Har kuni metroning ikkinchi yo‘nalishida bir holat tez-tez takrorlanib turadi. Kiyinishidan firma ishchisiga o‘xshaydigan bir kishi bo‘sh o‘rindiqqa o‘tirmay, atrofga alangladi. Shu payt bir qiz yonidagi kampirga bo‘sh o‘ringa o‘tirib olishini taklif qiladi. Xuddi shuni kutib turgan boyagi kishi qizning oldiga borib, cho‘ntagidan nimadir chiqarib, unga uzatadi.
— Bu nima? — ajablanib so‘radi qiz.
— Bu sizning hozirgina qilgan olijanob ishingiz uchun.
Qisqagina javob bergan kishi matodan tikilgan bejirim xaltachani taqdim qilgandi. Uning ichida chiroyli qilib taxlangan qog‘oz parchasi ko‘rinib turardi.
“Sizning beg‘araz yaxshiligingiz uchun butun dunyo nomidan minnatdorlik bildiraman. Dunyoda siz kabi qalbi pok insonlar bor ekan, mehr-muhabbat hech qachon yo‘qolmaydi. Siz kabilarning borligi uchun ham bu olam charog‘on. Rahmat sizga.”
Kishi sekin-asta odamlar orasida g‘oyib bo‘ladi.
Qizga berilgan bejirim xaltachani tikish uchun katta mehnat qilingan, lekin buning ko‘ngilga iliqlik beruvchi o‘z tarixi bor. Bu o‘sha odamning kasallik tufayli ikkala ko‘zi ham ko‘rmay qolgan yoshgina o‘g‘ilchasi bilan bog‘liq.
— Nima deyishni ham bilmayman, nega bizning farzandimiz bu kasallikka duchor bo‘ldi?.. — u xotiniga aytishga boshqa gap topa olmas edi.
— Farzandimiz uchun nima qilishimiz kerak, dadasi?
Xotini o‘g‘lining boshiga tushgan baxtsizlikda o‘zini ayblardi. Kun davomida o‘g‘li yotgan kasalxonaga do‘stlari ko‘rishga kelishardi. Soddagina ko‘rinadigan bolalar bu oilaga katta yordam qilishgan edi.
— Amaki, biz Mun Honi maktabga olib borib, olib kelsak bo‘ladimi? – dedi bir bolakay.
— Biz Mun Honing ko‘zlariga aylanamiz, — dedi boshqasi ovozi titrab.
O‘g‘il mehribon do‘stlari yordami bilan tengdoshlari kabi maktabda o‘qiy boshladi. U mehribon oqibatli insonlar orasida ulg‘aydi va ularning ko‘magida zulmat ichra qalb ko‘zlari bilan dunyoni ko‘ra boshladi.
O‘g‘il juda vazmin va xushxulq bo‘lib voyaga yetdi. U o‘tgan vaqt davomida o‘zgalarning yordami va ularning qaynoq mehrini qaytarish uchun boshqalarni xursand qiladigan biror savob ish boshlashni xohlardi. O‘g‘lining ahvolidan mamnun ota-onaning chin ko‘ngildan topgan ishlari — yaxshiliklar evaziga minnatdorlik ifodasi bo‘lmish “Mehr maktubi” edi. Xotini tikish mashinasida xaltacha tikar, o‘g‘li esa kompyuterda yozilgan maktubni unga joylashtirardi. Oilaning yurak qo‘ri bilan tayyorlangan bu sovg‘a yaxshilik qiluvchi insonlarga atalgan edi.
Ota har kungidek sumkasini xaltachalarga to‘ldirib uyidan chiqdi. Metro bekatiga kelganda, uning ko‘zi yana odobli bolaga tushdi. Bu – yelkasida og‘ir yuk ko‘tarib, qiynalib yo‘lda ketayotgan kampirga yordamga shoshilgan maktab o‘quvchisi edi.
— Buvijon, yukingizni menga bering, men ko‘taraman.
— Voy, senday mehribon bolalarim bor bo‘lsin! Rahmat senga, — yengil tin oldi kampir.
O‘sha kishi oilasi bilan birgalikda tayyorlagan mehr maktublaridan birini sumkasidan chiqarib, bolaga berdi. Shunday qilib, yana bir maktub o‘z egasini topdi.
Qayerda bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zgalarga zarracha bo‘lsa-da foydasi tekkan insonlarni izlab yurgan bu kishi mehr maktubini berish uchun, ularga butun dunyoning tashakkurnomasini yetkazish uchun yashayotganlardandir. Garchand, bu shunchaki bir qog‘ozdagi oddiy so‘zlar bo‘lsa-da, kimlargadir ozgina shodlik ulashish uning uchun ulkan baxt bilan barobar bo‘lib qolgan edi.
Koreys tilidan M. G‘afforova tarjimasi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 43-son