Konstantin Paustovskiy. Akvarel bo‘yoqlari (hikoya)

Bergning yonida “vatan” so‘zini aytishganlarida, bu so‘zning mohiyatini his qilib, tushunmaganligidan shunchaki kulib qo‘yar edi. Vatan – ota-bobolar yashab o‘tgan muqaddas tuproq, insonning tug‘ilgan joyi, deyishadi. Aslida-ku inson dunyoning qaysi joyida tug‘ilishining farqi yo‘qdek, masalan uning bir o‘rtog‘i Amerika va Yevropa o‘rtasida ummonda suzib ketayotgan da tug‘ilgan edi.
– Bunday insonlarning vatanini qayerda deb atash mumkin? Nahotki ummon, shamol ta’sirida tundlashib, yurakka xavf-xatar solib dilgir etib turuvchi suv sathi bo‘lsa? – deya o‘z-o‘ziga savol berardi Berg.
U okean nimaligini yaxshi bilardi. Parijda surat chizishni o‘rganish uchun o‘qigan kezlarida La Mansh qirg‘og‘ida yashagan edi. O‘sha paytlar okean unga o‘ta begona tuyulganligi hech yodidan chiqmaydi.
Ota-bobolar yashab o‘tgan joy! Berg u haqda o‘ylar ekan, bobosi yashagan kichik Yevropada joylashgan o‘sha shaharchaga nisbatan ham qalbida o‘zi yoki bolalik chog‘lariga bog‘liq bo‘lgan hech qanday o‘zgacha tuyg‘ularni his qilmaydi. Ammo, har gal xayol surganida Dnepr bo‘yidagi o‘sha shaharchada yashab, umri davomida etikdo‘zlik qilgan bobosining ko‘zlarini etikdo‘zlarning pishiq ipi va bigizi ko‘r qilib qo‘yganligini eslaydi, xolos.
Qadrdon shahar, deganlarida esa, negadir uning ko‘z o‘ngida doimo rassom tomonidan yaxshi ishlov berilmagan, oxirigacha to‘liq chizilib ulgurilmagan, turaverib eskirib, rangi o‘chib ketgan surat gavdalanardi xolos. U qanchalik urinmasin, bu tuyg‘uga nisbattan chang bosib qurib yotgan teraklar va oshxonadagi ovqatdan so‘nggi yuvindining yoqimsiz hidi, olis osmon bag‘rida suzib yuruvchi xira bulutlar yoki mashq paytida askarlar kazarmasidan eshitilib turadigan turli ovozlardan bo‘lak boshqa narsalarni tasavvur qilolmasdi.
Fuqarolar urushi yillarida jang qilgan joylari, manzillarni aniq eslolmaydi.
– Mana, yaqinda oqlar qo‘lidan o‘zimizning jonajon yerlarimizni, vatanimizni tortib olamiz. Otlarimizni qadrdon Don daryosining suvidan miriqtirib sug‘oramiz, deya jangchilar ko‘zlari chaqnab, quvonib uni quchib qutlashganida Bergning ensasi qotib:
– Qayoqda, bu gaplarning hammasi shunchaki safsata! Biz kabi insonlarning haqiqiy vatani yo‘q, bo‘lgan ham emas, – degan edi kulib. Uning bu gapiga esa:
– Eh, Berg, qalbing bunchalar qattiq bo‘lmasa! Sen judayam g‘alati insonsan. Sendan qanday qilib yangi hayotni barpo etuvchi jangchi chiqishi mumkin, qachonki sen o‘zing yashab turgan yerni, ona zaminni sevmasang. Sen bunday qalb bilan qanday qilib ham haqiqiy rassom bo‘lishing mumkin axir! – deya, norozi ohangda javob berishgan edi jangchilar.
Balkim shu sababdan ham uning atrofini o‘rab turgan ajib tabiat o‘zining haqiqiy husni jamolini, tarovatini undan yashirib turgandir. Balkim shul sabab ham Berg qanchalik urinmasin, o‘zi sevgan peyzaj janri ustida ijod qilolmadi. Portret va nihoyat plakatlar janrini tanlab, shu yo‘nalishda ijod qilayotgan edi. Bir necha bor ijodiy yangi zamonaviy yo‘nalish izlab topishga harakat qildi, ammo barcha urunishlari tushunarsiz tarzda befoyda bo‘lib chiqdi.
Umrining ko‘p yillari xuddi shamol kabi o‘sha paytlarda sovetlar mamlakati deb atalmish davlatlarda o‘tdi. Hayot charxpalagi esa taqdirning turli past-balandliklariga duch kelib, tinim bilmay aylanardi. Ammo, uning atrofini yangidan-yangi, Berg uchun unchalik tushunarli bo‘lmagan muhabbat, nafrat, mardlik va albatta vatan tuyg‘usi kabi hislar o‘rab turardi.
Erta kuz fasli edi. Shunday kunlarning birida Berg rassom Yartsevdan xat oldi. Xatda yoz paytini Muromsk o‘rmonlarida o‘tkazib, dam olishda davom etayotgan Yartsev uning ham kelishini taklif qildi. Berg Yartsev bilan do‘st edi. Buning ustiga anchadan beri Moskvadan boshqa joyga chiqmagandi. Borishga qaror qildi-yu, jo‘nab ketdi
Vladimir shahridan keyingi stantsiyada tor izli temir yo‘l poyezdiga o‘tib oldi.
Avgust oyi juda issiq va shamolsiz kelgan edi. Poyezd vagonining ichini qora javdar unidan tayyorlangan nonning yoqimli hidi tutib ketgandi. Berg vagonning zinapoyasida o‘tirib olib miriqib nafas oldi. Go‘yoki uning ko‘ksi havodanmas, balki quyoshning ajib nurlaridan to‘yinayotgandek edi.
Ochilish mavsumi tugab, birin-ketin qurib borayotgan oppoq chinnigullar o‘sib yotgan keng dala bag‘rini chigirtkalarning ovozi tutib ketgan edi.
Yartsev odami yo‘q bu stantsiyadan ancha olisda, katta ko‘lning qirg‘og‘i bo‘yida, o‘rmonchining yog‘och uyini ijaraga olib dam olayotgan edi.
Berg minib olgan g‘ildirakli arava qalin qum ustida qurib yotgan ildizlarni g‘ichirlatib bosgancha, odimlab borardi. O‘rmon orasidan zarg‘aldoqlarning horg‘in xonishi eshitilib turar, sarg‘aygan yaproqlar damba-dam yo‘l yuziga to‘kilar, osmonning olis bag‘rida tiniq bulutlar esa uzun bo‘yli machtabop qarag‘aylar tepasida suzib yurardi.
Bir pasdan so‘ng Berg aravada chalqanchasiga yotib oldi. Negadir uning yuragi og‘ir ura boshladi.
“Havo ta’sir qilayaptimikin”? – deya xovotirlandi Berg.
Shu chog‘ uning ko‘zlari nogahon quyuq yastanib yotgan o‘rmon daraxtlari ortida moviy chayqalib turgan ko‘lga tushdi. Ko‘lning suvi mavjlanib hayratlanarli darajada xuddi ufq bo‘ylab ko‘tarilayotgandek qiyalab yoyilib turardi. Uning ortida esa tuman ichra qayin butazorlar ko‘zga tashlandi. Ko‘lning ustida tarqalgan tuman yaqindagina bo‘lib o‘tgan o‘rmon yong‘inidan paydo bo‘lgandi. Suvning yuziga to‘kilib, yig‘ilib qolgan yaproqlar uyumi esa qora qalin korton qog‘oz kabi suzib yurardi.
Berg ko‘l bo‘yidagi ushbu ajoyib qirg‘oqda bir oy yashadi. Bu joylarga u faqat dam olish maqsadida kelgan edi. Shuning uchun ham o‘zi bilan surat chizish uchun yog‘ bo‘yoqlarini olib kelmagan, ammo har ehtimolga qarshi bir qutichada Lefranka deb ataluvchi frantsuz akvarel bo‘yoqlarini olib kelgan edi. Parijda yashagan paytlaridan saqlab kelayotgan bu bo‘yoqlarni juda ehtiyot qilardi.
Kuni bo‘yi maysalar qoplab yotgan keng dala qo‘ynida cho‘zilib olib, undagi rang-barang turli o‘simliklar, gullarni zavqlanib tomosha qildi. Ayniqsa allaqanday mayda qop-qora mevachalarini qirmizi gulkosalar bargi orasiga yashirib o‘sayotgan butachalar uning hayratini yanada oshirdi.
Berg namatak mevalari, ninabargli qora archalar, limon o‘tlari barq urib, xushbo‘y taralib yotgan dala bag‘riga gilamdek to‘kilgan tog‘ teraklarining uzun barglarini, nafis bo‘y cho‘zib, tebranib turgan chinnigulllarni terib zavqlandi. U kuzgi yaproqlarni qo‘liga olib, diqqat bilan kuzatarkan, sovuq ta’sirida namchil sariq yaproqlar ohista kumushrangda qoraya boshlaganligining guvohi bo‘ldi.
Yon atrofini o‘rab turgan o‘ziga xos ajoyib manzaralar – ko‘l yuziga urilib suv qo‘ng‘izlarining uchib yurgani, xira tortib mavjlanayotgan to‘lqinlar bag‘rida baliqlarning o‘ynab yurishi, mavsumning barq urib ochilib yotgan so‘nggi gullari xuddi to‘q rangli oyna ustida qotib qolgan kabi sokin suvning yuzida qalqib turgani uning hayratini yanada oshirib, qalbini maftun etib qo‘ydi.
Shunday issiq kunlarning birida Berg o‘rmon ichidan kelayotgan g‘alati titroq ovozni eshitib qoldi.
Ovoz kelayotgan tomonga diqqat bilan quloq solarkan, vujudini allanechik xovotir bosa boshladi. U yoqdan go‘yoki jazirama issiqda quruqshagan maysalar, turli uchib yuruvchi qo‘ng‘izlar-u, chigirtkalarning ovozi g‘alati ohangda qo‘shilib, o‘zgacha tovush kelayotganligini sezdi. Kunbotar tarafda ko‘lning ustida esa turnalar galasi kur-kurlab, janub tomonga uchib ketayotgan edi.
Har doim turnalarning uchib ketayotganligini ko‘rib qolishganida, uning yonida doimo hamrohlik qilib yurgan o‘rmonchining o‘g‘li Vanya Bergga qarab:
– Menimcha qushlar bizni tashlab issiq taraflarga uchib ketayapti-yov, deb qo‘yardi.
Bu gal esa uning nazarida turnalarning o‘rmonni tark etib, uchib ketayotganligi go‘yo bu go‘zal, betakror makonga xiyonat qilayotgan sotqinlarning ishidek tuyulib ketdi va ularga nisbatan qalbida allanechuk norozilik hissini tuydi. Turnalar bunday suvlari zilol, mo‘l-ko‘l, sokin orolni, shunday ko‘rkam bag‘ri keng saxiy o‘rmonzorni, kuz qo‘ynida barglari sarg‘ayayotgan butazorlar, ahyon-ahyonda bir maromda gumburlab turuvchi, kuz havosida o‘simliklar yelimi aralash daraxtlarning xushbo‘ylari taralib turgan bu kabi qadrdon joylarni qanday qilib ko‘zi qiyib tashlab ketish mumkin, deya o‘ylardi.
– G‘alati! – deya o‘z-o‘zicha koyindi Berg. Bu galgi kun sayin tobora siyraklashib borayotgan o‘rmonga qarab paydo bo‘lgan ko‘nglidagi bu norozilik hissi ilgarigidek kulguli tuyulmadi unga.
Shunday kunlarning birida Berg o‘rmonda sayr qilib yurganida Tatyana ismli kampirni uchratib, tanishib qoldi. So‘nggi kunlarda u bilan kuni bo‘yi birga yurib, bamaylixotir aytadigan suhbatlarini tingladi.
Kampirning suhbatlaridan bu joylar o‘rmonning eng tinch, sokin joylari ekanligi va bu yerlar qadimdan o‘zining ijodkor rassomlari bilan nom chiqarganligi haqida bilib oldi. Tatyana atrofda o‘sib yotgan har xil butalarning nomlarini, bu yerda yasalgan qadimgi yog‘och qoshiqlar, tilla va maxsus qizil bo‘yoq surib tayyorlanadigan idishlarning nomlarini birma-bir aytib berdi. Berg bu atamalarni umrida birinchi marta eshitib turganligidan xijolat chekib, qizarib ketdi.
Berg tabiatan kamgap edi. U har zamon Yartsevga luqma tashlab qo‘yardi, xolos. Yartsev esa kuni bo‘yi qirg‘oq bo‘yida o‘tirib olib, miriqib kitob o‘qirdi. U ham sevgan mashg‘ulotidan xayolini bo‘lmay, so‘zlashgisi kelmasdi albatta.
Sentyabrga kelib yomg‘ir yog‘a boshladi. Maysalar ustiga tomayotgan yomg‘ir tomchilari shildirab ovoz chiqarardi.
Yomg‘irdan so‘ng havo isigach esa, hamma yoqni qirg‘oq bo‘yida o‘sayotgan qamishlarning yovvoyi va o‘tkir bo‘yi xuddi hayvonlarning nam terisi kabi taralgan bo‘y tutib ketdi.
Tuni bo‘yi sokin o‘rmon qo‘ynida xuddi kuz davomida uning taqdiriga shu o‘rmon mamlakatining ustidan maydalab tomchilab turish yozilgani kabi yomg‘ir shig‘alab yog‘ar, qorovulxonaning yupqa tomiyu, qaygadir eltuvchi yo‘llar, bu atrofdagi biror joy ham uning nazaridan chetda qolib ketmas edi.
Kunlarning birida Yartsev shaharga qaytishga chog‘landi. Bundan Bergning jahli chiqib, xavotirga tusha boshladi. Axir kuz mavsumining shunday ajoyib qiziqarli pallasidan kechib, qanday qilib jo‘nab ketish mumkin. Uning nazarida Yartsevning ketish to‘g‘risidagi bu istagi ham xuddi turnalarning bu joylarni tark etib, uchib ketayotgani singari xiyonatdek tuyulib ketdi. Nahotki, shunchaki bir yo‘sinda bu kabi keng o‘rmonlarga, zilol suvli ko‘llarga, tarovatli betakror kuz fasliga va nihoyat iliq moviy osmonga, maydalab mayin yog‘ayotgan yomg‘ir tomchilariga xiyonat qilish shunchaki oson bo‘lsa?
– Men hali ketmayman, shu yerda qolaman, – dedi, Berg qatiyan. – Ixtiyoringiz, siz qochib ketaverishingiz mumkin, ammo men bu yerdagi kuz faslining suratini chizishni istayapman.
Yartsev jo‘nab ketdi. Ertasi kuni Berg quyoshning iliq, zarrin nurlari yuziga tusha boshlaganidan uyg‘onib ketdi.
Tashqarida yomg‘ir tingan edi. Daraxtlarning mayin soyalari toza, beg‘ubor dala bag‘rida titrab tebranar, eshikning ortida esa butun olam sukunat ichra feruza rangda tiniqib yog‘dulanib turardi.
“Yog‘dulanish” so‘zini Berg faqat shoirlar kitoblarida uchratgan edi. Va bu so‘zni shunchaki dabdabalar uchun ishlatiladi, deb o‘ylardi. Ammo u shu tobda butun vujudi bilan tushunib, amin bo‘ldiki, bu so‘z aynan sentyabr osmoni va quyoshining manzarasi, suratiga berilgan ta’rif ekan.
Maysalar ustiga to‘kilayotgan har bir sariq yaproq quyosh nurida kumush kabi yaltirab turardi. Keng moviy ko‘l yuzida sokin tuman suzib yurardi. Aylanib, bir maromda esayotgan mayin shamol esa dimog‘ingizga so‘lib, quriyotgan o‘rmon maysalarining taqir, ammo yoqimli o‘ziga xos xushbo‘yini olib kelardi.
Berg choyini ham ichmasdan qo‘liga bo‘yoq va qog‘oz olib, ko‘l tomonga qarab ketdi. Vanya uni qirg‘oqning yanada sokin, olis tomoniga o‘tkazib qo‘ydi.
Negadir Berg juda shoshilardi. Atrofga razm solar ekan, o‘rmon ustiga qiyalab tushayotgan quyoshning nuri uning nazarida xuddi bir tutam kumush tolasini eslatib yubordi. Havo ochiq. Feruza osmon bag‘rida so‘nggi qushlar o‘ychan xonish qilar, siyrak, tiniq bulutlar esa ko‘kning eng yuksak joylariga ko‘tarilib tarqalayotgan edi.
Berg yanada shosha boshladi. Shu tobda bor qobiliyatini ishga solib, bo‘yoq ranglarining qudrati, nigohlarining ziyrakligi-yu, hamma-hammasini toki qalbining tub-tubida titrab turgan sirli titroqlargacha qo‘lidagi qog‘ozning yuziga to‘kib, ko‘rkam va salobatli o‘rmonning ulug‘vor va so‘zsiz, xokisor to‘kilayotgan paytdagi uning suratini tasvirlamoqni niyat qildi.
Berg allaqanday qo‘shiqni kuylay boshladi. So‘ngra bor ovozi bilan go‘yoki faryod qilib, butun vujudi bilan ishga sho‘ng‘idi. Uni hech qachon bu holatda ko‘rmagan Vanya, beixtiyor uning har bir harakatini kuzata boshladi. U Berg ishlayotgan bo‘yoqlarning suvini damba-dam almashtirib, qutichadagi bo‘yoqlar solingan chinni idishchalarni birin-ketin tutib turdi.
Sukunat ichra ko‘z ilg‘amas g‘ira-shiralik bir damda beixtiyor yaproqlar yuziga kelib qo‘ndi. Barglardagi zarrin ranglar jilosiga xiralik tusha boshladi. Havo ham tundlashib borardi. Olisdan eshitilayotgan dahshatli shuvillash o‘rmonning u tomonidan bu tomoniga aylanib, qayerdadir tinib qoldi. Bu holatdan xavotirga tushgan Berg joyida qotib turardi.
– Momaqaldiroq boshlanadi! Uyga ketish kerak! – deya qichqirdi Vanya.
– Kuzgi momaqaldiroq, – deya, qaytardi Berg va xayolini buzmaslikka harakat qilib, berilib surat chizishda davom etdi.
Ammo, momaqaldiroqning navbatdagi gumburlagan ovozi butun osmonni larzaga keltirib yubordi. Tim qora suvning yuzi bir qalqib tushgandek bo‘ldi go‘yo. O‘rmon ichra quyoshning so‘nggi shu’lalari hali ham yaltirab, yog‘dulanib turardi. Berg yanada shoshila boshladi.
Vanya uning ortiga ishora qilib, qo‘lini cho‘zgancha:
– Orqaga qara, qara, qanday qo‘rqinchli! – dedi.
Ammo Berg negadir orqasi tomonga o‘girilishga shoshmadi. Orqa tomonidan bosib kelayotgan chang-to‘zon aralash qorong‘ulikni go‘yoki yelkalari bilan sezib turardi. Allaqachon jala ta’siridan yaproqlar uchib, aylanib yerga tushayotgan edi. Shundan so‘ng mayda o‘rmon chug‘urchuqlari qo‘rquvdan pastlab ucha boshladilar. Bir necha bo‘yoq surish qolganligi tufayli Berg juda shoshib, ishida davom etardi.
Vanya uning yoniga kelib, qo‘lidan mahkam ushlab oldi. Berg shu dam shiddat bilan gumburlab kelayotgan ovozni eshitdi. Uning ortidan go‘yoki okean o‘rmonni bosib toshib kelardi.
Shunda Berg ko‘l yuziga qop-qorong‘u tuman qoplab olganini ko‘rdi. Qo‘lining ustiga birinchi og‘ir tomchi kelib urildi. So‘ngra chaqmoq aralash sharros jala quya boshladi.
Berg chizgan suratini tezda yashikka joylab, ehtiyotkorlik yuzasidan kurtkasini ham yechib yashikning ustidan o‘rab oldi. Qo‘liga esa akvarel solingan qutichani olib, yo‘lga tushdi. Uning yuzlariga chang aralash yomg‘ir tomchilari kelib urilar, bo‘ron aylanib, uchirayotgan namchil yaproqlarni yuzi aralash ko‘zlariga yopishtirardi.
Chaqmoq gumburlab, yonidagi qarag‘ay daraxtini siltab, larzaga keltirdi. Bu manzaradan Berg o‘zini yo‘qotib, bir dam gangib qoldi. Jala osmonning shundaygina pastak joyidan quyardi go‘yo. Ular Vanya bilan panaga qochishdi. Yomg‘irdan ivib, sovuqdan dirdirashib, bir soatlardan keyin qorovulxonaga yetib kelishdi. Qorovulxonaga kelganlarida Berg qo‘lidagi akvarel solingan qutiga ko‘zi tushdi. Uning ichidagi Lefranka bo‘yoqlari tushib qolgan edi. Berg bo‘yoqlarni ikki kun jon-jahdi bilan qidirdi, ammo topolmadi.
Moskvaga kelganidan ikki oy o‘tib, yirik qing‘ir-qiyshiq harflar bilan bitilgan maktub oldi.
“Salom o‘rtoq Berg, – deya yozardi Vanya. – Siz ketganingizdan so‘ng ikki hafta davomida hamma yoqni titib, bo‘yoqlaringizni qidirib topdim. Uni nima qilay, sizga qanday yetkazay? O‘sha yomg‘irdan so‘ng qattiq shamollagan ekanman. Endi o‘zimga keldim. Otamning aytishicha shamollash o‘pkamga o‘tib ketibdi. Shu tufayli sizga bir oz kechikib xabar berayotganim uchun mendan xafa bo‘lmang.
Agar iloji bo‘lsa menga bizning o‘rmonimiz, har xil daraxtlar haqidagi kitob va rangli qalam yuborsangiz. Mening ham judayam surat chizgim kelayapti. Hozir biz taraflarda qor ham yog‘ib ulgurdi. Qaysi archaning tagiga qarasangiz quyonchalar o‘tirganini ko‘rasiz.
Sizni yoz chog‘ida yana bizning qadrdon joylarimizga taklif qilib, kutib qolamiz. Salom bilan Vanya Zotov”.
Berg Vanyadan kelgan xatga javob sifatida unga o‘zi ishtirok etadigan ko‘rgazmaning taklifnomasini yubordi.
Bu taklifnomani yaqindagina unga olib kelib berishib, undan esa ko‘rgazmaga qo‘yadigan ijodiy asarlarining nomlarini va ular to‘g‘risida ma’lumot so‘rashgan edi.
Berg stolga joylashib olib “Ko‘rgazmaga bu yozda ishlagan akvarel etyudim – birinchi badiiy manzaramni qo‘yaman”, degan javob yozib yubordi.
Yarim kechasi. Tashqarida yog‘ayotgan oppoq momiq qor deraza rafiga tushib, ko‘chadagi chiroqlarning fusunkor yog‘dusida ko‘zni qamashtirgudek yaltirab turibdi. Devorga osib qo‘yilgan soat sokin va bir maromda urar, kimdir esa qo‘shni xonadonda royalda Grigning sonatasini chalardi. Asta-sekin musiqaning dilgir sadosi butun xonadonni tutib ketdi.
Berg Vanya haqida o‘ylar ekan, jilmaygancha uzoq o‘tirdi. U topib olgan Lefranka bo‘yoqlarini Vanyaga sovg‘a qilmay bo‘ladimi axir!
Ayni damda Berg qalbida yanada tiniqib, yoqimli zavq bag‘ishlab paydo bo‘layotgan sirli, tasvirlash qiyin bo‘lgan vatan tuyg‘usini dildan his etishni, sezishni, kuzatishni istayotgan edi. Bu tuyg‘u uning qalbida uzoq, o‘n yillab cho‘zilgan inqilob yillari davomida kamolga yetgan bo‘lsa ajab emas. Yoki yon-atrofi o‘rmonga burkangan, kuz qo‘ynida sirli mavjlanib turgan sokin ko‘lmi, uning ustida uchib, kuylangan turnalar qo‘shig‘imi yoki bolakay Vanya Zotov sabab bo‘ldimikin? U qalbini qamrab olib, g‘alayonga solayotgan bu savollarga javob topishga unchalik urinib o‘tirmadi. Uning yodiga nogoh jangchilarning:
– Eh, Berg, qalbing bunchalar qattiq bo‘lmasa! Sen judayam g‘alati insonsan. Sendan qanday qilib yangi hayotni barpo etuvchi jangchi chiqardi, qachonki sen o‘zing yashab turgan yerni, ona tuproqni sevmasang, – degan so‘zlari tushib ketdi.
Ha, haqiqatan ham jangchilar haq edilar. Berg qalbida paydo bo‘lgan vatan tuyg‘usiga butun vujudi bilan mana endi amin bo‘ldi. Shu tobda u go‘yo o‘zi yashab turgan mamlakatga nafaqat ongi-shuuri yoki inqilobga bo‘lgan sadoqati, balki bir ijodkor rassom sifatida butun qalbi, yuragi, vatanga bo‘lgan muhabbati uni nafaqat ulg‘aytirganini sezdi, balki uni qayta dunyoga keltirgandek edi go‘yo. Ayni chog‘da shunchaki qup-quruq, ma’nosiz bo‘lib tuyulgan zerikarli hayoti zavqu shavqqa to‘lib, oldingiga ko‘ra yuz bora go‘zal va qadrli bo‘lib tuyula boshladi. Uning bor vujudini zabt etgan vatan tuyg‘usi, qalbini to‘ldirib kelayotgan hayot zavqi yanada go‘zallikka intilib, miriqib yashashga undayotgan edi.

Dilorom Abdurahmon tarjimasi

«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 5-sonidan olindi.