Konstantin Paustovskiy. Ijod haqida gurunglar

“Tilla atirgul” kitobidan

ar bir daqiqa, har bir tasodifiy so‘z yoki nigoh, har bir teran yoki kulgili fikr, inson yuragining sezilmas har bir harakati (uni terakning uchar momiqlari yoki tun yotog‘ini yoritayotgan yulduzlar yog‘dusiga qiyoslash mumkin) – bularning bari tilla chang zarralaridir.
Biz, adabiyotchilar ularni o‘n yillar mobaynida to‘playmiz, bu million-million qum zarralarini o‘zimiz sezmagan holda o‘zimiz uchun yig‘amiz, qotishmaga aylantiramiz, so‘ng ana shu qotishmadan o‘z “tilla atirgul”imizni – qissa, roman yoki dostonimizni yo‘namiz.

***

Yozuvchilik kasb-hunar yoki mashg‘ulot emas. Yozuvchilik – qismatdir. Ba’zi so‘zlarni, ularning ohangini ilg‘ash barobarida so‘zlarning dastlabki ma’nosini topamiz…
Inson hech qachon hunarmandchilikka chorlanmaydi. Burchni yoki og‘ir yumushni bajarish uchun chorlanadi.
Yozuvchini goho og‘riqli, lekin huzurbaxsh bunday mehnatga nima chorlaydi?
Avvalo, o‘z yuragining ovozi. E’tiqod va vijdon ovozi kelajakda haqiqiy yozuvchini bachkigul singari yashashga qo‘ymaydi, qalbini to‘ldirib turgan turfa xil fikr va tuyg‘ularni odamlarga hotamtoylik bilan ulashishga majbur etadi.
Kishilarning ko‘ziga ozgina bo‘lsa-da ziyo ulashmagan yozuvchi yozuvchi emas.
Odam yuragining chorlovi bilangina yozuvchi bo‘lib qolmaydi. Yurak ovozini biz ko‘proq yoshligimizda eshitamiz, bu paytda tuyg‘ularimizning pokiza olamini hech narsa quritmagan, payhon qilmagan bo‘ladi.
Lekin balog‘at yillari ham keladi, yuragimiz tovushidan tashqari yangi va kuchli chorlovni – o‘z davrimiz va xalqimizning, insoniyatning chorlovini eshitamiz.

***

Ijod haqida o‘ylaganimda ko‘pincha o‘zimdan so‘rab qolaman: qachon boshlangandi o‘zi bu? Umuman, ijod qanday boshlanadi? Nima insonni umrining so‘ngiga qadar qo‘lidan qo‘ymaslik sharti bilan qalam tutishga majbur etadi?
Qachon boshlanganini eslolmayman. Menimcha, yozuvchilik odamda taxlam-taxlam qog‘ozlarini qoralamasidan oldin, ruhiy holat sifatida dunyoga keladi. Balki o‘smirligida, balki bolaligidadir.
Bolalik va o‘smirlikda olamni katta bo‘lganimizdagidan ko‘ra ayricha ko‘ramiz. Bolalikda quyosh taftliroq, maysalar qalin, yomg‘irlar mo‘l-ko‘l, osmon moviyroq va har bir odam favqulodda qiziqarli tuyuladi.
Bolalar uchun katta odam borki sirli ko‘rinadi – xoh u randa-tesha ko‘targan, kiyimlaridan payraxa hidi anqigan duradgor bo‘lsin, xoh o‘t-o‘lanlar nimaga yashil rangda ekanini biladigan olim bo‘lsin.
Hayotni, atrof-borliqni shoirona his etish – bizga bolalikdan ato etilgan qobiliyat.
Agar odam uzoq hushyorlik yillarida ana shu qobiliyatni boy bermasa, u yo shoir, yoki yozuvchi bo‘ladi.
Hayotni muntazam yangilanish bulog‘i sifatida his etish san’at gullab-yashnashi va kamol topishi uchun katta manba-asosdir.
To‘g‘risi, gimnaziyada o‘qib yurganimda men ham she’rlar yozganman. Juda ko‘p yozganimdan bir oyda semiz bir umumiy daftarni to‘ldirardim.
She’rlarning ahvoli ma’lum – balandparvoz, jimjimador edi. Lekin o‘sha paytda menga juda chiroyli ko‘rinardi…

***

…Badiiy asar g‘oyasi qanday tug‘iladi?
Bir paytda tug‘ilib, bir paytda o‘sib-rivojlanadigan ikki g‘oya deyarli bo‘lmaydi. Yuqoridagi savolga javobni umumiy emas, har bir alohida hikoya, roman yoki qissa bilan bog‘liq holda izlash zarur.
G‘oya paydo bo‘lishi uchun nima qilish kerak yoki yanada quruqroq til bilan aytadigan bo‘lsak, g‘oya paydo bo‘lishi uchun qanday shart-sharoitlar zarur, degan savolga oson javob berish mumkin. G‘oyani yozuvchining ichki olami tayyorlaydi va yuzaga chiqaradi.
G‘oya hosil bo‘lishini qiyos yo‘li bilan yaxshiroq tushuntirish mumkin. Qiyoslash ba’zida eng murakkab narsalarga ham favqulodda tushunarlilik baxsh etadi…
G‘oyaning paydo bo‘lishini tushunishga yordam beradigan qiyos birmuncha sodda. Asar g‘oyasi bu – chaqmoq. Yer ustida ko‘p kunlar mobaynida elektr yig‘iladi. Atmosfera elektr bilan limmo-lim to‘lganda to‘p-to‘p oq bulutlar momaqaldiroq soluvchi dahshatli qora bulutlarga aylanadi. Ular ichida quyuq elektr dimlanishidan birinchi uchqun – chaqmoq paydo bo‘ladi.
Chaqmoq chaqqan zahotiyoq sharros yomg‘ir quya boshlaydi.
G‘oya ham fikrlar, hissiyotlar va xotiralar bilan boyigan inson ongida chaqmoqday paydo bo‘ladi. Bularning bari asta-sekin yig‘ilib boradi va payti kelib to‘la bo‘shashni taqozo etadi. Siqilgan va hali pala-partish bu olam chaqmoqni – g‘oyani dunyoga keltiradi.
G‘oya xuddi chaqmoq singari arzimagan turtki sabab yuzaga chiqadi.

***

Ijod jarayoni haqida juda ko‘p to‘qib-bichilgan fikrlar, xurofot gaplar bor. Ba’zilari shunday bemaza, shunday tuturuqsizki, ular oldida chorasiz qolasan kishi.
Hammasidan ham ilhom masalasi ana shu bemazalik qurboni bo‘lgan.
U deyarli hamisha tushuniksiz zavq bilan ko‘kka tikilgan yoki qalam tishlab turgan shoir qiyofasida bo‘rttirilib taqdim etiladi. Nodonlar uchun shunday…
…Ilhom – insonning qat’iy ish holatidir. Qalbdagi ko‘tarilish sahnaga xos yasama turishu ko‘tarinkilik bilan ifodalanmaydi. Shu bilan birga, og‘iz ko‘pirtirib maqtaladigan “ijod to‘lg‘og‘i” bilan ham.
Pushkin ilhomga aniq va sodda ta’rif bergan: “Ilhom – ko‘ngilning hissiyotlarni jonli qabul qilishga, tushunchalarni tez fahmlashga bo‘lgan rag‘batidir. U yuqorida sanalganlarni tushuntirish, anglatish imkonini beradi”. “Tanqidchilar, – deb davom etgan u, – ilhom bilan zavq-shavqni chalkashtirib yuboradi”. Xuddi o‘quvchilar ba’zan haqiqat bilan haqiqatsimon narsani chalkashtirgani singari…
Chaykovskiy ilhom – qo‘llarni noz bilan silkitish emas, xuddi ho‘kizdek, bor kuch-g‘ayrat bilan ishlash ekanini ta’kidlaydi.

***

Kitobxonlar yozuvchilardan asarlariga qay tarzda va qancha vaqt mobaynida material yig‘ishini tez-tez so‘raydi. Ataylab material yig‘ilmasligi aytilganida esa ko‘pincha hayron qolishadi.
Yuqoridagi fikrlar yozuvchining u yoki bu kitobi uchun zarur bo‘lgan ilmiy materialni o‘rganishiga aloqador emas, albatta. Gap jonli hayotni kuzatish haqida ketyapti.
Hayotiy material, Dostoyevskiy ta’biri bilan aytsak, “hayot tafsilotlari” o‘rganilmaydi. Ta’bir joiz bo‘lsa, yozuvchilar ana shu material ichida yashaydi – umr kechiradi, qayg‘u chekadi, o‘ylaydi, quvonadi, katta va kichik voqealarda qatnashadi. Shubhasiz, hayotning har bir kuni ularning ongi va yuragida o‘z izini qoldiradi.
O‘quvchilar (aytgancha, yosh yozuvchilar ham) tasavvurlarini o‘zgartirishlari kerak: yozuvchi yondaftarini ko‘tarib har yerda kezib yuruvchi, hayotni kuzatib, qog‘ozga ko‘chirib boruvchi odam emas.
O‘zini kuzatuvlar yig‘ishga, (shunchaki unutib qo‘ymaslik uchun) qaydlar to‘plashga majburlagan kishi, albatta, bir dunyo narsa yig‘adi, biroq ulardan foyda yo‘q, ular – o‘lik. Boshqacha aytganda, agar ana shu kuzatishlarni qayddaftardan olib, nasrning jonli to‘qimalariga ko‘chirib o‘tkazilsa, deyarli barcha hollarda ular ifodaliligini yo‘qotadi va begonaligi yaqqol sezilib qoladi.
Hech qachon anavi bir tup chetan yoki manavi oqsochli barabanchi qachondir hikoyamga kerak bo‘lib qoladi, shuning uchun diqqat bilan, hatto bir qadar yasamalik bilan ularni kuzatishim kerak, deb o‘ylamaslik zarur. Tabiiy shaklda, “yurak amri bilan” kuzatish darkor.
Hech qachon hatto eng muvaffaqiyatli kuzatuvlarni ham hikoyaga majburlab kiritmaslik kerak. Kerak bo‘lganda ular o‘zlari keladi va o‘z o‘rnini topadi. Qachondir bo‘lgan va butunlay unutilgan voqea yoki qandaydir tafsilot aynan eng zarur paytda xayoliga lop etib tushganidan yozuvchining o‘zi ham ko‘pincha hayron qoladi.
Yozuvchilikning asoslaridan biri – yaxshi xotiradir.

***

Deyarli har bir yozuvchining ilhomlantiruvchisi bor. Bunday ajoyib ilhomchi odatda boshqa bir yozuvchi bo‘ladi.
Bunday adibning asaridan bir necha jumla o‘qishning o‘zi kifoya – o‘sha zahotiyoq sening ham nimadir yozging kelib qoladi. Go‘yo bir necha kitobdan ma’jun-sharbat otilib chiqadi-da, bizni sarxush etib, qo‘lga qalam olishga majburlaydi.
Hayron qolarlisi, ko‘pincha bunday mehribon daho ijodining xarakteri, yo‘sini va mavzulariga ko‘ra bizdan uzoq bo‘ladi.
Men bir yozuvchini bilaman – borini boricha yozadigan qat’iy realist, jiddiy va vazmin odam. Ammo unga fantast yozuvchi Aleksandr Grin asarlari ilhom bag‘ish­laydi.
Arkadiy Gaydar Dikkensni ilhomchim deb ataydi. O‘zimga keladigan bo‘lsak, Stendal qalamiga mansub “Rimdan maktublar”ning istalgan sahifasi menda yozish istagini uyg‘otadi. Biroq men Stendal nasridan juda uzoq narsalar yozaman, bu hol hatto o‘zimni ham hayratga soladi. Bir kuz Stendalni o‘qib, Pra daryosi bo‘yidagi qo‘riqxona-o‘rmonlar haqidagi “273-kordon” hikoyamni yozganman. Unda Stendalga bog‘liq biror narsani mutlaqo topib bo‘lmaydi.
Tan olaman, bu holat haqida bosh qotirib ko‘rmaganman. Balki unga ham biror izoh, sabab topish mumkindir. Bir qaraganda ahamiyatsiz ko‘rinadigan, ammo yozuvchiga ishlashida yordam beradigan ko‘plab vaziyat va ko‘nikmalar borligini aytish uchungina bu haqda esladim…

Rus tilidan Orif Tolib tarjimasi.
“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 6-son