Barcha qatnovlar jo‘nab bo‘lgan, «Sietl-4» esa sohildan asta-sekin uzoqlashayotgan edi. Uning palubalari kema va yo‘lovchi yuklari, turli hindular guruhi, itlar va ularning egalari, savdogarlar hamda uyiga qaytayotgan oltin qidiruvchilar bilan to‘lgandi. Dosenning ko‘p sonli odamlari qirg‘oqda saf tortib xayrlashardilar. Zinapoya olinib, kema oqim bo‘ylab sekin suza boshlagach, xayrlashuvning shovqin-suroni quloqni qomatga keltirdi. So‘nggi lahzalarda oxirgi vidolashuv so‘zlari yodiga tushgan odamlar kattalashayotgan suv kengliklari aro bir-birlariga baqira boshladilar. Luis Bondellbir qo‘li bilan sariq mo‘ylovini burab, boshqasini qirg‘oqdagi do‘stlariga bo‘shashgan ko‘yi siltarkan, to‘satdan bir nima yodiga tushdi va to‘siqqa sakrab chiqdi.
– Hoy, Fred! – baqirdi u. – Hoy, Fred!
Fred sohildagi olomonning oldingi qatorida uzun yelkalarini cho‘zib, behuda baqirishdan yuzi qizarib ketgan Luis Bondelning gapini ilg‘ashga urinardi. Kema va qirg‘oq o‘rtasidagi suv tobora kengayib borardi.
– Hey, sen, Kapitan Skott! – qichqirdi u kema boshqaruv xonasiga. – Kemani to‘xtat!
Bong yangradi, kemaning quyrug‘idagi katta rul chambaragi orqaga burildi va kema to‘xtadi. Kema va qirg‘oqdagilarning barchasi bunday imkoniyatdan unumli foydalanib, so‘nggi, boshqa va muhim so‘zlarni yetkazishga kirishishdi. Luis Bondelning tushuntirishga bo‘lgan barcha sa’y-harakatlari bekor ketdi. «Siyetl-4» izidan chiqdi va uni oqim olib keta boshladi. Kapitan Skott esa kemani yana bir bor ortga burib, yo‘lda davom etishi kerak edi. U boshqaruv xonasi tomon g‘oyib bo‘ldi va birozdan so‘ng katta megafon1 bilan chiqdi.
Keyin esa Kapitan Skott qat’iy ovozda «Bas qiling!» – deya paluba va qirg‘oqdagi olomonga yuzlandi. Uning ovozi Muzhayd tog‘ining cho‘qqisidan Klondayk shahrigacha eshitilib turardi. Boshqaruv xonasi tarafdan kelgan bu rasmiy e’tirozdan qiy-chuv biroz tingandek bo‘ldi.
– Xo‘sh, nima deysan? – so‘radi Kapitan Skott.
– Fred Cherchilga ayting – u qirg‘oqda, Makdonaldga borsin, seyfda kichik yuk chamadonim bor. Qaytishida uni olib kelsin.
Kapitan Skott xabarni megafonda qirg‘oqqa yetkazdi:
– Sen, Fred Cherchill, Makdonaldga bor, seyfdagi kichik yuk chamadon – Luis Bondelga tegishli, juda muhim! Uni qaytishingda olib kel! Tushundingmi?
Cherchill tushunganini bildirib, qo‘l silkidi. Aslida Makdonaldgacha yarim mil yo‘l bo‘lib, bu unga qiyinchilik tug‘dirmas edi. Yana xayrlashuv suroni ko‘tarildi, bong chalindi va «Siyetl-4» oqimda chayqalib, orqa chiroqlarini yoqqancha, Yukon tomon ketib borardi. Bondell va Cherchill bir-biriga mehr bilan qo‘l siltab, uzoq xayrlashib qolishdi.
Yozning o‘rtalari edi. O‘sha yili Vills bortida ikki yuz sayohatchi bilan Yukanga yo‘l oldi. Unda Cherchill ham bor edi. Uning kayutasida, kiyim-boshlar orasida Luis Bondelning ham yuk chamadoni turardi. U kichik, pishiq charmdan bo‘lib, og‘irligi naq qirq funt kelar, Cherchill undan uzoqlasharkan, tamom xavotirga tushardi. Qo‘shni kayutadagi kishida ham xuddi shunday kiyim chamadonlarida oltin zarralaridan iborat xazina bor edi, natijada ikkisi vaqti-vaqti bilan ularni qo‘riqlashga kelishib olishdi. Biri ovqatlangani tushib ketganida, boshqasi ikki kayutaning eshiklaridan ko‘z uzmasdan turardi. Cherchill qartada bir qo‘l o‘ynashni xohlagan kezlarida sherigi qorovullik qilar, u hordiq olgisi kelganda esa Cherchill ikki eshik o‘rtasidagi sayyohlik kursisiga o‘tirib, to‘rt oylik eski gazetani o‘qishga tutinardi.
Erta qishning alomatlari ko‘rinib turar, muammo shunda ediki, agar ular muzlashdan oldin jo‘nab ketishmasa, kemani tark etishga majbur bo‘lishar, keyin esa muzda harakatlanish og‘ir kechishi tayin edi. Bu tongdan shomga qadar, ba’zan yarim tungacha muhokama qilinardi. Odamning jig‘ibiyronini chiqaradigan ortga surilishlar bo‘lardi. Ikki marta motor buzilib qolib, tuzatishga urinib ko‘rishdi. Har zamon yaqin turgan qishdan ogoh etib, qor uchqunlab qo‘yardi. Vills to‘qqiz marta Besh Panja Girdobidan o‘tishga urindi, buning uchun qancha jihozlarga zarar yetmadi deysiz?! Nihoyat, kema yetib kelganida, ularning xom jadvalidan to‘rt kunga kechikkan edi. Shundan so‘ng Boks Kenonning yuqorisida Flora kemasi uni kutib turgan bo‘ladimi yoki yo‘q, degan savol ko‘tarildi. Boks Kenonning boshidan «Uayt Xors»ning oxirigacha bo‘lgan oqim kemalar qatnovi uchun o‘ta noqulay bo‘lib, bu vaziyatda yo‘lovchilarni bir qayiqdan boshqasiga o‘tkazib, oqimni aylanib o‘tishar edi. Shahar bilan hech qanday aloqa yo‘q, shu sababdan Villsning to‘rt kunga kechikib kelayotganini Floradagilarga ma’lum qilish imkonsiz edi.
Vills «Uayt Xors»ga kirib borganida ayon bo‘ldiki, Flora aytilganidan uch kun ziyod kutgan. Eng achinarlisi shuki, bor-yo‘g‘i bir necha soat oldin jo‘nab ketgan ekan. Bundan chiqdi u yakshanba kuni ertalab soat to‘qqizgacha Tagish postiga yetib borishi kerak bo‘lgan. Bu payt esa shanba kuni soat kunduzgi to‘rt edi. Sayyohlar majlis qurishdi. Bortda katta Peterburg baydarkasi bo‘lib, Bennet ko‘lining boshidagi militsiya boshqarmasiga qarashli edi. Ular qayiqqa javobgarlik qilishni va yetkazib berishni o‘z zimmalariga oldilar. So‘ngra ko‘ngillilarni chorladilar. Floraga yetishib olish uchun ikki kishi kerak edi. Bir zumda yigirmatacha kishi o‘z xohishini bildirdi. Ularning orasida Cherchill ham bor edi. Aslida birovlardan o‘z yordamini ayamaslik uning tabiatiga xos bo‘lib, Bondelning yuk chamadoni xayolida ham yo‘q edi. Bu o‘y miyasiga kelganda, uni tanlamasliklarini umid qila boshladi. Lekin kollej futbol jamoasining sardori, yengil atletika klubining prezidenti va chana qo‘shilgan itlar boshqaruvchisi sifatida nom qozongan keng yelkali bu shaxsning ayni yuksak sharafdan bosh tortishga haqqi yo‘q edi. Bu Cherchill va mahobatli nemis Nik Antonsenga bildirilgan ishonch edi.
Sayyohlar jamoasi baydarkani yelkalariga qo‘ygancha bandargoh uzra yelib, kerakli nuqtaga joylashtirayotganidaga, Cherchill xonasiga yugurdi va poldagi yuk uyumini ag‘dargan ko‘yi o‘sha kichik chamadonni qo‘shni xonadagi kishiga ishonib topshirib ketish niyatida qo‘liga oldi. Keyin esa miyasiga bu o‘z chamadonim emas, shunday ekan, o‘zimning shaxsiy buyumimdek tashlab ketishga haqqim yo‘q, degan o‘y keldi. Shunday qilib, yuk chamadoni bilan sohil tomon chopib ketdi. Uni bir qo‘lidan ikkinchisiga o‘tkazarkan, o‘zi qirq funt chiqarmikan deya ajablandi.
Ikkalasi yo‘lga tushgan chog‘ soat kunduzgi to‘rt yarim edi. «O‘ttiz mil daryo»sining oqimi shu qadar shiddatli ediki, kamdan-kam hollarda eshkak esha olardilar. Yelkalari osha baydarkaga bog‘langan arqon yechilib ketar, qoyalarga urilishar, butazorlar ichidan yo‘l ochishga zo‘r berishar, goho sirpanishib, suvga qulashar, sayoz joylarda tizzalari va bellarigacha suv kechishar, quturgan, talafotli to‘lqinlar ularni boshqa sohilga surib yuborardi.
Bu o‘ta holdan toydiradigan holat edi. Antonsen bahodirlardek uzoq mashaqqat chekdi. Bu eshkakchi sabrli va matonatli edi, lekin Cherchilning o‘tkir zehni va qudrati uni boshqarib turardi. Ular sira dam olishmas, faqat olg‘a va yana olg‘a intilishardi. Daryoda qattiq shamol turdi, ularning qo‘llari muzlab, vaqti-vaqti bilan uvushar, shuning uchun kaft va barmoqlarini bir-biriga ishqalab, qon yugurtirishga harakat qilishardi.
Kech tusha boshlagach, taqdirga tan berishdi. Tag‘in inson qadami yetmagan nishablikka qulab tushishdi. Ular hech narsani ko‘rolmas, chakalakzorlar kiyimlarini timdalab tashlagandi. Har ikkisining o‘ta qattiq tirnalgan tanalaridan qon sizib turardi. Daydi to‘lqinlar necha martalab ularni sohildan sohilga, to‘siqlarga urib, ag‘darib yubordi. Dastlab bu hol yuz berganida, Cherchill suvga sho‘ng‘idi va uch fut chuqurlikda paypaslagancha yuk chamadonini qidira ketdi. Uni topishga bir yarim soat vaqt yo‘qotdi, shundan so‘ng chamadonni qayiqqa mahkam bog‘lab qo‘ydi. Antonsen chamadonni tonggacha nafrat bilan la’natlab chiqdi, biroq Cherchill uni tinchlantirishni o‘ziga ep ko‘rmadi.
Ularga uchragan omadsizliklarning poyoni yo‘q edi, go‘yo. Daryoning tez oqar, keskin muyulishida ikki soat vaqt yo‘qotdilar. Hatto ikki marta ag‘darilib ham tushishdi. Bu payt har ikki qirg‘oq ham chuqur jarlik bo‘lib, ularda na arqon, na ilgak bor edi. Oqimga qarshi faqat eshkaklar bilan hech narsa qilib bo‘lmasligini ham yaxshi bilishardi. Har eshkak eshganlarida katta kuch sarflab, jon-jahdlari bilan harakat qilishardi. Ularga tasodifan omad kulib boqdi. Kutilmagan to‘lqin qayiqning yo‘nalishini o‘zgartirib yubordi. Cherchill nazoratni yo‘qotdi, to‘lqin uni sohildagi daraga irg‘itib yubordi. Antonsen suvdan chiqib olguncha, u bir qo‘li bilan botqoqdagi qayiqni ushlab turdi. Ular qayiqni tortib olgach, hordiq olishdi. Eng asosiy nuqtada o‘zlariga kelib, yo‘lga tushishdi. Yuqori sohilga chiqishgach, arqon bilan tezda chakalakzorga o‘tishdi.
Kunduzi ular Tagish Porti ancha uzoq deb o‘ylashgandi. Biroq yakshanba kuni ertalab soat to‘qqizda Floraning jo‘nash signalini eshitishga muyassar bo‘ldilar. Soat o‘nlarda, ular ming mashaqqat bilan portga yetib kelganlarida, uzoq janub yo‘lida ketib borayotgan Floraning tutunini bazo‘r ko‘ra oldilar, xolos. Holdan toygan, juldur kiyimli bu ikki kishini Mounted politsiyasi Kapitan Jones samimiy kutib oldi va ovqatlantirdi. So‘ngra ikkisining ham juda-juda charchaganini sezib, xoli qo‘ydi. Ular pech yonida nam kiyimlarida yotib uxlashdi. Ikki soatdan so‘ng Cherchill uyg‘ondi, Bondelning yostiq o‘rnida foydalangan chamadonini olib, qayiqqa qo‘ydi. Antonsenni turtib uyg‘otgach, Floraning ortidan yo‘lga tushishdi.
– Ha, nima bo‘lishini oldindan bilib bo‘lmaydi, jihozlar ishdan chiqadimi yoki boshqa. – Bu uning Kapitan Jones e’tiroziga javobi edi. – Men bu kemaga yetib olib, albatta, bolalarga yubormoqchiman.
Tagish ko‘li kuchli bo‘rondan oppoq tusga kirib, sovuq ularning jon-jonidan o‘tib ketdi. Shiddat bilan chayqalayotgan to‘lqinlar baydarkani uchirib ketar, biri eshkak eshgani holda, ikkinchisi qayiqdagi suvni chiqarish bilan andarmon bo‘lar, oldinga yurishning iloji yo‘q edi. Imkon izlagan suzuvchilar sayoz sohil tomon intilishdi, qayiqdan tushib, biri oldinda arqonni tortsa, sherigi qayiqni itarib borardi. Kuchli bo‘rondan himoyalanishga urinishar, biroq bellarigacha muzday suv qoplar, gohida bo‘g‘izlarigacha, hatto boshlari uzra chiqar va baland po‘rtanalarda ko‘milib ketardilar. Og‘ir va behalovat, yurakni ezuvchi olishuvdan bir lahza bo‘lsin tinim yo‘q edi. O‘sha tun Tagish ko‘lining boshida, kuchli qor bo‘roni zabtida Florani quvib yetishdi. Antonsen bortga behol yiqilgancha hansirab nafas olib yotardi. Cherchill yovvoyi odamga o‘xshab qolgandi. Kiyimlari uning tanasini arang yopib turardi. Yuzi muzlab qotib qolgan, yigirma to‘rt soat davom etgan azoblardan holdan toygan, qo‘llari shu qadar shishib ketgan ediki, hatto barmoqlarini buka olmasdi. Oyoqlarida esa kuchli og‘riq turgandi.
Floraning kapitani «Uayt Xors»ga qaytishni xohlamadi. Cherchill gapida qat’iy turib oldi. Biroq kapitan ham qaysarlikda undan qolishmasdi. Oxiri u ortga qaytib, hech nimaga erishib bo‘lmasligini, negaki, Deyadagi yagona dengiz paroxodi – «Afinalik» seshanba kuni erta bilan yo‘lga chiqishini, biroq «Uayt Xors»ga kirolmasligini va qolib ketgan sayyohlar bilan mumkin qadar ertaroq aloqa o‘rnatishini ma’lum qildi.
– «Afinalik» qaysi payt yo‘lga chiqadi? – qat’iy so‘radi Cherchill.
– Seshanba ertalab, soat yettida.
– Tushunarli, – deya Cherchill, xurrak otayotgan Antonsenning qovurg‘asidagi tatiurovkasiga turtdi. – Sen «Uayt Xors»ga qaytib bor. Yo‘lda davom etib, «Afinalik»ka etib olamiz.
Antonsen qayiqda ahmoqlarday uxlab yotar, uning mudroq ongi hech nimani anglamas, ulkan dengizning muz zarralaridan jiqqa ho‘l bo‘lib ketgan edi. Qorong‘uda Cherchilning baqirayotganini elas-elas anglay boshladi. Ungacha nima bo‘lganini bilmasdi.
Eshkak eshish qo‘lingdan keladimi?! Yoki suv toshirmoqchimisan?!.
Kunduzi ular Karibou Chorrahasiga yetib kelishdi, shamol tingan edi. Antonsen jon-jahdi bilan eshkak eshdi va ular ancha olislab ketishdi. Cherchill biroz uxlab olish uchun qayiqni sayoz qirg‘oqqa to‘xtatdi. U ehtiyot chorasini ko‘rib, bir qo‘lini boshining ostiga bukkancha uyquga ketdi. Har besh daqiqada bukilgan qo‘lida qoni yurmay, og‘riqdan uyg‘onib ketar va darhol atrofga sinchiklab nazar tashlar, keyin esa ikkinchi qo‘lini bukib, boshining ostiga qo‘ygan ko‘yi uyquga ketar edi. Ikki soatlardan so‘ng Antonsen uni uyg‘otdi. So‘ng yana yo‘lga tushishdi. Uch mil uzunlikdagi Bennet Ko‘li tegirmon havzasiga o‘xshardi. Yarim yo‘lda janubda kuchli bo‘ron turdi. Tagishgacha uzoq, davomiy to‘siqlarni yengishga to‘g‘ri keldi. Qayiq bir tomonga og‘ib ketar, to‘lqin ko‘tarilib, ularning beli, bo‘g‘zi va boshigacha sovuq suv qoplar, oqibatda Antonsen tamomila holdan toygandi. Cherchill uni o‘ziga kelishi uchun shafqatsizlarcha turtib, baqirardi, biroq u to‘lqin zarbidan suvga tushib ketib, cho‘ka boshlagan edi. Cherchill uni bir amallab suvdan tortib olib, qayiqqa chiqardi. Shundan so‘ng Cherchill bu ayovsiz kurashni yolg‘iz o‘zi davom ettirishga majbur bo‘ldi. Tushdan oldin Bennet Ko‘lining boshidagi politsiya postiga yetib keldi. Antonsenni qayiqdan chiqarishga urindi, biroq urinishlari zoye ketdi. U tinkasi qurigan odamning og‘ir nafas olishini eshitib turardi. Shu choqqacha boshidan kechirganlarini eslab, unga hatto hasadi kelib ketdi. Antonsen uxlab yotardi, Cherchill esa avvalgidek qudratli Chilkat bo‘ylab davom etishi va dengizga chiqishi kerak edi. Haqiqiy kurash hali oldinda edi. U o‘zini shu ko‘yga solgan azob-uqubatlardan so‘ng ham tanasida kuch mavjudligi uchun negadir pushaymon bo‘lib ketdi.
Cherchill qayiqni qirg‘oqqa sudrab chiqdi, Bondelning yuk chamadonini qo‘liga oldi va oqsagancha politsiya postiga qarab yo‘rtib ketdi.
– U yerda Dosendan sizga yuborilgan qayiq bor, – deya baqirdi peshvoz chiqqan ofitserga. – Unda o‘lim yoqasida turgan bir odam yotibdi. Xavfli hech narsa yo‘q, faqat o‘ta holdan toygan. O‘shandan xabar oling. Men shoshilishim kerak. Xayr! «Afinalik»ka etib olishim lozim.
Bir mil keladigan port Bennet va Linderman ko‘lini bog‘lab turardi. U oqsoqlanib yugurib borarkan, ortiga o‘girilib, ofitserga so‘nggi bor baqirdi. Yugurish unga azob bersada, tishini tishiga qo‘yib davom etar, chamadonga qararkan, unga bo‘lgan hurmatining ta’siridan ko‘p hollarda hattoki og‘riqni ham unutib yuborardi. Aslida chamadon jiddiy xalal berardi. Bir qo‘lidan boshqasiga o‘tkazar, qo‘ltiqlashga tutinar, gohida bir qo‘llab yelkasi osha ortmoqlab olar, yugurganida esa orqasiga gursillab urilardi. Uni momataloq bo‘lib, shishib ketgan barmoqlarida arang ko‘tarib yurardi. Necha marta tushirib ham yubordi. Bir gal qo‘ldan qo‘lga o‘tkazayotib, old tarafga nogoh tushirib yubordi, shiddatli qadamini to‘xtatolmay, unga qoqildi va jon holatda yerga yiqildi. Portning olis chekkasidan eski bog‘ichli yuk sumka sotib oldi va chamadonni unga joylashtirdi. Shuningdek, Linderman ko‘lining yuqori chegarasigacha bo‘lgan olti milni bosib o‘tish uchun kater yolladi. U yerga tushki soat to‘rtda yetib keldi. Ertasiga ertalab soat yettida «Afinalik» Daidan yo‘lga tushishi kerak edi. U yergacha yigirma sakkiz mil masofa bo‘lib, o‘rtada Chilkat yastanib yotardi. U oyoq kiyimlarini uzoq yo‘lga moslab olish uchun o‘tirdi – o‘ttiz soniyadan so‘ng uyg‘ondi. Garchi uxlamagan bo‘lsada, o‘tirgan ko‘yi mudray boshlagan edi. Endigi hordiq onlari uzoq davom etishi mumkinligidan qo‘rqardi, shuning uchun ishini tezda yakunlab, o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Hatto shundan so‘ng ham biroz muddat o‘zini bilmay turdi, hech narsani his qilmas, havoda muallaq turganga o‘xshardi. Bo‘shashgan vujudi uni yerga tortardi, shu payt o‘zini qo‘lga olib, tortishib qolgan muskullarini siltab, tetiklashdi va yotib qolishdan saqlandi. Kutilmagan qo‘zg‘alish uni o‘ziga keltirdi, titrog‘i va dardini aritdi. Karaxt miyasini uyg‘otish uchun kafti bilan boshiga urdi.
Jek Bernsning yuk karvoni Kretr Ko‘liga qaytib ketayotgandi, Cherchilni ham o‘zlariga qo‘shib olishdi. Berns Cherchilning sumkasini boshqa yuk xachiriga qo‘yishini aytgandi, biroq Cherchill uni o‘zi bilan egar oldiga olib, yo‘lga tushdi. Egar ustida mudrab, uni mahkam tutgancha uyquga ketdi va har zamon u yer-bu yerda ko‘ngli aynib, uyg‘onib ketardi. So‘ng shom tushmasdan burun Cherchilning xachiri lunjini shishirib, rejadagi yo‘lga teskari yurib ketdi. Buning ustiga xachir so‘qmoqda qo‘pol harakatlanib, yiqilib, yo‘lovchisini uloqtirib yubordi, yuk sumka esa qoyatoshlar ustiga tushdi. Shundan so‘ng Cherchill piyoda holda qoqilib, xachirni boshqarib borardi, so‘qmoqda oltin izlashda yo‘ldan adashib qolgan va halok bo‘lgan otlarning qoldiqlaridan o‘ta badbo‘y hid anqib turardi. U qattiq uyqu bosganidan bunga e’tibor bermasdi. Ayni paytda «Uzun ko‘l»ga kelib qolgan edi. Bazo‘r uyqudan bosh ko‘tardi. Keyin esa xira yulduzlar yog‘dusida Bernsga ko‘z tikib yotdi. Yuk sumkasi bilan bog‘liq ortiq baxtsiz hodisa kutilmayotgandi.
Yuk karvoni Kretr ko‘lidagi oromgohga borishi kerak edi. Cherchill esa yuk sumkani orqasiga osib, tik cho‘qqiga chiqa boshladi. O‘sha tik jarlikda, ilk qadamlaridayoq qay darajada charchaganini his qildi. Butun gavdasining og‘irligi tushib, dengiz qisqichbaqasi kabi sudralib tirmashar, har bir yuqoriga ko‘tarilish undan kuchli iroda va matonat talab qilardi. Shu payt unda gallyutsinatsiya2 boshlandi, Cherchill o‘zini dengiz qa’riga sho‘ng‘uvchi g‘avvoslardek his qilar, azbaroyi tubsizlikka sho‘ng‘ishga intilar va undan bahramand bo‘lish istagidan o‘zini tiya olmasdi. Bondelning yuk chamadoni haddan ortiq og‘irlik qilar, go‘yoki tog‘day bosib turardi. U tirmashib borarkan, o‘tgan bir yilni esladi, xuddi shu so‘qmoqdan bir yuz ellik funt yukni olib o‘tganiga aqli bovar qilmasdi. Agar o‘sha yuklar bir yuz ellik funt og‘irlikda bo‘lsa, Bondelning yuki, uningcha, besh yuz funt kelishi kerak edi.
Kretr ko‘lidan ajralib turuvchi nishablikning narigi tomoni muz bilan qoplangani yaqqol ko‘rinib turar, biroq muz qatlamlarining yuqorisi hech narsa o‘smaydigan taqir yer bo‘lib, yalang‘och qoya va ulkan tog‘ xarsanglari qalashib yotardi. Zimistonda so‘qmoqni ko‘rishning iloji yo‘qligi bois, gandiraklab, qoqilib, atrofdagi har bir narsaga diqqat qilib borardi. Shamolning uvullashi va kuchli qor bo‘roni zabtida cho‘qqiga yetib keldi. Ayni shu payt tasodifan kichkina, qarovsiz bir chodirni topib oldi va sudralib ichkariga kirdi. U yerda juda eskirib qolgan qovurilgan kartoshka va besh-oltita pishmagan chala-xom tuxumlarni topib, shosha-pisha yutoqib yeya boshladi.
Qor tinib, shamol pasaygach, umuman yurib bo‘lmaydigan qiyalikdan tushishga urindi. So‘qmoq yo‘q bo‘lib ketgan, u esa qoqilib, gandiraklab borardi. Goho ilojsiz bir holat – uning hukmi o‘tmaydigan tik qiyaliklar tubiga va qoyatoshlar qirrasiga kelib qolardi. Yo‘lning bir qismi ortda qolib, yulduzlarni yana bulut qopladi. Qorong‘uda sirpanib, dumalab ketdi va yuz qadamlarcha toyib borib, keng, lekin sayoz chuqurlikning etagiga qontalash va momataloq holda yiqildi. Uning butun atrofidan o‘lgan otlarning badbo‘y, qo‘lansa hidi ko‘tarilardi. Chuqurlik so‘qmoqqa shu qadar qulay joylashgandiki, yuk tashuvchilar muntazam ravishda bu yerga kasalmand, chalajon otlarni keltirishga odatlanishgan, o‘lik otlar ayqash-uyqash bo‘lib ketgan edi. Qo‘lansa hid uni tamoman yengib, o‘lar holatda mazasini qochirar, u yomon tushdagi kabi jon holatda yuqoriga tirmashardi. Yarim yo‘lga yetganda Bondelning chamadoni esiga tushdi. U ham o‘zi bilan chuqurga qulagan edi, demakki, bog‘ichi uzilgan, Cherchill esa buni esdan chiqargan. O‘lat tarqagan o‘sha chuqurga yana qaytib bordi. U yerda tizzalab va qo‘llari bilan atrofni emaklab, bir yarim soatcha vaqt ichida chamadonni qidirdi. Chamadonni topguncha jami o‘n sakkizta otga duch keldi. (Bitta ot esa hali tirik edi, uni revolveri bilan otib tashladi.) Hayotni jasorat va g‘alabalarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. U yuk sumkasiga qaytib kelishini umri davomidagi qilgan eng mardonavor ish deb bemalol ayta olardi. Xullas, uning qahramonligi shunda ediki, chuqurlikdan chiqishidan oldin ikkinchi bor o‘lishiga bir baxya qolgandi.
Bu payt u Skeylzga etib kelgan, Chilkatning tik nishabliklari ortda qolgan edi. Yo‘l esa birmuncha yengillashganu, baribir qulay emasdi, biroq chidasa bo‘lardi. Agar u bunchalik holdan toymaganida edi, vaqtini chog‘ o‘tkazishi mumkin edi. Agar qadami yengillashib, Bondelning chamadoni bo‘lmaganida, uning bu darmonsiz holiga battar og‘irlik tushmasdi. Shu bois zo‘rg‘a sudralib yurar, sumkaning ortiqcha yuki uni irg‘itib yuborish uchun kifoya edi. Deyarli har zamon qoqinib, turtinib borardi. U yiqilmaslikka tirisharkan, butoqli zulmat g‘oyat cho‘zilib ketgan edi. Sumkani yelkalari osha ortqilab olgan va u yo‘lchini orqaga tortar edi.
Cherchilning xayoli o‘zida edi. Agar «Afinalik» o‘tib ketsa, bu yuk sumkasining aybi bo‘ladi. Aslida uning ongida ikki narsa qolgandi: Bondelning sumkasi va kema. Faqat shu ikki tushunchanigina tan olardi. Chunki ular Cherchilni uzoq sayohatga va mashaqqat chekishga majbur qilgandi. U go‘yoki tushida, qiynalib yo‘lda davom etayotganga o‘xshardi. Tushining davomi sifatida u Ship Kempga etib keldi. Chayqalib pivoxonaga kirib bordi. Yelkalarini qayishlardan bo‘shatdi. Yuk sumkasini oyoqlariga qo‘yayotgan edi, nogahon barmoqlaridan sirg‘anib ketdi va og‘ir taqillagan tovush chiqarib, polga quladi. Lekin bu ayni payt chiqib ketayotgan ikki kishiga sezilmadi. Cherchill bir stakan viski ichib, bar xizmatchisiga o‘n daqiqadan keyin uni chaqirishini aytdi. Boshini tizzasiga, sumkasini esa oyog‘iga qo‘yib o‘tirdi.
Noqulay joylashgan tanasi shu holicha qotib qolgan edi. O‘n daqiqadan so‘ng, o‘zi aytganidek, uni uyg‘otishdi. Ikkinchi stakandagi viskidan so‘ng bo‘g‘imlari va mushaklarini yozib, yengil harakat bilan dam berdi.
– Hoy! Bas qil! – baqirdi bar xizmatchisi. So‘ng uni zimistonda Kan’on Sitiga tomon quvib yubordi. Oltinchi hissiyot unga to‘g‘ri ketayotganini aytar, hamon zabtiga olayotgan uyqu esa Kenon so‘qmog‘iga yetaklardi. Ancha yurib, oldinda qandaydir xavfni sezdi va revolverini chiqardi. Hamon tush holatida turarkan, ikki kishining qorasini ko‘rdi va unga yaqin to‘xtagani eshitildi. U revolveridan to‘rt marta o‘q uzdi. O‘ziga qarata ularning ham qurollaridan uchqun sachraganini ko‘rdi. Shuningdek, Cherchill kimningdir bo‘ksasiga qattiq urdi va bir kishi qulaganini ko‘rdi. Boshqasi yaqinlashayotganida og‘ir revolveri bilan yuziga qaqshatqich zarba berdi. Keyin ortga yugurib ketdi. Birozdan so‘ng u xayolini yig‘ib oldi. So‘qmoqda egilib, sudralib qadam tashlab borarkan, dastlabki xayoli yuk sumkasida edi. U hamon yelkasida osig‘liq turardi. Revolveri yo‘qolganini bilgunga qadar bo‘lib o‘tgan barcha ishlarning tushligiga ishonardi. Keyin sonining qattiq achishayotganini sezdi, ushlab ko‘rgan edi, qo‘liga issiq qon urildi. U yuzaki jarohat edi, biroq buni rad etib bo‘lmasdi. Birdan hushyor tortdi va Kan’on Siti tomon oqsoqlanib keta boshladi.
Yo‘lda bir to‘da otlari va aravasi bor kishini uchratdi, yigirma dollar evaziga otni aravaga qo‘shdi. Cherchill arava yotog‘iga sudralib kirdi, sumkasi orqasiga osilgan ko‘yi uyquga ketdi. Aravada suv yuvib kelgan shag‘allar ustida og‘ir harakatlanib, Dai vodiysi tomon tushib borishar, Cherchillesa arava do‘ngliklarga urilgandagina o‘rnidan turar, ba’zi do‘ngliklar uni yotoqdan ko‘tarib yuborar edi. Lekin uni ochlik qiynog‘ichalik bezovta qilmasdi. So‘nggi mil bir tekis, ravon bo‘lib, u miriqib uxladi.
U g‘ira-shira tong yorishayotganda o‘rnidan turdi, haydovchi uni qattiq silkitar, «Afinalik» ketib bo‘lganini aytib, qulog‘iga baqirardi. Cherchill qarovsiz bandargohga talmovsirab qarab turardi.
Skaugaydan tutuni ko‘rinyapti, – dedi o‘sha odam.
Cherchill ko‘zlarini katta-katta ochib, uzoqqa qaradi va dedi:
Bu o‘sha, meni qayiqda oborib qo‘ying.
Haydovchi hech bir ishdan bo‘yin tovlamas, haqqini to‘lashsa bo‘lgani edi. Kichik qayiq topildi, o‘n dollar evaziga o‘sha kishi eshkak eshadigan bo‘ldi. Cherchill oldindan to‘lov qildi, uning yordamida qayiqqa o‘tib, orqa tomoniga o‘tirdi. Skaugaygacha olti mil edi, bu unga uxlash imkonini berishidan xursand edi. Ammo o‘sha kishi qanday eshkak eshishni bilmasdi. Cherchill eshkaklarni qo‘liga oldi va yana uzoq ter to‘kdi. U sira olti milning bunchalik uzoq va mashaqqatli bo‘lishini bilmas ekan. Ko‘rfazda huzurbaxsh shabada turib, uni uyqu elitdi, o‘zini zo‘rg‘a tutib turardi. Uning barcha xayollari sarobga aylandi, holsizlik va karaxtlikdan azob chekardi. Uning xohishi bilan sherigi kurakchaga sho‘r suv olib, yuziga sepdi.
Ular «Afinalik»ka yaqinlashishganida uning langari pastdan yuqoriga ko‘tarilar va Cherchill vujudidagi oxirgi kuchini sarflamoqda edi.
– To‘xtang! To‘xtang! – baqirdi u xirillagan bo‘g‘iq bir ovozda.
– Muhim xabar! To‘xtang!
Keyin u iyagini ko‘ksiga qo‘yganicha behol uyquga ketdi. Uni besh-olti kishi ko‘tarib, kema narvoniga olib o‘tishganida uyg‘ondi va sumkasiga talpindi. Go‘yoki cho‘kayotgan odam xasga intilganiday unga yopishib oldi.
U palubada qo‘rquv va qiziqish markazida edi. «Uayt Xors»dan chiqayotgandagi kiyimlari bir uyum juldurga aylangandi. Uning o‘zi ham, asablari ham charchagan edi. U katta sabr-bardosh bilan qirq besh soat sayohat qildi. Bu vaqtda bor-yo‘g‘i olti soat uxladi. Avvalgidan yigirma funtga yengillashgan edi. Yuz-qo‘llari va tanasi tirnalib, ko‘karib ketgan va zo‘rg‘a ko‘rardi. O‘rnidan turishga urindi, biroq harakati bekor ketdi va palubaga uzala tushib o‘tirib qoldi. Yuk sumkasini mahkam quchib, xabarni yetkazdi.
– Hoziroq meni yotoqqa olib boring! – deya so‘zini tugatdi. – Uyg‘onganimdan so‘ng ovqatlanarman.
Uning izzatini joyiga qo‘yishdi. Kir, eski-tuski kiyimlaridan soqit qilib, kemadagi eng katta, serhasham, to‘y marosimlariga mo‘ljallangan xonaga chamadoni bilan joylashtirishdi. Deyarli ikki marta uxlab turdi, dush qabul qildi, soqolini qirtishladi va tamaddi qildi, so‘ng to‘siqqa suyanib sigareta chekdi. Bu paytda «Uayt Xors» dan kelayotgan ikki yuz sayohatchi yaqinlashib qolgan edi.
«Afinalik» Siyetlga yetib kelganida, Cherchill butunlay sog‘ayib ketgan edi. U Bondelning yuk chamadonini ushlagancha qirg‘oqqa keldi. O‘sha chamadon bilan o‘zida faxr tuydi. Bu uning vijdoni va burchi g‘alaba qilganini aks ettirardi. «Men yukni olib keldim», – dedi mag‘rur turib. Hali kech tushishiga bor edi va u to‘g‘ri Bondelning uyiga yo‘l oldi. Luis Bondell uni ko‘rib xursand bo‘ldi, ikki qo‘li bilan baravar salomlashish asnosida, uyiga sudradi.
– Eh, rahmat, qariya, buni olib kelganing juda ajoyib bo‘ldi, – dedi Bondell yukni qabul qilarkan.
Uni divanga e’tiborsiz otib yubordi. Cherchill yukning urilib sapchiganini o‘tkir nigohlari bilan kuzatib turar, Bondell esa uni savol bilan ko‘mib tashlardi.
– Qanaqasiga uddalading?! Qolganlar qanday? Bill Smitersga nima bo‘ldi? Dell Bishob haliyam Piyers bilanmi? U kuchuklarimni sotib yubordimi? Salfer Bottom qanday kelib qoldi? Ko‘rinishing ajoyib. Qaysi kemada kelding?
Cherchill hamma savollarga javob berdi. Bir yarim soatlar o‘tib, suhbatlaridagi ilk sukunat paydo bo‘ldi.
– Uni yaxshiroq ko‘rib olmaysanmi?! – dedi u yuk chamadoniga imo qilib.
E-e, hojati yo‘q, – javob berdi Bondell. – Mitchelning qurollari kutganidan ham a’lo holda.
– Yaxshilab ko‘rib olishing kerak! – undadi Cherchill. – Men biror narsani egasiga yetkazganimda, albatta, hammasi yaxshiligiga ishonch hosil qilishim kerak. Uyqudaligimda qulay fursat tug‘ilib, kimdir tegingan yoki boshqa bir nima yuz bergan bo‘lishi mumkin, axir.
– Muhim narsaning o‘zi yo‘q, qariya, – Bondell kulib javob berdi.
– Muhim emas, – Cherchill zaif, past ovozda takrorladi.
Keyin u hukm ohangida gapirdi:
– Luis, bu chamadondagi nima?! Bilishni xohlayman.
Luis unga sinchkovlik bilan qaradi, xonadan chiqib ketdi va bir shoda kalitlar bilan kirib keldi. Uni ochdi va og‘ir «44-Kold» revolverini oldi. Keyin bir necha qutida revolver uchun o‘q-dori va yana bir necha qutida vinchester patronlari chiqdi.
Cherchill chamadonni olib, ichiga qaradi, keyin ag‘darib, ehtiyotlab qoqdi.
Qurollarning hammasi zanglagan, – dedi Bondell, – yomg‘irda qolib ketgan bo‘lsa kerakda.
Ha, – javob berdi Cherchill. – Ancha ivib qoldi. Biroz ehtiyotsizlik qilibman.
U o‘rnidan turib, tashqariga chiqib ketdi. Bir necha daqiqadan so‘ng Luis Bondell ham chiqdi va uning zinapoyada, tirsaklarini tizzalariga, qo‘llarini iyagiga qo‘yib, zulmatga qattiq tikilib o‘tirganini ko‘rdi.
Ingliz tilidan Shahlo Obloqulova tarjimasi
«Yoshlik» jurnali, 2019 yil, 1-son