I. Rapallolik ko‘katfurush
Ta’rifiga til ojiz ko‘katfurush hirqiroq tovushda nola chekishdan to‘xtadi va uyquga to‘ymagan ko‘zlarini menga tikdi: u odatdagiday erta tongda uyg‘ongandi.
Bu inobatga olishim shart bo‘lgan jihat edi.
Og‘zidagi o‘chib qolgan tamaki men yoqtiradigan bovizancha uslubda lab burchida osilib turar, tor peshonasidan qalin jingalak sochlari to‘kilib tushgan. Bo‘yniga ro‘mol o‘rab olgan, o‘mrovi oftobda toblangan, rangi unniqib ketgan qizil mayka ostida baquvvat ko‘krak mushaklari bo‘rtib turardi.
Rastasi ortida yalpayib o‘tirgan ko‘katfurush e’tiborga arzimaydigan, qizig‘i yo‘q jonzotga qaraganday menga boshdan-oyoq razm solib chiqdi; qovoq xarid qilishga tayyor emasdim.
Qirg‘iyburun, quyoshda xo‘p toblangan yuz, vujudidan sog‘lomlik ufuradi. Va tobora kuchayib borayotgan mudroqlik.
Birdan u: “Qovoqlarim duch kelganga mo‘ljallanmagan, haqiqiy mutaxassisgina ularning asl qiymatini bila oladi, bunday havaskorlarga yo‘l bo‘lsin!” – deya qichqirishga tushdi. Turfa e’tiqodsiz bandalarga nafratini izhor qiluvchi bir qancha iborani yumshoqqina qo‘shib qo‘ydi.
Ko‘katfurushning ko‘proq zamonaviy doriychada yangragan Lituriya lahjasidagi mushohadalari qudratli va boy sintaktik asosga ega edi. Shu ondayoq ko‘pgina notiqlaru odamlarni to‘g‘ri yo‘lga chorlaydigan da’vatchilar uning oldida sariq chaqaga ham arzimasligiga amin bo‘ldim.
II. Munojot
Devon ishlari bilan shug‘ullanishim kerakligi, buning ustiga, tobim yo‘qligiga qaramasdan, sizlar haqingizda juda ko‘p o‘yladim, o, bechora marhumlar!
Har qanday ishda hafsala talab qilingani uchun ishimni davom ettirishdan boshqa choram qolmagandi, shu bois hayotimning mazmuni va asosi bo‘lib tuyulgan, niyat qilganim buyuk qayg‘uni sizlarga izhor eta olmasdim.
Eng toza o‘y-fikrlarimni jamlab, sizlarga cheksiz taskin baxsh etishi uchun, hamma narsani hal qilguvchi Zotga qaratilgan munojotni yaratmoqchi bo‘ldim. Ammo sizlar charog‘on nurda yashayotgan, men esa soyada so‘layotganim uchun yaxshi tushunaman: mening tussiz kepatam sizlardagi charog‘onlikka, tabiiyki, biror foyda keltira olmaydi. Buning ustiga, ovozim yangramayotgan bo‘lishi, demakki, qulog‘ingizga borib yetmasligi ham mumkin.
Nima qilsam ekan? Yurib ketayotganimda, bunday qilmasligim kerakday tuyuladi. So‘zlayotganimda xudoga shak keltirayotganday bo‘laveraman; qoq tush mahali o‘simliklar nur emayotganida esa aybdorlik va uyat o‘tida qovrilaman.
Meni afu etinglar!
Men sizlardan o‘rnak olishga va ortlaringdan ergashishga intilgan edim, ammo sizlar qabul qilmagan edingiz. Jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yganim aniq edi va shu bois sizlarning Legionlaringizga yozilishim nasib qilmagandi.
Bu meni esdan og‘dirardi. Ammo men sizlar haqingizda o‘ylayman, aziz do‘stlarim, marhumlar.
Ana, uzoq, tund tog‘lar, tog‘ va o‘rmonlar ustida esa orzu yoki fikr ko‘rinishidagi bulutlar suzmoqda.
III. Mangu haqiqat
Yirik chumoli u yoqdan-bu yoqqa zir yuguradi, faqat ish haqida o‘ylaydi, ingichka asabiy panjalari orasida xasni tutamlagancha omboriga kirib-chiqaveradi: bizning mehnatkash dehqonimiz xo‘jalik qurilishlaridan uyga qarab ketib bormoqda.
Chumoli novda topib kelib, uyum ustiga qo‘yadi, so‘ng uydan chelak bilan chiqib, uni to‘kadi, mana, u asbob-uskunalari bilan yana dalada, keyin savat bilan qaytib keladi va bir chetga qo‘yadi. Keyin yanchishi kerak, keyin to‘qishi kerak. Keyin siqishi kerak, keyin sug‘orishi kerak; keyin to‘qishi, keyin to‘shashi, keyin dastalashi kerak. Keyin qo‘zg‘ashi, keyin yig‘ishi, keyin aralashtirishi; keyin anavi mahmadana bilan qushlarga don olib borishi ham; keyin sog‘ishi, keyin yopishi, keyin o‘rnini almashtirishi kerak.
Va u tashiydi, o‘rnini almashtiradi, shu tarzda kuni o‘tib ketadi.
Kun tovushlari xuddi komediyadagi kabi o‘z navbati bilan uchib o‘taveradi.
U bularni hatto eshitmaydi ham.
Kun tovushlari o‘z qayg‘ularini kuylab bo‘lgan. Boshqa hech narsa yo‘q.
Faqat ter va yolg‘izlik.
Qo‘ng‘iroq ovozigina jaranglab, o‘z vaqtini belgilash marosimini ado etadi. U eski minoradan mangulik haqidagi qadimgi fikrday jaranglaydi.
Kulrang chodirlarga soya tusha boshlagani tunning qurilishga qarab engashayotganini bildiradi. Ish uyumlarida hech narsa ko‘rinmay qolganidan keyin esa tanaffus qilish majburiy bo‘lib qoladi.
IV. Markaziy Italiyaga tezyurar poyezd
Kuzatuvchining uychalarida bolalar yashaydi: qalpoqcha va soch tasmali, ko‘zlari charaqlagan, o‘ziga katta ichkiyim-kalta ishtonchalarda – ular yubkadan ham uzun, ona non va no‘xatning o‘stiruvchi kuchini oldindan biladi. Bugun yer supurib yurgan ichkiyimlar ertaga kalta bo‘lib qoladi.
Daryo ustida ko‘prik bor, daryodan kanal oqib chiqqan. Ko‘m-ko‘k suv sirli buyruqqa bo‘ysunib to‘xtab qolgan va tayyor hovuzga aylangan ko‘rinadi.
Lokomotiv temirlarini horg‘in harakatlantirgancha (burilishda ko‘rinib turadi) ko‘prikka chiqadi, yolg‘iz elektrostantsiya ustidan o‘tib ketadi. Vodiyni qoplab olgan quyuq zulmatda uni hech kim payqamay qoladi: na hozirjavob diplomatlar, na-da xonimlar. Hov anavi butalar soyasining fuqarosi bor, u yerda ikkita ko‘z, yovuz yonartosh yashaydi: bu qorong‘ilikdan odam bolalarini emizish uchun kelgan urg‘ochi bo‘ridir; o‘jar generatorlar yelkasidagi ko‘rinmas yukni tortqilaydi, dalalarda qotib qolgan sukut ichra suv oqimlari shiddat bilan charxpalakni aylantiradi.
G‘alati taqinchoqlar va simli asosni tutib turgan yolg‘iz gigantlar keng ochilgan qo‘llari bilan arzimas tog‘larni oshib o‘tadi.
U yoqda esa tsellyuloza zavodlari, paxta fabrikalari va boshqa korxonalar bor. Ammo ular ko‘rinmagani uchun ta’riflab o‘tirish befoyda.
V. Eski bazilika
Kavaler Lo Yodiche, bosh brigadir Di Matteo va qidiruv bo‘limining yana ikki xodimi besh kundan buyon uni beshafqat ta’qib etib kelishayotgandi.
Bardan-barga, kvartaldan-kvartalga, bu dunyodan – u dunyoga! Amerikada ekanidayoq ulfatidan o‘g‘irlab olgani to‘pponchani sotib yuborgan, ikki kun oldin yegan kechki ovqati so‘nggisi bo‘lib turibdi.
U holdan toygancha manavi tosh o‘rindiqqa sudralib keldi: eski gazetalar, bog‘ichlar, oltingugurt qutilari, sotuvchi esa ko‘rinmaydi. O‘rindiq chetidan anqiyotgan shiptir hidi har qanday itning orzusi – naq dimoqni yoradi.
Olislarda qolgan, yitib ketgan narsalarni birdan qo‘msadi: onasi yodiga tushdi.
Ko‘z o‘ngida maydon, bandargoh, cherkov qad rostladi. Eski qasr ustunlari qum qatlamini yopinib olgan – buni Tichino daryosi Penin g‘orlari bilan kelishgan holda amalga oshirgan. Tund bulutlar orasida Monteroza tog‘ tizmalari ko‘zga tashlanadi.
Qasr ustunlari cho‘kkan qatlam ostida qaynoq kuldan to Dezio va Parabyago g‘ala-g‘ovurlariga qadar bo‘lgan o‘z yo‘llarini bosib o‘tgan avlodlar xoki yotibdi.
Vaqt go‘zalligidan ayirgan to‘rtburchak minora sovuq tumanlarni kutayotganday. Daraxtlar sovuqdan qunishib qolgan, qo‘ng‘iroqlar ovozi kishini besamar o‘y og‘ushiga tashlaydi.
Ulug‘vor chiroy! Korinfcha va aralash turdagi tarnovlar, tokchalar, ho‘kiz boshini va azamat javonmard sovutini yodga soluvchi naqshlar, yorqin yarqiroq marmarlar!
Nega lombard o‘lkasida bunday bebaho naqshlarga maftun bo‘lishmaydi? To‘rtburchak ustunga tayangan g‘ishtin ark qo‘pol ko‘rinadi. Qo‘l ostiga imperiya hukmronligiga yoki odamlar yuragiga in qurgan ilonga qarshi chiqqanlarni jamlagan xoch – sulola belgisi sanaladi.
Yot o‘lkalarda yog‘och cherkovlarini ruh ma’danining to‘lqinli barglari xuddi bandargoh omborlari kabi qoplab yotgan, doklar orasidan qora rangli tezyurar poyezdlar ko‘rinadigan shaharlar bor.
Yuk vagonlari tekis taxlangan og‘ir parallelepipedlarni ortmoqlagancha yeladi. Qorday oq kiyimli bosh ofitsiant tushlik qilinadigan vagon markazida joylashgan stolga engashgancha hamma o‘tish ko‘rsatkichlarida silkinib-chayqalayotgan bir damda harakatsiz ketayotgan xo‘randalarga benuqson xizmat ko‘rsatmoqda. Muvozanat saqlashning buyuk ustasi! Spagetti o‘ramlari har bir likopga tartib bilan solinadi, ortidan pomidorli qayla quyiladi.
Keyin poyezdlar bilimdon muhandislar Kastilyano va Maksvell nazariyasini qo‘llagan holda hisoblab chiqqan ehromlar birikmasida to‘xtaydi. Vokzalning keng maydoniga odamlar to‘dasi yopiriladi: ishlab chiqaruvchi, transportga tegishli va oddiygina yo‘lovchi bo‘lgan g‘aroyib xonimlar, jiddiy erkaklar.
Rus tilidan Muhayyo Yo‘ldosheva tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 6-son