Zixor Ziroriy. Jazoir yakshanbasi (hikoya)

– Oyi! – qichqirdi Shalabiya, – yetib qoldik, she­killi, keyingi stantsiya — Jazoir!
Zubayda irg‘ib turdi. Paranjisini to‘g‘riladi va yana joyiga o‘tirdi. Shaharga yetib kelgunlaricha uning ko‘zlari to‘rt bo‘layozdi. Yo‘l bo‘yi tinmay qizidan qachon manzilga yetib kelishlarini, qachon o‘g‘li Muhammad bilan uchrashishini so‘rab keldi.
Vagon yo‘lagida besaranjomlik boshlandi. Poyezd Mezon g‘ori shaharchasiga yetib kelgan, hamma tushishga tayyorlanar edi.
Zubayda qiziga qaradi va yuzinchi marta dedi:
– Meni aytdi dersan, Muhammad seni ko‘rib shun­day quvonadiki, bu unga kutilmagan ajoyib sovg‘a bo‘ladi.
Shalabiya ham yuzinchi marta javob qaytardi:
– U suratimni olib borishingizni kutyapti. Akam bilan ko‘rishishni o‘ylasam, ichimga sig‘may ketyapman. Bu daqiqalarni tasavvur ham qila olmayman. Axir, men qamoq nimaligini bilmayman!
Zubayda paranjisini tushirdi va sabrsizlik bilan kuta boshladi. U yana Muhammadning so‘nggi xatini esladi: “… Onajonim… Meni deb bunday olis yo‘lga kelishingizni xohlamayman, ammo siz bu fikrimga qarshi ekansiz, siz bilan tezroq ko‘rishishni xohlayman — bu mening yagona tilagim. Qanday baxt! Shu ondan boshlab sizning tashrifingizgacha qolgan kunlarni sanayman. Singlim Shalabiya bilan ham ko‘rishsam degandim, lekin u siz bilan kela olmas ekan, suratini o‘zingiz bilan olib keling. Uni shunday sog‘indim-ki! Kichkintoy Shalabiyani bunchalik qo‘msayman deb sira o‘ylamagandim. Men bilan bir kamerada o‘tirgan og‘aynimning onasi yashaydigan manzilni yuboryapman. U sizni vokzalda kutib oladi. Xavotirlanmang, sizni qora paranjingizdan tanib oladi. Bu yerda barcha ayollar oq paranji kiyishadi… Siz har safar mendan qancha muddatga mahkum etilganligimni so‘raysiz. Agar hammamiz yurtimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng ozodmiz deb o‘ylasak buning ahamiyati bormikan!..”
Zubayda o‘g‘lining barcha xatlarini yoddan bilar­di. Shalabiya onasi xatlarni yodlab olmaguncha o‘qiy­verardi-o‘qiyverardi.
Nihoyat, poyezd quloqni qomatga keltiradigan ta­raq-turuq ovoz bilan Jazoir bekatiga yetib keldi. Shalabiya perronga sakrab tushdi va onasining tu­shishiga ham ko‘maklashdi. Zubayda qo‘liga chamadonni olib, ularni kutib olishi kerak bo‘lgan ayolni axtara boshladi.
– Zubayda xonim, Zubayda xonim… – Bir notanish ayol ular tomonga yaqinlashib kelardi. – Sen, o‘ylashimcha, Shalabiya bo‘lsang kerak. Nihoyat, kelibsizlar-da… Xush ko‘rdik. Men Sofiya xonim — Alining onasiman, u sizning o‘g‘lingiz bilan bir kamerada.
Zubayda Sofiya xonimning yuzlaridan shosha-pisha o‘pdi.
– Bizni tanib olibsiz-da, – dedi u qora paran­jisiga ishora qilib.
Sofiya xonim kulib qo‘ydi:
– Ha, Ali menga sizlarda — Satifda qora pa­ranji kiyishlarini aytgandi. Xo‘sh, qalay, yo‘lda qiynalmadinglarmi? Balki, charchagandirsiz?
Sofiya xonim ularni savolga ko‘mib tashladi. Zu­bayda va qizi atrofga alanglagancha muloyimlik bilan javob qaytarishdi.
Ular liftga chiqishdi va ko‘z ochib yumguncha Bresson maydonida paydo bo‘lishdi. Shalabiya atrofni diqqat bilan kuzatdi. Zubayda dengiz tomonga ishora qildi:
– Bu portmi?
– Ha, – javob berdi Sofiya.
Port Zubaydaga o‘g‘lining so‘zlarini eslatdi: “…Bu­gun bizlarni erta tongda hali quyosh chiqmasdan tu­rib harbiy tribunalga olib ketishdi. Port yonidan o‘tayotib, qamoqxona mashinasining oynalariga o‘rna­tilgan temir panjara orasidan dengiz tomonga ti­kildim. Quyosh dengiz ortidan bosh ko‘tarayotgandi. Yurtimiz qanday chiroyli-a!..”
Yo‘lda Zubayda Sofiya xonimdan so‘radi:
– O‘g‘lim bilan qachon ko‘rishishim mumkin?
– Ertaga ertalab, – dedi Sofiya xonim, – harbiy tribunaldan qamoqxonaga kirish uchun ruxsatnoma olsak bo‘lgani. Hammasi ko‘ngildagidek bo‘ladi. Ertaga uchrashuv kuni.
Tong saharlab Shalabiya, Zubayda hamda Sofiya xonim qo‘llarida ruxsatnoma bilan Barbaros qamoq­xonasining darvozasi yonida o‘z navbatlarini ku­tishardi. Odam tiqilinch edi: erkaklar, ayollar, bo­lalar. Shalabiya kutaverib charchadi. U atrofga nazar soldi. Mahbuslarning yaqinlari to‘da-to‘da bo‘lib bir-birlari bilan suhbatlashishardi. Yo‘lakda bolalar yugurib yurishibdi. Bu yerda hamma bir-birini ta­niydiganga o‘xshardi. Shalabiya darvoza tomonga o‘gi­rildi. Uning nigohi yaqindagina osilgan e’longa tushdi. Yaqinroq kelib unda akasi va ikki notanish kishining ismlarini ko‘rdi. E’lonning mazmunini idrok qilolmay, ikki-uch martalab o‘qib chiqdi. Sha­labiyaning rangi bo‘zdek oqarib ketdi, biroq hali ham e’lonning mazmunini anglolmadi. Onasi uni chaqirayotganini eshitsa-da, joyidan qimir etmay turaverdi.
“Yo‘q, bo‘lishi mumkin emas, – derdi u o‘ziga-o‘zi, – axir u nima bo‘lgani haqida biror marta churq etmagandi-ku!.. Ishonib bo‘lmaydi!..”
U tosh qotgandi.
– Shalabiya, Shalabiya! – Zubayda qizining qo‘lidan ushlab tortdi. – Yursang-chi, navbatimiz keldi.
Qiz beixtiyor onasining ortidan qamoqxona nazo­ratchisining qizil basharasi ko‘rinib turgan darcha yoniga keldi. Zubayda hayajonlanib ovqat solingan savatni nazoratchiga uzatdi. “Hozir, – o‘ylardi u, – ikki yillik ayriliqdan so‘ng bolaginam Muhammad­ni ko‘raman…”
Nazoratchi eshikni ochganda Zubayda turtinib ketdi. Nazoratchi ruxsatnomaga, keyin darvozaga yopish­tirilgan e’longa qaradi va o‘zicha to‘ng‘illab qo‘ydi: “Hm, bekorga bu ism tanish tuyulmagan ekan-da! Adashmabman.” U Zubaydaga qayrilib qaradi va ovozini balandlatib dedi:
– Nima, o‘qishni bilmaysizmi? Bugun ertalab uni qatl qilishdi!
Zubayda tushunmasdan qiziga qaradi. Shalabiya ortga tisarilib, past ovozda shivirladi:
– Uni bugun ertalab o‘ldirishibdi.
Shalabiya e’longa ishora qildi.
– Oldinroq kelish kerak edi, – gap qistirdi nazoratchi, – ana shunda uni ko‘rishga ulgurardinglar. Hoy, navbatdagi kim?..

Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi