Shimoliy Alabamadagi temiryo‘l ko‘prigida bir erkak turardi. Yigirma chaqirim pastlikda esa suv shiddat bilan oqardi. Erkakning qo‘llari orqasiga qayrilgan, bilaklari arqon bilan maxkam bog‘langandi. Erkakning yonida uning jazo ijrochilari – Federal Armiyaning ikki nafar askari va fuqarolik paytida sherif bo‘lib ishlagan serjant turardi. Ulardan teparoqda esa qurollangan bir zobit turardi. U kapitan edi. Ko‘prikning boshida va oxirida ikki qurollangan qo‘riqchi ham yordamga shay turardi. Qo‘riqchilar yonida hech kim ko‘rinmasdi. To‘g‘rida yuz chaqirimlik o‘rmon, undan keyin esa burilish bor edi va u yerlarda ham hech zog‘ ko‘rinmasdi. Ko‘prik va qiyalik o‘rtasida tomoshabinlar – ulkan olomon yig‘ilgandi. O‘ng tomonda esa qilichini yerga qadab bir leytenant turardi. Olomon ko‘prik tomonga tosh qotganicha xayrat bilan qarab turardi. Kapitan askarlarining ishini indamasdan kuzatib turardi. Xukum ijrosi yuqori martabali amaldor rasmiy buyruqni keltirgach amalga oshirilishi kerak yedi.
Bog‘langan odam taxminan o‘ttiz besh yoshlar atrofida edi. U o‘z yerida kuch-qudratga ega bo‘lgan fuqaro – plantator (yirik yer egasi) edi. U tekis burun, keng peshonali, uzun sochlari orqaga taralgan, qimmatbaho plash kiygan, kelishgan erkak edi. Uning soqol-mo‘ylovi bor edi, lekin bakenbardasi (chekka soqoli) yo‘q edi. Ko‘zlari esa katta-katta va qop-qora edi. Uning bu ko‘rinishi shubxasiz qo‘pol qotilnikiga umuman o‘xshamasdi. Biroq Harbiy Kodeksga ko‘ra ko‘pgina odamlar jazoga tortilgan va unga o‘xshagan jentelmenlar ham bundan mustasno emas albatta.
Barcha tayyorgarliklar yakunlandi, ikki askar chetga o‘tdi, serjant esa kapitanga o‘girilib chest berdi va tezlik bilan uning orqasiga o‘tdi. Hukumga ishora berilgach, aybdorni suvga tushira boshlashdi. Uning ko‘zlari bog‘lanmagandi. U tipirchilab turgan oyoqlari ostidagi suv oqimiga qaradi. Harakatlanish uchun juda sekin oqim. Keyin ko‘zlarini yumib oldi. Uning so‘nngi xayollari rafiqasi va farzandlarida edi. U ko‘zlarini ochdi va yana pastdagi suvga qaradi.
– Agar qo‘llarimni bo‘shata olsam deb o‘yladi u. – Burnimni yopib oqim bilan suzib ketaman. Suvga sho‘ng‘ib o‘qlardan qochib qutilaman. Bor kuchim bilan o‘rmongacha suzib borsam bo‘ldi, keyin u yerdan uyga qochaman. Yaratgan Egamga shukurki uyim behavotir joyda, xotinim va kichkintoylarim esa dushmanlardan uzoqda.
Bechoraning miyasidan shunday xayollar o‘tayotgan bir paytda kapitan serjantga ishora berdi…
Peyton Farkva Alabamaning xurmatga sazovor, obro‘li oilasidan chiqqan badavlat plantator edi. U quldor edi va boshqa quldorlar kabi u ham ashaddiy irqchi siyosatchi bo‘lib, Janubiy Shtatlar Konfederatsiyasiga (AQShda fuqarolar urushi davrida janublik quldorlar tuzgan davlat ) jon-jahdi bilan xayrxohlik qilgan. Aynan shuning uchun xam jazoga tortilgan.
Peyton Farkva to‘g‘ri pastga – suvga qarab tushirilayotganida hushini yo‘qotdi. Tomog‘ini qattiq og‘riq bo‘g‘a boshladi. Tanasi va qo‘l-oyoqlari titrab tomog‘idan kuchli og‘riq otilib chiqdi. U ko‘zlarini ochganida hali ham suvga cho‘kayotgandi. U suv yuzasiga qanday qilib bo‘lmasin chiqib olishi kerak yedi.
– Bog‘liq holda cho‘kib o‘lish? deb o‘yladi u. – Ha, bu narsa unchalik ham yomon emas. Ammo men otib o‘ldirilishni istamasdim. Yo‘q men o‘lmayman aslo! Axir bu adolatdan emas!
Farkva bilaklarida kuchli og‘riq bo‘lishiga qaramasdan zo‘r berib qo‘llarini yechishga urinardi. – Qani chiq! Chiqsangchi! deb qo‘llariga baqirardi sho‘rlik.
Bo‘ynida esa kuchli og‘riq turib, miyasi o‘t bo‘lib yonar, yuragi esa kuchsiz urardi. Og‘zini ochib, chuqur nafas olib kuch yig‘ishga urinardi.
Nihoyat Peyton bir amallab suv yuzasiga chiqishga muvaffaq bo‘ldi. U ko‘prikni, uning ustidagi askarlar, serjant va kapitanni ko‘rdi. Ular Farvani ko‘rib baqirishdi. Kapitan pistoletini chiqardi lekin otmadi. Boshqalar esa hali qurolini olishga ulgirmagandi. Ularning barchasi qo‘rqinchli va g‘alati edi.
Farkvaning yonidan birdaniga bir narsa o‘tib ketdi va «shalop» etib suvga urildi. Bu narsa o‘q edi. Merganlar unga qarab o‘q uza boshlashdi. Farkva qirg‘oqdagi o‘rmonga qaradi. O‘ng tomondagi leytenant tartib bilan quyidagi so‘zlarni aytdi:
– Tayyorlan! – Nishonga ol! – O‘t och!
Peyton suvga sho‘ng‘idi. Suv uning quloqlariga Niagara sharsharasining tovushlari kabi urildi. Keyin esa u yog‘dirilgan o‘qlarning momoqaldiroqqa o‘xshash tovushini eshitdi. U suv yuzasiga ko‘tarildi va birin-ketin kelayotgan metall parchalarini ko‘rdi. Ularning bazilari uning yuzi va qo‘llarini yalab o‘tdi. Bittasi uning bo‘yni va yoqasining o‘rtasiga tegdi. Daxtli achishish boshlanib, Farkva bo‘ynini changalladi…
Suv yuzasiga chiqqanida Peyton Farkva xansirab nafas olardi. U uzoq vaqt suv tagida bo‘lganini his qildi. Farkva askarlardan ancha uzoqda edi va xavfsiz joyga yaqin kelib qolgandi. Askarlar o‘t ochishni deyarli to‘xtatishgan faqat ikki qo‘riqchi xamon o‘zboshimchalik bilan o‘q uzardi.Farkva esa jon-jahdi bilan suzib borardi. Uning miyasi ham qo‘l-oyoqlari kabi xarakatchan edi. U yashin tezligida fikrlay boshladi.
– Ahmoqlar, endi boshqa bunday xatoga yo‘l qo‘ymanglar! dedi Farkva ularga bepisandlik bilan qararkan. – Shuncha o‘qlar yomg‘iridan xuddi bitta o‘qdan qochgandek oson qutildim-a! Parvardigorning o‘zi menga madad berdi. Aks holda bu yaramaslardan qutila olarmidim!
Kutilmaganda u o‘zining aylanayotganini xis qildi. Suv, qirg‘oq, o‘rmon, ko‘prik, odamlar – barchasi aralashib ketdi. Borliqdagi narsalar uning ko‘ziga o‘zining rangida aylanib-aylanib yo‘l-yo‘l chiziq bo‘lib ko‘rinardi. Peyton Farkva qandaydir girdobga tushib qolib, shiddat bilan aylanardi. U bir necha daqiqa ichida dushmanlaridan yashirinsa bo‘ladigan daryoning janubiy qirg‘og‘iga borib tushdi. Farkva quvonchdan yig‘lab yubordi. Zambarak o‘qining kuchli ovozi uni xushyor qildi. U o‘rmon ichiga yugirib kirib ketdi.
Farkva kuni bilan yo‘l yurdi. O‘rmonning oxiri ko‘rinmasdi. Hech qayerda chiqish yo‘li ko‘rinmasdi. Xattoki o‘rmonchilar yo‘lagi ham yo‘q edi. Shunday yovvoyi hududda yashaganini o‘zi ham bilmas ekan. Kech tushishi bilan u oyoqlari toliqib, charchagani va ochiqqanini his qildi. Rafiqasi va farzandlarini tezroq ko‘rish istagi unga kuch bag‘ishladi. Nixoyat u uyiga boradigan yo‘lni topdi. Yo‘l uzun va keng shaxar ko‘chasiga o‘xshardi. Go‘yoki undan xali hech kim yurmagandek edi. Hech qanday dala va turar-joy ko‘rinmas edi. Yo‘lning ikki tomonidan daraxtlar devordek tizilgandi. Ularning orasidan esa g‘alati tovushlar eshitilardi.
Farkvaning bo‘yni qattiq og‘ridi va uni ushlab ko‘rib bo‘yni shishib ketganini bildi.U arqon bo‘ynini bo‘g‘gani uchun shunday bo‘lganini taxmin qildi. Uning ko‘zlari ochiq turardi. U ko‘zlarini uzoq vaqt yuma olmadi. Uning tili esa tashnalikdan shishib ketgandi.
Nixoyat Peyton Farkva uyining darvozasi oldida turardi. U tun bo‘yi yo‘l bosgandi. Darvozani ochishi bilan xotiniga ko‘zi tushdi. U xotini tomonga qarab yura boshladi. Lekin unga yaqinlashishi bilan birdan xushini yo‘qotdi. Ko‘zlarini ochganida esa hammayoq qorong‘u va jimlik xukum surardi.
Peyton Farkva o‘sha ko‘prikdagi otishmada allaqachon xalok bo‘lgan edi. Uning bo‘ynidan o‘q tekkan jasadi Avl Krik ko‘prigi ostida u yoqdan bu yoqqa chayqalib yotardi.
Feruz Ziyodulloyev tarjimasi