Dadam qishloqda o‘qituvchi edi. Onam ertadan-kechgacha o‘n beshta tovug‘imizga qarash bilan mashg‘ul bo‘lar, ularning tuxumini sanab, yig‘ib qo‘yishdan o‘zgacha zavq olar va biz — uch aka-ukaga har tong nonushta uchun tuxum qovurib berardilar. Shuningdek, ularning tuxumi bizga yemak bo‘lishidan tashqari, maktabdagi sarf-xarajatlarimizga pul bo‘lardi. Pul yig‘ilib, uch aka-ukaga yangi kiyim bo‘lardi. Ammo bir kuni kechki ovqat payti dadam shunday deb qoldilar:
— Akangizning bitirishiga ham oz qoldi. Shuning uchun sizlar ungacha tuxum yemay turasizlar.
Menga bitirish oqshomi uchun yangi kiyim olib berishlari kerak edi. Sababi shunda edi.
— Tushundinglarmi?
Ukalarim faqatgina ichida g‘udranib qo‘ya qolishdi. Bu ular uchun nohaqlikdek tuyulsa ham, ota-onamizni tushunishga harakat qilishardi. Bir haftadan so‘ng to‘polon bo‘ldi. Har kuni ikkitadan tuxum sirli ravishda yo‘qolib qolayotgan edi.
— Men bilmayman. Menga kiyim uchun atalgan tuxumlarni nega endi yeyishim kerak, — dedim ko‘zlarimni pirpiratib.
— Men ham bilmayman.
— Men ham…
Onamning qarshisida uchovimiz ham bir-birimizga shubha bilan qarab qo‘yar edik. Tovuqlarning soni o‘n beshta bo‘lsa ham, tuxumlar o‘n uchta edi. Nima uchun bunday bo‘layotganiga biz ham hayron edik. Onam bundan kuyunsa-da, o‘sha o‘n uchta tuxum ham menga yetarli edi. Tuxum o‘g‘risining siri bitiruv bazmi kuni fosh bo‘ldi. Kichik ukam oppoq ayollar tuflisini ko‘tarib, bazmga men bilan borishga shaylanib turgan onamning qarshisiga keldi.
— Oyijon, bu siz uchun… haligi… tuxumlarni…
Ukam so‘zlarni bir-biriga bog‘lay olmay, bir tog‘dan, bir bog‘dan gapirardi. Onamning ko‘zlarida yosh miltiradi. Ukamni bag‘riga bosdi.
— O‘zimning mehribon kenjatoyim…
O‘shandan beri har tong onam bizga tuxum qovurib beradilar. Bu biz uchun oddiy yemak emas. Bu – onamning qaynoq mehri bilan pishirilgan mazali ne’matdir.
Koreyschadan Malohat G‘afforova tarjimasi