Poyezd roppa-rosa bir yarim soatga kechikdi. Menga hamroh bo‘lib kelgan ikki-uch nafar yo‘lovchi ertalabki soat oltida bunday izg‘irin, achitqi havoda kelgandan ko‘ra, yana bir oz avvalgi joyimizda qolsak durust bo‘larmidi, deya bir-birlariga norozi to‘ng‘illashganlaricha poyezddan tusha boshladilar. Biroq qarshimizda Emil Sutirning issiqqina oshxonasi o‘zini ko‘z-ko‘z qilib turardi. Biz Emilning oshxonasida harholda biroz isinib olsak bo‘lardi. Yana ovqatlanib ham olmasak bo‘lmaydi. Yo‘ldan ochqab kelgan biz kabi horigan yo‘lovchilar uchun bu oshxonada cho‘chqa go‘shti ham, qaynatilgan tuxumu qovurilgan jo‘ja ham, boringki, dengiz chig‘anog‘iyu mazali qahvalargacha hamma-hammasi istalgan paytda muhayyo turardi. Negadir shunga astoydil umid qilib, ichkariga kirdik.
Oshxonada Emilning cho‘chqaday semiz va piypaslangan xotini omborxonaday ivirsiq bu go‘shasida hammavaqt mudrab o‘tirardi. Ehtimol, u bechora ham tundagi qattiq sovuqdan eti junjikib qolganu, saharga kelib o‘t yoqilgan pech tagida uxlab, qotib qolgandir. Haytovur, u bizning sharpamizdan ko‘zini ochdi-da, jinday mulozamat ko‘rsatgan bo‘ldi. Kecha kechasi erining shaharchadan o‘lguday bo‘kib ichib kelganini aytib, ming‘illagancha shikoyat qila ketdi. Emil oshxonada haliyam kayfi tarqamagan alpozda o‘tirar, xotinining peshonasida tinmay javrab, kuyunishlarini zig‘ircha bo‘lsayam parvoyiga keltirmasdi, u bir og‘iz ham gap qaytarmasdan hadeganda gurillab yona qolmagan pech ichiga pista ko‘mir tashlash bilan ovora edi. Emilning xotini qalin surp ko‘ylagi ustidan erining og‘ir chakmonini kiyib olgan, chakmonning yong‘oqday dumaloq-dumaloq tugmalari almoyi-aljoyi bo‘lib solingan, xotin esa engil-boshining nobopligidan yanayam beshbattar pishillagancha, xuddi ertalab yugurib kelganday, to‘xtovsiz harsillab turardi. Bu ayolning qiliqlariga men hecham tushunolmay o‘tirardim. U bo‘sag‘ada o‘zining biqqi, kir qo‘llarini eshik raxiga tiragancha xuddi qorovulday g‘o‘dayib turib qolar, dam-badam ovqat pishiradigan pech va boshqa ro‘zg‘or buyumlari qalashib yotgan qo‘shni xonaga ko‘z qirini tashlab qo‘yardi.
“Ha, bu Emil yashshamagur kundan-kunga haddidan oshib ketyapti, zormanda hech uyga qaramay qo‘ydi, Xudo biladi, bu ketishda qaysi go‘rdan toparkinman uni?!”
Hayotga bu qadar bepisandlik ayolning ko‘zlaridagi yoshlik va go‘zallik nuqsini allaqachon so‘ndirib yuborgan, umri xuddi pechdagi yonib-yonmayotgan olov singari sustkashlik bilan qorishiq o‘tardi.
Biz bo‘lsa faqat qahva ho‘plab o‘tirardik. Ichimizdan hech birimiz na qovurilgan jo‘ja, u ham go‘yo taxta ustida bijg‘ib yotganday bo‘lib tuyulardi; na chig‘anoqlar – ularning keltirilganiga ham balkim necha-necha zamon bo‘lib ketgandir; yoki qo‘y go‘shti, negadir butun uy ichini go‘shtning qo‘lansa hidi tutganday edi; hatto qaynatilgan tuxumlar ham palag‘da bo‘lib aynib yotganday bo‘lib tuyulardi; hech qaysisini ko‘nglimiz tortmasdi, tomog‘imizdan faqat qahva o‘tardi, xolos.
Emil niyatimizni sezib qolganday bizlarga ustma-ust qahva tayyorlash bilan mashg‘ul edi, u goh tim qora, goh oppoq sutli qilib qahva hozirlar, o‘zicha bizlarga erkakcha shinavandalik qilardi.
Bizga qo‘shni xonada qandaydir shovqin va to‘s-to‘polon ovozi chalinib turardi, dastlab oshxonaga sovqotib kirgan paytimizda bunga unchalik ham e’tibor bermagan ekanmiz. Bir mahal Emilning cho‘chqasifat xotini lapanglagancha o‘sha xonaga o‘tib ketdi. Uning bu taxlit yurishini ko‘rib, o‘zimizni kulgudan zo‘rg‘a ushlab qoldik. Ikki nafar sherigim ham – ular natchitocheslik edilar – men bilan ag‘raygancha berigi xonaga quloq tutib qoldik, g‘ayrioddiy nimadir sodir bo‘lgandek edi. Ichkarida Emilning bir bolasi xona o‘rtasida qaqqayib turgan baland xum ustidan chalqanchasiga yiqilib tushgan, to otasi yo onasi yordamga yetib kelgunicha ikki soatdan buyon chinqirib to‘polon qilayotgan edi. “Bo‘yning chirigur! – deya qarg‘angancha oshxonaga chiqdi Emilning xotini bolasini ko‘tarib, – butun aft-angori qorayib ketibdi! Xumga chiqishiga balo bormidi bu itning?! U xumning ichi to‘la ilon bilan kaltakesak bo‘lsa! Bahaybat bir ilon yerga tushib o‘ralashib yotibdi-ya!”
Bolakayning yuzi hadeb qichqiraverganidan qip-qizarib ketgan, u onasining yelkasi osha bizlarga qararkan, ko‘zlari chaqnab, yakkash iljayib turardi.
Men esa qanday qilib shunday yosh bola ikki soatdan beri bunday qo‘rquv va azobga dosh berdiykin, deya dam vahmim, dam hayratim oshgancha miq etmay o‘tirardim. Ammo kichkina bolalar uchun dunyo misoli bir ajoyibotxona, ular uchun xayol hamda haqiqat o‘rtasidagi tafovutni ajratib olish benihoya dushvor vazifadir.
Nihoyat, diqqinafas oshxonadan tashqariga chiqarkanmiz, tobora avjiga minib yog‘ayotgan qordan to‘yib-to‘yib nafas oldik. Butun yer yuzini oppoq qor shiddat bilan egallab borardi, shimolning oppoqqina, yumshoqqina qori ko‘zni qamashtirguday yorqin va har qanday manzaradan-da yuz martalab chiroyliroq edi. Jami borliqni qoplab borardi bu qor, qalin o‘rmonzorlar bag‘ridagi qarag‘ay shoxlari oralab yerga, daraxtlar boshiga quyuq to‘kilib yog‘ardi u; chakalakzorlaru ekinzorlar, keng dalalar qo‘ynida ham oppoq qor raqsi hukmron edi. Shundagina men butunlay yengil tortdim. Biz o‘tirgan keyingi poyezd qishki sukunat cho‘mgan jimjit qishloqlar oralab yeldek uchib ketdi.
Tashqarida mening ko‘zlarimni quvontirib ketayotgan bir-biridan betakror, o‘zgacha ruhdagi ajoyib manzaralardan yonimda ketayotgan qaysidir hamrohimni ham bahra olishini men ich-ichimdan intiq istab ketardim. Yonboshimda ketayotgan sherigim biroz takabburday bo‘lib ko‘rindi.
“O, buni qarang-a!”-deya to‘lqinlanib ketdim men. “Oppoq qor va oppoq paxta!” Shundoqqina yonginamizdan paxtalari qolib ketgan chala yaydoq dalalar lip-lip o‘ta boshlagandi.
“Ishyoqmas mahluqlar!”– dedi u aftini burishtirib. “Shuginani ham terib olisholmabdi-da. Landovurlar! Endi nima foydasi bor buning!”
“Haa”, – dedim men xomush, “rostdanam, nima foydasi bor buning?..” Ko‘zimga sovuq paxta dalalari oralab dildiragancha kezib yurgan yupun negr ishchilari ko‘rindi.
“Haliyam bu dalalarda paxta qolib ketibdi! Natchitochesdagi qishloqliklar bunchayam yalqov bo‘lishmasa?”
“Ha, endi paxta yerniki-da, keragicha terib olingandan keyin yer haqiga ham qoladi-da. Axir buni ko‘ring: naq sehrli orolga o‘xshaydi-ku!”– deya hamrohimning gapiga yarim hazil, yarim tanbeh bilan javob berdim men.
“Nahot siz ekuvchilarning bunaqa chala tayyor yer bilan qancha qiynalishlarini bilmasangiz? Ular bu joyda na poda boqa olishadi va na ekin eka olishadi? O‘zingizniki bo‘lganda shunaqa gapni aytmasdingiz sira!”
“Tag‘in Xudo biladi-ya, biroq ozgina shafqat ham kerak-da, birodar”, – dedim men nasihat ohangida. “Axir ko‘rib turibsiz-ku, qancha negrlarning haliyam izillab yurganlarini, axir ular nima qilib yurishibdi? Ular haliyam paxta titib yurishibdi-ku!”
Mana shunday ahmoqlar ham bo‘ladi-da, deb ijirg‘andim ichimda. Negadir shaharga borib-kelayotganim uchun o‘zim o‘zimdan afsuslanib ketardim. Yo‘lda har qanaqa odamlar toifasi duch kelarkan, nega ular ozgina bo‘lsa-da, tabiatdan, hayotdan bahra olishni bilishmaskin? Qor go‘yo ularning miyasini ham qoplab yuborganday edi…
“Pardalarni zich qilib yopib qo‘ysangizlar”, – bo‘lmamizga bosh suqib, buyurib ketdi bir poyezd xodimi.
Endi xayolimga hech narsani keltira olmadim, faqat quloqlarimgina ishlayotgandek edi, poyezdning betartib taraqa-turuqiyu, yuragimning xijil nafasigina eshitilib turardi faqat.
Deraza pardasini poyezd xodimi tayinlaganday zich qilib yopdim: go‘yo turmushning bor lavhasi-yu, Emil Sutirning iflos oshxonasiday tayinsiz turmushi ham, ayozda aralash bo‘lib ketgan qor manzarasi-yu yupun ishchilarning horg‘in gavdalari – bari-bari shu parda orqasida qolib ketgandek bo‘ldi. Bu kunda hech nima qolmagandek edi. Bu joylarda na bir ibodatxona, na bir maktab, na ruhoniylar va na o‘qituvchilar – bari yashamagan va bo‘lmagandek ham edi. Ammo qo‘rg‘onlangan eshik bilan temir panjara o‘rnatilgan deraza nechog‘lik mustahkam bo‘lmasin, hayot nafasini ular baribir tutib qolisholmaydi. Muqaddas uy qadri va inson qimmati yog‘ib, erib, quyulib, ezg‘ilab tushayotgan mana bu qor bilan birga asta-sekin yo‘qlikka singib borayotgandek edi go‘yo. Nafasni qisgudek bo‘lmamda tarqoq xayol surgancha xomush kelardim.
Biroq ertasi kuni ertalab yuraklarga quvonch hamda yorug‘lik ulashgancha ko‘kka quyosh ko‘tarildi va u shunaqangi ko‘p nur sochdiki, gupillab yoqqan qalin qorni ham bir necha soniyalar ichida eritib yubordi, faqatgina tom bo‘g‘otlarida, keyin soya-salqin yerlardagina ozgina-ozginadan qor uyumlari qoldi. Qator ekilgan magnoliya daraxtlari shoxlari oftob tig‘ida yaltirab, xuddiki mayin jilmayayotgandek bo‘lardi. Qovjirab yotgan gul ko‘chatlari misoli nurlar taftidan quvvat olgandek, vujudlarini asta tiklayotgandek edilar. Gunafshagullar ham sovuq kunlar adog‘ bo‘lganini ko‘rish uchun novdalaridan ohista mo‘ralayotgandek ko‘rinardi.
“Oh!! Mana, quyoshli kun!”
O‘z manzilimga yetib kelib, tanish ko‘prik ustidan xotirjam qadam tashlab borarkanman, o‘z-o‘zimdan qichqirgim, negadir ovozimni baralla qo‘yib, baxtiyor kulgim kelardi. Iliq, bahoriy shabada yuzlarimni silab o‘tardi. Men o‘z uyimga tobora yaqinlashib borardim. Qadrdon eshigim ostonasida esa mening mehribon va intizor ayolim jilmaygancha istiqbolimga peshvoz turardi.
Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimasi.
«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 2-son