Avvaliga uning og‘zi quriy boshladi. Asta-sekin tili taxtaga aylanib, tanglayiga qapishdi. Yutinmoqchi bo‘ldi, uddasidan chiqolmadi. Borib, eski tashlandiq hovlining o‘rtasidagi buloqqa engashib, suv ichmoqchi bo‘ldi, o‘rnidan turolmadi. Arang ko‘zlarini ochdi. Oyoqlarini qidirdi. Tavba, nega oyoqlari ko‘rinmayapti? Qo‘li bilan paypaslamoqchi bo‘ldi. Ajabo, qo‘llari qani? Qo‘rqib ketdi. Bolaligida tengqurlari bilan ba’zan chigirtkani tutib, qo‘l-oyoqlarin uzib yerga tashlashar, bir-ikki soatda sho‘rlik chigirtka chumolilarga yem bo‘lardi. O‘shanda jo‘ralari bilan bu holatni zavq-shavqqa to‘lib tomosha qilardi. Balki Xudodan qaytib, uning ham qo‘l-oyoqlarini qirqib, qurt-qumursqaga yem qilish uchun tashlab ketishgandir?
Daf’atan onasining gaplarini esladi: “Bolam, tashqarida uxlama, itlar oyoq-poyog‘ingni g‘ajib ketmasin…” Kim bilsin, oyoq-qo‘llari uni tashlab, yuvingani ketgan bo‘lsa-ya! Ahmoqona fikr.
Birdan chirildoq bir ovoz qulog‘iga chalindi. Kimdir g‘ijjak chalayotirmi? Chirildoq sas quloqlarini teshib yuborgudek darajada kuchaya boshladi. Ich-ichidan so‘kindi: “He, onasini… g‘ijjak chalishni bilmas ekansan, chiyillab miyani achitishga balo bormi?” Tovush battar kuchayaverdi, u quloqlarini mahkamlab berkitdi. Barmoqlari qulog‘iga tekkach, qo‘llari qaytib kelganini payqab sevindi. Oyoqlarini paypasladi. Shukur, oyog‘i ham joyida. Yana devorga suyandi. Chinqiriq asta-sekin azon ovoziga aylandi. Masjid yaqin edi. Zo‘rg‘a boshini ko‘tarib, o‘sha tarafga boqdi. Qiziq, masjid ham odamga o‘xsharkan. Gumbazi kallaga, derazalari ikki ko‘zga, ikkita minora esa najot so‘rab tepaga ko‘tarilgan qo‘llarga o‘xshab ketdi. Shu choq hushi minora tepasidagi muazzinga ketdi. Qiziq, shu choq masjidning “boshi” qichib qolsa-da, “qo‘llari” bilan qashimoqchi bo‘lsa, muazzinning holi ne kechardi?
Azon sasi tindi. Qosh qorayib kelardi. Ko‘chaning narigi tarafidan kelayotgan mashina ovozidan sergak tortdi. Shalog‘i chiqqan “Zaporoj” tarillagancha uning yonidan o‘tib ketdi-da, narigi ko‘chaga burildi. O‘zicha “Zaporoj”ga achindi. Jonivorning tili bo‘lganda, “Shuncha yil minib jonimni olding, loaqal endi tinch qo‘y, to‘kilib ado bo‘ldim-ku”, deya egasini so‘kib bergan bo‘lardi. Chindan ham bu mashina allaqachon nafaqa yoshiga yetgan.
Nafaqa deganda otasi esiga tushdi. Otasi ham xuddi ana shu eski “Zaporoj”ga o‘xshaydi. Allaqachon kuch-quvvatdan ketib, munkillab qolgan esa-da, qiltillab ishga borib keladi. Nafaqaga chiqqisi yo‘q. Boshqa nimayam qilardi bechora? Oilasini kim boqadi? “Qizlarimni chiqarsam, keyin dam olarman” degandi.
Oilasini eslab, xomush tortdi. Yana ko‘zlarini yumdi. Hamma narsani unutishga chog‘landi. Bir oz shu holatda o‘tirdi. Qadam tovushlari eshitildi. Kimdir salom berdi. Arang ko‘zlarini ochib, yon-veriga alangladi. Birov ko‘rinmadi. “Hamsoya-haqlardan biridir-da, hovlidan o‘tib ketdi-yov” deya xayollandi. Yaxshi bo‘lmadi. Odamni nazar-pisand qilmaydi, burni osmonda, deb o‘ylashadi endi. Mahalla-ko‘y xalqi yomon-da! Hamma narsani gap qilishadi.
Kimdir ko‘cha chirog‘ini yoqdi. Chiroq undan 20 qadamcha narida bo‘lsa ham yorug‘lik ko‘zlarini qamashtirdi. Beixtiyor ko‘zlarini yumdi. Burni qichimsiradi. Yana amallab ko‘z ochdi. Seskandi, burnining uchida qo‘nib turgan yirik bir chivin unga baqraygancha tikilib turardi. Bir oz shunday turgach, chivin qo‘llari bilan yuzini ishqalay boshladi, ora-orada unga qarab-qarab qo‘yardi. Chivin unga oxirgi ish joyidagi boshliqni eslatdi. Tavba, odam chivindan ham jirkanchliroq bo‘larkan-da! Yaxshiyam u yerda ko‘p ishlamadi. Qochdi. Bechora otasi uni necha martalab kim-kimlarga yalinib-yolvorib ishga joylashtirdi. U bo‘lsa, nari borsa bir-ikki oy ishlab, qochib ketardi. Yo‘lini topolmadi-topolmadi-da!
Kutilmaganda, burni kattara boshladi. Burniga qo‘shilib, chivin ham kattalashdi. Kallasi bu ulkan burunni ko‘tarolmay quyi egildi. Bahaybat chivin beo‘xshov tilini chiqargancha uni ermaklay boshladi. Bu ne ko‘rgilik, hatto chivin ham ustimdan kulayotir, deya o‘kinib qo‘ydi. Yana chivinning ko‘zlariga termildi. Shu tobda chivinning ko‘zlari unga juda-juda tanish, qadrdon tuyulib ketdi. Ha, bu o‘sha, o‘shaning tanish shahlo ko‘zlari edi. Ko‘zlariga ishonmadi. Axir, bu xuddi o‘shaning o‘zi, dunyoga kelib, dunyoni tanib, faqat bir martagina butun borlig‘i bilan sevgani — o‘sha qiz edi bu. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Asta-sekin qizning yuzlaridagi chizgilar ham tiniqlashdi. Qanchalik aqlga sig‘mas, g‘aroyib bo‘lsa-da, ajablanmadi. U avvaldan qizning kelajagini sezgandek edi. Daf’atan ko‘zlarini pirpiratdi, negadir qo‘rqdi. Yo‘q, qiz hech qayoqqa ketmagan edi. O‘sha holatda jimgina unga termilib turardi. Oxirida chindan uning borligini his eta boshladi. Avvallari shu qiz uchun hayotini ham berishga tayyor edi, qizni o‘ylamagan biror kun bo‘ldimi? Ana shular xayolidan kechib, badaniga titroq yugurdi va bu titroqdan chekinmoq uchun yana devorga suyandi. Ammo, shu asnoda nazarida devor qulab tushadigandek, o‘zi esa toshlar orasida qolib o‘ladigandek tuyuldi. O‘rnidan turib, gandiraklagancha qiz tarafga yurdi. Qiz joyidan qimirlamas, xuddi taslim bo‘lganini bildirmoqchidek, qo‘llarini tepaga ko‘targancha unga sokin tikilib turardi. Qizdan bir qadam berida to‘xtadi. Qo‘llari bilan qizning nozik vujudini quchmoq istadi. Olti yil oldingidek qizning chinqirishidan, yuziga tarsaki tortib yuborishidan qo‘rqdi. Ammo, qizning vazmin va xotirjam qiyofasidan bu safar biror og‘ir so‘z aytilmasligini angladi. Qavarib, qorayib ketgan qo‘llari bilan qizning yuzlarini siladi. Qiz qarshilik ko‘rsatmadi. Unga yanada yaqinlashdi. Iliq nafasi yuzlariga urildi. Qizning belidan quchdi va ohista boshini nafis yelkasiga qo‘ydi. Ko‘zlarini yumgancha, shu alfozda bir necha soniya qotib turdi. Ammo, ilkis ichida bomba portlagandek bo‘ldi. Anchadan beri qurib turgan og‘zi suvlandi. Daf’atan tilga kirdi. Hayqirdi:
“Ha, nega kelding, sog‘indingmi? Yo siqilib ketdingmi? Endi esingga tushdimmi, yo ering uydan haydadimi? Sen nima deb o‘ylovding? Puli, boyligi uchun tekkanding, oxirigacha baxtli yashayman, deb o‘ylaganmiding? Aslida seni o‘ldirsa yaxshi bo‘lardi. Meni nazarga ilmading, boyvachchani tanlading. Seni baxtli qila olishiga ishonding. Nima bo‘ldi? Olti oydan keyin qaynatangni ushlab ketishdi. Sen o‘tirgan uyni ham pullab, o‘sha firibgarni turmadan chiqardilar. Endi olti jon bo‘lib, ikkita xonaga tiqilib o‘tiribsanlar. Ha, nima bo‘ldi yana? O‘shanda men qanchalar qaqshagan edim, uvolim tutibdi-da! Endi yo‘qsillikdan qiynalib, mening yonimga keldingmi? Kechiradi, deb o‘ylaganmiding? Chuchvarani xom sanabsan. Sen odam emassan. Sen… Sen… bevafosan, odam emassan…”
Birdan nafasi qisildi. Yig‘lagisi keldi. Qizni quchog‘iga olib, ho‘ngrashga tushdi.
“Oh, men seni o‘zimdan, o‘z hayotimdan ortiq sevardim. Butun borimni fido qilishga tayyor edim-a! Nega men bilan qolmading? Nega? Axir, sen uni ham sevmasding-ku! U ham seni sevmagandi, bunga ishonaman. Nega turmush qurdinglar? Eh, mening ham hayotim sen tufayli barbod bo‘ldi. Oradan ko‘p yillar o‘tgan bo‘lsa-da, har kun seni eslayman. Tushimda har kuni seni ko‘raman. Menda qolib ketgan birgina suratingni o‘paveraman, o‘paveraman”.
U gapirarkan, ko‘z-yoshlari yonoqlarini yuvib borardi.
“Ketganingdan keyin hech qachon uylanmaslikka so‘z berdim. So‘zimda turdim ham. Chunki sendan boshqasini sevolmayman. Bu menga bog‘liq emas, qo‘limdan kelmaydi. Necha bor o‘zimni o‘ldirmoqchi bo‘ldim. Ota-onamga rahmim keldi. Dardimni hech kimga tushuntira olmayman. Olti yildan beri ichimda saqlab yuribman. Yaxshiyam o‘zing kelding. Qurboning bo‘lay. Endi hech qayoqqa ketma. Meni yolg‘iz qoldirma, jonim, yolvoraman…”
Ikki ayol gaplashgancha hovliga kirib kelishdi. Ulardan biri ikkinchisining gapini bo‘ldi:
“Anavi yigitni ko‘ryapsizmi? Qo‘shnimizning o‘g‘li. Tuppa-tuzuk oilaning farzandi. Otasi binoyidek o‘qituvchi. Afsus, o‘zi ancha noboproq bola chiqdi. Har kun shu tashlandiq hovliga kirib olgancha nashami, “gera”mi, bir balo chekadi. Keyin mana shunaqa devona bo‘p qoladi. Haytovur, ota-onasining sho‘ri bo‘ldi, bu dardisar”.
Yigit esa hovlining o‘rtasidagi qari tutning tanasini quchgancha ho‘ng-ho‘ng yig‘lardi.
Ozarboyjon tilidan Rustam Jabborov tarjimasi