Jan Pol Sartr. Men nega mukofotdan voz kechdim?

1964 yil 23 oktyabr kuni Parijda shved jurnalistlari oldida so‘zlangan nutq

Bu ish mashmasha tusini olayotganidan g‘oyat afsusdaman: kaminani mukofotga loyiq ko‘rishgan, men esa uni olmoqchi emasman.

Mashmashaning sababi shuki, mukofotni menga berishmoqchi ekanligi haqida faqirni oldinroq xabardor qilishmagan. «Figaro litterer»ning 15 oktyabrdagi sonida gazetaning Stokholmdagi muxbirining Shvetsiya akademiyasi mukofot borasida mening nomzodimga moyilligi, ammo hali qat’iy bir qarorga kelinmagani haqidagi xabarini o‘qigach, menga mukofotdan voz kechishim to‘g‘risida akademiyaga xat yozib — xatni ertasigayoq jo‘natganman — masalani uzil-kesil hal qilish mumkinday tuyulgandi.

O‘shanda men Nobel mukofoti bo‘lg‘usi laureatga uning bu boradagi fikri qanday ekanligidan qat’i nazar taqdim etilishini bilmas edim, shu bois hali buning oldini olish mumkin deb o‘ylaganman. Biroq yaxshi bilaman, Shvetsiya akademiyasi o‘z qarorini aytgandan keyin lafzidan qayta olmaydi. Akademiyaga yo‘llagan xatimda tushuntirganimdek, mukofotdan voz kechishimning sabablari Shvetsiya akademiyasiga ham, Nobel mukofotiga ham taalluqli emas. Bu xatda men ikki xil — shaxsiy va ob’ektiv sabablarni bayon qilganman.

 

Shaxsiy sabablar

Men mukofotdan bemulohazalarcha voz kechayotganim yo‘q, rasmiy taqdirlashu orden-medallarni har doim rad etib kelganman. Ikkinchi jahon urushidan keyin, 1945 yili meni «Faxriy legion» ordeni bilan taqdirlamoqchi bo‘lishganda, hukumatda do‘stlarim bo‘lishiga qaramay, buni rad etganman. Do‘stlarimdan ba’zilari taklif qilishsa-da, men hech qachon Frantsuz kollejiga kirishni xohlamaganman.

Ushbu qarashning asosida mening yozuvchi mehnati haqidagi tushuncham yotadi. Siyosiy, ijtimoiy yoki madaniy sohada aniq pozitsiyasiga ega yozuvchi faqat o‘zigagina tegishli vositalar, ya’ni nashr etilgan asarlari orqali ish tutmog‘i lozim.

Har qanday unvonu mukofot uning o‘quvchilariga ta’sir o‘tkazadi, men esa buni nomaqbul deb hisoblayman. «Jan-Pol Sartr» yoki «Jan-Pol Sartr, Nobel mukofoti laureati» degan imzolar o‘rtasida farq bor.

Shunga o‘xshash mukofotga rozi bo‘lgan yozuvchi bu bilan uni mukofotlagan assotsiatsiya yoki institutni ham ifoda etadigan bo‘lib qoladi. Masalan, men Venesuela partizanlarini yoqtirsam bu tuyg‘u faqat o‘zimgagina taalluqli bo‘ladi. Biroq «Jan-Pol Sartr, Nobel mukofoti laureati» Venesuela qarshilik ko‘rsatish harakatining yonini olib chiqsa, bu bilan u Nobel mukofoti instituti ham Venesuela qarshilik ko‘rsatish harakatini yoqlashini ifodalaydi.

Yozuvchi o‘zini institutga aylantirishlariga yo‘l qo‘ymasligi kerak, hatto bu, ushbu holatda bo‘lganidek, eng nufuzli institut bo‘lgan taqdirda ham.

Albatta, bu mening mutlaqo shaxsiy nuqtai nazarim bo‘lib, avvalroq ushbu mukofot bilan taqdirlanganlarga kaminaning hech qanday xusumati yo‘q. Men o‘zim bilgan ko‘pgina laureatlarni qattiq hurmat qilaman va ularga tasanno aytaman.

 

Ob’ektiv sabablar

Hozirgi vaqtda madaniy frontda kurash olib borishning mumkin bo‘lgan yagona usuli — ikki madaniyat: sharqona va g‘arbona madaniyat birgalikda, tinch-totuv mavjud bo‘lishi uchun kurashishdir. Bu bilan madaniyatlarning birodarlashuvi kerak demoqchi emasman. Ushbu ikki madaniyatni taqqoslashning o‘zi muqarrar ziddiyat tusini olishini yaxshi bilaman. Ammo bu taqqoslash odamlar va madaniyatlar orasida institutlar aralashuvisiz kechishi shart.

Men ushbu ikki madaniyat o‘rtasidagi qaramaqarshilikni teran his qilaman: o‘zim shu ziddiyatlar mahsuliman. Kim nima demasin, kaminaning sotsializmga va sharqiy blok deb ataladigan blokka moyilligi bor, lekin men burjuy oilasida tug‘ilib, tarbiya topganman. Aynan shu narsa menga ikki madaniyatni yaqinlashtirishni xohlovchi har kim bilan hamkorlik qilish imkonini beradi. Ammo, tabiiyki, men ularning yaxshisi, ya’ni sotsializm yengib chiqadi deb umid qilaman.

Shu bois men, turli-tuman mukofotlari borligini yaxshi bilsam-da, madaniyat sohasidagi sharqiy eng yuqori instantsiyadan ham, g‘arbiy eng yuqori instantsiyadan ham biron-bir mukofot olishni istamayman. Garchi sotsializm menga juda yoqsa-da, masalan, Lenin mukofotini qabul qilishga ham rozi bo‘lolmayman, kutilmaganda uni kimdir kaminaga taklif qilsa albatta.

Tushunaman, Nobel mukofoti o‘zi g‘arbiy blokning adabiy mukofoti hisoblanmaydi, ammo uni shunday qilib qo‘yishdi, Shvetsiya akademiyasi oldini ololmaydigan har xil voqealar yuz bera boshlaganligi shundan.

Mana nima uchun hozirgi sharoitda Nobel mukofoti amalda G‘arb yozuvchilari yoki Sharqdagi «isyonchi»larga mo‘ljallangan mukofotday bo‘lib qolgan. Masalan, Janubiy Amerikaning eng buyuk shoirlaridan biri bo‘lgan Neruda taqdirlanmagan. Aragon mazkur mukofotga loyiq bo‘lsa-da, uning nomzodi hech qachon jiddiy muhokama qilinmagan. Nobel mukofoti Sholoxovga emas, Pasternakka berilgani, mukofot olgan yagona sovet asari xorijda nashr qilingan va o‘z yurtida ta’qiqlangan kitob ekani afsuslanarlidir. Xuddi shunga o‘xshash, ammo teskari xatti-harakatni amalga oshirib vaziyatni o‘nglasa bo‘lar edi. Jazoirda urush ketayotgan bir davrda, men va boshqalar «Bir yuz yigirma bir ziyoli manifesti»ni (121 ziyoli manifesti (frantsuzcha «Manifeste des 121»; to‘liq nomi: «Déclaration sur le droit à l’insoumission dans la guerre d’Algérie or Declaration on the right of insubordination in the Algerian War», ya’ni «Jazoir urushi davrida bo‘ysunmaslik huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiya») — 121 nafar ziyoli tomonidan imzolangan va 1960 yil 6 sentyabrda «Vérité-Liberté» jurnalida e’lon qilingan ochiq xat. Deklaratsiyada Mishel Debre boshchiligidagi Frantsiya hukumati va jamoatchilik Jazoir urushini jazoirliklarning mustaqillik uchun qonuniy kurashi deb tan olishga chaqirilgan) imzolagan paytimizda men bu mukofotni jon deb qabul qilgan bo‘lur edim, chunki bu bilan kamina taqdirlanibgina qolmay, biz intilayotgan ozodlik uchun kurash ham shuhratga burkanar edi. Biroq bunday bo‘lmadi va urush tugab bo‘lgandan keyingina faqir mukofotga loyiq ko‘rildi.

 

Erkinlik va pul

Shvetsiya akademiyasining izohida erkinlik haqida so‘z boradi: bu so‘z turlicha talqin qilinishi mumkin. G‘arbda uni doim faqat erkinlik sifatida tushunishadi. Menga kelsak, faqir erkinlikni yanayam aniqroq ma’noda: bir juft botinkadan ko‘proq oyoqkiyimga ega bo‘lish va ishtahaga yarasha ovqatlanish huquqi sifatida tushunaman. Menimcha, mukofotni rad etsam uni qabul qilgandan ko‘ra kamroq malomat qilinadigandayman. Agar men mukofotni qabul qilganimda bu «bu — chekkan azob-uqubatlaringning ajri» deyishgacha borishimni anglatar edi. Men «Figaro litterer»da «munozarali siyosiy o‘tmishim uchun aybsitilmasligim» haqida o‘qib qoldim. Bilaman, bu maqola akademiyaning fikrini aks ettirmaydi, lekin u, mabodo rozi bo‘lganimda, roziligim ayrim teskarichi doiralarda qanday talqin qilinishi mumkinligini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Garchi o‘z do‘stlarim ichida o‘tmishda sodir etgan ayrim xatolarimni tan olishga tayyor bo‘lsam-da, men «ilgarigi munozarali siyosiy qarashlarim»da sobitman.

Men bu bilan Nobel mukofoti — «burjuaziyaga xos mukofot» demoqchi emasman. Biroq menga yaxshi ma’lum doiralar bu voqeani shunday burjuylarcha talqin qilishlari aniq edi.

Nihoyat, men pul masalasiga o‘taman: Shvetsiya akademiyasi umumbashariy hurmat-e’tiborga katta miqdordagi pulni ham qo‘shib laureat zimmasiga og‘ir vazifa yuklaydi. Shu masala meni juda qiynadi. Yo mukofotni qabul qilib, olingan summani muhim faoliyatni amalga oshirayotgan tashkilot va harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga sarflash kerak edi. Shaxsan mening xayolimga Aparteidga qarshi kurash bo‘yicha London komiteti keldi (aparteid — Janubiy Afrika Respublikasida 1948 yildan 1994 yilgacha yuritilgan irqiy kamsitish siyosati). Yo umumiy printsiplardan kelib chiqib undan voz kechish va ushbu harakatni muhtoj bo‘lib turgan madaddan mahrum qilish kerak edi.

Ammo men bu soxta alternativa deb o‘ylayman. Faqir, shubhasiz, 250 ming krondan voz kechaman, negaki na sharqiy, na g‘arbiy blokka rasman bog‘lanib qolishni xohlamayman. Lekin shu bilan birga mendan 250 ming kron evaziga nafaqat o‘zimning, balki barcha do‘st-yorlarimning ham qarashlari aks etgan printsiplardan voz kechishni talab qilish kerak emas.

Kaminani mukofotga loyiq ko‘rganlari uchun ham, undan voz kechayotganim uchun ham juda mushkul ahvoldaman.

Ushbu arzi holimni shved jamoatchiligiga hurmatim balandligini izhor etish bilan yakunlamoqchiman.

Rus tilidan Hasan Karvonli tarjimasi

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2018 yil, 1-son