Ambroz Birs. Jon Mortonsonning dafn marosimi (hikoya)

Jon Mortonson olamdan o‘tdi; “jamiyatdan bunday mo‘tabar shaxsni kutilmaganda shafqatsiz o‘lim changalining olib ketgani” va shunga o‘xshash alamangiz gaplar siyqasi chiqib ketgunicha bot-bot aytilaverdi.
Jasad ustiga oyna qoplangan sozgina, qizg‘ish-jigarrang tusdagi kattagina tobut ichiga joylandi. Dafn marosimi uchun barcha hozirliklar shu darajada qoyillatib taxt qilingan ediki, basharti marhumning o‘zi bundan voqif bo‘lgan taqdirda, u begumon chandon mamnun bo‘lgan bo‘lardi. Tobut oynasi ostidan ko‘rinib yotgan jonsiz yuz aftidan u darajada baxtiqaro bo‘lib ko‘rinmasdi, marhumning yuzida ruhsiz bir tabassum qotib qolgan, xuddiki, o‘lim hech bir azobsiz, hech bir qiynoqsiz ijro etiluvchi qadim olamning muqarrar hukmi kabi akslanib turardi, hattoki go‘rkov bu bejon tanani sovuq tobut ichiga o‘rnashtirish bilan ovora bo‘lgan daqiqalarda ham murda o‘shanday xushhol qiyofada namoyon bo‘lib yotaverdi. Soat kunduzgi ikkiga zang urganida marhumning jami yoru do‘stlari endi u dunyoga rixlat etgan o‘rtoqlari uchun aslo keragi bo‘lmaydigan so‘nggi izzat-ikromlarini bajo keltirish uchun yig‘ila boshladilar. Nufuzli oilaning to‘ng‘ich a’zolari har ikki daqiqada tobut oldiga kelib-ketishar, jasad solingan quticha oynalari uzra egilishib, vazmin ohangda piqillab yig‘lab qo‘yishardi. Aslida ko‘z-yoshdan hech kimga ham foyda yo‘q edi; na marosimda to‘planganlarga va na marhum Jon Mortonsonga bir tiyinlik ham foydasi yo‘q edi buning, biroq o‘lim qarshisida sabab hamda falsafa hammavaqt sukut saqlashga majburdir.
Soat uchga yaqinlashib qolay deganida, marhumning qolgan xeshu aqrabolari ham dafn marosimiga yetib keldilar, ular bunday dabdabali marosim sharafiga moslab janozaxonaga tantanavor suratda qadam tashlab kirishdi, joy-joylariga ham o‘shanday nazokat bilan o‘tirib olishdi. Birozdan keyin davlat vaziri ham tashrif buyurdi, shundan so‘ng xonadagi motamsarolik yana bir daraja avjga chiqdi. Vazirning izidan Jon Mortonsonning endilikda beva bo‘lib qolgan ayoli ham ergashib kirib keldi, ayol ostonadayoq butun xonani ohu faryodlariga to‘ldirib yubordi. Tobutga yaqinlasharkan, Mortonsonning bevasi yuzini asta sovuq oyna ustiga bir lahzaga bosib turdi, so‘ngra atrofdagilar uni muloyimlik bilan qizining yonidagi o‘rindiqlardan biriga o‘tqazib qo‘yishdi. Ruhoniy g‘amgin, motamsaro tovush bilan Jon Mortonsonning oxirgi manzilga kuzatish marosimi amallarini ado etishga kirishdi, janoza davomida goh afsus aralash xo‘rsiniqlar, goh alam bilan hiqillab yig‘lashlar ovozi ba’zan kuchayib, ba’zan tinib, misoli og‘ir dardga cho‘mgan ulkan dengiz zorlanishi yangliq sadolanib turdi. Ruhoniy so‘zida davom etarkan, dardchil kun ham tobora qorong‘ulashib borar, butun fazo yuzini kir bulutlar pardasi to‘sib qo‘ygandi, hatto bir-ikki tomchi tashlay boshlagan yomg‘ir sasi-da quloqqa chalinib turardi. Go‘yoki butun ro‘yi jahon Jon Mortonsonnning o‘limi uchun aza tutib, yum-yum yosh to‘kayotgandek edi.
Ruhoniy bilan birgalikda Vazir ham o‘z nutqini irod etgach, motam madhiyasi yangrashni boshladi, madhiya asnosida hamma azadorlar katafalk (tobut qo‘yilgan supacha) yonida ikki tomonga qator bo‘lib saf tortib turdilar. Madhiyaning oxirgi sadolari tinay degan chog‘ marhumning bevasi birdan tobutning oldiga chopib bordi-da, o‘zini tobut ustiga tashladi va bor jazavasi bilan dod-faryod sola ketdi. Ammo ayol qattiq yig‘lagani sayin sekin-sekin bosila ham boshladi; birpasdan keyin Vazir kelib, ayolni nari olib ketar ekan, sho‘rlik bevaning ko‘zlari beixtiyor oyna ortidagi jonsiz chehrani ko‘rishga urinib, giryon bo‘la boshladi. Ayol bilaklarini vazirning qo‘llaridan yulqinib bo‘shatib oldi-da, tag‘in tobut tepasiga o‘zini otdi va bu safar yig‘idan emas, balki dahshat to‘la faryod ko‘tarib, hushidan ketdi-da ortiga yiqilib tushdi.
Shu tobda barcha azadorlar ham duv etib tobut tomonga yopirilib kelishdi, ayni pallada devordagi ulkan soat tantanali ohangda roppa-rosa uchga bong urdi, barcha ko‘zlar Jon Mortonsonning o‘lik yuziga qadalib qolgandi.
Bir ondan so‘ng hamma azadorlar o‘zlaridan ketib orqalariga qaytdilar. Bir kishi bu qo‘rqinchli manzaradan hosil bo‘lgan kuchli vahima vasvasasida to‘satdan tobutga qattiq turtinib ketdi. Murda solingan sovuq quti o‘sha lahzadayoq polga tushib ketib, chappasiga ag‘darildi-yu, ustidagi oynasi chil-chil bo‘lib sinib ketdi.
Tobut ichidan marhum Jon Mortonsonning baroq mushugi erinibgina o‘rmalab chiqdi-da, lop etib polga sakrab tushdi, bamaylixotir o‘tirib olgancha oldi panjalari bilan qon yuqi tekkan tumshug‘ini xotirjam artib tozaladi-da, so‘ngra viqor bilan azaxonadan chiqib ketdi.

Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimasi