Sulaymon-kishi dunyoda o‘zining bog‘chali uyidan chiroyliroq joy yo‘qligiga imoni komil edi. Shaharning tepalik tomoniga joylashgan mana shu uyda u yorug‘ dunyo yuzini ko‘rdi, oshini oshab, yoshini yashadi, shu yerda bolalari tug‘ilib, voyaga yetishdi. Sulaymon-kishining bir qizu bir o‘g‘libor edi. O‘n to‘qqiz yoshli Jamila ota-onasi bag‘rida yashab, tibbiyot institutida, o‘g‘li Feruz esa Moskvada rassomlik sohasida tahsil olardi.
Feruzda rasm chizishga ishtiyoq juda erta uyg‘ongan. Bolaligidayoq tomga chiqib olib tevarak-atrofdagi manzaralarni daftariga chizgani-chizgan edi. Ota o‘g‘lida haqiqiy rassomlik iqtidori borligini payqadi. Eh-he, yoshligida o‘zi ham rassom bo‘lishni orzu qilgandi, lekin orzusiga yetolmadi, qo‘li qisqalik qildi.
Xullas, Feruz katta bo‘lgach, otasi uni Moskvaga o‘qishga yuboradigan bo‘ldi.
Lekin onasi yakkayu yolg‘iz o‘g‘limni uzoqqa yubormayman, Bokuda ham o‘qisa bo‘laveradi, deb tish-tirnog‘i bilan qarshilik ko‘rsatdi. Sulaymon-kishi esa so‘zida turib oldi: Feruz Moskvaga boradi, u yerda eng yaxshi rassomlar qo‘lida o‘qiydi. Bir vaqtlar qo‘lim qisqalik qilib men o‘qiy olmagandim, endi o‘g‘lim o‘qisin.
Shunday qilib, Feruz Moskvagajo‘nadi.
Hash-pash deguncha besh yil ham o‘tib ketdi va u rassomlik diplomi bilan ona shahriga qaytdi.
Bokudan ketayotganida ozg‘ingina, tortinchoq bola edi, endi bo‘lsa bo‘yi cho‘zilib, yelkador yigitga aylanibdi. Feruz Sulaymon-kishining yoshligiga shu qadar o‘xshab ketgandiki, unga qaragan sari otaning ko‘nglini g‘urur hissi qamrardi.
— Kap-katta bo‘lib qolibdi-ya, — deya unga qarab to‘ymasdi onasi.
Ovqatdan keyin Feruz singlisi tomonidan sarishtalab qo‘yilgan o‘z xonasiga yo‘naldi.
Sulaymon-kishi o‘g‘liga ajoyib sovg‘a tayyorlab qo‘ygandi. Feruz o‘qishga ketayotganida tok ko‘chatlari ekkandi. U o‘qishdaligida otasi uni mehr bilan parvarishlab, tok novdalarini o‘g‘lining derazasi oldiga o‘tkazib, ishkom qilib ko‘tardi.
— Chiroylimi? — deb so‘radi u o‘z ishidan mamnun ohangda. Keyin o‘g‘lining xursand bo‘lganini ko‘rib: — Go‘zalligu nafosat barchaga zarur, ammo-lekin rassomning bosh mezoni bo‘lishi kerak. Axir, sen bu yerda faqat istiqomat qilibgina qolmay, ijod ham qilishing lozim-ku, — dedi.
Feruz derazaga yaqinlashib, serdaraxt, soya-salqin bog‘ni ko‘zdan kechirdi. Bog‘ ortidan shaharning ajoyib manzarasi ko‘zga tashlanardi: yangi uylar, xiyobonlar, keng-mo‘l va ravon ko‘chalar.
Feruz Moskvadan kelayotganda xotirjam, osoyishta ijod bilan shug‘ullanish maqsadida alohida xona olib turmoqchi edi. Lekin hozir bu fikridan voz kechdi. Qadrdon ota uyining derazasidan ko‘zga tashlanayotgan go‘zallikni yana qaydan ham topardi, deysiz?
Bokuda bahor oqshomlari ajoyib bo‘ladi. Hammayoq ko‘m-ko‘k, bog‘lardan bulbullar xonishi eshitiladi, Bokuning osmoni baland va tip-tiniq, go‘yo yirik-yirik injular qadalganga o‘xshaydi.
Shunday huzurbaxsh oqshomlardan birida Sulaymon-kishi xotini bilan choy ichib, bolalarining kelajagi haqida gaplashishardi. Jamiladan xavotir olmasa ham bo‘ladi — bugun bo‘lmasa ertaga erga tegadi-ketadi. Ammo Feruz-chi! Uni tushunish qiyin. Ishga sho‘ng‘ib ketganidan, na kechasi, na kunduzi tinim biladi, ishdan boshqa narsa haqida o‘ylashga vaqtiyam, xohishiyam yo‘q.
Ota-ona o‘g‘illarini tezroq uylantirish taraddudiga tushib qolishdi. Ular hatto o‘zlaricha unga qayliqham tanlab qo‘yishgandi. Bu qizlarining eng yaqin dugonasi Dilrabo edi.
Qizlar birga o‘qishardi. Jamilaning ikkala dugonasiyam — Dilrabo va Mohpora chiroyli, aqlli va yaxshi tarbiya ko‘rishgan. Sulaymon-kishi bilan xotini ko‘proq kamsuqum, muloyim, bosiq tabiatli Dilraboni yoqtirishardi. Har holda, yuvoshgina, beozor, mehribon, muloyim Dilrabo o‘zbilarmon, shaddod Mohporaga ko‘ra Feruzga ko‘proq yoqishi mumkin edi.
Chol-kampir o‘zlaricha shunday orzu qilishardi. Onasi bu haqda ochiq-oydin gapiraverar, Sulaymon-kishi esa yuragida bunga rozi bo‘lsa-da, hali-hozircha indamaslikni afzal ko‘rardi. “Feruz aqlli yigit, — deya o‘ylardi chol. —Har holda, hammasini o‘zi hal qilgani durust”.
Bu vaqtda o‘z xonasida rasmchizayotgan Feruz ham Dilrabo haqida o‘ylayotgandi. Dilrabo anchadan beri shu xonadonning bir a’zosidek bo‘lib qolgan. Ayniqsa, imtihonlarga tayyorlanishayotganda har kuni shu yerda bo‘lardi, unda Feruz qizga unchalik ahamiyat bermasdi. Lekin Dilrabo doktorlik diplomini olib, ishga tayinlangandan beri kam keladigan bo‘ldi. Feruz mana shundagina bu qizga bog‘lanib qolganini sezib qoldi.
— Feruz, — degan ovoz eshitildi eshik ortidan, — uydamisan, Feruz? Mehmonlarni qabul qil.
U o‘rnidan turib, eshikka yo‘naldi. Ostonada singlisi, uning orqasida esa yana ikkita qiz turishardi.
— Rasmlaringni ko‘rmoqchiydik, — dedi Jamila. — Qarshilik qilmassan, deb o‘ylayman.
Dilrabo jur’atsizgina uyga qadam tashladi — u qorachadan kelgan bo‘lib, sochlari uzun, o‘rta bo‘yli, qaddi-qomati kelishgan.
— Salomalaykum, — dedi ohista qiz. — Xalaqit bermaymizmi, ishqilib?
— Yo‘q, yo‘q, marhamat, kiraveringlar!
Feruz qizlar bilan so‘rashib, o‘tirishgataklif qildi.
Qizlar xonaning poli va devorlaridagi rasmlarni tomosha qilgancha shivirlashib, muhokama qila boshlashdi. Rassom esa ularga xalaqit bermaslik uchun bir chekkada turgan stol tomon yo‘naldi. Stol ustida qog‘ozlar va har turli qalamlar yotardi. Mana, Feruzning qo‘li qog‘oz ustida chaqqon harakat qila boshladi.
— Vuy! — hayajon-la qichqirib yubordi Mohpora qog‘ozga ko‘z yugurtirib.
— Ha, nima gap? — deb so‘radi Dilrabo.
— Manaviga qara!..
Dilrabo rassom ishlayotgan stolga yaqinlashdi.
Feruz qizning suratini chizayotgan ekan. Rasmni endi chiza boshlagan bo‘lishiga qaramay, yuzining tarhi bilinib qolgandi.
Dilrabo qalamning qog‘oz ustidagi harakatini kamoli qiziqish bilan kuzatib turardi. Zum o‘tmay rasm tayyor bo‘ldi-qoldi: qog‘ozdan Dilrabo kulib qarab turardi.
Rasm juda osonlik bilan, nafis chizilgandi. Lekin Dilrabo sinchkov qiz edi. Rasm chizayotganda rassomning yuzi jiddiy tus olgan bo‘lib, ifodasi ham tez-tez o‘zgarib turardi. Feruz goh jilmayar, goh asabiylashayotganday yoki achchiqlanayotganday qovog‘ini uyub olardi. “Ha, — deb o‘yladi Dilrabo, — qog‘oz ustida yengil harakatlanayotgan rassomning qalami, faqat yuzaki ekan…”
Bu orada Feruz ikkinchi surat ustida ish boshlagandi. U Mohporaga tez-tez ko‘z tashlagancha qog‘oz ustida qalam yuritardi.
— Voy, meniyam rasmimni chizyapsizmi! — dedi quvonch-la qiz sochini to‘g‘rilagancha.
Rassom bu rasmni ham zumda ishlab bo‘ldi.
Bu orada Jamila dasturxon tuzab, qizlarni chaqirdi. Qizlar chiqib ketishdi. Ular ortidan Feruz ham yemakxonaga yo‘l oldi.
To‘rtovlon stol atrofiga o‘tirishdi.
So‘zamol, shaqildoq Mohpora darhol Feruz chizgan rasmlar albomini egallab oldi va rassomni savolga ko‘mib tashladi. Feruz xohlamaygina javob qaytarardi. Dilrabo unga qarab, miyig‘ida jilmayib o‘tirardi.
Mohporaning diqqatini qish manzarasi tortdi.
— Manavi kartinani albatta Moskvada chizgan bo‘lsangiz kerak-a? — deb so‘radi qiz.
— Ha, — deb bosh irg‘adi rassom.
Mohpora so‘rayverib qo‘ymaganidan keyin u kartinaning qisqacha tarixini so‘zlab berdi.
U gapini tugatar-tugatmas Mohpora:
— Podmoskove o‘rmonlari yozishganidek chindanam go‘zalmi? — deb so‘radi.
— Juda chiroyli,— dedi javoban quruqqina qilib Feruz. Keyin to‘satdan Dilraboga o‘girilib so‘radi: — Siz Moskvada bo‘lganmisiz?
— Yo‘q, — deya ohista javob qildi qiz.
— Siz bilan avvalroq tanishmaganimga afsuslanaman, — dedi Feruz, — bo‘lmasa, Moskvaga taklif qilgan bo‘lardim. Men Moskvani besh qo‘limday bilaman va judayam sevaman. Mendek yo‘lboshlovchini ikki dunyodayam topolmaysiz.
Bu gaplarni Feruz o‘ziyam bilmagan holda beixtiyor aytib yubordi. U hayajonlanib ketganidan, hatto o‘rnidan turib ketdi va chekishni tashlaganiga qaramay papiros olib cheka boshladi. Papiros turgan stolda bir varaqqog‘oz ham bor edi. Feruz qalamini qog‘oz uzra chaqqon yuritib Dilraboning yuzini chizdi.
Qiz buni ko‘rib turardi. U qimir etmay o‘tirardi. Feruzning nazarida qizning rangi oqarganday tuyuldi.
Bir necha daqiqa o‘tgach, Dilrabo kasalxonaga navbatchilikka borishim kerak, deb, kechirim so‘radi-da, ketishga chog‘landi.
Feruz uni eshikkacha kuzatib qo‘ydi. Ostonada xayrlasha turib, qizningsuratini chizishga ruxsat so‘radi.
Dilrabo bir zum taraddudlanib turdi-da, keyin rozilik bildirib, boshini qimirlatdi.
— Ertaga keling-a, — dedi ohista Feruz.
… Dilrabo palatalarni aylanib bo‘lib, navbatchi vrach xonasiga qaytib kelganida yarim kechadan oshgan edi. Stol ustida kasallik varaqalari, gazeta va jurnallar yotardi. Dilrabo ularni ko‘zdan kechirib, bir chekkaga surib qo‘ydi. U fikrini jamlolmaygarang edi. Uning ko‘z oldida Feruzning siymosi turardi.
U yigitning yuzi, jingalak sochlari, nozik barmoqlarini yaqqol ko‘rib turardi…
Uning Bokuga qaytib kelganiga ancha bo‘ldi, kelganidan buyon ko‘plab rasmlar chizdi. Faqat u hech narsani ko‘rmaydiyam, sezmaydiyam. To‘g‘rirog‘i, ko‘rishni istamaydi. Kamgap, beparvo va betakalluf. Shuning uchun ham qiz bechora unga nisbatan bo‘lgan qaynoq muhabbatini pinhon saqlashi kerak. Ammo-lekin uning sevgisini Feruz bilmasligi lozim… Biroq bugun… Bugun u butunlay boshqacha edi! Nahot, baxtu iqbol unga kulib boqsa? Nahot, u qizning qalbidagi bo‘ronni sezgan bo‘lsa?
Ertasiga belgilangan vaqtda Dilrabo Mohpora bilan birgalikda rassomningustaxonasiga kirib keldi.
Feruz qizlarni har vaqtdagidek osoyishta, hattoki zohiriy beparvolik bilan kutib oldi. Uning mana shu ko‘rinishi go‘yoki kuni kechagina qizga kelishini so‘rab yalinib-yolvorgan holatiga sirayam o‘xshamasdi!..
U tezda molbertini tayyorlab, qizni qulay joyga o‘tqazdi-da, ishga kirishdi. Seans muvaffaqiyatsiz boshlandi. Feruz asabiylashar, dam-badam o‘rnidan turib ketar va hatto Dilraboga ham jahl qilib, goh undoqo‘tirishini, goh bundoqo‘tirishini talab qilardi. qiz o‘zini nihoyatda o‘ng‘aysiz sezar, o‘rnidan turib qochib ketgisi kelardi! Mana, nihoyat, kerakli holat topildiyu ish yurishib ketdi.
Rassom ikki soat badalida zo‘r ishtiyoq bilan ishladi. Dilrabo ham shu vaqt davomida rassomdan katta-katta ko‘zlarini uzmay itoat-la o‘tirdi.Nihoyat, Feruz o‘rnidan turib, mo‘yqalaminibir chekkaga qo‘ydi-da, chuqur nafas oldi. Dilrabo ham o‘rnidan turdi. Seans tamom bo‘lgandi.
Ertasiga qizning bir o‘zi keldi. O‘sha kuni Feruz birmuncha osoyishta va zo‘r ilhom bilan ishladi, ish ham unumli bo‘ldi. Qiz vaqtning o‘tganini ham bilmay qoldi. Butun kun davomida Feruz qizning ko‘zlarini chizishga uringandi. U hech qachon bunday chiroyli, katta, chaqnoq ko‘zlarni ko‘rmagandi.
U qizga qararkan, uning ko‘zlarida uyatchan, jur’atsiz sevgi ifodasini ilg‘ardi. Lekin nigohlari uchrashgan zahoti qiz qo‘rqa-pisa ko‘zini olib qochar va undagi avvalgi ifoda darhol yo‘qolardi. Aslida esa u aynan ana shu qaytarilmas ifodani izohlash uchunoqqizning rasmini chizishga bel bog‘lagandi-da.
Sulaymon-kishi bilan xotini mamnun edi. Qalblariga yaqin qiz bilan o‘g‘illari o‘rtasidagi munosabat tobora mustahkamlanib bormoqda edi.
— To‘y hidi kelib qoldi-yov, — deya shivirlashardi Feruzning ota-onasi.
Lekin ularning quvonchlari uzoqqa bormadi. Portret tayyor bo‘lgach, Dilrabo kelmay qo‘ydi.
Kunlar, oylar bir-birini quvib o‘ta boshladi. Feruzning dong‘i butun o‘lkaga taralib, mashhur rassomga aylanayotgandi. Shaharda uning rasmlarining ko‘rgazmasi ochildi.
…Kun oyoqlab qolgandi. Shahar uzra sovuq shamol kezardi.Ko‘chalarda izg‘irin hukmron. Feruzning qalbiga chiroq yoqsa yorimasdi.
U kun bo‘yi ishladi. Kechqurun mo‘yqalamini bir chekkaga qo‘yib, derazaga yaqinlashdi. Yozning yorqin bo‘yoqlari qayoqqa yo‘qoldi? Bog‘ham, shahar ham, dengiz ham — hammasi kulrang tusda bo‘lib, yurakni siqardi.
Feruz plashini kiyib, ko‘chaga chiqdi. Shoshilmasdan dengiz bo‘yiga tushib, xiyobonda sayr qildi. Keyin o‘zi ham sezmagan holda rasmlari ko‘rgazmaga qo‘yilgan binoga yaqinlashdida, ichkariga kirdi.
Zal bo‘ylab asta odimlagancha o‘zi yaratgan rasmlarni tomosha qildi, tomoshabinlarni kuzatib, ularning fikr-mulohazalariga quloq tutdi.
Kichkina zalning markazida Dilraboning portreti osig‘liq turardi. Rasmning yonida Feruz bir chol turganini ko‘rdi. Baland bo‘yli, qotmadan kelgan, sochlari oppoq bu qariya goh ko‘zoynagini taqib, goh olib, rasmnidiqqat bilan tomosha qilardi.
Feruzham xuddiportretga qiziqibqolgandek to‘xtadi.
— Hm…— dedi chol unga murojaat qilib, — ko‘z — qalb oynasi, deb juda to‘g‘ri aytilgan-da.
— Bu ko‘zlardan qanday g‘ayritabiiylik topa qoldingiz? — deb so‘radi Feruz.
— Nahotki payqamayotgan bo‘lsangiz? — deya xitob qildi ajablangancha chol. — Ko‘rmisiz nima balo? Bu ko‘zlarda shoyon sevgi-muhabbat oshiyon-ku! Ulkan, musaffo sevgi!
Cholning ketganiga qancha vaqt bo‘lganiga qaramay, Feruz rasmdagi qizni endigina ko‘rib turgandek hayrat aralash ehtirom bilan qarab turardi.
Shu vaqt:
— Feruz! — deb chaqirib qolishdi.
U orqasiga o‘girildi. Uning oldida singlisi bilan ikkala dugonasi turishardi. Qizlar yomg‘irda qolishgan shekilli, yopinchiqlari jiqqa ho‘l edi. Jamila ro‘molchasi bilan yuzini artar ekan:
— Xuddi chelakdan quyayotgandek yog‘ayapti-ya, o‘ziyam, — dedi. — Butunlay ivib ketdik. Dilrabo, ko‘rgazmaga boramiz, deb quloq-miyamizni qoqib berdi.
Feruzyalt etib Dilraboga qaradi, qiz loladek qip-qizarib, nigohini undan olib qochdi.
Feruzning yuragi urib ketdi. U Dilrabo tomon yurdi. Uning qizga aytadigan gaplari biram ko‘p ediki! Lekin og‘iz ochib bir narsa deya olmadi.
Buning hojati ham yo‘q edi.
Dilrabo shundoqqina yonginasida edi. Qiz unga muloyim qaragancha jilmayardi. Ko‘zlari esa xuddi rasmdagidek sevgi-muhabbat-la boqardi.
Ozarboyjon tilidan Hikoyat Mahmudova tarjimasi