Ivan Turgenev. G‘olib sevgi qo‘shig‘i (hikoya)

Gyustav Flober xotirasiga bag‘ishlanadi.
“Wage Du zu irren und zu traumen!”
Sshiller*

I

XVI asrning o‘rtalarida Ferrarada (Ferrara bu vaqtda san’at va she’riyat homiylari, olijanob gertsoglar saltanati davrida gullab-yashnagan edi) Fabiy va Mutsiy ismli ikki navqiron yigit yashagan edi. Yaqin qarindosh tengqur bu yigitlar bir-birlaridan qariyb sira ajralishmasdi, yosh bolalik chog‘laridanoq astoydil do‘st tutinishgan edilar. Taqdirlarining bir xilligi bu do‘stlik rishtasini mustahkamlagan edi. Ularning har ikkovi ham tagli-taxtli oiladan chiqqan, boy, o‘z erki o‘zida, bo‘ydoq edi. Didlari va orzu-havaslari ham bir edi. Mutsiy musiqa, Fabiy rassomlik bilan shug‘ullanardi. Butun Ferrara ularni saroy, jamiyat va shaharning mislsiz ko‘rki hisoblab, ular bilan faxrlanar edi. Garchi ularning ikkovi qaddi-qomati kelishgan yigitlar bo‘lsa ham, qiyofasi bir-birinikiga o‘xshamasdi, Fabiy baland bo‘yli, bug‘doy rang, sochi malla, ko‘zlari moviy edi. Mutsiy, aksincha, qoramag‘izdan kelgan, sochlari qora, charos ko‘zlari Fabiynikidek chaqnab turmas, lablarida yoqimli tabassum jilva qilmasdi: uning qalin qoshlari yupqa qovog‘i ustiga osilib tushgan, Fabiyning tilla rang qoshi esa yoydek egilib, chiroyli manglayi tomon ko‘tarilgan edi. Mutsiy gapgayam uncha chechan emasdi; shunga qaramay, bu ikki do‘st shinavandaligi, mardligi ham saxiyligi sababli ayollarga bab-baravar manzur bo‘lishgan edi.
Shular bilan ayni vaqtda Ferrarada Valeriya ismli bir qiz yashardi. U kamdan-kam ko‘rinsa-da, uni shaharning eng suluv qizi deb hisoblashardi. Qiz xilvatda kun kechirar, uyidan ahyon-ahyonda faqat cherkovga-yu katta bayram kunlarida sayrga chiqar edi. U uncha boy bo‘lmagan beva oyisi bilan turardi. Xushfe’l onasining undan boshqa farzandi yo‘q edi. Valeriyani uchratgan har bir odamning ko‘nglida ixtiyorsiz ravishda taajjub, shuningdek, beixtiyor mehr va ehtirom tuyg‘usi uyg‘onar edi: u o‘zini kamtarona tutar, go‘yo husnu latofatidan bexabardek ko‘rinar edi. Ochig‘i, ayrim kishilar uni rangpar deyishardi, qariyb hamisha yerga boquvchi ko‘zlarida andak hayo va hatto hadik ifodalari balqirdi, lablari tabassumdan ora-sira, shunda ham bilinar-bilinmas ochilar, ovozini eshitgan odamning topilishi dargumon edi. Biroq mish-mishlarga qaraganda, ovozi yoqimli ekan, hali shahar shirin uyqudaligida u xonasiga kirib olib, ud chalib, eski qo‘shiqlarni xirgoyi qilishni yaxshi ko‘rarkan. Chehrasining rangparligiga qaramay Valeriya sog‘lom edi; hatto keksa odamlar ham unga qarab turib beixtiyor: “O, bir kun kelib hali barg yozmagan, pok va toza bu g‘uncha ochilib, qaysi yigitga nasib qilsa, u juda ham baxtli bo‘ladi-da!” – deb o‘ylashardi.

II

Fabiy bilan Mutsiy ilk bor Valeriyani Ferrara gertsogi mashhur Luk­retsiya Borjaning o‘g‘li Erkol amriga binoan Frantsiya qiroli Lyudovik XIIning qizi, gertsoginyaning taklifiga ko‘ra, Parijdan tashrif buyurgan kazo-kazolar sharafiga berilgan dabdabali xalq bayramida ko‘rishadi. Valeriya oyisi bilan Palladiyning surati bo‘yicha Ferraraning asosiy maydonida tiklangan ko‘rkam tribuna o‘rtasida, shaharning mo‘tabar ayollariga ajratilgan joyda o‘tirardi. Fabiy bilan Mutsiy shu kuniyoq uni jon-dillaridan sevib qolishdi. Ular bir-birlaridan sir yashirmaganlari uchun tez orada ko‘ngillarida bor gapni bilib olishdi. Shundan keyin gapni bir joyga qo‘yib, qanday bo‘lmasin Valeriya bilan uchrashishga va ko‘ngillaridagi dardlarini unga aytishga qapop qilishdi. Qiz kimni tanlasa, boshqasi so‘zsiz uning qaroriga bo‘ysunishi kerak edi. Oradan bir necha hafta o‘tgach, ular el orasida haqli ravishda yaxshi nom chiqarganlari boisidan bevaning kirish amrimahol bo‘lgan uyiga qadam ranjida qilishga muvaffaq bo‘lishdi. Beva ularga kelib-ketishlariga ijozat etdi. Shu-shu ular deyarli har kuni kelib, Valeriyani ko‘radigan va u bilan suhbatlashib o‘tiradigan bo‘lishdi. Yigitlarning qalbida yongan ishq o‘ti kundan-kunga kuchaya borar, biroq Valeriya ularning kelib turishini yoqtirsa hamki, ko‘ngli kimdaligini bildirmas edi. U Mutsiydan musiqa o‘rganardi, biroq ko‘pincha Fabiy bilan suhbatlashardi: undan unchalik iymanmasdi. Nihoyat, ular o‘z qismatlarini uzil-kesil aniqlashga jazm etishdi – Valeriyaga maktub yo‘llab, kimni o‘ziga loyiq topishini bildirib, xabar qilishini so‘rashdi. Valeriya bu maktubni oyisiga ko‘rsatib, unga, hali erga tegadigan niyatim yo‘q, mabodo, turmush quradigan vaqting keldi desangiz, siz tanlagan odamga tegaman, dedi. Keksa beva sevimli farzandidan judo bo‘lishini o‘ylab, marjon-marjon yosh to‘kdi, biroq kuyovlarning ra’yini qaytarishga hech qanday asos yo‘q edi: u har ikkala yigitni qiziga munosib deb bilardi. Biroq o‘ziga Fabiyni ma’qul topib, Valeriyaning ham ko‘ngli o‘shandadir, deb gumon qilib, o‘shani tanladi. Ertasiga Fabiy baxt qushi o‘zining boshiga qo‘nganini bildi, Mutsiy esa va’dasiga binoan taqdirga tan berdi.
U so‘zining ustidan chiqdi, biroq o‘z do‘sti, raqibining to‘y-tomoshasi ko‘ngliga sig‘madi. Mol-mulkining aksari qismini darhol sotdi-yu, Sharq tomonga, olis safarga jo‘nab ketdi. Fabiy bilan xayrlashayotib, qalb jarohati bitib, ko‘nglimda ehtiros tuyg‘usi so‘ngandagina qaytib kelaman, dedi. Bolalik va o‘smirlik chog‘laridagi do‘stidan ajralish Fabiyga juda og‘ir bo‘ldi… Biroq yaqin qolgan rohat-farog‘atni intizorlik bilan kutish nash’asi boshqa har qanday his-tuyg‘ularini bosib ketdi-yu, u butunlay zafar quchgan ishq zavq-shavqiga berildi.
Ko‘p o‘tmay u Valeriya bilan bir yostiqqa bosh qo‘ydi. Shundagina u qanday bebaho xazinani qo‘lga kiritganini uzil-kesil tushundi. Uning Ferraradan sal narida chor atrofi sersoya daraxtlar bilan o‘ralgan ajoyib bog‘i bor edi, Fabiy xotini va qaynonasini olib shu boqqa ko‘chib keldi. Shunda ular xuddi jannatda yashagandek farog‘atda yashashdi. Turmush qurganlaridan keyin Valeriyaning butun fazilatlari yaqqol namoyon bo‘ldi, havaskor rassom Fabiy mohir rassom bo‘lib yetishdi.
Valeriyaning onasi baxtli er-xotinga qarab quvonar, Xudoga shukurlar qilar edi. To‘rt yil xuddi shirin tush kabi g‘ir etib, o‘tib ketdi. Yosh er-xotin bir narsadan qisilishgan edi, ularning yolg‘iz tashvishlari farzand ko‘rishmaganlarida… Lekin bundan umidlarini uzishmagan edi. To‘rtinchi yilning oxirida ularning boshiga haqiqiy musibat tushdi: Valeriyaning onasi bir necha kun kasal bo‘lib yotib, qazo qildi.
Valeriya ozmuncha ko‘z yoshi to‘kmadi, u uzoq vaqt bu judolikka ko‘nika olmadi. Biroq, oradan bir yil o‘tgach, hayot yana o‘z iziga tushib ketdi. Mana, yoz kunlaridan birida hech kimga bildirmay Ferraraga Mutsiy kirib keldi.

III

Mutsiy surunkasiga besh yil yo‘q bo‘lib ketdi, go‘yo hayotdan ko‘z yumgandek u to‘g‘rida dom-darak bo‘lmadi. Fabiy o‘z do‘stini Ferrara ko‘chalaridan birida uchratib qolganida ham qo‘rqqanidan, ham shodlanganidan qichqirib yuborishiga oz qoldi. Shu zahoti uni bog‘iga chorladi. Uning bog‘da alohida keng ayvoni bor edi, u do‘stiga shu ayvonda turishni taklif qildi. Mutsiy uning taklifini bajonu dil qabul qildi va shu kuniyoq malayyalik gung, lekin qulog‘i eshitadigan, ko‘zidan fahm-farosatli ekanligi ko‘rinib turgan malayi bilan birga ko‘chib keldi. Malayining tili qirqilgan edi. Mutsiy uzoq safar vaqtida turli mamlakatlardan yiqqan qimmatli buyumlari solingan o‘ntacha sandiq keltirdi. Mutsiyning qaytib kelganiga Valeriya xursand bo‘ldi: u Valeriya bilan xotirjam, do‘stona salomlashdi: uning butun turish-turmushidan Fabiyga bergan va’dasini unutmagandek edi. U kun bo‘yi ovora bo‘lib, ayvonga joy qildi, malayyalik xizmatkori yordamida olib kelgan asil mollarini, gilamlarini, shoyilarini, atlas-kimxoblari-yu qurol-yarog‘larini, idish-tovoqlarini, marvarid va feruza qadalgan oltin-kumush buyumlarini, ajoyib-g‘aroyib qushlarning patlarini, yana turli-tuman narsalarni joy-joyiga qo‘yib chiqdi. Mana shu qimmatbaho narsalar orasida serhasham dur terilgan marjon ham bor ediki, buni Eron shohi ulug‘ va sirli xizmati uchun Mutsiyga taqdim etgan edi, u o‘z qo‘li bilan bo‘yniga osib qo‘yish uchun Valeriyadan izn so‘radi: Valeriyaga og‘ir va qandaydir harorat taratadigan xosiyati bordek tuyuladigan marjon uning bo‘yniga yopishdi-qoldi. Mutsiy ovqatdan keyin kechga tomon bog‘dagi ayvonchada tolgullar va dafnalarning soyasida o‘tirib, boshidan kechirganlarini hikoya qila boshladi. U olis mamlakatlarda, osmono‘par tog‘larda, suvsiz sahrolarda, katta daryolarda ko‘rgan-kechirganlaridan so‘zladi, ulkan binolar va ehromlar, ming yillik daraxtlar, rango-rang gullaru qushlardan gapirdi, o‘zi bo‘lgan shaharlar va xalqlarning nomlarini tilga oldi, ularning yolg‘iz nomlarining o‘ziyoq, qandaydir afsonaviy narsalarni eslatardi. Mutsiy butun Sharqni besh qo‘lidek bilib olgan edi: u barcha jonzot ichida otlari eng asil va chiroyli Eron va Arabistondan o‘tdi, odamlari vahimali o‘simliklarni eslatuvchi Hindistonning ich-ichiga kirib bordi. Dalaylama nomli tirik Xudo – qiyiq ko‘z, gung va soqov odam qiyofasida yashaydigan Xitoy va Tibet chegarasigacha bordi. Uning hikoyalari ajoyib-g‘aroyib edi. Fabiy bilan Valeriya uning gaplariga mahliyo bo‘lib quloq osishdi. Umuman, Mutsiyning chehrasi unchalik o‘zgarmagan edi: bolaligidan qoracha yuzi o‘tkir quyosh nurida yanada qoraygan, ko‘zlari ilgarigidan ko‘ra kirtaygandek ko‘rinardi – butun o‘zgarish shu, xolos, biroq bu chehraning ko‘rinishi boshqacha: tund, jiddiy edi, hatto kechasi she’rlar o‘qib, yer-ko‘kni larzaga solgan o‘rmonzorda duch kelgan xavf-xatarlar yoki kunduz kunlari bo‘m-bo‘sh ko‘chalarda sayyohlarni poylaydigan va ularni tutib odamxo‘r temir ma’budaga qurbon qiladigan johil mutaassiblar to‘g‘risida gapirganida ham yuz ifodasi o‘zgarmadi. Mutsiyning ovozi bosiq va silliq edi. U uddaburon sodiq xizmatkorining yordami bilan hind baraxmanlaridan o‘rgangan fokuslarini ko‘rsatdi. Misol uchun u, dastavval, o‘zini parda bilan to‘sdi-da, birdan barmoqlarining uchi bilan tik turgan bambuk tayog‘iga tayanib, osmonda chordana qurib o‘tirgan holda namoyon bo‘ldi. Bundan Fabiy hang-mang bo‘lib qoldi, Valeriyaning esa vahmi keldi… “Afsungarmi, nima balo”, deb o‘ylab qoldi u. Mutsiy kichkina nay chalib, savatdan o‘rgatilgan ilonlarni chaqirganida, ola-bula mato tagidan ularning qoramtir, yapasqi boshi ko‘rinib, tillarini qimirlatganda Valeriyaning yuragi yorilayozdi, u Mutsiydan tezroq bu manfur gazandalarni yo‘qotishini iltimos qildi. Kechki ovqat mahalida Mutsiy do‘stlarini bo‘yni uzun, dumaloq shishadagi Sheroz sharobi bilan mehmon qildi, kichkina piyolalarga quyilgan o‘tkir hidli, yashil tusda tovlanadigan tilla rang quyuq sharob sirli jimirlardi. Uning ta’mi Yevropa vinolariga o‘xshamasdi, u juda shirin va xushbo‘y edi, shoshilmay oz-ozdan ho‘plansa, odamning tanasi yayrardi. Mutsiy qo‘yarda-qo‘ymay Fabiy bilan Valeriyaga bir piyoladan ichirdi, o‘zi ham ichdi. Valeriyaning piyolasi ustiga engashib, allanarsa deb shivirlab, barmoqlarini silkitdi. Valeriya buni ko‘rdi, lekin Mutsiyning xatti-harakati va yurish-turishida qandaydir begona, misli ko‘rilmagan xislatlar paydo bo‘lganidan: “Hindistonda yangi dinni qabul qildimi yoki ularda odat shunaqamikin?” deb o‘ylab qo‘ya qoldi. Keyin bir oz jim turdi-da, safarda yurganingizda musiqa bilan shug‘ullandingizmi, deb so‘radi. Mutsiy unga javoban malayyalikka hind skripkasini keltirishni buyurdi. U hozirgi skripkalarga o‘xshar, lekin unda tor to‘rtta emas, uchta edi, qulog‘iga ilonning ko‘kishroq terisi o‘ralgan, ingichka qamish kamoni yarim doira shaklida bo‘lib, uchida olmos yaltirab turar edi.
Mutsiy avvaliga vahimali eshitiladigan hazin xalq kuylaridan chalganida haligi ohang nogahon kuchaydi, jarangdor, qudratli yangradi. Uzun-uzun tortilgan kamondan ehtirosli kuy quyilib chiqa boshladi, go‘yo u o‘z terisi bilan skripkaning qulog‘ini o‘rab yotgan ilondek chiroyli to‘lg‘anardi, tantanavor shod-xurramlikka yo‘g‘rilgan bu kuy shu qadar ota­shin, shu qadar fusunkor qanot qoqap ediki, Fabiy bilan Valeriyaning dili xun bo‘lib, ko‘zlariga jiqqa yosh keldi. Mutsiy bo‘lsa quti o‘chib, qoshlarini chimirib, boshini qiyshaytirgancha skripkaga qo‘ydi, u yana ham jiddiy va purviqor edi, kamonning uchidagi olmos esa, mazkur ajoyib kuydan o‘t olgandek yalt-yult qilar edi. Mutsiy chalishdan to‘xtab, skripkani dahani va yelkasi bilan qisib turgan ko‘yi, kamon tutgan qo‘lini tushirganda, Fabiy: “Nima bu? Qanday kuyni chalding?” – deb so‘radi. Valeriya churq etib og‘iz ochmadi, lekin butun turish-turmushi erining savolini qaytarayotganini ochiq-oydin ko‘rsatib turardi. Mutsiy skripkani stol ustiga qo‘ydi-da, sochini bir silkitib, nazokat ila tabassum qildi va: “Bumi? Bu kuyni… ushbu qo‘shiqni men bir marta Seylon orolida eshitgan edim. Bu qo‘shiq u yerda, xalq orasida baxtli, qoniqtirilgan sevgi qo‘shig‘i sifatida mashhur!” – dedi. Fabiy: “Yana bir marta chal”, – deb shivirlagan edi, Mutsiy: “Yo‘q, buni qaytarish mumkin emas, vaqt kech bo‘lib qoldi. Sinora Valeriya orom olmoqlari kerak, men ham bora qolay endi… Charchadim”, – deb javob berdi. Kun bo‘yi Mutsiy Valeriya bilan eski qadrdonlardek oddiygina, hurmatini joyiga qo‘yib muomala qildi, biroq ketayotib, barmoqlarini kaftiga botirib, uning qo‘lini mahkam qisdi va ko‘zlariga qattiq tikildi, Valeriya yerga qarab turgan bo‘lsa hamki, uning qo‘qqisdan loladek qizarib ketgan betlarida tikandek nigohini sezdi. Mutsiyga hech nima demay qo‘lini tortib oldi, Mutsiy ketgach esa, u chiqib ketgan eshikka ko‘z tashladi. Valeriya ilgarilari ham undan hayiqqanini esladi… Hozir esa uning qalbidan hayronlik joy oldi. Mutsiy ayvoniga jo‘nagach, er-xotin yotoqxonasiga yo‘l olishdi.

IV

Valeriya hadeganda uxlolmadi: tomirlaridagi qon ohista, huzur baxsh etib junbushga kelar, boshi o‘z taxminicha g‘alati sharobdan, balki Mutsiyning hikoyasi yoxud skripkada chalgan kuyidan asta guvillardi… Tongotarga yaqin u aloha uxlab qoldi va g‘aroyib bir tush ko‘rdi.
Tushida past shiftli keng bir xonaga kirib borayotganmish… Bunday xonani umri bino bo‘lib ko‘rmaganmish. Butun devorlari zarhal, “taram-taram” yo‘lli, kichkina-kichkina havo rang koshinlar bilan qoplanganmish, alebastrdan qilingan o‘ymakor ustunlar marmar shiftni ushlab turganmish, ana shu shift va ustunlarning yarmi shaffofmish… Har tomondan xona ichiga taralayotgan yorug‘ nur barcha narsalarni sirli ravishda bir xil yoritarmish, duxoba yostiqlar oynadek silliq yerning yarmisigacha solingan ensiz gilam ustida yotganmish. Ajoyib-g‘aroyib hayvonlarni eslatuvchi burchaklardagi tutatqi tutatiladigan uzun idishlardan bilinar-bilinmas tutun ko‘tarilarmish, hech qayerda deraza yo‘qmish, devordagi deraza o‘rniga tutilgan duxoba parda qorayib turganmish. Bir mahal ana o‘sha parda sekin-asta surilibdi-yu, orqasidan Mutsiy chiqibdi. U ta’zim qilarmish; quchog‘ini ochib, nuqul kularmish. U temirdek qo‘llari bilan Valeriyani belidan quchibdi, quruq lablari a’zoyi badanini o‘t bo‘lib kuydiribdi… U yostiq ustiga chalqancha yiqilibdi.
Valeriya dahshatdan oh-voh qilib, zo‘r berib urina-urina oxiri uyg‘ondi. U qayerdaligini, nima bo‘lganini tuzukroq tushunmay, karavotidan qo‘zg‘aldi-da, atrofiga alanglab qaradi. A’zoyi-badanini titroq larzaga soldi. Fabiy yonida yotardi. U uxlardi, biroq basharasi derazadan mo‘ralayotgan to‘lin oy yog‘dusida murdaniki singari oppoq… Valeriya erini uyg‘otdi, eri unga qaradi-da: “Senga nima bo‘ldi?” – deb hovliqib so‘radi. Valeriya hamon a’zoyi badani qaltirab: “Men… men qo‘rqinchli tush ko‘rdim”, – deb shivirladi.
Xuddi shu asnoda ayvon tomondan kuchli musiqa ovozi eshitildi, shunda Fabiy bilan Valeriyaning har ikkisi bu Mutsiy chalib bergan, u qongan va tantana qilgan sevgi qo‘shig‘i deb atagan o‘sha kuy ekanligini bilishdi. Fabiy hang-mang bo‘lib Valeriyaga qaradi… U ko‘zini yumib, teskari o‘girildi, shu ko‘yi ularning ikkovi nafaslarini ichlariga yutib, qo‘shiqni oxirigacha tinglashdi. So‘nggi sado tingach, oy bulutlar ortiga yashirindi-yu, xona ichiga birdan qorong‘ilik cho‘kdi… Er-xotin lom-mim demay boshlarini yostiqqa qo‘yishdi, qaysi biri qachon uxlaganini hech qaysisi bilmadi.

V

Ertasiga ertalab Mutsiy nonushtaga keldi, uning kayfi chog‘ bo‘lsa kerak. Valeriya bilan xushchaqchaq salomlashdi. Valeriya taraddudlanib uning salomiga alik oldi, unga yalt etib qaradi-yu, Mutsiyning quvnoq, mamnun chehrasini, o‘tkir, sinchkov ko‘zlarini ko‘rib, Fabiy darhol uning so‘zini bo‘ldi:
– Sen, chamasi, yangi joyda uxlolmadingmi deyman? Xotinim ikkovimiz kechagi kuyingni yana chalganingni eshitdik.
– Rostdan-a! Eshitdingizmi? – dedi Mutsiy. – Ha, rost, men u kuyni chaldim, biroq undan oldin uxlab oldim, hatto ajoyib tush ham ko‘rdim.
Valeriya hushyor tortdi.
– Qanday tush? – deb so‘radi Fabiy.
– Tush ko‘rsam, tushimda sharqona bezatilgan keng bir xonaga kirayotganmishman, – dedi Mutsiy Valeriyadan ko‘zini uzmay. – O‘ymakor ustunlar shiftni ko‘tarib turganmish, devorlari koshinlar bilan qoplanganmish, na derazasi, na shamlar bo‘lmasa-da, butun xona go‘yo shaffof toshdan tik­langandek pushti rangda emish. Burchaklarda xitoy idishlarida tutatqi tutab turganmish, yerda ensiz gilam, yonida duxoba yostiqlar yotganmish. Men parda tutilgan eshikdan kiribman, boshqa eshikdan esa men bir vaqtlar sevgan ayol kirib kelibdi. U ko‘zimga shu qadar latofatli ko‘rinib ketibdiki, qalbimda ilgarigi ishq o‘ti darhol alanga olibdi…
Mutsiy ma’nodor jim bo‘ldi. Valeriya qimir etmay o‘tirar, asta-sekin rangi oqarib borar edi… U entikib nafas ola boshladi.
– Shundan keyin, – dedi Mutsiy gapida davom etib, – o‘rnimdan turib, o‘sha kuyni chaldim.
– O‘sha xotin kim o‘zi?—dedi Fabiy.
– Umi? Bir hindning xotini. Men u bilan Dehli shahrida uchrashgan edim… U hozir tirik emas. Olamdan o‘tgan.
– Eri-chi? – deb so‘radi Fabiy, nega surishtirayotganini o‘zi ham bilmay.
– Eri ham o‘lgan deyishadi. Ko‘p o‘tmay ulardan bexabar qoldim.
– Qiziq! – dedi Fabiy… – Mening xotinim ham shu kecha g‘alati tush ko‘ribdi. – Mutsiy Valeriyaga diqqat bilan tikildi. – Lekin menga aytgani yo‘q, – deb ilova qildi Fabiy.
Biroq shu payt Valeriya o‘rnidan turdi-da, xonadan chiqib ketdi. Mutsiy ham nonushtadan keyin, Ferrarada ishim bor, kechga yaqin qaytib kelaman, deb darhol jo‘nab qoldi.

VI

Mutsiy kelmasidan bir necha hafta burun Fabiy bokira Setsiliya qiyofasida xotinining suratini solishga kirishgan edi. U o‘z san’ati borasida ancha kamolotga erishgan edi, Leonardo da Vinchining shogirdi mashhur Luini Ferraraga, uning huzuriga kelib, maslahatlari bilan unga yordamlashar, buyuk ustozining o‘gitlarini gapirib berar edi. Surat qariyb bitayozgan, bir-ikki qalam urish bilan chehraga sayqal berish qolgan edi. Fabiy haqli ravishda o‘z asari bilan faxrlansa arzirdi. U Mutsiyni Ferraraga jo‘natib yuborgach, ishxonasi tomon yo‘l oldi, odatda, Valeriya uni shu yerda kutib turardi, biroq bugun u yo‘q edi, chaqirgan edi, javob bermadi. Fabiyning ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushdi, uni qidirib ketdi. Uyda yo‘q edi, Fabiy yugurganicha boqqa chiqdi va ovloqdagi xiyobonlardan birida Valeriyani ko‘rib qoldi. U boshini ko‘kragiga engashtirib, chalmashtirilgan qo‘llarini tizzasiga qo‘ygancha skameykada o‘tirar edi, uning orqasidan yam-yashil sarv daraxti orasidan zaharli xandadan basharasi bujmaygan, cho‘chchaygan lablarini nayiga qo‘yayotgan marmar satir qaqqayib turardi. Valeriya erini ko‘rib, xursand bo‘ldi, uning tashvishlanib bergan savollariga, bir oz boshim og‘riyapti, biroq hechqisi yo‘q, ishni boshlasak bo‘ladi, deb javob berdi. Fabiy uni ishxonasiga olib keldi-da, o‘tqazib mo‘yqalamni qo‘liga oldi, biroq chehrani ko‘ngildagidek tugallayolmadi, rosa jig‘ibiyron bo‘ldi. Buning boisi chehraning andak rangparligi-yu horg‘inligi emasdi. Yo‘q, chehrada Fabiyning ko‘ngliga yoqadigan, unda Valeriyani bibi Setsiliya qiyofasida tasvirlash fikrini uyg‘otgan iffat va bokiralik bugun ko‘rinmasdi. Oxiri u mo‘yqalamni tashladi, xotiniga, ilhom kelmayapti, o‘zingniyam tobing yo‘qroqqa o‘xshaydi, yotib dam olsang tuzuk bo‘lardi, dedi-da, suratli molbertni o‘girib, devorga suyab qo‘ydi. Valeriya uning fikriga qo‘shilib, ha, dam olishim kerak, dedi-da, boshi og‘riyotganidan yana zorlanib, yotoqxonasiga yo‘l oldi.
Fabiy ishxonasida qoldi. U xijolat chekardi. Biroq nima uchunligini o‘zi ham tushunmasdi. Mutsiyni o‘zi qo‘yarda-qo‘ymay olib kelib, uyidan joy bergan bo‘lsa hamki negadir ko‘ngli xijil edi. Rashk qilganidan emasdi. Bu… axir Valeriyaga rashk qilib bo‘ladimi! – U do‘stining ilgarigidek samimiy emasligini payqardi. Mutsiy olis mamlakatlarda orttirgan begona, noma’lum, chamasi, qon-qoniga singib ketgan yangi xususiyatlar – sehr-jodular, qo‘shiqlar, g‘alati ichimliklar, anavi coqov malayyalik, Mutsiyning kiyim-boshidan, sochlaridan, nafasidan taraladigan muattar bo‘y – bularning hammasi Fabiyning ko‘nglida ishonchsizlik, aniqrog‘i, hatto hadiksirash tuyg‘usini uyg‘otardi. Nima sababdan o‘sha malayyalik dasturxon ustida xizmat qilayotib unga, ya’ni Fabiyga bunchalik diqqat bilan xunuk qarash qiladi? Mutsiy u haqda, bu malayyalik tilini berib, katta qurbonlik keltirgan, endi buning evaziga buyuk kuchga ega bo‘lgan, degan edi. Xo‘sh, bu kuch qanaqa? Tili evaziga bu kuchga qanday erishgan? Bularning hammasi juda g‘alati! Hecham tushunib bo‘lmaydi! Fabiy xotinining yoniga, yotoqxonaga bordi, u o‘rnida kiyimi bilan yotar, uyg‘oq edi. Uning qadam tovushini eshitib, cho‘chib tushdi, keyin xuddi bog‘dagi singari xursand bo‘ldi. Fabiy karavot chetiga o‘tirib, Valeriyani qo‘lidan ushladi-da, bir oz sukut qilib turib, kecha kechasi uni qanday g‘aroyib tush qo‘rqitganini, tushning Mutsiy gapirib bergan tushga o‘xshash-o‘xshamasligini so‘radi. Valeriya anordek qizarib ketdi-yu, shosha-pisha javob qildi: “E, yo‘q! Yo‘q! Men allaqanday maxluqni ko‘rdim. U meni tilka-pora qilib tashlamoqchi bo‘ldi”. – “Maxluq deysanmi? Odam qiyofasidami?” – deb so‘radi Fabiy. Valeriya: “Yo‘q, hayvon… hayvon qiyofasida!” – dedi-da, o‘girilib yotib, qizib ketgan yuzini yostiqqa burkab oldi. Fabiy xotinining qo‘lini yana xiyla vaqt ushlab turdi-da, indamay uni labiga bosib, chiqib ketdi.
Bu kun er-xotin uchun juda ko‘ngilsiz o‘tdi. Go‘yo ularning boshlari ustida qandaydir qora narsa turgandek bo‘ldi, buning nimaligini ular bilishmasdi. Go‘yo biror xavf tahdid qilayotgandek, ular birga bo‘lishni xohlashar, lekin bir-birlariga nima deyishni bilishmas edi. Fabiy suratni tamomlashga tutindi-yu, biroq bundan hech narsa chiqmadi… Kechki ovqat oldida Mutsiy qaytib keldi.

VII

U xotirjam va mamnun ko‘rinsa ham, hikoya qilishga rag‘bati bo‘lmadi, hadeb Fabiydan ilgarigi tanish-bilishlarini so‘rab-surishtirdi. U Valeriyaga yangi Sheroz sharobidan taklif qildi. Valeriya bosh tortgach, o‘ziga gapirgandek: “Endi hojati ham yo‘q”, – deb ming‘irlab qo‘ydi. Fabiy yotoqxonasiga xotini bilan qaytib kelgach, darhol uxlab qoldi… Bir soatlardan keyin uyg‘onib, yonida xotini yotmaganini fahmladi, Valeriya o‘rnida yo‘q edi. U dik etib o‘rnidan turdi, xuddi shu onda xotinining tungi ko‘ylakda bog‘dan xonaga kirib kelayotganini ko‘rib qoldi. Yaqindagina yomg‘ir shivalab o‘tgan bo‘lsa hamki, oy ravshan yog‘du sochar edi. Valeriya ko‘zlarini chirt yumib, basharasida pinhoniy qo‘rquv zohir bo‘lgan holda o‘rin yoniga keldi va qo‘llarini cho‘zib, o‘rnini paypaslab ko‘rdi-da, shosha-pisha indamay yotib oldi. Fabiy unga savol bergan edi, biroq qulog‘iga gap kirmadi, chamasi, u uxlar edi. Unga qo‘lini tekkizgan edi, kiyimida, sochlarida yomg‘ir tomchilarini, ochiq oyoqlarida qum zarralarini ko‘rdi. Shunda u sapchib o‘rnidan turdi-yu, qiya ochiq eshikdan boqqa yugurdi. Hamma narsa sutdek oydinda aniq-taniq ko‘rindi. Fabiy alanglab qarab, qumloq yo‘lkada ikki juft oyoq iziga ko‘zi tushdi, bir jufti yalang oyoq edi va uning izi ayvon bilan uy orasida yasminlardan qilingan chekkaroqdagi shiyponchaga olib borar edi. U hang-mang bo‘lib to‘xtab qoldi, mana, nogahon o‘tgan kechasi eshitgan o‘sha qo‘shiqning ohangi tarala boshladi! Fabiy cho‘chib tushdi-yu, ayvonga yugurib kirdi… Mutsiy xonaning o‘rtasida skripka chalib turardi. Fabiy unga tashlandi:
– Sen bog‘damiding, boqqa chiqqanmiding, ko‘ylaging yomg‘irdan ho‘l-ku?
Mutsiy Fabiyning kelganidan va uning hayajonlanayotganidan ajab­langandek uzuq-yuluq javob berdi…
– Yo‘q… bilmayman… Nazarimda… chiqqanim yo‘q…
Fabiy uni qo‘lidan changallab ushladi.
– Nega bo‘lmasa yana bu kuyni chalyapsan? Nahotki yana tush ko‘rgan bo‘lsang?
Mutsiy Fabiyga hamon hayrat bilan tikilardi-yu, lekin hech narsa demasdi.
– Javob ber!

Barkash bo‘lib chiqdi oy,
To‘lg‘anar ilonday soy.
Do‘st uyg‘ondi, yov uxlar,
Tovuqqa changal urdi.
Temir tirnoq qarchig‘ay,
Yordam ber, yordam! –

deb Mutsiy go‘yo behushdek cho‘zib g‘o‘ldiradi. Fabiy ikki qadam orqasiga tislandi-da, Mutsiyga tikildi, o‘ylab turib… uyiga, yotoqxonaga qaytdi.
Valeriya boshini qiyshaytirib, qo‘llarini ikki yoniga behol tashlagancha dong qotib uxlab yotardi, Fabiy uni zo‘rg‘a uyg‘otdi… Biroq u ko‘zini ochib, Fabiyni ko‘rgani hamonoq o‘zini uning bo‘yniga tashladi va titrab-qaqshab quchoqladi, a’zoyi-badani larzaga kelgan edi.
Fabiy uni tinchitishga urinib:
– Senga nima bo‘ldi, jonim, nima bo‘ldi! – deb takrorlar, biroq Valeriya uning pinjiga suqilib, qimir etmay jimgina turar edi.
Oxiri uning ko‘ksiga yuzini yashirib:
– Oh, qanday dahshatli tushlar ko‘raman-a, – dedi, Fabiy undan surishtirishga og‘iz juftlagan edi… u qaltirab ketdi…
Nihoyat, u pinakka ketganida deraza oynalarida quyosh nurlari jilva qilayotgan edi.

VIII

Ertasi kuni ertalab Mutsiy ertalabdanoq g‘oyib bo‘ldi. Valeriya eriga qo‘shni monastirga borib kelmoqchi ekanligini aytdi. Bu yerda uning piri murshidi yashar, unga g‘oyatda ixlosi baland edi. Fabiyning savollariga u, tavba-tazarru qilay, shoyad so‘nggi kunlardagi g‘ayritabiiy hodisalarning ta’siridan forig‘ bo‘lsam, yuragim taskin topsa, deb javob berdi. Fabiy Valeriyaning oriqlab ketgan yuziga qarab, shikasta ovozini eshitib, uning istagini ma’qulladi. Lorentso hazrat unga jo‘yali maslahatlar berib, gumon va shubhalarini ko‘nglidan tarqatib yuborishi mumkin… Valeriya to‘rt kishi kuzatuvida monastirga jo‘nadi, Fabiy esa uyda qoldi va xotini qaytguncha, unga nima bo‘lganini bilishga urinib, xavotirga tushdi. G‘azabi qaynab, noaniq shubhalardan yuragi o‘rtanib, bog‘da aylanib yurdi… U bir necha bor ayvonga kirdi, biroq Mutsiy qaytmagan, malayyalik esa unga itoatgo‘ylik bilan boshini egib, haykaldek qotib qarardi. Fabiyning nazarida, uning qoramtir basharasida yashirin istehzo bordek tuyulardi. Bu orada Valeriya piriga tavba-tazarru qilib, hamma gapni uyalib emas, dahshatga tushib, gapirib berdi. Pir uning gaplarini diqqat bilan eshitdi, uni duo qildi va beixtiyor qilgan gunohini kechirdi. Ko‘nglidan esa: “Sehru jodu, shaytoniy may… bu ishni bundayligicha qoldirib bo‘lmaydi”, degan gapni o‘tkazdi-yu, Valeriyaga uzil-kesil tasalli berish uchun u bilan birga uning bog‘iga keldi. Fabiy ruhoniyni ko‘rib, bezovtalandi, biroq ko‘pni ko‘rgan chol nima qilishini oldindan o‘ylab qo‘ygan edi. U Fabiy bilan xoli qolgach, turgan gapki, Valeriyaning iqror bo‘lib aytgan gaplarini yashirdi, lekin Fabiyga o‘zing chaqirib kelgan mehmoningni imkoni boricha tezroq uyingdan daf qil, u o‘z hikoyalari, qo‘shiqlari va xatti-harakati bilan Valeriyaning ongini zaharlagan, dedi. Boz ustiga, cholning fikricha, Mutsiy ilgari ham dinga unchalik sodiq bo‘lmagan ekan, xristian dinidan bebahra mamlakatlarda uzoq yurgani vajidan esa u yerlardan soxta ta’limotlarning marazini olib kelishi, hatto sehru jodu sirlari bilan tanishgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas ekan, shu boisdan eski do‘stlik hurmati bunga monelik qilsa hamki, oqilona ehtiyotkorlik bunday do‘stlikning bahridan o‘tishni taqozo qilarkan! Fabiy tabarruk pirning fikrlariga to‘la qo‘shildi, Valeriyaga piri murshidining gaplarini yetkazganida uning chiroyi ochilib ketdi. Lorentso hazrat er-xotinning shukronalik bilan bildirgan minnatdorchiligini va ular monastirga, g‘aribu miskinlarga atab bergan qimmatli sovg‘alarini olib, uyiga jo‘nadi.
Fabiy kechki ovqatdan keyinoq do‘sti bilan orani ochdi qilishga bel bog‘lagan edi, biroq uning g‘alati mehmoni ovqat mahalida qaytib kelmadi. Shunda Fabiy Mutsiy bilan bo‘ladigan suhbatni ertaga qoldirdi-yu, er-xotin yotoqxonalariga yo‘l olishdi.

IX

Valeriya darrov uxlab qoldi, biroq Fabiy uxlolmadi. Tungi sukunatda ko‘rgan-bilganlari va ko‘nglidan o‘tkazganlari uning ko‘zi oldida ravshanroq namoyon bo‘ldi, u yanada zo‘r berib o‘ziga-o‘zi savol bersa hamki, baribir ilgarigidek ularga javob topolmadi. Mutsiy chindan ham afsungar bo‘lganmikin, Valeriyani sehrlab qo‘ygan bo‘lsa-ya? Valeriya xasta… qanday dard bilan og‘riganikin? U boshini qo‘liga qo‘yib, o‘tli nafasini ichiga yutib, ko‘ngilsiz o‘ylarga berilib yotganida musaffo osmonga oy chiqdi, oy yog‘dusi bilan birga derazalarning yarim shaffof oynalarini teshib, ayvon tomondan yengil xushbo‘y epkin kelgandek bo‘ldi. Shundaymikin yoki Fabiyning nazarida shunday bo‘ldimikin? Mana, zo‘r berib chorlovchi, ehtirosli shivirlash eshitildi… va xuddi shu payt Fabiy Valeriyaning bilinar-bilinmas qimirlaganini ko‘rdi. U sapchib tushdi, qapaca, Valeriya o‘rnidan turyapti, mana, u avval bir oyog‘ini, keyin boshqasini karavotdan tushirdi va xuddi telba-keziklar singari xira ko‘zlarini oldinga tikib, qo‘llarini cho‘zgancha bog‘ eshigi tomon qadam qo‘ydi! Fabiy shu zahoti irg‘ib o‘rnidan turib, yotoqxonaning boshqa eshigidan chiqdi-da, uyning muyulishidan chopgancha o‘tib, boqqa qaragan eshikni to‘sdi… U endigina qulfni ushlagan ham ediki, ichkaridan allakim eshikni itarganini sezdi, butun gavdasi bilan itardi… yana va yana itardi… keyin ohu fig‘on eshitildi…
Fabiyning ko‘nglidan: “Axir Mutsiy shahardan qaytgani yo‘q-ku?” – degan gap o‘tdi-yu, ayvon tomonga yugurdi…
Xo‘sh, u nimani ko‘rdi?
Qarasa, ro‘parasidan to‘lin oy yog‘dusidan charog‘on bo‘lgan yo‘lkada xuddi telba-kezik odamlardek qo‘llarini cho‘zib, ko‘zlarini baqraytirgancha Mutsiy kelyapti… Fabiy yugurib uning oldiga bordi, biroq u bir maromda qadam tashlab, unga parvo qilmay yonidan o‘tib ketdi. Uning chehrasi oy shu’lasida xuddi malayyalikning basharasi kabi jilmaygandek bo‘ldi. Fabiy uni chaqirmoqchi bo‘lgan edi… Lekin shu payt orqasidan – uy tomondan derazaning taqillagani eshitildi… U shartta o‘girildi…
Rost, yotoqxonaning derazasi lang ochiq edi: derazada esa bir oyog‘ini ko‘targancha Valeriya turardi… Qo‘llari go‘yo Mutsiyni izlagandek paypaslanardi… u butun borlig‘i bilan unga talpinardi.
Behad qahru g‘azabdan Fabiyning qoni qaynadi. Fig‘oni falakka chiqib: “Ablah, jodugar!” – deb qichqirdi-yu, bir qo‘li bilan Mutsiyning kekirdagidan g‘ippa bo‘g‘di, boshqa qo‘li bilan esa uning belidagi xanjarni timirs­kilab topdi-da, uni dastasigacha g‘animning biqiniga sanchdi.
Mutsiy qattiq chinqirdi, jarohatini changallaganicha, yiqila-surila ayvon tomon qochdi. Biroq Fabiy xanjarni suqqanda Valeriya ham qattiq chinqirdi-yu, gup etib yerga quladi.
Fabiy yordam bergani Valeriyaning yoniga yugurdi, uni ko‘tarib karavotga olib borib yotqizdi va undan gap so‘radi…
Valeriya ancha vaqtgacha qimir etmay yotdi, biroq oxiri ko‘zini ochib, chuqur nafas oldi-da, hozirgina o‘lim changalidan xalos bo‘lgan kishidek paydar-pay xursand bo‘lib, erini ko‘rdi, ko‘rdi-yu, uni bo‘ynidan quchoqlab, o‘zini bag‘riga tashladi. “Senmisan, sen o‘zingmisan, o‘zingmisan”, – deb g‘o‘ldiradi. Keyin asta-sekin qo‘lini bo‘shatdi, boshini orqaga tashladi va rohatbaxsh tabassum ila: “Xudoga shukur, hammasi barham topdi. Oh, qanchalar toliqdim!” – deb shivirladi-yu, tinch uyquga ketdi.

X

Fabiy xotinining yoniga o‘tirdi-da, uning rangpar, oriqlagan, lekin xotirjam chehrasiga tikilib nimalar yuz berganini… va endi nima qilishi lozimligini mulohaza qila boshladi… Nima qilsa ekan-a? Agar Mutsiyni o‘ldirgan bo‘lsa – u xanjarning qanchalik chuqur suqilganini eslab, uning o‘lganiga shubha qilmadi – buni yashirish qiyin! Borib gertsogga, sudyalarga xabar qilishi darkor… biroq bu mavhum ishni qanday tushuntiradi? U, ya’ni Fabiy o‘z qarindoshini, eng qalin do‘stini uyida o‘ldirsa-ya! Turgan gapki, nima uchun, qanday sababga ko‘ra o‘ldirding, deb surishtirishadi… Bordi-yu, Mutsiy o‘lmagan bo‘lsa-chi! Fabiy hamma narsadan bexabar o‘tirishga toqat qilolmadi, Valeriyaning uxlab yotganiga ishonch hosil qilgach, kursidan ohista turdi-da, ayvon tomon yurdi. Ayvon osoyishta, yolg‘iz bir derazada chiroq ko‘rinar edi. U yuragi po‘killab tashqi eshikni ochdi (eshikda qonga belangan barmoqlarning izi qolgan, yo‘lkadagi qumda ham qon ko‘rinar edi) va birinchi qop-qorong‘i xonaga kirdi… kirdi-yu, hang-mang bo‘lib, bo‘sag‘ada to‘xtab qoldi.
Xonaning o‘rtasida eron gilami ustida Mutsiy cho‘zilib yotardi, uning boshiga duxoba yostiq qo‘yilgan, ustiga gulli keng qizil shol ro‘mol yopib qo‘yilgan edi. Yuzi sham singari sap-sariq, qovoqlari ko‘karib ketgan, ko‘zi yumuq edi, nafas olgani bilinmasdi: xuddi murdaga o‘xshardi. Qizil shol ro‘molga o‘ralib olgan malayyalik esa uning oyog‘ida cho‘kka tushib o‘tirardi. U chap qo‘lida otquloqqa o‘xshash allaqanday o‘tni ushlagancha, oldinga sal-pal intilib, xo‘jasiga qattiq tikilib turardi. Polga sanchib qo‘yilgan chog‘roq mash’ala xonani yoritib, yashil shu’la sochmoqda. Mash’alaning alangasi teb­ranmas, buruqsimas edi. Fabiy kirganda malayyalik qimir etmadi, unga bir qarab qo‘ydi-yu, yana Mutsiyga tikildi. O‘qtin-o‘qtin qo‘lidagi o‘tni ko‘tarib-tushirar, osmonda silkitar, lablari go‘yo unsiz so‘zlarni so‘zlayotgandek asta-sekin ochilib qimirlar edi. Malayyalik bilan Mutsiyning oralarida xanjar yotardi: Fabiy do‘stiga shu xanjarni urgan edi, malayyalik o‘t bilan xanjarning qonli tig‘iga bir urdi. Oradan bir-ikki daqiqa o‘tdi. Fabiy malayyalikning oldiga keldi-da, egilib: “O‘ldimi?” – deb past ovozda so‘radi. Malayyalik bosh irg‘itib qo‘ydi va shol ro‘mol tagidan uni qo‘lini chiqarib, qat’iy ravishda eshik tomonga ishora qildi. Fabiy savolini takrorlamoqchi bo‘ldi, lekin malayyalik yana zo‘r qat’iyat bilan chiqib ketishni talab qilib, qo‘lini bigiz qilganini ko‘rgach ham g‘azabi qo‘zib, ham hayratga tushib, indamay chiqib ketdi.
Yotoqxonaga qaytganda Valeriyaning ilgarigidek tinch, bahuzur uxlab yotganini ko‘rdi. U yechinmadi, deraza tagiga o‘tirdi-da, qo‘liga tiralib yana o‘yga botdi. Oppoq tong otganda ham u shu zaylda o‘tirardi. Valeriya hamon uyquda edi.

XI

Fabiy uning uyg‘onishini kutib turib, keyin Ferraraga borishni o‘ylab turganida birdan birov asta eshikni qoqdi. Fabiy tashqariga chiqib, ro‘parasida o‘zining keksa eshik og‘asi Antonioni ko‘rdi.
– Sinor, – deb gap boshladi chol, – malayyalik hozir bizga shuni bayon qildiki, Mutsiyning tobi qochib qolganmish, endilikda ko‘ch-ko‘ronini olib, shaharga ketishga istak bildirganmish, shu boisdan narsalarini yig‘ishtirishga qarashadigan odam yuborishingizni, peshinga yaqin esa yuk ortiladigan va minib ketiladigan otlar bilan bir necha kuzatuvchi berishingizni so‘rayotganmish. Ijozat etasizmi?
– Buni senga malayyalik aytdimi? – deb so‘radi Fabiy. – Qanday tushuntirdi? Axir u soqov-ku.
– Mana, sinor, bu gaplarning hammasini manavi qog‘ozda o‘zimizning tilda bayon qilgan, juda to‘g‘ri yozgan.
– Mutsiyning tobi qochganmish, dedingmi?
– Ha, qattiq betobmish – uni ko‘rishning iloji yo‘qmish.
– Vrachga odam yubormadinglarmi?
– Yo‘q. Malayyalik izn bermadi.
– Shu so‘zlarni malayyalik yozib berdimi senga?
– Ha, o‘sha.
Fabiy jim qoldi.
– Nachora, aytganlarini bajo qil, — dedi u nihoyat.
Antonio ketdi.
Fabiy xizmatkorining orqasidan hayron bo‘lib qarab qoldi. “Bundan chiqdi, o‘lmagan shekilli? – deb o‘yladi u… va xursand bo‘lishiniyam, afsuslanishiniyam bilmadi. – Betob? Axir bundan bir necha soat burun o‘lib yotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan edi-ku!”
Fabiy Valeriyaning yoniga kirdi. Valeriya uyg‘onib, boshini ko‘tardi. Er-xotin bir-biriga uzoq, ma’noli tikilib qolishdi. “Endi u yo‘qmi?” – deb so‘rab qoldi to‘satdan Valeriya. Fabiy cho‘chib tushdi. “Nima… yo‘qmi? Sen axir… U ketdimi?” – deb davom etdi Valeriya. Fabiyning ko‘ngli joyiga tushdi. “Yo‘q hali, lekin bugun ketadi”. – “Shundan keyin uni hech vaqt, hech qachon ko‘rmaymanmi?” – “Hech qachon!” – “Anavi tushlar ham barham topadimi?” – “Ha”. Valeriya shodlanib yengil nafas oldi, lablarida yana tabassum jilva qildi. Ikkala qo‘lini eriga cho‘zdi. “Uning nomini sira ham tilga olmaymiz, xo‘pmi, jonim? U jo‘nab ketmaguncha men uydan chiqmayman. Endi sen kanizaklarimni huzurimga chaqirib yubor… aytmoqchi, shoshma: anavi matohni olgin-da – u Mutsiy sovg‘a qilgan, hozir stol ustida yotgan marjonni ko‘rsatdi – eng chuqur qudug‘imizga tashla. Meni bag‘ringga bos, men sening Valeriyangman – u ketgunga dovur yonimga kelma”. Fabiy marjonni oldi, nazarida, durlari nursizlanib xira tortgandek bo‘ldi. U xotinining amrini bajo keltirdi. So‘ng uzoqdan ayvon tomonga nazar tashlab bog‘da aylanib yurdi. Bu vaqtda odamlar ayvon oldida g‘imirsib, lash-lushlarni yig‘ishtirishayotgan edi, mana, nihoyat, sandiqlarni olib chiqib, otlarga orta boshlashdi. Fabiyning ko‘nglida ayvonda bo‘layotgan ishlarni yana bir marta ko‘rib kelishga kuchli istak uyg‘onib, uni vasvasaga sola boshladi. U ayvonning orqa tomonida yashirin eshik borligini esladi. Shu eshikdan ertalab Mutsiy yotgan xonaga kirish mumkin edi. U pusib, eshik oldiga keldi, eshik ochiq edi, u og‘ir darpardani surib, qo‘rqa-pisa ichkariga ko‘z qirini tashladi.

XII

Mutsiy endi gilamda yotmas edi. U safar kiyimida kursida o‘tirar, biroq hamon Fabiy birinchi marta ko‘rganidagi kabi murdaga o‘xshar edi. Zildek boshi kursining suyanchig‘iga shilq etib tushgan, chalmashtirib qo‘yilgan qo‘llari tizzalari ustida sarg‘ayib ko‘rinar, ko‘kragi ko‘tarilmasdi. Kursi yonida qoramtir suyuqlik solingan bir nechta yassi piyola turardi. Ulardan kishining nafasini bo‘g‘adigan o‘tkir hid anqirdi. Har bir piyola yonida o‘qtin-o‘qtin munchoqdek ko‘zlarini chaqnatgancha, kichkina-kichkina sariq ilonlar kulcha bo‘lib yotardi, shundoqqina Mutsiyning oldida, ikki qadam narida ola-bula duxoba chopon kiyib, belini yo‘lbarsning dumi bilan bog‘lab, kulohni eslatuvchi baland qalpoq kiygan malayyalikning novcha gavdasi qaqqayib turardi. Biroq u endi jim turmasdi, goh astoydil egilar, goh qaddini yana rostlar, hatto oyog‘ining uchida turar, goh bir maromda qulochini yozar, goh zo‘r berib Mutsiy tomonga qo‘llarini silkitar, go‘yo tahdid yoki amr qilayotgandek bo‘lar edi, qovog‘ini uyib, depsinardi. Chamasi, bu harakatlar undan katta kuch talab qilardi, hatto azob ham berardi, harsillab nafas olar, basharasidan g‘araq-g‘araq ter quyilardi. Birdaniga u taqqa to‘xtadi, ko‘ksini to‘ldirib havo yutdi-da, peshanasini tirishtirib kuchandi va go‘yo tizgin ushlagandek mahkam siqilgan qo‘llarini yig‘a boshladi… shunda Fabiyni mislsiz dahshatga solgan bir hodisa ro‘y berdi, Mutsiyning boshi asta-sekin kursining suyanchig‘idan ko‘tarilib, malayyalikning qo‘liga ergashib harakatga keldi… Malayyalik qo‘lini tushirgan edi, Mutsiyning boshi yana suyanchiqqa shilq etib tushdi, malayyalik harakatini takrorladi, boshi ham itoatgo‘ylik bilan qo‘lga ergashib qimirlay boshladi. Piyolalardagi qoramtir suyuqlik qaynadi, piyolalar nozik sado berib jarangladi, ularning yonidagi ilonlar to‘lg‘andi. Shunda malayyalik bir qadam oldinga yurdi-da, qoshini chimirib, ko‘zlarini olaytirdi va Mutsiyga qarab bosh irg‘atdi… shunda murdaning qovog‘i pirpiradi, keyin asta-sekin kiprik ko‘tarildi-yu, ularning tagidan xira ko‘z qorachig‘i ko‘rindi. Mag‘pyp tantana va shodlikdan, qahrli shodlikdan malayyalikning chiroyi yorishdi, u lablarini katta ochdi, tomog‘idan qudratli na’ra otilib chiqdi… Mutsiyning ham labi ochildi-yu, g‘ayritabiiy ovozga javoban zaif ingragan tovush eshitildi…
Shu yerga yetganda Fabiy ortiq bardosh berolmadi; nazarida, qandaydir ins-jinslarning afsunida ishtirok etayotgandek bo‘ldi! Qichqirgancha, orqa-o‘ngiga qaramay, tezroq uyiga yetib olish maqsadida duo o‘qib, cho‘qinib uyi tomon qochdi.

XIII

Oradan uch soat o‘tgach, Antonio kelib, hamma ish bitganini, narsalar yig‘ishtirib bo‘linganini, sinor Mutsiy safarga tayyorlanayotganini xabar qildi. Fabiy xizmatkoriga bir og‘iz so‘z ham aytmay, ayvon ko‘rinib turadigan peshayvonga chiqdi. Yuk ortilgan bir nechta ot ayvon oldida to‘planib turardi, shundoqqina zina yoniga ikki kishiga mo‘ljallangan keng egar urilgan baquvvat qopa ayg‘irni olib kelishdi. Xuddi shu yerda boshyalang xizmatkorlar va qurollangan kuzatuvchilar turishardi. Ayvonning eshigi ochildi-yu, yana o‘zining ilgarigi kiyimini kiyib olgan malayyalik yordamida Mutsiy ko‘rindi. Uning basharasi o‘liknikidek, qo‘llari shalvirab turar, biroq u odim tashlar edi, rost! Odim tashlardi, otga mindirib qo‘yilgach, qaddini tik tutib o‘tirdi va paypaslab jilovni topdi. Malayyalik uning oyog‘ini uzangiga tiqib qo‘ydi va bir sakrab mingashdi-da, uni belidan ushlab oldi, shu ko‘yi karvon yo‘lga tushdi. Otlar odimlab borardi, ular uy oldidan qayrilishganida, Fabiyning nazarida, Mutsiyning qopato‘ri yuzida ikkita oppoq dog‘ milt etib ko‘ringandek bo‘ldi… Nahotki Mutsiy unga nigoh tashlagan bo‘lsa?! Faqat malayyalikkina unga odatdagicha istehzo bilan ta’zim qildi…
Bularning hammasini Valeriya ko‘rdimikin-yo‘qmi? Xonasining derazasidagi darpardalar tushirilgan edi. Kim bilsin, u derazadan mo‘ralagandir.

XIV

Valeriya tushlikka yemakxonaga keldi, u o‘ta ma’sum va mehribon edi, biroq hamon charchaganligini aytib zorlanardi. Lekin unda ilgarigi vahima, doi­miy hayrat va pinhoniy qo‘rquv ko‘rinmasdi, Mutsiy jo‘nab ketganining ertasiga Fabiy yana uning suratini chizishga kirishgandi, xotinining chehrasida uni sarosimaga solgan vaqtinchalik nuqson yo‘qolganini va avvalgi iffat yana paydo bo‘lganini ko‘rdi… ko‘rdi-yu, mo‘yqalam mato ustida dadil, ravon yura boshladi.
Er-xotin yana avvalgidek baxtli yashay boshlashdi. Mutsiy go‘yo yer yutgandek dom-daraksiz ketdi. Fabiy bilan Valeriya xuddi uning to‘g‘risida lom-mim demaslikka va keyingi taqdirini surishtirmaslikka shartlashgandek edilar, darvoqe, Mutsiyning taqdiri hamma uchun sirligicha qoldi. U chindan ham yer yutgandek g‘oyib bo‘ldi. Fabiy bir kuni o‘sha mash’um tunda qanday hodisa ro‘y berganini Valeriyaga so‘zlab berishi lozimligini ham qarz, ham farz, deb o‘ylab og‘iz juftlagan edi, Valeriya uning niyatini sezdi, shekilli, dami ichiga tushib ketdi, ko‘zlari suzildi, go‘yo zarba tushishini kutgandek sergaklandi. Shunda Fabiy uning ahvoliga tushundi.
Ajoyib kuz kunlaridan birida Fabiy bibi Setsiliyaning suratini bitirayotgan edi, Valeriya organ oldida o‘tirar, barmoqlari klavishlar ustida chopardi… Qo‘qqisdan qo‘llari ostidan beixtiyor g‘olib sevgining bir vaqtlar Mutsiy chalgan kuyi yangrab ketdi, xuddi shu payt Fabiy bilan turmush qurganidan beri birinchi marta vujudida dunyoga kelayotgan yangi hayotning tipirchilaganini his qildi. Valeriya cho‘chib tushdi-yu, to‘xtadi.
Bu nima o‘zi? Nahotki…

Rus tilidan Mirziyod Mirzoidov tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 5-son

_________________
“Xayolga oshno bo‘l, qo‘rqma xatodan!” Shiller (nem.).