Napoleon armiyasining bir marshali qismati haqidagi ushbu hikoya nozik insoniy tuyg‘ularning tanqisligidan zorlanib yurguvchi kitobxonlarning e’tiboriga arzigulikdir. Bu marshalning ismini rasmiyatchi muarrixlarni qo‘zg‘ab qo‘ymaslik andishasida sir tutamiz.
Marshal hali navqiron edi. Oq oralagan sochlari va yanog‘idagi chuqur chandiq uning yuziga qandaydir joziba baxsh etar, ammo bu yuz harbiy yurishlar va shu jangu jadallar “hadya etgan” mahrumiyatlar natijasida qorayib ketgan edi.
Askarlar o‘z marshallarini yaxshi ko‘rardilar. Zero, u urush mashaqqatlarini askarlar bilan bab-baravar tortar, yomg‘irpo‘shiga o‘rangancha to‘g‘ri kelgan joyda — dala-dashtda, gulxan yonida yotib qolaverar, ko‘pincha burg‘uning bo‘g‘iq ovozidan uyg‘onib ketardi. Tag‘in u askarlar bilan bir suvdondan suv ichar, hamisha to‘zigan, chang-chung mundirida yurardi.
Marshal behad toliqtiradigan harbiy yurishlar va jangu jadaldan bo‘lak hech narsani ko‘rmas edi go‘yo. Qachondir egardan egilib, biror-bir dehqondan Frantsiya shon-sharafi uchun o‘zlari istilo etgan shaharning nima bilan shuhrat topganligi xususida biror narsa bilishga intilish uning xayoliga ham kelmas edi. Chek-chegarasi yo‘q mahorabalar uni kamgaplikka, shaxsiy hayotni butunlay unutishga mahkum etgandi.
Qish kunlarining birida marshalning Lombardiyada to‘xtab turgan otliq korpusi zudlik bilan Olmoniyaga ildam kirib borish va “Buyuk qo‘shin” bilan birlashish haqida buyruq oldi. O‘n ikkinchi kun deganda korpus tunash uchun kichik bir olmon shaharchasiga qo‘ndi. Qor bilan qoplangan tog‘lar tun qo‘ynida oqarib ko‘rinardi. Atrofda qoraqayin o‘rmonlari cho‘zilib ketgan, bu to‘ngan olam qo‘ynida faqat yulduzlargina charaqlayotgan edi.
Marshal tunash uchun mehmonxonada to‘xtadi. Kechki ovqatdan so‘ng u mo‘‘jaz zaldagi kaminning yoniga o‘tirib oldi-da, qo‘l ostidagilarga ruxsat berib yubordi: u juda horigan, ko‘ngli yolg‘izlikni tusamoqda edi. Tomgacha qor bosgan shaharchaning sukunati bolaliknimi va yoki ko‘rgan-ko‘rmaganligi o‘ziga ham ishtibohli bo‘lib tuyulayotgan biror tushnimi xotirga solar edi. Tez kunlarda hal qiluvchi janglar boshlanishini marshal bilar va shuning uchun ham osoyishtalikka bu taxlit noodatiy intilishi hujumning shiddatli gumbur-gumburi oldidan tabiiy bir ko‘ngil yozish ekanligiga o‘zini ishontirmoqchi bo‘lardi.
Olov insonni sehrlab, gangitib qo‘yadi. Marshal ham yonib turgan palyonlardan ko‘zini uzmay o‘tirarkan, zalga o‘rta yashar ozg‘in, qushbashara bir kishi kirib kelganini payqamay qoldi. Notanish kimsa to‘rlab yamalgan havorang frak kiyib olgan edi. U kaminga yaqin kelib, sovqotgan qo‘llarini isita boshladi. Marshal boshini ko‘tardi-da, norozi bir ohangda so‘radi:
— Siz kimsiz, janob? Nega bu yerga o‘g‘rincha kirib oldingiz?
— Men musiqachi Baumveysman, — javob qildi notanish kimsa. — Mening sezdirmay kirib kelganimning boisi shundaki, qishning bunday kechalarida sassiz-sadosiz qadam bosish istagi ixtiyordan xorij bo‘ladi.
Musiqachining qiyofasi va ovozi marshalni o‘ziga jalb qildi. Marshal bir muddat o‘ylanib turdi-da:
— Olovga yaqinroq keling, janob, — dedi. — Tan olishim kerakki, bunday osoyish oqshomlar menga hayotda juda kamdan-kam nasib bo‘ladi, shunday lahzalarda siz bilan suhbat qurayotganimdan mamnunman.
— Minnatdorman, — javob qildi musiqachi, — agar ruxsat etsangiz, royal chalib berardim. Ikki soatdirki, ajib bir kuy xayolimni butkul band etgan, men uni chalmasam bo‘lmaydi — balandda, mening xonamda esa royal yo‘q.
— Garchand… bu tunning sukunati eng nozik saslardan-da yoqimliroq… mayli, chalib beraqoling… — dedi marshal.
Baumveys royal oldiga o‘tirib, eshitilar-eshitilmas ovozda chala boshladi. Marshalga shaharcha atrofidagi ulkan va ayni paytda mayin qor uyumlari sadolanayotgandek, ana shu qish, ha, qishning o‘zi, qoraqayinlarning qordan bukilib ketgan shoxlari kuylayotgandek, hatto kamindagi gulxan jaranglayotgandek tuyulib ketdi. U qoshlarini chimirdi — palyonlarga tikildi va olov emas, o‘zining qo‘nji baland etigining shporlari jiringlayotganini sezdi.
— Mening tasavvurimda qandaydir jinlar, farishtalar jonlanayapti… Siz mashhur musiqachi bo‘lsangiz kerak…
Baumveys chalishdan to‘xtadi.
— Yo‘q, men kichik knyazlar va pomeshchiklarning to‘ylarida, bayram kechalarida sozandalik qilaman, xolos.
Eshik tarafdan chana tovushi eshitildi, otlar kishnadi.
— Men endi boray, — Baumveys qo‘zQaldi. — Otlar menga keldi. Xayrlashishga ruxsat eting.
— Qayoqqa borasiz? — so‘radi marshal.
— Toqqa, bu yerdan ikki lyo narida o‘rmonchi yashaydi. Uning uyida hozir bizning ajoyib qo‘shiqchimiz Mariya Cherni mehmon bo‘lib turibdi — u bu yerga urush jafolaridan qochib kelgan. Mariya tug‘ilgan kunini nishonlayotir — u bugun 23 yoshga to‘ladi. Axir, qaysi shodiyona keksa tapyor* Baumveyssiz o‘tardi deysiz?!
Marshal ham kreslodan turdi.
— Janob, — dedi u, — mening korpusim ertaga ertalab bu yerdan jo‘nab ketadi. Agar men sizga hamroh bo‘lsam va bu oqshomni o‘rmonchining uyida o‘tkazsam, beadablik sanalmasmikan?
— Ixtiyoringiz, — Baumveys shunday dedi-da, sipo ta’zim bajo keltirdi, ammo uning marshalning so‘zlaridan hayron bo‘lgani ko‘rinib turardi.
— Biroq, — dedi marshal, — bu haqda hech kim bilmasligi lozim. Men orqa eshiqdan chiqaman, chanaga quduq yonida o‘tiraman.
— Ixtiyoringiz, — takrorladi Baumveys va yana bir karra ta’zim bilan xonadan chiqdi.
Marshal jilmayib qo‘ydi — bu oqshom u sharob ichgani yo‘q, ammo beg‘am bir sarxushlik vujudini qamrab olgan edi.
— Qahratonga qaramay! — dedi u o‘ziga o‘zi. — Jin ursin, o‘rmonga, tungi tog‘larga! Ajoyib!
U yomQirpo‘shini yelkasiga tashlab mehmonxonadan bog‘ orqali imi-jimida chiqdi. Quduq yonida chana turardi — Baumveys marshalni kutmoqda edi. Otlar pishqirgancha, qishloq chetida turgan soqchining oldidan g‘izillab o‘tib ketishdi. Soqchi odatiga ko‘ra, biroz kechikib bo‘lsa-da, miltig‘ini yelkasiga olib, marshalga chest berdi. U qo‘ng‘iroqchalarning uzoqlashib borayotgan jiringlashini uzoq tinglab turdi-da, boshini chayqadi:
— Qanday tun bo‘ldi bu o‘zi-a?! Eh, qaniydi, shu payt bir qultumgina vino bo‘lsa!
Kumush taqa qoqilgan otlar yeldek uchar, ularning qaynoq nafasidan tumshuqlariga qo‘ngan qorlar erib borardi. Qahraton butun o‘rmonni tilsimlab qo‘ygandek. Qorapechak go‘yo ayovsiz ayozda qoraqayinlarning hayotbaxsh sharbati bilan jon saqlab qolmoqchidek daraxtlarning poyasiga mahkam chirmashib olgan.
Otlar soy oldida to‘xtab qolishdi. Soy yaxlamagan edi. U tog‘ ungurlari, zich o‘rmonlar ichidan oqib chiqarkan, bo‘ronda sinib tushgan shox-shabbalar va yaxlagan yaproqlarga qorishgancha ko‘pirar, toshlarga urilib sharqirardi.
Otlar suvga tumshuq bosishdi. Suvda — ularning tuyoqlari ostidan nimadir yaltiroq oqim bo‘lib Qirillab o‘tdi-da, hurkib, zudlik bilan suvga shaloplab otildi.
— Gulmohi*, — dedi chanakash. — Judayam quvnoq baliqlar!
Marshal kulimsiradi. U hamon sarxush edi. Otlar chanani g‘izillatib tog‘ sayhonligidan olib chiqib, baland tomli eski uy oldida to‘xtaganda ham bu sarxushlik tarqamagan edi.
Deraza yop-yorug‘ edi. Chanakash chanadan sakrab tushdi va oyog‘i ustiga tashlagan po‘stakni olib qo‘ydi.
Eshik ochildi. Marshal ustini yechib, Baumveys bilan birga shamlar yoritgan pastak xonaga kirdi-da, bo‘saQada to‘xtab qoldi. Xonada yasan-tusan qilgan bir qancha erkak va ayollar o‘tirishardi.
Ayollardan biri o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Marshal unga bir nigoh tashlaboq, ichki bir tuyg‘u bilan Mariya Chernini tanidi.
— Avf etgaysiz, — dedi marshal salgina qizarib. — Chaqirilmagan mehmonni avf etgaysiz. Ammo-lekin biz askarlar na oila, na bayram, na sokin o‘yin-kulgularni bilamiz. Bugungi shodiyonangiz taftidan bahramand bo‘lishga ruxsat etgaysiz.
Keksa o‘rmonchi marshalga ta’zim bajo keltirdi. Mariya Cherni esa unga yaqin kelib, ko‘zlariga tikildi-da, qo‘lini uzatdi. Marshal Mariyaning qo‘llarini o‘parkan, bu qo‘llar unga muzdek, bir bo‘lak muz parchasidek tuyulib ketdi. Hamma jim qoldi.
Mariya Cherni qo‘lini marshalning yuziga ohista tekkizdi, chuqur chandiqni barmoqlari bilan silab turib so‘radi:
— Judayam qattiq oQriganmidi?
— Judayam, — javob qildi marshal jilmayib. — Bu — qilichning kuchli zarbidan.
Shunda qiz marshalning qo‘lidan tutdi-da, mehmonlar oldiga boshladi. U, xuddi qaylig‘ini tanishtirayotgandek, xijolatomuz, ammo yal-yal yongancha, o‘tirganlarni marshalga tanishtirdi. Mehmonlar taajjubda o‘zaro shivirlashib olishdi.
Bilmadim, aziz o‘quvchi, Mariya Chernining portretini chizib o‘tirish kerakmikan? Bilmadim. Agar siz ham men kabi Mariya bilan zamondosh bo‘lsangiz, bu ayolning yorqin latofati, mayin raftori, uning g‘alati, binobarin, maftunkor fe’l-atvori haqida eshitgandirsiz. Mariyaning muhabbatidan umidvor bo‘lishga biror-bir erkak jur’at qilabilarmidi? Bo‘lsa ham, Shiller kabi insongina uning ma’shuQi bo‘lishga arzirdi.
Xo‘sh, keyin nima bo‘ldi? Marshal o‘rmonchining uyida ikki kun qolib ketdi. Biz bu o‘rinda muhabbat haqida gapirmaymiz — zero, uning nima ekanligini biz hanuz bilmaymiz. Ehtimol, bu — tuni bilan yoqqan qalin qor, qahraton qo‘ynida gulmohilar shaloplab suv sachratayotgan soydir? Ehtimol, bu — shamlar yonib tugayotgan, yulduzlar Mariya Chernining qaroqlarida charaqlash uchun deraza oynalaridan bo‘ylagan subhi kozibda taralgan keksa daraxt shirasining hidi, qo‘shiq va jarangdor kulgidir? Kim bilsin. Ehtimol, bu — qattiq epoletlardagi yalang‘och qo‘llar, marshalning sovqotgan sochlarini silayotgan barmoqlardir? Bu — er kishining ko‘ngilga shu choqqacha mutlaqo notanish nozu adolar haqqi, mehru navozish haqqi, o‘rmon tunlari baQrida uchgan uzuq-yuluq shivir-shivirlar haqqi to‘kkan ko‘z yoshlaridir? Bu, ehtimol, bolalikning qaytishidir? Kim bilsin. Va ehtimolki, bu — Mariya Cherni gulqog‘ozlarni, stollarni, muhabbatining guvohi bo‘lgan xona eshiklarini g‘ayriixtiyoriy silab-siypalayotgan choQda yurakning shuvillab ketarak, ayriliqoldi umidsizligi, chorasizligidir? Va ehtimolki, bu, alaloqibat — deraza ortida Napoleon jandarmlarining qat’iy buyrug‘i ostida mash’alalar tutuniga chulg‘anib egarlardan sakrab tushgan, shaxsan imperatorning buyrug‘iga binoan marshalni qamoqqa olish uchun uyga bostirib kirgan mahali ayol ko‘ksidan otilgan nola, uning aql-hushidan judo bo‘lib qulashidir?
Tevarak-atrof aslida, oldingiday edi. O‘rmon shamollar oqimi ta’sirida hamon o‘shandoq guvillar, soy qorayib ketgan yaproqlarni hamon kichik girdobchalariga solib o‘ynardi. Tog‘da boltalarning aks-sadosi hamon o‘shandoq taralar, ayollar quduq atrofiga to‘planib olib, hamon o‘shandoq javrashardi.
Lekin negadir bu o‘rmonlar, mayin uchib-qo‘nayotgan qor parchalari, gulmohilarning soy baQridagi shu’lalari Baumveysni frakining orqa cho‘ntagidan eski, ammo qordek oppoq qo‘lro‘molchasini olishga, uni ko‘zlariga bosib, Mariya Chernining yashinday tez o‘chgan muhabbati haqida, hayotning ba’zan musiqaga o‘xshab ketishi haqida poyintar-soyintar jumlalarni shivirlashga majbur qilar edi.
Yuragining qattiq sanchig‘iga qaramasdan, Baumveysning lablari mazkur voqeaning ishtirokchisi bo‘lganidan va keksa, qashshoq tapyorning chekiga kamdan-kam hollardagina tushadigan hayajonli lahzalardan benasib qolmaganidan uning masrurligini aytib pichirlar edi.
Rus tilidan Nodira Afoqova tarjimasi.
*Gulmohi — baliqning bir turi.
*Tapyor — raqs kechalarida pulga pianino yoki bayan chaluvchi sozanda.