Jek London. Bir kunlik qo‘nalg‘a (hikoya)

Bunaqa vahshiyona poygani hech hachon ko‘rmagandim. Qo‘sha-qo‘sha it qo‘shilgan minglab chana muz ustida yelib borar, ammo hovur tufayli itlar ko‘rinmas edi. Shu kecha uch kishi sovuqda o‘lib qoldi, o‘n kishi esa butun umrga dard orttirib, o‘pka kasaliga yo‘liqdi. Men daryo yuzidagi muz teshigidan qarab, suv tubini o‘z ko‘zim bilan ko‘rgandim, oltinning ko‘pligidan suv tubi sap-sariq edi. Shu sababli Yukondan o‘zimga joy belgilab oldim va talabnoma ham berib qo‘ydim. Hamma mashmasha o‘sha talabnomadan boshlandi. Lekin keyin u yerdan hech nima chiqmadi. Umuman hech vaqo topilmadi. Nega shunday bo‘lganini hali-hanuz bilmayman.
Shortining hikoyasi

Jon Messner qo‘lqopini yechmasdan, burgich xodani bir qo‘llab changallagancha, nart*ni izga solar, ikkinchi qo‘li bilan yuzi va burnini zo‘r berib ishqalar edi. To‘g‘rirog‘i, u qo‘lini betidan olmas, borgan sari badtar uvishayotganini sezgani hamono yana ham jazava bilan ishqalashga tushardi. Mo‘yna shlem uning manglayi va qulog‘ini berkitgan edi. Qirov bosgan qizg‘ish qalin soqoli dahanini sovuqdan saqlardi.
Uning orqa tarafida og‘ir yuk ortilgan yukon nartlari lapillab sirg‘alar, oldinda besh it qo‘shilgan chana uchib borar edi. Itlar nartni tortadigan abzal Messnerning oyog‘iga ishqalanardi. Itlar muyulishda burilganlarida Messner abzalning ikkinchi tomoniga hatlab o‘tib olardi. Muyulishlar ko‘p edi, u necha-necha martabalab hatlashga majbur bo‘lardi. Ba’zan abzalga ilinib, yiqilib tushishiga sal qolardi: harakatlari qo‘pol bo‘lib, holdan toyganini ko‘rsatar, nart o‘qtin- o‘qtin oyog‘ini bosib ketardi.
To‘g‘ri yo‘lga chiqib olgach, nartning bir qancha muddat boshqaruvsiz borishiga imkon tug‘ilgach, u burgich xodani qo‘yib yubordi va o‘ng qo‘li bilan xodani bir necha bor urdi. Qo‘lning qon aylanishini tiklash oson emasdi. Shunday bo‘lsa ham u qattiq xodani o‘ng qo‘li bilan tapillatib urib turgan ayni bir pallada so‘l qo‘li bilan yuzi va burnini to‘xtovsiz ishqalardi.
— Yo‘q, yo‘q, bundoq sovuqda safar qilish tentaklik, — dedi Jon Messner. Tanholikka o‘rgangan odamlar kabi u ovozini baland qo‘yib so‘zladi. — Bunaqa sovuqda faqat jinnilar yo‘lga chiqadi! Hozir sovuq sakson darajaga yetmagan bo‘lsayam, naq yetmish to‘qqizning o‘zginasi.
U soatini chiqardi, qo‘lida aylantirgach, qalin jun kurtkasining ichki cho‘ntagiga qaytarib solib qo‘ydi, keyin osmonga boqdi, ufqning oq chizig‘iga ko‘z tashladi.
— Soat o‘n ikki, — g‘udrandi u. — Osmon toza, oftob ham ko‘rinmaydi.
O‘n daqiqacha u so‘zsiz bordi, so‘ng go‘yo orada hech qanday sukut bo‘lmaganday qo‘shib qo‘ydi:
— Joyimdan qo‘zg‘almabmanam-a. Bunaqa sovuqda yo‘lga chiqish yaramaydi.
U birdan itlarga: «Ta-ak!» deb baqirdi va to‘xtadi. Butun vujudini qo‘rquv qamrab olgandi, o‘ng qo‘li batamom jonsizlanib qolayozgandi. U burgich xodani qo‘li bilan tapillatib ura ketdi.
— Hey… sen sho‘rliklar! — dam olish uchun o‘zini muzga horg‘in tashlagan itlarga qarab dedi u. Uvushgan qo‘lini xodaga tapillatib urgani sayin ovozi uzilib-uzilib chiqardi. — Nima gunohlaring borki, ikki oyoqlilar senlarni nartga qo‘shadi, tabiiy tuyg‘ularingni bo‘g‘ib, o‘zlaringni ayanchli qulga aylantiradi?
U burniga jon kirgizmoqchi bo‘lib jazava bilan ishqalay ketdi. Jon Messner muzlab qolgan kattakon daryo o‘zani bo‘ylab borardi. Bu o‘zan necha-necha bor buralib, qorga burkangan o‘rkach-o‘rkach unsiz tog‘lar orasida yo‘qolib, necha-necha milyaga cho‘zilardi. Oldda daryo o‘zani bir qancha tarmoqqa bo‘linib orol hosil qilar va uni o‘z ko‘ksida ko‘tarib borayotganday tuyulardi. Orollar jimjit va oppoq edi. Bu sukunatni na hayvonlar qichqirig‘i va na hasharotlarning g‘ing‘illashi buzardi. Muzdan qotgan bu havoda bironta qush uchmasdi. Bunda odam tovushi eshitilmas, insonning barhayotligidan darak beruvchi biron kulba ko‘rinmasdi. Olam uxlar va uning uyqusi aynan o‘limning o‘zginasidek edi.
Tevarak-atrofda hukm surgan bu sukut Jon Messnerga ham o‘tgandek edi. Sovuq uning miyasini tang qilmoqda edi. U boshini egib olganicha, atrofga qaramay, burni va yuzini beixtiyor ishqalay-ishqalay oldinga sudralar, nartlar to‘g‘ri yo‘lga chiqqanda, o‘ng qo‘li bilan xodani urar edi.
Ammo itlar hushyor edi va ular birdan tappa-taq to‘xtashdi. Boshlarini egalari tomonga o‘girib, unga savolomuz qarashdi. Ularning kipriklarini ham, tumshuqlarini ham sovuq oqartirib yuborgan, bu oqlik va horg‘inlikdan ular juda qari ko‘rinar edi.
Odam itlarni jadallamoqchi bo‘ldi-yu, lekin o‘zini tutdi va bor kuchini to‘plab, tevarakka qaradi. Itlar muz ustidagi o‘yiq yonida to‘xtashgan edi; bu muz yorig‘i emas, balki inson qo‘li bilan uch yarim fut* qalinlikdagi muz maxsus chopib yasalgan o‘yiq edi. Yangi paydo bo‘lgan qalin muz qatlami ko‘pdan beri o‘yiqdan foydalanmayotganidan dalolat berardi. Messner atrofga alangladi. Itlar unga yo‘l ko‘rsatib turishardi; ularning qirov bog‘lagan tumshug‘i qorda zo‘rg‘a ko‘z ilg‘aydigan so‘qmoqqa qaratilgandi; bu so‘qmoq asosiy yo‘ldan ayrilib, orol sohili bo‘ylab tepaga qarab yo‘nalgandi.
— Hay, mayli, bechoralar, — dedi Messner. — Borib ko‘rib kelay-chi. O‘zim ham senlardan battar charchaganman.
U yonbag‘irga ko‘tarildi va g‘oyib bo‘ldi. Itlar yotib olmadi, balki tik turganlaricha sabrsizlik bilan egalarini kuta boshlashdi. Qaytib kelib, nartning old tarafiga boylangan arqonni oldi-da, halqani yelkasiga tashladi. Keyin itlarni o‘ngga burdi va qirg‘oqqa haydadi. Chanalarni tik sohilga chiqarish amrimahol, ammo itlar charchaganlarini unutib, qorda uzala tushib cho‘zilib qolsalar-da, sabrsizlik va sevinchni ifodalovchi ingillash bilan jonholatda tepaga intilardi. Oldingilari toyg‘ansa yoki to‘xtab qolsa, keyingi itlar ularning sonidan tishlardi. Odam itlarga goh dalda berib, goh tahdid qilib qichqirar va gavdasining butun og‘irligi bilan arqonni tortardi.
Itlar nartni shiddat bilan tepaga olib chiqib, shu zahoti so‘lga burildilaru kichkina yog‘och kulba tarafga tizillatib olib ketdilar. Bu kimsasiz kulbada eni sakkizu bo‘yi o‘n fut keladigan bitta xona bor edi. Messner itlarni bo‘shatdi, nartlardagi yuklarni tushirdi va xonaga egalik qilishga tushdi. Xonaning so‘nggi tasodifiy egasi o‘tin qoldirgan ekan. Messner xonaga kichkina temir pechkasini o‘rnatdi-da, o‘t yoqdi. U beshta qoq baliqni — itlar yemishini duxovkaga qo‘ydi, qahva idishini va satilni muz tagidan olib kelingan suv bilan to‘latdi.
Messner suv qaynashini kutib pechka tepasiga engashdi, soqolida muzlab sumalakka aylangan hovur eriy boshladi. Pechkaga soqolidan suv tomgani sayin pishillab bug‘ ko‘tarilardi. Jon Messner soqolidagi sumalakni yulib olar, ular yerga taqillab tushar edi.
Itlarning yutoqib hurishini eshitib, u qilayotgan ishini to‘xtatdi. Begona itlarning ingillashi, irillashi, kimningdir ovozi eshitildi. Eshik taqilladi.
— Kiring! —bo‘g‘iq tovushda qichqirdi Messner, chunki shu daqiqada yuqori labidagi muzni so‘rayotgan edi.
Eshik ochildi va Messner atrofini qurshagan pag‘a-pag‘a bug‘ orasidan ostonada to‘xtagan erkak va ayolni ko‘rdi.
— Kiring, — amirona dedi u, — yopaqoling eshikni.
Bug‘ orasidan u kirganlarni aniq ilg‘olmadi. Ayolning boshi o‘rab-chirmab tashlangan, faqat qora ko‘zlari ko‘rinar edi. Erkak ham qorako‘z, soqoli qirtishlab olingan edi; muzlagan mo‘ylabi og‘zini tamomila yopib qo‘ygan edi.
— Bu o‘rtada yana biror kulba yo‘qmi — shuni sizdan bilmoqchiydik, — deya so‘radi erkak kulbaning g‘aribona anjomlariga ko‘z yugurtirarkan. — Biz bu yerda hech kim yo‘q deb o‘ylapmiz.
— Bu kulba meniki emas, — javob qildi Messner. — O‘zim ham uni bir necha daqiqa burungina topdim. Kirib joylashaveringlar. Joy yetarli, pechkangizni qo‘yishga zarurat ham yo‘q. Bir amallab sig‘isharmiz.
Uning ovozini eshitib, ayol qiziqsinib qaradi.
— Yechin, — dedi ayolning hamrohi. — Men itlarni bo‘shatib, suv opkelaman, keyin ovqat pishiramiz.
Messner muzdan tushib yumshagan baliqni olib, itlarga qaragani chiqib ketdi. Qarasa, begona itlar uning itlariga yopishib, irillashib yotgan ekan, ularni ajratib,- kulbaga qaytib kirganida, yangi kelgan kishi nartning yukini tushirib, suv opkelishga ulgurgan edi. Messnerning qahva qaynatgichidagi suv qaynadi.
U qahva damladi, quyqasi tagiga cho‘ksin deb yana yarim krujka suv qo‘ydi-da, pechkadan oldi. Keyin bir necha bo‘lak qattiq nonni isitgani qo‘ydi va o‘tgan kecha pishirib, ertalabdan beri muzlatib olib kelgan lo‘yani satilda isitdi.
Messner yangi kelganlar ovqat tayyorlab olishi uchun pechkani bo‘shatib berib, yumaloqlangan to‘shakka o‘tirdi-da, oziq-ovqat solingan yashikni stol qilib qo‘ydi. Ovqatlanarkan, notanish kishi bilan yo‘l haqida, itlar xususida so‘zlashar, u esa pech tepasida engashib, mo‘ylabining muzini eritish bilan mashg‘ul edi. Axiyri sumalaklardan qutulgach, notanish kimsa to‘shaklar o‘ramini kulbadagi ikki so‘rining biriga tashladi.
— Biz shu yerda uxlaymiz, siz shuni tanlamagan bo‘lsangiz, albatta. Bu yerga birinchi bo‘lib siz kelgansiz, xohlaganingizni tanlashingiz mumkin.
— Menga baribir, — dedi Messner, — farqi yo‘q.
U ham o‘z o‘rnini hozirladi va to‘shak chekkasiga o‘tirdi. Begona kishi yostiq o‘rniga dori-darmon solingan xaltachasini qo‘ydi, ustiga adyolini yopdi.
— Siz vrachmisiz? — so‘radi Messner.
— Ha, — degan javob bo‘ldi. — Lekin shuni aytib qo‘yayki, men Klondaykka vrachlik qilish uchun kelgan emasman.
Hamrohi pechkaning olovini jo‘nashtirarkan, ayol ovqat pishirishga hozirlik ko‘ra boshladi. Kulba yarim qorong‘i edi, yorug‘lik cho‘chqa moyi surtilgan qog‘oz yopishtirilgan kichkina darchadangina tushar va Jon Messner ayolni yaqqol ko‘ra olmasdi. U bunga urinmas ham edi. Ayol uni judayam kam qiziqtirgandek edi. Ammo ayol u o‘tirgan qorong‘i burchakka o‘qtin-o‘qtin qiziqsinib qarab qo‘yardi.
— Bu yerda hayot qanchalar yaxshi-ya! — zavqlanib dedi vrach bir daqiqaga pichoqni pechka mo‘risiga charxlashdan to‘xtab. — Tiriklik uchun kurash, hamma narsaga o‘z kuching bilan erishmoqlikka urinish, bu hayotning ibtidoiyligi, uning realligi menga yoqadi.
— Ha, bu joylarning sovuqlik darajasi judayam real, — kuldi Messner.
— Necha daraja ekan, bilasizmi? — so‘radi vrach.
Messner bosh chayqadi.
— Unda men sizga aytay: nartimdagi spirtli termometr yetmish to‘rt daraja sovuqni ko‘rsatyapti.
— Ya’ni muzlash nuqtasidan quyida yuz oltini. Sayru sayohat uchun sovuqlik qiladi, a?
— O‘zni halokatga duchor qilishning ayni o‘zginasi, — dedi doktor. — Odam juda ko‘p kuch sarflaydi. Og‘ir nafas oladi, sovuq to‘g‘ri o‘pkasiga kirib boradi va to‘qimalar chekkasini sovuq oladi. Odam qattiq-qattiq, quruq yo‘taladi, har yo‘talganda balg‘am tashlaydi va kelasi yil ko‘klamga borib, nega bunday bo‘lganiga aqli yetmay hayron qolganicha, zotiljamdan o‘lib ketadi. Sovuqning darajasi kamida ellik darajaga tushmaguncha bu kulbada bir haftacha qolaman.
— Qara-chi, Tess, — dedi u biron daqiqadan so‘ng. — Manimcha qahva qaynab qoldi.
Ayolning ismini eshitib Jon Messner sergaklandi. U ayol tarafga bir qarab qo‘ydi, uning yuzida qachonlardir ko‘mib yuborilgan va to‘satdan qayta tirilgan qayg‘uning sharpasi paydo bo‘ldi. Ammo bir daqiqa ichida u iroda kuchi bilan bu sharpani quvib soldi. Uning yuzi avvalgiday vazmin tus oldi, lekin u yorug‘likning zaifligi dan ayolni yaxshi ko‘rolmayotganidan g‘ijinib, sergaklik bilan unga tikila boshladi.
Ayol qahva idishini olovdan oldi. Faqat shundan so‘nggina u Messnerga qaradi. Lekin Jon Messner o‘zini tutib olgan edi. U so‘rida xotirjam o‘tirar va loqaydlik bilan mo‘kasinini* ko‘zdan kechirmoqda edi. Ammo ayol ovqat hozirlashga tushganda Messner yana yalt etib unga qaradi, ayol ham xuddi o‘shanday tez o‘girildi: nigohlar to‘qnashdi. Messner darhol ko‘zini olib qochib, vrachga qaradi va ayolning hiylakorligiga o‘zicha kulib qo‘ydi.
Ayol oziq-ovqat qutisidan sham olib yoqdi. Uning shu’la tushib turgan yuziga bir necha marta boqishning o‘zi Messnerga yetarli edi. Bu kichkina kulbada Messnerning oldiga kelish uchun ayol bir necha odim tashlashi kifoya edi. Ayol ataylab shamni uning betiga yaqin tutib, qo‘rquvdan olaygan ko‘zlarini unga tikdi: uni tanidi. Messner unga xotirjamgina kulib qo‘ydi.
— U yerda nima izlayapsan, Tess? — so‘radi hamrohi.
— Shpilkani, — deb javob berdi ayol va Messner yonidan nari ketib, so‘ridagi narsalar solingan qopchig‘ini kavlashtirishga tushdi.
Ular yashiklarini stol qildilar va Messner tomonga qarab uning yashigiga o‘tirdilar. U esa qo‘lini boshi tagiga qo‘yib, so‘rida uzala tushgancha, ularga qaragancha dam olib yotdi. Bu kichkina kulbada go‘yo uchalovi bir stol atrofida o‘tirgandek edi.
— Qaysi shahardansiz? — so‘radi Messner.
— San-Frantsiskodan, — javob berdi vrach. — Lekin ikki yildan beri shu yerdaman.
— Men Kaliforniyadanman, — dedi Messner.
Ayol unga iltijoli nazar tashladi, lekin u jilmaygancha so‘zini davom ettirdi.
— Berklidan…
Vrach darhol qiziqsindi.
— Kaliforniya universitetidanmasmisiz? — so‘radi u.
— Ha, sakson oltinchi yil bitiruvchilaridan.
— Men bo‘lsam, sizni professor deb o‘ylabman. Ko‘rinishingiz o‘xshaydi.
— Afsus, — deya unga jilmaydi Messner. — Menga qolsa, meni oltin izlovchi yoki it haydovchisiga o‘xshatishgani ma’qul edi.
— Sen doktorga o‘xshamaganingdek, u ham professorga aslo o‘xshamaydi, — gap qo‘shdi ayol.
— Minnatdorman, — dedi Messner. Keyin ayolning hamrohiga yuzlandi: — Rostdan ham, doktor, familiyangiz nima?
— Xeytorn. Shundoq og‘zaki aytganimga ishonishingizga to‘g‘ri keladi. Vizit kartochkalarimni, bu tarafga ravona bo‘lishdan oldin, madaniyatga qo‘shib uloqtirib yuborganman.
— Bu kishi, albatta, miss Xeytorn… — Messner jilmayib ta’zim qildi.
Ayol unga shunday nazar tashladiki, unda iltijodan ko‘ra g‘azab ko‘p edi.
Xeytorn ham o‘z navbatida undan familiyasini so‘ramoqchi bo‘lib og‘iz juftlagan ediki, ammo Messner undan avval tilga kirdi:
— Siz, doktor, meni qiziqtirgan bir masalaga oydinlik kiritolsangiz kerak. Ikki-uch yil muqaddam professorlar doirasida bir janjalli voqea yuz bergandi. Professorlardan birining xotini qochib ketgandi… Kechirasiz, miss Xeytorn… San-Frantsiskolik bir vrach bilanmidi, familiyasi yodimda yo‘q. Siz shu to‘g‘rida eshitganmisiz?
Xeytorn bosh irg‘adi.
— Bu voqea o‘sha paytlarda juda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Uning ismi Uombl edi. Grexem Uombl. Tajribali vrach edi. Men uni bir oz bilardim.
— Bilgim keladi, unga nima bo‘ldi ekan? Balki siz eshitgandirsiz? Bedarak ketishdi-ya.
— Ha, boplashdi, hech kim bilmay qoldi gum bo‘lishganini, — Xeytorn yo‘talib qo‘ydi. — Savdo kemasida janub dengizlariga jo‘nab ketdi degan mish-mishlar yurgan edi, o‘sha yoqda, tayfun paytida halok bo‘lib ketishdi chog‘i.
— Bunaqa gaplarni eshitgandim, — dedi Messner. — Siz shu voqeani eslaysizmi, missis Xeytorn?
— Yaxshi eslayman, — dedi ayol. Ovozining xotirjamligida ko‘zlarida yongan g‘azabning aksi bor edi. U yuzini Xeytorndan yashirib, o‘girib oldi.
Vrach Myossnerdan uning ismini so‘ramoqchi bo‘lib og‘iz juftlagandi, ammo u gapini davom ettiraverdi:
— O‘sha doktor Uombl… juda chiroyli bo‘lgan deyishadi… ayollar orasida… e-e… judayam ayollarga yoqardi deyisharmidi.
— Bo‘lsa bordir, lekin bu voqea obdan mazasini ketkazgan, — g‘udrandi Xeytorn.
— Xotini judayam zahar edi. Shunaqa deb eshitgandim. Berklida erining kunini ko‘rsatgan deyishadi… shundoq…
— Birinchi bor eshitishim, — javob qildi Xeytorn. — San-Frantsiskoda butunlay aksini gapirishardi.
— Jafokash xotin ekanmi? Oilaviy hayotning jabr-zulmida ezilgan-a?
Xeytorn bosh irg‘adi. Messnerning kulrang ko‘zlari qiziqsinishdan bo‘lak hech nimani ifoda etmas edi.
— Shundoq bo‘lishi kerak edi — tanganing ikki tomoni bor-ku. Berklida yashab yurib faqat bir tomonini ko‘rardim. O‘sha ayol San-Frantsiskoda tez-tez bo‘lsa kerak.
— Marhamat qilib menga qahvadan quy, — dedi Xeytorn.
Uning krujkasini to‘ldirib turib, ayol yoyilib kuldi.
— Xotin-xalajlardek g‘iybat qilasizlar-a, — deya ta’na qildi erkaklarga.
— Bu juda qiziq-da, — jilmaydi unga Messner. Keyin yana vrachga murojaat qildi: — Erining San-Frantsiskoda uncha obro‘si ham bo‘lmagan bo‘lsa kerak.
— Aksincha, uni ma’naviy jihatdan juda yuksak baholashardi, — deb yubordi Xeytorn oshiqcha shaxd bilan. — Maydakash, sustkash odam.
— Siz uni bilarmidingiz?
— Umrim bino bo‘lib ko‘rgan emasman. Men universitet doirasida aralashmaganman.
— Yana boyagiday — tanganing ikkinchi tomoni, — dedi Messner voqeani har taraflama loqayd muhokama qilayotganday. — Umuman, uncha xushro‘y ham emas edi, men uning tashqi qiyofasini aytayapman, lekin yomon odam emas edi. Studentlar qatori sport bilan shug‘ullanardi. Uncha-muncha layoqati ham bor edi. Diniy marosimga bag‘ishlab yozgan pesasi muvaffaqiyat qozongan. Uni ingliz bo‘limiga dekan ham qilishmoqchi bo‘lishganini eshitganman, lekin shu voqea yuz berib, u iste’foga chiqib, qayoqqadir ketib qoldi. Menimcha, mana shu voqea uning boshiga yetdi. Harholda, bizning doirada, bunday zarbadan keyin o‘zini tiklab ololmaydi, deb hisoblashgandi. U xotinini judayam yaxshi ko‘rardi, deyishadi.
Xeytorn, qahvani ichib tugalladi va loqaydlik bilan nimanidir g‘o‘ng‘irlab, trubka tutatdi.
— Ularning baxtiga farzandlari yo‘q ekan, — davom etdi Messner.
Xeytorn, pechkaga qarab, shapka va qo‘lqopini kiydi.
— O‘tin keltiray, — dedi u. — Keyin mo‘kasinimni yechib, joylashib o‘tirib olaman.
Uning ortidan eshik yopildi. Oraga uzoq jimlik cho‘kdi. Messner holatini o‘zgartirmay so‘rida chalqancha yotardi. Ayol uning ro‘parasida, yashikda o‘tirardi.
— Nima qilmoqchisiz? — so‘radi ayol keskin.
Messner erinibgina unga qaradi.
— Sizningcha nima qilishim kerak? Tomosha ko‘rsatmasman axir? O‘zi yo‘ldan charchab kelganman, so‘ri dam olishga juda qulay ekan.
Ayol unsiz g‘azab ichida labini tishladi.
— Ammo… — qizishib gap boshladi u va qo‘lini ishqab jim bo‘ldi.
— O‘ylaymanki, mister… haligi… Xeytornni o‘ldirishimni istamassiz? — dedi u muloyim, deyarli yolvorib. — Judayam achinarli bo‘ladi bu… umuman, kerak bo‘lmagan narsa.
— Lekin axir bir nima qilishingiz kerak-ku! — qichqirdi ayol.
— Aksincha, umuman, hech nima qilmasam kerak.
— Siz shu yerda qolasizmi?
U bosh irg‘adi..
Ayol nochorlik bilan kulbaga, narigi so‘riga solingan to‘shakka ko‘z tashladi.
— Kech tushib qoldi. Bu yerda qolishingiz mumkin emas. Mumkin emas! Tushunasizmi, sirayam mumkin emas!
— Nega endi, mumkin. Sizga eslatib qo‘yishga ijozat bering, kulbani birinchi bo‘lib topgan men bo‘laman, siz ikkovingiz — mening mehmonimsiz.
Ayolning ko‘zlari kulbani yana kezib chiqdi va nazari ikkinchi so‘riga tushganda, ko‘zlarida dahshat aks etdi.
— Bo‘lmasam biz ketamiz! — dedi u keskin.
— Buning iloji yo‘q. Sizda, boyagina mister… xah… Xeytorn boplab tasvirlagan quruq, qattiq yo‘tal bor. O‘pkangizni allaqachon sal shamollatib olgansiz. Axir u vrach, buni tushunadi. Sizning yo‘lga chiqishingizga yo‘l qo‘ymaydi.
— Bo‘lmasam siz nima qilasiz? — yana so‘radi ayol bo‘rondan dalolat beruvchi keskin ovozda.
Messner betiga imkoni boricha hamdardlik va qanoat tusi berishga urinib, unga otalarcha boqdi.
— Azizim Tereza, sizga boya aytdim, bilmayman, deb. Men hali bu haqda o‘ylab ko‘rganimcha yo‘q.
— Yo tangrim, meni jinni qilmoqchimisiz? — alamiga chidolmay yashikdan irg‘ib turdi. Qo‘l silkita turib: — Ilgari siz bunaqa emasdingiz! — dedi.
— Ha, o‘lgudek yumshoq, beozor edim, — tasdiqladi u. — Siz meni shuning uchun tashlab ketgan bo‘lsangiz kerak-a?
— Shunchalar o‘zgarib ketibsiz! Bunchalar mudhish xotirjamlikni qayoqdan oldingiz? Men sizdan qo‘rqaman! Qandaydir dahshatli bir narsani o‘ylayapsiz. G‘azabga erk bermang, aql bilan ish tuting…
— Siz ketganingizdan beri… — uning so‘zini bo‘ldi Messner. — Men ortiq o‘zimni yo‘qotmayman.
— Juda tang qoldirar darajada tuzalibsiz, — dedi ayol.
Uning gapini tasdiqlab Messner jilmaydi.
— Nima qilishimni o‘ylab olgunimcha sizga maslahatim shu: mening kimligimni mister… xah… Xeytornga aytsangiz. Bu hol bizning bu kulbada bo‘lishimizga, harholda… erkinlik beradi.
— Nega mening ketimdan bu dahshatli o‘lkaga yo‘l soldingiz? — so‘radi ayol kutilmaganda.
— Sizni qidirib keldi, deb o‘ylamang, Tereza. O‘zingizga ko‘p bino qo‘ymang. Uchrashuvimiz — tasodifning o‘zginasi. Universitet hayotiga xotima qo‘yganimdan so‘ng qayoqqadir ketish kerak bo‘ldi. Rostini aytsam, sizni bu yerda sira uchratmasligimga aminligimdan Klondaykka kelganman.
Zulfin shiqilladi, eshik ochildi va bir quchoq o‘tin ko‘tarib Xeytorn kirdi. Uning qadam tovushi eshitilgani hamon Tereza hech nima bo‘lmagandek idishlarni yig‘ishtira boshladi. Xeytorn yana o‘tinga ketdi.
— Nega siz bizni bir-birimizga tanishtirmadingiz? — so‘radi Messner.
— Unga aytaman, — javob berdi ayol boshini silkitib. — Qo‘rqadi deb o‘ylamang.
— Biron nimadan qo‘rqqaningizni men hech qachon payqamaganman.
— Yuragingizdagini ochib solishingizdan ham qo‘rqmayman, — dedi ayol. Uning yuz ifodasi yumshadi, ovozi mayinroq eshitildi.
— Sizning yurak ochishingiz tamagirlikka, o‘z foydangizni ko‘zlashga, o‘zingizni ulug‘lashga aylanmasaydi, deb qo‘rqaman.
— Bunchalik kitobiy qilib so‘zlamang, — dedi ayol injiqlik bilan, ammo uning tovushida muloyimlik bir qadar oshgan edi. — Men unaqa aqlli gap talashishni yoqtirmayman. Undan tashqari, sizdan o‘tinishdan ham qo‘rqmayman.
— Umuman olganda, sizni kechiradigan hech nima yo‘q, Tereza. Yaxshisi, men sizdan minnatdor bo‘lishim kerak. Rost, avvaliga ancha azob chekdim, lekin keyin — go‘yo ko‘klamning yumshoq nafasiday — baxt tuyg‘usi, katta baxt hissini tuydim. Bu g‘aroyib bir kashfiyot edi.
— Yana sizga qaytsam-chi? — so‘radi ayol.
— Bu hol meni ancha qiyin ahvolga solib qo‘yadi, — dedi u ayolga quvlik bilan miyig‘ida kulib qararkan.
— Men sizning xotiningizman. Axir siz ajralishga harakat qilmadingiz-ku?
— Ha, shunday, — dedi u o‘ychan. — Hammasiga mening beparvoligim aybdor. Uyga qaytishim bilan shunga harakat qilaman.
Ayol uning yoniga keldi va qo‘lini uning yelkasiga qo‘ydi.
— Endi sizga keragim yo‘qmi, Jon? — dedi. Ayolning ovozi mayin jaranglar, qo‘lining yelkaga qo‘yishi erkalashday edi. — Agar men sizga, xato qilibman, desam-chi? Judayam baxtsizligimni tan olsam-chi? Rostdan ham bebaxtman. Darhaqiqat, xato qildim.
Messnerning qalbida qo‘rquv paydo bo‘la boshladi. Ayol qo‘lining yengil tegib o‘tganidayoq bo‘shashganini his qildi. Endi u o‘zini baland tutolmas, butun kerilgan xotirjamligidan asar qolmadi. Ayol unga muloyim boqqani sayin, bu odamning qat’iyati erib ketmoqda edi; U o‘zini jar yoqasida his qilar va uni o‘sha yoqqa itarayotgan kuchga qarshi kurasha olmas edi.
— Sizning huzuringizga qaytaman, Jon. Shu bugun… shu topda qaytaman…
Messner xuddi uyqusida alahsirayotganday, mana shu qo‘l hukmidan qutulishga harakat qilardi. Nazarida afsonaviy suv qizlari — Lorellarning mayin qo‘shig‘ini eshitayotganday edi. Go‘yo uzoq-uzoqlarda royal chalinayaptiyu uning tovushi ongiga zo‘r bilan quyilyapti.
Messner so‘ridan irg‘ib turdi, ayol uni quchmoqchi bo‘lgandi, itarib yubordy va eshikka tisarildi. U o‘larday qo‘rqib ketgandi.
— O‘zimni tutaman, deb kafil bo‘lolmayman! — deb qichqirdi u.
— O‘zingizni tuting deb ogohlantirdim-ku! — deya ayol mazax qilib kuldi va yana idish yuvishga tutindi. — Hech kimga keragingiz yo‘q. Shunchaki hazillashdim. Men u bilan baxtliman.
Ammo Messner uning so‘ziga ishonmadi. Bu ayolning dog‘uliligini, makkorligini yaxshi bilardi. Hozir ham makrini ishlatmoqchi. Mana u — niqoblangan tamagirlik! U boshqasi bilan baxtsiz va o‘z xatosini tan olyapti. Messnerning izzat-nafsi qoniqdi. U qaytishni istaydi, ammo Messnerga buning aslo keragi yo‘q. Jon Messner beixtiyor eshik zulfinidan tutdi.
— Qochmang, — deya kuldi ayol, — sizni tishlab olmayman.
— Qochayotganim yo‘q, — javob qildi Messner bolalardek tajanglik bilan, qo‘lqopini kiyarkan. — Suvga borib kelay.
U bo‘sh paqirlarni olib, eshikni ochdi. Keyin orqasiga o‘girildi.
— Mister… xah… Xeytornga mening kimligimni aytishni unutmang.
Messner bir soat ichida o‘yiq betini qoplagan muzni sindirdi-da, paqirni to‘ldirdi. Lekin u orqasiga, kulbaga qaytishga shoshilmasdi. Paqirlarni so‘qmoqqa qo‘ydi. Sovuq qattiq edi. Sal qizish uchun goh oldinga, goh orqaga tez-tez yura boshladi. Soqolini oppoq qirov bog‘ladi, peshonasidagi ajinlar tekislanib, betida qat’iyat paydo bo‘ldi. Rejasi pishdi shekilli, sovuq qotgan lablarida istehzoli tabassum o‘ynadi. U yuzi muzlay boshlagan paqirlarni oldi va kulba tomon yurdi.
Eshikni ochib, pechka yonida turgan vrachni ko‘rdi. Uning yuz ifodasi yasama, mujmal edi. Messner paqirni yerga qo‘ydi.
— Siz bilan tanishishdan xursandman, Grexem Uombl, — ularni go‘yo hozirgina tanishtirganlariday takalluf bilan dedi Messner.
Uombl qo‘lini uzatmadi. Odatda yomonlik qilgan kishilarga shunday qilar, hozir ham Messnerga nafrat bilan qarab, depsinib turar edi.
— Demak, o‘sha siz, — dedi Messner o‘zini hayron qolganday ko‘rsatib. — Hm, hm… to‘g‘risi, siz bilan tanishganimdan juda xursandman. Menga… hm-hm. Sizning nimangiz Terezaga yoqqanini bilgim keladi, to‘g‘rirog‘i, nimangiz uni qiziqtirganiga hayronman. Ha, shundoq…
Messner, xuddi otni ko‘zdan kechirganlariday, unga boshdan-oyoq qarab chiqdi.
— Meni ko‘rgani ko‘zingiz yo‘qligini tushunaman… — gap boshladi Uombl.
— E, ahamiyati yo‘q! — uning so‘zini bo‘ldi Messner rasamadi muloyimlik bilan. — Gapirib o‘tirishga arzimaydi. Men faqat Tereza haqidagi fikringizni bilmoqchi edim. Umidlaringiz oqlandimi? U o‘zini qanday tutdi? Siz endi, albatta, xushbaxt tushdagiday yashayotgan bo‘lsangiz kerak?
— Bo‘lmag‘ur gaplarni qo‘ying! — gapga aralashdi Tereza.
— Men oddiy odamman, nimani o‘ylasam shuni gapiraman! — g‘amgin tovushda dedi Messner.
— Baribir o‘zingizni odamday tutmog‘ingiz kerak, — keskin dedi Uombl. — Nima qilmoqchisiz, biz shuni bilmoqchimiz.
Messner nima qilarini bilmaganga solib, qo‘lini yoydi.
— Bilmadim. Bu shunday dardi xarina bir holki, uning oxiri nima bo‘lishini bilmaysan kishi.
— Uchovlon bu kulbada tunab qololmaymiz.
Messner bosh irg‘adi.
— Demak, kimdir ketishi kerak.
— Hech shubhasiz, — tasdiqladi Messner. — Uch jonki, shu bir kulbada ayni bir paytda turolmas ekan, ularning biri g‘oyib bo‘lmog‘i kerak.
— Siz g‘oyib bo‘lishingiz kerak, — ma’yus e’lon qildi Uombl. — Keyingi manzilgacha yana o‘n milya bor, ammo siz bir amallab yetib olasiz.
— Mulohazangizdagi birinchi xatoyingiz shu, — e’tiroz bildirdi Messner. — Nega endi men ketarkanman? Kulbani birinchi bo‘lib men topganman-ku axir.
— Lekin Tess yo‘lga chiqolmaydi, — dedi Uombl, — uning o‘pkasi shamollagan.
— Gapingizga qo‘shilaman. Bu sovuqda u o‘n milya yurolmaydi. Hech so‘zsiz, u qolishi kerak.
— Demak shundoq bo‘ladi, — qat’iyat bilan dedi Uombl.
Messner yo‘talib oldi.
— Sizning o‘pkangiz sog‘lom-a, shundoqmi?
— Ha, nima edi?
Messner yana yo‘talib oldi va go‘yo har bir so‘zi ustida mulohaza yuritayotganday bitta-bitta dedi:
— Hech nima… Faqat shunisi, borki… o‘zingizning fikringizga ko‘ra, bu, sovuqda o‘n milya sayr qilsangiz, sizga hech qiyinchiligi yo‘q. Bir amallab yetib olasiz.
Uombl Terezaga shubha bilan qaradi va uning ko‘zida shodiyona hayrat uchqunini ko‘rdi.
— Sen nima deysan? — so‘radi u.
Ayol ikkilanib jim qoldi va Uomblning yuzi g‘azabdan qorayib ketdi. U Messnerga o‘girildi.
— Yetar! Sizning bu yerda qolishingiz mumkin emas.
— Yo‘q, mumkin.
— Men bunga yo‘l qo‘ymayman! — Uombl tahdid bilan yelkasini kerdi. — Bu ishni men hal qilaman.
— Men baribir qolaman, — deb o‘z so‘zida turib oldi Messner.
— Men sizni uloqtirib tashlayman!
— Men qaytib kiraman.
Uombl o‘zini tutib olishi uchun jimib qoldi. Keyin ohista, past, bo‘g‘iq tovushda dedi:
— Menga qarang, Messner, agar ketmasangiz, men sizni kaltaklayman. Biz Kaliforniyada emasmiz. Mana shu mushtlarim bilan abjag‘ingizni chiqaraman.
Messner yelkasini qisdi.
— Agar menga qo‘l ko‘tarsangiz, oltin qidiruvchilarni to‘playman, ana unda, birinchi uchragan daraxtga sizni qanday osganlarini tomosha qilaman. Juda to‘g‘ri aytdingiz, biz Kaliforniyada emasmiz. Oltin qidiruvchilar oddiy xalq, kaltak izini ko‘rsatib, hamma haqiqatni o‘rtaga tashlab, o‘z xotinimga bo‘lgan huquqimni aytsam bas.
Ayol bir nima demoqchi bo‘ldi, ammo Uombl jahl bilan uni urishib tashladi.
— Sen aralashma! — deb qichqirdi u.
Messnerning ovozi boshqacha jarangladi:
— Marhamat qilib bizga xalaqit qilmasangiz, Tereza.
G‘azabdan va hayajonchni zo‘rg‘a bosib turganligidan ayolni qattiq, quruq yo‘tal tutdi. Uning yuzi qizarib, qo‘lini ko‘ksiga tutib, xurujning o‘tib ketishini kutdi.
Uombl yo‘talga quloq berib, ayolga ma’yus qarab turardi.
— Bir qarorga kelish kerak, — dedi u. — Uning o‘pkasi sovuqni ko‘tarmaydi. Havo ilimaguncha u yo‘lga tusholmaydi. Men uni sizga tashlab ketmayman.
Messner yuvoshlik bilan «hm» deb qo‘ydi, yo‘talib oldi, keyin yana «hm» deb qo‘ydi-da:
— Menga pul kerak… — dedi.
Uomblning yuzida darrov nafratomuz ifoda paydo bo‘ldi. Mana shu topda Messner uning ko‘z o‘ngida juda tubanlashib ketdi, axiyri u o‘zining pastkashligini namoyon etdi-ya!
— Bir xalta oltin qumingiz bor, — davom etdi Messner, — nartdan tushirayotganingizda ko‘rgan edim.
— Qancha beray? — so‘radi Uombl, uning yuzida namoyon bo‘lgan nafrat tovushida ham eshitildi.
— Xaltangizda qancha bo‘lishini chamalab qo‘rdim va… haligi… o‘ylaymanki, yigirma fut kelib qolsa kerak. To‘rt ming bo‘lsa-chi?
— Axir menda bor-yo‘g‘i shuncha-ku! — qichqirdi Uombl.
— Sizning Terezangiz bor, — yupatdi uni Messner, — Axir shu pulga u arzimaydimi? Axir nimadan voz kechayotganimni bir o‘ylab ko‘ring-a. Tag‘in ham arzon baholayapman.
— Bo‘pti! — Uombl oltin solingan xalta yoniga bordi. — Ishqilib tezroq bir yoqlik qilaylik bu ishni! Eh, sizni qarang-u!.. Pastkash!
— Yo‘q, nohaq gapiryapsiz, — istehzoli kulib dedi Messner. — Odob nuqtai nazaridan qaraganda, pora bergan kimsa pora olgandan ko‘ra yaxshimi? O‘g‘irlik molni yashirgan kimsa o‘g‘ridan yaxshimas-ku, shundoqmi? Bu kichkina kelishuvdagi arzimagan afzalligingiz bilan o‘zingizni ovutmang.
— Etikangizga ming la’nat! — jahl bilan dedi Uombl. — Bu yoqqa kelib qumni o‘lchashimga qarab turing. Yana aldab qo‘ymay sizni.
Ayol esa so‘riga suyanganicha, yashikka qo‘yilgan torozida qum va sof oltinni o‘lchashlarini darg‘azab kuzatardi — bu uning evaziga to‘lanayotgan haq edi. Torozi kichkina edi, bo‘lib-bo‘lib o‘lchashga to‘g‘ri kelardi. Messner esa har gal sinchkovlik bilan tekshirardi.
— Bu oltinning ichida kumush ko‘p ekan, — dedi u xaltaning og‘zini bog‘larkan. — Har untsiya*da uchdan birga to‘g‘ri kelsa kerak. Siz menga pand berib qo‘ydingiz chog‘i, Uombl.
U xaltani bunday qimmatbaho narsaga ko‘rsatiladigan e’zoz bilan ko‘tardi va nartga olib chiqib ketdi. Qaytib kelgach, idishlarini yig‘ishtirib oldi, oziq-ovqat yashigini joylashtirdi, to‘shagini yumaloqlab oldi. Keyin bo‘xchalarini joylashtirgach, g‘ingshiyotgan itlarini qo‘shdi va qo‘lqopini olgani yana kulbaga qaytdi.
— Xayr, Tess! — dedi u ostonada turib.
Ayol unga o‘girildi, nimadir deb javob bermoqchi bo‘ldi-yu, lekin qalbida qaynagan g‘azabini so‘z bilan ifodalay olmadi.
— Xayr, Tess! — muloyim takrorladi Messner.
— Ablah! — deya oldi nihoyat Tess.
Ayol gandiraklab to‘shak yoniga keldi, o‘zini yuztuban otdi va ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
— Hayvonlar! Razil hayvonlar!
Jon Messner orqasidan eshikni ohista yopdi va yo‘lga tushish oldidan katta qoniqish hissi bilan kulbaga o‘girilib qaradi. U qirg‘oqdan o‘zanga tushdi, nartni o‘yiq yonida to‘xtatdi va yukni tortib turgan arqonlar tagidan oltin solingan xaltani oldi. Suv betini yupqa muz qoplagan edi. U mushti bilan muzni sindirdi va xalta bog‘ichini tishi bilan yechdi-da, ichidagi oltinlarni suvga ag‘dardi. Daryoning shu yeri sayoz bo‘lib, ikki fut masofadan turib Messner daryo tubini ko‘rdi. So‘nayotgan kunning so‘nggi yog‘dusida daryo tubi sarg‘ish ko‘rinardi. Messner o‘yiqqa tupurdi.
Keyin u itlarni Yukon bo‘ylab qo‘yib yubordi. Itlar hazin ingillar va istar-istamas yugurardi. O‘ng qo‘li bilan burgich xodani tutgan, so‘l qo‘li bilan yuzi va burnini ishqalagan Messner, daryo muyulishida itlar ikkinchi tomonga burilganlarida, abzalga qoqilib ketdi.
— Qani, oldinga, maymoqlar! — qichqirdi u. — Qani, ha, olg‘a, olg‘a!

Ruschadan Xolida Ahrorova tarjimasi
“Sharq yulduzi” jurnali, 1986 yil, 9-son.
_________________
* Nart — itga qo‘shiladigan uzun chana.
* Fut — 30,479 santimetrga barobar keladigan ingliz o‘lchovi.
* Mo‘kasin — shimoliy amerikalik hindularning yumshoq poyabzali.
* Untsiya — turli mamlakatlarda turli qimmatga ega bo‘lgan og‘irlik o‘lchovi.