I. Dengizchi
1609 yili fevral oyi tongida past bo‘yli, ozg‘in bir kishi London ko‘prigi tomon ketib borardi. U charm kostyum va ko‘k yungli bosh kiyim kiyib olgandi. Kiyimlariga loy sachragan, poyabzali ham loyga botgan, yuziga tinmay yomg‘ir yoqqanidan ko‘zini ochishga qiynalardi.
O‘sha kishi qidirayotgan Fish ko‘chasi London ko‘prigi yaqinida edi. U ko‘prikdan uncha uzoq bo‘lmagan ulkan tosh uyni topdi.
– Shu uy bo‘lsa kerak, – deya o‘yladi u va uyning orqa tomoniga o‘tdi. Biqqigina, chiroyli bir ayol eshikni ochdi.
– Bu Trippett xonadoni bo‘lsa kerak-a? – deb so‘radi haligi kishi. Oqsoch uning loy sachragan kiyimlariga qarab:
– Nima xizmat? – dedi.
– Fribold xonim bilan gaplashsam degandim.
– Fribold xonim? Siz Ennini nazarda tutayotgan bo‘lsangiz kerak-a? Afsus, gaplasha olmaysiz, u og‘ir betob, – dedi xizmatkor ayol.
– Amerikadan bir kishi kelganini unga bildirib qo‘yolmaysizmi?
– Amerika? – deya oqsoch uning yuziga tikildi. Keyin: – Siz o‘sha bo‘lsangiz kerak, – dedi-da, ichkariga kirib ketdi. Amerikadan kelgan kishi oqsochning: – Amanda! Amanda! – deya baqirayotganini eshitdi.
Kimdir yugurib keldi-da: – Ota! – deb qichqirdi. Bo‘sag‘ada bir qiz turardi. Qora ko‘zlari katta-katta, navnihol jussasi oppoq bu qizaloq o‘n-o‘n bir yoshda edi. Qiz hafsalasi pir bo‘lganidan achchiqlanib dedi: – Siz otam emassiz!
– Yo‘q.
– Elli sizni Amerikadan kelgan, dedi. U o‘ylabdiki… men ham…
– Xo‘sh, siz Jeyms Friboldning qizimisiz? – deb so‘radi haligi kishi.
– Ulardan biriman, men Amandaman, – qiz shunday dedi-yu, yana shoshib so‘radi: – Siz otamni taniysizmi?
– Ha, uni ko‘rganimga ko‘p bo‘lmadi. Biz Virjiniya koloniyasida birga edik. Men dengizchiman, o‘sha yerda mening kemam…
– Siz uni ko‘rgansiz-a?! – Amandaning ko‘zlari yana chaqnadi. – U yaxshimi? Nima dedi?
– Ancha yaxshi edi. U Jeymstaunda uy qurgan. Jeymstaun u erdagi yagona shaharcha. Men kemamda dengiz safariga chiqayotganimda Londondagi oilasiga salom aytishim uchun to‘xtab o‘tishimni so‘radi. Sizlarni har kuni o‘ylaydi, avvalgidek birga bo‘lishingizni so‘rab duo qiladi.
Amandaning ko‘zlariga yosh keldi.
– Uni qachon ko‘rasiz? Yana qachon gaplashasiz?
– Boshqa ko‘rmasam kerak, – dedi dengizchi. – Virjiniya uzoq, u erga safarga chiqish qiyin. Balki portga qaytmasman.
Qiz oh tortdi. Shu payt uni chaqirib qolishdi:
– Amanda!
– Seni qidirishyapti, men endi ketay.
– Yana kelasizmi?
U yo‘q deganday bosh chayqadi:
– Men qarz gapni aytdim. Xayr.
Dengizchi ketdi. Qizning javobsiz qolgan yuzlab savollari bor edi. Axir rahmat ham aytolmadi. U dengizchining ortidan chopdi, lekin oshpazning ovozi uni ortga qaytardi: – A-man-da!
Oqsoch Elli omborxonadan chiqib keldi: – Amanda, u otangmidi?
Orqa tomondagi eshik ochildi. Kichkina bola oshxonaga bosh suqib so‘radi:
– U otamizmidi?
– Jemmi! – qichqirdi Amanda. – Bu erga kirish mumkin emasligini bilasan-ku. Yo‘q, u otamiz emas edi.
Bolakay g‘oyib bo‘ldi va eshik yopildi.
Amanda oshpaz va Elliga: – U Virjiniyadan kelgan ekan. O‘sha erda otamni ko‘rgan, gaplashgan. Otam yaxshi ekan, uy quribdi, bizdan xavotirda emish, – deb aytdi.
Oshpaz uff tortdi: – Shunday ekanmi? U sizlarni shunchalar yaxshi ko‘rarkanmi?
– Qanchalar shafqatsizlik! – dedi Elli.
– Tilingizni tiying, xonimqiz! Amanda, sen ishingga qayt! – dedi oshpaz va omborxonaga kirib ketdi. Oshpaz ketgach Amanda darrov orqa eshikni ochdi. Bolakay ostonada o‘tirardi. Qiz uning yoniga o‘tirdi.
– U otamiz emas, dengizchi. Lekin otamizni ko‘rgan. O‘ylashimcha, shunday. Bugun kechqurun u haqida aytib beraman.
– Bu hikoyami? – deb so‘radi bolakay.
– Shunga o‘xshash, – dedi Amanda va eshikni yopdi.
II. Hikoya
Trippett xonim va uning oilasi kechki ovqatni yeb bo‘lishgandi. Xizmatkorlar ham ovqatlanib bo‘lishgan, Amanda oshxonada yolg‘iz edi. U hozirgina qozon va tovalarni yuvib bo‘lgan va ularni quritish uchun kamin ustiga ilgandi. Orqa zinadagi ukasi va singlisini kuzatdi. Ular uxlab qolishgandi. Jemmining boshi devorda, Megniki esa Jemmining elkasida edi.
Bu erda bolalarning hech kimga keragi yo‘q: ikkita kuchukchaga o‘xshab dirdirab turishlarini ko‘rish Amandaning yuragini ezardi.
Amanda ularning uxlashlarini kuzatdi. Jemmi katta yigit bo‘lib borayotgandi. U ajoyib, otasi kabi kuchli yigit bo‘ladi. Lekin Meg juda kichkina, juda ramaqijon.
Amanda ularni uyg‘otib, qaynatma sho‘rva bilan non va sariyog‘ berdi.
– Olinglar, englar, ungacha men onamizning yoniga borib kelaman, – dedi u. Onalari pastki qavatdagi xonada edi. Bir vaqtlar to‘rtovlon o‘sha xonada yashashardi. Xona xuddi uylaridek bo‘lib qolgandi. Endi u bemor yotgan xonaga aylangan, kichkintoylar u erda qololmasdi. Trippett xonim ularni uyning orqa tarafidagi kichkina xonaga joylashtirgan va ular tunda o‘sha erda uxlashardi.
Ba’zida Amanda ular bilan uxlardi. Ba’zan esa onasining karavoti yonida dam uxlab, dam uyg‘onib tunni o‘tkazardi.
U bemor yotgan xonaga sham olib kirdi. Onasi ko‘zlarini yumgancha yotardi. U Rojdestvoga bir kun qolganda to‘shakka mixlanib qoldi, o‘shanda zinadan yiqilib tushgandi. Biroq u bu voqeadan avval ham uzoq vaqt betob bo‘lib yurgandi.
Amanda karavot yoniga o‘tirib onasining qo‘llaridan tutdi. Onasiga Amerikadan kelgan odam haqida aytishni boshladi, ammo zumda to‘xtadi. Bu devorga gapirish bilan barobar.
Amanda Jemmi va Megning yoniga qaytdi va shamni yerga qo‘ydi. Poxol to‘shakda yotgan bolalarni sovuq qotmasliklari uchun choyshab bilan o‘radi.
– Hozir sizlarga hikoya aytib beraman, – dedi u.
– Otam va sher haqidami? – deb so‘radi Jemmi.
– Qayta-qayta aytib berganman-ku, – dedi Amanda.
– Yo‘q, unchalik ko‘p aytmagansan, – dedi Jemmi.
Shunday qilib Amanda hikoyasini boshladi: – Bir zamonlar bir odam o‘z baxtini izlab Londonga kelibdi.
– Bu otam, – dedi Jemmi.
– Ha, – dedi Amanda.
Jemmi: – Uning ismi Jeyms Fribold edi. Mening ismim ham shunday, bu mening haqiqiy ismim, – dedi.
– U tilla sochli chiroyli qiz bilan uchrashib qolibdi…
– Bu onam, – gapga qo‘shildi Jemmi.
– Va ular turmush qurishibdi, uch farzandli bo‘lishibdi.
– Uch nafar ajoyib farzand, – dedi yana Jemmi.
– Jeyms Fribold duradgor edi. U uylar qurardi. Sizlar biz yashagan uyni eslaysizlarmi? Uni biz uchun qurgandi…
– Bilaman, hikoyaning davomini ayt, – dedi Jemmi.
– Amerika degan joy bo‘lib, ba’zilar uni Yangi dunyo deb atashadi. Dengiz ortidagi qushlar, daraxtlar, daryolari serob go‘sha. U erda hindular yashaydi. Ular pat taqib yurishadi va kamon, nayzalar bilan ov qilishadi. Bir necha kishi otamizdan u erga borib ular uchun uy qurishini so‘ragan. Ular Amerikadagi…
– Virjiniya, – dedi Meg.
– Ha, sen shu nomni yaxshi ko‘rasan-a, Meg? Xullas, ular Amerikadagi Virjiniya deb ataluvchi joyda yashash uchun shaharchalar, uylar qurishmoqchi bo‘lishibdi. Hatto otamiz: “Agar Londonda kambag‘al bo‘lsak, Virjiniyada boy bo‘lamiz. U erda dalamiz, bog‘larimiz bo‘ladi”, degan edi. U xirgoyi qilib yuradigan qo‘shiqni eslaysizmi? – Amanda shunday deya asta kuyladi:
Meni chorlayotgan yurt tomon,
Keng va moviy dengiz oshaman.
Olisdagi quyoshli yurtdan,
Bir kuni men uyim topaman.
– Hikoyani ayt, – dedi Jemmi.
– Otamiz oldinroq ketdi va biz Trippett xonimnikiga ko‘chib keldik, chunki onamiz shu erda ishlardi-da.
– Sen hammasini aytmading, – dedi Jemmi.
– Aytdim.
– Yo‘q, sen sherni tashlab ketding.
– O! – dedi Amanda, – Biz yashagan uyda to‘qmoqcha bor edi. Otam ketishidan oldin uni olib bizga bergandi.
– Uni menga bergandi, – dedi Jemmi.
– Uni hammamizga bergandi. U sherning boshi edi. Otamizning aytishicha, o‘zi ketgach, shu sher bizni asrar ekan.
Jemmi yana gapga qo‘shildi: – Otam uni menga bergandi. – Shunday deya u choyshab ostidan misdan yasalgan kichkina sherning boshini oldi. Mis halqa sherning og‘ziga osilgandi.
– Dengizchi haqida eshitishni xohlaysizlarmi? – deb so‘radi Amanda. – U bugun shu erda edi. U Virjiniyada bo‘lgan va otamizni ko‘rgan. Otamiz uy quribdi va bizning borishimizni istar ekan.
– Qachon?
– Kutishimizga to‘g‘ri keladi.
– Nima uchun?
– Onamiz sog‘ayib ketishlari uchun. Endi yotib uxla. Sen ham, Meg.
Amanda bolalarning uxlashini kutdi. So‘ng shamni oldi va onasining xonasiga qaytib bordi.
III. Doktor Krayder
Quduq ikki ko‘cha narida edi. Amanda suv chelakni oldi-da, yugurdi. Og‘ir yog‘och chelak suvga to‘lib yanada og‘irlashdi. Qiz har ikki-uch qadamda chelakni erga qo‘yardi. Shu payt:
– Amanda! – degan ovoz keldi. Qarshisida bir odam turardi. U qora kiyingan, soqoli oqargan, lablari atrofida esa mayda ajinlar bor edi.
– Xayrli kun, doktor Krayder! – dedi Amanda.
– Bolaginam, buni ko‘tara olmaysan-ku? – deya doktor Krayder chelakni olmoqchi bo‘lgan edi, Amanda paqirni ikkala qo‘llab mahkam ushlab oldi.
– Rahmat, janob, lekin ular suvni siz tashib berishingizni istashmaydi.
– Kim istamaydi?
– Oshpaz va Trippett xonim.
– Ularning bilishlari shart emas.
– Xonim darchadan qarab turadi. Hozir ham qarayotgan bo‘lishi mumkin. Keyin bu mening vazifam.
– Qanaqasiga?
– Men onamning o‘rnini olyapman, – Amanda shunday dedi-da, chelakni bir necha qadam ko‘tarib borib yana erga qo‘ydi. – Onamni ko‘rib qo‘yish uchun keldingizmi?
– Ha, ahvoli qanday? – dedi doktor.
– Ancha yaxshi. Bugun u tetikroq ko‘rindi.
– Amanda, otang hayotmi?
– Ha, u Amerikada.
– Amerikada? Buni bilmagan ekanman, – dedi doktor ajablanib. – U Virjiniyadagi koloniyaga ketganmi?
– Ha, janob, u Jeymstaunda.
– Amerika. Yangi dunyo – bu mening azaliy orzuim. Yosh yigit bo‘lganimda edi, bugun o‘sha erda bo‘lardim, – dedi doktor Krayder.
– Biz hammamiz: ukalarim, onam va men o‘sha yerga boramiz. Onam sog‘aygach, tez orada ketamiz, – dedi Amanda.
– Rostdan-a? – dedi doktor. Ular uy oldiga kelishdi va o‘sha erda ajralishdi. Doktor old eshikka, Amanda esa orqa eshik tomon yurdi.
Amandaning doktorni ko‘rganiga bir haftadan oshdi. Bir kuni tushdan keyin uyda doktorning ovozi eshitilgandek bo‘ldi.
Oshxonaga qorong‘ilik cho‘ka boshlagandi. Doktor Krayder xonaga kirganda Amanda sham yoqayotgandi. Doktor holdan toygandek ko‘rindi. Uning yuzidagi ajinlari chuqurlashgandek edi.
– Amanda, – dedi u.
– Labbay, janob!
– Men bilan yur!
Amanda u bilan bordi va ikkovi yolg‘iz qoldi.
– Amanda, onang vafot etdi, – dedi doktor.
Qiz qotib turardi.
– Kechir, men qo‘limdan kelganini qildim.
Amanda nafasi siqayotganini sezdi. Kaftini og‘ziga bosdi.
– Meni eshitdingmi, bolam?
U bosh irg‘adi.
– Ukang va singlingga o‘zim aytaymi?
Amanda gapirishga urindi. Doktor yana:
– Meni eshityapsanmi? – deb so‘radi.
– Ha, – pichirladi qiz.
– Ukang va singlingga aytaymi?
U shundan so‘nggina:
– Yo‘q, janob, ularga o‘zim aytishim kerak, – dedi.
IV. Vaqt va ish
Trippett xonim:
– Bu juda achinarli hodisa, vaqt va ish buni unutishingga yordam beradi. Vaqt va ish, Amanda, – dedi.
– Ha, xonim, – dedi Amanda.
U o‘z yumushlarini bajarardi. Bu kunlarning o‘tishiga ko‘mak berar, lekin qiz tunlari uyg‘oq yotardi.
O‘sha tunda Amanda Jemmi va Meg bilan birga edi. U shamni yoniq qoldirdi va:
– Kim hikoya tinglashni xohlaydi? – deb so‘radi.
– Boshqa narsa bilmayman deysan, – dedi Jemmi.
– Bilmas edim, ammo endi bilaman.
– Bu hikoya otam haqidami? – so‘radi Jemmi.
– Ikkita opa-singil va ularning ukasi haqida.
– Ular – sen, Meggi va men, – dedi Jemmi.
– Singillardan birining past-baland yo‘li haqida, – dedi Amanda.
– Bu sen, – dedi Jemmi.
– U yo‘lini yo‘qotib qo‘yibdi, – dedi Amanda.
– Nimani?
– U o‘z yo‘lini yo‘qotib qo‘yibdi, keyin qayta topibdi. Shuning uchun endi ortiq o‘nqir-cho‘nqir yo‘lda emas ekan.
– Bori shumi? – so‘radi Jemmi.
– Yo‘q. Uka va opa-singillar Angliyaning London shahrida yashashardi. Va bir kuni… bilasizlarmi ular nima qilishibdi?
– Nima qilishibdi?
– Ular jo‘nab ketishibdi. Ular Londonni, Angliyani tark etishibdi.
Jemmi o‘rnidan sapchib turib ketdi:
– Ular qaerga ketishibdi?
– Ular katta kemaga chiqib, Amerikaga suzib ketishibdi. U erda Jeymstaun shaharchasini ko‘rishibdi. Bir odam ular bilan ko‘rishgani kelibdi.
– Otam! – dedi Jemmi.
– Otam! – dedi Meg.
– Qachon ketamiz? – so‘radi Jemmi.
– Hozircha bilmayman, lekin ketamiz, albatta, ketamiz! – dedi Amanda. Tongda u oshpazdan:
– Tashqariga chiqib kelsam maylimi? – deb so‘radi.
– Yo‘q. Qaerga borasan? – dedi oshpaz.
– Bir ko‘cha nariga.
– Bir ko‘cha narida nima bor?
– U erda “Virjiniya” kompaniyasi joylashgan.
– “Virjiniya” kompaniyasi? Nima bo‘pti shunga?
– O‘sha kompaniya kemalarni Amerikaga jo‘natadi.
– Xo‘sh, shunday bo‘lsa senga nima?
– Jemmi, Meg va men – biz ketamiz, – dedi Amanda.
Oshpazning ensasi qotdi:
– Men ham oyga uchmoqchiman.
– Agar ruxsat bersangiz, bino Filton yo‘lkasida. Atigi bir qadam. Tezda qaytaman, – dedi Amanda.
– Yo‘q, bormaysan. Chunki sen ketmaysan, – dedi oshpaz.
Amanda kun bo‘yi ishladi. Supurdi, sidirdi, non qordi va piyoz archdi. Tush paytiga yaqin oshpaz uning naqd qulog‘i ostida baqirdi:
– Sen yana suv chelakni bo‘sh qoldiribsan.
Amanda chelakni oldi-da, yugurib ketdi. Orqa eshikdan tashqariga chiqqach, chelakni butalar orasiga qo‘ydi-da, qanot bog‘lab uchdi.
V. Filton yo‘lkasidagi bino
Amanda to‘g‘ri Filton yo‘lkasidagi ulkan g‘ishtli binoga yugurdi. Uning murojaatiga hech kim javob bermadi. Qiz eshikni ochib katta xonaga kirdi.
Ular nimalarnidir yozishayotgandi. U qiyofasi eng muloyim kishini tanladi.
– Agar mumkin bo‘lsa… Virjiniyaga suzadigan kemalar haqida aytib berolmaysizmi?
U kishi yozishda davom etdi. U qandaydir shakllar chizib, ularni birlashtirardi.
– Men bu erga bir marta onam bilan kelgandim. Virjiniyaga bormoqchi edik, chunki otam o‘sha erda. Bir kishi keyinroq kelishimizni aytgandi, – dedi Amanda.
Amanda uni eshitmadi deb o‘ylab, hamma aytganlarini yana qaytarishga taraddudlangan edi, haligi kishi yozishdan to‘xtadi.
– Otangizning ismi? – so‘radi u.
– Jeyms Fribold.
U kitobni ochib, sahifa bo‘ylab qo‘l yugurtirdi.
– Ha, u shu erda.
– Biz navbatdagi kemada ketishni istar edik, – dedi qizaloq.
– Kemalar keyingi oyda bo‘ladi. Sizlar necha kishisizlar? – so‘radi u.
– Uch kishi.
– Ismlaringiz?
– Jemmi, Meg va men – Amanda.
– Meg onangizmi?
– Yo‘q, janob, onam vafot etdi. Meg – mening singlim.
– Singlingiz necha yoshda?
– Beshda.
– Jemmining yoshi nechada?
– Sakkizda.
– Hammangiz bola ekansiz, sizlarga g‘amxo‘rlik qiladigan hamrohsiz Yangi dunyoga borolmaysizlar.
– Men o‘zim eplayman.
– Yo‘q, bo‘lmaydi. Sizlarga ko‘z-quloq bo‘ladigan odam topishimiz mumkin, biroq puli…
– Menda pul bor, – dedi Amanda.
– Qancha?
– Bilmayman, ammo…
– Bu yoqqa qara, qizaloq, bu er band joy, men ham band odamman. Shunday deya u ruchkasini siyohga botirdi va yozishda davom etdi.
– Iltimos, – deya gap boshladi Amanda, lekin u kishi Amandaga gapirmadi ham, qaytib qaramadi ham.
… Amanda Trippett xonimning eshigini taqillatdi.
– Kim u? – degan Trippett xonimning ovozi keldi.
– Mumkin bo‘lsa, xonim…
Trippett xonim eshikni ochdi. Uning ulama sochi olingandi. U jahli chiqqandek ko‘rinardi.
– Bu yerda nima qilyapsan?
– Men sizga… men “Virjiniya” kompaniyasi joylashgan binoga borganimni aytmoqchiman.
– Xo‘sh?
– Kelasi oy u erga Yangi dunyoga ketadigan kemalar kelar ekan.
– Xo‘sh?
– Jemmi, Meg va men ketmoqchimiz.
Trippett xonimning lablari titradi.
– Bu bema’ni fikrni miyangdan chiqarib tashla.
– O, yo‘q, xonim. Biz otamizning yoniga ketishimiz kerak.
– Otangga kerakmassizlar. U sizlarni unutganiga ancha bo‘lgan.
– Unday emas, xonim, – dedi Amanda.
– Kerak bo‘lganingizda, sizlarni aldab ketmasdi. Virjiniya dahshatli joy: yovvoyi hindularu, yovvoyi maxluqlarga to‘la. Yangi dunyo haqidagi hamma ertaklar ham, uning qanchalar ajoyibligi ham yolg‘on, bari safsata!
– Lekin biz ketishimiz kerak…
– Men sizlarni to‘ydirdim, egningizni butladim, sen notanish yurtga ochlik azobini tortish uchun borasanmi?
– Otam…
– Otang senlar uchun nima qildi? Avval shuni, keyin men sizlar uchun nimalar qilganimni o‘ylab ko‘r. Trippett xonim eshikni qarsillatib yopdi.
VI. Eshik ortida
O‘sha tunda Amanda va Elli omborda uchrashib qolishdi. Elli:
– U shu erda qolishingizni xohlaydi. Sen qattiq ishlaysan va kam ovqat yeysan. Jemmi va Meg ham shunday. Xonim ularni ham, seni ham tekinga ishlatish uchun olib qolmoqchi.
– Eh! Men pul haqida so‘rashni unutibman, – dedi Amanda.
– Pul?
– Otam jo‘nab ketayotganda uyimizni sotib, pulini onamga bergandi, onam uni hamyonda saqlardi. Pul Trippett xonimda. Onam zinadan yiqilib tushgach, oshpaz va men uni karavotga yotqizdik. Trippett xonim ichkariga kirdi va hamyonni oldi. U buni biz uchun saqlashini aytgandi.
… Amanda bir hafta kutdi. Keyin u yuqori qavatga chiqdi. Bu vaqtda Trippett xonimning to‘ng‘ich o‘g‘li Rendolf o‘sha erda edi. Baliqko‘z Rendolf Amandaga qaramadi. – Oyi, pastda ko‘rishamiz, – dedi-da, chiqib ketdi. Xonim kechki bazm uchun olcha rangli shoyi ko‘ylak kiygandi. U ko‘zguda o‘ziga qarab jilmaydi. – Uzr so‘rash uchun kelgansan-a. Yaxshi qiz bo‘lmoqchiligingni aytish uchun kelgansan. Mayli, ahmoqona gaplaringni unutaman, – dedi u Amandaga.
– Iltimos, xonim…
– Xo‘sh?
– Iltimos, xonim, menga pulimni qaytarsangiz, – dedi Amanda.
Trippett xonim unga o‘girildi.
– Nimani?
– Biz uchun saqlab qo‘yilgan pulni.
– Nimalar deyapsan? Pul?
– U kichkina hamyonda, onamning bo‘yniga osilgandi.
Trippett xonimning yuzi oqardi. – Doktorga kim pul to‘ladi? Senlarga shuncha narsani kim berdi? Kim boshpana berdi?
– Lekin men ishladim, xonim, onam ham uzoq vaqt ishlagan.
– Demak, men o‘g‘riman!
– Men hecham bunday demadim!
Ammo Trippett xonim uni eshitib ham o‘tirmay, qo‘liga ilingan kitobni uloqtirdi. U Amandaning boshiga sal tegib o‘tdi.
Rendolf yugurib chiqdi. Trippett xonim Amandani ko‘rsatdi. – Uni bu erdan yo‘qot, yo‘qot uni.
Rendolf Amandani mahkam ushladi-da, tashqariga uloqtirdi.
Rendolf zinadan tushib keldi. U oshpazga:
– Oyim hushidan ketdi. Bor, unga yordam ber, – dedi. Elliga esa:
– Sen doktorga yugur, – dedi. Keyin Amandaga o‘shqirdi:
– Hoy, mitti cho‘chqa, hammasiga sen aybdorsan. Bu uydan ket. Mana bu mishiqilaringni ham o‘zing bilan olaket. Yo‘qol. Qaytib bu erda turqingni ko‘rmay.
Amanda Jemmi va Megni yetakladi-da, orqa eshikdan tun bag‘riga qochdi.
VII. Tungi odam
Ular daryo yoqalab piyoda borishardi. Daryo bo‘yidagi tepalikda odamlar gulxanlar atrofida o‘tirishar edi.
Ular eski taxta kursiga o‘tirishdi. Umidsizlik qurshab olgandi. Bolalar pastda oqayotgan daryoning yoqimli shovullashini eshitib o‘tirishardi.
– Qaerga boramiz? – so‘radi Jemmi. Meg esa hech nima demadi. Trippett xonimning uyidan bosh olib ketishganidan beri u churq etmasdi.
Meg xotirjam, hatto juda sokin edi. Uning butun hayoti mana shunday chetga uloqtirilish bilan o‘tardi: “Bu erga o‘tir, Meg, qimirlamay o‘tir, Meg”. U hech qachon boshqa bolalarga o‘xshab o‘ynolmasdi.
Shu payt bir ayol qo‘lida shamchiroq tutib ular tomon sekin kela boshladi va Amandaning yonida to‘xtab, yuzini yoritdi. U juda qari edi. Ichiga botgan ko‘zlari yovvoyilardek sovuq termilardi.
– Menga sadaqa ber, – dedi u.
– Berishga hech vaqomiz yo‘q, – dedi Amanda.
Kampir shamchiroqni baland ko‘tarib Megga qaradi:
– Bu mening qizim.
– Unday emas, – dedi Amanda.
Kampir Megga yaqinroq keldi.
– Azizam, meni tanimayapsanmi?
– Keting! – dedi Amanda.
Kampir ularning yoniga o‘tirdi. U Megning sochlarini siladi.
– Kel, azizam, men seni o‘zim bilan uyga olib ketaman.
– Uni tinch qo‘ying! – Amanda Megni undan nari tortdi va Jemmining qo‘lidan ushladi. Ular turib ketishdi. Kampir ularning ortidan chaqirdi:
– To‘xtanglar, shoshmanglar!
Amanda tunda bunaqa odamlarni har qadamda uchratar, ular yo‘lkalarda, zinalarda o‘tirishar va soyadek ergashishar edi.
Bahor oqshomi unchalik sovuq emasdi. Ammo Amanda titrardi. Qaerda dam olishlari va biroz uxlashlari mumkin?
Ular Fish ko‘chasiga kelishdi. Trippett xonimning chiroqlari yoniq uyi ko‘rindi. Uy yonidagi yo‘lakda bir kishi turardi. Shamchiroq ko‘tarib olgan bu odam ular tomon kela boshladi.
– Amandamisan? – deya so‘radi o‘sha kishi. Shundan so‘nggina Amanda uni tanidi. U doktor Krayder edi.
VIII. Omadning bir bo‘lagi
– Sizlarni butun ko‘cha bo‘ylab qidirdim. Men bilan ketsangiz yaxshi bo‘lar edi, – dedi doktor. Ular birga ketishdi.
Shamchiroq ularning yo‘llarini lipillab yoritib borardi.
– Bir narsa so‘rasam maylimi? – gap boshladi Amanda.
– Nima ekan?
– Bugun kechqurun Trippett xonimni ko‘rdingizmi?
– Ha, bir qiz meni olib ketgani kelgandi. U Trippett xonim hushidan ketganini aytdi.
– Xonim o‘ldimi?
– O‘ldi? Albatta, yo‘q. Asablari charchagan, xolos.
Ular Fish ko‘chasidan burilishdi va yog‘och uylar qatori bo‘ylab piyoda yurishdi. Doktor Krayder uylarning birida to‘xtadi.
– Qaerga keldik? – deb so‘radi Jemmi.
– Sizlarni uyimga olib keldim, – dedi doktor Krayder. Ular ichkariga kirishdi.
IX. Ajoyib dunyo
Amanda uyg‘onganda tong otgandi. Doktor Krayder eshik oldida turar, u ketish uchun kiyinib olgandi.
– Tez qaytaman, nonushta tayyorlashni bilasan. Oshxonadan nima topsangiz eyishingiz mumkin. Men allaqachon nonushta qilib bo‘ldim, – dedi doktor va chiqib ketdi.
Jemmi va Meg kirib kelishdi. Ularning sochlari to‘zg‘igan, ko‘zlari uyquli edi. Ular stol yoniga kelishdi. Jemmi o‘tirganda bir narsa to‘qilladi. U cho‘ntagiga qo‘lini suqib kichkina mis to‘qmoqchani oldi.
– Jemmi! Uni olib yuribsanmi? – dedi Amanda.
– Cho‘ntagimda asrayapman. Xursand emasmisan? Endi Trippett xonim va baqaloq Rendolf uni olib qo‘yisholmaydi, – dedi Jemmi.
– Uni cho‘ntagingdan olib qo‘y! – dedi Amanda.
– Unda qanday asrayman?
– Bilmayman. Bir yo‘lini toparmiz. Hoziroq uni stol ustiga qo‘y.
Jemmi “sherning boshi”ni krujkasining yoniga qo‘ydi. Amanda otasining nima deganini esladi:
– Sher sizlarni asraydi.
Nonushtadan so‘ng Amanda ishga kirishib ketdi.
– Doktor Krayder hayratda qoladi, – derdi u. Nihoyat doktor uyga qaytib oshxonaga ko‘z tashladi.
– Ha, janob?
– Men qarimanmi? – so‘radi doktor.
– Ha, janob, – javob berdi Amanda.
– Men-a?
– Juda ham qari emassizu, lekin…
– Senga qanday ko‘rinayotganimni bilaman, ammo ko‘rayotganingga ishonma. Bugun men yana yoshardim. Men yoshman, Amanda! Hozirgina janob Tomas Smitni uchratdim. Biz Yangi dunyoga suzadigan kemalar haqida gaplashdik. Kelasi oy to‘qqiztasi jo‘nab ketar ekan. To‘qqizta kema iyunda jo‘narkan va sen ularning birida bo‘lasan.
– Men-a? Rostdan-a?
– Ha. Jemmi va Meg ham.
– Trippett xonimnikiga borib, pulni oldingizmi? – deb so‘radi Amanda.
– Yo‘q. Bechora Trippett xonim, – dedi doktor. – Uning ulkan uyini unut. Trippettxonimga hamyondagi pullarni asrab yuraverishiga ruxsat ber. Tashqarida ajoyib olam bor va u buni hech qachon bilmaydi. Lekin biz bilamiz, Amanda! Jeymstaunda ularga doktor kerak bo‘ladi, yoshim ahamiyatsiz. Biz hammamiz Yangi dunyoga ketamiz!
X. Dengiz sarguzashti
Ular Plimut shahriga kechqurun etib kelishdi. U er katta-kichik kemalarga to‘lgandi.
– Ulardan biri bizniki, – dedi doktor Krayder. Ular shu kecha mehmonxonada qolishdi. Amanda ertalab uyg‘onganida, doktor Krayder allaqachon chiqib ketgandi. U qaytganida bolalar deraza yonida turishardi.
– Yangilik, ajoyib yangilik. Kemamizning nomi – “Dengiz sarguzashti”. Biz admiral bilan birga suzamiz, – dedi doktor.
Ular Krayderga indamay qarab turishardi.
– Sizlar buning ma’nosini bilmaysizlar, shundaymi? – deb so‘radi Krayder.
– Yo‘q, janob, – dedi Amanda.
– Sizlarga buning nima ma’no anglatishini aytaman. Virjiniyaga suzadigan to‘qqizta kema bo‘lib, har birining o‘z kapitani bor. Kapitan kimligini bilasizlarmi?
– Kapitan – sardor, – dedi Jemmi.
– Albatta. U kemasining sardori. Admiral esa barcha kapitanlarning sardori.
– Qirolga o‘xshabmi? – so‘radi Jemmi.
– Ha, shunaqaroq. To‘qqizta kemaning admirali janob Jorj Zommers “Dengiz sarguzashti”da suzadi va biz ham u bilan suzamiz, – doktor Krayder shunday deya derazadan tashqarini ko‘rsatdi. – Ko‘k chiziqli kemani ko‘ryapsizlarmi? O‘sha “Dengiz sarguzashti” bo‘ladi.
– U eng katta kemalardan biri ekan, – dedi Jemmi.
Bir kecha-kunduzdan keyin kemalar safarga tayyor bo‘ldi. Ularga ovqat va suv yuklandi. Amerikaga ketuvchilarning hammasi bortga chiqishdi. Boshqa kemalar “Dengiz sarguzashti”ning ortidan qator bo‘lib asta chayqalib borishardi. Doktor Krayder asosiy palubada turardi. Amanda, Meg va Jemmi uning yonida edilar. Bortdagi yo‘lovchilar qirg‘oqdagilarga qo‘l silkib ko‘zyosh to‘kishardi.
– Nima uchun yig‘lashyapti? – so‘radi Jemmi.
– Ba’zan xayr deyish qayg‘uli, – dedi Amanda.
– Men ketayotganimizdan xursandman, sen xursand emasmisan? – dedi Jemmi.
Amanda osmonni yashirgan tumanli bulutlarga qaradi. Jemmi Amandaning engidan tortdi:
– Xursand emasmisan, Amanda?
– Ha, xursandman.
XI. Dengizdagi ilk kunlar
Doktor dengizni yaxshi ko‘rardi. Deyarli har kuni tungi soat bir-ikkilargacha tashqarida yurardi. Ko‘pincha kema yukxonasiga tushganida sochlari va kiyimlari ho‘l bo‘lib ketardi.
– Panjara oldida turishni va to‘lqinlar yuzimga urilishini yaxshi ko‘raman, – derdi doktor. U kemani sevardi. Ovqat uchun qattiq pechene, karam, tuzlangan go‘sht yoki mayda baliq yesa ham baxtiyor edi.
– Yosh yigit bo‘lganimda edi, dengizchi bo‘lib uzoqlarga ketardim. Qani endi!
U bemorlarga qarar, goho kunu tun band bo‘lardi.
– Charchamadingizmi? – deb so‘radi Amanda.
– Aslo, – javob berdi u.
Ular sokin suvda bir hafta suzishdi. Kun ham iliq edi. Bir safar doktor ularga “Dengiz sarguzashti” palubasida turgan uch kishini ko‘rsatdi. Ular kapitan, hukumat rahbari va admiral ekan.
– Qizil yuzlisi – Kristofer Nyuport, kapitan. Ozg‘in kishi – Tomas Geyts. U biz ketayotgan Virjiniya hukumati rahbari bo‘ladi. Qizil soqolli kishi esa admiral – janob Jorj Zommers, – deb tanishtirdi doktor Krayder.
O‘sha kuni kechki payt janob Jorj Zommers kelganida Amanda Jemmi va Meg bilan panjara oldida edi.
– Xayrli kun, admiral, – dedi Jemmi.
Admiral ajablanib qaradi. Keyin tabassum qildi.
– Xayrli kun, yosh dengizchi, – dedi u va o‘zining kabinasiga kirib ketdi.
– Jemmi! Unga gapirishga qanday jur’at etding?! – dedi Amanda.
– U norozi bo‘lmadi, – dedi Jemmi.
– Lekin u admiral.
Amanda Jemmidan biroz faxrlanib qo‘ydi. Jemmi ulg‘aysa, jur’atli va mard yigit bo‘ladi. Jur’atli kishilarga esa ajoyib sarguzashtlar kerak.
XII. Doktorning yo‘qolishi
O‘tgan bir necha kunda Amanda kema bortidagilarni deyarli tanib oldi. U erda Jon Rolf ismli baquvvat yigit ham bo‘lib, uning kasalmandroq chiroyli rafiqasi ham bor edi.
Tez-tez janjallashadigan yana ikki yigit ham bo‘lib, ular doim birga edilar. Cho‘zinchoq yuzli, qalin, qora qoshli bu yigitlar bir-biriga o‘xshab ham ketardi. Ularning ismlari Robert Uoters va Kris Karter edi.
Bortga Xopkinslar oilasi – janob Stefen Xopkins, uning rafiqasi va ikki farzandi ham chiqishgandi. Qizlari Enni o‘n, o‘g‘illari Devid yetti yoshda edi.
– Kemaga chiqishdan avval qaerda yashagansizlar? – deb so‘radi Enni.
– Londonda, katta uyda yashaganman, – dedi unga Amanda.
– Xizmatkor bo‘lgandirsan?
– Ha, lekin Yangi dunyoda xizmatkor bo‘lmayman.
Shu payt doktor Krayder kelib qoldi.
– Iye, bu kishi sening otangmi? – so‘radi Enni.
– Yo‘q, – dedi Amanda.
– Bobongmi?
– U bizning do‘stimiz.
Enni doktor Krayderning ketishini tomosha qilib turdi.
– U g‘alatiroq ekan-a?
– Yo‘q, unday emas, – dedi Amanda.
– Xo‘sh, unda nega to‘lqin kelganda panjara oldida turib oladi? Nega ho‘l bo‘lguncha turaveradi?
– U dengizga yaqin bo‘lishni yoqtiradi.
Enni burnini jiyirdi:
– Butun atrofimiz dengiz. Shu yaqinlik etarli emasmi?
Bo‘ronli tundan keyingi tongda Amanda, Jemmi va Meg kema yukxonasida nonushta qilib o‘tirishardi. Bir mahal Jon Rolf ularning yoniga yugurib keldi.
– Doktor qayoqda? – so‘radi u, – rafiqam betob.
– Men uni topib kelaman, janob, – Amanda shunday deb yuqoriga yugurib ketdi. Shamol hamon tinmagan, palubada uch-to‘rt kishi turardi. Krayderni hech kim ko‘rmabdi. Amanda pastga tushgach, boshqalar ham qidira boshlashdi. Ular:
– Doktorni oxirgi marta qachon ko‘rgansiz? – deya hammadan so‘rashardi. Kimlardir:
– Biz palubada edik, unga “doktor, bu er xavfli, to‘lqinlar yopirilyapti. Bunday turmang” degandik, lekin u ketmadi, – deyishdi.
– U balki… Amanda, balki u suvga tushib ketgandir, – dedi bir dengizchi.
Doktor Krayderni topishga bo‘lgan barcha urinishlar zoye ketdi. U kemada yo‘q edi.Uning halok bo‘lganiga Amandaning ishongisi kelmasdi. Bu tushga o‘xshaydi, bir kuni uyg‘onganimda u qaytib keladi, deb o‘ylardi Amanda. Taqdirga tan berishdan boshqa iloj yo‘q edi.
XIII. Oltinmi yoki mis?
Bir kuni kechqurun ular yukxonada o‘tirishardi. Amanda Megga tikishni o‘rgatayotgan, Jemmi to‘qmoqchani – “sher boshi”ni mato parchasi bilan artayotgandi.
– Odamlar unga barmoq izlarini qo‘yib tashlashibdi, – dedi u.
– Qanaqa odamlar?– so‘radi Amanda.
– Janob Uoters va janob Karter, – javob berdi Jemmi. – Janob Xopkins ham.
Shu payt Jon Rolf yukxonaga kirdi. Amanda undan so‘radi:
– Rolf xonim tuzukmi?
– Rahmat. Amanda, senga bir gap aytishim kerak, – Rolf shunday deb qizning yoniga cho‘kkaladi va past ovozda gapira boshladi:
– Ukangning qo‘lidagi anavi “sherning boshi” nima o‘zi?
– To‘qmoqcha.
– Qaerdan olgansizlar?
– Otamizdan.
– Demak, u doktor Krayderniki emas-a?
– Yo‘q, janob.
– U nimadan yasalgan?
– Otamning aytishi bo‘yicha misdan.
– Buning sirti mis, tagi esa oltin deyishyapti. Doktor Krayder o‘z oltinlarini eritib, quydirganmish.
– Nega?
– Yangi dunyoda yashirib yurish uchun.
– Bema’nilik, – dedi Amanda.
– Sekinroq gapir. Birov eshitib qolishi mumkin, – dedi Rolf.
– Bu bor-yo‘g‘i mis to‘qmoqcha, – yana takrorladi Amanda, – Londondagi uyimizda foydalanardik. Nega oltin deb o‘ylashyapti?
– Kimdir aytgandir-da.
– Kim?
Jon Rolf Jemmiga qaradi.
– Agar uning oltinligiga ishonishgan bo‘lsa, g‘alva chiqadi. Uni olib qo‘yishga urinishlari mumkin.
Rolf ketgach Amanda Jemmiga pichirlab dedi:
– To‘qmoqchani berkitib qo‘y.
– Nimani?
– To‘qmoqchani, olib qo‘y uni.
– Nimaga?
– Aytganimdek qil.
– Yaxshi, – deb Jemmi to‘qmoqchani cho‘ntagiga soldi.
Tongda Amanda uni jomadonlardan biriga yashirib qo‘ydi.
– Uni oltindan deb Enni va Devidga sen aytganmiding? – deb so‘radi ukasidan. Jemmi erga qaradi.
– Shunday qilganmiding?
– Ha.
– Nega?
– Ular koptoklarini maqtashdi. Keyin mening “sher boshim” yaxshiroq, chunki u oltindan, dedim.
– Endi hamma uni oltindan deyapti. Ko‘rmayapsanmi? Uni olib qo‘yishlari mumkin.
Bir payt Robert Uoters ularning yoniga keldi.
– To‘qmoqchani ko‘rsam maylimi?
– Uni olib qo‘ydim, – dedi Amanda.
– Uni asrash uchun kimgadir bersang yaxshiroq bo‘lardi. Xohlasang, o‘zim saqlayman.
– U faqat misdan yasalgan, – dedi Amanda.
XIV. Bo‘ron
To‘qmoqcha atrofidagi gap-so‘zlar bir necha kun davom etdi. “Sherning boshi” oltindanmidi yoki faqat mismidi? U doktor Krayderniki bo‘lganmi? Bu matoh aslida qaerdan kelgan?
Bora-bora bu gaplar unutildi. Undan ham dolzarb mavzu topilgandi. Bu bo‘ron. Hamma o‘zini behalovat sezardi. So‘ng shamol avjiga chiqdi. Issiq dovul yuzlarni kuydirar, kiyimlarni yirtib tashlagudek bo‘lardi.
Uzun ko‘k chaqmoq chaqdi va momaqaldiroq kemani silkitib gumburladi. Ular yukxonaga yugurishdi. Jemmi oldinda borardi. Amanda Megga narvondan tushishda ko‘maklashdi.
Tundek zimiston yukxonada kimdir shamlarni yoqdi. Kema u yoqdan, bu yoqqa chayqalar, odamlar dam oldinga, dam ortga otilishardi. Jomadonlar, yashiklar ular bilan birga borib kelardi. Ikki kungacha kema bo‘ronda u yoqdan, bu yoqqa chayqaldi, silkindi. Amanda, Jemmi va Meg bir-birlarini quchoqlab olishgandi.
Ular janob Xopkinsning:
– Kema cho‘kyapti, kema cho‘kyapti, – degan ovozini eshitishdi.
– Biz cho‘kyapmizmi? – so‘radi Jemmi.
– Yo‘q, – dedi Amanda.
– Qaerdan bilasan?
– Gapimga quloq sol. Men… men sizlarga hikoya aytib beraman, – dedi Amanda.
– Biz baribir eshitolmaymiz.
– Men balandroq ovozda gapirishga urinib ko‘raman, – Amanda o‘kirayotgan shamol va yomg‘ir ostida baqirardi. – Ikkita opa-singil va ularning ukasi bor ekan. Ular kemadaligida bo‘ron turibdi. Hikoyamni eshityapsizlarmi?
– Ha, – dedi Jemmi.
– Dahshatli bo‘ron quturgandan quturardi. Shundan keyin…
– Nima bo‘libdi? – so‘radi Jemmi.
– Oxiri bo‘ron tinibdi. U erda orol bor ekan.
– Qaerda?
– Dengizning o‘rtasida. Ular kemadan quruqlikka tushishibdi.
Shundan so‘ng Jemmi va Megning vahimasi tarqab, ikkovi ham jimib qolishdi.
Bir kecha-kunduzda bo‘ron tindi, kema esa suv yuzasida qoldi. Biroq kema tubida teshiklar paydo bo‘lgandi. Yamoqlar yukxonani suvdan asray olmasdi. Odamlar narvondan yuqoriga tirmashib, palubaga chiqishdi. Amanda ham Jemmi va Megni opichlab palubaga ko‘tarildi.
– Er! – degan hayqiriq eshitildi va kemada qiy-chuv ko‘tarildi.
– Qoyalar! Suvosti qoyalari!
Bo‘ron oqibatida yuzlab joyidan darz ketgan “Dengiz sarguzashti” tinmay chayqalib g‘ichirlardi.
XV. Qirg‘oqda
Odamlar paluba bo‘ylab yugurishar, dengizchilar kichik qayiqlarni tayyorlashardi. Admiral Zommers: “Qayiqlarga avval ayollar va bolalar chiqishsin!” deb ovoz kuchaytirgichdan baqirardi.
Amanda, Jemmi va Meg boshqalarga tiqilishar, erkaklar janjallashishardi. Qayiq yon tomonga qiyshaydi, so‘ngra to‘lqin uni baland ko‘tarib chetga surdi. Amanda Jemmi va Megning o‘rtasida edi. Ular tizzalab qayiqning quyrug‘ida o‘tirishardi.
– Men quruqlikni ko‘ryapman, – deb baqirdi Jemmi. Amanda ham quruqlikni payqadi. U yomg‘ir ostida uzun soyaga o‘xshardi.
– Quruqlik! – Amanda og‘zini Megning qulog‘iga tutib baqirdi.
Meg javob bermadi. U yuzini Amandaning qo‘llari ostiga yashirdi.
Ular sayozlikka etib kelishdi. Amanda odamlarning ovozlarini eshita boshlagach, bir ayol so‘radi:
– Bu Virjiniyami?
– Bu yer orol. Admiralning aytishicha, Bermud oroli, – deb javob berdi bir dengizchi.
Boshqa bir ayol dod soldi:
– Bermud iblislar makoni-ku!
Yana bir ayol unga jo‘r bo‘ldi:
– Iblislar bo‘ronni boshlab, kemani vayron qilgan. Ular bizni bu erda aslo tirik qoldirishmaydi!
Amanda qirg‘oqqa qaradi. Endi u suvga tutash joyda yam-yashil daraxtzor bilan o‘ralgan quruqlikning oq kamarini ko‘rardi. Qayiq qumga botib to‘xtadi. Erkaklar ayollar va bolalarning tushishiga yordam berishdi. Amanda, Jemmi va Meg sohilga tusha boshlashdi. Ularning sohil bo‘ylab yurishlari juda mushkul edi, kemadagidek chayqalib yurishga odatlanib qolishgandi. Meg Amandaning ko‘ylagidan ushlab olgandi.
– Bu sening orolingmi? – deb so‘radi Meg.
– Mening orolim? – hayron bo‘ldi Amanda.
– Sen yaqinda u haqda aytganding.
– U hikoya edi, xolos. Bu erda quruqlik borligini bilmagandim.
XVI. Orol
Hammani kichik qayiqlarda qirg‘oqqa keltirishdi. Odamlar qumda dam olishga taraddudlanishdi. Admiral Zommers odamlar bilan suhbatlashar, ularning qo‘llarini siqib qo‘yardi:
– Biz bo‘ronga yo‘liqdik, kemamiz halokatga uchradi, lekin hammamiz omon qoldik, – derdi u.
– Boshqa kemalarga nima bo‘ldi? – so‘radi janob Xopkins.
– Ulardagi yo‘lovchilarning ham joni omon bo‘lsin, deb duo qilaman, – dedi admiral.
Bolalar qumtepaga yotib, tezda uxlab qolishdi. Uyg‘onishganda tonggi quyosh ko‘zlariga tushib turardi. Amanda o‘rnidan turdi. U hali ham charchoqni his qilar, beli og‘rirdi. Kattalar allaqachon uyg‘onishgan, ularning ovozi uzoqdan ham eshitilardi. Ular kiyimlarini o‘zgartirishi kerak edi. Egnidagi ust-boshlari sho‘rdan qotib qolgandi.
Bir kishi kelib:
– Baliq tozalay olasanmi? – deb so‘radi.
– Ha, – dedi Amanda. U o‘rnidan turmoqchi bo‘lib qoqilib ketdi. Haligi kishi uni turg‘izib qo‘ydi. Qiz yurishni endi o‘rganayotgandek edi.
Qirg‘oqda baliqlar yoyilib yotardi. Haligi odam chelaklarni baliqqa to‘ldirib kelib, Amandaga pichoq berdi. Amanda ularni uzunasiga yorib tozalay boshladi. Qo‘lida chelak bilan Robert Uoters ham keldi. Paqir xuddi tovuqnikidek yirik tuxumga to‘lgandi.
– Bu sizlar qirg‘oqda ko‘rgan oqqushlarning tuxumi, bu erda qirollardek yashasa bo‘larkan, – dedi bir qari dengizchi.
– Daraxtzorda yovvoyi cho‘chqalar bor ekan, – dedi Uoters. – Ular mendan qo‘rqishmadi. Avval odam ko‘rmaganga o‘xshashadi.
– Iblislarni ko‘rmadingizmi? – so‘radi qari dengizchi.
Uoters bosh chayqadi.
– O‘ylashimcha, bu yerda iblislar yo‘q va hech qachon bo‘lmagan ham. Ispaniyalik dengizchilar uzoq yillar avval bu orolni topishgan. Ular Bermudni o‘zlariniki qilib olish va begonalarni yaqin yo‘latmaslik uchun shu lofni to‘qishgan.
Uoters Amandadan pichoqni oldi:
– O‘zim tozalayman. Sen bor, ovqatlanib ol!
XVII. Tungi yong‘in
Yozning issiq bir tunida Amanda, Jemmi va Meg eshik tagida o‘tirishardi. Amanda Jemmi uchun ko‘ylak tikar, Meg palma yaproqlaridan bosh kiyim yasar, Jemmi esa “sherning boshi”ni mato bilan artardi. Shu payt Robert Uoters va Kris Karter kelishdi. Yalangoyoq, uzun qora soqolli bu odamlar yovvoyilarga o‘xshardi. Uoters Jemmiga yuzlandi:
– Palma mevasini yaxshi ko‘rasanmi? Yangi kovlangan quduqning qayerdaligini bilasanmi? Mevalarni quduqdan biroz narida ko‘rdim.
Uoters ketgandan so‘ng bolalar quduq tomon yugurishdi. Ular o‘sha yoqda o‘ynab xumordan chiqqach sekin uyga qaytishdi. Quyosh botib borardi. Jemmi jomadon ichiga mo‘raladi.
– Ie, to‘qmoqcha qani?
– Uni qaerga qo‘yganding? – so‘radi Amanda.
– Jomadonning ichida turuvdi.
– Ishonching komilmi?
– Ha, aniq esimda, – dedi Jemmi. U kulbaning ortidagi o‘tloqqa qaradi. Yo‘lak bo‘ylab Enni Xopkins kelardi.
– Nimani qidiryapsan? – deb so‘radi Enni.
– “Sherning boshi”ni, – dedi Jemmi.
– Balki kimdir olgandir?
– Sen olmadingmi? – Jemmi uni so‘roqqa tutdi.
Enni labini burishtirdi.
– Sen meni o‘g‘ri yoki yolg‘onchi deb o‘ylayapsanmi? Men Xudodan qo‘rqaman.
Sentyabr o‘tib, oktyabrning ham yarmi ortda qoldi. Har tun orolning shimoliy qismida gulxan yonar, Virjiniyadan kelishi kutilayotgan kemaga yo‘l ko‘rsatardi. Ammo noyabrda ham kemadan darak bo‘lmadi.
XVIII. Mojaro
Oroldagi qish Amanda ko‘rgan qishlarga sira o‘xshamasdi. Kunlar oftobli, dengizdan iliq shamol esib turardi. Orolning shimolida kishilar kema qurishayotgandi. Ammo bu yerdan ketishni istamagan Robert Uoters kabilar ishdan bosh tortdi. Oqibatda qattiq janjal ko‘tarildi va Uoters bir sherigi bilan daraxtzorga ketib qoldi.
Amanda, Jemmi va Meg uylari yaqinida Enni va Xopkins xonim bilan uchrashib qolishdi. Ular eshik yoniga kelganlarida Enni:
– Oyi, Uoterslar endi qaytishmaydimi? – deb so‘radi.
– Nima edi? – hayron bo‘ldi Xopkins xonim.
– Endi aytsam bo‘ladi. “Sherning boshi”ni ular o‘g‘irlagan.
– Buni qayerdan bilasan? – so‘radi Amanda.
– Sizlar meva tergani ketganingizda Uoters uyingizga kirayotganini ko‘rdim, – dedi Enni.
– Janob Uotersning bizga munosabati yaxshi, – unga e’tiroz bildirdi Amanda. – U bizga uy qurishga yordamlashgan, to‘qmoqchani olganiga ishonmayman.
Amanda, Jemmi va Meg o‘yga botib uyda qolishdi.
XIX. Jemmini kutish
Kris Karter va Robert Uoters shu bo‘yi ortga qaytishmadi. Shimoliy hududda ish jadal davom etdi va ko‘p o‘tmay ikkala kema ham qurib bitkazildi. Erkaklar kemalarga toza suv, qaynatilgan tuxum, dudlangan baliq va cho‘chqa go‘shti yuklashdi. Qishloqda hamma bir gapni aytardi:
– May oyining o‘ninchi kunida suzishga tayyor bo‘ling!
O‘ninchi maydan ikki kun avval Amanda va Meg Jemmini qidirish uchun saharlab uyg‘onishdi. Jemmi ba’zan quyosh chiqishini tomosha qilgani sohilga ketar, gohida odamlar uni baliq tutishga birga olib ketardi. Lekin bu safar Jemmi juda uzoq qolib ketdi. Nihoyat Amanda orolda rahbarlik qilayotgan Tomas Geytsning oldiga bordi.
– Ukam yo‘qolib qoldi, – dedi u.
– Singlim, ukangiz orolda daydishni yaxshi ko‘rardi, o‘zi qaytib keladi.
Lekin Jemmi o‘sha kecha ham uyga kelmadi. Ertasi kuni tongda Amanda va Meg uni qidirgani otlanishdi. Oroldagi odamlar quti va jomadonlarini kemalarga tashishar, yuklashardi, faqat bir necha kishi ishini tashlab Jemmini qidirdi. Ular ham kech kirganda qidirishni to‘xtatishdi va Amanda bilan Meg uylariga yolg‘iz qaytishdi. Meg so‘radi:
– Kemalar ertaga jo‘nab ketadimi?
– Shunday.
– Hatto Jemmi topilmasayam-a?
– U topiladi, – dedi Amanda. – Yotib uxla.
– Amanda, tovushni eshitayapsanmi?
– Shamolda daraxt shunaqa tovush chiqaradi, – deya o‘rnidan turdi Amanda. – Hozir sham yoqaman.
U uyga kirdi va paypaslab shamni topdi. Tashqariga chiqib shamni baland ko‘targan edi, allaqanday qadam tovushlari eshitildi. Sham Amandaning qo‘lida titrardi, yerga tushib ketishiga bir baxya qoldi.
– Jemmi?!
Bu Jemmining qadam tovushi edi. Atrof qorong‘i bo‘lsa-da, Amanda uni ko‘ra oldi.
– Amanda, men uni topdim! – dedi Jemmi.
– Nimani? – deb so‘radi Amanda.
– Taq-taqni.
XX. Orolning narigi tomoni
Mayning o‘ninchi kuni ikkala kema ham suzib ketdi. Kattaroq kemaning palubasidan Amanda, Jemmi va Meg orolga qarab qolishdi.
– Orol juda kichkina ko‘rinyapti, – dedi Meg.
– Bu erdan kichkina ko‘rinadi-da, – dedi Jemmi. – Aslida orol katta. U erda yo‘qolib qolishing ham mumkin.
– Yo‘qolganing haqida gapirib ber! – dedi Meg.
– Janob Uotersdan “sherning boshi”ni qaytarib olmoqchi edim, – tushuntirdi Jemmi. – Ammo yo‘lni yo‘qotdim. Tun cho‘kkan payt o‘rmonda uxlab qolibman. Ertalab janobni rosa chaqirdim. Shunda ular meni topib olishdi va chodirlariga olib ketishdi. Men “sherning boshi”ni izlab kelganimni aytuvdim, janob Uoters uni atay yashirib qo‘yganini, Angliyaga qaytgach to‘qmoqchani sotishimiz mumkinligini aytdi. To‘qmoqcha oltindan yasalmaganini tushuntirsam ham ishonmadi. Shunda janob Karter unga buyumni darhol qaytarib berishni buyurdi. Janob Uoters ko‘nmadi va ular yoqalashib ketishdi. Ikkovi mushtlashayotganda men chodirga kirdim-da, to‘qmoqchani topib uyga chopdim. Uyimiz oldida shamning yorug‘ini ko‘rmaguncha qaerdaligimni bilmasdim.
– Qaerga ketayotganingni nega menga aytmading? – deb so‘radi Amanda.
– Bu ishning uzoq cho‘zilishini bilmagandim-da, – dedi Jemmi.
– Hammamizni tashvishga qo‘yding, Jemmi.
Amanda undan biroz xafa bo‘lsa-da, ichida ukasining qilgan ishidan g‘ururlanardi.
Safar oldidan ikkala kema ham odamga to‘ldi. Mo‘ljaldagidan ko‘proq yo‘lovchi chiqdi. Lekin dengiz sokin va iliq edi, safar oson kechdi. Ikki haftacha suzishgach ular quruqlikka yaqinlashishdi. Kemalar dengiz ko‘rfaziga kirib bordi.
Kapitan Nyuport bu yerlarda avval ham suzgandi.
– Bu Chesapik ko‘rfazi, – dedi u.
Amanda qirg‘oqdagi ustida bayroq hilpirayotgan binoni payqadi.
– Bu Jeymstaunmi? –deb so‘radi qiz.
– Yo‘q, – dedi kapitan. – Bu Point qal’asi.
Ular qal’aga yaqin kelishganda dengizchilar oppoq sochli bir inglizni arqonda bortga tortib olishdi.
– Jeymstaunga nima bo‘ldi? – so‘radi undan kapitan Nyuport.
Ingliz boshini silkitdi.
– Eh, bu qayg‘uli voqea.
Ularning gapini eshitib turgan Amanda yaqinroq keldi.
– Ingliz va hindular o‘rtasida urush bo‘ldi, – dedi haligi kishi. – Biznikilarning kasallik va ochlikdan sillasi qurigan. Qish juda og‘ir o‘tdi. Jeymstaunda besh yuztamiz yashardik, shulardan faqat bir necha kishigina omon qoldik. Ba’zilar o‘rmonga ketishgan, ba’zilar o‘lgan. Men najot tilab duo qildim.
– Qani, olg‘a, – dedi admiral Zommers. – Zudlik bilan Jeymstaunga boramiz.
XXI. Sherning boshi
Kemalar o‘rmon o‘rtasidagi Jeyms daryosidan suzib o‘tdi. Amanda, Jemmi va Meg palubada edilar, ular qirg‘oqdagi hindularni, daraxtzorlar oralab yurgan bug‘ularni kuzatardi.
Nihoyat ular Jeymstaunga yetib kelishdi. Shaharchaning ichki devorlari yog‘ochdan qurilgan bo‘lib, bir necha kulrang tomlar devor ortidan ko‘rinib turardi. Kapitan Nyuport ovoz kuchaytirgichda: “Kim bor?” deya chaqirdi. Aks-sadogina qaytib keldi. Ko‘p o‘tmay shaharchadagi odamlar xavf yo‘qligini bildirish uchun kapitanga ishoralar qilishdi.
– Daryo chuqur, – dedi kapitan, – kemani qirg‘oqqacha taqab borishimiz kerak.
Kemalar deyarli devor tagigacha suzib kelishdi. Admiral Zommers va kapitan Nyuport uzun taxtada kemadan qirg‘oqqa o‘tishdi. Kemalardagi boshqa yo‘lovchidar ham ularning ortidan o‘ta boshlashdi. Amanda, Jemmi va Meg boshqalar qatori darvozadan ichkariga kirishdi. Bu erda yog‘och uylar, ibodatxona va omborxona bor edi. Omborxonaning tomi qo‘porilgan, cherkov eshigi sindirilgandi. Shaharcha o‘rtasidagi ochiq maydonda aftodahol kishilar g‘imillashardi. Ular admiral va kapitan atrofiga to‘planishdi. Najotkorlar hamma uylarni ko‘zdan kechirishar ekan, bir kulbada chalqancha yotgan holsiz erkakni uchratishdi. Uning kiyimlari juldur, ochlik zo‘ridan eti suyagiga yopishgan edi. Faqat ko‘zlarida hayot uchqunlari ko‘rinardi, xolos. U mutlaqo o‘zgarib ketgan, tanib bo‘lmas ahvolga tushgandi. Ammo qizi uni tanidi:
– Ota! – qichqirib yubordi qiz.
Ota qizi tomonga yuzini burdi, ko‘zlari chaqnadi va g‘o‘ldirab zo‘rg‘a so‘zladi:
– Bular kim bo‘ldi ekan?
– Ota, bu men – Amandaman.
Uning ko‘zlari aniqroq ko‘ra boshladi-yu, ammo bolalarini baribir taniy olmadi. Qiz titrab ketdi:
– Menga qarang! Meni eslayapsizmi?
Jemmi va Meg ichkariga mo‘ralashdi, so‘ng sekin ichkariga kirishdi.
– Bu kishi dadammi? – g‘o‘ldiradi Meg.
– Bu dadammi, Amanda? – so‘radi Jemmi.
Qiz savolini qayta-qayta takrorladi:
– Biz Amanda, Meg va Jemmimiz, taniyapsizmi?
Jemmi cho‘ntagidan “sherning boshi”ni chiqarib, otasining oldiga qo‘ydi. Otasi unga tikilib qaradi va birdan tilga kirdi:
– Amanda… Jemmi… Meg… bolalarim.
Amanda ukalariga buyurdi:
– Admiralga, kapitanga chopinglar. Tez kelishsin! Keyin kemadan yegulik, suv ham olib kelinglar.
Ular yugurib ketishdi.
Amanda otasining boshini tizzasiga qo‘ydi va tafti bilan uni isita boshladi. Endi xavotirlanmasa ham bo‘lar, yordamchilar kelishmoqda.
Amanda “sherning boshi”ni to‘qmoqcha qilib eshik ilgagiga osib qo‘ydi. To‘qmoqcha ularning yangi uyiga fayz bag‘ishlab turardi.
Ingliz tilidan Salima Sodiqova tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2020 yil 8-son