k u t.

N i n i k o (xijolatda). Siz… o‘zingiz qayerda…
R ye z o. Nima?
N i n i k o. Qayerda o‘qiysiz?
R ye z o. Men buvimning ishini davom ettirmoqdaman!
N i n i k o. Siz ham tikuvchimisiz?
R ye z o. Tikuvchi?!
N i n i k o. Tikuvchi emasmisiz?
R ye z o. Unchalik emas… To‘g‘rirog‘i, mutlaqo tikuvchi emasman. Gap shundaki, bizning filologiya kulliyotimizda hozircha tikuvchilikni o‘rgatishmayapti. Faqat ba’zi-ba’zida kashta tikib turamiz. Bu boshqa masala.
N i n i k o. Filologiyada… Buvingiz-chi?
R ye z o. Buvim ayrim paytlarda tikib turadi, lekin u kishi ham filolog. Yana, qanaqa deng, a’lo darajadagi filolog!
N i n i k o. Tushunarli. Demak, men boshqa joyga kelib qolibman-da…
R ye z o. Yo‘q, ayni joyiga keldingiz. Tikuvchi Lena bizdan bir qavat pastda yashaydi. Lekin siz ayni joyiga keldingiz. Chin so‘zim. Yomg‘ir haqiga qasam ichaman!
N i n i k o. Uzr, sizga xalal berdim… ketaqolay…bo‘lmasa mashg‘ulotga kech qolaman.
R ye z o. Nega? Qayoqqa? (Uning yo‘lini to‘sib) Shoshmay turing…
N i n i k o. Oqsoqlanyapsizmi?
R ye z o. Ha, oqsoqlanayapman. Mina portlashidan jarohatlandim. Kecha… Nega menga bunaqa qarayapsiz? Ishonmayapsizmi? Nahot men qahramonga o‘xshamasam?
N i n i k o (jilmayib) Yo‘q, nega endi…
R ye z o. Oddiy qahramon… Bu voqea shunday bo‘ldi: Yanglishmasam, ob-havo ajoyib edi. Xullas, buzilishi lozim bo‘lgan uy. Uyning oldida bolalar o‘ynab yurishardi. Ikki o‘rim kokilli qizcha mina topib olgan ekan. O‘yinchoq deb o‘ylaganmi. Tajribasizda. Shu payt men borib qoldim… Chiroyli, xushbichim, yigirma bir yashar quvnoq yigitman. Har qachongidek, yengil qadam tashlab borardim. Tabiatdan zavqlanib, atrofga jilmayib qarardim. Bir payt o‘tkir ko‘zlarim qizchani ko‘rib qoldi. Keyin uning ikki o‘rim kokiliga, qo‘lidagi minaga nazarim tushdi. Ziyrak odam emasmanmi, qizcha kokillarini silkishga ulgurmasdan bir nafasda yoniga yetib bordim, qo‘llaridan o‘lim quroli bo‘lmish minani tortib olib, yerga tashladim-u, uni berkitish uchun oyog‘im bilan bosdim. Mana bu oyog‘im bilan…Xullas,.. narvondan yiqilib tushdim.

N i n i k o kulib, qarsak chaladi.

Yana bir voqea bo‘lgan edi. Bir kuni imtihon topshirgani o‘qituvchimiz Georgiy Ivanovichning uyiga bordim. Eshikni ochgan xotini meni hozirjavob va tezkorligim uchun maqtadi, bolaxonaga olib chiqdi… U yerda ikki soat davomida g‘o‘lalarni arralab qirqdim. Shunchalik maqtagan ekan, dedim o‘zimga o‘zim, qirqish kerak. Kaminga moslashtirib mayda qilib qirqib, taxlab qo‘ydim. Xonim rahmat aytib, pul uzatdi. Tabiiyki, olmadim. Yaxshisi, eringiz daftarchamga “zachet” qo‘yib bersin, pulni yanagi safar olaman, dedim. Shu payt Georgiy Ivanovichning o‘zlari paydo bo‘ldi. U kishi xijolat chekib, shoshib qoldi va daftarchamga “zachyot” qo‘yib berib, pulni ham olishga ko‘ndirmoqchi bo‘ldi… Layza Minellini eshitishni xoxlaysizmi? “Nyu-York – Nyu-York”. Yangi musiqa.
N i n i k o. Juda quvnoq odam ekansiz. Rahmat. Institutga chopishim kerak.
R ye z o. Qo‘ysangiz-chi!
N i n i k o. Yo‘q, rost, judayam shoshib turibman.
R ye z o. Afsus… (Ninikoning plashini kiyishiga yordamlashadi). Siz bilan muloqotimiz men uchun juda ko‘ngilli bo‘ldi. Siz shunaqa… yomg‘ir, siz, qayoqdan, qanday qilib! (Uni o‘padi). Bas! So‘zga o‘rin yo‘q! O‘z-o‘zimdan xafa bo‘lib ketdim. Bunday qilishga qanday jur’at etdim! Yo‘q, men o‘zimni jazolashim kerak! (Nima qilarini bilmay garangsib qolgan Ninikoni yana o‘padi). Uyalmaysizmi? Yana…Yo‘q-yo‘q, faqat yig‘lamang. Bu husningizni buzib qo‘yadi. Menga qarang, men yig‘layotganim yo‘q-ku.
N i n i k o. Siz…siz…
R ye z o. Ha. Siz mening qo‘llarimni orqamga qayirib, zo‘rlab o‘pdingiz, lekin men yig‘lamayapman.
N i n i k o. Men o‘pdimmi?!
R ye z o. Men o‘zimni o‘zim o‘pdim.

N i n i k o sumkasini olib, chopib chiqib ketadi.
R ye z o­ shoshib oqsoqlanib, uning orqasidan yuradi.
Kuzatib qo‘yaman. (To‘xtaydi). Jonginam, oqsoq oyog‘im bilan senga yeta olarmidim?…

Telefon jiringlaydi.

(Go‘shakni ko‘tarib) Labbay? Luiza vannada cho‘milyapti!

2

Parda oldi (avanstsena) N i n i k o yangi ko‘ylakni kiyib ko‘rmoqda. Tikuvchi L ye n a uning atrofida parvona. Mo‘ylovli, novcha kishi – Lenaning eri K i r i l e nimadir axtaradi.

L ye n a. Eh, jonginam, qanchalik charchaganimni bilsangiz edi! (Ninikoning egnidagi ko‘ylakning ipini tishlab uzadi). Bir dunyo ish!.. (Kirilega)Nega bu yerda o‘ralashib yuribsan?
K i r i l e. Gazeta qidiryapman.
L ye n a. Gazetang bu yerda yo‘q.
K i r i l e. Bo‘lmasa qayoqqa ketadi?
L ye n a. Bilmayman. Boshqa joydan qidir. Ko‘rib turibsan-ki… (Ninikoga) Agar siz Viola yuborgan odam bo‘lmaganingizda, bu ishni rad qilgan bo‘lardim.
N i n i k o. Rahmat.
L ye n a. Ax, Viola, Viola… (Chuqur nafas oladi). Rostini aytsam, shunaqa go‘zal qiz bo‘lmaganingizda Violaga ham rad javobini bergan bo‘lardim.
Tepadan shift orqali musiqa eshitiladi.

Voy, xudoyim-ey, yana o‘sha telba!
N i n i k o. Telba, deysizmi?
L ye n a (shiftga qarab) Uning tunggi mehmonlari shunaqa jonimga tegdiki! Musiqa! Shovqin! Bezori! Uni tuzatib bo‘lmaydi. Bedavo u! Hech kimga quloq solgisi yo‘q.
K i r i l e. Es-hushi joyida, binoyidek erkak. Sen nimaniyam tushunarding…
L ye n a. Men uni es-hushi joyida emas, dedimmi?
K i r i l e. Nima uchun u haqda bunaqa fikrdasan, bilmadim. Anglaysanmi…
L ye n a. Nega bu yerdan chiqib ketmayapsan?!
K i r i l e. Gazeta qidiryapman, dedim-ku, bekorga ranjima. Men ranjimayman.
L ye n a. Xoy, men tikuvchiman, matbaaxona emasman.
K i r i l e (ming‘illab). Sen matbaa emassan, sen uy oshxonasi emassan, sen “TU-104” emassan… Menga qara, sen kimsan o‘zi, anglaysanmi?..
L ye n a. Men sening xotiningman. Jo‘na bu yerdan!
K i r i l e. Ering bilan qanaqa gaplashyapsan?!
Eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlaydi. K i r i l e chiqib ketib, R ye z o n i boshlab kiradi.

R ye z o. Salom. Suv qayerdan oqyapti?
K i r i l e (shiftga ishora qilib). Ana u yerdan…ana u yerdan… mana bu yerdan… hamma yoqdan tomyapti.
L ye n a. Sen meni yolg‘on gapirdi, deb o‘ylaganmiding?
R ye z o. Ertagayoq bo‘yoqchilarni olib kelaman. (Ajablanib, shu bilan birga shodlanib). Niniko! Qanaqa shamol uchirib keldi? Seni ko‘rmaganimga ming yilu uch kun bo‘ldi–ya! Qayoqqa g‘oyib bo‘lding? Qidirmagan joyim qolmadi.
N i n i k o (parishon holatda). Men…men…
L ye n a. Ertaga sen bo‘yoqni qayoqdan topa qolasan? Yaxshi bo‘yoqchini topish oson, deb o‘ylaysanmi?
R ye z o. Ertaga, deysanmi? Bo‘lmagan gap. Shift avval qurishi kerak. Keyin men o‘zim bo‘yab beraman.
L ye n a. Yo‘q, bunaqasi ketmaydi! Sen ho‘v birda, bir marta bo‘yagansan. Qimmatga tushib ketadi.
K i r i l e. Qachon quriydi, bilasanmi…
R ye z o. Qachondir quriydi-ku, axir. Odam ham bir kuni quriydi. Shift esa odam emas-ku.
L ye n a. Kirile, xudoga shukurki, bu sening hamtovog‘ing emas. Takasaltang!
R ye z o. Niniko, ajablanma. Hazil bari. Bular bizning marhamatli qo‘shnilarimiz. Ikkovi ham shunaqa hazilkash. Men hazillashaman, ular ham hazillashishadi.
N i n i k o. Men boray, xayr…Yana qachon kelay?
L ye n a. Ertaga kel. Yo‘q, indinga kelaqol. Yo‘q-yo‘q, yaxshisi, menga telefoningni qoldir, senga o‘zim qo‘ng‘iroq qilaman. Bekorga kelib ovora bo‘lma, deyapman-da.
N i n i k o. Yigirma ikki… (Rezoga qarab qo‘yadi). O‘ttiz besh – qirq uch…
L ye n a. Bir daqiqa, yozib qo‘yay…. (Yozadi).
N i n i k o. Xayr.
L ye n a. Qo‘ng‘iroq qilaman, azizim.
R ye z o. Sizlar tashvishlanmanglar. Qizchani o‘zim kuzatib qo‘yaman-u, orqaga qaytaman.
N i n i k o. Yo‘q, men…
R ye z o. Xayr, Kirill Petrovich. (Ninikoni boshlab chiqib ketadi).
K i r i l e (havas bilan). Bay-bay…
L ye n a. Nega bu yerdan jilmay qolding?
K i r i l e (jahl bilan). To‘ng‘illayverma, gazeta qidirdim! (Chiqib ketadi).

3

R ye z o ning xonasi. Stol atrofida R ye z o, N i n i k o, B a d r i va
G ye l a o‘tirishibdi. Rezo muhabbat haqidagi hazil qo‘shiqni kuylamoqda.

B a d r i (musallas quyilgan stakanni ko‘tarib). Niniko, sen uchun! Tanishganimizga ikki oy bo‘libdi, lekin, go‘yo bir umr birga yashab kelayotgandek yaxshi ko‘ramiz seni! Endi sen bizga singilsan!
N i n i k o. Rahmat, Badri.
G ye l a. Bu gaplarga to‘liq qo‘shilaman. Bu eryigit ba’zi-ba’zida shunaqa topib gapiradi.

N i n i k o yosh bolalarga xos hayratlangan nigoh bilan
R ye z o ga termuladi.

B a d r i (deraza oldiga borib). Ana, qor-u, mana, qor!
G ye l a. Ha-a…Boshimizga bir dunyo qor yog‘di…
R ye z o. Qish faslini jinim suymaydi. Ayiq kabi iningga kirib, uyquda panjangni so‘rib yotsang.
B a d r i. Qor – bu yaxshi-ku.
G ye l a. Men uchun esa qormi, yomg‘irmi – bari bir go‘r… Do‘stlaru musallas bo‘lsa – bas.
R ye z o. Panjangni so‘rib uxlayversang, uxlayversang!..
G ye l a. Niniko, sen ham qo‘shiq aytib ber bizga.

N i n i k o qo‘shiq aytadi, R ye z o gitarada unga jo‘r bo‘ladi.
E l ye n e kirib, tinglab turadi, so‘ng N i n i k o ni o‘padi.
B a d r i. Buvijonim! Biz bilan birga o‘tiring.
E l ye n e. Yo‘q-yo‘q, men qo‘shiq tinglagani kirgan edim. (Chiqib ketmoqchi bo‘ladi, ammo R ye z o uni quchib stulga o‘tqazib qo‘yadi). Tentak… (Kuladi)
R ye z o. O‘rinlaringizdan turinglar!

Hamma turadi.
Gusarlar bu qadahni latofatli Ye l ye n e
Alekseevna sharafiga ko‘taradilar.

E l ye n e. Rezo, boshqa ichmay qo‘yaqol!
R ye z o. Nima uchun? (Ichadi).
B a d r i (Elenening qo‘lini o‘pib). Siz uchun, hurmatli Yelene Alekseevna! Evaralaringizni ham allalashingizni tilayman.
E l ye n e. Nimalar deyapsan, Badri?
B a d r i. E’tirozga o‘rin yo‘q. (Ichadi).
E l ye n e (jilmayib). Xushomadgo‘y bolakaylar-ay. (Chiqib ketadi).
R ye z o (ko‘zlari suzilib). Uchar tarelkani ko‘rsataymi? (Tarelkani osmonga otadi, Badri uni arang ushlab oladi). Mana sizlarga jumboq!..
B a d r i. Xoy, barimiz birday ichdik-ku, sen…
G ye l a. Uchar tarelkalarni shaxsan men bir necha marta ko‘rganman.
B a d r i. Qayerda ko‘rgan eding?
G ye l a. Esimda yo‘q, qayerdadir ko‘rganman.
B a d r i. Hoy, barimiz birday ichdik-ku!
N i n i k o. Badri, u uchar tarelkalar haqida gapirishni xohlar ekan, nima uchun uni qoralamoqchi bo‘lasan?
B a d r i. Men uni qoralayotganim yo‘q. Uni qoralaydigan bo‘lsam, unda butun Tbilisini qoralashimga to‘g‘ri keladi. Bu mening qo‘limdan kelmaydi.
N i n i k o. Odamlar samoga qarashadi, bu yaxshi-ku. Oyog‘ing ostiga qaragandan ko‘ra, osmonga qaragan yaxshiroq.
R ye z o. Ularning niyatlari yaxshimi, yomonmi – men shuni bilishni istardim.
G ye l a. Kimni aytyapsan?
R ye z o. O‘sha tarelkalardagi yigitlarni aytyapman-da.
B a d r i. Har qalay e’tiborga arzisalar kerak.
G ye l a. Hali buni tekshirib ko‘rish lozim. Agar ular gurjilarni yaxshi ko‘rishsa, unda men qarshi emasman.
R ye z o. Astoydil yaxshi ko‘rishadi. Ayniqsa imeretiliklarni.

Telefon jiringlaydi.

B a d r i (go‘shakni ko‘tarib). Bu men… Luiza deysizmi? (Rezoga qaraydi).
R ye z o. O, badbaxt odam-a!
B a d r i. Adashdingiz,og‘ayni. (Go‘shakni joyiga qo‘yadi).
E l ye n e (eshik oldida paydo bo‘lib). Kartoshka tezda tayyor bo‘ladi. (Qaytib ketadi).

N i n i k o bo‘sh shishalarni olib chiqib ketadi.
Telefon jiringlaydi.

R ye z o (go‘shakni ko‘tarib). Luiza yo‘q!.. Nelli xola, o‘g‘lingiz Badri biznikida. Binoyiday… Sipo bo‘lib o‘tiribdi, deyapman. Rahmat, aytib qo‘yaman. (Go‘shakni joyiga qo‘yadi).
B a d r i. Qachon tugaydi bu!.. Jonga tegdi-ku!
G ye l a. G‘ingshima.
B a d r i. Nima men, besh yoshli bolamidimki…
G ye l a. Bundan ham battarsan. Yigirma bir yoshdasan
R ye z o. Men esa senga havas qilaman.
B a d r i. Nimamga? Go‘yo qo‘l-oyog‘im bog‘lab tashlangandek. Hatto boshqa shaharda, boshqa respublikada bo‘lsam ham onam meni topib oladi-ya!
R ye z o. Onalar – ajoyib xalq!
B a d r i. Nimasini aytasan!..
R ye z o. O‘tgan yili – eslaringdami? – biz Vaja bilan militsiyaga tushib qoldik. Rosa yigirma to‘rt daqiqadan keyin Vajaning oyisi militsiya bo‘limiga yetib kelibdi. O‘g‘limni ko‘rmoqchiman, debdi. Qizig‘i shundaki, hech kim, o‘g‘ling militsiyaga tushib qoldi, deb aytmagan edi. Bunaqa qisqa vaqt ichida aytishga ulgurish mumkin emas. Qayoqdan bila qoldi – jumboq!
G ye l a. Uchar tarelkalar xabar qilishgan.
R ye z a. Gapning bu yog‘ini eshit, tarelka! Xullas, Vajani navbatchilar xonasiga olib kelishibdi.Mayor bo‘yi ikki metr keladigan davangirday yigitni ko‘rib, stolning ostiga kirib ketibdi va o‘sha yerdan turib: “Yosh bola deganingiz shumi?” – deb qichqirdi. – Buningiz fil-ku, jirafa, gippopotam! Olib ketinglar, bizda unga mos keladigan joy yo‘q!”
G ye l a. Qo‘yib yuborishibdimi?
R ye z o (kulib). Qayoqda…Vaja men hech qayoqqa ketmayman, deb oyoq tirab turib oldi.
G ye l a. Mayor-chi?
R ye z o. Avval oqarib-ko‘kardi, keyin bo‘zardi, so‘ng davangirni kameraga olib kirib tashlab, protokol rasmiylashtirishni buyurdi. Keyin onasiga: “Xonim, bolangiz ahmoq ekan! – dedi. – Qamab qo‘yishimga uning o‘zi meni majbur etdi!”
G ye l a. Onasi nima dedi?
R ye z o. “Yo‘q, – dedi onasi, – o‘g‘lim ahmoq emas, u chinakam yigit. Do‘stini kulfatda qoldirib ketmabdi-ku!”
G ye l a. Mayor nima deb javob qilibdi?
R ye z o. “Bezorilarning pichog‘idan, bosqinchilarning to‘pponchasidan qo‘rqmayman. Onalar sadoqatidan qo‘rqaman. – debdi, so‘ng: “Ikkoviniyam chiqarib yuboringlar!” – deb buyruq beribdi.
B a d r i. Mayor qiziq ekan – bu juda yaxshi!
G ye l a. Ha, bu sohada mayorlik darajasiga ko‘tarilguncha hazilga mo­yillikni saqlab qolish…
R ye z o (stakanini ko‘tarib). Og‘aynilar, agar qachonlardir bir-birimizni unitadigan yoki xiyonat qiladigan bo‘lsak, bir-birimizni sog‘inib-qo‘msab o‘laylik!
B a d r i. Aksincha bo‘lsa oyoq-qo‘llarimiz uzilsin!
G ye l a. Ajoyib qadah!

Ichishadi. Tovada bug‘i burqirab turgan kartoshka ko‘tarib N i n i k o kiradi.

N i n i k o. Yigitlar, sovimasdan yeb olinglar. Men ketdim.
R ye z o. Yana qayoqqa?
N i n i k o. Dadam kutyapti meni.
R ye z o. Ketmay tur.
N i n i k o. Ilojim yo‘q, rost aytyapman…Va’da berganman.
R ye z o. Shunaqa de. (N i n i k o ning kiyinishiga ko‘maklashadi).

N i n i k o barcha bilan xayrlashib chiqib ketadi.

* * *

Avanstsena (parda oldi)da R ye z o bilan N i n i k o turibdi.

N i n i k o. Boraqol, shamollab qolma tag‘in.
R ye z o. Baloyam urmaydi.

Mashinaning tovushi eshitiladi.

(Qo‘l ko‘tarib, uni to‘xtatmoqchi bo‘ladi, mashina o‘tib ketadi). Ertaga kel. Buvim kun bo‘yi uyda bo‘lmaydi… (O‘tib ketayotgan mashinaga qo‘l ko‘tarib) Hoy, og‘ayni!.. Yov quvgandek yelishmasa… Gapning qisqasi , uyda bir o‘zim bo‘laman. Albatta kel.
N i n i k o. Bilmadim.
R ye z o. Bilasan. Kelasan.
N i n i k o. Bilmayman, Rezo.
R ye z o. Nega? Men seni sevaman! (Qattiq hushtak chaladi). To‘xtamadi nomard! Mening pulim hech kimga kerak emas. O‘ylab ko‘r…
N i n i k o. Rezo, sen mastsan.
R ye z o. Bo‘lmagan gap!
N i n i k o. Uyga bor, shamollab qolasan.
R ye z o. Ertaga kelishing kerak, Niniko, albatta kelishing kerak, eshityapsanmi?
N i n i k o. Bilmayman…
R ye z o. Kim biladi? Kim? Sen bilmaysan, men esa …toqatim toq bo‘ldi! Yo u, yo bu!.. Yo ertaga, yo – hech qachon!.. Ikki oydan beri meni kuchukday bo‘ynimdan sudrab yuribsan!
N i n i k o. Jim bo‘l, xudo haqqi!
R ye z o. Jim bo‘lmayman, negaki sen meni behudadan behuda sudrab yuribsan! Meni laqillatadigan bo‘lsalar jim turolmayman… Nega yig‘laysan? Yig‘ining nima keragi bor? Buvim uyda yo‘q paytda kelishing kerak, o‘shandayam yig‘lamasliging kerak.
N i n i k o. Rezo, sevgilim, men bilan bunaqa gaplashmagin.
R ye z o. Nega? Janna Dark sening yoshingda janglarda g‘olib chiqqan! Sen esa buvim uyda yo‘qligida biznikiga kelishga qo‘rqyapsan…

To‘xtagan mashinaning tovushi eshitiladi.

Jo‘na. Kerak emas.
N i n i k o. Meni chindan yaxshi ko‘rasanmi?
R ye z o. Jonimdan ortiq…
N i n i k o. Unda, kelaman. (Chopib ketadi).

* * *

R ye z o ning xonasi. R ye z o qaytib kiradi.

B a d ri. Kuzatib qo‘ydingmi?

R ye z o o‘ylanib, xonada u yoqdan bu yoqqa yuradi.

Hoy! Og‘ayni! Ku-ku!..
R ye z o (hushiga kelib). Nima deding?
G ye l a. Kayfing oshib qolibdi, deyapti.
R ye z o katta jom-qadahg‘a to‘ldirib musallas quyadi.
Nima, batamom hushingdan ketmoqchimisan?
B a d r i. Emaklab yurib, Shota Rustaveli ko‘chasini kezib chiqmoqchi!
R ye z o. Tushuntirib bo‘lmaydigan bir go‘zallik uchun ichmoqchiman! Uning nima deb atalishini…
B a d r i. Buning nomi – Muhabbat.
G ye l a. Rezo Mxeidze sevib qolibdi! Kimning xayoliga kelgan bunday hol!

R ye z o magnitofonni yoqadi va xayoliy
jononni avaylab quchib, tango raqsiga tushadi.

B a d r i. Kelinglar, Niniko uchun ichamiz!
G ye l a. Muhabbat uchun! Niniko uchun!
R ye z o. E, yo‘q, janob gusarlar. Niniko go‘zal va ajoyib qiz, lekin men u uchun emas, ideal, notanish bir jonon uchun ichaman! Balki qachonlardir kezlashadigan, hozircha esa tuman ortida yurgan fantom uchun ichmoqchiman.
G ye l a. Fantoming nimasi?
R ye z o. Xayolimdagi jonon.
B a d r i. Koshki edi, meni ham Ninikoga o‘xshagan qiz sevib qolsa!
G ye l a. Qiz bechoraning boshini aylantirib qo‘yib…
R ye z o. Bekorga valdiramanglar! Men u bilan juda yaxshi munosabatdaman.
G ye l a. Sen to‘nkasan! Seni fantom emas, qum to‘ldirilgan qop bilan yelkangga tushirish kerak!

R ye z o (kuladi).

Sevgi, tobutda ham,changak chog‘ida,
Senga talpinaman, sergakman har dam.
Jonginam, go‘rda ham, tuproq ostida
Vidolashmam sen bilan hech ham!

G ye l a. Aqldan ozgan bu kimsani ko‘zimdan yo‘qotinglar!
B a d r i. Sekin, shovqin ko‘tarsak, buvi eshitib qoladi.
R ye z o (ko‘zlarini yumib).

Sevgilim, dahshat bu! Gar sevsa shoir,
Xudo ham sevgiga bo‘lajak maftun.
Yuzaga chiqadi, kon-ma’dan yanglig‘,
Alg‘ov-dalg‘ov xayollar butun!

(Do‘stlariga) Meni mast deb o‘ylayapsizlarmi? Hech ham mast emasman.
G ye l a. Qani, menga qarab yur-chi, qiyshayma!
R ye z o. Xizmatingizga hozirman. (To‘g‘ri yurishga harakat qilib chayqalib ketadi).

Hamma kuladi.

(Qo‘lini siltab, o‘zini divanga tashlaydi). Men uxlayman. Ammo senlar bilan birgaman.
B a d r i. Hayotimda hech qachon uni bunaqa ahvolda ko‘rmagan-man…Axir hammamiz baravar ichdik-ku.
G ye l a. O‘zingga qara.
B a d r i. Nima bo‘pti? (U yoq-bu yog‘iga qaraydi).
G ye l a. Hech narsa.
B a d r i. Hech narsa?
G ye l a. E’tiborga loyiq hech narsa yo‘q, demoqchiman.
B a d r i. Tushunmayapman.
G ye l a. Odam biron kimsani sevmasa, uning hech kimga qizig‘i yo‘q. O‘zingga qara, deganimning ma’nosi shuki, sening hech kimga qizig‘ing yo‘q.
B a d r i. Hammamiz baravar ichdik-ku…
R ye z o (kutilmaganda o‘rnidan sapchib turib).
“Sevgilim, dahshat bu! Gar sevsa shoir…”

(Divanga yiqilib, uxlashda davom etadi).

G ye l a (qo‘shni xonaning eshigi oldiga borib), Yelene buvi, xayr!
E l ye n e (kiradi). Nima, ketyapsanlarmi?
B a d r i. Rezo mast bo‘lib qoldi. Bo‘lmasa hammamiz baravar ichgan edik.
E l ye n e. Katta rahmat sizlarga.

R ye z o (o‘rnidan sapchib turib).
“Nim qorong‘i zaldan,to‘satdan
Chiqib kelding harir durrada.
Hech kimsaga bermadik xalal,
Oqsoch ayol qoldi hujrada”.
G ye l a bilan B a d r i xoxolashib, unga tashlanishadi.
Do‘stlarimdan qutqaringlar! Bo‘g‘ishyapti! (O‘rnidan turib, zudlik bilan stakanlarga musallas quyadi).
B a d r i. Hoy, nima qilyapsan?
R ye z o (gitarani qo‘liga olib). Hammasi davom etadi. (Qo‘shiq ayta boshlaydi).
G ye l a. Yana jonlanish. Endi ertalabga qadar tinmaydi!

Har uchchalasi qo‘shiq aytadi.

4

R ye z o kitob va qog‘ozlar uyulib yotgan yozuv stoliga­ engashgan.­ Ye l ye n e oyoq uchida yurib patnisda choy va buterbrod olib kiradi, so‘ng jimgina chiqib ketadi.

R ye z o (hozirgina yozilgan matnni o‘qiydi). “Ular nihoyat fojiali lahzalarda chuqur ma’naviy inqiroz chegarasini yorib o‘tadilar va hozirga qadar ma’lum bo‘lmagan, yangicha bir axloqqa sazovor bo‘ladilar, ammo endilikda bundan oldingi farovon va tinch hayotga qaytmaydilar…”

Telefon jiringlaydi.

(Go‘shakni qulog‘iga tutib) Labbay…Luiza ikki oyga Moskvaga ketdi. (Go‘shakni joyiga qo‘yadi).

Yana telefon jiringlaydi.

Hoy, og‘ayni…Kechirasan. Salom, Gela. Xo‘sh, ta’mirlash ishlari qalay ketyapti? Tamomladik deysanmi? Undoq bo‘lsa yuvish kerak. Qancha? Yigirma kishi, deysanmi? Ularning barini qayerga o‘tqazasan? Mening tizzalarimda o‘tirishadimi? (Kuladi) Qanaqa Liya!. Ha, o‘shami? Haligindaqa to‘ladan kelgan, oldi mana bunaqa, orqasi… Rahmat, keragi yo‘q. Rahmat senga, do‘stim! Rahmat-rahmat!

Eshikning qo‘ng‘irog‘i jiringlaydi.

Buvi, iltimos, eshikni ochib yuboring. (Go‘shakka) Yana nima gap? Bo‘ldimi? Unda ertagacha, xayr.

E l ye n e bilan N i n i k o kirishadi.

E l ye n e. Sen qayoqqa g‘oyib bo‘lding, qizaloq? Butun bir oy bo‘ldi-ya, seni ko‘rmaganimga.
N i n i k o. Imtihon topshirdim, Yelene buvi.
E l ye n e. Xo‘sh, endi bari joyidami?
N i n i k o. Ha, rahmat.
R ye z o. Bu yoqqa kel.

E l ye n e chiqib ketadi.

(Ninikoni o‘padi). Juda sog‘indim seni.
N i n i k o. Men ham.
R ye z o. Tushimga kirding. Bir kechada ikki marta!
N i n i k o. Men ham seni tushimda ko‘rdim. Ikki kechada bir marta.
R ye z o (kuladi). Qanday yaxshi: sen meni, men – seni… Qanday yangilik­lar bor?
N i n i k o. Sen ish qilib o‘tirgan ekansan, xalaqit berdimmi?
R ye z o. Bo‘lmagan gap. (Shivirlab) Buvimlar bir haftaga qishloqqa ketadigan bo‘ldi.
N i n i k o uning quchog‘idan chiqadi.

Nima bo‘ldi?
N i n i k o. Hech narsa.
R ye z o. Senga nima bo‘ldi?
N i n i k o. Sening xayolingda faqat bir narsa…
R ye z o. Bu yomonmi?
N i n i k o. Bilmayman…Ichishga biron narsa bergin menga.

R ye z o magnitofonni yoqib, chiqib ketadi.
N i n i k o o‘tirib, kaftlari bilan yuzini berkitadi.
R ye z o (qaytib kiradi). Murabbo bilan.
N i n i k o. Rahmat.
R ye z o (unga sinchkov tikiladi). Biron narsa bo‘ldimi, Niniko?
N i n i k o. Sekinroq gapirsang bo‘lardi.
R ye z o (magnitofonni o‘chirib). Birontasi xafa qildimi? Tezroq gapir – xafa qilishdimi?
N i n i k o. Bilmayman… Yo‘q, meni…Rezo…
R ye z o. Xo‘sh, gapir.
N i n i k o. Sen meni chindan yaxshi ko‘rasanmi?
R ye z o. Yo‘q.
N i n i k o. Sevmaysanmi?
R ye z o. Yo‘q.
N i n i k o. Sevmaysanmi?
R ye z o. Sevaman.
N i n i k o. Nima deding?
R ye z o. Nima eshitmoqchisan mendan?
N i n i k o. Bilmayman… Sen meni sevmaysanmi?
R ye z o. Men seni sevaman.
N i n i k o. Men ham seni sevaman.
R ye z o. Men ham seni sevaman.
N i n i k o. Sen juda yaxshi odamsan, Rezo.
R ye z o. Namuna qilib ko‘rsatishga arzigulik!
N i n i k o. Yo‘q, sen rostdan ham ajoyibsan.
R ye z o. Sen o‘ylaganingdan ham yaxshiroqman!
N i n i k o. Jonginam, men farzand kutyapman.
R ye z o. Men ham.
N i n i k o. Rezo! (Uni quchoqlab, ko‘ksiga boshini qo‘yadi). Farzandimiz bo‘ladi.
R ye z o (tabassumi so‘nadi). Hazillashyapsanmi?
N i n i k o. Bola ko‘ramiz.
R ye z o. Sen meni sinab ko‘rmoqchisan, shekilli? Tushunaman. Bolalarni men ham yaxshi ko‘raman. O‘zim ham bola bo‘lganman. Mana bunaqa, yo‘q, bunaqa.
N i n i k o. Senga aytgani yuragim dov bermay yurgan edi.
R ye z o. Nimani?
N i n i k o. Shuni…haligi…
R ye z o. Nima ekan?
N i n i k o. Homilador bo‘lganimni.
R ye z o (sapchib o‘rnidan turadi). Demak, hazillashmayapsan?
N i n i k o. Xursand emasmisan?
R ye z o. Yanglishmadingmi? Balki… yanglishgandirsan? Nega jim bo‘lib qolding? Yanglishgan bo‘lishing mumkin, hamma ham yanglishadi… Hech narsa qilmaydigan odamlargina yanglishmaydi, buning ajablanadigan… Hali oyingga ma’lum qilmadingmi buni?
N i n i k o. Qanaqa oyi?
R ye z o. Kechirasan. Esimdan chiqibdi. Adangga aytmadingmi?
N i n i k o. Nima deyapsan, Rezo!
R ye z o. Nimalar deyayotganimni men qayoqdan bilay… Nega bu darajaga yetishiga yo‘l qo‘yding? Ataylab qilgansan, shundaymi?
Telefon jiringlaydi.

(Go‘shakka) Ha?!! Luizangni jin ursin, bildingmi, qishloqi! (Go‘shakni tashlaydi). Nega jim bo‘lib qolding? Menga bunaqa ko‘zlaringni olaytirib qarama!.. (Kutilmaganda jahldan tushib, tinchib qoladi). Mayli, biron chorasini toparmiz. Xo‘sh?.. Tag‘in nima?.. Och emasmisan? (Qichqirib) Buvi, bizga yegani biron narsa bering!
E l ye n e kiradi.

E l ye n e. Meni chaqirdingmi?
R ye z o. Ninikoning qorni och ekan.
E l ye n e. Nega menga ertaroq aytmading, men allaqachon…
N i n i k o. Yo‘q, qornim och emas, rahmat, Yelene buvi.
E l ye n e. Nima, tortinyapsanmi? Mana, biznikida bir oy bo‘lmaganingni oqibati bu.
R ye z o. Buvi, mayli, keragi yo‘q.
E l ye n e. Nima deyapsan?
Re z o. Keragi yo‘q, deyapti. Demak, bas.
E l ye n e. Axir o‘zing aytding-ku.
R ye z o. Yanglish aytibman. Buvijon, biz ikkimiz bir necha daqiqa yolg‘iz qolishimiz mumkinmi-yo‘qmi?
E l ye n e. Xoy, bolam, senga nima bo‘ldi? Rangging bo‘zarib ketibdi, ko‘zlaring esa bejo… Kasalmisan?
R ye z o. Soppa-sog‘man, buvijon!
E l ye n e. Niniko, qizim…

N i n i k o ko‘zlarini yerga qadagan holda jim.
Voy, sho‘rvam qaynay-qaynay deb turgan edi, toshib ketmasin tag‘in. (Chiqib ketadi).
R ye z o. Niniko, menga qara. Menga qara, deyapman. Yig‘lama, hozir yig‘lashning vaqtimas. Diqqat bilan quloq sol: bu vaziyatdan chiqishning yo‘lini topish kerak. Tushunyapsanmi? Nega menga bunaqa qarayapsan?
N i n i k o. Menga qara, deb o‘zing aytding-ku…
R ye z o. Qarayver, lekin bunaqa emas-da.
N i n i k o. Nima, men…
R ye z o. Chorasi topilmaydigan holat yo‘q, bo‘taloq. O‘nglab bo‘lmaydigan, vahima qiladigan hech narsa bo‘lmagan.
N i n i k o (yig‘laydi). Sen meni sevmaysan…
R ye z o. Tentak, buni senga kim aytdi?
N i n i k o. Hatto dadam menga hech qachon baqirgan emas.
R ye z o. Bekor qilgan ekan. Urish kerak edi. Ba’zan-ba’zan baqirib ham turish kerak, lozim bo‘lsa, bir joylaringga kamar bilan tushirib turish kerak… (Yolg‘ondakam jilmayadi). Bunaqa yig‘loqi qizni…
N i n i k o (boshini ko‘tarib, unga g‘amgin boqadi). Men seni tanimay qolyapman… Sevgilim, seni boshqa bir odamga almashtirib qo‘yishgandek, bu sen emassan.
R ye z o. Tanimayapsan – bu juda yaxshi! Demak, boy bo‘lar ekanman.
N i n i k o. Senga nima bo‘lgan o‘zi?
R ye z o (to‘satdan zaxarxandalik bilan) Menga hech narsa bo‘lgani yo‘q! (Kamzo‘li bilan shapkasini kiya boshlaydi). Hech narsa. Bari jonimga tegdi. (Qichqirib) Buvi! Buvi!
E l ye n e kiradi.

Tezda qaytaman. (Ninikoga) Hozircha.
E l ye n e. Qayoqqa ketyapsan?
R ye z o. Ishim bor. O‘rtog‘imnikiga. Bilmadim… jin ursin!.. (Eshikni zarb bilan yopib, chiqib ketadi).
E l ye n e. Bu nimasi? Nima hodisa ro‘y berdi? Yig‘ladingmi?
N i n i k o. Men…Yo‘q… Nega bunaqa deyapsiz?

E l ye n e unga bir nafas qarab turib, indamasdan chiqib
ketadi va tezda patnis ko‘tarib, qaytib kiradi.

E l ye n e. Choyxo‘rlik qilamiz.
N i n i k o. Sizga yordamlashib yuboray.
E l ye n e. Barini o‘zim olib keldim. O‘tir.

Choy ichadilar.

Qizim, sen menga ayt-chi, Rezo bilan ikkingiz o‘rtangizda biron narsa bo‘lganmi?
N i n i k o. Buvijon, hozircha men o‘zim ham bilmay turibman. Hech narsa anglay olmayapman…
E l ye n e. Balki u senga yoqmay qolgandir?
N i n i k o (qizg‘in) Yo‘q-yo‘q, nima deyapsiz!
E g ye n e. Unda sen unga yoqmay qolgandirsan?
N i n i k o (o‘ychan). Bilmadim. Uni tushunishim qiyin bo‘lib qoldi.
E l ye n e. Ajabo! Taajjub.
N i n i k o. Ha, g‘alati.
E l ye n e. Do‘stlari yaxshi tushunishadi. Nazarimda, uni yaxshi ko‘rishadi.
N i n i k o (shoshib) Uni men ham yaxshi ko‘raman.
E l ye n e. Niniko, uni sevishdan qolma. Yaxshi bola u. Bolam yetimcha. Uni senga maqtash uchun aytayotganim yo‘q, men shunchaki,.. sen o‘zing ham onasiz o‘sgan ekansan, yaxshi tushunsang kerak.
N i n i k o. Tushunaman.
E l ye n e. Rezo qirq yosharli ayolni sevib qolganida qanchalar azob chekkanimni bilsang edi!
N i n i k o. Yelene buvi, buning nimasi yomon?
E l ye n e. Nimasi yomon, deysanmi? Oltinchi sinfda o‘qir edi, bir tola mo‘ylovi ham sabza urmagan edi.

N i n i k o bu voqea qachonlardir huv ilgari bo‘lib o‘tganidan xursand bo‘lib, jilmayadi.

Xullas, “shunga uylantiringlar”, deb turib olsa bo‘ladimi! Biron gapga unasa-chi. Yettinchi sinfni tugatgach uylanasan, deb bazo‘r ko‘ndirganmiz.
N i n i k o. Nima, baribir uylandimi?
E l ye n e. Yo‘g‘-e. Yettinchi sinfda she’r yozishga qiziqib qoldi. Men senga aytsam, shunaqa she’rlar yozardiki…
N i n i k o. Shunaqa yaxshimidi?
E l ye n e. Yaxshiyam gapmi, ajoyib!
N i n i k o. Bu haqda menga hech qachon gapirmagan. Yelene buvi, nega u bunaqa “ichimdagini top”?
E l ye n e. Bu – uning niqobi. O‘zining kimligini pinhon tutish uchun, hozirgi odamlar buni “kompleks” deyishadi.
N i n i k o. Sizda uning she’rlari bormi? Saqlanib qolganlari bordir? Buvijon, menga berib turing. O‘ziga aytmayman, chin so‘zim.
E l ye n e. Bo‘lsa jon-jon deb berardim, yo‘q. Uning o‘zida ham bo‘lmasa kerak-ov…
N i n i k o. Nega endi, axir… daftardayam qolmaganmi?
E l ye n e. Bilasanmi, ba’zan odamlar o‘ta johil bo‘lib olishadi… Ataylab emas, albatta, kimningdir qismatiga befarq ekanliklarini ko‘rsatish uchun shunday qilishadi. Rez universitetning birinchi kursida o‘qib yurganida she’rxonlik kechasida uni ba’zi o‘rtoqlari qattiq tanqid qilishgan, qoralashgan.
N i n i k o. Nega? Nima uchun?
E l ye n e. She’rlarini-da.
N i n i k o. Bu insofdan emas- ku, shunaqasi ham bo‘ladimi?
E l ye n e. Bo‘ladi. Odamning yuragi toshdan bo‘lsa, hamma narsa bo‘laveradi. U esa, o‘zing bilib turibsan, ojizlik qildi. Aslida-ku, dovyurak yigit. Mushtlashishda hech kimga bo‘y bermaydi, bunaqa masalada esa…

Eshikning qo‘ng‘irog‘i jiringlaydi.

Shogird keldi. Niniko, ketmay tur. Uni kut…(O‘rnidan turadi). Kelishini kut.. (Chiqib ketadi).
N i n i k o (bir nafas o‘ylanib qoladi). Kut. (O‘rnidan turadi). Uni kut… (Kiyinadi). Uning kelishini kut, emish… (Sekin chiqib ketadi).

5

Parda oldida R ye z o bilan N i n i k o turishibdi. Har ikkalasining egnida palto.

N i n i k o. Nima qilmoq kerak, Rezo?
R ye z o. Sengacha bu savol Chernishevskiyni ham qiynagan.
N i n i k o. Rezo!
R ye z o. Nima?
N i n i k o. Men jiddiy so‘rayapman, nima qilishim kerak?
R ye z o. Nima qilish kerak, deysanmi? (Aksa uradi). Ko‘p narsa qilish mumkin. (Aksa uradi). Eng yaxshisi – men senga aytgan narsa. (Aksa uradi). Jin ursin, kun sovib ketdi. (Seskanib qo‘yadi).
N i n i k o (mung‘ayib qoladi). Demak, shunaqa de…
R ye z o. Quloq sol menga, boshqa ilojimiz yo‘q. Men surishtirib, hammasini bilib keldim. Tanishimning tanishi bu ishni o‘z uyida bajarar ekan… Kirt va – tamom-vassalom!
N i n i k o. Sen juda beshafqat odam ekansan, Rezo.
R ye z o. Ha, beshafqatman, shuningdek hamma narsaga ongli ko‘z bilan qarayman. Sen esa…o‘ylash mumkinki, sening mana bu yeringga miya o‘rniga allaqanday ahmoqona magnitofon o‘rnatilgan.U hamisha bir xil so‘zlarni takrorlagani-takrorlagan: “Nega o‘zgarib qolding, nega buncha beshafqatsan, nega sen bunaqasan, unaqasan…” Jonga tegdi bari!..
N i n i k o. Rezo, jonginam…
R ye z o. Jonga tegdi, deyapman senga!
N i n i k o. Nega bunaqa o‘zgarib ketding? Axir sen bir paytlar she’r­lar yozgan odamsan-ku?
R ye z o. Bu sening ishing emas. O‘zingga ko‘p erk beraverma!
N i n i k o. Men seni sevaman. Tushunsang-chi, men seni sevaman!
R ye z o. Sen esa shuni tushunginki, hamma-hammasi jonimga tegdi! Bas, yetar!!! (Ketadi).

N i n i k o yolg‘iz qoladi.

6

R ye z o o‘z xonasida xayol surib o‘tiribdi.
Telefon jiringlaydi.

R ye z o (go‘shakka) Militsiyaning uchinchi bo‘limi eshitadi. (Jilmayib, go‘shakni joyiga qo‘yadi).

Eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlaydi.
(Eshikka chiqib, N i n i k o n i boshlab kiradi. Uning sochlari ho‘l, sovuq qotgani sezilib turadi).

Nega yomg‘irpo‘shing yo‘q? (Vannaxonaga kirib, sochiq olib chiqadi).
N i n i k o. Trolleybusda unutib qoldiribman.
R ye z o. Parishonxotirsan…Biron narsa yeysanmi?
N i n i k o. Yo‘q, rahmat.
R ye z o. Nima, ishtahadan qolganmisan?
N i n i k o. Shunchaki… Qornim to‘q. Senga xalal berdimmi?
R ye z o. Qo‘ysang-chi, bo‘lmagan gaplarni…
N i n i k o. Mashg‘ulotga tayyorgarlik ko‘ryapsanmi?
R ye z o. Bas, bu gaplarni qo‘yib tur. Qisqasi, o‘shanda senga qo‘pol muomula qilganim uchun meni kechir, kayfiyatim yomon edi-da. Balki seni xafa qilgandirman…
N i n i k o. Telefon qilsam maylimi?
R ye z o. Sen bunaqa oliy tarbiyang bilan bir kun bo‘lmasa bir kun meni o‘ldirasan!
N i n i k o (raqam terib) Dada? Bu men. Masala hal bo‘ldi. Praktikamiz Tallinda o‘tar ekan. Yo‘q, ikki oy, deyapman. Butun kursimiz boradi. Yolg‘iz emasman… Ovozimga nima bo‘pti? Boyagi-boyagi ovozim. Tezda boraman. (Go‘shakni joyiga qo‘yib, yig‘laydi).
R ye z o. Yana nima bo‘ldi ?
N i n i k o. Dadamni juda yaxshi ko‘raman.
R ye z o. Ha, jin ursin, qo‘rqitib yubording-ku odamni!
N i n i k o. Men hech qachon undan biron narsani sir tutgan emasman. Endi esa…
R ye z o. Nima, endi?
N i n i k o. Yashiryapman.
R ye z o. Nima bo‘pti?
N i n i k o. Bu, yomon-ku axir.
R ye z o. Men ham buvimdan yashirib kelyapman.
N i n i k o. Sen erkak kishisan.
R ye z o. Sen ayol kishisan. Nima bo‘pti? (Jilmayadi).

Sukut.

N i n i k o. Buving qayoqda?
R ye z o. Qabristonda.
N i n i k o (qo‘rqib ketadi). Yo‘g‘-e?
R ye z o. Ota-onamning qabrlarini supurib-tozalagani ketgan edi. Bugun chorshanba. Buvim hamisha chorshanbada…
N i n i k o. Nima ular bir yerga dafn etilganmi?
R ye z o. Qabrlari yonma-yon.
N i n i k o. Biron yerga shoshyapsanmi? Nega tez-tez soatga qarab qo‘yyapsan?
R ye z o. E’tibor berma. Yaxshisi, asosiy masala haqida gaplashaylik. Tanishimning tanishiga o‘zim borib keldim….
N i n i k o. Men bormayman!
R ye z o. Niniko, esingni yig‘!
N i n i k o. O‘sha tanishilaringga bormayman.
R ye z o. Yaxshi, tanishimizga bormaysan. Notanishini topaman.
N i n i k o. Notanish odamga ham bormayman.
R ye z o. O‘jarlik qilma.
N i n i k o. Bormayman, dedimmi, bormayman.
R ye z o. U mening ham bolam ekanligini esingdan chiqarma!
N i n i k o. Buni sen esingdan chiqarib qo‘ygansan!
R ye z o. Biz endi yosh bolalar emasmiz, aql bilan ish qilishimiz kerak.
N i n i k o. Farzand ko‘rish uchun biz hali yosh bolamiz, deb sen o‘zing aytgansan.
R ye z o. Niniko, aqldan ozdiryapsan meni!
N i n i k o. Xo‘p.
R ye z o. Sen nima istaysan?
N i n i k o. Erga tegishni xohlayman.
R ye z o. Boshqa narsa kerak emasmi?
N i n i k o. Keyin bir gap bo‘lar. Miyamga shunaqa bir fikr keldi: nikohdan o‘tib, do‘stu-dushman bilan birgalikda to‘y bazmini o‘tkazamiz, so‘ng kemada dengiz sayohatiga jo‘naymiz!
R ye z o. Shunday degin… Ana xolo-os… Rostimni aytsam, sen ertami-kechmi… Siz hammangiz ertami-kechmi…Gap bundoq, qizaloq: Tbilisi jo‘g‘rofiyasida men uchun Nikoh uyi-yu ZAGS degan idora yo‘q! Shuni miyangga quyib ol.
N i n i k o. Demak, menga uylanishni istamaysan, shundaymi?
R ye z o. Istamaymangina emas, xayolimga ham keltirmayman.
N i n i k o. Men senga vafodor, mo‘min xotin bo‘lardim.
R ye z o. Unisi ham, bunisi ham kerakmas menga.
N i n i k o. Ustingdan militsiyaga arz qilsam-chi?
R ye z o (bir zum esankirab) Militsiyaga-a?
N i n i k o. “Meni avrab, yo‘ldan ozdirdi. Endi uylangisi yo‘q”, deyman. Qamoqxonaga yo bo‘lmasa Gimeneyaga tiqib qo‘yishadi.
R ye z o (beparvo) Qamoqxona ma’qul..
N i n i k o. Nega?
R ye z o. Chunki sen yaramas tovlamachisan.
N i n i k o. Unaqa dema, Rezo…
R ye z o. Sening yagona darding, maqsading – meni aldab-suldab qo‘lga tushirish. Senlarning yagona niyatlaring shu: nima qilib bo‘lsa-da, meni o‘zlaringga bo‘ysundirish, qaram qilish. Tuzoqqa ilintirib olib, o‘z nog‘oralaringga o‘ynatishni istaysang hammang!
N i n i k o. Bo‘ldi. Yetar. Iltimos, bas qil.
R ye z o. Yo‘-o‘q, yetmaydi. Sen pastkash, jirkanch, razil odamsan. Sen meni asta-sekin qo‘lga o‘rgatilgan mahluqqa aylantiryapsan. Sendan qo‘rqadigan bo‘lyapman. Yo‘q, jonginam, meni kunba-kun erkalab jonimni oladigan, o‘zligini yo‘qotgan bir kimsaga aylantiradigan silliq-yumshoq qopqoningdan ko‘ra, qamoqxonaga tushganim, yerning tagigami, oygami jo‘naganim ma’qul. Niniko, sen menga…
N i n i k o. Azizim, bas qil!.. (Stolda turgan pichoqni olib, Rezoning ko‘ksiga urmoqchi bo‘ladi)
R ye z o. Kim pichoqni shunaqa qilib sanchadi?.. Odamni rosmana o‘ldirishni ham bilmaysan-u, yana men bilan birga yashamoqchisan. Bunaqasi ketmaydi.
N i n i k o (yig‘laydi). Xayriyat, Xudoga shukur.
R ye z o. Yanagi safar birontasini o‘ldirmoqchi bo‘lsang, qog‘oz qirqadigan pichoq ishlatib yurma.
N i n i k o. Xudoga shukur, e Xudo, o‘zingga shukur.
R ye z o. Bas, hadeb nola qilaverma! Bo‘ldi-bo‘ldi, o‘zingni bos. Tinchlan, deyapman. Divanga yot, o‘zingga kelib ol. (Uni yotqizib qo‘yadi, suv ichiradi). Ich. Tinchlan. Ich…
N i n i k o qimirlamay yotadi.

O‘zingga keldingmi? Balli. Nega jimsan, gapirmayapsan? (Unga sinchkov nazar tashlaydi.) Tashqi qiyofasi bunaqa ko‘rkam qizning qotil bo‘lishiga kim ishonadi? Ammo bundoq o‘ylab qaralsa, sen – rostdan ham qotilsan. Axir menga pichoq urmoqchi bo‘ldingku. Maqsading aniq edi. Muhimi – mana shu maqsad. Seni sud qilish kerak.Bilasan, odatda amalga oshirilgan jinoyat uchun emas, bu uchun ham, albatta, ammo asosan ko‘zlangan maqsad uchun sud qilishadi.

S u k u t.

Tallinga ketasanmi? Amaliyot o‘tashgami?

Sukut. N i n i k o qimirlamay yotaveradi.

Niniko, gapimga quloq sol. Men rostdan ham uylanishni xohlamayman, o‘qishim kerak. Sen meni kechir, militsiya to‘g‘risidagi gapingni darrov anglamabman. Ilgari menga xos bo‘lgan hazilkashlikni ham unutib qo‘yibman. Mana, endi kulolmayman ham! Afsus! Xo‘p, yaxshi, aytaylik, nikohdan o‘tamiz va biror oydan so‘ng, fe’limiz to‘g‘ri kelmadi, deb ajrashamiz. O‘zini, zamonaviy odamman, deb bilgan biron kimsa bunga ajablanmaydi. Hozir hamma uylanyapti, hamma ajralishyapti. Hamma bir-birini yaxshi ko‘radi, hamma bir-biridan nafratlanadi. Hammasi joyida. Hammasi binoyiday. Faqat bitta shartim bor: tanishimning tanishiga boramiz va …
N i n i k o. Yo‘q…
R ye z o. Nima deding?
N i n i k o. Bormayman.
R ye z o. Borasan.
N i n i k o. Bormayman.
R ye z o. Nega?
N i n i k o. Borib kelganman.
R ye z o. Qayoqqa bording?
N i n i k o. Tanishimning tanishiga. (Turib o‘tiradi).
R ye z o. Aldayapsan. Yolg‘on aytyapman, de.

N i n i k o o‘tirgan joyidan turadi-yu chayqalib ketadi.

(Uni suyab) Rostdanmi? Niniko?
N i n i k o. Ko‘ngling joyiga tushdimi? Endi xursandmisan?
R ye z o. Men… Bu maynavozchiliklarning nima keragi bor edi…
N i n i k o. Bilmadim. (Kiyinadi). Shunchaki…
R ye z o. Kuzatib qo‘yaman.
N i n i k o. Yo‘q.
R ye z o. Gap bo‘lishi mumkin emas.
N i n i k o. Yo‘q, Rezo. Ovora bo‘lma. (Chiqib ketadi).
R ye z o (bir necha soniya qimirlamay joyida turib qoladi, chuqur uh tortadi). Ajab bo‘pti. (O‘zini divanga otadi). Shunisi yaxshi! (Turib o‘tiradi. O‘yga toladi). Shunisi yaxshi…

IKKINChI QISM

7

R ye z o bilan Ye l ye n e nonushta qilib o‘tirishibdi. Rezo o‘ychan bir holatda. Og‘zidagi luqumni na yutadi va na chaynaydi.

E l ye n e. Reziko, nima bo‘lyapti o‘zi?

R ye z o uning nima demoqchi bo‘lganini anglamay, qarab qoladi.

Nega og‘zingni to‘ldirib olding-u, chaynamayapsan?

R ye z o tezlik bilan chaynay boshlaydi.

Shoshilma. Ovqatni yaxshilab, obdan chaynash lozim.

R ye z o tamaki tutatadi.

Hech nima yemading-ku!
R ye z o. Rahmat. Boshqa yegim yo‘q.
E l ye n e. So‘nggi paytlarda negadir asabiy bo‘lib qolding.
R ye z o. Sizga shunaqa tuyulayotgandir.
E l ye n e. Arzimagan narsaga jahling chiqadi. Parishonxotir bo‘lib qolding. Niniko qayoqqa g‘oyib bo‘ldi? Nega jimsan, bilmaysanmi?
R ye z o. Bilmayman.
E l ye n e. Nega bilmaysan?
R ye z o. Nima uchun bilishim kerak?
E l ye n e. Bilishing shart, deb o‘ylayman.
R ye z o. Buvi, men sizni tanimay qolyapman, ilgari hech qachon bunaqa tergamas edingiz. Bu nima, so‘roq qilyapsizmi?
E l ye n e. Nima, bilishga haqqim yo‘qmi? Yoki bir-birimizga begonamizmi?
R ye z o. Begona emasmiz, lekin sizga buning nima ahamiyati bor? Tushunmayapman.
E l ye n e. (o‘ta jiddiy). Men hademay o‘laman.
R ye z o. Bo‘lmagan gap. Bema’ni gap!
E l ye n e. Sezib yuribman. O‘zim yaxshi bilaman.
R ye z o. Buvi, qo‘ying bunaqa gaplarni!..
E l ye n e. Mayli, buni qo‘yib turaylik. Sen Ninikoni sevasan, u-chi?..
R ye z o. Bema’nilik bu.
E l ye n e. Muhabbat – bu bema’nilik emas, bolaginam.
R ye z o. Buvi, iltimos, bu to‘g‘rida gaplashmaylik, keragi yo‘q.
E l ye n e. Kim biladi, sen orzu qilgan, sen axtarayotgan o‘sha tuman ortidagi sirli fantom balki shudir, faqat o‘zing shundayligiga ishonmayotgan bo‘lishing mumkin?
R ye z o. Bugun qanaqa kun o‘zi! Kallai sahardan hali o‘lim haqida, hali sevgi-muhabbat haqida gapirib qoldingiz! Keling, yaxshisi, boshqa narsalar to‘g‘risida gaplashaylik.
E l ye n e. Men yaqinda o‘laman, bolaginam.
R ye z o. Yana shu gap!
E l ye n e. Men o‘ladigan bo‘lsam, yoningda yaxshi bir odam bo‘lsin, deyman.
R ye z o. O‘lim haqida gapirmang. Bu haqda hatto o‘ylashingizni ham istamayman.
E l ye n e (g‘amgin). Qo‘rs bo‘lib ketyapsan.
R ye z o. (jahl bilan). Qo‘rs bo‘lib ketyapmanmi?! (Shashtidan tushib) Uzr.

Sukut.

Meni kechiring. O‘zim ham tushunmay qoldim. Gapimga ishoning, mutlaqo tushunmay qoldim.
E l ye n e o‘rnidan turib, idishlarni yig‘ishtira boshlaydi.
(Unga yordamlashadi.) Bu, muhabbat, degani kasofat bir narsa bo‘lsa kerak.
E l ye n e. Yuzimga burqsitma. (Yo‘taladi.)
R ye z o. Uzr. (Nari ketadi.) Kasofat.
E l ye n e. Muhabatni qoralama. Uni avaylab-asrash kerak. (Chiqib ketadi.)

R ye z o u yoqdan bu yoqqa yuradi. Stoldagi qalamlardan birini olib, uni archiy boshlaydi, bir nafas o‘ylanib turib, ildam telefon yoniga boradi.Raqam teradi.

R ye z o (go‘shakka). Kechirasiz, Ninikoni telefonga chaqirib berolmaysizmi? (Holati o‘zgaradi.) Qayoqqa ketdi dedingiz? Tallinga? Qachon?.. Men… men o‘rtog‘iman… Kechirasiz… (Esankirab go‘shakni joyiga qo‘ydi. Yana telefon go‘shagini qo‘liga oladi.) Badri? Bu men. Og‘ayni, men Tallinga ketyapman. Bugunoq. Tezda pul kerak. Gelaga qo‘ng‘iroq qil. U ham qancha puli bo‘lsa, barini olib kelsin. Topganingdan keyin menga qo‘ng‘iroq qilarsan. Kutaman.

E l ye n e kiradi. Qiyofasi batamom o‘zgargan, egnida uzun oq ko‘ylak..

Ajabo, naqadar chiroyli!
E l ye n e. Senga ma’qul bo‘ldimi?
R ye z o. Ma’qul bo‘lganda qandoq!
E l ye n e (mamnun jilmayadi). Qiz paytimda kiygan ko‘ylagim. Negadir hozir birdan kiygim kelib qoldi… Bu ko‘ylakda buvang bilan birgalikda sambittol yakshanbaligini o‘tkazganman.
R ye z o. Qachon bo‘lgan bu?
E l ye n e. Juda ko‘p vaqt bo‘ldi bunga.
R ye z o. Buvi, buvamning sizga qanday xushomad qilganlari to‘g‘risida menga hech gapirmagansiz.
E l ye n e. Yosh bo‘lgansan, shuning uchun ham gapirmaganman.
R ye z o. Sizning dardingizda aql-xushini yo‘qotgan bo‘lsa kerak, a?
E l ye n e. Aksincha. Barcha qizlar uning shaydosi edi. Jumladan men ham.
R ye z o. U-chi?
E l ye n e. Umi? Kelishgan, xushqomat, o‘ta mag‘rur yigit edi. Umuman sening avlodingdagi erkaklarning bari chiroyli va mag‘rur kishilar bo‘lgan. Shuningdek, janjalkash ham edi. Sening bobongda…
R ye z o. U sizni qanday qilib sevib qolgan?
E l ye n e. Qanday qilib sevib qolganini bilmayman. Qanday sevgi izhor qilganini hozir aytib beraman… Kunlardan birida, xuddi kechagidek yodimda, uyimizga kelib, meni sambittol bayramiga taklif qilib qoldi. Men rozilik bermadim, albatta.
R ye z o. Nega?
E l ye n e. Ichimda rozi bo‘lib tursam-da, rozi bo‘lmagandek tutdim o‘zimni.
R ye z o. Tushunarli, noz qilgansiz-da.
E l ye n e. Albatta. Otam esa shunday dedi: “Elizbar Mxeidze chinakam oliyjanob yigit, sha’niga dog‘ tushmagan haqiqiy inson. Uning iltifot bilan qilingan taklifini rad etish – uni qattiq haqorat qilish, degani.
R ye z o. To‘g‘ri!
E l ye n e. Nima qilishim kerak edi? Soyabon aravasiga chiqib o‘tirdim-u, Sionsk ibodatxonasi tomon yelib ketdik. Bir birimizga qaramaymiz, gaplashmaymiz, arazlashib qolgan bolalardek o‘tiribmiz…Uning rangi-ro‘yiga, men senga aytsam, qarayolmaganman.
R ye z o. Nima bo‘lgan?
E l ye n e. Murdadek oqarib ketgan edi. Bir payt aravani to‘xtatib, yerga tushdi-da, yonidan pistoletini olib, chakkasiga qadadi… Bo‘zrayib turibdi. Lekin shu holatda ham o‘ta xushsurat edi. “Hurmatli Yelene, – dedi. – Gapim qisqa. Mening hayotim sizning qo‘lingizda. Yo ikkimiz hozir ibodatxonaga kirib, nikohdan o‘tamiz, yo – hozir o‘zimni otaman!”
R ye z o. Uning o‘lishiga imkon bermagan bo‘lsangiz kerak?
E l ye n e (ma’yus jilmayadi). Xullas, ibodatxonaga kirib bordik. Katta-katta ikkita sha’m yoqib, bir-birimizga muhabbat izhor qildik… Keyin, uyga qaytayotganimizda u mening qo‘limni o‘pdi…
R ye z o. Endi yuzingizdan o‘psa ham bo‘lardi-ku.
E l ye n e. Qayerdandir “Riorita” eshitilib turardi…
R ye z o. “Riorita” degani nima?
E l ye n e. Shunaqa qo‘shiq bor edi. (Sekin kuylaydi.) Biz, yoshlar o‘sha kuyga raqsga tushardik. “Riorita” bilan mana bu ko‘ylak menga o‘sha sambittol yakshanbaligini eslatadi.
R ye z o. Buvi, menga pul kerak.
E l ye n e (hech narsa anglamagan holda Rezoga qaraydi). Nima deding?
R ye z o. Menga zudlik bilan pul zarur.
E l ye n e. Ko‘p kerakmi?
R ye z o. Haligi, kostyumga deb olib qo‘yilgan pul…
E l ye n e. Kostyum nima bo‘ladi?
R ye z o. Ishoning, bu pul menga o‘ta zarur. Zudlik bilan Ninikoning yoniga borishim kerak. Samolyotda.
E l ye n e. (xavotirda). Nima uchun? Biron narsa bo‘libdimi?
R ye z o. Yo‘q. Hech narsa bo‘lmagan. Faqat men tezda uchib borishim kerak. Zudlik bilan Tallinga uchishim zarurligini hozir angladim, tushunyapsizmi?
E l ye n e. O, Xudo. Shunaqa demaysanmi, o‘takamni yording-ku. (Chiqib ketadi.)

Eshikning qo‘ng‘irog‘i jiringlaydi. R ye z o eshikni
ochadi. Shitob bilan L ye n a kirib keladi.

L ye n a. Jo‘mrakni ochiq qoldirma, deb million marta ogohlantirganman!.. Endi bor, o‘zing bartaraf qil suvni!
R ye z o. Sekinroq… Buvim eshitib qolmasin…
L ye n a. Aslzodalik odatlaringni boshqa joyda ko‘rsatasan! Tezda tushib, suv tozala. Bo‘lmasa militsiyaga shikoyat qilaman!
R ye z o. Azizim, o‘zingga bir qara.
L ye n a. Menga nima bo‘pti?
R ye z o. Senga asabiylashish yarashmas ekan, o‘lib qolishing mumkin.
L ye n a. Haqorat qilmoqchimisan? Pastga tushasanmi-yo‘qmi?
R ye z o. Lena, azizim, tinchlan, pastga tushamanmi-tushmay-manmi, ta’mirlab beramanmi-yo‘qmi, faqat, iltimos, ovozingni o‘chir.
L ye n a. Nima-a?! (G‘azabdan tili gapga kelmay qoladi.)
R ye z o. Mana bu yaxshi. Buvimlar oq ko‘ylagini kiyib olgan. Sening shovqiningni ular eshitmasin, deyman. Buvimlar yoshligini xotirlayapti, tushunasang-chi!
L ye n a. Yonida kim bor? Xoy, yaramas, hech bo‘lmasa jo‘mrakni burab qo‘ysang-chi! Oqib yotibdi!
R ye z o. Ketdim!.. (Chopib chiqib ketadi va zumda qaytib kiradi.) O‘chirdim.

Elib K i r i l e kiradi.

K i r i l e (Lenaga). Azizim, shiftning bir parchasi ko‘chib tushdi.
R ye z o. Ketdik. Mening ortimdan! (Chopib chiqib ketadi.)
L ye n a. Xoy, Mxeidze, aslzoda oqsuyaklik qiliqlaringni yig‘ishtirib qo‘y, hozirgi zamonda hamma teng… (Uning ortidan chiqib ketishadi.)

Qo‘lida pul ushlab Ye l ye n e kiradi. Telefon jiringlaydi.

E l ye n e (go‘shakka). Labbay?…Luiza? …Yigitcha, boshqa joyga tushib qoldingiz. Nima? Yo‘q, yigitcha, men endi, afsuski, Luiza bo‘lolmayman. Xayr. (Go‘shakni joyiga qo‘yib, o‘ylanib qoladi.)

Yana telefon jiringlaydi.

Eshitaman… Badri? Salomatmisan, bolaginam… Rahmat, rahmat, hechqisi yo‘q. Bilmayman hozirgina shu yerda edi. Paltosini kiymasdan chiqibdi, balki qo‘shnilarnikidadir… Xo‘p, xayr, Badri. (Go‘shakni qo‘yib, turmoqchi bo‘ladi, chayqalib ketib, o‘tirib qoladi).

R ye z o shitob bilan kirib keladi. Mushtlari tugilgan.

R ye z o. Ta’mirlash haqqini to‘lashim kerak emish!.. (Buvisining ahvolini sezib) Buvi,sizga nima bo‘ldi?
E l ye n e. Yuragim bekorga sezmagan ekan..
R ye z o. Bu nima deganingiz?
E l ye n e. Sekin…sekin…
R ye z o. Buvijon!..
E l ye n e. Qichqirish kerakmas… Menga tegma, bolam, og‘riyapti, to‘xtab tur, men hozir…
R ye z o. Tez yordamni chaqiraman!.. Doktor chaqiraman… (Telefonga qarab intiladi.)
E l ye n e. Kerak emas…bolam…
R ye z o. Kerakmas! Kerakmas! O‘tib ketadi, bu shunchaki… Qo‘rqadigan hech narsa bo‘lgani yo‘q, shunchaki…
E l ye n e. Qo‘rqayotganim yo‘q… Qo‘rqayotganim yo‘q… (Unga tikilib qaraydi.) Faqat seni o‘ylayapman, bolaginam…
R ye z o (yaralangan kimsadek qichqirib). Buvijon, ketmang!!!

Allaqayoqlardandir Riorita” musiqasi yangraydi.

8

O‘sha xona. Ko‘rpa-to‘shagu boshqa buyumlar sochilib yotibdi, stol-stullar betartib ravishda surilgan. R ye z o kiradi, paltosining yoqasi ko‘tarib qo‘yilgan, soqol-mo‘ylovi qirilmagan, qo‘lida bir banka konserva, bulka non. Paltosini yechib, ko‘rpa-to‘shaklar ustiga tashlaydi-da, vannaxonaga o‘tib ketadi. Suvning shildirashi eshitiladi. Sochiq bilan qo‘llarini artib, qayta kiradi. Fikrini jamlamoqchi bo‘ladi shekilli, bir nafas o‘ylanib turib qoladi, so‘ng sochiqni g‘ijimlab bir chekkaga otadi. Konservani ochadi va nonning bir parchasini uzib olib, yeya boshlaydi.
Telefon jiringlaydi.

R ye z o (go‘shakni ko‘tarib). Ha… Men… Nima?.. Yo‘q… Qabristonda… Bilmayman… Qachon tamomlasam – o‘shanda… Yordam kerak emas, busiz ham ko‘p ko‘mak berdilaring… Balki ikki haftada ulgurib qolarman… Bo‘lmasa uch hafta… Kerak emas… Istamayman… Gela, men senga, yo‘q, deyapman… Nima kerak – hech narsa kerak emas… Uyqim kelyapti. Ha, yotib uxlayman. Xo‘p, ertagacha. (Go‘shakni joyiga qo‘yadi.)

Telefon jiringlaydi.

(Go‘shakka) Eshitaman… Salom… Ha, bu yana men… Tanimayapsanmi?.. Ovozim boshqachami?.. Ha, seni tanimasin deb, ataylab ovozimni o‘zgartirib gapiryapman… Hali ham Luizani qidiryapsanmi? Qidiraver, qidiraver… Jonsarak, bezovta odam… Men hozir shunaqa osoyishtamanki, biron kimsa bezovta qilsa deyman! Xayr. (Go‘shakni joyiga qo‘yadi.)

Eshikning qo‘ng‘irog‘i jiringlaydi. R ye z o eshikni ochadi. Bir shisha konyak ko‘tarib K i r i l e kiradi.

K i r i l e. Rezo, nega eshiging tagida o‘lgan mushuk yotibdi?
R ye z o. Qanaqa mushuk? (Shoshib tashqariga chiqib kiradi.) Qayerda?
K i r i l e. Hazillashdim… (Xursand bo‘lib, sharaqlab kuladi.) Hazil!.. (Xoxolab kuladi.) Azizim, meni kechirgaysan. Bir hazillashgim keldi… (Ko‘z yoshlarini artadi.) Bilasanmi, uyda yolg‘iz o‘zim o‘tirgan edim. (Shishani stolga qo‘yadi.) To‘satdan kallam: Hoy, Kirile, yonginangda qo‘shning bor, nega u bilan urishtirib ichmaysan, deb qoldi. Men, ha, u bilan urishtirib ichishni xohlayman, dedim. Astoydil istayman!
R ye z o (ajablanib). Marhamat, o‘tiring.
K i r i l e. Xo‘p bo‘ladi. (O‘tiradi.) Sen mendan xafa emasmisan? Men sendan xafa emasman.
R ye z o. Xafa emasman… Balki mendan kimdir xafadir.
K i r i l e. Sen xafa bo‘lmasang, men xafa emasman. Sen Lenadan xafamisan?
R ye z o. Yo‘q, xafa emasman.
K i r i l e. U ham sendan xafa emas. Lenani biron kimsa xafa qilgudek bo‘lsa – men uni xarakiri qilaman!
R ye z o. Kimni?
K i r i l e. O‘shani.
R ye z o. U kim ekan?
K i r i l e. Hozircha bilmayman. Bilsam – aytganimni qilaman.
R ye z o. Buni nega menga aytyapsiz?
K i r i l e. Shunchaki, har ehtimolga aytdim-qo‘ydim-da. (Konyakni ochadi.) Azizim, kechirasan, qutluq uyga o‘z ichimliging bilan kelish odatdanmas, bilaman, illo men…

R ye z o ikkita stakan keltirib qo‘yadi. K i r i l e konyakni quyadi.

Mening to‘rtta aka-ukam bor. Bittasi – amakivachcha. Juda yaxshi odam! Baquvvat, semiz, chiroyli. Turmushi zo‘r. Saryog‘dagi bir bo‘lak pishloqday. Men unga seni yaxshi odam, deb maqtadim. U: “Mayli” dedi.
R ye z o. Nima – “mayli”?
K i r i l e. U seni oddiy ishchi qilib rasmiylashtirib qo‘yadi. Haftada bir marta basharangni ko‘rsatib qo‘ysang, bas. Boshqalar, qalbaki, deb o‘ylamaslik uchun. Bir oyda ikki marta moyona olgani borib turasan. Ikki yuz so‘m qorningni og‘ritmas!
R ye z o. Rahmat sizga, lekin men…
K i r i l e. Bas, hech qanday “lekini” yo‘q.
R ye z o. Mening mutaxassisligim boshqa.
K i r i l e. Menga qara, mutahassislikning senga nima keragi bor? Oddiy ishchi bo‘lasan. Fahrli! Odamlar hurmat qiladigan bo‘lishadi! Hech qanday ish qilmaysan, barmog‘ingni barmog‘ingga tekkizmaysan.
R ye z o. Gap bunda emas. Metroda ishlayapman, kechalari.
K i r i l e (vahimali ohangda). Nima balo teshik kavlayapsanmi?!
R ye z o. Qanaqa teshik?
K i r i l e. Haligi, nima deyilardi? Poyezd u yoqdan bu yoqqa yuradigan…
R ye z o. Tunnelmi?
K i r i l e. Topding!
R ye z o (kuladi). Yo‘-o‘q, bu ishni malakali ishchilar bajarishadi, men esa vagonlarni yuvadigan oddiy ishchiman.
K i r i l e. Arzimagan pul uchun joningni jabborga berib yuribsanmi?!
R ye z o. Yomon haq to‘lashmaydi.
K i r i l e. Menga qara, meni kechirasan-u, men yaxshi odam sifatida sendek yaxshi bir odamga yaxshilik tilayapman.
R ye z o. Rahmat.
K i r i l e. Menga qara, men senga yordam bermasam, keyinchalik sen menga yordam bermasang – qanaqa hayot bu! Bu qadahni, Rezo, rahmatli buving uchun ichaman. (O‘rnidan turadi.)

R ye z o ham turadi.

Joyi jannatda bo‘lsin! Seni bu dunyoda erishgan yutuqlaringdan buving u dunyoda quvonib yursin!

Ichishadi. Qayta o‘tirishadi.

K i r i l e. Qanaqa zo‘r konyak-a! Hoy. menga qara, endi yolg‘iz yashayapsanmi?
R ye z o. Ba’zida do‘stlarim kelib turishadi.
K i r i l e. Ha,ha… (Imo qilib) Do‘stlar, haligindaqa qiz o‘rtoqlar!
R ye z o (beozor jilmayadi). Sizni qisqa muddatga xoli qoldiraman. Kartoshka pishirib kelaman.
K i r i l e. Menga qara. Keragi yo‘q. Bas. Gapimni eshit!
R ye z o. Eshityapman.
K i r i l e. Menga qara, Rezo, Tbilisimizda qizlar juda ko‘p ekan! Ah-ah… Eshityapsanmi, g‘oyat ko‘payib ketibdi, eshitib hayron qoldim…. Tanish qizlaring bormi?
R ye z o. Nima edi?
K i r i l e. Men sendan do‘stim sifatida so‘rayapman. Tanishlaring bo‘lsa: “Kirile, tanishlarim bor!” de. Yo‘q bo‘lsa, menga ayt-chi, nega yo‘q?
R ye z o. Kechirasiz, men sizni tushunmayapman.
K i r i l e. Menga qara, qo‘shni, kallam ba’zida hayot to‘g‘risida o‘ylab qoladi. Bilasanmi, nima deb o‘ylaydi? “Ayollardan lazzatliroq rohat yo‘q bu dunyoda!” deydi. A?
R ye z o qovog‘ini uyib tinglaydi.

Men oldinlari ko‘proq pul topish to‘g‘risida o‘ylardim, endi jononlar haqida o‘ylaydigan bo‘lib qoldim. Men senga aytsam, bir hafta oldin bitta ayol bilan tanishib qoldim. To‘ladan kelgan, baquvvat, yaxshi ayol. Res­toranga olib kirdim, anchagina pul sarfladim, lekin bari behuda ketdi!..

R ye z o tushunmaydi.
Boqqa olib kiray desam, bu menga yarashmaydi.
R ye z o. Nega?
K i r i l e. Yoshlik paytimda-ku – bo‘laverardi. Endi esa… Restoranga olib bordim. Yaxshilab ichirdim, yedirdim, tansa-mansa degandek… Xullas, yaxshi kvartira kerak bo‘ldi…
R ye z o. Biron boshpanangiz yo‘qmi?
K i r i l e. Hamma gap shunda-da. Yo‘q, vassalom! Kel, ichaylik. (Stakanlarga konyak quyadi.) Senga muvaffaqiyat tilayman, azizim. Har ikkimizdan pul va ayollar arimasin!
R ye z o. Rahmat.

Ichishadi.

K i r i l e. Menga qara, Reziko, sening uying bor, menda yo‘q. Sening tanish ayollaring bor, menda esa mashina bor – marhamat! – Ozgina pul bo‘lsa, bas, bari joyida bo‘ladi.
R ye z o. Nima, guruh-guruh bo‘lib, haligi ish bilan shug‘ullanamizmi?
K i r i l e (jonlanib). Ha-da!… Bu nima degani o‘zi?
R ye z o. Keyin aytib beraman. Asosiy gapga o‘taylik.
K i r i l e. Yaxshi.
R ye z o. Asosiy gap shuki, bunaqa bema’niliklardan keyin hurmatli rafiqangizning ko‘ziga qanday qarayman?
K i r i l e. Qanaqa hurmatli?..
R ye z o. Sizning hurmatli xotiningizni aytayapman.
K i r i l e. Bas qil, Reziko, bas qil! Nega sen uning ko‘zlariga qarashing kerak ?
R ye z o. Zinada ko‘rib qolguday bo‘lsam…
K i r i l e. Qarama uning ko‘zlariga.
R ye z o. Hech ham qaramaymi?
K i r i l e. Albatta! Hech ham qarama!
R ye z o. Eringiz man qilgan, deyman.
K i r i l e. Istasang, aytaver. Eringiz ruxsat bermaydi, de.
R ye z o. Xo‘p, yaxshi. Ko‘z muammosini hal qildik. Demak, dasturxonga qo‘yiladigan yemak bilan ichkilikni siz zimmangizga olasiz.
K i r i l e. Bordi-keldilar ham…
R ye z o. Mashinada bo‘lsa, yaxshi. A’lo nav sigaretni ham o‘zingiz olib kelasiz. Lekin aytib qo‘yay, narxi nihoyat baland.
K i r i l e. Hali, oyoqlarining tagiga qorakuzan mo‘ynali po‘stin tashlab qo‘yish kerak, dersan! A’lo navli sigaret chekmasa ham bo‘laveradi, o‘lib qolishmaydi!
R ye z o. Mayli, erkalatmaganimiz ma’qul.
K i r i l e. Mening aytganimni qilaversang, hammasi joyida bo‘ladi. (Xonaga nazar tashlab olib) Molxonaga o‘xshab qolibdi. Tartibga keltirish kerak.
R ye z o. Xo‘p bo‘ladi.
K i r i l e. Do‘stlaringni uyingga yaqinlashtirmaysan. O‘ralashib yurmasin.
R ye z o. Yaqinlashmaydi.
K i r i l e. Ichaylik. (Stakanni ko‘taradi.) Butun dunyoda tinchlik uchun! (Ichadi.)
R ye z o. Ser, bugunoq, kechga ikkita jonon muhayyo bo‘ladi!
K i r i l e (yuzini burushtirib). Oq-sariq sochli, deysanmi Tuzukkinami?
R ye z o. Sifat kafolati bilan.
K i r i l e (bir zum o‘ylanib turib). Bugun kechga…bugun kechga. Xo‘p, mayli. (Yonidan hamyonini olib, pul sanab Rezoga beradi.) Faqat hammasi a’lo darajada bo‘lsin: shampan-mampan… deganday, naryog‘ini o‘zing bilasan.
R ye z o (pulni olib, shoshmasdan sanaydi). Hurmatli Kirile, yoshingiz nechida?
K i r i l e. Hozircha qirq beshdaman, yashab kelayapman, shikoyat qilishga asosim yo‘q. Yana yashagim bor.
R ye z o. Undoq bo‘lsa… (Kirilening engagidan ushlab, pul bilan uning burniga ura boshlaydi.) Bir, ikki, uch, to‘rt… G‘ingshimay tur! Besh, olti, yetti… Jin ursin, qirq beshga yetkaza olmayman shekilli, qo‘lim tolib qoldi. (Uni qo‘yib yuboradi.)
K i r i l e (qichqirib, bo‘g‘ilib). Men seni militsiyaga o‘tqazib qo‘yaman!
R ye z o. Biron yeringni mayib qilib qo‘ymasimdan yo‘qol! (Konyak va pullarni qo‘liga tuttirib, eshik tomon itarib yuboradi.)

K i r i l e chopib chiqib ketadi. R ye z o tund holatda
stulga o‘tiradi. K i r i l e qaytib kiradi.

K i r i l e. Eshikni ocha olmadim…
R ye z o (Kirilening ortidan chiqib). Dab bo‘l! (Qaytib kiradi, sigaret tutatadi. O‘tiradi, so‘ng o‘rnidan turib, xona bo‘ylab u yoqdan bu yoqqa yuradi.)

Telefon jiringlaydi.

Labbay… (Tusi o‘zgaradi.) Nahot sen bo‘lsang?.. Salom. Qachon kelding?.. Xabaring bormi?.. Qachon kelasan? Tezda, deysanmi? Tezroq kel! Orziqib kutaman!! (Uy jihozlarini u yoqdan bu yoqqa surib, xonani tartibga keltira boshlaydi. Elektrustarani qo‘liga oladi, yura turib kiyinadi, Vannaxonaga shoshiladi, orqaga qaytadi.)

To‘satdan chiroq o‘chadi.

Bu nimasi tag‘in!.. (U yer-bu yerga sham o‘rnatib, ularni yoqib qo‘yadi.)

Eshik taqillaydi.
Ketyapman!..

N i n i k o kiradi. U bilan birga xonaga
sharillab yog‘ayotgan yomg‘irning tovushi kirib keladi.

Seni menga yana yomg‘ir olib keldimi? Salom!

Har ikkalasi bir birini quchishga hozir, ammo jur’at qilishmaydi. Niniko qo‘lini uzatadi, Rezo ham qo‘l beradi.

Yana yomg‘ir va sen… Shamlardan ajablanma, chirog‘imiz o‘chib qoldi. (Uning yomg‘irpo‘shini yechib oladi.)
N i n i k o. Buvimlarning vafot qilganlarini bexabar qolibman. Bilganimda kelgan bo‘lardim…
R ye z o. Buvim seni astoydil yaxshi ko‘rardi. O‘lishdan oldin esladi.
N i n i k o. Men ham yaxshi ko‘rardim.
R ye z o. Menda shampan vinosi bor. Qayerdadir yotibdi. (Shishani olib keladi.) O‘tir. Omon-eson kelganing uchun ichamiz. (Stakanlarga quyadi.)
N i n i k o. Rahmat.
R ye z o. Amaliyot yaxshi o‘tdimi?
N i n i k o. Yaxshi.
R ye z o. O‘zing mamnunmisan?
N i n i k o.Mamnunman.
R ye z o. Tallin yoqdimi? Yaxshi shahar ekanmi?
N i n i k o. Ajoyib shahar ekan. Kichkina, o‘ta shinam, odamlari yaxshi.
R ye z o. Tallinga bormoqchi edim, lekin…

Sukut.

N i n i k o. Sigaretingdan ber.
R ye z o. Chekadigan bo‘ldingmi?
N i n i k o. Yo‘q, shunchaki, ba’zi-ba’zida.
R ye z o. Dadang qalay?
N i n i k o. Rahmat. Yaxshi.
R ye z o. Seni sog‘ingan bo‘lsa kerak?
N i n i k o. Ha, rosa sog‘inibdi. Axir mening uydan biron yoqqa ketishimga ko‘nikmagan-da. Umuman…
R ye z o. Bilsang agar, men ham juda sog‘indim seni!

Sukut.

A?.. Sen-chi?
N i n i k o. Rezo, sen haqingda ko‘p o‘yladim.
R ye z o. Nimalarni o‘ylading?
N i n i k o. Bilmayman. Ko‘p narsalarni…
R ye z o. Hamma yerda ko‘zimga ko‘ringandek bo‘laverasan. Kecha qabristonda to‘satdan ayni senikiga o‘xshagan och binafsharang plashli birovni ko‘rib qoldim-u, orqasidan chopib, yetib oldim, ammo… Xullas, senmi deb, o‘sha qizni qo‘rqitib yubordim.
N i n i k o. Qabristonda tez-tez borib turasanmi?
R ye z o. Har kuni borib turibman. Kecha qorong‘i tushguncha bo‘ldim u yerda. Oxirgi avtobusda qaytib keldim. Avtobus to‘la qora kiyingan ayollar. Haydovchi, negadir, chiroqni yoqmadi. Fantasmagoriya… Ayollarning bari menga qarab o‘tirishganini to‘satdan sezib qoldim. Bir g‘alati bo‘lib ketdim. Ular menga narigi dunyodan qarab turishgandek tuyuldi… Onamning o‘limiga sababchi bo‘lgan menman-ku, axir!..
N i n i k o. Rezo, bu gaplarni qo‘y, sening hech qanday aybing yo‘q.
R ye z o. Ana shunda yana sen haqingda o‘ylay boshladim-u, yengil tortdim. Qorong‘ida suvratingni ko‘z oldimga keltirib, orom oldim. Keyin seni xafa qilganimni eslab, alam qilib ketdi. Niniko, Niniko, jonim… Jonginam mening. Seni sevaman!
N i n i k o. Men ham seni sevaman!

O‘pishadi.

(Shoshib R ye z o ning quchog‘idan chiqib, atrofga alanglaydi.) Xonani yig‘ishtiray. Men hozir…
R ye z o. O‘zim yig‘ishtirganman.
N i n i k o. Baribir yig‘ishtiraman…
R ye z o. Keyin… (Quchoqlab, o‘padi-yu, orqaga chekinib, unga sinovchan nazar tashlaydi.) Senga nima bo‘lgan?
N i n i k o. Nima bo‘libdi?
R ye z o. Haykalga o‘xshaysan. Sovuqsan… Bunaqa emasding- ku, Niniko.
N i n i k o. Supurmoqchiman. Supurgi qayerda?
R ye z o. Jin ursin supurgini.
N i n i k o. Yaxshi, bo‘lmasa senga yegani biron narsa tayyorlab beraman, hoynahoy ochdirsan.
R ye z o. Och emasman. Hech narsa yegim kelmayapti. Ovqat-povqatingga hushim yo‘q. (Uni quchoqlab o‘padi va yana orqaga chekinadi.) Senga nima bo‘ldi?

N i n i k o jim.

Chumchuqdek titrayapsan, umuman, g‘alati, boshqachasan!.. Senga nima bo‘lgan?
N i n i k o. Bilmayman. Senga shunday tuyulayotgandir…
R ye z o. Sog‘indim, axir ko‘rishmaganimizga qancha bo‘ldi… (Endi Niniko ehtiros bilan quchoqlaydi va shu zahoti uni o‘zidan nari itarib, taxtaga mukka tushib, yig‘laydi.) Yo‘q, yo‘q…
R ye z o (esankirab). Niniko…
N i n i k o. Voy, Xudoyim… Yo‘q, jur’at qilolmayman… Yo‘q… yo‘q… (Yig‘laydi.)
R ye z o. Nima o‘zi? Tushuntirib aytsang-chi.
N i n i k o. Bir o‘zing qolding, senga kerakman, deb o‘ylagan edim.
R ye z o. Xo‘sh?
N i n i k o. O‘zimning xo‘rlanganimni, ahvolimning naqadar g‘arib bo‘lganligini, ana u xonaki ish qiladigan vrach o‘g‘lining menga: “Qo‘lga tushibsan-da, tentak!” deyotgandek qarab turganini unuta olarman, deb o‘ylagan edim… U menga tegajoqlik ham qilib ko‘rdi…
R ye z o. Men uni o‘ldiraman!
N i n i k o. Gap unda emas, bizda. Biz nimanidir asrab qololmadik, endi o‘zimizga qiyin bo‘ladi, Rezo, juda qiyin bo‘ladi.
R ye z o. Nega qiyin bo‘lishi kerak? Masalan, men seni ko‘rdim-u, darrov yengil tortdim.
N i n i k o. Rezo, sevgilim, sen bilan bo‘lolmayman. Men…
R ye z o. Nega? Kechira olmaysanmi? Unuta olmaysanmi?
N i n i k o. Bilmayman… Yo‘q, bu batamom boshqa narsa… O‘shanda qaysi gunohim uchun meni haydading? Nega meni olib qolmading?
R ye z o. Men qayoqdan bilay!
N i n i k o. Seni birdan sevib qolganim, meni tezda o‘zingniki qilib olganing, seni jondan ortiq sevib, mutloq qaram bo‘lib qolganim yoqmadi senga. Sen – mening suyangan tog‘imsan, biron xavf-xatar bo‘lsa, himoya qilasan, deb o‘ylardim.
R ye z o. Niniko, ishon menga. Seni sevardim… hamisha, tushunasanmi? Faqat buni men o‘zim… Hammasi ahmoqona bir ish bo‘ldi! Seni sevishimni aniq bilardim, shu bilan birga o‘z-o‘zimga ishonmasdim!
N i n i k o. Nega ishonmaslik kerak, axir hammasi aniq namoyon bo‘lib turardi-ku.
R ye z o. Men ahmoqman, Niniko. Chin so‘zim, g‘irt ahmoqman, nari-berisi yo‘q ahmoqman!
N i n i k o. Esingdami, xuddi shu yerda seni so‘yib qo‘yishimga oz qolgan edi?
R ye z o. So‘yib qo‘ya qolganingda yaxshi bo‘lardi.
N i n i k o. Bunday kulfatga o‘zim dosh berolmagan bo‘lardim.
R ye z o. Kim biladi… (Unga tikilib qaraydi.) Ayt-chi…
N i n i k o. Nimani?
R ye z o. Yo‘q, hech narsa. (Yana unga tikiladi.) Sen menga ayt-chi, Tallinda biron hodisa bo‘lmadimi?
N i n i k o. Tallinda nima bo‘lishi kerak edi?
R ye z o. Haligi, birontasini uchratib qolgan bo‘lishing mumkin. Balki uni…
N i n i k o. Tentak.
R ye z o. Nega endi, bo‘lishi mumkin-ku…
N i n i k o. Hech qanday mumkini yo‘q. Sen ahmoq ekansan. Shunaqa deb o‘ylar ekansan, demak ahmoqsan. Ahmoq, ahmoq…

K i r i l e kiradi.

K i r i l e. Qadrdon qo‘shnim, kechirasan, eshiging ochiq ekan.
R ye z o (dag‘allik bilan). Nima gap?
K i r i l e (Ninikoga). Salomatmisiz?
N i n i k o. Salom.
K i r i l e. Siz ajoyib qizsiz! (O‘z barmog‘ini o‘pib qo‘yadi.)
R ye z o. Nima gap, deb so‘rayapman?
K i r i l e. Reziko, azizim, bir daqiqa… (Rezoni bir chekkaga tortadi.)­ Menga qara, sen mendan xafa emasmisan? Men sendan xafa emasman.
R ye z o. Xafa emasman.
K i r i l e. Qasam ich.
R ye z o. Chin so‘zim.
K i r i l e. Ishonmayman. “Hurmatli buvim haqqi qasam ichaman!” de.
R ye z o (do‘q bilan). Noma’qulning nonini yebsan!
K i r i l e. Yaxshi, ishondim. Sen xafa emas ekansan – men ham xafa emasman. Men yaxshi odamlardan hech qachon xafa bo‘lmayman. Sen xafa emasmisan?
R ye z o (uh tortib). Xafa emasman, dedim-ku!
K i r i l e. Xafa emas ekansan, demak, xotinimga ham hech narsa aytmaysan, shundaymi?
R ye z o. Xoy, nimalar deb valdirayapsiz! (Kirile sari yurib, uni eshik tomon suradi.) Siz meni kim deb o‘ylayapsiz?!
K i r i l e. Bari yaxshi, azizim. (Orqaga chekinadi.) Men xafa emasman, sen ham xafa emassan, demak, hammasi joyida… Qizing zo‘r… Qayerdan topding uni, a?
R ye z o. Eh, Kirile, Kirile, kaltafahm odam ekansiz. (Nihoyat uni chiqarib yuboradi.) Boshimga bitgan balo bo‘ldi bu betayin… (Ninikoga) Xo‘sh, nima qilamiz?
N i n i k o. Agar yo‘q demasang, xonangni tartibga keltiray.
R ye z o. Uyni yig‘ishitirish to‘g‘risidagi ahmoqona gaplaringni bas qil. Bu yerdagi narsalarning bari jonimga tegdi. Kel, yaxshisi, barini qayta boshidan boshlaylik.
N i n i k o. Qanday qilib?
R ye z o. Bir-birimizni obdon qiynadik, qiynalib bo‘ldik – endi bas.
N i n i k o. Rezo…
R ye z o. Niniko, jonginam, azizim, sevgilim. Yetar, bas, bas, axir meni sevasan-ku!
N i n i k o. Rezo, tushunsang-chi, gap bunda ham emas…
R ye z o. Bo‘lmasa nimada? Yana nimada, jin ursin?!
N i n i k o. O‘shanda ruhiyatimda qandaydir keskin uzilish bo‘ldi. Endi o‘zimga kelishim uchun vaqt kerak shekilli. Tushunsang-chi…
R ye z o. Xo‘sh, ayt-chi, qanday uzilish ekan? Masalan, menda hech qanday uzilish bo‘lgani yo‘q. Aksincha hammasi mustahkamlandi. Men yo sevaman, yo sevmayman. Sevaman, der ekanman, demak, sevaman. Sen sevasanmi?
N i n i k o. Men ham sevaman. Lekin birdan o‘zgara olmayman. Axir, aytdim-ku, qandaydir uzilish…
R ye z o. Yechin.
N i n i k o. Nima?
R ye z o (endi o‘z g‘azabini jilovlay olmay). Tezda! Zudlik bilan! (Uning koftasini zo‘rlik bilan yecha boshlaydi.)
N i n i k o. Rezo!..

Rezo ikkala qo‘li bilan boshini
changallab, nari ketadi. Sigaret tutatadi.
Sukut.

N i n i k o. Rezo, nina ber menga…

Rezo jim, unga qaramaydi.

Bunaqa holatda ko‘chaga chiqa olmayman-ku…
R ye z o. Nega?
N i n i k o. Odobdan emas.
R ye z o. Meni qiynash odobdanmi?
N i n i k o. Rezo… iltimos, ip ham bergin.
R ye z o. Xo‘p, endi tinchlan, ip topib beraman. (Javon yoniga boradi.) Qanaqa rangdagi ip kerak senga?
N i n i k o. Ko‘k.
R ye z o. Bu yerda faqat qora ip bor ekan.
N i n i k o. Mayli, qora bo‘lsa ham beraver.
R ye z o (nina bilan ip keltirib beradi). Niniko, sen… jasoratli bo‘lib qolibsan.
N i n i k o. Yigitlar, Badri, Gela qalay, yaxshi yurishibdimi?
R ye z o. A’lo.
N i n i k o. Ajoyib do‘stlaring bor.
R ye z o. Do‘stlarim-ku yaxshi, men yomonman.
N i n i k o. Yo‘q, sen ham yaxshisan. Seni hamma yaxshi ko‘radi, hurmat qilishadi, demak… Chiroqqa nima bo‘lgan? Balki probkasi kuyib qolgandir?
R ye z o. Pulini to‘lamaganimiz uchun o‘chirib qo‘yishganmi…
N i n i k o. Vaqtida to‘lab qo‘ysang bo‘lmaydimi? Puling yo‘qmi?
R ye z o. Nega bo‘lmasin, bor. Arzimagan pul. Esimdan chiqib qolyapti.
N i n i k o. Ertagayoq men to‘lab qo‘yaman.
R ye z o. Nima, boshqa qiladigan ishing yo‘qmi?
N i n i k o (unga jiddiy nazar tashlab), Yo‘q.
R ye z o. Kerak emas. O‘zim. Pulim bor, faqat bu haqda o‘ylashga hafsala qilmaganman.
N i n i k o. Diploming qay ahvolda? Tamomladingmi?
R ye z o. Deyarli.
N i n i k o. Rejadagidek bo‘lyaptimi?
R ye z o (parishonxotir). Nima? A… ha, binoyidek… Menga universtitetda qolishni taklif qilishyapti, kafedrada…
N i n i k o. Juda soz, rozilik beraver!
R ye z o. Yo‘q, qolmayman. Tog‘li Tushetiyaga ketaman, ikki yilga.
N i n i k o. Cho‘pon bo‘lmoqchimisan?
R ye z o. Shunday desa ham bo‘laveradi. Qo‘zichoqday bolalarni adabiyot ko‘katlaridan bahramand qilmoqchiman.To‘g‘ri, bundan biron natija chiqadimi, yo‘qmi – bilmayman.
N i n i k o. Har qalay, bir qarorga kelishga shoshma. Obdon o‘ylab ko‘rish kerak.
R ye z o. O‘ylab o‘tiradimi? Sen sevmasang, Tbilisida meni ushlab turadigan boshqa ilinjim bo‘lmasa, so‘qqabosh bo‘lsam… Ketaman.
N i n i k o. U yerda tog‘lik sanamlardan biriga uylanib olasan…
R ye z o. Shubhasiz!
N i n i k o. Xullas, umringning oxirigacha o‘sha yerda qolib ketasan. Men esa seni boshqa ko‘rmayman. Hech qachon.
R ye z o. Ha. (O‘ychan.) Bir voqea esimga tushib qoldi. Qiziq… Nana degan qizim bo‘lardi. Qizim, deyish noto‘g‘ri, shunchaki…Xullas, u menga hech bo‘y bermadi.Undoq qilib ko‘rdim, bundoq qilib ko‘rdim – natija bo‘lmadi… Oradan bir yil o‘tgach dugonasini ko‘rib qoldim. U menga, sen Nanaga juda-juda yoqasan, deb qoldi. Men, tabiiy, quvonib ketdim. Shoshmay tur hali, Nana, dedim o‘zimcha. Xullas, u bilan uchrashib, uyiga kuzatib qo‘ygani ketar ekanman, yo‘l bo‘yi oliftachilik qilib boryapman. G‘ururim baland, go‘yo karta o‘yinida qo‘limda uchta tuz turgandek. O‘zimni Klark Geybl xis etib, g‘olibona jilmayaman!.. Bir payt unga qo‘limni uzatdim-u, to‘satdan sirg‘anib ketib qorga yuztuban yiqildim. Bilasanmi, nazokat bilan chiroyli yiqilish ham mumkin edi, men esa xoda kabi ag‘nadim. Shunaqa qorga cho‘kib, burnimni muzlatib yotganimdan orlanib, o‘z-o‘zimdan nafratlanib ketdim. O‘zimga suiqasd qilishni o‘ylay boshladim: qachon, qanday qilib…
N i n i k o (kuladi). Kulgili va bema’ni hodisa ekan.
R ye z o. O‘n yetti yoshda edim-da!
N i n i k o. Baribir kulgili. U qiz-chi, u nima qildi?
R ye z o. Muloyimgina bo‘lib, biron yering lat yemadimi, deb so‘radi, xolos.
N i n i k o. Shumi?
R ye z o. Eng kulgilisi shundaki, uni uyiga qadar kuzatib qo‘yginimcha yana o‘n besh marta ag‘anadim! Tasavvur qilib ko‘rgin, yuzimda bir nechta ko‘kimtir shish, oyoqlarimdan boshimga qadar qor va loyga belanganman, terga botganman – dahshat! Uch yil undan yashirinib yurdim. Biron joyda ko‘rguday bo‘lsam qochib qolaman. Kecha esa uni to‘satdan uchratib qoldim. Bolasi bilan birga ketayotgan ekan. O‘sha voqeani eslab kulishdik. Ayniqsa Nana kuldi. Bolasi ham. Koftangni tikib bo‘ldingmi?
N i n i k o. Ha, bo‘ldi.
R ye z o. Yomg‘ir to‘xtasin.
N i n i k o. Zontigim bor. (Yomg‘irpo‘shini kiyadi.)

R ye z o unga ko‘maklashadi.

Rahmat.
R ye z o. Ketmasangchi.
N i n i k o. Men… Yo‘q. ketishim kerak.
R ye z o. Esingdami, yomg‘ir yog‘ayotganda kelgan eding?
N i n i k o. Bungayam ko‘p vaqt bo‘ldi…
R ye z o. Mana, yana yomg‘ir yog‘ayotganda ketyapsan. Kuzatib qo‘yaman.
N i n i k o. Yo‘q, kerak emas. Iltimos. Senga nima bo‘ldi? Sen…
R ye z o. Hech narsa. Boraqol. Alvido. Tamom.
N i n i k o. Xayr.

R ye z o jim. N i n i k o sekin yurib chiqib ketadi. R ye z o bir nafas serrayib turadi, so‘ng o‘zini divanga tashlaydi. Uning dilidan nimalar kechayotganini kim bilsin. Unga qiyin. Shamlarning nuri asta-sekin so‘nib boradi. Sokin tun qa’ridan chiqib kelgan, butkul oq libosdagi qiz paydo bo‘ladi.

R ye z o. Oyi?..
O n a. Rezo, o‘g‘lim, seni uyg‘otib yubordimmi?
R ye z o. Oyijon!..
O n a. Ko‘zlaring g‘amgin.
R ye z o. Ha,balki. Men sizni hech qachon tushimda ko‘rmagan edim. Ko‘rishni juda-juda istardim. Ajab… Sizni darrov tanidim!
O n a. Bu yerda hamma narsa eskicha. Faqat divan joyidan nariga surilibdi. Ilgari narigi burchakda turardi, boshqa hech narsa o‘zgarmagan…
R ye z o. Oyi, sizsiz menga qanchalik og‘ir ekanligini bilsangiz edi! Sizni ko‘rishni hamisha orzu qilardim, oyijon!
O n a. Jajji bolaginam…
R ye z o. O‘n ikki yoshimga qadar vrachlardan siz bilan dadamni tiriltirishni iltijo qilganman.
O n a. Dadang esingda qolganmi?
R ye z o. Elas-elas esimda.
O n a. Sen otangga o‘xshaysan.
R ye z o. Dadamning hidi esimda qolgan: tamaki va vino hidi… Yana dadam va boshqa bir necha kishi ov miltig‘i bilan uyda yurib, ov haqida gaplashganlari esimda. Men karavotda yotardim, ular menga allaqanday devsifat odamlar bo‘lib ko‘rinardi. Keyin o‘rnimdan sapchib turib, meni ham o‘zlari bilan birga urushga olib ketishlarini so‘rab yalina boshladim. Ular kulishdi.
O n a. Dadang bilan ikkimiz sening tug‘ilishingga orzumand edik.
R ye z o. Men ham sizlarni orzu qilardim.
O n a. Lekin seni ko‘rishga bir martagina muvaffaq bo‘lganman, xolos. Ingalab yotgan mushtdekkina chaqaloq eding. Kimdir: “Voy, oppoq go‘dak ekan”, dedi. Boshqasi esa: “Oppoq emas, ko‘mko‘k…”, deb luqma tashladi. Boshqa hech narsani eslay olmayman… Tubsiz zulmat, odamning ko‘zini oladigan nur, boshqa hech narsa…
R ye z o. Hech narsa?
O n a. Zulmat, nur, zulmat… Boshqa hech narsani… (Keta boshlaydi.)
R ye z o. Oyi, ketmang! Ketmang, meni tashlab ketmang, yalinaman! Yo bo‘lmasa meni o‘zingiz bilan birga olib keting, sizsiz yashay olmayman!
O n a (olisdan). Yashash – qanday yaxshi, Rezo… Uzoq yasha, o‘g‘lim!
R ye z o. Yo‘q-yo‘q, istamayman!..
O n a. Men hech qayoqqa ketmayman, Rezo, nahot sezmayotgan bo‘lsang? Men seni juda-juda yaxshi ko‘raman. Dadang bilan ikkimiz seni nihoyatda yaxshi ko‘rganmiz. Sening tug‘ilishingni orzu qilardik. Muhabbat esa, o‘g‘ilginam – bu hech qachon yo‘qolmaydigan bir ajoyibot. Muhabbatni asra… Muhabbatni asra…

To‘satdan uy eshigi qo‘porilguday taqillab, tapir-tupur xonaga hovliqib B a d r i bilan Ge l a kirib kelishadi.

G ye l a (chiroqni yoqmoqchi bo‘ladi). Chiroq yo‘q!
B a d r i (divanda cho‘zilib yotgan Rezoni ko‘rib, u tomonga tashlanadi, kiftidan ushlab silkitadi).
G ye l a . Hoy, qariya! Rezo!! (u ham silkitib) Rezo, A-a-a-a… Bu nimasi?..
B a d r i (o‘ziga kelib). Eh, hozir boplab basharangga tushirgan bo‘lardim-u!..
G ye l a (Rezoni turtib). Qo‘rqitib yubording-ku bizni!.. O‘ldiraman seni!

L ye n a bilan K i r i l e hovliqib kirishadi. Kirilening qo‘lida ov miltig‘i.Otishga shay. Yelenaning qo‘lida esa – temir chovli.

L ye n a (baqirib). O‘rab ol ularni! Yordam beringlar!
K i r i l e. Qo‘llaringni ko‘taringlar!

B a d r i bilan G ye l a qo‘llarini ko‘targanlaricha hang-mang bo‘lib turib qolishadi.

B a d r i. Uzr, xonim…
K i r i l e. Ovozingni o‘chir!..
L ye n a (divanda yotgan Rezoga ko‘zi tushib). Bola bechorani o‘ldirishibdi! Sulayib qolibdi!
G ye l a. Miltig‘ingizni nari oling, sizlarga nima bo‘lgan?
K i r i l e. Bir – ikki, otaman!
B a d r i. E-e-e!..
G ye l a. Rezo! Ko‘zingni ochsang-chi!
L ye n a. Bola bechorani o‘ldirishibdi! Qimirlamay qolibdi!
G ye l a. Rezo, mana bularga bir nima desang-chi, bo‘lmasa…
R ye z o. Kirile…
K i r i l e. Nima, deysan azizim?
L ye n a. Tirik ekan.
G ye l a (Rezoga). O‘zimizning odamlar, desang-chi…
K i r i l e. To‘xta, otaman!..
R ye z o. Kirile, ota ko‘rma.
K i r i l e. Otmayman mayli, azizim. Sen mendan xafa emasmisan? Men xafa emasman.
L ye n a. Bu gaplaringni qo‘yib turgin. (Gela bilan Badriga). Eshikni nega buzdilaring?
R ye z o. Kirile, miltig‘ingni tort, bular mening do‘stlarim.
L ye n a. Sen gapga aralashmay tur. Qani, aytlaring-chi, nima uchun eshikni qo‘porib oldilaring? O‘zingniki bo‘lmasa, buzaverish mumkin ekan-da? Yetim-ku bu bechora!
R ye z o. Lena, iltimos, qichqirma, bular mening do‘stlarim.
L ye n a. Do‘st bo‘lsa, buzaversin ekan-da? Do‘st degan buzish emas, qurishi kerak!
B a d r i. Telefoni uch kundan beri javob bermadi…
G ye l a. Unga bir nima bo‘lgan, deb jon-ponimiz chiqib ketdi. Sizlar esa…
K i r i l e. Mana bunisi yaxshi odam ekan.
R ye z o. Rahmat, mehribon qo‘shnilarim, shunchalik…
K i r i l e. Rezo, nima uchun rahmat deyapsan? Sen menga og‘aynimisan, yo‘qmi?. Aka-ukalarga rahmat deyish kerakmi? Yo‘q, “Yaxshi qilibsan, Kirile!” deyish kerak.
R ye z o. Ha, yaxshi qilibsan, Kirile. Lena, rahmat.
L ye n a. Sog‘ bo‘l.
K i r i l e (Badriga). Menga qara, sen mendan xafa emasmisan? Men sendan xafa emasman.
B a d r i. Nega xafa bo‘lishim kerak…
K i r i l e (uning qo‘lini silkitib). Mening ismim Kirile, tanishganimdan g‘oyat xursandman!. (Gelaga) Sendan ham xafa bo‘lmayman. (O‘zini tanishtiradi.) Kirile… (Uning qo‘lini olib silkiydi.) Lena, sen ham xafa bo‘lma, endi yur, uyga chiqaylik.
L ye n a. Men sendan xafaman, bildingmi?
K i r i l e (hayratda). Nima uchun, Lena?
L ye n a. Uyda gaplashamiz. Miltig‘ingni tort, baqqol!.. (Eshik tomon yuradi.)
K i r i l e (uning orqasidan erib). Lena, nega bunaqa deyapsan!

Chiqib ketishadi.

B a d r i (sigaret tutatadi). Shunaqangi qo‘rqib ketdimki… (Kuladi.) Ro‘parasida go‘yo dushman turgandek, miltig‘ini o‘qtalib tursa, qo‘rqmay bo‘ladimi… (Kuladi.)
G ye l a. Menga qara, qariya, nima bo‘ldi? Nima, o‘zingni tiriklay ko‘mmoqchi bo‘ldingmi?
B a d r i. Niniko, ko‘zlari to‘la yosh, biznikiga kirib kelib, seni yolg‘iz qoldirmaslikni iltimos qildi… Men hech narsa tushunmadim-u, biz, sen aytmasang ham, uni yolg‘iz qoldirmaymiz, dedim.
R ye z o. Qachon borgan edi?
B a d r i. O‘tgan kuni. Kecha ham kelib ketdi. Men o‘sha zahoti senga qo‘ng‘iroq qildim – hech kim javob bermadi. Keyin kechki payt, so‘ng ertasiga azonlab, kunduz kuni qayta-qayta qo‘ng‘iroq qildim. Yigitcha maishat qilib yurgan bo‘lsa kerak, degan xayolga bordim.
G ye l a. Men ikki kun davomida bir necha marta kelib ketdim: har doim eshik qulf, derazalarning pardasi tushirilgan.
R ye z o. Bugun nechanchi?
B a d r i. Yigirma uchinchi.
R ye z o (o‘zicha). Demak, uch kun…
G ye l a. Uch kun qamalda yotdingmi?

R ye z o o‘rnidan turadi-yu, gandiraklab ketadi.
Do‘stlari uni suyab qolishadi.

R ye z o, Rezo, qariya…
R ye z o. Fu, ko‘zlarim tinib, boshim aylanib ketdi. (Boshini likillatadi.) Jindak ochiqqanga o‘xshayman.
G ye l a (suv quyilgan grafinni qo‘liga oladi). Balki parhez qilmoqchi bo‘lgandirsan?
B a d r i (oshxonadan allaqanday ovqat olib kirib, Rezoni stolga o‘tqazadi). Qani, mana buni yegin!
R ye z o. Tomog‘imdan ovqat o‘tmaydi…
B a d r i. Ozgina… (Qoshiq bilan yedira boshlaydi.) Qani, og‘zingni och… Balli, yaxshi. Bu qoshiqni amaking uchun, bunisini xolang uchun. Mana buni esa ustundek g‘o‘dayib turgan, derazalarning pardalarini ko‘tarib qo‘yishni xayoliga ham keltirmayotgan ana u chala tug‘ilgan amaking uchun. Balli, aqlligina bola!

G ye l a pardalarni ko‘tarib qo‘yib, derazalarni ochadi. Xonaga ertalabki nur kirib keladi.

G ye l a. Yigitlar, bahor! (Miriqib toza havo shimadi.) Uch kun tinmay yomg‘ir yog‘di. Endi esa oftob charaqlab turibdi.Bahor, yigitlar, bahor!..
R ye z o (bo‘g‘iq ovozda). O‘sha bahoring bilan iblis yoniga jo‘na!
G ye l a. Sen o‘zing boraqol uning yoniga. (Kuladi.)
R ye z o. Men allaqachon…
B a d r i. O‘zingdan-o‘zing xafa bo‘lib, o‘ladigan holatga yetdingmi? Shunchalik yoqmayapsanmi o‘zingga?
R ye z o. Nafratlanyapman. Men razil odamman.
G ye l a. Ana xolo-os!
R ye z o. Onam men tufayli vafot etdi. Meni deb sevgilim tug‘ilajak farzandimizni nobud qildi. Men o‘zi nima uchun yashayapman? Men kimman? Men boshqalarga azob beryapman, xolos… Hayvonman. Qanday qilib shu darajaga yetdim? Qachon?
B a d r i. O‘z-o‘zidan nafratlanishning eng alamli cho‘qqisi! (Gelaga). Men uni hech qachon bunaqa holatda ko‘rmaganman. Sen-chi, Gela?
G ye l a. Uni yuvintirib, soqol-mo‘ylovini qirib, ovqatlantirib, ko‘chaga haydash kerak. Ana o‘shanda bari tutundek tarqalib ketadi.
R ye z o. Allaqanday fantomni axtaraman… Nima yo‘qotdim? Nimani qidirdim-u topa olmadim? O‘zimni kim deb faraz qilaman? Nega? Mening haqiqiy basharam qanday o‘zi?..
G ye l a.Hoy, valdirayvermay, derazaning oldiga borsang-chi!
R ye z o. Deraza oldiga borgim yo‘q. O‘lgim kelyapti!
B a d r i. Juda soz, men yig‘layapman!
G ye l a. Men ham! (Deraza oldiga boradi.) Yigitlar, qaranglar, duxovoy orkestr kelyapti!.. (Derazadan boshini chiqarib) Maestro, tush! Tabrik musiqasi chalinsin!

To‘satdan orkestr musiqasi yangraydi.

G ye l a. Buni, orzuning bir damda ushalishi, deb tushunmoq kerak.
R ye z o (boshini ko‘tarib) “Riorita”!

Telefon jiringlaydi.

(Go‘shakni ko‘tarib) Ha…Nima dedingiz? Tushunmadim,takrorlang… (To‘satdan kula boshlaydi.) Luizani topdim, deyapsanmi?.. (Kuladi.) Rostdanmi? Hazillashayotganing yo‘qmi? Tabriklayman, og‘ayni! Endi uni yo‘qotma! Hech qachon, eshityapsanmi! Hech qachon yo‘qotma!

R ye z o telefonga yana nimalardir deydi. Lekin orkestr sadolari ostida bizga eshitilmaydi.

Rus tilidan Muhammad Xayrullayev tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 4-5-sonlar