Ba’zi ayollarga o‘xshab valaqlashni jinim suymaydi-yu, ammo tajriba almashish uchun bo‘lsa, marhamat! Xullas, men erimning salbiy odatlarini qanday tuzataman? Masalan, muhim muammo — aroq-xo‘rlikni olaylik. Lekin o‘ylamang tag‘in, eri alkash ekan deb. Ammo ichishni yoqtiradi. Gohida ishdan qo‘ng‘iroq qiladi: majlisda ushlanib qolaman, deb. Marhamat! Qaytadi-ku! «Ufla-chi. Hammasi ravshan! Qayerda majlis qilding? — U inday olmaydi — Ana, holing shu-da. Bor, hovliga chiq, kayfing tarqamaguncha uyga kirma!» Tushunyapsizmi? Mabodo men uni shundoq haydab yuborsam, u ulfatlarining oldiga jo‘nab qoladi.
Kashandaligi-chi, asti so‘ramang. Marhamat, zinapoyaga chiqib cheksin. Ishida, do‘stlari davrasida burqsitsin. Men tirik ekanman uyda chekib bo‘pti! Biroq, zinapoyada ba’zan u bilan qo‘shni ayol ham birgalashib tutatib turganini ko‘rib darhol bu chorani to‘xtatdim. Axir qo‘shni ayolning eri chekmaydi, bu holat ularni yaqinlashtirib qo‘yishi mumkin. Endi u oshxonada shiftga o‘rnatilgan havo so‘rg‘ichning to‘g‘risiga stul qo‘yib, uning ostida chekadi. Sezayapman, tobora kam-kam chekyapti.
Ko‘pchilikka tegishli bo‘lgan eng katta baxtsizliklardan yana biri — erimning o‘rtoqlari. Ulardan qanday qilib qutulish mumkin? Buning yo‘li oson. Siz eringizga ayting: «Voy, Xudoyim-ey, bu Fedya qanday ajoyib erkak-a, qanday ajoyib!» Shundan keyin eringiz Fedyani hech qachon chaqirmaydi. Petya haqida esa butunlay boshqacha ohangda gapiring: «Uni men kechiraman, mast-alast tentak-da, qurmag‘ur, sen salgina chetga qarading deguncha, menga shilqimlik qiladi-ya…» Tamom, Fedya ketidan Petya yo‘qoladi. Keyin yana bir ishonchli yo‘li bor — ozroq moddiy zarar ko‘rilsa-da, erim mening ruxsatim bilan do‘stiga qarz beradi, shu bilan o‘sha do‘sti uzoq vaqt, gohida bir umrga qorasini ko‘rsatmaydi. Sizni ishontirib aytamanki, bu yo‘l bitta-yarimta surbetni uzoq yillar yedirib-ichirgandan afzal.
Erni qanday qilib tejamkorlikka o‘rgatish mumkin? Bu — eng qiyini. Ular ko‘p narsani pinhon saqlashga harakat qilishadi: mukofot pulini, maoshga qo‘shimchani, qalam haqini. Bunday paytda uni tintuv qilish zarur, deb o‘ylaysizmi? Aslo unday qilmang. Bu — beadablik. Shunday holda ayting: «Quyoshim, men seni ishga kostyumingning shu ahvoli bilan qo‘yib yuborolmayman. Yechgin, dazmollayman!» Qarshilik qiladi. «Ech!» deng qat’iy, axir bu — zo‘rlik emas, g‘amxo‘rlik-ku! Kostyum yechilgach, uni dazmollashdan oldin, albatta, cho‘ntakdagilar olib qo‘yiladi. Tushunarlimi? Gohida topilmalar yon daftarchada, eski-tuskilar orasida, ko‘rpachalar ostida yoki suratlar orqasida panoh topadi. Bunda faqat sezgi, sezgi va yana sezgi ish beradi. Bunday paytda sizni yengil yumor qutqaradi. Misol uchun siz Pushkin yoki Balzakning qaysidir saylanmasi orasidan yirik pul topib olsangiz, uning o‘rniga «Sizdan minnatdorman, Fantomas» deya dastxat qoldiring.
Davom etsak. Hurmatli dugonalar, sizlarga hech qachon rashkchi ayol bo‘lishni tavsiya etmayman. Rashk — raqibingizga qo‘l keladi. Rashk eringiz uchun yaxshi, uy esa do‘zaxga aylanadi. Bunday hollarda men g‘amxo‘rligimni oshiraman. «Azizim, charchamadingmi? Men senga yangi ko‘ylak sotib oldim. Sen uchun ertaga qanday yoqimli ovqat tayyorlasam ekan-a?» Bu g‘amxo‘rligingiz bilan siz uni o‘rab-chirmab olasiz, u esa qiynaladi. Bunday hollarda ichishga ham ruxsat bering. Uyda chekishga ham. Hatto ulfatlarni yetaklab kelishga ham. Shunda albatta ulfati «Ey, bu sening xotining tillo-ku», deydi. Shu bittagina gapi bilan eringizni tuppa-tuzuk rashkchiga aylantiradi-qo‘yadi.
Dadil buyruq beravering: «Kech qolma! Yurma! Qarama! Ichish-chekishni o‘ylama…» Albatta, u bu gaplarga g‘alayon qiladi. Meniki bir gal birdan qichqirib qolgan: «Xudo haqi, ayt axir, menga o‘zi nima mumkin?»
Shunda men javob qilganman: «Meni sevish mumkin. Sevish! Mana shuning o‘zi yetarli!»
Adham Daminov tarjimasi