Yozda talabalar ishlashadi. Mana, bizning guruh bolalari yoz bo‘yi vagondan sabzavot tushirishdi, Zoyka ofitsiantlik qildi, Ninka bo‘lsa kinoda suratga tushdi. Ommaviy ko‘rinishda. Ammo, bir gal uning omadi kelib qoldi. Shunda Ninka kichik bir alohida ko‘rinishda suratga tushdi. Aniqrog‘i, Ninkaning o‘zi emas, oyoqlari. Film oxirida qahramon yangi shoh ko‘cha bo‘ylab yuradi. Yirik tasvirda Ninkaning oyoqlari. Uzun, chiroyli, zamonaviy oyoqlar. Bu haqdagi gap bir zumda butun institutga tarqaldi. Gazetada Ninka bilan suhbat e’lon qilindi.
— Ciz tasvirga olish paytida qiyinchiliklarga duch keldingizmi? — qiziqdi muxbir.
— Duch keldim, anchagina, — javob berdi Ninka. — Tuflim siqib qo‘ydi. Ikki marta paypog‘im tushib ketdi.
O‘zining keyingi ijodiy rejalari haqidagi savolga, Ninka navbatdagi filmlarda qisman emas, to‘laligicha suratga tushmoqchi ekanligi haqida gapirdi.
Film ekranlarga chiqdi va Ninkaga xatlar kela boshladi. Nijniy Tagildan o‘rta maktabni bitiruvchi qiz o‘zining oyoqlari ham xuddi shunaqaligi haqida yozib, bunday oyoqlar bilan kinematografiya institutiga tanlovsiz kirish mumkinmi, deb so‘ragan. Kutaisidan kelgan xat muallifi esa faqat shu oyoqlar sababligina filmni yigirma olti marta ko‘rganligini yozgan.
— Bizning jangovar kinodugonamiz, — deya murojaat qilishgan Ninkaga N. qism jangchilari. — Uzoq uyqusiz tunlari har birimiz sizning siymongizni ko‘z oldimizga keltirishga harakat qilamiz. Kimdir sizni taniqli kinoaktrisa Sofi Loren, yana kimdir zobitlar oshxonasining ovqat tarqatuvchisi Veradek tasavvur qiladi. Ninka, bizga fotosuratingizni yuboring. Bu bizning bahslarimizni yechadi va shu bilan umumjismoniy tayyorgarligimizni oshiradi…
Ninka kekkayib ketdi, taniqli sportchilarga o‘xshab ma’ruzalarga qatnamay qo‘ydi. “Kinoyulduz” sifatida u shunday kalta yubka kiya boshladiki, unga ro‘baro‘ bo‘lgan birinchi bosqich talabalari beixtiyor qizaradigan, sochlari oqargan tajribali professorlar ham ma’ruzalarining mavzusini esidan chiqarib qo‘yadigan bo‘ldi.
Tez orada Ninka o‘qishni tashladi. Unga avvalgi holda bo‘lsa ham bir yo‘la ikki filmda suratga tushishni taklif qilishdi. “Nafaqat bo‘rini oyog‘i boqadi” nomli ilmiy-ommabop filmda hamda “Bu Oyoqqo‘rg‘onda bo‘lgan edi” nomli badiiy filmda. Yozda Ninkani qandaydir detektivda beligacha, kuzda esa yana bir taniqli rejissyor uni naq yelkasigacha suratga oldi.
Film ekranlarga chiqdi va Ninka N. qism jangchilaridan yangi xat oldi.
“Bizning jangovar kinodugonamiz! — deb yozishgandi ular. — Sendan fotosurat ololmagan bo‘lsak ham bizning tanishishimiz davom etyapti. Endi biz seni ancha ko‘p bilamiz. Bizning qo‘shig‘imizda kuylanganidek, “yana yuqoriroq, yana yuqoriroq, yana va yana!” Eng jasur harbiylarimiz qo‘lingni so‘rashga tayyor bo‘lib turishibdi. “Yuziga suv quyib icharmidik!” — deyishdi ular. — O‘zi yaxshi bo‘lsa bo‘ldi-da!”.
“Qadrli Nina, — deb maktublarini davom ettirishgan jangchilar. — Hamma narsa birdaniga bo‘lmasligini bilamiz. Shuning uchun keyingi filmda jag‘inggacha suratga tushishingni tilaymiz. Agar jiddiy, hazilsiz aytadigan bo‘lsak, sen hali kech bo‘lmasdan hayotda to‘g‘ri yo‘lni tanlashingni istaymiz. Chiroyli oyoqlar — bu yaxshi! Ularni hatto Pushkin ham kuylagan. Ammo hayot yo‘lini tanlashda, avvalo boshga ega bo‘lish kerakligini unutmagan ma’qul”.
Ruschadan Habib Siddiq tarjimasi