Uni har kuni ertalab maktabga ketayotganimda uchratardim. Hamisha bitta joyda, muyulishga yaqin yo‘l chetida o‘tirgan bo‘lardi. Soch-soqoli o‘sib ketgan, g‘am-anduh to‘la yuzida allanechuk ko‘ngli ravshan odamlarning aft-angorida zuhr etuvchi yuvosh va yoqimli ifoda balqirdi.
Og‘ir turmush boshiga solgan ko‘rgiliklar uning qiyofasiga ayovsiz tamg‘asini bosgan – chuqur-chuqur ajinlar g‘amgin yuzini tilimlab yuborgan edi.
Patila-patila quyuq sochlari g‘am-tashvishdan oppoq tusga kirgandi.
Yozda u meva-cheva, qishda esa qovurilgan kashtan mag‘zini sotardi.
Mahalla-ko‘yda uni bilmagan odam yo‘q edi. Ayniqsa, bolalar yaxshi ko‘rishar, har kuni maktabga ketayotib undan qovurilgan kashtan olish uchun muyulishda albatta to‘xtashardi. Ba’zi-ba’zida bitta-yarimta bola uning qulog‘iga bir nimalarni shivirlayotgan bo‘lardi: o‘sha kuni onasi pul bermagan, shekilli… Sotuvchi boshini sarak-sarak qilgancha jimgina quloq solar, keyin yuvoshgina boquvchi ko‘zlarida tabassum jilva qilardi.
Cho‘ntaklarini qovurilgan kashtan bilan to‘ldirib olgan bolalar shodlikdan terilariga sig‘may ketishardi. Sotuvchi esa bolalarning ko‘nglini ololganidan mamnun bo‘lib, qaddini rostlagan ko‘yi ularning ortidan jilmayib qarab qolardi.
Yoz yaqinlashgan sari bu odamning aft-angori tundlashib borar, u yosh xaridorlariga shunchalik ko‘nikib qolgan ediki, bir necha oy ularni ko‘rmaslikka majbur bo‘lishidan diqqati oshardi. Mijozlaridan ajralsa, pul kamroq tushishi uchun deb o‘ylayapsizmi? Albatta, yo‘q!
Bolalari bilan (uning bir-biridan shirin ikkita o‘g‘li bor edi) o‘ziga bitta non bilan bir bo‘lak pishloq va meva-cheva ham sotib oladi. Gap pulda emas. U bolalarni yaxshi ko‘rardi, bir kun ko‘rmasa, yo maktabga kirib ketishgan chog‘larida yangroq kulgilarini eshitmay qolsa, yuragi siqilar, xuddi bir nimasini yo‘qotgan odam ko‘yiga tushardi.
Bolalarning beg‘ubor chehralariga boqib, ularning shovqin-suronlarini eshitganda, o‘tgan kunlari ko‘z o‘ngida gavdalanar, zardobga to‘lgan yuragining qatlamlarida ularning beg‘araz ovozlari yangragandek bo‘lardi.
U haqda bolalar har xil hikoyalarni aytib berishardi.
Emishki, kashtanchining yana bitta suqsurdek bolasi bo‘lgan ekan, u sotuvchi oilasining duru gavhari – boyligi ekan, ota o‘z uyida bola-chaqasi bilan tinch-totuv yasharkan. Ammo kunlardan bir kuni hech kutilmaganda sotuvchi ana o‘sha bolasidan judo bo‘libdi.
Motam va musibat tufayli oilasida hukm surayotgan osoyishta hayot barham topdi. Avji bahor pallasida gullayotgan dov-daraxtlar nogahon qora sovuqqa dosh berolmay zavolga yuz tutdi.
Mehr-muhabbatning shirin orzulari barbod bo‘ldi.
Ko‘p o‘tmadi, suqsurdek norasidaning tobutini ko‘tarib chiqib ketgan odamlar xastalik va farzand dog‘iga dosh berolmay dunyodan ko‘z yumgan onani dafn etgani yana kelishdi.
Otaning yuragi bu adoqsiz musibatlardan ado bo‘ldi. Keyin harbiy kiyimdagi kishilar kelib ko‘ch-ko‘roni bilan ularni uydan haydab chiqarishdi. Shu tariqa ikki nafar kasalmand bolasi va bir dunyo g‘am-tashvishi bilan sotuvchi yolg‘iz qoldi. Ana o‘sha paytdayoq u kashtan qovurib sota boshlagan ekan.
Kunlarning birida kashtan olayotganimda bir narsa e’tiborimni tortdi: odatda doim yengil kiyinib yuradigan odam qandaydir qalin choyshab bilan ko‘ksi aralash belini o‘rab olibdi.
Ko‘chada havo sovuq, aqrabning etni junjiktiruvchi kunlari edi. Ayozli tong xayolga cho‘mgancha qotib qolgan. G‘aribona kulbalarning ayanchli qiyofasi va dang‘illama ko‘shklarning ulug‘vor salobatini kechasi bilan yoqqan qor ham ko‘zdan yashirolmagan, aksincha, ular o‘rtasidagi tafovutni yanayam bo‘rttiribroq ko‘rsatardi.
Qahraton qish kirib kelayotgandi.
Kashtanlarni qog‘oz idishga solib uzatayotgan mahal sotuvchini yo‘tal tutdi. O‘qchib-o‘qchib yo‘talganidan uning yuzi qizarib, ko‘zlari yoshlandi. Bir zum o‘tmay ko‘ksini changallagancha chuqur nafas oldi, ana shunda rangi-ro‘yi yana o‘zgardi – holsiz, jonsiz bir alfozda oqardi. U yonginasidagi siniq eski yashikda yotgan bolalariga razm soldi va chuqur xo‘rsindi.
Unga qarab turar ekanman, ko‘nglidan nimalar kechganini sezardim.
Qor hamon yog‘ar, qish qilichini ko‘tarib shu g‘ariblar tepasidan ketmasdi go‘yo…
Sotuvchi tez-tez yo‘tala boshladi. Shunday yo‘talar ediki, azbaroyi ko‘karib, nafas ololmay, gapirolmay qolardi. Shunda ham ora-sira javdirab bolalariga ko‘z tashlab qo‘yar, bir amallab engashgancha ularning ustiga yopilgan yirtiq choyshabni to‘g‘rilar, so‘ng yana achchiq-achchiq yo‘talar edi.
Kunlardan bir kun sotuvchi g‘oyib bo‘ldi. Qovurilgan kashtanni xush ko‘radigan bolalarning bari o‘ksib qolishdi go‘yo.
* * *
Kuz oqshomlarining birida men uyga qaytayotgandim. Shimol tomondan izg‘irin shamol esar, sharros yomg‘ir quyayotgandi. Buzilgan, xaroba kulbaning puturdan ketgan tomi ostida, eski paltoga o‘ralib olgan bir odam qimir etmay, o‘tirgan yerida mizg‘ir, oppoq sochli boshi ko‘ksiga tushgan, ikkita bolakay uning tizzalariga bosh qo‘yib orom olishardi.
Men ularning tepasiga bordim. Bular kashtan sotuvchi bilan uning bolalari edi. Ular sovuqdan bir-birlarining pinjiga suqilib pinakka ketishgandi. Bechoralarni uyg‘otib hol-ahvol so‘ragim keldi-yu, biroq allaqanday g‘alati bir tuyg‘u bu g‘ariblarning g‘amgin oromini buzmaslikni ko‘nglimga soldi. Men issiq engil-boshimga xijolatomuz razm soldim-da, yo‘limga ravona bo‘ldim.
Yo‘lda ketayapman-u, ich-ichimda bir titroq aralash iztirobli og‘ir xayollar bosh ko‘tarayotganini his qildim. Barhaq Egam, men odamlar va jamiyatdan yozg‘irar va beixtiyor o‘zimga-o‘zim so‘z berar edim…
Kech kuz. Yomg‘ir tinmay yog‘ib, shamol esayapti.
Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 11-son