Uch parda, yetti ko‘rinishli pesa
IShTIROK ETUVChILAR:
L u i d j i L o m b a r d i – o‘limga hukm qilingan gangster, 45 yoshda.
B ye n n i M a k l a u d – uning advokati, 45 yoshda.
M i t ch ye l – qamoqxona nazoratchisi, 60 yoshda.
M a y o r A p p ye l g ye y t – harbiy, 50 yoshda.
D o l o r ye s – serg‘ayrat, jo‘shqin va qiziqqon ayol, 36 yoshda.
D i a n a – uning qizi, chiroyli va kamgap, 18 yoshda.
F r ye n k M o r r i s – yozuvchi, 50 yoshda.
I z a b ye l – Luidjining sobiq xotini, 25 yoshda.
B i r i n ch i s o t u v ch i.
I k k i n ch i s o t u v ch i.
U ch i n ch i s o t u v ch i.
BIRINChI PARDA
Birinchi ko‘rinish
Parda oldi. Qo‘lida bir bog‘lam kalit tutgan M i t ch ye l va papka qo‘ltiqlagan M a k l a u d chiqadilar.
M a k l a u d (to‘xtab). Qayoqqa boshlayapsiz, Mitchel?
M i t ch ye l. O‘lim kamerasiga, mister Maklaud.
M a k l a u d. Qayoqqa?.. (Tushunmay.) Luidjining oldiga emasmi?
M i t ch ye l. U allaqachon o‘sha yerda.
M a k l a u d (esankirab). O‘lim kamerasida-ya?.. Axir bu qonunga zid-ku! Hali birinchi aprelga bir oy bor…
M i t ch ye l. U yoqqa o‘tkazishlarini o‘zi so‘radi.
M a k l a u d. O‘zi so‘radi?
M i t ch ye l. Ha. Boshlig‘imiz namunali hulqini hisobga olib, rozi bo‘ldi.
M a k l a u d. Luidji esini yeb qo‘yibdi! Boshlig‘ingiz ham!
M i t ch ye l. Menimcha, Luidji haq.
M a k l a u d. Demak, sizam esingizni yeb qo‘yibsiz!
M i t ch ye l. Luidji, “baribir peshonamga elektr stulida o‘lish yozilgan ekan, hozirdan o‘rganib turaman” dedi… Ana shunda qatlni kutish asablarga kamroq ta’sir qilarmish.
M a k l a u d. Yo tavba, mijozlarimdan hech biri u dunyoga bunchalik shoshmagandi!..
M i t ch ye l. Ha, Luidji boshqalarga o‘xshamaydi… Bilasizmi, u qo‘shiq aytganida butun qamoqxona tosh qotadi! Uni qotillar, giyohvandlar, fohishalar, kontrabandachilar, hamma-hamma ko‘zlarida duv-duv yosh to‘kib eshitadi! E, xudoyim, uning qanday ovozi bor-a!.. Ming afsuski, Luidjini elektr stuliga o‘tqazishib, tokni ulashganda… ana shunda ovoz o‘chadi… Butunlay o‘chadi…
M a k l a u d. Nimayam qilardik, Mitchel, taqdirga ten bermay ilojimiz yo‘q.
M i t ch ye l. Unday demang, mister, axir siz uning advokatisiz!
M a k l a u d. Men qo‘limdan kelgan hamma ishni qildim, uning hayoti uchun roppa-rosa o‘n kun kurashdim! Jon kuydirish shunchalik bo‘ladi-da! Oxirida afv etishlarini so‘rab, iltimosnomayam berib qo‘ydim.
M i t ch ye l. Xo‘sh, natija-chi, natija?
M a k l a u d. Har qalay, noumid – shayton… (Birpasdan so‘ng.) Mayli, yuring, ketdik… (Parda ortiga kirib ketadi.)
Parda ko‘tariladi. Xonaning qoq markazida qandaydir qoramtir yog‘ochdan ishlangan elektr stuli qirol taxtiday salobatli ko‘rinar, qurbonni bog‘laydigan charm tasmalar osilib turar, shundoq yonida charm kuloh ham yotardi. Bir chekkadagi devorda marmar taxtacha bo‘lib, unda tokni yoqib-o‘chiradigan moslama o‘rnatilgan. Sochi taqir qilib olingan Luidji elektr stulida o‘tirganicha tosdagi iliq suvga oyoqlarini solib, neapolitancha “Santa Luchiya”ni kuylayapti. G‘ashni keltiradigan darajada g‘ijirlab eshik ochiladi va M i t ch ye l bilan M a k l a u d kiradilar.
L u i d j i. Bu eshiginglar namuncha g‘ijirlaydi? Nahotki, butun boshli qamoqxonada shu kasofatning ovozini o‘chirishga jinday moy topilmasa!..
M i t ch ye l. Kechirasan, Luidji, qoidasi shunaqa. O‘lim kamerasining eshigi shunaqa g‘ijirlab ochilishi kerak.
L u i d j i. Tavba, “qoidasi shunaqa”mish! Dunyoda ne-ne ahmoqona qoidalar bor-a!..
M a k l a u d (xonani ko‘zdan kechirib). O‘-o‘, qasrning o‘zi-ku! Menga qara, nega to‘ppa-to‘g‘ri qabristonga o‘tkazinglar deb so‘rab qo‘ya qolmading?
L u i d j i. Menga shu yer yoqadi — tinch. Ovozim yaxshi jaranglaydi. Mana… (Kuylab.) O-o-o!..
M i t ch ye l. Suvingni almashtirib kelaymi?
L u i d j i. Rahmat, qariya, buguncha bo‘ladi… (Oyog‘ini arta boshlaydi.)
M i t ch ye l (Luidjining sochiga qarab). Yo parvardigor, nima desa bo‘ladi, a!.. (Maklaudga.) Sochining ahvolini qarang!
L u i d j i. O‘zing aytganday, qoidasi shunaqa, Mitchel. (Ko‘rsatib.) Mana bu yerimga elektrod ulashadi. Manavi, manavi yergayam.
M i t ch ye l. Unaqa sovuq nafas qilma. Mana ko‘rasan, gubernator seni afv qiladi… Meni aytdi dersan…
M a k l a u d. Bizni xoli qo‘ying, Mitchel, men mijozim bilan gaplashib olishim kerak.
M i t ch ye l (tosni olib). Ahvol juda yomon bo‘lganidayam, baribir, yanayam yomonroq bo‘lishiga joy qoladi, Luidji, noumid – shayton. Bardam bo‘l, o‘g‘lim… (Tosni olib chiqib ketadi.)
M a k l a u d. Luidji, bugun ertalab gubernatorga uchrashuvdim… Haligi… nima… xullas, iltimosimizni rad qildi. (Luidjining bamaylixotir oyog‘ini artayotganini ko‘rib.) Nima, buning senga aloqasi yo‘qmi?!
L u i d j i. Umrim bino bo‘lib, menga hech kim, hech nimani, hech qachon shunchaki, tekinga bervormagan. Shuning uchunam gubernatoringizdan hech nima umid qilayotganim yo‘q.
M a k l a u d. Menimcha, podadan oldin chang chiqarish kerak emas. Hozircha omadimiz kelmay turibdi, xolos. (Baqirib.) Birpas tipirchilamay tursang-chi, o‘sha la’nati stulingda! O‘zingni hamma narsaga befarq qilib ko‘rsatmay qo‘yaqol!
L u i d j i. Shunday qilib, qachon endi?.. (Turib, oyog‘iga shippagini iladi.) Qatlni aytaman…
M a k l a u d (chuqur tin olib). Birinchi aprelda… Ertalab yettida… Roppa-rosa bir oydan keyin, Luidji…
L u i d j i. Iya, hali bir oy kutamanmi? O‘ttiz kun-a!.. (Bir ozdan keyin.) Bizning Sitsiliyada, bugungi ishni ertaga qo‘yma, degan naql bor…
M a k l a u d. Gubernator nega seni afv etmaganini bilasanmi?
L u i d j i. Nega bo‘lardi, eringandir-da…
M a k l a u d. Nega desang, gubernator saylovda g‘olib chiqib, yana o‘z o‘rnida qolmoqchi. Saylovchilarga jinoyatchilikni tag-tomiri bilan tugatishga va’da bergan. Bunday sharoitda dunyodagi eng zo‘r advokat ham… (Qo‘l siltab.) E-e…
L u i d j i. Baribir sizdan zo‘ri yo‘q, Benni. Suddagi chiqishingizni qarang, eshitib o‘tirib ko‘zimdan yosh chiqib ketayozdi. Menga ko‘p yaxshilik qildingiz, yelib-yugurdingiz, ovora bo‘ldingiz. Umrimning oxirigacha… aniqrog‘i, birinchi aprelgacha unutmayman, Benni…
M a k l a u d. Hali umid bor. Elektron hisoblash mashinalarining ma’lumotiga qaraganda, gubernator saylovda yengilarmish! Mabodo gubernator boshqa bo‘lsa, sharoit ham, imkoniyatlar ham boshqa bo‘ladi!
L u i d j i (o‘ychan). Birinchi apreldan keyin bunaqa bosh og‘riqlargayam hojat qolmaydi…
M a k l a u d. Tavba, qip-qizil jinni ekansan-ku!
L u i d j i. Mingta “shap-shap”dan bitta shaftoli yaxshi, deyishadi bizning Sitsiliyada. Aytganlaringizning bari nasiya gaplar, Benni. Bitta tanishim qatl qilishlarini yarim yil kutdi. Qatlni qoldiraverishdi, qoldiraverishdi. Oxiri bir kun sabr kosasi to‘lib, o‘zini-o‘zi… Shunaqa.
M a k l a u d (bo‘sh kelmay). Eng avval ishning qayta ko‘rilishi hamda o‘lim jazosining bekor qilinishiga erishish kerak. Buning uchun ikkita narsa: birinchidan, vaqt kerak, ikkinchidan, yangi gubernator kerak!
L u i d j i. Balki bekorga ovora bo‘layotgandirmiz, Benni?
M a k l a u d. Senga o‘xshagan xomkalla gangsterni umrimda ko‘rmaganman! Yo, tavba, men bor rostu yolg‘onlar bilan buning hayoti uchun kurashib yotibman-u, u bo‘lsa tuvakda o‘tirgan boladay elektr stulida beparvo yalpayib o‘tiribdi!
L u i d j i. Bo‘pti-bo‘pti, hadeb baqiravermang. Hali umid borligini bilmagan ekanman. Xo‘p, yaxshi. Men nima qilishim kerak?
M a k l a u d. Manavi boshqa gap. Birinchidan, men nima desam shuni qilasan. Va’da ber.
L u i d j i. Va’da beraman.
M a k l a u d. Ikkinchidan, hech narsa haqida o‘ylamaysan, sen uchun ham men o‘ylayman. Va’da ber.
L u i d j i. Jonim bilan.
M a k l a u d. Va’da ber!
L u i d j i. Xo‘p, va’da beraman. Yana nima?
M a k l a u d. Bo‘ldi. Ana shundagina, ehtimol, sen ahmoqni qutqarib qola olarman.
L u i d j i. Bundan buyon, Benni Maklaud, sizning chizgan chizig‘ingizdan chiqmaslikka va hech narsa haqida o‘ylamaslikka tantanali ravishda va’da beraman!
M a k l a u d. Maynavozchilik qilma! (Jiddiy.) Endi diqqat bilan eshit. “Santa Monika” nimaligini bilasanmi?
L u i d j i. “Santa Monika”… Qahvaxonami, kasalxonami?
M a k l a u d. Kasalxona. Hozir u yerda inson yuragini ko‘chirib o‘rnatish ustida tajribalar ketyapti. (Sukut.) Ular yangi materialga doim muhtoj…
L u i d j i. Qanaqa material?
M a k l a u d. Yurak-da. Odam yuragi… (Chaynalib.) Albatta sog‘lom, baquvvat yurak bo‘lishi kerak. Ishdan chiqib, shalvirab qolgani emas.
L u i d j i. Bu gapni nega menga gapiryapsiz?
M a k l a u d. Hozir “Santa Monika”da shunaqa ishlar bo‘lyaptiki… Ha, mayli, bunga bizning aloqamiz yo‘q. Agar ular donorning… (g‘alati tikilib) qaysi kun, qaysi soatda o‘lishini aniq bilganda edi…
L u i d j i (o‘ylanib). Tushunarli… Demak, ular donorning deylik, birinchi aprel kuni, ertalab soat yettida o‘lishini aniq bilishsa… Demak, gap mening yuragim haqida ketyapti?
M a k l a u d. Ha, Luidji.
L u i d j i (sarosimada). Axir hozirgina, seni o‘limdan qutqaraman deyatuvdingiz-ku!..
M a k l a u d. Qutqaraman ham. Agar gapimning ustidan chiqmasam, Benjamin Maklaud otimni boshqa qo‘yaman!
L u i d j i. Yuragimni sug‘urib olishgandan keyin ismingizni boshqa qo‘yganingizni qayoqdan bilaman?
M a k l a u d. Birov senga yuragingni sug‘urib oladi, deyaptimi? Manavi kallani ishlatsang-chi, qovoqbosh!
L u i d j i. Ishlatishga ishlatyapman-u, lekin yuraksiz qanday yashayman!
M a k l a u d. Yuragingga hech kim tegmaydi, kallavaram! Beraman deb quruq va’da qilasan, xolos! Yetib bordimi endi?
L u i d j i (dovdirab). Qanaqasiga – va’da qilaman?..
M a k l a u d. Mana bunday. (Bir varaq qog‘oz chiqarib.) Sen yuragingni “Santa-Monika” kasalxonasiga berasan, evaziga bir tiyin ham olmaysan. Bu yerda hammasi yozilgan…
L u i d j i. Bir tiyin ham olmayman? Tekinga beramanmi?
M a k l a u d. Ha, tekinga berasan! Sadaqa deganday… Ana undan keyin tomoshani ko‘rasan! Gazetalar o‘qlog‘day-o‘qlog‘day harflar bilan: “Ikkita odam o‘ldirgan qotil Lombardning Amerika faniga qo‘shgan hissasi!”…
L u i d j i (o‘zini bosishga urinib). Ikkitamas, Benni!..
M a k l a u d. Shunday desak yutamiz, kalla! Manavi yeriga imzo qo‘ysang bo‘ldi, qolganini o‘zim qoyillataman…
L u i d j i (qo‘l qo‘yib). Ana…
M a k l a u d. Men mijozlarimning avval o‘qib chiqib, keyin qo‘l qo‘yishlarini ma’qul ko‘raman.
L u i d j i (o‘qiydi). “Men, qo‘sh qotillikda ayblanib, elektr stulida qatl qilinishga hukmi oliy etilgan Luidji Lombardi, shuni ma’lum qilamanki, shu yilning birinchi aprelida men qatl qilinganimdan keyin…” U emas-bu emas, birinchi aprelda… tamom ekan-da, a?
M a k l a u d. Xo‘sh, nima deb yozishim kerak edi bo‘lmasam? Qatl qilinmaydi, yuragini tiriklayin sug‘urib olib ketaveringlar, deb yozishim kerakmidi?!
L u i d j i. Ha-a, gap bu yoqda deng!..
M a k l a u d (to‘ng‘illab). Odam maymundan paydo bo‘lgan, deyishadi. Ba’zan teskarisiyam bo‘larkan. (Luidjini ko‘rsatib.) Mana, isboti!
L u i d j i. Bo‘pti, bo‘pti… Bu shunchaki yo‘liga-da, a? Advokatlarning nayrangi!..
M a k l a u d. Shu nayrang sening hayotingni saqlab qoladi, ahmoq! U yog‘ini o‘qi.
L u i d j i (o‘qib). “Bu birovlarning tazyiqisiz, o‘z xohishim bilan shu qarorga keldim. Yuragimni hadya etishimni o‘zimning so‘nggi istagim va ma’naviy vasiyatim deb bilgaysiz”. Eh, Benni, zo‘r yozilibdi, lekin!.. G‘irt yolg‘on-u, lekin zo‘r!..
M a k l a u d. Oxirigacha o‘qi.
L u i d j i. Boshqa hech nima yozilmagan. Imzoni demasa… Ha, mana, pastda ekan. (O‘qiydi.) “Santa Monika”ning maxsus bo‘limi qo‘ygan hamma shartlarni so‘zsiz bajarish majburiyatini olaman”. (Qog‘ozni qaytarib berib.) Bajaramiz-da, qo‘l qo‘yganimizdan keyin. Hamma kasalxonaniyam o‘z qonun-qoidasi bo‘ladi.
M a k l a u d. Bu qoidalar bor-yo‘g‘i ikkita. (Qog‘ozni papkaga joylab.) Lekin ular haqida yozib bo‘lmaydi.
L u i d j i. Nega bo‘lmaydi?
M a k l a u d. Haligi… xullas, maxsus bo‘lim… Ochig‘i, u faqat kasalxona emas. Eh-he, “Santa Monika”da nimalar qilishmaydi deysan! Umuman, bu haqda birovga miq etmaysan – birinchi sharti shu. Men ham og‘iz ochmasligim kerak.
L u i d j i. Xo‘p, ikkinchi shart-chi?
M a k l a u d. Ikkinchisi, o‘lim elektr tokidan emas, boshqa narsadan bo‘lishi kerak.
L u i d j i. Nega endi? Menimcha, elektr stulida ajal topish – eng obro‘li, eng zamonaviy usul.
M a k l a u d. To‘g‘ri, lekin tok yurakniyam ishdan chiqaradi-da. Shuning uchun ular yangicha usulda qatl qilishni talab qilishadi. Bizga xuddi shu kerak!
L u i d j i. Qanaqa yangi usul?
M a k l a u d. Unchaligam yangimas… to‘g‘rirog‘i, juda qadimiy usul. Amerikada bu usul hech qachon qo‘llanilmagan.
L u i d j i. Qanaqa usul, gapira qolsangiz-chi?!
M a k l a u d. Boshni tanadan… qilich bilan…
L u i d j i (dahshatga tushib). Qi… qilich bilan?! Yo‘q, shoshmang, qilich bilan dedingizmi?..
M a k l a u d. Ha. Ikkinchi sharti shu.
L u i d j i. Lekin… lekin bu dahshat-ku!.. Qanaqa qilich bilan?
M a k l a u d. Unisini bilmadim…
L u i d j i. Unda men bilaman, o‘tmas qilich bilan!..
M a k l a u d. Bu gapni qayoqdan olding? Aksincha, eng o‘tkiri bilan.
L u i d j i. Bizga Afg‘ondan qoradori jo‘natib turadigan bir og‘aynimning aytishicha, ularda shunaqa o‘tmas qilich bilan qatl qilisharkan. Ko‘proq azoblansin, o‘lolmay qiynalsin, deb! Bildingizmi?
M a k l a u d. Qo‘ysang-chi, nimalar deb alahsirayapsan?
L u i d j i. Ha-da! Qog‘ozga qo‘l qo‘ygan men, sizga nima! Bunaqa azoblarga sirayam rozi emasman! Men norozilik bildiraman!
M a k l a u d. Nima deyapti bu? Qanaqa azob, tentak? “Santa Monika”ning do‘xtirlarini ahmoq deb o‘ylayapsanmi? Ularga baquvvat, sog‘lom yurak kerak! Qiynoq-azoblarda yuragi ishdan chiqqan donorni boshiga uradimi?!
L u i d j i (baqirib). O‘sha donor menmanmi, axir?! Menman! Qanaqadir oq xalatli qassoblar o‘tmas qilich bilan boshimni majaqlar ekan-u, men qarab turarkanmanmi?! (Elektr stulini ko‘rsatib.) Yo‘q, undan ko‘ra tinchgina manavi yerda o‘lganim yaxshi! Izzatimni bilib, obro‘ bilan… Haligi qog‘ozni menga bering-chi!
M a k l a u d (papkaga ishora qilib). Bu sening xaloskoring, Luidji!
L u i d j i. Yo‘q, yo‘q, bering, men tavakkal qilolmayman! O‘sha o‘tmas qilichingizga ikki dunyodayam rozi bo‘lmayman!
M a k l a u d. To‘g‘ri qilasan. Hech kimam rozi bo‘lmaydi. Oliy sud ham, kongress ham, hatto prezident ham! Xullas, “Santa Monika” qilich bilan qatl qilishga ruxsat ololmay, ikki qo‘lini burniga tiqib qolaveradi!
L u i d j i. Mabodo, ruxsat olsa-chi?
M a k l a u d. Hech qachon! Sen demokratik mamlakatda yashayapsan, Luidji. Demokratik hukumat o‘z fuqarosini bunaqa ibtidoiy usul bilan qatl qilinishiga ikki dunyodayam yo‘l qo‘ymaydi! Axir senam Amerika fuqarosisan-ku!
L u i d j i. Ehtimol, siz haqdirsiz, o‘ylagan rejangizam to‘g‘ridir… Lekin… Yo‘q, qog‘ozni bering, Benni!
M a k l a u d. Nima, aqldan ozdingmi? Hamma aytganingizni qilaman, deb so‘z bergansan-ku!
L u i d j i. To‘g‘ri, aytganingizni qilaman, deb so‘z berdim. Lekin, boshimni kundaga qo‘yaman, deb so‘z bermaganman!
M a k l a u d. Hech kim sening boshingni olmoqchi emas, jinni! Bu ahmoq bosh kimgayam kerak!..
L u i d j i. Bu dunyoda hech kimga ishonib bo‘lmas ekan-da, a? Benni, qog‘ozni bering!
M a k l a u d. Bermayman.
L u i d j i. O‘zimning imzoimga o‘zim egalik qilolmaymanmi? Imzo menikimi? Meniki! Demak, qog‘ozam meniki!
M a k l a u d. Bersam nima qilasan?
L u i d j i. Yo‘q qilaman!
M a k l a u d. Bunga qo‘shib o‘zingniyam yo‘q qilasan!
L u i d j i. Oxirgi marta so‘rayapman, Benni, qog‘ozni bering…
M a k l a u d. Ovora bo‘lasan! O‘zing xohlaysanmi-yo‘qmi, baribir, seni o‘limdan qutqaraman!
L u i d j i (kursini olib). Benni, iltimos, qog‘ozni bering!..
M a k l a u d. Nima qilmoqchisan?..
L u i d j i. Bo‘lmasa, manavi bilan bitta urib o‘ldiraman…
M a k l a u d. Meni o‘ldirasanmi? Meni-ya? Ikkitasini o‘ldirganing kamlik qildimi?
L u i d j i (iztirob bilan). Bitta!.. Bitta odam o‘ldirganman, Benni-i!..
M a k l a u d. Stulni joyiga qo‘y-e, tentak!..
L u i d j i. Oldin qog‘ozni ber! (Stulni boshi uzra ko‘tarib.) Kimga aytyapman?!
M a k l a u d. Ma-e! Ol, pishirib ye! Yaxshilikni bilmagan kal fozil! Bilib qo‘y, o‘z boshingni o‘zing yeyapsan!
Luidji kursini qo‘yib, qog‘ozni shoshilmay yirta boshlaydi.
Ahmoq… Tovuqmiya… To‘ng‘iz…
L u i d j i. Sizni xafa qilmoqchimasdim, Benni…
M a k l a u d. Endi meni ma’zur tutadilar, bunaqa ahmoq odamga advokatlik qilolmayman!
L u i d j i. Bunaqa ishda tavakkal qilib bo‘lmaydi-da, Benni. Ishonchim komil bo‘lishi kerak… (Elektr stuliga ishora qilib.) Mana manovi – naqd, bunga ishonchim komil.
M a k l a u d. Ey, xudoyim, qanday ajoyib reja edi-ya!.. Har bir ikir-chikirigacha o‘ylab qo‘yuvdim!.. Bu mening faoliyatimdagi eng zo‘r ish bo‘lardi! Ish bo‘lgandayam dahshatli ish, misoli bomba!
L u i d j i. Bomba? Qanaqa bomba?
M a k l a u d. Uning portlashidan butun olam larzaga kelardi! “Santa Monika”ning butun dunyo jamoatchiligi oldida niqobi yirtilib, sharmandasi chiqar edi! Buning uchun arzimagan narsa – sen cho‘chqaning imzosi – kerak edi, xolos…
L u i d j i. Ularning sharti bo‘yicha, sizam miq etmasligingiz kerak edi-ku?
M a k l a u d. Mijozimning hayoti xavf ostida ekan, men jim turolmayman. (Maydalangan qog‘oz parchalarini yig‘ib olib, tepaga sochadi.) Shularning hammasini barbod qilib o‘tiribsan. Hamma gazetalarda jar solib, dahshatli shov-shuv ko‘tarardi, sen eshakdan milliy qahramon yasamoqchi edim!..
L u i d j i. Nima-nima? Milliy qahramon?
M a k l a u d. Ha! Qotildan – jafokash, gangsterdan – farishta, eshakdan – milliy qahramon! Essizgina, zo‘r reja edi… E-e, senga gapirdim nima-yu, devorga gapirdim nima!
L u i d j i (ruhsiz). Sizningcha, bu bo‘ladigan gapmidi?..
M a k l a u d. Tag‘in so‘raydi-ya! Sening manavi sovuqdan-sovuq basharang gazetalarda tirjayib turgan bo‘lar edi! Jamoatchilik fikriyam o‘sha sovuq bashara tomonda bo‘lardi! Faqat bizdamas, hatto chet ellardayam! Birinchi bo‘lib Vatikan seni himoya qilib chiqardi!
L u i d j i (yutinib olib). Vatikan?.. Hatto, papaning o‘ziyammi?..
M a k l a u d. Albatta-da! Ular vatandoshlarining boshiga kulfat tushganda qarab turishmaydi! Mayli, o‘sha odam gangster, ikkita odam o‘ldirgan qotil bo‘lsin, baribir, himoya qilishadi!
L u i d j i (azoblanib). Ikkitamas, Benni, ikkitamas…
M a k l a u d. E, o‘nta bo‘lmaydimi! Axir, Luidji Lombardi – odam, ustida tajriba o‘tkaziladigan quyonmas!
L u i d j i (g‘ururlanib). To‘g‘ri-da!..
M a k l a u d. Bir tasavvur qilgin-a, sen o‘sha hadyanomaga qo‘l qo‘yding. Bu shov-shuv butun dunyoga tarqaladi! Luidji Lombardiga qilichdan halok bo‘lish xavf solyapti!.. Bu xabar…
L u i d j i. Yirtib tashlab juda to‘g‘ri qildim…
M a k l a u d (parvo qilmay). Bu xabardan hamma dahshatga tushadi! Qarabsanki, hamma sen tomonda bo‘ladi! Hamma senga achinadi, havas qiladi! Kino yulduziday mashhur bo‘p ketasan! Bir dona surating yoki dastxating deb odamlar o‘zlarini tomdan tashlaydi! Sochingning bitta tolasi yoki ko‘ylagingning bir dona tugmasi uchun hamma narsaga tayyor bo‘ladi! Hammasining maqsadi bitta (nafasini rostlab olib), sening yuragingga ega bo‘lish!
L u i d j i. Lekin mening yuragim bitta-ku?
M a k l a u d. Hammaga va’da qilaverasan – sendan nima ketdi!
L u i d j i. Nega shuni boya aytmadingiz?
M a k l a u d. Zo‘r rejam bor, dedimmi? Hayotingni saqlab qolaman, dedimmi?!
L u i d j i. Shunaqa mashhur bo‘lib ketasan, demadingiz-da…
M a k l a u d. Mashhur bo‘lasan, Luidji! Eng asosiysi, vaqtdan yutamiz!
L u i d j i. Eh, bunaqa bo‘lishini ertaroq bilganimda edi…
M a k l a u d (ko‘z qirini tashlab). Sening noming yer yuzini aylanib chiqishiga mana, men kafil!
L u i d j i (orzumandlik bilan). Fulminiyadayammi?..
M a k l a u d. Qanaqa Fulminiya?
L u i d j i. Sitsiliyadagi. (Faxrlanib.) Men o‘sha yerda tug‘ilganman.
M a k l a u d. Bo‘lmasam-chi! Butun yer yuzi, deyapman-ku.
L u i d j i. Ana ko‘rdingizmi, sendan odam chiqmaydi, deyishardi. O‘gay onam esa o‘qlog‘ bilan savalagani-savalagan edi. Bir kuni singlim ikkovimiz bilmasdan shakarni to‘kib qo‘ydik, shunda o‘gay onam yerdagi shakarni tilimiz bilan yalab tozalashga majbur qilgan…
M a k l a u d. Hechqisi yo‘q, Luidji, hali o‘gay onang shuhratingni eshitib, hasaddan yorilib o‘ladi.
L u i d j i. Uning o‘qlog‘ini hali-hali eslayman. Mana, o‘qlog‘dan qocha-qocha Amerikada yuribman….
M a k l a u d. Vaqti kelib qaytib borsang, butun Fulminiya kutib olgani chiqsa kerak.
L u i d j i (cheksiz nadomat bilan). Endi u yoqlarga qaytib borish nasib qilmas… (Qog‘oz parchalariga qarab qoladi.)
M a k l a u d. Ko‘rdingmi, yirtmaganingda edi…
L u i d j i. O‘zimam hayronman… Nega bunday qildim-a, Benni?
M a k l a u d. Ahmoq bo‘lganing uchun.
L u i d j i (birozdan so‘ng). Benni… (Teskari o‘tirib olgan Maklaudga.) Benni…
M a k l a u d (araz bilan). Nima deysan?
L u i d j i (o‘yinchog‘ini buzib qo‘ygan boladay). Buni yelimlab bo‘lmasmikan?..
M a k l a u d. Jinni bo‘p qopsan! “Santa Monika”ga ming yamoq qog‘ozni ko‘tarib borasanmi? Tag‘in maxsus bo‘limga-ya!
L u i d j i. Benni… (Birdan baqirib.) Mashinkada yana bir nusxa chiqillatib kelsangiz bir joyingiz kamayib qoladimi!
M a k l a u d. Ha, men ovora bo‘lib chiqillatib kelaman, sen sharillatib yirtib tashlaysan!
L u i d j i. O‘lay agar, yirtmayman…
M a k l a u d. Ishonmayman. Umuman, meni tinch qo‘y, endi sening advokating emasman.
L u i d j i (yalinib). Yirtmayman deyapman-ku, Benni… Ertagami, balki bugun ulgurarsiz, a?
M a k l a u d. Ertagayam, bugunam olib kelmayman!
L u i d j i. Nega?..
M a k l a u d. Chunki, allaqachon olib kelib qo‘yganman! (Papkasidan hadyanomaning yana bir nusxasini olib.) Senga o‘xshagan tomi ketgan mijozlar bilan gaplashganda ehtiyot choralari ko‘rilmasa bo‘lmaydi!
L u i d j i (sevinib). E, kallangga qoyilman, Benni!
M a k l a u d. Sen nima deb o‘ylovding! Mening kallamga o‘qlog‘ bilan urishmagan!
L u i d j i (qog‘ozga qo‘l qo‘yaturib). Imzo chekdim deb… Fulminiyalik Luidji Lom-bar-di…
Chiroq o‘chadi.
Ikkinchi ko‘rinish
O‘sha joy, L u i d j i badantarbiya mashqlarini bajaryapti. Kayfiyati yaxshi, ruhi tetik. Tomosha zali bo‘ylab o‘z kasbining hadisini olgan gazeta sotuvchilarining chaqiriqlari jaranglaydi. Sotuvchi bolakaylar Gavroshcha libosda.
B i r i n ch i o v o z. Gazetaning maxsus soni! Maxsus soni!
I k k i n ch i o v o z. O‘limga hukm qilingan gangster Luidji Lombardi o‘z yuragini Amerika faniga tortiq qilmoqchi!
L u i d j i mashq qilishda davom etyapti. Shu yaqin oradan metro poyezdining shovqini eshitiladi.
U ch i n ch i o v o z. “Santa Monika” kasalxonasining niqobi yirtib tashlandi!
B i r i n ch i o v o z. Advokat Benjamin Maklaud kasalxonaning mash’um tajribasini fosh etdi!
I k k i n ch i o v o z. Luidji Lombardiga qilichdan halok bo‘lish xavfi tahdid solmoqda! Amerika bo‘ylab O‘rta asr sharpasi kezib yuribdi!
U ch i n ch i o v o z. Yo‘q, Amerika o‘z fuqarosini qilich bilan qatl qilishlariga yo‘l qo‘ymaydi!
L u i d j i mashq qilishni sekinlashtirdi. Havoga ko‘tarilayotgan samolyot ovozi
eshitiladi.
B i r i n ch i o v o z. Shiddatli noroziliklar! Butun Amerika Luidjining yonini olib chiqyapti!
I k k i n ch i o v o z. Uning yuragi butun mamlakat yuragiga aylandi!
U ch i n ch i o v o z. Nainki yuragi, u Amerikaning vijdoni va or-nomusiga aylanib qoldi!
B i r i n ch i o v o z. Politsiya namoyishchilarni tarqatmoqda! “Santa Monika”ga hujum!
I k k i n ch i o v o z. Gubernator qarorgohi chirigan pomidorlar bilan toshbo‘ron qilinmoqda!
U ch i n ch i o v o z. Kardinal Ritsini gangster uchun ibodat qilmoqda!
Uzoq-uzoqdan cherkov qo‘ng‘irog‘ining jarangi eshitiladi. Jiqqa terga botgan
L u i d j i hamon mashq qilmoqda. Eshik g‘ijirlab ochilib, M i t ch ye l kiradi.
L u i d j i (hansirab). Qirq to‘rtta, Mitchel!
M i t ch ye l. Seni ko‘rgani kelishdi.
L u i d j i. Ko‘rmayapsanmi, axir, bandman!
M i t ch ye l. Haligi… Birinchi qaldirg‘och, desayam bo‘laveradi.
L u i d j i. Qanaqa qaldirg‘och? (O‘tirib-turib.) Qirq olti…
M i t ch ye l L u i d j i ning harakatlarini beixtiyor takrorlaganicha, uning qulog‘iga bir nima deb shivirlaydi.
Tanimayman… (Mashqdan to‘xtab.) Ruxsatnomasi bormi?
M i t ch ye l. Unga ruxsatnomaning hojati yo‘q, Luidji.
L u i d j i. Nimayam derdik, kira qolsin. (Mitchel chiqib ketganidan keyin, mashqni oxirlatib.) Qirq sakkiz… Qirq to‘qqiz… Ellik!.. (Sochiqqa artinib, mahbuslar kamzulini kiyadi.)
Xonaga ozg‘in, sochlariga oq oralab qolgan bir h a r b i y k i sh i
shahdam qadamlar bilan kirib keladi.
M a y o r. Salom. (Qo‘l berib.) Mayor Jeyms Appelgeyt. Ikkita “p” bilan aytiladi.
L u i d j i. Nihoyatda xursandman. Luidji Lombardi. Ikkita “l”… (Engi bilan elektr stulini artib.) Marhamat, o‘tiring. O‘z uyingizdagiday, bemalol…
M a y o r. Rahmat… (Elektr stuliga hadik bilan qarab qo‘yib, ehtiyotlik bilan o‘tiradi.) Xo‘sh, ishlar qalay, Lombardi?
L u i d j i. Rahmat, yomonmas… Bugun ellik marta o‘tirib-turdim.
M a y o r. To‘g‘ri qilasiz. Badantarbiya odamni chiniqtiribgina qolmay, jangovarliginiyam oshiradi.
L u i d j i. Ertaga ellik beshtaga yetkazaman.
M a y o r. Men oltmishta qilaman. (Sukut.) Har kuni suzishniyam mashq qilaman: bunaqasiga ham, orqa bilan ham… (Sukut.) Har zamonda ot sporti bilan ham shug‘ullanib turaman. Shunaqa…
L u i d j i. Ot o‘zingiznikimi yo davlatnikimi?
M a y o r. Albatta, o‘zimniki-da. (Yana sukut.) Mashq maydoniyam o‘zimniki.
L u i d j i (uning ko‘ksidagi nishonlarga qarab). Manavi medallar ham o‘zingizniki bo‘lsa kerak, a?
M a y o r. Bo‘lmasam-chi! (Nishonlarini bepisandlik bilan namoyish qilib.) Manavi Yaqin Sharq… Bunisi O‘rta Sharq… Uzoq Sharq va hokazo…
L u i d j i. Rostdanam shuncha joylarda jang qilganmisiz?
M a y o r. Men jang qilmayman. Mening ixtisosim sal… boshqacharoq. Nimani nazarda tutayotganimni tushungan bo‘lsangiz kerak?
L u i d j i. Endi-i, men shunchaki bir oddiy gangsterman, hamma narsagayam aqlim yetavermaydi. Shunday bo‘lsayam, bir-birimiz bilan til topishib ketamiz, deb o‘ylayman.
M a y o r. Bo‘lmasam-chi, albatta-da. Ochig‘i, men bu tashrifimdan biroz xijolatdaman. Keyin… keyin sizning yordamingizgayam muhtoj bo‘lib keldim.
L u i d j i. Xizmatingizga doim tayyorman, mayor Appelgeyt.
M a y o r. Xullas, birinchi aprelgacha unchayam ko‘p vaqt qolgani yo‘q… Har holda, o‘sha kun… nima desa bo‘ladi… siz uchun biroz ko‘ngilsiz kun bo‘ladi.
L u i d j i. Ha, nimasini aytasiz…
M a y o r. Keling, erkakchasiga gaplashib olaylik. Xo‘sh… (Bir nuqtaga tikilganicha jim qoladi.)
L u i d j i (uning nigohi yo‘nalgan tomonga qarab). Nima?..
M a y o r. Diqqatimni bir joyga to‘playapman. (Nigohini uzib.) Xullas, qatl kunimiz… qatl kuningiz yaqin qoldi. Shuning uchun… (Yana bir nuqtaga tikilib, tosh qotadi.)
L u i d j i. Yana diqqatingizni to‘playapsizmi?
M a y o r. Ha, bu juda mushkul ish ekan, Lombardi… (Peshonasidagi terni artib.) Uf-f, munchalik qiyin bo‘ladi, deb o‘ylamovdim…
L u i d j i. Yo‘q, unchalik qiyin emas, mayor. Sizga nima kerakligini bilib turibman. (Ko‘ksini ko‘rsatib.) Sizga manavi kerak!
M a y o r (hayratda). Qayoqdan bildingiz?
L u i d j i. Bugun ajoyib bir tush ko‘rdim. Bir payt kutilmaganda, g‘oyibdan kelganday, barkarola – Venetsiya qayiqchilarining qo‘shig‘i – mayin tarala boshladi. Men kichkina bola ekanman-u, Fulminiya ortidagi yam-yashil tog‘ etagida echki boqib yurganmishman. Shundoq yonginamda, zaytunzor orasida bitta ajina mudrab o‘tirganmish. Bir payt u uyg‘onib, nay chala boshlabdi. Echkilarim o‘z-o‘zidan dikonglab raqs tusha boshlabdi… (Mayorga.) Bu karomatli tush. Negaki, echkilar oppoq edi! Oq echki – omad belgisi!
M a y o r (engil tortib). Demak, rozisiz?
L u i d j i. Nega rozi bo‘lmas ekanman! Xo‘sh, yuragimni kim uchun olmoqchisiz? O‘zingiz uchunmi?
M a y o r. Hech qachon! Menga birovning narsasi kerak emas! (Tantanavor.) Yuragingiz Bosh shtabga kerak!
L u i d j i (hafsalasi pir bo‘lib). Bosh shtabga? Afsuski, men har xil idora-pidora bilan emas, oddiy odamlar bilan muomala qilishni ma’qul ko‘raman. Xudo biladi, yuragimni sizga bersam, idorangizning qaysi burchagida chang bosib yotarkan! Odam bo‘lsa yuragimga ko‘proq g‘amxo‘rlik qiladi, qadriga yetadi. Undan keyin, bu yorug‘ olamda sendan nimadir qolganini, qayerdadir sening yuraging urib turganini his qilish…
M a y o r. Birinchi apreldan keyin hech nimani his qilmaysiz.
L u i d j i. Kim biladi deysiz, mayor Appelgeyt. (Tepaga ishora qilib.) U yoqdan hali hech kim qaytib kelmagan.
M a y o r. Biz yuragingizni maxsus seyfda saqlaymiz! Seyf esa maxsus muzxonada bo‘ladi!
L u i d j i. Hm! Pivo saqlaganday, deng! Bermayman!
M a y o r. Bekorga o‘jarlik qilyapsiz. Yuragingiz shtabda ehtiyot qism sifatida saqlanadi. Mabodo, kimdir og‘ir kasal bo‘p qolsa…
L u i d j i. Har qalay, tashkilotgamas, odamga kerak ekan-ku! Ilgariroq shunday demaysizmi?
M a y o r (engil tortib). Xo‘sh, qancha bo‘ladi?
L u i d j i. Nima – qancha bo‘ladi?
M a y o r. Necha dollar bo‘ladi, deyapman? Ming yoki o‘n ming?
L u i d j i. Nima?..
M a y o r. Xo‘p, ana, o‘n besh ming.
L u i d j i. Nima, ustimdan kulyapsizmi?
M a y o r. Yigirma ming! Boshqa qo‘sholmayman.
L u i d j i. Qo‘shishingizning keragiyam yo‘q. Menga o‘n mingiyam yetib ortadi.
M a y o r. Bor-yo‘g‘i-ya?
L u i d j i. Ha-da. Kim biladi deysiz, balki buyam ko‘plik qilar… Shoshmang, shoshmang-chi… Hozir… (Boya mayor qaragan nuqtaga tikilgancha tosh qotadi.)
M a y o r (xavotirlanib). Sizga nima bo‘ldi?
L u i d j i. Diqqatimni to‘playapman. Bilasizmi, u yerga oxirgi marta borganimgayam o‘ttiz yildan oshibdi…
M a y o r. Qayerga?
L u i d j i. Fulminiyaga. Vatanimga… (Ming‘irlagancha barmoqlarini bukib, bir nimalarni hisoblaydi.) Bilmadim-bilmadim… U vaqtlarda Fulminiyada na elektr bor edi, na… (Ruhi tushib.) Afsuski, o‘n ming yetmas ekan.
M a y o r. O key! Demak, o‘n besh ming?
L u i d j i. Xo‘-o‘sh, maktab bor… Borlikka bor-u, lekin juda eski-da, qurg‘ur. Hatto ko‘hna davr xarobalari deb sayyohlarga ko‘rsatishadi.
M a y o r. Bormaganimga o‘ttiz yil bo‘ldi deyapsiz, shuncha vaqtdan beri qurishgandir?
L u i d j i. Nima deyapsiz, u yerda hech qachon hech nima qurishmagan, qurishmaydiyam.
M a y o r. Mayli, yigirma ming. Boshqa bir dollaram berolmayman.
L u i d j i. Yigirma, yigirma… Iya, ko‘prik nima bo‘ladi?
M a y o r. Qanaqa ko‘prik tag‘in, jin ursin!
L u i d j i. Zaytunzorga o‘tadigan-da. O‘sha paytlardayam ikki marta qulab tushgan edi. Yeri bo‘sh-da…
M a y o r. Yigirma mingdan ortiq to‘lashga haqqim yo‘q, axir!
L u i d j i (eshitmaganday). Agar u yerda telefon yo‘qliginiyam hisobga olsak…
M a y o r. O‘sha Fulminiyangizda telefon bo‘lishi shartmi?
L u i d j i (beparvo). Shart. Buning ustiga, vodoprovod chatoqligini aytmaysizmi?
M a y o r (portlab). Men sizga yangi Fulminiya qurib berolmayman-ku! Tag‘in Amerika armiyasining puliga-ya! Yigirma besh ming – tamom! Insof bilan aytganda, hali o‘n minggayam jon deb turuvdingiz.
L u i d j i. Yaxshi, qo‘lni tashlang! (Uning qo‘lini siqib.) Demak, o‘ttiz besh ming?
M a y o r (qo‘lini tortib olib). Yigirma besh ming dedim, Lombardi! Ortiq bir tsent ham berolmayman.
L u i d j i. Ixtiyoringiz, yo‘q bo‘lsa yo‘q-da. Unda shtabingiz yuraksiz qoladi. Shundoq ham yuragi yo‘g‘-u…
M a y o r. Jin ursin sizni! Mayli, o‘ttiz besh ming!
L u i d j i. Shu desangiz, o‘ttiz besh raqami menga yoqinqiramay turibdi-da. Shuni yaxlitroq raqamga aylantirib qo‘ya qolsak-chi, a?
M a y o r (qichqirib). Qanaqasiga aylantirasiz?!
L u i d j i. Armiya uchun qirq ming ham gap bo‘ptimi? Qirq million deyayotganim yo‘q-ku!
M a y o r. Endi bu tovlamachilikning o‘zginasi, Lombardi!
L u i d j i (unga qaramay, o‘ychan). Mayor Appelgeyt. Odamda bitta yurak bo‘ladi… Vatan ham bitta bo‘ladi…
M a y o r (terini artib). Pulni advokatingizga beraman…
L u i d j i. Yaxshisi, to‘ppa-to‘g‘ri Fulminiyaga jo‘nata qoling. Iloji bo‘lsa, telegraf orqali… (Sukut.) Bir to‘yib ichishsin, mening (qo‘lini bo‘g‘ziga olib borib) bo‘lishim munosabati bilan.
M a y o r. Qo‘ysangiz-chi, Lombardi, ruhingizni tushirmang. (Qo‘l berib.) Agar ko‘risholmay qolsak, salomat bo‘ling!
L u i d j i (ma’yus). Salomat bo‘laman…
M a y o r. Qo‘shma Shtatlar armiyasi sizni unutmaydi! (Eshik oldida to‘xtab.) Ha, aytganday, unvoningiz bormi?
L u i d j i. Yo‘q.
M a y o r. Sizga unvon berishlarini so‘rab raport yozaman. Bu, albatta, shunchaki xotira uchun…
L u i d j i (qaddini rostlab, chest beradi). Oddiy askar Lombardi sizga minnatdorchilik bildiradi, janob mayor!
M a y o r. Bardam bo‘ling, serjant Lombardi! (Chest berib, tantanali tarzda chiqib ketadi.)
Chiroq o‘chadi.
Uchinchi ko‘rinish
O‘sha joy. M i t ch ye l kiradi.
M i t ch ye l . Tabriklayman, Luidji!
L u i d j i. Yana poyladingmi? (To‘ng‘illab.) Serjantmishman…
M i t ch ye l. Luidji, tag‘in qaldirg‘ochlar…
L u i d j i. Bunisiyam harbiymi?
M i t ch ye l. O‘-o‘, ko‘zing qamashadi! Faqat o‘zingdan ketib qolmasang bo‘lgani! (Chiqib, shu zahoti Dolores bilan Dianani boshlab kiradi.) Marhamat, xonimlar, mister Lombardi sizlarga muntazir! (G‘oyib bo‘ladi.)
D o l o r ye s (atrofga qarab). Ey, xudoyim!.. Qanday dahshat!
L u i d j i. Kechirasiz, nima dahshat?
D o l o r ye s. O‘lim kamerasi… (Cho‘chib.) Voy, xudo, manavi nima?
L u i d j i. Elektr stuli.
D o l o r ye s . Dahshat… Muncha sovuq bu? Meni ma’zur tutasiz, shunday hayajonlanayapmanki… (O‘zini tanishtirib.) Donya Dolores Lyutsiya Saltamontes!
L u i d j i. Shuncha ism-sharifning hammasi bitta o‘zingiznikimi?..
D o l o r ye s . Bu mening qizim – Diana Gratsela Saltamontes!
L u i d j i. Ismlaringiz, muhtaram xonimlar, musiqaday yoqimli jaranglar ekan! Yaqinda o‘z qulog‘im bilan eshitish nasib qiladigan jannat ohangining o‘zginasi!
D o l o r ye s. Unday demang, mister Lombardi, qahramonlar o‘lmaydi! (Artistona.) Diana, mana o‘sha qahramon!
L u i d j i. Kim qahramon?
D o l o r ye s. Siz, Luidji Lombardi! Sevgi yo‘lida qotillikka qo‘l urgan djentlmen! (Dianaga.) U o‘z nomi bilan nomusini himoya qilib…
L u i d j i (quloqlarini bekitib). Bu gaplarni o‘n kundan beri sud zalida eshitaverib bo‘larim bo‘lgan, xonim!
D o l o r ye s. Sud sizni tushunmadi, mana, men tushunaman! Siz haqiqiy erkaklarga munosib ish tutgansiz! Siz bilan faxrlanaman, Luidji! (Ishva bilan.) Sizni shunday deb chaqirsam bo‘ladimi?..
L u i d j i. Bemalol…
D o l o r ye s. Unda menam siz uchun oddiygina – Doloresman. Qo‘rqma, Diana, u qotil emas, har qanday maqtovga loyiq inson! Biron nima desang-chi! Hech qursa, jilmayib qo‘ygin!..
Diananing yuzida soxta tabassum paydo bo‘ladi.
Endi kimligingni bir ko‘rsatib qo‘y!
Diana jim turaveradi.
Kimga aytayapman!
Diana istamaygina libos namoyishchilariga xos yengil harakat bilan paltosini yechadi. Ichida faqat cho‘milish kiyimi bo‘lib, yelkasi osha bog‘langan enli lentada “Dunyo go‘zali” degan yozuv bor.
Go‘zallik qirolichasi! Dunyoda eng go‘zal qiz deb bir ovozdan tan olingan!
L u i d j i. Bir ovozdan-a?
D o l o r ye s . Ha. Mayami Bichdagi hakamlar hay’ati juda qattiqqo‘l!
L u i d j i. Bilaman, bizda sudyalar nihoyatda qattiqqo‘l… (Elektr stulini ko‘rsatib.) Mana, meniyam bir ovozdan manavinga loyiq topishdi.
D o l o r ye s (mehr bilan). Qo‘ysangiz-chi, bunaqa gaplarni, Luidji!
L u i d j i. Bu yog‘i oz qoldi, vaqtim judayam kam… (Xushmuomalalik bilan.) Xo‘sh, tashrifingizning boisi ne?
D o l o r ye s. O, sizga qanday tushuntirsam ekan?..
L u i d j i. Qisqa va sodda qilib.
D o l o r ye s. Baxtsizlik, Luidji! Fojea! Halokat! (Dastro‘moli bilan ko‘zini artib.) Meni faqat siz tushunasiz, aziz do‘stim! Yolg‘iz siz! Chunki siz sevgining nimaligini yaxshi bilasiz! (To‘satdan baqirib.) Sevaman! Jonimdan ortiq sevaman!
L u i d j i (qo‘rqib ketib). Kechirasiz, kimni?..
D o l o r ye s. Erimni, Luidji, erimni!
L u i d j i. Eringizni?.. Ha, o‘qtin-o‘qtin shunaqasiyam bo‘lib turadi. Lekin buning nimasi fojea?
D o l o r ye s. Eh, u shunchaki turmushmas, yigirma yillik afsonaviy tush edi! Mana, manavi qarshingizda turgan ilohiy hilqat – erim Ramon ikkalamiz yaratgan ruh – Diana!
D i a n a nihoyatda zerikkan holatda.
Bu – bir doston, kuy edi! Yo‘q, ilohiy simfoniya edi!.. So‘ng to‘satdan… (qiziga ishora qilib) buning otasi, mening aziz Ramonginam to‘satdan… (yig‘laydi.)
L u i d j i. Bandalik-da, xonim…
D o l o r ye s. Rahmat… (Birdan o‘ziga kelib.) Yo‘q, nima deyapsiz, u o‘lgani yo‘q. Lekin ahvoli judayam og‘ir…
L u i d j i. Nima, yuragimi?
D o l o r ye s. Ha, yuragi…
L u i d j i. Darrov shunaqa deya qolmaysizmi?
D o l o r ye s. Nima, siz rozi bo‘larmidingiz?
L u i d j i. Bo‘lmasam-chi.
D o l o r ye s (yig‘lab). O, Luidji!.. Lekin, pulimiz yo‘q-da…
L u i d j i. Pulning nima aloqasi bor bunga? Ana, kasalxona yuragimni tekinga olyapti-ku! Lekin, men istagan odamga berish sharti bilan.
D o l o r ye s. Mening Ramonimga berishlarini vasiyat qiling, o‘tinaman! Men sizga eng qimmatbaho boyligimni beraman! (Dianani ko‘rsatib.) Mana, u!
L u i d j i. Buni nima qilaman?
D o l o r ye s. U nima deganingiz? Nima qilsangiz qilasiz-da…
L u i d j i. Birinchi apreldan keyin menga hech narsa kerak bo‘lmaydi. Hatto, buningizam…
D o l o r ye s. Birinchi aprelgacha hali vaqt bor-ku, Luidji! Sizga pul taklif qilishlari mumkin, ko‘p pul!.. Menam yuragingizni tekinga olmoqchimasman. (Qizining qo‘lidan tutib.) Men har qanday puldan ortiqroq to‘layman!
L u i d j i. Hazillashyapsizmi? Ajal eshikdan mo‘ralab turganda uylanamanmi?
D o l o r ye s. Yo‘q, men boshqa narsani nazarda tutyapman… (Shivirlab.) Bu yerda yolg‘izsiz, odam yolg‘iz qolganida gohida zerikadi, gohida ma’yus tortadi…
L u i d j i. To‘g‘ri, ba’zan shunaqa bo‘lib turadi. Ma’yus tortsam qo‘shiq aytaman. Undan keyin, tez-tez ko‘rganiyam kelib turishadi.
D o l o r ye s (birdan, qat’iy va quruq qilib). Mayor sizga qancha berdi?
L u i d j i. Bir miriyam olganim yo‘q.
D o l o r ye s. Xudoga shukur-e! Pul – iflos narsa! Sevgi har qanday puldanam qimmat! Diana olamda tengi yo‘q qiz! Unga bir qarang, Luidji! Tim qora sochlar! Okean misol tubsiz ko‘zlar! Tip-tiniq badan! Olov lablar!.. (Jerkib.) Qarasangiz-chi, Luidji!
L u i d j i (ko‘zini lo‘q qilib). Buning miq etmayapti-ku?
D o l o r ye s. Diana Yevropa bo‘ylab sayohatga chiqmoqchi, shuning uchun til o‘rganyapti. Hamma tillar kallasida ayqash-uyqash bo‘lib ketmasin deb jim turibdi-da.
L u i d j i. Italyan tiliniyam biladimi?
D o l o r ye s. Ha, lekin endi-endi o‘rganyapti… (Dianaga.) Biron nima desang-chi!
D i an a xuddi o‘chakishganday miq etmay turaveradi.
Gapir, gapira qolsang-chi!
D i a n a (darslikdan yodlab olgan matnni sharillatib ayta ketadi). El espanol una para ablar non masde peres siontos millones de persones. Para viaxar por piyendos namses en jodo el mundo…
L u i d j i. Nima dedi?
D o l o r ye s. U aytdiki… “Sayohatga chiqa turib, biz safar xalta…” yo‘q, kechirasiz, “safar sumka va shlyapa solingan karton qutichani bagaj sifatida olib oldik”. Uf-f…
L u i d j i. Bu italyancha emas-ku?
D o l o r ye s. Ana, aytmadimmi! Men bunga hamma tilni birdaniga o‘rganma, baribir eplolmaysan, deb ming marta aytganman! Mana, aytganim bo‘ldi: hammasi ayqash-uyqash! (Paltosining tugmalarini yechib qo‘yadi.) Bu yer judayam dim ekan…
Onasining bu gapiga D i a n a parvo ham qilmaydi.
Terlab tashqariga chiqsang, shamollab qolasan, keyin Yevropa safarini tushingda ko‘rasan.
D i a n a jahl bilan paltosini yechadi, “Dunyo go‘zali” deb yozilgan lentali cho‘milish kiyimida qoladi.
Qaddingni to‘g‘ri tut, bukchayma!
D i a n a istamaygina qaddini rostlaydi va oldindan o‘rgatilgan holatda turib oladi. L u i d j i mol tanlayotgan qassobday, hushtak chalganicha uning atrofida aylanadi.
D o l o r ye s (qizning ko‘krak aylanasi, beli va undan pastrog‘ini ko‘rsatib). To‘qson bir santimetr, olmish ikki, to‘qson uch! Ha, manavisi esimdan chiqibdi… (Sumkasidan jajji oltin toj chiqarib, qiziga kiygazib qo‘yadi.) Mana, qirolicha sizning ixtiyoringizda, Luidji!
D i a n a atay boshini siltab tojni tushirib yuboradi. L u i d j i uni yerdan olib kiygizar ekan, sekingina qizning yuzini silab qo‘yadi.
D i a n a. Para eskuchar nansiones!.. (Luidjining qo‘lini tishlab oladi.)
L u i d j i. Uh!.. Qirolichaga ma’qul kelmadik, shekilli! Tishlab oldi-ya, ajina!..
D o l o r ye s. Tortinchoq-da, cho‘chib ketdi. Lekin o‘zi rozi, bo‘lmasa bu yerga kelarmidi?
L u i d j i. Unda o‘zi gapirsin. Ha, italyancha gapirsin!
D o l o r ye s. Nima, eshitmayapsanmi? Gapir!
D i a n a (yodlab olgan so‘zlarni sharillatib). En fin para deskubrir un nuevo mundo!
L u i d j i. Nima dedi-nima dedi? Ustimdan kulayotgan bo‘lmasin tag‘in!
D o l o r ye s. Xudo saqlasin-e! U shunchaki italyancha bilan ispanchani chalkashtirib yuboryapti… (Qiziga tahdid bilan.) Gapir, og‘zingga tolqon solib olganmisan?
D i a n a (g‘azabnok). El espanol una lengua para ablar non mas de peres siyentes miliones de persones!
L u i d j i. Nima? So‘kinyaptimi yo qarg‘ayaptimi? Men uning nima deyayotganini bilmoqchiman!
D o l o r ye s. Yo‘g‘-e, so‘kinib jinni bo‘ptimi! Darslikda qanday yozilgan bo‘lsa, aynan shuni qaytaryapti.
L u i d j i. Darrov tarjima qiling! Bittayam so‘zi qolmasin!
D o l o r ye s. Jonim bilan. (Asabiy.) “Qattiq qahratondan odamlar ko‘chaga chiqolmay qolishdi. Ular ko‘chadan ko‘ra lovullab yonayotgan olov yonida o‘tirishni ma’qul ko‘rishadi”. Ko‘rdingizmi, mutlaqo so‘kinmayapti.
L u i d j i. Judayam qisqa gapirgandi-ku, tarjimasi bir quloch bo‘lib ketdi…
D i a n a (nafrat bilan). Para komunikor non latinamerikanes i espanyoles en Ammania!..
L u i d j i. Endi bunisi kitobdan emas! Uyatsiz gaplar bilan so‘kinyapti! Tarjima qilinsin!
D o l o r ye s (jon-jahdi bilan). “Bosh soch bilan qoplangan”.
D i a n a. Para konoser nilturas muy diferentes!
D o l o r ye s. “Ko‘z peshonadan pastroqda joylashgan”.
D i a n a (baqirib). Para entender a otros nueblos, sus problemas i sus kostumbres!
D o l o r ye s. “Ikki ko‘zning o‘rtasida kattakon burun bor”.
L u i d j i. Bas! Ikkovingam ovozingni o‘chir! “Kattakon burun”mish-a! Bo‘ldi, sizga bergan va’damni qaytib oldim, xolaginam! (Dianaga paltosini itqitib.) Ma, kiyib ol! Bu yer hammommas, kamera!
D o l o r ye s. Nimadan voz kechayotganingizni bilyapsizmi o‘zingiz?! Axir bu olamdagi eng go‘zal qiz, dunyoda yakkayu yagona!
L u i d j i (quloqlarini bekitib). Bu-bu-bu-bu-bu!..
D o l o r ye s. Uning qanchalik ehtirosli ekanini bilsangiz edi! Tomirlarida qaynoq kreol qoni oqayapti! U bilan o‘tkazgan bir kechangiz umrbod…
L u i d j i. Bu-bu-bu-bu-bu…
D o l o r ye s. Sizning o‘rningizda boshqa odam bo‘lganida Diana bilan o‘tkazgan har bir minuti uchun uni oltinga ko‘mib tashlardi!
L u i d j i. Alvido, xonimlar! Afsuski, vaqtingiz tugadi.
D o l o r ye s. Qip-qizil ahmoq ekansiz, Luidji!
L u i d j i. Qani, qirolicha, onang bilan birga, orqaga! Jo‘nab qol!
D o l o r ye s. Yo‘q, mister Lombardi! Avvaliga va’da qilib, endi haydab solyapsizmi! Unaqasi ketmaydi, hali mening sovunimga kir yuvmabsiz! Men yuragingizni o‘zimga emas, kasalvand erimga so‘rayapman! Bu yo‘lda qurbon bo‘lishgayam tayyorman!
L u i d j i. Unda nega o‘zingizni emas, qizingizni qurbon qilyapsiz?
D o l o r ye s. Agar… agar shu kerak bo‘lsa, (mag‘rur) xizmatingizga tayyorman!..
L u i d j i. Nima, bu yerni Luidji Lombardining harami deb o‘ylayapsizmi?
D o l o r ye s. Yo‘q, unday deb o‘ylayotganim yo‘q. Lekin, bizam bu yerga o‘ynagani kelganimiz yo‘q! Va men Meksikaga ikki qo‘limni burnimga tiqib ketmoqchimasman! Erimga, to‘kilay-to‘kilay deb turgan cholimga nima deyman? (Stulga qayta o‘tirib.) Siz yuragingizni bizga va’da qilasizmi, yo‘qmi?!
L u i d j i. Ey, xudoyim-ey!.. Bo‘pti, va’da beraman, xudo xayringizni bersin, faqat meni tinch qo‘yinglar! Va’da beraman deb va’da qilyapman-ku, bo‘ldi-da endi-e!..
D o l o r ye s (ishonqiramay). Nima?.. Shunday, tekingami?..
L u i d j i. Ha, tekinga!
D o l o r ye s. Hatto, (qiziga ishora qilib) shunday narsaniyam rad qilasizmi?..
L u i d j i. Ha, hatto shunday narsaniyam! (Ohangni o‘zgartirib.) Mundoq o‘ylab ko‘rsam, go‘zallik qirolichasi butun dunyoga tegishli ekan, yolg‘iz menga emas.
D o l o r ye s (ta’sirlanib). Har qalay, sizga ishonib xato qilmagan ekanman… (Teskari o‘girilib.) Sizning oldingizda juda uyatli bo‘lib qoldim, Luidji…
D i a n a (kutilmaganda Luidjining oldiga borib). Para trobasal non ispanoablantes… (Luidjining yuzidan avaylabgina o‘pib quyadi.) Para eskuchar nansiones… (Bozorda sotilmay qolgan qulday, bosh egib chiqib ketadi.)
L u i d j i. Nima dedi?
D o l o r ye s (jilmayib). Kattakon burningizni ehtiyot qilarkansiz… (Qizining ketidan chiqib ketadi.)
Chiroq o‘chadi.
IKKINChI PARDA
To‘rtinchi ko‘rinish
O‘sha joy. L u i d j i karavotda chalqancha yotibdi. M i t ch ye l paydo bo‘ladi.
L u i d j i (shiftga qaragancha). O‘z qizini qo‘ynimga solmoqchi bo‘ldi-ya, alvasti…
M i t ch ye l. Eshitdim, eshikning orqasida turuvdim.
L u i d j i. Ko‘rdingmi, istasam, go‘zallik qirolichasigayam ega bo‘lishim mumkin. (To‘ng‘illab.) Onasi bilan qo‘shib.
M i t ch ye l. Bir paytlar bizning kampiram oshpazlar tanlovida birinchi o‘rinni olgan edi. Lekin, qilgan ovqati menga hecham yoqmasdi.
L u i d j i (hamon shiftga tikilganicha). Nega odamlar hamma narsani pulga sotib olsa bo‘ladi, deb o‘ylashadi, a, Mitchel?
M i t ch ye l. Buni o‘ylab ko‘rmagan ekanman. O‘ylab ko‘rsam aytaman.
L u i d j i. Bo‘pti, endi menga xalaqit berma, uyqum kelyapti.
M i t ch ye l. Uxlab bo‘psan. Yana bitta qaldirg‘och…
L u i d j i (sakrab turib). Tag‘in-a? Kim ekan u badbaxt?
M i t ch ye l. Qanaqadir portfelli kishi.
L u i d j i. Kirsin, portfeli bilan qo‘shib shunaqa uloqtirayki, naq Chikagoga borib tushsin!
M i t ch ye l chiqib, qora kostyum-shim kiygan, portfelini bag‘riga bosib olgan bir rangpar kishini boshlab keladi.
Tamom! Tugadi! Kech qoldingiz, yurak sotilib bo‘lgan!
M o r r i s. Avvalo, salom. Siz hammani shunaqa baqir-chaqir bilan kutib olasizmi?
L u i d j i. Sizga nima kerak o‘zi? Qani, bir tuyog‘ingizni shiqillatib qoling-chi!
M o r r i s. Men siz bilan tanishmoqchi edim.
L u i d j i. Hamma men bilan tanishmoqchi! Hammaning paytavasiga qurt tushib qoldi! Yo‘qol hammang, turqinglarni ko‘rmay!
M o r r i s. To‘g‘riku-ya, lekin hammayam siz to‘g‘ringizda kitob yoza¬vermaydi-da.
L u i d j i. Qanaqa kitob tag‘in?!
M o r r i s. Aytayapman-ku, siz haqingizda, deb. (Qo‘l berib.) Ism-sharifim – Frenk Morris.
L u i d j i. Hm! Morris, ikkita “r”!
M o r r i s (ahamiyat bermay). Hayotingizni bor holicha, hech nimani yashirmasdan, ortiqcha ko‘pirtirmasdan yozmoqchiman.
L u i d j i. Qarang-a! Men haqimda nima bilasiz o‘zi?
M o r r i s. Manavi portfelda siz haqingizda hamma ma’lumot bor. (Bir dasta qog‘oz chiqarib.) Mana, Luidji Lombardining qanday qilib Amerikaga kelib qolgani haqida… O‘n besh yoshida kemada matros, kema oshpazining yordamchisi, tungi qorovul, sayyor qo‘shiqchi, axlat tashuvchi va hokazo. Salkam yigirma marta ishingizni o‘zgartirgansiz. Oxir-oqibatda, gangster bo‘lib qolgansiz. Ikkita odam o‘ldirib…
L u i d j i. Ikkitamas, bitta! Eshityapsizmi, bitta odam o‘ldirganman! Qulog‘ingizga quyib oling: bit-ta!..
M o r r i s. Sizningcha – bitta, qonun bo‘yicha – ikkita.
L u i d j i. Tupurdim o‘sha qonuningizga! Mening o‘z qonunlarim bor! (Faxr bilan.) Men Sitsiliya quyoshi ostida tug‘ilganman!.. O‘sha beshigim uzra nur sochib turgan quyosh ostida… (Birpasdan so‘ng.) Shunaqa tug‘ilganman, mister Morris, boshqacha bo‘lolmayman!..
M o r r i s. Ana, yozishni xuddi o‘sha Sitsiliya quyoshi ostida o‘tgan bolaligingizdan boshlaymiz.
L u i d j i. Boshlarmishlar! (Zalga.) Bu kishi bolaligimda beshigimni tebratganlar! (Morrisga.) Shundaymi?
M o r r i s. Bekorga kulyapsiz. Bolaligingiz qanday o‘tgan, oilaviy sharoitingiz qanaqa bo‘lganligini bilish uchun Fulminiyagayam borib keldim.
L u i d j i. Nima?.. Fulminiyaga?..
Fulminiya. Shu birgina so‘z L u i d j i ning qalbiga yo‘l ochuvchi kalit edi. U shu topda yosh boladay sevinib ketadi, hayajon bilan M o r r i s ning qo‘lini siqib, o‘tqazgani joy topmaydi.
Nega shuni darrov ayta qolmadingiz?.. (Engi bilan elektr stulini artib.) Marhamat, o‘tiring…
M o r r i s. Yo‘g‘-e… (Boshqa stulga o‘tirib.) Menga shu yer ma’qul.
L u i d j i. Ixtiyoringiz… Xo‘-o‘sh… Meni oddiygina qilib Luidji deyavering. Ey, xudoyim-ey!.. Endi bir boshdan gapirib bering. U yoqda nima gaplar? Fulminiyaga bormaganimgayam o‘ttiz yilcha bo‘lib qoldi.
M o r r i s. Menimcha, Fulminiya g‘ayrioddiy voqealar deyarli ro‘y bermaydigan o‘lka. Shuning uchunam bir nima deyishim qiyin.
L u i d j i (to‘lib-toshib). Fulminiya – dunyodagi eng ajoyib, eng go‘zal joy!.. Bilasizmi, kechalari, desangiz, tushlarimga kirib chiqadi! Bugunam tushimga kiribdi… Eh, mening Fulminiyam!..
Barkarola ohanglari ohista taraladi.
(Shoirona.) Oq qoyalar qurshovidagi moviy ko‘rfazda, inson qadami yetmagan go‘shada, qip-qizil shafaq ichra quyosh cho‘milardi… Zaytunzorda esa yolg‘izgina ajina mudrab o‘tiribdi.
M o r r i s. To‘g‘risi, ajinani uchratmadim. Zaytunzorniyam ko‘rmadim. O‘tin yetmay, odamlar kesib yuborishibdi.
L u i d j i (birozdan so‘ng, sekin). Bilaman… Lekin, ular bor! Mening xotiramda kesilmay bus-butun turibdi!.. (Ko‘zlarini yumib.) Mana, hoziram zaytun daraxti barglarining shitirlashini eshityapman. (Birdan.) Xo‘sh, yurtdoshlarim men haqimda nima deyishyapti?
M o r r i s. Menimcha, ular bunaqa narsalar bilan qiziqishmasa kerak.
L u i d j i. Nima, xabarlari yo‘qmi? Axir gazeta o‘qishadi-ku!
M o r r i s. Ularning sizdan boshqa tashvishlariyam boshidan oshib yotibdi. U yerda hayot og‘ir, Luidji…
L u i d j i. Yo‘q, unutvorishlariga ishonmayman. Albatta-da, begona odamga ichidagini aytarmidi? Bizda begonaga ko‘pam ishonishmaydi.Eh, pulni olishganda butun Fulminiya ostin-ustun bo‘lib ketsa kerak o‘ziyam! Afsuski, o‘z ko‘zim bilan ko‘rish nasib qilmaydi-da…
M o r r i s. Qanaqa pul?
L u i d j i (og‘zi qulog‘ida). Kitobingizga hamma narsaniyam yozaverishingiz shart emas, Frenk.
M o r r i s. Buning haqqoniy kitob bo‘lishi uchun siz menga yordam berishingiz kerak, Luidji.
L u i d j i. Fulminiyani bilgan odam – mening do‘stim! So‘rayvering.
M o r r i s. Aslida nima bo‘lgan edi o‘zi? Shunaqa ulkan sevgimidi?
L u i d j i. Shunday desayam bo‘laveradi… Menga qarang, sal yoqimliroq savolingiz yo‘qmi?
M o r r i s. Gazetalarning yozishicha, sizlar ilk marta haligi… shubhali tungi qahvaxonada uchrashgansizlar?
L u i d j i. G‘irt bema’ni gap!
M o r r i s (yozib). Demak, u qahvaxonada yalang‘och raqs tushmagan?
L u i d j i. Nimalar deyapsiz?! Bunaqa ishlarga uning qomati to‘g‘ri kelmasdi. Oyoqlari biroz qiyshiqroq – yoysimon, deymizmi… Ko‘ziyam sal g‘ilayroq edi. Ba’zan qayoqqa qarayotganini bilolmay garang bo‘lardim.
M o r r i s. Baribir o‘sha ayolni sevib qolgansiz?
L u i d j i. Yozuvchi zoti ja qiziq bo‘ladi-da. Boshqasiga emas, nega aynan shu ayolga uylanganini tushuntirib beroladigan bitta erkakni topib bering-chi, menga.
M o r r i s. Lekin ayolni deb odam o‘ldirmagan erkakni istaganingizcha topib berishim mumkin.
L u i d j i. Bo‘lishi mumkin. Agar ularning tomirida Sitsiliya qoni emas, achigan qatiq bo‘lsa, albatta!
M o r r i s (yozishga chog‘lanib). Yana bitta savol. Endi, shuncha voqeadan keyin o‘sha ayolga nisbatan qanday his tuyyapsiz?
L u i d j i. His? Hozir sizning botinkangizga qanday his tuysam, ungayam shunday his tuyyapman.
M o r r i s. Bir narsani tushunmayapman: siz qanday qilib bunday qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydingiz? Axir kimnidir o‘ldirishga jazm qilgan odam hamma narsani hisobga olishi kerak-ku.
L u i d j i. Aytishga oson! Ularning basharalarigina emas, gavdasi, yurish-turishi, xatti-harakati, hatto ovozlariyam mutlaqo bir xil! Jimmi Brayan, Jonni Brayanga, Jonni Brayan Jimmi Brayanga ikki tomchi suvday o‘xshardi, e, padariga!..
M o r r i s. Bunga ular aybdor emas-ku, shunaqa tug‘ilgan.
L u i d j i. Shunaqa deng?! Bir xil kiyinib yurishlar-chi?! Shlyapasi, tuflisi, bo‘yinbog‘larini aytmaysizmi?! Hatto ko‘ylagining tugmasigacha bir xil! “Shunaqa tug‘ilgan” deysiz!..
M o r r i s. Bilaman, lekin…
L u i d j i. E, baloniyam bilmaysiz! Bu la’natilar jo‘rttaga shunday qilishadi! Ularni bir-biridan ajratolmasa maza qilishadi, kerilib yurishardi! Ana, kerilishlari bittasining boshiga yetdi!
M o r r i s. Ikkoviniyam deyavering.
L u i d j i. Demayman! Bittasining boshiga yetdi – Jimmi Brayanning!
M o r r i s. Axir Jimmining gunohi yo‘q edi-ku. Xotiningiz Jonni bilan sizga xiyonat qilgan.
L u i d j i. Nima, meni ahmoq deb o‘ylayapsizmi?! O‘shandan keyin Jonnini otmasligim kerakmidi? Sizningcha, aybdor jazosiz qolaversin ekan-da?!
M o r r i s. Unda ikkita odam o‘ldirganingizni tan oling-da.
L u i d j i. Hech qachon! Jimmi Brayan xato oqibatida qurbon bo‘ldi! Bu – tasodifan mashina urib ketganday gap. Jonni esa, qaytarib aytaman, qilmishiga yarasha jazosini oldi! Bunday paytda bizning Sitsiliyada har qanday vijdonli erkak shunday qilgan bo‘lardi!
M o r r i s. Biz Sitsiliyada emasmiz, Luidji.
L u i d j i. Bilaman, mister Morris. Biz yuksak darajada rivojlangan, zo‘r mamlakatda yashayapmiz! Bu yerda or uchun, nomus uchun hech kim bir-birini o‘ldirmaydi! Dollar uchun esa bemalol chavaqlab tashlayveradi!
M o r r i s. Luidji, sizning o‘sha Sitsiliyangizda bunday hollarda ayolniyam jazolashadimi?
L u i d j i. Bilasizmi, men uni nima qildim? (Harakat bilan ko‘rsatib.) Mana mundoq sochidan ushlab, barmog‘idan nikoh uzugimni shartta sug‘urib oldim! So‘ng derazani ochdim-da, pastga uloqtirdim! Ana shunaqa qildim…
M o r r i s. Uzukni uloqtirgan bo‘lsangiz kerak?
L u i d j i. Albatta-da. Sizningcha, nimani uloqtirishim kerak edi?
M o r r i s. Keyin-chi?
L u i d j i. Nima – keyin-chi? Politsiyaga qo‘ng‘iroq qildim.
M o r r i s. Shoshmang, shoshmang… Siz avval xotiningizning xushtorini, keyin akasini o‘ldirasiz-u, u ayol jazosiz qolaveradimi?
L u i d j i. Nega endi?.. Uniyam o‘ldirdim…
M o r r i s (dahshatda). Ni-ma?..
L u i d j i. Ha, o‘ldirdim… U o‘ldi… (Ko‘ksini ko‘rsatib.) Mana bu yerda o‘ldi… (Birdan tutaqib.) Menga qarang, Morris, agar yana bir marta undan gap ochsangiz, jag‘ingizga shunday tushiramanki, o‘ttiz ikkita tishingiz tomog‘ingizga tiqilib qoladi!
M o r r i s. Unaqa qilmang, tish bo‘lmasa, yaxshi kitob yozib bo‘lmaydi. Bilasizmi, kitobning nomini nima deb qo‘ymoqchiman? “Qotil yuragi”!
L u i d j i (hafsalasi pir bo‘lib). “Qotil yuragi”? Sal haqoratomuz ekan… Munday desak bo‘lmaydimi?.. Xo‘sh, masalan… “Fulminiya”.
M o r r i s. Fulminiya? Nega Fulminiya?
L u i d j i. Men o‘sha yerda tug‘ilganman-da…
M o r r i s. Tug‘ilsangiz nima qipti? Birinchidan, bu nom o‘quvchining diqqatini tortmaydi. Ikkinchidan, bu so‘zning ma’nosini hech kim bilmaydi. Luidjining yuragini butun Amerika biladi, kitobni birpasda talab ketishadi.
L u i d j i. Ha, yuragimni hozirdanoq talab ketishyapti… Lekin, juda-juda yashagim kelyapti, Frenk!..
M o r r i s. Uni haliyam sevasizmi?
L u i d j i. Kimni?
M o r r i s. Xotiningizni-da. Shuning uchun yashagingiz kelyaptimi?
L u i d j i. O‘chiring ovozingizni! Yana bir marta undan og‘iz ochsangiz…
M o r r i s. Bilaman-bilaman, o‘ttiz ikki tishimni tomog‘imga tiqasiz.
L u i d j i. Bilsangiz bo‘pti, yo‘qoling ko‘zimdan!..
Morris xotirjam yurib chiqib ketadi. Chiroq o‘chadi.
Beshinchi ko‘rinish
M i t ch ye l kirib kelganida L u i d j i asabiy holatda u yoqdan-bu yoqqa borib kelardi.
L u i d j i. Bo‘ldi, boshqa hech kimni yo‘latma! To‘ydim!
M i t ch ye l. Bo‘pti, bo‘pti, tushundim… Faqat…
L u i d j i. Nima faqat-nima faqat? Iltimos, Mitchel, boshqa hech kimni qo‘yma! (O‘zini karavotga tashlaydi.)
M i t ch ye l. Mayli-yu, lekin ertalabdan beri kutib o‘tiribdi-da…
L u i d j i. Kim?
M i t ch ye l. Haligi… nimaydi… Xotining-da…
L u i d j i (sakrab turib). Nima, Izabelmi?
M i t ch ye l. Ha… Seni bir ko‘rishga intizor bo‘lib o‘tiribdi.
L u i d j i (to‘nini teskari kiyib). Men intizor emasman!
M i t ch ye l. Xo‘sh, nima qilay?
L u i d j i. Haydavor! (Yana yotib oladi.)
M i t ch ye l chiqib ketar-ketmas kameraga bosh-oyoq qora kiygan, yuziga qora to‘rparda tutgan I z a b ye l kirib keladi.
I z a b ye l. Hello, Luidji!
L u i d j i (teskari qaragancha.) Tur-e!
I z a b ye l. Xayriyat, seni ko‘rar kunam bor ekan-ku!
L u i d j i. Daf bo‘l!
I z a b ye l. Haliyam xafamisan?
L u i d j i. Yo‘qol, ko‘zimga ko‘rinma!
I z a b ye l. Nima?
L u i d j i. Qulog‘ing tom bitganmi? Tuyog‘ingni shiqillat, dedim!
I z a b ye l. Shiqillatmayman.
L u i d j i. Burgaday ezib tashlayman!
I z a b ye l (noz bilan to‘rpardasini ko‘tarib). Mayli, eza qol…
L u i d j i. Uchgacha sanayman! (Ko‘zini yumib.) Bir, ikki…
I z a b ye l. Minggacha sanasangam foydasi yo‘q.
L u i d j i. Uch! (Ko‘zini ochib.) Voy, yaramas, manjalaqi-ey! Haliyam shu yerdamisan?!
I z a b ye l (sigaret tutatib). Bunaqa uyatsiz gaplarga toqatim yo‘qligini bilasan-ku, jonim.
L u i d j i. Ho! Uyatsiz gaplarni eshitishga toqatingiz yo‘q, uyatsiz ishlarni qilish bo‘lsa bemalol, a?
I z a b ye l. Judayam mayda gapsan-da, Luidji. Men seni sevaman-ku, tentakvoy!
L u i d j i. Ha, meni sevasan-u, boshqasi bilan osh-qatiq bo‘lib yurasan!
I z a b ye l. Shunday qilishga majbur edim, Luidji, bu mening burchim edi!
L u i d j i. Ni-ma?! Burch?!
I z a b ye l. Tushuntiray desam gapirgani qo‘ymayapsan-ku! Avvalo, Jonni menga begonamas – birinchi muhabbatim edi. Senga aytuvdim, shekilli? Jonniga umrimning oxirigacha seni unutmayman, deb so‘z berganimda… Yo‘q, qasam ichganimda atigi o‘n besh yoshda edim. O‘sha kuni birinchi muhabbatim bilan umrbod vidolashgani boruvdim. Bor gap shu. Sen bo‘lsang aqldan ozganday quturib, ko‘ringanni to‘pponchadan ota boshlading!
L u i d j i (baqirib). Nima, o‘zimdan-o‘zim shunchaki otib tashladimmi? Hech qanday sababi yo‘qmidi?
I z a b ye l. Albatta yo‘q edi. O‘sha kuni so‘nggi uchrashuvimiz edi, deb aytyapman-ku.
L u i d j i. Albatta-da, men uni otib o‘ldirganim uchun so‘nggi uchrashuvinglar bo‘ldi! Menga qara, sen umuman… sog‘misan?
I z a b ye l. Soppa-sog‘man.
L u i d j i. “Soppa-sog‘” xotin ikki dunyodayam bunaqa qilmaydi! Qo‘y, Izabel, meni qonimga tashna qilma! (Itarib tashlab.) Qoch, endi bunaqa nomering o‘tmaydi!
I z a b ye l (suykalib). Luidji… Luidjinio… Luidjiginam…
L u i d j i (siltab). Endi men uchun yo‘qsan! Yorilgan pufaksan! (Qo‘lini havoda o‘ynatib.) Mana, mana, havosan, yo‘qsan!..
I z a b ye l. Havosiz yashab bo‘lmaydi, Luidji. Pufakcha bo‘lsam nima qipti? Masalan, sovun pufakchasini qara, qanday tovlanuvchan!
L u i d j i. Pufakcha deganim yo‘q, pufak dedim, pufak! Molning ichak-chavog‘idan qilinadigan pufak!..
I z a b ye l. Yo‘q, pufakcha deding!
L u i d j i. Baribir oyog‘ing qiyshiq! Yoysimon! Buning ustiga, ko‘zing ham g‘ilay! Ho‘, qayoqqa qarayapsan? Men bu yoqdaman, ku-ku!..
I z a b ye l. Haliyam rashk qilyapsanmi? Marhumlardan rashk qilish yaxshi emas, Luidji. (Birpasdan keyin.) Ochig‘i, rashk qilishga arziydigan hech vaqo bo‘lgani yo‘q.
L u i d j i (ishonmay). Shunaqa degin?
I z a b ye l. To‘g‘ri, u kelishgan, ko‘rkam yigit edi. Lekin erkak sifatida… nima desam ekan… xullas, jiblajibon edi!
L u i d j i. Jonni-ya?
I z a b ye l. Jonni — misoli bir nimjongina shabada edi. (Luidjiga yaqin kelib.) Sen boshqachasan… Sen bo‘ronsan, dovulsan, to‘fonsan!.. Meni qucha qolsang-chi, Luidji!..
L u i d j i. Yo‘q! Seni quchoqlaydigan qo‘llarimni kesib tashlayman!
I z a b ye l. Kela qol, Luidji, muncha noz qilding endi!
L u i d j i (qochib). Yo‘q, yo‘q, hech qachon!
I z a b ye l (hukmdorona). O‘jarlik qilma, Luidji, xafa bo‘laman-a!
L u i d j i. Nari tur! Sendan nafratlanaman!
I z a b ye l. Senga bo‘salarim yoqardi, a? O‘rmon asalini eslatadi, derding. Esingdami?
L u i d j i. Nima?.. Asal?! Asalmas, zaharning o‘zginasi edi! (Baqirib.) Bo‘ldi, boshqa chidolmayman!.. (Elektr stuliga o‘tirib.) Izabel, meni bog‘la!..
I z a b ye l. Esing joyidami?
L u i d j i. Bog‘la deyapman!
I z a b ye l. Nega, axir, nega?
L u i d j i. Quloqlarim sholg‘om bo‘lib ketyapti… Tezroq bog‘la, bo‘lmasa bir ahmoqlik qilib qo‘yaman!.. Xudo xayringni bersin, tezroq bo‘l!.. Nima desang hammasiga roziman, faqat tezroq bog‘la!.. (Sabri chidamay o‘zini-o‘zi bog‘lay boshlaydi.) Manavi qayishni mundoq o‘tkazamiz… ikkinchisiniyam… Yo‘q, bunisi bu yoqqa ekan… Manavisini kuragim aralash bog‘la… Joning bormi, muncha imillading!..
I z a b ye l (qayishlarni bog‘lashga yordamlasha turib). Nima, men jallodmanmi, qayoqdan bilay…
L u i d j i. Ana shunday. Bo‘ldi. Oyoqlarimni bog‘lama, bo‘sh tursin.
I z a b ye l (jirkanib qatl gulohini oladi). Buniyam kiygizaymi?
L u i d j i. Yo‘q, kerak emas. Senga to‘yib-to‘yib qaramoqchiman. (Alohida ta’kidlab.) Faqat qaramoqchiman, Izabel!..
I z a b ye l (arazlab). Qara, qarayver, to‘nka!.. (Bir ozdan keyin.) Hali, nima desang hammasiga roziman, dedingmi?
L u i d j i. Ha, dedim.
I z a b ye l (tiz cho‘kib, tizzasiga bosh qo‘yib). Seni sevaman, ehtiros bilan, telbalarcha sevaman de…
L u i d j i (butunlay gangib). Ehtiros bilan, telbalarcha sevaman…
I z a b ye l. Yuragim senga, yolg‘iz sengagina tegishli, Izabel.
L u i d j i (gipnoz qilinganday). Yuragim senga, yolg‘iz sengagina tegishli, Izabel…
I z a b ye l yengil tin olib, sigaret tutatishda davom etadi. L u i d j i
xotiniga hirs bilan tikiladi.
I z a b ye l. Nega unaqa qarayapsan, Luidji?
L u i d j i (uyalib). Menmi?.. Hecham-da…
I z a b ye l. Birinchi marta uchrashganimizdayam shunaqa qaragansan.
L u i d j i. Qanaqa?
I z a b ye l. Shunaqa… hayosiz. O‘shandayam quloqlaring qip-qizil bo‘lib ketuvdi.
L u i d j i. Esingdami, muyulishdan sal o‘tib, chog‘roq mehmonxona bo‘lardi?
I z a b ye l. Uchinchi qavat, bir yuz to‘rtinchi xona.
L u i d j i. Ha. Bir soatga kirib, uch kundan keyin chiqqanmiz…
I z a b ye l. Yomg‘ir yog‘ayotuvdi… Soyabon sotib olib beruvding…
L u i d j i. Ha, kumush dastali. Bu mening birinchi sovg‘am edi… O‘sha uch kechani hali-hali eslayman…
I z a b ye l. Ha, hammasi o‘tib ketdi… Faqat qulog‘ingning qizarishi o‘sha-o‘sha.
L u i d j i pahlavon Prometeyga o‘xshab elektr stuliga bog‘langan ko‘yi xotiniga sehrlanganday tikilib o‘tiribdi. I z a b ye l beparvolik bilan chekyapti.
Ke endi, yechib qo‘yay? Qulog‘ingning qizarishiyam qoldi.
L u i d j i. Ajoyibsan, Izabel… Hayotimda sendan yaxshiroq, sendan go‘zalroq ayolni ko‘rmaganman…
I z a b ye l (quruq). Bo‘rttirma, Luidji.
L u i d j i. Yo‘q, rost. Tonggi shabnamday musaffosan…
I z a b ye l. Yo‘q, Luidji, tong shabnamiday emasman. Buni o‘zingam bilasan.
L u i d j i. O‘zingga tuhmat qilyapsan, Izabel. Sendan nafratlangan paytlarimdayam mana bu yerdagi muhabbat zarracha so‘ngani yo‘q. Seni o‘ylasam yoki uzoqdan bo‘lsayam ovozingni eshitsam…
I z a b ye l. Nima bo‘ladi?
L u i d j i. Quloqlarim qizarib ketadi…
I z a b ye l (tikilib turib). Senga havasim kelyapti. Hammaning og‘zidasan, gazetalardan noming tushmaydi. Hamma sening yoningni olyapti, o‘limingga qarshi namoyishlar bo‘lyapti. Juda mashhur bo‘lib ketding. Bilsang, bunda meniyam xizmatim bor.
L u i d j i. O, bo‘lganda qandoq! Agar sen xiyonat qilmaganingda men manavi la’nati stulda o‘tirmagan bo‘lardim!
I z a b ye l. Har holda, bu yerda senga g‘amxo‘rlik qilishadi. Mening holimdan xabar oladigan odam yo‘q. Shunaqa yolg‘iz bo‘p qoldimki, sensiz, pulsiz…
L u i d j i. Bor-shudimni senga tashlab kelganman-ku, tag‘in nima deysan?
I z a b ye l. O‘sha “bor-shud”ing advokatingga yuq ham bo‘lgani yo‘q! Na mashina qoldi, na… Qishni manavi jandada o‘tkazdim.
L u i d j i. Yap-yangi palto-ku! Yolchitib kiyganingam yo‘q.
I z a b ye l (eshitmay). Bir juft paypoqqayam pulim yo‘q. Otaxon Mund bo‘lmaganda, bilmadim, nima qilardim.
L u i d j i (sergak tortib). Yana qanaqa Mund?
I z a b ye l. Sesil Kristofer Mund. Taniysan.
L u i d j i. Anavi itlarga konserva tayyorlaydigan Mundmi?
I z a b ye l (kibr bilan). Otaxon Mund hech nima tayyorlamaydi, u – tayyorlattiradi! Qo‘lida uch ming odam ishlaydi. Menam o‘sha uch mingning bittasiman.
L u i d j i. Itlarga konserva qilyapsanmi? Sen-a?
I z a b ye l. Esing joyidami? Men uning shaxsiy xizmatidaman.
L u i d j i. Ya’ni?
I z a b ye l. Ya’ni, men uning o‘ng qo‘liman. Hamshira yoki kotibaga o‘xshagan gapman. Telefon qilishsa ulab beraman, o‘t-giyohlardan unga dori tayyorlayman, gohida haydovchilik qilishimgayam to‘g‘ri keladi.
L u i d j i. O‘ziyam yetmishdan oshib qolgandir?
I z a b ye l. Oltmish to‘qqizda. (Yig‘lamsirab.) Bilsang, men do‘zaxning naq og‘zida yashayapman. Butun oilasi meni yomon ko‘radi! Anavi kuni xotini nima deydi, degin? Sendan konserva yasavoraman, deydi.
L u i d j i. Qanaqa konserva?
I z a b ye l. Haligidaqa, qurib ketsin, itlarga-da…
L u i d j i. Shunday degan bo‘lsa, biron asosi bordir-da?
I z a b ye l. Albatta, bor-da! (Tajovuzkorona.) Hammasiga sen aybdorsan!
L u i d j i. Nega endi aybdor bo‘larkanman?
I z a b ye l. Ha, nega ko‘zingni piyola qilasan? Sen odam o‘ldirmaganingda o‘zingniyam boshingni yeb ketmasding, menam ko‘chada qolmasdim! Yaxshiyam otaxon Mund bor ekan… Meni birinchi marta uyiga boshlab borganida qanaqa janjal bo‘lganini ko‘rsang edi!
L u i d j i. Unday bo‘lsa, bo‘sha – ket.
I z a b ye l. Nima? Keyin qayoqqa boraman? Yo‘-o‘q, men u yerdan ketmayman! Hali Izabelning kimligini ularga ko‘rsatib qo‘yaman! Hammasi uning o‘limini kutyapti! Xotinchasiyam, bolalariyam. Maqsadlari bitta: sho‘rlik chol o‘lsa-yu, bular mol-dunyosiga ega bo‘lishsa! Mehribon qariyaning o‘lib-netib qolishidan bitta men tashvishdaman, bitta men kuyaman.
L u i d j i. Tupur hammasiga, Izabel, axir tupurishga ustasan-ku. Nima qilasan birovning oilaviy mojarosiga aralashib?
I z a b ye l. Ie, esing joyidami? Tirikchiligim nima bo‘ladi? Chol o‘ldi deguncha meni ko‘chaga haydashadi! Yo‘q, shunday qilamanki, chol hali-beri o‘lmaydigan bo‘ladi! Kuta-kuta o‘zlari o‘lib ketishadi! (Amrona.) Bu ishda sen menga yordam berishing kerak!
L u i d j i. Men? Qanday qilib?
I z a b ye l. Bilmadim, qo‘lingdan kelarmikan?..
L u i d j i. Izabel, seni deb odam o‘ldirdimmi, demak, bundan battariyam qo‘limdan keladi. Ayt, nima qilishim kerak?
I z a b ye l. Aytarli hech nima… (Ko‘zlariga tik qarab.) Faqat… faqat yuragingni bersang bo‘ldi…
L u i d j i (dahshatga tushib). Ni-ma?..
I z a b ye l. Baribir peshonangga shu yozilgan bo‘lsa, deyman-da…
L u i d j i (birdan cho‘kib, xasta ovozda). Eh, Izabel, Izabel… Men ahmoq eringni ko‘rgani, holidan xabar olgani kelgansan, deb ishonib o‘tiribman… Buni hammadan kutsam ham, sendan kutmovdim… Nima qilasan… yuragimni?..
I z a b ye l (xotirjam). Menga yuraging kerak emas. Bitta mehribon, ajoyib qariyaga kerak.
L u i d j i (bunday zarbadan asta-sekin o‘ziga kelib). Bitta mehribon, ajoyib xotinbozga, de! Izabel, meni yechib qo‘y, qulog‘imning qizarishi ketdi.
I z a b ye l. Chol hayot ekan, men ko‘chada qolmayman. Shuning uchun u uzoq yashasin, deyman. Nima, xotiningni odamga o‘xshab yashashini istamaysanmi?
L u i d j i (qayishlarni yechishga urinib). Voy, sen urg‘ochi maxlug‘-ey!..
I z a b ye l. Bekorga so‘kinyapsan. O‘zing “yuragim seniki, yolg‘iz seniki” demaganmiding?
L u i d j i (ko‘zlari yoshga to‘lib). Tirikligimda seniki… faqat tirikligimda seniki edi!..
I z a b ye l. Tirikligingdami, o‘lganingdan keyinmi – senga baribir emasmi?
L u i d j i. Yechib qo‘y, deyapman! O‘sha qari takang yuragimni ikki dunyodayam ololmaydi! Xotinimni olgani kammidi, endi yuragimam kerak bo‘lib qoptimi? Chuchvarani xom sanabdi! Yech, yechib qo‘y!..
I z a b ye l. Nima, bo‘lmasa seni deb umrim ko‘chada o‘tsinmi?
L u i d j i. Asli joying o‘sha yer!..
I z a b ye l. Muncha tilingni bir qarich qilasan, o‘zing kim bo‘psan ja? Sitsiliyalik qo‘tir echki!.. (Shoshilmay sigaret tutatadi.)
L u i d j i (chiranib). Yechib qo‘y, deyapman!.. Sen qanjiqni mana shu qo‘llarim bilan ezib tashlayman!..
I z a b ye l. Endi aytsam bo‘ladi: Jonni hecham jiblajibon emasdi! Erkakmisan – erkak edi!.. (Sigaret tutunini Luidjining yuziga puflab.) Qanchalik maraz odamsan-a, Luidji!
L u i d j i (butunlay tamom bo‘lib). Mitchel, xudo xayringni bersin, Mitchel hech qursa sen yechib qo‘y!..
I z a b ye l (ketishga chog‘lanib). Biz hali ko‘rishamiz, Luidji. Sen qonuniy erimsan, xotining oldida qonuniy majburiyatlaring bor. (Luidjiga egilib.) To‘g‘rimi? Ishonchimni oqlaysan, degan umid bilan ketyapman… (Xotirjam chiqib ketadi.)
L u i d j i bog‘langan ko‘yi boshini egganicha o‘kirib-o‘kirib yig‘laydi.
Shoshganicha M i t ch ye l kiradi.
M i t ch ye l. Chaqirdingmi? (Unga ko‘zi tushib.) Ey, parvardigor, nima bo‘ldi, Luidji?.. Stulga kim bog‘ladi?.. Hozir yechaman…
L u i d j i. Qo‘y, yechma, yaxshisi, tokni ula, Mitchel…
M i t ch ye l. Esingni yedingmi! Bunaqa sovuq nafas qilma!.. (Shosha-pisha qayishlarni yechadi.)
L u i d j i (juda sekin). Meni o‘ldirib ketdi, Mitchel… O‘tmas qilich bilan chopti… Tiriklayin o‘ldirdi… Endi men tirik murdaman, Mitchel…
M i t ch ye l. Bo‘lmag‘ur gaplarni qo‘ysang-chi, Luidji, sen hali tiriksan! Luidji Lombardi hali ko‘-o‘p yashaydi, mana meni aytdi dersan…
L u i d j i (uzoq sukutdan so‘ng). Balki Luidji Lombardi ko‘p yashar. Lekin u butunlay boshqa odam bo‘ladi… Boshqa odam!
Chiroq o‘chadi.
UChINChI PARDA
Oltinchi ko‘rinish
L u i d j i karavotda uzala tushib yotibdi. Uxlayotgan bo‘lsa kerak, balki o‘lib qolgan bo‘lishi ham mumkin. Gavroshcha kiyingan g a z ye t a s o t u v ch i l a r tomoshabinlar oralab yugurib baqirishadi.
B i r i n ch i o v o z. Gazetaning maxsus soni! Maxsus soni! Misli ko‘rilmagan qalloblik! Asr firibgarligi!
I k k i n ch i o v o z. Luidji Lombardi yuragini hammaga va’da qilyapti!
U ch i n ch i o v o z. Naqd pul yoki pul o‘tkazish yo‘li bilan yurak sotib olishingiz mumkin! Istasangiz, pochta orqali banderol qilib jo‘natilishi mumkin!
B i r i n ch i o v o z. Amerika bozorida yangi mahsulot – odam yuragi sotilyapti! Yurakka kep qoling!
Yomg‘ir ovozi kuchayadi.
Ik k i n ch i o v o z. O‘nlab kishilar firibgarlik qurboni bo‘lishdi! Yuzlab aldanganlar, minglab hafsalasi pir bo‘lganlar!
U ch i n ch i o v o z. Fermer Smit Luidjining yuragiga ega bo‘lish ilinjida ekinzorlarining hammasini sotib yubordi!
B i r i n ch i o v o z. Niqob kiygan uchta chol tamaki do‘konini tunab ketishdi!
I k k i n ch i o v o z. Yetimxona direktori o‘sha yurak uchun yetimxonaning hamma mablag‘ini sarf qilib qo‘ydi!
U ch i n ch i o v o z. Amerika kulyapti va ranjiyapti!
Yomg‘ir kuchaygandan kuchayadi. L u i d j i hamon qimirlamay yotibti.
B i r i n ch i o v o z. Gangster bu surbetlarcha qilig‘i bilan Amerika xalqi ustidan kulyapti!
I k k i n ch i o v o z. Luidji Amerika jamoatchiligining nazaridan qoldi!
U ch i n ch i o v o z. G‘azablangan jamoatchilik qatlning tezlattirilishini talab qilmoqda!
Kuchli yomg‘ir ovozi. Luidji o‘rnidan sakrab turib, boshini changallaganicha, xona bo‘ylab u yoqdan-bu yoqqa borib kelardi. M i t ch ye l kiradi.
L u i d j i. Qayoqlarda sang‘ib yuribsan?! Derazani yopib qo‘y, jin ursin!
M i t ch ye l. Qanaqa deraza?
L u i d j i. Bunaqa yomg‘irdan jinni bo‘lib qolish hech gapmas! Har bir tomchisi boshimga mix bo‘lib qoqilyapti! Derazalarni yopib qo‘y, deyapman, ahmoq! Toza sochiq qani?! Choyshablar-chi?!
M i t ch ye l. Kecha opkeb berdim-ku.
L u i d j i. Ovqat-chi, ovqat?! (Jazavaga tushib.) Yuvindida maza bor, bunda maza-matra yo‘q! Kecha opkelgan ovqatingni derazadan otvordim!
M i t ch ye l. Namuncha “deraza, deraza” deb qolding? Axir bu kamerada deraza yo‘q-ku. Mayli, uydan opkelgan ovqatimdan beraman.
L u i d j i. Menga sadaqa kerak emas!
M i t ch ye l. Qanchalik o‘zgarib ketding-a, Luidji…
L u i d j i. O‘chir ovozingni! Nima, jinoyatchilarda oshqozon bo‘lmaydimi?
M i t ch ye l. Hamma balo ob-havodan. Hozir hamma shunaqa asabiy. To‘g‘risi, bunaqa seryog‘in bahorni eslolmayman. Martda shunaqa bo‘lsa, aprelda nima bo‘ladi – hayronman…
L u i d j i (sakrab turib). Ha-a, ana!.. Dilingdagi tilingga chiqib ketdi, shumniyat iblis! Aprelda nima bo‘ladi? A? Birinchi aprelda? Senam mening o‘limimni kutyapsan?..
M i t ch ye l (dovdirab). Luidji!..
L u i d j i. Nima – Luidji, nima – Luidji?! Hammang bir go‘rsan! Senam o‘shalarga o‘xshagan iflos cho‘chqasan!
M i t ch ye l (larzaga kelib). Meni… meni bekorga so‘kyapsan, Luidji!.. Senga munosabatimni bilasan-ku…
L u i d j i. Turqingni ko‘rsam ko‘nglim ayniyapti!
M i t ch ye l. Xudo haqqi, ayt, senga nima yomonlik sog‘indim, Luidji?..
L u i d j i. Yo‘qol ko‘zimdan, qari alvasti!
M i t ch ye l (nihoyatda xafa bo‘lib). Advokating qo‘ng‘iroq qiluvdi. Aytib qo‘y, hammasi yaxshi ketyapti, bugun yangi gubernator bilan gaplashaman, dedi. Shuni aytgani kiruvdim… (Dili vayron bo‘lib chiqib ketadi.)
L u i d j i (ketidan, sekin). Meni kechir, qariya…
Yomg‘ir ovozi endi bir qadar osoyishta eshitiladi.
Ehtimol aprelda ob-havo yaxshi kelar… Mening Fulminiyamda doim quyosh charaqlab turadi. Hatto bulutli kunlardayam bir parchagina, dengizchining ishtonidagi yamoqday bo‘lsayam, zangori osmon ko‘rinib turadi…
Shaxdam qadamlar bilan m a y o r kirib keladi. Bu safar u fuqaro kiyimida. Kostyum-shimi qora rangga moyil, qo‘lidagi soyaboni ham qora.
M a y o r (ostonadanoq). Sudga beraman! Qamattiraman! Men sizni, bilasizmi, nima qilaman?..
L u i d j i. Bilaman. Hech nima qilolmaysiz. Sudga beraman deyapsiz – sud allaqachon bo‘lib o‘tgan. Qamataman deyapsiz – ko‘rib turibsiz, kurortdamasman. Yana nima?
M a y o r. Sen… sen qip-qizil tovlamachisan! Senga ko‘rsatib qo‘yaman…
L u i d j i. Qachondan beri bir-birimizni “sen”lashga o‘ta qoldik? Sira eslolmayapman. (Keskin.) Sizga nima kerak o‘zi?
M a y o r. Go‘yo bilmaydilar! Men naqd pul to‘lab qo‘ysam-u, bu kishim yuragini ko‘ringanga va’da qilib yuribdilar!
L u i d j i. Bu mening ishim.
M a y o r. Qirq ming dollar-chi, bu kimning ishi? Nima, men shuncha pulni ko‘chadan topib olibmanmi?! Shamolga sovirildi! Endi nima qilaman?
L u i d j i. Bu sizning ishingiz. Shaxsan men sizdan bir chaqayam olganim yo‘q. Yo oldimmi?
M a y o r (g‘azabi qaynab). Qirq mingni qurtday sanab, telegraf orqali o‘sha bedavo Fulminiyangizga jo‘natdim-ku! Mana, kvitantsiyasi!
L u i d j i. Jo‘natgan bo‘lsangiz jo‘natgandirsiz, osmon uzilib yerga tushgani yo‘q. Fulminiyada pulning qadrsizlanishini hisobga olsak, ular bor-yo‘g‘i arzimagan yigirma to‘rt million italyan lirasi olishgan. Shuyam pul bo‘ptimi, sariq chaqa-ku!
M a y o r. Ular o‘sha yigirma to‘rt million “sariq chaqa”ni nima qilishganini bilasizmi? Hammasini yeb-ichishibdi!..
L u i d j i. To‘g‘ri qilishibdi. Hech qursa, hayotlarida bir marta odamga o‘xshab yashashibdi.
M a y o r. O‘sha boqibeg‘am yurtdoshlaringiz shuncha pulga shashvaram qurishmabdi! Hech qanaqa maktab, hech qanaqa ko‘prik, na telefon, na vodoprovod – hech nima! Lekin ishratxona qurish eslaridan chiqmabdi! Tasavvur qiling-a, Amerika armiyasining puliga fohishaxona qurishsa!
L u i d j i. Xotirjam bo‘ling, bir kunmas-bir kun o‘sha fohishaxonaga marmar taxtacha o‘rnatishib, ismingizni yozib qo‘yishadi, “mayor Appelgeyt” deb! Ikkita “p”!..
M a y o r (o‘zini yo‘qotib). Bu… bu o‘taketgan tovlamachilik! Sabotaj! Davlatga xiyonat! Buning uchun harbiy tribunal sizni o‘limga hukm qiladi, serjant Lombardi!
L u i d j i. Menga qarang, salomatlik yaxshimi o‘zi? O‘zingizni do‘xtirga qarating! Men allaqachon o‘limga hukm qilinganman. Meni necha marta o‘ldirmoqchisiz o‘zi?
M a y o r. Butun amerika jamoatchiligi qatlingizni tezlatishni talab qilyapti! Men yo pulimning qaytarilishini, yo yuragingizni berishingizni talab qilaman!
L u i d j i (pinagini buzmay). Bir chaqayam pulim yo‘q, buni bilasiz. Yuragimni bermayman, o‘zimga kerak.
M a y o r. Meni pichoqsiz so‘ydingiz!.. Endi qirq mingni maoshimdan ushlab qolishadi!.. Bu juda katta ahamiyatga molik tajriba edi! Bosh shtab odam yuragi qancha vaqt chidashini aniqlamoqchi edi.
L u i d j i (ko‘zlari yonib, lekin past ovozda). Borib ayting o‘sha Bosh shtabingizga, odam yuragi har qanday olchoqlik va ochko‘zlikka, har qanday xudbinlik va xiyonatlarga cheksiz vaqt, hatto chidash mumkin bo‘lmagan paytlardayam chidayveradi, deng!.. Yana shuniyam aytingki, sizning tajribangiz uch pulgayam arzimas ekan, deng!..
Shu payt D o l o r ye s va D i a n a hovliqib kirishadi. Ular bir xil – qora libosda bo‘lib, soyabonlari ham qora rangda edi.
D o l o r ye s (mayorga ko‘zi tushib). Bizdanam ildamroqlar chiqib qoptimi?! (Dianaga.) Bu o‘sha, o‘tgan safaram bizdan oldin suqulib kirgan nusxa! Faqat unda harbiy kiyimda edi.
M a y o r. Men hech qachon, hech qayerga suqulmayman. (O‘zini tanishtirib.) Mayor Appelgeyt!
L u i d j i. Ikkita “p” bilan aytiladi.
D o l o r ye s (engil ta’zim qilib). Donya Dolores Lyutsiya Saltamontes!
M a y o r. Shuning hammasi bitta o‘zingiznikimi?..
D o l o r ye s. Bu – qizim Diana, go‘zallik qirolichasi! Dunyodagi eng go‘zal qiz! Men uning onasiman.
L u i d j i. U bilan ko‘pam osh-qatiq bo‘lavermang, xonim, u faqat mayor emas…
D o l o r ye s (qo‘l siltab). A!.. Go‘zallik qirolichasi dunyoda bitta. Bunaqa mayorlar achib yotibdi.
M a y o r. Nima dedingiz?
D o l o r ye s. Achib yotibdi, dedim. Qaysi daraxtni silkitmang, mingta polkovnig-u, uch yarim mingta mayor yog‘iladi.
M a y o r. Men sizni yaxshi tarbiya ko‘rgan ayol deb o‘ylabman. Uzr!
D o l o r ye s. Ha, nima? Tasavvur qiling: daraxtda osilib turibsiz, silkitsa – yog‘ilasiz, silkitmasa – yo‘q!
M a y o r. Bema’ni o‘xshatish!
D o l o r ye s. Har holda, sizning bu yerda bekorga sang‘ib yurishingizdan bama’niroq! Bizga berilgan ruxsatnomada soat o‘n-u, nol-noldan boshlab Luidji Lombardi bilan bizning uchrashuvimiz ko‘rsatilgan!
M a y o r. Shunaqa deng? (Qizishib.) Siz kim bilan gaplashayotganingizni bilasizmi o‘zingiz? Agar istasam, o‘sha ruxsatnomangiz bilan qo‘shib sizni… sizni…
D o l o r ye s. Ana shunday qilishni sizga maslahat bermasdim, mayor!
M a y o r (o‘zini bosib). Baxtingizga, yaxshi tarbiya ko‘rgan odam bilan gaplashib turibsiz. O‘n daqiqadan keyin kelaman. Lekin o‘shanda “yaxshi tarbiyam”ni ko‘chaga tashlab kelaman, xonim! (Chiqib ketadi.)
D o l o r ye s. Luidji, bolaginam, nega bunday qilding? Axir bizga va’da qiluvding-ku?..
L u i d j i. Qiziq, nega bugun hamma meni “sen”lab qoldi?
D o l o r ye s. Yangi yurak oberishimni eshitib, sho‘rlik Ramonginam shunaqa sevindiki, shunaqa sevindiki!..
L u i d j i. Yaxshisi, eringizga boshqa narsa sotib olib bering: jigarmi, ko‘richakmi?..
D o l o r ye s. Uning ahvoli borgan sari yomonlashib ketyapti – bunga siz aybdorsiz, Luidji!
L u i d j i. Nega endi yuragimni aynan sizning Ramoningizga berishim kerak ekan? Mayor, masalan, qirq ming dollar to‘lab qo‘ydi.
D o l o r ye s. Qirq ming? Hech nima emas ekan-ku, men yuz ming beraman! (Qizini ko‘rsatib.) Mana – yuz ming dollar! Uning bahosi shu!
D i a n a. Lekin… lekin men istamayman!.. Yevropaga boraman!
D o l o r ye s. Hech qayerga bormaysan! Hozir sen oilamizga qarashishing kerak!
D i a n a. Yevropaga borishimga dadam rozi bo‘ldilar-ku?
D o l o r ye s. Yo‘q dedimmi, yo‘q! Pishirib qo‘yibdimi o‘sha iflos Yevropada?!
L u i d j i. Nima-nima? Qanaqa Yevropa?
D o l o r ye s. Parijda axlat tashuvchilar yana ish tashlashibdi. Butun shahar axlatga botib qopti. Umuman, butun Yevropa sasib yotganmish!
L u i d j i (sekin, xavotir bilan). Sizningcha, Sitsiliya hammi?..
D o l o r ye s (eslashga urinib). Sitsiliya? Sitsiliya, Sitsiliya?.. Ha, haligi, odamlari qurbaqa-yu, shilliqqurtlar yeyishadigan shaharmi?
D i a n a. Voy oyi-ey, unaqa narsalarni frantsuzlar yeyishadi!
L u i d j i (og‘rinib). Men sitsiliyalikman, xonim. Umrimda qurbaqayam, shilliqqurtam yemaganman! Undan tashqari, xonim, sizga o‘xshaganlarni o‘sha bizning sassiq Yevropada fohishafurush – qo‘shmachi deyishadi!
D o l o r ye s. Ni-ma?.. Shu gapingizni menga aytyapsizmi? Salta-montes avlodidan bo‘lgan ayolga-ya? Konkistador Eskimilo Leon Saltamontes Meksikada naq Kortesning o‘zi bilan yelkama-elka turib jang qilgan! (Artistona.) Oh, agar Ramonginamning quvvati bo‘lganida edi!.. Saltamontes avlodi sha’nining bunday tahqirlanishi qon bilan yuvilar edi!
L u i d j i. Bitta kallakesar og‘aynimning ism-sharifiyam “El Saltamontes” edi. Mabodo qarindoshinglar emasmi?
D o l o r ye s (alamdan titrab). Siz haddingizdan oshyapsmz!
L u i d j i. “Saltamontes” degan so‘zning ma’nosini bilasizmi? Chigirtka degani. Ha, oddiy chigirtka. Demak, sizni oddiygina qilib “Chigirtka xonim” deb chaqirsam bo‘laveradi.
D o l o r ye s. Bizning shonli avlodimiz nomi tarix zarvaraqlariga oltin harflar bilan yozilajak! Ota-bobolarimiz bundan besh yuz yil muqaddam Meksikani zabt etganlarida…
L u i d j i. … chigirtkaday yopirilib, hamma narsani tag-tomiri bilan yeb bitirishgan! (Doloresga yuzma-yuz kelib.) Mana hoziram siz, Chigirtka xonim, yuragimni tag-tomiri bilan yeb tashlamoqchisiz!
D o l o r ye s. Haqorat qilmang, Luidji, bunaqada siz bilan ikki dunyodayam kelisholmaymiz!
L u i d j i. Kelishmoqchiyammasman.
D i a n a. Dadamlar ham istamaydilar…
D o l o r ye s. Diana!
L u i d j i. Dadangiz nimani istamaydilar, qizaloq?
D i a n a. Yuragingizga mana shunaqa… yo‘l bilan ega bo‘lishni…
D o l o r ye s (baqirib). Puling bo‘lmagandan keyin qanaqa qilib olasan bo‘lmasam?!
D i a n a. Lekin dadam umuman yurak kerak emas, deyaptilar…
D o l o r ye s. Bas qil, ahmoq!
L u i d j i. Nimaga hadeb bunga baqiraverasiz?!
D i a n a. Dadam sho‘rlik… dadam…
D o l o r ye s (zaharli vishillab). O‘chir ovozingni!..
L u i d j i. O‘zingiz ovozingizni o‘chiring! Bo‘lmasa yuragimni bermay qo‘yaman! Diana, dadangga nima qilgan? Ahvoli chindanam og‘irmi?
D i a n a. Gap shundaki, oyim…
D o l o r ye s. Diana, yana bir og‘iz gapirsang…
L u i d j i. Gapir, gapiraver, qo‘rqma.
D i a n a. Oyim judayam… ehtirosli ayollar…
L u i d j i. Dadang-chi?
D i a n a. Dadam kechqurunlari kitob, gazeta o‘qishni xush ko‘radilar…
D o l o r ye s. O‘chir!.. Nimalar deb alahsirayapsan, uyatsiz?!
L u i d j i. Tushunarli. Endi qari Ramonini yoshartirish uchun yangi yurak sotib olib bermoqchilar! Hm, yotoqxona uchun motorday gap-da, a?
D o l o r ye s. Buning gapiga parvo qilmang, Luidji… Hali go‘dak-da, nima deyayotganini o‘ziyam bilmaydi…
L u i d j i. Yoshi nechada?
D o l o r ye s. O‘n sakkizda! Bizning Meksikada ayollar apelsinga o‘xshab erta yetiladi. Masalan, men o‘n olti yoshimda turmush qurganman. Qarang, Luidji, tomirlarimizda kreol qoni oqyapti! Saltamonteslar avlodining qoni! Bu – olov, kuydirib kul qiladi, Luidji!..
L u i d j i. Xo‘p, yaxshi. Yurak masalasini keyin o‘ylab ko‘rarmiz… (Dianaga.) Qani, beri kel-chi, bo‘tam.
D i a n a joyida qimirlamay turaveradi.
D o l o r ye s. Nima, eshitmayapsanmi? (Qizining yelkasiga turtib.) Bor, Luidji amaking chaqiryaptilar…
L u i d j i. Yana yaqinroq.
D o l o r ye s D i a n a ni itarib, L u i d j i ning ro‘parasiga olib keladi, so‘ng qizining qo‘llarini uning yelkasiga qo‘ydiradi.
D i a n a (qo‘llarini olib). Yo‘q, yo‘q, istamayman!..
D o l o r ye s. Baqirma-e! Nima, birov seni so‘yyaptimi!..
D i a n a. Oyijon, oyi-i!.. O‘zingiz bunaqa qilish gunoh derdingiz-ku!..
D o l o r ye s (cho‘qinib). Hechqisi yo‘q. Cherkovga borib ibodat qilsang, hech nima ko‘rmaganday bo‘lib ketasan!
Qiz L u i d j i ning quchog‘ida hushidan ketadi.
(Shivirlab.) Olov taftini sezyapsizmi, Luidji?..
L u i d j i. Biroz aylanib kelmaysizmi, Chigirtka xonim!..
Dolores, tushundim, deganday bosh irg‘aydi va oyoq uchida yurib eshikka boradi.
M a y o r bilan I z a b ye l g a duch keladi. Izabelning qo‘lida kumush dastali
qora soyabon.
M a y o r. Men norozilik bildiraman! (Izabelning yo‘lini to‘sib.) Boya ham ikkita xonim mendan oldin kirib, ishning beliga tepuvdi!
D o l o r ye s. Ts-s… (Ularni itarib chiqarib.) Iltimos, xalaqit bermanglar…
I z a b ye l bilan m a y o r shundagina quchoqlashib turganlarni payqaydilar.
I z a b ye l (yaqin kelib). Hormanglar, hormanglar… Nima qilyapsiz, xo‘jayin?
L u i d j i parvo qilmay, qizni bag‘riga bosib turaveradi.
I z a b ye l (soyabon bilan erini turtib). E-ey, menga xiyonat qilganday bo‘lyapsizmi, azizim?
L u i d j i (qizni qo‘yib yubormay). Nari tur, jahlimni chiqarma!..
I z a b ye l. Seni begona ayol bilan ushlab oldim. Mana, shuncha guvohlaram bor. (Baqirib.) Qo‘yvorasanmi buni, yo‘qmi? (Oralariga soyabon tiqib ajratadi.) Bu ajina kim bo‘ldi?
D o l o r ye s (kibr bilan). Ma’zur tutadilar, bu…
I z a b ye l. Manavi mishiqi-ya? Qurib qolgan xodaning o‘zi-ku!..
D o l o r ye s. O‘zing xodasan! Ko‘zing ko‘rmi, qara: to‘qson bir, oltmish ikki, to‘qson uch! Hakamlar hay’ati bir ovozdan tan bergan!
I z a b ye l. Kayfi bo‘lsa kerak-da.
D o l o r ye s. Mening qizim dunyodagi qizlarning eng go‘zali! Yorilib ketsangizam, bor haqiqat shu!
I z a b ye l. Qizi kap-katta, bola-chaqali erkak bilan chirmashib yotibdi-yu, bu bo‘lsa… Ona bo‘lmay o‘l-e!..
D o l o r ye s. Menimcha, o‘limga hukm bo‘lgan odamning bunga haqqi bor…
I z a b ye l. Mening erim hatto o‘limi oldidayam bunday bema’nilik qilmaydi!
D o l o r ye s. E, menga qarang, xonim! Buni savdo deb qo‘yibdi!
I z a b ye l. Qanaqa savdo? Balki qizingiz evaziga manavi cho‘chqa yuragini va’da qilgandir?..
M a y o r. Pardon, madam! Uning yuragi menga tegishli! Pulini allaqachon to‘lab qo‘yganman!
I z a b ye l. Sizniyam qizingiz bormi, mayor?
M a y o r. Kechirasiz, biz naqd pul to‘laganmiz! Qirq ming!
I z a b ye l. Qirq ming?.. (Luidjiga.) Menga bir tiyinam bermading-a, nomard!.. (Hammaga.) Gap bunday, janoblar va xonimlar! Qonun biz tarafda – er-xotin manfaatlarini qonun himoya qiladi!
L u i d j i (Dianaga). Ko‘zimni bekit, shu alvastining turqini ko‘rmay!..
Diana Luidjining ko‘zini bekitadi.
I z a b ye l. Qoch undan!.. Tegma, deyapman! Qo‘lingni ol-e!..
D i a n a qochib, elektr stulining orqasiga bekinadi. D o l o r ye s soyaboni bilan qizini himoya qiladi. M a y o r bu serg‘alva xotinlar atrofida chorasiz yuguradi. L u i d j i elektr stulida, xuddi teatrda o‘tirganday, xotinlarning “soyabonlar jangi”ni tomosha qiladi.
M a y o r. Hoy, bir-biringlarni mayib qilib qo‘yasanlar-ku! Bas qilinglar! Nega tushunmaysizlar, axir yurak sotib bo‘lingan!..
I z a b ye l. Yo‘q, men uning qonuniy xotiniman! Kerak bo‘lsa, qonuniy bevasiyam bo‘laman!
L u i d j i. Mening emas, Jonni Brayanning bevasisan!
D o l o r ye s (Izabelga). Siz boshingizga urasizmi yurakni? Yoshsiz, sog‘lomsiz?
L u i d j i. Uning mingga kirgan o‘ynashi bor, o‘shanga!
M a y o r. Jim! Armiya har qanday fuqarodan ustun turadi!
D o l o r ye s. Dunyodagi eng go‘zal qiz hatto amerika armiyasidanam ustunlikka ega! O‘zing ayt, Luidji, yuraging kimniki bo‘ladi?
Hamma jim. Kutyapti.
L u i d j i (uzoq sukutdan so‘ng). Nega hammang inson yuragini televizor yoki avtomobilday sotib olish mumkin, deb o‘ylaysizlar?
M a y o r. Hech nima o‘ylayotganimiz yo‘q! Siz sotdingiz, men oldim.
D o l o r ye s. Yo‘q, kechirasiz, u yuragini bizga, bizning oilamizga va’da qilgan!
I z a b ye l. Madam, u hammaga va’da qilgan. Gazeta o‘qiysizmi o‘zi?
M a y o r. Buni qanday tushunsa bo‘ladi, Lombardi?..
L u i d j i. Juda oddiy. Bizning Sitsiliyada shunday gap bor: lo‘lining eshagini sug‘or-u, pulini ol.
D o l o r ye s. O‘-o‘-o‘, sen qip-qizil tovlamachi ekansan-ku!.. (Soyaboni bilan tashlanib.) Qaroqchi! Qotil! Qonxo‘r!..
D i a n a (Luidjini himoya qilib). Tegmang unga, oyi!..
I z a b ye l (Doloresga). Siz nimaga tilingizni bir qarich qilib, shamsiyangizni o‘ynatib qoldingiz?! Nari turing, erimga yaqinlashmang!
D o l o r ye s. U qizimni sharmisor qildi! Shonli avlodimiz nomini bulg‘adi!
I z a b ye l. Sizga buyam kam, buvijon, battar bo‘ling!
D o l o r ye s (hezlanib). Kim buvi? Meni buvi deyapsanmi? Meni-ya?!
I z a b ye l. Seni, sen qo‘shmachini! O‘z qiziga o‘zi qo‘shmachilik qilgan sen jodugarni!
D o l o r ye s. Voy, g‘ilay burga-ey!..
I z a b ye l. Nima deding? Yana bir qaytar-chi!..
D o l o r ye s (qo‘llarini beliga tirab). G‘i-lay, bur-ga!
I z a b ye l. Sochingni bittalab yulmasammi!.. (Soyabonini otadi.) Oyoqlaringni gugurt cho‘piday sindirib-sindirib tashlayman!..
D o l o r ye s. Ke, kelaver, kelaver! (Soyabonini otib.) Ko‘zingni o‘yib olaman, hech kimga g‘ilaylanib qarolmaydigan bo‘lib qolasan!..
Xotinlar bir-birining sochiga yopishib ketishadi.
M a y o r. Yo hozir bas qilasizlar, yo stulni tokka ulayman – Luidji halok bo‘ladi! Yuragiyam hech kimga nasib qilmaydi!..
Hamma turgan joyida qotib qoladi. Chiroq o‘chadi.
Ettinchi ko‘rinish
Tag‘in o‘sha yer. O‘tgan sahnada qotib qolganlar jonlanadi. M o r r i s kirib keladi. U qora paltoda, qo‘lida qora portfeli. Luidjidan boshqa hamma unga shubhalanib qaraydilar.
M a y o r. Bu yerga kirishga ruxsatnomangiz bormi?
Morris indamay ruxsatnomasini ko‘rsatadi.
D o l o r ye s. Nega portfel ko‘tarib yuribsiz?
I z a b ye l. Nega bo‘lardi, pul opkelgandir-da!
M a y o r. Omadingiz yo‘q ekan, mister! Yurakning puli to‘lab qo‘yilgan!
M o r r i s. Portfelimda qo‘lyozma bilan bugungi gazetadan boshqa hech nima yo‘q. (Luidjiga.) Sizga bo‘lajak kitobimdan ilk bobini o‘qib bermoqchi edim… Esingizdami, jamoatchilik fikriga ko‘pam ishonmang degan edim?
L u i d j i (sekin). Endi men hech nimaga ishonmaydigan bo‘lib qoldim…
M o r r i s. Ko‘cha to‘la odam. Bu yoqqa bostirib kelishyapti.
D o l o r ye s. Yo xudo! Hammasiga yurak kerak ekanmi?..
M o r r i s. Bilmadim. Politsiya qamoqxonani o‘rab olgan, bu yerga kirisholmas-ov.
L u i d j i (befarq). Ularga nima kerak ekan?
M o r r i s. Bilasizmi, Luidji, avvaliga siz yuragingizni kasalxonaga vasiyat qilib, hammaning olqishiga sazovor bo‘ldingiz. Keyin uni ko‘ringan odamga va’da qilaverdingiz, natijada…
D o l o r ye s. Ha, u butun Saltamontes avlodini aldadi!
I z a b ye l. Meni, qonuniy xotininiyam chuv tushirib o‘tiribdi-ya!..
L u i d j i. Sen gapirmasangam bo‘ladi! Boshqalar mayli, lekin senga, faqat senga hech nima va’da qilmaganman!
M a y o r. U butun boshli amerika armiyasini ahmoq qildi!
M o r r i s. Xullas, ko‘chadagi odamlar qattiq norozi. Kim biladi, balki ular hammasini tushuntirib berishingizni kutishayotgandir. Ehtimol, o‘zingizni oqlab, bilmadim, uzr so‘rashingiz kerakmikan?..
L u i d j i. Nega? Kimdan uzr so‘rashim kerak ekan?..
D o l o r ye s. Tag‘in so‘raydi-ya!
I z a b ye l. Hammamizdan, Luidji Lombardi, hammamizdan!
M a y o r. Uzrini boshimga uramanmi, qirq mingga kuyib o‘tiribman.
L u i d j i. Bir narsaga tushunmayapman, nega hammang menga osilib qoldinglar?! O‘limga mahkum odam tepasida charx urayotgan quzg‘unlardan uzr so‘raganini qayerda ko‘rgansiz?! (Hammaga bir-bir tikilib.) Sizlardan uzr so‘rashim kerakmi? Sizlardan-a?..
D o l o r ye s. Toshyurak odam ekan bu. Balki umuman yuragi yo‘qdir?
I z a b ye l. To‘g‘ri, unda hech qachon yurak bo‘lmagan! Men bilaman-ku!
L u i d j i. E, yo‘-o‘-o‘q, yuragim bor… Bor. Mana, hoziram urib turibdi… (G‘amgin.) Duk-duk, duk-duk…
Nozik va nafis ohanglarda barkarola taraladi.
Urishini eshityapsizlarmi?..
M a y o r. Biz so‘nggi so‘zingizni kutyapmiz, Lombardi.
L u i d j i. Nimayam derdim? Shuncha gapdan keyinam hech kim hech nima tushunmadimi – men aybdor emasman.
D o l o r ye s (zaharli). Xo‘sh, biz nimani tushunmabmiz?
L u i d j i. Dunyoda pulga sotish yoki sotib olish mumkin bo‘lmagan nimadir borligini tushunmaysiz! (Elektr stulida tik turib.) Mening yuragim… hech kimga nasib qilmaydi, janoblar!
M a y o r. Amerika armiyasining puli nima bo‘ladi?
L u i d j i. Men sizni tanimasdimam, bu yerga chaqirganimam yo‘q. Odam yuragini sotib olmoqchi bo‘lib o‘zingiz keldingiz!
D o l o r ye s. Erimni juda-juda yaxshi ko‘raman, Luidji! Nega menga yordam bergingiz kelmaydi, a? Men uni jonimdan ortiq sevaman!..
L u i d j i. U haqiqiy sevgi emas.
D o l o r ye s. Sevgi doim haqiqiy bo‘ladi. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas!
L u i d j i. Mumkin. Sizning sevgingiz xuddi o‘sha “boshqacha”siga kiradi. Siz faqat va faqat o‘zingizni sevasiz.
I z a b ye l (Doloresni surib). Men bir bechora qariya biroz yashasin deyapman. Bor-yo‘g‘i shu, xolos. Buning nimasi yomon, Luidji?
L u i d j i (azob bilan). “Bor-yo‘g‘i shu” emas, Izabel, shugina emas!.. Men hayotimda ikkita kechirib bo‘lmas xato qildim. Birinchisi, seni uchratganim…
I z a b ye l. Ana shu gapni bekor aytding, Luidji, bekor aytding…
L u i d j i. Ikkinchisi, men umuman tug‘ilmasligim kerak edi.
I z a b ye l. Buniyam bekor aytding… Shunday narsalar bo‘ladiki, uni hech qachon, hech kimga aytib bo‘lmaydi. Bir umr ichingda qolib ketaverishi kerak. Bekor aytding, Luidji… (Ovozida sovuq nafrat sezilar, allaqanday g‘alati asabiylik zo‘rayib borardi.) Shunday ekan, hozir, shu topda vidolashganimiz ma’qul…
L u i d j i. Alvido, Izabel. Senga omad yor bo‘lsin.
I z a b ye l. Eshitdinglar-a, u tug‘ilganiga pushaymon bo‘lyapti!.. (Endi asabiylik o‘rnini jazava egallaydi.) Odam dunyoga keldimi, ertami-kechmi ketadiyam! Nega qarab turibmiz – yordamlashvoraylik! (Kumush dastali soyabonini Luidjining ko‘ksiga to‘g‘irlaydi.)
L u i d j i. Bu ishda sen birinchi bo‘lishingni bilardim… (Dianaga.) Qizalog‘im, sen bunaqa narsalarni ko‘rmaganing ma’qul, chiqib tur. (Chekina turib, asta-sekin to‘siq ortiga o‘tib ketadi.)
I z a b ye l. Nega qarab turibsizlar?! Qani, dadilroq!!!
M a y o r ham soyaboni bilan L u i d j i tomon yuradi. D o l o r ye s ham u
ndan o‘rnak oladi.
D i a n a (onasining yo‘lini to‘sib). Oyi!.. Hech qursa, siz aralashmang, oyi!..
D o l o r ye s uni itarib tashlab, sehrlanganday yo‘lida davom etadi.
(Morrisga.) Xudo xayringizni bersin, bir nima qilsangiz-chi! Nega serrayib turibsiz, yordam bering, axir!..
M o r r i s (to‘siq yoniga borib, qaraydi). U o‘zini himoya qilmayapti. Yashashni istamayapti…
D i a n a (dahshat ichida qichqirib). O‘zingni himoya qil, Luidji!.. Qarab turma, Luidji, bir nima qilsang-chi!.. Luidji, Luidji-i-i!.. (Larzaga kelib, yugurib chiqib ketadi.)
Uzoq-uzoqlardan barkarola ohanglari taraladi… To‘siq ortidan hech nima eshitilmaydi, go‘yo hech nima bo‘lmayotganday. Shu payt to‘siq ortidan vahimaga tushgan uchta sharpa chiqib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Shundagina Morris to‘siq ortiga o‘tib, ko‘kragidan qon sizib turgan Luidjini suyab chiqadi va karavotga yotqizmoqchi bo‘ladi.
L u i d j i (bemajol). Yo‘q, bu yergamas… o‘zimning joyimga…
M o r r i s (uni avaylab elektr stuliga o‘tqazadi). Men sizga yordam berolmadim, Luidji…
L u i d j i. Bilaman… Hojatiyam yo‘q edi…
M o r r i s. Hozir doktor chaqirib kelaman.
L u i d j i. Kerak emas… Birpas yonimda o‘tiring… Bo‘lajak kitobingizning birinchi bobini o‘qib bermoqchi edingiz…
Hovliqqanicha, M i t ch ye l yugurib kiradi.
M i t ch ye l. Nega hamma qochib ketyapti?..
M o r r i s (boshini egib). Uni o‘zboshimchalik bilan olato‘p qilishdi.
M i t ch ye l (dahshatda). Luidji!.. Bolaginam!.. Yo parvardigor!.. Kim bunaqa qildi, kim?!
M o r r i s. Kim bo‘lardi, yuragiga xaridorlar-da…
M i t ch ye l. Sizammi? Axir sizam shu yerda edingiz-ku?!
L u i d j i. Yo‘q, Mitchel, u menga tekkani yo‘q…
M i t ch ye l (Morrisga tahdid bilan). Bo‘lmasa nega yordam bermadingiz, axir?! (Yig‘lab yuboradi.)
L u i d j i. Baqirma, qariya, u hech nima qilolmasdi… U faqat kuzatib, keyin bu haqda kitob yozishi kerak edi…
M i t ch ye l (yosh boladay hiqillab). Muhtoj odamga yordam qilolmas ekansiz, yozgan kitobingizni pishirib yeng! (Luidjining yarasini bog‘lay turib.) Asli ayb o‘zimda… Doim eshik tirqishidan mo‘ralab turadigan odam, bu safar xudo urib… Bu miyasi aynigan cholni kechir, o‘g‘lim!.. Hozir doktor chaqirib kelaman… (Ming afsus-nadomat bilan chiqib ketadi.)
L u i d j i. Mendan rozi bo‘l, qariya… (Morrisga.) Eshityapsizmi, yomg‘ir tindi?..
M o r r i s. Men hech nima eshitmayapman…
L u i d j i (birpasdan so‘ng). Axir kulgili emasmi… Meni elektr stulida emas, qilich bilanammas, oddiygina soyabon bilan qatl qilishsa-ya!..
M o r r i s (o‘z xayoli bilan). Ayting-chi, Luidji, nega o‘zingizni himoya qilmadingiz?
L u i d j i (uning bilagidan ushlab). Bu dunyoning sudidan ko‘ra u dunyoning sudini afzal ko‘rganim uchun… Hm, bu dunyoning ishlarini ko‘rdingiz-ku… U yoqda boshqacha… Gunohu savoblar boshqacha tarozida o‘lchanadi… Kitobingizning oxirida shu narsaniyam qo‘shib qo‘yingki, Luidji Lombardi bu dunyodan hammadan rozi bo‘lib ketdi, deng… Roziman, mingdan-ming roziman… O‘sha xiyonatkor xotinimdanam, qizini qo‘ynimga solmoqchi bo‘lgan anavi qo‘shmachidanam, o‘sha mansabparast mayordanam roziman… Bu dunyoda qolayotganlarga rahmim keladi… Shuning uchun hammadan rozi bo‘lib ketyapman… Sizdanam roziman, Frenk… Faqat bir iltimos, jasadimni o‘sha men echki boqib yurgan Fulminiyaga qo‘yishsin… Shuni talab qiling, shunga erishing… Bu mening so‘nggi vasiyatim… (Jon taslim qiladi.)
Sokin barkarola ohanglari ostida asta-sekin parda yopiladi.
Rus tilidan Sharof Boshbekov tarjimasi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2006 yil, 2-son