Adabiyot nadir? Modomiki, yozuvchi to‘g‘risida gapira boshlaganlaridan avval, uning olamdan o‘tib ketgani ma’qulroq ekan, bir narsani kelishib olganimiz ma’qul — muallifi hayot ekan, uning asarini hali adabiyot deb hisoblamaymiz. Ammo bunday qilmaganimiz taqdirda ham kitoblar benihoya ko‘p bo‘lganidan va ular to‘g‘risidagi qarashlar doimiy ravishda o‘zgarib turadigan bo‘lgani uchun adabiyotga tuzukroq ta’rifni qidirib topishning o‘zi qiyin. Bu zalda ikki daqiqadan ko‘proq vaqt mobaynida adabiyot deganda nimani nazarda tutish kerak degan masalada kelishib ola biladigan ikkita odam borligini tasavvur qilish qiyin. Hammamiz, albatta, Shekspirni tan olsak kerak. Biroq undan tashqari yana kimni tilga olsak bo‘ladi? Axir, biz tuxumlarga “yangi” deb belgi qo‘yib chiqqandek, shoirlarimiz ham uzoq muddatga shu sifatlarini saqlab qolsinlar deb ularga belgi qo‘yib chiqmaymiz-ku? Yo‘q, yozuvchilar tug‘ilgan fursatlarini o‘zlari belgilaydilar.
Shaxsan men hech qanday asosga ega bo‘lmasam-da, o‘zim o‘qishga ulgurgan kitoblarnigina adabiyot deb hisoblashga moyilman. Ana shu kufrona qarash menga ko‘pgina katta nomlarni istisno qilishga yordam beradi. Biroq shaxsiy didni bir chetga qo‘yib turganda ham aytmoq kerakki, Adabiyotni moddalarga ajratib chiqish juda qiyin. Sahnalashtiruvchi rejissyor o‘z teatrining sahnasi uchun Xaloyiq kutayotgan pesani tanlashga qanchalik qiynalsa, Adabiyotni moddama-modda ajratib chiqish ham shuncha qiyin. Buning farqi faqat shundaki, rejissyor asarni Xaloyiq o‘z xohishini bayon qilishidan avval tanlamog‘i kerak, biz esa bu ishni kitobni o‘qib bo‘lganimizdan keyin amalga oshiramiz. Shuning o‘zi juda katta tasalli emasmi! Biroq boshqa tomondan oladigan bo‘lsak, taassuflar bo‘lsinki, teatr shinavandalari faqat bugungi kunga tayanib ish yuritadi, kitobxon Xaloyiq esa ko‘pdan-ko‘p avlodlardan tashkil topadi. 1600 yilda hammaning es-hushini band etgan kitob 1800 yilda mutlaqo odamlarning xotirasidan o‘chib ketgan bo‘lishi mumkin. 1830 yilda biror nomni ko‘klarga ko‘tarib maqtashgan bo‘lsa, 1930 yilda uni faqat so‘kib tilga oladilar.
Adabiyot zamin ustida iz qoldirmaydi, balki Vaqtning bilqillama qumloqlari ustida iz qoldiradi va qochoqni shu izlarga qarab topmog‘i kerak bo‘lgan izquvarga rahmlarim keladi. Shundoq bo‘lgandan keyin, mening nazarimda adabiyotga berilgan har qanday ta’rif ham to‘laqonli bo‘lmaydi. Biroq men yaqinda o‘zimga tanish bir yozuvchi bilan suhbatlashib qoldim. U eski pesalarni o‘rganar ekan, nima sababdan adabiy asarlar o‘zlarining umrboqiyliklarini saqlab qoladilar, degan masalaga ham qiziqipti. U buning bosh sababi xarakterlarning hayotiyligida degan xulosaga kelipti. O‘ylaymanki, agar pesalar va romanlar to‘g‘risida gap boradigan bo‘lsa, mening tanishim haqiqatdan unchalik uzoq emas. To‘g‘ri, yana shunday bir narsani ham topish kerakki, u poeziyaga ham to‘g‘ri kelsin. Aftidan, bunday deyish mumkinga o‘xshaydi — katta harf bilan boshlanadigan Adabiyot bo‘lmoq uchun asar o‘zida chinakam individuallik muhriga ega bo‘lmog‘i kerak. Mohiyat e’tibori bilan bunday asar o‘zidan avval yaratilgan bironta asarga o‘xshamasligi kerak.
Sizga biron marta yer yuzidagi maxluqlar ichida eng ajoyibi va eng nafisi bo‘lmish ilonning skeletini ko‘rish nasib etganmi? Ko‘rmagan bo‘lsangiz aytay: adabiyotni adoqsiz ilonning skeleti bilan taqqoslash mumkin: umurtqaning har bir bo‘lagi nimasi bilandir avvalgi bo‘lagidan ajralib turadi va shunga qaramay, allanechuk sirli ravishda avvalgisiga birlashgan. Yoki menga ijozat bering — tabiat tarixi bilan bog‘liq boshqa bir misol keltiray: Bir necha yil muqaddam Nyu-Yorkda bo‘lgan vaqtimda men diplodokni ko‘rgan edim. Bu bahaybat jonvorning suyaklari yo‘g‘on-yo‘g‘on bo‘lib, ajib tarzda gajakdor dumi ham bor edi, lekin og‘zi juda kichkina edi. Yo‘q, u mutlaqo tirik diplodokka o‘xshamasdi, holbuki, og‘zi unikidan ham kichikroq bo‘lgan ajoyib maxluqlar uchrab turadi. Bizga muzeyni ko‘rsatayotgan professordan so‘radim: “Ayting-chi, professor, bu bahaybat maxluq shu qadar kichkina og‘zi bilan qanday qilib qornini to‘yg‘azgan?” U menga ensasi qotib qaradi, uning nigohida “men o‘zim aytib bermoqqa og‘iz juftlagan narsani so‘radingiz” degan ma’no bor edi. Men aytmoqchi bo‘layotgan gap shuki, Adabiyot o‘ziga xos bir diplodokdir. Uning ham bahaybat gavdasi, yo‘g‘on skeleti, uzundan-uzun dumi bor, lekin og‘zi haddan tashqari kichkina va shu kichkina og‘zi bilan u muttasil ravishda Hayotni tishlab turadi. Men bu so‘zni atayin qo‘llayapman — sezib turibman, bir oz shoshmashosharlik qilyapman: bilaman, ba’zi bir odamlar go‘yo Adabiyot Hayot bilan sovuqroq muomalada bo‘lsa ham bo‘laveradi, u Hayot bilan uchrashganda unga bir bosh irg‘ab qo‘yib, joyiga borib o‘tiraverishi kerak deb hisoblaydilar. Boshqalar esa Adabiyot Hayotning o‘zidan ko‘ra hayotiyroq bo‘lmog‘i kerak, deb hisoblaydilar. Adabiyot imkoni boricha tezroq gapiradiganini gapirib qolmog‘i kerak, asarning ravonligi, material tanlash, shakl yoki Hayotdan biron-bir axloqiy xulosa (agar siyqasi chiqib ketgan bu so‘zni qo‘llash joiz bo‘lsa) kabi behuda narsalarga chalg‘imasligi kerak. Adabiyot mohiyatan bixeviorizm deb atalmish qoidalarga amal qilmog‘i kerak bo‘ladi. Bixeviorizmning ma’nosi shuki, ba’zi bir o‘ta modernistik kompozitorlar “Ey xudoyim, yaratayotgan asarimdan biron kuy chiqib qolmasin-da!” degan iltijo bilan ijod qilishga o‘tirar ekanlar. Bunday qarashlar menga tanish, lekin men tuzatib bo‘lmaydigan darajada eskiparastman — men uchun Adabiyot — Hayot san’atkor temperamentidan uchqun sachratgandan keyin boshlanadi. Bu o‘rinda men politsiya hisobotidan yoki gazeta maqolasidan uchqun chaqnatadigan Hayotni aytayotganim yo‘q, mutlaqo unday emas. Bu o‘rinda men juda ulkan, doimo qaynab-jo‘shib turadigan, shovqin-suronlar bilan harakat qiladigan, turfa xil ranglarga va bo‘ylarga teranliklar va zulmatlarga ega bo‘lgan Hayotni nazarda tutmoqdaman. Shunisi ham borki, bizning har qaysisimiz shu hayotning alohida-alohida ko‘z ilg‘amas parchalarimiz va har qaysimiz o‘zimizning yo‘limiz orqali hayotning qolgan barcha parchalari bilan o‘zaro aloqaga kirishamiz. Qachonki ana shu o‘zaro aloqa yetarli darajada ayon bo‘lib qolganida, biron-bir omadi yurishganning tasavvurida xayoliy ko‘rinishlar maydonga kelada va keyinchalik bu manzaralar so‘zda o‘z tajassumini topadi — ayni ana shunda adabiy asar tug‘iladi. Ana shu yangi, mushtdakkina, yarqirab turgan umurtqa bo‘lagi, ehtimol, avval boshda tan olinmagan ham bo‘lishi mumkin, lekin vaqt-soati kelib, belgilangan muddatda Adabiyotning adoqsiz umurtqa suyagida o‘z o‘rnini egallaydi. Adabiyot — qimmatbaho toshlardan tarkib topgan marjon shodasiga o‘xshagan narsa — bu toshlarning hech qaysisi bir-biriga o‘xshamaydi. Yana ta’kidlayman — Adabiyot tik umurtqaga ega — men to‘laligicha unga ishonaman va unga biron aziyat yetib, qing‘ayib qolishidan juda qo‘rqaman. Orqaga — o‘tmishga o‘girilib qarab, sira qiynalmasdan Adabiyotning orqa umurtqasini aniqlab olish mumkin. Bu umurtqani sindirib tashlab, hamma narsani boshidan boshlashga urinadiganlar esa o‘z vaqtlarini ham, ularning qiyshanglashlarini tomosha qilishga majbur bo‘lganlarning ham vaqtini zoye ketkazadilar. Hozir roman borasida ko‘p tajribalar o‘tkazishyapti. Ammo bu tajribalar har qancha qiziqarli bo‘lmasin, ularning istiqboli porloq deb ayta olmayman. Bu tajribalar oqibatida ba’zi bir yosh mualliflar romanni turfa xil hodisalar omboriga aylantirib yubordi, Marsel Prustga o‘xshaganlar romandan oilaviy hayot qomusini izlashayapti, Edgar Uollesda roman bir-biri bilan bog‘lanmagan tuyg‘ular quyunidan iborat bo‘lib qoldi, yana qay bir yozuvchini aytsamikin, bilmadim, psixologik makroanaliz bo‘yicha yozilgan risolaga aylanib ketdi. Imonim komilki, o‘ttiz yillar o‘tgandan so‘ng bu tajribalar butkul unut bo‘lib ketadi va faqat xarakterlari bor, syujeti mavjud romanlargina yashab qoladilar.
Men yana shunga aminmanki, she’rlardan ham tushunib bo‘lmaydigan qay bir tarzda bizning tuyg‘ularimizga ta’sir qiladiganlarigina yashab qoladi. Rassomlik to‘g‘risida-ku men o‘zim istagan gaplarning birortasini aytishga jur’at qilolmayman, chunki shuni sezdimki, rassom xalqi yozuvchilardan ko‘ra ham ginaxonroq bo‘lar ekanlar. Bir voqeani sira unutolmayman. Berlindagi rasmlar galereyasida bir suvrat bor ekan — Unda pochta markalari, bo‘r bilan chizilgan chiziqlar, muayyan tartibda joylashtirilgan mixlar va eski avtobus biletlari aralash-quralash tasvirlanipti. Rassomlik san’atini bilaman degan bir dono shu suvratni “Siket madonnasi”dan ko‘ra zo‘rroq va ta’sirchanroq, dedi. Men uning fikriga qo‘shilmadim. U shunaqa xafa bo‘ldiki, qo‘yavering. Muzika masalasiga kelsak, hech qanaqa kuch meni e’tiqodimdan qaytara olmaydi: o‘ttiz yildan keyin ham odamlar ohangdor kuylarga talpinadilar va har xil qishloq xo‘jaligi shovqinlaridan, sanoat g‘ovur-g‘uvuridan tashkil topgan, ijodkorlarining o‘ziga yoqadigan, lekin hazm qilish qiyin bo‘lgan muzikani butunlay unutib yuboradilar. Qolaversa, maxfiy tarzda qulog‘ingizga yana bir gapni aytib qo‘yay — u paytlarga borganda saksofon ham o‘tmishdagi arfa, psalterion va tsinballarga o‘xshash ba’zi bir jaz asboblari muzeylardan o‘z o‘rinlarini egallaydi va ularni chalgan odamlar qonun bo‘yicha jazolanadigan bo‘ladi, bu hatto Konstitutsiyaga ham kiradi.
Bu gaplarning hammasidan, ehtimol, siz “bu odam rosa uchchiga chiqqan reaktsion ekan-ku! Har qanday tajribalarga bepisand qarar ekan-ku!” deb xulosa chiqarmog‘ingiz mumkin. Yo‘q, bunday qilsangiz, juda adashasiz! San’atda ham tajriba xuddi ilm-fandagidek juda zarur narsa. U oldinga harakat qilishga yordam beradi va ba’zan yaxshi samaralar keltiradi. Ammo ayon ko‘rinib turgan bitta narsani esdan chiqarish yaramaydi: yozuvchidan mavzuning o‘zi qat’iy ravishda tajriba qilishni talab etgan taqdirdagina yozuvchi umrboqiy asar yaratishi mumkin, xalos. Faqat har qanday qilib bo‘lsa-da “original bo‘laman” degan ishtiyoq bilan tajriba qiladiganlar esa bir necha muddatga o‘zlarining uncha talabchan bo‘lmagan muxlislarining diqqat-e’tiborini qozonishlari mumkin, guldan-gulga ko‘chib yuradigan kapalaklarni jalb qilishlari mumkin, lekin ularning yozganlari juda qisqa fursatda quyosh nurida bug‘lanib ketgan shabnamdek yoxud hozirgi zamon she’riyatining tili bilan aytadigan bo‘lsak, bo‘sa tufayli lablardan arigan bo‘yoqdek yo‘q bo‘lib ketadi.
Chamasi o‘n besh yillar avval Londonda bir haykaltarosh asarlarining ko‘rgazmasi bo‘lgan edi. Unda ko‘pgina juda yaxshi normal asarlar namoyish qilingan edi. Biroq bir kuni zalga ikkita yoshgina nozanin suzib kirgandek bo‘ldi, ular bir necha muddat burunlarini jiyirib, guldan-gulga ko‘chib yurdilar, nihoyat o‘tirgan odamning ulkan haykalini ko‘rib qolishdi. Bu haykal ellipssimon shakllardan yasalgan bo‘lib, unga Venera deb nom berilgan va haykal shunisi bilan tomoshabinlarning e’tiborini tortmoqda edi. Agar kapalak bir joyda to‘xtashi mumkin deb hisoblansa, ana shu ashaddiy yangicha haykal qarshisida bizning qizalog‘imiz bir zum to‘xtadi-da, dugonasini chaqirdi: “Azizim. Mana, Venera!” Keyin boshini bir tomonga qiyshaytirib, ilova qildi: “Naqadar maftunkor! Shunday emasmi?” Bunaqa kapalaklar hozir ham bor va ular original bo‘lsin uchungina original qilib yaratilgan asarlarga jon-jahdlari bilan yopishadilar, chunki har xil baqiroqlar ularning quloq-miyasini yeb bitirganlar. Bunday baqiroqlarga javoban esa har qanday qilib bo‘lsa-da, “original” asar bersang bo‘lgani.
Ammo Adabiyotga qaytaylik. Hozir biz shunday davrda yashamoqdamizki, bu davrda har xil tajribalar juda ko‘p va shuning uchun biz yozuvchilarga oson bo‘lmayotir. Sirasini aytganda, bizni hozirgi paytda poeziyaning prozaga aylanib qolgani yoki, aksincha, prozaning poeziyaga aylanib qolgani ko‘p ham tashvishga solavermaydi. Bizni hozir hamma narsadan ortiq tashvishlantirayotgan masala — yuzaga kelgan vaziyatlarda, umuman, ham nasr, ham she’r yozish kerakmi-yo‘qmi degan masaladir. Endilikda biz nimaiki paydo bo‘lsa, hammasini shodiyona xitoblar bilan xursand bo‘lib kutib olaveradigan bo‘lib qoldik, shekilli. Paydo bo‘layotgan kitoblar tevaragida shov-shuv ko‘tariladi, natijada sho‘rlik kitoblar kashfiyot reklamalariga qaraganda jinday ortiqroq umr ko‘rsa ko‘radi, bo‘lmasa — yo‘q. Kamdan-kam kitobni, “durdona asar”, “ulug‘ asar” deb atashmaydi. Qarabsizki, “durdona” asarlar, “iste’dodli asarlar” maymunjon yanglig‘ gurkirab o‘sib ketaveradi, keyin esa ular kompotdan boshqa narsaga yaramasligi ma’lum bo‘ladi. Mayli, bugun-erta bo‘lmasin, biroq vaqti kelarki, noshirlar ham, taqrizchilar ham “ulug‘”, “iste’dodli”, “yorqin” kabi ta’rif-u sifatlarni eng xolis va eng ziyrak hakam — Vaqtning ixtiyoriga qoldirgan ma’qul ekanini anglab yetadilar. Vaqt haddan tashqari ziyrak va uddaburron soliq yig‘uvchiga o‘xshaydi — daromadlaringni har qancha yashirishga urinma, uni aldayolmaysan!
Lekin to‘g‘ri, ana shu shov-shuvu nog‘oralar sadosining yana bir jihatini ham aytish kerak — kitoblar darhol mashhur bo‘lib ketadi. Bunday hollar yosh yozuvchilar uchun xatarli bo‘lsa-da, umuman, foydadan xoli emas. Bir vaqtlar bilag‘on odamlar Meredit, Konrad yoxud Stiven Kreynga o‘xshash yosh yozuvchilarni maqtashga tushishganda komil ishonch bilan aytish mumkin ediki, ularning kitoblari sotilmaydi. Hozirgi kunlarda yozuvchini maqtay boshlashsa, darhol uning asarlari o‘n besh martalab qayta nashr qilinadi-yu, qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketadi, muallifning o‘zini esa muxbirlar ichkilikni butkul man qiladigan qonun to‘g‘risida, tog‘ — odam haqida, bolalarning tug‘ilishi ustidan nazorat o‘rnatish masalasida va shunga o‘xshash boshqa g‘aroyib yangiliklar to‘g‘risida fikr aytishlarini iltimos qilib rosa holdan toydiradilar. Bunday sharoitda bizning muallifimizning kallasi uncha pishiq bo‘lmasa, u xoh erkakdir, xoh ayoldir uning ko‘z o‘ngida bir zumda hamma narsa ostin-ustun bo‘lib ketadi.
Shuning uchun ham fuqarolarimizning ko‘pchiligi yozuvchilarni jinday aqldan ozganroq deb hisoblashadi. Odamlar kitoblarimizni xarid qilishga qilishadi-yu, lekin ko‘ngillarida eshittiribmi-eshittirmaymi — “Hah, bu yozuvchilar-a!” deb qo‘yishadi. Ular go‘yo shunga aminlarki, biz hamma narsani chalkashtirib yuboramiz va bizning qadriyatlarimizning ko‘pi yolg‘ondir! Bizning ko‘pchiligimizga nisbatan bu gaplar to‘g‘ri va afsuski, bu g‘oyatda achinarli holdir. Negaki, yozuvchining burchi hamma narsani loaqal to‘la darajada bo‘lmasa hamki, to‘g‘ri tushunish, o‘tkir nigohga ega bo‘lish, o‘zimiz ko‘rib turgan, his qilayotgan, o‘ylayotgan narsalarimizni boshqalarga qaraganda teranroq his qilmoq, mulohaza yuritmoq va ifodalab bermoqdir. Yeyayotgan nonimiz halol bo‘lsin uchun biz sabr-bardoshli bo‘lmog‘imiz, yetarli darajada kamtar, kamsuqum va mustaqil bo‘lmog‘imiz, hammavaqt yumor tuyg‘usini saqlab qolmog‘imiz, qalbimizning taftini saqlab qolmog‘imiz, me’yorni unutmasligimiz kerak.
Endilikda bizda qobiliyatli yosh yozuvchilar ko‘payib qoldi. O‘ylaymanki, badiiy tasvir darajasi hamma vaqtdagidan ko‘ra yuksakdir. Demak, gap faqat iste’dodda yoki faqat texnik mahoratda emas, gap fikriy bosiqlikni saqlab qolishda, qalbimizda ham muayyan sifatlarni saqlab qolish lozim. Bu sifatlar to‘g‘risida jinday gapirib bersa bo‘ladi: gap shundaki, bolalarcha bir xohish bor — bu, albatta, kitobxonni lol qoldirish xohishidir. Ana shu xohishga berilib ketish kerak emas — fikrbozlik va murakkablashgan uslubning po‘panak bosgan suvlariga sho‘ng‘ish kerak emas.
Hayot to‘g‘risida gapirishga o‘tishdan avval yana bir fikrni aytib o‘tishga izn bergaysiz. Istagan san’atkor, rassom, muzikachi yoki yozuvchi — ziyoratchidir. U qaysi muqaddas joylarga borib sig‘inadi? U suvsiz sahrolarda o‘z iste’dodining salbini ko‘targancha sarsari kezib yurar ekan, qaysi avliyoning chehrasini ko‘rmoq istaydi? Go‘zallik chehrasini yoxud Haqiqat husnini ko‘rmoqchimi yoxud ot surib borayotgan Sapirning va oltin buzoqning badbashara yuzini ko‘rmoqchimi? San’atning maqsadi va vazifasi nadir? Qo‘nalg‘alarda yana bu masala bilan shug‘ullanishning fursati keldi. O‘nlab yillar mobaynida bu savolning javobi kunday ravshan tuyulardi, lekin bizning o‘n yilligimiz bunaqa emas. Chor tevaragimizdan bizni saroblar o‘ziga chorlaydi. Ular yarqirab ko‘rinishadi, titrashadi, silkinishadi, g‘oyib bo‘lishadi. Va bu — yomondir. Axir, san’atkor — muzikachimi, rassommi, haykaltaroshmi yoki yozuvchimi baribir, ko‘pgina avlodlarning farzandidir. Bu avlodlar chinakamiga dinga ishongan, ular boshlarini baland ko‘targan holda, yo‘lchi yulduzdan ko‘zlarini uzmay olg‘a bosganlar. Bizlar uchun esa endilikda bu yulduz gohida zo‘rg‘a miltillab qo‘yadi yoki bir lahza ko‘kda olovli iz qoldirib uchib o‘tadi, ba’zan esa butunlay so‘nib qoladi. Ammo shunday bo‘lishiga qaramay, oramizdan loaqal bittamiz topilarmiki — gulxan yonib bitganida, gurunglar oxiriga yetganida, trubkalarda tamaki tamom bo‘lganida o‘sha yulduzni ko‘rmasin va savolning javobini bilmasin? Nima uchun biz butun jonu jahonimizni san’atga baxshida etamiz degan savolga faqat bitta to‘g‘ri javob bor.
Insonning farovonligi va ulug‘vorligi uchun!
Edi Hayot to‘g‘risida so‘zlashaylik. Bu o‘rinda biron-bir ta’rifu tavsifni qidirib o‘tirishga hojat bo‘lmasa kerak. Hayot deb atalgan mamlakatni faqat bir martagina kesib o‘tamiz. Shunda biz yo‘lda nima bilan band bo‘lamiz, ana shu uzoqmi-yaqinmi davom etadigan safarimiz mobaynida qanday ishlarni amalga oshiramiz, bularning bari xarakterimizning mayllariga bog‘liqdir.
Ko‘plar, aftidan, o‘ylaydiki, biz qo‘poldan-qo‘pol bir asrda yashaymiz. Bu asr sensatsiyalar asri, burnini osmonga cho‘zgan peshlavhalar, gazetalardagi baqirib-chaqirgan sarlavhalar, reklamalar va hamma narsani bir qolipga tiqishtirish asri. Ammo shunday bo‘lsa-da, bizning asrimiz hozircha insoniyat tarixidagi eng ma’rifatli asrdir. Amalda hamma o‘qishni biladi. E’tiroz bildirishlari mumkin: “Xo‘p, to‘g‘ri, lekin nima o‘qishyapti? O‘qiganlari detektiv romanlar, g‘alvalar haqidagi axborotnomalar va sport yangiliklari”. Tushunaman, “Shoh Edip”, “Hamlet” va “Faust” yakshanbalik ilovalardan va josuslar haqidagi bo‘lar-bo‘lmas kitoblardan beqiyos yuqori turadilar. Biroq, baribir, g‘arb mamlakatlarida bosilayotgan kitoblarning miqdori doimiy ravishda aholining soniga yaqinlashib bormoqda. Har bir hodisa va har bir muammo keng xalq ommasining mulkiga aylanmoqda. Teatrlar bu jarayonga yordam beradi. Lekin ular kitob o‘qishning o‘rnini bosa olmaydilar va bosmasliklari ham kerak, negaki, kitob o‘qiyotganda biz o‘ylash uchun to‘xtay olamiz, holbuki tinglab turganimizda va hatto ko‘zimiz bilan ko‘rib turganimizda, biz bu ishimizdan to‘xtab, bir oz o‘ylab tura olmaymiz. Bunga, albatta, kimdir muqarrar ravishda xalaqit beradi. Asrimizning xatarli tomoni bizning nodon bo‘lib qolishimizda emas, balki bizning o‘zimiz o‘ylash-o‘ylanish qobiliyatini yo‘qotib borayotganimizda. Bizning oldimizda borgan sari turli-tuman vazifalar ko‘proq ko‘ndalang bo‘lib bormoqda, lekin biz krossvordlarga yoki detektiv romanlardagi jumboqlarga topgan javoblardan tashqari, hayot oldimizga qo‘ygan savollarga javob bera olamizmi? Javob bersak ham, javoblarimiz borgan sari kamayib ketmoqda. Biz borgan sari osonroq va jo‘nroq narsalarga ko‘proq moyillik bildiramiz. Ammo, bilimga olib boradigan yengil yo‘l hamisha eng olis yo‘l bo‘lib chiqadi. O‘zimiz mustaqil ravishda erishadigan bilimimiz har narsadan qadrliroq va mustahkamroq bo‘ladi.
Kitobxonlik — bizning benihoya yuksak darajada mashinalashgan zamonamizda standartlashtirish va jo‘nlashtirishga qarshi eng yaxshi vositadir. O‘qish — bizning hayot haqidagi tasavvurlarimizni kengaytiradi, boshqa odamlarning fe’l-atvorlari va ehtiyojlari to‘g‘risidagi tushunchalarimizni kengaytiradi, kitob odamga o‘zining “men”i hududidan tashqariga chiqishga haddan tashqari yordam beradi.
Men bu o‘rinda falsafaning yoki tuzukroq qilib aytganda, baxt ilmining juda muhim bir qoidasiga yaqin kelib qoldim.
Odamlarning ko‘pchiligi baxt deganda o‘zining o‘z ishi bilan, tuyg‘ulari yoki fikrlari bilan doimiy bandligini tushunadi. Biz biron narsaga yoki ishga butun vujudimiz, butun jon-tanimiz bilan berila bilmasak, o‘zimizni chinakamiga baxtli deb hisoblay olmaymiz. Men o‘zimiz o‘zimiz bilan andarmon bo‘lib, o‘zimizga o‘zimiz mahliyo bo‘lib yotganimizda juda ham baxtsiz bo‘lib ketamiz demoqchi emasman, lekin bunaqa paytlarda biz yarim darajada tirikmiz, xolos-da! Tolstoy aytgan ekan — inson ko‘zguda o‘zini-o‘zi tamosha qilayotganda aslida borichalik chiroyli ko‘rinmaydi. Biz Tolstoyning kishini larzaga soluvchi bu kashfiyotni qanday qilganini hali chuqurroq o‘ylab ko‘rmog‘imiz kerak. Tolstoyning ko‘pgina boshqa falsafiy mulohazalari kabi bu fikri ham bir qarashda ko‘ringanchalik jo‘n emas. Harholda, nima bo‘lganda ham, o‘z-o‘zini esdan chiqarish fidoyilik — haqiqiy baxtga eltuvchi kalitdir. O‘zining “men”ini unutishning ham har xil yo‘llari bor. Menga tanish bir mashhur jarroh ishni shundan boshlagan ekanki, bolaligida sinfdosh o‘rtoqlariga har bitta tishlarini sug‘urtirganlari uchun o‘n tsentdan haq to‘lagan ekan. Hamisha ma’lumdirki, siyosatchilar ham baxtiyordirlar.
Ha, o‘z-o‘zini unutishning yoxud fidoyilikning usullari haddan tashqari xilma-xildir va shulardan biri go‘zallikni tomosha qilishdir. Men Arizonada Grand-Kachsonni suqlanib tomosha qilganimda, Aysidora Dunkan shogirdlarining raqsini huzur qilib ko‘rganimda, Vashingtondagi Rok-Krik qabristonida Sent-Godensning “Nirvana”sini ko‘rganimda yoxud Misrda oy nuriga cho‘mgan sahro o‘rtasida turganimda olamdagi hamma narsani paqqos unutib yuborgan edim.
Biroq men boshimdan zar quyganlarida ham o‘z-o‘zini unutish yoxud fidoyilik nojo‘ya oqibatlarga ham olib kelishini zinhor-bazinhor rad etmagan bo‘lardim. Mening bir tanish rassomim bir gal rus raqqosasining portretini ishladi. O‘shanda u ishga shu qadar berilib ketgan ediki, natijada raqqosaning belidan yuqorisini o‘ziga qarab turgan holda, belidan pastini esa o‘ziga teskari turgan qilib ishlagan va rasmni shu ahvolda ko‘rgazmaga yuborgan. Rost, u paytlarda u o‘zini ekspressionist deb hisoblab yurardi.
Izn bersangiz, men Hayot to‘g‘risidagi suhbatimizga qaytsam.
“Hayot nimadir?” degan savol hech kimning esiga ham kelmaydi. Koinotning paydo bo‘lishiga nechog‘lik aql bovar qilmasa, Hayotning paydo bo‘lishini ham aql bilan idrok etish shu qadar qiyin. Biz borliq haqida keti-oxiri ko‘rinmaydigan darajada mulohaza yuritishimiz mumkin, aqlimizni ishga solib turlicha xulosalar chiqarishimiz ham mumkin, faqat bu xulosalar va mulohazalarning muayyan chegarasi bor: hech qanday mulohazalar va xulosalar bizni Hayotni keng ko‘lamda tushunish masalasiga olib kelmaydi. Bu birdan-bir chinakam bilimdir. Lekin buning boshqacha bo‘lishini kim istaydi? Noma’lumlik unsuri bo‘lmasa, hayotiylik o‘yini ma’nosini yo‘qotadi. Mangu jumboqni hal qiling — hamma narsa to‘xtaydi, Koinot ham bo‘lmaydi, na siz, na men bo‘lamiz, hech narsa bo‘lmaydi. Imon — faqat muayyan diniy ta’limotlarning mahriga tushgan favqulodda boylik emas. Eng yaxshi imon — bo‘lib o‘tgan, hozir mavjud va endi bo‘ladigan narsalarning hammasida Kamolotga intiluvchi bir iroda mujassam ekaniga qat’iy ishonchdir. Kimda-kim shu e’tiqodga ega bo‘lsa, u mukammallashish jarayonida ishtirok etadi. Go‘zallikni kuzatishga qodir odam o‘zi Hayotga go‘zallik olib kirishga ehtiyoj sezadi: u me’yor tuyg‘usiga ega bo‘lgani uchun shu tuyg‘uga muvofiq tarzda ish yuritishga ehtiyoj sezadi. Go‘zallik va me’yor tuyg‘usi bizni qanday yo‘llardan olib yurmasin, bu hamisha butun insoniyat jamiyatining foydasiga xizmat qiladi, chunki ular bizni ochko‘zlik va zo‘ravonlik botqog‘idan ajratib turadi. Hozirgi paytda go‘zallik va muvofiqlikka muhabbat naqadar muhim ekanini ko‘rsatmoq uchun Hayotning istagan tomonini olib qaramoq mumkin. Menga tinchlik masalasini olib ko‘rishga ijozat bergaysiz. Masalan? Shunday savolning berilishi mumkinligining o‘ziyoq — ko‘nglida go‘zallikka va muvofiqlikka muhabbat tuyg‘usi bo‘lgan har bir odamning nazarida mudhish bir bema’nilikdir. Jahon urushi vaqtida biz ko‘rgan shuncha fojeani hali dunyo ko‘rgan emasdi. Ammo aviatsiya rivojlanib boryapti, zaharli moddalar mukammallashyapti. Bunday sharoitda kelajakda ulug‘ davlatlar o‘rtasida bo‘lajak urush boshimizga soladigan halokat qarshisida bu ko‘rganlarimiz bolalarning o‘yinchog‘iday bir gap bo‘lib qoladi. Bunday urush sharoitida unda ishtirok etgan, to‘g‘rirog‘i, unda omon qolgan har qaysi mamlakatning aholisi, aftidan, xuddi kalamushlardek yer tagiga kirib, najosatlar oqadigan quvurlarga biqinib olishga yoxud quyonlardek qo‘rquvdan es-hushlarini yo‘qotib, tog‘u toshlarga bosh olib chiqib ketishga majbur bo‘ladi. Kelajakdagi urushlarda (agar ular boshlanib ketsa) mamlakat asablarining markazi bo‘lmish yirik shaharlarga darhol osmondan shunaqa zarbalar beriladiki, hali bunday zarbalarga qarshi himoya choralari topilgani yo‘q va topilmasa ham kerak. Osmondan yog‘ilgan fugas bombalari yirik shaharlarni vayron qiladi, kimyoviy bombalar ulardagi hayotni karaxt qilib qo‘yadi. Ana unda qarabsizki, turish-turmushi to‘laligicha ana shu asab markazlariga bog‘liq bo‘lgan quruqlikdagi qo‘shinlar va flot, umuman, harakatga kirishmay ham qo‘ya qolishi mumkin. Bunaqa urushda fidokorlik va qahramonlikka o‘rin qolmaydi, nomus va sharafga o‘rin qolmaydi, hech narsaga, hatto dafn marosimlariga ham, o‘tgan urush tug‘dirgan junbushga ham ehtiyoj qolmaydi. Qari bilan yosh o‘rtasida, erkak, ayol bilan bolalar o‘rtasida, xastalar bilan sog‘lom odamlar o‘rtasida hech qanaqa farq qolmaydi, odamlarni na diniy e’tiqodi, na yuksak madaniyati qutqarib qoladi, ko‘zga ko‘rinmaydigan uchar buyumlardan boshqa, osmondan yopiriladigan kullardan boshqa, xonavayronliklar, kasalliklar, o‘limdan boshqa hech narsa bo‘lmaydi. Sivilizatsiyali deb atalmish ulug‘ millatlar o‘rtasida tinchlik o‘rnatilmasa, hech qanday mubolag‘asiz taxmin qilish mumkinki, hammaning boshiga bir xil fojeali qismat tushadi, urushda ishtirok etgan har bir mamlakat mangulik qa’riga singib, yo‘q bo‘lib ketadi, undan faqat ayanchli soyagina qoladi.
Bu vahima qilayotgan odamning hayqirig‘i emas, aql-idrokning sog‘lom ovozidir. Ba’zilarning tasdiqlashiga ko‘ra, inson tabiati o‘zgargandagina urushlar yo‘q bo‘lar emish. Ammo inson tabiati o‘zgarmaydigan narsa. Mijozi sovuq, reja bilan ish yuritadigan odamlar hamisha o‘z maqsadlarini ko‘zlab ish yuritadilar, hamisha so‘qirlar, befarosat fanatiklar, millatchilar bo‘ladi, hamisha ojiz, notavon odamlar bo‘ladi va ular doim to‘ydan keyin nog‘ora chalib yurishadi, hamisha olomon bo‘ladi, poda psixologiyasi bo‘ladi. Bizning baxtimizga urushning oldini oladigan ta’sirchan vositalar ham mavjud. Bundan tashqari, urush masalasida ham umidbaxsh o‘zgarishlar bor. 1914 yilda mulohazakor va sog‘lom odamlar urush ularning mamlakatlariga foyda keltirishi mumkin deb o‘yladilar. Biroq keyinchalik ularning bu taxminlari tasdiqlanmadi. Endi esa — 1930 yilda bironta ham mulohazakor va sog‘lom fikrli odam o‘zini bunaqa xomxayollar bilan ovitayotgani yo‘q. Samolyotdan tashlangan bir necha yuzta kimyoviy bomba million-million odam yashaydigan ulkan shaharni yer bilan yakson qilar ekan, sog‘lom fikrlaydigan bironta ham inson urushni yoqlab ovoz bermaydi. 1941 yilga qadar tinchlikning zarur ekaniga ishonish dovdir odamlarninggina ishi deb hisoblanardi. Ammo 1930 yilda tinchlikning zarur narsa ekaniga ishonmaydigan odamlar eng kaltafahm va befarosat odamlar ekani ma’lum bo‘lib qoldi. Yana ta’kidlayman — bu alamli fig‘on emas, sog‘lom aqlning nidosidir.
Insoniyat bag‘oyat g‘alati, uqubutli davrni boshidan kechiryapti. Bizga o‘tmishdagi eng qo‘rqinchli davrlarda ham ko‘rinmagan juda dahshatli va o‘ta ayovsiz xavf tahdid solib turipti. Ammo shunga qaramay, g‘ayrishuuriy tarzda insoniylikka intilishi jihatidan, odamlarga tengsiz azob-uqubatlar keltirayotgan illatlar va kulfatlarni tag-tomiri bilan yulib tashlashga bo‘lgan samimiy ishtiyoqi jihatidan bizning asrimizga teng keladigan boshqa biron asrni topib bo‘lmaydi. Biz har qachon bo‘lganidan ko‘ra ortiqroq darajada bilim, iqtidor va insonparvarlik bilan xastaliklarni davolamoqdamiz, garchi o‘zimiz xohlagancha yetarli darajada bo‘lmasa hamki, jinoyatchilarga va jonvorlarga ilmiy asosda, adolat yuzasidan, mehr-shafqat bilan munosabatda bo‘lmoqdamiz, biz har qachongidan ham ortiqroq darajada ijtimoiy va iqtisodiy illatlardan xalos bo‘lish yo‘lida tashvish chekmoqdamiz. Agar biz tinchlikni ta’minlay olganimizda edi, boshimiz uzra parvoz qilib yurgan qirg‘in sharpasini bartaraf qilolganimizda edi, tarixdagi eng insonparvar asrga — adolat va farovonlik asriga yaqinlab qolgan bo‘lar edik. Sivilizatsiyalashgan millatlar o‘rtasidagi urush o‘tmishning qonli merosiga aylanib qolganiga ishonch bizning hammamiz uchun naqadar buyuk ne’mat bo‘lur edi. Mening fikri ojizonamga ko‘ra biron kun ham o‘tmasligi kerakki, biz o‘z-o‘zimizga “Dunyodagi jamiki muqaddas narsalar haqqi — urushning mutlaqo keragi yo‘q!” deya takrorlamaylik.
Endi ixtiyorimizda qolgan bir necha daqiqa vaqtimizni go‘zallik haqidagi ba’zi bir fikrlarga bag‘ishlashimga ruxsat bergaysiz. Aftidan, go‘zallik deganda bir odam bir narsani, ikkinchi odam boshqa narsani anglaydi, shekilli. Shunday ekaniga qaramay, har birimiz o‘ziga go‘zal bo‘lib tuyulgan narsani ko‘rganida, eshitganida yoki o‘qiganida, boshqalar nimaiki his qilsa, shuning o‘zini, ya’ni benihoya qimmatli va ko‘tarinki tuyg‘uni his qiladi. Uning his qilgani bilan boshqalarning hissiyotlari o‘rtasidagi farq bu hislarning darajasidagina bo‘ladi. Xorda yangragan bola tovushi, to‘lqinlarni yorib suzib borayotgan yelkanli kema, gul yozayotgan g‘uncha, tun qo‘ynidagi shahar, to‘rg‘ayning xonishi, yaxshi she’r, yaproqning soyasi, yoqimtoy go‘dak, yulduzli osmon, ibodatxona, bahorda gullagan olma, adirlar qo‘ynida o‘tlab yurgan qo‘y-qo‘zilarning bo‘ynidagi qo‘ng‘iroq ohangi, ariqchaning jildirashi, kapalak, hilol, yana boshqa minglab narsalar, tovushlar, so‘zlar, xullas, bizda go‘zallik haqida fikr uyg‘otadigan narsalarning hammasi — qalbimizni qurg‘oqchilikdan asraydigan ne’mat yomg‘irining tomchilaridir. Balki biz bu sokin, kishining bahri-dilini ochuvchi, ruhini yengillatuvchi ne’matni payqamasmiz, lekin u hamisha biz bilan. Urush o‘zi bilan birga san’atdagi, adabiyotdagi va rassomchilikdagi go‘zallikka qarshi isyon olib keladi. Ammo bu isyon hozir tinyapti va men aminmanki, hademay butkul tinadi. Biz o‘zimiz anglaganimiz holda go‘zallikni naqadar qadrlashimizni anglasak va bu go‘zalliksiz hayotda quvonch va shodlik naqadar oz ekanini tushunib yetsak, rosa hayron qolgan bo‘lardik. Go‘zallik — kurrai zaminning chehrasidagi tabassumdir, hammaga atalgan tabassumdir va uni ko‘rmoq uchun faqat ko‘zga ega bo‘lmoq kerak, his qilmoq uchun kayfiyat zarur, xolos!
Men Hayot haqidagi suhbatimizni boshlaganda aytgan so‘zlarimni takrorlayman. Biz umrimizda atigi bir martagina Noma’lumlik bekatiga chipta sotib olamiz. Boshqacha aytganda, haddan ziyod mashinalashgan bu asrda mashinasiz kun ko‘rmoq uchun faqat bir martagina sharros yog‘ib turgan jala yoxud Quyoshning qizdiruvchi nurlari ostida Hayot bo‘ylab safarga chiqamiz.
Agar o‘ylab ko‘rilsa, biz hammamiz sargardonu sargashta daydilarmiz, hech qaysimiz bugungi kun bizga nima olib kelishini va tun qora pardasini yoyganda qayerdan panoh topishimizni bilmaymiz. Biroq agar biz o‘z yaqinlarimizga ko‘maklashishni o‘rganib olsak, mardligimizni yo‘qotmasak, butun qalbimiz bilan berilib, o‘zimizni unutib, o‘z ishimizni yaxshi ado etsak, agar biz Hayotdan lazzat ola bilsag-u, loaqal shuning o‘zi bilan uning chiroyiga chiroy qo‘shsak, agar biz tinchlikka intilsak va uni ta’minlashni o‘rganib olsak, agar biz taft tortmay Sirning yuziga tik qarashni o‘rganib olsak va ayni choqda bu yorug‘ dunyoda Ruhning mangu harakatini his qilishni o‘rganib olsak, bilingki, unda bizning Hayotimiz zoye ketmapti. Ha, unda bizning hayotimiz chindan ham zoye ketmapti.
Ozod Sharafiddinov tarjimasi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2002 yil, 9-son